Agata Kristi. Bulbul oshyoni
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
— Xayr, azizim!
— Xayr, jonginam!
Aliks Martin kichkina, qoʻpol darichaga suyanganicha qishloqqa eltuvchi soʻqmoq boʻylab ketayotgan erining ortidan qarab qoldi.
Mana, eri burilishda koʻzdan gʻoyib boʻldi, Aliks esa, oʻsha alfozda turganicha, anor yonoqlarini oʻpib turgan parishon qoʻngʻir sochlarini xayolchan tuzata boshladi.
Uning qaroqlarida teran taxayyul va allanechuk orzumandlik aks etardi.
Aliks Martinni oʻta goʻzal va latofatli atamoq toʻgʻri boʻlmas, uning husn-tarovati tilni ojiz qoldiradigan darajada emasdi. Biroq yoshlikning ilk bosqichini allaqachon bosib oʻtgan chehrasida baxt va xotirjamlik balqib turardiki, uning sobiq hamkasabalari avvalgi ishchan, tinib-tinchimas, uddaburon, biroz jizzaki, xayolparastlikdan uzoq shaddod Aliks Kingni taniyolmagan boʻlishardi.
U oʻrta maktabni arang bitirdi. Oʻn sakkiz yoshidan to oʻttiz uchga kirgunicha tirikchilik vajidan stenogrofiya sohasida ishladi. Oʻtgan ana shu oʻn besh yilning soʻnggi yetti yili davomida onasi kasallanib qoldi. Bemor boqishning esa oʻzi boʻlmaydi. Yashash uchun shafqatsiz kurash yoshgina qizning yuzlarida sezilar-sezilmas izlar qoldirib ketdi.
Rost, bu orada uning hayotiga muhabbat ham bir moʻralab oʻtdi. U bir paytlar oʻzi bilan birga ishlaydigan Dik Vindifordni sevib qolgan edi. U nozik jins vakili sifatida yigitga yoqishini ich-ichdan his etar, buni sirtiga chiqargisi kelmasdi. Oʻzi ham unga befarq emasdi. Sirtdan ular faqatgina doʻst edilar, xolos.
Dik ishlab topgan pulini tejab-tergab uning bir qismini ukasining oʻqishi uchun sarflardi. U paytda uylanish haqida oʻylab ham koʻrmagandi.
Ittifoqo, qiz kundalik qora mehnatdan xalos topadigan boʻldi. Uzoq bir qarindoshi unga bir necha ming funtga teng boyligi bilan birga har yili tushib turadigan ikki yuz funtlik daromadni vasiyat qilib yorugʻ dunyoni tark etdi. Aliks uchun bu narsa erkinlik, farovon va mustaqil hayot vaʼda qilardi. Endi u Dik bilan bemalol turmush qursa boʻlardi.
Ammo Dik kutilganidek harakat qilmadi. U shu paytgacha oʻz muhabbatini Aliksga izhor qilmagandi. Chamasi bu xaqda endi ham ogʻiz ochishga chogʻi kelmayotgan edi. U endi qizdan oʻzini olib qochadigan allanechuk odamoviga aylangan edi. Aliks buning boisini darrov tushundi. Yigitning gʻurur va istigʻnosi qizning qoʻlini soʻragani imkon bermayotgan edi. Uning bu sajʼiyasi Aliksga yoqardi. U dastlabki qadamni oʻzi tashlashga ham tayyor edi, ammo kutilmaganda roʻy bergan bir voqea xamma narsani ostin ustun qilib yubordi.
U dugonasining uyida Jerald Martin degan yigit bilan tanishib qoldi. Yigit uni juda qattiq sevib qoldi. Oradan bir hafta oʻtmay ularni unashtirish marosimi boʻldi. Oʻzini sevilishga nomunosib qizlar toifasidan deb biluvchi Aliks kutilmagan bu yangilikdan oʻzini yoʻqotib qoʻydi. U bexos Dik Vindifordning ham his-tuygʻularini uygʻotib yubordi. U qizning yoniga kelib, gʻazabdan duduqlana-duduqlana qichqira ketdi.
— U senga yetti yot begona-ku! Sen u haqida hech narsa bilmaysan.
— Men shuni yaxshi bilamanki, uni sevaman.
— Qanaqasiga bilishing mumkin axir. U bilan tanishganingga endi bir hafta boʻldi-ku?
— Hammayam muhabbatini izhor etish uchun oʻn bir yilni oʻtkazib yuboravermaydi, — dedi Aliks asabiylashib.
Yigit oqarib ketdi.
— Men seni birinchi uchratgan kunimdan beri yaxshi koʻraman. Sen meni sevsang kerak, deb oʻylardim.
— Men ham shunaqa deb oʻylagan edim, iqror boʻldi Aliks. Endi oʻylab qarasam, muhabbat haqida koʻp narsani bilmas ekanman. Dik avval yalindi, yolvordi, hatto doʻq-poʻpisa ham qilib koʻrdi. Uning oʻrnini egallab olgan kimsa bilan ham talashib-tortishdi. Oʻshanda Aliks yaxshi bilaman deb oʻylagan odamning tashqi sipoligi ostida yashirinib kelayotgan tuygʻulari tugʻyoni uni hayratda qoldirdi.
Aliks quyoshli tongda darchaga suyanganicha oʻsha suhbatni yodga oldi. Uning turmush qurganiga bir oy toʻlgan, oʻzini behad baxtiyor his etardi boyaqish. Faqat, hozirgina jonidan ortiq koʻrgani, eri uydan chiqib ketgach, u oʻzini tushuniksiz bezovtalik komida his etdi. Bu halovatsizlik boisi esa, Dik Vindiford edi.
U erga tekkanidan beri uch marta aynan bir xil tush koʻrdi: Eri oʻlib yotganmish, uning tepasida Dik tirjayib turarmish. Juvon erining qotili u ekanini aniq bilarmish. Eng dahshatlisi u erining oʻlimidan xursand emish. Minnatdorchilik yuzasidan erining qotilini tabriklarmish. Tush hamisha bir xil, Dik ayolni oʻz ogʻushiga olishi bilan tugardi.
Telefonning qoʻqqisdan jiringlashi bilan ayolning xayollari boʻlindi. U uyga kirib goʻshakni koʻtardi.
— Nima dedingiz? Kim bu gapirayotgan?
— Aliks, ovozingga nima qildi? Men seni tanimabman. Bu men Dikman.
— Q… qaerdan telefon qilyapsan?
— “Sayyoh tugʻrosi” mehmonxonasidan. Oti shunaka edi shekilli. Sen shunaqa mehmonxona xaqida eshitganmisan? Men faqat dam olish kunlari bu yerga baliq oviga kelgandim. Bugun sizlarnikiga borsam maylimi?
— Yoʻq, dedi Aliks qatʼiyat bilan. — Kelmasang yaxshi boʻlardi.
Jimlik choʻkdi. Dik yana tilga kirganida ovozi boshqacharoq chiqdi:
— Iltimos, kechir meni, — dedi sovuq ohangda, — Endi seni umuman bezovta qilmayman.
Aliks shoshqich uning gapini boʻldi. Uning bu muomalasi yigitga erish tuyuldi chogʻi. Chindan ham gʻalati gapirib qoʻydi-da. Shu bois ayolning asablari chaqnab ketgandek boʻldi.
— Men faqat.. aytmoqchiydimki… biz bugun band boʻlamiz…— U oʻz gapini yanada tabiiyroq koʻrsatishga tirishdi. — Yaxshisi ertaga kechki payt kela qol.
Biroq, Dik uning ovozidagi nosamimiylikni darhol ilgʻab oldi.
— Rahmat, — dedi boyagi ohangda, — Ertaga biror yoqqa ketib qolishim mumkin. Bu yaqin tanishimning ertaga kelish-kelmasligiga bogʻliq. Xayr, Aliks,— u shosha-pisha boshqacha tovushda qoʻshib qoʻydi, — baxtli boʻl azizim.
Aliks goʻshakni joyiga qoʻyarkan, yengil tin oldi. «U bu yerga kelmasligi kerak. Bu yerga kelmasligi kerak, — deya ichida bir necha marta takrorladi. — Naqadar axmoqman. Nahot uning kelishini xohlayotgan boʻlsam? Yoʻq, u kelmasa men xursand boʻlaman.
U stol ustida turgan oddiygina shlyapasini boshiga ilib, yana boqqa chiqdi-da uyga kiraverishda ilib qoʻyilgan lavhaga koʻz tashlab qoʻydi: “Bulbul oshiyoni”.
— Juda gʻalati nom ekanmi, — deya soʻragan edi u toʻydan ilgari Jeralddan.
— Asalim, — deya erkalagan edi u oʻshanda eri, — Aminmanki, sen shu paytgacha bulbul xonishini eshitmagansan, men esa bundan xursandman. Bulbullar faqat oshiq qalblar uchun kuylaydilar. Endi kechqurunlari biz bulbul figʻonini sen bilan birga eshitamiz. U eshik oldida toʻxtab bulbul lahnini eshitgan va baxtdan sarxush boʻlgan ilk oqshomni yodga oldi.
“Bulbul oshiyoni”ni topgan ham Jeraldning oʻzi edi. Bir gal u hovliqib kelgan va oʻzlari uchun zarur boshpanani topganini, bunaqa imkoniyat hayotda bir marta berilishi mumkinligini aytgan edi. Uyni koʻrib Aliks ham bunga amin boʻldi. Rost, qoq yalanglikdagi uy bilan bu oradagi eng yaqin qishloq orasidagi masofa kamida ikki mil chiqar, biroq eskicha uslubda tiklangan uyda vannaxona, issiq va sovuq suv, elekr, telefon kabi zarur qulayliklar bor ediki, Aliks bularga mahliyo boʻlib boshqa turar-joy haqida oʻylamay ham qoldi. Biroq orada bitta muammo chiqib qoldi — uyning egasi uni ijaraga berish fikridan qaytib qoldi, faqat naqd pulga sotishini aytdi.
Jerald Martinning topish-tutishi yaxshigina boʻlsada, oʻzining asosiy sarmoyasiga qoʻl tekkizishni istamadi. U naqd qoʻlga olishi mumkin boʻlgan summa ming funtni tashkil etardi. Uyni esa uch mingga baholashdi. Aliks uyni juda yoqtirib qolgani uchun Jeraldga koʻmaklashmoqchi boʻldi. U chek orqali oʻziga tegishli pulni nisbatan osonroq olishi mumkin edi. U oʻz mablagʻining teng yarmini uyni sotib olishga ajratdi.
Xullas, uy ularniki boʻldi, Aliks esa bundan sira ham afsusda emasdi. Toʻgʻri, erining qaysarligi, oʻzboshimchaligi xizmatkorlarga yoqmadi, ularning hammasi bu uydan ketib qolishdi. Uy ishlarini ancha sogʻinib kolgan Aliks esa, jon-jon deb bu yumushlarni oʻz zimmasiga oldi. Bogʻdagi anvoi gullarni parvarishlash uchun yaqin oradagi qishloqda yashovchi keksa bir bogʻbon haftada ikki marta kelib turardi.
Uy tarafga qarab kelayotgan Aliks gullarga qarab yurgan bogʻbon cholni koʻrib ajablandi. U asosan, dushanba va juma kunlari kelardi, bugun esa — chorshanba.
— Jorj, bu yerda nima qilyapsiz? — soʻradi unga yaqinlashib.
Chol qaddini rostlarkan, pixillab kuldi va eski kepkasini toʻgʻirlab qoʻydi.
— Shuni soʻrasangiz kerak, deb oʻtiruvdim oʻzim ham, bekam. Juma kuni qudamiz ziyofat bergich edi. Oʻzimcha, janob Martin va uning muhtarama rafiqasi bir gal juma oʻrniga chorshanba kuni borib ishlab bersam, qarshi boʻlmaslar dedim.
— Albatta, — dedi Aliks. — Oʻziyai miriqib koʻngil yozsangiz kerak?
— Bu aniq, — dedi chol soddalik bilan. — Pulini toʻlamasligingni bila turib, toʻyguncha yeb-ichish kimga yoqmaydi? Aytgancha, bekam, siz ketib qolguninggizcha boshqa koʻrishmasligimiz mumkin, menga biror zarur topshirigʻingiz boʻlsa aytib qoʻying, demoqchi edim. Hali qachon ketishinigiz maʼlum emasmi?
— Men hech qaerga ketmoqchi emasman.
— Ie, hali ertaga Londonga joʻnab ketmaysizlarmi? — ajablandi Jorj.
— Yoʻq, bu gapni qaerdan topdingiz?
Jorj yelka qisdi:
— Men kecha qishloqda xoʻjayinni uchratib qoldim. U ertaga siz bilan Londonga uchib ketayotganini aytdi. Qachon kaytishimiz nomaʼlum, dedi.
— Shunga shunchami, — kuldi Aliks. — Siz uning gapini boshqacharoq tushungan boʻlsangiz kerak.
U aslida Jerald haqiqatda cholga nima degani bilan astoydil qiziqayotgandi. Londonga borish? U shu paytga qadar bu haqda oʻylab ham koʻrmagandi.
— Londonni koʻrgani koʻzim yoʻq, — uning ogʻzidan bexos ana shu soʻzlar uchdi.
— A-a, men chindan ham uni boshqacharoq tushungan boʻlsam kerak, — dedi xotirjam tovushda Jorj. — Lekin u aniq shunaqa devdi-da… Baribir siz shu yerda qolayotganingiz uchun ham xursandman. Ochigʻi, London menga ham yoqmaydi. U yerga borib nima kilaman. Hozir u yerda mashinalar shunaqa tiqilib ketgan deyishadi. Oʻzi odam mashina olishi bilan bir joyda turgisi kelmay qolarkan. Ana, mening avvalgi xoʻjayinim mister Eyms, mashina olmasidan avval ajoyib, ogʻir-bosiq odam edi. Bir oy oʻtmay uyini sotar boʻldi. U uyni taʼmirladi, har bir xonaga elektr, gaz, telefon olib kirdi. Unga buncha xarajat oʻzini qoplamaydi, desam, u “bilasanmi, men bu uyni naq ikki ming funtga pullayapman”, dedi. Mana, aytganicha boʻldi.
— U uyini uch mingga sotdi, — deya cholning gapini toʻgʻirladi Aliks.
— Ikki ming, — kaytardi Jorj. — bu haqda necha marta eshitganman. Hamma bilardi buni.
— Men bilaman-ku, uch mingni sanab berganmiz, — deya gapida turib oldi Aliks.
— Ayollar hisob-kitobda noʻnoqrok boʻlishadi, — dedi Jorj ham qaysarlik bilan. — Siz mister Eymz aynan uch ming funt soʻraganini isbotlay olasizmi?
— U men bilan emas, erim bilan savdolashgan.
Jorj yana gullar ustiga egildi.
— Uy ikki mingga sotilgan, — deya oʻz gapida mahkam turib oldi.
Aliks u bilan boshqa bahslashib oʻtirmadi. U uzoqroqdagi gullar tupi oldiga borib guldasta tuza boshladi. U gullarni bagʻriga bosib, uyga qaytarkan, yoʻlda, barglar orasida allaqanday toʻq-zangori rangli narsa yotganini koʻrdi. Avaylab qoʻliga oldi. Erining qayd daftarchasi ekan. Qiziqish bilan ochib oʻqishga tutindi.
Aliks toʻyning ilk kunlaridanoq erining oʻta hissiyotchan, tabiatan qatʼiyatli va favqulodda tartibsevarligi bilan boshqalardan ajralib turishini payqab olgandi. Ular birgalikda ovqatni ham aynan bir vaqtda yeyishar, u har bir kunda qilinadigan ishlari uchun oʻz vaqtini avvaldan tartib bilan ajratib qoʻyardi.
U daftarchani varaqlarkan, mana bu yozuvlarni oʻqib kulgudan oʻzini tutib turolmadi: “Aliks bilan nikoh. Avliyo Pyotr cherkovi, soat 2.30”
“Jinnivoy” — dedi jilmayib Aliks boshqa sahifani ocharkan. Mana bugungi sana. Jerald husnixat bilan yozgandi: “Kechqurun, soat 9.00”. Shundan boshqa hech gap yozilmagan. “Qiziq, u bugun soat toʻqqizda nima qilmoqchi ekan?” — ajablandi Aliks. “Agar Jerald birorta ayolga ilakishib qolgan deya gumon qilinsa, bu maxfiy daftarchada biror belgi-alomat topilardi”, oʻyladi Aliks sirli kulimsirab. Biroq, unda birorta begona ayolning ismi bitilmagan edi. Aliks erinchoqlik bilan daftarchaning qolgan betlariga ham qarab chiqdi: allaqanday sanalar, tushuniksiz belgilar va birgina ism — Uning ismi bitilgan edi bu yerda. U daftarchani kissasiga solib uyiga kirib ketdi. Biroq, shu asnoda uning yuragiga allaqanday xavotir oqib kirganini his etdi. Qulogʻi ostida Dikning gaplari aniq-tiniq takrorlangandek boʻldi:
— U senga yetti yot begona-ku? Axir, sen u haqda hech narsa bilmaysan-ku?
Rost. U haqda ilgari hech narsa bilmasdi-ku? Jeraldning yoshi qirqda. Shu paytgacha birorta ayol bilan birga boʻlmaganligiga kim kafolat beradi?
U bular haqida oʻylashni istamasdi. Hozir bundan ham zarur ishlari bor edi. Dik Vindifordning qoʻngʻirogʻi haqida eriga aytsamikin? U qishloqda Jerald bilan uchrashib qolishi ehtimoldan xoli emas. Shunda eri uyga qaytganida oʻzi bu haqda gap ochib qolsa, mushkulot oʻz-oʻzidan hal boʻladi. Ochigʻi bu haqda Aliksning ham eriga hech narsa degisi yoʻq. aytgudek bulsa, eri Dikni mehmonga chaqirishdan ham toymaydi. Unaqada Dikning oʻzi kelmoqchi boʻlgani, Aliks esa bunga roʻyxushlik bermaganini tan olishi kerak boʻladi. Jerald xotinidan buning boisini soʻrab qolsa nima boʻladi? Anavi almoyi-aljoyi tushini aytib beradimi?
Xullas, u xijolatdan qiynalib, oxir-oqibat eriga bu haqda ogʻiz ochmaslikka qaror qildi. Bu uning eridan yashirmoqchi boʻlgan birinchi siri edi.
Kechki ovqat mahali yaqinlashayotganda, u erining qaytayotganini eshitib, oʻzining xavotir va hadigini yashirish maqsadida yemak tayerlashga unnab ketdi.
Aftidan u qishloqda Dik bilan koʻrishmagan edi. Aliks xotirjamlik barobarida allanechuk noqulaylikni ham his etdi. Iforli oqshom havosi oqib kirayotgan deraza oldidagi eman stol atrofida ikkovlon kechki ovqatni tanovul qilib boʻlishgach, Aliks haligi daftarchani eslatdi.
— Ertalab gullar orasidan topib oldim, — dedi u qoʻlidagi buyumni erining tizzasiga tashlarkan.
— Bogʻda tushirib qodirgan boʻlsam kerak-da!
— Ha, endi sening ancha-muncha sirlaringni bilib oldim.
— Hech qanday gunohim yoʻq — deya bosh chayqadi Jerald.
— Bugun kechqurun soat toʻqqizda kim bilan uchrashmoqchi eding?
— Ha, gap buyoqda degin? — u avval biroz dovdirab qoldi, biroq shu zahoti birorta kulguli voqeani eslaganday iljayib qoʻydi, — Juda chiroyli bir qiz bilan uchrashuvimiz bor edi — Aliks bilan. Uning sochlari xuddi senikidek qoʻngʻirrang, koʻzlari moviy.
— Tushunmadim, — dedi Aliks yasama jiddiyat bilan. — Nega gapni aylantiryapsan?
— Yoʻq, bilasanmi, bugun bir-ikkita negativ suratlarimni oqqa koʻchirishim kerak edi. Shuni esimdan chiqarmaslik uchun yozib qoʻygandim. Unda sening ham yordaming kerak. Jerald Martin havaskor suratgir ham edi. Uningg eskiroq uslubdagi, ammo oʻtkir linzali fotoapparati bor edi, suratlarni fotolaboratoriya vazifasini oʻtaydigan yertoʻlada oqqa koʻchirardi.
— Shu ishni aynan soat toʻqqizda qilish shart ekanmi, — soʻradi Aliks ishonchsizlik bilan.
— Jonginam, — dedi uning ovozi biroz titrab, — bilasan, men hamma vaqt puxta reja asosida ishlayman. Shunda hamma ishlar oʻz oʻrnida boʻladi.
Aliks anchagacha eriga qadalib jimgina oʻtirdi. Eri stul suyanchigʻiga suyanganicha sigaret tutatdi. Uning hafsala bilan qirtishlangan yuzlaridagi uzun-uzun chiziqlar gʻira-shira yorugʻda ham yaqqol koʻrinib turardi.
Kutilmaganda ayolni mavhum bir vahima oʻz iskanjasiga oldi va ichidan bir savol yorib chiqdi:
— O Jerald, sen haqingda koʻproq, koʻproq narsa bilishni istayman.
Er ajablanib xotiniga oʻgirildi:
— Azizim, Aliks. Axir men haqimda hamma narsani bilasan-ku? Senga Nortumberlendda kechgan bolaligim, Janubiy Afrikada yashaganim, keyin oʻn yil Kanada umguzaronlik qilganim va oʻsha yerda oʻzimga yarasha boylik orttirganim haqida senga aytib berganman.
— Bor yoʻgʻi shu xolosmi, — soʻradi Aliks iljayib.
— Ha-a, seni nima qiziqtirayotganini bildim, — deya kutilmaganda qah-kah urib yubordi Jerald. — Siz ayollar hammangiz birsiz. Sizni birovning shaxsiy hayotidan boʻlak narsa qiziqtirmaydi.
Aliks tomogʻi quriyotgani his etdi va past ovozda gʻudrandi:
— Axir, sen shu paytgacha baribir begona ayollar bilan boʻlgansan-ku? Men aytmoqchi edimki… agar bilganimda edi…
Jim qoldi. Jerald qovogʻini uydi:
— Aliks, sen haligi… “Koʻk soqol xosxonasi” haqida eshitganmisan? Toʻgʻri, men shu paytgacha, ayollar bilan boʻlganman. Buni tan olaman. Inkor etganimda ham baribir ishonmagan boʻlar eding. Biroq ont ichib aytamanki, ular mening qalbimda senchalik chuqur oʻrnashib olmagandi.
Uning ovozidagi samimiyat ohangi Aliksni biroz tinchlantirdi.
— Koʻngling joyiga tushdimi? — soʻradi jilmayib Jerald.
Dafʼatan uning nigohida nedir qiziquvchanlik alomati zuhur etdi.
— Nimaga bugun gʻalati narsalar haqida gapirib qolding?
— Oʻzim ham bilmayman. Kun boʻyi asabiylashib yurdim.
— Qiziq, — dedi Jerald oʻziga-oʻzi gapirgandek yarim ovozda. — Juda qiziq.
— Nimasi qiziq?
— Asalim, nega menga bunaqa qarayapsan. Shunisi qiziqki, sen ilgari juda begʻam va erkatoy eding. Bugun bunaqa…
Aliks zoʻrma-zoʻraki iljaydi:
— Atayin qilganday bugun hamma narsa mening asabimga tegyapti. Anavi qari Jorj ham ertalabdan Londonga qachon ketasizlar, deb gʻashimga tegdi. U bu gapni sendan eshitganmish.
— Sen uni qaerda koʻra qolding? — Jeraldning ovozi tuyqus jaranglab chiqdi.
— U biznikiga bugun juma kunining oʻrniga ishlagani kelibdi.
— Laʼnati qari toʻnka, — dedi Jerald tishlarini gʻijirlatib.
Aliks Jeraldning afti gʻazabdan bujmayib ketganini koʻrib hayron boʻldi. U erini hecham bu qiyofada koʻrmagandi. Ayolning nigohidagi taajjubni koʻrgan Jerald darrov izohot berishga oʻtdi:
— Chindan ham cholning esi ogʻib qolganga oʻxshaydi.
— Axir, senam biror narsa degandirsanki, u…
— Menmi? Hech narsa deganim yoʻq. Ha, darvoqe.. Haligi,.. Boʻldi-boʻldi, esladim. Men unga hazillashib London boryapmiz, devdim, u ovsar chin deb oʻylagan. Ehtimol, notoʻgʻri eshitgandir. Sen unga tushuntirgandirsan?
— H-ha.. Lekin u eshitganini qoʻymaydigan qaysar chollar toifasidan ekan.
Aliks eriga Jorjning uy ikki ming funtga sotilgan, deb turib olganini ham aytib berdi. Jerald bir muddat jim qoldi-da, pastak ovozda shivirladi:
— Eyms ikki mingni oldindan sanab oldi. Qolgan ming funtni keyinroq toʻgʻrilab beradigan boʻldim. Chol mana shu yerida yanglishgan koʻrinadi.
— Mana, hammasi oydinlashdi, — dedi Aliks yengil tortib. — U shunday deya devorga ilingan soatga imo qildi, — Endi ishga kirishsak ham boʻladi. Besh daqiqa kechikibmiz ham. Jeraldning yuzida tushuniksiz tabassum qalqidi:
— Men oʻylab koʻrdim, — dedi xotirjam tovushda. — bugun suratkashlik bilan shugʻullanmasak ham boʻladi.
Ayol tabiatan oʻta qiziquvchan. Aliks uxlagani ketayotganida xotirjam va bexavotir edi. Uning baxti uzra soya solayotgandek koʻringan bulutlar tarqalib ketgandek edi goʻyo. Biroq, ertasi kechqurun u baxtiga yana kimdir, nimadir koʻlanka tashlayotganini his etdi. Dik Vindiford boshqa qoʻngʻiroq qilmagan boʻlsa-da, nazarida undagi sarosimaning sababchisi ham oʻsha edi. Uning gaplarini qayta-qayta esladi: “Bu odam senga yetti yot begona-ku! Sen u haqda hech narsa bilmaysan!” Shu choq uning yodiga erining kechagina aytgan gaplari tushdi: “Koʻk soqol xosxonasi haqida eshitganmisan?” U bir paytlar oʻta sirli, beshafqat va ayyor xotinboz — Koʻk soqol haqidagi ertakni bolaligida oʻqigandi. Hozir eri nega uni esga oldi? Bu bilan mening shaxsiy xayotimga aralashma, oqibati yomon boʻladi, demoqchimi?
Juma kuni ertalab, Jerald zoʻr berib yashirishga tirishayotgan boshqa ayoli — “Koʻk soqol xosxonasi” borligiga amin boʻldi. Yuragida sekin-sekin uygʻonayotgan rashk uni tamomila mahf eta bordi. Oʻsha kuni soat toʻqqizda u uchrashuv belgilagan! Surat ishlash esa, shunchaki oʻylab topilgan bahona xolos.
Bundan uch kuncha ilgari u erini ipidan-ignasigacha bilishiga ont ichishi mumkin edi. Bugun esa, eri unga mutlaqo notanish odam boʻlib koʻrinyapti. Uning keksa Jorjga nisbatan uygʻongan oʻrinsiz qahrini esga oldi. U avvalgi quvnoq va samimiy Jeraldga oʻxshamay qolgandi. Chindan ham Aliksni gʻaflat bosgandir? Ehtimol xaqiqatan u erining kimligini umuman bilmas?
Juma kuni u ul-bul xarid qilish uchun qishloqqa borishi kerak edi. Bu xaqda Jeraldga aytganida, eri mutlaqo rad javobini berdi va uning bogʻda qolishini, qishloqqa oʻzi borib kelishini aytdi. Bu ham ayolning taajjubini oshirdi. Qiziq, nega eri uning kishloqqa borishiga tish-tirnogʻi bilan qarshilik koʻrsatyapti?
Balki, Jerald unga bir ogʻiz gapirmasdan borib Dik bilan uchrashib kelmoqchidir? Axir Aliksning shu paytga qadar mudrab yotgan rashki ham hozirgina uygʻondi-ku? Jeraldni ham shu tuygʻu qiynayotgan boʻlishi mumkin emasmi? Eri uning Dik bilan qayta uchrashmasligi uchun qishloqqa yubormayotgan boʻlsa-chi? Ana shu fikr ayolni bir muncha ovuntirdi, shubhali oʻy-xayollarin nariroq surdi.
Vaqt oʻtgani sari besar gumonlar yana uni qisti-bastiga ola boshladi. U ana shu bemaʼni hislar qurshovidan chiqish uchun oʻzini ish bilan ovuntirmoqchi boʻldi. Qoʻliga latta olib erining xonasini yigʻishtirishga kirib ketdi.
“Qaniydi ishonchim komil boʻlganida, hamma azoblardan qutular edim”, deya shivirladi oʻziga-oʻzi.
U faqat ikkita qutini qaray olmadi: bittasi pastdagi gʻaladon, ikkinchisi yozuv stolining chap tarafida turgan kichkina quticha. Aliks ayni chogʻda hech narsani mulohaza qilib oʻtirmadi. U ana shu ikki qutining birida erini fosh etishi mumkin boʻlgan ashyoviy dalil topilishiga umid qilardi. Shu asnoda eri oʻziga tegishli kalitlarni bufetning pastki tortmasiga qoʻyishini esladi. U kalitlarni keltirib sandiqchalarga solib koʻra boshladi. Uchinchi kalit yozuv stolidagi sandiqchaga toʻgʻri keldi. Aliks hayajondan qoʻllari qaltirb uni ochdi. Unda pullar solingan qopchiq turar, sandiqning orqa boʻlmasidan bir bogʻlam maktub chiqdi. Aliks nafasi tiqilgudek boʻlib, tasmani yechdi. Uning yuzlari shu zahoti uyatdan lovullab ketdi va xatlarni joyiga qoʻyib tezgina qutini berkitdi. Bu xatlarni Jerldga toʻyga qadar uning oʻzi yozgandi. U endi gʻaladonga yopishdi — Jerldga nisbatan shubhalari tamomila barham topguncha hamma narsaga tayyor edi. U qidirmoqchi boʻlgan joyidan biror narsa chiqishiga koʻzi yetmasa-da, hamon asabiy titrogʻi bosilmagandi.
Aksiga olib, birorta ham kalit bu sandiqqa tushmas ekan, koʻngli hamon tipirchilab turgan Aliks bir zum qaysidir xonadan yana bir shoda kalit topib keldi. Nihoyat, komod ochildi. Biroq u yerda ham vaqt oʻtib, sargʻayib ketgan, chang-gʻubor bosgan gazeta parchalaridan boʻlak hech narsa yoʻq edi.
Aliks yengil xoʻrsindi. Uni endi fakat bir narsa – necha yillardan beri saqlanib kelayotgan gazet qiykimlarigina qiziqtirardi. Ularning deyarli bari ancha yil ilgari chop etilgan Amerika gazetalaridan qirqib olingandi. Bu parchalarda ashaddiy xotinboz va firibgar Charlz Lemetrning kirdikorlari haqida yozilgandi. Ularda aytilishicha, Lemetr oʻz toʻriga ilingan ayollarni oʻldirishda ayblanayotgandi.
U ijaraga olgan uyning poli ostidan ayol kishining gavda suyagi topilgan, u “uylangan” ayollar haqida keyinchalik hech kim hech narsa eshitmagan.
U oʻziga bildirilgan ayblovdan ustomonlik bilan himoyalanish maqsadida AQSHning eng kuchli advokatlaridan birini yollab olgandi. Shotlandiya hakamlik sudi uning ishini koʻrib chiqib, yetarli asos boʻlmagani bois, oqlashga majbur boʻlgandi. Shu bois u asosiy ayblovdan eson-omon qutalib chiqdi, biroq, kichikrok bir jinoyati uchun bir necha yil qamoqda oʻtirib chiqdi.
Aliks bu hakda eshitgan, Lemetr haqidagi shov-shuvlar bir patlar Angliyani ham tahlikaga solgan edi. Ayol bundan uch yil ilgari Lemetrning qayoqqadir qochib ketgani haqida ham eshitgan edi. Uni tuta olishmadi. bu mavhum kimsaning shaxsi va uning ayollar ustidan vahshiena hukmronligi uzok muddat ingliz gazetalarining ham diqqat markazida turgan edi.
Gazet parchalariining birida Lemetrning surati bosilgandi. Aliks ziyolisifat soqol qoʻygan qonxoʻrning suratiga anchagacha diqqat bilan tikilib turdi. U kimgadir oʻxshab ketardi. Birdan uning esiga Jerald tushdi-yu, aʼzoi badaniga qaltiroq yugurdi. Suratdagi odamning qosh-koʻzlari xuddi Jeraldniki edi. U surat ostidagi matnni oʻqishga tutindi. Unda keltirilan ayrim sanalar Aliks tasodifan topib olgan daftarchadan kayd kilingan raqamlarga aynan mos tushardiki, bu kunlarni Lemetr oʻz qurbonlarini tinchitish uchun belgilab qoʻygan edi.
Sudda guvoh sifatida soʻroq qilingan ayollardan biri ishonch bilan qotilning chap bilagida kichkina chandiq borligini aytgan edi. Aliks qoʻlidagi qogʻozlarni hayajonda tushirib yuborganini sezmadi. Axir Jeraldning ham xuddi chap bilagidagi ana shunday chok bor edi-ku?
Butun xona uning nazarida charxpalakdek aylana boshladi. Es-hushi sal joyiga kelganida miyasiga urilgan narsa shu boʻldi: Jerald Martin — bu Charlz Lemetr. Boshqacha boʻlishi mumkin emas. Xuddi jumboq suratning tarkibiy qismlari singari xotirasida ayrim lavhalar jonlana boshladi: uy uchun toʻlangan pul… Bu pul uniki, fakat uniki ekan, eri yonidan bir chaqa ham qoʻshgan emas. Demak, koʻrgan tushi ham bejiz emas ekan. Demak, u savqi tabiiy ravishda Jerald Martindan xafsirab, undan xalos istab kelgan. Va yordamni ham savqi tabiiy suratda Dik Vindiforddan kutgan ekan. Demak u Lemetrning navbatdagi qurboni boʻlishi lozim edi. Ehtimol tez orada…
U daftarchadagi “Chorshanba kech sat 9. 00” qaydini eslab dodlab yuborayozdi. Yodiga devoridan osongina tosh koʻchirib olish mumkin boʻlgan yertoʻla tushdi. Demak, hammasi kecha chorshanba kuniga rejalashtirilgan. Lekin, tarki odat qilinmay, bu fursatni oldindan yozib qoʻyish… mantiqsizlik emasmi? Yoʻq, hammasi mantiqqa asoslangan. Jerald xamma narsani avvaldan rejalashtirib, belgilab yurgan. Qatl uning uchun shunchaki koʻngilxushlikka oʻxshash oddiy bir ishga aylanib qolgan.
Biroq, uning ustidan oʻqilgan hukm ijrosi nima sababdan orqaga surildi? Uni kim yoki nima qutqarib kolgan boʻlishi mumkin? Eng soʻnggi daqiqalarda?… Boʻldi, esladi: Keksa Jorj! Nima sababdan eri uning nomini eshitishi bilan koʻkarib ketganini ham endi tushundi. Shaksiz, u rejasini izsiz amalga oshirish uchun puxta zamin hozirlagan: koʻziga koʻringan odamga ertaga Londonga uchamiz, deb yurgan. Kutilmaganda Jorj boqqa kelib qolgan, bu haqda Aliksni voqif etgan, ayol bu gapni inkor qilgan va hokazo. Oʻsha kuni hukmni ijro etish juda xatarli — chol ayolning gapini eslab qolgan boʻlishi mumkin edi. Demak, uni xudoning oʻzi asrabdi. Agar Aliks arzimasdek tuyulgan oʻsha suhbat haqida eriga ogʻiz ochmaganida bormi? Aliksning eti muzlab ketdi.
Har daqiqka gʻanimat edi. U eri kelmay turib bu yerdan qochib qolishi kerak. Aliks shosha pisha gazet parchalarini joyiga qoʻyib, gʻaladonni berkitdi.
Ammo, zum oʻtmay u joyida qotib qoldi. U darchaning gʻiyqillaganini, qadam tovushlarini eshitdi: E r i q a y t i b d i. Bir muddat Aliks harakatsiz qotdi. Keyin u oyoq uchida yurib bordi-da, parda ortidan tashqariga qaradi. Chindan ham eri. Iljayganicha allaqanday qoʻshiqni xirgoyi qilib kelardi. Aliks uning qoʻlidagi narsani koʻrib qoʻrquvdan yuragi yorilayozdi. Yap-yangi belkurak!
Aliks bu oqshom qanday mudhish fojea sodir boʻlishiga aqli yetdi…
Biroq, qutulib ketish uchun hali imkon bor edi. Jerald xirgoyini vang qoʻyib uy tarafga burildi. Aliks ham fursatni boy bermay pastga otildi. Biroq, uydan chiqmay turib ostonada eri bilan toʻqnash keldi.
— Hello, qayoqqa shoshilyaptilar? — ajablanib soʻradi Jerald.
Aliks oʻzini har doimgidek vazmin va xotirjam tutishga tirishdi. Hozir qochib ketish uchun hech kanday imkoniyat yoʻq, ammo sir boy bermay tursa, bu imkoniyat sal kechroq tugʻilishi mumkin edi. Hatto, hoziroq…
— Men manavi soʻqmoq boʻylab sayr qilib kelmoqchiydim. Darrov qaytaman. — Aliks gaplari biroz soxta va ishonchsiz chiqqanini sezdi.
— Yaxshi, dedi Jerald, — Men ham sen bilan boraman.
— Yoʻq, iltimos… shart emas. Jerald, men… Boshim qattiq ogʻriyapti. Asablarim qaqshayapti. Bir oʻzim borib kela qolay.
Eri unga diqqat bilan razm soldi. Ayol uning koʻzlaridagi shubhani tezgina ilgʻadi.
— Nima boʻldi senga Aliks? Nega ranging buncha oqarib ketgan?
Buncha qaltirayapsan?
— Hech qisi yoʻq, — Aliks bor kuchini toʻplab tabiiyroq jilmayishga tirishdi, — Shunchaki, bosh ogʻrigʻi-da! Bitta aylanib kelsam, hamasi oʻtib ketadi.
— Sen oʻzingni mendan opqochishga behuda urinyapsan, — toʻngʻilladi Jerald tirjayib, — Xohlaysanmi-yoʻqmi, sen bilan birga boraman.
U qattiq turib olmadi. Agar eri uning hamma narsadan xabardorligini bilib qolsa, bormi? U ming mashaqqat bilan oʻzini qoʻlga olishga va odatdagidek sokin tutishga harakat qildi. U sarosima ichida erining unga tez-tez shubhali koʻz tashlab qoʻyayotganini sezdi.
Ular uyga qaytishganida, eri uni yotishga koʻndirdi va odekolon keltirib, xotinining chakkasini artib qoʻydi. U har doimgidek mehribon va samimiy edi. Ayol oʻzini xuddi jahannamga qulab ketayotganday ojiz va bechora his etdi.
Eri uni bir daqiqa ham yolgʻiz qoldirmasdi. Hatto, oshxonadan Aliks sal ilgari tayyorlab qoʻygan oddiygina kechki ovqatni olib kelishga ketganida ham eri uning ketidan qolmadi. Dasturxon atrofida Aliksning tomogʻidan biror luqma taom oʻtmasa-da, oʻzini majburlab ul-bul narsa yegan boʻldi, oʻzini imkon kadar quvnoq va tetik tutishga tirishdi. U ayni chogʻda hayoti uchun kurashayotganini bilardi. U hozir oʻz kushandasi bilan yuzma-yuz turar, hech qaerdan najot kutib boʻlmas, kishloq esa bu yerdan bir necha mil olisda edi. Faqat birgina yoʻl bor edi, vaqtincha boʻlsa-da, erining shubhalarini oʻldirib, uni bir necha daqiqa yolgʻiz qoldirish uchun zamin yaratish. Bu paytda u zalga tushib telefon orqali najot soʻrashi mumkin edi xolos.
Ittifoqo, boshqa tarafdan xalos topish umidi tugʻildi. Shu onda u birinchi marta Jeraldning oʻz fikridan qay tariqa qaytgani yodiga tushdi. Bugun ularnikiga Dik Vindiford kelmoqchi ekanini aytsa, nima boʻlarkin? U endigina shunga ogʻiz juftlaganida, nimanidir oʻylab, fikridan qaytdi. Bu kimsaga ikki karra xalaqit berish qiyin. Uning zohiriy osudaligi zamirida qanday ayyorona sergaklik yashiringani maʼlum. Bu gapi bilan ayol jinoyat fursatini yanada yaqinlashtirishi mumkin. U shu zahoti Aliksni oʻldirib, Dikka qoʻngʻiroq qiladi va bamaylixotir shoshilinch joʻnab ketyapmiz, deb aytishi ham mumkin. Eh! Rostdan ham Dik kelib qolsami edi?.. Shu topda uning miyasiga ajoyib fikr keldi. U fikrimni koʻzimdan oʻqib qolmasmikin, deya qoʻrqa-pisa eriga karab qoʻydi. Uning qalbida umid shuʼla socha boshlagach, vujudiga jasorat va gʻayrat oqib kirganini payqadi. U shu qadar osuda tusga kirdiki, oʻzi ham hayron qoldi.
U qahva qaynatib, er-xotin har doim kechki payt ochiq havoda gaplashib oʻtiradigan ayvonchaga olib keldi.
— Aytgancha, — dedi qoʻqqisdan Jerald, — Bugun sen bilan sal keyinroq surat ishlaymiz, boʻptimi?
Ayolning badanida chumoli oʻrmalagandek boʻldi, biroq befarq ovozda gap qotdi:
— Bir oʻzing qilsang boʻlmaydimi, shu ishni? Bugun ancha charchagan koʻrinaman.
— Ishimiz uzoqqa choʻzilmaydi, — deya sovuk tirjaydi Jerald. — Aytgancha, seni ishontirib aytamanki, ishimiz bitgach, charchoqni mutlaqo his etmay qolasan.
Bu gapi uning oʻziga ham nashʼa qilib ketdi. Aliks bir qalqib tushdi. U oʻz rejasini yo hozir amalga oshirishi mumkin, yoki hech qachon.
Shartta oʻrnidan turdi.
— Qassobga telefon qilishim kerak, — dedi bepisandlik bilan. — Ungacha shu yerda oʻtirib tur.
— Qassobga? Shu mahalda-ya?
— Jinni, hozir magazin allaqachon yopilib boʻldi. Qassob esa, uyida boʻladi. Ertaga shanba. Toʻqmoqlangan buzoq goʻshtini boshqalar ilib ketmasdan buyurtma berib qoʻyishim kerak. Bechora chol meni judayam yoqtiradi.
U ship etib xonasiga kirib ketdi va eshikni yopib oldi. Orqadan erining “Eshikni ochiq qoldir”, deganini eshitdi va sovuqqonlik bilan javob qaytardi:
— Ochiq eshikdan chivin uchib kiradi. Chivinni koʻrgani koʻzim yoʻq. Tentakkinam, sen hali meni oʻsha qassob chol bilan shakarguftorlik qiladi, deb oʻylayapsanmi?
U xonada yolgʻiz qolishi bilan “Sayyoh tugʻrosi” mehmonxonasining raqamini terdi. darrov tusha qoldi:
— Bu mister Vindifordmi? Boshqa? Nima u ketib qoldimi? Uni chaqirib bera olmaysizmi?
Shu payt uning yuragi qinidan chiqayozdi. Eshik ochilib eri kirib keldi.
— Chiqib tur, Jerald, — dedi ranjigan tovushda, — Telefonda gaplashayotganimni birov eshitmasin deyman.
Jerald kulimsirab stulga oʻtirdi:
— Oʻzi rostdan ham kassob bilan gaplashayapsanmi?
Aliks qattiq hayajonda edi. Uning rejasi barbod boʻlgandi.
Hozir Dik goʻshakni oladi. Balki tavakkal kilib telefondan yordam soʻrab qichqirsami? U asabiylashib telefon richagini bir qisib, bir boʻshata boshladi. Shu pallada uning kallasiga yangi fikr tugʻildi. Richagni bosib tursa, ovoz nariga tarafga eshitilmaydi.
“Bu ishni amalga oshirish juda qiyin boʻlsa kerak, — oʻyladi u.— Men oʻzimni faqat qassob bilan gapirayotgandek tutishim, xayajonga berilmasligim kerak. Bu ish mening qoʻlimdan keladi, ishonaman.”
Shu choq goʻshakdan Dikning ovozi eshitildi. U chuqur nafas olib richagni boʻshatgancha gapira boshladi:
— “Bulbul oshiyoni”dan Missis Martin gapiryapti. I l t i m o s t ye z r o q ye t i b k ye l i n g. /richagni maxkam qisib/ ertaga ertalab olti boʻlak yaxshilab toʻqmoqlangan buzoq goʻshti opkeling. /richagni boʻshatib/ K ye l i sh i n i g i z sh a r t. /yana richagni qisib/ Tashakkur sizga mister Xeksuorsi. Oʻylaymanki, buncha kech qoʻngʻiroq qilayotganimdan ranjimasangiz kerak. Kotletni shunaqa yaxshi koʻramanki, u /richagni boʻshatib/ b oʻ l m a s a, oʻ l i b q o l i sh i m h ye ch g a p e m a s. /yana richagni bosib/ juda yaxshi — ertaga kutaman-a? /richagni boʻshatib/ I l o j i b or i ch a t ye z r o q! — U goʻshakni ilib, ux tortganicha eriga yuzlandi:
— Qassob bilan ajoyib gaplashib qoʻyding-da, a? — dedi Jerald undan koʻz uzmay.
— Odatdagidek, xuddi boshqa ayollar kabi, — dedi Aliks oʻpkasini arang bosib.
Jerald hech narsadan shubhaga tushmadi. Dik esa, hech narsani tushunmagan boʻlsa-da, yetib kelishi aniq.
Ayol yotoqxonaga kirib chiroqni yoqdi. Orqasidan eri kirdi.
— Aftidan hozir kayfiyating aʼlo boʻlsa kerak? — soʻradi xotiniga sirli tikilib.
— Ha, dedi xotini, — Boshimning ham ogʻrigʻi qoldi. U eriga tabassum uzatganicha doimiy joyidan, eri oʻtiradigan kursining qarshisidan joy oldi. U xalos boʻldi. Hozir sakkizdan yigirma minut oʻtdi. Soat toʻqqizgacha Dik yetib keladi.
— Bugungi qahva menga uncha yoqmadi, juda achchiq damlabsan, — shikoyatlandi Jerald.
— Bu qahvaning yangi navi ekan. Agar u senga yoqmagan boʻlsa, bunaqasidan endi olmaganim boʻlsin, azizim.
Aliks qoʻliga igna olib toʻqishga oʻtirdi. Jerald mutolaaga berildi. U bir necha sahifani tugatib, soatga qaradi va kitobni bir chetga irgʻitdi:
— Sakkiz yarim. Yur, yertoʻlaga tushib surat ishlaydigan vaqt boʻldi.
Toʻqiyotgan narsasi Aliksning qoʻlidan tushib ketdi.
— Yoʻq, yoʻq. Kel toʻqqizgacha kutaylik!
— Yoʻq, asalim, soat sakkiz yarim. bu ishni kechiktirib boʻlmaydi. Shu vaqtda belgilab qoʻyganman. Senam vaqtliroq uxlaysan.
— Negadir toʻqqizgacha kutgim kelyapti.
— Hamma ishni oʻz vaqtidan kechiktirmaslikka oʻrganganimni bilasan-ku. Ketdik, Aliks. Bir daqiqa ham kuta olmayman. Aliks unga qaradi-yu, rangi boʻzdek oqarib ketdi. Eri allaqachon niqobini yechib tashlagandi. Uning qoʻllari asabiy qaltirar, koʻzlari bejo, qurigan lablarini tinimsiz yalardi. U endi oʻz tugʻyonini tutib turish holatida emasdi. “Rost-da, — oʻyladi Aliks, — Har qancha toqatli boʻlmasin, bundan ortiq kutib tura olmasdi”. Jerald uning yoniga keldi va yelkalaridan tutib oʻrnidan turgʻizdi.
— Qani azizim, oʻzim seni u yoqqa olib boraman, — uning quvnoq ohangda aytilgan bu gaplaridan kishini dahshatga solguvchi qabohat isi kelardi. Ayol soʻnggi kuchini jamlab erining qoʻlidan yulqinib chiqdi va qurquvga yon berib, behol devorga suyandi. U alhol hech narsa qilolmas, hech kaerga qocholmas, erkak esa, uning ustiga bostirib borardi:
— Xoʻsh, Aliks…
— Yoʻq-yoʻq!
U qichqirgancha qoʻllarni ojizona oldinga choʻzib, oʻzini himoya qilishga chogʻlandi:
— Jerald, shoshma. Senga bir gapni aytishim,.. iqror boʻlishim kerak.
Eri birdan sergak tortdi:
— Iqror boʻlmoqchisan? — soʻradi ajablanib.
— Ha, iqror boʻlishim kerak.
U bir muddat oʻyga toldi-da, tezda toʻlqinlanib, erini qiziqtirishga davom etdi.
— Nima, oʻynashing bormidi? — soʻradi masxaramuz iljayib.
— Yoʻq, unaqamas… Ehtimol sen buni… sen buni jinoyat deb atashing mumkindir?
U oʻq borib nishonga tekkanini, erining qiziqishi ortib borayotganini koʻrib biroz tinchlandi va oʻzini vaziyat hokimi sanab gapida davom etdi:
— Joyingda oʻtirib olsang tuzik boʻlardi, — dedi Aliks sokinlik bilan va oʻzi ham xonaning narigi kunjidagi stolga oʻrnashdi. Hatto egilib, boya qoʻlidan tushib ketgan toʻquv ishini ham oldi. U zohiriy sokinlikni saqlagan holda ichki tahlika bilan vaqtni najot kuchlari yetib kelguncha choʻza oladigan gaplarni oʻylab olish uchun bir muncha taraddudlandi.
— Senga avval xam aytganman, — dedi sekin ohangda, — Men oʻn besh yil stenogrfist boʻlib ishlaganman. Aslida ja unaqamasdi. Ikki marta ishimda tanaffus boʻlgan. Birinchisida yigirma ikki yoshda edim. Oʻshanda oʻziga yarasha sarmoyasi boʻgan, keksa bir kishi bilan tanishib qoldim. U meni yoqtirib qoldi va turmush qurishni taklif qildi. Uning gapini yerda qoldirmadim. Oila qurdik. — U bir muddat jimib qoldi, — Uni aldab-suldab, oʻz hayotini sugʻurta qildirishga koʻndirdim.
Shunda Aliks erining yuzida qatʼiy qiziqish ifodasini ilgʻab oldi. U endi oʻziga ishonch bilan hikoyasini davom ettirdi. — Urush paytida oz muddat gospitaldagi aptekada ishlaganman. Oʻshanda dori-darmon, hatto, zaharli moddalar bilan ham ishlashga toʻgʻri kelgan.
U bir narsani oʻylayotgandek jim qoldi. U erining eʼtiborini tamoman jalb etganiga shubha qilmasdi. Qotilni qotillik qiziqtiradi-da! Ayol mahorat bilan oʻz rolida davom etardi. Oʻgʻrincha soatga qaradi: yigirmata kam toʻqqiz. — Shunaqa bir zahar boʻladi. Oppoq kukunga oʻxshaydi. Bir chimdimi odamni oʻldiradi. Sen shunaqasi xaqida eshitganmisan?
U javobni hadik aralash kutgandi. Agar tasdiq javobi olinsa, gapni bu yogʻini sal oʻylabroq gapirishga toʻgʻri kelardi.
— Yoʻq, — dedi Jerald. — Bilsam ham oz narsa bilaman. Aliks qoniqish bilan bosh irgʻadi:
— Unda giostsiamin xaqida eshitgan boʻlsang kerak. Bu zahar xech kanday iz qoldirmaydi. Har qanday vrach oddiy yurak xuruji deya tashxis qoʻyishdan nariga oʻtmaydi. Men oʻshandan ozgina oʻgʻirlab olgandim va uni har doim oʻzim bilan olib yurardim.
U kuch toʻplash chun ozroq toʻxtaldi.
— Davom et, — dedi eri sabrsizlik bilan.
— Yoʻq, qoʻrqaman. Senga aytib berolmayman. Boshqa safar.
— Yoʻq, hozir aytasan!
Turmush qurganimizga endi bir oy boʻlgandi. Men erimga juda muloyim muomala qilardim, u meni har doim qoʻshnilarga maqtardi. Hamma meni mehribon va sadoqatli ayol sifatida bilardi. Kechqurunlari oʻzim unga qahva damlab berardim. Bir kuni kechki payt uning finjoniga bir chimdim oʻsha zahri qotildan tashlab yubordim…
Aliks ehtiyotkarlik bilan ignaga navbatdagi ipni oʻtkaza boshladi. U umrida sahnaga chiqmagan esa-da, ayni chogʻda yer yuzidagi eng mohir aktrisa bilan bellasha olardi. U hozir sovuqqon qotil rolini mahorat ila oʻynayotgan edi.
— Hammasi juda silliq kechdi. Men uning karshisida oʻtirib kuzata boshladim. U avval nafas ololmay xirillay boshladi. Men derazani ochdim. Keyin u stuldan tura olmayotganini aytdi. Bir necha soniya oʻtgach, u oʻlib qoldi…
U jilmayib qoʻydi. Chorakkam toʻqqiz boʻlgandi. Endi Dik ulgursa kerak.
— Sugʻurta polisi boʻyicha qancha pul olding?
— Ikki ming funt atrofida. Birja savdolariga aralashib, bor-budimdan ayrildim. Yana avvalgi ishimga qaytdim. Biroq u yerda yana uzoq qololmadim. Boshqa bir odam bilan tanishib qoldim. Menyana qizlik familiyamga kaytganim uchun u mening turmushga chiqqanimni bilasdi. U nisbatan yosh, kelishgan va ancha badavlat odam edi. Biz Sasseksda nikohdan oʻtdik. U mening nomimga oʻz hayotini sugʻurta qilishga koʻnmadi, biroq bor davlatini menga meros qoldirishini aytdi. U xuddi birinchi erim singari kahvani unga oʻz qoʻlim bilan damlab berishimni yoqtirardi. — Aliks xayolchanlik bilan kulimsiradi. — Qahvani juda yaxshi damlayman-da. Biz yashaydigan qishloqda mening tanishlarim koʻp edi. Kunlarning birida erim tushlikdan soʻng yuragi xuruji bilan vafot etganini eshitib, ular menga juda ham achinishdi. Hatto avvalgi ishimga qanday kilib qaytganimni ham bilmayman. Ikki erimdan menga toʻrt ming funtga yaqin meros koldi. Bu gal birja savdolariga aralashmadim. Sarmoyamni bankka joylashtirdim. Mana, koʻrib turibsanki… U gapini toʻxtatishga majbur boʻldi. Jerald boʻgʻriqqanicha barmogʻini unga niqtab pishqira ketdi:
— Qahva! Oʻ parvardigor! Qahva!
Ayol sarosima ichida unga tikildi:
— Uning bunchalik achchiq boʻlganini endi tushundim; Ah, sen iblis! Nimalar qip qoʻyding? — U kursining tutqichini mahkam tutgancha, xotiniga tashlanmoqqa chogʻlandi. — Sen meni zaharladingmi, hali?
Aliks kamin tomonga qarab qochdi. Qoʻrquvdan u hamma gapim yolgʻon demoqchi ham boʻldi, biroq tilini tishladi. Bir lahzada eri uning giribonidan olishi mumkin. U butun madorini jamlab eridan koʻz uzmay turaverdi.
— Ha, seni zaharladim. Zahar oʻz kuchini koʻrsatyapti. Sen hozir kursidan turolmay qolasan… Qimirlolmay qolasan.
U erini yana bir necha daqika kursida ushlab turolsa edi. Nima bu? Qadam tovushlari! Daricha gʻichirladimi? Demak, ular kelishdi. Mana, darvoza ham ochildi.
— Sen endi joyingdan qimirlay olmaysan, — bor quvvatini toʻplab qaytardi Aliks. U shu gaplarni aytganidan keyin xonani tark etdi va es-hushini yoʻqotgan holda Dikning qoʻlida yiqilib tushdi.
— Oʻ, tangrim, — qichqirib yubordi Dik va oʻzi bilan kelgan baland boʻyli polismenga oʻgirildi. — Ketdik, qaraylik-chi, ichkarida nima gap ekan.
Dik Aliksni ehtiyotkorlik bilan kushetkaga yotqizib uning ustiga engashdi.
— Mening kichkintoyim, — dedi erkalab, — mening shoʻrlikkinam. Ceni ne kuyga solishdi?
Aliks zaif tovushda arang uning nomini tilga oldi. Dik polismen uning bilagidan turtganidan keyingina oʻziga keldi.
— U yerda hech narsa yoʻq, ser, — Faqat kursida allakim oʻtiribdi. U aftidan juda qoʻrqib ketgan koʻrinadi…
— Keyin-chi?..
— U.. oʻlib yotibdi, ser…
Ularning ikkovi ham Aliksning ovozini eshitib, sergak tortishdi. U yumuq koʻzlari bilan xuddi alahsirayotgandek gʻoʻldiradi:
— Uning oʻlganiga ancha boʻldi. — U guyoki kimningdir gapini qaytarayotgandek edi.
Rustam Jabborov tarjimasi