Aleksandr Kuprin. Paganini skripkasi
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Venetsiyalik buyuk skripkachi va bastakor Nikkolo Paganini sehrli skripka evaziga Iblisga iymonini sotganligi haqidagi rivoyatni kim ham bilmaydi? Hattoki hamma narsadan shubhalanuvchi, dahriy va hajvchi boʻlgan atoqli shoir Henrix Heyne ham bu afsonaga ishongan. Lekin bu kelishuvda kim yutib chiqqanligi – insonmi yoki uning dushmanimi – bu hech kimsaga ayon emas. Vengriyadagi koʻchmanchi loʻlilar orasida bir gʻalati rivoyat yuradi. Bunga ishonasizmi yoʻqmi – oʻzingizga havola.
Taqdir yosh Nikkologa oʻta shafqatsizlik qildi. Oʻsha yili u qarzlaridan, omadsizlikdan va yuzlab mayda-chuyda koʻngilsizliklardan qochib, Venetsiyadan Venaga yoʻl oldi. Bu yerda u toʻyma-toʻy izgʻib, huvillagan qahvaxonalarda arzimas choychaqaga skripkasini chalib yurdi. Juldurvoqi kiyimlari tufayli durustroq mehmonxonalarga uni qoʻyishmasdi.
Ayniqsa, 21-oktyabr uning uchun eng ogʻir va mushkul kun boʻldi. Oʻsha kuni ertalabdan qor aralash yomgʻir yogʻdi. Ilma-teshik boshmoqlari shaloplab, har qadamda loy sachratib borardi, oʻzi esa botqoqdan chiqqan kuchukdek boshdan-oyoq ivib ketgandi.
Kechga tomon shahar havosi yanada xiralashib, allaqanday mudhish tun boshlandi. Unda-bunda fonuslar yomgʻir tomchilarini yoritib xira nur sochardi.
Bunday rutubatli kunlarda inson oʻz qalbini hammaga ham ochavermaydi, oʻzganing qaygʻu-hasratiga hamdard boʻlavermaydi. Bunday paytlarda qashshoq odam sovuq, ochlik va yolgʻizlikni boshqalardan koʻra koʻproq his qiladi.
Kun boʻyi Paganini sariq chaqa ham ishlab topmadi. Kechqurun allamahal boʻlganda bir misgar chala qolgan, tamaki kuli tushgan pivoni unga uzatdi. Boshqa bir joyda esa shirakayf talaba uchta mayda chaqani unga uloqtirar ekan:
– Bu senga choychaqa, faqat chalishni bas qil!– dedi.
Zarda bilan berilgan bu sadaqangi Paganini qoʻliga olarkan: “Mayli! Mashhur boʻlganimdan soʻng sadaqa berganingni esimga solarsan!” deb tishlarini gʻijirlatib qoʻydi. Shuni aytish kerakki, taqdir boshiga qancha balolar yogʻdirmasin, Paganini oʻzining daho ekanligiga sira shubha qilmasdi. “Durustgina kiyim-kechak, qulay sharoit va tuzukroq skripkam boʻlsa men dunyoni hayratga solardim!” deb oʻylardi u. Soʻnggi qahvaxonada ham uni koʻchaga haydlashdi. U har qadam bosganda koʻlmak hosil boʻlardi.
Uchta chaqaga kichkina bir boʻlak oq non sotib oldi va yoʻl-yoʻlakay ishtahasiz kavshanib bordi. Baland chordoqdagi katalakday xonasiga bazoʻr koʻtarilarkan, umidsizlikka tushib, gʻamgin qalbi gʻazabga toʻldi. Namiqqan ayanchli skripkasini bir tepib burchakka tiqdi va koʻkragiga mushtlab, ayanch bilan baqirdi.
–Iblis! Iblis! Agar sen kaltafaxm xotinlar oʻylab topgan afsona emas, haqiqatan ham bor boʻlsang, hoziroq huzurimga kel! Magʻrur insonning magʻrur qalbi ijodkor daho bilan birga arzonga sotiladi. Kela qolsang-chi! Aks holda oʻzini osgan bir kambagʻaldan senga qanday naf tegadi?
Shu ondayoq Iblis paydo boʻldi. Oltingugurt tutuniga chulgʻanib, juft oyoqli sassiq taka koʻrinishida emas, balki kamtarona keksa ishboshi yoki notariusdek kiyingan, kulrang pokiza kamzuli jimjimador sariq toʻr bilan bezatilgan kiyimda paydo boʻldi. U siyohdon, gʻoz patidan ishlangan ruchka va shartnomalar daftarini ham qoʻlida tutgan edi, ularni shoshmasdan, jiddiy tarzda choʻltoq stolga yoyib qoʻydi. Moy chiroq atrofni yoritdi.
–Koʻrib turganingizdek, yigitcha,– deya xotirjamlik bilan gap boshladi Iblis,– shovqin-suronsiz, masxarabozlik qilmasdan, doʻzaxni eslatuvchi kiyimlarsiz darhol yetib keldim. Sizdan qon bilan yozilgan tilxat ham talab qilmayman.
Oʻrta asrlardan qolgan bunday ahmoqona yasama mashmashalarga berilib oʻtirmaymiz. Bizning asrimiz – xushmuomalalik, oddiy hisob-kitob asri. Yashirib oʻtirmayman. Biz shaytonlarga soddadil aldovlardan koʻra halollik bilan xizmat qilish qulayroq va foydaliroqdir. Shuning uchun bu kelishuvimizda men faqat xaridor sifatida, kerak boʻlsa himoyachi sifatidagina qatnashayotganimga hayron boʻlmang. Shunday ekan, iymoningiz evaziga nimani xohlardingiz?
–Pul! Oltin! Umrbod behisob oltin!
–Mana, koʻrdingizmi? Huquqiy maslahatim ham kerak boʻlib qoldi. Bu istaklarni har qanday esi past, shalpangquloq yigitcha ham aytgan boʻlardi. Shon-shuhrat borasida nima deya olasiz?
–Buning yoʻli oson! Shon-shuhratni pulga ham sotib olish mumkin. Buning uchun ziqnalik qilinmasa boʻldi.
–Yoʻq, doʻstim, shoshqaloqlik qilayapsiz. Oltin bilan faqat tilyogʻlamachilarnigina sotib olish mumkin. Bu bilan siz atrofingizdagi xushomadgoʻy va laganbardorlardan nariga oʻtolmaysiz. Yaxshisi, menga boshqa biror narsa haqida ayting. Masalan, sevgi haqida.
–Jin ursin! Axir sevgini boshqa narsalardan koʻra osonroq sotib olish mumkin!
–Har qanday sevginimi? Siz shunday deb oʻylaysizmi? Bekorga, bekorga shunday deb oʻylayapsiz, yosh doʻstim Nikkolo! Agar shunday boʻlganda edi, yer yuzi allaqachon butunlay va abadiyan Iblis ixtiyoriga oʻtgan boʻlardi. Biz esa tekin ovqatdan semirib, yalqov-dangasa boʻlib qolardik. Xohlasangiz judayam maxfiy bir sirni – nima sababdan Iblis dunyoda eng baxtsiz ekanligini sizga aytaymi? Chunki u bor vujudi bilan sevishni istaydi, lekin uddasidan chiqa olmaydi… Yoʻq, yigitcha, agar har ikkalamiz uchun ham foydali boʻlgan kelishuvga koʻnsangiz, oʻsha dastlabki kamtarona shartlaringizda qoling: durustgina kiyim-kechak, qulay sharoit va tuzukroq skripka.
Paganini bir necha daqiqa oʻyladi va jurʼatsizlik bilan dedi:
–Men oʻz ahdimdan qaytmayman. Siz haqsiz, janob mutasaddi. Lekin shoshqaloqlik qilib abadiy azob-uqubatga mahkum qilingan iymonimni arzon bahoga sotmayapmanmi?“.
–Iblis engashib stol ostidan hoʻkiz terisidan ishlangan gʻilofni oldi va ehtiyotkorlik bilan Paganiniga uzatdi.
–Skripkani oʻzingiz koʻrishingiz va chalishingiz ham mumkin. Bu – tekinga.
Paganini ehtirom bilan tilla suvi yugurtirilgan bronza ilgakni yechib, gʻilofdan uch qavat choyshabga oʻralgan asbobni oldi: yumshoq teri, duxoba va ipak choyshablarni stolga yoydi va nihoyat sirli asboblarni, goʻyo butun goʻzalligi bilan yalangʻoch ayolning adl qomatini eslatadigan shakl-shamoyildagi skripka koʻrindi. Bu – kichkina boshchasini koʻtarib turgan, uzun boʻyniga tutashgan yassi yelkasi silliqqina nozik beliga tutashib, baquvvat soniga mayinlik bilan uygʻunlashgan ayol qiyofasidagi skripka edi.
– Bu Stradivari emas,– deya zavq bilan xitob qildi Paganini,– bu hatto Amati ham, Gvarneri ham, Gvadanani ham emas! Bu mukammal skripka, bundan ortigʻi inson qoʻlidan kelmaydi ham! Demak, siz menga biroz chalishga ruxsat berasiz-a?
–Ha, marhamat,– erinibgina, istar-istamas ohangda dedi Iblis,– Men sizga aytgandim-ku.
Skripka torlari sozlangan, kamonchasi yetarli darajada mumlangan edi.
Paganini alangali ehtiros bilan chalar ekan, kuy shu darajada yangradiki, qashshoqlikdagi bechorahol ahvoli yashirin isteʼdodini yuzaga chiqarmaganligini oʻzi ham tushundi.
U xursand holda dedi:
– Sohib, xizmatingizga tayyorman va menga bergan maslahatingiz uchun sizga minnatdorchilik izhor qilaman. Lekin, agar sizga ogʻir botmasa, ayting-chi – nima sababdan mayus tortib qoldingiz, xafa boʻldingiz – mendan xafa boʻldingizmi?
–Toʻgʻrisini aytsam,– dedi Iblis, oʻrnidan turar ekan,– isteʼdodingiz men kutgandan ham koʻra cheksizroq ekanligi meni biroz xafa qildi. Lekin aytilgan soʻz – otilgan oʻq, soʻzimning ustidan chiqaman. Skripka sizniki, umrbod egalik qiling. Mana sizga kichkina xaltachada oltin – bu hozirchalikka, Ertaga huzuringizga saroy ayonlari kiyimlarini tikuvchi va venalik eng usta sartarosh keladi. Ertasiga esa arsegersogning shaxsan oʻzi uyushtirgan tantanali musiqa tanlovi oʻtkaziladi, oʻshanda qatnashasiz. Endi, marhamat qilib, mana bu sahifadagi shartnomaga imzo cheking. Ha, mana shunday. Yaxshi. Rahmat, koʻrishguncha xayr, yaxshi yigit.
–Koʻrishguncha? – ayyorlik bilan soʻradi venetsiyalik Paganini.
–Unisini bilmadim,– quruqqina javob berdi Iblis.– Oʻylaymanki, sizga ajratilgan muddat tamom boʻlguncha, undan oldin emas. Siz mendan uzoq umr soʻramadingiz, shekilli?.. Maqtovimni qabul qiling, maestro!
Iblis skripkachini hech bir aldamagandi. Hamma voqea rejadagidek amalga oshdi. Musiqa tanlovidan soʻng toj-taxt vorisi – valiahd oldida Paganini obroʻsi koʻklarga koʻtarildi, koʻzlarni qamashtirdi va hozirgi kunlargacha kamaygani yoʻq. Ammo Nikkolo Paganini dunyoda eng baxtsiz odam boʻlib qoldi.
Qondirilmagan ehtiroslar, shuhratparastlikka oʻchlik, pulga telbalarcha ochkoʻzlik, shu bilan birga jirkanch va pastkash xasislik: nafaqat oʻtmish va oʻz davrining yetuk skripkachilariga, balki kelajakdagi buyuk skripkachilarga nisbatan ham yengib boʻlmas hasad uning iymonini zaharlab, kulga aylantirdi. U oʻzi toʻqigan musiqa asarlarini notalarga joylarkan, shu darajada chalkashtirib, topishmoqqa aylantirib ifodaladiki, uni oʻzidan boshqa kimsa anglay olmasdi. Lekin u sanʼatining shu darajada cheksizligi vaqti kelib uning oʻrniga oʻzidan ham zoʻrroq musiqachi kelishiga, uning iblisona topishmoqlaridan ham goʻzalroq va osonroq tarzda undan ham oʻtib ketishiga aqli yetardi. U kelajakka mana shunday oldindan nafrat va hasad bilan qarardi.
Puli oshib-toshib ketganiga qaramay, u koʻchada ketayotib qogʻozlarnimi-ye, arqon boʻlaklarinimi-ye, axlatnimi-ye terib yurar, bir kunlik ovqati bir talerdan ham oshmasdi. Uning gʻayritabiiy sanʼatidan zavqlangan qanchadan-qancha goʻzal ayollar unga muntazir boʻlib, oʻzini, qalbini, taqdirini, borligʻini baxshida qilganlarida ham, ular mening oltinlarimni egallash niyatida kelgan, degan xayolda ulardan nafratlanib, yuz oʻgirardi.
Eri davlat majlisi raisi boʻlgan, oʻz boyligi, shon-shuhrati, sevgisidan voz kechib, ajralish sharmandaligini ham boʻyniga olgan, unga mushtoq boʻlgan aslzoda xonimning ham sevgisini rad etib, oldiga bir nechta chaqa tashlab: “Shu uch tangani eringizga berib qoʻying. Ularni menga bir zamonlar boshqa skripka chalmaslik sharti bilan bergandi. Sizni esa bu yerdan ketishingizni iltimos qilaman, hozir men mashgʻulot bilan bandman”, deya haydadi.
Qanchadan-qancha haqiqiy doʻstlari, qadriga yetgan muxlislarini: “Sen mening boyligim va shuhratimga sherik boʻlish uchun ortimdan yuribsan”, degan taʼnalar bilan oʻzidan uzoqlashtirdi.
U ayanchli ahvolga tushgan, umri ruhiy azob-uqubatda oʻtar, taskin beradigan yaqin odami yoʻq edi. Chunki u hech kimga ishonmasdi.
Ajal vaqti kelganda uning huzuriga boʻzargan Notarius kirib keldi va Paganini unga xotirjamlik bilan dedi:
–Men tayyorman, xoʻjayin. Ammo mening hayotim quvonchsiz oʻtdi.
–Ha, ochigʻini aytganda, men ham sizdan biror naf koʻrmadim. Ikkalamiz tuzgan bitim ikkimizga ham foyda keltirmadi. Mana bu daftardagi shartnomalar roʻyxatini koʻring, u yerda sizning nomingiz yoʻq. Uni kimdir oʻchirib yuborgan. Kimligini aytishga jurʼat eta olmaymiz.
–Endi men nima qilaman?– koʻngilchanlik bilan soʻradi Paganini.
–Hech narsa,– javob berdi boʻzargan Notarius.– Hech narsa, doʻstim. Birorta ham konsertingizni oʻtkazmasdan hammasiga bordim va shu bilan sizdan qarzimni uzdim. Rahbarlarim menga salbiy baho berishdi. Siz ham oʻz navbatida oʻsha nomini tilga olishga jurʼat etolmaganimiz oldida qarzingizni uzdingiz. Haqiqiy sanʼatni biz emas U yaratadi. Lekin hicob-kitobni kim qiladi? Alvido. Bu gal endi umrbod xayrlashamiz. Skripkani sizga qoldiraman. E, yoʻq! Mendan xavotir olmang. Bu xizmatimdagi arzimas koʻngilsizlik, xolos. Xayr…
Ertasiga ertalab buyuk Paganinining joni uzildi: peshonasidagi ajinlar oʻsha tiriklik paytidagidek magʻrur va shafqatsiz, lablarida esa shodiyona baxtli tabassum qotib qolgandi.
Iblis skripkasi esa izsiz yoʻqoldi.
Ruschadan Abdunabi Abdulqodir tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011-yil, 4-son.