..

Artur Konan Doyl. Boskom vodiysining siri

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Bir kuni ertalab rafiqam ikkovimiz nonushta qilayotsak, oqsoch xotin menga Sherlok Xolmsdan kelgan telegrammani berdi:

“Ikki kungina vaqtingizni ajratolmaysizmi? Boskom vodiysidagi fojia munosabati bilan meni Angliyaning gʻarbiga chaqirtirishibdi. Birga ketsangiz xursand boʻlardim. U yerning manzarasi, ob-havosi ajoyib. Paddingtondan 11:15 da yoʻlga chiqing”.

— Borasanmi? — deb muloyimgina tikilib soʻradi xotinim.

— Qaydam, bilmadim. Hozir bemorlarim juda koʻp…

— O, Anstruzer ularning hammasini qabul qiladi! Keyingi paytlarda juda charchaganga oʻxshaysan. Safar senga yoqadi. Bundan tashqari, sen Sherlok Xolms qoʻlga oladigan har bir ishga juda qiziqasan.

Afgʻonistondagi lager hayotida orttirgan tajribamning aqalli shunday afzalligi bor ediki, men chiniqqan va chaqqon sayohatchi boʻlib qolgan edim. Safarga oladigan buyumlarim kam boʻlgani uchun bir zumda sakvoyajimga[1] joyladimu kebga moʻljalimdan ilgariroq tushib, gʻizillagancha Paddington vokzaliga joʻnadim.

Sherlok Xolms platforma boʻylab yurar, ustidagi kulrang yoʻl kiyimi bilan movut kepkasi uning ozgʻin va novcha gavdasini yana ham ozgʻinroq va novcharoq qilib koʻrsatar edi.

— Kelganingiz juda ajoyib boʻldi-da, Uotson, dedi u. — Orqa qilishim mumkin boʻlgan odam yonimda boʻlsa, oʻzimni butunlay boshqacha sezaman.

Mahalliy politsiya yo hech narsa qilmayapti, yoki yanglish izga tushib qolgan. Siz ikki burchakdagi joyni egallab tursangiz, men bilet olib kelaman.

Biz kupega kirib oʻtirdik. Xolms olakelgan gazetalarni oʻqiy boshladi; u ahyon-ahyonda boshini koʻtarib, nimalarnidir yozib qoʻyar va oʻy surib qolar edi.

Shu tariqa biz Redingga yetib bordik. Tuyqusdan u hamma qogʻozlarni gʻijimlab kattakon qilib yumaloqladi-da, tepadagi yuk toʻriga irgʻitdi.

— Siz bu ish toʻgʻrisida hech narsa eshitganmidingiz? — deb soʻradi u.

— Bir ogʻiz ham. Bir necha kundan beri gazeta koʻrmayman.

— London matbuoti u qadar mufassal hisobotlar bosib chiqargani yoʻq. Tafsilotlari bilan tuzukroq tanishish uchun hozirgina gazetalarning hamma soʻnggi sonlarini koʻrib chiqdim. Bu, aftidan, yechilishi hamisha qiyin boʻladigan oddiy hodisalardan biri shekilli.

— Soʻzlaringiz bir oz gʻalatiroq eshitilayotibdi.

— Ammo bu haqiqat. Gʻayrioddiy koʻringan narsalarda deyarli hamisha sirni ochish imkoniyatini beradigan kalit yashiringan boʻladi. Jinoyat naqadar oddiy boʻlsa, haqiqatni aniqlab olish shu qadar mushkul boʻladi… Xullas, marhumning oʻgʻliga jiddiy ayb toʻnkalgan.

— Demak, bu suiqasd ekan-da?

— Ha, shunday deb taxmin qilishayotibdi. Men to ish bilan tanishmagunimcha biron narsa deyolmayman. Lekin masalaning qay yoʻsinda ekanligini qanday tasavvur qilayotganimni bir-ikki ogʻiz soʻz bilan tushuntirib beraman sizga…

Boskom vodiysi — Xirfordshirda, Ross yaqinidagi qishloq bor joy. Oʻsha atrofdagi eng katta yer egasi — mister Jon Tener. U Avstraliyada sarmoya orttirib bir necha yil muqaddam yurtiga qaytib kelgan. U oʻz fermalaridan biri Xazerleyni mister Charlz Mak-Kartiga ijaraga bergan. Unisi ham sobiq avstraliyalik. Ular mustamlakalarda tanishganlar, shuning uchun yangi joyga koʻchib kelgach, bir-birlariga yaqinroq oʻrnashganlariga ajablanmasa ham boʻladi. Toʻgʻri, Tener badavlatroq, shuning uchun ham Mak-Karti uning ijaradori boʻlib qolgan, ammo ular doʻstona munosabatlarini buzmagan boʻlsalar kerak. Mak-Kartinning sakkiz yashar oʻgʻli, Tenerning esa u bilan tengqur bittayu bitta qizi bor, ikkala cholning ham xotinlari oʻlgan. Ular, aftidan, ingliz oilalari bilan tanishishdan qochganlar, tanholikda umr kechirganlar, zotan ota-bola Mak-Kartilar sportni sevar, yaqin orada boʻladigan poygalarga oʻqtin-oʻqtin borib turar ekanlar. Mak-Kartilarning xizmatkori va oqsochi bor ekan. Tenerning xoʻjaligi katta boʻlib, besh-olti xizmatkori bor ekan. Bu oilalar haqida bilib olishga muvaffaq boʻlganlarim shular, xolos. Endi sodir boʻlgan hodisaga kelaylik.

Uchinchi iyun kuni, yaʻni oʻtgan dushanbada, Mak-Karti kunduz soat uchda Xazerleydagi uyidan chiqib, Boskom kamariga qarab yoʻl olgan. Bu Boskom vodiysidan oqib oʻtadigan jilgʻa toshganidan paydo boʻlgan kichikroq bir koʻl. Ertalab u Rossga borib xizmatkoriga juda shoshib turganini, soat uchda muhim bir uchrashuvi bor ekanligini aytgan. U oʻsha uchrashuvdan qaytib kelmagan.

Xazerley fermasi bilan Boskom kamarining orasi chorak milya keladi. Mak-Karti oʻsha yoqqa ketayotganda uni ikki odam koʻrgan ekan. Birinchisi kampir, uning nomi gazetalarda eslanmagan, ikkinchisi mister Tenerning oʻrmonchisi

Uilyam Krauder. Ikkala guvoh ham, mister Mak-Karti yolgʻiz ketayotgan edi, deb guvohlik bergan. Oʻrmonchi mister Mak-Karti bilan uchrashgach, saldan keyin uning oʻgʻli Jeyms Mak-Kartini koʻrganini ilova qilishgan. Yigitning qoʻlida miltigʻi bor ekan. Oʻrmonchi, u otasi ketgan yoʻldan ketdi, deb taʻkidlagan. Bu uchrashuv oʻrmonchining xayolidan koʻtarilayozgan ekan-ku, ammo kechqurun sodir boʻlgan fojiani eshitgach, hammasi esiga tushibdi.

Ikkala Mak-Kartini Uilyam Krauderdan keyin boshqalar ham koʻrganlar. Boskom kamarining atrofi qalin oʻrmon bilan qurshalgan, qirgʻoqlari esa qamish bilan qoplangan. Boskom molikonasi darvozabonining qizi, oʻn toʻrt yashar Pesheps Moran qoʻshni oʻrmonda gul terib yurgan ekan. U koʻlning yaqinginasida mister Mak-Karti bilan uning oʻgʻlini koʻrganini aytgan. Nazarida ular bir-birlari bilan qattiq aytishayotgandek tuyulganmish. U Mak-Kartining oʻgʻliga oʻdagʻaylab baqirganini eshitganmish. Oʻgʻli esa otasini urmoqchi boʻlib, qoʻl koʻtarganini koʻrganmish. Qizcha buni koʻrib esxonasi chiqib ketganidan uyiga qarab yuguribdi, onasiga oʻrmondagi kamar oldida ota-bola Mak-Kartilar bir-birlari bilan janjallashib qolganini, falokat bosib urishib ketishmasa, deb qoʻrqqanini aytganmish. Qizcha shularni aytib ulgurmasdanoq yosh Mak-Karti qorovulxonaga yugurib kirib, otasining oʻrmonda oʻlib yotganini koʻrganini aytib, darvozabonni yordamga chaqiribdi. U gʻoyatda hayajonlangan, miltiqsiz, shlyapasiz ekan; oʻng qoʻli bilan yengida hoʻl qon yuqi bor ekan. Unga ergashib darvozabon suv labidagi oʻt ustida choʻzilib yotgan murdaning oldiga boribdi. Marhumning bosh suyagi allaqanday vazmin, toʻmtoq qurol bilan majagʻlangan ekan. Bunday jarohat oʻgʻli miltiq qoʻndogʻi bilan urish oqibatida yuzaga kelishi mumkinmish. Miltiq marhumdan bir necha qadam narida, oʻt orasida yotganmish. Bu qatʻiy dalillar asosida yigitni darhol qamoqqa olishibdi. Seshanba kuni tergovchilar: “Oʻylab qilingan suiqasd”, deb dastlabki hukm chiqarishibdi; chorshanba kuni Jeyms Mak-Karti Rossdagi chakana ishlar sudiga chaqirilibdi, sud ishni koʻrib chiqishni maslahatchilar sudiga havola qilibdi. Tergovchi bilan politsiyaga maʻlum boʻlgan asosiy faktlar shulardan iborat.

— Bundan qabihroq ishni tasavvur qilish qiyin, — dedim men. Agar qachon boʻlmasin bilvosita isbotlar jinoyatchini fosh qilgan boʻlsa, xuddi ana shu ish bunga misol boʻla oladi.

— Bilvosita isbotlar yanglishtirib qoʻyishi mumkin, — dedi Xolms oʻy surgancha. — Ular bir tomonnigina mutlaqo ravshan koʻrsatishlari mumkin, ammo siz bu isbotlarni tahlil qilishga qodir boʻlsangiz, aslida ular bizni koʻpincha haqiqatga qarab emas, butunlay boshqa tomonga olib ketayotganiga amin boʻlasiz. Toʻgʻri, hozir ish oʻsha yigitga qarshi qaratilgan: jinoyatchi u boʻlishi ham ehtimoldan xoli emas. Biroq, bir toʻda qoʻshnilar, ular orasida yer egasining qizi miss Tener ham bor, yigitning begunohligiga amin ekanlar. Miss Tener sudlanuvchini himoya qilish uchun Lestreydni taklif etibdi, u esingizda boʻlsa kerak? Lestreyd yigitni himoya qilishni juda mushkul hisoblab, bu ishni menga topshirdi, mana endi ikki oʻrta yashar jentelmen uylarida bemalolgina nonushta qilib oʻtirish oʻrniga soatiga ellik milya tezlikda gʻarbga tomon oshiqmoqda.

— Qoʻrqamanki, faktlar gʻoyat asosli, bu protsessda ustun chiqish uchun imkoniyatlaringiz juda cheklangan boʻladi, — dedim men.

— Dunyoda kishini ayon koʻrinib turgan faktdan koʻra aldab qoʻyadiganroq narsa yoʻq, — deb javob berdi Xolms kulib. — Bundan tashqari, biz mister Lestreydga ayon-oshkor boʻlmagan baʻzi bir oshkora faktlarga tasodifan duch kelib qolishimiz mumkin. Siz meni juda yaxshi bilasiz, buni maqtanchoqlik deb oʻylamassiz. Men Lestreyd toʻplagan dalillardan foydalanaman, yoki ularni mutlaqo inkor etaman, chunki oʻzi ulardan foydalanish ham, ularni tahlil qilishdan ham gʻoyatda ojiz. Chunonchi, miyamga kelgan birinchi fikrni olib koʻraylik: menga mutlaqo aniqki, sizning yotoqxonangizning derazasi oʻng tomonda, ammo mister Lestreydning hatto shunday ochiq-oydin faktni ham payqashiga uncha amin emasman.

— Darhaqiqat, buni qanday qilib bildingiz?..

— Aziz doʻstim, men siz bilan koʻpdan beri tanishman. Sizga xos boʻlgan gʻarbiy intizomni yaxshi bilaman. Siz har kuni ertalab soqolingizni olasiz, yilning bu faslida esa quyoshning yorugʻida yulasiz; yuzingizning chap tomoni oʻng tomoniga qaraganda yomonroq qirilgan, chapga surilgan sari yomonroq, nihoyat bora-bora pala-partish qirilgan. Yaqqol koʻrinib turibdiki, yuzingizning bu qismiga narigi tomonga qaraganda kamroq yorugʻ tushgan. Sizga oʻxshagan tartibli odamning hammayoqdan barobar yorugʻ tushib turganda oynaga qarab soqolini chala qirishini aslo tasavvur etolmayman. Men buni kuzatuvchanlik, xulosalar chiqara bilishga oddiygina misol sifatida keltirayotibman. Mening hunarim shundan iborat, bu oʻtkazadigan tekshirishimizda ish berib qolsa ham ajab emas. Soʻroq vaqtida maʻlum boʻlgan bir ikkita mayda-chuyda detallar bor. Ular diqqatga sazovor.

— Nima ekan bular?

— Yosh Mak-Kartini oʻsha zahotiyoq emas, sal keyinroq Xazerleydagi fermaga qaytib kelganidan keyingina qamoqqa olganlar. Politsiya inspektori, siz qamoqqa olindingiz, desa, bu meni sira ham taajjublantirmaydi, men baribir jazolanishga sazovorman, deb javob beribdi u! Uning bu soʻzlari oʻz taʻsirini koʻrsatib tergovchining koʻnglidagi oxirgi gumonlar ham barham topibdi.

— Bu iqror boʻlish-ku! — deb xitob qildim.

— Yoʻq, keyin u oʻzining mutlaqo gunohsiz ekanligini aytibdi.

— Shuncha asosli dalillardan keyin bu shubhali koʻrinadi.

— Aksincha, — dedi Xolms, — bu qora bulutlar orasida men koʻrayotgan birdanbir shuʻla. Axir u oʻz zimmasiga qanday ogʻir shubhalar tushayotganini bilmasligi mumkin emas-ku. Bordi-yu, qamoqqa olinishini eshitganda u oʻzini taajjublangan yoki gʻazablangan qilib koʻrsatsa, bu menga nihoyat darajada shubhali boʻlib koʻrinardi, chunki shunday vaziyatda bu tariqadagi taajjub yoki norozilik mutlaqo yasama boʻlardi. Bunday xatti-harakat uning nosamimiyligidan guvohlik berishi mumkin edi. Qamoqqa olinish paytida uning oʻzini soddagina tutishi yo uning mutlaqo gunohsiz ekanligidan, yoinki, aksincha, zoʻr saboti, matonatidan darak beradi. Uning, qamalishga sazovorman, degan javobiga kelsak, bu ham mutlaqo tabiiy, chunki u farzandlik burchini shu qadar unutib, otasiga dagʻallik qilgan, qizaloqning taʻkidlashicha, — uning shohidliklari muhim ahamiyatga ega, — otasiga musht oʻqtalgan. Uning oʻkinib vijdoniy azob chekayotganidan darak beruvchi javobini men jinoiy niyatlar dalili emas, balki odob-axloq belgisi deb bilaman.

Men bosh chayqab:

— Koʻplarni bunday dahshatli dalillarsiz ham dorga osib yuborishgan, — deb qoʻydim.

— Gapingiz toʻgʻri. Ularning orasida gunohsizlari ham koʻp boʻlgan.

— Yigitning oʻzi qanday dalillar koʻrsatibdi?

— Uning dalillari himoyachilarga uncha dalda bermaydi, zotan bir-ikkita ijobiy nuqtalari ham bor. Siz ularni gazetadan oʻqib koʻrishingiz mumkin

U papkasidan Hartfordshir mahalliy gazetalaridan bir nechtasini olib, sahifalarni bukladi-da, baxtsiz yigit boʻlib oʻtgan voqealarni dalillab bergan izohlarni qayd etuvchi satrlarni koʻrsatdi. Men kupening burchagiga oʻtirib olib, diqqat bilan oʻqishga kirishdim. U yerda quyidagi soʻzlar yozilgan edi.

«Shundan soʻng marhumning yolgʻiz oʻgʻli mister Jeyms Mak-Karti chaqirildi. U quyidagi shohidliklarni berdi:

— Men uch kundan beri uyda yoʻq edim: Bristolda edim, xuddi oʻtgan dushanba, uchinchi kuni ertalab qaytib keldim. Kelsam, otam uyda yoʻq ekan, oqsoch xotin uning otboqar Jon Kobb bilan Rossga ketganini aytdi. Oradan bir oz oʻtgach, otam aravachasning gʻildiragi gʻijirlayotganini eshitib derazadan qaragan edim, uning hovlidan gʻizillab chiqib ketayotganini koʻrdim, qayoqqa ketayotganini bilmasdim. Keyin quyonlar yashaydigan yalanglikni koʻzdan kechirish uchun Boskom kamariga borishga qaror qildim: yalanglik koʻlning narigi betida joylashgan. Yoʻlda oʻrmon qorovuli Uilyam Krauderni uchratdim, buni u bergan shohidliklarida aytgan: biroq u meni, otasining izidan quvib ketayotgan edi, deb yanglishadi. Otamning mendan oldinroqda ketayotgani xayolimga ham kelgan emasdi. Kamarga yetishimga yuz qadamcha qolganda “Kou!” degan xitobni eshitdim, otam bilan ikkovimiz odatda bir-birimizni shunday deb chaqirardik. Oʻsha zahotiyoq oldinga qarab yugurdim. U kamar yoqasida turgan ekan. U meni koʻrib juda taajjublandi shekilli, bu yerda nima qilib yuribsan, deb oʻdagʻaylab berdi. Gapimiz gʻijillashishgacha yetib bordi, urishib ketishimizga ham sal qoldi, chunki otam gʻoyatda jizzaki odam edi. Uning qahr-gʻazabi qaynayotganini koʻrib, undan nari ketishga qaror qildimu Xazerlay fermasiga qarab yoʻl oldim. Yuz ellik qadamcha ham yurmagan edimki, orqamdam jon achchigʻida qichqirgan ovozni eshitib yuragim shuvillab ketdi-da, yana orqamga qarab chopdim. Qarasam, otam yerda choʻzilib yotibdi, boshi yorilgan, joni uzilay deb turibdi. Miltigʻim qoʻlimdan tushib ketdi, otamning boshini koʻtardim, xuddi shu daqiqada joni uzildi. Men marhumning oldida bir necha minut tiz choʻkib turdim, keyin yordam soʻrab mister Tenerning darvozaboni huzuriga bordim. Darvozabonning uyi boshqalarga qaraganda yaqinroq edi. Otamning qichqirganini eshitib qaytib kelganimda uning oldida hech kim yoʻq edi, uni kim oʻldirganini tasavvur ham qila olmayman. Uni kamdan-kam odam tanir, chunki u tabiatan odamovi, tund kishi edi. Ammo, har qalay, bilishimcha, uning chinakam dushmanlari yoʻq edi.

Tergovchi: Otangiz oʻlimi oldidan sizga hech narsa demadimi?

Guvoh: U mingʻillab bir necha soʻz aytdi-yu, men faqat soʻzga oʻxshagan iborali

payqab qoldim.

Tergovchi: Sizningcha bu nima boʻlishi mumkin?

Guvoh: Bilmadim. Alaqlagan boʻlishi mumkin.

Tergovchi: Afsuski men javob berishingizni talab qilishga majburman.

Guvoh: Men boʻlsam bu savolga javob berolmayman. Sizni ishontirib aytamanki, suhbatimiz keyin yuz bergan mudhish fojiaga mutlaqo aloqasiz edi.

Tergovchi: Buni sud hal qiladi. Javob berishdan bosh tortishingiz maslahatchilar sudining sayyor sessiyasi oldida javob berayotganingizda sizga ziyon keltirishini tushuntirib oʻtirish ortiqcha boʻlsa kerak.

Guvoh: Har qalay, men javob bermayman.

Tergovchi: Aftidan, otangiz bilan ikkovingiz hamisha bir-birlaringizni “Kou!” deb chaqirib yurgan boʻlsalaringiz kerak?

Guvoh: Ha.

Tergovchi: Otangiz qanaqasiga hali sizni koʻrmasdanoq, hattoki Bristoldan qaytib kelganingizni bilmasdanoq shartli chaqiriqni aytib chaqirgan?

Guvoh: (juda xijolat boʻlib) Bilmadim.

Maslahatchi: Otangizning qichqirganini eshitib yugurib kelgach, uning qaltis yaralanganini koʻrarkansiz, koʻzingizga bironta shubhali narsa tashlanmadimi? Guvoh: Arziydigan biror narsani koʻrganim yoʻq.

Tergovchi: Bu bilan nima demoqchisiz?

Guvoh: Men oʻrmondan yugurib chiqqanimda shu qadar hayajonlangan, qoʻrqib ketgan edimki, otamdan boshqa hech narsani oʻylamasdim. Har qalay, oʻsha paytda chap tomonimda yerda nimadir yotgani gʻira-shira yodimda. Nazarimda, allaqanday kulrang libos yotganday edi, ehtimol adyoldir. Bir vaqt oʻrnimdan turib oʻsha narsani koʻrmoqchi boʻlib qarasam gʻoyib boʻlib qolibdi.

— Siz uni yordam soʻragani joʻnaganingizdan oldin gʻoyib boʻlgan, deb oʻylaysizmi?

— Ha, oldin gʻoyib boʻlgan.

— U narsaning nimaligini aniq aytib berolasizmi?

— Yoʻq, shunchaki, nazarimda u yerda bir narsa yotganga oʻxshab koʻringan edi.

— Marhumdan qancha narida?

— Oʻn qadamcha narida.

— Oʻrmondan qancha masofa berida?

— Taxminan shuncha masofa berida.

— Demak, bu narsa gʻoyib boʻlganida sizdan yigirma qadamcha narida ekan-da?

— Ha. Men unga orqa oʻgirib turgan edim. Shu bilan guvohni soʻroq qilish tugaydi.

— Menga shu narsa ayon boʻldiki, — dedim gazetaga koʻz tashlab, — soʻroq oxirida tergovchi yosh Mak-Kartiga nisbatan mutlaqo ayovsiz boʻlgan. U oʻgʻlining bergan shohidligidagi ziddiyatlarni — otasi oʻgʻli kelganini bilmay turib uni chaqirganini, shuningdek, otasi bilan qilgan suhbatning mazmunini aytib berishdan bosh tortganini, keyin marhumning soʻnggi soʻzlarini gʻalati izohlaganini juda asosli ravishda taʻkidlagan. Tergovchi taʻkidlab oʻtganidek, bularning hammasi marhumning oʻgʻliga qattiq shikast yetkazishi mumkin.

Xolms qulay divanda choʻzilib yotganicha, jilmayib shunday dedi:

— Tergovchi bilan ikkovlaringning ham bir kamchiliklaring bor: yigitning shohidliklaridagi hamma ijobiy narsalarni inkor etayotibsizlar. Uning farosatini goh juda zoʻraytirib, goh juda kamaytirib yuborayotganingizni nahotki payqamayotgan boʻlsangiz? Bordi-yu, maslahatchilarda oʻziga nisbatan xayrixohlik uygʻotishga qodir janjal sabablarini oʻylab topolmagan boʻlsa — farosatsiz, bordi-yu, marhumning kalamush haqidagi soʻzlarini eslatib, gʻoyib boʻlib qolgan kiyim haqidagi uydirmani oʻylab topishgacha borib yetgan boʻlsa — juda farosatli ekan, demoqchisiz. Yoʻq, ser, men shunday nuqtai nazarga amal qilamanki, yigit aytgan gaplarning hammasi — rost. Bu faraz bizni nimaga olib boradi, hali koʻramiz. Endi men choʻntakda olib yuradigan Petrarkamni[2] oʻqiyman. Hodisa sodir boʻlgan joyga yetib bormagunimizcha — bu ish haqida bir ogʻiz ham gaplashmaymiz. Ikkinchi nonushtani Suindonda qilamiz. Meningcha, u yerga yigirma minutdan keyin yetsak kerak.

Biz ajoyib Straud vodiysi va jimirlab turgan keng Severn daryosidan oʻtib, nihoyat, soʻlimgina ovloq shaharcha Rossga kirib bordik. Sassiqqoʻzanga oʻxshagan, juda bosiq, pishiq-puxta kiyingan ayyor koʻzli pakanagina bir odam bizni platformada kutib turardi. Garchand u qishloq joy uchun mos deb yalangqavat jigarrang kamzul va etik kiyib olgan boʻlsa-da, uning Skotlend-Yardda xizmat qiladigan Lestreyd ekanini bir koʻrishdayoq payqadim. Biz u bilan “Xirford Armz” mehmonxonasiga borib tushdik, bizga xonalar olib qoʻyilgan ekan.

— Men kareta tayinlaganman, — dedi Lestreyd bir chinnioyoqdan choy ichayotganimizda. — Sizning ishchanligingizdan xabardorman. Axir siz jinoyat sodir boʻlgan joyga yetib borguncha tinib-tinchiyolmaysiz-ku.

— Bu gaplaringiz uchun shoyon tahsin, — deb javob berdi Xolms. — Endi hamma narsa barometrning nimani koʻrsatishiga qarab qoldi.

Lestreyd gʻoyatda taajjublandi.

— Fikringizni yaxshi tushunolmadim, — dedi u.

— Barometr nimalarni koʻrsatayotibdi. Yigirma toʻqqiz, shamol yoʻq, osmonda bir parcha ham bulut koʻrinmaydi — yomgʻir yogʻmaydi. Mening esa bir quti sigaretim bor, ularni chekib boʻlishim kerak. Qolaversa, bu yerdagi divan qishloq mehmonxonalarining odatdagi rasvo divanlaridan koʻra xiylagina durust. Oʻylaymanki, bugun kechqurun karetadan foydalanolmasam kerak. Lestreyd iltifot bilan kulib qoʻydi.

— Siz, albatta, gazetadagi hisobotlarni oʻqiganingizdan keyin biron xulosaga kelib qoʻyganga oʻxshaysiz, — dedi u. — Bu ish xuddi charogʻon kundek ochiq-oydin, unga qanchalik chuqur kirib borsang, shunchalik oydinlasha boradi. Lekin, albatta, ayol kishining, ayniqsa goʻzal bir ayolning iltimosini yerda qoldirsa boʻlmas. U sizning taʻrifingizni eshitgan ekan, zotan men allaqachon qoʻl urgan ishga sizning sira ham bosh qoʻshmasligingizni unga koʻp marta aytishimga qaramay sudlanuvchini himoya qilish uchun xuddi sizni taklif qilmoqchi boʻldi. Yo rabbiy! Eshikka uning ekipaji kelib toʻxtadi.

U shunday deyishi bilanoq xonaga bir qiz yugurib kirdi, men bunday dilbar qizni umrim bino boʻlib koʻrmagan edim. Moviy koʻzlari charaqlar, dudoqlari xiyol ochilgan, yonoqlarida latif nimpushti qizillik oʻynar edi. Qattiq hayajonlanganidan odatdagi bosiqligini unutib qoʻygan boʻlsa kerak.

— O, mister Sherlok Xolms! — deya xitob qildi u, goh unga, goh menga qarab, nihoyat ayollarga xos savqi tabiiysi bilan nazarini doʻstimda toʻxtatib. — Kelganingizdan gʻoyat xursandman! Sizga shuni aytgani keldim. Ishonamanki, Jeymsning gunohi yoʻq. Siz menga maʻlum boʻlgan narsalar bilan tanishib ishga kirishingiz kerak. Zarracha ham shubhalana koʻrmang. Biz u bilan bolaligimizdan doʻst edik. Men uning qilmishlarini hammadan koʻra yaxshi bilaman, ammo uning koʻngli shu qadar yumshoqki chumoliga ham ozor bermaydi.

Jeymsni yaxshi biladiganlarning hammasiga ham unga bunday ayb qoʻyilishi juda tuturuqsiz tuyulayotibdi.

— Umid qilamanki, biz uni oqlashga muvaffaq boʻlamiz, miss Tener — dedi Sherlok Xolms. Ishoning imkonim boricha harakat qilishga tirishaman.

— Siz hisobotlarni oʻqidingizmi, sodir boʻlgan hodisalar haqida maʻlum bir fikrga kelib qoʻyganmisiz? Bironta najot yoʻlini koʻrayotibsizmi? Uning gunohsiz ekanligiga oʻzingiz aminmisiz?

— Men, shunday boʻlishi mumkin, deb hisoblayman.

— Xayriyat-ey! — deya xitob qildi u boshini magʻrur koʻtarib va Lestreydga pisanda bilan tikilib. — Eshitdingizmi? Endi koʻnglimda ishonch tugʻildi. Lestreyd kiftini uchirdi.

— Qoʻrqamanki, hamkasabam xulosa chiqarishda shoshilayotibdi, — dedi u.

— Axir u haq-ku. O, men aminmanki, u haq! Jeyms jinoyat qiladiganlardan emas. Otasi bilan boʻlgan janjalga kelsak men bilaman: u tergovchiga bu toʻgʻrida menga daxldor joyi borligi uchun hech narsa aytmagan.

— Qanday qilib? — deb soʻradi Xolms.

— Hozir biron narsani yashirib qolishning mavridi emas. Jeyms bilan otasi oʻrtasida mening vajimdan katta koʻngilsizliklar boʻlib oʻtgan edi. Jeymsning otasi bizlarning birga turmush qurishimizni istardi. Jeyms bilan biz bir-birimizni hamisha aka-singildek yaxshi koʻrardik, ammo u, albatta, hali juda yosh, turmushni yaxshi bilmaydi… Shu bilan… xoʻsh… xullas tabiiyki, u uylanishni xayoliga ham keltirmagan edi. Shuning oqibatida janjal chiqib turardi, ishonamanki, bu safar ham oʻshanday janjallardan boʻlgan.

— Sizning otangiz-chi? — deb soʻradi Xolms. — U sizlarning qovushishlaringizni xohlarmidi?

— Yoʻq, u ham qarshi edi. Jeymsning otasidan boshqa hech kim buni istamas edi. Xolms qizga oʻzining odatdagi sinchkov nazari bilai tikilarkan, uning sarin yuzini tutash qizillik qopladi.

— Bergan maʻlumotlaringiz uchun tashakkur, — dedi u. — Ertaga sizlarnikiga kirsam otangiz bilan koʻrisha olamanmi?

— Doktor bunga ruxsat bermas deb qoʻrqaman.

— Doktor?

— Ha, hali bundan xabaringiz yoʻqmi? Soʻnggi yillarda otam shoʻrlik betob boʻlib yurardi, ammo bu baxtsizlik uni batamom yiqitib qoʻydi. U yotib qoldi, doktor Villouzning aytishicha, boshiga tushgan bu musibatdan asabi qattiq qaqshaganmish. Dadamni bir mahallar Viktoriyada yashagan paytlaridan beri biladigan kishilardan hayot qolgani mister Mak-Kartigina edi.

— Hm! Viktoriyada? Bu juda muhim gap.

— Ha, oltin konlarida boʻlgan vaqtida.

— Mutlaqo toʻgʻri, oltin konlarida boʻlgan vaqtida, fahmlashimcha, mister Tener sarmoyani ham oʻsha yerda orttirgan boʻlishi kerak?

— Ha, albatta.

— Tashakkur sizga, miss Tener. Siz menga juda yaxshi yordam berdingiz.

— Ertaga bironta yangilik boʻlib qolsa, iltimos, xabar qilsangiz. Siz turmaga borib Jeymsni koʻrsangiz kerak albatta? O, agar koʻrsangiz, mister Xolms, aytingki, uning gunohsizligiga imonim komil.

— Albatta aytaman, miss Tener.

— Uyga tezroq borishim kerak, chunki dadamning kasali ogʻir. Men boʻlmasam diqqat boʻlib ketadi. Xayr, xudo sizga madadkor boʻlsin!

U xonaga qanday shoshib kirgan boʻlsa, shunday shoshgancha chiqib ketdi, mana, yoʻlga tushgan ekipaj gʻildiraklarining taraqlashi eshitilmoqda.

— Meni uyatga qoʻydingiz. Xolms, — dedi kibr bilan Lestreyd bir daqiqa jimlikdan soʻng, — Nega birovning qoʻynini puch umidlar bilan toʻldirasiz? Men boʻlar-boʻlmasga erib ketaveradiganlardan emasman-u, lekin siz juda shafqatsizlik qildingiz.

— Men Jeyms Mak-Kartini qutqarish yoʻlini topgandekman, — dedi Xolms. — Sizda turmaga kirish uchun order bormi?

— Ha, ammo faqat ikkovimiz uchun.

— Unday boʻlsa, men uydan chiqmaslik toʻgʻrisidagi qarorimdan voz kechaman. Biz mahbusni bugun kechqurun koʻra olish uchun Xirfordga yetib bora olamizmi?

— Bemalol.

— Unda joʻnaymiz! Uotson, siz zerikib qolasiz deb qoʻrqaman, ammo men ikki soatlarda qaytib kelaman.

Men ularni stantsiyagacha kuzatib qoʻyib, shahar koʻchalarini aylandim-da, nihoyat mehmonxonaga qaytib kelib, chorpoyaga choʻzildim va oldi-qochdi bir romanni oʻqiy boshladim. Biroq bu qissaning syujeti men koʻrib turgan mudhish fojia oldida juda ham bachkana edi. Xayolim hadeb kitobdan voqelikka qaytayotganini payqadim. Shuning uchun kitobni xonaning narigi burchagiga uloqtirib yubordim-da, shu bugun boʻlib oʻtgan voqealar haqida oʻy surib ketdim. Bordi-yu, bu baxtsiz yigitning bergan shohidliklarini mutlaqo haqqoniy deb faraz qilsak, u otasidan yiroqlashib, keyin uning qichqirganini eshitib, yana qaytib kelguncha oʻtgan fursat ichida aql bovar qilmaydigan qanday nogahoniy falokat yuz berdi ekan? Mudhish, dahshatli bir hodisa yuz bergan boʻlishi kerak. Bu nima boʻlishi mumkin? Har qalay, vrach boʻlganligim uchun jarohatning xarakteri bilan tanishsam ish ayon boʻlsa kerak. Qoʻngʻiroq chalib, hamma tergov materiallari batafsil bosilgan mahalliy gazetalarning oxirgi sonlarini soʻrab oldim.

Xirurg bergan shohidliklardan aniqlanishicha, uchinchi ensa suyagi va gardan suyagining soʻl qismi toʻmtoq qurol bilan berilgan kuchli zarba oqibatida majagʻlanib ketgan. Shubhasizki, bunday zarba faqat orqa tomondangina berilgan boʻlishi mumkin. Men boshimdagi oʻsha joylarni paypaslab topdim. Muqarrar, bunday zarba faqat orqadangina berilishi mumkin. Bu ayblanuvchini bir qadar shubhadan xalos qilar edi, chunki janjal vaqtida uni marhum bilan yuzma-yuz turgan holda koʻrgan ekanlar. Ammo bunga ham koʻp ahamiyat berib boʻlmaydi, negaki otasi zarba yeyishdan oldin oʻgirilgan boʻlishi

mumkin. Biroq Xolmsga shuni ham aytish kerak. Undan keyin menga kalamushning eslatib oʻtilishi ham juda gʻalati koʻrindi. Bu nima boʻlishi mumkin? Har qalay, alahlash emas. Qoʻqqisdan tushgan zarbadan oʻlayotgan odam hech qachon alahlamaydi. Yoʻq, aftidan, u oʻz oʻlimini qanday qarshi olganini izhor qilmoqchi boʻlgan boʻlsa kerak. U nima demoqchi boʻldi ekan? Uzoq oʻylab, bironta mos keladigan izoh topishga urindim. Shunda yosh Mak-Kartining koʻziga chalingan kulrang kiyim hodisasini esladim. Chindan ham shunday boʻlgan boʻlsa, demak, qotil qochib ketayotib, biron narsasini, ehtimolki, paltosini tushirib qoldirgan. Yigit marhumning oldida tiz choʻkkan paytda orqa tomondan kelib, undan yigirma qadamcha narida tushib qolgan narsasini olib ketishdan tap tortmagan. Bu hodisada sirli va aql bovar qilmaydigan narsalar naqadar chalkashib ketgan. Meni Lestreydning fikri taajjublantirmadi, ammo Xolmsning uzoqni koʻra olishiga ham ishonardim, undan umidvor edim, shu vaqtgacha menga har bir yangi detal uning yosh Mak-Kartining gunohsiz ekanligiga boʻlgan ishonchini mustahkamlayotgandek boʻlib tuyulardi.

Xolms qaytib kelganda juda kech boʻlib qolgan edi. U yolgʻiz, chunki Lestreyd shaharda oʻrnashganligi uchun oʻsha yerda qolgan edi.

— Barometr hamon pastga tushayotibdi, deb qoʻydi u oʻtirayotib. — Hodisa sodir boʻlgan joyga yetib bormagunimizcha yomgʻir yogʻib qolmasa boʻlgani! Axir odam bunday ajoyib ishga aqli bilan qalbining butun kuch-quvvatini bagʻishlashi kerak. Rostini aytsam uzoq yoʻldan toliqib kelib darhol ishga kirishmoqchi emasdim. Men yosh Mak-Karti bilan koʻrishdim.

— Siz undan nimalarni bildingiz?

— Hech narsani.

— Ish uncha ravshanlashmadimi?

— Aslo. Men u jinoyatchining nomini biladi, buni yashirayotibdi deb oʻylagan edim. Ammo endi aminmanki — bu narsa boshqalar uchun qanchalik jumboq boʻlsa, uning uchun ham shunchalik jumboq ekan. Yosh Mak-Karti uncha aqlli emas, ammo juda yoqimtoy nazarimda u odobli ahloqli yigitga oʻxshaydi.

— Agar chindan ham miss Tenerday barno qizga uylangisi kelmagan boʻlsa, uning didiga qoyil qolmadim dedim men.

— E, buning zamirida gʻoyatda koʻngilsiz bir voqea bor! Qizni juda sevadi. Bundan ikki yil burun, qiz hali pansionda boʻlib, yigit oʻsmir ekanligida nima ish qilib qoʻyganidan xabaringiz bormi? Bu merov Bristoldagi bir bufetchi xotinning tuzogʻiga tushib qolib, u bilan nikoh roʻyxatidan oʻtgan. Bu haqda hech kim hech narsa bilmaydi, oʻzi jon-jon deb qilishi mumkin boʻlgan narsa vajidan, shunday qilmayotibsan, deb taʻnalar eshitish unga qanday azob berishini bir oʻylab koʻring-a! Uni shu alam iztirobi chulgʻaganda otasining Tener qoʻlini soʻrash haqidagi talabiga javoban musht koʻtargan ekan. Ikkinchi tomondan, uning oʻzini himoya qila olish imkoniyati yoʻq, hammaning taʻkidlashiga qaraganda, qahri qattiq otasi mabodo bor gapni bilib qolsa, uni umrbod uyidan haydab chiqarishi mumkin ekan. Yigitcha soʻnggi uch kunni oʻzining bufetchi xotini bilan Bristolda oʻtkazgan, otasi uning qayerda ekanligini bilmagan. Ishning shu jihatini eslab qoʻying, bu juda muhim. Ovi yurishmaganiga, qarangki, boshiga kelgan dovi joniga oro kiribdi. Gazetalardan erini ogʻir jinoyatda ayblayotganlarini bilib, ehtimolki uni tez orada osadilar, deb oʻylagan bufetchi xotin undan darhol voz kechgan, unga xat yozib, allaqachonlardan beri boshqa qonuniy eri borligini, uning Bermud doklarida[3] yashashini, aslida oʻzining mister Jeyms Mak-Kartiga hech qanday aloqasi yoʻqligini izhor qilgan. Oʻylaymanki, bu xabar yosh Mak-Karti chekkan barcha iztiroblarning ajri boʻlsa kerak.

— Agar bu gunohsiz boʻlsa, unda qotil kim boʻldi?

— Toʻgʻri, unda qotil kim? Men sizning diqqatingizni shu ikki jihatga tortardim. Birinchisi: marhum kamar yoqasida kim bilandir uchrashishi kerak boʻlgan, lekin bu odam oʻgʻli boʻlishi mumkin emas, negaki u Bristolga ketgan, qachon qaytib kelishi esa nomaʻlum edi. Ikkinchisi: otasi oʻgʻlining qaytib kelganini bilmasidan burunoq “Kou!” deb qichqirgan. Bu protsesning oqibatini hal qiladigan asosiy nuqtalar… Keling, agar maylingiz boʻlsa, endi Jorj Mereditning[4] ijodi haqida gaplashaylik, hamma ikkinchi darajali ishlarni ertaga qoldiraylik.

Xolms bashorat qilgandek yomgʻir yogʻmadi: bulutsiz yorqin tong otdi. Soat toʻqqizda bizni olib ketgani karetada Lestreyd keldi, biz Xazerley fermasi va Boskom kamariga qarab joʻnadik.

— Jiddiy xabarlar bor, — dedi Lestreyd. — Aytishlaricha, Xolldagi mister Tenerning ahvoli tangmish, uzoqqa bormasa kerak, deyishayotganmish.

— U juda qari boʻlsa kerak-da? — deb soʻradi Xolms.

— Oltmishlarga borgan, ammo u mustamlakalarda sogʻligini yoʻqotgan, anchadan beri jiddiy kasal. Bunda shu ishning ham katta taʻsiri boʻlishi kerak. U Mak-Kartining qadrdon doʻsti, qolaversa, uning chinakam valineʻmati ekan. Keyin bilishimcha, undan Xazerley fermasi uchun ijara haqi ham olmas ekan.

— Shunaqa deng! Bu juda qiziq! — deb xitob qildi Xolms.

— Ha-da. Unga har turli yoʻllar bilan yordam berarkan. Bu yerdagilarning hammasi, mister Tener marhumga juda mehribon edi, deydi.

— Nimalar deyapsiz oʻzi! Uncha badavlat boʻlmagan bu Mak-Kartining mister Tener oldida shu qadar burchli boʻlishiga qaramay, ularning butun mol-mulkining vorisi boʻlgan qiziga oʻgʻlini uylantirish toʻgʻrisida ogʻiz solib yurgani sizga gʻalati koʻrinmadimi? Yana buni shunday ishonch bilan gapirib yurganki, iltimos qilsa, bas — hamma ish jobajo boʻlib qoladigandek! Bu gʻoyatda gʻalati. Axir oʻzingizga maʻlum-ku, Tener bu gapga quloq ham solgisi kelmagan, bu haqda qizining oʻzi gapirib berdi. Siz ana shu gaplarning hammasidan deduktsiya metodi bilan qanday boʻlmasin xulosalar chiqarolmaysizmi?

— Biz deduktsiya bilan ham mantiqiy xulosalar bilan ham shugʻullanganmiz, — dedi Lestreyd menga koʻz qisib. — Bilasizmi, Xolms, agar bundan keyin ham faktlar bilan shu tariqa ish koʻrilsa, haqiqatdan yiroqlashib, tusmollar bilan xom xayollar dunyosiga kirib qolish hech gap emas.

— Toʻgʻri gapga tan berish kerak, — deya bosiqlik bilan javob qaytardi Xolms. — Siz faktlardan juda yomon foydalanasiz.

— Nima boʻlsa hamki, men siz tushunib yetishingiz juda qiyin boʻlgan bir faktni tasdiqlab oldim, — deya gʻijinib eʻtiroz bildirdi Lestreyd.

— Yaʻni…

— Yaʻni katta Mak-Kartini kichik Mak-Karti oʻldirgan. Bu faktni inkor etuvchi hamma nazariyalar — puch gap.

— Xoʻsh, oy shuʻlasi mavhum tumandan koʻra ravshanroq-ku! — deya kulib javob berdi Xolms. — Yanglishmasam, chap tomonimizdagi Xazerley fermasi boʻlishi kerak.

— Xuddi oʻzi.

Bu kattagina joyni egallagan, tomi shifer bilan yopilgan ikki qavatli qulay bino boʻlib, uning kulrang peshtoqini katta-katta sargʻish poʻpanak parchalari qoplagan edi. Derazalaridagi tushirib qoʻyilgan pardalar, tutun chiqmayotgan moʻrilari bu uyga maʻyus tus berib turar, goʻyo mudhish jinoyat uning devorlarini butun ogʻirligi bilan kelib bosgandek edi.

Biz eshik qoʻngʻirogʻini chaldik, oqsoch xotin Xolmsning talabi bilan xoʻjayinining oʻldirilgan kuni kiyib yurgan botinkasini, oʻgʻlining oʻsha kuni kiygan oyoq kiyimini koʻrsatdi. Xolms hamma poyafzalni yetti yoki sakkiz joyidan puxtalab oʻlchadi-da, keyin bizni hovliga olib chiqishlarini iltimos qildi, u yerdan biz egri-bugri soʻqmoq boʻylab Boskom kamariga qarab ketdik.

Sherlok Xolms yangigina tushgan izdan borarkan, butunlay oʻzgarib ketgan edi. Beykerstritlik loqayd mutafakkirni biladigan odamlar uni hozir koʻrsalar taniyolmas edilar. U maʻyuslashib, yuzlari qizarib borar edi. Qora qoshlari chimirilib, ular ostidan koʻzlari poʻlatdek chaqnar edi. Boshi pastga tushib, kiftlari turtib chiqqan, lablari qattiq qimtinib, sermushak boʻynidagi qon tomirlari oʻynoqlab ketgan edi. Burun kataklari taʻqib qiluvchi kushanda sezgisi bilan mast boʻlgan ovchining burun kataklaridek kerkib turardi. U oldida turgan vazifaga shu qadar choʻmib ketgan ediki, oʻziga berilgan savollarga yo mutlaqo javob qaytarmas, yoki gʻashi kelib gʻijinar edi.

U oʻrmon va oʻtloqdan Boskom kamariga qarab ketgan soʻqmoqdan indamay jadal yurib borardi. Butun vodiy kabi bu yer ham ovloq, botqoq joy. Soʻqmoq va uning maysa bilan qoplangan atrofida koʻpdan-koʻp izlar koʻzga tashlanib turardi. Xolms goh oshiqar, goh toʻxtar edi, bir marta esa iziga shartta burilib, oʻtloq boʻylab, bir necha qadam orqaga qarab yurdi. Lestreyd ikkovimiz uning orqasidan ketmoqda edik, iztopar loqayd va eʻtiborsiz qiyofada borardi, ayni vaqtda esa men doʻstimni zoʻr qiziqish bilan kuzatardim, chunki uning har bir xatti-harakati ishni xayrli oqibatga olib borishiga ishonardim.

Boskom kamari eni ellik yardcha[5] keladigan qamishzor bilan qurshalgan, Xazerley fermasi bilan mister Tener bogʻining chegarasida joylashgan kichkina koʻl edi. Narigi qirgʻoqqa tutashib kelgan oʻrmon uzra badavlat yer egasi istiqomatgohi ustida koʻkka boʻy choʻzgan nayzador qizgʻish minoralar koʻzga tashlanib turardi.

Xazerley tomonidagi oʻrmon juda qalin; eng chetdagi daraxtlarni koʻl atrofini qurshagan qamishlardan eni yigirma qadamcha keladigan nam bosgan oʻtloq ajratib turibdi. Leystreyd marhumning jasadi topilgan joyni aniq koʻrsatib berdi; yer esa darhaqiqat shu qadar nam ediki, men marhum yiqilib tushgan joyni aniq koʻrdim. Xolmsga kelsak, uning gʻayrat va diqqat-eʻtibori barq urib turgan chehrasidan toptalgan oʻtloqda koʻp narsalarni koʻrganini payqadim. U izni topib olgan tozidek jonholatda uyoqdan-buyoqqa yugurardi, keyin esa hamrohimizga murojaat qildi.

— Siz bu yerda nimalar qildingiz? — deb soʻradi u.

— Butun oʻtloqni xaskash bilan tintib chiqdim. Birorta qurol yoki dalil boʻladigan ashyo topmoqchi edim. Ammo siz qanday qilib payqadingizki…

— Xoʻp, bas, vaqtim ziq! Siz chap oyogʻingizni yon tomonga burib bosasiz, hammayoqda shu chap oyogʻingizning izi. Sizni hatto koʻrsichqon ham qidirib topishi mumkin edi. Qamishga borib izlar gʻoyib boʻlayotibdi. Eh, bu qoʻtoslar podasi bu yerni payhon qilib tashlaguncha yetib kelganimda ish nechogʻli oson koʻchar edi-ya! Bu yerda qorovulxonadan kelganlar turgan, ular marhumning atrofidagi olti yoki yetti fut[6] joydagi hamma izlarni bosib tepkilab yuborishibdi.

U yonidan lupa olib, yaxshiroq ilgʻab olish uchun nam oʻtmaydigan plashchiga choʻzildi-da, bizdan koʻra ham, oʻzi bilan oʻzi gaplashayotgandek gʻuldiray boshladi:

— Mana bu yosh Mak-Kartining izlari. Bu yerdan u ikki marta oʻtgan, bir marta shu qadar tez chopganki, poshnasining izlari deyarli koʻrinmaydi, tagcharmi uchining izi aniq tushgan. Bu bergan shohidliklari toʻgʻri ekanligini tasdiqlaydi. U otasining yerda yotganini koʻrgach, yugurgan. Mana bular esa otasining uyoq-buyoqqa yurib turgandagi izlari. Bu nima boʻldi? Oʻgʻli otasining gaplariga quloq solib, suyanib turgan qoʻndogʻning izi. Bu-chi? Ha-ha, bu nima boʻldi oʻzi? Kimdir oyoq uchida pusib kelgan! Qolaversa, bu chor burchak, mutlaqo gʻalati botinka. U kelib qaytib ketgan va yana qaytib kelgan — bu gal albatta, paltosini olib ketgani qaytib kelgan. Ammo qayoqdan kelgan?

Xolms baʻzan izni yoʻqotib, baʻzan unga yana toʻqnash kelib uyoqdan-buyoqqa chopardi. Nihoyat oʻrmon yoqasidagi kattakon keksa qayin soyasiga borib yetdik. Xolms qidirgan izini shu daraxt orqasidan topib, yana koʻksi bilan yerga yotib oldi, quvongancha qichqirib yubordi. Xolms anchagacha qimirlamay yotdi, xazon bilan quruq shox-shabbani titkiladi, kulga oʻxshagan bir narsani konvertga soldi, yerni lupa orqali koʻzdan kechirdi, shuningdek boʻyi yetgan joygacha daraxt poʻstlogʻini ham koʻzdan kechirdi. Poʻpanak orasida qirrasi gʻadir-budir tosh yotardi; uni olib sinchiklab tekshirdi. Keyin soʻqmoqdan katta yoʻlga qarab ketdi, u yerda izlar yoʻqolgan edi.

— Bu tosh katta ahamiyatga ega, — dedi u yana oʻzining odatdagi gap ohangida. —Oʻng tomondagi kulrang uy qorovulxona boʻlishi kerak. Men Moranning oldiga kirib, unga ikki ogʻiz gap aytaman, bir enlik xat yozaman. Shundan keyin biz mehmonxonaga ikkinchi nonushtagacha yetib olamiz. Sizlar karetaga boravoringlar, orqalaringdan yetib olaman.

Oʻn minutlardan keyin biz Rossga qarab ketmoqda edik. Xolms oʻrmondan topgan toshini hamon qoʻlida ushlab kelardi.

— Bu sizni qiziqtirib qolishi mumkin, Lestreyd, — dedi toshni unga uzatib. — Marhum shu bilan oʻldirilgan.

— Men unda hech narsaning asarini koʻrmayotibman.

— Asari yoʻq.

— Boʻlmasa buni qanday qilib bildingiz?

— Uning tagida oʻt oʻsib turgan ekan. Tosh u yerda bir necha kundan berigina yotganga oʻxshaydi. Tevarak-atrofda uning yotgan eski oʻrni esa koʻrinmaydi. Buning suiqasdda bevosita aloqasi bor. Xullas, boshqa hech qanday qurolning izi yoʻq.

— Qotil-chi?

— U novcha odam, chapaqay, oʻng oyogʻi oqsaydi, qalin charmli ovchilar etigi bilan kulrang palto kiyib yuradi, mundshtuk bilan Hindiston sigarasi chekadi, Choʻntagida oʻtmas qalamtaroshi bor. Yana bir necha belgilar ham bor-u, ammo sizning qidirishlaringizga yordam berish uchun shuning oʻzi ham kifoya qiladi.

Lestreyd kulib yubordi.

— Afsuski, men hamon umidsizligimcha qolganman, — dedi u. — Sizning nazariyalaringiz juda joyida, ammo biz kaltafahm britan maslahatchilari bilan muloqotda boʻlishimiz kerak.

— Buni hali koʻramiz, — deb xotirjam javob berdi Xolms — Sizning metodlaringiz boshqa, meniki boshqa… Darvoqe, men bugun kechqurungi poyezd bilan Londonga qaytib ketsam ham ajab emas.

— Ishlaringizni chala qoldirib-a?

— Yoʻq, tamomlab.

— Ammo sir nima boʻladi?

— Sir aniqlandi.

— Jinoyatchi kim?

— Men tasvirlab bergan jentlmen.

— U kim oʻzi?

— Buni bilish juda oson. Bu yerda istiqomat qiluvchilar uncha koʻp emas.

Lestreyd kiftini qisdi.

— Men bekorchi odam emasman, — dedi u, — chapaqay va oqsoqligigina maʻlum boʻlgan jentlmenni qidirish bilan mashgʻul boʻlishga hech ilojim yoʻq. Shunday qilsam butun Skotlend-Yardga kulgi boʻlardim.

— Yaxshi, — deya xotirjamlik bilan javob berdi Xolms. — Bu sirni ochishingiz uchun zarur hamma imkoniyatlarni sizga taqdim etdim. Sizdan hech narsani yashirib qolmadim, siz oʻzingiz ham bu sirli jinoyatni fosh etishingiz mumkin edi. Mana, yetib keldik. Xayr. Joʻnab ketish oldidan sizga maktub yozaman.

Lestreydni eshik oldida qoldirib, biz oʻz mehmonxonamizga qarab ketdik, u yerda bizni nonushta kutmoqda edi.

Oʻz fikrlari bilan band Xolms indamasdi. Uning yuzi mushkul ahvolga tushib qolgan kishining basharasidek tund edi.

— Qani, quloq soling, Uotson, — dedi u stolni yigʻishtirib olishgach. — Mana bu kresloga oʻtiring. Men sizga oʻzimga maʻlum boʻlgan uncha-muncha narsalarni aytib beraman. Nima qilishimni bilmay qoldim. Sizdan maslahat olsam, degan edim. Mana cheking, men hozir boshlayman.

— Marhamat.

— Xoʻsh, bu ishni oʻrganish jarayonida bizni yosh Mak-Kartining hikoyasidagi ikki nuqta taajjublantirdi, zotan ular meni yigitning tomoniga ogʻdirgan boʻlsa, sizni unga qarshi qilib qoʻydi. Birinchisi, otasining oʻgʻlini koʻrmasdan burun

“Kou!” deb qichqirgani. Ikkinchisi, marhumning jon berayotib kalamushnigina eslagani. Bilasizmi, u bir necha soʻzni mingʻillab aytganu oʻgʻli faqat bittasinigina payqab qolgan. Bizning tekshirishimiz shu ikki nuqtadan boshlanishi kerak. Yigit aytganlarining hammasi haqiqatan toʻgʻri, deb faraz qilaylik.

— “Kou” nima degani?

— Aftidan, oʻgʻlini chaqirmagan shekilli, uni Bristolda deb oʻylagan. Oʻgʻli bu chaqiriqni mutlaqo tasodifan eshitib qolgan. “Kou!” degan xitob bilan u uchrashishi kerak boʻlgan kimsani chaqirgan. Ammo “kou” — avstraliyacha soʻz, uni faqat avstraliyaliklargina ishlatadilar. Bu Mak-Karti Boskom kamari yoqasidagi uchratmoqchi boʻlgan odamning avstraliyalik ekanini tasdiqlaydigan keskin dalil.

— Xoʻsh, kalamush-chi?

Sherlok Xolms choʻntagidan bir taxta buklangan qogʻoz oldi-da, uni stolga

yozdi.

— Bu Viktoriya shtatining xaritasi, — dedi u. — Buni kecha kechasi Bristolga telegramma berib, soʻratib oldim. — U xaritaning bir qismini qoʻli bilan yashirdi. — Oʻqing, — deb iltimos qildi u.

— ARET[7], — deb oʻqidim men.

— Endi-chi? — deb u qoʻlini koʻtardi.

— BALLARET.

— Mutlaqo toʻgʻri. Marhumning joni uzilayotganda aytgan soʻzi xuddi shu, oʻgʻli esa uning keyingi ikki boʻgʻininigina payqab qolgan. Otasi qotilning nomini aytmoqchi boʻlgan. Shunday qilib, Ballaret.

— Vo ajabo! — deb yubordim men.

— Hech qanday shak-shubhasiz shunday. Endi, koʻrib turibsizki, halqa siqilib kelmoqda. Jinoyatchining kulrang libosi borligi uchinchi nuqta edi. Mavhumot topib, kulrang palto kiygan, Ballaretdan kelgan allaqanday avstraliyalik paydo boʻlmoqda.

— Darhaqiqat.

— Qolaversa, u shu yerning oʻzida istiqomat qiladigan odam. Chunki kamar yaqinida ferma bilan qoʻradan boshqa hech narsa yoʻq, bu yerga begona odam kelgan boʻlishi ham mahol.

— Albatta.

— Undan keyin bizning bugungi ekspeditsiyamizni olaylik. Men tuproqni tekshirib, baʻzi mayda-chuyda dalillarni topdim, ularni boya anavi befarosat Lestreydga gapirib berdim. Bu narsalar jinoyatchining shaxsini aniqlashga aloqador edi.

— Siz ularni qanday qilib topdingiz?

— Sizga mening metodim maʻlum. U hamma ma da dalillarni taqqoslashga asoslanadi.

— Siz uning boʻyini, albatta, qadamining uzunligiga qarab taxminlagan boʻlishingiz kerak. Oyoq kiyimi qanday ekanligini ham izga qarab bilish mumkin edi.

— Ha, bu juda alomat poyabzal.

— Uning oqsoqligini qayoqdan bildingiz?

— Uning oyogʻidan tushgan izlar chap oyogʻidan tushgan izchalik aniq emas. Oʻng oyogʻiga kam ogʻirlik tushadi. Nima uchun? Chunki oqsoqlaydi, — u choʻloq.

— Chapaqayligini qayoqdan bildingiz?

— Xirurg tasvirlab bergan shikastlarning xarakteridan sizning oʻzingiz ham hayratlangan edingiz. Zarba tuyqusdan orqadan, chap tomondan berilgan. Chapaqay odamdan boshqa kim shunday qila olishi mumkin? Ota-bola suhbatlashayotganlarida u daraxt orqasida turgan. Turgan joyida hatto tamaki ham chekkan. Men kulini topdim, turli navlardagi tamakilarni bilishim tufayli uning hind sigarasi chekkanini aniqladim. Men, oʻzingizga maʻlumki, bu masala bilan oz-moz shugʻullanib, trubka, sigara va papiros tamakilarining bir yuz qirqqa yaqin navlarining kullari haqida kichkina monografiya yozganman. Sigara kulini topgach, tevarak-atrofga kuzatib yugurtirib, sigarani tashlagan joyini topdim. Bu Rotterdamda tayyorlangan hind sigarasi ekan.

— Mundshtuk bilan chekkanini qayoqdan bildingiz?

— U sigarani ogʻziga olmaganini koʻrdim. Binobarin, mundshtukka solib chekar ekan. Sigaraning uchi tishlab uzib tashlangan emas, kesilgan joyi esa notekis edi, shuning uchun ham, qalamtaroshi oʻtmas boʻlsa kerak, deb oʻyladim.

— Xolms, — dedim men, — siz jinoyatchining qoʻl-oyogʻini chambaras bogʻlab tashlabsiz, endi u qutulib chiqib ketolmaydi, siz bugunoq yigitning hayotini ham omon saqlab qolibsiz, uning boʻynini sirtmoqdan xalos qilibsiz. Men sizning dalillaringiz qayerga borib taqalayotganini koʻrib turibman. Qotilning nomi…

— Mister Jon Tener, — dedi ofitsiant eshikni ochib xonamizga bir kishini kiritarkan.

Kirib kelgan kishining gavdasi gʻoyatda alomat edi. Oqsoqlanib, eran-qaran yurishlari va munkaygan yelkalari uni zaif qilib koʻrsatar, ayni bir vaqtda qatʻiy, shiddatli qiyofadagi dagʻal yuzi, bahaybat qoʻl-oyoqlari uning juda baquvvat ekanini koʻrsatib turar edi. Paxmoq soqoli, oq oralagan sochi va koʻzlariga tushgan baroq qoshlari unga magʻrar va hukmron qiyofa berib turardi. Ammo rangi zagʻil, boʻzargan, lablari bilan burun kataklari esa koʻkish edi. Bir qarashdayoq uning allaqanday bedavo bir dardga giriftor ekanligini payqadim.

— Marhamat, divanga oʻtiring, — deb taklif qildi Xolms muloyimlik bilan. — Maktubimni oldingnzmi?

— Ha, uni darvozabon olib kelib berdi. Shov-shuv boʻlib ketmasligi uchun sizni koʻrsam, degan ekansiz.

— Oʻylaymanki, agar sudda chiqib gapirsam har xil gap-soʻzlar boʻlishi mumkin.

— Men sizga nima uchun kerak boʻlib qoldim?

Tener oshnamga qaradi. Uning horgʻin koʻzlarida shu qadar alam aks etib turardiki, goʻyo oʻz savoliga allaqachon javob olgandek edi.

— Ha, — deb qoʻydi Xolms uning soʻzlaridan koʻra koʻzlarining boqishiga javob berib. — Shunday. Menga Mak-Karti haqidagi narsalarning hammasi maʻlum.

Chol yuzini qoʻllari bilan yashirdi.

— Oʻzing madad ber, rabbim! — deb xitob qildi u.

Ammo men yigitchaning halok boʻlishiga yoʻl qoʻymasdim! Sizga chin soʻz berib aytamanki, agar ish maslahatchilar sudining sayyor sessiyasigacha borib yetsa, unda bor gapni ochgan boʻlardim…

— Bu soʻzlaringizni eshitishdan gʻoyat xursandman, — dedi Xolms qatʻiy.

— Agar qizalogʻim boʻlmaganda bor gapni allaqachon ochgan boʻlardim. Bu narsa uning koʻnglini vayron qilishi mumkin edi, u mening qamalishimga chidayolmasdi.

— Ishni qamoqqacha olib bormasa ham boʻladi, — deb javob berdi Xolms.

— Nahotki?

— Men rasmiy shaxs emasman. Modomiki, meni sizning qizingiz taklif qilgan ekan, uning manfaatlari nuqtai nazaridan ish koʻraman. Oʻzingiz bilasiz, yosh Mak-Karti ozod qilinishi kerak.

— Tez orada olamdan oʻtaman, — dedi keksa Tener. — Koʻp yillardan beri diabet kasalining azobini tortaman. Umrim bir oydan nariga oʻtishiga doktorimning koʻzi yetmayotibdi. Har qalay, turmada oʻlgandan koʻra, oʻz boshpanamda qazo qilish menga ancha, taskin beradi.

Xolms oʻrnidan turib, yozuv stoli tomon bordi-da, alam bilan qogʻoz oldi.

— Hammasini bir boshdan aytib bering, — deb taklif qildi u, — men esa qisqagina qilib yozib olaman. Siz bunga imzo chekasiz. Uotson esa shohidlik bildiradi. Sizning iqroringizni juda zarur boʻlib qolgan taqdirdagina, agar Mak-Kartini omon saqlash kerak boʻlib qolsagina taqdim etaman. Agar zarurati boʻlma-sa, sizga vaʻda beramanki, bu chorani qoʻllamayman.

— Durust, — deb javob berdi chol, — sayyor sessiyagacha yetib bormasam ham ehtimol, shu sababdan bu meni uncha tashvishlantirmaydi. Men Alisani, faqat Alisani bunday ogʻir kulfatdan xalos qilmoqchi edim. Endi sizga hamma gapni aytib beraman. Bu narsa anchadan beri davom etib keladi-yu, ammo hozir bir zumda gapirib berishim mumkin. Siz marhum Mak-Kartini bilmaysiz. Sizni ishontirib aytamanki, u borib turgan iblis edi. Sizni uning panjasiga tushib qolishdan xudo asrasin! Soʻnggi yigirma yildan beri uning panjasida edim, u meni sira koʻz ochirmay qoʻygan edi.

Avval sizga uning qoʻliga qanday tushib qolganimni aytib beray. Bu oltmishinchi yillarning boshlarida, oltin konlarida yuz bergan edi. Men oʻsha vaqtlarda har qanday ishdan tap tortmaydigan sergʻayrat, yengiltak yigit edim. Yaramas ulfatlarga qoʻshilib qolib, ichkilikka oʻrgandim. Mening chekimdagi joyda zarracha ham oltin chiqmadi — sayogʻ yurib, sizlarning taʻriflaringiz bilan aytsak, yoʻl toʻsadigan azamatga aylanib qoldim. Biz olti kishi boʻlib, dorilomon, vahshiyona hayot kechirardik. Oʻqtin-oʻqtin stantsiyalarga hujum qilib konlarga olib boradigan yoʻllarda furgonlarni toʻxtatardik. Meni Ballaretlik qora Jek deb atashardi. Yigitlarimni mustamlakalarda haligacha ham, Ballaret bandasi, deb eslashadi.

Bir kuni Ballaretdan soqchilar qoʻriqchiligida Melburnga oltin joʻnatishdi. Biz pistirmada yotdik. Oltinni olti soqchi qoʻriqlab kelmoqda edi, biz ham olti kishi edik. Qizgʻin toʻqnashuv boʻlib oʻtdi. Birinchi oʻq uzishdayoq toʻrt kishini qulatdik. Oʻljani qoʻlga kiritganimizda esa uch kishigina qolgan edik. Men toʻpponcha ogʻzini aravakashning peshonasiga tiradim — bu Mak-Karti edi. Attang, uni oʻshanda oʻldirib qoʻyaqolsam boʻlar ekan! Ammo rahm qilib uni omon qoldirdim, zotan yuz qiyofamni eslab qolmoqchi bulgandek menga kichkina gʻazabli koʻzlari bilan tikilayotganini payqagan edim. Biz oltinni qoʻlga kiritib, boy boʻlib ketdik, hech narsa bilmagandek Angliyaga qaytib keldik. Bu yerda men sobiq oshnalarim bilan umrbod vidolashib, osoyishta, maʻmur turmush kechira boshladim.

Men oʻsha vaqtda savdo boʻlib turgan shu molikonamni sotib oldim, oʻtmishdagi gunohlarimni birmuncha yuvish uchun, oʻz pullarim bilan aqalli uncha-muncha foyda keltirishga urindim. Bundan tashqari, uylandim, xotinim juda yosh oʻlib ketgan boʻlsa-da, azizimdan menga Alisaginam yodgor boʻlib qoldi. Alisa goʻdakligndayoq jajjigina qoʻllari bilan dunyoda birdan-bir rahnamo boʻlib, menga toʻgʻri yoʻl koʻrsatib turdi. Xullas, men oʻtmishimdan abadiy voz kechdim. Mak-Kartining qoʻliga tushib qolgunimga qadar hamma ishlar tuppa-tuzuk ketayotgan edi…

Oldi-sotdi ishlarim bilan shaharga tushganimda Ridjen-stritda Mak-Kartini uchratib qoldim. Egnidagi paltosiga ham, oyogʻidagi poyabzaliga ham qarab boʻlmas edi.

“Mana, biz nihoyat uchrashdik, Jek, — dedi u qoʻlimga taqilib. — Endi siz bilan biz oʻla qolsak ham ajralishmaymiz. Men yolgʻiz emasman: oʻgʻlim ham bor, siz bilasizki, Angliya aholisi qonunlarga qatʻiy rioya qiladigan ajoyib mamlakat. Qolaversa, hamma yerda polismenlar hoziru nozir”.

Shunday qilib, u oʻgʻli bilan kelib yerimning kun botar tomoniga joylashdi, ulardan qutulishning evini qilolmadim; ular mening yerimda tekin yashashyapti. Na tinchligim, na oromim, na huzur-halovatim qoldi. Qayoqqa bormay, hamma yerda uning ayyorona tirjayib turgan basharasiga duch kelardim. Qizim kattaroq boʻlgach, ahvol yana ham battarlashdi, chunki Mak-Karti qizim oʻtmishimni bilib qolsa, bu har qanday politsiyadan koʻra ham dahshatliroq ekanligini bilardi. Koʻngli nimani tusab qolsa — yermi, imoratmi yoki pulmi, ogʻziga siqqan narsasini olardi, nihoyat u haddidan oshib ketdi. Alisani talab qilib qoldi. Bilasizmi, uning oʻgʻli ham, mening qizim ham katta boʻlib qolishdi, mening kasalim hammasiga ayon edi, oʻgʻlim uning bor mol-mulkini egallashi uchun bu ajoyib bahona, deb oʻylagan, ammo bu gal men sira boʻsh kelmadim. Bu laʻnatining zoti mening zotim bilan qoʻshilishini xayolimga keltirishni ham istamasdim.

Oʻgʻli menga yoqmaydi, deyolmayman-u, ammo yigitning tomirida otasining qoni oqadi-da, shuning oʻzi kifoya edi. Men, har qalay, fikrimdan qaytmadim. Mak-Karti tahdid qila boshladi: men uning toqatini toq qilib yubordim.

Biz hamma gapni gaplashib olish uchun kamar boʻyida uchrashishimiz kerak edi. Shartlashilgan joyga borsam, u oʻgʻli bilan nima haqdadir gaplashayotibdi. Tamaki chekib, u yolgʻiz qolguncha daraxt orqasida kutib turdim. Gaplarini eshitgan sarim zardam qaynab, alamim oshib ketaverdi, bunga ortiq chidab turishim mumkin emas edi. U oʻgʻlini mening qizimga uylanishga majbur qilar, qizimning bu masalaga qanday qarashini xayoliga ham keltirmas, goʻyo gap allaqanday suyugʻoyoq qiz haqida ketayotgandek edi.

Ardoqlab yurganlarimning hammasi shunday odamning izmiga tushib qolishi mumkinligini oʻylarkanman, aqldan ozib qolayozdim. Bu kishanni parchalab tashlaganim maʻqul emasmi? Hayotdan umid uzib, oʻlimga yuz tutgan odam boʻlsam. Garchand, zehnim ravshan, tanamda kuch-quvvatim boʻlsa ham, umrim tugab qolganini bilardim. Ammo shaʻnim bilan qizim-chi! Agar Mak-Kartini tilini tishlashga majbur qilsam, bularning ikkalasini ham omon saqlab qolaman… Men uni oʻldirdim, mister Xolms… Iloji boʻlsa uni yana bir karra oʻldirardim. Men katta gunohkorman, ammo azob-iztiroblardan iborat hayotim gunohlarimni yuvib ketmaydimi? Men tishimni tishimga qoʻyib, hammasiga chidab keldim, ammo qizim ham oʻsha tuzoqqa tushib qolishi mumkin, degan fikrga hech toqat qilolmadim. Men andisha qilib oʻtirmay, uni yaramas bir zaharli gazandadek oʻldirdim. Qichqirganini eshitib, oʻgʻli yugurib keldi, ammo men oʻrmonga yashirinishga ulgurgan edim, lekin tushirib qoldirgan paltomni olib kelgani qaytib borishga majbur boʻldim… Bu chin haqiqat, jentlmenlar, hammasi huddi shunday sodir boʻldi.

— Mayli, sizga nima deb ham taʻna qilardim, — deb qoʻydi Xolms, chol bergan shohidliklari tagiga imzo chekarkan. — Oʻylaymanki, biz ishni sudgacha olib bormasak kerak.

— Bunga shubhalanmasangiz ham boʻladi, ser! Ammo siz nima tadbir koʻrmoqchisiz?

— Sizning sihat-salomatligingizni eʻtiborga olib hech qanday tadbir koʻrmoqchi emasman. Oʻzingiz yaxshi bilasizki, hademay bu dunyodagi suddan koʻra balandroq dargohda javob berasiz. Men sizning iqroringizni saqlab qoʻyaman, bordi-yu, Mak-Karti hukm qilinadigan boʻlsa, undan ana oʻshanda foydalanishga toʻgʻri keladi. Bordi-yu, u oqlanadigan boʻlsa — sizning hayot boʻlish-boʻlmasligingizdan qatʻiy nazar, xudoning bironta ham bandasi siringizdan xabar topmaydi, bularning hammasi oʻrtamizda qoladi.

— Unday boʻlsa, yaxshi qoling, — dedi tantana bilan chol. — Vaqtiki kelib qazoyi muallaqingiz yetsa, mening qalbimga qanday tasalli berganingizni oʻylasangiz osoyishta koʻz yumasiz.

Bahaybat gavdasi titrab chayqalgancha u oʻng oyogʻi oqsoqlanib, xonadan asta-sekin chiqib ketdi.

— Shoʻrimiz qursin, shoʻrimiz! — deb xitob qildi Xolms uzoq jim qolgach. — Taqdir bizdek ayanchli, ojizlarni nega buncha oʻyinchoq qilar ekan?

Maslahatchilar sudining sayyor sessiyasi Xolms taqdim etgan koʻpdan-koʻp isbotlar tazyiqi ostida Jeyms Mak-Kartini oqladi. Keksa Tener oʻsha uchrashuvimizdan keyin yetti oycha yashadi, hozir u olamdan oʻtgan. Jeyms va Alisa ularning oʻtmishlariga soya solgan qora bulutlardan endi sira tashvish tortmay, totuvlikda bosh qovushtirib, baxtiyor yashashlari mumkin, deyishga hamma asoslar bor.

Vahob Roʻzimatov tarjimasi


[1] Sakvoyaj — safar xaltasi

[2] Franchesko Petrarka (1304-1374) – italyan shoiri.

[3] Dok — kemalar quriladigan va taʻmirlanadigan port inshooti.

[4] Jorj Meredit (1828-1909) — atoqli ingliz yozuvchisi.

[5] Yard — 0,9 metrga yaqin.

[6] Fut — 0,3 metrga yaqin.

[7] Aret — inglizchasiga “kalamush” degani.