Albert Mals. Dunyodagi eng baxtli odam
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Jessi yigʻlab yuborishga ham tayyor edi. U Tomni telefondan boʻshashini kutaverib xunob boʻlgandi. Tom uning pochchasi edi. Jessi holi harobligidan oʻzining ham yuragi ezilib oʻtirardi.
Toʻgʻri, ular besh yildan buyon bir-birlarini koʻrishmagandi, ammo Tom hozir besh yoshga ulgʻaygan koʻrinadi, bor farq shunda, xolos. U haliyam Tomligicha turibdi-ku. Xudoyim-yey! Yo u shunchalar oʻzgarib ketganmikan?
Nihoyat, Tom Braket telefon goʻshagini joyiga qoʻydi. U oʻrindigʻiga yastangancha oʻtirarkan, gumondor va sovuq boquvchi kichkinagina tiniq moviy koʻzlari bilan Jessiga bir qur koʻz yugurtirib chiqdi. U qirq besh yoshlardagi basavlat erkak boʻlib yetilgandi. Braket aynan oʻtkir biznesmenlarday boʻlib koʻrinar – uning asli kasbi ham shunday edi. U Jessiga vaqtini ketkizishga noroziday sovuq bepisandlik bilan koʻz tashladi.
- Xoʻsh?- deb qoldi Braket toʻsatdan. - Xizmat?
- Meni tanimading chogʻi, Tom, - deb oʻngʻaysizlandi Jessi. - Men Jessi Fultonman. Ella senga salom aytib yuborgandi.
Braket oʻrnidan turdi-da, chaqirilmagan mehmoni bilan yuzma-yuz boʻlish uchun u tomonga bir-bir bosib keldi. U esiga tushgan qayinukasiga oʻxshash qiyofani unda topishga harakat qilguday boʻlib Fultonni boshdan-oyoq koʻzdan kechirdi.
- Ha, rostdanam Jessi ekansan, - dedi Braket oxiri. - Lekin rosayam oʻzgarib ketibsan.
- Yo, rabbim, axir oradan besh yil oʻtib ketadi-yu, oʻzgarmay boʻlarkanmi?- dedi Jessi. - Buning ustiga sen meni faqat bir-ikki bor koʻrgan boʻlsang kerak. Oʻzgarmay qolarmidim? Hammayam oʻzgaradi-ku, toʻgʻrimi?
- Sening qarashlaring jiddiy edi, - deya soʻzida davom etdi Braket mayin, ajabsinagan ohangda. - Sezishimcha, biroz ozgandaysan?
Jessi miq etmadi. U Braket uning jigʻiga tegish uchun oʻzini har koʻyga solayotganini fahmlab turardi. Biroq burgaga achchiq qilib koʻrpani kuydirishdan foyda yoʻqligi sababli oʻzini ogʻirlikka olardi. Sukunat choʻzilgan sayin Jessining ichini it tataladi. Braketning vijdoni uygʻondi chogʻi, tuyqusdan mulozamat yoʻliga oʻtib oldi:
- Qani, oʻtir-chi. Yaxshi kelibsan-da, kuyov, - u Jessining qoʻlidan tutib, uni qisib qoʻydi. – Seni koʻrganimdan xursand boʻldim; hech narsani oʻylama! Negadir koʻzimga siqilganroq boʻlib koʻrinyapsan.
- Hammasi joyida, - deb mingʻilladi Jessi. U stulga oʻtirarkan, barmoqlari bilan jingalak, chigal sochlarini taroqlagan boʻldi.
- Nimaga oqsoqlanyapsan?
- Bitta toshni bosib olgandim; qirrasi bilan tufligimning tagini teshib qoʻyibdi.
Jessi oyoqlarini stulning tagiga tortdi. U tuflilaridan uyalayotgandi.
Braket boʻlsa Jessining oyoqlaridan koʻzlarini uzmay oʻtirardi. U kuyovining koʻnglidan nimalar kechayotganini anglab turar, unga qarab yuragini achinish hissi qoplab borardi.
- Ha, mayli, qulogʻim senda, - deya soʻz boshladi Braket, - hayotingdan gapir. Ella qalay?
- O, u oʻynab-kulib yuribdi, - deb javob berdi Jessi parishonxotirlik bilan. Uning mayin boquvchi kulrang koʻzlari bilan uygʻunlashib ketgan yumshoq, itoatkorona, anchagina tortinchoq ohangli ovozi bor edi.
- Bolalar-chi?
- O, ular ham zoʻr…Bilasanmi -, - endi biroz qatʼiyat bilan ilova qildi Jessi, - kenjatoyimiz tasma (ikki yelkasidan oʻtkazilib shimga taqiladi) taqadigan boʻlib qolibdi. Bilasan, u oʻzi pul topolmaydi. Ammo rosayam uddaburron. Rasmlar soladi, u-bu ish qoʻlidan keladi, bundan oʻzingning ham xabaring bor.
- Ha, - deb maʼqullab qoʻydi Braket. - Bu ishlari yaxshi. U ikkilanib qoldi. Oraga bir nafaslik jimlik choʻkdi. “Ella menga ishlaring yomonligi borasida lom-mim demagandi, Jessi. Senga yordam bergan boʻlarmidim.
- Xudo sendan rozi boʻlsin, - deb minnatdorchilik bildirdi Jessi mayin ohangda. - Oʻzingning ham ishlaring boshingdan oshib yotibdi-ku, toʻgʻrimi?
- Toʻgʻri. - Braket oʻrindigʻining orqasiga suyandi. Uning qizgʻish yuzlari gʻamgin va achinarli tus oldi.
- Tom, quloq sol, - deya muddaoga oʻtdi Jessi. - Men bir maqsad bilan bu yerga kelgandim. U yana barmogʻi bilan sochini tarab qoʻydi. - Menga yordam berishingni istayman.
Braket shu gapni kutayotgandi. - Men koʻp pul berolmayman. Haftasiga oʻttiz besh dollar topaman, xolos, bungayam oʻlganimning kunidan shukr qilib, bir amallab yashab kelayapman.
- Albatta, bilaman, - hayajonlanib taʼkidladi Jessi. Uni tagʻin tong sahardan beri yuragini egallab yotgan yovvoyi gʻulgʻula chulgʻab oldi.
- Bilaman, sen bizga pul tomonlama koʻmak berolmaysan. Lekin biz sening qoʻlingda ishlaydigan bir kishi bilan koʻrishib qoldik! U bizning shahrimizga kelgan ekan. Oʻsha kishi seni menga bironta ish topib berishingni aytgandi!
- Kim aytgandi?
- O, nima uchun shuni menga sen - oʻzing aytmaganding?- Jessi mana endi ginaxonlik bilan yorildi. - Nimaga aytmading, axir men bu gapni eshitganim zahoti yoʻlga chiqqandim. Mana, ikki haftadirki, xuddi devonaga oʻxshab yoʻl yurib keldim.
Braket baland ovozda ingrab yubordi. - Sen meni ish bera oladi, degan umid bilan Kanzas Sitidan ikki hafta ichida yetib keldingmi?
- Boʻlmasam-chi, Tom, albatta-da. Qoʻlimdan boshqa nimayam kelardi?
- Jessi! Hozir oʻlik mavsum. Ustiga-ustak, sen bizning ishimizni neft bilan bogʻliq ekanligini tushunmaysan ham. Bu esa juda muhim. Mening bu yerdayam doʻstlarim bor, biroq ular ayni damda hech narsa qilib berisholmaydi. Men senga imkoniyat tugʻilishi bilanoq ish aytgan boʻlardim, shu oʻy oʻzingning ham kallangga kelmadimi?
Jessi dod deb yubordi. - Lekin sen quloq solsang-chi, oʻsha odam seni odam yollaydi, deb aytdi! U menga gapirib berdi! U sening qoʻlingda yuk mashinasi haydar ekan! Uning aytishicha, senga har doim erkaklar kerak boʻlar ekan!
- Oh!..Sen idoramni nazarda tutyapsanmi?- deb soʻradi Braket past ovozda.
- Ha, Tom. Shuni aytyapman!
- Oh, yoʻq, sen mening idoramda ishlashga chiday olmaysan, - Braket unga oʻsha past ovozda man qildi. - Sen uning nima ekanligini bilmaysan ham.
- Yoʻq, bilaman, - Jessi oʻz fikrida qatʼiy turib olgandi. - Oʻsha erkak menga barini tushuntirib berdi, Tom. Sen yuk joʻnatuvchisisan, shundaymi? Sen chetga dinamit ortilgan yuk mashinalarini chiqarasanmi?
- Sen aytayogan oʻsha odam kim edi, Jessi?
- Everet, Everet edi, yanglishmasam.
- Egbertdir balki? Mening gavdamdagi erkakmi?- deb soʻradi Braket ohista.
- Ha, Egbert ekan.
- Albatta, ish bor. Agar istasang, hatto oʻsha Egbertning ham joyi boʻsh turibdi.
- U ishdan ketdimi?
- Oʻldi!
- Oh!
- Ish paytida oʻldi, Jessi. Judayam bilging kelayotgan boʻlsa, bu ish oʻtgan tunda sodir boʻldi.
- Oh!..Nima boʻlsa boʻlavermaydimi, lekin menga baribir!
- Unday boʻlsa, meni eshit!- dedi Braket. - Men senga kelishingdan avval soʻrashing lozim boʻlgan bir-ikkita narsalarni aytib qoʻyay. Sen haydaydigan yuk mashinasidagi dinamit emas. U nitroglitserin!
- Lekin bundan mening xabarim bor edi, - dedi Jessi uni tinchlantirib. - Oʻsha Egbert menga maslahat bergandi, Tom. Meni hech narsadan xabari yoʻq ekan, deb oʻylashingning sirayam hojati yoʻq.
- Bir daqiqaga ovozingni oʻchirib tursang-chi, - deb buyurdi Braket gʻazab bilan. - Eshit! Sen shunchaki bu nitroglitserin shoʻrvasiga bir nazar solib koʻrding, tushundingmi? Sen shunchaki qattiq yoʻtalganding, shundan keyin bu shoʻrva qaynab, mana endi toshib ketyapti.
- Meni eshitsang-chi, Tom -
- Hozir, bir lahzaga shoshmay tur, Jessi. Bilaman, ishga oʻlguday muhtojsan, biroq sen tushunib olishing kerak. Bu mahsulot faqatgina maxsus mashinalardagina ketadi. Qoq tunda! Ular maxsus yoʻnalish boʻyicha qatnaydi! Birontayam shahar ichidan oʻtisholmaydi! Buning qanday ish ekanligiga aqling yetib turibdimi?
- Men ehtiyotkorlik bilan haydayman, - dedi Jessi. - Men yuk mashinasini qanday qilib boshqarishni bilaman. Sekin haydayman.
Braket oh tortdi. - Sen Egbertni ham ehtiyotkorlik bilan haydamagan yoxud yuk mashinasini qanday boshqarishni bilmagan deb oʻylayapsanmi?
- Tom, - dedi Jessi shiddat bilan. - Sen meni qoʻrqitolmaysan. Men miyamga faqat bitta gapni mixlab oldim! Egbert aytdiki, u bir mil masofa yoʻl uchun bir dollardan ishlardi ekan. U yarim oylik xizmati uchun bir oyda 500-600 dollardan topardim, deb aytdi. Men ham aynan shunday haq olamanmi?
- Albatta, shunday olasan,- dedi Braket unga vahshiylik bilan. - Bir mil uchun bir dollar. Juda oson-a. Biroq nima sababdan sen kompaniyani buncha koʻp toʻlashi kerak deb oʻylayapsan? Osonligini qara – xuddi Egbertga oʻxshab old chiroqlarni yoqquningcha qandaydir toshni bosib ketasan. Yoki boʻlmasam, koʻzingga nimadir kirib ketadi-da, gʻildirak aylanib ketib, mashinaga shikast yetkazasan! Xudo biladi, tagʻin kim bilmagan boshqa qanday koʻrgulik yuz beradi! Biz Egbertga qanday kor-hol yuz berganini aniqlay olmadik. Biror-bir dalil beruvchi hech qanday mashina yoʻq edi. Hech qanday murda ham topilmadi. Hech vaqo yoʻq! Ehtimol, erta bir kun kimdir makkajoʻxori dalasidan bir parchagina majaqlangan poʻlatni topib olar. Lekin baribir biz hech qachon haydovchini topolmaymiz. Bor bilganimiz, u jadval boʻyicha yetib kelmadi. Keyin politsiya bizni chaqirishini kutib turdik. Oʻtgan tunda qanday voqea yuz berganini tushundingmi? Koʻprik ustida qandaydir bir ishkallik chiqibdi. Balki Egbert tajang boʻlib turgandir. Balki u bir tomonga mashina gʻildiragining qanoti bilan borib solgandir. Endi boʻlsa hech qanaqa koʻprik ham yoʻq. Mashina ham yoʻq. Egbert ham. Endi tushungandirsan? Bir mil yoʻl uchun oʻsha Xudo urgan bir dollarni qanday qilib topish yoʻli shu boʻladi!
Oʻrtaga bir lahzalik sukut choʻmdi. Jessi uzun, ingichka barmoqlarini bukib-eggancha oʻtirardi. Uning ogʻzi ochilib qolgan, yuzi esa alam bilan burishib ketgandi. Bir mahal u koʻzlarini yumdi-da, ohista soʻzlay boshladi. - Meni nima balo boʻlgani bilan ishim yoʻq, Tom. Sen hammasini tushuntirib berding. Endi esa menga bir saxovat koʻrsatib, ish bersang.
Braket stoli ustiga qoʻlining kafti bilan tarsaki tushirdi.
- Yoʻq.
- Quloq sol, Tom, - dedi Jessi gʻaribona holda, - Sen shunchaki tushunishni istamayapsan-da. U koʻzlarini ochdi. Uning koʻzlari yosh bilan toʻlib qolgandi. Bu nigoh Braketni undan yuzini oʻgirishga majbur qildi. - Menga bir qaragin-a, Tom. Senga iltijolarim kamlik qildimi? Tom, men ortiq bu ahvolda yashay olmayman, tushunsang-chi axir!
- Sen aqldan ozibsan, - deb mingʻilladi Braket. - Har yili beshta haydovchidan bittasi oʻldiriladi. Bu oʻrtacha koʻrsatkich. Shuni havas qilgudek joyi bormi?
- Ayni damdagi mening hayotim havas qilgulikmidi? Biz uyda shundoqqina ochlikdan qurbon boʻlayapmiz, Tom!
- Buni menga ilgariroq aytishing kerak edi, - deya xitob qildi Braket choʻrt kesib. - Bu oʻzingning aybing. Odam oilasi och turganida soxta dabdaba bilan yurishga aslo haqi yoʻq. Men birontasidan ozroq pul qarz olib turaman-da, uni Emmaga telegraf qilib joʻnatib yuboramiz.
- Xoʻsh, keyin nima boʻladi?
- Keyin kutib turasan. Sen qarib qolganing yoʻq. Bu hayotingdan yuz burib ketishga haqing ham yoʻq. Biror kun ish ham topib olarsan.
- Yoʻq! Jessi oʻrnidan sapchib turib ketdi. - Yoʻq, oldinlari bunga ishonardim. Ammo endi ishonolmayman, - baqirdi u kuyib-yonib. - Sen mening yuragimdagi birdan-bir umidimsan.
- Aqldan ozyapsan, - mingʻilladi Braket yana. - Men bunday ish qilolmayman axir. Xudo haqi, bir lahzaga boʻlsin, Ellani ham oʻylasang-chi axir.
- Uni deb qaygʻurayotganimni bilmayapsanmi?- soʻradi Jessi mayus. U Braketning yengidan tortdi.
Braket oyoqqa qalqdi. - Sen Ella toʻgʻrisida oʻylayapman, deyapsan. Oʻlib ketsang, uni qay holga tushishini ham oʻylayapsanmi?
- Balki, oʻlib ketmasman, - iltijo qildi Jessi. - Baʼzan omadim ham kulib turadi.
- Hammasiyam shunaqa deb oʻylashadi,- javob qildi Braket eʼtiborsizlik bilan. - Bu ishni boshlashing bilan sening omading ham savol belgisi boʻlib qoladi. Bir narsa aniqki, ertami-kechmi, baribir seni oʻldirib ketishadi.
- Unaqa boʻlsa ham mayli, roziman, - deb baqirdi Jessi unga javoban. - Lekin bu orada biror nimali boʻlib olarman, toʻgʻrimi? Jilla qursa, bir juft oyoq kiyim sotib olarman. Menga qara! Bitta kostyum sotib olarman. Sigara cheka olarman. Bolalarim uchun biroz shirinlik sotib olarman. Oʻzimning ogʻzimga ham biron nima tegib qolar. Ha, Xudo haqi, biroz shirinlik yegim kelyapti. Kunda bir mahal bir stakan pivo ichishni xohlayman. Ellani yasantirib qoʻyishni ham. Unga haftada uch marta, ehtimol toʻrt marta goʻsht yedirishni xohlayman.
Braket joyiga oʻtirdi. - Oh, boʻldi qilsang-chi, - dedi u.
- Yoʻq, - dedi Jessi unga mahzun, ammo joʻshqin ohangda, - sen meni toʻxtatib qololmaysan. Eshit, Tom, - u oʻtinib soʻray boshladi, - men hammasini oʻylab chiqdim. Oyiga olti yuz dollardan topsam, qara, qancha pul jamgʻarar ekanman! Atiga uch oygina ishlab qoʻysam, qara, qancha pul boʻladi – ming dollar-a – undanam koʻproq! Balkim yana-da uzoqroq ishlarman. Balkim ikki yil ichida Ellaga haqiqiy hayot lazzatini inʼom etarman!
- Bu sening gaping, - deya uning gapini boʻlib qoʻydi Braket. - Taxminimcha, sen bunaqa ishda ekansan, uni maza qilib yashaydi, deb oʻylaysan-da?
- Men hammasini oʻylab boʻlganman, - javob berdi Jessi hayajonga toʻlib. - U bu haqida sira bilmaydi, tushunyapsanmi? Men unga faqat qirq dollar ishlab topayotganimni aytaman. Sen qolgan pulni uning bankdagi hisobiga oʻtkazib turasan, Tom.
- Eh, bas qil, - urishib berdi Braket. - Baxtli boʻlaman, deb oʻylaysanmi? Har daqiqada, uygʻonganingda ham, uxlayotganingda ham, ehtimol ertaga oʻlib ketarman, degan talvasa ichida azoblanib yashaysan.
Jessi kulib yubordi. - Men baxtli boʻlaman! Tashvish qilma, men shu qadar baxtli boʻlamanki, hatto kuylab yuboraman. Xudo guvoh, Tom, yetti yil mobaynida birinchi marta oʻzimdan-oʻzim faxrlanib ketyapman!
- Eh, bas qil, bas qil!- deb qichqirdi Braket.
Oraga tagʻin jimlik choʻkdi. Braket ikkala qoʻlini ham boshi uzra koʻtarib, kaftlarini chakkalariga bosdi.
- Tom, Tom – dedi Jessi.
Braket uh tortdi. - Oh,- dedi u nihoyat, - yaxshi, seni ishga olaman, Xudo mening mushkulimni oson qilsin. Agar shu kecha yoʻlga tayyor boʻlsang, bugun tunda mashinani haydaysan. Jessi javob bermadi. U javob bera olmasdi. Braket unga qaradi. Jessining yuzidan koʻz-yoshlari dumalab tushardi.
- Soat 6:00da bu yerga qaytib kel, - dedi Braket. - Mana senga ozroq pul. Tuzukroq ovqat olib, yeb olgin.
- Rahmat,- dedi Jessi. - Rahmat, Tom.
- Tom.
- Nima deysan?
- Men shunchaki – Jessi gapirishdan toʻxtab qoldi. Braket uning yuziga boqdi. Jessining koʻzlari hamon yosh bilan yaltirab turar, biroq yuzi endi yashnab ketgandi.
Braket undan yuzini oʻgirdi. - Men bandman,- dedi u.
Jessi koʻchaga chiqdi. Koʻzlaridagi nam unga koʻrishga xalal berar, biroq butun dunyo hozir unga tillaga aylanib ketganday boʻlib yarqirab koʻrinardi.
- Men dunyodagi eng baxtli odamman, - deb shivirladi u oʻziga-oʻzi. - Men butun yer yuzidagi eng-eng baxtli odamman.
1938-yil.
Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi