..

Alfons Dode. Soʻnggi saboq

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Elzaslik bolakay hikoyasi

Oʻsha kuni ertalab maktabga juda ham kech qolayotgan edim; muallimdan tanbeh eshitishimni oʻylasam, yuragim orqaga tortib ketardi. Ustiga ustak, mosʻe Amel bizdan avvalgi dars mavzusini – sifatdoshlarni soʻramoqchi edi. Men esa yarimta soʻz ham yodlamaganman. Bir zum xayolimga darsga kirmasdan sayr qilib yurish fikri keldi.

Havo juda ochiq va iliq edi…

Oʻrmon chetida sayroqi qorayaloqlarning kuylayotgani, taxta yoʻnish zavodi ortidagi River oʻtlogʻida nemislarning safda yurish mashgʻulotlarini bajarayotgani eshitilib turardi. Bularning bari meni darsdagi sifatdosh qoidalaridan koʻra koʻproq oʻziga jalb qilardi, lekin oʻzimni qoʻlga olib, maktabga yugurdim.

Meriya<sup>1</sup> yonidan oʻtayotib eʻlonlar taxtasi oldida toʻplanib turgan odamlarga koʻzim tushdi. Soʻnggi ikki yil ichida biz u yerda faqat koʻngilsizlikdan xabardor boʻlar edik: boy berilgan janglar, rekvizitsiyalar, kommendant buyruqlari; oʻylanib qoldim: yana qanday noxushlik boʻlishi mumkin?

Shu payt shogirdi bilan eʻlonlarni oʻqib turgan temirchi Vaxter meni chaqirib qoldi:

– Shoshma, bolakay, ulgurasan oʻsha maktabing­ga.

U ustimdan kulyapti deb oʻyladim va halloslagancha mosʻe Amelning uyi oldidagi gulzor tomonga yugurdim.

Odatda dars boshida koʻchaga eshitilarli darajada shovqin koʻtarilardi – bolalar quloqlarini qoʻllari bilan yopgancha oʻtilgan mavzularni gʻoʻngʻillab takrorlashar, partani childirma qilib chalishar, muallimimiz esa chizgʻichi bilan tinchlantirishga urinardi:

– Sekinroq, sekinroq, bolalar!

Men mana shu shovqin-suron ostida joyimga sezdirmasdan oʻtirishni moʻljallagandim, ammo shu bugun yakshanba tongidek jimjit edi.

Ochiq oynadan oʻrtoqlarim allaqachon joy-joylarida oʻtirganini, mosʻe Amel esa vahimali chizgʻichini qoʻltiqlagancha u yoqdan bu yoqqa borib kelayotganini koʻrdim. Qanday qilib bu jimjitlikda eshikni ochib kirsam ekan? Qoʻrquvdan qanchalik qizarib, qaltirayotganimni tasavvur qilib koʻring.

Xavotirim oʻrinsiz ekan: mosʻe Amel menga muloyim qaradi va erkalab dedi:

– Qani, Frants oʻgʻlim, kiraqol. Biz sensiz darsni boshlamoqchi boʻlib turgandik.

Men stulni hatlab oʻtib, oʻz joyimni egalladim. Shundagina, qoʻrquvim bosilganidan keyin muallimning egnidagi dabdabali yashil syurtuk, burama galstuk va boshidagi qora ipak taqyani koʻrdim; u faqat inspektor tashrif buyurganda yoki mukofotlar taqdim etilayotganda shunday kiyinardi. Butun sinf koʻzimga ajib va dabdabali boʻlib koʻrindi. Ammo meni boshqa holat hayron qoldirdi: koʻpincha boʻsh turadigan orqa oʻrindiqlarda qoʻlida uchburchak musiqa asbobi bilan qariya Xauzer, uning yonida sobiq mer, pochtachi va boshqa qishloq kishilari oʻtirardi. Ularning yuzi gʻamgin; Xauzerning tizzasida chetlari titilgan eski alifbe, uning ustida esa katta koʻzoynak turardi.

Mosʻe Amel avvalgiday muloyim, lekin jiddiy ohangda hammamizga murojaat qildi:

– Bolalar, bugun sizlar bilan soʻnggi bor dars oʻtishimiz. Berlindan Elzas va Lotaringiya maktablarida faqat nemis tili oʻqitilishi haqida buyruq berildi… Yangi oʻqituvchi ertaga keladi. Bugun frantsuz tilidan oxirgi mashgʻulotimiz. Iltimos, eʻtiborliroq boʻling­lar!

Mana shu ikki ogʻizgina soʻz meni larzaga soldi. Ah, razillar! Meriya devoriga ilingan eʻlon nima haqida ekanligiga endi tushundim.

Soʻnggi frantsuz tili darsi!..

Men boʻlsam zoʻrgʻa yoza olardim! Demak, endi yozishni yaxshi oʻrganolmayman! Butun umr savodsiz boʻlib qolaman! Darsga kirish oʻrniga qush uyasini axtarib yurganim, muzlagan Saara koʻli ustida sirpanchiq uchib yoʻqotgan vaqtimga shunchalar achinib ketdimki! Biroz oldin zerikarli boʻlgan kitoblar endi men uchun qadrdon doʻstlardek boʻlib tuyuldi. Ulardan ajralish men uchun ogʻir edi. Mosʻe Amel-chi?! Xayolimda uni boshqa koʻrolmaydigandek edim; uning tanbehlari, chizgʻich bilan jazolashlarini ham bir lahzada unutdim.

Bechora! U oxirgi dars sharafiga oʻzining bayramona liboslarini kiygandi; orqa oʻrindiqlardagi qishloq odamlarining nima uchun bu yerga toʻplanishganini endi tushundim. Ular maktabga tez-tez kelib turmaganliklaridan afsusda edilar. Yuz-koʻzlaridan muallimning qirq yillik halol xizmati uchun minnatdorlik bildirayotganga oʻxshab koʻrinishardi…

Ism-familiyam yangraganini eshitib, xayolim boʻlindi. Javob berish navbati meniki edi. Qaniydi, sifatdosh qoidalarini baland ovozda, tutilmasdan, dona-dona qilib gapirib bera olsam. Biroq men hammasini chalkashtirib yubordim, ogʻirligimni u oyogʻimdan bu oyogʻimga tashlab, koʻzimni yerdan uzolmay turaverdim. Mosʻe Amel menga tikilgancha soʻzlay boshladi:

– Men seni koyimayman, Frants oʻgʻlim, shundoq ham jazolanganingni bilsang kerak… Har safar, qayoqqa ham shoshildim, ertaga yodlayman, deb oʻylaysan. Oqibati nima boʻldi? Biz elzas­liklar oʻqishni doimo ortga suramiz – fojeamiz ham ana shunda. Sizlar oʻzingizni frantsuz deb bilasiz, vaholanki, oʻz ona tilingizda toʻgʻri gapirishni ham, yozishni ham eplay olmaysiz. Bunda sening aybing boshqalarnikidan kam emas, Frants oʻgʻlim. Biz oʻzimizdan oʻpkalashimiz kerak. Ota-onalarimiz oʻqishlarimiz haqida koʻp ham qaygʻuravermaydi. Maktabga joʻnatish oʻrniga qoʻshimcha aqcha maqsadida sizlarni dalaga yoki fabrikaga ishlash uchun yuborishadi. Men oʻzim-chi? Men emasmi sizlarga bilim berish oʻrniga bogʻdagi gullarni parvarishlashni zimmangizga yuklagan?! Men emasmi baliq ovlagim kelib qolganda sizlarni darsdan ozod qilgan?!

Shundan soʻng mosʻe Amel frantsuz tili dunyodagi eng ajoyib til ekanligini, bu tilni asrashimiz lozimligini, chunki mustamlaka xalq oʻz ona tili yordamidagina yorugʻlikka chiqa olishini uqtirdi… Soʻngra muallim grammatikadan maʻruza oʻqidi. Darsni yaxshi tushunayotganimdan oʻzim ham hayratda edim. Mosʻe Amel mavzuni juda ravon tushuntirardi. Avvallari, darsni bunchalik diqqat bilan tinglamagandim. Muallimimiz ketish oldidan bor bilimini bizga qoldirmoqchidek edi, goʻyo.

Grammatikadan soʻng yozuvga oʻtdik. Mosʻe Amel namuna sifatida doskaga chiroyli husni­xat bilan quyidagi soʻzlarni yozib qoʻydi: “Frantsiya, Elzas. Frantsiya, Elzas”.

Sinf suv quygandek jimjit, faqat qogʻoz ustida yugurayotgan qalamlarning qitirlashigina eshitilardi…

Maktab tomida kaptarlarning gʻuv-gʻuvlagani qulogʻimga chalindi. Oʻylanib qoldim: “Hali ularni ham nemischa kuylashga majburlash kerakdir?”

Koʻzimni daftardan uzganimda mosʻe Amelning maktab bilan qayta koʻrisholmaydigandek har bir narsaga sinchiklab qarayotganini payqadim. Oʻylab koʻring-a, u qirq yillik umrini shu maktab­ga baxshida etdi. Eski stul va partalar kirlanib yaltirar, hovlidagi kashtan daraxtlari osmon qadar boʻy choʻzgan, ularning tagiga ekilgan xmel butun derazani toʻsib turardi. Uning uchun bularning hammasi bilan xayrlashish ogʻir edi. Axir, u ertaga bu yerlarni butunlay tark etadi.

Mosʻe Amel darsni oxirigacha yetkazishga oʻzida kuch topa oldi.

Yozuv-chizuvdan soʻng tarix darsiga oʻtdik; keyin barchamiz joʻrovoz boʻlib harflarni qaytardik: ba, be, bi, bo, bu. Orqa oʻrindiqdagi qariya Xauzar ham koʻzoynagini taqib, alifbeni qoʻlida tutgancha bizga qoʻshildi: ovozi hayajondan titrab chiqardi; uni eshitib yigʻlashni ham, kulishni ham bilmasdik. O, yoʻq! Bu dars sira ham yodimdan koʻtarilmaydi…

Toʻsatdan cherkov soati kun yarim boʻlganini, ibodatga shoshilish kerakligini eslatgandek bong ura boshladi. Shu onda deraza tagidan mashgʻulotdan qaytayotgan pruss askarlarining trubalari jarangladi. Mosʻe Amelning rangi boʻzdek oqardi va oʻrnidan turdi.

– Doʻstlarim, – dedi u, – doʻstlarim, men, men…

Uning boʻgʻziga nimadir tiqilganday boʻldi. Qoʻliga boʻrni olib, katta harflar bilan kuchining boricha quyidagi soʻzlarni yozdi:

“Yashasin Frantsiya!”

Keyin boshini eggancha stulga oʻtirib qotib qoldi va qoʻli bilan bizga ishora qildi:

“Endi tamom… Ketinglar”.

Saidjalol Saidmurodov tarjimasi

“Yoshlik” jurnali, 2015-yil, 9-son