..

Artur Konan Doyl. Izquvarning inqirozi

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

1

Sherlok Xolms uni doimo “Bu Ayol” deb tilga olardi. Uni qandaydir boshqacha nom bilan atalganini kamdan-kam hollardagina eshitib qolardim. Uning nazarida oʻsha ayol dunyodagi jamiki goʻzallarning timsoli edi. Lekin uni Iren Adlerga ipsiz bogʻlanib qolgan, unda koʻngli bor deb boʻlmasdi. Barcha his-tuygʻular, ayniqsa, muhabbat uning sovuqqon, bosiq tabiatiga, tiyrak aql-zakovatiga yot edi. Mening nazarimda, u fikr yuritadigan, kuzatuvchan eng mukammal mashinaga oʻxshardi: olam ahli hali bunaqasini koʻrmagan boʻlsa kerak. Ammo u oshiq sifatida boshvoqsiz qolishi turgan gap edi. U nozik his-tuygʻular haqida har doim zaharxanda bilan, kamsitish ohangida gapirardi. Unga qolsa, nozik his-tuygʻular tomosha qilsa arzigulik — insonning asl niyatlariyu intilishlarini fosh etib qoʻyadigan ajoyib vosita edi, xolos. Sir emaski, oʻtkir zakovat sohibi ismsiz dardga mubtalo boʻlsa, uning sayqallangan, batartib ichki dunyosi algʻov-dalgʻov boʻlib ketadi, oʻz aqli bilan erishgan barcha haqiqatlar chippakka chiqadi. Xolmsga oʻxshagan insonlar uchun muhabbat degani — bu sezgir asbob ustiga tushgan qum zarrasiday yoki oʻsha asbobning mahobatli koʻzgularining biri darz ketganday bir gapdir. Shunga qaramay, Xolms uchun dunyoda yagona ayol mavjud edi: oʻsha ayol marhum Iren Adler boʻlib, u kishida shubha uygʻotadigan darajada nom taratgan edi.

Keyingi paytlari men Xolms bilan ahyon ahyonda koʻrishib turardim — mening uylanishim bizni bir-birimizdan uzoqlashtirib qoʻydi. Men goʻyo arshi aʻloda yurardim. Albatta, endigina roʻzgʻor boshligi boʻlgan kishining butun diqqat-eʻtiborini oilaviy tashvishlar qamrab oladi. Ayni paytda, asilzodalar turmushini, u qanday koʻrinishda boʻlmasin, loʻlilardan ham battar yomon koʻradigan Xolms hamon Beyker-strit koʻchasidagi bizning uyimizda istiqomat qilardi: atrofida eski kitoblar uyulib yotardi, hafta oralatib kokainga mukkasidan ketardi, goh-goh shuhratparastligi qoʻzib qolardi, bangidan kayf surardi — yovvoyi gʻayrat-shijoat uning tabiatiga xos xususiyat edi.

Odatdagidek u butun borligʻi bilan jinoyatni tekshirishga shoʻngʻib ketgan edi. U oʻzining ulkan qobiliyatini, favqulodda kuzatuvchanlik isteʻdodini rasmiy politsiya tomonidan poyoniga yetib boʻlmaydi deb tan olingan xufiya jinoyatlarni fosh etishga, jilla qursa, kalavaning uchini topib olishga sarflardi. Ora-orada men uning ishlari haqida har xil mishmishlar eshitib qolardim: goh Trepovning fojiali oʻlimi munosabati bilan uni Odessaga chaqirib qolishardi, goh Trinkomalida aka-uka Atkinsonlarning qotillari iziga tushgan boʻlardi, oxiri, Gollandiya qirolligi oilasi tomonidan maxsus topshirilgan vazifani qoyilmaqom qilib ado etgani toʻgʻrisida shov-shuv tarqalardi.

Shunga qaramay, men koʻpchilik oʻquvchilar singari doʻstimning faoliyatiga aloqador maʻlumotlarni gazetada bosilgan xabarlardan bilib olardim, xolos. Lekin jonajon oʻrtogʻimning oʻzi haqida deyarli hech narsa bilmasdim.

Bir kuni kechasi (bu voqea 1888-yil 20-mart kuni boʻlgan edi) men mijozim huzuridan qaytayotib, — men yana xususiy ishlar bilan shugʻullana boshlagan edim, — beixtiyor Beyker-strit tomon burildim. Menga qadrdon boʻlib qolgan eshik yonidan oʻtar ekanman, qalligʻimga sovchi qoʻyib yurgan paytlarim va “Qizgʻish tusli manza” bilan bogʻliq boʻlgan koʻngilsiz voqealar bir-bir koʻz oʻngimda gavdalandi. Tuyqus butun borligʻimni Xolmsni yana bir marta koʻrish istagi chulgʻab oldi: hozir uning teran aql-idroki qanday masalalarni hal etish bilan mashgʻul ekan? U yashaydigan uyning derazasi yop-yorugʻ edi. Men yuqoriga qaradimu novcha, ozgʻin gavdani darrov ilgʻab oldim — uning qop-qora soyasi ikki marta deraza pardasiga tushdi. U xona boʻylab tez-tez yurardi, boshini egib olibdi, qoʻllarini orqasiga chalmashtirgan. Uning kayfiyatini, qiliqlarini yaxshi biladigan kamina darrov koʻp narsani payqadi: xonaning u burchagidan-bu burchagiga bekordan bekorga zuv-zuv borib kelmasdi. Demak, yana bir ishni boshlab qoʻygan edi. U giyohvandlik natijasida paydo boʻlgan sarobdan forigʻ, endi qandaydir jumboqning yechimini izlash bilan ovora koʻrinardi. Men qoʻngʻiroqni jiringlatdim, meni xonaga boshlab kirishdi: qachonlardir bu xonaning bir qismi kaminaning ixtiyorida edi.

U meni tantanali gap-soʻzlar bilan kutib olmadi. Umuman, uni tantanali kayfiyatda uchratish amrimahol edi. Lekin sezdimki, meni koʻrib xursand boʻldi. U deyarli soʻzsiz suratda xushchaqchaqlik bilan meni oʻtirishga taklif etdi, oldimga sigaret qutisini surib qoʻydi, soʻng vino saqlanadigan yertoʻlaga ishora qildi. Keyin oʻrnidan turdi-da, oʻchoqqa orqa oʻgirgan koʻyi menga sinchiklab razm soldi.

— Oilaviy hayot sizga yoqibdi, — deb taʻkidladi u. — Menimcha, Uotson, men sizni oxirgi marta koʻrganimdan buyon siz yetti yarim qadoq semiribsiz.

— Yetti qadoq.

— Rostdanmi? Yoʻgʻ-e, sal koʻproq shekilli. Ishonavering, oz-moz koʻproq. Anglashimcha, siz ishlayapsiz, chogʻi. Ishga bel bogʻlab turganingiz haqida menga lom-mim demagan edingiz.

— Xoʻsh, siz buni qayoqdan bildingiz?

— Men ahvolingizni koʻrib turibman, men xulosa chiqaryapman, xolos. Masalan, siz yaqinda paqqos ivib ketganingizni, uyingizdagi oqsoch oʻtaketgan palpis xotin ekanini men qayoqdan bilaman?

— Azizim Xolms, sal oshirib yubordingiz, — dedim men. — Shubhasizki, agar bir necha asr ilgari yashaganingizda bormi, sizni gulxanda kuydirishardi. Toʻgʻri, payshanba kuni shahardan tashqariga chiqqan edim va men uyga hammayogʻim iflos boʻlib qaytib keldim. Lekin darhol kostyumimni almashtirganman, hozir ustboshimda yomgʻirning izlari qolmagan-ku axir. Endi Meri Jen masalasiga kelsak, rostdan ham unga bir gapni uqtirish juda qiyin: xotinim allaqachon uni ogohlantirib qoʻygan — ishdan boʻshatib yubormoqchi. Shunga qaramay baribir hayron qoldim, bularning barini siz qayoqdan bildingiz?

Xolms tovushini chiqarmasdan kuldi-da, uzun-uzun asabiy qoʻllarini silab-siypaladi.

— Bundan osoni yoʻq! — dedi u. — Koʻzlarimning shahodat berishicha, chap oyogʻingizdagi boshmoqning ichki tomonida, aynan nur tushib turgan joyida, deyarli paralel ravishda oltita timdalangan chiziq koʻrinib turibdi. Ravshanki, poshnangizda qotib qolgan loyni tozalayotgan kimsa pala-partishligi tufayli boshmoqni timab qoʻygan. Shuning uchun, siz amin boʻlganingizdek, men qoʻshaloq xulosa chiqardim: Siz yogʻingarchilikda tashqariga chiqqansiz va londonlik oqsochlarning eng betamiz nusxalaridan bittasini uyingizda saqlaysiz. Endi siz mashgʻul boʻlgan ish masalasiga kelsak, agar yodoform anqib turgan, oʻng qoʻlining koʻrsatgich barmogʻiga azot kislotasidan dogʻ tushgan, ustiga-ustak, tsilindrsimon shlyapasi doʻmpayib turgan, yaʻni stetoskopini qayoqqa yashirib qoʻyganini yaqqol sezdirib qoʻygan jentlmen mening huzurimga tashrif buyursayu, lekin uni shifokorlik olamining vakili ekanini ilgʻab ololmasam, bilingki, qipqizil ahmoq boʻlaman.

Men undan qay tarzda muayyan bir toʻxtamga kelgani xususidagi gaplarni eshitar ekanman, beixtiyor kulib yubordim.

— Siz oʻz mulohazalaringiz bilan oʻrtoqlashgan chogʻda hamma narsa menga kulgili darajada oddiy tuyuladi — bularning barchasini oʻzim ham osongina idrok etishim mumkin edi-ku, — deb taʻkidladim. — Lekin har safar yangi dalil keltirgan paytingizda men butunlay esankirab qoldim, faqat oʻz fikr-mulohazalaringizni bayon etganingizdan keyingina oʻzimga keldim. Oʻylashimcha, mening koʻzlarim ham siznikidan xira emas.

— Mutlaqo toʻgʻri, — dedi Xolms papirosini tortib-tortib chekar ekan, keyin u kresloga yastanib oldi. — Siz koʻrib turibsiz, lekin sinchiklab kuzatayotganingiz yoʻq — bularning oʻrtasida juda katta tafovut bor. Aytaylik, siz ushbu xonaga olib chiqadigan zinapoyani juda koʻp bora koʻrganmisiz?

— Koʻp koʻrganman.

— Necha marta?

— Xoʻsh, bir necha yuz marta koʻrganman.

— Juda yaxshi. Oʻsha zinapoyaning nechta pogʻonasi bor?

— Nechta? Hech eʻtibor bermaganman.

— Ana koʻrdingizmi, hech eʻtibor bermagansiz. Lekin ularni koʻrgansiz! Hamma gap ana shunda. Mayli, lekin men bilamanki, zinapoyaning oʻn yettita pogʻonasi bor, chunki men ularni ham koʻrganman, ham kuzatganman. Darvoqe, siz mening kasbim bilan bogliq holda hal etiladigan baʻzi bir masalalarga qiziqib yurardingiz, chogʻi. Hatto kaminaning ikki-uchta arzimas tajribalarini qogʻozga ham tushirib qoʻygan edingiz. Shuning uchun, ehtimol sizni mana bu xat qiziqtirib qoʻyishi mumkin.

U stol ustida yotgan qalin, qizgʻish pochta varaqasini oldimga tashladi.

— Hozirgina oldim, — dedi u. — Tovushingizni chiqarib oʻqing-chi.

Xatning yuborilgan vaqti ham, adresi ham koʻrsatilmagan edi, imzosiz edi. “Bugun kechasi, oʻn beshta kam sakkizda, muhim ish boʻyicha maslahat soʻrash uchun huzuringizga bitta jentlmen boradi, — deyilgan edi xatda. — Yaqinda Yevropadagi qirol oilasiga koʻrsatgan yordamingiz natijasida ayon boʻldiki, sizga favqulodda muhim ishlarni ham ishonib topshirsa boʻlar ekan. Kimdan soʻrab-surishtirmaylik, sizga ana shunday yuksak baho berishdi. Aytilgan paytda uyda boʻlishingiz soʻraladi. Xavotirlanmang. Huzuringizga tashrif buyuradigan kimsa niqobdor boʻlishi mumkin”.

— Haqiqatan ham xufiya ishga oʻxshaydi, — dedim. — Oʻzingiz nima deysiz?

— Hozircha qoʻlimda hech qanday maʻlumot yoʻq. Dalil-isbotsiz nazariya yaratilsa, oxiri baxayr boʻlmaydi. Kishi oʻzi bilmagan holda faktlarni nazariyaga moslab chiylay boshlaydi, faktlarni notoʻgʻri talqin qiladi. Aslida esa nazariyani faktlar bilan asoslash lozim. Lekin xat qoyilmaqom yozilibdi! Siz xat xususida qanday xulosaga kelishingiz mumkin?

Men xatni ham, xat yozilgan qogʻozni ham sinchiklab koʻzdan kechirdim.

— Aftidan, ushbu xatni yozgan odam xiyla badavlat koʻrinadi, — dedim, doʻstimning ish usuliga taqlid qilishga urinib. — Bunday qogʻozning bir qutisi eng kamida yarim kron turadi. U ancha mustahkam, qalin.

— Gʻalati deyilsa, munosibroq taʻrif berilgan boʻlardi, — deb taʻkidladi Xolms — Bu Angliyada tayyorlanadigan qogʻoz emas. Uni nurga tutib koʻring-chi.

Men uni nurga tutdimu gʻira-shira belgilarni payqab oldim; katta “E” va kichkina “g”, keyin “P” va katta “G” kichkina “sh” harflari bilan koʻrindi.

— Siz bundan qanday xulosa chiqarishingiz mumkin? — deb soʻradi Xolms.

— Shubhasizki, bu fabrika egasining ismi sharifi boʻlsa kerak, aniqrogʻi uning monogrammasi[1] shekilli.

— Ana, xato qildingiz! Katta “G” bilan kichkina “sh” — bu “Gesell-shaft” soʻzining qisqartma koʻrinishi: nemischa soʻz, “shirkat” degan maʻnoni anglatadi. Bu odatiy qisqartma soʻz boʻlib, xuddi inglizlarning “Ko” belgisiga oʻxshaydi. “P” esa, albatta “Papiyer” demakdir, yaʻni “qogʻoz”. Endi “E” harfining magʻzini chaqishimiz kerak. Qani, chet mamlakatlarining jugʻrofiy maʻlumotnomasini varaqlab koʻraylik-chi… — u kitob javonidan sargʻish muqovali, ogʻirgina, katta maʻlumotnomani qoʻliga oldi. — Yeglov, Yeglunitts… Mana, topdik: Yegeriston. — U yerliklar nemischa gaplashishadi, Bogemida — Karlsbadga[2] yaqin joy. Vallenshteyn[3] halok boʻlgan qadamjo, u yer koʻplab oyna zavodlariyu qogʻoz fabrikalari bilan dong taratgan… Ha-ha-ha, toychogʻim, siz endi bundan qanday xulosa chiqarasiz? — uning koʻzlari tantanali chaqnadi, soʻng papirosidan pagʻapagʻa koʻkimtir tutun buruqsitdi.

— Qogʻoz Bogemida tayyorlangan, — dedim.

— Xuddi shunday. Xat yozgan kishi esa nemis. Siz dagʻal jumla tuzilganini payqadingizmi: “Kimdan soʻrab-surishtirmaylik, sizga ana shunday yuksak baho berishdi”. Frantsuz yoki rus bu qadar parishon xat yozmaydi. Faqat nemislargina ish-harakatni ifodalovchi soʻzlarni shunaqa — bepisand ohangda ishlataveradilar. Shunday qilib, endi faqat bir narsani bilishimiz darkor: Bogemida tayyorlangan qogʻozga xat yozadigan va asl qiyofasini koʻrsatmaslik uchun yuziga niqob tutib yurishni lozim topgan bu nemisga nima kerak? Yanglishmasam, ana, oʻzi ham kelib qoldi shekilli. Bizning barcha gumonlarimizni uning oʻzi tarqatib yuborsa ajab emas.

Biz yaqinginadagi yoʻl chetidan eshitilayotgan otlarning dupur-dupuriga, arava gʻildiraklarining, gʻijirlashiga quloq soldik. Koʻp oʻtmay kimdir eshik qoʻngʻrogʻini zarb bilan chaldi.

— Tovushiga qaraganda, bir juft ot qoʻshilgan aravaga oʻxshaydi… — U derazadan pastga moʻraladi-da, davom etdi:

— Ana, aytmadimmi, bejirimgina soyabonli aravaga ikkita yoʻrgʻa qoʻshilgan… har birining bahosi yuzu ellik oltin tanga turadi. Nima boʻlganda ham pulning hidi kelyapti, Uotson.

— Xolms, men sizlarni yolgʻiz qoldirsam tuzuk boʻlarmidi-a?

— Yoʻq, yoʻq, ketmang! Tarjimai holimni yozayotgan inson ketib qolsa, qoʻl-oyogʻim bogʻlanib qoladi-ku! Sezishimcha, qiziqarli ishga oʻxshaydi. Agar siz qatnashmasangiz keyin afsus qilasiz.

— Lekin sizning mijozingiz…

— Hechqisi yoʻq, parvo qilmang. Menga ham, unga sizning yordamingiz zarur boʻlib qolishi mumkin… u kelyapti. Doktor, mana bu kresloga oʻtiring, xayollaringizni chalgʻitmang.

Zinapoyadan, yoʻlakdan eshitilgan ogʻir-vazmin qadam tovushlari biz oʻtirgan xona ostonasiga yaqinlashganda tindi-qoldi. Keyin eshigimiz qattiq-qattiq, amirona taqillatildi.

— Kiring! — dedi Xolms.

Xonaga boʻyi olti qarichu olti dyumdan[4] kam chiqmaydigan, pahlavon kelbat kishi kirib keldi. U dabdabali kiyingan edi, lekin bunday dabdababozlik Angliyada roʻdapolik hisoblanardi. Uning avra-astari qalin paltosining yengiyu old qismiga qorakoʻldan enlik jiyak qadalgan edi; yelkasiga tashlangan qoramtir-koʻkish plashning hoshiyasiga shafaq rang-qizgʻish shoyi tikilgan boʻlib, zarhal bogʻich bilan boʻyniga bogʻlab olgan edi. Qoʻnjisi boldirining yarmigacha yetgan etigining sirtiga qimmatbaho sargʻish moʻyna qoplangan — bular uning butun qiyofasidan koʻrinib turgan toʻqlikka shoʻxlik alomatlarini yanada kuchaytirardi. U keng soyabonli shlyapasini qoʻlida ushlab turardi, yuzining yuqori qismi qop-qora niqob bilan toʻsilgan edi, niqob uning yonoqlaridan pastroqqa tushgan edi. Aftidan, dubulgʻa pardasini eslatadigan niqobni u hozirgina yuziga tutib olganga oʻxshaydi. Chunki xonaga kirgan chogʻda ham hali qoʻlini pastga tushirib ulgurmagan edi. Yuzining quyi qismiga qarab hukm chiqaradigan boʻlsak, bu kishi kuchli iroda koʻrinardi: qalin, doʻrdoq lablari va uzun, gird tushgan iyagi uning qatʻiyatli hamda oʻjar ekanidan dalolat berib turardi.

— Siz mening xatimni oldingizmi? — deb soʻradi u past tovushda, uning dagʻal talaffuzidan nemis lagʻjasi yaqqol sezilib qolardi. — Men sizning huzuringizga borajagim haqida xabar bergan edim. — U goh birimizga, ikkinchimizga nazar tashlardi. Chamasi, u kimga murojaat etishni bilmasdi.

— Marhamat, oʻtiring, — dedi Xolms. — Bu kishi mening doʻstim, doktor Uotson. U juda ham mehribon, baʻzan mening ishlarimga yordamlashib turadi. Kim bilan gaplashayotganimni bilsam boʻladimi?

— Siz kaminani graf fon Kramm — bogemilik aslzoda deb hisoblashingiz mumkin. Umid qilamanki, mana bu jentlmen, sizning doʻstingiz, toʻla-toʻkis ishonchli odam boʻlsa kerak — uning oldida favqulodda muhim ish haqida gapirishim mumkinmi? Agar mumkin asa, men siz bilan yakkama-yakka gaplashishni afzal koʻrardim.

Men xonani tark etish uchun oʻrnimdan turdim, lekin Xolms qoʻlimdan tutib yana kresloga oʻtqazib qoʻydi.

— Gapingizni yo ikkalamizga aytasiz, yoki umuman aytmaysiz. Men bilan yuzma-yuz qolgan paytda nimalarni gapirishingiz mnmkin boʻlsa, bu jentlmen oldida ham oʻshalarni bemalol aytavering.

Graf yagʻrindor yelkalarini qisdi.

— Unday boʻlsa, avvalo, sizlar men hozir aytadigan gaplarni ikki yilgacha sir saqlaymiz deb vaʻda berishlaringiz kerak. Ikki yil oʻtgandan keyin bu gaplarning hech qanday ahamiyati qolmaydi. Hozir esa zarracha mubalagʻasiz aytishim mumkin: bu voqea shu darajada jiddiyki, hatto Yevropaning taqdiriga ham taʻsir koʻrsatishi ehtimoldan xoli emas.

— Vaʻda beraman, — dedi Xolms.

— Men ham.

— Yuzimga niqob tutib olganim uchun maʻzur koʻrasizlar, — deb soʻzida davom etdi gʻalati mehmon. — Menga topshiriq bergan shaxsning istagi boʻyicha, u kafolot bergan vakilni sizlar bilmaganlaring maʻqul. Rostini aytsam, men u oʻzimni tanishtirish chogʻimda aytgan unvonim ham unchalik toʻgʻri emas.

— Buni oʻzim ham payqadim, — dedi Xolms quruqqina ohangda.

— Vaziyat benihoya qaltis, shu tufayli mislsiz mashmasha boshlanib ketmasligi uchun barcha chora-tadbirlarni koʻrish taqozo etiladi. Chunki oxir oqibatda Yevropada hukmronlik qilayotgan dinastiyalardan bittasining obroʻyi toʻkilishi mumkin. Ochigʻini aytganda, bu ish hukmron Ormshteynlar —

Bogemi qirollari oilasiga aloqador.

— Oʻzim ham shunday deb oʻylagan edim, — deb gʻuldiradi Xolms va kresloga yastanibroq oʻtirib olib, koʻzlarini yumdi.

Mehmon ochiq-oydin hayratlangancha dangasaligi tutib, yonboshlab olgan loqayd odamga tikilib qoldi: shubhasizki, bu kishini unga Yevropadagi izquvarlar orasidagi eng gʻayratlisi, zukkosi sifatida taʻriflashgan edi. Xolms asta koʻzlarini ochdi-da, gʻoʻlabirday mijoziga shoshmasdan nazar soldi.

— Agar janoblari oʻz ishlari bilan bizni tanishtirsalar, men sizga yoʻl-yoʻriq koʻrsatishga unchalik qiynalmasdim — dedi u.

Mehmon stuldan sapchib turdi-yu, jazavasi tutib xonadan uyoqdan-buyoqqa yura boshladi. Keyin yuzidagi niqobini shahd bilan sidirib polga uloqtirdi.

— Siz haqsiz men qirolman! — deb hitob qildi u. — Buni yashirib oʻtirishimning nima keragi bor?

— Darhaqiqat, nima keragi bor? Janobi oliylari hali gap boshlamasdan ilgariyoq roʻparamda Vilgelm Gottsreyx Sigiztund fon Ormshteyn, yaʻni ulugʻ knyaz Kassel-Felshteygski, yaʻni Bogemining merosxoʻr qiroli turganlariga imon keltirgan edim.

— Lekin bilasizmi, — dedi gʻalati mehmon va yana joyiga oʻtirdiyu oppoq, keng peshonasini ishqalab qoʻydi — bilasizmi, men bunday ishlar bilan shaxsan mashgʻul boʻlishga odatlanmaganman! Shunga qaramay, masala shu darajada qaltiski, men politsiyada xizmat qiladigan josuslardan birortasiga taqdirimni ishonib topshirishni lozim topmadim — chunki men ishongan aygʻoqchining oʻzi boshimga chiqib olishi mumkin. Men Pragadan ataylab yashirincha keldim, sizdan soʻrab keldim.

— Marhamat, maslahat soʻrayvering, — dedi Xolms u yana koʻzlarini yumib oldi.

— Voqeaning qisqacha mazmuni quyidagicha: bundan besh yilcha muqaddam, uzoq vaqt Varshavada yashagan paytimda, hammayoqqa dongʻi ketgan Iren Adler degan yengiltak asl bilan tanishdim. Hech shubhasizki, bu ism sizga ham tanish boʻlsa kerak?

— Doktor, malol kelmasa, mening roʻyxatnoma bir qarab yuborsangiz, — deb gʻuldiradi Xolms koʻzlarini ochmay.

Bir necha yillar oldin u odamlarga, hodisalarga aloqador faktlarni qayd etib boradigan sistema joriy qilgan edi. Shuning uchun biror shaxs yoki predmet haqida darhol maʻlumot berish unchalik mushkul edi. Men shu tobda yahudiy ruhoniysi bilan chuqur suv havzalarida yashaydigan baliqlar haqida ilmiy asar yozgan bir shtab boshligʻining tarjimai hollari orasidan Iren Adlerning tarjimai holiga oid varaqlarni oldim.

— Koʻrsating-chi, — dedi Xolms. — Hm-m. Nyu-Jersida 1858-yili tugʻilgan. Kontralto, hm-m… La Skala[5], shunday-shunday… Varshavadagi imperator opera teatrida asosiy rollarni ijro etgan ayol, ha-ya! Opera sahnasini tark etgan, oʻh-hoʻ! Londonda yashaydi… mutlaqo toʻgʻri! Janobi oliylari, kaminaning fahmlashicha, bu jonon sizni ipsiz bogʻlab olgan, siz unga boshqalar oldida obroʻyingizni tushirib qoʻyishi mumkin xatlar yozgansiz, endi oʻsha xatlarni qaytarib olmoqchisiz.

— Gaplaringiz toʻppa-toʻgʻri. Lekin qanday qilay?

— Siz pinhoniy ravishda unga uylanganmisiz?

— Yoʻq.

— Hech qanday hujjat yoki guvohnoma ham yoʻqmi?

— Yoʻ-oʻq axir.

— Unday boʻlsa, janobi oliylari, men sizning muddaongiz nima ekanini tushunmadim. Agar oʻsha juvon sizning xatlaringizdan tovlamachilik yoki boshqa maqsadlarda foydalanishni istasa, ularning asl nusxa ekanini qanday qilib isbotlaydi?

— Mening dastxatim taniqli-ku.

— Bekor gap! Qalbaki.

— Xat yozadigan shaxsiy qogʻozim-chi?

— Oʻgʻirlangan.

— Shaxsiy muhrim-chi?

— Yasama.

— Fotosuratim-chi?

— Sotib olingan.

— Lekin biz birga suratga tushganmizku!

— Oʻ-oʻ, shunisi yomon boʻlgan ekan! Janobi oliylari haqiqatan ham juda katta xatoga yoʻl qoʻygan ekanlar.

— Men Irenni koʻrsam — bas, aqlu hushimdan ayrilib qolardim.

— Siz jiddiy ravishda obroʻyingizni toʻkib qoʻyibsiz.

— Men u paytlari bor-yoʻgʻi taxt vorisi edim, xolos. Yosh edim. Hozir ham endigina oʻttizga kirdim.

— Suratni qanday boʻlmasin qaytarib olish zarur.

— Biz harakat qilib koʻrdik, lekin sirayam iloji boʻlmadi.

— Janobi oliylari chiqimdan qochmasligi lozim: Suratni sotib olish kerak.

— Iren sotishni istamayapti.

— Unday boʻlsa, oʻgʻirlash kerak.

— Besh marta oʻgʻirlashga urinib koʻrildi. Men yollanma qulfbuzarlarni ikki marta ishga soldim, ular uning uyini agʻdar-toʻntar qilib yuborishdi. Bir gal, u sayohatga chiqqan paytda, yuklari ham birma-bir tintuv qilindi. Avrab-aldab uni ikki bora tuzoqqa tushirdik. Lekin hech qanday samaraga erishganimiz yoʻq.

— Hech qandaymi?

— Ha. Hech qanday. — Xolms kulib yubordi. — Tuzukkina jumboq ekan-ku! — dedi u.

— Lekin bu men uchun hayot-mamot masalasi! — deb eʻtiroz bildirdi qirol taʻnaomuz.

— Ha, toʻgʻri. Xoʻsh, ular suratni nima qilishmoqchi oʻzi?

— Meni xarob qilishadi.

— Ammo qay yoʻsinda?

— Men yaqinda uylanmoqchiman.

— Bu haqda eshitdim.

— Klotilda Lotman fon Saksen-Meningenga uylanmoqchiman. Ehtimol, siz bu oilaning qatʻiy tartiblari mavjud ekanini bilarsiz? Klotilda — bu pokizalik timsoli. Mening oʻtmish hayotimga oid ozgina gumon tugʻilsa, oxiri ayriliqqa borib taqaladi.

— Iren Adler nima deyapti?

— U, suratni qalligʻingning ota-onasiga yuboraman, deb dagʻdagʻa qilyapti. Yuborishdan ham toymaydi, albatta yuboradi! Siz uni bilmaysiz. U tabiatan temirdek mustahkam. Ha, ha, u sirtdan yoqimtoy ayolga oʻxshaydi-yu, lekin yuragi tosh-metin. Meni boshqa birovga uylantirmaslik uchun qoʻlidan keladigan hamma nomaʻqulchiliklarni qilishga ham tayyor.

— U suratni hozircha qalligʻingizga joʻnatmaganiga ishonchingiz komilmi?

— Ishonchim komil.

— Nima uchun?

— U suratni men qalligʻimga rasman unashtiriladigan kunda joʻnatishga soʻz bergan. Oʻsha voqea mana shu kelayotgan dushanba kuni roʻy beradi.

— Oʻ-oʻ, ixtiyorimizda faqat uch kun muhlat qolibdi-ku! — dedi Xolms esnab. — Shunisiga ham shukr, chunki men hozir baʻzi bir muhim ishlar bilan shugʻullanishim lozim. Janobi oliylari hozircha Londonda qolsalar kerak-a?

— Albatta. Siz meni Langxem mehmonxonasidan topishingiz mumkin. U yerdan graf fon Kramm ismli zotni soʻraysiz.

— Unday boʻlsa, men sizga xat joʻnataman — ishlar qanday ketayotgani haqida xabar qilaman.

— Sizdan oʻtinib-oʻtinib soʻrayman. Men judayam hayajonlanyapman!

— Xoʻsh, pul masalasi nima boʻladi?

— Oʻzingiz bilasiz, keragicha sarflayvering. Siz koʻnglingizning koʻchasiga qarab, emin-erkin harakat qilishingiz mumkin.

— Butunlaymi?

— Boʻlmasam-chi, men oʻsha surat evaziga oʻz qirolligim tasarrufidagi har qanday oʻlkani inʻom etib yuboraman.

— Kundalik xarajatlar-chi?

Qirol plashining qatidan ogʻirgina hamyon chiqarib, uni stolga tashladi.

— Bu yerda uch yuz funt tillo tanga va yetti yuz soʻm alohida mablagʻ bor, — dedi u.

Xolms yon daftarchasiga tilxat yozdi-da, varaqni yirtib qirolga uzatdi.

— Xonimning adresini berasizmi? — deb soʻradi u.

— Brayoni-loj, Serpantayn koʻchasi, Sent-Jons-vud.

Xolms yozib oldi.

— Yana bitta savolim bor, — dedi u. — Surat xonabop razmerda olinganmidi?

— Ha, xonabop.

— Endi xayrli kech, janobi oliylari, umid qilamanki, tez orada biz xushxabarning shohidi boʻlamiz… Xayrli kech, Uotson, — deb qoʻshib qoʻydi u, qirol aravasi koʻprikni taraqlatib oʻtayotgan paytda. — Marhamat qilib, ertaga soat uchda huzurimga tashrif buyursangiz, men siz bilan mana shu ish borasida suhbatlashmoqchiman.

2

Ertasi kuni roppa-rosa soat uchda men Bayker-stritga bordim, lekin Xolms xali qaytmagan ekan. Iqtisodchi ayolning gapiga qaraganda, u sakkizlarda uydan chiqib ketgan edi. Men oʻchoq roʻparasiga oʻtirdim: uni qaytguncha kutishga qaror qildim. Tergov ishlariga nihoyatda qiziqib qoldim. Toʻgʻri, bu ish ilgari boshqa oʻrinda hikoya qilganim ikki mudhish jinoyat kabi gʻaroyib va mavhum vasiyatlarga ega emasdi. Lekin bu hodisa oʻziga xos jihatlari va mijozning yuksak mavqei bilan alohida ajralib turadi. Mayli, doʻstim olib borayotgan tergovning asl mohiyatini bir chetga qoʻyib turaylik, ammo vaziyatni u nechogʻli muvaffaqiyatli, mohirona baxholay olganiga, xulosalarida nechogʻli qatʻiy, rad etib boʻlmas mantiqda amal qilganiga tan bermay ilojimiz yoʻq, axir! Abjir, muxtasar usullar yordamida eng chalkash sinoatlarning xam avra-astarini agʻdarib tashlayotganini kuzatish menga haqiqiy huzur-halovat bagʻishlardi. Men uning ketma-ket zafar qozonishiga shu darajada koʻnikib ketgan edimki, u ham inqirozga uchrashi mumkin ekanini xayolimga sigʻdirolmasdim.

Eshik ilkis ochilib, chakka soqolli, hurpaygan savatsoch, yuzlari boʻgʻriqqan, odmigina va betartib kiyingan shirakayf otboqar xonaga kirib kelgan paytda soat toʻrtlarga yaqinlashib qolgan edi. Men doʻstimning oʻz qiyofasini xam oʻzgartira oladigan benazir qobiliyat soxibi ekaniga ilgari sira-sira koʻnikma hosil qilmaganim uchun qarshimda chayqalib turgan kimsa haqiqatdan-da Xolmsmi yoki boshqa birovligini aniqlash maqsadida unga boshdan-oyoq uch marta sinchiklab razm solishga majbur boʻldim. U yoʻl-yoʻlakay menga bosh silkitib qoʻydiyu indamay yotoqxonasiga kirib ketdi va besh minutlardan soʻng chiqdi: egniga qora kostyum kiyib olibdi, koʻrinishi odatdagidek muloyim edi. Qoʻllarini choʻntaklariga tikan koʻyi oyoqlarini lovullab gulxan yonayotgan oʻchoq tomon uzatdi-da, bir necha minut qiqir-qiqir kulib oʻtirdi.

— Moʻjiza! — deb xitob qildi u, keyin uni yoʻtal tutdi va yana xoxolab yubordi, toki holsizlanib qolguncha kulaverdi, oxiri majolsizlanib kreslo suyanchigʻiga oʻzini tashladi.

— Nima gap?

— Kulgili, haddan tashqari kulgili! Ishonchim komilki, men ertalabki vaqtimni qanday oʻtkazganimni, oxiri nima qilganimni siz ikki dunyoda ham oʻylab topolmaysiz.

— Tasavvur qilolmayman. Menimcha, siz Iren Adlerning odatlarini, yoki, ehtimolki, xonimning uyini kuzatgan boʻlsangiz kerak.

— Mutlaqo toʻgʻri, lekin natijasi men kutgandan ham ziyoda boʻldi… Yaxshisi, bir boshdan gapirib beraman. Soat sakkizdan oʻtganda men ishsiz otboqar qiyofasida uydan chiqdim. Otga oshno boʻlgan kishilar oʻrtasida oʻziga xos birodarlik, gʻaroyibona mehr-oqibat mavjud. Ishonmasangiz, otboqar boʻlib koʻring — birpasda oʻzingizga kerakli hamma narsani bilib olasiz. Men Brayoni-lojni xech qiynalmasdan topdim. Bu moʻjazgina, muhtashamgina ikki qavatli villa ekan; koʻcha tomonda eshigi bor, orqasi chorbogʻ. Chorbogʻ eshikda otning kallasiday qulf osigʻlik. Chap qanoti keng-moʻl mehmonxona: yaxshigina bezatilgan, derazalari katta-katta — deyarli uy baravar keladi, eshigiga bemaʻni ingliz loʻkidoni qadalgan, uni yosh bola ham ochishi mumkin. Uyning ketida diqqatga sazovor xech narsa koʻrinmadi, faqat ikkinchi qavatdagi ayvonga ot-aravalar turadigan bostirmaning tomi orqali chiqsa boʻlar ekan. Men shu bostirmaning toʻrt tomonini ham sinchiklab koʻzdan kechirdim, lekin eʻtiborga molik biron narsani uchratmadim. Men koʻcha boʻylab ketdim va xuddi kutganimday, chorrahada chorbogʻ devoriga taqab surilgan otxonaga duch keldim. Men otboqarlarga otlarni yuvib-tarashda yordamlashib yubordim, buning evaziga ikki tanga pul, bir stakan araq, ikki oʻram tamaki xamda Adler xonimu uning qoʻni-qoʻshnilari haqida burnimdan chiqquncha maʻlumotlar oldim. Qoʻni-qoʻshnilari meni zarracha xam qiziqtirmasdi, lekin ularning tarjimai xollarini eshitishga majbur edim.

— Siz Iren Adler haqida nimalarni bilib oldingiz? — deb soʻradim.

— Asti soʻramang, u shaharning mana shu qismida yashaydigan barcha erkaklarning boshini aylantirib qoʻyibdi! U yer yuzida roʻmol oʻrab yuradigan ayollar orasida eng zebo sanam. Serpantaynlik otboqarlar bir ovozdan shunday deyishyapti. U beozorgina xayot kechiradi, baʻzan kontsertlarda ishtirok etadi, har kuni soat beshda sayr qilgani otlanadi va roppa-rosa yettida tushlikka yetib keladi. Sayr vaqtini kamdan-kam hollardagina — qoʻshiq aytishi lozim boʻlgan paytlardagina oʻzgartiradi, xolos. Uni bittayu bitta erkak yoʻqlab turadi — yagona erkak, ammo tez-tez yoʻqlab turadi. Qorachadan kelgan, kelishgan, oliftanamo; har kuni uning huzuriga keladi, baʻzan bir kunda ikki marta tashrif buyurishi mumkin. Uning ismi sharifi mister Godfri Norton, templlik[6]. Koʻrdingizmi, aravakashlarning ishonchini qozonib olsangiz ziyon qilmaysiz! Ular oʻsha erkakni Serpantayn otxonasidan yigirma martacha uyiga eltib qoʻyishgan va u haqida hamma maʻlumotlarni bilib olishgan. Men ularning gaplarini oxirigacha tingladim-da, yana Brayoni-loj atrofida sayr eta boshladim, keyingi qilinadigan ishlarning rejasini

tuzdim. Bu Godfri Norton, aftidan, hamma ishlarda asosiy vazifani bajarayotgan shaxs shekilli. U huquqshunos. Bu xunuk eshitiladi. Xoʻsh, ularni nima bogʻlab turibdi, qanday sababga koʻra ular tez-tez uchrashadilar? Iren unga kim boʻladi — mijozimi? Doʻstimi? Oʻynashimi? Agar Adler uning mijozi boʻlsa, ravshanki, oʻsha suratni yuz qorachigʻiday asrash uchun unga berib qoʻygandir. Mabodo oʻynashi boʻlsa, bermagan boʻlishi mumkin. Mana shu masalani bir yogʻli qilib olsam, bundan keyin ishni Brayoni-lojda davom ettirishim yoki Templda yashaydigan anavi jentlmenning kvartirasiga eʻtiborni qaratishim lozimligi maʻlum boʻladi. Bu masala xiyla qaltis, endi mening izlanishlarim doirasi ancha kengayadi… Uotson, mana shunaqa ikir-chikirlar sizning joningizga tegmasa goʻrgaydi deb qoʻrqaman, lekin siz vaziyatni batafsil bilishingiz uchun mayda-chuyda qiyinchiliklarni ham ochiq-oydin aytishim lozim.

— Men sizning xikoyangizni diqqat bilan eshityapman, — dedim.

— Brayoni-lojga bejirimgina soyabonli arava kelib toʻxtagan paytda men xamon bu ishni oʻzimcha taroziga solib koʻrish bilan mashgʻul edim. Aravadan qandaydir jentlmen sakrab tushdi, u xavas qiladigan daraja kelishgan, moʻylovi qoracha, burgutburun. Aftidan, bu boya taʻrifini eshitganim kimsa edi. Koʻrinishidan u juda ham shoshayotgan edi va nixoyatda xayajonlanardi. U aravakashga kutib oʻtirishni buyurdi-da, eshikni ochgan oqsoch yonidan chopqillab oʻtib ketdi, faqat bu uyda oʻzini xoʻjayinday xis etadigan kishigina ana shunday emin-erkin harakat qilishi mumkin. U ichkariga kirdi-yu yarim soatcha yoʻq boʻlib ketdi. Lekin men mehmonxona derazasidan uning xona boʻylab uyoqdan-buyoqqa yurayotganini, bir nimalarni qizishib gapirayotganini, qoʻllarini arra-arra qilayotganini koʻrib turardim. Mana, nihoyat, koʻchaga chiqdi, u yanada tashvishliroq koʻrinardi. Aravaga yaqinlashar ekan, choʻntagidan tilla soatini chiqardi-da, unga xavotirlanib nazar tashladi. Soʻngra: “Qora quyunday oʻchiring! — deb baqirdi aravakashga. — Avval Rijent-stritdagi Gross va Xenk xuzuriga kirib oʻtamiz, keyin Ejver-rouddagi muqqaddas Monika ibodatxonasiga boramiz. Agar manzilga yigirma minut ichida yetkazib qoʻysangiz, yarim soʻlkavoy beraman!” Ular shitob bilan qoʻzgʻolishdi. Men endigina ularning orqasidan yoʻlga tushsammikan deb oʻylab turgan edimki, birdan oʻsha uy oldiga usti ochiq, moʻjazgina, ikkita ot qoʻshilgan arava kelib toʻxtadi. Aravakash paltosining tugmalari yarmi qadalmagan edi, boʻyinbogʻi badbarak boʻlib boʻyniga oʻralib qolibdi, otning qorinbogʻi esa toʻqadan chiqib ketibdi. Aravakash otni toʻxtatgan zahotiyoq Iren eshikdan otilib chiqib, oʻzini aravaga urdi. Men uning yuzlarini arang koʻrib qoldim, lekin shuning oʻzi yetarli boʻldi: u nihoyatda yoqimtoy ayol ekan, bunday ofatijon ayolni erkaklar bir marta kurib qolsalar — bas, keyin bir umr oʻsha farishtaning ishqida oʻtadilar. “Jon, muqaddas Monika ibodatxonasiga hayda! — deb qichqirdi u. — Agar manzilga yigirma minut ichida yetkazib qoʻysangiz, yarim soʻlkavoy beraman!” Bunday qulay vaziyatli qoʻldan boy bermaslik lozim edi, Uotson. Men ham yaxshi bular ekan deb oʻylay boshladim; orqasidan yugursam tuzukmi yoki aravaning shotisiga osilib olsam durustmi? Shu payt birdan koʻchada bir otli izvosh koʻrinib qoldi. Aravakash menday badbashara yoʻlovchiga ikki marta hayratlanib qarab qoʻydi, lekin men u eʻtiroz bildirguncha oʻrindiqqa oʻrnashib qoldim. “Mutsaddas Monika ibodatxonasiga haydang! — dedim. — Agar manzilga yigirma minut ichida yetkazib qoʻysangiz, yarim sulkavoy beraman!” Soat yigirma besh minuti kam oʻn ikki edi. Albatta, gap nimada ekanini anglab olish unchalik mushkul emasdi. Mening izvoshchim otni qanday uchirib ketdi. Men umrim bino qadar katta tezlikda yurganimni sira eslay olmadim. Birpasdan keyin izvosh ham, bir juft ot qoʻshilgan arava ham ibodatxona ostonasida turardi. Izvoshchi bilan hisob-kitob qildim-da, zinapoyaga yugurib chiqdim. Ibodatxonada men hozirgina orqalaridan quvib kelgan kimsalardan boshqa biror jonzot yoʻq edi. Aytmoqchi, yana ruhoniy bor edi, aftidan, ularga taʻnaomuz murojaat qilardi. Uchchalasi ham mehrob qarshisida turishardi. Men yon tomondagi qoʻshimcha mehrob atrofida xuddi bu yerga tasodifan kirib kelgan yoʻlovchiday beparvolik bilan aylanib yura boshladim. Kutilmaganda, meni hayratga solib, uchchalasi men tomonga oʻgirilishdi va Godfri Norton menga qarab yugurdi.

“Xudoga shukr! — deb qichqirdi u. — Bizga aynan siz kerak edingiz. Yuring, ketdik! Yuring!”

“Nima gap oʻzi?” — deb soʻradim.

“Yuring, yura qoling endi, turishingizdan yaxshi odamga oʻxshaysiz-ku, faqat uch minutga, xolos!”

Meni mehrob qarshisiga deyarli sudrab olib borishdi va hali aql-hushimni yigʻib olmasimdan, qulogʻimga pichirlab turishgan allaqanday gaplarni takrorlay boshladim: oʻzim mutlaqo bilmaydigan kimsalar nomidan qasam ichdim, xullas, kelinchak Iren Adler bilan kuyov Godfri Nortonning nikohdan oʻtishlariga yordam berdim. Bularning hammasi bir daqiqa mobaynida roʻy berdi: mana, bir tomondan jentlmen, ikkinchi tomondan ledi menga tashakkur izhor eta boshladilar, ruhoniy boʻlsa oʻzida yoʻq xursand — nuqul jilmayadi, xolos. Men esimni taniganimdan beri bunaqa bemaʻni holatga tushib qolmagan edim. Mana endi oʻsha holatni eslasam kulgim qistayapti. Nazarimda, kelin-kuyovlar qandaydir rasm-rusumlarni ado etishmagan shekilli, shuning uchun agar bitta guvoh boʻlmasa, ruhoniy nikoh marosimi oʻtqazishdan butunlay bosh tortayotgan edi. Mening ibodatxonada paydo boʻlib qolishim kuyovni guvoh qidirib koʻchaga qarab yugurish tashvishidan forigʻ etdi. Kelinchak menga bir sulkavoy berdi, men buni oʻz sarguzashtimdan xotira sifatida soatimning zanjiraga osib yuraman.

— Ish chappasiga ketibdi-ku, — dedim men. — Endi nima boʻladi?

— Albatta, men rejalarim xavf ostida qolayotganini darhol angladim. Aftidan, ish kuyov-qalliq bilan sayohatga chiqishmoqchi edi, shuning uchun darhol, qatʻiy harakat qilishim lozim edi. Biroq, ular ibodatxona ostonasida ajralishdi: yigit Templga qarab, kelinchak oʻz uyi tomonga joʻnadi. “Men odatdagidek soat beshda bomdodda sayr qilgani chiqaman”, dedi Iren xayrlashayotib. Men shundan boshqa hech narsa qilmadim, men ham izimga qaytdim. Endi oldindan hozirlab qoʻyilgan ishga qoʻl urmoqchiman.

— Qilinadigan ish nimadan iborat?

— Oz-moz sovutilgan goʻsht va bir stakan pivo, — deb javob berdi Xolms va qoʻngʻiroq ipini tortdi. — Men nihoyatda band edim, xatto ovtqatlanish ham esimdan chiqib qolibdi. Ehtimol, bugun kechasi tashvishlarim yana ham koʻpayib ketsa ajab emas. Aytmoqchi, doktor, menga yordamlashib yuborsangiz yomon boʻlmasdi.

— Jonim bilan.

— Ishqilib, siz qonunbuzarlikdan qoʻrqmaysizmi?

— Zigʻirchayam qoʻrqmayman.

— Qamoqqa tushib qolishdan xam hayiqmaysizmi? Xayrli ish uchun bungayam tayyorman.

— Oʻ-oʻ, xayrli boʻlganda qandoq!

— Unday boʻlsa, men xizmatingizga muntazirman.

— Sizga ishonishim mumkin ekanini bilardim.

— Lekin sizning asl niyatingiz nima oʻzi?

— Hozir missis Terner ovqatni olib kelsin, keyin hammasini tushuntirib beraman… Mana hozir, — dedi u, bizning iqtisodchimiz tayyorlab bergan kamtarona ovqatni ishtaha bilan tanovul qilar ekan, — men ovqat mahali siz bilan ish xususida gaplashishga majburman, chunki ixtiyorimda juda ham kam vaqt qoldi. Shu tobda ozginasi kam besh boʻldi. Ikki soatdan keyin biz oʻsha joyda hoziru nozir boʻlishimiz lozim. Iren sizgina yoki aniqrogʻi, Iren xonim bogʻ sayridan yettida qaytib keladi. Biz uni kutib olish uchun Brayoni-lojga borishimiz kerak.

— Keyin nima qilamiz?

— Uyogʻini menga qoʻyib beravering. Keyin boʻladigan ishlarning gʻamini yeb qoʻyganman. Men sizdan faqat bir narsa talab qilaman; har qanday voqea roʻy bersa ham siz aralashmaysiz. Tushundingizmi?

— Men xolis boʻlishim kerakmi?

— Xuddi shunday. Xech narsa qilmasligingiz lozim. Sezishimcha, arzimas koʻngilsizlik roʻy berishi mumkin, lekin aralashmaysiz. Oxiri meni uyga olib kirib ketishadi. Oradan besh-olti minut oʻtgach, mehmonxonaning derazasi ochiladi. Siz ana oʻsha ochilgan derazaga yaqinroq, joyda turishingiz darkor.

— Yaxshi.

— Men qoʻlimni mana bunday tarzda yuqoriga koʻtargan paytim, sizga oldindan berib qoʻygan narsani xonaga irgʻitib yuborasiz-da, ayni zamonda: “Yongʻin!” — deb qichqirib solasiz. Gapimni tushundingizmi?

— Tushundim.

— Bunda xavfli hech narsa yoʻq, — dedi u, choʻntagidan yoʻgʻon sigareta shaklidagi oʻramni olar ekan. — Bu odatdagi tutantiriq raketa: ikki tomonida murvati bor — oʻz-oʻzidan alanga olib ketishi uchun moʻljallangan. Siz qiladigan hamma ish shundan iborat. “Yongʻin!” — deb qichqirishingiz bilanoq ortingizdan chiqqan soʻzni olomon birvarakayiga takrorlay boshlaydi. Shundan keyin bamaylixotir koʻcha adogʻiga borib turasiz, men minutlardan soʻng sizga yetib olaman. Umid qilamanki, hamma gapimni tushundingiz-a?

— Men derazaga yaqinroq joyga borib, hech bir ishga aralashmay turishim lozim. Sizning ishorangizni kutaman va oʻsha nimarsani zudlik bilan derazaga qaratib irgʻitaman, ayni zamonda yongʻin chiqqani haqida shovqin koʻtaraman, keyin koʻchaning burilishida sizni poylab turaman.

— Mutlaqo toʻgʻri.

— Menga ishonishingiz mumkin.

— Juda soz. Endi men bugun oʻylashim lozim boʻlgan yangi oʻyinga hozirlik koʻraman.

U mehmonxonaga kirib ketdi va bir necha minutlardan keyin muloyim, sodda ruhoniy qiyofasida paydo boʻldi. Uning keng soyabonli qora shlyapasi, shalviragan shimi, oppoq, boʻyinbogʻi, jozibaliligini va umuman qiyofasidan balqib turgan mehribon bir ajoyibot taʻrifga sigʻmasdi. Gap faqat Xolms kostyumini almashtirganida emas. U har safar yangi vazifani bajarayotgan paytda yuzlaridagi ifodayu xulq-atvorini, hatto ichki olamini ham oʻzgartirganday tuyulardi. Teatr sanʻati Xolms timsolida buyuk bir aktyordan mahrum boʻldi, ilm olami esa — sinchkov donishmandni yoʻqotdi: u jinoyatlarni tekshiradigan mutaxassis kasbini tanladi.

Oltidan oʻn besh minut oʻtganda biz undan chiqdik, koʻzlangan manzilga — borgan paytimizda oʻn besh minut boʻlgan edi. Qorongʻi tusha boshladi, koʻchada fonarlar yoqildi, biz Brayon-loj yonida sayr etish bilan mashgʻul boʻldik; uy sohiblarining qaytishiga maxtal boʻlib turdik. Uy Sherlok Xolmsning qisqacha taʻrifidan keyin qanday tasavvur etgan boʻlsam — xuddi shunday edi, lekin bu joylar men kutgandan koʻra gavjumroq ekan. Aksincha, shaxar chekkasidagi bu torgina, tinchgina koʻchada olomon qaynab yotardi. Bir burchakda qandaydir qalangʻi-qasangʻilar sigareta chekishib, hiringlashib turishardi, butalarning yoniga pichoq charxlaydigan kosib charxini qoʻyib qoʻygan edi, ikki askar esa xizmatkor ayolga gap otish bilan ovora edilar, ogʻziga sigareta qistirib olishgan bir nechta olifta yigitchalar koʻcha boʻylab salanglab yurishardi.

— Koʻrdingizmi, toʻy hashamlari ishimizni hiyla yengillashtiradi, — dedi Xolms uy yonidan oʻtayotgan chogʻimiz. — Endi surat ikki yuzi charxlangan qurolga aylanib qoladi. Ehtimol, Iren suratini mister Godfri Norton koʻrib qolishini xohlamas, ayni paytda bizning mijozimiz xam oʻsha suratga qirolichaning nazari tushib qolishini aslo istamaydi. Endi hamma gap biz suratni qayerdan topishimizda qoldi, xolos.

— Darxaqiqat, qayerdan topamiz?

— Albatta, Iren uni doimo oʻz yonida olib yurishiga ishonib boʻlmaydi. Xonaga osib qoʻyishga muljallangan suratni ayollarning koʻylagi ostiga yashirib qoʻyish amri-mahol. Iren biladiki, qirol uni bir chetga aldab-suldab chaqirib turib tintuv oʻtqazishdan ham toymaydi. Shu maqsadda ikki marta urinish ham sodir boʻlgan. Demak, biz koʻnglimizni toʻq qilishimiz mumkin: u suratni yonida olib yurmaydi.

— Boʻlmasam, qayerda saqlaydi?

— Oʻzining bankchisiga yoki advokatiga berib qoʻygan boʻlishi mumkin, yo unisida, yoki bunisida, lekin qaysi bittasida ekanini aniq aytolmayman.

Ayollar tabiatan xufiya ishlarga moyil boʻlishadi va izlarini sirli tilsimlarga chulgʻab yurishni yaxshi koʻrishadi. Nega endi u oʻz tilsimidan boshqa birovni xabardor qilib qoʻyishi lozim ekan? U oʻziga ishongan holda har qanday buyumni saqlashi mumkin. Lekin sirdan voqif qilingan ishbilarmon kishi siyosiy yoki boshqa bir tazyiqqa dosh bera olishiga u toʻla-toʻkis ishonishi dargumon. Bundan tashqari, esingizda boʻlsa, u tez kunlarda suratni xarakatga keltirishga ahd qilgan.

Shuning uchun uni istagan paytda qoʻlini uzatsa yetadigan joyda saqlaydi. Surat uning oʻz uyida boʻlishi kerak.

— Lekin qulfbuzarlar uyni ikki marta agʻdar-toʻntar qilib tashlashgan-ku.

— Safsata! Ular qanday yoʻsinda izlash lozimligini bilishmagan.

— Siz qay tarzda izlaysiz?

— Men izlayman.

— Hech jahonda izlamay ham topib boʻlarkanmi?

— Men shunday qilamanki, Irenning oʻzi uni menga koʻrsatadi.

— U bari bir koʻrsatmaydi.

— Hamma gap shundaki, koʻrsatmasdan iloji qolmaydi… Shoshmang, gʻildirak tovushi qulogʻimga chalinyapti. Bu uning aravasi. Endi mening koʻrsatmalarimni pishiq-puxta bajarsangiz — bas.

Shu payt koʻcha burilishida soyabonli aravaning yon tomonidagi fonarlari koʻrindi va hademay bejirim arava Brayoni-loj ostonasiga kelib toʻxtadi. Arava toʻxtagan zahotiyoq burchakda turgan sayoqlardan birovi fayton eshikchasini ochish va buning evaziga sariq chaqa ishlab olish ilinjida yugurib keldi, lekin uni xuddi shu niyatda chopqillab kelayotgan boshqa bir sayoq, itarib yubordi. Ular shafqatsizlarcha mushtlashib ketishdi. Sayoqlardan bittasining yonini olgan ikki askar bilan boshqa sayoqni himoya qila boshlagan charxchi gulxanga goʻyo moy sepib yuborishdi. Faytondan tushgan xonim bir zumdayoq yumalashib yotgan, bir-birlariga ayovsiz musht tushirayotgan, bir-birlarini kaltaklar bilan savalayotgan olomon orasiga kirib qoldi. Xolms xonimni himoya qilish uchun oʻzini toʻs-toʻpolonga urdi. Biroq, u ayolga yaqinlashgan payt birdan qichqirib yubordi. Yuzlari qip-qizil qonga boʻyalgancha gurs etib yiqildi. U yiqilishi bilan askarlar — bir tomonga, qalangʻi-qasangʻilar boshqa tomonga tumtaraqay boʻlib qochishdi. Ur-yiqitda ishtirok etmagan bir nechta beodob kishilar xonim bilan yaradorga yordam koʻrsatish uchun shoshilishdi. Iren Adler (men uni hamon eski nomi bilan atayman) zinapoyaga yugurib chiqdi-da, uning yuqorisidagi maydonchada toʻxtab, koʻchani koʻzdan kechira boshladi; uning ofatijon qaddi-qomati mehmonxonadan tushayotgan shuʻlada yaqqol koʻzga tashlanib turardi.

— Shoʻrlik jentlmen ogʻir yaralanibdimi? — deb soʻradi u.

— U oʻlib qolibdi, — deb javob qaytarishdi bir necha kishi.

— Yoʻq, xayriyat, u hali tirik ekan! — deb qichqirdi kimdir. — Lekin uni kasalxonaga olib borguningizcha — yoʻldayoq jon taslim qiladi.

— Qoʻrqmas inson ekan! — dedi qandaydir ayol. — Agar u boʻlmaganda anavilar xonimning hamyonini ham, soatini ham tortib olishardi. Ularni butun boshli shaykasi bor, juda xavfli. Voy, u nafas ola boshladi!

— Uni koʻchada qoldirib boʻlmaydi… Xonim, uni uyingizga olib kirishimizga ruxsat berasizmi?

— Albatta! Mehmonxonaga olib kiringlar. U yerda divan bor. Marhamat, buyoqqa!

Xolmsni qoʻllarida namoyishkorona koʻtarishgancha asta-sekin Brayoni-lojga olib kirishdi-da, mehmonxonaga yotqizib qoʻyishdi. Men esam derazaga yaqinroq joyda boʻlayotgan voqealarni zimdan kuzata boshladim. Lampalar yoqib qoʻyilgan edi; deraza pardalari tushirilmagani uchun men divanda yotgan Xolmsni yaqqol koʻrib turardim. Nayrangbozlik qilayotgani sababli uning vijdoni qiynalarmidi yoki yoʻqmi, bilmadim-u, lekin men bu yoqimtoy ayolning yarador tevaragida girgitton boʻlayotganini koʻrib turgan damlarimda oʻzimdan oʻzim shu qadar uyalib ketdimki, qani endi shu tobda yer yorilsayu yerning ostiga kirib ketsam! Shunga qaramay, men Xolmsning topshirigʻini bajarmasam ham vijdonimga xiyonat qilgan boʻlardim. Yuragim uvishib, paltomning ostidan tutatqi raketani chiqardim. “Oxir-oqibatda biz unga hech qanday ziyon yetkazmayapmiz-ku, faqat uni boshqa bir odamga ziyon yetkazishiga xalaqit beryapmiz, xolos”, deb oʻzimga taskin berdim.

Xolms astagina divandan qoʻzgʻoldi va koʻrdimki, u xuddi nafasi boʻgʻayotgan kishi singari majolsizgina qadam tashlayapti. Xizmatkor ayol deraza yoniga yugurib keldi-da, uni ochib yubordi. Ayni shu choq Xolms qoʻlini yuqori koʻtardi; men mana shu ishoraga binoan raketani xonaga qaratib irgʻitdimu: “Yongʻin!” — deb qichqirdim. Birpasda xonani quyuq tutun qopladi va ochiq derazadan tashqariga oʻrlay boshladi. Men odamlarning mehmonxonada yelib-yugurayotganini koʻrib qoldim; bir ozdan soʻng bu yolgʻondakam vahima ekaniga kimlarnidir ishontirmoqchi boʻlayotgan Xolmsning gap-soʻzlari qulogʻimga chalindi.

Men olomon orasidan yorib oʻtdim-da, koʻchaning burilish joyiga borib oldim. Baxtimga, oʻn minutdan keyin Xolms meni quvib yetdi va asta qoʻltigʻimdan qoʻlini oʻtkazdi: biz shiddatli voqealar roʻy berayotgan maskanni tark etdik. Bir qancha payt u jadallab yurdi va Ejverrodga olib chiqadigan sokin koʻchaga burilgunimizga qadar lom-mim demadi.

— Doktor, siz hamma ishni juda abjirlik bilan ado etdingiz, — deb taʻkidladi Xolms. — Qoyil qildingiz. Hammasi joyida.

— Suratni qoʻlga kiritdingizmi?

— Men uni qayerga yashirilganini bilib oldim.

— Qanday qilib?

— Avval karomat qilganimday, uni menga Irenning oʻzi koʻrsatdi.

— Men baribir hech narsaga tushunmayapman.

— Men esam, bor gapni aytyapman, — dedi u kulib. Hammasi oddiygina roʻy berdi. Hoynahoy siz fahmlagan boʻlsangiz kerak — koʻchadagi barcha bekorchixoʻjalar mening hamtovoqlarim edi. Men ularni yollab qoʻygan edim.

— Oʻzim ham shunday boʻlsa kerak deb oʻylovdim.

— Mening qoʻlimda oz-moz qizil boʻyoq bor edi. Ur-yiqit boshlangan choqda men olgʻa tashlandim, yiqilib tushdim, qoʻlimni yuzimga surtdim va qonga boʻyalgan holda gavdalandim… Eski usul.

— Buni oʻzim ham payqagan edim…

— Ular meni uyga olib kirishdi. Iren Adler kaminani qabul qilishga majbur boʻldi. Boshqa iloji ham yoʻq edi-da. Men mehmonxonada paydo boʻlib qoldim, aslida, hamma gumonim ana shu xonada edi. Surat shu yaqin orada boʻlishi kerak: yo mehmonxonada, yoki yotoqxonada. Men aynan qayerda ekanini aniqlashga qatʻiy qaror qildim. Meni yumshoq oʻringa yotqizib qoʻyishdi, men boʻlsam xuddi nafasim qisayotganday hunar koʻrsata boshladim. Ular derazani lang ochib qoʻyishga majbur boʻlishdi; siz boʻlsangiz oʻz ishingizni bajarish uchun qulay imkoniyatga ega boʻldingiz.

— Xoʻsh, buning evaziga siz nimaga erishdingnz?

— Koʻp narsaga. Ayol zoti uyidan yongʻin chiqqanini oʻylasa, u beixtiyor oʻzi uchun eng aziz narsani saqlab qolishga harakat qiladi. Bu eng kuchli ichki turtki; men undan bir necha marta foydalanganman. Dorlington mashmashasi chogʻida hamda Arnsvor saroyi bilan bogʻliq ishlarda ham shu usulni qoʻllaganman. Erga tekkan juvon — bolasini, ersiz qizlar esa qimmatbaho taqinchoqlari solingan qutichani asraydilar. Endi men aniq bilamanki, bizning xonim uchun uyida biz izlayotgan narsadan boshqa qimmatliroq hech vaqo yoʻq. U aynan oʻsha narsani asrab qolish uchun jon halpida tashlandi. Yongʻin vahimasi juda uddaburonlik bilan uyushtirildi. Temir asablarni titratishga tutun bilan baqir-chaqirlar kifoya qildi. Iren xuddi men kutganimday talvasaga tushib qoldi. Surat qoʻngʻiroqning bogʻichi tepasidagi nari-beri suriladigan taxta ortida — maxfiy joyda saqlanar ekan. Iren bir zumdayoq oʻsha yerda paydo boʻlib qoldi: hatto suratning yarmini tashqariga chiqarishga ham ulgurdi, men uning bir chetini koʻrdim. Faqat bu yolgʻondakam vahima, deganimdan keyingina Iren suratni qaytarib joyiga tiqib qoʻydi, raketaga koʻz qirini tashladi-da, xonadan yugurib chiqib ketdi, shundan soʻng men uni koʻrmadim. Men oʻrnimdan turdimu uzr soʻrab, uydan juftakni rostladim. Suratni darhol olmoqchi edim, lekin xonaga aravakash kirib kelib, meni sinchiklab kuzata boshladi. Shunday qilib, niyatimni hozir amalga oshirolmasligimni angladim — buni keyingi safarga qoldirdim. Shoshqaloqlik pand berib qoʻyishi mumkin.

— Endi nima boʻladi? —deb soʻradim.

— Sirasini aytganda, bizning qidiruv ishlarimiz tugallandi. Ertaga biz — qirol ikkalamiz Iren Adler huzuriga boramiz. Agar bizga hamroh boʻlishni istasangiz, siz ham yuring. Bizga, mehmonxonada kutib turinglar, deyishadi, lekin mehmonlarning istiqboliga chiqqan xonim na bizni, na suratni topa olmasa ajab emas. Balki, uni yashiringan joyidan oʻz qoʻllarn bilan sugʻurib olish janobi oliylariga koʻngilli tuyular.

— Sizlar uyoqqa qachon joʻnaysizlar?

— Ertalab soat sakkizda. Xonim hali issiq oʻrinda choʻzilib yotgan boʻladi — biz bemalol harakat qilishimiz mumkin. Bundan tashqari, jadal surʻatda ishni bitirishimiz lozim, chunki kechagi nikoh uning turmush tarzini, odatlarini tubdan oʻzgartirnb yuborishi ehtimoldan xoli emas. Men hozir qirolga zudlik bilan telegramma joʻnatishim kerak.

Biz Beyker-stritgacha gaplashib bordik-da, uyimiz ostonasiga yetganda toʻxtadik. Xolms choʻntaklarini pay-paslab kalitni qidira boshladi. Shu payt qandaydir yoʻlovchi:

— Xayrli kech, mister Sherlok Xolms! — dedi. Yoʻlkada bir necha kishi uymalashib turishardi, ammo biz bilan salomlashgan kimsa, aftidan, yonimizdan oʻtib ketayotgan uzun paltoli, kelishgan yigitcha edi.

— Men qayerdadir bu tovushni avval ham eshitganman, — dedi Xolms, gʻira-shira yoritilgan koʻchaga nazar tashlar ekan. — Lekin uning kimligini sira eslolmayapman, jin ursin!

3

Men shu kecha Beyker-stritda yotib qoldim. Ertalab xonaga Bogemi qiroli shitob bilan kirib kelgan choqda biz qahvaga qotgan non botirib yeb oʻtirgan edik.

— Siz haqiqatdan ham suratni qoʻlga kiritdingiz-mi?! — debʻ xitob qildi u Sherlok Xolmsning yelkalari-dan quchib. Soʻng quvonch bilan yuzlariga tikildi.

— Hozircha qoʻlga kiritganim yoʻq.

— Lekin siz uni qoʻlga kiritishdan umidvormisiz?

— Umidvorman.

— Unday boʻlsa, ketdik! Men endi ortiq kutolmayman, yonib ketyaman!

— Bizga fayton kerak.

— Mening faytonim koʻchada turibdi.

— Bu ishimizni ancha yengillashtiradi.

Biz pastga tushdik-da, yana Brayoni-loj tomon joʻnadik.

— Iren Adler turmushga chiqdi, — dedi Xolms.

— Turmushga chiqdi? Qachon?

— Kecha.

— Kimga tegdi?

— Ingliz advokatiga, uning nomi Norton.

— Lekin, albatta, Iren uni yaxshi koʻrmasa kerak-a?

— Umid qilamanki, yaxshi koʻradi.

— Siz nega umid qilyapsiz?

— Negaki, janobi oliylari, bu hol sizni kelajakdagi barcha koʻngilsizliklardan asraydi. Agarda xonim oʻz erini yaxshi koʻrsa, demak u janobi oliylarini yaxshi koʻrmaydi, shundan keyin unda janobi oliylarining rejalarnga xalaqit berishga arziguli hech qanday asos qolmaydi.

— Toʻgʻri, toʻgʻriku-ya. Shunday boʻlsa ham… Eh, men uni menga munosib asilzoda oiladan boʻlishini juda-juda istardim! U benazir qirolicha boʻlardi!

U maʻyus tortib qoldi, to Serpantayn koʻchasiga kirib borgunimizcha miq etmadi.

Brayoni-loj villasining eshiklari ochiq ekan, zinapoyada keksaroq bir ayol turardi. Faytonday tushayotgan paytimizda u bizga xuddi mazaxlayotgandan tikilib qoldi.

— Mister Sherlok Xolmsmisiz? — deb soʻradi u.

— Ha, men Sherlok Xolmsman, — deb javob berdi doʻstim unga hayratlanib qaragancha.

— Ana, oʻzi ekan! Mening bekam, hoynahoy, sizning kelishingizni bilganday kaminani ogohlantirib qoʻygan edi. U bugun ertalab, soat beshdan oʻn besh minut oʻtganda, eri bilan birgalikda Chering-kros vokzalidan qitʻaga joʻnab ketdi.

— Nima?! — Sherlok Xolms dovdirab orqasiga chekindi. Kutilmagan zarbadan uning rangi oʻchib ketdi, dili siyoh boʻldi. — Siz uni Angliyadan chiqib ketdi demoqchimisiz?

— Ha. Butunlay.

— Qogʻozlar-chi? —deb soʻradi qirol hirqirab. — Hammasi barbod boʻldi-ku!

— Koʻramiz! — Xolms xizmatkor ayol yonidan jadal yurib oʻtdi-da, mehmonxonaga oʻzini urdi.

Qirol ikkalamiz uning orqasidan kirdik. Xonadagi barcha mebellar tartibsiz ravishda uyoqdan-buyoqqa surilgan edi, taxta tokchalar boʻm-boʻsh, gʻaladonlar ochilib yotibdi — ravshanki, beka qochib ketishdan avval hammayoqni agʻdar-toʻntar qilib yuborgan edi.

Xolms qoʻngʻiroq bogʻichiga yopishdi, devorga qadalgan kichkina taxtani oʻrnidan surdi va maxfiy kovakka qoʻlini tiqdi-da, u yerdan surat bilan bitta xatnn sugʻurib oldi. Bu Iren Adlerning tungi koʻylakda tushgan surati edi. Xatning ustiga esa: “Mister Sherlok Xolmsga. U kelgan paytda qoʻliga topshirilsin”, deb yozilgan edi.

Doʻstim darhol konvertni yirtdi va biz uch kishilashib xatni oʻqiy boshladik. Xatga oʻtgan kechaning chislosi qoʻyilgan boʻlib unda quyidagilar yozilgan edi:

«Qadrdonim mister Sherlok Xolms, siz haqiqatan ham ajoyib tomosha koʻrsatdingiz. Dastlabki paytlari men sizga chippa-chin ishongan edim. Yongʻin vasvasasiga qadar menda hech qanday shubha uygʻonmadi. Lekin keyin, yaʻni oʻz sirimni fosh etib qoʻygan paytimda fikr-mulohaza yuritishdan boshqa ilojim qolmadi. Bir necha oy muqaddam, agar qirol josuslar xizmatidan foydalanishga ahd qilsa, u albatta sizga murojaat etajagi haqida meni ogohlantirishgan edi. Menga adresingizni berishdi. Shunga qaramay, siz mendan oʻzingiz bilishni istagan sirni bilib oldingiz. Men qanchalik badgumon boʻlishimdan qatʻiy nazar, mushfiq, mehribon, moʻysafid ruhoniy xususida yomon fikrlarga borishni oʻzimga ep koʻrmadim… Biroq, oʻzingiz ham bilasizki, men ham aktrisa boʻlganman. Erkaklarning kostyumini kiyib sahnaga chiqish men uchun yangilik emas. Men tez-tez erkaklarning ust-boshidan foydalanib turaman, erkakcha kiyinib olsam, oʻzimni emin-erkin his etaman. Men aravakash Jonni sizni nazorat qilib turish uchun yubordim-da, oʻzim yuqoriga chopib chiqib sayrbop erkakcha ust-boshimni kiyib pastga tushdim. Siz ayni oʻsha paytda koʻchaga chiqib ketayotgan ekansiz. Sizning izingizdan ostonangizgacha kuzatib bordim va menga haqiqatdan ham mashhur Sherlok Xolms qiziqib qolganiga ishonch hosil qildim. Soʻngra xiyla ehtiyotsizlik bilan sizga xayrli kech tiladimu Templga, erimning huzuriga joʻnadik.

Bizni shunchalik qudratli raqib taʻqib etayotgan boʻlsa, qutulmoqning eng yaxshi yoʻli — qochmoqlikdir degan qarorga keldik. Ana endi siz ertaga qadam ranjida qilasizu, boʻm-boʻsh uyga duch kelasiz. Surat xususida sizning mijozingiz xotirini jam qilsin; men undan ham afzalroq boʻlgan insonni yaxshi koʻraman. Oʻsha inson meni ham yaxshi koʻradi. Qirol oʻzining gʻamini yeb nimaki qilmoqchi boʻlsa, hammasini qilaversin: bir paytlar xoʻb yomonlik qilgan kishisidan aslo xavfsiramasin. Faqat oʻzimning xavfsizligim uchun, qoʻlimda qalqonim qolishi uchun, kelajakda qirol tomonidan uyushtiriladigan har qanday tajovuzlardan oʻzimni asrashim uchun men bu suratni saqlab qoʻyaman. Men bu yerda boshqasinn qoldiryapman. Ehtimol, shuni u asrab qoʻysa koʻngli orom olar. Qadrdonim mister Sherlok Xolms, men hamisha sizga sodiq boʻlib qolaman, deb Iren Adler, tugʻuruq familiyam Adler».

— Oʻ, qanaqa ayol-a, qanaqa ayol! — deb xitob qildi Bogemi qiroli, uch kishilashib xatni oʻqib chiqishimiz bilanoq. — Men sizga u benihoya topqir, aqlli, ehtiyotkor demaganmidim? Axir u qoyilmaqom qirolicha boʻlmasmidi? Eh, agar uning martabasi menga loyiq boʻlganda bormi?

— Men bu xonimni yaqindan bilganimdan soʻng angladimki, oralaringda haqiqatdan ham juda katta tafovut bor ekan, — dedi Xolms sovuq ohangda. — Afsuski, janobi oliylari topshiriqlarini muvaffaqiyatli yakunlay olmadim.

— Aksincha, qadrli ser! — deb xitob qildi qirol. — Bundan aʻloroq boʻlishi mumkin emas. Men bilamanki, u qiz doimo soʻzining ustidan chiqadi. Endi suratning menga ziyoni tegmaydi — goʻyo yoqib yuborilganday.

— Men janobi oliylaridan bunday gaplarni eshitayotganimdan xursandman.

— Men esam, sizdan qarzdorman. Marhamat, ayting, sizni qanday taqdirlasam boʻladi? Mana bu uzukni…

U barmogʻidagi zumrad koʻzli uzukni yechdi-da, uni Xolmsning kaftiga qoʻydi.

— Janobi oliylarida men uchun bundan ham qimmatliroq boylik bor, — dedi Xolms.

— Siz faqat aytsangiz kifoya.

— Bu surat.

Qirol unga hayratlanib nazar tashladi.

— Irennikimi?! — deb soʻradi u toʻlqinlanib. — Marhamat, agar u sizga kerak boʻlsa — oling, buyursin!

— Minnatdorman, janobi oliylari. Mana endi oramiz ochiq, bir-birimizdan qarzimiz qolmadi. Men sizga yaxshi kunlar tilayman.

Xolms taʻzim bajo keltirdi-da, qirolning unga uzatilgan qoʻlini siqmasdan — unga eʻtibor bermasdan men bilan birga uyiga joʻnadi.

Bogemi qirolligida misli koʻrilmagan mashmasha boshlanib ketayozgani, mister Sherlok Xolmsning ustomonlik bilan tuzilgan rejalari ayol zotining aql-zakovati tufayli chippakka chiqarilgani haqidagi hikoya ana shundan iborat. Xolms doimo ayollarni “sochi uzun — aqli kalta” deb masxaralab yurardi, keyingi paytlari men undan bunday tahqiromuz soʻzlarni eshitmay qoʻydim. U qachon Iren Adler xususida gap boshlasa yoki uning suratini eslab qolsa, albatta: “Bu Ayol”, deb qoʻyadi tantanali ohangda. Bu ibora Xolms talaffuzida goʻyo unvon misoli jarangdor eshitiladi.

Nabijon Boqiy tarjimasi


[1] Monogramma — ikki harfli, yaʻni ism va familiyaning bosh harflaridan iborat rasm.

[2] Karlsbad — Hozirli Karlova Vari, Chexiyadagi kurort.

[3] Vallenshteyn — XVII asrda yashab oʻtgan nemis qoʻmondoni.

[4] Dyuym — taxminan 1 metr 90 santimetrga toʻgʻri keladi.

[5] La Skala — Milandagi (Italiya) mashhur opera teatri.

[6] Templ — Londondagi huquqshunoslarning mahkamalari joylashgan qasaba.