A.Chexov. Latta
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Yaqinda men bolalarimning murabbiysi Yuliya Vasilyevnaga haqini berish uchun kabinetimga chaqirdim.
— Oʻtiring, Yuliya Vasilyevna! — dedim. — Sizga pul kerak boʻlsa ham, soddadilligingizdan oʻzingiz soʻragani uyalasiz… qani, oʻzaro hisoblashib chiqaylik-chi. Maoshingizni har oyga oʻttiz soʻmdan gaplashgan edik…
— Qirq soʻmdan…
— Yoʻq, oʻttiz soʻmdan… Menda yozilgan… Men murabbiyalarga hamma vaqt oʻttiz soʻmdan toʻlab kelganman. Xoʻ-oʻsh, siz bizda ikki oy turdingiz…
— Ikki oy-u besh kun…
— Menda yozilgan. Rosa ikki oy… Demak, sizga oltmish soʻm tegadi… Siz Kolya bilan yakshanba kunlari mashgʻulot oʻtkazganingiz yoʻq, oʻsha kunlari dam oldingiz, shuning uchun toʻqqiz yakshanbani chiqarib tashlaymiz… Uch kun bayram…
Yuliya Vasilyevna birdaniga qizarindi, kuylak burmasini gʻijimladi-yu, lekin hech nima demadi!..
— Uch bayram kuni… Demak, oʻn ikki soʻm… Kolya kasal boʻlib qolib, toʻrt marta dars boʻlmadi, oʻsha kunlari siz mashgʻulotni faqat Varya bilangina oʻtkazdingiz… Uch kun tishingiz ogʻridi, xotinim peshindan keyin uyga qaytishingizga ijozat berdi… Oʻn ikki soʻm va yetti soʻm, demak, yana oʻn toʻqqiz soʻmni chiqarib tashlaymiz… Qoladi qirq bir soʻm. Toʻgʻrimi?
Yuliya Vasilyevnaning chap koʻzi qizarib, yoshga toʻldi. Iyagi titradi, asabiylashib yoʻtaldi, burnini qoqdi, lekin gʻing demadi.
— Yangi yil oldidan bir tarelka bilan chashkani sindirdingiz. Bu ikki soʻm deylik, idishga familiya yozilgan edi, qimmatroq boʻlsa ham, mayli, roziman! Bizning haqimiz kimlarda ketmagan deysiz! Soʻngra sizning beparvoligingiz natijasida Kolya daraxtga chiqib, kamzulini yirtib tushdi, bu ham oʻn soʻm… Yana sizning yaxshi qaramaganligingiz natijasida uy xizmatchisi Varyaning botinkasi oʻgʻirlangan. Axir, siz maosh olasiz, shularning ustidan nazorat qilib turishingiz kerak. Demak, yana besh soʻm… Oʻninchi yanvarda mendan oʻn soʻm qarz oldingiz…
— Men olganim yoʻq, — dedi Yuliya Vasilyevna, sekingina.
— Menda hammasi yozilgan.
— Xoʻp, mayli… yaxshi.
— Qirq bir soʻmdan yigirma yetti soʻmni chiqarib tashlasak, oʻn toʻrt soʻm qoladi…
Murabbiyning ikki koʻzi jiqqa yoshga toʻldi… Uzun, chiroyli burni terlab ketdi. Bechora qiz!
— Men faqat bir martagina oluvdim, — dedi u, qaltiroq tovush bilan. — Bekachingizdan faqat bir marta uch soʻm olganman, xolos… Shundan boshqa pul olganim yoʻq…
— Hali shundaymi? Men buni yozib qoʻymagan ekanman! Oʻn toʻrt soʻmdan uch soʻmni chiqarsak — oʻn bir soʻm qoladi… Oling pulingizni, jonim! Mana, uch… uch… uch… bir, tagʻin bir soʻm… oling!
Men unga oʻn bir soʻmni berdim… Pulni titroq qoʻllari bilan olib, choʻntagiga soldi.
— Mersi! — dedi pichirlab.
Men oʻrnimdan sakrab turib ketib, uy ichida yura boshladim. Juda jahlim chiqib ketgan edi.
— Nega menga “mersi” deysiz? — dedim.
— Pulingiz uchun…
— Axir, pulingizni oʻgʻirlab oʻtiribman-ku, men sizni taladim-ku! Pulingizni oʻgʻirladim! Nega tagʻin menga “mersi” deysiz?
— Boshqa joylarda menga shuni ham berishmas edi…
— Berishmas edi? Ajab emas! Men sizga hazillashdim, sizga unutilmas saboq berdim. Sizning sakson soʻm pulingizni beraman, ana, konvertga solib tayyorlab qoʻyganman. Odam ham shunday latta boʻladimi? Nega haqingizni talab qilmaysiz? Nega tek turasiz? Bu zamonda odam oʻtkir tishli boʻlishi kerak!
Odam shunday boʻshang boʻladimi?
U boʻshashib kuldi. Uning yuzidan: “boʻlishi mumkin!” degan maʼnoni uqdim.
Unutilmas saboq uchun undan kechirim soʻradim-da, qoʻliga sakson soʻmini berdim. U qoʻrqa-pisa chiqib ketdi… Uning ketidan qarab turib: bu dunyoda kuchli boʻlish oson ekan! — deb oʻyladim.
Odil Rahimiy tarjimasi