..

Abduqayum Yoʻldosh. “Parim boʻlsa…”

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Umri kindik qoni toʻkilgan ovulida oʻtayotgan boʻlishiga qaramasdan Ibodulla shahar jinnisi edi. Bemalol aytish mumkinki, baliq suvda oʻzini qanday emin-erkin sezsa, allaqachon “shaharlik” laqabiga ega boʻlib ulgurgan joʻramam oʻzini shaharda shunday his qilardi. Holbuki, maktabni bitirganidan soʻng u Toshkentda bor-yoʻgʻi bir oy yashagan, undayam abituriyent boʻlib. Lekin baribir poytaxtni besh barmogʻiday aniq biladi, deyishadi. Mabodo biron manzil borasida ikkilanib qolgan taqdirda ham Ibodulla uchun soʻrab-surishtirib, aytilgan joyni topib borish qoʻshni ovuldagi toʻyga oʻtib-kelishday joʻn ish.
Har gal shaharga tushish joʻram uchun bayram edi. Oʻziyam ogʻzining tanobi qochib, ikki-uch kunlab astoydil tayyorgarlik koʻrardi: sochlar oldirilgan, koʻylak-shimlar yuvdirilgan, dazmollatilgan, hattoki roʻmolchaga qimmatgina atirdan moʻl-koʻl sepilgan, qora moy surtilaverib-choʻtkalanaverganidan, bir parcha duxobada artilaverganidan yaltirab ketgan tuflisiga qarab bemalol soch tarasa boʻladi… Ayniqsa poyabzal masalasida Ibodulla juda injiq edi: shaharga atab atayin olib qoʻygan tuflisini nainki oʻzimizning ovuldagi, balki yon qishloqlardagi eng dabdabali toʻylariga ham kiymasdi, taʻbir joiz esa, koʻz qorachigʻidek asrardi. Uning bu qiligʻidan ranjiganlarga yoinki xatti-harakatini mazax qilganlarga javoban Ibodulla odatda “Sen nimani ham tushunarding, ey umri befoyda oʻtib borayotgan banda” deganday achinish aralash qarab qoʻygach, oʻxshatib javob berardi:
– Dushman oyoqqa qaraydi…
Darhaqiqat, shundan keyin mazkur oʻta oddiy haqiqatni unutgan holda meʻyoridan ortiq tirgʻala boshlaganini sezgan har qanday gapdon hamqishloq ham jimib qolardi.
Toʻgʻri, ming yaxshi koʻrgani bilan, ha deb shaharga tushib kelaverishga joʻramizning hamyoni imkoni bermasdi. Axir, oʻzi fermer… xoʻjaligida oddiy suvchi boʻlsa, arzimagan maoshiyu hosil yigʻilganda oladigan uch-toʻrt tonna bugʻdoyi, biron telejka yegulik qovun-tarvuz bilan bola-chaqasini boqsinmi, shaharda yallo qilib yursinmi?
Ammo qishloqda kim koʻp – u-bu yumushi sabab poytaxtga otlanib qolganlar koʻp. Qishloq odami shaharga shunday, dabdurustdan bostirib boraverishdan iymanadi. Buning ustiga shaharda kim koʻp – hujjatingni soʻraydigan, soʻng, pasportni qoʻliga olgach, “Sizni toʻrt kun burunam shu yerda koʻrgandayman”, deya talmovsirab turadigan mirshab koʻp. Shunday paytlari bunday odamlarning joniga Ibodullaga oʻxshagan “shahar koʻrgan echki”lar ora kirishadi.
Tan olish kerak, shaharcha ozoda ust-bosh kiygan, buning ustiga koʻchadayam, metrodayam shu joylarning asl egasiday gerdayib yuradigan, yuzida oʻziga ishonch va qatʻiyat aks etib turgan Ibodullani hali biron mirshab toʻxtatib, hujjat soʻramagan. Ammo uning boʻynini qisibgina, atrofga olazarak qarab, “Ishqilib uyalib qolmayin-da” degan hadikda ketayotgan hamrohlaridan birontasini militsioner toʻxtatsa bas, Ibodulla koʻmakka oshiqardi.
Odatda Ibodulla chest berib oʻzini tanishtirgan mirshabga koʻzlarini qisgancha mayin va hattoki, otalarcha tabassum bilan qarab turardi-da, sherigining pasportini oʻzining qoʻliga olib:
– Rahimxon akam yaxshi yuribdilarmi? – deb soʻrardi. – Hoynahoy ishda boʻlsalar kerak, biz ularning uylariga borayotgandik. Kennoyimga kecha qoʻngʻiroq qilib tayinlab qoʻygandim.
To mirshab “Rahimxon aka”ning kimligini eslab olgunga qadar Ibodulla keyingi zarbani berardi, yaʻni birdan bosh chayqardi-da:
– E, kechirasiz, – derdi astoydil afsuslanib, – Rahimxon aka vazirlikka oʻtib ketdilar, a? Man u kishiniyam haliyam sizlarning boshqarmangizda deb oʻylab…
Odatda, ismlar oʻzgarib turardi: baʻzan “Rahimxon”, baʻzan “Akmaljon”, baʻzan yana boshqasi…
Tabiiyki, bunday soʻzamollikdan keyin ikkilanib qolgan baʻzi mirshablarning bu yoʻlovchilarga oq yoʻl tilishdan oʻzga iloji qolmasdi. Buni taxminan ellikka-ellik deyish mumkin. Ammo sal hushyorroq yoinki tajribaliroq militsoner baribir hujjatni olar va nomiga boʻlsa ham varaqlab koʻrgandan soʻnggina bularga javob berib yuborardi. Toʻgʻri, baʻzan umuman bunaqangi tarzda aravani quruq opqochishlar taʻsir qilmaydigan biron mirshab oʻziga samimiyat bilan qarab turgan Ibodullaga qarab ehtimolki oʻsha jumlasini aytib ham qolardi: “Sizlarni toʻrt kun burun koʻrgandayman… Amaldagi qonunga koʻra shaharda uch kundan ortiq yursalaringiz…”
– Toʻppa-toʻgʻri, – derdi Ibodulla kiprik qoqmasdan. – Toʻrt kun burun kelib Rahimxon akamni (Akmaljon akamni, Rustam akamni…) ammasining toʻyiga aytib ketgandik. Rahimxon akam polkovnik Asliddin akaniyam olib bordilar. Ajoyib odam ekanlar… Sizga oʻxshagan qoʻl-oyogʻi chaqqon ukalari xizmatda boʻlishdi…
Bu qadar ochiq-oydin eʻtirofdan soʻng yana tirgʻalaverishga uncha-uncha mirshabning haddi sigʻmasligi aniq…
Bunday paytlari hayratga tushgan hamrohlar darrov Ibodulladan oʻsha akaxonini qayerdan tanishini soʻrab qolishadi. Ibodulla quvlik bilan koʻz qisadi va sirli tarzda:
– Shaharga quloqni tozalab kelish kerak, – deb qoʻyadi…
Ustiga-ustak, Ibodulla koʻp yalintirib yoki oʻzini taroziga solib oʻtirmaydi. Odatda, u hamrohlikni iltimos qilib kelguvchiga uchta savol bilan murojaat etadi:
– Borishdan maqsad? Qachon qaytiladi? Mabodo oʻsha kuni qaytilmasa, qayerda yotib qolinadi?
Mana shu savollariga qisqagina javob olgach, Ibodulla qoshlarini chimirgan koʻyi bir lahza jiddiy tarzda oʻylanib qolar, shundan soʻng qatʻiy tarzda:
– Boramiz, – derdi.
Shu bilan ish bitdi, tamom-vassalom.
Ibodullaning soqol-moʻylovini qirtishlab olib, sartaroshga chopqillab qolganini, kiyimlarini yuvdirib, dazmollatayotganini, arzanda tuflisini shifoner tagidagi qutisidan olib, artib-artib qoʻyayotganini koʻrgan Gulasal erining yana shahar safariga tadorik koʻrayotganini bilardi-yu, biroq miq etmasdi. Zero, Ibodulla – hattoki bir kunga borib kelsa ham – shahardan allanechuk xushnudu shodon kayfiyatda, koʻzlari chaqnab, bolalariyu rafiqasini juda-juda sogʻinib, entikish aralash hayajon bilan, hovliqib, ajabtovur sovgʻa-salomlar bilan qaytguvchi edi. Baayni oldidan oqqan suvning qadriga endi-endi yeta boshlaganday… Bunday kunlarning kunduzlari quvonchli, kechalari esa lazzatli boʻlardi… Oʻzini yolgʻondan sipo, vazmin tutayotgan, ammo hayajondan vujudi dir-dir titrayotgan eri shaharga joʻnab qolsa bas, Gulasal shirin bir nimani orziqib kutayotgan goʻdakdek tamshanib yoʻl qaragani-qaragan edi.
Lekin xudo shohid, kimga hamrohlik qilmasin, baʻzilar orqavoratdan achitib aytganiday, kimga “gid”lik, yaʻni ekskursovodlik qilmasin, Ibodulla oʻsha odamning oʻziga pul sarflashiga yoʻl qoʻymasdi! Oʻzi kambagʻal boʻlgani bilan, oriyati baland yigit edi bizning “shahar koʻrgan echki”miz Ibodulla!
Odamlar uning mana shu qiligʻini tushunolmay avval ajablanishar, soʻng hayron boʻlishar, nihoyat jahllari chiqib Ibodullani (yana orqavoratdan):
– Oʻzining foydasini bilmagan tentak, – deb soʻkib ham qoʻyishardi.
Illo, shaharga borib kelishga hamroh boʻlishni iltimos qilgan har qanday banda oʻsha odamning yoʻl va ovqat pulini toʻlashi joiz hamda lozim emasmi? Shundoq. Oddiy mantiq ham shuni talab etadi-ku. Lekin Ibodulla mantiq-pantiqni tan olmas, koʻzlarini baqraytirgancha “Nemetskiy hisob-kitob” deb turaverardi. Buni endi oʻzbekchaga oʻgirsak “Ellikka-ellik” yoki boʻlmasa “Har kim oʻziga toʻlaydi” degan ajabtovur maʻnolarni anglatardi. Soʻng, gapiga qatʻiy amal qilgan koʻyi, avtobus yo boʻlmasa “Istana” marshrutli taksining yoʻl haqini oʻzi uchun toʻlar, biron oshxonada ovqatlangani mahallari yarim pulini chiqarib turaverar, agar hamrohi “hoy-hoy” demasa shahardagi avtobus-trolleybusu metroda ham yoʻl haqini birinchi boʻlib uzatishdan ham qaytmasdi…
Shoʻrlik Ibodullaning mablagʻi oshib-toshib yotgan boʻlsayam mayliydi… Axir koʻr emasmiz, bilamiz, Ibodulla bir soʻmlab pul yigʻadi, oʻzini, baʻzan oila aʻzolarini yeyish-ichishdan siqadi, birovlarning oʻtini oʻrib berib uch-toʻrt tanga topadi, kimlarningdir tomorqasini sugʻorib berib yana “nosvoy puli” ishlaydi. Va topganlarining barini tishining kavagida asraydi. Barisi, barisi shahar uchun, shahar uchun!
Shahar!
Hatto uch farzand – ikki oʻgʻil va bir qiz ham dadalari baʻzan xasislik qilib bermagan pul ozgina fursatdan soʻng shahardan oʻzlariga ajoyib-gʻaroyib sovgʻa-salomlar tarzida qaytib kelishini yaxshi bilganlari uchunmi ortiqcha tixirlik qilib oʻtirmaydilar. Shu boisdan ular ham mehribon otaning poytaxt safarini intiq kutadilar…
Shaharga borishi aniq boʻlib qolgan mahallari Ibodullaning koʻzlari chaqnab ketardi. Bu koʻzlarda quvonchdan koʻra kattaroq, hayajondan koʻra kuchliroq, entikishga nisbatan taʻsirchanroq tuygʻu yolqinlanardi.
Ha, Ibodulla shahar uchun tugʻilgan edi. Har bir shahar safari uning uchun bir dunyo shodliklar olib keladigan ezgu ayyom kabi aziz va laziz edi…
Afsuski, joʻram qishloqda yashardi…

* * *

Bu dunyoda hamma ham omadi chopgan ishbilarmon yoki yaxshi yashashni qotirib qoʻyadigan uddaburon boʻlavermaydi-ku. Odatda osmondagi oyni orzu qilmasdan, boriga qanoat qilibgina kun koʻrishni maʻqul koʻradigan odamlar atrofimizda koʻproq uchraydi: hayot qonuni bu.
Ibodulla ham shundaylar toifasidan shekilli. Har qalay, oʻttiz besh yillik umrini kamtarin-kamsuqumgina oʻtkazdi, boyib ketayin, qoʻlimda pul oʻynasin deb oʻzini oʻtga-choʻqqa urmadi; illo, bunaqa ishlarni eplolmasligini oʻzi ham yaxshi bilardi.
Mana, qishloq adogʻida turadigan Gʻaniboy. Oʻn yilcha burun institutning filologiya fakultetini tugatgan. Ammo oʻzining sohasi boʻyicha bir kun ham ishlamadi. Diplomini sandiqqa tashlab qoʻygancha, tadbirkorlik bilan shugʻullandi. Avval fermer boʻldi, keyin qoʻshimchasiga biofabrika tashkil qildi. Bungayam qanoat hosil qilmay, qishloqning oʻzida ikkita tegirmon qurdi, ikkita doʻkon ishga tushirdi, dalasiga Rossiyaning ikkita traktorini sotib oldi. Ammo shu darajaga erishgunga qadar, bilganlarning taʻbiri bilan aytganda, “eshshakday ishladi”: na oʻzi dam oldi, na ishchilarini tinch qoʻydi…
Institutda olgan bilimi unchalik yodidan chiqmagan shekilli, Gʻani baʻzan negadir oʻzidan koʻmak yoki qarz soʻrab kelganlarga qarab turib istehzoli ohangda mashhur misrani sal oʻzgartirilgan shaklda oʻqib qolardi:
– Men gʻaniyman, sizda bisyor ehtiyoj…
Albatta, iltimoschini “gʻaniy” soʻzining aslida “boy, badavlat” maʻnoda kelishi ham, gʻazal muallifi ham qiziqtirmaydi. Uning uchun oʻtinchi bajarilib qolsa bas.
Mana shu Gʻaniboyning ikkita laqabi bor edi. Ikkinchisi “yangi oʻzbek”. Bu-ku, tushunarli, har qalay, “Oʻzbekovul”dan chiqqan baobroʻ tadbirkor, sarmoyador. Ammo birinchi laqabi gʻalati va anchayin uzun ham: “Diqqat! Toshkentdan koʻrsatamiz!..” Ha, ha, xuddi shunday. Buning qisqacha tarixi esa bundoq: Institutda oʻqib yurgan yillari taʻtilga kelgan Gʻanining boʻlgʻusi tilshunos ekanligidan, buning ustiga shigʻir-pigʻir yogʻib yurishidan xabar topgan rais uni atay chaqirtirib, qishloqning yozgi saroyida xoʻjalik aʻzolarining umumiy yigʻilishi boshlanishi haqidagi xabarni sahna ortidan ovoz kuchaytirgichda eʻlon qilishni soʻraydi. Matn ham soddagina boʻladi: “Diqqat! “Oʻzbekovul”dan gapiramiz…” Ammo nimagadir hayajonlanib ketgan Gʻani oʻzini diktor Oʻktam Jobirov his qiladimi, ishqilib koʻtarinki ohangda, tilini gʻalati buragancha oʻta tantanavor tarzda: “Diqqat! Toshkentdan koʻrsatamiz!..” deb yuboradi.
Jon-poni chiqib ketgan rais ogʻzidagi nosini tuflaysola chopib parda ortiga oʻtadi va “Hozir oʻzingga koʻrsatib qoʻyaman!” degancha shoʻrlik diktorni quvib soladi…
Qiziq tomoni shunda ediki, “yangi oʻzbek”ning sarmoyasi ortgan sayin shunga teskari mutanosib ravishda birinchi laqab oʻz-oʻzidan el-ulusning yodidan koʻtarilib ketmoqda edi: har nechuk, noqulay endi, shunday odam-a; bir zamonlar ovuldoshlariga haddi sigʻib hazillashgan boʻlsa hazillashgandir, nima, endi shugina erkaligini qirq yil doston qilib yurish shartmi… uyat boʻladi-ya…
Qishloqda gap yotarmidi. Ayniqsa koʻpchilik nazaridagi odamning turish-turmushi sinchkov nigohlar ostida kechishi tayin. Xullas, shunday nigohlar egalari tarqatgan ayrim mish-mishlarga qaraganda, keyingi paytlari Gʻaniboy ancha oʻzgarib qolgan. Xususan, qoʻyib berishsa kun-tunning yigirma toʻrt soatini oyoqda, ishda oʻtkazadigan “yangi oʻzbek” kutilmaganda mutolaaga zoʻr berishga oʻtganmish-u, endi sal fursat topsa bas, yotib olib bir nimalarni oʻqigani-oʻqigan emish. Bir xil paytlari qorday oppoq “Lasetti”sini ichidan qulflab olib, kitobdan bosh koʻtarmay oʻtiraverarmish… Biroq bu hali hammasi emas. Gʻaniboy xonasiga qamalib olgancha, dalaga borsayam qoʻltigʻidan qoʻymaydigan “noutbuk” kompyuterida erinmay kino koʻrarmish. Ammo bu ham hali hammasi emas. Gʻaniboy… tunlari, hammadan yashirinib olib bir nimalar yozayotgan emish… Sarmoyador odamning har bir xatti-harakatidan nedir ezguliklar qidiradigan va ularni topishga ham usta ahli ovul darhol voqelikning mohiyatini ochib beradigan tashxisini eʻlon qildikim, yozaversin, yozgani yaxshi-da. Mana koʻrasizlar, tez orada mazkur “ijod namunalari” – bu iborani oʻzbekovulliklar ehtirom bilan tilga olishardi – alohida kitob holida chop etiladi, adadiyam biron oʻn besh ming, yoʻq-yoʻq, ovuldagi chaqaloqlaru qariyalarniyam hisobga olgan holda oʻttiz mingni tashkil etadi. Bu hali boshlanishi. Ajabmas, keyingi kitob ovulimizda yashab oʻtgan va hozirda yashayotgan mashhur zotlar hamda oddiy odamlar haqida boʻlsa… “Qazisan-qartasan, oʻz kasbingga tortasan, – dedi ovulda sinchiligiyu maqollarni oʻzi aytmoqchi boʻlgan fikrga moslab isloh etishi bilan nom chiqargan Mardi bobo. – Gʻaniboydiyam hoʻkimat bejiz toʻrt yil yozuv-chizuvga oʻqitmagan-da…”
Kattagina ovulning u boshida oʻtkazilgan toʻy-maʻrakaga baʻzan bu boshidagi odam borolmasdan ham qoladi. Kamsuqumroq Ibodullaning Gʻaniboy bilan osh-qatiqligi yoʻq edi, buning ustiga “yangi oʻzbek”ning joʻramga oʻxshaganlar qoʻshilmaydigan davrasi boshqa, ulfatu oshna-ogʻaynisi boshqa. Mardi bobo topib aytganiday, tezak qopi bilan, ketmon sopi bilan, hamyon esa oʻziga bopi bilan.
Shungami, saraton tafti qaytgan sunbula tonglaridan birida shaxsan Gʻaniboyning oʻzi dalaga kirib kelganida Ibodulla avvaliga uni tanimay qoldi. Xoʻp, ana, uni koʻrmaganiga nari borsa yetti-sakkiz oy boʻlgandir. Odam ham shunchalik tez oʻzgaradimi? Qani u avvalgi kibr aralash manmanlik, koʻzga yaqqol tashlanib turadigan darajadagi birovlarni mensimaslik, hamsuhbatiga tepadan qarashlar, qoʻllarini koʻkragiga namoyishkorona chalishtirib turishlar, qaddini gʻoz tutib yurishlar… Ibodullaning qarshisida ozib-toʻzib, qorayib ketgan, yonoq suyaklari turtib chiqqan, keng peshonasini chuqur ajinlar tilib oʻtgan, koʻzlari ich-ichiga botgan… horgʻin banda turardi. Ha, butun vujudida, pir-pir uchayotgan lablarida, bilinar-bilinmas titrayotgan barmoqlarida benihoya horgʻinlik “manaman” deya koʻzga tashlanib turgan shu banda birinchi boʻlib salom berdi va oʻzi ovulda erishib ulgurgan maqomiga mutlaqo yarashmagan titroq ovozda, ahvoliga yanada mos tushmagan tarzda choʻgʻday yonayotgan koʻzlarini olib qochgan koʻyi… shaharga birga borib kelishni taklif qildi.
Bunday kutilmagan tashrifdan dovdirab qolgan Ibodulla – axir, ovulning oʻzida “yangi oʻzbek” “yur” degan zahoti chopqillab chiqadigan necha-necha talabgor topilishi aniq! – oʻzining odatdagi aniqlashtiruvchi savollarini ham aytolmadi. Gʻanining oʻzi izoh berdi:
– Ikki mashina bugʻdoy obketayotgandim. Sotishga.
Bunday tijorat safari taklifi sal oʻziga kelib olgan Ibodulaning koʻngliga oʻtirishmadi.
– Men bir oddiy suvchi boʻlsam, Gʻani aka, – dedi u shaharliklarga taassuban oʻzidan kichik odamga ham “aka”lab murojaat etib. – Savdo-sotiqni tushunmasam…
– Menam kilolab sotib oʻtirmayman. Optom beraman-qoʻyaman… – yerdan bosh koʻtarmay sado berdi Gʻaniboy. – Menga shaharni biladigan odam kerak. Bir-ikki borar joylarim bor…
– Oʻylab koʻray, – aniq javobdan oʻzini olib qochdi Ibodulla.
– Iltimos, aka… Sizga ishonib keldim…
Yopiray! Bu “yangi oʻzbek”ka bir balo boʻlgani chin shekilli. “Iltimos” dedimi? Doʻppisi yerga tushib ketsa, pul berib oldiradigan odam-a?..
“Singan!..” degan oʻydan yuragi shuvillab ketgan Ibodulla vaqtdan yutishga harakat qildi:
– Oʻzi qachon borish kerak?
– Hozir. Ana, mashinalar ham kep qolishdi…
Darhaqiqat, yoʻl boshida ikkita “KamAZ” mashinasi koʻrindi.
– Bu… bu… – battar dovdirab qoldi Ibodulla. – Tayyorlanmasdan… shundayiga…
– Shaharda taksida yuramiz… Orqagayam… Iltimos…
Kimsan, Gʻaniboyning oʻzi qarshingda qoʻl qovushtirib turipti-ya, Ibodulla! Shunday odamga yoʻq deb boʻladimi?..
– Unday boʻlsa… ketdik…
Shunday qilib, Gʻaniboy deganlari oldinga oʻtib yoʻl boshladi, joʻram unga ergashdi.
Hayotida ilk bor shaharga hech bir tayyorgarliksiz borayotgani uchunmi, Ibodullaning koʻngli gʻash edi…

* * *

Haydovchi Gʻaniboyning qaynisi Aziz ekan. Mashina katta yoʻlga chiqqandan u qulogʻiga bir nima taqib oldiyu, yoʻldan koʻz uzmagan koʻyi, ora-sira yelkalarini uchirib qoʻygancha miq etmasdan ketaverdi.
Oʻxshatmaguncha uchratmas. Noutbukini ochgan Gʻaniboy ham qulogʻiga naushnik taqayotganini koʻrgan Ibodullaning ensasi qotdi: illo, u odatda safarga chiqqanida hamrohlari bilan chaqchaqlashib, gangir-gungir hangoma qilib ketardi; shunda yoʻlning uzoqligiyam bilinmay ketadi. Bular boʻlsa…
“Yoʻq, bu sinmagan, – oʻzicha mulohaza yurita boshladi Ibodulla. – Shunday boʻlganida allaqachon yarim qishloq bundan xabar topib ulgurardi. Lekin buni bir balo qilib aldab-suldab, katta pulga uxlatib ketishgan. Shuning alamiga kuyib ketgan…”
Hamrohining oʻziga tikilib qolganini sezdimi, klaviatura tugmachalarini oshiqib bosayotgan Gʻaniboy bosh koʻtarib, nimadir dedi.
– A? Uzr… eshitmay qoldim…
“Yangi oʻzbek” noutbuki ekraniga ishora qildi:
– “Qora oqqush”. Koʻrganmisiz?
Ha, bu bandaga nimadir boʻlgani aniq edi. Oʻzi oqqushmish-u, yana qoramish… Toʻgʻri, Ibodulla unga oʻxshab toʻrt yil institut tuprogʻini yalamagan, ammo tabiatda bunaqasi uchramasligini biladi. Shunday boʻlsa-da, har ehtimolga qarshi, jim turmaslik uchunoq, azbaroyi lutf yuzasidan soʻragan boʻldi:
– Qaysi qush?
Gʻaniboy bajonidil izoh berdi:
– Natali Portman oʻynagan. Keyin oʻzining baletmeysteriga erga tekkan aktrisa bor-ku.
Ibodulla “piq” etib kulib yuborishdan oʻzini arang tiydi, zero u ayni soniyada televizorda koʻp qoʻyiladigan bir kinodagi gurjimi-armanmi odamning gaplarini eslab, oʻzicha hozirgi vaziyatga moslagandi ham: “Menga qara, Valiko, kim u Natali deganlari, bu yerda nima qilib yuribdi u, pishirib qoʻyibdimi unga…”
Bir amallab lab-lunjini yigʻishtirib olgan Ibodulla jiddiy tarzda bosh irgʻab qoʻyishni uddaladi, goʻyoki aytdi: “Kim boʻlibdi u Portman-mortmanlaringiz… Kerak boʻlsa undan kattalariniyam bilamiz, aka!”
Bu unsiz eʻtirofni ilgʻab, banogoh yuzi yorishib ketgan, lablari pir-pir uchish asnosida qoʻllari sezilarli darajada titray boshlagan Gʻanijon (“Xudo haqqi, uning issigʻi bor! – degan toʻxtamga keldi Ibodulla hamrohining choʻgʻday yonayotgan koʻzlaridan nigohini olib qochib, ter tepchigan peshonasiga zimdan razm solarkan. – Kamida oʻttiz toʻqqiz, balki qirqqayam yaqinlab qolgandir…”) kompyuterini oʻrtaga qoʻydi-da, buyuk hayajon bilan ekranga ishora qildi. Ibodulla shu tomonga qaradi. Unda yarim-yalangʻoch ayollaru tor ishton kiygan erkaklar uyoqdan-buyoqqa chopib yurishardi. Gʻaniboy sal engashib, naushnigining bir tomonini hamrohining qulogʻiga qoʻygan edi, Ibodullaga endi musiqa ham eshitila boshladi.
Yuzi hamrohinining yuziga yaqinlashib qolgan Gʻaniboy hech bir muqaddimasiz, goʻyo tasodifan uzilib qolgan suhbatini kelgan joyidan davom ettirayotganday:
– Koʻryapsizmi?! Koʻryapsizmi?! – dedi tuyqus bosib kelgan hissiyotlar girdobida vujudi dir-dir titragancha. – Koʻlda oqqushlar yana qizlarga aylanishdi. Mana malika. Mana… Shoʻrlik qiz shahzodaga hammasini aytib beryapti. Yovuz sehrgar uni oqqushga aylantirib qoʻygan. Faqat tundagina u yana malikaga aylanadi. Jodudan butunlay xalos boʻlish uchun qizni kimdir chin koʻngildan sevib qolishi kerak… Xuddi oʻzimizning afsonalarga oʻxshaydi-ya… Toʻgʻrimi, toʻgʻrimi!
Bu savol emas edi, maʻlum va ayon haqiqatni tasdiqlatib olish edi, xolos. Shu bois oʻziga titrab-qaqshab qarab turgan hamrohiga bosh irgʻab qoʻygan Ibodulla yana bir bor azbaroyi ogʻziga talqon solib oʻtirmaslik uchunoq soʻradi:
– Ishqilib oxirida… qutuladimi qiz?
– Yoʻq-da! – chinqirib yubordi Gʻaniboy. – Yovuz sehrgar malikaning oʻrniga oʻzining qizini shahzodaga malika deb koʻrsatadi. Shahzoda aldanadi… Buni eshitgan Odetta halok boʻladi, keyin Zigfrid ham…
– Kim-kim?
– Qiz bilan yigit…
– Ha, ogʻir ekan… – deb qoʻydi Ibodulla.
– Toʻppa-toʻgʻri! Toʻppa-toʻgʻri! Buni koʻrish ogʻir. Lekin koʻrmaslikning iloji yoʻq… hech iloji yoʻq…
Oʻzining oddiygina luqmasi bunday chuqur mulohazalarga olib kelishini kutmagan Ibodulla ortiqcha aqlli gap qilib oʻtirmasdan, oddiyroq taklifga koʻcha qoldi:
– Boshqasi yoʻqmi? Yengilrogʻi…
– Bor, bor… – “Yangi oʻzbek” shoshib klaviatura tugmachalarini bosa boshladi. – Mana, “Jizel”. Lekin buning oxiridayam aldangan qiz oʻladi-da… Qarang, oʻzingiz qarang.
Bu balet tomoshasi edi.
Toʻgʻrisi, Ibodulla boshida hech nimani tushunmadi. Yigit-qizlar uyoqdan-buyoqqa oʻtib sakrashadimi-ey, oyoq uchlarida yurishadimi-ey… Oʻzi juda yaxshi biladigan narsalar haqida tushuntirish berishga urinayotgan Gʻaniboyning izohlari esa aksar holda juda qisqa, buning ustiga notanish ismlarga moʻl edi:
– Manavi Jizel. Dehqonning qizi… Otasi yoʻq, onasi bor. Onasining oti Berta… Bu shahzoda Alber. Koʻryapsizmi, u dehqonga oʻxshab kiyinib olyapti. Buni oʻrmonchi yigit Gans kuzatib turibdi… Qizlar uzum terishyapti… Mana, Alber Jizelni koʻrib qoldi. Bir koʻrishda muhabbat!.. Qarang, yuragi kasal boʻlsayam qiz qanday oʻynayapti… Uchayapti!.. Gans rashk qilayapti…
…Nihoyat Jizel halok boʻldi!
Ibodulla shu bilan tomosha tugadi deb oʻylagandi. Ammo koʻzlari jiqqa yosh Gʻaniboy moʻjiza kutayotgan oʻsmir kabi entikib, hamon ekrandan koʻz uzmasdan turardi.
Baletning davomi bor ekan: qizning arvohi qabrdan chiqib keldi-da, avvaliga asta-sekin, keyin esa shiddat bilan raqs tusha ketdi… Alber deganlari chirpirak boʻlib unga qoʻshilib ketdi-ku…

* * *

– Yetib keldik, pochcha!.. Pochcha deyapman!
Jerkibroq aytilgan bu gapdan soʻng ikkala balet tomoshabini boshlarini koʻtarishdi. Darhaqiqat, mashina bozor darvozasi yonida turardi. Ayb ish ustida qoʻlga tushib qolganday xijolat tortayotgan Gʻaniboy shoshib kompyuterni oʻchira boshladi.
Mashinani oʻrab olgan yigirma-oʻttiz chogʻli erkak-ayol zoʻr berib bir-birlarini itarib-turtgan koʻyi vagʻir-vugʻir koʻtargancha kabina tomon intilishardi.
– Dallollar, – deb qoʻydi Gʻani.
– Olibsotar kanalar! – nafrat bilan tishlarini gʻijirlatdi Aziz.
Orqadan yetib kelgan ikkinchi mashina signal berdi.
Uchovlon pastga tushishdi. Ibodulla dallolu-olibsotarlar toʻdasini yorib oʻtib, chekkaroqqa borib turarkan, oʻzicha bu Gʻani bejiz “yangi oʻzbek” emas, savdo sohasida katta isteʻdodi bor-u, hozir shuni namoyish etadi deb taxmin qilgandi. Biroq dallollarning qoʻlni omburday qisib olishiyu, yelkani uzib olguday siltashlariga chidaydigan odam asli Aziz ekan. U pinak buzmay, oʻzining narxini aytib turaverdi…
Axiyri oʻzaro kelishuv yuz berdi chogʻi, mashinani ichkariga olib kirib ketishdi.
Oradan yarim soatlar chamasi vaqt oʻtdi va terlab-pishib ketgan, yarim qop pulni qoʻltigʻiga qisgan “yangi oʻzbek” boshchiligidagi ikki mashina darvozadan qaytib chiqdi.
Gʻani Ibodullaning oldiga bordi, yana nimadir iltimos qilmoqchiday jovdirab qaradi, ammo ogʻiz ochishga ulgurolmadi: qaynisi halloslab kelib qoldi.
– Qaytamizmi?
Gʻani qopni Azizga uzatdi:
– Buni opangga berib qoʻyarsan.
Haydovchi pochchasiga ajablanib qaradi:
– Siz qaytmaysizmi?
– Jon deb qaytardim tayyor mashinada. – Gʻani ming istihola ila hafsalasiz tarzda turgan Ibodullaga ishora qildi: – Akaning bir-ikkita ishi bor ekan. Shunga qarashib yuboring degandi.
– Rostdanmi? – allaqanday shubhalanib soʻradi haydovchi goʻyo u yeb, oʻzi quruq qolganday Ibodulla tarafga oʻqrayib qarab qoʻyarkan. – Ishi boʻlsa oʻzi qilavermaydimi?
– Endi, uka, oldi-berdilik ish ekan. Sal qattiqroq turadigan odam boʻlmasa bu kishini gel qilib ketishlari hech gap emas… Bir ovulning odami boʻlsak. Odamning ishi odamga tushadi-da…
– Unda… qachon qaytasizlar? – savol berishini qoʻymasdi oʻjar qayin. – Opam sizni men bilan birga qaytadi degandi.
– Men jon-jon deb qaytgan boʻlardim, deb aytdim-ku, – goʻyo noiloj qolgan odamday qoʻllarini ikki yonga yoydi Gʻani. – Lekin yordam beraman deb lafz qilib qoʻydim… Ishimiz bitganda taksida boʻlsayam qaytamiz…
Oʻjar qayin ikkilanib turdi-turdi, oxiri bir qarorga keldi shekilli, qoʻlini siltagancha, hattoki xayrlashmasdan ham mashinasi tomon yurdi.
Tezda ikkala mashina ham joʻnab ketdi. Ana shundan keyingina yelkasidan togʻ agʻdarilganday yengil nafas olgan Gʻaniboy oʻziga hayron boʻlib qarab turgan Ibodullaga qarab qandaydir ayanchli tarzda koʻz qisib qoʻyishga, lablari titrab iljayishga urinarkan:
– Qarang, – dedi iddao ila. – Bularning bari oʻzicha xoʻjayin…
Gap kimlar haqida ketayotganini tusmol qilgan boʻlsa-da, Ibodulla indamay qoʻyaqoldi. Zero Gʻaniboyning tuhmatiga qolganidan uning dili ozor chekkan edi.
Buni sezdi shekilli, “yangi oʻzbek” koʻzlarini olib qochgan koʻyi bir ogʻiz:
– Uzr… – dedi.
Erkak kishiga uzr soʻrash oson emas. Ayniqsa Gʻaniboyday ot ustida yurgan odamga. “Shunday odamki shunday yoʻl tutyaptimi, demak bunga arzirli biron sabab boʻlsa kerak. Qani, bu yogʻini kutaylik-chi, – degan qarorga keldi Ibodulla. – Oʻlmagan qul hammasini koʻraveradi…”
– Yuring.
Gap ohangida shiddan koʻra hadik-xavotir, ishonchdan koʻra ilinj koʻproqday tuyulayotgan Gʻaniboy tutqunlikdan ozod boʻlgan qush kabi koʻkragini toʻldirib nafas oldi-da, katta-katta qadam tashlagancha yoʻl boshladi, Ibodulla unga ergashdi.

* * *

Aftidan, bu yerlarni Gʻaniboyning oʻzi juda yaxshi biladi shekilli, Ibodullani hech ikkilanmasdan… hammomga boshladi.
– Hali yuvinadigan ish qilmadingiz shekilli, – piching qildi Ibodulla sherigining “shunday kiramiz-u, chiqamiz” degan taklifiga javoban. – Qolaversa, oʻlay agar, shu havoda issiq bugʻda oʻtirishimni oʻylasam, halitdan nafasim qaytib ketyapti.
“Shaharlik”ning ahvolini tushundimi, Gʻani koʻp tiqilinch qilib oʻtirmasdan, hammomga kirdi-ketdi va oradan chorak soatlar oʻtgandan soʻng archilgan bodringday silliqqina boʻlib chiqib keldi: sartaroshga soch-soqolini qirtishlatishga ham ulguribdi! Eng ajablanarlisi, Gʻaniboy boʻyinbogʻ taqib olgandiki, buni koʻrib Ibodulla bira toʻla tildan qoldi.
Oʻzi bugun “shaharlik” koʻp ajablanishlarga duchor boʻladigan kun chogʻi, Gʻaniboy yoʻlga chiqasola duch kelgan mashinani toʻxtatdi va haydovchidan soʻrab ham oʻtirmasdan old oʻrindiqqa joylashib olarkan, bir ogʻiz:
– Teatrga! – dedi.
– Qaysi biriga, aka? Shaharda teatr koʻp boʻlsa.
Gʻani bu savolni bergan haydovchiga “Shuniyam bilmaysanmi?” deganday ajablanib qaradi-da, soʻng, Ibodullani battar hayratlarga solgan koʻyi:
– Opera-baletga, – deya manzilga aniqlik kiritdi.
– Oʻn besh ming.
– Hayda.
Ibodulla eʻtiroz bildirishga urindi, tullak haydovchi bilan savdolashmoqchi boʻldi, illo u turgan yerlaridan “opera-balet”ga koʻpi bilan toʻrt ming soʻmga borish mumkinligini yaxshi bilardi. Ammo to “shaharlik” ogʻzini ochib ulgurgunga qadar Gʻani eshikni qarsillatib yopdi va mashina tez oʻrnidan qoʻzgʻaldi.
Atrofga namozshom qorongʻuligi bosib kelmoqda edi.
Ibodulla teatr yonidagi biron yemakxonaga, deylik, “ugolok”ka yo “Zarafshon”ga borarmiz, “opera-balet” shunchaki moʻljal boʻlsa kerak, deb taxmin qilgandi. Ammo oʻzini teatr yonidagi oʻrindiqqa oʻtqazib qoʻygan Gʻaniboy chopib borib kassadan ikkita chipta, yoʻlning qarama-qarshi tarafidagi gul doʻkonidan esa chiroyli va kattakon guldasta olib kelganini koʻrgach, butunlay kalavasining uchini yoʻqotib, dovdirab qoldi. Illo, shuncha yillardan beri shaharga qatnaydi, qanchadan-qancha hamqishloqlariga Toshkentni tomosha qildirdi, ammo haligacha biron mardum “Meni opera-baletga olib bor”, demagan. Soʻraganlari bozor, zoopark, tsirk, ha, ana, juda borsa Milliy teatr. Shundayam biron “kuldiradigan tomosha” boʻlsa…
Bu yerda esa…
Aftidan, dunyoda “taom, yegulik” degan narsalar borligini tamomila unutgan, balki shungami, – ha, ha, bular madorsizlik alomati, boshqacha boʻlishi mumkin emas! – rangi sezilarli darajada oqarib, kalta-kalta nafas olayotgan, nechukdir lablari yana pir-pir ucha boshlagan, guldastani qalqon yangligʻ mahkam bagʻriga bosgan “yangi oʻzbek” Ibodullani teatrga boshladi.
“Oqqush koʻli” degan balet namoyish etilyapti ekan.
Tomoshabin siyrak zalga kirib, joylariga oʻtirishdi.
Och, charchagan “Shaharlik”ning bir tili qichidi, bir tili qichidi; “Hali erta emasmi, aka, kuningiz endi – latifalarda milyon marta aytilganiday – yarim yalangʻoch qizlarni koʻrib ilhomlanishga qoldimi?” deya gap bilan sherigini oʻyib olmoqchi boʻldi, biroq… Biroq Gʻaniboy gap eshitadigan, ehtimol, aytilgan gapni tushunadigan ahvolda emasdi: u suratday qotib, sahnaga tikilib qolgandi, baayni zarrin naqshli, qizgʻish hoshiyali pardadagi koʻrinmas tomoshada kimningdir, balki oʻzining hayot-mamot masalasi hal boʻlayotganday…
Zalga viqorli, kapalaknusxa boʻyinbogʻ taqqan erkaklar, anvoyi liboslaru dur-javohirlar shodasi siymin tanlarining ochiq oʻrinlarini yanada koʻz-koʻzlayotgan kibrli ayolar kirib kelishdi. Zerikkan Ibodulla ularni tomosha qilib oʻtirdi.
Axiyri zal chiroqlari oʻchdi, parda ochilib, sahna yorishdi va haqiqiy tomosha boshlandi.
Tantanali musiqadan keyin sahnaga besh-oltita yigit-qiz chopib chiqib kelib, oyoqlarining uchlarida turib oʻynay boshlashdi.
Koʻz qiri bilan tomoshabinlarni kuzatib oʻtirgan Ibodullaning nazarida Gʻani nimadir deb shivirlaganday boʻldi.
– A? – dedi u sal engashib, qulogʻini “yangi oʻzbek”ning ogʻziga yaqin olib borarkan.
– Adajio… – tishlari orasidan arang shivirladi sahnaga qarab qotib qolgan, hatto kiprik qoqmayotgan Gʻaniboy. – Endi… endi “pa-de-de”…
Tomoshabinlar jonlanib qolishdi, uch-toʻrttasi oʻz hayratini izhor etganday qarsak ham chalib yubordi. Ibodulla sahnaga qaradi: oq libosli qiz bir oyogʻining uchida tik turgancha zoʻr berib joyida chir aylanardi.
– Fuete… – yana pichirladi Gʻanijon.
Sherigi balet atamalarini tilga olayotganini tushungan Ibodulla “dod” deb yuborishdan oʻzini arang tiyarkan, ensasi qotganini yashirib ham oʻtirmasdan piching qildi:
– Nima qilay shunga, suyunchi beraymi?..
Lekin Gʻani hamon odamni eshitadigan ahvolda emasdi…
Asabiylashgan Ibodulla oʻzini oʻzi chalgʻitish harakatiga tushdi va, ajabki, birdan topib, iljayib ham qoʻydi. Koʻpincha, yoshi kattaroq qishloq ayollari biron noxushroq gap-soʻz, gʻiybat topib kelgan bola-baqra yoki oʻzlari unchalik yoqtirmaydigan xotin-xalajga “Nima, suyunchisiga ishtonimni yechib berayinmi?” deya zaharxanda qilishadi va hattoki rostdan ham shunday qilishmoqchiday lozimlariga qoʻl tekkizib qoʻyishadi. Endi, tasavvur etaylikki, sahnada oʻynayotgan raqqosalar ham shunaqa deb qolishdi. Lekin yechib beray desa yoki qoʻl tekkizib koʻrsatay desa ularning ishtonlari yoʻq-ku. Shunda ular nima qilishadi?.. Ha-ha-ha…
Sahnaga yettitami-sakkizta oqqush chiqib keldi va bir-birlarining qoʻllarini chalishtirib ushlaganlaricha saf tortishib qandaydir koʻl (goʻyoki, chunki uning chizilganligi koʻrinib turardi) boʻyida raqs tusha boshlashdi.
Ana shunda… ana shunda Ibodullaning nazarida yer qimirlayotganday boʻldi va u vahima aralash ajablanib yoniga qararkan, koʻzlari oʻt boʻlib yonayotgan Gʻaniboyning tishlari takillab, butun vujudi qalt-qalt titrayotganini koʻrdi… Yana bir soniyadan soʻng “yangi oʻzbek”ning qulab tushishi ayon edi.
Buni sezishdan avval his qilgan, vahimaga tushib qolgan Ibodulla sherigining biqiniga asta turtdi:
– Mazangiz boʻlmayaptimi, aka?
Sahnadan koʻz uzolmayotgan Gʻani biqiniga tekkan qoʻlni beixtiyor mahkam changallab oldi va omburday qattiq qisdi. Kaft suyaklari sinib ketguday boʻlgan Ibodulla dodlab yubormaslik uchun tishini tishiga bosarkan, baribir:
– Im! – deyishdan oʻzini tiyib turolmadi.
Oldingi qatorda oʻtirgan ayol oʻgirilib, barmogʻini labiga bosgan koʻyi pichirladi:
– Tsh-sh!..
Orqa qatordan ham shivirlab dakki berishdi:
– Molodiye lyudi!.. Ne shalites!.. Eto teatr!
Tuyqus seskanib ketgan Gʻani sahnadan nigohini oldi va qayerda oʻtirganini eslolmayotganday yon-atrofga, Ibodullaga esankirab qaradi, uning qoʻlini changalidan qoʻyib yubordi.
– Chiqib… suv-puv ichib kelaylik, aka.
Gʻani keskin bosh chayqadi, shu bilan nainki oʻzi qishloqdan boshlab kelgan “shaharlik”ni, balki butun dunyoni unutgan odamday sahnaga qadalib, “qilt” etmay tikilib oʻtiraverdi. Bamisoli haykal…
Aloha spektakl tugadi. Tomoshabinlar oʻrinlaridan turib qarsak chalishdi. Taʻzimga chiqqan baletchilarga guldastalar taqdim etishdi. Ibodullani hayron qoldirgani shu boʻldiki, Gʻaniboy shundoq chiroyli – shubhasiz, juda qimmat – guldastasini birovga topshirmadi, borib sahna chetiga qoʻyib keldi.
Tashqariga chiqishdi. Gʻani yana shoshib taksi toʻxtatdi, bu safar manzilni haydovchining qulogʻiga shivirlab aytdi. Uning bolalarcha bu qiligʻi Ibodullaning ham kulgisini qistatdi, ham jahlini chiqardi. Ibodulla deganlari shaharni bilmasa ekan!
Taksi Ibodullaga tanish mavzedagi bir mahalla oxirrogʻida toʻxtadi, “yangi oʻzbek” bilan kelishuvga koʻra taksichi ularni kutib turadigan boʻldi.
Sezilarli darajada hayajonlanayotgan, barmoqlari titray boshlagan Gʻaniboy hovlilardan birining eshigini oʻz kaliti bilan ochdi.
– Vaqtimiz ziqroq, shuning uchun faqat zalni koʻrsak yetadi. Mehmonxona bilan yotoqxona keyingi safarga.
Ibodulla “yangi oʻzbek”ning bu gapidan hech narsani tushunmagan boʻlsa-da, har ehtimolga qarshi bosh irgʻab qoʻydi.
Uyda katta qurilish ketayotganligi hovlida sochilib yotgan materiallar boʻlaklaridan, turli chiqindilar uyumlari, havoza va eski choʻtka-paqirlardan ham bilinib turardi.
Gʻaniboy ishonch bilan yoʻl boshladi. Ular boʻyoq va ohak isi anqib turgan yoʻlak orqali keng-moʻl, aytish mumkinki haddan tashqari keng-moʻl xonaga oʻtishdi. Gʻaniboy “chiq” etkazib devordagi tugmachani bosdi. Shiftdagi dengiz manzarasi oʻrtasiga osilgan ulkan, zarrin shokilali qandil porpirab yondi… Endi buni xona ham deb boʻlmasdi. Deylik, moʻjazroq sport zali. Faqat uch taraf devor ham yaxlit koʻzgu bilan qoplangan. Toʻrtinchi tarafda odam boʻyi rasmlar qator osilgan.
– Yigirmaga oʻn, – gʻurur bilan gapirib qoldi Gʻanijon. Soʻng devorda osilgan rasmlarga ishora qilib, bir-bir tanishtirib chiqa boshladi: – Bu Mari Ramberg. Bunisi Anna Pavlova, kinosini koʻrgan boʻlsangiz kerak. Ikki seriyali. Bu Olga Preobrajenskaya. Bunisi Matilda Kshesinskaya, u haqda endi kino olinayapti. Bu Agrippina Vagonova. Galina Ulanova bilan Mayya Plisetskayani tanigan chiqarsiz. Bunisi Ulyana Lopatkina… Svetlana Zaxarova… Mariya Allash… Silva Sofian… Diana Vishnyova… Yekaterina Vasilevani bilmagan odam yoʻq… Bunisi oʻzimizning Bernora Qoriyeva… Bunaqa yulduzlar qarab turgan zalda mashq qilishning oʻzi boʻladimi, aka!
Ibodulla devorda balet yulduzlarining suratlari turganligini, bu esa mashq zali ekanligini tushundi. Ammo kim uchun, nima uchun? Toʻgʻri, u nimalarnidir sal-pal fahmlaganday edi, biroq aniq bir toʻxtamga kelishga qiynalayotgandi. Har qalay, Gʻaniboyning teatrda titrab-qaqshab oʻtirishining oʻziyoq u-bu narsalardan shohidlik berayotganday…
– Siz, – hayajonlanib gapida davom etdi “yangi oʻzbek”, – bu uyni koʻrgan yagona odamsiz! Kerak boʻlib qolsa, tasvirlab berasiz. Chunki men gapirolmay qolaman… soqovga oʻxshab qolaman… Men bu uyni… tag-tugi bilan beraman. Ikkalamizdan boshqa hech kim bilmaydi. Shundayiga. Olsin. Keyin xohlasa yashasin, xohlamasa yoqib yuborsin yo birovga sovgʻa qilib yuborsin! Bu uning ishi…
Jumboq gaplardan toqati toq boʻlgan Ibodulla qoʻrsroq ohangda soʻradi:
– Kimning axir?
Gʻaniboy xuddi oʻzi hammaga maʻlum oy yoinki quyosh haqida gapirayapti-yu, bu gʻalcha negadir tushunmayotganday, hamqishlogʻiga ajablanib-merovsirab qaradi. Soʻng bir ogʻiz:
– Ketdik, – dedi.
Ibodulla toʻngʻillab qoʻydi:
– Umrimiz yoʻlda oʻtarkan-da…

* * *

Bu safar taksi ularni koʻp qavatli uy yoniga tashlab ketdi.
Tez orada tutqanogʻi tutadiganday dir-dir titrayotgan, ogʻir-ogʻir nafas olayotgan Gʻanijon damo-dam uyga qarab qoʻyib, uyoqdan-buyoqqa borib kelarkan, oʻzini chalgʻitish, asablarini jilovlab olish uchunmi, tinmay gapirardi:
– …Men bir narsani aniq bilaman, joʻra. Bir marta koʻrishdayoq yurak-bagʻring oʻrtanib sevib qolsang – mana shu haqiqiy muhabbat, qolgan hammasi bekor. Dunyoda olti milliard odam yashaydi. Lekin yulduzing yulduzingga toʻgʻri keladigani bittagina. Bittagina, xolos. Oʻshani topsang – baxting, topmasang oʻzingniyam, oʻzgalarniyam aldab, kun koʻrib oʻtib ketaverasan bu hayotdan… Bir yilcha burun men uni uchratib qoldim. Koʻrdimu qotdim… Oʻziyam ayolmisan ayol-da! Kiyinishlari, yurishlari, kulishlari… Tishlari mayda, bir tekis, xuddi guruchday… Badan, yuz oppoqdan-oppoq… qorday desammikin, marmardaymi… Qosh ingichka qilib terilgan, kipriklar uzun-uzun… Nozik, qattiqroq ushlasang uzilib tushadiganday barmoqlar… Anovi… kim edi-ya… ha, Otoyi aytgan-ku, “Gʻoyati nozukligindin suv bila yutsa boʻlur” deb… Xuddi oʻshanaqa ayol… Bir qultum suv bilan “liq” etib yutib yuborsang… Faqat qop-qora koʻzlari maʻyus, juda maʻyus… Bir koʻrishdayoq u men uchun, faqat men uchun yaratilganini tushundim… U ham hammasini sezdi… Indamasdan kelib qoʻltiqlab oldi. Biz shaharni uzoq kezdik. Tasavvur qilasizmi, bir ogʻiz gaplashmasdan kezdik. Bir ogʻiz gaplashmasdan-a… Yoʻq… – nogahoniy xotiralar quchogʻida qolgan Gʻaniboy shirin lazzatdan ingrab yubordi, – yoʻq, u yurmasdi, suzardi… Uning qadam tashlashi oldida bizning xotinlarning loʻkillab yuradigan tuyadan farqi qolmaydi… Keyin shu yerga keldik… Uning uyiga… Mana shu bir xonali katalakka… Qorday oppoq badanidan… badanidan shunday bir nozik is, nozik ifor kelardiki, bir nafas olsangiz bas, boshingiz aylanib ketadi… Bunday ayol erkak kishiga hayotida bir marta uchraydi, bir marta. Boshqa duch kelmaydi… Shu ayol… shu ayol… boshini koʻkragimga qoʻyib hoʻngrab yigʻladi, nozik bilaklari bilan meni quchib yigʻladi… Yolgʻizligini, oqshom teatrdan qaytganida zimiston uy koʻziga lahadday koʻrinishini, chiroqlarni ham yoqmasdan muzdayin peshonasini koʻzguga tirab uzoq-uzoq yigʻlashlarini gapirib berdi… Men ham qoʻshilib yigʻladim… Erkak boshim bilan koʻz yoshlarimdan uyalmay yigʻladim… Koʻz yoshi yurakni darddan forigʻ qilishini ana shunda bildim, aka. Shuncha yil yashab, haqiqiy sevgi qanaqa boʻlishini ana shunda bildim, aka… Koʻngillar qovushishi tanalar qovushishidan afzalroq ekanligiga ana shunda imon keltirdim, aka… Bunday ayolga – hatto u seni quchib turganida ham – hirs bilan qarolmaysan, qaqshab sigʻinasan, tavallo qilasan…
Men ham odamman, axir! Men ham dunyoga bir marta kelaman. Qisqagina hayotimda shundayin farishta oʻz-oʻzidan qarshimda paydo boʻlib qolganligining oʻzi yaratganning menga cheksiz inoyati emasmi?..
Jiqqa yosh toʻlgan koʻzlarini chirt yumib olgancha shirin xotiralar ummonida lazzatlanib-huzurlanib suzayotgan Gʻaniboyga hayron boʻlib qarab turgan Ibodulla axiyri:
– Oʻshani… oʻshani izlab keldingizmi bu yerga? – deb soʻradi.
Gʻaniboy seskanib koʻzlarini ochdi. Soʻng, savol maʻnisini angladi shekilli, Ibodullaga yosh bolaga qaraganday ajablanib qaradi:
– E, aka, bunday ayolni izlab kelmaydilar. Bunday ayolga tiz choʻkib “Buyur, odam oʻldirayinmi, oʻgʻirlik qilayinmi, butun dunyoga oʻt qoʻyayinmi, aytganingni kiprik qoqmay ado etaman, faqat sen meniki boʻlsang bas!” deydilar…
Nihoyat filologligi namoyon boʻlayotgan Gʻaniga diqqat bilan tikilayotgan Ibodulla shoshib keyingi savolini berdi:
– Siz shunday qildingizmi?
– Ha! – dedi Gʻaniboy shosha-pisha. Ammo bu eʻtirofda gʻururdan, sururdan koʻra alam, chorasizlik koʻproq edi. – Men hammasidan voz kechaman dedim! Bola-chaqamdan, uyim-joyimdan, boyligimdan, obroʻyimdan. Evaziga yoningda yursam bas dedim. Men… men hatto uning xizmatkori boʻlishgayam rozi edim… Lekin… lekin… – shu yerga kelganda Gʻanining tovushi titrab ketdi: – lekin u meni rad etdi!
– Nega? – beixtiyor qichqirib yubordi Ibodulla. Soʻng, birdan qayerda turishgani esiga tushib qoldiyu, xijolat aralash atrofga alangladi.
Ammo, aftidan, Gʻaniboy butun dunyoni unutgan edi. Koʻzlaridan yirik-yirik yosh tomchilari yumalab tushayotgan “yangi oʻzbek” cheksiz iztirob va vahima bilan shivirladi:
– U meni rad etdi… Keyin bir ogʻiz: “Savdolashmang… maydalashmang…” dedi… Shunda… shunda men nimalar qilib qoʻyganimni tushundim… Endi kech edi… “Falon ishni qilaman!” deb ogʻiz koʻpirtirmasdan burun avval shu ishni qilishim kerak edi… Keyin oyogʻiga bosh ursam arzirdi… Xullas, u mendan voz kechdi… Uning uyidan… orqasiga oʻxshatib tepilgan itday dumimni qisib chiqib ketdimu… Oʻziyam bir kecha-kunduz qoʻynimga pichoq solib, shu yerda poyloqchilik qildim… Bilmayman, nega? Axir ayb oʻzimda edi… U teatrdan qaytayotgan mahali meni koʻrdi, ammo koʻrmaganday oʻtdi-ketdi… Oʻshanday viqorli… Magʻrur… Qoʻl-oyogʻimdan jon qochdi… Tongga qadar uy yonida titrab-qaqshab turdim… Deraza yoniga bir necha marta kelib-ketdi. Buni koʻrdim… Ammo meni chaqirmadi. Keyin chiroqni oʻchirdi… Sahar palla poyi piyoda yoʻlga tushdim… Qishloqqa ne ahvolda kirib bordim… Alahlayotgan kasalga oʻxshab qolgan boʻlsam kerak… uydagilar boshimda parvona… Bir hafta deganda oʻzimga keldim… Nimadir yetishmaydi deng… Yashagim ham kelmaydi… Uni esdan chiqaray deyman-u… Koʻrgan oshning kuyigi yomon boʻlarkan… Oxiri shaharga kelib, izlay-izlay ikkita eng qimmat farang atiridan sotib oldim. Har biri yuz dollardan ekan. Xotinimga oborib berdim. Narxini soʻrab boshimni qotirgandi, “Besh ming soʻmdan ekan” dedim. Niyatim, yana oʻsha iforni tuyish edi… Ammo… – Gʻaniboy alam daraxtni mushtladi, – bittasini darrov erga tegmagan singlisiga oshirib yuboribdi. Bir maqtanib qoʻymoqchi boʻlgan-da! Ikkinchisi bir qoʻshnisiga toʻqqiz ming soʻmga pullabdi. Kechqurun borsam “Toʻrt ming foyda koʻrdim”, deb turibdi tirjayib… Solib yuborishimga sal qoldi… Ammo… indamadim… Shu bilan hammasi esimdan chiqib ketar deb oʻylagandim… Qayoqda deysiz… Mana bu yerim oʻrtanadi, mana bu yerim… – Shunday deya Gʻaniboy koʻksiga shapatiladi. – Shunaqa paytlari aqldan ozayotganday boʻlaman, goʻyo tez orada yotar-turar joyim jinnixona boʻladiganday… Uxlay olmayman. Kun boʻyi, yarim tunga qadar atay oʻlib-tirilib ishlayman, charchayin deyman, keyin oʻzimni toʻshakka otaman… Lekin baribir uxlolmayman… “Ishq ahligʻadur harom uyqu”…
Ibodulla miq etmay oʻtirardi. Toʻgʻrisi, u oʻzicha toʻpori, koʻngliyu miyasida pul topishdan boshqa tashvishi yoʻqday koʻrinadigan Gʻaniboydan shuncha gap chiqishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagandi…
Ha, inson bolasini tushunish qiyin ekan. Boʻlmasa bu “yangi oʻzbek”ka nima yetishmaydi… Armoni bor ekan-da bechoraning…
– Shu olovni bosayin deya biron bahona topib shaharga kelaman. Ha, ha, bahona topib. Bir narsaning hidini sezishganmi, uydagilar bu yoqqa kelishimga tish-tirnogʻi bilan qarshilik qilishadi. Kelishib olishganmi nima balo!.. Shunda erkak boshim bilan… ming bitta bahona qidiraman. Shunaqa paytlari oʻzimni oʻzim yomonlar koʻrib ketaman… Shu yerga kelib oʻtiraman… kutaman… kutaman… Goʻyo u birdan paydo boʻlib qoladiganday… “Yuring” deydiganday… Chirogʻi yoniq boʻlsa bir quvonaman “uygʻoq ekan” deb, oʻchgan boʻlsa “Kim bilan ekan?” deb dardi dunyoyim qorongʻi boʻladi… Tishlarimni gʻijirlatib yaroq izlayman… Garchand sezaman, u yolgʻiz… Yolgʻiz… Tong saharda boʻlsa yana poyi piyoda qishloqqa yoʻl olaman…
Balet haqida men oʻqimagan kitob, men koʻrmagan kino qolmadi-yov… Keyin… Navoiyni oʻqidim… Teatrga nega uning nomi qoʻyilgan deb oʻyladim-da… “Parim boʻlsa, uchib qochsam ulustin to qanotim bor, Qanotim kuysa uchmoqdin, yugursam to hayotim bor…” Menam parim boʻlishini istadim, u bilan birgalikda el-ulusdan uzoq-uzoqlarga uchib ketishni orzuladim… Keyin negadir bu orzuni faqat va faqat baletda chiroyliroq ifodalab boʻladi, degan oʻyga bordim, buni oʻzimcha tasavvur ham qildim… juda-juda yaqqol tasavvur qildim… Ishonasizmi, men… men oʻqib-oʻrganib… shu orzuyimni… baletga koʻchirmoqchi boʻldim… Men… men libretto yoza boshladim. Yigit bilan qiz bir-birini yaxshi koʻrib qoladi… Oxiri parlardan qanot yasab, koʻkka uchib ketishadi, bulutlar bagʻrida oqqushlarga aylanishadi… Nomiyam “Parim boʻlsa…” Yozdim… “Yigʻlab-yigʻlab tugattim oxir”. Ishonasizmi…
Ibodulla beixtiyor bosh irgʻadi, baayni ishonishini bildirmoqchi boʻldi. Biroq Gʻaniboy ayni damlarda buni koʻradigan, tushunadigan ahvolda emasdi.
– Bor yiqqan-terganimni sarflab boyagi joyni sotib oldim-da, oʻzimning xayolimdagi uyni qurdirtirdim… Kelsa, “Parim boʻlsa…“ni mashq qilsa… Balki oʻynab berar… Axir u isteʻdodli… yulduz boʻladi… Lekin oʻynamasayam mayli… Uy uniki. Tag-tubi bilan… Libretto ham uniki… butkul uniki…
Men teatrning reperturarini, u qachon, qaysi spektaklda sahnaga chiqishini yoddan bilaman. Oʻzim kelolmasam, ishonchli odamim orqali gul yubortiraman. U biladi… hammasini biladi… Lekin gulni olmaydi… Sahnada payti atay men tomonga qaramaydi… Yomon koʻnglini qoldirganman-da…
Umr, vaqt deganlari uchib oʻtib bormoqda. Men bunday yashashdan charchadim. Men bilaman… u haliyam yolgʻiz… yolgʻiz… Men bugun uning poyiga tiz choʻkaman, “Meniki boʻl, men hammasidan voz kechdim!” deyman. Agar u yana rad etsa… qaytib oʻrnimdan turolmasman… – u qorongʻida paypaslab Ibodullaning qoʻlini topdi va kalitni tutdi. – Buni bir amallab oʻzingiz bering. Otib yuborsa, yerdan olib yana bering. Joyni tushuntiring… Ayting, bu uning uchun arzimagan hadyam… Insonning bir kechalik baxti bunaqangi uylardan mingtasiga arziydi deng… Ayting, oʻtinaman…
Shu mahal mashina ovozi eshitildi. Gʻaniboy birdan gapdan toʻxtadi, ovoz kelgan tomonga qaradi. Uy yoniga peshoynasida yashil chiroqchasi yonib turgan taksi mashinasi kelib toʻxtadi.
Mashinaning orqa oʻrindigʻidan erkak bilan ayol tushishdi. Mashina ketdi. Erkak bilan ayol qoʻltiqlashib uy tomon yurishdi. Bu sarviqomat, darhaqiqat, yurmayotgan, viqor ila suzib ketayotgan ayol edi. Erkak nimadir deb shivirladi, ayol xandon otib kuldi… Bu baxtiyor ayolning kulgusi edi..
Ibodulla yoniga qaradi va hattoki qorongʻulikda ham Gʻaniboyning rangi boʻzdek oqarib ketganini koʻrdi…
Erkak-ayol podʻezddan ichkariga kirishdi. Birinchi qavatdagi xonadon chirogʻi yondi.
Vaqt imillab oʻtardi…
Avval ayol deraza yoniga keldi, ammo tez uzoqlashdi. Keyin erkak. Erkak pardani tushirdi. Soʻng chiroq oʻchdi…
Zulmatdan koʻz uzmay turgan Ibodulla yonida kimdir xirillayotganini eshitganday boʻldi. Ichi boʻm-boʻsh boʻlib qolgan Ibodulla shu tarafga oʻgirildi.
Nafas ololmayotganday jon-jahdi bilan boʻynini ishqalayotgan Gʻaniboy. Ibodulla hamrohiga sinchiklab nazar soldi va… ajabki, uning bulutlar bagʻridan moʻralagan toʻlin oy yorugʻida yaltirab ketgan koʻzlarida hech qanday maʻnoni ilgʻamadi. Hech qanday…
Xuddi shu lahzada, oʻrtaga choʻkkan muzday sukunatni chil-parchin etib tashlashga azm qilganday tuyqusdan lablari dir-dir titrayotgan Gʻaniboy jilmayishga urinish asnosida soʻzlarni dona-dona qilib, baayni ovoz kuchaytirgich yonida turgan kabi:
– Diqqat! Toshkentdan koʻrsatamiz! – dedi.
Ibodulla dong qotib qoldi…

* * *

Ibodulla endi titrab-qaqshagancha qunishib, bir nimalarni tez-tez shivirlayotgan Gʻaniboyning qoʻlidan tutdi va koʻzlaridan duvillab oqqan alam yoshlarini yashirib ham oʻtirmasdan poyi-piyoda qishloq tomon boshladi…
Ular qishloqqa tongda kirib bordilar.
“Oʻzbekovul”da sarmoyador odamni hamma taniydi. “Yangi oʻzbek” Gʻaniboyning shahardan aqlidan ozgandek, boʻynida boʻyinbogʻ bilan qaytib kelgani haqidagi sovuq xabar qishloqqa yashin tezligida tarqaldi.
Oradan bir osh pishgulik fursat oʻtar-oʻtmas esa quyilib kelgan savollarga javob tarzida boshqa mish-mishlar ham bolaladi: shoʻrlik Gʻaniboyni shaharga anavi “shaharlik” Ibodulla olib borgan ekan. Bunga Gʻaniboyning qaynisi Aziz tirik guvoh ekan. Ibodullaning shaharda eski oʻynashi bor ekan. Ibodulla uyalmay-netmay Gʻaniboyni shu oʻynashinikiga boshlab boribdi. Ammo oʻynash xotinning oldida boshqa oʻynash erkaklar ham bor ekan (“Qisqasi, islovatxona ekan!” deyishardi yangilikni bir-biriga yetkazayotgan hamqishloqlar ishonch bilan). Orada janjal chiqadi va bechora Gʻaniboy hamqishlogʻi Ibodullani himoya qilaman deb oʻrtaga tushadi. Ana shunda anavi xotinning oʻynashlari bu ikki qishloqini rosa tepkilab tashlashadi. Bittasi qaltisroq tepib, shoʻrlik “yangi oʻzbek”ning miyasini chayqaltirib yuboradi…
“Yangi oʻzbek”ning xotini kelib oʻz uyida mushtdaygina boʻlib oʻtirgan Ibodullani yumma talab ketdi… Qargʻishlarning-ku, hech adogʻi koʻrinmasdi…
Buyam kamday, oradan yarim soat oʻtar-oʻtmas quturgan sherday uyga bostirib kirgan Aziz “Pochchamni oʻldiribsan-ku, nahs bosgan! Sening kasring pochchamga uribdi!” deya hech bir qarshilik koʻrsatmagan Ibodullani urib-tepib, sulaytirib tashladi… Zor-zor yigʻlab Azizning etagiga yopishgan Gulasal ham, chirqirab yigʻlayotgan uch farzand ham quturgan yigitni toʻxtatib qololmadi…

* * *

Oradan oʻn kunga yaqin vaqt oʻtdi.
Gʻaniboy tumanimiz markazidagi shifoxonasida “psixogen amneziya” tashxisi bilan davolanmoqda. Shifokorlar uning tuzalib ketishiga umid bor deyishibdi…
“Shahardagi kundosh” haqidagi gap-soʻzlardan charchagan Gulasal farzandlarini oldiyu, ota-onasinikiga ketvordi.
Yakkamoxov boʻlib qolgan Ibodulla koʻp ezildi. Endi qishloq ahli uni odam qatoriga qoʻshmasligi aniq. Koʻchaga chiqsa bas, yosh-qari darrov teskari qarab oladi… Baʻzilar atay unga eshittirib: “Buzuq…” va hattoki “Sengayam atalgani bordir” deb gʻoʻldirab qoʻyishadi…
Bu azobga chiday olmagan, uyida qamalib oʻtiraverib aqldan ozguday holga tushgan Ibodulla kunlarning birida shaharga qarab yoʻl olishdan avval shifoxonaga kirdi.
Gʻaniboy kattagina hovlining bir chekkasida, yetim musichaday qunishibgina oʻtirgan ekan. Sobiq “yangi oʻzbek” Ibodullani tanimadi, uning qayta-qayta ismini aytishlarini, shaharga bugʻdoy sotishga birga borganliklari tafsilotlarini xijolat boʻlib eshitdi, peshonasini tirishtirib, nimalarnidir xotirlashga rosa urinsa-da, evini qilolmagach, noilojligini bildirganday yelka qisib qoʻyish bilan kifoyalandi, soʻng, bu kam tuyildimi, manglayiga koʻrsatkich barmogʻida “doʻq-doʻq” etkazib urib qoʻyarkan, atay oʻzini izlab kelgan mehmonga qarab aybdorona tarzda tan oldi:
– Xotira ketgan, aka…
Dardi dunyosi battar qorongʻi boʻlgan, oʻzini shuncha gapni devorga aytgandek his qilayotgan Ibodulla oʻrnidan turib, ketishga chogʻlanarkan, banogoh nimanidir eslaganday joyida toʻxtadi va hech narsaga umid qilmagan holda:
– Parim boʻlsa… – dedi.
Mehmon hurmati uchun qaddini rostlayotgan joyida taqqa toʻxtagan Gʻanining koʻzlarida oniy soniyaga nedir maʻno paydo boʻlgandek tuyildi-yu, ammo shu zahoti uning oʻrnini yana xotirasizlikdan xijolatpazlik hissiyoti egalladi.
Darvozadan alam bilan boshini qashlab oʻtayotgan Ibodulla birdan qoʻrqib ketdi: uning barmoqlariga bir tutam soch ilashib chiqqandi. Ibodulla shoshib yana boshini qashidi. Yana shu ahvol…

* * *

Kecha yiltirbosh Ibodulla joʻramni Farhod bozorida koʻrib qoldim. Olibsotarlik qilyapti ekan: Qoʻyliqning ulgurji bozoridan tong qorongʻisida arzonga meva-cheva olib kelib, bu yerda qimmatiga kilolab pullarkan.
Olma uyulgan peshta tagida ancha gurunglashib qoldik, bittadan pivo shishasini boʻshatdik. Ovulni, qarindosh-urugʻlarni esladik.
Suhbat orasida Gʻaniboyni ham yodga oldik.
Aytishiga qaraganda, Ibodulla har hafta tumanimiz markazidagi shifoxonaga borib, sobiq “yangi oʻzbek”dan xabar olarkan. Unga gʻazallar oʻqib berarkan. Ayniqsa bir gʻazalni eshitgan mahali kap-katta bemor yosh bolaga oʻxshab piq-piq yigʻlarmish… Kishini xursand qiladigan tomoni shundaki, Ibodulla oxirgi marta borganida bemor oʻzini risoladagiday tutibdi, hatto xayrlashish oldidan “Kitobingizni tashlab ketsangiz… oʻzim kechalari oʻqib oʻtiraman”, debdi. Soʻng, kitobni olgach, darrov uni qoʻyniga yashiribdi. Darvoza yonida esa, qoʻriqchilar eshitmasin debmi, vujudi dir-dir titragancha, tovushi qaltirab, arang soʻrabdi: “U… yolgʻizmi?”. Bemor oʻz nomi bilan bemor-da: koʻngli yarim… Shu boisdan Ibodulla hech ikkilanmasdan “Bordim… Bildim… U yolgʻiz” debdi.
– Bu gapimni eshitayotgan mahal uning yuzi favqulodda yorishib, koʻzlari chaqnab ketdi. Xudo shohid, buni oʻzim koʻrdim, – dedi Ibodulla mamnun boʻlib.
Darvoqe, mutlaqo tuyqusdan “yangi oʻzbek”ning qip-qizil yoʻqsil, tasarrufidagi mulklarining asosiy qismi allaqachon sotilib ketganligidan, qolgan qismi esa garovga qoʻyilganligidan voqif boʻlgan, bu kutilmagan mashʻum yangilikdan es-hushidan ayrilar darajaga yetgan hamda qargʻish-laʻnatlar doʻli ostida qandaydir “shaharlik oyimcha”ni ulka-an sarmoyani oʻgʻirlab, yashirib qoʻyishda ayblayotgan xotin “Oʻsha buzuqning oʻzi kelib qarasin endi, nima, buning puli halol-u, oʻzi harommi!” deya taysallab turganligi boismi, Gʻaniboyning qarovi anchayin nochorroq ahvolga tushib qolibdi. Ustiga-ustak, qoʻshimcha dori-darmon olishga, yana baʻzi bir mayda-chuyda tashvishlarga ham xarajat deganday… (Odamlar… ularni qoʻya turaylik. Illo, Mardi bobo topib aytganiday: “Puling boʻlsa bankada, Koʻrgani borishadi tankada”. Lekin, ayni paytda, taassufki, “Aqchadan yiroq – mehrdan yiroq”. Shu bois kuni kecha ovulning erkatoyi boʻlib yurgan, nima qilsa yarashadigan Gʻani koʻz ochib-yumguncha – garchand uning uchun endi bularning bir chaqalik ahamiyati boʻlmasa-da, – barcha unvon-imtiyozlaridan mahrum etilib, qorni toʻyib ketganidan koʻngliga kelgan nomaʻqulchiliklarni qilib yurgan, oxir-oqibat peshonasi “taq” etib devorga tekkan va endi, “oʻtniki oʻtga, suvniki suvga” qabilida, bor-budidan ayrilganidan soʻng yeganlarini qon qusib qaytarayotgan shoʻrtumshuq bandaga aylangandi…) Xullas, bir tashrifida Ibodulla shaharda balerinaga atab qurilgan uy xususida soʻrab koʻradi: “Balki sotish kerakdir… hozir pul xalaqit bermasdi… aksincha…” Ammo birdan koʻzlarini olib qochgan Gʻaniboy – har qancha peshonasini tirishtirib oʻylasa-da – nimagadir bu uyni mutlaqo eslolmaydi.
Shunga qaramasdan, koʻngil tubida ne asl niyatlar boʻlgani noayon, Ibodulla baribir shaharda Gʻaniboy qurdirgan hovliga boribdi. Biroq uyni egallab olgan, allaqachon qayta qurishga ham kirishgan “ishonchli odam” hech qanaqangi Gʻani-panini tanimasligini, hovli esa yakka oʻziga tegishli ekanligini aytib turib olibdi, hattoki hujjatlarni ham koʻrsatgach esa agar chaqirilmagan mehmon darhol oʻz oyogʻi bilan chiqib ketmasa, militsiyaga qoʻngʻiroq qilishini aytib doʻq uribdi…
Ibodulla oyda bir marta baletga tusharkan, har safar oʻsha balerinaga guldasta tashlab kelarkan: “Gʻaniboydan deb oʻylayversin…”
– Eh, tezroq tuzalib ketsa edi!..
Ibodulla bu gapni bir emas, bir necha marotaba qandaydir hayajon, toʻliqish bilan aytdi. Bunday sadoqatdan oʻzimcha xursand boʻlib, bu tilakka jon-dilim bilan qoʻshildim, keyin, bemor shifo topgach nima boʻlishi bilan qiziqdim.
– Gʻaniboy aka tuzalgan kuni Gulasalni oldiga olib kelaman. Hammasini oʻz ogʻzi bilan gapirib beradi! Ana shundan keyin xotinim hammasini tushunadi! Oʻzi mendan kechirim soʻraydi! – deb qoldi bir mahal Ibodulla entikib.
Oʻsmoqchilab soʻray-soʻray bilib olganim shu boʻldiki, Ibodullaning bola-chaqasi hamon qaytmapti. Ayniqsa Ibodullaning shaharga kelib ishlayotgani rashk oloviga sepilgan moyday taʻsir koʻrsatibdi. “Oʻsha… shaharlik oʻynashi bilan qoʻshmozor boʻlsin! Ana, oldiga borib olibdi-ku!” debdi Gulasal bosh egib kelgan elchilarga. Vaholanki…
– Qanaqa oʻynash? – alam bilan qoʻllarini yoydi Ibodulla. – Toʻrt bozorchi tovuqning katagiday xonada ijarada turamiz, joʻra. Tor joyda goʻsht yegandan… deb tunlari issiq boʻlsa, shu yerda yotib qolaveraman. – U oʻtirgan joyimizni koʻrsatdi. – Shaharga kelganim… Boshqa qayergayam borardim… Kimning ham menga koʻzi uchib turibdi…
Joʻramni yupatgan boʻldim. Nogoh u piqirlab kulib yubordi.
– Tinchlikmi? – hayron boʻlib soʻradim.
– Kelganimdan beri… – kulardi u hamon, – kelganimdan beri ikki marta mirshab ushlab oldi. Bir marta uchastkasigayam olib bordi, barmoq izlarimni oldi…
Tamomila hayratga tushdim:
– Seni-ya? Boʻlishi mumkin emas! Axir… axir qanchadan-qancha akaxonlaring…
Birdan jiddiy tortib qolgan Ibodulla taqir boshiga ishora qildi:
– Bunaqa kalla bilan unaqa akaxonlarni tilga olib boʻlmaydi, joʻra…
Yorugʻ boshida qishloqqa qaytib ketishim kerak edi, shuning uchun xayrlashishga shoshdim.

* * *

Aniq esimda bor, Ibodulla bilan juma kuni kechga yaqin xayrlashdik.
Shanba esa…
Gʻani shifoxonadan xotirjamlik bilan, soppa-sogʻ odamday chiqadi, doʻkondan tuzukkina ust-bosh, hattoki kapalak nusxa boʻyinbogʻ ham sotib oladi. Soʻng… shaharga keladi, katta guldasta xarid qiladi, teatrga kiradi, duduqlanib, titrab-qaqshab eshikbon kampirdan balerinani soʻraydi.
Teatrning barcha yangiliklaridan voqif kampir unga balerina ikki haftadan buyon suyukli yori bilan Ovrupoda “asal oyi”ni oʻtkazib yurganligini aytishga shoshadi… Baayni suyunchi soʻrayotganday oʻta koʻtarinki kayfiyatda aytadi, yosh va baxtli oilaning teatrda oʻtgan dabdabali toʻyida ishtirok etganiyu, maza qilib raqs tushganiga qadar gapiraveradi, gapiraveradi…
Keyinroq ayrim shohidlarning guvohlik berishlariga koʻra, rangi birdan koʻmirday qorayib ketgan Gʻaniboy bir muddat kampirga angrayib qarab qolgan, nimadir eʻtiroz bildirmoqchiday boʻlib ogʻzini kappa-kappa ochgan, lekin gapirolmagan, ovoz oʻrniga gʻayritabiy xirillash eshitilgan. Soʻng, nogoh, tomoqqa tiqilib qolgan tosh otilib chiqqanday vahshiyona tarzda oʻkirib yuborganu, gup etib qulagan…
Oʻsha voqeadan keyin Gʻanini viloyat markazidagi ruhiy xastaliklar shifoxonasiga oʻtkazib, alohida xonada saqlay boshlashdi.
Bir oyga yetar-etmay deyarli ovqat yemay qoʻygan bemor ozib-toʻzib ketdi, soch-soqoli oʻsib, koʻchada tentib yuradigan uysiz-joysiz daydilarga oʻxshab qoldi.
Lekin… lekin odamning joni qattiq boʻlarkan. Ayniqsa u nimagadir umidvor boʻlib turganida, nimanidir ilinj bilan kutganida.
Xullas… tasavvur qilasizmi!.. ong-shuur koʻzgusi chatnagan, xiralashgan, oʻrgimchak toʻriday yoyilib ketgan xayolot afsunida voqelikni toʻliq idrok qilolmay qolgan Gʻaniboy yashirin ravishda, turli-tuman qush-parrandalarning patlaridan oʻziga… qanot yasaydi. Qanot!
Yigirma birinchi asrning oʻn toʻrtinchi yilida yashayotgan Dedalmi, Ikarmi yarim tun, borliqni toʻlin oy sutday yoritgan, koʻkda yulduzchalar jimirlab, sirli koʻz qisayotganlari mahal hovliga chiqadi, oʻrtada qad rostlab turgan ulkan daraxt tepasiga koʻtariladi va… qanotlarini yoygancha koʻkka parvoz qiladi…

* * *

Shifokorlarning xulosalariga qaraganda, zarang yerga chilparchin qulab tushganida boʻyni qayrilgan, umurtqa pogʻonasi jiddiy shikast yegan bu telbani endi alohida xonaga joylashtirishning hojati ham yoʻq: u baribir oʻrnidan qoʻzgʻala olmaydi…
Alamzada xotin u yoqda tursin, tamomila hafsalasi pir boʻlgan Ibodulla ham bemordan xabar olmay qoʻydi…
Ammo…
Ajabki, joʻram Ibodulla shu holida hamon oyda bir-ikki marta baletga tushib turadi, “Oqqush koʻli”ni-ku, aslo oʻtkazib yubormaydi, oʻsha balerinaga koʻz-koʻzlagan koʻyi sahna chetiga allambalo guldasta qoʻyib kelishni ham unutmaydi. Men “Nega?” deb soʻrayman, “Gʻaniboydan deb oʻylasin-da”, deb javob beradi joʻram. Men yana soʻrayman: “Nega axir?” Bu savolimga javob ololmayman.
Darvoqe, yaqinda Ibodulla yuzini sidirib tashlab boʻlsa ham ovulimizga keldi, allaqachon pochchasining “Lasetti”siga egalik qilib olgan Aziz bilan uchrashdi, undan Gʻaniboyning noutbukini soʻradi, “Koʻchirib oladigan bir narsa bor edi, juda zaril edi”, dedi yolvorib. Bechora Ibodullani urib yuborguday vajohatda turgan Aziz avvaliga rosa ogʻzi koʻpirib soʻkinib olgach, kompyuterdagi asli pochchasining miyasini aynitgan, yalangʻoch qizlari lak-lak uyatsiz kino-pino, rasm-pasmlarning hammasini oʻchirib tashlaganini, dasturlarini ham yangilaganligini, xullas, “onadan tugʻilganday yap-yangi” holga kelgan oʻsha matahda bolalari bir muddat “urush-urush” oʻyinlar oʻynab yurganliklarini, biroq bir haftacha burun kutilmaganda noutbukdan oʻt chiqib, oʻz-oʻzidan yonib ketganligini aytadi. “Uzoq yondi”, deydi nobakor qayin baayni “Qoʻlingdan nima keladi?” deganday tirjayib.
Darhaqiqat, qoʻlidan hech narsa kelmagan Ibodulla yana shaharga qaytdi.
Shundan beri ham joʻram oyda bir-ikki marta gul koʻtarib teatrga borishni, afishalarga umid bilan qarashni kanda qilmaydi deng: xuddi “Parim boʻlsa…” baletining premerasi oʻtkazilib qolinadiganday…
Shu… odamzodni tushunish qiyin ekan-da oʻzi…

* * *

Bayonchidan: Men, dunyoga tiyrak nigoh bilan qarashga urinayotgan, har bir aytilgan soʻzni haqiqat oʻrnida qabul qilishdan avval erinmasdan tishlab, hidlab, salmoqlab koʻrishga oʻrganayotgan, hattoki shulardan keyinam koʻzga tashlanmas ildizlari dilining tub-tubiga yetib borgan aʻmollaridan oziq olayotgan shubhalaridan tamomila ayro tusholmayotgan haqir banda, joʻramning dil eʻtirofini odatimga koʻra gumonsirab eshitarkanman, bu hikoyatda mantigʻu ichki bogʻlanishning oʻzaro nomutanosibligini tusmolladim. Shu bois, oʻzimga oʻzim ming eshitgandan bir koʻrgan yaxshi dedim-u, shaharga navbatdagi safarlardan biri atay Ibodulla ogʻzini toʻldirib aytgan “opera-balet” tomoshasiga kirdim.
Koʻnglim bir narsalarni sezgani chin ekan. Sahnada uyoqdan-buyoqqa chopib yurgan boʻychan, biroq vujudlari skeletga oʻxshab quruq shaqirlagan suyakdan iborat, nechukdir doʻkondagi arzon Barbi qoʻgʻirchoqlarini eslatadigan uzunoyoq qizlaru ayollarni durbin bilan kuzatib oʻtira-oʻtira… shoʻrliklarga achindim. Illo, qarshimda hayot tashvishlaridan tolgan, kundalik turmushning achchiq turtkilaridan zada, balki bir zamonlar koʻzlarida yongan oʻtlar allaqachon soʻngan, bor-yoʻq niyatlari zimmalaridagi burchni, yaʻni mana shu gʻichirlagan sahnada sakrab-sakrab qoʻyishni ado etish boʻlgan, upa chaplangan yuzlari qarimsiq ojizalar turardi. Men hatto ularning tomoshadan soʻng, parda yopilgan zahoti muzday, zax, rutubatli xonaga otilib kirganlaricha egnilaridagi eskirib-titilgan, igna-ip tegmagan joyi qolmagan, kir va mogʻor bosgan, qoʻltiqlari sargʻayib ketgan oqqush liboslarini qanchalar nafrat va alam bilan yulqib yechayotganliklarini yaqqol koʻz oldimga keltirdim… “Parim boʻlsa” emish-a! Parqanot u yoqda tursin, ikki qoʻltigʻiga ikkitadan motor oʻrnatgan taqdiringda ham bular oʻzlarining boʻylaridan balandroqqa koʻtarila olmasliklari shundaygina koʻrinib turibdi-ku axir…
Qani u Gʻaniboy izlagan, hattoki topgan ham ilohiy farishta, bir koʻrganingdayoq tinchgina hayotingni ostin-ustun etib yuborishga qodir ilohiy qudrat sohibasi boʻlmish serviqor parivash, bir kechalik visoli uchunoq qolgan umringni bir lahza oʻylab oʻtirmasdan qurbonlikka keltirishga loyiq bemisl-betimsol, qoʻl yetmas hurliqo? Qani u?.. Nega men koʻrmayapman?..
Odam koʻpincha oʻzi koʻrgisi kelgan narsalarnigina koʻradi, eshitgisi kelgan gaplarnigina eshitadi. Hoynahoy, pul topib, aql topmagan bechora Gʻaniboy ham shu koʻyga tushgan. Bunaqangi kasallik esa yuqumli boʻladi: inchunun, joʻram Ibodullaning tashxisi ham maʻlum… Demak, aslida hech qanaqangi balerina-palerina boʻlmagan. Eshitganlarim esa ikki kap-katta erkakning sarob orzulari, aldamchi ilinjlari va… roʻyo izmidagi tentakliklari hosilasi, xolos. Balki ular bir xilda tush koʻrgandirlar-u, shuni asl voqelik deb qabul qilishgandir… Hoynahoy, bu yosh bilan ham bogʻlangan: oʻttizdan oshib-qirqqa yaqinlashgan bir xil erkaklarda shunaqangi allatovur “xasta”lik uchrashini, oxiri-oqibat ular ichidan oʻzlarini boshqarolmay qolgan ayrim irodasizlarining tomi ketib qolishini eshitgandim… Har ne boʻlganda ham endi buni qatʻiy ishonch bilan ayta olaman: barisi bekor. Hayotga koʻzni kattaroq ochib, hushyor qarash kerak. Ana shunda hammasi bor-boricha, asli qanday boʻlsa shundoqligicha koʻrinadi-yu, allaqanday bekorchi dovdirash-alahsirashlarga, telbaliklarga oʻrin qolmaydi…
Yana… kim bilsin…, biz ham bir bandaku?