..

Anton Chexov. Semiz va oriq

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Nikolayev temir yoʻlining vokzalida ikki oshna uchrashib qoldi. Biri semiz, biri oriq. Semiz hozirgina vokzalda ovqat yegan — yogʻliq labi pishgan olchaday yaltirab turibdi. Undan xeres vinosi va flerd oranje degan atirning hidi kelar edi. Oriq esa vagondan hozirgina tushgan va chemodan, tugun, kartonlar koʻtarib olgan edi. Undan vetchina va qahva hidi kelar edi. Uning orqasida oriq, choʻziq yuzli xotini, qisiq koʻzli novcha gimnazist oʻgʻli turibdi.
— Porfiriy! — dedi semiz, oriqni koʻrib. — Senmisan! Boʻtalogʻim! Necha-necha yoz, necha-necha qishlar oʻtib ketdi!
— E! — dedi oriq hayron qolib. — Misha! Birodarim! Qadrdonim. Xoʻp eson-omon bormisan?
Oshnalar qayta-qayta, uch marta, ogʻiz-burun oʻpishgandan keyin koʻzlariga yosh olib tikilishdi. Ikkovi ham oʻzida yoʻq xursand boʻlib dovdirab qoldi.
— Azizim! — dedi oriq ogʻiz-burun oʻpishgandan keyin. — Buni qara-ya! Xoʻp uchrashib qoldik-da! Qani menga tuzukroq qarachi! Hali ham oʻsha ilgarigidek, chiroyliksan-a! Hamon oʻshanday jonon, olifta! Obbo sen-ey! Xoʻsh qalaysan? Boyidingmi? Xotin oldingmi? Men uylandim, mana… Bu xotinim, Luiza Vantsenbax… Lyuteran mazhabida… Bu esa oʻgʻlim Nafanail, uchinchi klassda oʻqiydi… Nafanail, bu kishi mening qadrdon doʻstim! Gimnaziyada birga oʻqiganmiz.
Nafanail biroz oʻylab turib, shapkasini boshidan oldi.
— Gimnaziyada birga oʻqiganmiz,— dedi oriq davom etib. — Esingda bormi, seni nima deb kalaka qilishardi? Hukumat kitobini papiros bilan kuydirganing uchun seni Gerostrat* deb kalaka qilishar edi. Men chaqimchi bulganim uchun Efialt* deb kalaka qilishardi. Ha-ha… Bola edik! Tortinma, Nafanya! Yaqinroq kel… Bu mening xotinim Vantsenbax… Oʻzi lyuteran…
Nafanail biroz oʻylab turib, oʻzini otasining orqasiga oldi.
— Xoʻsh, ishlar qalay, doʻstim? — dedi semiz, doʻstiga nazar tashlab. — Biron joyda xizmat qilasanmi? Kattaroq amalga mindingmi?
— Xizmat qilaman, doʻstim! Ikki yildan beri kollejskiy asessorman, Stanislav* oldim. Maoshning mazasi yoʻq… Sadqaiysar-kuya! Xotinim muzika darsi beradi, men uyda yogʻochdan portsigar qilib sotaman. Juda gʻalati portsigarlar yasayman. Bittasi bir soʻm. Ulgurji oladigan odamga arzonroq qilib beraman. Sababi tirikchilik-da. Departamentda xizmat qilar edim, shu mahkama boʻyicha bu yoqqa ishlar mudiri boʻlib keldim… Shu yerda xizmat qilaman. Xoʻsh, senchi? Statskiy sovetnik boʻlgandirsan, deyman? A?
— Yoʻq, azizim, yuqoriroqdan kelaver, — dedi semiz. — Men tayniy sovetnik boʻlib qoldim… Ikkita Yulduzim* bor.
Birdaniga oriqning rangi oqarib ketdi, toshday qotib qoldi, lekin sal oʻtmay yuzi tarvayib, kuydirgan kalladay irjaydi; xuddi yuz-koʻzidan uchqunlar yogʻilayotganga oʻxshar edi. Oʻzi qoʻnishdi, bukchaydi… chamadoni, tuguni va kartonlari ham burishib qolganday boʻldi… Xotinining choʻziq yuzi yana ham choʻzildi; Nafanail gʻoz turib, mundirining hamma tugmalarini soldi…
— Men janobi oliylari… Koʻp yaxshi!.. Bolaligingdan beri doʻst boʻlib yurgan kishing shugday martabaga yetsa! Hi-hi!
— Qoʻysangchi! — dedi semiz aftini burishtirib. — Bu gaplarning nima keragi bor? Birga, koʻrpa tepishib katta boʻlgan odamlarmiz, muncha ehtirom-u qoʻl qovushtirishning nima keragi bor!
— Qoʻl qovushtirmasdan boʻlar ekanmi… Nainki… — dedi oriq yana ham qoʻnishib, janoblarining nazari marhamatlari!.. Goʻyoki obihayot… Bu janobi oliylari, oʻgʻlim Nafanail… xotinim Luiza, lyuteran, bir daraja…
Semiz unga qarshi nimadir demoqchi edi, uning yuzidagi ortiq darajada boʻlgan mutelik, xoksorlik alomatlari ensasini qotirib yubordi. U oʻgirilib, xayrlashgani qoʻl uzatdi.
Oriq butun vujudi bilan taʻzim qilib xayrlashdi va xitoydan hi-hiladi. Xotin iljaydi. Nafanail tovoni bilan qadam tashlayman deb shapkasini qoʻlidan tushirib yubordi. Uchchovi ham oʻzida yoʻq xursand edi.

Abdulla Qahhor tarjimasi


* Gerostrat — yunon afsonasining qahramoni. Nom chiqarish uchun maʻbuda Diananing ibodatxonasiga oʻt qoʻygan.
* Efialt — afsona qahramoni. U Eron qoʻshiniga togʻdan oʻtgani yoʻl koʻrsatib, vatandoshlariga xiyonat qilgan.
* Stanislav — orden.