Agata Kristi. Tilsimli shaxmat
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Koʻpincha biz Puaro bilan Soxodagi moʻjazgina restoranchada ovqatlanardik. Bir kuni kechqurun biz u yerda eski qadrdonimiz — inspektor Jepni koʻrib qoldik. Stolimizda boʻsh oʻrin boʻlgani sababli, u bizning yonimizga kelib oʻtirdi.
— Biz tomonlarga bormay qoʻydingiz, — deb undan oʻpkaladi Puaro. — Sariq yosuman ishidan keyin hech koʻrishmadik siz bilan, oʻshandan beri, mana, darrov bir oy ham oʻtib ketibdi.
— Men shimolga borib keldim. Oʻzingizning gaplaringiz qalay? Katta toʻrtlik ish koʻrsatib yotibdimi?
Puaro barmogʻi bilan uni yanib qoʻydi.
— Siz bekorga mening ustimdan kulyapsiz. Katta toʻrtlikning mavjudligi aniq.
— Oʻ-oʻ, men bunga shubha qilmayman. Lekin ular, siz taʼriflaganchalik, dunyoning ustuni ham emas-da.
— Doʻstim, siz qattiq yanglishasiz. Hozirgi paytda butun dunyoga yovuzlik urugʻini oʻta faollik bilan sochayotgan shu Katta toʻrtlik boʻladi.
Ularning maqsadi nimaga qaratilgani hech kimga maʼlum emas, lekin shu paytgacha bunday oʻta jinoiy tashkilot dunyoda boʻlmagan. Bu tashkilotga Xitoyning eng yirik zakovat sohibi boshchilik qiladi, uning tarkibida amerikalik millioner va fransiyalik olima bor, tashkilotning toʻrtinchi raqamli aʼzosi masalasiga kelsak…
Jep uning soʻzini boʻlib dedi:
— Bilaman, bilaman. Hozir siz faqat oʻsha toʻrtinchi raqam haqida oʻylayapsiz. Ehtiyot boʻling, mesye Puaro, tagʻin u butun es-hushingizni olib qoʻymasin. Keling, yaxshisi, boshqa biron narsa ustida gaplashaylik. Sizni shaxmat qiziqtiradimi?
— Ha, oʻynaganman.
— Siz kecha yuz bergan voqea haqida oʻqidingizmi? Dunyoga mashhur boʻlgan ikki shaxmatchi oʻrtasida boʻlgan matchni aytyapman, ulardan biri oʻyin chogʻida oʻlib qolgan.
— Ha, koʻruvdim bu haqdagi maqolani. Birinchi shaxmatchi — rus chempioni doktor Savaronov, ikkinchisi — yurak xuruji kasalidan oʻlgani — amerikalik isteʼdodli yigit Gilmor Uilson.
— Juda toʻgʻri. Bir necha yil burun Savaronov Rubinshteyn bilan oʻynab uni yutgan va rus chempioni boʻlgan. Uilsonni esa ikkinchi Kapablanka deb aytishardi.
— Juda alomat hodisa, — dedi Puaro oʻychanlik bilan. — Yanglishmasam, bu ish bilan siz shugʻullanyapsiz, shekilli?
Jep iymanib kulib qoʻydi.
— Juda toʻgʻri topdingiz, mesye Puaro. Lekin men kalavaning uchini topolmay qiynalyapman. Uilson soppa-sogʻ odam edi — unda hech qachon hech qanday yurak xastaligi boʻlmagan. Uning oʻlimi sababini izohlab boʻlmayapti.
— Uni doktor Savaronov, yoʻlimga gʻov boʻlmasin, deb gumdon qilgan, demoqchimisiz? — dedim men dangaliga.
— Bunga ishonish qiyin, — deb quruqqina javob qildi Jep. — Bitta odamning, hatto u rus boʻlganida ham, — boshqa bir odamni, faqat shaxmatda yutqazib qoʻymaslik uchun oʻldirishiga koʻzim yetmaydi. Umuman olganda, menimcha, buning aksi boʻlganda, haqiqatga yaqinroq boʻlardi. Chunki doktor Savaronovni Laskerdan[1], keyin dunyoda ikkinchi oʻringa qoʻyishadi.
Puaro oʻychanlik bilan bosh irgʻab qoʻydi.
— Xoʻsh, unda gʻoyachangiz nimadan iborat? — deb soʻradi u. — Nima maqsadda u Uilsonni zaharlagan? Menimcha, siz uni aynan zaharlangan, deb faraz qilyapsiz — shunday emasmi?
— Shak-shubhasiz. Bu oʻrinda yurak xuruji dardi yurakning urishidan toʻxtaganini bildiradi, xalos. Bu vrachning rasmiy xulosasi, ammo u men bilan qilgan suhbatida, bunday xulosa uni qoniqtirmasligini aytdi.
— Murdani qachon yorishmoqchi?
— Bugun kechqurun. Uilson favqulodda oʻlgan. U soppa-sogʻ boʻlgan, dona surib turib birdan joni uzilib yiqilgan.
— Bunaqa tez taʼsir qiladigan zaharlar juda kam uchraydi, — dedi Puaro.
— Bilaman. Ehtimol jasad yorilganda masala oydinlashar. Lekin men bir narsaga hech tushunolmayapman: kimga kerak ekan Gilmor Uilsonni gumdon qilish? U kamtarin, beozor yigit edi. Qoʻshma Shtatlardan yaqinda kelgan edi. Uning bironta ham dushmani boʻlmasa kerak bu dunyoda.
— Ha, juda aql bovar qilmaydigan hodisa, — dedim men.
— Nega endi? — dedi Puaro jilmayib. — Koʻrib turibman, Jepning oʻz taxminlari borga oʻxshaydi.
— Bor, mesye Puaro. Mening taxminimcha, zahar Uilsonga emas, boshqa odamga moʻljallangan.
— Savaronovgami?
— Ha. Savaronov inqilob arafasida bolsheviklarga qarshi kurashgan ekan. Bir paytlar uni halok boʻlgan deb ham hisoblashgan. Lekin, aslida, u oʻlimdan jon saqlab qochib qolgan va uch yilgacha Sibirning eng xilvat goʻshalarida benihoya ogʻir sharoitda kun kechirgan. U juda koʻp azob chekkani sababli soch-soqoli oqarib, tanib boʻlmaydigan darajada oʻzgarib ketgan va munkillagan chol boʻlib qolgan. Aytishlaricha, yor-doʻstlari, tanish-bilishlari ham uni zoʻrgʻa tanishibdi. U nogiron, uyidan juda kam chiqadi, Vestminsterda jiyani Sonya Davilova va bir rus xizmatkori bilan turadi. Bu bellashuvda qatnashishni u sira-sira xohlamagan va taklifni bir necha marta rad etgan, lekin gazetalar, Savaronovning bu oʻjarligini sportchi uchun yarashmagan qiliq, deb shov-shuv koʻtarganlaridan keyin, u rozi boʻlibdi. Ikkinchi tomondan, Gilmor Uilson ham chinakam yankilarga xos tixirlik bilan uni bellashuvga chaqiraverib, axiri niyatiga yetibdi. Bilasizmi, mesye Puaro, nima uchun Savaronov musobaqadan bosh tovlagan? Nimagaki, u omma eʼtiborini oʻziga qaratishni istamagan. Tagʻin biron kishi payimga tushmasin, deb qoʻrqqan. Mening fikrim shu — Gilmor Uilsonni adashib zaharlab qoʻyishgan.
— Ayting-chi, Savaronovning oʻlimini tilovchi bironta gʻarazgoʻy shaxs bormi?
— Bunday shaxs faqat uning jiyani boʻlishi mumkin. Savaronov yaqinda juda katta boylikka merosxoʻr boʻlgan. Buni unga madam Bonu meros qilib qoldirgan. Eski tuzum paytida Bonuning eri qand zavodining xoʻjayini boʻlgan ekan. Aytishlaricha, bir vaqtlar Bonu bilan Savaronov bir-birlarini sevishgan va Bonu jazmanining oʻlgani haqidagi xabarga hech qachon ishonmagan.
— Match qayerda boʻlibdi?
— Savaronovning kvartirasida. Sizga aytuvdim — u nogiron. —Ancha odam yigʻilibdimi?
— Oʻn-oʻn ikkita. Balki undan ham koʻproqdir. Puaro aftini maʼnodor burishtirdi.
— Shoʻringiz qurisin, Jep, oldingizda juda ogʻir vazifa turipti.
— Uilsonning zaharlangani aniq ayon boʻlgani hamono ishim yurishib ketishi muqarrar.
— Agar sizning, Savaronov qurbon boʻlishi kerak edi, degan taxminingiz toʻgʻri boʻlib chiqsa, unda qotil yana bir marta urinib koʻrishi ehtimoldan xoli emas — siz bu haqda oʻylab koʻrmadingizmi?
— Gapingiz toʻgʻri. Hozir Savaronovning kvartirasini ikkita odamimiz kuzatib turipti.
— Bu tadbiringiz, turgan gapki, doktornikiga bomba qoʻltiqlab kirmoqchi boʻlganlarni choʻchitib yuboradi, — dedi Puaro iltifotsiz istehzo bilan.
— Siz bu masalaga jiddiy qiziqib qolgan koʻrinasiz, mesye Puaro, — dedi Jep koʻz qisib qoʻyarkan. — Oʻlikxonaga borib Uilsonni, vrachlar qoʻliga tushmasidan oldin, bir koʻzdan kechirishni xohlamaysizmi? Kim bilsin, ehtimol uning galstugiga qadalgan toʻgʻnagʻichi sal qiyshayib qolgandir-u, bu narsa sirni ochishda hal qiluvchi bebaho dalil boʻlar.
— Azizim Jep, boyattan beri qoʻlim qichib, sizning toʻgʻnagʻichingizni toʻgʻrilab qoʻygim kelyapti. Ijozat berasizmi? O! Mana bu boshqa gap. Ha, albatta, qani, ketdik oʻlikxonaga.
Bu yangi jumboq Puaroning butun eʼtiborini tortib olgani yaqqol koʻzga tashlanib turardi. Keyingi paytlarda u faqat Katta toʻrtlik ustida bosh qotirayotgan edi mana, uning boshqa narsaga qiziqib qolganini koʻrib men xursand boʻldim.
Oʻzim boʻlsam amerikalik baxti qaro yigitning qotib qolgan jasadini va burushgan basharasini koʻrib, shoʻrlikka qattiq achindim. Puaro murdani diqqat bilan koʻzdan kechirdi. Uning badanida, agar chap qoʻlidagi kichkina chandiqni hisobga olinmasa, hech qanday qiynoq izi yoʻq edi.
— Doktor buni kesilgan emas, kuygan deb aytyapti, — dedi Jep.
Keyin Puaro stolga terib qoʻyilgan narsalarga eʼtiborini qaratdi (ularni konstebl murdaning choʻntaklaridan olgan edi). Bularning bari uncha ahamiyatga ega boʻlmagan narsalar edi — roʻmolcha, kalitlar, hamyon va bu ishga daxli boʻlmagan bir necha maktub. Ammo sal narirokda alohida turgan narsa Puaroning diqqatini oʻziga tortdi.
— Shaxmat donasi-ku! — deb yubordi u. — Oq fil. Nima, bu ham uning choʻntagidan chiqdimi?
— Yoʻq, uni murda mahkam siqimlab olgan ekan. Biz uning barmoqlarini zoʻrgʻa ochib oldik. Kezi kelganda, uni doktor Savaronovga qaytarib berish kerak boʻladi. Bu uning fil suyagidan yasalgan juda bejirim shaxmat donalaridan biri.
— Ijozatingiz bilan, buni egasiga men qaytarib bersam. Uning huzuriga kirish uchun yaxshi bahona boʻlardi.
— Ahha! — deb chinqirib yubordi Jep. — Siz bu ish bilan shugʻullanmoqchisiz — topdimmi?
— Ha. Siz juda ustalik bilan qiziqish uygʻotdingiz menda bu ishga.
— Juda yaxshi-da. Sal boʻlsa ham, fikringizni chalgʻitdim. Mana, kapitan Xastings ham roziga oʻxshaydilar.
— Yanglishmadingiz, — dedim men uning gapini tasdiqlab. Puaro murda tomonga oʻgirildi.
— Buning toʻgʻrisida menga aytadigan boshqa gapingiz yoʻqmi? — deb soʻradi u.
— Yoʻq, shekilli…
— Hatto uning chapaqay ekanligi haqida ham hech nima demaysizmi?
— O, siz sehrgarsiz, mesye Puaro. Qayoqdan bildingiz? U chindan ham chapaqay boʻlgan. Holbuki, koʻrayotgan ishimizga buning hech qanday daxli yoʻq.
— Ha, mutlaqo daxli yoʻq, — deb Puaro shosha-pisha Jepning fikrini maʼqulladi, chunki uning taraddudlana boshlaganini payqagan edi. — Bu mening kichkinagina hazilim, vassalom. Bilasiz-ku, men sizni kalaka qilishni yaxshi koʻraman!
Biz mana shu doʻstona hazil-huzul gaplar bilan xayrlashdik.
Ertasi kuni ertalab biz Vestminsterga, doktor Savaronovnikiga yoʻl oldik.
Eshikni bizga xizmatkor ochdi; uning yuzi xuddi oʻliknikidek ifodasiz edi.
Puaro unga Jepning muxtasar tavsiya yozilgan tashrifnomani koʻrsatdi, shundan soʻng bizni ajoyib guldor matolar va gʻaroyib ekzotik buyumlar bilan bezatilgan shifti past, uzun xonaga boshlab kirishdi. Bu xonaning devorlariga antiqa ikonalar osilgan, yerga esa hayratomuz eroniy gilamlar toʻshalgan edi. Stolda samovar turardi.
Men bir ikonani tomosha qila boshladim: u meni oʻziga mahliyo qilib qoʻygan edi. Keyin orqamga oʻgirilib, Puaroning yerda yaslanib yotganini qoʻrdim. Toʻgʻri, gilam gʻoyatda goʻzal edi, ammo uni bu qadar sinchkovlik bilan koʻzdan kechirishning hech hojati yoʻq edi, menimcha.
— Nahotki u sizni shunchalik rom qilib qoʻygan boʻlsa? — deb soʻradim men.
— A? O! Gilammi? Darhaqiqat, bu juda chiroyli buyum, lekin nechun shunday noyob gilamning qoq oʻrtasiga mix qoqib teshibdiykinlar, hayronman? Yoʻq, Xastings, — dedi Puaro mening unga tomon yura boshlaganimni koʻrib, — hozir mix yoʻq. Lekin teshigi qolgan.
Shu payt sharpa eshitilib, men orqamga oʻgirildim, Puaro epchillik bilan sakrab oʻrnidan turib ketdi. Ostonada turgan qiz bizga shubha bilan boqardi. Bu oʻrta boʻyli, koʻhlikkina ammo mayus chehrali qizning koʻzlari koʻk, kalta kesilgan sochi tim qora edi. U gapira boshlaganida, ovozi jarangdor va salobatli ekani, talaffuzi esa, mutlaqo inglizchaga oʻxshamasligi maʼlum boʻldi.
— Togʻam sizlarni qabul qila olmasalar kerak. U nogiron.
— Afsus, afsus. Balki oʻzingiz togʻangizning oʻrniga menga yordam qilarsiz? Siz mademuazel Davilovasiz — shunday emasmi?
— Ha, men Sonya Davilovaman. Nimani bilmoqchi edingiz?
— Men oʻtgan kuni yuz bergan koʻngilsiz hodisa — mesye Gilmor Uilsonning oʻlimi haqida maʼlumot yigʻyapman. Bu haqda siz nima deya olasiz?
Qizning koʻzlari katta-katta ochildi.
— U shaxmat oʻynayotganida yurak xuruji dardidan vafot etdi.
— Lekin politsiya buning yurak xuruji ekanligiga ishonmayapti, oyimqiz.
— Voy, demak rost ekan! — deb chinqirib yubordi vahimaga tushgan qiz oʻzini orqaga tashlab. — Ivan toʻgʻri aytgan ekan.
— Ivan, deganingiz kim? Nima uchun siz, u toʻgʻri aytgan ekan, deyapsiz?
— Ivan hali sizlarga eshik ochdi. Uning aytishicha, goʻyo Gilmor Uilson oʻz ajali bilan oʻlmaganmish, balki uni adashib zaharlab qoʻyishganmish.
— Adashib?
— Ha, zahar mening togʻam uchun moʻljallangan ekan.
Sonya boyagi shubhalarini unutib, endi bemalol ochiqchasiga gapirardi.
— Nega bunday deyapsiz, mademuazel? Kim zaharlamoqchi ekan doktor Savaronovni?
Qiz bosh chayqab dedi:
— Bilmayman. Men togʻamning faoliyatidan gʻofilman. U menga ishonmaydi. Bu tabiiy hol, menimcha. Negaki, togʻam meni deyarli bilmaydi. Bu yerda, Londonda uchrashmasimizdan oldin u meni faqat goʻdak chogʻimda koʻrgan. Lekin shuni aniq bilamanki, u nimadandir qoʻrqadi. Ayting-chi, mesye, — deb u Puaroga yaqin keldi va ovozini pasaytirib soʻradi: — Siz “Katta toʻrtlik” deb yuritiluvchi jamiyat haqida hech eshitganmisiz?
Puaro, xuddi boshidan qaynoq suv quyib yuborilganday bir sapchib tushdi.
— Nega siz… siz nima bilasiz Katta toʻrtlik haqida, mademuazel?
— Demak, shunday tashkilot bor! Men buning daragini eshitgan edim, keyin bu haqda togʻamdan soʻrovdim… Yo tavba, umrim bino boʻlib, bunchalik qattiq vahimaga tushgan odamni koʻrmaganman. Togʻamning rangi dokadek oqarib, butun vujudi dagʻ-dagʻ qaltiray boshladi. U oʻshalardan qoʻrqadi, mesye, judayam qoʻrqadi, ishonchim komil. Ular amerikalikni, — Uilsonni aytyapman, — yanglishib oʻldirib qoʻyishgan.
— Katta toʻrtlik, — deb gʻoʻldiradi Puaro. — Yana Katta toʻrtlik! Qanday hayratomuz uygʻunlik! Mademuazel, togʻangizning hayoti hali ham xavf ostida. Men uni himoya qilishim kerak. Shu bois siz menga oʻsha kuni kechqurun boʻlgan voqealarni, imkon qadar, mufassalroq soʻzlab berishingiz kerak. Siz menga shaxmat taxtasini, ikki oʻyinchi oʻtirgan stolni — hamma-hammasini koʻrsating!
Sonya devorga yaqin borib, sirti gʻoyat bejirim stolchani gʻildiratib chiqardi, stolcha ustidagi shaxmat taxtasi kumush va qora rangli kvadratlar bilan bezatilgan edi.
— Buni bir necha hafta burun togʻamga sovgʻa qilib yuborishgan va navbatdagi matchni shu taxtada oʻynashni iltimos qilishgan edi. Bu stolcha mana bu yerda — xonaning oʻrtasida turgan edi.
Puaro stolni, mening nazarimda, juda-juda sinchiklab koʻzdan kechirdi. Lekin menga qolsa, tergovni butunlay boshqacha usulda olib borgan boʻlardim. U bergan savollarning koʻpchiligi mutlaqo befoydadek boʻlib tuyuldi menga, u eng zaruriy va muhim savollarni deyarli bermadi. Fahmimcha, kutilmaganda Katta toʻrtlikni esga olinishi Puaroni kalovlatib qoʻygan edi.
Puaro stolni va u turgan yerni diqqat bilan koʻzdan kechirgach, shaxmat donalarini koʻrsatishni iltimos qildi, Sonya Davilova qutiga solingan donalarni koʻtarib keldi. Puaro bir-ikkita donani qoʻlida aylantirib koʻrdi-da, parishonxotirlik bilan toʻngʻillab qoʻydi:
— Chiroyli donalar.
Lekin qanday ichimliklar ichilgani yoki matchda kimlar qatnashgani haqida bir ogʻiz ham soʻramadi.
Men maʼnodor yoʻtalib qoʻydim.
— Nazarimda, siz Puaro…
U takabburlik bilan soʻzimni boʻldi:
— Yoʻq, u haqda oʻylamang, doʻstim. Buni menga qoʻyib bering. Mademuazel, nahotki togʻangizni koʻrish menga nasib etmasa?
Sonya xiyolgina jilmayib qoʻydi.
— Togʻam sizni qabul qiladi, ha. Bilasizmi, dastavval siz bilan men gaplashib olishim lozim edi… siz bilan ham, tashrif buyurgan boshqa notanish kishilar bilan ham.
U ichkariga kirib ketdi. Qoʻshni xonadan gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovozlar eshitildi, bir daqiqadan soʻng qiz qaytib chiqib, bizni qoʻl ishorasi bilan ichkariga taklif qildi.
Kushetkada baland boʻyli, qotmadan kelgan, qoshlari baroq, soqoli oppoq — xullas, zodagonsifat odam yotardi. Uning soʻlgʻin chehrasi koʻp qiyinchiliklar va muhtojliklarni boshidan kechirganligidan dalolat berardi. Doktor Savaronov obroʻ-eʼtiborli shaxs koʻrinardi. Kallasining gʻayrioddiy shaklda ekanligi diqqatimni tortdi. Buyuk shaxmatchi ulkan zakovat sohibi boʻlmogʻi shart. Men uning dunyoda ikkinchi oʻrindagi shaxmatchi ekanligiga osongina ishondim.
Puaro unga taʼzim qilib dedi:
— Doktor, siz bilan yolgʻiz gaplasha olishim mumkinmi? Savaronov jiyani tomonga oʻgirildi.
— Bizni xoli qoldir, Sonya.
Qiz itoatkorlik bilan chiqib ketdi.
— Qulogʻim sizda, ser.
— Doktor Savaronov, siz yaqinda juda katta merosga ega boʻlibsiz. Kechirasiz-u, mabodo oʻlib-netib qolgudek boʻlsangiz, u boylik kimga qoladi?
— Men jiyanim Sonya Davilova nomiga vasiyatnoma yozib qoʻyganman. Siz oʻylaysizki…
— Men hech nima oʻylamayman, ammo siz jiyaningizni yosh bolalik chogʻidan beri koʻrmagansiz. Bunaqa rolni har qanday odam ham osongina ijro etishi mumkin.
Savaronov hang-mang boʻlib qoldi. Puaro esa, pinagini buzmay gapini davom ettirdi.
— Bu haqda yetar. Men sizni ogohlantirib qoʻydim, xolos. Endi siz menga oʻsha kuni kechqurun oʻynalgan partiyani taʼriflab berishingizni istardim.
— Partiyani? Siz nimani nazarda tutyapsiz?
— Men oʻzim shaxmat oʻynashni bilmayman. Lekin, bilishimcha, oʻyinni boshlashning hamma shaxmatchilar uchun odat boʻlib qolgan bir qancha turlari boʻlar ekan — masalan, gambit. Shunaqa deyishadi, shekilli? Doktor Savaronov jilmayib qoʻydi.
— Nima demoqchi boʻlganingizni tushundim. Uilson Ryui Lopes oʻyinini qoʻlladi — bu oʻyinning ibtidosi ancha bexatar boshlanadi; koʻp turnirlarda shaxmatchilar shu usulni qoʻllashadi.
— Nechta yurish qilgan edinglar falokat yuz bergunga qadar?
— Uchinchi yo toʻrtinchi yurishda Uilson birdan stolga muk tushdiyu oʻldi. Puaro oʻrnidan turdi va goʻyo mutlaqo ahamiyatsiz boʻlgan oxirgi savolini berdi; lekin bu savolning juda katta ahamiyatga molik ekanligi menga ayon edi:
— U biron nima yeganmidi yo ichganmidi?
— Sodali suv omuxta qilingan viski ichuvdi, shekilli.
— Minnatdorman, doktor Savaronov. Sizni boshqa bezovta qilmayman. Ivan bizni dam olish xonasida kutib turgan edi. Puaro ostonada toʻxtab, undan soʻradi:
— Siz bilmaysizmi, tagingizdagi kvartirada kim turadi?
— Parlament aʼzosi ser Charlz Kingvel, ser. Lekin, bilishimcha, hozir bu kvartira ijaraga qoʻyilmoqchi.
— Rahmat.
Biz koʻchaga chiqdik, osmonda qish quyoshi charaqlab turardi.
— Bilasizmi, Puaro, — dedim men ortiq chidab turolmay, — menimcha, bugun siz sal aynidingiz. Bergan savollaringiz juda bemulohaza boʻldi.
— Siz shunday deb oʻylaysizmi, Xastings? — Puaro menga taajjub bilan boqdi. — Xoʻsh, oʻzingiz nimalarni soʻragan boʻlardingiz?
Men Puaroga oʻz soʻroqlarim tarkibini bayon qildim. U gaplarimni, nazarimda, ancha eʼtibor bilan tingladi. Mening bu bayonim to uyga yetib borgunimizcha davom etdi.
— Juda soz, gʻoyat puxta oʻylangan savollar, Xastings, — dedi Puaro eshikni ochib zinadan koʻtarilar ekan. — Lekin, taassufki, mutlaqo keragi yoʻq ularning.
— Keragi yoʻq? — dedim men hang-mang boʻlib. — Agar u zaharlanganida bormi…
— Aha! — deb chinqirib yubordi Puaro stolda yotgan xatga qoʻl choʻzarkan. — Bu Jepdan. Oʻzim ham shunday oʻylovdim.
U xatni menga uzatdi. Xat qisqa va loʻnda edi. Murdadan hech qanday zahar topilmagan, oʻlimning sababi mavhumligicha qolgan.
— Ana, koʻrdingizmi, — dedi Puaro, — siz bermoqchi boʻlgan savollarning hech keragi boʻlmas edi.
— Siz buni sezganmidingiz?
— Sezgandim.
— Qanday qilib?
Puaro qoʻlini choʻngagiga tiqib oq fil donasini oldi.
— Ie, uni doktor Savaronovga qaytarib berish esingizdan chiqibdimi? — deb soʻradim men.
— Yanglishdingiz, doʻstim. Kechagi fil hali ham mening chap choʻntagimda yotipti. Men uning bu adashini shaxmat donalari solingan qutidan oldim, boya uni mademuazel Davilova menga lutfan koʻrsatgan paytda.
Men hech nimaga tushunmadim.
— Axir nega uni oldingiz?
— Men bu ikkita filni solishtirib koʻrmoqchiman. U fil donalarini stolga yonma-yon qoʻydi.
— Koʻrinishi bir xil. Lekin sirtiga qarab xulosa chiqarmaylik. Iltimos, mening jajji torozchamni olib kelsangiz.
Puaro ikkita donani nihoyatda sinchkovlik bilan tortib koʻrdi, soʻng menga oʻgirilib, quvnoq chehra bilan dedi:
— Men haq chiqdim. Koʻryapsizmi, men haqman. Ha, Erkyul Puaroni aldab boʻlmaydi! U telefon tomon otilib, shoshqaloqlik bilan raqamlarni terdi.
— Jepmisiz? Erkyul Puaro gapiryapti. Xizmatkorni, Ivanni koʻzdan qochirmang. Zinhor uning qochib ketishiga yoʻl qoʻymang. Ha, ha, shunaqa.
U goʻshakni ilib menga oʻgirildi.
— Siz haliyam tushunmadingizmi, Xastings? Hozir tushuntiraman. Uilson zahardan emas, elektr tokidan oʻlgan. Manavi ikkita donadan birining ichiga metall sterjen oʻrnatilgan. Match oʻynaladigan stol oldindan tayyorlanib, polning belgilangan yeriga oʻrnatilgan. Fil kumush kataklardan biriga qoʻyilishi bilan Uilsonning badanidan tok oʻtgan-u shu zahoti u jon bergan. Uning qoʻlida kuyuk izi qolgan — chap qoʻlida, chunki u chapaqay boʻlgan. “Maxsus” stol, aslida, nayrangli qurilma. Lekin men koʻzdan kechirgan stol — avvalgisining mutlaqo bexatar nusxasi. Qotillik yuz bergandan soʻng, stolni darhol oʻzgartirib qoʻyishgan. Hamma nayrang pastdagi kvartiradan boshqarilgan, esingizda boʻlsa, u ijaraga qoʻyilar ekan. Ammo jinoyatchilardan, yoʻq deganda, bittasi Savaronovning kvartirasida boʻlgan. Bu — uning jiyani — Katta toʻrtlikning aygʻoqchisi.
— Ivan-chi?
— Ivan mening gumonim boʻyicha, oʻsha mashhur “toʻrtinchi raqam”ning oʻzi.
— Nima?
— Ha. Bu odam — mohir aktyor. U har qanday rolni ijro etishga qodir.
— Vo ajab, — dedim men. — Hammasi toʻgʻri chiqyapti. Savaronov oʻziga qarshi qandaydir fitna uyushtirilayotganini sezgan, shuning uchun matchda qatnashishdan bosh tovlagan.
Puaro menga qarab qoʻydi, lekin hech nima demadi. Keyin u shaxt orqasiga burildi-da, xona ichida uyoqdan buyoqqa yura boshladi.
— Sizda, mabodo, shaxmat haqidagi kitoblar yoʻqmi, mon ami? — deb soʻrab qoldi u birdan.
— Qayerdadir bor edi.
Men u kitobni qidira-qidira axiri topdim va Puaroga olib kelib berdim. U rohat kursiga oʻtirib olib, kitobni diqqat bilan oʻrgana boshladi.
Taxminan chorak soatlardan keyin telefon jiringladi. Men goʻshakni koʻtardim. Jep qoʻngʻiroq qilayotgan edi. Ivan kattakon tugun koʻtarib uydan otilib chiqibdi-yu koʻchada uni kutib turgan taksiga oʻtirib joʻnab qolibdi. “Quv-quv” boshlanibdi. Ivan taʼqib etuvchilarni chalgʻitib, “sochib” yuborishga uringan. Nihoyat, taʼqibdan qochib qutildim, deb oʻylagan boʻlsa kerak, toʻgʻri Xempsteddagi kattakon egasiz uyga yoʻl olgan. Uy qurshab olinibdi.
Men buni Puaroga aytdim. U menga xuddi gap nima haqda borayotganini tushunmayotganday qaradi, soʻng kitobni menga uzatdi.
— Mana, koʻring, doʻstim. Bu Ryui Lopesning oʻyinni boshlash usuli. 1. ye4 – ye5; 2. Kf3 – Kc6; 3. Cb5… Endi qoralar bir necha turdagi himoya yoʻllaridan birini tanlashlari lozim edi. Biroq oqlarning uchinchi yurishi — Cb5 Gilmor Uilsonni oʻldirgan. Ha, atigi uchinchi yurishdayoq u oʻlgan — nahotki haliyam tushunmagan boʻlsangiz?
Men uning nima demoqchi boʻlganiga tushunolmayotganimni aytdim.
— Faraz qiling, Xastings, siz mana bu kursida oʻtiribsiz va koʻcha eshikning ochilib yopilganini eshitdingiz — nima deb oʻylagan boʻlardingiz?
— Kimdir uydan chiqdi, deb oʻylasam kerak.
— Toʻgʻri, lekin har qanday medalning orqa tomoni ham bor. Kimdir uydan chiqqan yoxud kirgan boʻlishi mumkin, ammo bu mutlaqo bir-biriga zid hol, Xastings. Agar siz notoʻgʻri xulosaga kelsangiz, bir ozdan keyin, albatta, qandaydir kichkinagina tafovut paydo boʻladiyu sizning notoʻgʻri fikr yuritganingiz koʻrinadi-qoladi.
— Bu bilan nima demoqchisiz, Puaro? Puaro irgʻib oʻrnidan turib ketdi.
— Aytmoqchimanki, men gʻirt ahmoq ekanman. Qani, tezroq boʻling, ketdik Vestminsterga. Ehtimol hali ulgurarmiz.
Biz koʻchaga otilib chiqib taksi tutdik. Puaro men bergan savollarning bittasiga ham javob qaytarmadi. Biz yetib borib, zinadan yugurib chiqdik. Qoʻngʻiroqni bosdik. Lekin hech kim eshikni ochmadi. Men ichkariga quloq solib, u yerdan kimningdir ingrayotgan ovozini eshitdim.
Eshikbonda kvartiraning ikkinchi kaliti bor ekan, biz unga nima sababdan Savaronovnikiga kirmoqchi ekanligimizni zoʻrgʻa tushuntirdik. Nihoyat, eshikbon rozi boʻldi.
Puaro xonaga oʻqdek otilib kirdi. Dimogʻimizga xloroform hidi gup etib urildi. Yerda oyoq-qoʻli bogʻlangan, ogʻziga latta tiqilgan Sonya Davilova yotardi. Xloroformga boʻktirilgan paxta uning ogʻzi bilan burnini berkitgan edi. Puaro paxtani yulqib olib, azza-bazza qizni hushiga keltira boshladi. Saldan keyin vrach yetib keldi. Puaro qizni uning ixtiyoriga qoldirib, meni bir chekkaga boshladi. Doktor Savaronov hech yerda yoʻq edi.
— Nima gap oʻzi, Puaro? — deb soʻradim men hang-mang boʻlib.
— Gap shundaki, men ikkita bir-biriga oʻxshash xulosadan notoʻgʻrisini tanlabman. Esingizdami, Sonya Davilovaning rolini ijro etish oson, chunki togʻasi uni juda koʻp yillardan beri koʻrmagan, deb aytgan edim?
— Ha.
— Ana oʻsha xulosamning teskarisi toʻgʻri chiqdi. Aytmoqchimanki, togʻaning rolini ijro etish ham hech qiyin emas.
— Nima?
— Savaronov chindan ham inqilob paytida halok boʻlgan. Oʻzini eng ogʻir muhtojliklarni boshidan kechirgan qilib koʻrsatgan, judayam oʻzgarib ketganligi sababli, hatto oshna-ogʻaynilari ham taniyolmay qolgan, juda katga boylikka merosxoʻr boʻlgan odam…
— Xoʻsh? Kim ekan u?
— “Toʻrtinchi raqam”. Sonya unga Katta toʻrtlik haqida eshitganini aytganida, u bekorga choʻchib ketmagan. Eh, u yana qoʻlimdan chiqib ketdi. Bu jumboqni axiri yechishimni u sezgan, shuning uchun begunoh Ivanni, xoʻjakoʻrsinga, soxta topshiriq bilan joʻnatgan va oʻzi qizning oyoq-qoʻlini bogʻlab qochib qolgan. Aminmanki, bu orada u madam Bonuning omonatidan katta bir qismini pulga aylantirishga ulgurgan.
— Unda, Savaronovni oʻldirmoqchi boʻlganlar kim ekan?
— Uni hech kim oʻldirmoqchi boʻlgan emas. Aynan Uilson edi rejadagi qurbon.
— Nega axir?
— Doʻstim, bilasiz, Savaronov dunyoda ikkinchi oʻrindagi shaxmatchi hisoblangan. Taxminlarga koʻra, “toʻrtinchi raqam” shaxmat oʻyinining “sh” harfini ham bilmaydi. Turgan gapki, u oʻz oʻyini bilan hech kimni laqillata olmasdi. Shuning uchun u matchdan bosh tovlashga urinib koʻrgan. Bu niyati puchga chiqqach, Uilsonning taqdiri hal qilingan. Uilson “buyuk Savaronov”ning hatto oʻyin qoidasidan ham bexabar ekanligini koʻrmasligi kerak edi. U Ryui Lopes oʻyinining muqaddimasini maʼqul koʻrib, shu usul bilan oʻynamoqchi boʻlgan. Lekin “toʻrtinchi raqam” uni uchinchi yurishdayoq oʻlimga roʻpara qilgan — bu bilan u navbatdagi dona surishdan, yaʼni himoyaga oʻtish masalasini hal qilishdan qutilib qolgan.
— Azizim Puaro, — deb eʼtiroz bildirmoqchi boʻldim men, — axir u tentak emas-ku! Men sizning dalillaringizga tushundim, ular toʻgʻri boʻlsa kerak, albatta, lekin faqat oʻzining mashʼum rolini bundan keyin ham ijro etish maqsadidagina odam oʻldirish — bunga aqlim bovar qilmaydi! Boshqa ilojini topish ham mumkin edi-ku. Masalan, vrach shaxmat oʻynashni unga man etib qoʻyganini, oʻynasa, qattiq hayajonlanishi va kasal boʻlib qolishini aytsa boʻlardi-ku.
Puaro peshonasini tirishtirdi.
— Toʻgʻri, Xastings, — dedi u, — boshqa yoʻllar ham bor, lekin ular u qadar ishonchli emas. Qolaversa, siz odam oʻldirilishini xohlamaganingizdan shunday qarorga kelyapsiz, toʻgʻrimi? Ammo “toʻrtinchi raqam”ning mulohazasi tamomila boshqacha. Men oʻzimni uning oʻrniga qoʻyib koʻryapman, lekin siz bunday qilolmaysiz. Men uning fikrini oʻqiyapman. U grossmeysterlik rolini ijro etishdan huzur qiladi. Aminmanki, bu rolni puxta oʻrganish uchun u shaxmat turnirlariga borib oʻyinlarni kuzatgan. U qovoq solib oʻtiradi, oʻzini oʻyinni rejalashtirayotganday qilib koʻrsatadi, ammo ichida kulib oʻtiradi. U faqat ikkita yurishni biladi — undan keyingisining keragi yoʻq. U, yaʼni “toʻrtinchi raqam” mamnun, chunki hozir yuz beradigan voqeani — roʻparasidagi raqibi, u tuzgan rejaga koʻra, oʻzini oʻzi oʻldirishini oldindan biladi… Ha, ha, Xastings, men uning psixologiyasini tushuna boshladim.
Men yelkamni qisib qoʻydim.
— Siz haqsiz albatta, lekin hayronman, nega u bunday xatarli ishga jurʼat etdiykin?
— Xatarli ish? — dedi Puaro toʻngʻillab. — Buning nimasi xatarli? Nima, Jep uning bu jumbogʻini yecha olarmidi? Yoʻq. Agar “toʻrtinchi raqam” kichkinagina bir xatoga yoʻl qoʻymaganida, hech qanday xatar yuz bermagan boʻlardi.
— U qanday xato ekan? — deb soʻradim men, garchi eshitadiganim javobni oldindan bilsam ham.
— Mon ami, u Erkyul Puaroning miyasidagi mayda-mayda, odmigina hujayralarini hisobga olmagan.
Puaroning fazilatlari koʻp, lekin kamtarlik bu fazilatlar safiga kirmaydi.
Ruschadan Qodir Mirmuhamedov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 1998-yil, 7-son