Ahmad Aʼzam. Odamning ismi
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
(“Oʻzim bilan oʻzim” novellasidan fragment)
Nega faqat bitta ismga qaramman: Ahmad, deb chaqirsalar, labbay, deb chopib boraman.
Men shu Ahmad degan ismga bogʻliqman, sen oʻzi kimsan, deb soʻrasalar, Ahmadman, deyman.
Qayerda neki ish qilsam, yaxshisi ham, yomoni ham ismimga oʻtadi: Ahmad undoq qilibdi, Ahmad bundoq qilibdi. Baʻzi paytlari esa odamlar mening kimligimni emas, faqat Ahmad degan ismnigina biladigandek, ularga oʻzim emas, faqat ismim kerakdek, ismim menga tegishli hamma yaxshiyu yomon tomonlarni egallab, oʻzimga hech narsa qolmayotgandek tuyuladi. Mening esa doʻstlarim kabi Solih, Olim, Xurshid, Murod boʻlgim keladi, kimsan, deb soʻrashsa, Solihman, Olimman, Xurshidman, Murodman — Doʻstman deb aytishni istayman.
Nahotki, umrim bitta ismga bogʻlanib oʻtib ketadi, deb ezilaman. Doim men ismimga qaramman, ammo ismim birgina menga nisbat emas, u mendan boshqa odamlarni ham oʻziga qaratgan. Bu ism mendan oldin ham bor edi, mendan keyin ham boʻlaveradi, odamlar mening bor-yoʻqligimga qaramay, bolalariga Ahmad deb ism qoʻyaveradilar.
Bir kuni doʻppimni mundoq boshdan olib qoʻyib, oʻylay boshladim: volidai muhtarama zaminda yana qancha Ahmad bor? Oʻzbeklar bilan birga tojik, qozoq, turkman, ozarbayjon, qirgʻiz, qoraqalpoq, uygʻur, tatar, boshqird, avar, dargʻin, qalmiq kabi mamlakatimizdagi boshqa millatlarda ham Ahmad degan qardoshlar bisyor ekan. Axir, Aqmat, Axmet, Amet, Amit, Amadjon deganlarning bari bitta — Ahmad-da!
Xayolan mamlakatlar sarhadlaridan oshib, oʻylay boshlasam, yer yuzining hamma mavzelariga Ahmad deganlar sochilib ketgan ekan.
Dunyoda shuncha koʻp Ahmad borligidan koʻnglim ancha taskin topdi.
Birdaniga ularni koʻrgim kelib qoldi. Yoʻq, mamlakatma-mamlakat kezib sayohatga chiqmadim. Shu turgan joyimdan Asqartogʻning tepasiga chiqib, jumla-jahonning hamma mavzelariga tovushimni yetkazib: “Hoy, Ahmad!”— deb bir naʻra qilgan edim, Ahmad deganning bari, labbay, deb chopib keldi.
Oʻh-hoʻ, shuncha koʻp ahmadlar yigʻildiki, Asqartogʻning tegrasiga odam sigʻmay ketdi: qoʻlimni peshanamga qoʻyib, harchand tikilaman, ahmadlarning adogʻi koʻrinmaydi! Oq tanli, sariq tanli, qora tanli, qizil tanli, bir xillarining uzoq yoʻlda chopib kelganidan, aft-angorini chang bosib, qanaqa tanli ekanini ham bilib boʻlmaydi.
Odam ismining ohanrabosi shunchalar zoʻr ekanmi, ozodlik deb hibsga tushgan nechov-nechov ahmadlar chaqirigʻimni eshitgach, kishanlarni sindirib, turmalarni yiqib, yoʻldagi mamlakatlarning chegaralarini buzib yetib kelibdilar; oshini oshab, yoshini yashab, oyoqdan madori ketgan koʻp qarriqurri ahmadlari uzrlarini yetkazishni navqiron ahmadlarga qayta-qayta tayinlab qolibdilar; mishigʻini eplolmaydigan jujuq, churvaqa ahmadchalar oʻz millati tilida: “Manam boyaman” (masalan, forschasi: “Manam me-yavam”), deb yigʻlab ergashgan ekan, ularni katta ahmadlar: “U yoqdan senlarga shunaqa hushtak olib kelamizki, puflasanglar, otlaring chalinadi”, deb avrabdilar; Eronu Iroqda ahmadlar bir-biri bilan urushib yotgan ekan, chaqirigʻim yetib borgach, qurollarini tashlab, birga, unisi yiqilsa — bunisi turgʻizib, bunisi yiqilsa — unisi turgʻizib chopaveribdilar.
Men Surinam degan mamlakatni Afrikada deb yursam, u Amerikada boʻlib, oʻsha tupkaning tagida ham ahmadlardan bor ekan. Urugvay, Paragvay degan mamlakatlardan ham talay ahmadlar keldi. Ahmadlar u yoqlarda nima qilib yuribdi, deb hayron boʻlsam, ularning ota-bobolari avval Afrikadan Andaluziyaga, u yerdan Lotin Amerikasiga uloqib borib, oʻsha yerlarda muqim turib qolgan ekan. Koʻp ahmadlar tirikchilik gʻamida Yevropada ham tentib yurgan ekanlar, shular ham sarmoyadorlarning ishdan boʻshatib yuborishlaridan qoʻrqmay (u yoqlarda musofirlarga bundan ogʻirroq jazolarni ham tap tortmay qoʻllayverishadi), hamma narsani shu holicha tashlab kelaveribdilar.
Ha-ya, Yevropa, Amerika, Afrikada Amadeo, Amadey, Amadu deganlar ham yoʻlga otlanishgan ekan, ahmadlar faqat “Ahmad” ismli odamlarni chaqirdi, deb yoʻldan qaytarishibdi. “Bekor qilibsizlar, ismi ancha uyqash ekan, kelishsa boʻlardi”, deb afsuslandim.
Lekin kunchiqar mamlakati — Yaponiyadan bir Yamato degan odam, qulogʻi sal chatoqroq eshitar ekanmi, “Amat-o!”, deb chaqiryapti“ deb oʻylab, kelaveribdi, bunga quvondim.
Bizning ~azirada ham Ahmad degan podachi bir qoʻshnimiz bor edi, qarasam, shu ham yuribdi. “Hoʻ, Ah-mad aka, qishloqning podasini beega qoldirdingizmi?”, deb tashvishlansam, u: “Shu paytda poda koʻzga koʻrinadimi!”— deydi…
Xullas, jumla-jahonning ming tuman, million-million ahmadlari bir joyga jam boʻldi.
Kel-e, bu dunyoda mendan ham bir xayrli ish qolsin, deb oʻyladim-da, adashlarimga qarab: “Bir-birlaring bilan tanishib olinglar”, dedim. Bu gapimni oʻzimizning mamlakat ahmadlari hamma xorijiy ahmadlarga tarjima qilib berdilar — yalpi taʻlimning kuchi shunda bilindi.
Tanishish marosimi, yashirmaslik kerak, bir oz kulgiga ham sabab boʻldi, chunki qaysi adashim kimga: “Mening ismim — Ahmad”, desa unisi: “Men ham Ahmadman”, deydi, soʻragan Ahmad: “Hazillashmang”, deb kulib yuboradi.
Turfa millat, turfa tilli, turfa shamoyilli ahmadlar dunyoda shuncha koʻp Ahmad borligini bungacha oʻylab xam koʻrishmagan ekan, avvaliga ishonmadilar, keyin esa rosa quvondilar. “Shuncha vaqtdan beri bir-birimizdan bexabar yuravergan ekanmiz-da”, deb oʻkinganlari ham boʻldi.
Keyin Ahmadlar bir-birlaridan hol-ahvol soʻrashga tushdilar; millating nima, hukumatlaring qanaqa, maoshing qancha, qaramogʻingda nechta jon bor, ishlab topganing roʻzgʻorga yetadimi, yetmasa — yordam beraylik, axir begona emas, oʻzimizning Ahmadsan, topganingda qaytararsan…
Bu yogʻi endi oʻz-oʻzidan ayon: dushmaningdan bunaqa hol-ahvol soʻramaysan, axir.
Hamma ahmadlar doʻstlashib ketishdi.
Shundoq ahil adashlarimga qarab turib, ismim Ahmad ekanidan, ahmadlarning koʻpligidan, rosa koʻnglim koʻtarilib, boshim osmonga yetdi. Bundan buyon Ahmad ismimga minbaʻd dogʻ tushirmayman, yomonotliga chiqsam, odamlar bolalariga mening ismimni qoʻyishni bas qilib, tagʻin ahmadlar kamayib ketmasin, degan niyatni ham koʻnglimga mahkam tugdim.
Keyin ahmadlar ichida boʻlay, dedim-da, Asqartogʻdan tushib, adashlarimga aralashib, oralarida adashib ketdim.
Biz ahmadlar boshqa-boshqa mamlakatlarda yashasak ham, maqsadimiz — tinch, ozod yashash, shundan ismimiz bitta, kelinglar, bundan soʻng bordi-keldi qilaylik, ogʻir kunimizda bir-birimizga yelkadosh boʻlaylik, yaxshi kunlarda quvonchimizni baham koʻraylik, deb gapni bir joyga qoʻydik.
Har bir Ahmad oʻzi yashayotgan mamlakatda, agar u ozod boʻlsa, ozodligini yana ham mustahkamlash uchun, ozod boʻlmasa, ozodlik uchun kurashsin: zamon notinch, har bir Ahmad oʻz elida tinchlikni oʻylasin, boshqa ismdagi odamlarni ham ahillikka undasin, deb bir qarorga keldik.
Ahmad degan-nom — dunyodagi jami ahmadlar lashkarining bayrogʻi, bu bayroq har qanday mashaqqatli damlarda ham baland koʻtarilib tursin, degan taklif bir ovozdan qabul qilindi.
Ana shunday yakdil, yaktan ruh bilan xoʻshlashdik. Bir talay ahmadlar, taʻsirchanroq ekanmi, xayrlashayotganda yigʻlab yuborib, boshqa ahmadlarning ham koʻnglini buzdi. Mayli, nima boʻpti, mehr millat, chegara bilmas ekan, shunday zoʻr yigʻinda yigʻlamasak, qaysiqachon yigʻlab yuruvdik, bunaqa koʻzyosh yaxshilikka, deb namli koʻzlarimizni hech birimiz bekitmadik…
Men endi Solih, Olim, Xurshid, Murodnigina emas, Shavkatni ham, Yoʻldoshni ham, Erkinni ham, Usmonni ham, Yasharni ham, Mirzoni ham, Alisherni ham, xullas, barcha doʻst tanish-bilishlarimni menga oʻxshab Asqartogʻning tepasiga chiqinglar-da, “Hoy Solih” yoki “Hoy Olim!..” deb chaqirishga undamoqchiman.
Kimningki ismi Odam boʻlsa, shu ishga chorlamoqchiman. Bu endi amalga oshmaydigan havoyi orzu emas, haqiqat: agar Odam koʻnglining eng baland choʻqqisidan turib, koʻkragini ulugʻ niyatlarga toʻ-oʻldirib: “HOY ODAM!”, deb jumla jahonning hamma ovloq burchaklarigacha tovushini yetkazib naʻra qilsa, ming-ming tuman, million-million odam labbay, deb chopib keladilar.
Agar dunyodagi hamma odam ODAMLIK degan bitta bayroq ostida toʻplansa, tasavvur qilasizmi, HOY ODAM!..