Abduqayum Yoʻldoshev. Quduq
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
1
Hayotda nimalar boʻlmaydi deysiz.
Oʻzbekovullik Tirkash muallim gʻunchaday besh yashar qizchasidan ayrilib qoldi. Bola – bola-da, yon hovlida gurillab ishlayotgan nasosning tovushiga qiziqib borgan-u…
Koʻzlari kirtayib, rang-roʻyi bir holga kelib qolgan muallimni uch kundan soʻng militsiyaga chaqirishdi. U xushmoʻylov leytenantning turli-tuman savollariga karaxt tarzda uzuq-yuluq javob qaytarib, amallab tushuntirish xati ham yozib berib keldi.
Oradan yana uch kun oʻtgach, ishdan qaytgan muallim hovlisini qadamlab oʻlchayotgan oʻsha leytenantni koʻrib unchalik ajablanmadi. “Ha, endi rasamadi shudir-da,” deb qoʻyaqoldi; soʻrashdi.
Muallim adabiyotchi edi, shunga qaramay qishloqcha toʻporilik, jaydarilik qon-qoniga singib ketgandi. Militsioner soʻzlarni chertib-chertib, oʻz nutqidan huzurlangan koʻyi:
– Men fojiali ravishda halok boʻlgan norasidangiz ishi bilan shugʻullanyapman. Yana bir taʼziyamni qabul qilgaysiz, – deyayotganida bu bachkana soʻzlar oqimi tugaguncha qiynalib ketdi. Oʻngʻaysizlanib, koʻzlarini chaqirilmagan mehmonning yiltirab turgan, mamnunlik zohir nigohlaridan olib qochib nimalarnidir gʻoʻldiradi; oxirida “palakat-da” deb qoʻydi sekin.
Ammo qilayotgan ishining haqqoniy va qimmatli ekanligi haqidagi qatʼiy fikr leytenantning yuzini qattiqqina qilib qoʻygan shekilli, u istihola ham qilib oʻtirmay: “Eh, siz oʻzbeklar!” degancha qoʻl siltab, harbiychasiga shartta orqasiga burildi-da, shaxdam qadamlar bilan qoʻshni hovliga oʻtib ketdi.
Militsioner yana bir soatcha shu atrofda oʻralashib yurdi, nimalarnidir erinmay qayta-qayta goh qadamlab, goh buklama chizgʻichda oʻlchadi, goh peshonasini ushlagancha uzoq-uzoq oʻylanib qoldi, goh shosha-pisha yondaftarchasiga allanimalarni qayd qilib qoʻydi, ishqilib, astoydil ishladi.
Muallim, qiyomat qarz deganday, borib choyga taklif qildi, lekin yigitchaning oʻziga oshkora roʻyxoʻshlik bermayotganini koʻrgach, indamay xonasiga kirib ketdi.
Leytenant ketish oldidan “Hoy!” deb ovoz berdi. Derazadan moʻralagan muallimga oʻta ayricha, aytish mumkinki, Xolmsona diqqat bilan tikilgan koʻyi soʻradi:
– Oʻrtoq Begmatov, norasidangiz halok boʻlgan quduq tugʻishgan jiyaningiz Norboy Xudoyorovga tegishli ekan-da, a?
Soʻrovdagi tagdor ohangdan gʻashi kelgan muallim bosh irgʻab qoʻya qoldi.
– Shunday deng. Demak, oʻn barmogʻim ham oʻzimniki, qay birini tishlasam ogʻriydi deng. Tu-shu-nar-li. Tu-shu-nar-li…
Oradan ikki haftalar oʻtgach, rayon gazetasining butun “Shanba sahifasi”ni toʻldirib “Osoyishtalik posboni minbari” rubrikasida “Loqaydlik qurboni yoki bizni kechir, Sabohat!” sarlavhali maqola chiqdi.
2
Muz oʻrnidan koʻchdi…
Kuntugʻmushning kuni tugʻdi. Darrov pedsovet chaqirdi. Mana, oʻrtogʻlar, dedi gazetani baland koʻtarib, felyeton. Bu nimadan dalolat beradi? Bu maktabimiz shaʼniga tushgan oʻchmas dogʻdan dalolat beradi… Soʻng oʻrni kelsa-kelmasa, “Tarbiyachining oʻzi tarbiyalangan boʻlmogʻi kerak”, “Ustoz otangdan ulugʻ” singari yodlab olgan uch-toʻrt hikmatli jumlalarni toʻkib solarkan, sezdirmasdan oʻzining asl maqsadini ham qistirib oʻtib ketdi. Biz bilamiz, oʻrtogʻlar, dedi, chechamiz bir kunda uyda boʻlsa, uch kun balnisada, Tirkash aka kuniminan maktabda. Raz shunday ekan, uyda kim qolardi? Saboning bir oʻzi-da. Qurib ketgur bu xoʻtirimizda yasli-masli boʻlmasa, chol-kampirlarning bari yantoq chopiqdan beri kelmasa. Mana shularning hammasini hisobga olib, oʻrtogʻlar, mayli, ogʻir boʻlsayam, men oʻzim u kishining besh-olti soatini oʻtib turishga tayyorman. Lekigin, oʻrtogʻlar, keyingi paytlarda darslarimiz saviyasi, oʻquvchilar davomati… Ketdi bidirlab.
Shunday qilib, Tirkash aka har kuni makbatdan ikkinchida oʻqiydigan oʻgʻli bilan, baʼzan undan ham ertaroq qaytadigan boʻlib qoldi. Ishlab yurgan odam birdan bekorchi boʻlib qolsa vaqtni qanday oʻtkazish, oʻzini qayerga qoʻyishni bilmay garansib qolarkan. Qirga chiqib el qatori yantoq chopay desa, otasidan qolgan molxonayu qoʻton boʻm-boʻsh, bir biyasi bor edi, uniyam oʻtgan yili qoʻli qisqalik qilib sotib yuborgan; odamlarday fursat topib, eshik oldiga uch-toʻrt tup tok ham ekib qoʻymagan ekan. Ustiga ustak, Kuntugʻmishning “bashorati” toʻgʻri chiqib, Soliya checha yana markazdagi shifoxonaga tushib qoldi.
Mezbonning oriyati juda balandligidan yaxshi xabardor boʻlishganidan, koʻngil soʻrashga kelgan hamkasblar qandaydir shikoyatlaru raddiyalarga shama qilish bilangina cheklanishar, muallim esa gap oʻzani qayoqqa burilayotganini mutlaqo tushunmayotganday, mayus jilmayib qoʻyib, mavzuni oʻzgartirishga shoshardi.
Biroq bularning bari holva ekan.
Oshkoralikning eng dastlabki sof shabadasi koʻplarning boshini aylantirib qoʻygan paytlar edi. Shunday hovliqmalardan biri leytenantning maqolasini toʻlaligicha viloyat gazetasida eʼlon qildirib yuboribdi. Tabiiyki, yana tekshir-tekshir, savol-javoblar, tushuntirish xatlari, tavsifnomalar, spravkalar…
Amal kursisida qaltirabgina oʻtirgan sovxoz direktori jon achchigʻida qishloqdagi jamiki quduqlarning ogʻziga choʻyan panjaralar oʻrnatish haqida farmon berib yubordi. “Xoʻjayin” boshida turgani uchunmi, buyruq hayratda qolarli darajada tezlik bilan va bekamu koʻst ado etildi.
Bir dunyo qiyinchiliklar olib kelgan boʻlishiga qaramay (axir quduqlarning oʻndan toʻqqiz qismida oddiy chigʻiriq, endi bir satil suv olish uchun ham oʻn pudlik panjarani u yondan-bu yonga surish kerak) odamlar bungayam koʻnika boshlashdi. Bu orada rayondan qandaydir kattakonlar kelishib “Texnika xavfsizligi” degan jurnalga yetti yashardan yetmish yashargacha qoʻl qoʻydirib ketishdi. Nihoyat, viloyat gazetasida sovxoz “uchligi”ning imzosi bilan bir quloch rasmiy javob xati chiqdi.
Lekin, hali aytganimizday, hovliqib-entikib yurganlarning, salla ol desa, kalla oladiganlarning urugʻi seroblashgan paytlar edi. Ana oʻshalarning yana biri leytenantni viloyat radiosiga taklif etib, maqolasini oʻzi oʻqib berishini iltimos qilibdi.
Bir kuni Tirkash aka tom yonboshidagi kunchuvoqda kitob oʻqib oʻtirgan edi, qoʻshnisi tranzistorni qulogʻiga bosgancha oshigʻich chiqib keldi.
“Sabohat… O, Sabohat! – qaltiragan ovozda oʻqirdi leytenant. – Uning maʼsuma qalbi orzularga qanchalar limo-lim edi. U raqqosa boʻlmoqchi edi, u muallima boʻlmoqchi edi, u sut sogʻuvchi boʻlmoqchi edi. Ammo oʻsha mashʼum qirq qadam – supadan quduqqacha boʻlgan masofani oʻzim oʻlchab chiqdim, – norasidaning barcha istaklari, orzulari, xohishlarini poymol etdi, ularning bariga eng soʻnggi nuqtani qoʻydi. O, Sabohat…” va hokazo.
Maqolaning deyarli yarmi qizchaning quduq tubiga tushib ketayotgan lahzalardagi holatiyu oʻylari tavsifidan iborat edi: “Sabohat ilkis munkib ketdi, u nimadandir ushlab qolmoqchi boʻldi, ammo jajji barmoqchalari boʻshliqda benajot charx urdi. U pastga shoʻngʻidi… Quyida, oyoq ostida muzdayin zulmat, tubsiz boʻshliq bor edi. Sabohat ingrab yubordi; shahlo koʻzlariga yosh quyilib keldi; moʻjaz yurakchasi dukillab urib ketdi. Xuddi yaxday shilimshiq suyuqlik muhitiga tushib qolganday jon-jahdi bilan qoʻlchalari va oyoqchalarini qimirlata boshladi, boʻgʻilib entikib nafas oldi… “Onajon!” deya chinqirib yubordi u. Bu ayanchli nola quduqda jaranglab ketdi. “Otajon!” chinqirib yubordi u. Bu ayanchli nola ham quduqda jaranglab ketdi. Lekin… lekin uni hech kim eshitmadi. Faqat ogʻilda turgan toyxargina chivin kelib qoʻngan qulogʻini beparvo silkitib qoʻydi. Norasida hamon oʻrtanib-yonib zulumot sari shiddat bilan uchib bormoqda edi. Bechora qiz talpinar, urinar, intilar, biroq hamma harakatlari behuda ketmoqda edi. Yoʻq-yoʻq, hali umid torlarining hammasi uzilib bitmagan edi, norasida hamon nimagadir ishonardi, nimalarnidir kutardi, bu ilinj, bu umid uni eng soʻnggi daqiqalargacha aslo tark etmadi. U quduq tuynugidan koʻrinib turgan bir parcha firuza gumbazga qarab hiqillab boʻgʻilgancha: “Onajon!” deb qichqirdi. Bu eng soʻnggi ayanchli nola edi…” singari.
Muallif damo-dam tupugini qultillatib yutib, oʻpkasi toʻlib oʻqigan soʻnggi qism koʻplab hind filmlaridagi ehtirosli monologlarga oʻxshash tavba-tazarrudan iborat edi: “O, Sabohat, o, hur goʻdak, sen bizni kechir, vaqtida falokatning oldini ololmaganimiz, begʻam-beparvo yurganimiz uchun bizni maʼzur tut. Garchand yaxshi bilamizki, gunohimiz ogʻir. Mana, boshimiz xam…” va hokazo.
Muallim boshini changallagancha gurs etib yiqildi. Kimdir uning qoq miyasiga gurzi bilan tinmay urayotgandek edi…
His-tuygʻular oʻz yoʻliga; shu kuni radio tinglayotib qancha koʻngli boʻsh kishilar koʻz yoshiga gʻarq boʻlishganini hisoblab oʻtirmaymiz. Biroq xoʻjalikning ishbilarmon direktori yuqorining koʻrsatmasini kutib oʻtirmay darhol rasmiy javob xati yozishga oʻtirgani maʼlum: “…muhokama qilindi… toʻgʻri deb topildi. Barcha quduqlar koʻmib tashlandi. Institutga qishloqni vodoprovod suvi bilan taʼminlash uchun qirq ming soʻmlik loyihaga buyurtma berishga qaror qilindi…”
Yaqindan beri direktor soʻzi bilan ishi bir odam emasmi, uch kun ichidayoq barcha quduqlarni taqa-taq koʻmdirdi-qoʻydi. Ularning egalaridan tilxatlar ham olib qoʻyildiki, binobarin, qudugʻini yashirincha ochishga jazm qilgan kishiga katta miqdordagi jarima va koʻchirib yuborilish xavfi tahdid solib turardi.
“Xoʻjayin”-ku, sovxoz markazidan ertalab “Villis”da kelib, kechqurun yana oʻsha “Villis”da qaytib ketadi. Oʻlgandan Abdujabbaor oʻldi deganlariday, qiyin boʻlgandan qishloq ahliga qiyin boʻldi. Qoʻldan berganga qush toʻymas. Kunda tashib keltirilayotgan ikki-uch sisterna suv urvoq ham boʻlmasdi. Koʻligi borlar oʻn besh chaqirim narida qurilayotgan suv omboridan flyagalarda suv tashishga kirishdilar; koʻligi yoʻgʻ-u, aqchasi borlar tomorqasini sugʻorish uchun bir sisterna suvni ustomon haydovchilardan oʻn-oʻn besh soʻmdan sotib ola boshladilar…
Avvallari choʻpon mollarni oyiga bir soʻmdan, qoʻylarni yarim soʻmdan olib boqardi, suv balosi chiqqanidan keyin bu narx besh-olti baravar koʻtarilib ketdi. Ikki hafta oʻtar-oʻtmas yaqindagina yashnab turgan toklarning barglari shalpayib soʻla boshladi.
3
Ilojsiz ahvolda qolgan olomon junbishga keldi. Avvaliga “qizim, senga aytaman” qabilidagi pichinglarnigina eshitib yurgan muallim bora-bora ochiq-oshkor qargʻishu soʻkishlarning yagona nishoni boʻldi-qoldi – yigʻilib kelayotgan alamni toʻkib turmasa odamni qon qilib yuboradi-da axir. Uning ismi ham, bir paytlar hurmat bilan tilga olinadigan “mallim” qoʻshimchasi ham unutildi. Endi uni kattayu kichik orqavarotdan ham, oʻziga eshittirib ham “kasofat”, “palakat” deb atay boshladi. Muallim ostona hatlab koʻchaga chiqolmay qoldi. Suv kelib qolganda uni turtib-surtib navbatdan tashqariga chiqarib yuborishar va har gal u satilini boʻsh koʻtarib qaytardi; kimlardir kechasi kelib uning uyidagi barcha deraza oynalarini sindirib ketdi; oʻspirinlar “iyya, iyya!” qilib tepaverishib guvala devorini qulatishdi; somon suvoq tomi ustida keraksiz temir-tersaklar, lash-lushlar, tosh-kesaklar uyulib qoladigan boʻldi.
Bir amallab otpuskaga chiqib olgan muallim aqldan ozguday ahvolda torgina xonasida boshini mahkam changallagancha u yoqdan-bu yoqqa yuraveradi, yuraveradi. Uni toʻy-maʼrakalarga, qoʻnoqlar oldi u yoqda tursin, hatto hasharlarga ham chaqirmay qoʻyishdi; oʻgʻlini akasi uyiga olib ketdi.
Shu orada bir vahimali xabar yashin tezligida tarqalib qoldi: qishloq zaminidan suv qochibdi! Uch-toʻrt joʻra yashirincha bir quduqni ochib koʻrishsaki, suv yoʻq! Hato qoʻshimcha uch-toʻrt quloch kavlab ham koʻrishibdi – befoyda! Suv fizika qonunlariga toʻla amal qilgan koʻyi omborda ishga tushgan qudratli nasoslar tomon yoʻl olgan edi…
Bu kunlar oʻtar-ketar deb yurganlaring nafasi ichiga tushib ketdi.
Vahima, qoʻrquv, hadik, umidsizlik toʻrt boshli ilonday qishloqda vishillab oʻrmalab qoldi. Yuz ellik soʻmga sotib olgan suvi qaqroq yerga singib ketgani, tok barglari uchidan boshlab sargʻayishda davom etayotganini koʻrgan Mavri xola chidab turolmadi: izillab yigʻlagancha boshiga mushtlay-mushtlay, tiramo* shu tomorqasidan kelgan daromadga sunnat toʻyini oʻtkazmoqchi boʻlgan nevarasini yetaklab kelib, muallimning hovlisi yonida bir qargʻandi, bir qargʻandi… “Qudaga ne jamanlik qilibiding-yey, kasapat?! Buytib bizding barimizding shoʻrimizni quritgandan koʻra koʻchibgina ketagʻaysang boʻlmasmidi, jergina jutqur! Buytib bizding barimizdi qon qaqshatgandan koʻra balangning oʻrniga oʻzing oʻlibgina qoʻyagʻaysang boʻlmasmidi-ey…”
Bu – dahshatli qargʻish edi.
Qishloq jimjit boʻlib qoldi.
Mavri xola oxiri koʻkragi shigʻillab quv-quv yoʻtalib, yigʻlashgayam madori qolmay, endi chirqirashga tushgan nevarasini quchoqlagancha hansirab oʻtirib qoldi. Yantoq chopiqdan qaytgan kelin piq-piq yigʻlagancha uni bir amallab suyab uyga olib ketdi.
Kun boʻyi muallimning uyida tiq etgan tovush eshitilmadi, kechga borib chiroq ham yonmadi. Bundan xavotirga tushgan oʻn-oʻn besh chogʻli odam yigʻilishib qulagan devor yonigacha kelishdi-yu, lekin ichkariga qadam qoʻyishga yuraklari betlamay turib qolishdi. Oxiri muallimning derazasiga birrov quloq tutib chiqqan Mardi birgat hammani uy-uyiga tarqalishga unday boshladi. Soʻrayverib hol-joniga qoʻymaganlarga afsus bilan bosh chayqab: “Er jigit jiladi, jomon kun keladi…” dedi.
Tun yarmidan oshganida eshik gʻiyqillab ochildi. Muallim qirq chaqirimcha naridagi rayon markaziga qarab yoʻl oldi.
Shundan keyingi voqealarni har kim har xil talqin qiladi. Baʼzilarning aytishicha, muallim kechasi qabriston yonidan oʻtayotib qattiq qoʻrqqan. Boshqalar, ayniqsa xotin-xalaj uni tunda alvastiga duch kelgan deb ishontirishadi. Yana birovlar borki, kiprik qoqmasdan, ishonch bilan “muallimni qargʻish urgan” deyishadi.
Biroq xolis odamlarning aytishiga qaraganda, voqea butunlay boshqacha boʻlgan. Yaʼni, ertalab soat oʻnlarda oyogʻida bazoʻr turgan muallim rayon gazetasi tahririyatiga kirib kelgan. Tasodifni qarangki, ayni shu mahal endi ancha mashhur boʻlib qolgan leytenantni televizorga suratga olishayotgan ekan. Oʻnlab projektorlaru kameralar qarshisida, diktor juvon yonida oʻtirgan leytenant qaltiragan ovozda oʻqiyapti ekan: “Sabohat ingrab yubordi; shahlo koʻzlariga yosh quyilib keldi; moʻjaz yurakchasi dukillab ura ketdi…”
Muallim avvaliga rangi murdanikiday oqarib, koʻzlarini yumgancha eshik kesakisiga suyanib qolgan. Soʻng birdan katta-katta ochilib ketgan koʻzlari olayib, lablari pir-pir uchgan koʻyi boshini mahkam changallagancha vahshiyona hayqiriq bilan yoʻlida uchragan projektorlaru odamlarni agʻdarib-yiqitib borib leytenantniga tashlangan…
4
Oradan uch yilga yaqin vaqt oʻtdi.
Tirkash aka haliyam ruhiy kasallar shifoxonasida. Aytishlaricha ancha-muncha tuzalib qolganmish, lekin hamon qoʻliga gazeta olmasmish, radio eshitmasmish, televizor koʻrmasmish.
Qishloqqa vodoprovod suvi olib kelish loyihasidan darak boʻlmadi. Umuman, endi uning keragiyam yoʻq. Yetmish xonadonli qishloq rentabelsiz xutor sifatida tugatildi, bu yil guvala uylaru molxonalar yer bitta qilib tekislanib, shudgorlangach, lalmi arpa ekildi. Qishloq ahli uyasi buzilgan qushlarday turli tomonlarga toʻzgʻib ketish oldidan bir yigʻilib olishdi – Mavri xolaning qirqini oʻtkazishdi.
(1988)
*Tiramo – kuz (sheva)