..

Abduqayum Yoʻldosh. Puankare

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

1

Vaqt taʻsirini oʻtkazmaydigan narsaning oʻzi qolmapti. Hatto asl mol ham uning qoshida ojiz ekan.

Bundan oʻttiz besh yil burun Maskovda mana shu portfelni naq bir yuz yigirma rublga olayotganimda sotuvchi: “Toza charm. Sizga yuz yil xizmat qilib beradi. Hatto bir asrdan keyin ham yangiday turadi!” – deb rosa ogʻiz koʻpirtirgan, yonimda turgan oʻzim qatori ahli urfonning ayrimlari esa koʻrsatkich barmoqlarini chakkalariga tirab aylantirishdan oʻzlarini tiyisholmagan, baayni aytmoqchi boʻlgandilarki, tentaklik ham evi bilan-da, sichqon sigʻmas iniga, gʻalvir bogʻlar dumiga deganlari asli shu; ammo na iloj, zorimiz bor, zoʻrimiz yoʻq, illo nainki liriklar, balki bizdek jiddiy riyoziyotchilar safida ham aqli noqislar uchrab turishi ehtimollar nazariyasiga mos va xos…

Darvoqe, oldindan aytib qoʻya qolay, kelajak ularning adashmaganligini koʻrsatdi. Ammo oʻshanda… oʻshanda koʻng­lim portfelga sust ketgandi. Goʻyo shuni olsam, ichiga qoʻl­yozmalarimni solsam, gabaritlari ulkanroq tumor yangligʻ mahkam bagʻrimga bosib yursam bas, barcha ishlarim oʻz-oʻzidan yurishib ketadigandek. Toʻgʻri, Tirkash joʻram, nihoyat, koʻp yillik orzusiga yetib urgʻochi boʻrini qopqonga tushirgan, u jon alpozda haligi joyini gʻajib tashlamasidan burun tinchitishga ulgurgan, xullas, oʻtkir pichoqda kesib olingan oʻsha joyini tosh ustida, kunchuvoqda erinmay tuz sepib, quritib-qovjiratgach eski lattaga oʻrab-chirmab menga olib kelib bergan, qoʻltigʻimda tumor qilib taqib yurishim kerakligini qayta-qayta maslahat bergandi. Nima emish, urgʻochi boʻrining butun qudrati jamlangan oʻsha joyini qoʻynida olib yurgan odam ham balo-qazolardan asralarkan, ham ishlari juda qisqa fursatda (“Sekundda! Garrantiya!” – dedi joʻram ishonch bilan) joʻnashib ketarkan. “Ovulimizdan chiqadigan birinchi kattakon oʻzing boʻladiganga oʻxshaysan, joʻra, yana Maskovga boraman deyapsan, bu lekin senga yomonam kerak boʻladi-da!” – deb molini targʻib-tashviq qilishni bopladi Tirkash. Albatta, bogʻchadan boshlab dahriylik eʻtiqodi qon-qoniga singdirilgan avlod vakili sifatida bunaqangi irim-sirimlarga ishonmadim; nima, menday oliy maʻlumotli, boʻyniga ilonning tiliday galstuk taqib olgan boʻlgʻusi olim qoʻyniga urgʻochi boʻrining jinsiy aʻzosini solib yursinmi? Oʻrischasiga aytganda, gde eto vidano?.. Ammo doʻlvor joʻramni xafa qilib qoʻymay degan maqsadda bu ajabtovur “sovgʻa”ni rad etishim sababini yotigʻi bilan, ilmiyroq asosda tushuntirishga urindimki, xoʻp, ana, oʻzing uch yuz chaqirimlik yoʻldan kelding shu matohni koʻtarib, xoʻsh, bunday oʻylab koʻr-chi, nima boʻldi, qaysi ishing birdan, sekundda, garrantiyasi bilan joʻnashib ketdi? Chaqirilmagan qoʻnogʻimni chuqur mantiqli gapim bilan bopladimov deb tursam, Tirkash kuydirgan kalladay tirjaydi: “Seni topdim-ku, joʻra, ishimning bundan ortiq joʻnashgani boʻlama?” Bunga nima deysiz? Yoʻq, aldab-suldab, “keyin borib olaman” qabilidagi yaxshi gaplar bilan joʻramni oʻsha ochilmagan tugunchadagi sharmsiz boyligi bilan qoʻshib ortga qaytarib yubordim.

Soʻngroq ne hodisotlaru istilohlar, ne evrilishlaru sinoatlar hosilasi oʻlaroq ong-shuur birlan tafakkurda, qalb birlan ruhoniyatda bemisl oʻzgarishlar yuz berganida, ayniqsa, qismatning omadsizlik hamda bebaxtlik atalmish ikki bahaybat toshi orasida shafqatsizlarcha ezilib-yanchilib, zulumot bagʻrida “dod” deyishga ham nafasim chiqmay qolgan onlarda oʻzimga oʻzim pushmon aralash oʻkinchli iddaolar qildimki, ey gumroh banda, oʻshanda oʻsha matohni choʻntagingga solib ketaversang yoinki boʻyningga osib olsang, bir joying kemtilib qolarmidi? Nima, u sendan osh-non soʻrarmidi? Illo, mohiyatiga qaralsa, har qanday eʻtiqod izzatga loyiq emasmi? Ana, Tirkash joʻram boʻrining oʻsha narsasiga ishonib kam boʻlmadi-ku! Kimsan, togʻbegi! Lorsillagan, har bilagi kelisopday, ikki yuzi shirmoy nonday qip-qizil, shu holiga bir gapirib, oʻn kuladigan hazilkash xotini, toʻrtta devday-devday oʻgʻli bor. Koʻpkari chopadi, solim oladi, kadi-kadi qimiz ichadi, bir oʻtirishda yarimta qoʻyning etini yeb, moyli qoʻllarini amirkon etigining qoʻnjiga artadi-yu, moʻylovini bura-ab ketaveradi. Umrida bir marta doʻxtirga bormagan, bir marta parhez degan narsaning yonidan oʻtmagan! (Oʻzining aytishicha, “Kampirminan tizzani tizzaga tekizib gurung­lashib oʻtirishdan ortiq hoʻzir borma bu dunyoda?”) Odam quriganday kelib-kelib xotini bilan garov oʻynab kenjasining toʻyiga Toshkentdan qirqta artist opkelgan, hammasini toqqa otda opchiqqan, orqasi shilinganidan stolda oʻtirolmay dikonglab oʻynayvergan qoʻshiqchi-raqqoslarning ustidan dasta-dasta pul sochgan, toʻydan keyin esa – bahs shartiga koʻra – ustma-ust qirq kun magʻlub xotinini toʻy suratga olingan videoni tomosha qilishga majbur etgan, oʻzi boʻlsa oʻtirgan chorpoyada moʻylovini sila-ab… Bir bandaga bundan ortiq yana ne kerak, axir, yana ne kerak?..

Aytganday, gap portfeldan boshlangandi-ya, men boʻlsam qayoqlarga uloqib ketdim. Biroq bunga ajablanmasayam boʻladi – matematik qonuniyat bu. Hayotning oʻzi sonlardan iboratligi qanchalik rost boʻlsa, yosh bilan til eshilishining bir-biriga toʻgʻri mutanosibligi shunchalik haqiqat. Zero, men haliga dovur kam gapiradigan moʻysafidni koʻrmadim…

Mana oʻsha portfel. Yuz yil emish! Bir asrning uchdan birini oʻtab-oʻtamay yuzimga oʻxshab bujmayib, qarimsiq boʻlib qoldi; bir xil joylarining terisi koʻchgan, kal boshimni eslatadi. Mol ham egasiga oʻxsharkan-da. Buyam kamday, boʻsh qopga oʻxshab sira tik turmaydi, ichiga u-bu solsam sal qaddini gʻoz tutganday boʻladi, ammo bu aldamchi taassurot, sal oʻtmay yana qiyshayib-miyshayib qoladi. Qulf degan jonivor ishdan chiqqaniga-ku necha zamonlar boʻlgan: men yopib charchayman, u boʻlsa “shirq” etib ochilib ketishdan erinmaydi. Shunga portfelni qoʻltiqlab yo boʻlmasa mahkam bagʻrimga bosib yurishga majburman. Kambagʻalning boyligi yonida boʻlgani maʻqul. Yoʻqsa, hov bir galgiday moshin-poshin turtib ketsa, qogʻozlarimning bari sochilib ketuvi mumkin. Oʻshanda birdan yerdan chiqqanday boshimda paydo boʻlib qolib, tekin tomoshani huzur qilib koʻrayotgan, ayrimlari telefoniga suratga ham olayotgan lak-lak odamga shuncha tavallo qilib yalindim, Xudoning zorini qildim, hoy musulmonlar, oʻrnimdan turolmayapman, emaklashning ham evini qilolmayapman, sizlar, sogʻ bandalar, manavi yer bilan bitta boʻlib sochilib yotgan qogʻozlarimni terishga yordam beringlar, yordam beringlar, iltimos, oʻtinaman, yolvoraman… Ammo qani tavalloyimni bir kas eshitsa! Bilʻaks, “Miyasi chayqalgan-da, har narsani valdirayapti… Yoʻq, oʻzini artistlikka solyapti… Bu endi shopirni sogʻib ichadi” qabilidagi sassiq taxminlar qulogʻimga chalindi, xolos. Holbuki, men artist emasdim, miyam chayqalmagandi, esankirab qolgan shoʻrlik shopirni sogʻib ichish niyatim ham yoʻq edi. Men qoʻlyozmalarimni yoʻqotib qoʻyish vahimasidan shu koʻyga tushgandim. Garchand oʻshal baxtsiz hodisa tufayli qatorasiga toʻrt yil hassa taya­nib yurishga oʻtgan boʻlsam-da, meni chap oyogʻimdagi boldir suyagining toʻrt enlikka qisqargani emas, nogahoniy zarba bois qoʻlimdan otilib ketgan portfelimdan sochilgan bitiklarimning izsiz yoʻqolgani koʻproq iztirobga soldi. Kimga kerak edi ular? Har sahifadagi nari borsa sakkizta formula bilan toʻrtta grafik kimniyam qiziqtirardi? Bu axir… bu axir, agar muqoyasa joiz esa, koʻrinmas odamning ish daftarini oʻgʻirlab qochgan, soʻng uzun tunlari sahifalardagi oʻzining mutlaqo tishi oʻtmaydigan qaydlarga angrayib qarab oʻtiradigan savodsiz, johil kimsaning mantiqdan butkul xoli qiligʻini eslatmayaptimi sizga?

Yoʻq, yoʻq, Uellsni tinch qoʻyaylik. Illo, menday yer yuzida sudralib yurishga mahkum etilgan ojiz bir banda kim-u, bitiklariga “Fikrlovchilar uchun” degan hikmatli eskartmani qistirib qoʻyadigan ul ulugʻ zot kim?.. Gap portfel haqidamidi, demak, yana unga qaytamiz. Faqat oʻshandan buyon qoʻlyozmalarimni portfelimda taxlam-taxlam qilib boylab yurishimni qistirib oʻtib ketsam boʻlar: choydan ogʻzi kuygan qatiqni ham puflab ichadi.

Zamon oʻzgarib, turli ohanjama atamalar urfga kirib qoldi. Shundoq lahjada lutf etadigan boʻlsam, ushbu portfelim qaysidir maʻnoda kaminaning imidjini yaratdi: talabalar, hamkasblarim meni undan ayro holda tasavvur etmay qoʻyishdi. Balki, shu sabablidir, portfelimning asta-sekin, men bilan birga qarib borayotganini ham tabiiy jarayon sifatida qabul qilishdi, chogʻi. Chin soʻzim, agar portfelimga mushtdekkina bosh bitganida edi, u ham meniki singari qaltirab turadigan boʻlib qolardi; ozginagina zabon boʻlganida edi, u ham menikiga oʻxshab tutilib-tutilib qoladigan odat chiqarardi.

Biz afsonalar va oʻtriklarning yumshoqqina, issiqqina quchogʻida yashaymiz. Biz oʻzimiz shuni istaymiz, boshqasi kerak emas, boshqasi bizga yoqmaydi, notavon koʻnglimizga oʻtirishmaydi. Biz oʻzimiz toʻqib chiqargan rivoyatlarga-da ishonib kun kechiramiz, zarurat tugʻilib qolganda uydirmalarimizni yalov qilib koʻtaramiz, “Yagona haqiqat!” atab himoya qilamiz, ular uchun jangga kiramiz, jon olib-jon beramiz, qahramonlik koʻrsatamiz. Misoli oʻrmonga adashib kirib qolgan otga beadad hayrat va qoʻrquv bilan termilib qolgan, soʻng, ot qarib vafot etgach, uni iloh darajasiga koʻtargan, suyaklariga sigʻina boshlagan goʻl aborigenlar misoli hayotimizdagi timsol va tushunchalarimizni avval oʻzimiz boʻy-bastimizga moslab yaratib olamiz-da, soʻng ularning ojiz bandilariga evrilamiz.

Shaksiz, bu gap birinchi boʻlib kimdan chiqqanini endi aniqlab boʻlmaydi. Ammo institutda kaminaning xoʻp gʻaroyibotlarga boy qismati borasida ajabtovur talqinlar bor ediki, ular bora-bora, ehtimolki, oʻzimning unsiz maʻqullovimu haybarakallachiligim orqali isbot ham talab qilib oʻtirmaydigan oddiy maʻqulot, yaʻnikim aksioma sifatida tilga olinadigan boʻlib qoldi. Siz birinchi kursda taʻlim olayotgan istalgan talaba yoinki tolibadan “a” plyus “v”ning kvadrati nechaga teng?» deb soʻrab koʻring, har uchtadan ikkitasi gʻoʻldirab qolishiga yoki nari borsa “a” kvadrat plyus “v” kvadrat» deb bez boʻlib turaverishiga men kafil. Ammo endi oʻta joʻn, maktabning yettinchi sinf oʻquvchisi ham biladigan kvadrat tenglamani yecholmagan dumbulga bir ogʻizgina: “Sizlarga oliy matematikadan saboq beradigan Falonchi Pistonchiyevich haqida nima bilasiz?” – deb koʻring-chi, hali savolingiz tugamasidan javobini yoqangizdan olib yengingizga yopishtirishiga yana oʻzim balogardon. Nima emish, shoʻrlik – ha-ha, aksariyat xuddi shunday deydi, har qalay, oltmish yoshga borgan, pensiya ostonasida turgan muallimning boshini orqavoratdan, maʻnan silab qoʻyish ularga tasvirlab boʻlmas huzur bagʻish­lasa kerak, buning ustiga, yashirib nima qilaman, inson koʻpincha boshqa birovga nisbatan sogʻlom, yosh va baxtliroq ekanini his qilgan onlari yurak-yuragidan ozgina boʻlsa ham xudbinona halovat his etadi, shu boisdan beixtiyor qulogʻi tomon choʻzilib ketayotgan ogʻzini yigʻishtirolmay armonda qoladi – xullas, oʻsha shoʻrlik bundan ancha yillar muqaddam nomzodlik ishini yuz foiz tayyorlab qoʻyib, endi himoya qilaman deb turganida uning doʻsti, tasavvur qilasizmi, eng yaqin doʻsti yagona nusxadagi ilmiy ishni tag-tubi bilan oʻgʻirlab ketadi va, tabiiyki, tayyor ishni osonlik bilan himoya qiladi-qoʻyadi. Bu qadar razillikdan larzaga tushgan Falonchi Pistonchiyevich rosa iztirob chekadi, natijada bir kechada jingalak sochi avval qorday oqaradi, keyin bosh tepasidan toʻkila boshlaydi. Eng yaqin doʻstidan bu qadar xiyonatni kutmagan-da bechora. Bu axir hatto orqadan kelib xoinlik qilish ham emas, balki quchoqlab turib och biqinga gʻarchillatib oʻtkir pichoqni sanchish bilan barobar… Toʻxtang, toʻxtang, bu hali hammasi emas. Ruhiy azob oʻzining yovuz ishini qilmay qoʻymaydi: shundan keyin shoʻrlik domlaning boshi tebranadigan boʻlib qoladi, til ham andak zaxa yeydi: ayniqsa, hayajonlanib ketgan chogʻlari domla duduqlanadigan boʻlib qoladi. Yoʻq, maʻruza payti bu unchalik sezilmaydi, domlaning dovdirga oʻxshab oʻzi savol berib, oʻzi javob qaytaraverishini aytmasak, tuzuk, chidasa boʻladi…

Mana shunaqangi gʻozsiz, lekin bora-bora, hattoki hamkasblarim ham ishonib qolgan oldi-qochdi gaplar. Menga yer ostidan achinib qarayverib qancha yosh mutaxassislarning koʻzlari gʻilay boʻlib ketdi. Vaholanki…

Tap-tayyor qoʻlyozmani oʻgʻirlab ketgan emish! Yana kim, eng yaqin doʻstim!.. Laqmalik ham evi bilan-da.

Toʻgʻri, men ilmiy ish qilib yurgan paytlarim hali kompyu­ter degan moʻjiza yoʻq edi. Ammo kompyuterdan ming chandon kuchliroq, tezroq, sifatliroq ishlaydigan miyam bor edi, miyam! Nahotki, shu miyamga oltmish bet mashinka matni bilan bir yuz yigirma toʻqqizta formulayu oʻttiz sakkizta diagramma-grafikni joylab qoʻyolmasdim! Oʻsha paytlari… yarim kechasi uygʻotib soʻrang edi, qoʻlyozmamning istalgan sahifasidagi istalgan satr boshidan yoddan oʻqib ketardim to toʻxtatmagunlaricha. Formula-grafiklar-ku inchunin. U paytlari men uchun dunyo faqat oʻzimning formulalarim va diagrammalarim bilan tirikday, rangliday edi. Aks holda, oxirzamon boʻlishi kerak edi, faqat oq va qora ranglardan iborat gʻarib kurrai zaminda qiyomat-qoyim qoʻpishi kerak edi… Bular boʻlsa meni ogʻzidagi tayyor oshini oʻgʻirlatib oʻtirgan landavur-lattachaynarga, parishonxotir laqmaga chiqarishyapti. Ana shundan keyingina larzaga tushganmishman! Sochlarim oqarib ketganmish! Boshim liqillab, duduqlanadigan boʻlib qolganmishman! Toʻqi-ya, toʻqi… Oʻzingiz oʻylang, insof bilan ayting, ishonib boʻladimi shunaqa gaplarga? Bularning bari… bularning bari oʻsha hayotni bilmaydigan telba yozgʻuvchilarning tuzsiz fantaziyasi mahsuli. Ishonavering, xuddi shunday. Aniq yodimda, oʻsha mashʻum voqedan bir yilcha burun bizni fakultetdan majburlab teatrga olib borishdi. Tomosha koʻrdik. Voqeani qarang: bir arxitektorningmi, injenerningmi chizmalarini oʻrtogʻi oʻgʻirlab ketarkan-u, oʻziniki qilib olarkan. Endi bu arxitektormi-injener “oh” deydi, sahnaning yogʻoch polini gʻijirlatib u yoqqa yuradi, “voh” deydi, sahnani gʻijirlatib bu yoqqa yuradi. Oxiri chiday olmagan boʻlgʻusi olimlar oʻzaro shivirlashishga tushdik: “Kallasi bormi buning? Shungayam ota goʻri – qozixonami? Qayta chiz-qoʻy-da. Shuyam muammomi, galvars?..” Ammo biz boʻlgʻusi olimlar tushungan oddiy haqiqatni shoʻring qurgʻur yozuvchi tushunmagan ekan deng, qahramonlarini naq bir yarim soat ovorayi sarson qildi. Ora-sira oʻtli monologlaru hayqiriqlar ham yangrab qoladi deng, baayni toʻrtta vatman qogʻozidagi chizmaning emas, butun boshli mamlakatning taqdiri hal boʻlayotgandek.

Xullas, havoga sovurilgan vaqtimizga achina-achina teatrni tark etarkanmiz, bir doʻstim – bu oʻsha, keyinchalik meni uqubatlarning tubsiz jariga irgʻitgan, ustimga chiqib toptagan, xor qilgan, zor qilgan razil kas edi! – aytib qoldiki, bunisi hali holva, oʻttizinchi yillari chiqqan shunaqangi pesada bir yot unsur boʻlgan qiz zavodni qulflab, kalitini haligi joyiga, xullas, odamning aqli bovar qilmas joyga yashirib qoʻyadi. Natijada zavod ishdan toʻxtaydi… Buni shuurimizga sigʻdirolmay, ong-tong qolganimizni koʻrgan doʻstimiz darrov aybni oʻzidan soqit qilishga shoshdi: menga ishonmasalaring, Qahhor degan yozuvchining esdaliklarini oʻqinglar… Ha, shunaqangi dogʻuli edi u, yiqiladigan joyiga oldindan koʻrpa toʻshab qoʻyardi, ishigayam, soʻzigayam hamisha birovlarni qalqon qilardi, oʻzi qoʻy ogʻzidan choʻp olmagan, buzoqning haqi bor deb sigirning sutini ichmaydigan faqir va hattoki jabrdiyda misoli panada qolib ketaverardi…

Vaholanki, aynan oʻsha kas meni rasvoyi raddibalo qildi! Ha, u oʻgʻirladi, faqat qoʻlyozmamni emas, u mening kelajagimni oʻgʻirladi, u mening orzularimni oʻgʻirladi, u mening odamlik siyogʻimni oʻgʻirladi, u mening “men”ligimni oʻgʻirladi, oʻzimdan oʻzimni oʻgʻirladi! U bir lahzada meni, osmonda, bulutlar bagʻrida uchib yurgan joʻrasini, shartta giribonidan tutdi va poʻrsillab yorilib yotgan qattiq zaminga shunaqangi gursillatib urdiki, suyak-suyaklarimga qadar maydalanib-parchalanib, miyamning qatigʻi otilib ketdi, bu zarbaning asorati hali-hanuz hayotimni zaharlab keladi: baayni “choʻrt” etib singan suyagimning yorqasi asab tolalarimni ayovsiz tilayotgandek chidab boʻlmas azobda qolaman; ne makon, ne zamonda umrguzaronlik qilayotganimni anglab-anglamay, atrofga nolon boqaman; milyon tonnalik ulkan tosh ustimda, men esa torgina yoriqqa tiqilib qolgan odamday nafasim qaytadi, ogʻzimni kappa-kappa ochaman, ammo bu naf bermaydi, gursillab urayotgan yurak koʻkrak qafasimni yorib chiqib ketguday kattalashaveradi-kattalashaveradi, mana, mana, hozir, oniy soniyadan soʻng havo toʻlgʻazilayotgan sharday paqillab yoriladi…

2

Kimgadir yoqar lola…

Koʻngilga buyurib boʻlarmidi. Hatto gap aniq fanlar xususida ketganida ham.

Institutni bitirish arafasida men kutilmaganda Puankare gipotezasining shaydosiga aylandim. Gipotezani joʻnroq tilda ifodalashga urinib koʻraman. Jismlarning handasaviy xususiyatlarini oʻrganuvchi topologiya degan fan bor. Puankare gipotezasi esa aynan shu fanning markaziy muammosi. Yana bir muhim holat: tadqiq etilayotgan jismlar oddiy emas, balki siqilganida, buralganida, choʻzilganida oʻzgarmaydigan jismlardir. Biron nimani tushundingizmi? Yoʻqmi? Unda yanada soddaroq yoʻsinda izoh berib oʻtay. Agar uch oʻlchamli sirt qaysidir jihati bilan ikki oʻlchamli sferaga oʻxshash boʻlsa, demak, uni mana shu sferaga tekislash mumkin. Dunyo paydo boʻlishidagi murakkab jarayonlarni oʻrganishda hamda olamlar shakli haqidagi savollarga javob berishda oʻta muhim ahamiyatga egaligi sababli bu gipotezani baʻzan “Koinot formulasi” ham deyishadi. Endi tushundingizmi? Yana yoʻqmi? Unday boʻlsa, siz oddiy finjonning teshikkulchaga aylanishi, aslini olganda, bu ikkalasining choʻziluvchan handasa nazariyasiga koʻra bir narsa ekanini tasavvur etolasizmi? Boʻldi, bas, shu jarayonni sal-pal boʻlsa-da tasavvur etarkansiz, demak, gipotezaning mazmun-mohiyatini bemalol anglab olasiz. Vaqti kelib, albatta. Aslini olganda-ku, mutaxassis uchun 1904-yili farang matematigi Anri Puankare tomonidan ilgari surilgan gipotezaning mohiyatiga tushunish unchalik qiyin emas. Ammo uni isbotlash, yechish… Axir togʻning togʻ ekanligini koʻrasiz, uning bagʻrida milyonlab tonna ruda borligini bilib ham turasiz, ammo bu koʻrish-bilish sizga shartta borib togʻ bagʻridan bir qop oltin yombisini koʻtarib olib chiqib ketish imkonini yaratmaydi-ku. Matematika sizga “Sim-sim, ochil!” emas… Gipoteza soddalikning buyuk timsoli edi goʻyo. U mana shu jozibasi bilan ham oʻziga maftun etardi. Baayni sahar palla billur hovuzda choʻmilayotgan joyida siz bir parini uchratib qoldingiz, ammo u esankiramaydi, choʻchimaydi, bilʻaks, sizga andakkina hayosizlik ham aralashganday tuyuladigan noz-karashmalar, sirli imo-ishoralar qiladi, bundan joʻshib ketib, yuragingiz gupillab urgancha “Xudo berib qoldiyov” deya hovliqib-entikib yoniga chopsangiz, qiqirlab kulgancha shartta samoga koʻtariladi-ketadi. Axir u oʻz nomi bilan pari-da: koʻkda yashaydi, nari borsa zerikkan chogʻlari gunohkor bandalarga istigʻno qilib qoʻyadi, baribir bularning qoʻlidan hech narsa kelmasligini bilib turadi, bilib turib yana shu ishini qiladi, xom sut emgan gumroh odamlarning ustidan maza qilib kuladi: unisini qari deb hurmat qilmaydi, bunisini yosh deb izzat qilmaydi. Bundoq parivashni mahkam ushlab olib toʻshiga bosadigan yovqur yigit faqat choʻpchaklarda yo boʻlmasa Usmon Azim deganga oʻxshash xayolparast shoirlarning shigʻirlarida uchraydi. Biroq Puankare gipotezasi mana shundoq ilohiy visolni sizga naqd qilib qoʻyadi: marhamat, yechimni toping, isbotlang, uchib ketayotgan pari qizning silliq oyoqlariga tushov tashlang, uni asta-sekin tortib oling va qarabsizki… sizga beadad hayrat koʻzi bilan qarayotgan, sizga sigʻinayotgan pari quchogʻingizda toʻlgʻanib turibdi-da. Bundan ortiq baxt bormi inson uchun?! Shaksiz, bu aytishga oson. Illo necha-necha yillardan beri ne-ne bilimdonlar, fan doktorlariyu akademiklar yeng shimarib ishga kirishishadi, ammo baribir gipotezani isbotlay olishmay, magʻlubiyatni tan olgan holda, boshlari xam, qalblari toʻla gʻam, maydonni birin-ketin tark etishadi.

1934-yili ingliz Jon Uaytxed “gipotezani isbotladim” deya hammayoqqa jar solishga shoshdi. Ammo tez orada oʻz yechimida xato borligini sezib qoldi va darhol aybini boʻyniga oldi. Keyin sahnaga amerikalik Bing chiqib keldi. Afsuski, uning topganlari gipotezaning oʻzidan bir necha barobar murakkabroq edi. Navbat grek Papakiriakopoulosga yetdi. Ammo oʻn yillik ogʻir mehnatning samarasi kutilgan natijani bermadi. 1961-yildan beri Smeyl familiyali bir olim bu mavzuda qattiq izlanish olib boryapti deb oʻqidim. Ammo natijadan darak yoʻq. Buning ustiga, u 1976-yili Prinstonda saraton xastaligidan vafot etganmishmiyey…

Sanab oʻtganlarim, albatta, dengizdan tomchi edi. Axir birgina Parijdagi Puankare institutida ne-ne oqil va oqila zotlar bu muammo ustida necha yillardan beri tinmay bosh qotirib kelishayotgani ham bor gap-ku. Shunga qaramasdan, koʻngil-da, men ham shu maydonga kirmoqni, kuchimni sinab koʻrmoqni ixtiyor etdim. Hali yosh edim, romantika yurakni tark etib ulgurmagandi, miyam ham butunday tuyu­lardi oʻzimga. Men shu mavzuda kitob ketidan kitob oʻqiy boshladim, kutubxonaga tanda qoʻyib oldim. Oʻqiganim sa­yin gipotezaning isboti naqadar murakkabligini tushuna bordim. Ammo bu hol mening gʻayratimni oshirardi, xolos.

Nomzodlik mavzusi sifatida Puankare gipotezasini tanlamoqchi boʻlayotganimni eshitgan ilmiy rahbarim koʻz­oynagi ustidan menga xuddi oʻzga sayyoradan kelgan dushman maxluqotga qaraganday olayib qaradi, soʻng soʻradi:

– Bu sohada qancha fan doktori, akademik borligini bilasizmi?

Men taxminan bilishimni aytdim.

– Unda yana bir narsani bilib qoʻying, yigitcha, – dedi rahbarim soʻnggi soʻzni alohida taʻkidlab. – Mana shu ilmiy potentsialning kamida yarmi umri davomida hech boʻlmasa bir marta siz aytayotgan oʻsha gipotezaga qoʻl urib koʻrgan va oxir-oqibat uni yechimsiz masala sifatida qoldirgan.

Men oʻz fikrimni bildirishga jurʻat etdim:

– Lekin uning yechimi bor-ku. Yechimsiz gipoteza boʻlishi mumkin emas.

Gapga usta rahbarim boʻsh kelmadi:

– Albatta, bor. Yechim tuxumning ichida, tuxum sandiqda, sandiq yertoʻlada, yertoʻla esa, – rahbarim koʻkka ishora qildi, – hov anavi yoqda. Baland dorga osilib boʻyningizni sindirib yurgandan koʻra, yigitcha, aniq amaliy ish bilan shugʻullaning. Davlat sizga sarob ortidan yugursin deb pul berib qoʻymaydi! Uzoqdagi quyruqdan yaqindagi oʻpka yaxshi. Agar shunchalik aqlingiz zoʻr ekan, hech oʻylab koʻrmadingizmi, nahotki, shunaqangi absurd mavzuni ilmiy kengash sizning nomzodlik ishingiz sifatida tasdiqlab bersa? Hech qachon bunday boʻlmaydi, yigitcha, hech qachon!

Darhaqiqat, bu zalvorli dastak edi. Ilmiy kengash baribir rahbarimning qosh-qovogʻiga qaraydi… Noiloj boʻ­yin egdim:

– Qanday maslahat berasiz, ustoz?

Rahbarim oʻshshayib turaverdi-turaverdi, axiyri yorildi:

– Mayli, tish kavagimda asrab yurgan bir mavzu bor edi. Oʻshani sizga bagʻishladim. Ilmiy kengashdan oʻtkazib berish kafolati bilan. Qarabsizki, ikki yilda geometriya-­topologiya mutaxassisligi boʻyicha fizika-matematika fanlari nomzodi boʻlib turibsiz-da.

Oʻ, Xudoyim, bu “bagʻishlash”lar va “kafolat”lar ortida nima turganini bilmasam ekan!.. Ammo nima qilay? Sal sarkashlik qilsam, rahbarim toʻnini teskari kiyib oladi, ana undan keyin xayr, aspirantura, xayr, ilmiy ish! Odatdagidek, yomonlikning bundayrogʻini tanlashga toʻgʻri keldi.

Rahbarim ustomonligidan tashqari ayyor ham edi. Matematik handasa sohasida oʻzimizdan chiqqan mutaxassislar barmoq bilan sanarli ekanini yaxshi bilardi. Shu sabab Lobachevskiy, Aleksandrov, Pogorelov, Bakelman, Verner, Kantor, Yefimov, Poznyak, Shikinning izlanishlari haqida yarim soat maʻruza oʻqigach – ustozim sovgʻa-salomni shu tariqa halollab olardi, har qalay, buyam vijdonga suv sepib qoʻyishning bir vositasi boʻlsa kerak-da – aloha, menga Galiley fazosining tsiklik sirtlari boʻyicha tadqiqotni boshlab yuborishim mumkinligini aytdi.

Shubhasiz, bu ham juda qiziqarli mavzu edi. Ayniqsa, Dolgarev bilan Martinetsning keyingi yillarda chop etilgan bahsli maqolalarini eʻtiborga olsak. Tishimni tishimga bosgancha ishga kirishdim.

Men qattiq mehnat qilardim. Matematikaning baribir hech narsa bilan tenglashtirib boʻlmaydigan oʻz ohanrabosi bor-da: birpasda oʻziga tortib oladi-qoʻyadi. Ayniqsa, uch oʻlchovli Yevklid fazosida erishilgan yechimlardan soʻng yarimevklidli fazo geometriyasi ochilmagan qoʻriq boʻlib turardi oʻziyam.

Ammo baribir Puankare boshqacha edi-da. Bu mavzu goʻyo birinchi muhabbat singari sira qalbimni tark etmas, aksincha, tobora uning qat-qatiga chuqurroq kirib borayotganday edi. Azaldan intizomni yaxshi koʻrardim, har bir soatda nima ish qilishimni aniq belgilab olishga intilardim. Shu sababli hech chiday olmagach uyquni teng yarmiga qisqartirdim-da, tejalgan vaqtimni gipoteza isbotini topishga bagʻishladim.

Oʻ, bu hayotimning eng yorqin, eng mazmunli, eng shodon, eng hayratlarga toʻla kunlari edi. Yotoqxonada yashardim. Oʻlguday charchardim, gohida hatto choy damlab ichishga ham holim yetmasdi, baʻzan sutkalab tuz totmasdim, pulim bor paytlari kartoshka qaynatib yerdim, ishga ketayotib portfelimga ikkita qaynatilgan tuxum solib qoʻyardim: shu mening tushligim boʻlardi… Biroq baxtiyor edim. Zero, asosiy ishim millimetrma-millimetr, zarrama-zarra oldinga siljiyotganday edi. Horigan chogʻlarim emaklab boʻlsa ham maqsad sari intilardim, qoʻllarimdan mador ketganida yerni tirnoqlarim bilan kavlab boʻlsa ham ilgariga siljirdim. Illo, illo, oldinda, olis ufq ortida boʻlsa ham neningdir shamoyili koʻrinib qolayotgandek, nimadir oʻziga chorlayotgandek edi. Tunlari qandaydir sirli shivir-shivirlarni eshita boshladim, tonglari sarin shabada toʻlqinida nafis, shudringga choʻmgan mayin libos yuzimni silab oʻtardi. Men hatto buni ovoz chiqarib aytish u yoqda tursin, oʻylashga ham qoʻrqardim: nahotki, nahotki…

3

Vaqt, vaqt, vaqt… U bunchalar tez oʻtadi? Qayoqqa bunchalar shoshadi? Bu qattol shiddat inson umrini tushga, roʻyoga aylantirib qoʻymaydimi? Uxladingu uygʻonding. Qisqagina davom etgan tushingda esa butun umringni koʻrding.

Bunchalar shafqatsizsan, vaqt?..

Etti farzandli xonadonning toʻngʻichi edim. Bir kuni uyga borsam, allaqachon yigirma oltiga kirib qoʻyganligimni keskinroq ohangda pisanda qilishdi. Katta singlimni-ku turmushga uzatgandik, ammo ukalarim gʻingshiyverib bezor qilib yuborishdi. Jon-jon deb ularga yoʻl beray desam, ota-onam koʻnmaydi: nima emish, shusiz ham ovulda men haqimda “haligacha bir boshi ikkita boʻlmagan, bir balosi borov, axir bu tengilarning bolasi maktabga boryapti” qabilida gap-soʻzlar yurganmish, agar bunday qilsam, oʻsha mishmishlarga pishang bergan boʻlarkanman.

Darvoqe, uylanish borasida menda muammoning oʻzi yoʻq edi. Balki, shu sabablidir, bu masalaga unchalik ahamiyat ham bermabman. Yaʻnikim otam koʻp yillar burun yaqin joʻrasinikiga mehmondorchilikka borganida uning pildirab chopib yurgan, mendan taxminan besh yoshlar kichik qizchasini koʻrib qoladi va: “Kel, quda boʻlaylik, shu qizing­ni toʻngʻichimga oberaman”, – deydi. Xullas, garchand borib qulogʻini tishlamagan boʻlsam-da, oʻziga xos beshikkertti. Oradan yillar oʻtdi, otamning joʻrasi vafot etib ham ketdi. Ammo otam: “Lafz halol, men vaʻdamni bajaraman, boʻlmasa joʻram goʻrida tik turadi, u yoqqa borganimda yoqamdan oladi”, – deb turib oldi. Xullas, kim borib koʻrib kelsa, “sochi uzun” deb taʻriflaydigan bu qiz necha yildan beri oʻsha uzun sochini oʻrib, kelgan sovchilarni qaytara-qaytara, teng-toʻshlari oʻtirish-poʻtirishlarga chaqirsa ham chiqmasdan, kaminani kutib oʻtirgan edi.

Oʻy-xayolim Puankare bilan yarimevklidli fazo handasasida edi. Uchrashuvga chiqib oʻtirmadim. Shuncha odam maqtayaptimi, har nechuk, uzun sochidan oʻzga fazilatlar ham bis­yordir boʻlgʻusi rafiqamda.

Ota-onaning farzandini uylantirishi farz deyishadi. Ammo men bu “farz”ning qanchalar azobli, asabiy tarzda kechishini oʻshanda koʻrdim. Toʻy meni yon-atrofga real koʻz bilan, hushyorroq qarashga oʻrgatdi, boshqacharoq aytadigan boʻlsam, birdaniga ulgʻaytirib ham qoʻydi. Men oʻshangacha rostdan ham romantik oʻy-xayollar ogʻushida “non”ni “nanna” deb yurganimga ishonch hosil qildim.

Institutda kichik ilmiy xodimman, maoshim yetmish rubl. Toʻy esa ajdaho misoli ogʻzini ochib turibdi: yetmish rubl nima degan gap, odamning kulgisini qistatmang, ming rubl ham urpoq boʻlmaydi… Ota-onamning, ukalarimning qarz izlab yelib-yugurishlarini koʻrib issigʻim chiqib ketadi, xijolatdan oʻzimni qayerga qoʻyishimni bilmayman. Yana ajablanaman: shuncha tashvishlarga, pul ilinjida odamning gʻururini yer bilan bitta qilib tashlaydigan boʻyin egib turishlarga, hali toʻy boshlanmasidan burun quda taraf bilan toʻrt gaz mato ustida jiqqamusht boʻlishlarga, halitdan u tomon vakillariga – bejiz “dushman tomon” deyishmas ekan, shekilli – olayib, “Bir amallab kelinni tushirib olaylik! Keyin kunlaringni koʻrsatamiz!” deganday oʻqrayib tikilishlariga qaramasdan, baribir, ular baxtiyor edilar. Ming urinsam ham buni mantiqiy jihatdan asoslab, tushuna olmadim. Har nechuk, ukam aytganidek, shaharda ilm ortidan quvib yuraverib oyogʻim yerdan uzilgani, urf-odatlarimizni unutib qoʻyganim rost, shekilli. Mana shu xijolatpazlik asorati boʻlsa kerak, toʻy oqshomi igna ustida oʻtirgandek bezovtalanib, oʻrtada yerning changini koʻtargancha, astoydil oʻynayotgan xesh-urugʻlarim, yaqinlarimga miyasi olib tashlangan qoʻydek angrayib termilib oʻtiraverdim.

Chimildiqda koʻrdim: rafiqam sargʻishdan kelgan, novcharoq qiz ekan. Sochi, taʻriflanganidek, taqimini oʻpmasa-da, belidan pastga tushib turardi. Men har bir insonni koinot moʻjizasi, gultoji deb bilaman. Inchunin, har bir inson aziz va mukarram. Mana shu aqida taʻsirida oʻsganman. Boʻlgʻusi umr yoʻldoshimga ham shunday munosabatda boʻldim. Axir bu qiz uydagilarining ixtiyorini oʻzi uchun qonun deb bilgan, necha yil sargʻayib umid-ishonch bilan meni kutgan, koʻchada tengdoshlari bilan oʻynab-kulib yurmagan, bogʻlarda begona yigitlar bilan qoʻl ushlashib sayr qilmagan. Mana shu keltirgan qurbonliklari evazigayoq men unga risoladigidek er boʻlishim lozim va joiz emasmi? Illo, oʻz baxti yoʻlida ixtiyoriy ravishda qabul qilingan har qanday chek­lov alaloqibat munosib mukofotlanishi kerak emasmi? Mana shu tuygʻular taʻsirida boʻlsa kerak, rafiqam koʻzimga olovdek koʻrinib ketdi.

Xudo shohid, uylangunimga qadar ham, uylanganimdan keyin ham xotinimga xiyonat qilmadim, shunday imkoniyat tugʻilganida esa oʻzimni olib qochdim. Koʻz ochib koʻrganim umr yoʻldoshim boʻldi.

Toʻshak masalasida sal tortinchoqroqman. Bilmadim, yangalari qanday yoʻl-yoʻriq koʻrsatishgan, qanday saboq berishgan, xullas, qovushganimizdan soʻng ayollik ostonasini hatlab oʻtgan rafiqam choyshabni koʻrsatishdan tashqari boshimdan iliq suv quyib, yuvintirib ham qoʻyganida, ros­ti, quvonchdan koʻzlarimga yosh keldi, uyalganidan bosh egib turgan xotinimni beixtiyor quchib olib, qulogʻiga hayajon bilan shivirladim: “Biz baxtli boʻlamiz, jonim…” Nazarimda, shak-shubhasiz shunday boʻladigandek ham edi. Taassufki… Men keyinchalik soʻnggi soʻzni biron marta xotinimning qulogʻiga shivirlab aytmadim, aytolmadim. Hatto oʻzim istagan taqdirimda ham dilimdan oʻchib ketgan bu soʻz tilimga qayta sitilib chiqmadi.

Oradan yillar oʻtdi. Men har zamon-har zamonda oʻzimni chimildiqda, kelinchak yuvintirib qoʻyayotgan kuyov sifatida tasavvvur etishga urinaman, ammo buni eplolmayman, qaylardadir olisda qolgan gʻira-shira manzaralar yanada xiralashadi, tussizlashadi, ularning oʻrnini shafqatsiz voqelik egallab oladi-qoʻyadi…

Oʻsha tongda esa… yetmish ikki tomirim boʻshashib, ogʻzimning tanobi qochgan holda, tabiatning nikoh, er-xotinlik atalmish tilsimotlariga shukronalar ayta-ayta oʻtirgan mahalim edi. Qaynonam kirib keldi xonaga. Bir amallab salom berdim. Qaynonam oʻtirdi. Oʻzi bilan olib kelgan urchugʻini yigira boshladi. Ha, aniq esimda bor, xuddi shunday boʻlgandi.

Ikkinchi onamga nedir yaxshi gaplar aytgim keldi. Axir shunday qizni voyaga yetkazgan, avaylab-asragan, chang ham qoʻndirmasdan menga olib kelib tutqazgan. Shu sababli boʻlsa kerak, qaynonam hol-ahvol soʻrash asnosida “qizim yaxshimi” deb qoʻygan mahal meni nima jin urdi, tilimni qaysi qargʻa choʻqidi, bilmayman, rafiqamni bir maqtab qoʻyay degan niyatda taltayib:

– Qizingiz yomo-on… – desam boʻladimi!

Ha, ha, “yomon” demadim, “yomo-on” dedim, balki, bunday boʻlishini bilganimda “…zoʻr” degan soʻzni ham qoʻshib ketardim.

Umuman, menimcha, koʻp hollarda soʻzlarning oʻzidan koʻra ularning aytilish ohangi, ifoda muhimroq. Soʻz shakl boʻlsa, ohang – mohiyat. Hamma gap mohiyatda axir. Shunday emasmi? Axir shoir ham oʻzining sevgilisiga qarab “eh, qani endi dunyoda yana biron qiz seni men kabi yomon koʻrsaydi” deydi, “yaxshi koʻrsaydi” demaydi. Illo, oʻsha qiz oshigʻiga “yomon koʻraman” deb turib, aslida, “yaxshi koʻraman” degan gap ohangi bilan aytgan. Shoir buni tushungan. Ammo qaynonam tushunmadi.

Oʻzim koʻrdim: oltmish yoshli kampirning yuzi birdan qiyshayib, qahrli tus oldi, koʻzlari chaqchaydi. Bir yumalab ertaklardagi burni uzun yalmogʻiz kampirga aylangan ­qaynonam nafrat bilan qargʻandi:

– Qizim yomon boʻlsa, yaxshisini topib ol!

Men hali javobga, oʻzimni oqlashga ogʻiz juftlab ulgurmasimdan qaynonam shartta oʻrnidan turdi va xonadan chiqdi-ketdi. Yoʻq, shunchaki chiqmadi, eshikni qarsillatib yopib chiqib ketdi.

Qovun tushirib qoʻyganimni angladim. Oʻngʻaysiz qiligʻi uchun tarsaki yegan boladay yuzim uyat va nomusdan lovullab yonardi. Nimadir qilish kerak edi. Ammo nima?

Dovdirab qolgandim. Men to mulohaza yuritib, biron qarorga kelib ulgurgunimcha esa gʻisht qolipdan koʻchib boʻlgandi: qizining xonasiga kirib eshikni ichkaridan qulf­lab olgan qaynonam yangi kelinchak bilan tushga dovur tarbiyaviy soat oʻtkazdi. Va… va shu bilan hammasi tugadi.

Keksa ayol nima desa degandir, ammo xayr-maʻzurni ham nasiya qilgan onasi joʻnab ketganidan soʻng ichkaridan yulqinib, rangi boʻzarib chiqib kelgan rafiqam birov bilan urishguday vajohatda edi. Bu qiyofa uni ancha-muncha xunuk koʻrsatardi.

Bu dunyoda erkak kishi uchun eng ogʻiri – oʻzini oqlash. Ayniqsa, qilmagan gunohi uchun. U paytlari xotinimning yuzida sal-pal hayo pardasi bor edi. Shungami, xayriyatki shangʻillamasdan, ammo zaharli soʻzlarni tishlari orasidan bitta-bittalab chiqargan koʻyi boshimga malomat toshlari yogʻdirishga tushib ketdi: “Boring oʻsha yaxshilaringizning oldiga! Biz endi yomon boʻlib qoldik-da, a? Ishingiz bitgandan keyin… Oʻzimam biluvdim-a bir kelib xabar olmaganingizdan shaharda oʻynashlaringiz koʻpligini… Onamning gaplari toʻgʻri oʻzi. Siz meni oʻqimagan deb mensimaysiz. Lekin oʻqiganlarniyam koʻryapmiz. Bari biri-biridan battar. Siz oʻshanaqalarning orasida yurgansiz-da…” Na gapingni eshitadigan, na izohingga quloq tutadigan, daqiqasiga oʻttiz uch oʻrniga qirq besh tezlikda aylanayotgan plastinkaday tinmay javrayotgan ayol oldida oʻzimni qanday ham oqlay olardim? Bir-ikki urinib koʻrdim, foydasi boʻlmadi. Xotinimning yuragimga nash­tarday sanchilayotgan hamma gaplari bir boʻldi-yu, “Agar men tegmaganimda.. men tegmaganimda xotinsiz qolib ketardingiz, yuraverardingiz oʻsha buzuqlaringiz bilan oʻzingizam buzuq boʻlib!” degan haqorati bir boʻldi. Yo rab! Bu nima degan gap axir? Axir bu… mening erkaklik shaʻnimni balchiqqa qorish bilan barobar emasmi? Nega, nega u birinchi kechadan keyinoq menga umr yoʻldoshi boʻlganligini taʻna qiladi? Nima, u boʻlmasa, men bir umr boʻydoq oʻtarmidim?

Koʻzlarim namlandi. Beixtiyor kafedramizdagi ismi-jismiga mos laborant Munisani, uning hurkak nigohlarini esladim. Keyingi paytlari uni koʻrsam, yuragim dukillab uradigan, etim gʻalati jimirlashadigan boʻlib qolgandi. Shuning uchun kafedraga borishni ham yigʻishtirgandim. Yoʻq, yoʻq, men buni ongli ravishda qildim, mukofot yoinki maqtov ilinjida emas. Bu voqeani eslagim kelmaydi. Ammo qaysi gunohim uchun taʻna-dashnomlar doʻli bunchalik ustimga yogʻilyapti, shuni tushunmasdim. Yana kimdan, tuni boʻyi quchogʻimda boʻlgan, men oʻpgan, meni oʻpgan, oʻzini menga baxshida aylagan, meni yuvintirib qoʻygan, men haya­jon bilan “jonim” deb ataganimda yuzini uyalinqirab yashirgan ayoldan.

Koʻnglim birdan boʻm-boʻsh boʻlib, huvillab qoldi. Xotinimning taʻnalaridan koʻra bu gaplarning nafrat va gʻazabga qorishiq ohangi meni adoyi tamom qilmoqda edi. Qachon ulgurdi u menga dushman boʻlib olishga? Qachon ulgurdi u menga bu qadar tiyiqsiz alam bilan qarashga? Nima, men yeb, u quruq qoldimi? Qoʻyib bersa, hozirning oʻzida meni pichoqlab tashlashdan, etimni xomtalash qilishdan ham toymaydiganga oʻxshaydi. Aybim onasiga aytgan bir ogʻiz gapimmi?.. Shumi ogʻiz toʻldirib aytiladigan oilaviy hayot, shumi “er-xotin – qoʻsh hoʻkiz” deganlari?

Yana oʻzimcha yuragim terak bargiday titrab, ich-ichimdan iltijo qilaman deng: “Ey Xudo, ishqilib, bu gaplarni ota-onam yo uka-singillarimdan birontasi eshitib qolmasin-da… Sharmanda boʻlamiz-ku, sharmanda…”

Singan koʻngilni chegalab boʻlmas ekan.

Shu oqshom biz, bir kunlik er-xotin, bir-birimizga tes­kari qarab yotdik. Xotinim-ku tezda pishillab uxlab qoldi, lekin men tonggacha koʻz yummay chiqdim. Bu men kutgan, ayniqsa, birinchi kechadan soʻng ajoyib boʻlishiga ishonib qolgan oilaviy hayotga oʻxshamasdi…

Ertasi kuni Piskunovning “Oliy matematika”sini oʻqib oʻtirgandim. Xotinim boshimga kelib turdi-turdi, soʻng:

– Oʻldim-kuydim kitobmi? – deb soʻradi.

– Shunga oʻxshashroq, – deb qoʻya qoldim.

Rafiqam choʻntagidan oʻquvchilar daftaridan yirtib olingan bir varaq qogʻoz chiqarib berdi:

– Uni Toshkentingizga borganda oʻqiyverasiz. Avval manavini oʻqing.

Bu roʻyxat edi. Adashmasam, agar gʻij-gʻij imlo xatolarini tuzatib oʻqisak, “Dushanba – xolamning tugʻilgan kuni. Seshanba – dugonamning toʻyi. Chorshanba tushga – ammamning uyida «non sindirar”, kechqurun – “qiz chaqirdi”… mazmunida edi. Bu roʻyxat sinoatini soʻradim. Yosh kelin-kuyov sifatida ularning hammasiga borishimiz kerak ekan. Tabiiyki, quruq qoʻl bilan soʻppayib kirib borilmas, arzirli sovgʻa-salom olish shart ekan.

Rafiqam alohida taʻkidlab oʻtdi:

– Yosh kelinman. Hammaning koʻzi menda boʻladi. Uyaltirib qoʻymang. Mening uyalganim sizning yerga kirib ketganingiz boʻladi-ya.

Buni-ku tushundim. Ammo nima uchun oʻzimizning toʻyimizga tushgan sovgʻa-salomlardan bunaqa joylarga olib borish mumkin emasligini aslo tushunmadim. Shunaqa irim bor emish: yangi kelin-kuyovga berilgan sovgʻa-salomlarga teginilsa, shu roʻzgʻordan baraka ketarkan, urish-janjalam koʻpayib qolarkan. Bu men uchun oliy matematikadan ham qiyinroq masala edi.

Eʻtiroz bildirishga urinib koʻrdim:

– Pul masalasi sal ogʻirroq boʻlib turibdi-ku…

Rafiqam qovogʻini uydi:

– Boʻyningizga majburlab osilib olmagandim. Mard boʻlib uylandingizmi, endi bu yogʻigayam chidab bering-da. Axir ikki barmogʻimni burnimga tiqib shoʻppayib kirib borsam, uyimdagilar, qarindosh-urugʻlar: “Oʻl bu kuningdan! Topganing shu qurumsoq boʻldimi? Oʻzing pishirgan oshni endi aylanibam, oʻrgilibam ichaver”, – deyishmaydimi? Ustimdan kulishmaydimi? Nima, birinchi kundan meni yer bilan bitta qilmoqchimisiz?

Yana tushuntirishga urindim:

– Axir… yoʻq narsani qayerdan topay? Uydagilarning ahvoli maʻlum-ku. Toʻy qilib berishdi…

Eshitganim ilon poʻst tashlaydigan gap boʻldi:

– Toʻyni pesh qilmang. Ja unaqa maqtanadigan toʻy boʻlgani yoʻq. Onam bechora uyatlarda oʻldi… Siz menga toʻyni minnat qilgandan koʻra jonday xolamning tugʻilgan kuniga nima sovgʻa qilishni oʻylang!

Bunisi endi haddan ortiq edi. Jahlim chiqqanini koʻrgan ikki kunlik kelinchak yigʻlamsiradi:

– Menga ne-ne kazo-kazolardan sovchilar kelgandi. Men boʻlsa…

Endi nimadir deyish befoyda. Shu sababli ikkala qoʻlimni koʻtardim-u, bosh egib onamning huzuriga chiqdim.

Kunda-kunora albatta biror tadbir chiqib turadi. Ha­qiqatan ham shaharda yashab qishloq rasm-rusumlari, urf-­odatlaridan yiroqlashib ketgan ekanman. Unaqa desam, bizning davrimizda, misol uchun, ayollar tugʻilgan kunlarini bunaqa tantanali nishonlashmasdi, shekilli. Yo bola boʻlib buni sezmagan ekanmizmi?

4

Avval “kichik chilla, qorongʻida yurish mumkin emas, uzoqqa borish mumkin emas” deyishdi, keyin “katta chilla”. Ishqilib, qirq kuncha qishloqda qolib ketdim.

Shundan soʻng ota-onamdan ruxsat soʻrab xotinimni shaharga olib keldim. Institutning oilaviy yotoqxonasidan katalakday xona ajratib berishdi.

Moʻljallagan ishlarimdan ancha orqada qolib ketgandim. Grafigimga yetib olishim kerak. Bir tomonda nomzodlik ishi, ikkinchi tomonda Puankare menga ilhaq koʻz tikib turardi. Endi belni mahkam bogʻlab tadqiqotlarimni davom ettirishga kirishmoqchi boʻlib turganimda kutilmaganda, oyoq ostidan katta bir muammo chiqib qoldi.

– Vatan kerak, – dedi xotinim.

Avvaliga bu gapning magʻzini chaqmadim. Shunda rafiqam izoh berdi:

– Uy kerak. Obshitada ham yashab boʻladimi?

Bu talabni qulogʻim tagidan oʻtkazib yuborishga harakat qildim. Nega endi shuncha odam yashayotgan “obshita”da yashab boʻlmas ekan? Buning ustiga, oson boʻptimi uy olish? Otliqqa yoʻgʻ-u… Ana, navbatga yozilib qoʻyganman, biron oʻn yillarda berib qolishsayam, doʻppimni osmonga otsam boʻladi. Biroq xotinim mutaassiblarcha talabini takrorlagani-takrorlagan edi: “Vatan kerak!”

Yoʻq, shaharning susti bosdimi, ikkinchi yarmim baqirib-chaqirib janjal qilmadi. Buning oʻrniga dunyoning jami tashvish-gʻamlari, vahimalari yelkasiga tushganday birdan qaddi bukchayib qoldi, soʻng nomaʻlum nuqtaga tikilgan koʻyi lablari titrab pichirladi: “Endi nima qilaman?.. Endi qanday yashayman?..” Baayni jami odamzod qirilib, ulkandan-ulkan dunyoda yolgʻiz oʻzi qolgandek. Rafiqamni bu ahvolda koʻrib yuragim tuz sepilgandek achishdi, beixtiyor koʻzlarimga yosh qalqdi. Axir u shoʻrlik uyim-roʻzgʻorim, qolaversa, meni deb shu koʻyga tushyapti-ku.

Joylashganimizga toʻrt kun oʻtar-oʻtmas qovogʻini toʻrvaday osiltirib qaynonam kirib keldi. Kampirning gaplari esa maʻlum:

– Men oyday qizimni birovning irgasida sargʻayib yashasin deb erga bermagandim. Yuborganlaringizning “Toshkentda saroyday hovlisi bor” degan lafziga ishongandim. Agar qizimni ikkita odam kelsa, uchinchisi koʻchada kutib turadigan bu tovuq katagiga tiqib qoʻyishlaringni bilganimdami…

Va hokazo, va hokazo. Bu ahvolda ishlab boʻlmasdi. Bu ahvolda yashab ham boʻlmasdi. Nima, sovchilardan birontasi boʻlgʻusi kuyovtoʻrani targʻib-tashviq qilayotgan mahali aytib yuborgan oʻtrigi uchun men boshimni kundaga qoʻyishim kerakmi? Axir tomchi toshni teshadi; jigar-bagʻringni oʻyib oʻtadigan gaplarga ham bir kun chidash mumkindir, ikki kun, xoʻp, ana, nari borsa uch kun, ana undan keyin nima qilasan? Portlaysan-da!

Lekin men… portlamadim. Illo, menga tinchlik kerak, xotirjamlik kerak edi, mayda-chuyda gʻishavalar bilan, nimanidir isbotlashga urinib oʻtkazishga sarflaydigan vaqtimning oʻzi yoʻq. Shusiz ham qirq kunimni osmonga sovurib kelgan edim. Meni qilinadigan bir olam ishlarim, ehtimolki, qanchalik dabdabali eshitilmasin, umuminsoniy ahamiyatga molik kashfiyotim kutib turardi. Shu bois boshimni yanada quyiroq egdim va ota-onam, uka-singillarim, haddim sigʻadigan qarindosh-urugʻlarim, doʻst-birodarlarimga qarz soʻrab bordim. Kim berdi, kim bermadi. Uylanganim munosabati bilan ish joyimdan moddiy yordam, mukofot, jamoa yigʻib bergan pul deganday, ishqilib, bir oy ichida toʻrt ming rublga yaqin pul toʻpladim. Kooperativ uy degani boʻlarkan, bir xonali kvartirasi taxminan shuncha turarkan. Shunaqa kvartira topildi ham, besh qavatli uyning beshinchi qavatida. Nima qipti, toʻqqizinchi qavatda yashaydigan bir tanishim hazillashib aytganidek, “tepa”ga yaqinroq.

Men shoshilardim. Bu oʻzimning sira uquvim yoʻq yumushlarni tezroq bir yoqli qilish, nomzodlik ishim bilan gipotezaga iloji boricha tezroq qaytishni istardim. Vaqt ketayotgandi, vaqt!

Yo Rab, kim aynitib yoxud oʻrgatib ulgurgan, tasavvur etolmayman, ammo mutlaqo kutilmaganda, baayni yoz osmonidan doʻl yoqqanday, rafiqam bir xonali “vatan”dan voz kechib qoldi. Bizga ikki yoki uch xonali va iloji boricha ikkinchi yoki uchinchi qavatdagi “vatan” kerak ekan. Eʻtiroz uchun juftlagan ogʻzimni “Shu holimda beshinchi qavatga qanday chiqaman, yarim yoʻlda bola tushib qoladi-ku! Sizga xotin, farzand kerakmi oʻzi?” degan dastak shartta yopdi. Har qalay, ayol kishi erkakka nisbatan roʻzgʻorni, oilani koʻproq va xoʻproq oʻylashi rost, shekilli.

Biroq bu istakni amalga oshirishim uchun toʻplaganimning yana yarmicha aqcha topishim kerak edi. Aytishga oson.

Gʻalati davrda yashayotgandik. Qandaydir kooperativlar, shirkatlar yomgʻirdan keyingi qoʻziqorinlarday bodrab chiqayotir. Odamning suqi kirar darajada afsonaviy daromad topayotganlar, partiya vznosining oʻziga ming-ming rubllab toʻlayotganlar… Birovning topgani esa hamisha koʻzingga osmondan tushganday boʻlib koʻrinaveradi.

Xullas, gapdan gap chiqdi va oʻsha joʻram meni birgalikda kattakon biznes qilishga taklif etdi. Oʻzi pishib turgan ish ekan. Yaʻni pul mendan, gʻoya undan, daromad oʻrtada. Tikkan mablagʻim bir yarim oy ichida eng kamida ikki barobar boʻlib qaytishi kafolatli ekan. Kamida. Ish yurishib qolsa, bemalol uch, hattoki toʻrt barobar ham tashlab berishi “ikki karra ikki – toʻrt” singari aniq va ravshan aksioma ekan. Bu men uchun ayni muddao edi: bir yarim oy nima, “zuv” etib oʻtadi-ketadi. Zato keyin… Qoʻl tashlashdim. Xudo bersa quliga, chiqarib qoʻyar yoʻliga deganlari shu-da.

Endi oʻsha kunlarimni qoʻrqinchli tush kabi eslayman.

Mirzachoʻlning qoq kindigidagi xoʻjalikning yarim xaroba fermasi. Hovli piyozga toʻlib ketgan. Hammayoq piyoz. Biz, tadbirkorlik orqali katta pul topishga jahd qilgan ikki oʻrtoq va kunlik ishga yollangan oʻttiz chogʻli erkak-­ayol, ertalabdan qora kechgacha bosh koʻtarmay ishlaymiz. Ishimiz ajabtovur. Har kimning yonida elektr plitasi, plita yetmay qolganlarga dazmol yoki ichiga olov yoqilgan pechkalar berilgan. Biz piyozning orqasini pichoqda shartta kesamiz-da, shu kesilgan joyni qizib turgan plita yoki dazmolga bosamiz, soʻng xirmonga irgʻitamiz. Shunday qilinsa, oʻn besh-yigirma kunlik yoʻlda bu sabil chirib qolmas ekan. Axir biz bu mahsulotning naq toʻrt “KamAZ”ini shu zaylda Ros­siyaga yuborish uchun ulgurji sotib olganmiz. U yoqda esa bir kilo achchiq piyozning narxi… Ehhe, eshitsang, ogʻzingning suvi qochadi, foydani hisoblayverib boshing aylanib ketadi…

Tasavvur qiling: kun issiq, havoda qilt etgan shabada yoʻq, biz ishlayotgan toʻrt tomoni berk saroyning quruq hammomdan farqi qolmagan, butun badanimizdan shuvillab ter oqadi, buyam kamday, qoʻlansa piyoz isi dimogʻimizga, kiyimlarimizga oʻrnashib qolgan, undan qutulib boʻlmaydi. Xudo shohid, men hatto biz ajratib tashlayotgan chiqitlarni yeyavergan sigirlar sutiga ham piyoz isi oʻrnashib qolganini oʻshanda koʻrganman. Ertalab piyozdogʻ bilan yarim kosadan sut, tushlikka ozgina serpiyoz shoʻrva, kechqurunga yana piyozdogʻ; tarashaday qotib qolgan qora buxanka. Barmoqlar achiydi, koʻzdan duvillab yosh oqadi, oʻpkang yulinguday boʻlib yoʻtalasan, bosh aylanadi… E, “dod” deb yuborgisi keladi odamning!

Ikki hafta mana shu jahannam azobida oʻtdi. Axiyri ishni tugatdik. “KamAZ”lar karvoni joʻram boshchiligida “Qaydasan, Novosibir?” deya yoʻlga tushdi. Yengil nafas oldim. Shu qadar zada boʻlganimdan piyoz degan narsaga boshqa umuman qaramayman, ovqatgayam ishlatmayman, hatto kabobning ustigayam septirmayman deya oʻzimga oʻzim ont ichgan koʻyi shaharga qaytdim.

Katta operatsiyani qoyillatib qoʻygan biznesmen sifatida bir oydan koʻproq jon-jahdim bilan oʻzim sogʻinib qolgan ishimni davom ettirdim, menga ora-sira ishonqiramay qarab-qarab qoʻyayotgan xotinim ham “miq” etib ogʻiz ochmadi. Bu eng samarali, saodatli kunlarim edi. Nomzodlik ishimni bitirdim hisob. Yangi gʻayrat bilan Puankare gipotezasi atalmish “totli toshyongʻoq”ni chaqishga oʻtdim. Illo, matematikada ham danagidan magʻzi shirin, magʻzi…

Koʻngil-da, hali uylanmagan chogʻlarim orzu qilardimki, erta bir kun boshim ikkita boʻlsa, meni tushunadigan munis bir ayol – yoʻq, yoʻq, men laborantkamizni nazarda tutganim yoʻq, aslo! – yostiqdoshimga aylansa, yumushdan horib qaytgan chogʻlarim uyga yaqinlashganimni savqi tabiiysi bilan sezsa, dik etib oʻrnidan tursa, oshiqib eshik yoniga kelib tursa, tabassumlarga koʻmilgan koʻyi: “Charchamay keldingizmi, dadajonisi?” – deya kutib olsa, ohista quchsa, issiq yuzini yuzimga bossa, yonogʻini oʻpich uchun tutsa, portfelimni qoʻlimdan olganidan soʻng esa yana bir bor quchoqlab qoʻysa… Dasturxon ustida yelkasini yelkamga tekkizib oʻtirsa, mening oʻz yumushim borasidagi bosh-keti yoʻq gap-soʻzlarimni koʻzlarimga hayrat ila termilib eshitsa, men bilan ich-ichidan faxrlansa, gʻururlansa, mendan moʻjiza kutsa, menga ishonib-topinib yashasa…

Men aniq fan vakiliman. Dunyoning oʻzi raqamlardan iborat. Buni mendan oldin aytib ketishgan. Mendan ke­yin ham aytishadi. Umuman olganda, matematikani bilmaydigan odam boshqa fanniyam tushunmaydi. Ayniqsa, bunaqa odam oʻzining johilligini bilmay, unga davo izlamay oʻtib ketishi yomon. Yoʻq, bu gapni men aytmaganman. Yetti yuz yil burun Bekon degan donishmand aytib oʻtib ketgan. Gapning poʻstkallasiyam shu-da. Inchunin, kim aytadi matematiklarga lirika yot deb? Bu sira maqtanish boʻlib tuyulmasin, ammo ora-sira shunday odamni entiktirib-toʻliqtirib, telba yurakni hapriqtirib yuboradigan orzularga umidvor asir boʻlgan mahallaring ismsiz allaqanday tuygʻularni uyqashroq misralarda yozib qoʻyging kelib ketadimiyey. Deylik, shundoq eshikni ochsam-u… “Meni koʻrgan mahali koʻzlari chaqnab ketsa, naqsh olmaday lovullab, yuzlari yashnab ketsa…” Nainki uch-toʻrt kun, hattoki bir kunga qishloqqa ketgan boʻlsa ham, u yoqdan seni sogʻinib, uchib yetib kelsa, oʻzini bagʻringga tashlasa; tunlar quchogʻingda entikib, “faqat siznikiman…” deya shivirlasa, tuygʻular poʻrtanasiga dosh bera olmay hoʻngrab yigʻlab yuborsa… Idealda esa, haligi oʻris shigʻirchi xotin yozganiday, bir lahzaga xayrlashayotgan boʻlsa ham xuddi asrlarga ajrashayotganday senga sogʻinch bilan toʻymay termilsa, qoʻllaringni koʻkragiga bosib mahkam siqsa… Voqelikda ideal boʻlmaydi deysizmi? Bekor gap. Aslida, hayotimizning oʻzi ideallikdan, hayratomuz mukammallik qonuniyatlaridan iborat. Aks holda, dunyo allaqachon chok-chokidan soʻkilib ketgan boʻlardi. Misol izlab uzoqqa ham borib oʻtirmang, maktab davrida fizika darsida yodlagan gaz qonunlaringizni eslang. Xoʻsh, bu qonunlarning bari nimaga tatbiq etiladi? Ha, balli, ideal gazlarga. Aslida, Puankare ham tadqiq etilayotgan geometrik jismni ideal deb biladi…

Etar-a? Gapni orzumdagi ayoldan boshlab, yana gipotezaga olib kelib taqaganimni qarang. Qip-qizil bachkanalik, toʻgʻrimi? Xayol baribir oʻz nomi bilan xayol-da. Zero, men aksariyat omadsiz hamjinslarim bir umr kamina singari mana shunday ilinjlar aldovida oʻtib ketishlarini yoinki uydan topmaganini koʻchadan qidirishlarini keyinroq tushunib yetdim.

…Koʻchadan hovliqib kelgan xotinim joʻramni shaharda koʻrib qolganini aytdi. Ishonmadim. Ammo rafiqam oʻzinikini maʻqullab turib oldi. Shunday ishdan chalgʻitishganidan koʻnglim ogʻrigan boʻlsa-da, noiloj kiyinib joʻramnikiga yoʻl oldim. Eshikni uning rangi siniq xotini ochdi. Koʻnglim bir nimani sezganday “shuv” etib ketdi. Ichkariga kirib boshini bogʻlab yotgan joʻramning rang-roʻyi­ga bir qarashdanoq nedir kulfat, baxtsizlik sodir boʻlganini ang­ladim. Piyoz yoʻlda irib, suv boʻlib oqib ketibdi… “Menga ishonmasangiz, shopirlardan soʻrang, barisining manziliyam, telefoniyam bor. Lekin oʻzimni ularga roʻbaroʻ qilmang. Hali yoʻl pulini berganim yoʻq, koʻrishsa meni tiriklay yeb qoʻyishadi, shuning uchun uyda biqinib oʻtiribman… Toʻrt “KamAZ”dagi piyozam oqdi, xuddi mening achchiq koʻz yoshimga oʻxshab oqdi”, – dedi joʻram shoʻrqillab.

Men tamom boʻldim…

5

Men tamom boʻldim.

Baxtsizlik nomard ovchiday panada poylab turarkan: oʻqi nishonga bir tegdimi, yovvoyi shavq bilan ogʻuli paykonlarini ketma-ket yoʻllayverarkan.

Shu paytgacha qanday chidab yurishgan ekan, hayronman, ammo birdaniga ikkita ukam zudlikda uylanadigan boʻlib qolishibdi. Qoʻshaloq toʻy, qarzlar… Bu yoqda alamdan kuyib, qorayib ketgan rafiqam koʻz ochirmaydi, meni boʻshangdan olib lattaga soladi, menga tekkizib-tekkizib yomon qargʻanadi, orada yigʻlab-siqtab oladi, soʻng xezlanib joʻramning manzilini aytishimni talab qiladi, “hay-hay” demasam, borib u bechoraniyam yulib keladiganday. Qayoqdan xabar top­gan, ertasigayoq dogʻuli qaynonam kirib keldi tuxumidan ayrilgan tovuqday hurpayib. Ona-bola mening bittayam soʻzimga ishonishmadi…

Peshonamga bitilgan eng shoʻr, eng qora kunlarim edi u kunlar…

Odam oʻzini oqlay-oqlay axiyri charcharkan. Ammo yashash kerak edi. Oʻsha laʻnati toʻrt ming rublni joyiga qoʻyish kerak edi. Ukalarimning toʻyiga tuzukroq toʻyona oborishim kerak edi. Eng ogʻiri – menga chirqirab yopishayotgan xotinim bilan qaynonamning asablarimni ayovsiz egovlayotgan, koʻzimga dunyoni qorongʻi qilib koʻrsatayotgan ovozlarini oʻchirishim kerak edi. Bir koʻngil: “Kostyumni yelkangga il-da, chiq-ket. Hammasiga tupur. Dunyo keng”, – dedi. Boshqa koʻngil: “Sen erkakmisan yo hajiqiz? Tugʻilajak zuryodingda nima ayb? Otalik masʻuliyati bormi senda oʻzi? Oʻzing tirik boʻla turib xotiningni yesir, bolangni sagʻir qilmoqchimisan?” – dedi. Axir, mana, ahvolimni koʻrib rafiqam chidab turolmadi: shu holida bir amallab bogʻchaga ishga kirdi shoʻrlik. Endi yuribdi bolalarning ishtonini yuvib. Roʻzgʻor uchun fidoyilik boʻlsa shunchalik boʻlar-da…

Men boshimni yanada quyiroq egdim…

Shundan soʻng nima boʻldi, nima qoʻydi – gʻira-shira eslayman. Goʻyoki shundan keyingi oʻtgan yillar ichida men yashamagandayman, oynavand qafas ichidagi olmaxon misoli tinim bilmay, oʻpkam boʻgʻzimga tiqilgancha harsillab chopaverganman-chopaverganman.

Yodimda qolgani shartta betimni sidirib tashlash-u, tanish-begonalar oldiga qarz soʻrab borish boʻldi. Nechtasining uyidan, ishxonasidan orqamdan oʻxshatib tepki yeganday muztar ahvolda chiqib keldim, sanab sanogʻiga yetolmayman. Men hatto, yo Rab, nigohlari hurkakkina laborantka qizimiz Munisaga ham yukinib bordim. Bilib-sezib turardim, bundan ortiq pastkashlik yoʻq edi, ammo… Rangi paxtaday oqarib ketgan, menga xavotirlanib qarab-qarab qoʻyayotgan Munisa ertasi kuniyoq ikki yuz rubl bilan tilla uzugini olib kelib berdi. Darvoqe, men keyinchalik bu qarzni qaytarolmadim: tez orada Munisa ishdan boʻshab boshqa joyga oʻtib ketdi. Aynan qayerga oʻtganini hech kim bilmadi, oʻzim surishtirib yurishga esa na fursat topdim, na hafsala qildim. Joʻramdan umid qilib turgandim hech boʻlmasa yarmini koʻtarar deb. Ammo u kutilmaganda boshqa joyga koʻchib ketib qoldi. Bir-ikki qidirdim, topolmadim. Oradan uch oylar oʻtib uni goʻyoki yap-yangi “Jiguli” mashinasini uchirib ketayotgan holda koʻrib qolgan rafiqam qildi janjal, qildi janjal. Qorni qappayib qolgan, bu qorinda oʻzingning pushti kamaringdan boʻlgan zuryodni koʻtarib yurgan ayolning ichki nafrat, irgʻanish toʻla taʻna-dashnomlarini eshitishdan ogʻirroq uqubat bormi bu dunyoda?! Bu azobga chiday olmagan asablarim darz ketdi, muzlagan idishga qaynoq suv quyilganday chatnadi: bir kechada sochim qorday oqardi, boshim ora-sira prujinkasi chiqib ketgan qoʻgʻirchoqning kallasiday qiltillaydigan boʻlib qoldi, hayajonlangan mahallarim duduqlanishdek bemaʻni qiliq paydo boʻldi. Vaholanki, men talabalarga maʻruza oʻqirdim. Mana oʻgʻirlangan qoʻlyozmayu uning asoratlari xususidagi afsona qachon paydo boʻlgandi! Eng yaqin doʻstim qoʻlyozmani oʻgʻirlarmish-da, darrov himoya ham qilib qoʻya qolarmish! Ilmiy kengash menga tasdiqlab bergan mavzuni-ya?..

Qolgan xotiralarim ayqash-uyqash. Men bu yillar ichida murvati burab qoʻyilgan, abadiy ishga moʻljallangan qoʻgʻirchoqday tinmay ishladim. Avval ikki joyda, keyin uch joyda. Ertalabdan portfelimni qoʻltiqlab maʻruza oʻqishga chopaman, tushdan keyin qurilishda, kechasi qorovulchilik; shanba-yakshanba kunlari mardikorlik… Ish, ish va yana ish. Pul, pul va yana pul tashvishi. Har safar biron qarzimdan qutularkanman, yelkamdan shafqatsizlarcha bosib turgan navbatdagi zalvorli yukdan qutulganday yengil tortardim, ozgina qoldi-ku, oʻshalar bilan ham hisob-kitobni tugatib olay, keyin yotib olib ilm bilan shugʻullanaman deb yupatardim oʻzimni oʻzim. Mavzu meniki, uni hech kim tortib ololmaydi, buning ustiga, u toʻqson toʻqqiz foizga bitgan. Puankare esa… shuncha yil kutgan, yana ozroq kutib tursa hech nima qilmaydi. Ulguraman. Albatta ulguraman. Axir atay oʻzimni orqaga tashlamayapman-ku. Hozircha majburman. Ammo oz qoldi, juda oz qoldi, yana bir zoʻr bersam boʻldi…

Bu orada “vatan”li ham boʻldik. Rafiqam orzu qilganidek, ikkinchi qavatda, faqat ikki xonali. Bir xona qarz boʻlib qoldim.

Bu orada, ming shukr, bir oʻgʻil, bir qizning otasi boʻldim.

Bu orada badqovoq qaynonam rahmatli boʻlib ketdi.

Bu orada Kembrijdagi Kley matematika instituti uchinchi ming yillik uchun matematikaning yetti eng muhim masalasi roʻyxatini eʻlon qildi. Har bir masalani yechgan kishiga bir million dollardan mukofot vaʻda qilindi. Puankare gipotezasi ham bu roʻyxatda bor edi…

Bu orada men bilan bir paytda ish boshlagan Saidov yigirma yetti yoshida fan nomzodi, oʻttiz yoshida fan doktori boʻldi. Men esa oltmish yoshimda hamon katta oʻqituvchi boʻlib, bir soʻzni toʻtiqushday ikki martadan takrorlab, talabalarga oʻzim savol berib, javobini ham oʻzim aytib yuribman… Darvoqe, yaqinda bir tanishimning nomzodlik ishi himoyasi sabab Saidov rahbarlik qilayotgan institutga bordim. Prezidiumda oʻtiribdi qilichday boʻlib. Poʻrim. Koʻzlar chaqnagan. Sira qarimaganday. Agar yonma-yon turib qolsak, bizni ota-bola deyishlari ehtimoldan xoli emas… Saidov men tomonga bir-ikki marta koʻz tashladi, ammo tanimadi, shekilli. Qayoqdanam tanisin? Indamay oʻrnimdan turib zaldan chiqib ketdim. Saidov mening iyigʻi chiqib ketgan portfelimga qarab qolganini his qildim. Balki, nimanidir eslaganday boʻlgandir…

Biroq oʻsha kuni mening boshimga tushgan shoʻrishlar shu bilangina tugab qolmadi. Institutning gilam toʻshalgan yoʻlagida ketarkanman, devordagi zarhal harflar bilan “Bizning faxrimiz” deb yozilgan doskaga koʻzim tushib qoldi. Institutning faxri boʻlgan olimlarga shunchaki koʻz tashlab oʻtayotib nogoh tok urganday joyimda qotib qoldim. Yanglishishim mumkin emas edi. Uchinchi qatorning boshida Munisa turardi. Hamon oʻshanday munisa, maʻsuma, oʻshanday tortinchoq, hurkak nigohli… Goʻyo yillar unga taʻsir qilmaganday. Dir-dir titrab, arang oʻqiy oldim: “Munisa Falonchiyeva. Fizika-matematika fanlari doktori. Falon-falon yillari Tennessi universitetida maʻruza oʻqigan…”

Institut binosidan qanday chiqdim, eslay olmayman…

Tabiatda boʻshliq boʻlmaydi. U albatta nima bilandir toʻldiriladi. Qanchalik tan olmaslikka urinmayin, qanchalik qarshilik koʻrsatmayin, jon-jahdim bilan inkor etmayin, biroq baribir tabiat qonunlari qoshida ojizligimni gʻira-shira boʻlsa-da idrok etib turardim: ong-shuur, tafakkurni birdaniga ikki tomonga yoʻnaltirib boʻlmaydi, ikki kemaga osilgan gʻarq boʻladi. Inchunin, yo ilm, yo moddiyat! Unisidan ellik, bunisidan ellik foiz olib yashab boʻlmaydi. Buning samarasi chala tugʻilgan bolaga oʻxshab qolishi haqiqatga yaqinroq. Inchunin, tirikchilik gʻuboriga toʻlgan miyani yarqiratib tozalab tashlamoq, uning yoʻnalishini oldingi oʻzanga qaytarmoq imkonimdan xorijdagi ish emasmi?..

Tan olay, bolalarimdan umid qilgandim. Har nechuk, olma oʻz daraxtidan uzoqqa tushmas. Biroq rafiqam tomonidan sarkash oʻjarlik va qatʻiyat aralash ishonch bilan yaratilgan “boʻshang, hech ishni eplolmaydigan, umri chaqa sanab oʻtayotgan, boshqalarga oʻxshab bunday yaxshi yashashni ham bilmaydigan” uquvsiz ota obrazi men bilan farzandlarim oʻrtasiga oʻtib boʻlmas xitoy devorini oʻrnatdi. Shunda ham ancha urinib koʻrdim. Ammo “iks”ning kubidan oddiy hosila ololmaydigan, logarifm bilan integralning farqini bilmaydigan bolalardan buyuk matematik chiqmasligini mendek uquvsiz katta oʻqituvchi ham bilib-tushunib turardi…

6

Baribir, inson umid bilan, umid daraxti soʻlganida esa ilinj niholi bilan tirik deyishadi.

Men har safar yangi oʻquv yilida yangi talabalarga maʻruza oʻqishni boshlarkanman, dars oxirida bitta savolni oʻrtaga tashlayman. Odatda, bu salgina murakkab soʻroq boʻladi. Yaʻni men bilishga urinaman: shu auditoriyada oʻtirgan qora koʻzlar orasida hech boʻlmasa bittagina favqulodda salohiyatlisi uchrab qolarmikan? Bu xatti-harakatim lakmus qogʻozini sinab koʻrishday gap, albatta: qani, auditoriyaning ishqorlilik, yaʻni ilm darajasi qanchalik? Koʻngil tub-tubida esa ilinj: zora, shunaqa iqtidor chiqib qolsa-yu… qolib ketgan ishimni, hech boʻlmasa, gipotezani yechishga urinib koʻrishni birgalikda davom ettirsak. Ehtimol, yoshlik gʻayrati va keksalik tajribasi qoʻshilgan joyda chinakam moʻjiza yuz berar. Axir qatiq toʻkilgani bilan kadida yuqi qoladi-ku.

Yaqinda, nihoyat, fursat topib qoʻlyozmalarimni diqqat bilan oʻqib chiqdim. Nimadir bordek, qalbni qoplagan kul orasida esa choʻgʻlar miltirab qolayotgandek…

Afsuski, sinovdan har safar hafsalam pir boʻlavergach oxiri bu benaf mashgʻulotni tugatsammikan degan oʻylarga ham bora boshladim.

Aniq esimda bor – men axir matematikman, raqamlar mening koʻzir qartam – yangi oʻquv yilining birinchi maʻruzasini ikkinchi kurs talabalariga oʻqidim. Hali aytganimday, matematikaning oʻz ohanrabosi bor-da. Dunyoning matematik asosdagi bu qadar izchilligi, aql bovar qilmas mukammalligi meni hamisha hayratga soladi. Balki, shu sabablidir, maʻruzam yakunlangan sayin titrab, hayajonga tusha boshlayman, ammo buning oqibatida duduqlanib qolishdan choʻchib, oʻzimni oʻzim nazorat qilib turishga ham urinaman. Oʻsha kuni ham maʻruzam xotimasida doskadagi formulalarga ishora qilarkanman, beixtiyor joʻshqinlik bilan:

– Agar Gausning manfiy chizigʻi yuzaning egarga oʻxshashligi bilan bogʻlangan boʻlsa, masala butunlay boshqacha tus oladi. Eʻtibor beringlar-a, butunlay boshqacha! Bu naqadar qiziqarli! – deb yubordim.

Oldingi partada oʻtirgan talaba yonidagi sherigining qulogʻiga shipshidi:

– Xuddi sigiri egiz tuqqanday quvonishini!

Aniq eshitgan boʻlsam-da, ayni damda bunaqangi luqmalarga eʻtibor berib oʻtiradigan ahvolda emasdim. Meni masalaning sinoati oʻziga maftun etib boʻlgandi:

– Bu yerda endi hatto Lobachevskiy nazariyasi ham yordam berolmay qoladi. Bu nima degani? Bu endi handasa ilmida yangi kashfiyotlar yaratila boshlandi de-degani…

Duduqlana boshladim. Bu yomon alomat edi. Sal oʻzimni bosib oldim-u, auditoriyaga qaradim. Ammo bironta chaqnagan, men bilan qoʻshilishib hayratga tushayotgan nigohni uchratmadim. Hushyor tortdim. Koʻnglim chopmay, hech narsaga ishonmay turgan boʻlsam-da, soatimga qarab qoʻngʻiroq chalinishiga uch daqiqa qolganini koʻrdim va doskadagi formulalarga ishora qildim:

– Mana endi lemma 2.1.1.ga eʻtibor qarating-a. Maʻlumki, Gauss egri chizigʻining bir qismi birlamchi ­kvadrat shakl koeffitsiyenti bilan aniqlanmaydi. Demak, biz “v”ni konstant deb olsak, unda lemma bir narsani ochiq-oydin nima qilyapti? Ha, koʻrsatyapti. Yaʻni yuzadagi “v” ­konstant boʻlsa, 0.1-formuladagi “D” oʻz-oʻzidan nimaga teng boʻlib qoladi? Xoʻsh?

Bu mening lakmus qogʻozim, yaʻni talabalarning ilm darajasini aniqlash yuzasidan berayotgan nazorat savolim edi. Odatdagiday, talabalar jim. Men qarasam, koʻzlarini olib qochganlari qancha!

Ajablanganimni yashirib oʻtirmadim:

– Axir bu shundaygina koʻrinib turibdi-ku. Bolalar, sal diqqat qilinglar. Menga emas, formulaga qaranglar-a, formulaga. Naqadar oson bu yechim. Ozgina mantiqiy fikrlash kerak, xolos. Axir biz hech qoʻrqmasdan, mana, “v = cons” deb belgilab qoʻydik. Xoʻsh, bu holda 0.1-formuladagi “D” oʻz-oʻzidan nimaga teng boʻlib qoladi?

Talabalar ogʻizlariga suv solib olganday yana miq etishmadi. Men xuddi shunday boʻlishini bilganday, qovogʻimni uygancha oʻzim sira foydalanmaydigan maʻruza matnimni qaytarib portfelimga sola boshladim. Shu payt oʻrtaroqda oʻtirgan bir talabaning qoʻl koʻtarganini koʻrib qoldim. “Boshlandi. Hozir butunlay boshqa mavzuda savol beradi, odamni mayna qilishga urinadi. Soʻtak!” degan oʻyda gʻijinibroq bosh irgʻadim:

– Xoʻsh?

Shunda yigitcha nima dedi deng:

– Agar “v”ni konstanta deb olsak, 0.1-formuladagi “D” nolga teng boʻladi.

Oʻz quloqlarimga ishonmadim. Yoʻq, “D” nolga teng boʻlishi toʻgʻri edi. Ammo buni bu bola qayoqdan bildi? Nahotki, taxmin qilgan boʻlsa?

– Oʻrtaga chiqib shuni koʻrsatib bersangiz, yigitcha.

Talaba doska yoniga keldi va bir yarim daqiqa ichida hammasini isbotlab tashladi. Men angrayib qoldim. Qoʻngʻiroq jiringladi. Mening ahvolimni koʻrgan talabalar joylarida jimgina oʻtirishardi. Arang soʻray oldim:

– Davom etolasizmi? Endi biz yuzada hosilasi nolga teng boʻladigan egri chiziqli koordinatlarni nima qilishimiz kerak?

Yigitcha ikkilanmay javob qaytardi:

– Aniqlashimiz kerak. Buning uchun biz 0.2-formulani keltirib oʻtamiz.

Talaba kerakli formulani doskaga yoza boshladi.

Xudo bor! Men izlaganimni topgan edim! Nihoyat! Umidim deyarli uzilib boʻlganida-ya!

Darsdan keyin talabani kafedraga chaqirdim. Gaplashib koʻrdim. Balo ekan. Tugʻma matematik!

Men qachondir bir umr yerga qarab nimanidir izlab yurgan odam tilla tanga topib olganida ishonmasdan topildigʻini tashlab yuborgan ekan deb eshitgandim. Shu ahvolga tushib qolmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan ish tutdim. Avvaliga “Matematika boʻyicha talabalar orasida oʻtkaziladigan olimpiadaga qatnashasiz” degan sababni roʻkach qilib uni kutubxonaga olib bordim va uch-toʻrtta kerakli adabiyotni olib berdim. Mana shu kitoblarni diqqat bilan oʻqib chiqish va uqishni tayinladim. Yigitcha odobli mullavachchadek bir ogʻiz “xoʻp boʻladi” dedi va kitoblarni olib ketdi.

Keyingi hafta talabani imtihon qilib koʻrdim. Nima ham derdim, bola men bergan asarlarni oʻzim talab qilganday ham oʻqib, ham uqib kelgandi. Quvonchdan shaytonlab qolishimga sal qoldi. Talabada men izlagan ilm ham, salohiyat ham bor edi.

Kafedrada oʻtgan uchinchi saboqdan keyin men gapni asta-sekinlik bilan oʻz maqsadim tomon burdim: bir asrdan beri yechimini topolmay kelayotgan Puankare gipotezasi haqida soʻzladim. Qiziqishi kuchaysin degan maqsadda oxiri dunyo matematiklari shu boshqotirmani yechgan olimga bir million dollar mukofot vaʻda qilishganini ham qistirib oʻtib ketdim.

Kutganimday, pul miqdorini eshitgan talabaning qosh­lari kerilib ketdi, koʻzlari chaqnadi. Men toʻgʻri yoʻldan borayotganimga ishonch hosil qildim. “Shu pul egasini kutib yotibdi. Ehtimol, u bizniki boʻlar”, – dedim.

Tabiiyki, talaba ishonqiramay bosh chayqadi:

– Shuncha olim turganda…

Oʻzimam shu javobni kutgandim. Darrov tayyorlab kelgan gaplarimni toʻkib soldim:

– Boshqa olimlar ham xuddi shunday oʻylashadi. Bu, aslida, oʻzi yoʻq voqelikning quruq vahimasi, sharpadan qoʻrqish, arqonga osib qoʻyilgan, shamolda hilpirayotgan koʻylak ichida birov bor deb choʻchish. Shuning uchun hech kim bu gipotezani yechishga astoydil kirishmayapti. Ochigʻi, yigitcha, men bu sohada u-bu ish qilib qoʻyganman.

Talaba yana menga ishonqiramay qaradi:

– Siz-a? – soʻng savolining oʻrinsiz ekanligini oʻzi ham payqadi, shekilli, duv qizarib ketdi. – Kechirasiz.

– Hechqisi yoʻq, – dedim darhol. Soʻng gapni hazilga burdim. – Nima, meni osmondan mana shunday, katta oʻqituvchi holida portfelini qoʻltiqlagancha toʻgʻri auditoriyaga tushib maʻruza oʻqishni boshlab yuborgan deb oʻylaysizmi? Men ham yosh boʻlganman, oʻzimga yarasha orzularim boʻlgan.

Har qancha yashirishga urinsa-da, yigitcha baribir gaplarimga unchalik ishonmayotganligi sezilib turardi. Toʻgʻri-da, Puankare qayoqda-yu, qarshisida gʻijim kostyum-shimda, iyigʻi chiqib ketgan galstukda oʻtirgan manavi qorindor, sochi toʻkilgan, buning ustiga, salga boshi qaltirab, oʻzi duduqlanib qoladigan, yana bir paytlar yosh boʻlganligini daʻvo qilayotgan domla qayoqda?!

Men portfelimdan qoʻlyozmalarimni oldim. Avval gipoteza xususida uzoq maʻruza oʻqidim. Hech qanaqangi gap boʻlishi mumkin emas, talaba oʻta zehnli, oʻta farosatli, analitik fikrlashga moyil edi. U aytmoqchi boʻlayotgan fikr­larimni juda tez ilgʻab olar, baʻzan duduqlanib qolgan kezlarim hatto koʻmaklashib ham yuborardi. Shunday boʻlsa-da, uchinchi soat oxiriga boribgina yigitcha mening niyatimni bir qadar ravshanroq tushuna boshladi.

Menga shuning oʻzi yetarli edi. Bizning fanda kalavaning uchini topib olsangiz bas, qolgani oʻz-oʻzidan chiqib kelaveradi, oddiy mantiq shuni talab qiladi. Yigitchaning ham mavzuga qiziqib qolganligi joyida tinch oʻtirolmay qolganligidan, lablari qattiq qimtilganidan sezilib turardi.

Ertasi kuni yana uchrashishga kelishib xayrlashdik.

Men masrur edim. Shu qadar masrur edimki, keyingi yillar ichida birinchi marta “progul” qilib ikkinchi ish joyimga bormadim. Uchinchisiga ham. Xotinimning ­“…ni­ma qilaman? …qanday yashayman?“ qabilidagi iztirobli nolishlarini eshitmaslik uchun quloqlarimga paxta tiqdim-u, xonamda kitob oʻqib yotaverdim.

Men yana ilmga qaytmoqda edim. Tirikchilik tashvishlariga oʻttiz yillik umrimni qurbon qildim, yetar axir. Men ham insonman. Oʻzim uchun ozgina yashay, oʻzimning yoshlik orzu-niyatlarim uchun ozginagina ishlay. Armon bilan oʻtib ketmay bu dunyodan! Koʻzim ochiq ketmasin. Uch joyda emas, sakkiz joyda ishlagan taqdirimda ham bu roʻzgʻor atalmish kundalik gʻorning ehtiyojlarini qondirib boʻlmas ekan-ku. Mana, uyimiz besh xonali, ammo bizga endi hovli kerak. Oʻgʻil boʻy yetib turibdi, uni uylantirish kerak. Kollejni bitirayotgan qizimizga ham sovchilar kelayotganmishmiyey. Demak, tayyorgarlik koʻrib qoʻyish kerak. Axir bir yutum havo ham oʻtmaydigan darajada zich muammolar halqasi borligʻimni oʻrab-chirmab olganiga necha zamonlar boʻldi. Chiqay hech boʻlmasa ozginagina muddat erkinlikka, parchalay kishanlarni! Menga bir yutum havo beringlar axir, bir yutumgina! Keyin mayli…

Dilimning qay qorongʻi, hammaning, hatto oʻzimning ham nigohimdan pinhon puchmoqlarida bir telbavor oʻy kezardiki, mabodo Xudo, “Ol, qulim”, – desa-yu, talaba ikkalamiz gipotezani yechsak, men… men mukofot pulidan voz kechaman. Mayli, talaba olsin, unga kerakdir. Ammo men oʻzimga tegish­li besh yuz ming dollardan voz kechaman. Toʻlaligicha! Illo… illo, men bir asrdan beri jumboq boʻlib kelayotgan gipotezani isbotlab kashfiyotga erishgan mahalim his qilgan shodligim, baxtimni yarim million dollardan qimmat deb hisoblagan boʻlardim. Tushuntirib berolmadimmi? Buni tushunish uchun odam haqiqiy matematik boʻlishi kerak. Toʻgʻri, puldan voz kechganimni eshitgan xotinim meni tiriklay gʻajiydi, bolalarim nafrat bilan qarashadi, tanish-bilish­larim telbaga chiqarishadi. Ammo men baribir shunday yoʻl tutaman. Nazarimda, talaba ham shunday qiladiganday. Axir uning tomirlarida asl matematikning qoni oqmoqda…

Tuni bilan qoʻlyozmalarimni titib chiqdim. Men yana hov oʻshal davrdagi gʻalaba isini tuya boshlagan tadqiqotchiga aylanib bormoqdaydim…

Ertasi kuni universitetga xuddi bayramga borayotganday koʻtarinki kayfiyatda, uchta noyob kitobni portfelimga solgan koʻyi gʻoʻdayib yoʻl oldim.

Yigitcha kelishilgan paytda kafedraga kirib keldi. Buyam meni xursand qildi: aniqlik – matematikning birinchi fazilati. Mana shu kayfiyat taʻsirida boʻlsa kerak, talabani maqtab qoʻyishdan oʻzimni tiyib turolmadim:

– Yigitcha. Nigohingiz oʻtkir, shuuringiz tiniq. Ochigʻini aytaman, shuncha yil dars berib bu gipoteza mohiyatini tushungan, uni yechishga jazm qilgan talabani nima qilmagandim? Uchratmagandim. Toʻgʻri, bu gipoteza yechimini topishga ancha vaqtimizni nima qilamiz? Toʻppa-toʻgʻri, sarflaymiz. Lekin ishonavering, bu arziydigan ish boʻladi. Nafaqat arziydigan, balki fan olamida katta shov-shuv yasaydigan ish boʻladi. Yechimni topolsak, butun Oʻzbekiston matematiklari bizga nima qiladi? Ha, havas qiladi. Men nima deyapman? Nafaqat yurtimiz, hattoki dunyoning manaman degan olimlariyam…

Joʻshib gapirayotgan mahalim qarasam, talabaning shashti pastroq. Oʻziyam jurʻatsizlik bilan:

– Domla, – deb qoʻydi.

Odam baʻzan kelayotgan xavfni oldindan sezadi deyishadi. Yuragim uvishib, sergak tortdim, yigitchaga dalda berishga urindim:

– Choʻchiyapsizmi? Aslo choʻchimang. Yoshsiz, gʻayratingiz, kuchingiz, bilimingiz bor. Bu ish ikkalamizning qoʻlimizdan nima qiladi? Keladi. Albatta keladi.

Mana shunda… mana shunda talaba choʻntagidan zarhal taklifnoma olib uzatdi va:

– Shunaqa boʻp qoldi, ustoz, – dedi bir ogʻiz. – Oilada toʻngʻich oʻgʻilman…

Bu ikki kundan keyin boʻladigan toʻyga taklifnoma edi. Boʻshashib qoldim. Tilak bildirgan boʻldim:

– Tabriklayman. Vaqt arifmetik progressiyada oʻsgani sayin baxtingiz geometrik progressiyada koʻpaya borsin.

Kayfiyatim tushib ketganini sezdi, shekilli, yigitcha nimagadir shosha-pisha oʻzini oqlay boshladi:

– Lekin bu gipoteza bilan, ustoz, albatta shugʻullanaman. Toʻy oʻtib olsin.

Parishon ahvolda uning gapini maʻqulladim:

– Albatta, albatta. Avval toʻy oʻtib olsin.

Bunga sayin talaba meni ishontirishga zoʻr berardi:

– Toʻydan keyin xotirjam boʻlib olib bemalol ilm bilan shugʻullanaveraman. Mana koʻrasiz. Tushuning, ustoz…

Nima derdim?

– Albatta. Albatta, tushunaman, – dedim.

Yigitcha yana oʻzini oqladi:

– Ochigʻi, tez toʻy qilmasak, baxtimdan ajralib qolaman.

Xayolim boshqa yoqqa ketgandi. Ammo navbatchi jumlalarni bir amallab tilga oldim:

– Albatta, albatta. Shaxsiy baxt muhim.

Yana qisir vaʻda yangradi:

– Toʻydan keyinoq ilmga astoydil kirishaman…

Kuyov yigitning boʻyniga hech qachon amalga oshmaydigan majburiyatni yuklab qoʻyishdan oʻzimni tiydim:

– Albatta. Faqat hech boʻlmasa kichik chillangiz oʻtib olsin-da, yigitcha.

Talaba jonlanib qoldi:

– Soʻrab bilib oldim. Kichik chilla yigirma kunda tugarkan. Oʻshangacha uyda boʻlishim kerak ekan. Lekin ana undan keyin koʻrasiz, ustoz, astoydil kirishaman. Oʻzi juda qiziq gipoteza ekan.

Beixtiyor tan oldim:

– Qiziq ham gapmi, hikmatning koni.

Talaba toʻyga yana bir bor taklif qilishni unutmadi:

– Albatta keling, domla. Kutamiz. Kichik chilla oʻtib olsin, keyin yeng shimarib olib ishga kirashamiz. Ungacha gipoteza kutib turadi.

Beixtiyor talabaga “yalt” etib qaradim. U begʻubor koʻzlarini menga tikib turardi. Aftidan, aytayotgan gaplari rostligiga oʻzi ishonardi. Bu safar koʻnglimdagini aytmaslikning ilojini qilolmadim:

– Tarixning takrorlanishini qarang. Har qalay, taraqqiyot spiralsimon shaklda ekanligi rost, shekilli. Bilasizmi, baribir taraqqiyot bor. Xuddi shu gaplarni men oʻttiz yil burun toʻyim oldidan oʻzim oʻzimga aytgandim, oʻzim oʻzimni ishontirgandim. Siz boʻlsa menga ovoz chiqarib aytyapsiz. Oʻshanda menam Puankare kutib turadi degandim. Puankare kutib turdi, albatta, rosa kutdi, sabr-toqat bilan oʻttiz yil kutdi. Lekin men…

Qarasam, bola bechoraning koʻzlari alang-jalang boʻlyapti. Darrov oʻzimni tutib oldim, ovozimdagi titroqni ham yashirishga muvaffaq boʻldim:

– Baxtli boʻling. Toʻyingizga esa, oldindan ochiq aytib qoʻyay, borolmayman. Buning uchun uzr. Ochigʻi, bugun sizga yana uchta kitob berib turmoqchiydim. Oʻqishga va uqishga. Lekin toʻy tashvishlari bilan ekansiz. Albatta, yoqimli tashvishlar. Shuning uchun – men portfelimdan oʻtgan kuni ikkinchi ish joyimdan olgan maoshimni chiqardim – hozircha kitoblarni qoʻyib turaylik-da… Bu sizga. Oz boʻlsayam koʻp oʻrnida nima qilasiz? Koʻrasiz. Toʻyona deganday.

Xursand boʻlib ketgan yigitcha pulni hatto nomiga boʻlsa ham bir marta qaytarib berishga urinmaganidan sezdimki, bu borada muammolari yetarli. Bir kunlik shogirdim qayta-qayta rahmat aytgan koʻyi chiqib ketdi. Dilimda yomon bir ogʻriq qoldi: nazarimda, pulni koʻrib minnatdorchilik bildirayotgan payti yigitcha boshini sal pastga eggandek boʻldi. Yana kim biladi deysiz. Balki, menga shunday tuyulgandir. Oʻzidan hadigi bor birovga shubhalanib qarashi rost-da.

Men joyimga behol oʻtirib qoldim. Oʻtirdim, oʻtirdim. Nogahon… hoʻngrab yigʻlab yubordim va koʻz yoshim aralash Yaratganga iltijo qilaverdim, qilaverdim:

– Xudoyim! Meni oʻttiz yil orqaga qaytar, Xudoyim… Xudoyim, meni oʻttiz yil orqaga qaytar…

7

Menda nimadir oʻzgarish yuz bergan edi.

Rafiqamning shuncha tavallolari, yigʻi-sigʻi­la­riga, hattoki “Shu yurishingiz boʻlsa, bir oydan keyin och qolamiz! Unda toʻyni bitimizni sotib oʻtkazamizmi?” qa­bilidagi vahimalariga qaramasdan qolgan ikki ish joyimga “adashgan xodimning qaytishi” qiyofasida bosh egib bormadim: oʻzimni kasalga soldim va koʻrpa-toʻshak qi­lib yotib oldim.

Men… men uydagilardan yashirinib ishlardim. Koʻnglim nimanidir sezardi: gipoteza yechimi yaqinday, juda yaqinday. Men bu sirli qasrga olib kiradigan darvoza yonida bir shoda kalit koʻtarib turardim goʻyo. Endi qulfga mos kalitni topib olsam bas edi. Men yana bir narsani sezardim: menga yosh aql, tiyrak tafakkurli birgina yordamchi kerak edi. Albatta, “kichik chilla… katta chilla” deb yurgan talabadan hozir, balki, keyin ham umid yoʻq hisobi. Ehtimollar nazariyasiga koʻra, qoʻlimdagi kalitlarning hammasida ham qulfni ochish imkoniyati mavjud. Ammo bunga juda koʻp fursat ketardi. Menda esa bu fursatning oʻzi yoʻq. Oradan bir hafta oʻtar, koʻpi bilan oʻn kun oʻtar, soʻng men toʻshagimdan turish va boshimni yanada quyiroq egib qoʻshimcha yumush izlashga tushishga majbur edim. Busiz mumkin emas. Busiz boʻlmaydi. Shusiz ham vahima morlari miyasini yeb boʻlgan, boʻlgʻusi toʻy xarajatlaridan boshqa narsa koʻziga koʻrinmayotgan rafiqam bundan ortigʻiga dosh berolmaydi.

Hash-pash deguncha oʻn kun oʻtdi-ketdi. Men hamon eshik yonida, kalitlarni bir-bir qulfga solib koʻrardim goʻyo. Menga vaqt kerak edi. Hech boʻlmasa yana oʻn kungina. Hech boʻlmasa yana bir haftagina. Ammo bu vaqtni qaydan olaman?..

Ishga chiqdim. Universitetda omonat edim. Yoshim oltmishga borib qoldi. Tez orada pensiyaga chiqaman. Ilmiy unvonim esa yoʻq. Demak, avval yarim shtatga tushirishadi, keyin yumshoqlik bilan “oʻz xohishimga koʻra” ishdan boʻshashni taklif etishadi. Rozi boʻlsam, ehtimol, “uzoq yillik samarali mehnatim uchun” faxriy yorliq bilan taqdirlashib, zar chopon ham kiydirishar…

Qoʻshimcha ish ham topdim. Uyga yarim kechasi, har qancha horib-charchab qaytsam-da, jilla qursa, bir-ikki soat gipoteza bilan shugʻullanishga oʻzimda kuch topishga harakat qilardim. Ammo bu oson emasdi. E voh, men endi yosh emasdim, qudratli vaqt oʻz taʻsirini oʻtkazmoqda edi. Koʻpincha qoʻlyozmalarimga bosh qoʻygancha uxlab qolardim-u, ertalab umr yoʻldoshimning umidsiz xasta misoli vahimaga toʻla zorillashidan seskanib uygʻonib ketardim: “… nima qilaman? …qanday yashayman?”

Ayyorlik qilmoqchi boʻldim: xotinimga yoʻllanma olib biron dam olish uyida hordiq chiqarib kelishni taklif etdim. Koʻpi bilan oʻn ikki kunga. Ham sogʻliqqa foydali, buning ustiga, shuncha yil yashab biron marta sayr-sayohatga chiqmading, chet elga bormading, hatto shundoqqina biqinimizdagi Chorvoq dengiziga ham bir marta qadam ranjida qilmading-a… Rafiqam menga avval ajablanib-shubhalanib, soʻng baayni dovdir odamga qaraganday masxaralab qaradi va aytdiki… Xullas, agar sal yumshoqroq iboralarda ifodalaydigan boʻlsak, shu paytgacha dam olmagan fidoyi xotinim bundan keyin ham dam olishni xayoliga keltirmas ekan, chunki uning uchun – mendek tepsa tebranmas, loqayd, dangasa erdan farqli ravishda – bolalarning baxti toʻkis boʻlishi muhim ekan, bu toʻkislik esa el qatori oʻtkazilgan toʻyda namoyon boʻlarkan, shu sababli har bir soʻm hisobda boʻlgan shu kunlarda ikkinchi marta bunday taklif bilan chiqishga jurʻat etmasligim, undan koʻra koʻproq pul topishni oʻylashim kerak ekan, zero, oila aʻzolarini taʻminlab qoʻyish, bolalarning toʻyini oʻtkazib berish erning birinchi vazifasi ekan va hokazo, va hokazo (ha, bu xotin dam olish-pam olishga bormaydi, mabodo sanatoriya-panatoriyaga oborib bogʻlab qoʻyib qaytsam, arqonlarni tishlab-uzib, uzolmagan taqdirda esa hakkalab boʻlsa ham mendan burun uyga yetib keladi). Keyin esa yana eski plastinka aylana boshladi: “Agar sizga men tegmaganimda yo oʻzingizga oʻxshagan dovdir xotin yoʻliqib qolganida, ana oʻshanda koʻrardingiz nima boʻlishini! Haliyam rahmat deng, men shu oilani bir amallab eplab turibman. Agar boshqa xotin boʻlganidami… agar boshqa xotin boʻlganidami…”

Yuragim simillab ogʻrib ketdi: darhaqiqat, boshqa xotin boʻlganida nima boʻlardi? Aytaylik… Yoʻq, yoʻq… Men bu oʻyni haydab solishga shoshdim… Balodan nari…

Hayot shu zaylda davom etardi. Men tegib-qochib hamon gipoteza isboti ustida ishlardim. Ish tizimga qoʻyilmaganidan keyin odam chalgʻirkan. Ustiga-ustak, allaqachon katta chilla muddati tugaganiga qaramasdan, ziyrak talabadan darak yoʻq edi. Guruh rahbaridan surishtirdim: kuyovtoʻra allaqanday bosh-oxiri yoʻq marosimlaru tadbirlardan boʻshamayapti ekan. Ammo vaqt topgandan chopib kelishga vaʻda berib yuboripti. Shunday boʻlishini bilib turgan boʻlsam-da, behad charchaganim sabablimi, oʻzimni bosib turolmay baribir jahlim chiqdi, qattiqroq gapirib ham yubordim: “Vaʻdasini bir joyiga bossin…” Gap nimadaligini tushunmay turgan boʻlsa-da, tili zahargina rahbar ham qarz boʻlib qolmadi, meni oʻxshatib tuzladi: “Alam qilsa, orqangizga qalampir qoʻying…”

Shunday kunlarning birida…

Shunday kunlarning birida… internetga qaradim-u… koʻzlarimga ishonmadim… dardi dunyoyim qorongʻi boʻlib ketdi. Sankt-Peterburg shahrida yashaydigan, institutda katta ilmiy xodim boʻlib ishlayotgan 41 yoshli Grigoriy Perelman degan matematik Puankarening gipotezasini toʻla-toʻkis nima qilibdi? Ha, isbotlab beribdi-qoʻ­yibdi… “Science” jurnali Puankare teoremasi isbotini “yil kashfiyoti” deb eʻlon qilibdi. Oʻzimizning Silviya – Zulfiya Nazar isbot muallifini koʻklarga koʻtargan maqolasini chop etishgayam ulguribdi. Perelman bizning sohada nufuziga koʻra Nobel mukofotiga teng hisoblanadigan xalqaro “Filds” medali bilan taqdirlanibdi…

Shoirlar aldaydilar. Nima emish, qandaydir bir mavzuni yozmoqchi boʻlib yursang-u, uni sendan oldin kimdir qogʻozga tushirib qoʻysa, bundan xursand boʻlishing kerak ekan. Bekor gap! Ehtimol, adabiyotda shundaydir, ammo aniq fanlarda emas. Men unaqangi bagʻrikeng odam ham emasman. Men ichiqora odamman. Xudo shohid, bu olamshumul yangilikni oʻqiganimda butun vujudimni hasad va alam fasodi toʻldirdi. Men oʻzimni tishlab tashlaguday ahvolga tushdim: “Nega u? Nega u? Nega men emas?..”

Hayot men uchun oʻz maʻnosini yoʻqotdi.

Ammo bu hali holvasi ekan. Tez orada saytda Perelmanning gipoteza yechimi ifodalangan maqolalarini eʻlon qilishdi. E Xudo, bu nima degan gap? Menga yana qanday jazo­ying bor? Qachongacha ustimdan kulasan? Axir… axir bu toʻqson toʻqqiz butunu yuzdan toʻqson toʻqqiz foiz mening yechimim-ku!!! Axir men toʻgʻri yoʻldan borgan ekanman-ku. Soʻng­gi nol butun yuzdan bir foiz ish qolgan ekan-ku! Bir oygina, yoʻq, yoʻq, koʻpi bilan bir haftagina qimirlamay oʻtirib ilm qilganimdami, gipotezani oʻzim isbotlagan boʻlardim. Agar zukko talaba ham yonimga qoʻshilganida, ehtimol, birgalashib bu ishni yanada tezroq nihoyasiga yetkazardik… Axir ozgina qolgan ekan-ku… Ozginagina qolgan ekan-ku…

Menga koʻrsatgan shuncha jabring kammidi, Yaratganim? Nega meni shunday imkoniyatdan mahrum etding? Nega ogʻzimdagi oshimni oldirishimga yoʻl qoʻyding?.. Nega? Nega axir? Garchand bilaman, bu sening aybing emas, biroq nima qilay, oʻzim oʻzimni ayblaymi? Oʻzim oʻzimni jazolaymi? Bu bilishim menga azob-iztirobdan oʻzga nima olib keladi, nima?..

Xudoyim! Meni oʻttiz yil orqaga qaytar, Xudoyim… Xudoyim, meni oʻttiz yil orqaga qaytar…

8

Qoʻlyozma shu yerda tugagandi.

Talaba bir dasta qogʻozni stol ustiga qoʻydi, qarshisida oʻziga diqqat bilan tikilib turgan shifokorga qarab taraddudlandi, noilojligini bildirayotganday yelka qisib qoʻydi:

– Ochigʻi, aniq bir narsa deyolmayman.

Shifokor bosh irgʻadi:

– Tushunaman, tushunaman.

Talaba ehtiyotkorlik bilan soʻradi:

– Oʻzi… oʻzi yaxshimi?

Shifokor achinganini bildirayotganday xoʻrsinib qoʻydi:

– Bir soqolli odamning rasmiga qaragani-qaragan.

Talaba sumkasidan bir surat olib koʻrsatdi:

– Shumi?

Shifokor bosh irgʻab tasdiqladi:

– Xuddi oʻzi.

Talaba izoh berdi:

– Bu oʻsha Grigoriy Perelman. Puankare gipotezasini isbotlab bergan.

Shifokor jonlanib qoldi:

– Eshitgandim. Aytganday, uning oʻziga beriladigan million dollar mukofotdan voz kechgani rostmi?

– Rost.

Shifokor koʻrsatkich barmogʻini chakkasiga olib borib aylantirdi:

– Bizning mijoz ekan-da.

Talaba bezovtalandi:

– Yoʻgʻ-e. Toʻgʻri, u torgina ikki xonali uyda, onasi bilan kambagʻalgina yashaydi. Bitta maoshga. Lekin…

Shifokor ishonch bilan barmoq silkidi:

– Toʻppa-toʻgʻri. U bizning mijoz. Axir bu zamonda qaysi sogʻ odam million dollardan voz kechadi? Shizofreniyaning shunaqa formasi. Unga maniya velichiya qoʻshilgan boʻlishi mumkin, – soʻng ichkariga ishora qildi. – Xuddi ustozingiz kabi.

Talaba nimagadir tobora oʻngʻaysizlanib borardi.

– Yoʻgʻ-e.

– Bunaqalarni koʻraverib koʻzim pishib ketgan, uka, menga ishonavering. Tashxisimga kallam bilan javob beraman.

– Lekin Perelman dunyodagi tirik daholar roʻyxatining toʻqqizinchi qatorida turibdi-da!

Shifokor hayron boʻldi:

– Toʻqqizinchi? Nega birinchi emas?

– Bilmadim.

– Umuman olganda, bu ham mening tashxisimni tasdiqlayapti. Chunki daholik bilan telbalikning orasi bir qadam, bularning orasida chittakka oʻxshab u shoxdan bu shoxga sak­rab yurganlari qancha!.. Aytganday, men baribir tushunmadim, oʻsha telba nega bir milliondan voz kechganligining sababini bunday odamga oʻxshab aytganmi?

– Aytgan. “Men endi koinotni boshqarishni bilaman, shu holimda million dollarning orqasidan chopib yuramanmi?!” – degan.

Shifokor ishonch bilan bosh irgʻadi:

– Super shizik.

Talaba shoshayotganini bildirmoqchiday bir qoʻzgʻalib qoʻydi.

Shifokor qogʻozlarga ishora qildi:

– Bularni nima qilamiz?

Talaba ikkilanib qoldi:

– Bilmasam.

Shifokor qogʻoz taxlaminining bir chekkasini ruchkasining uchida koʻtarib koʻrdi.

– Biron joyga ishlatib yuboraylik desak, qogʻozi qattiq. Buning ustiga, orqasiga ham bir balolar ruchkada yozib-chizib tashlangan ekan.

Talaba eng yuqorida turgan qogʻozni olib orqasiga qaradi:

– Ha, bu oʻsha, domlaning Puankare gipotezasi isboti boʻyicha qilgan ishlari.

Shifokor taʻkidlab soʻradi:

– Endi bular biron ahamiyatga egami?

Javob qisqa boʻldi:

– Yoʻq.

Shifokor pixillab kuldi:

– Tushunaman, tushunaman. Poyezd ketib boʻlgan deng… Toʻydan keyin xinani qayerga qoʻyish kerakligini esa muhtaram ustozingiz juda yaxshi biladi, juda yaxshi. Toʻgʻrirogʻi, bilardi… Xoʻp, kelishdik, bu qoʻlyozmani tanish bir makulaturachiga topshirib yuboramiz. Har qalay, jamiyatga ozroq boʻlsa ham foydasi tegadi-ku. Hi-hi-hi. Tualet qogʻozi sifatida boʻlsa ham.

Talaba qizarinqirab yerga qaradi.

Shifokor ishchan ohangga oʻtdi:

– Xoʻsh, uchrashasizmi ustozingiz bilan?

Talaba ikkilanib qoldi:

– Toʻgʻrisi, sal shoshib turgandim. Keliningizning…

Shifokor koʻrsatkich barmogʻini koʻtarib yigitchani gapdan toʻxtatdi:

– Buning menga ahamiyati yoʻq. Aytganday, qovunning yaxshisi kimga nasib qilishini eshitgan chiqarsiz? Ustozingiz ham xotinga yolchigan ekan lekin. Shukr qili-ib, boriga qanoat qili-ib yashayvermaydimi?! Bechora ayol koʻzidan yoshi daryoday oqib har kuni ikki marta xabar olib ketyapti. Tushgacha bir marta, tushdan keyin bir marta. Sadoqatni qarang! Ammo ustozingiz sizni soʻragani-soʻragan. Aytishiga qaraganda… – u yana pixillab kulib yubordi, – aytishiga qaraganda, olamshumul kashfiyot arafasida emish. Bu masalada unga faqat siz yordam bera olarmishsiz. Oʻziyam sizni naq yigirma marta soʻradi.

Talaba soatiga koʻz tashlab qoʻydi:

– Mayli, oʻn daqiqacha vaqtim bor.

– Xavfsizlik masalasi yuzasidan xavotirlanayotgan boʻlsangiz sira tashvishga tushmang. Bu borada hamma chora-tadbirlar oldindan hisobga olib qoʻyilgan.

9

Shifokor bejiz xavfsizlik masalasiga alohida eʻtibor qaratmagan ekan. Bemor uchrashuv xonasiga bir emas, ikki baquvvat sanitar hamrohligida kirib keldi. Ammo domlani bu sira tashvishlantirmayotganga oʻxshardi. U shogirdini koʻrgan zahoti yashnab ketdi, koʻkragiga bosib olgan, iyigʻi chiqib ketgan portfelidan mayda harflarda nimalardir yozilgan bir varaq qogʻoz chiqargancha entikib-hovliqib gapira ketdi:

– Yigitcha. Siz hozir orzu qilish yoshidasiz. Sizda matematikaga isteʻdod bor. Shu isteʻdodning soʻnib qolishiga nima qilmang? Ha, yoʻl qoʻymang. Agar ilm qilaman desangiz, qoʻlimdan kelgancha koʻmaklashaman, keyin matematika institutiga olib boraman, u yerda zoʻr-zoʻr kallalar bor.

– Domla…

– Lekin sizga aytmoqchi boʻlgan asosiy gapim bu emas. Asosiy gapim shuki… – domla qoʻlidagi qogʻozni yalov misoli baland koʻtarib unga ishora qilgan koʻyi joʻshqin ohangda xitob qildi. – Biz birgalikda mana buni yechamiz! Bu gipoteza Perelmanning tushiga ham nima qilmagan? Kirmagan. Bu sizga Puankare emas! Bu butunlay boshqa masala. Buni Sharq deb qoʻyibdilar…

Talaba jurʻatsizroq tarzda eʻtiroz bildirishga urindi:

– Domla…

Ammo koʻzlari ilohiy ilhomdan chaqnayotgan, yonoqlari lovullayotgan, vujudi dir-dir titrayotgan domla uni gapirgani qoʻymadi:

– Ishonavering, bu fan olamida katta shov-shuv yasaydigan ish boʻladi. Yechimni topsak, kerak boʻlsa, Perelmanning oʻzi bizga nima qiladi? Ha, havas qiladi. Men nima deyapman? Perelman kim boʻlibdi, hattoki…

Soatiga zimdan koʻz tashlab olgan yigitcha battar toqatsizlandi va bu gal sal keskinroq ohangda gapirib yubordi:

– Domla, uzr, lekin men sal shoshib turgandim. Tashqarida keliningiz kutib turibdi. Biz u bilan…

Domla ustidan sovuq suv quyilgandek birdan hovuridan tushib, sergak tortdi, soʻng qoʻlidagi qogʻozni uzatarkan, shogirdiga qandaydir choʻchibroq, ehtiyotkorlik bilan murojaat qildi:

– Bu dastlabki bosqichning natijalari, yigitcha. Kerakli adabiyotlarni yozib qoʻyganman. Ularni topib kelsangiz, bemalol ikkinchi bosqichni boshlab yuboraveramiz.

Talaba shoshib oʻrnidan tura boshladi:

– Xoʻp, xoʻp.

Domla nogahon shogirdi tomon engashdi, shoshib, birov eshitib qolishini istamagandek qizgʻinlik bilan shivirladi:

– Hammasi, hammasi oʻzimizga bogʻliq. Bahona qidirmang, sababni mahkam ushlang, orzuga intilishdan choʻchimang. Matematika va faqat matematika. Boshqa hammasi bekor…

Tashqaridan qaraganda bemor qaytib joyiga oʻtirib qolgan talaba ustiga yotib olayotganday edi. Har qalay, nafaqat yigitcha, balki qoʻllarini chalkashtirib turgan hushyor sanitarlar ham shunday gumonga borishdi, shekilli, birdan bemorga yopishishdi va uni osonlik bilan koʻtarib olishgancha ichkariga sudrab keta boshlashdi. Bir amallab qoʻlidagi qogʻozni vahimadan afti qiyshayib ketgan talaba tomon otishga ulgurgan, soʻng, bu manzarani koʻrmaslik uchunmi, nigohini oppoq shiftga tikkan domla quyilib kelayotgan koʻz yoshlari aralash yurakni oʻrtab yuboradigan darajada iztirob bilan iltijo qildi:

– Xudoyim! Meni oʻttiz yil orqaga qaytar, Xudoyim… Xudoyim, meni oʻttiz yil orqaga qaytar…

Talaba ust-boshini qoqqan boʻlib oʻrnidan turdi. Ogʻir uf tortib soatiga qararkan, seskanib ketdi. U rostdan ham kechikayotgan edi. Ildam yurib eshik yoniga borgan yigitcha nogoh toʻxtab ortiga oʻgirildi. Domla qoldirgan, chumoli izidek mayda harflarda turli formulalar yozilgan, grafik-diagrammalar chizilgan qogʻoz yerda yotardi. Oniy soniya davom etgan mulohazadan soʻng talaba yoʻlidan qolmaslikka qaror qildi va uchrashuv xonasidan chiqdi-ketdi.

Uzun yoʻlak oxiridagi qalin eshik taraqlab ochildi, bemorni ichkariga olib kirib ketishdi. Domlaning iztirobli nidosi kimsasiz uchrashuv xonasidan tobora uzoqlashaverdi:

– Xudoyim, meni oʻttiz yil orqaga qaytar… qaytar, Xudoyim…

Axiyri sas oʻchdi…

Muallifning soʻngsoʻzi:

PUANKARE

yoxud anglashga urinish iztiroblari

…Bu dunyoda har kimning oʻz Puankaresi bor. Har kim umri davomida uning gipotezasini yechishga urinadi. Garchand bu oson emas. Shu bois yechimni topishga kirishmasdan burun hafsalasi pir boʻlganlar, boshlashga boshlab qoʻyib, soʻng aro yoʻlda ortga qaytganlar, eng yomoni esa maqsadga yetay-etay deganda horib-charchab, tirikchilik atalmish tuganmas mayda-chuyda tashvishlarga alahsigan holda shartta hammasiga qoʻl siltaganlaru oniy soniyalar ichida “jon-jon” deya butkul oʻzga tutumlarning etagini tavof qilishga oʻtganlar qanchadan-qancha. Maqsad mayogʻi esa olisda, tuman ortida sarob misoli jimirlab oʻziga imlayveradi. Oʻngʻayi uni inkor etish, voz kechish, “qandaydir tushuniksiz… mubham… xavfli… yechimsiz… qimmatli vaqtingni soʻrib oladi” qabilidagi dastaklarni oʻz-oʻzingga eʻlon qilish, elburutdan bu ajrimga iqror boʻlish, zoʻr berib maʻqullash, necha-necha asrlik sinovdan oʻtgan shu yoʻl bilan ong-shuuring, qalbingni egallab olgan koʻnikishning sovuq kuli orasida ojizona miltirab qolgan vijdonning choʻgʻlariga suv sepish; koʻzni yumib olib takrorlash: “Yoʻq u… yoʻq…”. Bu oson, judayam oson. Faqat favqulodda irodali insongina bundoq qudratli ohanraboga tortilib, yakrang izdihomga qoʻshilib ketmaslikka, koʻzlarini yirib ochib boʻlsa ham voqelikni anglashga urinishga oʻzida kuch topa oladi va yana hammasi boshidan boshlanadi…

Bani bashar dunyoga kelib, tiriklikning sirli-sehrli, ilohiy tamaddun jarayoni boshlanibdiki, hayot atalmish ulugʻ muallim koinot sarvari boʻlmish har bir odam oldiga bir-biridan murakkab, ayni paytda, kulgili darajada oʻta joʻn sinoatlar gipotezasini qalashtirib tashlaydi: istaganingni tanlab ol-u, qisqagina davom etadigan umring davomida oʻz hayoting, kechajak kunlaring mohiyat-mazmuni bilan uni isbotla, inson boʻlib yasha, inson boʻlib qol. Shu maʻnoda men qaysidir maʻnoda hayotning oʻzini mutafakkir Puankare deb bilaman.

Hayot-Puankare aytadi: “Halol yasha”. Oʻta joʻn, oʻta ibtidoiy tushuncha, hatto isbot ham talab qilib oʻtirmaydigan aksioma, shunday emasmi? Axir ikki karra ikkining ham, ikkini ikkiga qoʻshishning ham yigʻindisi toʻrt boʻlishi barchaga ayon va ravshan-da. Ammo atrofga qarang, mana shu Odam Ato zamonidan qolgan tamoyilga amal qilib yashayotgan, uning naqadar hayotiyligi, davomiyligi, boqiyligini isbotlab berayotganlar miqdori boshni aylantirib, koʻngilni hapriqtirib yuborar darajada bemislmi?

Hayot-Puankare aytadi: “Doʻstlikka sodiq boʻl, undan manfaat kutma”. Buning nimasi tushuniksiz, nimasi murakkab dersiz? Aslida, hamma gap shunda: buyuk soddalik botinida inson shuuri, yuragini larzaga soladigan darajada qattol shafqatsiz haqiqat pinhon. Qani doʻsti sodiq? Qani u joʻmard inson? Qani u botqoqlikdagi manfaat tushunchasidan qoʻl yetmas darajada yuksaklikka koʻtarilgan tuygʻu?..

Bu dunyoni har kim oʻz qarichi bilan oʻlchaydi, oʻz nuqtai nazari, oʻz mezonlari, oʻzining yaxshi-yomon, achchiq-shirin hayotiy tajribasi, chiqargan koʻlamli-koʻlamsiz xulosa-saboqlaridan kelib chiqib baholaydi. Garchand bilamiz: baho xususiy, ammo undan oʻzga vositani topib boʻlarmidi?.. Qirq yillik doʻstim xiyonat qildi, toʻrt soʻm ilinjida meni sotdi; bu yogʻi oʻz-oʻzidan ayon: bir marta bu ishga jurʻat etildimi, endi toʻxtash mahol, aksincha, joʻram endi meni emas, oʻzini tobora arzonroqqa sotaveradi, sotaveradi. Garchand davralarda, oʻzga tanish-bilishlar, yaqin-birodarlar oldida quchoq ochib koʻrishadi, ammo koʻrib-sezib turaman: u endi koʻzimga tik qaray olmaydi, nigohini olib qochgani-qochgan; balki, shu koʻyga tushib qolgani uchun meni yanada yomon koʻrib qolgan, ammo na iloj, joʻram endi shunday yashashga mahkum, bu yogʻi endi oʻzi tanlagan qismat: arpa ekib, bugʻdoy kutmaydilar; Hayot-Puankarening oʻta joʻn gipotezasini joʻram isbot etolmadi, qirq yillik saʻy-harakatdan soʻng manzilga yetay-etay degan palla ortga chekindi, uni yaxshi yashashga xalaqit beradigan, allaqachon eskilik sarqitiga aylanib ulgurgan tushuncha deb oʻzicha hukm chiqardi, oʻzicha muhr bosdi; hukm qatʻiyligi, shikoyatlar qabul qilinmasligini oʻziga oʻzi pisanda qilib qoʻydi… Bu yoʻqotish meni azob-iztirobga solmaydimi? Bu xiyonat meni alamlarning tubsiz jariga irgʻitmaydimi? Axir biz bir yillik, ikki yillik, hatto oʻn yillik emas, qirq yillik doʻst edik, bir mayizni ikki boʻlib yegan paytlarimiz koʻp boʻlgan, yosh, sof paytlarimizda birgalashib ne-ne orzular qilmaganmiz, ammo oradan yillar oʻtib aqlimiz toʻlishganidan soʻng yoʻllarimiz ayri tushishi mumkinligi yetti uxlab tushimizga kirmagan. Nega bunday boʻldi? Qaydan bu soʻqirlik? Qachon, qay dam qalbga bostirib kirib olgan manfaat ilinji qolgan boshqa barcha tuygʻularni siqib chiqardi? Endi shu ham yashashmi? Koʻzguga boqqani mahal oʻziga oʻzi tik qaray olarmikan joʻram? Hay, bilmadimov…

Hayot-Puankare aytadi: “Eʻtiqodli boʻl. Eʻtiqodingga xiyonat qilma”. Zero, hayotning asosini eʻtiqod tashkil etadi. Eʻtiqodsiz turmush umurtqa pogʻonasi choʻrt singan mavjudotday gap: u endi sudralib yashashga mahkum. Nazarimda, eʻtiqodlar ichida eng ogʻiri adabiy eʻtiqoddir. Illo, adabiyotga sodiqlik fidoyilikni, halollik, imon pokligi, rostgoʻylik, kuyunchaklik, maʻlum maʻnoda jurʻatni ham talab qiladi. Adabiy eʻtiqod mustahkamligi – xalqning baxti. Choʻlponning buyuk bashoratomuz hikmatini eslaylik: “Adabiyot yashasa – millat yashar”. Aksincha emas. Zero, millat kun koʻrishi mumkin, ammo unda adabiyot yashamaydi.

Shukrona aytsam arziydi: qisqagina umrim davomida adabiy eʻtiqodi but koʻplab shaxslarga duch keldim: ayrimlari bilan muloqot baxti nasib qildi, boshqalarini asarlari orqali kashf etdim. Men ularni nomma-nom sanamoqchi emasman, bu ismlar qalbimda abadiy muhrlangan. Ming shukr. Ammo odamni tanishda adashgan paytlarim ham boʻldi: yaltiragan har bir narsa oltin boʻlib chiqavermadi. Hayot-Puankarening oddiy gipotezasini oyogʻini osmondan keltirgan holda adabiy eʻtiqodini “oʻttiz kumush tanga”ga pullaganlar ham uchradi.

Bir qalamkashni bilardim. U ancha yillar menga qalam tebratishda komillikka intilishning tirik namunasi­day koʻrinib yurdi. Nazarimda, u tez orada favqulodda goʻzal asar yaratadigandek, hammamizni hayrat barmogʻini tishlashga majbur etadigandek edi. Ozgina qolgandi goʻyo. Ayniqsa, bu odam bir kuni tirikchilikning turli-tuman tashvishlaridan charchagan ahvolda, biroq koʻzlarida oʻt chaqnagan koʻyi: “Hammasini tashlab adabiyotga qaytaman”, – deb qolganida u kishi qolib men besh-olti oy chekka-chekkada hayajonlanib yurdim. Mana endi ustoz koʻrsatadi haqiqiy adabiyot qanaqa boʻlishini. Mana endi yangi asar nafaqat bizni, balki butun olam ahlini hayratda qoldiradi. Mana endi… Bilib qoʻy biznikilarni, dunyo!..

Taassufki, vaqt oʻtaverdi. Biroq hal qiluvchi qadam qoʻ­yilmadi, ehtimol, qirq sandiq sabab-bahonalar qalashtirib tashlandi. Bu orada koʻngilni boshqacha xohishlar kukuni qopladi. Boylik makriga chidash oson emas-da. Asta-sekin ustoz oʻzini taʻminlab turgan kaslarning yoʻrigʻiga yura boshladi, bora-bora esa “Yana topshiriq bormi?” deganday qoʻlini chakkasiga tirab turadigan, ular nimani “oq” desa, qoʻshilishib “oq” deydigan, “qora” desa, joʻrovozda “qora” deydigan boʻldi. Boylik kimlarning peshona teri, yurak qoni, salohiyati, sogʻligʻi evaziga kelyapti – bulardan koʻz yumildi, muhimi – uzluksiz oqib kelib turishi. Axir bozor bu, bozor… Bu odamning qorindan chiqarib yozilgan soʻnggi ikki asarini oʻqidim va koʻz yoshlarimni tiyib turolmadim: ularda adabiyotdan boshqa hamma narsa bor edi… Ishonganim sizmidingiz?.. Eʻtiqod qoʻyganim sizmidingiz?..

Bu hol meni iztirobga solmaydimi? Azoblamaydimi? Axir Hayot-Puankarening yana bitta oʻgiti oʻz isbotini top­madi, bir odam deyarli maqsad manziliga yetgan joyida shartta yoʻlni chapga soldi… Yigʻla, koʻngil, yigʻla…

Hayot-Puankare aytadi: “Birovning haqiga xiyonat qilma… Ustozingni otangdek hurmat qil…” Ammo…

Sanoqni uzoq davom ettirishim mumkin. Hech kimdan oʻpka-gina qilmagan holda voqelikni qogʻozga tushirish bu: birontasiga aql boʻlishdan Xudoning oʻzi asrasin. Zero, har kim oʻz qismatiga oʻzi xoʻjayin, tanlash ixtiyori har kimning oʻzida. Shu bois Hayot-Puankare aytadi: “Bu dunyoda har birimiz ham qaysidir maʻnoda Perelmanmiz. Hammamizning qalbimizda kashf etish, yaratish ishtiyoqi yotadi. Biroq moʻjiza osmondan tushmaydi, bir oniy lahzada kashfiyot ham yaratib qoʻya olmaymiz. Har qanday oʻta oddiy boʻlib koʻringan yangilik zamirida ogʻir mehnat, bilim, harakat, iroda, sabr va maqsad yoʻlida hayotni tikish yotadi. Boshqa hamma bahonalar bekorchi gapdan oʻzga narsa emas. Sen insonsan. Koinot sarvarisan! Senga buyuk ong ato etilgan. Senga buyuk qalb ato etilgan. Senga bemisl salohiyat ato etilgan. Foydalan ulardan. Oʻtkinchi hoy-havaslarga bir lahzaga chalgʻidingmi, uning ortidan seni yanada chalgʻitadigan ikkinchi lahza yetib keladi. Keyin uchinchisi. Keyin toʻrtinchisi. Shu bilan hammasi barham topadi…”

Shubhasiz, hayotning jumboqlari moʻl. Gap ismda ham emas, bugun Puankare yechilgan boʻlsa, uning oʻrnida taxi buzilmagan yangilari saf-saf boʻlib turibdi. Hammaga yetadi. Ortib ham qoladi. Inson uchun eng katta fojia ularning birontasini yechmay oʻtib ketishda… Ana, AQShdagi Kley instituti “yillar mobaynida yechimlari topilmayotgan muhim klassik masalalar” sifatida eʻlon qilgan va har biriga million dollardan mukofot vaʻda etgan yettita mingyillik jumbogʻining keyingisi (P vs NP masalasining muxtasargina mohiyati bunday: agar biron savolga ijobiy javobni tezlikda tekshirish imkoni boʻlsa, bu savolga tezda javob topsa boʻladimi?) ham yechilishi arafasida turganga oʻxshaydi. Lugansklik (Ukraina) professor Anatoliy Plotnikovning nufuzli ekspertlar tekshiruvidan soʻng xalqaro “Journal of computer science” ilmiy jurnalida eʻlon qilgan maqolasi shundan shohidlik berayotganday…

Bularning hammasi, hammasi anglashga urinish edi, xolos. Iztiroblar esa endi boshlanadi. Zero, yuzaga eng asosiy savol qalqib chiqdi: “Men-chi?.. Oʻzim-chi?..” Bu savolga javob topishing, uni oʻzing oʻzingga tik qarab ayta olishing esa ogʻir, juda ogʻir.

Nafsilamrini aytganda, ana shu savolga javob izlashning iztirobli jarayonida qogʻozga tushdi “Puankare”…