Agar bir oy umringiz qolsa…
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Bir kishi xotini bilan hech yaxshi chiqisholmaydi. Uyda har kuni oddiy narsalar tufayli tortishuv boʻlardi. Kishi bu tortishuvlardan bezor boʻlib ajrashishni istadi. Bularning munoqashalari tufayli ikki taraf oilalarning ham orasiga sovuqchilik tushadi. Kishi bir kun parishon holda, maslahat soʻrash uchun koʻpni koʻrgan, odamlarning hurmatini qozongan bir ahli ilm zotning oldiga borib, ahvolini aytadi. U zot:
— Endi ajrashsang ham hech bir oʻzgarish boʻlmaydi. Bir oy umring qolibdi, nima qilsang qil, deydi.
Bu gapni eshitgan kishi dahshatga tushib, rangi oqargan holda chiqib ketadi. Yoʻlda uchragan tanishlaridan rozi rizolik soʻray boshlaydi. Uyiga qaytib, «xotin kel, shuncha payt seni xafa qildim, yaxshi er boʻlolmadim, haqqinga rioya qilolmadim, meni kechir, mendan rozi boʻl, deydi.
Xotini, “tavba, bu odamga nima boʻldi, bunday gaplar gapiryapti”, deb unga rahmi kelib:
— Bey, aslida siz rozi boʻling, men doim beodoblik qildim, sizni koʻp ranjitdim, deydi. Ikkovining ham qalbi yumshab koʻzlari yoshlanadi…
Keyin er, xafalashgan qaynotasinikiga boradi. Ulardan ham yigʻlab rozilik soʻraydi. Xotini ham, qaynonasidan kechirim soʻraydi. Endi uyda har kun jannatiy hayotda yashardilar va bir-birlarini hech ranjitmasdilar…
Lekin u kishi, xotiniga, muhtaram zot aytgani haqida hech gapirmaydi. Bir oy toʻlishini sanay boshlaydi. Kunlar yaqinlashguncha yaxshiliklari ortar, kechalari ibodat qilardi.
Uning yaxshi ishlari koʻpaygani sari xotinini ham, ikki oilaning ham munosabatlari iliqlashib, yaxshiliklari ortib borardi.
Bir oy oʻtadi. Ha bugun oʻladi, ertaga esa… Lekin oʻlmaydi. Aniq bir oy demadi, bir oy atrofida, dedi. Balki bir necha kun hali bordir, deb oʻylaydi.
Bir necha kun kutdi, yana oʻlmadi. Keyin u zotning oldiga borib soʻraydi:
— Afandim, men oʻlmadim.
— Oʻlish nimasi? — deydi u zot.
— Afandim, siz bir oycha umring qoldi, degandingiz, bir oy boʻldi. Biroq men oʻlmadim.
U zot esa:
— Birodar, men seni qachon oʻlishingni bilmayman, lekin shuni bilamanki, oʻlim haq, bir kun albatta oʻlasan. Oʻladigan odam janjal, nizo bilan hayotini zaharlamaydi. Hozirgi hayotingizdan xursandmisan? — deydi.
— Ha, hech tortishmayapmiz.
— Qani, endi shunday davom etinglar, — deydi u zot.
U oilaning ikki farzandi boʻlib, gulday yashnab ulgʻayadilar.
Hayotimizdagi koʻp muammolar oʻlimning haq ekanini unutishimiz tufaylidir!
Turkchadan Maryam Osiyo tarjimasi