Akbar Mirzo. Qoyadagi chaqaloq
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Quyosh togʻ ortiga oʻtdi. Qurbon aka otning beliga tashlangan xurjundan qalin lattaga oʻralgan qoʻngʻiroq olib, boshi barobar koʻtarganicha qattiq chaldi. Adirni birdan qoʻy-qoʻzilarning baʻragan ovozi tutdi. Qoʻzichoqlar dikonglab chopishdan toʻxtab, onalarini qidirib qolishdi.
– Qani, oʻtovga, qaytu qayt!
Qurbon akaning hayqirigʻidan soʻng adirni yana jimlik qopladi. Serka buyruqni tushunganday yoʻl boshladi, poda asta adir yoqalab pastga yoʻrgʻaladi.
Togʻning soyasi chor-atrofni qoplay boshladi. Uzoqdagi qoramtir bulutlarga koʻzi tushgan Qurbon ota togʻ havosiga ishonib boʻlmasligini yaxshi biladi, koʻngliga kelgan xavotir ichida: “Olapar!” – dedi qoʻngʻiroqni jigarrang xurjunga joylarkan. Olapar egasiga bir qarab qoʻydi-da, lapanglab podani biroz tezlatdi. Suruv qorongʻi tushmasdan oʻtovga yetib keldi. Qurbon aka qoʻra oldida peshvoz chiqqan oʻgʻlini koʻrib hayron boʻldi. Yoʻlda Olapar bejiz hurimaganini, oʻtovga yetar-etmas chopib ketganining boisini endi angladi.
– Tinchlikmi, Ergashali, erta qaytibsan? – Xavotirini yashirolmay soʻradi Qurbon aka Olaparni silab erkalayotgan oʻgʻliga tikilarkan.
– Tinchlik, dada, tinchlik, – dedi Ergashali qaddini tutib, dadasiga salom bergach.
– Biratoʻla imtihonlarni topshirib kelaman, deganding-ku? – otdan tushishga shoshilmagan ota hamon oʻgʻliga sinchkov nazar tashlab turardi.
– Oʻtgan yili ijara turgan uyimizda odam bor ekan. Yana oʻn kunlarda boʻsharmish. Shaharda tentirab yuramanmi, deb kelaverdim. Ungacha sizga qarashib turarman, dada, – dedi Ergashali endi otning jilovini qoʻlga olib, uning keng peshonasini silarkan.
– Shunaqa degin? – Qurbon aka bu gʻamxoʻrlikning boisini tushunolmay yana ajablandi. Ergashali ertaroq bormasam boʻlmaydi, deb turib olgandi-da. Axir imtihonga yaqin ketarsan, ungacha yaxshilab tayyorgarligingni koʻr, yana oʻtgan yilga oʻxshab kirolmay qaytib kelmagin, demaganmidi? Xoʻsh, kim haq boʻlib chiqdi? Nahot bu qaysar bola xato ish qilganini endi tushungan boʻlsa? Balki shuning uchun otaning koʻzlariga tik qaray olmayaptimikan? Ha, pushaymon boʻlganga oʻxshaydi. Boʻlmasa bunchalar mehribonchilik qayoqda edi. Qurbon aka hamon viqor bilan oʻtirarkan, boshini tebratib qoʻydi. Ergashali dadasiga qaradi: “Tushasizmi?” Buni oʻzicha tushungan ota, nihoyat, uzangiga oyogʻini tiradi, pastga tushgach, otining ketiga asta-asta urib, bugungi xizmatiga minnatdorchilik bildirdi. Tolmas bunga javoban boʻynidagi uzun yollarini silkitdi.
Ota-bola quchoqlashib koʻrishishdi. Ergashali dadasining sogʻinganini sezdi. “Ota baribir ota-da”, – dedi ichida, soʻng chaqqonlik bilan ishga kirishdi: otni bogʻlab, qoʻraning ogʻzini berkitdi. Qurbon aka oʻtov chetidagi oʻchoq boshida kuymalanib yurgan keliniga, tarvaqaylab ketgan qari tutning tagidagi supachada qoʻllarini yoʻrgakdan chiqarib olgancha ogʻzidagi soʻrgʻichni tinimsiz soʻrayotgan nevarasiga bir-bir qarab chiqdi. Tiyrak nigohlari yana kimnidir qidirdi. Oʻtov ichidan qoʻlida dasturxon bilan chiqib kelgan xotiniga koʻzi tushgach, vujudini xotirjamlik egalladi.
Ishini tamomlagan Ergashali supa tomon yurdi. Tut shoxiga ilingan chiroqni burab yoqdi. Keyin bugun rosa uch oylik boʻlgan farzandining ustiga engashdi. Goʻdak dadasini taniganday mitti qoʻlchalarini oʻynatib talpindi, ogʻzidan soʻrgʻichni chiqarib yubordi.
– Seni sogʻinibdi, – dedi xontaxta ustiga dasturxon yozayotgan Toshxon aya jilmayib. Ammo keyin birdan oʻzgardi: yigʻlab yuborishdan oʻzini zoʻrgʻa tiydi, dilini oʻrtagan gapni esa pichirlabgina aytdi: – Bularni opketib qolsang… qanday chidarkanman?
– Hali ketayotganim yoʻq-ku. Avval oʻqishga kiray-chi.
– Baribiram-da, – dedi Toshxon aya nevarasini qoʻlga olib, jajji barmoqchalaridan ketma-ket oʻparkan.
– Boʻldi, ona, – Ergashali dadasi tomon koʻz qiri tashladi. – Iltimos, boshlamay turing. Dadam eshitsa…
Itining feʻli egasiga maʻlum, deydilar. Toshxon aya darrov oʻzini qoʻlga oldi: hech narsadan xabari yoʻqday, eriga: “Keldingizmi, charchamay”, – dediyu kelini tomon yurib namiqqan koʻzlarini yashirgan boʻldi.
Oila dasturxon atrofida toʻplanganda adir tagidagi oʻtovga yana fayz kirdi. Qurbon akaning nazdida oʻgʻli biroz sermulozamat edi, oʻzini ancha erkin tutishi, oʻqishga kirishiga ishonch bilan gapirishi ham eʻtiborini tortgan, hatto taajjublanishiga sabab boʻlayotgandi. “Qiziq, – xayolidan kechiradi ota oshni ishtaha bilan paqqos tushirayotgan farzandiga zimdan nazar tashlab. – Nega bunchalar ichi qiziyaptiykin?”
Dasturxonga duo qilingach, Qurbon aka nevarasini bagʻriga oldi. “Danagidan magʻzi shirin-da”, – dedi negadir moʻltirab turgan xotiniga koʻz qirini tashlab. Keyin bolakayni erkalay boshladi. Ergashali bu holni uzoq kuzatib oʻtirolmadi, nimanidir bahona qilib oʻrnidan turdi. Mazali palov uchun rahmat eshitgan kelin avval idish-tovoqlarni, keyin dasturxonni yigʻishtirdi. Kattagina suyak bilan siylangan Olapar qoʻra tomon ketdi.
* * *
Ergashali barvaqt turib, suruvni oldiga soldi. Otasi hamroh boʻlay degandi, unamadi.
– Charchagansiz, dam oling.
Bu gʻamxoʻrlikni oʻzicha tushungan Qurbon aka noiloj oʻtovda qoldi. “Mendan keyin boqaverasiz, podayizni, degani-da bu”, – deya xayolidan oʻtkazdi qoʻliga ketmon olarkan.
Oʻgʻli shaharga ketgandan buyon ekin-tikinga qaray olgani yoʻq edi. Ishlashga fursat topilgani uchun boshqa gaplarga qoʻl siltadi. Tepadan sizib kelayotgan suv yoʻlini toʻsib, pomidor ekilgan egatlarga toʻgʻriladi. Keyin sal pastroqdagi terakzor tomon yurdi. Ancha koʻzga koʻrinib qolgan daraxtlar uning koʻzini quvontirdi. Endi ularning yonidan chiqqan mayda shoxlarni kesib, shakl berish kerakligini oʻylab oʻtovda ancha ishlar yigʻilib qolganini payqadi. Ergashaliga ruxsat berganiga achindi. Shu ishlarni u bajarganda yaxshi edi-da. Oltmishga kirganda daraxtma-daraxt chiqib yurmaydi-ku axir. Yaxshisi, ertaga oʻgʻlini oʻtovda qoldiradi. Rostdan ham ketib qoladigan boʻlsa, barcha qiyin ishlarni tugatib ketsin. Qishdan bir amallab chiqib olishsa, u yogʻi bir gap boʻlar.
Goʻdak yigʻisi eshitildi. Qurbon aka nevarasi uygʻonganini anglab, chaylaga qaytdi. Quyoshning tafti tanga yoqa boshladi. Tut soyasiga kelib oʻtirgach, keliniga: “Qani, polvonni opchiqing-chi!” – dedi mehri tovlanib.
Zurriyod! Qurbon aka goʻdakni qoʻlga olib peshonasidan oʻpganda yuragida qandaydir oʻzi darrov anglab yetmagan hislar joʻsh urganini sezdi. Nasl davomchisi tugʻilganida bir quvongan boʻlsa, hozir u quchogʻini toʻldirib turganidan, bobosiga qarab jilmayib qoʻyayotganidan ming quvondi. Qani edi, Yoʻldoshali yurib qolgan boʻlsayu, qadami yetgan butun yerlarni koʻrsatib chiqsa! Ot mindirib, atrofdagi borliq jonivorlarni bir-bir tanishtirsa, ularga oshno qilib, mehr uygʻotsa… balki shaharga ketishni istamagan boʻlarmidi?
Xotinining kechasi allamahalda aytgan gapi esiga tushib, koʻngli gʻashlandi. Nima emish, agar oʻqishga kirsa, bola-chaqasini olib ketarmish. Yopiray, bu narsa uning xayoliga qayerdan keldi? Yoki kelin shunaqa shart qoʻydimikin? Tavba, bu bola shaharga oʻqish uchun ketyaptimi yoki oilasini boqishgami?
Uyqusi qochgan Qurbon aka kechki ovqat ustidagi gap-soʻzlarning mohiyatini endigina anglaganday boʻldi. Hm, oʻzini sal baland tutishi bekorga emas ekan-da. Hali institutga kira oladimi, yoʻqmi? Yana oʻtgan yilga oʻxshab… lekin imtihonlardan oʻtsa-chi? Unda nima boʻladi?
Qurbon aka beixtiyor qoʻlidagi goʻdakka termildi. Yana bir necha kundan keyin nevarasi ketib qoladiganday uni mahkamroq quchdi. Dadasiga yoʻldosh boʻlsin deb, ismini Yoʻldoshali qoʻygani-chi? Endi afsus chekishga hojat yoʻq: chaqaloqqa ism qoʻyilgan, qulogʻiga azon aytilgan. Balki aqlini tanigach, bobosining oldiga qaytar? Qarigan chogʻida beliga quvvat, koʻziga nur boʻlar. Yana kim biladi? Axir oʻgʻliga ham ne umidlar bilan Ergashali deb ism qoʻygandi menga ergashsin, oʻrnimni bossin deb. Ammo oqibati nima boʻldi? Besh-olti kun shaharda yurib: “Biror haftada ketaman”, – deb oʻtiribdiyu, bu goʻdak u yerning nonini yeb, havosidan nafas olsa, qaytib kelarmidi?
Qurbon aka birinchi marta oʻzini ojiz sezdi. Biroq tezda fikrini jamladi: hozirdanoq umidsizlikka tushishni ep koʻrmadi. Chaqaloqni koʻtarib oʻtov atrofini aylantirdi. Kelinining issiqqa olib chiqmang, deb kuyinganiga eʻtibor qilib oʻtirmadi. Togʻning toza havosidan toʻyib-toʻyib nafas olsin, deya soya-salqin joylarda ancha yurdi. Hatto qorni ochqab yigʻiga tushganda ham onasining qoʻliga tutqazishga shoshilmadi.
“Dadang mendanam qaysar chiqibdi. Esini taniganda “Seni oʻqitaman”, degan bitta gapimni mahkam ushlab olganini qara. Rostdan ham chin koʻngildan aytganmanmi yoki otdan qulab kasal yotganimda jahl ustida gapirib yuborganmanmi, bilmadimu ammo ogʻzimdan chiqqani haqiqat. Shuning uchun lafzimdan qaytolmay, oʻqishiga qarshilik qilmadim. Negaki, kirolmasligiga koʻzim yetadi-da. Choʻponning oʻgʻli institutga kira olardimi? Ertayu kech qoʻyning ortidan tayoq koʻtarib yurgan boʻlsa, qanaqa bilim boʻlsin unda? Oyda bir-ikki marta maktabga borib qoʻysa, hisobga oʻtarkanmi? Yoki maktabni tamomlagani haqidagi guvohnoma nima uchun yozib berilganini bilmaymanmi? Eh, Ergashali-ya, Ergashali, gapimga quloq tutmadi. Ana, oʻtgan yili nima boʻldi? Yiqilgan kurashga toʻymasligini bilaman. Nega sal kunda qaytib ketaman, deb gapirdiykin? Bu esi past dadang nimaga bunaqa dediykin? Yo meni sinash uchun atay aytdimikin? Gapir, gapirsang-chi, mittivoy! Gʻala-gʻovur shaharga ketasanmi yoki mana shu tinch, osuda adirda men bilan qolasanmi? Mana bu bogʻni koʻryapsanmi? Hov, anavi baland togʻlarni-chi? Ha, barakalla. Endi bularning hammasi oʻzimizniki, bolam. Ularga koʻz-quloq boʻlmasak, asrab-avaylamasak, nima boʻladi? Ie, Burgutvoy havoga koʻtarilibdimi? Qara, koʻryapsanmi? Ana, huv, ana. Lekin… sal bezovtami, deyman. I-i, sherigiyam chiqib olibdi-ku. Nega bolasini yolgʻiz qoldirdi ekan? Yo senga oʻxshab ularning ham qorni ochdimikin? Onangni chidolmay oldimizga kelayotganiga qaraganda uyam sening ochiqqaningni sezganga oʻxshaydi. Boʻpti, qani, yur-chi, boʻlmasa”.
Rayhon oʻgʻlini olib oʻzlariga ajratilgan chaylaga kirib ketdi. Qurbon aka dasturxon yozilgan supaga kelib oʻtirdi. Ishtahasi yoʻqligidan, biqiniga yostiq tiradi. Keyin necha yillardan buyon Bobotogʻni makon qilgan Burgutoyga termildi. Uning goh pastlab, goh balandlab uchishini, baʻzida tanish ovoz chiqarib qoʻyishini sal xavotirlanib kuzata boshladi. Boyaqish oʻtgan yili bolasidan ayrilib, alamzada boʻlib ancha uchib yurdi. Bir joyda qoʻnim topolmay oʻzini togʻdan toqqa urgani-chi? Tinchlanguncha atrofdagi jonzotlarni ancha halak qildi. Hartugul bu yil polapon ochib, yana xotirjam parvoz qila boshladi. Nechta ochdiykin? Bolasi qanot chiqarib qolgandir?
Dasturxonga nigohi tushib, bir piyola choy quydi. Biroq xayoli oʻgʻliga koʻchib, ishtahasi yoʻqoldi. “Bu yerda koʻp qolmasmish. Shaharda yashasa, xuddi oʻqishga kirib ketadiganday gapirdi-ya. Nimasiga ishonyapti bu bola? Ishlab qorniga, ijarasiga pul topadimi yoki oʻqishga tayyorgarlik koʻradimi? Rostdanam tushunolmay qoldim. Hali kelsa, jiddiyroq gaplashaman shekilli”.
* * *
Kechqurun suhbat uchun umuman imkon boʻlmadi. Kiyimlarini apil-tapil almashtirgan Ergashali qishloqqa tushib ketdi. Sinfdoshi uylanayotgan ekan, bormasa boʻlmasmish. Oʻgʻlining ortidan qarab qolgan Qurbon aka balki toʻy uchun qaytib kelgandir degan oʻyga bordi. Ijara bandligini bahona fahmlab, boshini sarak-sarak qilganicha televizor koʻrish uchun yonboshladi.
Ertalab oʻgʻlini egarlangan ot ustida koʻrib gapirishga yana botinolmadi. Erkaklik tusi urayotgan Ergashaliga ot juda yarashib turardi. Ularga qaragan odam “Ot – yigitning qanoti” degan maqol naqadar toʻgʻri aytilganiga yana bir bor amin boʻlishi aniq. Shundoq oʻktam yigitning raʻyiga qarshi borging ham kelmaydi. Buning ustiga adirma-adir qoʻy boqish uzoq safarga chiqish bilan barobar. Yoʻlga otlangan odamning dilini bilib-bilmay ogʻritib qoʻysang, ishi yurishmasligi mumkin. Xudo koʻrsatmasinu mabodo biror xatarga yoʻliqsa, bir umr afsus-nadomatdan qutulolmaysan. “Keyingi pushaymon – oʻzingga dushman”, deb bekorga aytilmagan axir. Marhum dadasidan eshitgan pand-nasihatlar xayolidan oʻtib, ortiqcha gap qilib oʻtirmadi: “Boʻpti, yaxshi borib ke. Omadingni bersin”.
Tushdan keyin osmonda yana tanish qushlar paydo boʻldi. Diqqati boʻlingan Qurbon akaning qoʻli ishga bormay qoldi. Burgutlarning shiddatli parvozi koʻnglini xijil qildi. Nima boʻldiykin ularga? Kechayam bunchalik bezovta emasdi-ku? Yoki iniga birortasi tahdid soldimikin-a? Biroq qoyaga chiqish har kimning ham qoʻlidan keladigan ish emas. Balki ilondir deyishga odamning tili bormaydi. Chunki burgut togʻu toshdagi har qanday tajovuzkor ilondan qoʻrqmaydi. Unda burgutlarning tinchini buzishga kim jurʻat qildiykin? Bu qadrdon qoʻshnisining halovati yoʻqolib, nega chir aylanib uchyapti?
Qurbon aka otga minib Bobotogʻ tomon borsammikin, deb taraddudga tushib qoldi. Egar-jabduqni endi qoʻliga olgandi, birdan xotini yuz ochdiga ketgani miyasiga urildi: attang! Chor-atrofga najot bilan termildi. Anchagacha ham hech kimdan darak boʻlmadi. Shunday paytda Olapari yonida boʻlmaganiga afsuslandi. Uni bemalol qorovul qilib tashlab ketishi mumkin edi. Tarvuzi qoʻltigʻidan tushgan odamday hafsalasi pir boʻldi. Qoʻlidagi narsalarni joyiga tashladi. Kechadan beri bir joyda turib qolgan Tolmas bu holatdan jahli chiqqanday yer depsindi. Qurbon aka: “Nima qilay, chorasizman” – deganday qoʻllarini yoniga shapillatib urdi.
Bobotogʻ tepasida bir juft burgut hamon charx urib uchardi. Kelinning oʻzini qoldirishga koʻngli boʻlmagan Qurbon aka joyida oʻtirolmay qoldi. Xotini hali-beri kelmasligini bilib, battar achchiqlandi. “Shu xotinlarga ham hayronman, – dedi oʻz-oʻzi bilan gaplashib. – Bir gapga tushib ketishsa uyi borligini ham unutib qoʻyishadi”. Ter bosgan peshonasini artarkan, birdan bekorga jahl qilayotganini anglab qoldi. Bu togʻu toshda, oʻtovda hayot kechirishning oʻzimi? Xotini bechora shunaqa paytlarda bir yayrab olmasa, qachon yayraydi? Xudoga shukrki, kelin olib, ayniqsa, nevara koʻrib bagʻri-dili ochilgan, baʻzida shu kengliklarga ham sigʻmay ketadi. Mayli, toʻyga bormaganga yarasha, yuz ochdida bemalol oʻtirib kelsin. Anov gaplar chin boʻlib, kelin ham shaharga ketib qolsa… yuragi yana yarimta boʻlib qoladi. Xuddi anavi bezovta burgutlar misoli oʻzini qayerga qoʻyishni bilmay qolsa kerak. Boyaqishga qiyin boʻladi-da.
Qushlar oʻtovga ancha yaqin kelib uchishi Qurbon akaning xayolini boʻldi. Odatda ular oʻtov tepasiga kamdan-kam kelishardi. Ha, oxirgi marta qachon kelganini esladi. Chaqaloq ovozi qir-adirlarda aks-sado berganda ularni shu yaqin-atrofda koʻrgandi. Goʻyo qutlagani kelishganday ancha parvoz qilib qaytib ketishgandi. Qurbon aka yanglishmasa, oʻsha kunlari ularning polaponlari ham koʻz ochgandi. Burgutlarning hozirgi xatti-harakati oʻsha paytdagi sokin parvozga sira oʻxshamas edi. Ovoz chiqarishlari ham boʻlakcha. Goʻyo boshlariga xatar tushganday, undan ogoh etmoqda. Yoki togʻda qandaydir yov oʻrmalab yuribdi…
Qurbon aka qoʻl-oyogʻi ipsiz bogʻlangan odam degan naqlning mohiyatini ana endi toʻliq tushungandi. Oʻziday nochor ahvolga tushib koʻzlagan manzilga keta olmagan odam aytgan ekan-da, deb fikr yuritdi qoʻrgʻon atrofini aylanar ekan. U shu zaylda bot-bot tulporining yoniga kelib qolar va egarga koʻz tashlab qoʻyardi.
Burgutlar bu yerda hech qanday najot yoʻqday birdan gʻoyib boʻlishdi. Ammo kechga yaqin negadir podaning ustida aylanib uchib oʻtovga yaqinlashishdi. Ulardagi bu jurʻatni koʻrib Qurbon aka yana taajjubga tushdi. Ular endi bezovtalanib qanot qoqishmas, bir-birini taʻqib ham qilmas edi. Tinch va sokin parvoz Qurbon akaning koʻnglidagi gʻashlikni biroz aritsa-da, necha yillardan buyon qadrdon boʻlib qolgan bu qushlarning jimgina oʻtovni kuzatishlari allanechuk gʻalati tuyulayotgandi.
Oʻgʻliga razm soldi. Ergashali odatdagiday sipo edi, ammo qattiq toliqqani bilinib turardi. Qurbon aka otga nigoh tashladi. Jonivor yaxshigina dam olgan chogʻi, charchoq alomatlari sezilmasdi.
– Burgutlar bugun juda bezovta boʻlishdi-da, ini atrofida begona odamga koʻzing tushmadimi?
Ergashali bu savolni kutgan shekilli: “Yoʻq, koʻrmadim”, – deya xotirjamlik bilan javob qildi. Biroq qoʻy-qoʻzilarni qoʻraga qamarkan, koʻz qirini otasidan uzmadi.
– Qorongʻi tushib qoldi, qaytishsa boʻlardi.
– Haydab yuboraymi?
– Ular odamzodning gapiga quloq solmaydi, oʻgʻlim.
– Miltigʻingiz bor-ku.
– Nima, ularga oʻq uzmoqchimisan?
– Qoʻrqitsak, qaytib ketisharmidi, deyman-da.
– Ana, ketishyapti.
Darhaqiqat, bu paytda bir juft burgut oʻtovdan uzoqlasha boshlagan edi.
* * *
– Xoʻp desangiz, bugun ekin-tikinga qarasam, – dedi Ergashali yuz-qoʻlini shoshilmasdan yuvib kelgach.
– Hm, charchadingmi?
– Onamga ham qarashay-da. Toshkentga ketib qolsam…
– Shunaqami? – deya xotinining yuz-koʻzida paydo boʻlayotgan maʻnoli ifodalardan bir nimalarni uqqan Qurbon aka belini mahkamroq bogʻladi. – Mayli, onangga qarash, ekin-tikinlarni epaqaga keltir. Ishqilib, bugun-erta ketib qolmaysanmi?
– Oʻtovdagi ishlarni tugatay-chi.
– Boʻpti, men ketdim. Iyi, polvonim bilan xayrlashmadim-ku. Bor, olib chiq!
Qurbon aka nabirasini qoʻlga olib erkalatdi. Shop moʻylovini jajji qoʻllariga ishqab kuldirdi. Bu orada oʻgʻliga yuzlanib, shu quvonchni bizdan olib ketmoqchimisan, deganday boshini sarak-sarak qildi. Keyin nari ketarkan, ichidagini baribir gapirdi.
– Bu polvon shaharning bolasi emas. Anavi erkin burgutlardek shu keng qir-adirlarning, osmonoʻpar togʻlaring shunqori boʻladi. Sening yoʻlingni toʻsmaymanu ammo bu pahlavonni olib ketib qolma. Oʻqishni bitirsang, u yogʻi bir gap boʻlar.
Ergashali gap orasida burgutlar degan soʻzdan keyin xayoli chalgʻib, pahlavonni polapon deb eshitganday boʻldi, tezda boshini egarkan, yer ostidan toqqa qarab qoʻydi. Dadasi sal uzoqlashgandan keyingina yengil nafas oldi.
Tushga yaqin Sarvixon aya: “Dadangga ovqat tashlab kelay”, – degan bahonada yoshlarni xoli qoldirdi. Ona farzandining dilini sezadi, kelinning harakatlaridan niyatini biladi. Axir u ona-da.
Emin-erkin qolgan yoshlar bir-birining diydoriga toʻyishdi. Keyin ozroq tamaddi qilgan boʻlishdi-da, yana oʻtovga oshiqishdi. Ichkari issiq va dim boʻlgani bois, chaqaloq injiqlik qila boshladi. Rayhon bolani tutning soyasidagi belanchakka solish uchun tashqariga olib chiqdi. Nimadir yodiga tushib, oʻgʻilchasini supachaga yotqizdi-da, yana ichkariga oshiqdi. Goʻdagining oyoq-qoʻllarini yaxshilab yoʻrgaklab qoʻymasa, qimirlab uygʻonib ketishi mumkin. Mahkam yoʻrgakda bola tinch va uzoq uxlaydi.
Ergashali darrov qaytgan xotinini bagʻriga tortdi.
– Bolani hali yotqizmadim.
– Boʻlaqol, jonim.
Rayhon koʻzlari yumilib ketayotgan chaqalogʻini yuzlaridan oʻpib-oʻpib yoʻrgakladi, endi belanchakka yotqizmoqchiydi, belidan bogʻlaydigan bogʻichni olmagani yodiga tushdi. Belanchakni oʻrtasidan bogʻlamasa boʻladimi?
– Keldingmi, asalim.
– Birpas sabr qilsayiz-chi. Xayolimni oʻgʻirlaysiz-a.
– Hm, yana nima?
– Bogʻichni olmabman-ku. Belanchakni bogʻlashim kerak.
– Boʻpti, boʻpti. Boraqol. Ha, toʻxta, bilasan-a, yaqin kunlarda seni shaharga olib ketishimni. Yaxshi bir joyni ijaraga olib maza qilib yashaymiz, – dedi Ergashali xotinining yelkasidan quchib. – Bu togʻu toshlarda tentirab yurmaymiz. Biz boshqacha yashaymiz!
– Avval oʻqishga kirib oling-chi.
– Mana koʻrasan, bu yil albatta, kiraman.
– Boʻpti, hozir kelaman.
– Shoshma, bir oʻpib olay.
– Bola tashqarida qoldi.
– Ke, kelsang-chi!
Ergashalining baquvvat qoʻllaridan chiqib ketish oson boʻlmadi. Erining issiq bagʻrida Rayhonning koʻz oʻngidan hamma sharoitlari bor shinam xonadon oʻtdi. Qanday yaxshi! Kirni mashina yuvsa, gilamni chang yutgich tozalasa, suv isitmasa, yozilgani tashqariga chiqmasa. Birgina yumush – ovqat tayyorlashgina qolarkan-da unga. Erib ketdi. Ergashalining otash boʻsalari unga porloq kelajak hadya qilardi…
Bir payt Rayhonning chinqirigʻi butun borliqni tutdi. Togʻning baland qoyalariga urilib aks-sado berdi. Nafasi ichiga tushib ketgan Ergashali tashqariga otilib chiqqanida xotini dod solganicha qandaydir bahaybat qushning ortidan chopib borardi. Bir payt boshidan roʻmoli uchdi, sochlari toʻzidi, qadamlari tezlashdi. Baqiriq borgan sari ham kuchayar, ham pasayar edi.
“Bu urgʻochi burgut-ku! Nima, u oʻgʻlimni olib qochdimi?”
Ergashali Rayhonning: “Bolamni qaytar! Qaytar deyapman senga!” – degan nidosini endi angladi. Mudhish hodisa roʻy bergani miyasiga urganda tamom boʻldi. “Qasos!” U kechirilmas xatoga yoʻl qoʻyganini tushunib yetganida boʻgʻzidan ana shu birgina soʻz otilib chiqdi.
– Oʻldiraman! Oʻldiraman, bolamni joyiga qoʻy! – deya baqirdi Ergashali. Uning ham gʻazab, ham oʻkinchga toʻla ovozi uzoq-uzoqlarga yetib bordi.
Rayhon birdan toʻxtab, orqasiga oʻgirildi. Erining tahlikali baqirigʻi uni shunga majbur qilgandi. Ergashali gandiraklab oʻtovga kirib ketdi. Bagʻrini tigʻlayotgan yosh onaning koʻngli yana bir dahshatli hodisa roʻy berishi mumkinligini sezdi chogʻi, endi ortiga qarab chopdi. Yiqilib tushdi, ammo bunga eʻtibor qilmadi. Oyoqlari qiyshayib ketsa-da, chopdi, uning birdan-bir maqsadi tezroq oʻtovga yetib kelish edi. Bu paytda koʻzlari qonga toʻlgan Ergashali qoʻlida qoʻshotar bilan oʻtovdan chiqdi. Vaqtni boy berishni xohlamadi, otmasa, burgut uning oʻgʻlini qoyadagi iniga olib ketadi. Tipirchilagan bola u yerdan tushib ketishi mumkin. Shuncha balanddan qulagan chaqaloqning tirik qolishi… yoʻq, u toshlarga urilib, nobud boʻladi. Undan koʻra qushni yaralagani maʻqul. Oʻljadan ayrilishni istamagan burgut goʻdakni tashlab yubormaydi. Asta biror yerga qoʻnadi. Xayolidan yashin tezligida oʻtayotgan bu fikr uning nazarida toʻgʻri edi. Moʻljalga oldi. Otdi, ammo shu on kimdir qoʻllariga tirmashdi: oʻq xato ketdi.
– Otmang! Aslo ota koʻrmang! Oʻq bolamga tegsa nima boʻladi? Uni oʻz qoʻllaringiz bilan oʻldirmoqchimisiz?
– Nari tur!
– Otmaysiz!
– Oʻldiraman bu gazandalarni! Tuxumini quritaman!
Er-xotin tortishar, burgut esa shiddat bilan qoyadagi ini tomon uchib borardi.
– Miltiqni menga bering! Boring orqasidan, bolamni olib keling!
– Bolani qoyadan olib tushib boʻlmaydi.
– Men bilmayman, boring, boring dedim sizga!
– E-e.
– Boʻlmasa, oʻzim boraman! Qayerdaligini aytsangiz, bas.
Ergashali nima qilarini bilmay qoldi. Burgut undan qasos olgandi. U ikki kun toqqa qanday chiranib chiqib, uning bolasini oʻgʻirlagan boʻlsa, qushchaning onasi ham shunday yoʻl tutgandi. Jonga jon boʻldi: oʻch olindi. Bundan bexabar Rayhon yirtqich qushlarni qargʻashga tushdi. Bu yerga kelin boʻlib tushganiga afsus-nadomat cheka boshladi. Bolasiga bir narsa boʻlsa, hammayoqni ostin-ustun qilib tashlashini aytganda Ergashali chidab turolmadi, miltiqni oʻtov tomonga uloqtirdi-da, qoya sari yoʻlga tushdi.
– Hoy, otga minmaysizmi?
Ergashali xayolini yigʻdi, darvoqe, tulpori bor-ku. U otga egar urib oʻtirmadi. Bir sakrab ustiga mindi-da, endi oyoqlari bilan biqiniga niqtagan edi, dadasiga koʻzi tushdi. Rayhon qaynotasini koʻrib, oʻkirib yigʻlab yubordi.
Nima hodisa yuz berganini koʻrgan Qurbon aka oʻgʻlining yoʻliga gʻov boʻldi. Ergashali otni arang toʻxtatib qoldi. Dadasining gʻazab toʻla nigohlariga chiday olmay boshini xam qildi.
– Bolasiga tegindingmi?
Ergashalining tili aylanmadi.
– Sendan soʻrayapman, yaramas!
Ergashali zoʻrgʻa boshini qimirlatdi. Shu ishorani kutib turgan Qurbon aka oʻgʻliga yaqin keldi-da, qarsillatib shapaloq tortib yubordi. Ot hurkib ketdi, Ergashali oʻmbaloq oshib yerga quladi.
– Koʻrnamak! Kimga sotmoqchi boʻlding? Nega katta gapirib qoldi desam, gap bu yoqda ekan-da.
– Ota, kechiring meni, pulga qiziqib… – Ergashali oʻrnidan turib dadasining oyoqlariga yopishdi.
– Pul desa vijdoningni ham sotasanmi?
– Jon ota, bilmay qoldim, sizdan yolvorib soʻrayman, bolamni qaytaring!
– Sen menga emas, anavi burgutlarga yolvor, ahmoq!
Ergashali bunday qarasa, xotini tepasida turibdi. Qoʻlida qoʻshotar. Koʻzlari qinidan chiqib ketgan er bir otasiga, bir nafrat bilan tikilib turgan Rayhonga qaradi.
– Nima qilyapsan? E-e-esing joyidami?
– Agar bolamni tiriklayin olib kelmasangiz… sizni ham, oʻzimni ham otib tashlayman!
Qurbon aka xotinini suruv oldida qoldirib kelib toʻgʻri qilganini tushundi. Bu koʻrgiliklarga guvoh boʻlganida chidarmidi, boyaqish. Kelinida paydo boʻlgan jurʻat Qurbon akani sergaklantirdi.
– Polaponni qayerga yashirding?
– Tepalik ortidagi daraxt kovagiga.
– Bor, opke!
Ergashali otga qamchi bosdi. Qurbon aka muloyim gapirib, kelinning qoʻlidagi qurolni oldi. Qayerdadir chaqaloq ovozi eshitilganday boʻldi. Rayhon boshini changallab yana dod soldi. Keyin yoʻlga tushgan qaynotasiga ergashdi.
– Yoʻq, siz shu yerda kuting.
– Bormasam boʻlmaydi. Burgutlar bolamni tilka-pora qilib tashlagan boʻlsa-chi? – tizzalariga mushtladi kelin.
– Ular vahshiy emas, qizim. Polaponini koʻrishsa… qaytib keladi. Mana koʻrasiz, nabiramga ziyon yetkazishmaydi.
– Xoʻp, ota. Boring, boraqoling, boʻlmasa.
* * *
Ergashali polaponni qoyaga olib chiqmoqchi boʻldi. Qurbon aka unamadi. Baland tepalikka koʻtarilib, yerga oq choyshab yoydi va uning oʻrtasiga borib qanot chiqarib qolgan qushchani ikki qoʻllab uchirib yubormoqchiday boshi uzra bir necha marta havolatdi, lekin erkiga qoʻymadi. Ochiqqan qushcha ota-onasini qidirganday noliy boshladi. Uning gʻazabkor ovozi asta kuchaydi. Qurbon aka qoyalardan koʻz uzmas, bir zum jim qolgan polaponni yuqoriga koʻtarib, jahlini chiqarishda davom etardi.
Ana, havoda bir emas, ikki burgut koʻrindi. Qurbon aka vaqt boʻlganini angladi va polaponni choyshab ustida qoldirib, pastga tusha boshladi. Qushlar ovozni tanigan edi, shunday boʻlsa-da, tepalikka qoʻnishga shoshilmadi. Obdon aylanishdi, hech qanday xavf yoʻqligiga ishonch hosil qilgandan keyingina erkak burgut birinchi boʻlib bolasining oldiga tushdi. Lekin choyshab ustiga chiqmadi. Polapon qanot silkib joyida turaverdi. Shunda qandaydir ovoz chiqardi, aftidan bolasini yoniga chorladi. Bu holdan ona burgut xavotirlandi chogʻi, pastlab uchib keldi-da, qanotlari bilan polaponni nari surdi. Choyshabdan tushgan qushcha ikki-uch qadam tashladi. Xuddi shu paytni poylab erkak burgut panjalarini ishga soldi: bolasini changallab osmonga koʻtarildi.
Qurbon aka yengil nafas oldi.
Ergashali qoyaga tikilganicha dong qotib turaverdi.
– Ketdik!
– Qayerga?
– Oʻtovga.
– Oʻgʻlim-chi?
– Oʻgʻling ishonchli joyda.
– Dada! Hazilning vaqtimi, hozir?
– Bola oʻgʻirlatish qalay boʻlarkan?
– Dada! Mazax qilmang, iltimos. Men hozir…
– Qayoqqa?
– Qoyaga chiqib…
– Burgutlarning uchta ini bor, qaysi biriga chiqasan?
– Hozir qorni ochib yigʻlay boshlaydi. Shunga qarab, qayerdaligini bilib olaman.
– Shu yerdan qimir etma. Kut! Men suruvning oldiga ketdim. Onang taʻzirini yegandir.
– Nimani kutaman? Qachongacha kutaman? – soʻradi Ergashali otga minayotgan dadasidan jahli chiqib.
– Burgutlar bolangni olib tushgungacha.
– Olib tushmasa-chi?
– Ular senchalik bagʻritosh emas.
– Dada!
– Nima, dada? Shaharga ketganidan koʻra… qoyada unib-oʻsganiyam maʻqul menga.
– Yoʻq, uni olib tushmasam boʻlmaydi. Mana koʻrasiz, hali zamon keliningiz ham yetib keladi. Men chiqmasam… u oʻzini qoyaga otadi. Bu yerda qoʻl qovushtirib oʻtiraversam, ikkovidan ham ayrilib qolaman.
Ergashali shunday deb yigʻlab yubordi.
– Mayli, yigʻla-siqta. Ammo yarim soat joyingdan qimirlama. Men tezda qaytib kelaman.
Qurbon aka suruv tomon ot choptirib ketdi. Oʻgʻlining oʻkirib yigʻlashiga yuragi ezilsa-da, ortiga qaramadi.
* * *
Anchadan keyin osmonda tanish burgut koʻrindi. Biroq uning changalida yoʻrgaklangan bola koʻrinmadi. Ergashalining koʻzlari tinib, boshi gir aylana boshladi. Tomogʻi qurib, ogʻir-ogʻir yutindi. Tizzalab olganicha qoyaga tikildi, tikilaverdi. Endi unda birgina ilinj qolgandi: hademay inida qolgan urgʻochi burgut parvoz qiladi va uning oʻtkir panjalarida yoʻrgak boʻladi…
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016-yil, 10-son