Artur Konan Doyl. Besh dona apelsin urugʻi
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Sherlok Xolms haqidagi 1882-yildan 1890-yilgacha boʻlgan davrga oid qaydlarimni koʻzdan kechirsam, shu qadar qiziq va odatdan tashqari ishlarni uchratamanki, ulardan qaysi birlarini tanlab olishni bilmay qolaman. Garchand, bulardan baʻzilari allaqachon matbuotda yoritilgan boʻlsa-da, boshqalari Xolmsning gʻoyat yuksak darajada egallagan ajoyib qobiliyatlarini namoyon etishiga imkon bermagan edi. Mazkur yozuvlarimda men uning ana shu qobiliyatlarini tavsiflashni maqsad qilib qoʻydim. Oʻsha ishlardan baʻzi birlarini hatto tahlil ham qilib boʻlmas, ogʻzaki aytib berilgan yechimsiz qissaga oʻxshab qolar, baʻzilari esa qisman yechilgan, ularning sabablari, oʻzi yoqtiradigan jiddiy, mantiqiy isbotlarga emas, koʻproq tusmollaru taxminlarga asoslangan edi. Biroq ana shu keyingilari orasida ham tafsilotlari gʻoyat maroqli, natijalari gʻoyat kutilmagan bir voqea borki, men uning toʻgʻrisida gapirib bermoqchiman, zotan u hech qachon toʻla-toʻkis aniqlanmagan, ehtimolki, hech qachon toʻla-toʻkis aniqlab boʻlmaydigan vaziyatlar bilan bogʻliqdir.
1887-yilga tegishli uzun roʻyxatda anchagina qiziq yoki uncha qiziq boʻlmagan ishlar qayd etilgan Ularning hammasini yozib qoʻyganman. Mana ulardan baʻzilar: “Peredol Chember”, katta mebel magazinning yertoʻlasida hashamatli klubiga ega boʻlgan Havaskor gadoylar jamiyati; Britaniyaga tegishli “Sofi Enderson” yelkanli kemasining halokatiga bogʻliq boʻlgan faktlar; Grays Petersonning Yuffa orolidagi ajoiib sarguzashtlari, va nihoyat, Kamberuelldagi zaharlash haqidagi ish. Soʻnggi voqeada Sherlok Xolms marhumning soatini koʻzdan kechirgach, ikki soat muqaddam burab qoʻyilganligi taʻkidlagan, bundan u, marhum oʻsha paytda yotgan, deb hukm chiqargan, bu xulosasi esa jinoyatni ochishda juda katta ahamiyat kasb etgan edi.Ana shu ishlarning hammasini men, ehtimolki, qachonlardir keyinroq qalamga olarman, ammo ulardan birontasi ham men hozir izhor qilmoqchi boʻlgan odatdan tashqari voqealardagi oʻziga xos jihatlarga ega emas.
Sentyabr oyoqlab qolgan, kuz boʻronlari quloq eshitmagan shiddatli qahr-gʻazab bilan avjga minar edi. Kun-uzukun shamol uvillar, yomgʻir derazalarga shu qadar shovqin bilan kelib urilar ediki, hatto shu yerda, inson qoʻli yaratgan bu bahaybat asar Londonning yuragida ham biz kundalik hayotning odatiy hukmidan beixtiyor ravishda bir lahzagina alahsir, quturib ketgan tabiat shiddatli kuchlarining hozirligini sezar edik; ular esa madaniy hayot panjaralari orqasida panoh topgan biz ojiz bandalarga qafasga qamab qoʻyilgan vahshiy hayvonlarga oʻxshab oʻkirar edi. Kechga borib boʻron yana ham zoʻraydi: moʻriga urilgan shamol yosh boladek yigʻlar, hiqillar edi.
Kamin oldida oʻtirgan tund bashara Sherlok Xolms kartotekasini tartibga solmoqda, men esa, uning qarshisida oʻtirgancha, Klark Rassel yozgan gʻaroyib dengiz hikoyalarining mutolaasiga shu qadar berilib ketgan edimki, mana shu poʻrtana goʻyo menga okeanda duch kelgandek, yomgʻirning shovqini esa bamisoli dengiz toʻlqinlarining guldirosidek tuyulmoqda edi. Xotinim xolasinikiga mehmondorchilikka ketgan, shuning uchun men bir necha kunga Bayker-stritdagi eski kvartiramizga kelib joylashgan edim.
— Menga qarang, qoʻngʻiroq chalinayotibdi, — dedim men Xolmsga.
— Bugun kim kelishi mumkin? Doʻstlaringizdan bitta-yarimtasimikan?
— Mening sizdan boshqa doʻstim yoʻq, — deb javob berdi Xolms. — Menikiga hech kim mehmondorchilikka kelmaydi.
— Balki mijozlardandir?
— U taqdirda juda jiddiy ish boʻlishi kerak. Ob-havo aynib turgan shunday bir paytda, shunday bemahal pallada bu odamni koʻchaga chiqishga nima majbur qilgan boʻlishi mumkin? Bekamizning bitta-yarimta egachisi yo dugonasi kelgandir.
Biroq Xolms yanglishdi, chunki dahlizda odim tovushlari eshitilib, kimdir eshigimizni taqillatdi. Xolms uzun qoʻlini choʻzdi-da, chiroqni oʻzidan burib, yorugʻini mehmon uchun moʻljallangan boʻsh kresloga toʻgʻrilab qoʻydi.
— Kiring, — dedi u.
Shinam kiyingan, harakatlari bir qadar nazokatli, yigirma ikki yoshlardagi yigit kirib keldi. Sharillab suv oqayotgan shamsiyasi bilan hoʻlligi tufayli yaltirab turgan suv oʻtmas uzun plashchi ob-havoning ayniganidan guvohlik berardi. Kirib kelgan odam xavotir bilan alangladi, chiroq yorugʻida yuzi oqarib ketganini, qovoqlari esa boshiga ogʻir musibat tushgan kishidek salqiganini koʻrdim.
— Men sizlardan kechirim soʻrashim kerak, — deb qoʻydi, u oltin qabzali pensnesini koʻzlariga olib borarkan. — Umid qilamanki, meni yopishqoq odam ekan, demassizlar. Fayzli xonalaringizga boʻronu yomgʻirning uncha-muncha asarini olib kelmadimmikan, deb qoʻrqaman.
— Plashingiz bilan shamsiyangizni menga bering-chi, — dedi Xolms — Ularni mana bu ilgakka osib qoʻyaman, tez orada qurib qoladi. Nazarimda, janubi gʻarbdan kelganga oʻxshaysiz.
— Ha, Xorshemdan keldim.
— Botinkalaringizning tumshugʻidagi boʻr aralashgan loydan koʻrinib turibdi.
— Men sizdan maslahat soʻragani keldim.
— Maslahatdan osoni yoʻq.
— Yordam ham soʻramoqchiman.
— Mana bunisi esa hamma vaqt ham oson koʻchavermaydi.
— Men siz toʻgʻringizda mayor Prendergastdan Ten-kervill klubida boʻlgan mojaro vaqtida qanday qilib uning joniga ora kirganingizni eshitganman.
— Ha-a, esimda. Uni gʻirromlik qilding, deb behuda ayblashgan edi.
— U siz har qanlay sirni ocha olishingizni aytdi.
— Be, mubolagʻa qilibdi.
— Uning soʻzlariga qaraganda, siz hech qachon muvaffaqiyatsizlikka uchramasmishsiz.
— Ha, men odatda muvaffaqiyatga erishmay qoʻymayman.
— Unday boʻlsa, umid qilamanki, mening ishimda ham muvaffaqiyat qozonishga tirisharsiz.
— Iltimos qilaman, kresloni kaminga yaqinroq suring-da, ishingizni batafsil soʻzlab bering.
— Bu gʻayrioddiy ish.
— Menda boshqacha ishlar boʻlmaydi. Men — oxirgi bosqichman.
— Ammo, har qalay, ser, mening xonadonimda yuz bergan voqealardek aql bovar qilmaydigan, sirli voqealarni qachon boʻlmasin eshitgan boʻlishingizga ishongim kelmaydi.
— Siz meni gʻoyatda qiziqtirib qoʻydingiz, — dedi Xolms. — Iltimos, bizga asosiy faktlarni gapirib bering, keyin men sizdan oʻzimga muhimroq tuyulgan tafsilotlarni surishtirib olaman.
Yigit kresloni surib, hoʻl oyoqlarini langʻillab turgan kamin tomon uzatdi.
— Mening otim Jon Opensho, — dedi u. — Ammo, fahlashimcha, shaxsiy ishlarim bu dahshatli voqealar bilan uncha bogʻliq emas. Bu ish menga meros tariqasida oʻtgan, shunga koʻra, siz u haqda tasavvurga ega boʻlishingiz uchun menga bu voqealarning eng boshiga qaytishim kerak boʻladi.
Bobomning ikki oʻgʻli boʻlgan: bular — amakim Elayes bilan otam Jozef edi. Otamning Koventrida kichikroq fabrikasi bor, velosipedlar paydo boʻlganda uni kengaytirgan edi. Uning “Opensho” degan pishiq shinaga patenti boʻlib, ishlar shu qadar rivojga mindiki, keyinchalik fabrikasini sotib, durustgina davlat orttirtirgan odam sifatida tinchgina oyogʻini uzatib yotish imkoniyatiga erishdi.
Amakim Elayes yoshlik yillarida Amerikaga borib qolgan, Floridada plantatorlik qilgan, aytishlaricha, ishlari juda yurishib ketgan. Urush vaqtida avval Jeksonning armiyasida, keyin esa Gudning qoʻli ostida xizmat qilgan, polkovnik darajasiga erishgan. Li taslim boʻlgach, amakim plantatsiyasiga qaytib kelib, u yerda uch yilmi, toʻrt yilmi yashagan. 1869-yildami yoki 1870-yildami u Yevropaga qaytib kelib, Xorshem yaqinidagi Sasseksda molikona yer-suv sotib olgan. Qoʻshma shtatlarda kattagina davlat orttirgan, Amerikani esa negrlarga nafrat bilan qaragani, ularga saylash huquqini bergan respublika partiyasining siyosatidan norozi boʻlgani uchun tark etgan edi. Amakim gʻalati odam edi: shafqatsiz, qiziqqon, gʻazabi oshganda ayovsiz boʻralab soʻkar, odamovi edi. Xorshem yaqinida yashagan butun yillari mobaynida aqalli biron marta shaharda boʻlganiga shubha qilaman. Uyi oʻtloqlar oʻrtasidagi bogʻda joylashgan, oʻsha yerda sayr qilib yurar, shunisi ham borki, koʻpincha haftalab xonasidan chiqmas edi. Koʻp ichar, chekar, har qanday muloqotdan, hatto tugʻishgan ukasi bilan uchrashishdan ham qochar edi. Zotan ilk bor oʻn ikki yasharligimda uchrashgan boʻlsak ham, u oʻzini menga yaqin tutardi. Bu 1878-yilda, Angliyaga kelganimda sakkizmi, toʻqqiz yildan keyin yuz berdi. Otamdan mening unikida yashashimga ruxsat berishini oʻtindi, menga oʻziga yarasha mehribonchilik koʻrsatdi. Hushyor boʻlgan kezlarida men bilan nard va shashka oʻynashni yoqtirardi. Menga xizmatkorlardan koʻz-quloq boʻlib turishni, savdogarlar bilan barcha ishlarni olib borishni topshirdiki, men oʻn olti yoshimdayoq uyda toʻla-toʻkis xoʻjayin boʻlib qoldim. Hamma kalitlar mening qoʻlimda, xohlagan tomonga bora olar, koʻnglim xohlagan har bir ishni qila olar edim, faqat bir sharti bor ediki, amakimning halovatini buzmasligim kerak edi. Darvoqe, yana bir gʻalati tartib bor edi: amakim hech kimning chortoqdagi qulflogʻliq hujraga kirishga ruxsat bermasdi. Men bolalarga xos qiziquvchanligim tutib qulf tuynukchasidan moʻralardim, lekin biron marta ham eski sandiqlaru tugunlardan boshqa hech narsa koʻrmadim.
Bir kuni — bu 1883-yilning martida boʻlgan edi — amakimning ovqatlanish stolidagi qoshiq-sanchqiyu pichoqlari yonida xorijiy marka yopishtirilgan xat paydo boʻlib qoldi. Amakim deyarli hech qachon xat olmas, chunki xaridlari uchun pulni naqd toʻlar, doʻstlari esa yoʻq edi.
“Hindistondan, — dedi u, xatni ola turib. — Pondishernning pochta muhri bosilgan! Bu nima boʻldi ekan?”
Amakim shosha-pisha konvertni yirtgan edi, undan tarelkaga besh dona qurigan apelsin urugʻi toʻkildi. Kulib yuborayozgan edim, amakimning vajohatini koʻrishim bilan labimni qimtigancha qoldim. Uning pastki labi osilib tushdi, koʻzlari qinidan chiqib ketay derdi, yuzi boʻzarib ketdi: qaltirayotgan qoʻlida hamon ushlab turgan konvertga tikilib qolgan edi.
“Uchta “K”! — deb xitob qildi u, keyin zorlandi:— Yo rabbiy, yo rabbiy! Qilgan gunohlarimning qasosi!”
“Bu nima, amaki?”—deb soʻradim.
“Ajal”, — dediyu shartta oʻrnidan turib xonasiga chiqib ketdi, men garangsib, vahimaga tushganimcha qolaverdim.
Konvertni olgan edim, qopqogʻining ichki tomonidagi yelim hoshiyasi tagida qizil siyoh bilan uch karra yozilgan “K” harfini koʻrdim. Konvertda besh dona quruq apelsin urugʻidan boshqa hech vaqo yoʻq edi. Amakim nega bunchalik qoʻrqib ketdi ekan?
Men stoldan turib, gʻizillagancha zinapoyadan yuqoriga chiqib bordim. Qarshimdan amakim tushib kelardi. Bir qoʻlida zang bosgan eski kalit, ehtimolki, hujraning kalitini, ikkinchi qoʻlida esa chogʻroqqina mis quticha tutgan edi.
“Ular xohlagan ishlarini qilaverishsin, men hali koʻrsatib qoʻyaman! — dedi u, yoʻl-yoʻlakay laʻnat yogʻdira-yogʻdira. — Meriga buyur, xonamdagi kaminga oʻt yoqsin, Xorshemga odam yuborib, Fordxem degan advokatni oldirib kel”.
Men uning farmoyishini ado etdim, advokat kelgandan keyin meni amakimning xonasiga chaqirishdi. Oʻt langʻillab yonardi, kaminda bir uyum momiqdek kul qorayib turardi, chamasi yondirilgan qogʻozlarning qoldigʻi boʻlsa kerak. Kaminning yonida qopqogʻi ochiq boʻm-boʻsh quticha yotardi. Unga koʻzim tushishi bilan beixtiyor seskanib ketdim, nega desangiz, qopqoqning ichkari tomonida xuddi konvertdagiga oʻxshagan uchta “K” harfini koʻrdim.
“Vasiyatnoma yozilayotganida guvoh boʻlishingni istayman, Jon, — dedi amakim. —Men molikonamni ukamga, sening otangga qoldiraman, undan, shubhasiz, senga oʻtadi. Agar sen uni bamaylixotir tasarruf qilib tursang, joyida boʻlardi! Bordi-yu, buning iloji yoʻqligiga koʻzing yetsa, unda senga maslahatim shuki, bolaginam, molikonani eng ashaddiy dushmaningga ber. Senga shunday gumonli meros qoldirayotganimga gʻoyat achinaman, ammo ishlar qay tarzda tus olishini bilmayman. Iltimos qilaman, qogʻozning mister Fordxem koʻrsatgan joyiga qoʻl qoʻy”.
Men qogʻozga buyruq qilganidek qoʻl qoʻydim, advokat uni ola ketdi. Bu gʻalati hodisa, tushunib turgandirsiz, menga juda chuqur taʻsir qildiki, jumboqning javobini topishga tirishib yakkash shu haqda oʻylaydigan boʻlib qoldim. Men vahimali bezovta bir tuygʻudan qutulolmasdim, zotan vaqt oʻtishi bilan u tuygʻu zaiflasha borardi, hayotimizning odati maromiga ham hech narsa xalal bermasdi. Biroq men amakimda yuz berayotgan oʻzgarishni payqadim. U avvalgidan koʻproq ichadigan, yana ham odamoviroq boʻlib qoldi. Aksar vaqt eshikni qulflab olgancha xonasida oʻtirar, ammo baʻzida qandaydir mast-alast vajohatda uydan otilib chiqardi-da, qoʻlida toʻpponcha ushlagan koʻyi, “hech kimdan qoʻrqmayman, insoniga ham, iblisiga ham meni qoʻradagi qoʻydek qamab, qamoqda ushlashiga izn bormayman!” deb qichqirgancha bogʻ boʻylab yugurishga tushardi. Biroq ana shunday jazavalardan keyin yana xonasiga kirib, telbalarcha vahimaga duchor boʻlgan odamdek eshikni qulflagancha qamalib olardi. Yana shunisi borki, hatto salqin kunlarda ham yuzi xuddi togʻoradagi suvga pishib olingandek yaltirab turardi.
Bu voqeani tezroq tugatish, sizning sabringizni suiisteʻmol qilmaslik uchun shuni ilova etamanki, amakim bir kun kechasi odatdagi mast-alastliklaridek jazavasi tutib chiqib ketdi-da, shu koʻyi qaytib kelmadi. Biz uni qidirgani chiqib, bogʻ etagidagi poʻpanak bosgan hovuzchadan topdik. U mukkasidan tushib yotardi. Badanida hech qanday zoʻrlik asarini uchratmadik, hovuzning chuqurligi esa ikki futcha ham kelmasdi. Shunga koʻra sud maslahatchilari amakimning tentakona feʻlini koʻzda tutib oʻlimining sababini, oʻziga suiqasd qilgan deb topdilar. Ammo men bilardimki, u oʻlimni xayoliga keltirishdan ham qoʻrqardi, ongli ravishda joniga qasd qilganiga oʻzimni hech ishontirolmasdim. Har qalay, ish shu bilan barham topdi-da, otam uning molikonasi bilan bankdagi joriy hisobda turgan oʻn toʻrt ming funt pulini oʻz tasarrufiga oldi…
— Kechirasiz, — deb uning soʻzini boʻldi Xolms. — Sizning bergan maʻlumotingiz oʻta darajada qiziq. Mumkin boʻlsa, amakingiz xatni olgan sana bilan uning faraz qilingan suiqasdi sanasini aytib bersangiz.
— Xat 1883-yilning martida kelgan edi. Amakim yetti haftadan keyin, ikkinchi mayga oʻtar kechasi oʻldi.
— Tashakkur. Marhamat, davom ettiring.
— Otam Xorshem molikonasini tasarrufiga olgan paytidanoq mening qistovim bilan — chortoqni sinchiklab koʻzdan kechirdi. Biz u yerdan mis quticha topdik. Ichidagi bor narsa yoʻqotilgan edi. Qopqogʻining ichki tomonida uchta “K” harfi bor, pastiga: “Xatlar, qaydlar, tilxatlar va reestr” soʻzlari yozilgan qogʻoz yopishtirilgan edi. Bizning taxminimizcha, bu soʻzlar polkovnik Opensho yoʻq qilib tashlagan qogʻozlarning mazmunini bildirsa kerak. Bundan tashqari, amakim Amerikada yashagan vaqtlarga mansub parokanda qogʻozlar bilan yon-daftarlarni aytmaganda, chortoqda bironta ham ahamiyatga molik narsa yoʻq edi. Ular baʻzilari urush davriga tegishli boʻlib, amakim oʻz burchini yaxshi ado etgani, jasur soldat sifatida dong chiqarganidan shohidlik berardi. Boshqa qogʻozlar Janubiy shtatlarni qayta qurish davriga xos, askar siyosatga taalluqli, negaki, chamasi, amakim shimoldan joʻnatilgan siyosiy arboblar — “sakvoyajchilar”ga qarshi oppozitsiyada katta oʻrin tutgan boʻlsa kerak.
Shunday qilib, 1884-yilning boshlarida Xorshemga kelib oʻrnashdi, 1885-yilning yanvarigacha hamma ishlar ajabtovurgina ketayotgan edi. Toʻrtinchi yanvar kuni nonushta qilib oʻtirganimizda otam dafʻatan hayratdan qichqirib yubordi. Bir qoʻlida hozirgina ochilgan konvertni ushlab turar, ikkinchi qoʻlining kaftida besh dona quruq apelsin urugʻi yotar edi. U doimo, oʻz taʻbiri bilan aytganda, mening polkovnik haqidagi uydirmalarimdan kulardi, endi esa oʻzi ham shunday xat olgach, gʻoyat hayratlanib, tashvishga tushib qoldi.
“Bu nima boʻlishi mumkin, Jon?” — dedi u gʻoʻldiragancha.
Mening yuragim orziqib ketdi…
“Uchta “K” harfi boʻlishi kerak”, — deb javob berdim men.
Otam konvertning ichiga qaradi.
“Ha, xuddi oʻsha harflar! — deb qichqirib yubordi u. — Lekin tepasiga nimalardir deb yozilgan”.
“Qogʻozlarni quyosh soatiga olib chiqib qoʻying”, degan soʻzlarni oʻqidim, uning yelkasi osha qararkanman.
“Qanday qogʻozlar? Qanday quyosh soati?” deb soʻradi u.
“Bogʻdagi quyosh soati, bu yerda boshqa unday soat yoʻq. Aytilgan qogʻozlar, oʻsha, kuydirib yuborilgan qogʻozlar boʻlsa kerak”.
“Jin ursin! — dedi u, oʻzini oʻnglab olib. — Biz bir madaniy mamlakatda yashasak. Bunaqa tuturuqsiz narsalarga oʻrin boʻlmasligi kerak. Xat qayerdan kelgan ekan?”
“Dapdidan”, deb javob berdim men, pochta markasiga qarab olgach.
“Bitta-yarimtaning bemaʻni hazilidir, — dedi u. — Allaqayoqdagi quyosh soati bilan allaqanday qogʻozlarning menga nima dahli bor? Har xil bemaʻni balo-battarlarga eʻtibor berish shartmi?”
“Men politsiyaga maʻlum qilardim”, dedim men.
“Meni kulgi qilishsinmi? Oʻlsam ham unday qilmayman”.
“Boʻlmasa, ruxsat bering, men xabar qilay”.
“Mutlaqo unday qila koʻrma. Behuda bir narsaga shov-shuv koʻtarilishini xohlamayman”.
Otamga gap uqtirish foydasiz: u juda oʻjar edi. Meni mashaqqatli tashvishlar chulgʻab oldi.
Xatni olganining uchinchi kuni otam Portsdaun-Xilli istehkomlaridan biriga qoʻmondonlik qiluvchi mayor Fribodi degan qadrdon doʻstini koʻrgani ketdi. Ketganidan xursand edim: uyda boʻlmasa xatardan xoliroq boʻladi, deb oʻylagan edim. Biroq yanglishgan ekanman. Otam ketgandan ikki kun oʻtgach, mayordan darhol yetib borishimni iltimos qilgan telegramma oldim. Otam oʻsha yerdagi koʻpdan-koʻp chuqur boʻr konlaridan biriga qulab tushibdi. U kallasi majaqlangan holda behush yotgan ekan. Oshiqqancha tepasiga yetib borsam, hushiga kelmay oʻlib qolibdi. Aftidan, u Feremdan qosh qorayganda qaytib kelayotgan boʻlgan, oʻsha joylar unga tanish boʻlmaganligi, boʻr konlari mutlaqo ihotalanmaganligi uchun tergovchilar ikkilanib oʻtirmasdan: “Oʻlim baxtsiz hodisa oqibatida yuz bergan”, deb hukm chiqarganlar.
Men uning oʻlimining hamma jihatlarini sinchiklab oʻrganib chiqdim, ammo suiqasddan belgi beradigan biron narsa topolmadim. Otamni tunashmagan, tanasida hech qanday zoʻrlik alomatlari yoʻq, tergovchilar hech qanday izlar topmagan, yoʻllarda hech qanday shubhalts shaxslar uchramagan. Tinchimni yoʻqotganimni, otamni tuzoqqa ilintirganlariga amin boʻlganimni gapirib oʻtirishim shart emasdir.
Ana shunday qaygʻuli vaziyatda vorislik huquqiga molik boʻldim. Nega merosdan voz kecha qolmadingiz, deb soʻrarsiz mendan. Javob beraman: bizning boshimizga tushgan barcha baxtsizliklar amakimning hayotida allaqachonlar yuz bergan voqealar qandaydir yoʻllar bilan bogʻliq, xavf-xatar men qayerda boʻlsam ham tahdid soladi, degan ishonch hosil qilgan edim.
Shoʻrlik otam 85-yilning yanvarida qazo qilgan boʻlsa, oʻshandan buyon ikki yilu sakkiz oy vaqt oʻtdi. Ana shu vaqt mobaynida men Xorshemda osoyishta yashab keldim, yaqin ajdodlarimizning halokatidan keyin bu laʻnat tavqi endi xonadonimizga ortiq tahdid solmaydi, deb umid qila boshlagan edim. Biroq barvaqtroq xotirjam boʻlgan ekanman: kecha ertalab mening boshimga ham otamning boshiga tushgan falokat tushdi.
Yigit nimchasining choʻntagidan gʻijimlangan konvert oldi-da, stolga oʻgirilib, unga beshta qurigan apelsin urugʻini agʻdardi.
— Mana konverti, — dedi u. — Pochta muhrida sharqiy London koʻrsatilgan. Ichida otam olgan xatdagi oʻsha-oʻsha yozuv: uchta “K” harfi bilan “Qogʻozlarni quyosh soatiga qoʻying”, degan soʻzlar qayd etilgan.
— Siz nima tadbir koʻrdingiz? — deb soʻradi Xolms.
— Hech nima.
— Hech nima deysizmi?
— Rostini aytsam, — dedi u, oppoq nafis qoʻllari bilan yuzini yashirib, — men oʻzimni oldiga ilon oʻrmalab kelayotgan ojiz, ayanchli quyondek his qildim. Nazarimda, menga hech qanday ehtiyotkorlik bas kelolmaydigan allaqanday mashʻum qismat tahdid solib turganga oʻxshaydi.
— Nimalar deyapsiz?! — deb yubordi Sherlok Xolms. — Harakat qilish kerak, aks holda halok boʻlasiz. Keskin choralargina joningizga ora kirishi mumkin. Umidsizlikka berilish oʻrinsiz.
— Men politsiyaga maʻlum qildim.
— Xoʻsh, nima boʻldi?
— Inspektor mening soʻzlarimni iljaygancha eshitdi. Aminmanki, bu xatlarni u, kimningdir achchiq hazili, amakimu otamning oʻlimini, tergovchilar qayd etganidek, bu ogohlantirishlarga hech bir daxli yoʻq baxtsiz hodisa tufayli yuz bergan, deb oʻylasa kerak.
Xolms mushtlarini silkitdi.
— Aql bovar qilmaydigan galvarslik! — deb yubordi u.
— Darvoqe, menga bir politsiyachini poyloqchi qilib berishdi, u mening uyimda uzluksiz navbatchilik qilib turibdi.
— Hozir u siz bilan birga keldimi?
— Yoʻq, unga uyda boʻlish buyurilgan.
Xolms yana mushtlarnnn silkitdi.
— Hamonki menga keladigan ekansiz, nega darhol kela qolmadingiz? — deb soʻradi u.
— Bilmabman… Xavotirlarimni shu bugungina mayor Prendergastga aytgan edim, u sizga murojaat etishimni maslahat berdi.
— Axir xatni olganingizga ikki kun boʻlibdi. Nega endi darhol harakatga tushmadingiz. Bizga aytgan maʻlumotlaringizdan qanday boʻlmasin yana boshqa maʻlumotlaringiz bormi? Bizga yordam berishi mumkin boʻlgan qandaydir muhim tafsilotlaringiz bormi?
— Bir narsa bor, — dedi Jon Opensho. U choʻntagini titkilab bir varaq rangsizlangan moviy qogʻoz oldi-da, uni stolga qoʻydi. — Esimda bor, amakim hujjatlarni yoqqan kuni kullar orasida yotgan, kuymay qolgan qogʻoz chetlari shu rangda edi. Bu qogʻozni men amakimning xonasida yerdan topib olgan edim. Chamasi, bir chetga uchib tushganu shu tariqa butun qolgan. Men bu qogʻozda urugʻlarning eslatilishidan tashqari bizga yordam berishi mumkin boʻlgan hech bir narsa koʻrmadim. Uylaymanki, bu qandaydir kundalikning bir varagʻi boʻlsa kerak. Dastxat, shubhasiz, amakimniki.
Xolms chiroqni beriroqqa surdi, ikkovimiz ham egilib, qogʻozga tikildik. Chetlarining tekis emasligiga qaraganda u yondaftardan yirtib olingan boʻlishi kerak. Yuqorisida: “1869-yil, mart” degan yozuv, pastida quyidagi sirli soʻzlar qand etilgan edi:
«4-da. Gudzon keldi. Eʻtiqodlari oʻsha-oʻsha.
7-da. Urugʻlar Mak-Kouli, Paramor va Sent-Ogastindagi Jon Sveynga joʻnatildi.
9-da. Mak-Kouli daf boʻldi.
10-da. Jon Sveyn daf boʻldi.
12-da. Paramornikida boʻldik. Ishlar jo-bajo».
— Tashakkur aytaman, — dedi Xolms, qogʻozni buklab mehmonimizga qaytararkan. — Endi bir daqiqa vaqtni ham boy berib boʻlmaydi. Biz hatto siz menga aytib bergan narsalarni muhokama qilishga ham vaqt sarf qila olmaymiz. Siz darhol uyingizga qaytib borib, ishga kirishishingiz kerak.
— Men nima qilishim kerak?
— Darhol bir ish qilishingiz kerak. Bizga koʻrsatgan qogʻozingiz bilan taʻriflagan mis qutichangizni oʻsha joyga olib borib qoʻying. Qolgan qogʻozlarni amakingiz kuydirib yuborganini, shu bir varagʻigina qolganini aytib, maktubcha yozing-da, uni ham ilova qiling. Buni mumkin qadar ishonarli qilib qayd eting. Shundan keyin qutichani amr qilganidek, darhol quyosh soatiga olib borib qoʻying. Tushundingizmi?
— Mutlaqo.
— Hozir qasos yoki shunga oʻxshagan narsa toʻgʻrisida xayol qila koʻrmang. Oʻylaymanki, jinoyatchilarni qonuniy yoʻl bilan jazolash mumkin boʻlar: axir hali biz tuzoq qoʻyishimiz kerak, holbuki ular tuzoqni allaqachon qoʻyib qoʻyishibdi. Avvalo sizga tahdid solayotgan xavfning oldini olish, ana undan keyingina sirni ochib aybdorlarni jazolash kerak boʻladi.
— Tashakkur aytaman sizga, — dedi-da, yigit oʻrnidan turib plashchini kiya boshladi. — Siz menga jon kiritdingiz, umid bagʻishladingiz. Sizning maslahatingiz bilan ish koʻraman.
— Bir daqiqa ham vaqtni boy bermang. Eng muhimi, ehtiyot boʻling, shubha yoʻqki, sizga dahshatli xavf tahdid solib turibdi. Siz uyingizga qanday ketasiz?
— Poyezdda, Vaterloo vokzalidan.
— Hozir soat oʻn boʻlganicha ham yoʻq. Koʻchalar gavjum, xullas, umid qilamanki, xatardan xoli boʻlasiz. Ammo, har qalay, ogoh boʻling.
— Qurolim bor.
— Bunisi yaxshi. Ertaga sizning ishingizga kirishaman.
— Demak, men sizni Xorshemda koʻrar ekanman-da?
— Ioʻq, ishingizning ipining uchi Londonda. Men unn shu yerdan qidiraman.
— Unday boʻlsa, men sizning oldingizga ikki kundan keyin kelib quticha bilan qogʻozlar nima boʻlganini aytaman. Maslahatlaringizga toʻla-toʻkis amal qilaman.
U qoʻl berib xayrlashgancha chiqib ketdi.
Shamol boyagisidek uvillar, yomgʻir derazalarga kelib urilar edi. Bu gʻalati, mudhish hikoyani telbalangan boʻron dilga solgandek, u bizga dovul olib keladigan dengiz oʻlani singari kelib qolgandek tuyulardi.
Sherlok Xolms bir qancha vaqt boshini quyi solib, kamindagi langʻillagan alangaga tikilgancha indamay oʻtirdi. Keyin trubkasini tutatib, kresloga orqa tashlagan koʻyi shift ostida bilanglayotgan moviy tutun halqalarini kuzata boshladi.
— Oʻylashimcha, Uotson, biz hali bunday aql bovar qilmaydigan ishni koʻrmagan ekanmiz, — dedi u nihoyat.
— Ehtimol, agar “Toʻrtlar belgisi”ni hisobga olmasak.
— Ha, shunday… Har qalay, nazarimda, bu Jon Openshoga Sholtoga qaraganda kattaroq xavf tahdid solib turibdi.
— Siz bu xavf haqida biron tasavvur paydo qildingizmi?
— Bu haqda ikki xil fikr boʻlishiga oʻrin yoʻq, — deb javob berdi u.
— Jumboq nimada boʻlmasa? Oʻsha “K. K. K.” kimu u nega bu baxtsiz xonadonni taʻqib qiladi?
Sherlok Xolms koʻzlarini yumib, kresloning suyanchiqlariga tayandi-da, barmoqlarining uchlarini chirmashtirdi.
— Komil mutafakkir, — deb uqtirdi u, — yagona faktni har tomondan mushohada etarkan, uni yuzaga keltirgan barcha voqealar silsilasinigina emas, shuningdek undan kelib chiqadigan barcha oqibatlarni ham koʻzdan kechira biladi. Kyuve hayvonning bir suyagiga qarab uni toʻlaligicha toʻgʻri tasvirlab bera olganidek, voqealar silsilasidagi bir boʻgʻinni toʻla-toʻkis oʻrgangan kuzatuvchi barcha boʻgʻinlarni, oldingilarini ham, keyingilarini ham aniq belgilab berishga qodir boʻlishi kerak. Biz hali ong bilangina idrok etish mumkin boʻlgan koʻp narsalarni tushunib yetganimiz yoʻq. Mulohaza yuritish vositasida yechish uchun oʻz tuygʻulariga suyanib yoʻl qidirganlarning barchasini tang qilib qoʻygan masalalarni ham hal qilish mumkin. Biroq bu sanʻatni kamoliga yetkazish uchun mutafakkir oʻziga maʻlum boʻlgan faktlarning barchasidan foydalana olish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak, bu esa tabiiy ravishda siz bemalol ishonch hosil qilishingiz mumkin, fanning barcha sohalaridan toʻla-toʻkis bilimga ega boʻlishni taqozo etadi, ana shu narsa esa hatto bizning qomuslar va bepul maʻlumot ola bilish zamonamizda ham gʻoyat kamyob fazilatdir. Oʻz faoliyati uchun foydasi tegishi mumkin boʻlgan narsalarning barchasini oʻrgangan odamni tasavvur etish osonroq, men oʻzim xuddi shu narsaga intilib keldim. Agar xotiram yoziq boʻlmasa, doʻstligimizning dastlabki kunlarida siz mening bilimlarimning chegaralarini aniq belgilab bergan edingiz.
— Ha, qiziq hujjat edi, — dedim kulib yuborib. — Esingizdami, sizning falsafa, astronomiya, siyosat boʻyicha maʻlumotlaringiz nolga teng edi. Botanikadan xabardorligingiz chalakam-chatti geologiyadan chuqur, negaki, ish Londondan ellik milya naridagi aylanada joylashgan har bir joyda sachragan loy iziga borib taqaladi: ximiyadan bilimingiz gʻaroyib, anatomiyadan — poyma-poy; jinoyat va sud xronikasidan — beqiyos. Bundan tashqari unda sizning skripkachi, bokschi, qilichboz, advokat, ashaddiy kokainchi, kashanda ekanligingiz aytilgan edi. Analizimning asosiy moddalari shulardan iborat edi.
Soʻnggi modda Xolmsning kulgisini qistatdi.
— Nima derdim, hozir ham oʻshanda aytgan gaplarimni aytaman, odam miyasi tomining tagiga oʻziga kerak boʻladigan barcha narsani joylashtirishi, qolgan qaqir-ququrni esa kerak boʻlib qolgan taqdirda, hamisha qoʻli ostida boʻlishi uchun kutubxonasi yonidagi hujraga taxlab qoʻyishi kerak. Bizga bugun kechqurun taklif etilgan ish uchun, albatta, biz barcha zahiralarimizni jalb etishimiz lozim. Iltimos, Amerika qomusining “K” harfiga doir jildini olib bering-chi. U yoningizdagi rafda turibdi. Tashakkur sizga. Endi barcha tafsilotlarni muhokama qilamiz, koʻraylik-chi, ulardan qanday xulosa chiqarish mumkin ekan. Eng avvalo, mutlaqo ajab emaski, polkovnik Opensho Amerikani tark etish uchun juda jiddiy sabablarga ega boʻlgan boʻlsa. Uning yoshidagi odamlar barcha odatlariga xilof qilishga, Angliyaning avloqdagi shaharchasida uzlatnishin hayot kechirish uchun Floridaning gʻaroyib iqlimidan ixtiyoriy ravishda voz kechishga moyil boʻlmaydilar. Uning Angliyada tanho yashashga boʻlgan oʻtaketgan oʻchligi, u kimdandir yoki nimadandir qoʻrqqan, degan fikrni tugʻdiradi, biiobarin, biz shunday amaliy farazga suyanishimiz mumkinki, u xuddi kimdandir yoki nimadandir qoʻrqqani tufayli Amerikadan qochishga majbur boʻlgan. Uning xususan nimadan qoʻrqqanligi toʻgʻrisida biz u bilan vorislari olgan mashʻum xatlarga qarab muhokama yuritishimiz mumkin. Bu xatlarga qanday markalar yopishtirilganini payqadingizmi?
— Birinchi xat Pondisheridan, ikkinchisi — Dandidan, uchinchisi Londondan.
— Londonning sharqiy qismidan! Siz bundan qanday xulosa chiqardingiz?
— Bularning hammasi dengiz portlari. Aftidan, joʻnatuvchi kemada boʻlgan boʻlishi kerak.
— Joyida. Endi jumboqning kaliti qoʻlimizda. Ajab emas, mutlaqo ajab emaski, joʻnatuvchi kemada boʻlgan boʻlsa. Endi yana bir nuqtani koʻzdan kechiraylik. Xat Pondisheridan joʻnatilganida tahdid bilan uning amalga oshirilishi orasida yetti hafta oʻtgan: xat Dandidan joʻnatilganida esa atigi uch-toʻrt kungina oʻtgan. Bu sizda biron fikr tugʻdirmaydimi?
— Birinchi holda katta masofani bosib oʻtish kerak boʻlgan.
— Axir xat ham katta masofani bosib oʻtishi kerak boʻlgan-ku.
— Unda tushunmadim.
— Taxmin qilishga toʻgʻri keladiki, oʻsha odam yoki oʻsha odamlar tushgan kema yelkanli boʻlishi kerak. Nazarimda ular oʻzlarnning gʻalati ogohlantirishlari yoki belgilarini doimo maqsadlarini amalga oshirgani yoʻlga chiqishlaridan oldin joʻnatib kelganga oʻxshaydilar. Dandndan joʻnatilgan belgidan keyin ish qanday tezlik bilan amalga oshirilganini koʻrdingizmi? Agar ular Pondisheridan bugʻ kemasida yoʻlga chiqqan boʻlsalar, ular qariyb xat bilan bir vaqtda yetib kelgan boʻlar edilar. Aslida esa yetti hafta oʻtgan. Oʻylaymanki, yetti hafta vaqt xatni olib kelgan pochta bugʻ kemasining tezligi bilan xat egasini olib kelgan yelkanli kemaning tezligi orasidagi tafovutni bildiradi.
— Shunday boʻlishi mumkin.
— Bugina emas. Turgan gap. Endi koʻrdingizmi ishni paysalga solib boʻlmasligini, yosh Openshoga nima uchun ehtiyot boʻlishi kerakligini tayinlaganimni ham tushungandirsiz. Halokat har gal xatni joʻnatuvchilar yelkanli kemada yetib kelishlari kerak boʻlgan muddatning oxirida yuz bergan. Ammo bu xat esa Londondan joʻnatilgan, shunga koʻra biz muddatning kechiktirilishiga umid bogʻlayolmaymiz.
— Yo rabbiy! — deb yubordim men. — Bu shafqatsiz taʻqib nima boʻldi ekan?
— Aftidan bir vaqtlar Opensho olib kelgan qogʻozlar yelkanli kemadagi odam yoki odamlar uchun gʻoyatda muhim ahamiyatga ega boʻlishi kerak. Mutlaqo aniqki, u kemada yolgʻiz oʻzi emas. Bir odam tergovchilarni chalgʻitish uchun bu yoʻsinda ikki suiqasdni amalga oshirolmasdi. Bu ishda, chamasi bir necha odam, shunda ham mudabbir, jurʻatli odamlar ishtirok etgan. Ular qogʻozlarini, kimning ixtiyorida boʻlishiga qaramay, qoʻlga kiritishga qatʻiy ahd qilganlar. Shunday qilib, koʻrib turibsiz, “K. K. K.” bir odamning atoqlariga tegishli harflar emas, butun boshli jamiyatning belgilari.
— Qanday jamiyatning belgilari ekan?
— Siz hech qachon ku-kulks-klan haqida eshitganmisiz? — dedi Xolms, men tomonga engashib shivirlagancha.
— Eshitmaganman.
Xolms tizzasida turgan kitobni varaqladi.
— Bu yerda shunday deyilgan: “Ku-klus-klan. Bu nom otishga tayyorlanayotgan miltiq oʻqdoni dastasining oʻziga xos tovushiga oʻxshash ohangga asoslangan. Bu vahima soluvchi maxfiy jamiyatni janubliklar armiyasining sobiq soldatlari Grajdanlar urushidan keyin taʻsis etgan: tez orada turli shtatlarda, asosan Tennesi, Luiziana, Shimoliy va Janubiy Karolina, Jorjiya va Floridada mahalliy boʻlimlari tashkil qilingan edi. Bu jamiyat negr saylovchilarni qoʻrqitish, shuningdek, oʻz qarashlariga qarshi boʻlganlarni oʻldirish yoki mamlakatdan haydab chiqarish kabi siyosiy maqsadlarni koʻzda tutardi. Ku-kluks-klan aʻzolarining jinoyatlari yuz berishidan oldin odatda moʻljalga olingan shaxsga gʻalati, ammo maʻlum va mashhur shaklda ogohlantirish yuborilar: u mamlakatning baʻzi qismlarida yaproqlari eman novdasi, boshqalarida esa qovun yoki apelsin urugʻlari orqali ifoda etilar edi. Ana shunday ogohlantirishni olgach jabrdiyda yo oldingi qarashlaridan ochiqchasiga voz kechishi, yoki mamlakatni tark etishi kerak boʻlardi. Bordiyu kimda-kim ogohlantirishga parvo qilmasa, uni muqarrar oʻlim kutar, odatda qandaydir gʻalati va kutilmagan tarzda ajali yetar edi. Jamiyat shu qadar mukammal tashkiliyligi va shu qadar izchil metodlari bilan ajralib turardiki, ogohlantirishga eʻtiborsiz qaragan biron odamning jazosiz qolishiga muvaffaq boʻlgani yoki yovuzlikning sababchilari topilganiga bogʻliq biron tasodif qayd etilmagan edi. Qoʻshma Shtatlar hukumati va Janub aholisi eng yaxshi tabaqalarning tadbirlariga qaramay tashkilot bir necha yil avj olib turdi. Nihoyat, 1869-yili harakat dafʻatan toʻxtab qoldi, zotan bu tariqa hodisalarning ayrim koʻrinishlari keyinchalik ham roʻy berib turdi”.
— Eʻtibor bering-a, — dedi Xolms, qomus jildini chetga qoʻyaturib, — jamiyat faoliyatining dafʻatan toʻxtab qolishi Openshoning qogʻozlarini olib Amerikadan chiqib ketgan vaqtiga toʻgʻri kelayotibdi. Bu sabab va oqibat boʻlishi mumkinligi turgan gap. Opensho bilan uning xonadonidagilarni jamiyatning eng murosasiz aʻzolari taʻqib qilayotganiga taajjublanmasa ham boʻladi. Bilasizmi, bu qaydlar bilan kundaliklar Janubdagi atoqli arboblarga isnod keltirishi mumkin, koʻplar ana shu qogʻozlarni qoʻlga kiritmaguncha tinch yotib uxlayolmaydilar.
— Demak, biz koʻrgan varaq…
— Aynan kutilgan narsaning oʻzi. Agar xotirjam yoziq boʻlmasa, unda: “A, B va Vga urugʻlar joʻnatildi”, degan yozuv bor edi, demak oʻsha odamlarga jamiyatning ogohlantirishnnn joʻnatganlar. Keyin yozuvlarda A. va B. daf boʻlganliklari, yaʻni mamlakatni tark etganliklari va nihoyat V. nikida boʻlganliklari aytiladi. Qoʻrqamanki, bu V. uchun yomon tugamadimikan? Oʻylaymanki, doktor, biz bu qorongʻi ishni uncha-muncha yoritishga muvaffaq boʻlamiz, qolaversa yosh Opensho uchun birdan-bir najot yoʻli — men bergan maslahatga koʻra ish tutish. Bugun biz bundan ortiq hech narsa deyolmaymiz ham, biron ish qilolmaymiz ham. Menga skripkamni olib bering, yarim soatgina boʻlsa ham bu rasvo ob-havoni yaqinlarimizning undan ham rasvoroq xatti-harakatlarini unutishga urinib koʻramiz.
Ertalabga borib boʻron tindi, London uzra tushib turgan tuman pardasi orqali quyosh gʻira-shira nur toʻkardi. Men pastga tushsam, Sherlok Xolms nonushta qilib boʻlgan ekan.
— Kechirasiz sizni kutib oʻtirmaganim uchun, — dedi u. — Nazarimda yosh Openshoning ishi bilan ancha ovora boʻladiganga oʻxshayman.
— Siz nima tadbir koʻrmoqchisiz?— deb soʻradim men.
— Bu anchagina dastlabki tekshirishlarim nima berishiga bogʻliq. Ehtimolki, Xorshemga borib kelishimga toʻgʻri kelar.
— Ishni ana shu safardan boshlamoqchimasmisiz?
— Yoʻq, Sitidan boshlayman. Qoʻngʻiroq chaling, xizmatkor sizga qahva olib keladi.
Qahva kelishini kutgancha men stoldagi gazetani olib, naridan-beri koʻzdan kechira boshladim. Bir sarlavhaga koʻzim tushishi bilan yuragim shuvillab ketdi.
— Xolms, — deb yubordim men, — siz kech qolibsiz!
— Ha-a! — dedi u, chinoyoqni chetga qoʻyarkan. — Men shundan xavotir olgan edim. Bu qanday yuz beribdi?— U xotirjam gapirardi, ammo men uning chuqur hayajonlanganini koʻrib turardim.
— Men Openshoning nomi bilan “Vaterloo koʻprigi yaqinidagi fojia” degan sarlavhani koʻrib qoldim. Bu yerda shunday deyilgan:
“Kecha kechqurungi toʻqqiz bilan oʻn orasida Vaterloo koʻprigi yaqinida navbatchilik qilayotgan konstebl Kuk yordam soʻrab dodlagan ovoz bilan suvning shaloplaganini eshitgan. Tun qop-qorongʻi va boʻronli boʻlgani uchun, oʻtkinchilardan bir nechasining yordamiga qaramay, choʻkayotgan kimsani qutqarib qolish mumkin boʻlmagan. Lekin baribir konstebl shovqin koʻtargach, daryo politsiyasining koʻmagida jasad topib olingan. Gʻarq boʻlgan — choʻntagidan chiqqan konvertga qaraganda Xorshem yaqinida yashagan Jon Opensho degan yigit ekan. Taxmin qilishlaricha, u Vaterloo vokzalidan joʻnayotgan oxirgi poyezdga oshiqqan, tun nihoyatda qorongʻi boʻlgann uchun shoshilishda yoʻldan adashib ketgan-da, daryo kemachiligining kichik bandargohlaridan birida toyib ketib suvga qulagan. Tanasida zoʻrlik belgilari uchratilmagan, binobarin marhumning baxtsiz hodisa qurboni boʻlganiga hech qanday shubha yoʻqki, mazkur hol daryo bandargohlarining ahvoliga maʻmurlarning diqqatini tortishi kerak”.
Biz bir necha daqiqa churq etmay oʻtirdik. Men Xolmsni hech qachon bunday larzaga tushgan, ezilgan holda koʻrmagan edim.
— Bu mening izzati nafsimga qattiq tegdi, — dedi u nihoyat. —Shubhasiz, bu — uncha zoʻr tuygʻu emasu, ammo bu mening izzati nafsimga qattiq tegdi. Endi Openshoning ishi mening shaxsiy ishim boʻlib qoladi, agar xudo menga salomatlik bersa, buning tagiga yetmay qoʻymayman. U menga madad tilab kelgan boʻlsa-da, men uni ajalga roʻpara qilsam!
U stuldan sapchib turib, uzun-uzun, nozik barmoqlarini asabiy gʻijimlay-gʻijimlay, dahshatli hayajon chulgʻagan koʻyi xona boʻylab yura boshladi. Rangpar yuzi lovullardi.
— Ayyor iblislarni qarang! — deya qichqirib yubordi u nihoyat. — Ular uni uyoqqa, pastga, daryo boʻynga olib tushishga qanday muvaffaq boʻldi ekanlar? Qirgʻoq stantsiyaga olib boradigan yoʻlga butunlay ters. Koʻprik esa, albatta, hatto shunday oqshomda ham juda gavjum boʻlgan. Biroq koʻramiz, oqibat kim yengib chiqar ekan. Men ketdim.
— Politsiyagami?
— Yoʻq, men oʻzim politsiya boʻlaman. Men oʻrgimchak inidan tuzoq qoʻyganimda politsiya unda pashsha tuta qolsin.
Men kun boʻyi oʻzimning tibbiy mashgʻulotlarim bilan band boʻlib, kech kirgach allamahalda keldim. Sherlok Xolms hali kelmagan ekan. U horib-charchab, boʻzargan holda kirib kelganida soat oʻnlarga borib qolgan edi. U bufetning oldiga borib, bir burda non sindirib oldi-da, yutoqib kavshay boshladi, ora-sira katta-katta qultumlab suv ichardi.
— Ochiqdingizmi? — dedim men.
— Ochimdan oʻlay dedim. Ovqatlanish esimdan chiqib ketibdi. Nonushtadan beri tuz totganim yoʻq.
— Nima deyapsiz?
— Tuz totmadim. Bu xayolimga ham kelmadi.
— Ishlaringiz qalay?
— Joyida.
— Jumboqning kalitini topdingizmi?
— Jinoyatchilar changalimda turibdi. Yosh Openshoning qasosi olinadigan vaqt uzoqqa choʻzilmaydi. Bilasizmi, Uotson, keling, bu iblislarning oʻz tamgʻalari bilan laʻnatlaylik! Chakki topilmabdimi, a?
— Nima demoqchisiz?
U bufetdan apelsin olib, pallachalarga ajratdi-da, urugʻlarini stolga sitib tushirdi. Beshta urugʻni konvertga solib, qopqogʻining ichki tomoniga: “Sh. X. D. O. uchun” deb qayd etgach, konvertni yopishtirdi-da, “Kapitan Jeyms Kelxunga, “Yolgʻiz yulduz” yelkanli kemasi, Savanna, Jorjiya” degan adresni yozdi.
— Xat Kelxunni u portga kirib kelganida kutib turgan boʻladi, — dedi zaharxanda bilan. — Oʻylaymankn, u kechasi bilan uxlayolmay chiqadi. Xat uning qismatini xuddi Openshonnng qismatidek oldindan bexato aytib beradi.
— Kapitan Kelxun kim oʻzi?
— Butun shaykaning yetakchisi! Men boshqalarini ham qidirib topaman, ammo u birinchi boʻladi.
— Siz ularni qanday topdingiz?
— U choʻntagidan sanalar va nomlar bilan toʻlgan kattakon bir varaq qogʻoz oldi.
— Men kun boʻyi vaqtimni Lloydning kartotekasiyu eski gazeta dastalarini koʻzdan kechirish bilan oʻtkazdim. Pondisherida 83-yilning yanvari bilan fevralida boʻlgan kemalarning yoʻllarini oʻrgandim. Bu oylar mobaynida salmoqli vaznga ega boʻlgan oʻttiz oltita kema qayd etilgan ekan. Ulardan “Yolgʻiz yulduz” degani darhol diqqatimnn tortdi. Rost, uning chiqish joni London edi, ammo Amerika shtatlaridan birini ham “Yolgʻiz yulduz” deb ataydilar-ku.
— Texasni boʻlsa kerak.
— Shaxsan qaysinisini ekanligini bilmayman-u, har qalay, bu Amerika kemasi ekanligini payqadim.
— Xoʻsh, shundan keyin nima boʻldi?
— Men kemalarning Dandiga kelgan-ketgan sanalarini koʻzdan kechirdim, “Yolgʻiz yulduz” yelkanli kemasi u yerda 85-yilning yanvarida boʻlganini koʻrganimdan keyin gumonlarim qatʻiy ishonchga aylandi. Shundan keyin men hozirgi vaqtda London portida turgan kemalar haqida maʻlumotlar qidirdim.
— Nima boʻldi?
— “Yolgʻiz yulduz” bu yerga oʻtgan haftada kelgan ekan. Men Albert doklariga bordim. Bilsam, “Yolgʻiz yulduz” bugun saharlab Savannaga qaytib ketish uchun daryoning etagiga qarab yoʻlga tushgan ekan. Greyvsvendga telegramma berib aniqlasam, “Yolgʻiz yulduz” u yerdan bir necha soat ilgari oʻtib ketgan ekan, shamol sharqdan esayotganligi uchun, aminmanki, u allaqachon Guduindan oʻtib, Uayt oroliga yaqinlashib qolgan boʻlsa kerak.
— Endi nima qilmoqchisiz?
— O, Kelxun endi mening changalimda turibdi! Aniqladim, u bilan ikkita yordamchisi — kemadagi amerikaliklar — shulargina ekan. Qolganlar finlar bilan nemislar ekan. Shunisini ham bildimki, uchalovlari oʻtgan kuni tuni boʻyi qirgʻoqda boʻlishibdi. Buni menga “Yolgʻiz yulduz”ga yuk ortishda qatnashgan odam aytdi. Yelkanli kema Savannaga kirib borgunicha pochta bugʻ kemasi mening xatimni yetkazdi, telegraf esa Savanna politsiyasiga bu uch jentlmenning qotillikda ayblanganliklariga koʻra ularni bu yerda sabrsizlik bilan kutayotganliklarini xabar qildilar.
Biroq insonlarning eng yaxshi rejalarida doimo qanday boʻlmasin biron qusur chiqib qoladiki, Jon Openshoning qotillariga ham ularning oʻziga oʻxshagan qatʻiyatli kimsa izlarini topganini bildiruvchi apelsin urugʻlarini olish nasib boʻlmadi.
Oʻsha yili kuz poʻrtanalari odatdagidan koʻra davomliroq boʻldi. Biz Savannadan “Yolgʻiz yulduz” haqida uzoq vaqt xabar kutdik, ammo darak boʻlmadi. Nihoyat Atlantik okeanning bir joyida qandaydir kemaning axtershtevani topilgani, unda “Yo. Yu.” harflari oʻyib yozilganligi haqida axborot keldi. Biz “Yolgʻiz Yulduz”ning taqdiri haqida shunigina bilishga muyassar boʻldik.
Vahob Roʻzimatov tarjimasi