Artur Konan Doyl. Mallalar uyushmasi
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Bu voqea oʻtgan yili kuzda boʻlgan edi. Sherlok Xolmsning huzurida allaqanday juda semiz, oʻrta yoshlardagi qizgʻish-malla kishi oʻtirardi. Men ichkariga kirmoqchi boʻldim-u, lekin ikkovlarini qizgʻin suhbat ustida koʻrib, chiqib ketishga shoshildim. Ammo Xolms meni xonaga surgab olib kirib, eshikni berkitdi.
— Kelganingiz ayni muddao boʻldi, azizim Uotson, — dedi u muloyimgina.
— Sizlarga xalal bermay dedim. Nazarimda, banddek koʻrindingiz.
— Ha, bandman. Juda ham bandman.
— Narigi xonaga chiqib kutib tura qolsam boʻlmasmikin?
— Yoʻq, yoʻq… Mister Uilson, — dedi u semiz kishiga murojaat qilib, — bu jentlmen muvaffaqiyatli chiqqan tadqiqotlarimning koʻpchiligida menga ancha-muncha doʻstona yordam koʻrsatgan. Aminmanki, sizning ishingizda ham foydasi tegsa kerak.
Semiz kishi oʻtirgan yeridan sal qoʻzgʻalib menga bosh irgʻadi; uning semizlikdan qisilib ketgan kichkina koʻzlari menga sinchkovlik bilan tikildi.
— Mana bu yerga, divanga oʻtiring, — dedi Xolms.
U kresloga oʻtirdi va oʻyga toladigan vaqtlaridagi odatiga koʻra ikkala qoʻlining uchlarini chirmashtirdi.
— Bilamanki, azizim Uotson, — dedi u, — siz mening hamma gʻayrioddiy narsalarga, kundalik hayotimizning maromini buzadigan hamma narsaga ishqiboz ekanligimni maʻqullaysiz. Agar sizda shu gʻayrioddiy voqealarga ishqibozlik boʻlmaganda mening kamtarona sarguzashtlarimni shu qadar zavq-shavq bilan yozib bormas edingiz… Zotan, sidqidildan aytishim kerakki, sizning baʻzi hikoyalaringizda mening faoliyatim bir qancha boʻyab koʻrsatiladi.
— Rostini aytganda, sizning sarguzashtlaringiz menga hamisha nihoyatda qiziq boʻlib tuyulardi, — deb eʻtiroz bildirdim men.
— Kuni kechagina sizga eng zoʻr xayol kuchi ham kundalik hayotimizda uchraydigan gʻayri oddiy va aloma hodisalarni tasavvur etishdan ojiz, degan edim shekilli.
Men oʻsha zahotiyoq bu fikringiz unchalik toʻgʻri boʻlmasa kerak, degan edim.
— Shunga qaramay, doktor, meni haq deyishga majbur boʻlasiz, aks holda, sizni shu qadar son-sanoqsiz, ajoyib va gʻaroyib faktlarga koʻmib tashlaymanki, fikrimga qoʻshilishga majbur boʻlib qolasiz. Mana, aqalli hozir menga mister Jebez Uilson aytib bergan voqeani olaylik. Bu voqea boʻlib oʻtgan vaziyat mutlaqo sodda, oddiy, holbuki, umrim bino boʻlib bunday voqeani eshitgan emasman… Mumkin boʻlsa, mister Uilson, hikoyangizni takrorlasangiz. Buni sizdan doʻstim doktor Uotson hikoyaning boshini eshitsin, debgina iltimos qilayotganim yoʻq, men oʻzim ham har bir ikir-chikir tafsiloti bilan mumkin qadar yaxshiroq tanishib chiqsam. Odatda menga biron hodisani hikoya qila boshlaganlarida shunga oʻxshagan minglab hodisalar esimga tushadi. Ammo eʻtirof etishga men hech qachon bunga oʻxshagan voqeani eshitgan emasdim.
Semiz mijoz bir oz gʻururlangannamo koʻkragini kerib, paltosining ich choʻntagidan gʻijimlangan kir gazeta oldi-da, uni tizzasiga yozib qoʻydi. U boʻynini choʻzib bosilgan eʻlonlarga koʻz yugurtirarkan, men boshdan-oyoq razm solib, Sherlok Xolmsga taqlidan, uning kiyimi va tashqi qiyofasiga qarab kim ekanni bilib olishga tirishdim.
Afsuski, mening kuzatishlarim deyarli hech qanday natija bermadi. Bir koʻrishdayoq uning oʻziga bino qoʻygan, befarosat, tepsa tebranmas, oddiygina bir mayda doʻkondor ekanini payqash mumkin edi. Katak kulrang shimi beoʻxshov, kirgina qora syurtugining tugmalari solinmagan, qora nimchasi ustida tilla suvi yuritilgan yoʻgʻon mis zanjir yiltirar, uning uchida jevak oʻrnida parma bilan teshilgan allaqanday bir toʻrtburchak metall parchasi osilib turar edi… Nimdoshgina tsilindri va gʻijim baxmal yoqali, oʻngib ketgan qoʻngʻir paltosi yonginasidagi stulda yotardi. Xullas, bu odamga qancha razm solmay, uning qizgʻish sochidan boshqa koʻzga tashlanadigan joyini koʻrmadim. Uning qandaydir xunuk bir voqeadan sarosimada ekanlign koʻrinib turardi.
Mening mashgʻulotim Sherlok Xolmsning sinchkov nazaridan chetda qolmadi.
— Albatta, har kimga ayonki, — dedi u tabassum bilan, — bizning mehmonimiz bir vaqtlar jismoniy mehnat bilan shugʻullangan, u burnaki iskaydi, frankmasonlardan[1], Xitoyda boʻlgan, soʻnggi oylarda koʻp xat yozishga toʻgʻri kelgan. Bu ayon-oshkor faktlardan boshqa hech narsani payqayolmadim.
Mister Jebez Uilson kreslodan sapchib turdi va shahodat barmogʻini gazetadan olmay, oshnamga tikilib qoldi.
— Siz bularni hammasini qanday qilib bilib oldingiz, mister Xolms? —deb soʻradi u. — Masalan, siz mening jismoniy mehnat bilan shugʻullanganimni qayoqdan bilasiz? Ha, darhaqiqat, men oʻz faoliyatimni kemasoz duradgorlikdan boshlaganman.
— Buni qoʻllaringiz aytib turibdi, muhtaram ser. Oʻng qoʻlingiz chap qoʻlingizdan kattaroq. Siz shu qoʻlingiz bilan ishlaganingiz uchun uning mushaklari baquvvatroq boʻlib qolgan.
— Burnaki iskashimni-chi? Frankmasonligimni-chi?
— Frankmasonligingizni payqash qiyin emas, chunki siz jamiyatingizning qatʻiy nizomiga amal qilmay yarim doira[2] va doira tasviri bor ilgakli tugma taqib yuribsiz.
— E, ha! Bu esimga ham kelmabdi… Koʻp yozishga toʻgʻri kelganini qanday payqadingiz?
— Yiltirab ketgan oʻng yengingiz bilan chap yengingizning tirsagi atrofidagi taqir boʻlib qolgan movut yana nimadan guvohlik bera olishi mumkin?
— Xitoyda boʻlganimni-chi?
— Oʻng bilagingizda koʻrinib turgan baliqcha tasviri Xitoydagina chekilgan boʻlishi mumkin. Men tatuirovkalarni oʻrganganman, ular haqida hatto maqolalar yozganman. Baliq tangachalarini nafis pushtirang bilan boʻyash odati faqat Xitoygagina xos. Soatingizning zanjiridagi Xitoy tangasini koʻrganimdan soʻng Xitoyda boʻlganingizga uzil-kesil qanoat hosil qildim.
Mister Jebez Uilson qah-qahlab kulib yubordi.
— Shunaqa deng?! — dedi u. — Men avvaliga siz bularni allaqanday alomat yoʻllar bilan topasiz shekilli, deb oʻylagan edim, endi bilsam, osongina topayotgan ekansiz.
— Fikrimcha, Uotson, bunday xulosaga qanday yoʻl bilan kelganimni tushuntirib xato qildim shekilli, — dedi Xolms, — oʻzingizga maʻlumki, “Omne ignotum pro, magnifico”[3], agar men rostgoʻy boʻlsam, kamtarona shuhratimga putur yetadiganga oʻxshaydi… Eʻlonni topdingizmi, mister Uilson?
— Topdim, — deb javob berdi u yoʻgʻon, qizil barmogʻini gazeta stunining oʻrtasiga nuqib turarkan. — Hamma ish shundan boshlandi. Oʻzingiz oʻqib koʻring, ser.
Men gazetani olib, oʻqidim:
MALLALAR UYuShMASI. Lebanonlik (AQSh, Pensilvaniya) marhum Iezekiya Xopkinsning vasiyatiga binoan Uyushmaga yana bir kishi ishga olinadigan boʻldi. Haftasiga muayyan ish uchun toʻrt funt sterling naqd maosh beriladi. Es-hushi joyida, zehni oʻtkir, yigirma bir yoshdan kam boʻlmagan har bir malla tusli kishi bu ishga yaroqli topilishi mumkin. Uyushmaning Flit-strit, Pops-koortdagi idorasiga, dushanba kunlari soat oʻn birda shaxsan Dunkan Rossga murojaat qilinsin.
— Jin ursin, bu nima degani oʻzi? —deb yubordim men, ana shu gʻalati eʻlonni ikki bor oʻqib chiqarkanman.
Xolms sassizgina kuldi-da, kresloda oʻtirgan joyida gʻujanak boʻlib oldi, bu uning rosa huzur qilayotganidan dalolat berguchi edi.
— Chakana eʻlon emas-a, nima deysiz? — dedi u. — Xoʻsh, mister Uilson, hikoyangizni davom ettirib, oʻzingiz haqingizda, uyingiz haqida, bu eʻlon sizning hayotingizda qanday rol oʻynagani haqida gapirib bering. Siz esa, doktor, mumkin boʻlsa, bu qaysi gazeta ekanini, qachon chiqqanini yozib qoʻysangiz.
— “Ertalabki xronika”. 1890-yil 27-apreldagi soni. Roppa-rosa ikki oy burun chiqqan ekan.
— Juda soz. Davom ettiring, mister Uilson.
— Ilgari aytganimdek, mister Sherlok Xolms, — dedi Jebez Uilson peshonasini artib. — Siti yaqinidagi Seks-Koburg-skverda kichkinagina boʻnak kassam bor. Ishlarim ilgari ham uncha yaxshi emas edi, soʻnggi ikki yil davomida esa undan keladigan daromad amal-taqal bilan tirikchilik oʻtkazib turishgagina yetardi. Bir vaqtlar ikki yordamchim bor edi, hozir esa bitta: unga haq toʻlashim ogʻir edi-yu, ammo u mening ishimni oʻrganish imkoniyatiga ega boʻlish uchun yarim maosh evaziga ishlashga rozi boʻldi.
— Oʻsha qimmatli yigitchaning oti nima? — deb soʻradi Sherlok Xolms.
— Nomi Vinsent Spolding, uni yigitcha deb boʻlmaydi. Yoshi nechadaligini aytish qiyin. Undan epchilroq yordamchini topishim mahol. Uning mensiz ham kuni oʻtib, ikki barobar ortiq pul topa olishini ham juda yaxshi tushunaman. Modomiki, u mamnun ekan, unga oʻz manfaatlarimga putur yetkazadigan fikrlarni uqtirishimning nima hojati bor?
— Darhaqiqat, nima hojati bor? Nazarimda, juda omadingiz kelgan ekan: siz yordamchingizga uning bajaradigan ishiga boshqalarga qaraganda ikki barobar kam haq toʻlarkansiz. Bizning davrimizda bunday betama xizmatchilar kamdan-kam uchraydi.
— O, yordamchimning kamchiliklari ham bor! — dedi mister Uilson. — Surat olishga bunaqangi ishqiboz odamni hech qachon uchratmagan edim. Ish vaqtida apparatini shaqillatgani-shaqillatgan, keyin esa xuddi quyon iniga urib ketgandek yertoʻlaga shoʻngʻiydi-da, plastinkalarni doriga solib ochiltiradi. Uning katta nuqsoni shu. Umuman esa chakki xizmatchi emas.
— U hozir ham xizmatingizni qilib turgan boʻlsa kerak?
— Ha, ser. Oʻshayu amal-taqal qilib ovqat pishirib, uyni supurib-sidirib turadigan oʻn toʻrt yashar qizaloq, boshqa hech kimim yoʻq, xotinim oʻlib ketgan, bolalarim ham yoʻq. Uchalovimiz tinchgina turmush kechirayotibmiz, ser, uyning chirogʻini yoqib, ijara haqini toʻlab turamiz — koʻrgan-kechirganimiz shu… Bu eʻlon bizni yoʻldan adashtirdi, — deb gapini davom ettirdi mister Uilson. — Bugun roppa-rosa sakkiz hafta boʻladi Spolding qoʻlida shu gazeta bilan idoramga kirib kelganiga.
“Qani endi meni ham xudo malla qilib yaratgan boʻlsa, mister Uilson”.
“Nega?” — deb soʻradim men.
“Mana, — dedi, — Mallalar uyushmasida yangi oʻrin tayin qilinibdi. Bu oʻrinni egallagan odam hazilakam daromadga ega boʻlmaydi. U yerda ishga kirmoqchi boʻlgan talabkorlardan koʻra boʻsh oʻrinlar koʻproq boʻlsa kerak, vasiylar ham pullarni nima qilishlarini bilmay rosa boshlari qotayotgandir. Agar sochimning rangi oʻzgarib qolganida bormi, albatta oʻsha serdaromad oʻrinni egallardim”.
“Mallalar uyushmasi nima degani oʻzi?” — deb soʻradim men.
— Bilasizmi, mister Xolms, men yurimsak emasman, ish ketidan quvmayman, ish oʻzi meni qidirib keladigan boʻlgani uchun baʻzan haftalab ostona hatlab koʻchaga chiqmayman. Shuning uchun ham olamda boʻlayotgan ishlardan bexabar qolaman, yangiliklarni hamisha maroq bilan eshitaman…
“Siz nahotki Mallalar uyushmasi haqida hech qachon eshitmagan boʻlsangiz?” — deb soʻradi taajjub bilan Spolding koʻzlari chaqchayib.
“Hech qachon”.
“Bu meni juda ham taajjublantiradi, chunkn siz oʻsha boʻsh oʻrinni egallashga haq-huquqi boʻlganlardan birisiz-ku”.
“Bu qancha daromad keltirishi mumkin?” — deb soʻradim.
“Yiliga ikki yuz funt sterlingga yaqin, ortiq emas, juda ham yengil ish, buning ustiga ayni vaqtda har qanday boshqa ish bilan ham bemalol shugʻullanaversa boʻladi”.
Tabiiyki, quloqlarimni ding qildim. Chunki mening muassasam soʻnggi vaqtlarda juda oz daromad keltirmoqda, yiliga qoʻshimcha ikki yuz funt esa ancha kunimga yarashi mumkin edi.
“Bu Uyushma haqida bilganlaringizni aytib bering”, — dedim.
“Oʻzingiz koʻrib turibsizki, — deb javob berdi Spolding menga eʻlonni koʻrsatib, — Mallalar uyushmasida boʻsh oʻrin bor ekan, mana bu adresi, tafsilotlarini bilmoqchi boʻlsangiz shunga murojaat qilishingiz mumkin. Bilishimcha, bu Uyushmaga Iezekiya Xopkins degan amerikalik bir dovdir tabiatli millioner asos solgan. Uning oʻzi qizgʻish-malla tusli boʻlib, dunyodagi hamma mallalarga xayrixoh ekan. U oʻlayotganida oʻz vasiylariga katta mablagʻ qoldirib, bu mablagʻni sochlari toʻq malla tusdagi odamlarning qismatlarini yengillatishga ishlatishni vasiyat qilgan ekan. Aytishlaricha, bu baxtiyor odamlarga tuppa-tuzuk maosh toʻlasharmish, ulardan deyarli hech qanday ish talab qilishmasmish”.
“Axir malla odamlar million-million-ku, — dedim men, — ularning har biri ham boʻsh oʻrinni egallagisi keladi”.
“Siz oʻylaganchalik koʻp emas, ular, — deb javob berdi u. — Koʻrib turibsizki, eʻlon faqat londonliklarga, shunda ham katta kishilarga qaratilgan. Oʻsha amerikalik Londonda tugʻilib, yoshligini shu yerda oʻtkazgan, oʻzi tugʻilib oʻsgan shaharga valineʻmatlik qilmoqchi boʻlgan. Bundan tashqari, eshitishimga qaraganda Mallalar uyushmasiga sochlari och-mallarang yoki toʻq-mallarang shaxslarning murojaat qilishlari foydasiz — u yerda sochlari yorqin, koʻzni qamashtiradigan, qizgʻish-malla tusdagi kishilarnigina ishga olisharkan. Agar siz bu taklifdan foydalanmoqchi boʻlsangiz, mister Uilson, Mallalar uyushmasining idorasiga kirib borsangiz kifoya. Ammo bir necha yuz funt deb asosiy mashgʻulotingizdan alahsirab yurishingizning maʻnosi bormikan?..”
Oʻzlaringiz koʻrib turibsizlarki, jentlmenlar, mening sochim yorqin, serjilo tusga ega boʻlgan toʻq-mallarang soch, mallalar raqobat qilib qolganlarida ham baribir men bu boʻsh oʻrinni egallasam kerak, deb oʻylagan edim. Vinsent Spolding bu ishdan har tomonlama xabardor boʻlganligi uchun menga katta yordam berishi mumkin edi, shuning uchun ham darchalarni kechgacha yopib, meni Uyushma binosiga kuzatib borishini buyurdim. U bugun ishdan ozod boʻlganiga juda sevinib ketdi. Biz idorani berkitib, eʻlonda koʻrsatilgan adresga qarab joʻnadik. U yerda shunday bir tomoshani koʻrdimki, mister Xolms, bunday tomoshani endi sira ham koʻrolmasam kerak. Shimoldan, janubdan, sharqdan, gʻarbdan kimningki sochi sal-pal malla tusli boʻlsa, eʻlonni oʻqiboq Sitiga yopirilib kelaveribdi. Flit-stritda mallalar tirband boʻlib ketgan. Pops-koort esa apelsinfurushning gʻaltak aravasiga oʻxshar edi. Men hech qachon Angliyada shuncha bordir, deb oʻylamagan edim. Bu yerda mallarang tusning har xil turlari bor, poxolrang, limonrang, qizgʻishrang gʻishtrang, irland setterlari tusidagi, safro tusidagi, loy tusidagi ranglar bor; ammo Spolding aytganidek, chinakam yorqin, qizgʻish-mallarang tusdagi boshlar bu yerda juda oz edi. Shunga qaramay, bu yerga toʻplangan olomonni koʻrib, umidim puchga chiqay deb qoldi. Spolding esa boʻsh kelmadi. Qanday evini qilganini bilmayman-u, u jon-jahdi bilan tiqilib-suqilib meni xaloyiq orasidan olib oʻtdi, biz idora zinapoyasi oldiga yetib bordik. Odamlar turnaqator tizilib zinapoyadan chiqib-tushib turar edi; baʻzilari umid-ishtiyoq bilan chiqib borishar, baʻzilari esa maʻyuslik bilan tushib kelishar edi. Biz oldinga yorib oʻta-oʻta tez orada idoraga kirib bordik…
— Siz juda qiziq duch kelib qolibsiz! — dedi Xolms, mijozi xotirlab olish uchun bir chimdim burnaki iskab indamay qolarkan. — Marhamat, hikoyangizni davom ettiring.
— Idorada ikkita yogʻoch stul bilan oddiygina qaragʻay stoldan boshqa hech narsa yoʻq, unda mendan ham mallaroq kichkina bir odam oʻtirardi. U stol oldiga kelgan nomzodlarning har qaysisi bilan bir-ikki ogʻiz soʻzlashib, ularning har qaysisidan qanday boʻlmasin bir nuqson topardi. Aftidan, boʻsh oʻrinni egallash uncha oson emas edi. Biroq biz oʻz navbatimizda stolga yaqinlashib borar ekanmiz, kichkina odam meni boshqa nomzodlarga qaraganda anchagina xushmuomalaroq qarshi ichkariga kirgan zahotimizoq biz bilan xoli gaplashish uchun eshikni ichkaridan berkitib qoʻydi.
“Bu kishi mister Jebez Uilson, — dedi yordamchim. U Uyushmadagi boʻsh oʻrinni egallamoqchi edi”.
“U bu oʻringa juda munosib, — deb javob berdi haligi odam. — Men koʻpdan beri bunday ajoyib sochni koʻrishga muyassar boʻlmagan edim!”
U bir qadam orqaga tashlab, boshini bir tomonga qiyshaytirdi-da, sochlarimga shu qadar uzoq tikilib qoldiki, men juda oʻngʻaysizlandim. Keyin birdan oldinga tashlanib qoʻllarimga yopishdi-da, qizgʻin tabrikladi.
“Men hardamxayollik qilsam insofdan boʻlmas, — dedi u. — Biroq ishonamanki, baʻzi ehtiyot choralarni koʻrsam meni kechirasiz”.
U ikkala qoʻli bilan sochimni changallab shunday tortdiki, ogʻriqdan dodlab yubordim.
“Koʻzlaringizdan yosh chiqib ketdi, — dedi u sochimni qoʻyib yuborib. — Demak, hammasi joyida. Kechirasiz, ehtiyot boʻlmasak boʻlmaydi. Chunki bizni ikki marta parik kiyib kelib, yana bir marta sochini boʻyab kelib aldashgan. Sizga baʻzilarning shunday vijdonsizlarcha ishlatgan hiylai nayranglarini aytib berishim kiiki, odamlarga nisbatan nafratingiz oshib ketadi”.
U deraza oldiga borib, boʻsh oʻrin band qilinganligini qichqirib aytdi. Pastdan oh-voh, oʻkinch sadolari eshitildi, xaloyiq har tomonga tarqalib ketdi, tez orada bu atrofda meni yollayotgan haligi odam bilan ikkovimizdan boshqa malla qolmadi.
“Mening otim mister Dunkan Ross, — dedi u, — men ham saxovatli valineʻmatimiz qoldirgan oʻsha fonddan nafaqa olaman. Siz uylanganmisiz, mister Uilson? Oilangiz bormi?”
Men befarzand, soʻqqabosh odam ekanligimni aytdim. Uning chehrasida qaygʻu izlari koʻrindi.
“Yo rabbiy! — dedi u tundlik bilan. — Axir bu juda ham jiddiy toʻsiq-ku! Afsuslar boʻlsinki, siz uylanmagan ekansiz! Fond mallalarni boqish uchungina emas, ularning nasl-nasabini koʻpaytirib, tarqatish uchun barpo qilingan edi. Afsus, boʻydoq ekansiz-da!”
Bu soʻzlarni eshitarkanman, tarvuzim qoʻltigʻimdan tushib ketdi. Mister Xolms, nega desangiz, meni olishmas ekan, deb xavotirga tushib qoldim: ammo u oʻnlab koʻrib yoʻlini topishini aytdi.
“Sizdan boshqa har qanday odam boʻlganda ham qoidadan chekinmasdik, ammo shunday sochi bor odamni qoʻllab-quvvatlash mumkin. Yangi vazifangizni qachondan eʻtiboran ado eta boshlashingiz mumkin?”
“Bu bir oz mushkulroq, chunki men boshqa bir muassasada bandman”, — dedim.
“Bunisidan tashvishlanmang, mister Uilson! — dedi Vinset Spolding. — U ishni sizsiz oʻzim ham eplayveraman”.
“Bu yerda qaysi soatlarda band boʻlaman?” — deb soʻradim men.
“Oʻndan ikkigacha”.
Boʻnak kassalarida asosiy ish kechqurunlari, ayniqsa, maosh berilishi arafasida payshanba, juma kunlari boʻladi, shuning uchun uncha-muncha pul ishlasak chakki emas, degan qarorga keldim. Qolaversa, yordamchim ishonchli odam, kerak boʻlganda bemalol oʻrnimda ishlayveradi.
“Bu soatlar menga toʻgʻri keladi, — dedim. — Qanday maosh toʻlaysizlar oʻzi?”
“Haftasiga toʻrt funt”.
“Qiladigan ishim nimadan iborat boʻladi?”
“Muayyan ishdan iborat boʻladi”.
“Muayyan ish deganingiz nima?”
“Ish vaqtida siz idoramizda yoki, aqalli, idoramiz joylashgan binoda boʻlishingiz kerak. Bordi-yu, biron marta ish vaqtida ketib qolarkansiz, bu xizmatdan umrbod mahrum boʻlasiz. Vasiyat qiluvchi ayniqsa shu moddaga qattiq rioya qilishni talab etgan. Agar biron marta ish vaqtida idoramizdan chiqib ketsangiz, talablarimizni bajarmagan hisoblanasiz”.
“Agar gap kuniga toʻrt soat vaqt haqida ketayotgan boʻlsa, idoradan chiqib ketishni xayolimga ham keltirmayman”, — dedim.
“Shuni bilib qoʻyingki, — deb takrorladi mister Dunkan Ross, — biz keyin hech qanday avf-oʻtinchlaringizga quloq solmaymiz. Hech qanday kasal, hech qanday ish bahona boʻlolmaydi. Xizmat vaqtida idorada boʻlishingiz shart — boʻlmasa xizmatdan ketasiz”.
“Ishim nimadan iborat boʻladi?”
“Siz “Britaniya qomusi”ni koʻchirib yozasiz. Birinchi tomi — mana shu shkafda. Siyoh, patqalam, qogʻoz bilan bosma qogʻozni oʻzingiz olib kelasiz: biz esa sizga stol bilan stul beramiz. Ertadan ish boshlay olasizmi?”
“Albatta” deb javob berdim.
“Unday boʻlsa, xayr, mister Jabez Uilson. Shunday yaxshi oʻrinni egallashga muvaffaq boʻlganingiz bilan sizni yana bir marta tabriklashga ruxsat eting”.
U menga bosh silkidi. Xonadan chiqib, omadim kelgan quvongancha yordamchim bilan uyga qarab joʻnadim.
Men bu hodisa haqida kun-uzukun oʻyladim, kechga borib hafsalam pir boʻlayozdi, chunki miyamga, bu ishlarning hammasi shunchaki bir qalloblik boʻlsa kerak, degan fikr keldi, ammo bu tadbirdan maqsad nima ekanligini oʻylay-oʻylay sira tushunolmadim. Shunday vasiyatnomaning borligiga, “Britaniya qomusi”ni koʻchirib yozishga odamlar shu qadar koʻp pul toʻlashga rozi ekanliklariga aql bovar qilmasdi. Vinsent Spolding jon dili bilan menga dalda berishga urinardi, ammo men yotganimda bu ishdan voz kechishga qatʻiy qaror qildim. Biroq ertalab miyamga, har ehtimolga qarshi u yerga bir borib koʻray-chi, degan fikr keldi. Bir penniga[4] siyoh sotib olib, gʻoz pati bilan yetti taxta katta qogʻozni koʻtarib Pops-koortga joʻnadim. Taajjubki, u yerda hamma ishlar joyida edi. Juda sevinib ketdim. Stol ishlashim uchun tayyor qilib qoʻyilgan, mister Dunkan Ross meni kutib turgan ekan. U menga “A” harfidan boshlashni buyurib chiqib ketdi, ammo vaqt-vaqti bilan idoraga qaytib kirib, ishlayotgan-ishlamayotganimdan xabar olib turardi. Soat ikkida u men bilan xayrlasharkan, shuncha koʻp koʻchirib yozganimni maqtadi-da, orqamdan idoraning eshigini berkitib oldi.
Kunlar shu yoʻsinda oʻtaverdi, mister Xolms. Shanba kuni xoʻjayinim stolga bir haftalik haqim — toʻrtta oltin soverenni[5] olib kelib qoʻydi. Ikkinchi hafta ham shunday oʻtdi, uchinchi hafta ham. Men u yerga har kuni roppa-rosa oʻnda borib, roppa-rosa ikkida qaytardim. Bora-bora mister Dunkan Ross idoraga faqat ertalablari kiradigan, keyinroq esa mutlaqo kirmaydigan boʻlib qoldi. Shunga qaramay, tabiiy, men xonadan bir daqiqaga ham chiqishga jurʻat qilolmasdim. Chunki uning kelmasligiga amin emasdim, shunday foydali ishdan ajralib qolishdan qoʻrqardim ham.
Sakkiz hafta oʻtdi; men Abbatlar, Artilleriya, Arxitektura, Attika haqidagi maqolalarni koʻchirib tez orada “B” harfiga oʻtaman, deb umid qilgan edim. Ancha-muncha qogʻoz sarf qilgan edim, koʻchirib yozganlarim rafga arang sigʻardi. Ammo ishim birdan adoyi tamon boʻldi-qoldi.
— Tamom boʻldi-qoldi?
— Ha, ser. Bugun ertalab. Odatdagidek, soat oʻnda ishga borsam, eshik qulflogʻliq, unga bir parcha karton qoqib qoʻyilibdi. Mana u, oʻzingiz oʻqib koʻring.
U bizga qoʻyin daftarchaning bir varagʻicha keladigan karton uzatdi. Kartonda quyidagi soʻzlar yozilgan edi: MALLALAR UYuShMASI 1890-YIL, 9 OKTYaBRDA TARQATIB YuBORILDI.
Sherlok Xolms ikkovimiz bu qisqa yozuvga ham, Jebez Uilsonning maʻyus qiyofasiga ham uzoq tikilib oʻtirdik; nihoyat, oʻzimizni tiyolmay qahqahlab yubordik.
— Buning hech kuladigan joyi yoʻq — deya qichqirib oʻrnidan sapchib turgan mijozimiz qizgʻish sochlarining taglarigacha qizarib ketdi. — Agar siz yordam berish oʻrniga mendan kulmoqchi boʻlsangiz, yordam soʻrab boshqa odamga murojaat qilaman.
— Yoʻq, yoʻq! — deb xitob qildi Xolms, uni yana kresloga oʻtqazarkan. — Sizning ishingizdan oʻla qolsam ham voz kechmayman. Bu ishning yangiligidan dilim bahra oladi. Ammo uning, meni kechirasiz, har qalay, qandaydir alomat jihati bor… Eshikka qoqib qoʻyilgan bu yozuvni topganingizdan keyin nima chora koʻrdingiz?
— Hang-mang boʻlib qoldim, ser. Nima qilishimni bilmadim. Qoʻshni idoralarning hammasiga kirib chiqdim, lekin u yerdagilarning birontasi ham hech narsa bilmas ekan. Nihoyat pastki qavatda yashaydigan uy egasining oldiga kirib, Mallalar uyushmasiga nima boʻlganini bilmaysizmi, deb soʻradim. U, bunaqa tashkilotni sira ham eshitmaganman, deb javob berdi. Shundan keyin undan, mister Dunkan Ross kim boʻladi, deb soʻradim. U, bu ismni birinchi eshitishim, deb javob berdi.
“Men toʻrtinchi raqamli kvartirangizni ijaraga olgan jentlmenni aytyapman”, — dedim.
“Mallani aytyapsizmi?”
“Ha”.
“Uning oti Uilyam Morris. U yurist, joyimni vaqtincha ijaraga olgan edi — uning doimiy idorasi remont qilinayotgan ekan. Kecha koʻchib ketdi”.
“Uni qayerdan topsa boʻladi?”
“Doimiy idorasidan. Adresini tashlab ketgan. Mana: «King-Eduard-strit, 17, avliyo Pavel jomesining yaqinida”.
Men oʻsha adresga qidirib bordim, mister Xolms, u yer yogʻoch oyoq ustaxonasi ekan; u yerdagilarning birontasi ham hech qachon na mister Uilyam Morrisning nomini, na mister Dunkan Rossning nomini eshitgan ekan.
— Shundan keyin nima qildingiz? — deb soʻradi Xolms.
— Keyin Seks-Koburg-skvsrga, uyimga qaytib keldim, yordamchim bilan maslahatlashdim. U menga hechqanday yordam berolmadi. U, kutib tura turing-chi, pochta orqali biron xabar berishar, dedi. Menga bu toʻgʻri kelmaydi, mister Xolms. Men shunday ajoyib joyni osonlikcha qoʻldan berib qoʻymoqchi emasman. Sizning mushkul ahvolga tushib qolgan kambagʻal odamlardan oʻz maslahatingizni ayamasligingizni eshitib yurardim, shuning uchun toʻppa-toʻgʻri oldingizga kelaverdim.
— Toʻgʻri qilgansiz, — dedi Xolms. — Siz aytgan hodisa — ajoyib hodisa, men u bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻlganimdan baxtiyorman. Soʻzlaringizni eshitib shunday xulosaga keldimki, bu ish birinchi qarashda tuyulishi mumkin boʻlganidan koʻra jiddiyroq.
— Ha, hazilakam ish emas! — dedi mister Jabez Uilson. —Men haftasiga tushib turgan moʻmaygina toʻrt funtdan mahrum boʻldim.
— Shaxsan sizning toʻgʻringizda gapiradigan boʻlsak, — dedi Xolms, — bu gʻayri oddiy Uyushmadan nolishingiz oʻrinsiz. Aksincha, fahmlashimcha, siz tufayli oʻttiz funtcha boylik orttiribsiz, bundan tashqari “A” harfidan boshlanadigan narsalar haqida chuqur bilim orttirganingizni aytmasa ham boʻladi.
— Toʻgʻri, darhaqiqat shunday, ser. Ammo men ularni qidirib topmoqchi edim, ularning kimligini, agar bu qilmishlarini hazil deb bilsa, nega men bilan shu tariqa hazillashganliklarini bilmoqchi edim. Bu ermak ularga juda qimmatga tushdi: ular oʻttiz ikki funtlaridan ajradilar.
— Biz bularning hammasini aniqlashga urinib koʻramiz. Ammo avval sizga bir necha savol berishga ruxsat etsangiz, mister Uilson. Oʻsha eʻlonni koʻrsatgan yordamchingiz sizda qachondan beri xizmat qiladi?
— Oʻsha vaqtda bir oycha boʻlib qolgan edi.
— Siz uni qayerdan topgan edingiz?
— U mening oldimga gazetada eʻlon berganimdan keyin kelgan edi.
— Eʻloningizni oʻqib, oʻshaning oʻzigina kelganmidi?
— Yoʻq, oʻntacha odam keldi.
— Nima uchun oʻshaning oʻzinigina oldingiz?
— Qarasam chaqqonroq, haqni ham kam oladigan.
— Yarim maosh olib ishlashga rozi boʻlganiga uchdingizmi?
— Ha.
— Oʻsha Vinsent Spolding deganingizning qiyofasi qanaqa?
— Kichik jussali, gʻoʻlabir, serharakat. Oʻttizga borib qolgan boʻlsa ham iyagida bironta tuk yoʻq. Peshonasida kislota kuydirgan oppoq dogʻ bor.
Xolms qaddini rostladi. U juda hayajonlangan edi.
— Oʻzim ham shundaydir deb oʻylagan edim! — dedi u. — Uning quloqlaridagi zirak taqadigan teshiklarga koʻzingiz tushmadimi?
— Koʻrganman, ser. U menga, qulogʻimni bolaligimda allaqanday loʻli xotin teshgan, deb tushuntirdi.
— Hm! — deb qoʻydi Xolms va chuqur oʻy surgancha oʻzini kresloning suyanchigʻiga tashladi. — U hali ham siznikidami?
— Ha, albatta, ser, uni hozirgina koʻrdim.
— Uyda yoʻqligingizda u ishlaringizni durust eplab turadimi?
— Nolisam boʻlmas, ser. Zotan, ertalablari boʻnak kassamda deyarli hech qanday ish boʻlmaydi.
— Bas, mister Uilson. Bir-ikki kundan keyin bu voqea toʻgʻrisidagi fikrimni sizga bajonu dil xabar qilaman. Bugun shanba… Umid qilamanki, dushanba kuni biz hamma gapdan voqif boʻlsak kerak.
— Xoʻsh, Uotson, — dedi Xolms mijozimiz ketgach, — siz bularni nima deb oʻnlaysiz?
— Hech narsa deb oʻylayotganim yoʻq, — deb roʻy-rost javob berdim men. — Bu ish menga gʻoyatda sirli tuyulayotibdi.
— Taomil shuki, — dedi Xolms, — hodisa qanchalik gʻalati boʻlsa, uning sirli tomonlari shu qadar kam boʻladi. Olomon orasidan oddiy qiyofali odamni topish nechogʻli qiyin boʻlsa, oddiygina jinoyatlarni aniqlash ham shu qadar mushkul. Ammo bu hodisani mumkin qadar tezroq bartaraf qilish kerak.
— Xoʻsh, endi nima qilmoqchisiz? — deb soʻradim.
— Chekmoqchiman, — deb javob berdi u. — Bu uch marta trubka chekkuncha oʻnlab magʻzini chaqsa boʻladigan masala, shuning uchun meni oʻn minutcha gapga solmay tursangiz.
U ozgʻin tizzalarini yigʻishtirib qirgʻiy burniga yaqin olib borgancha kresloda gʻujanak boʻlib oldi va koʻzlarini yumib, allaqanday gʻalati bir qushning tumshugʻiga oʻxshagan qora sopol trubkasini tishlagan uzoq oʻtirdi. Men uni, uxlab qoldi, deb oʻylab oʻzim ham mizgʻiy boshlagan edimki, qatʻiy bir qarorga kelgan odamdek oʻrnidan sakrab turdi-da, trubkasini kaminga qoʻydi.
— Sarasate[6] bugun Sent-Jems-Xollda chaladi, — dedi u. — Siz bunga nima deysiz, Uotson? Bemorlaringiz bir necha soatginz sizsiz tura olisharmikan?
— Bugun boʻshman. Ishim uncha koʻp vaqtni olmaydi. — Unday boʻlsa, shlyapangizni kiying, ketdik. Men avval Sitiga borishim kerak. Yoʻl-yoʻlakay biron joyda ovqatlanarmiz.
Biz metroda Oldersgetgacha borib, u yerdan ertalab eshitgan voqealarimiz yuz bergan Seks-Koburg-skverga yayov joʻnadik.
Seks-Koburg-skver oqsuyaklarga xosroq, gʻaribgina xilvat bir maydoncha. Toʻrt qator kir-iflos ikki qavatli gʻisht uylarning derazalari oʻt-alaf bosgan kichkinagina bogʻchaga qaragan, bogʻchaning oʻrtasida bir necha tup irvoqqina lavr butalari qurum bosgan havo bilan kurashib jon talashib yotibdi. Zarhal yuritilgan uchta shar va muyushga osilgan oq harflar bilan “Jebez Uilson”, deb yozilgan jigarrang lavha malla mijozining muassasasi shu yerda ekanligini bildirib turardi.
Sherlok Xolms eshik oldida toʻxtab, yuminqiragan mijjalari orasidan chaqnoq koʻzlarini unga tikdi. Keyin koʻchadan asta yurib borib, uylarni diqqat bilan koʻzdan kechirgancha yana muyulishga qaytib keldi. Boʻnak kassasining oldida hassasi bilan toshkoʻchani uch marta qattiq urib koʻrdi, soʻngra eshikka yaqin borib, uni taqillatdi. Eshikni shu ondayoq soqol-moʻylovi qirtishlab olingan chaqqon yigit ochdi-da, bizni ichkariga taklif qildi.
— Tashakkur, — dedi Xolms. — Men faqat Strendga qanday borsa boʻladi, deb soʻramoqchi edim.
— Uchinchi koʻchaga borganda oʻngga burilasiz, keyin toʻrtinchi koʻchaga borganda chapga, — deb darhol javob berdi mister Uilsonning yordamchisi va eshikni taq etib yopdi.
— Epchil yigit ekan! — deb qoʻydi Xolms biz yana koʻcha boʻylab borarkanmiz. — Meningcha, u epchillikda London boʻyicha toʻrtinchi oʻrinda tursa kerak, dovyuraklikda esa uchinchi oʻrinda boʻlsa ham ajab emas. Uning toʻgʻrisida uncha-muncha maʻlumotlar bor.
— Nazarimda, — dedim men, — mister Uilsonning yordamchisi Mallalar uyushmasida hazilakam rol oʻynamasa kerak. Aminmanki, siz undan yoʻlni faqat oʻzini koʻrish uchungina soʻradingiz.
— Oʻzinimas.
— Nimani boʻlmasa?
— Tizzalarini.
— Xoʻsh, tizzalarida nimani koʻrdingiz?
— Kutgan narsamni koʻrdim.
— Koʻcha toshlarini nimaga urib koʻrdingiz?
— Muhtaram doktor, hozir gap sotishning fursati emas, kuzatish kerak. Biz — dushman qarorgohidagi aygʻoqchilarmiz. Biz Seks-Koburg-skverda baʻzi bir narsalarni bilib olishga muvaffaq boʻldik. Endi ularga narigi tomondan kelib tutashadigan koʻchalarni koʻzdan kechirib chiqamiz.
Seks-Koburg-skver bilan muyulishdan burilganimizdan keyingi manzara orasida yer bilan osmoncha farq bor edi. Muyulishdan burilgach, shaharning Sitini shimol va gʻarb bilan bogʻlab turadigan asosiy qon tomirlaridan biri oʻtar edi. Bu katta koʻcha boshdan-oyoq ikki oqim hosil qilib oʻngga va soʻlga qatnab turgan ekipanslar bilan toʻlgan, yoʻlkalarda esa gʻuj-gʻuj oʻtkinchilar, qator ajoyib magazinlar va hashamatli mahkamalarga qarab xuddi shu uylarning orqasida naqadar gʻarib kimsasiz maydon borligini tasavvur qilish mahol edi.
— Ijozat bering, toʻyib tomosha qilib olay, — dedi Xolms muyushda toʻxtab, har bir uyni birma-bir diqqat bilan koʻzdan kechirarkan. — Binolarning qay tartibda joylashganini eslab qolmoqchiman. Londonni aylanishga juda ishqibozman… Avval Mortimerning tamaki magazini, keyin gazeta doʻkoni, uning yonida shahar va shahar atrofi bankining Koburg boʻlimi, soʻngra vegetarianlar[7] restorani, undan keyin Mak-Ferlen kareta deposi. Undan uyogʻida narigi kvartal boshlanadi… Xoʻp, doktor, ishimiz tamom boʻldi hisob. Endi bir oz koʻngilxushlik qilsak ham boʻladi: buterbrod yeb, chinni oyogʻdan qahva ichamizu huzur-halovat, orom, dilrabo kuylar saltanatiga ravona boʻlamiz, u yerda malla mijozlar boshimizni qotirib gʻashimizga tegmaydi.
Doʻstim muzikani ehtiros bilan sevar, u isteʻdododli sozandagina emas, tuppa-tuzukkina kompozitor ham edi. Butun kecha davomida ingichka uzun barmoqlarini muzika ohangiga monand asta-asta qimirlatgancha kresloda yayrab oʻtirdi. Uning tabassum qalqqan chehrasi, namxush xumor koʻzlari intizor Xolmsni, oʻgʻri-muttahamlarning kushandasi, shafqatsiz, ayyor Xolmsni hech eslamas edi. Ajoyib xarakteri ikki narsadan tarkib topgan edi. Uning puxtaligi hamda kishini lol qoldiradigan oʻtkir zehni bu kishi fazilatining asosini tashkil etadigan shoirona oʻychanligi bilan kurashda tugʻilgan boʻlsa kerak, deb oʻylardim oʻqtin-oʻqtin. Har doim tamoman holdan toyganiga ham qaramay gʻayrat bilan ishga kirishib keta olardi. Uning kechqurunlari oʻz navozishlari va notalariga nechogʻli xotirjamlik bilan berilib ketishini yaxshi bilardim. Ammo ishqibozlik ehtirosi uni birdan chulgʻab olib, oʻziga xos boʻlgan yorqin tafakkur kuchi savhi tabiiy darajasiga yetib borar, uning uslubidan bexabar odamlar, qarshimizda oddiy bir odam emas, allaqanday gʻayritabiiy bir jondor turibdi, deb oʻylay boshlar edilar. Sent-Jems-xollda kuzatib oʻtirarkanman, Xolmsning muzikaga naqadar berilib ketganini koʻrib, u iziga tushgan odamlarning omon qolmasliklarini sezdim.
— Siz, doktor, uyga ketmoqchidirsiz, — dedi u kontsert tamom boʻlgach.
— Uyga ketaman, albatta.
— Mening yana bir ishim bor, bu uch-toʻrt soat vaqtimni oladi. Koburg-skverdagi hodisa — juda jiddiy narsa.
— Juda jiddiy deng?
— U yerda katta jinoyatga tayyorlik koʻrilmoqda. Men ishonch bilan aytamanki, biz uning oldini olib qolamiz. Ammo bugun shanba boʻlgani sababli ish ancha mushkullashadi. Kechasi menga yordamingiz kerak boʻlib qolishi mumkin.
— Soat nechada?
— Soat oʻnlardan keyin.
— Roppa-rosa oʻnda Beyker-stritda boʻlaman.
— Juda soz. Bilib qoʻying, doktor, bu nihoyatda xatarli ish. Choʻntagingizga revolveringizni solib oling.
U menga qoʻl silkib, keskin burildi-da, bir lahzada xaloyiq orasiga kirib gʻoyib boʻldi.
Men oʻzimni boshqalardan koʻra ahmoqroq deb hisoblamayman-u, ammo qachon Sherlok Xolms bilan toʻqnash kelib qolsam, zehnimning pastligini tan olib qiynalib ketaman. Axir, mana, men ham u nimani eshitgan boʻlsa shuni eshitdim, u nimani koʻrgan boʻlsa, men shuni koʻrdim, biroq gapiga qaraganda u boʻlib oʻtgan voqeanigina emas, endi sodir boʻladiganigacha tushunib, payqab turibdi, menga esa bu ish hamon dudmal, bir tuturiqsiz narsaga oʻxshab tuyulmoqda.
Uyga qaytayotib yoʻl boʻyi “Britaniya qomusi”ni koʻchirgan oʻsha malla kotibning gʻalati hikoyasini ham, Seks-Koburg-skverga borganimpzni ham, xayrlashayotganimizda Xolms aytgan vahimali soʻzlarni ham yana bir bor esladim. Bu tungi safar nimani bildiradi va nima uchun qurollanib borishim kerak? Biz u bilan qayoqqa boramiz va nima ishlar qilamiz? Xolms menga boʻnak kassa egasining koʻsa yordamchisi katta jinoyatlarga qodir, gʻoyatda xavfli odam ekanini shama qilib qoʻydi.
Bu jumbogʻni yechish uchun rosa bosh qotirdim, ammo hech bir ish chiqarolmadim, kechasigacha sabr qilishga qaror qildim, hamma gap oʻshanda ayon boʻladi.
Toʻqqizdan chorak oshganda undan chiqdim. Gand-park va Oksford-stritdan oʻtib. Veyker-stritga chiqdim. Eshik oldida ikkita keb[8] turardi, dahlizga kirarkanman, gʻala-gʻovur tovushlarni eshitdim. Xolmsning huzurida ikki odam bor ekan. Xolms ular bilan quyuq suhbatlashmoqda. Ularning birini tanirdim — bu politsiyaning rasmiy agenti Piter Jons. Ikkinchisi esa yaltiroq tsilindr, gʻoyatda bejirim frak kiygan ozgʻin, novcha, badqovoq odam edi.
— Ha, ana, jamoat jam boʻldik! — dedi Xolms matroscha kurtkasining tugmalarini qadab, rafdan vazmin sopli ovchilar qamchisini olarkan. — Uotson, siz Skotlsnd-Yardda ishlaydigan mister Jons bilan tanish boʻlsangiz kerak? Ruxsat eting sizni mister Merriuezerga tanishtiray. Mister Merriuezer ham bizning soʻnggi sarguzashtimizda ishtirok etadi.
— Koʻrib turibsizki doktor, biz mister Xolms bilan yana birga ovga chiqayotibmiz, — dedi Jons odatdagidek sipolik bilan. — Doʻstimiz bebaho odam. Ammo ovning eng boshida yirtqichni taʻqib qilishi uchun unga qari tozining yordami kerak.
— Yirtqichni emas, oʻrdak otib yurmasak hali, deb qoʻrqaman, — dedi tundlik bilan mister Merriuezer.
— Mister Xolmsga bemalol orqa qilishingiz mumkin, ser, — deb qoʻydi jamiyat bilan politsiya agenti. — Uning yaxshi koʻrgan uslublari bor. Ular, ruxsatingiz bilan qayd etsam, bir oz mavhum va xayoliyroq, lekin, har qalay, juda yaxshi natijalar beradi. Eʻtirof kerak, u haq boʻlib chiqib, rasmiy politsiya esa yanglishgan hollar ham boʻlgan.
— Modomiki, siz shunday deyayotgan ekansiz, mister Jons, demak hammasi joyida boʻladi, — dedi takalluf bilan notanish odam. — Lekin, har qalay, rostini aytsam, bugun odatdagi robber oʻynashdan mahrum boʻlganimga achinayotibman. Bu yigirma yetti yil davomida men karta oʻynaman oʻtkazadigan birinchi shanba oqshomi boʻladi.
— Bugungi oʻyindagi dov sizning karta oʻyiningizdagi dovdan kattaroq, oʻyinning oʻzi ham qiziqroq boʻladi, — dedi Sherlok Xolms — Siz tikadigan dov, mister Mirriuezer, oʻttiz ikki ming funt sterlingga teng keladi. Sizning dovingiz esa, Jons, allaqachonlardan beri tutib olish umidida yurgan odamingiz.
— Jon Kley — qotil, oʻgʻri, qulfbuzar, firibgar, — dedi Jons. — U hali yosh, mister Merriuezer, ammo mamlakat boʻyicha eng mohir oʻgʻri: men hammadan koʻra ham oʻshaning qoʻllariga jon-jon deb kishan urardim. Jon Kley degan bu yigit ajoyib odam. Uning bobosi gertsog edi, oʻzi boʻlsa Iton va Oksfordda[9] oʻqigan. Qoʻli qanchalik mohir boʻlsa, miyasi shunchalik oʻtkir, garchand biz uning iziga har bir qadamda duch kelayotgan boʻlsak ham, u hamon tutqich bermaydi. Bu haftada u Shotlandiyada biron kimsaning bor-yoʻgʻini oʻmarib kelsa, keyingi haftada Kornvallisda yetimxona qurish uchun pul yigʻishga kirishadi. Necha yillardan beri uning izidan quvamanu, lekin haligacha oʻzini koʻrgan emasman.
— Bugun kechasi uni sizga tanishtirishga muyassar boʻlaman. Men ham ikki marta mister Jon Kleyning jasoratiga toʻqnash kelganman, sizning u mamlakat boʻyicha eng mohir oʻgʻri, degan fikringizga batamom qoʻshilaman… Soat oʻndan oshib qoldi. Yoʻlga tushsak ham boʻlar. Sizlar ikkovlaringiz birinchi kebda joʻnanglar, Uotson bilan biz ikkinchisida joʻnaymiz.
Sherlok Xolms uzoq choʻzilgan safarimiz davomida uncha ochilib gapirmadi: u oʻzini orqaga tashlab oʻtirgancha bugun kontsertda eshitgan kuylarini xirgoyi qilardi. Biz gaz fonuslar bilan yoritilgan son-sanoqsiz egri-bugri koʻchalardan yura-yura, nihoyat Farringdon-stritga yetib bordik.
— Endi juda yaqinlashib qoldik, —dedi oshnam. — Anavi Merriuezer — bank direktori, bu ishdan shaxsan manfaatdor. Bizga Jons ham ish berib qoladi. U maʻqul yigit, oʻzining ixtisosiga sira uquvi yoʻq. Birdan-bir yaxshi fazilati bor: xuddi buldog itdek dovyurak, xuddi qisqichbaqadek yopishqoq. Bitta-yarimta panjasiga tushib qolgudek boʻlsa, aslo qoʻyib yubormaydi… Yetib keldik. Mana ular.
Biz yana ertalab koʻrgan oʻsha gavjum va gʻala-gʻovur koʻchamizga kelib toʻxtadik. Izvoshchining haqini toʻlab, mister Merriuezerning orqasidan qandaydir tor yoʻlakka kirib bordik va u yonboshdagi eshikchani ochishi bilan oʻzimizni darhol ichkariga oldik. Eshikcha ortida juda qisqa boshqa yoʻlak bor ekan. Yoʻlakning oxirida vazmin temir eshik koʻrinib turardi. Bu eshikni ochib aylanma zinapoyaping gʻishtin bosqichlaridan pastga tushdik va yana boyagidek haybatli bir eshikka yaqinlashdik. Mister Merriuezer toʻxtab fonarni yoqdi-da, bizni zax hidi anqib turgan qorongʻi yoʻlakdan boshlab ketdi. Biz yana bir eshikdan oʻtib savatlar va ogʻir-ogʻir yashiklar qalab qoʻyilgan qor yoki yertoʻlaga oʻxshagan kenggina joyga kirib bordik.
— Bu yerga yuqoridan tushish juda qiyin, —deb qoʻydi Xolms, fonarni koʻtarib shiftni koʻzdan kechirarkan.
— Pastdan kirish ham qiyin, — dedi mister Merriuezer yerga yotqizilgan taxta toshlarni hassasi bilan urib koʻrib. — Jin ursin, xuddi tagi boʻshdek gumburlaydi-ya! — deb xitob qildi u hayrat bilan.
— Men sizdan shovqin solmasligingizni iltimos qilishga majburman, — dedi jahl bilan Xolms. — Sizning kasringizdan butun reja puchga chiqishi mumkin. Marhamat qilib, mana bu yashiklardan biriga oʻtirsangiz-da, bizga xalal bermasangiz.
Basavlat mister Merriuezer malol kelmagandek savatga borib oʻtirdi. Xolms esa choʻkkalab fonar va lupa yordamida toshlarning oraligʻidagi tirqishlarni sinchiklab tekshira boshladi. Bir necha sekunddan soʻng tekshirishlarining natijasidan mamnun boʻlib, oʻrnidan turdi-da, lupani choʻntagiga solib qoʻydi.
— Hali kamida bir soat vaqtimiz bor, — deb qoʻydi u, — chunki ular muhtaram boʻnak kassa egasi uyquga ketmaguncha ishga kirishishlari mahol. Xoʻjayin uyquga ketgach esa ular bir daqiqa fursatni ham qoʻldan berishmaydi, negaki, ishni qanchalik tez tugatishsa, qochib qolishlari uchun shuncha koʻp vaqt qoladi. Biz hozir, doktor, — shubhasiz, oʻzingiz ham allaqachon payqagan boʻlsangiz kerak, — Londondagi eng boy banklardan biriga qarashli boʻlimning omborida turibmiz. Mister Merriuezer — bank boshqarmasining raisi: u gʻoyatda dovyurak jinoyatchilarning xususan hozirgi vaqtda bu omborga alohida diqqat-eʻtibor bilan qarashlariga nima majbur qilayotganini bizga tushuntirib beradi.
— Biz bu yerda Frantsiyadan olib kelingan oltinlarni saqlamoqdamiz, — dedi pichirlab direktor. — Bizni, bu oltinni oʻgʻirlash uchun urinib koʻrishadi, deb bir necha bor ogohlantirishgan.
— Frantsiyadan olib kelingan oltinlarni, dedingizmi?
— Ha. Bir necha oy muqaddam bizga oshiqcha mablagʻ darkor boʻlib qoldi. Biz Frantsiya bankidan oʻttiz ming napoleondor[10] qarz oldik. Bu pullarning hali taxini ham buzmaganmiz, ularning hamon omborimizda turgani keyinchalik hammaga maʻlum boʻlib ketdi. Men oʻtirgan qavatda ikki ming napoleondor bor, ular qavat-qavat zar qogʻoz orasiga terilgan. Bankning bir boʻlimida hozirgi vaqtda biz saqlayotganchalik miqdordagi oltin kamdan-kam saqlanadi, bu narsa direktorlarni tashvishlantirmoqda.
— Tashvishlanishga toʻla asoslari bor, — deb qoʻydi Xolms. — Xoʻp, endi tayyorlansak ham boʻlar. Uylaymanki, biror soat ichida hamma ish tamom boʻlsa kerak.
Bu fonarni, mister Merriuezer, biron qora narsa bilan toʻsishga toʻgʻri keladi…
— Qorongʻida oʻtiramizmi?
— Qoʻrqamanki, shunday qilishga toʻgʻri keladi. Men odatdagi robberingizni oʻynayolmay qolmang, deb karta ola kelganman, chunki biz toʻrt kishimiz. Ammo koʻrib turibmanki, dushman juda jiddiy tayyorlanganga oʻxshaydi-ya, chiroqni ochiq qoldirish xatarli boʻlar edi. Bundan tashqari, bir-birimiz bilan joylarimizni almashtirishimiz kerak. Ular dovyurak odamlar, garchand biz ularga qoʻqqisdan hujum qilsak-da, agar ehtiyot boʻlmasak, ular bizga shikast yetkazishlari mumkin. Men mana bu savatning orqasida turaman, siz manavilarning orqasiga yashirining. Men chiroqni talonchilarga toʻgʻrilashim bilanoq ularni shartta ushlang. Agar oʻq otishsa Uotson, ularga tap tortmasdan oʻq uzing. Men oʻqlangan revolverimni yogʻoch yashik qopqogʻiga qoʻydim-da, yashik orqasiga oʻtib biqindim. Xolms fonar eshikchasini yopdi, biz zimziyo qorongʻida qoldik. Qizigan metall hidi bizga fonar oʻchirilmaganligini, chiroq istagan dafʻada yarq etib ketishi mumkinligini eslatib turardi. Sabr bilan kutishdan sergaklangan asablarim qoʻqqisdan hammayogʻni chulgʻagan bu zulmatdan, zax yertoʻlaning sovuq nafasidan qaqshayotgan edi.
— Ularning qochib chiqib ketishlari uchun faqat bir yoʻl bor — izlariga qaytib, uy orqali Seks-Koburg-skverga chiqishlari mumkin, — deya shivirlab qoʻydi Xolms. — Ishonamizki, iltimosimni bajo keltirgan boʻlsangiz kerak, Jons?
— Inspektor bilan ikki ofitser ularni koʻcha eshik oldida kutib turibdi.
— Demak biz hamma telik-teshiklarni berkitibmiz. Endi churq etmay kutishimiz kerak, xolos.
Vaqt shu qadar imillab oʻtardiki! Aslida atigi biru chorak soat vaqt oʻtgan boʻlsa-da, nazarimda tun nihoyasiga yetib tepada tong otayotgandek tuyuldi. Qimir etgani qoʻrqqanimdan oyoqlarim uvishib tolib ketdi, asablarim tarang edi. Birdan pastda gʻira-shira shuʻla koʻrib qoldim.
Dastlab bu yerdagi toshlardan birini yoritib turgan gʻira-shira uchqun edi. Hademay uchqun sargʻish shuʻlaga aylandi. Keyin hech qanday shovqinsiz tuynuk ochildi, yorugʻ boʻlib turgan boʻshliqning oʻrtasida xotinlarnikiga oʻxshagan oppoq qoʻl koʻrinib, qandaydir buyumni paypaslayotgandek boʻldi. Barmoqlari qimirlayotgan bu qoʻl bir minutcha pastda ochilgan tuynukdan chiqib turdi. Soʻngra qanday qoʻqqisdan paydo boʻlgan boʻlsa, shunday tez gʻoyib boʻldi, yana hammayoqni qorongʻilik chulgʻadi, faqat ikki tosh orasidagi torgina tirqishdan xiragina yorugʻ chiqib turardi.
Biroq, bir dafʻadan keyin serbar oq toshlardan biri gʻichirlagancha agʻdarilib tushdi-da, uning oʻrnida chorqirra chuqur oʻra paydo boʻlib, undan yarq etib, fonar yorugʻi tushdi. Oʻra ustida soqol-moʻylovi qirtishlab olingan yigitcha koʻrindi; nomaʻlum odam har tomonga sinchiklab koʻz yugurtirdi: ikkn qoʻli oʻra labiga yopishdi, oʻradan yelkasi koʻrindi, keyin butun gavdasi koʻtarildi, tizzasini yerga tiradi. Bir lahzadan soʻng notanish odam tamoman buyoqqa chiqib, endi oʻrtogʻini tortib olmoqda edi. Oʻrtogʻi ham oʻziga oʻxshagan kichkina va chaqqon, oq yuzli, jingalak qizgʻish-malla sochli edi.
— Hammasi joyida, —deb shivirladi u. — Iskana bilan qoplar sendami?.. Ming laʻnat! Sakra, Archi, sakra, men oʻzimni qutqaraman.
Sherlok Xolms uning yoqasidan boʻgʻib oldi. Ikkinchi oʻgʻri kovakka urib qoldi; Jons uni ushlab olmoqchi boʻlgan edi, ammo uddalayolmadi chamasi: tarillagancha latta yirtilayotganini eshitdim. Revolverning milida shuʻla yiltiradi, ammo Xolms ovchilar qamchisi bilan asirning qoʻliga bir urdi, revolver jaranglaganicha toshga tushdi.
— Foydasi yoʻq, Jon Kley, —dedi Xolms muloyimlik bilan. — Siz qoʻlga tushdingiz.
— Koʻrib turibman, — deb javob berdi u mutlaqo xotirjam. — Ammo oʻrtogʻim qochib qoldi, sizlar pidjagining barinigina ushlayoldinglar.
— Uni eshikning orqasida uch kishi poylab turibdi, — dedi Xolms.
— E, shunaqami! Qoyilman. Tabriklayman sizni.
— Men ham sizni tabriklayman. Mallalar haqidagi uydirmangiz beqiyos va muvaffaqiyatli chiqqan.
— Oshnangizni hozir koʻrasiz, — dedi Jons— U iniga urib ketishda mendan chaqqonroq ekan. Mana endi qoʻllaringizga kishan uraman.
— Iflos qoʻllaringizni tegizmang, mumkin boʻlsa! Menga tegmang! — dedi bandimiz qoʻliga kishan urilgach. — Siz hoynahoy mening tomirlarimda qirollar qoni oqayotganidan bexabar boʻlsangiz kerak. Mumkin boʻlsa, menga murojaat qilayotganingizda “ser”, deb atab, “mumkin boʻlsa”, deb iltimos qiling.
— Juda soz, — dedi Jons zaharxanda bilan. — Mumkin boʻlsa, ser, yuqoriga chiqib kebga marhamat qilsangiz, u siz tabarruklarni politsiyaga olib boradi.
— Ha, bu boshqa gap, — dedi Jon Kley xotirjam.
U bizga salobat bilan bong irgʻab, iztopar qoʻriqchiligida bamaylixotir chiqib ketdi.
— Mister Xolms, — dedi Merriuezer bizni ombordan boshlab chiqayotib, — bankimiz sizning bu xizmatlaringizga qay tariqa minnatdorchilik bildirishi kerakligini bilolmay turibman gapning rosti. Siz kattakon bir oʻgʻirlikning oldini olib qoldingiz.
— Mening oʻzim ham mister Jon Kley bilan orani ochiq qilib qoʻyishim kerak edi, — dedi Xolms. — Bugun ishga sarflagan xarajatlarim unchalik koʻp emas, sizning bankingiz ularni shak-shubhasiz toʻlasa kerak, zotan, rostini aytganda, men Mallalar uyushmasi haqidagi ajoyib qissani eshitarkanman, beqiyos bir sarguzashtni boshimdan kechirib, yaxshigina bir mukofotga sazovor boʻldim…
— Bilasizmi, Uotson, — deb tushuntirdi erta nahorda Sherlok Xolms, biz Beyker-stritda bir stakandan sodali viski ichib oʻtirarkanmiz. — Mallalar uyushmasi haqidagi aql bovar qilmaydigan bu eʻlon bilan “Britaniya qomusi”ni koʻchirib yozishdan kuzatilgan birdan-bir maqsad kaltafahm boʻnak kassasi egasining har kuni bir necha soat uyidan chiqarib yuborish uchungina kerak boʻlgani menga avval boshdanoq aniq maʻlum edi. Ular tanlagan vosita gʻalati-yu, biroq bu vositaga amal qilib ular maqsadlariga erishishibdi. Boshdan-oyoq bu rejani tuzishda Kleyning serishtiyoq zehniga sherigi sochining rangi turtki boʻlgan. Haftasiga toʻrt funt Uilson uchun tuzoqlik vazifasini bajargan, ular minglarcha funtdan umidvor ekan, toʻrt funtning yuziga borisharmidi! Ular gazetaga eʻlon berishgan; bir firibgar idora uchun vaqtincha ijaraga joy olgan, ikkinchi firibgar oʻz xoʻjayinini u yerga borishga koʻndirgan, ikkovlari har kuni ertalab uning yoʻqligidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlganlar. Yordamchisi yarim maoshga rozi boʻlib, shu bilan qanoatlanganini eshitishim bilanoq buning tagida biror gap borlingini payqadim.
— Ammo ularning niyatlarini qanday bildingiz?
— Malla mijozimizning muassasi — qashshoq, uning butun kvartirasida shu qadar murakkab oʻyinga hech arzigulik narsa yoʻq. Binobarin, ular kvartiradan tashqaridagi biron narsani koʻzda tutishgan. Bu nima boʻlishi mumkin edi? Men yordamchisining surat olishga ishqiboz ekanligini, bu ishqibozlik bahonasida nima uchundir yertoʻlaga tushib turishini esladim. Yertoʻla! Mana chigal ipning ikkinchi uchi. Men Uilsondan uning sirli yordamchisini surishtira-surishtira, Londondagi eng sovuqqon, dovyurak jinoyatchilardan biriga toʻqnash kelib qolganimni payqadim. U yertoʻlada qandaydir murakkab ish bilan band, nega deganda ikki oydan beri yertoʻlada har kuni bir necha sozlab ishlarkan. U yerda nima qilishi mumkin? Faqat bir ish: allaqanday boshqa binoga olib boradigan lahim qaziyotgan boʻlishi kerak. Shundan xulosaga kelgach, men sizni boshlab shu voqealar boʻlayotgan joy bilan tanishgani joʻnadim. Hassam bilan toshkoʻchani urib koʻrganimda siz taajublandingiz. Men esa lahimning qay tomonga qarab qazilayotganini — koʻcha tomongami yoki orqa tomongami, shuni bilmoqchi edim. Maʻlum boʻldiki, lahim koʻcha tomondan qazilmayotgan ekan. Men borib qoʻngʻiroqni chaldim. Kutganimdek, eshikni yordamchisi ochdi. Shungacha u bilan uncha-muncha toʻqnash kelgan boʻlsak-da, ammo bir-birimizning yuzimizni koʻrmagan edik. Bu gal ham men uning yuziga qaramadim. Tizzalarinigina koʻrmoqchi edim. Tizzalarining iflos, gʻijimlangan, qirilganligini koʻrsangiz siz ham payqashingiz mumkin edi. Bu koʻp soatlar davomida lahim qazish bilan band boʻlganidan guvohlik berib turardi. Endi bu lahimni qayoqqa ketayotganini aniqlashgina qolgan edi. Men muyulishdan burilishim bilan shahar va shahar atrofi bankining lavhasini koʻrdimu masala hal boʻlganini fahmladim. Kontsertdan soʻng, siz uyingizga ketgach, men Skotlend-Yardga bordim, u yerdan esa bank boshqarmasi raisining huzuriga qarab joʻnadim.
— Siz ularning bankni xususan shu kecha talashga urinishlarini qayoqdan bildingiz? — deb soʻradim men.
— Mallalar uyushmasining idorasini yopish bilan ular mister Jebez Uilsondan xoli boʻlishga ortiqcha muhtoj emasliklarini, boshqa soʻz bilan aytganda, lahimni qazib boʻlganliklarini bildirishdi. Bundan shu narsa maʻlum ediki, ular lahimdan tezroq foydalanib qolishga harakat qiladilar, chunki, birinchidan, uni koʻrib qolishlari, ikkinchidan esa oltinni boshqa joyga olib borib qoʻyishlari mumkin edi. Shanba ular uchun ayniqsa qulay kun edi, negaki, qochishlari uchun bir kecha-kunduz ortiq vaqt berar edi. Mana shu mulohazalarning hammasi asosida men, oʻgʻirlik yaqin bir kechada sodir boʻladi, degan xulosaga keldim.
— Bu mulohazalaringiz gʻaroyib! — dedim zavq bilan samimiy. — Siz oʻz fikrlaringizni uzun zanjirdek shunday tizgansizki, uning har bir boʻgʻini mustahkam.
— Bu hodisa meni diqqatbozlikdan xalos qildi, — deb qoʻydi Sherlok Xolms esnab. — Attang, yana zerikib, diqqatim oshib kelayotibdi shekilli! Mening butun umrim — kundalik hayotimizning bir xilda diqqinafaslik bilan oʻtaverishiga chap berishga harakat qilishdan iborat. Baʻzan men hal qiladigan kichkina jumboqlar shu maqsadga erishishimga yordam beradi.
— Siz insoniyatning chinakam valineʻmatisiz, — dedim men.
Xolms kiftini qisdi:
— Darhaqiqat uncha-muncha foyda keltirsam kerak. “L homme cʻest rien — lʻoeuwe cʻest tout”[11] degan ekan Gyustav Flober Jorj Sandga[12] yozgan xatida.
Ruschadan Vahob Roʻzimatov tarjimasi
[1] Frankmasonlar (qisqartirilgan shakli — masonlar) — qachonlardir bir qadar taraqqiyparvar ahamiyatga ega boʻlgan yashirin jamiyatning aʻzolari. Sherlok Xolms davrida bu jamiyatga asosan mayda doʻkondorlar, fermerlar va shu kabilar kira boshlagan edilar.
[2] Yarim doira va doira — masonlik belgilari. Ilgari bu belgilari maxfiy edi, ammo hozirgi masonlar qadimiy nizomni buzib, bu belgilarni koʻpincha jevaklari va ilgakli tugmalariga taqib yuradilar.
[3] “Hamma nomaʻlum narsalar bizga ajoyib boʻlib koʻrinadi” (lotincha).
[4] Penni — chaqa pul (toʻrt tiyin miqdorida).
[5] Soveren — oltin tanga (oʻn soʻm miqdorida).
[6] Sarasate (1844-1908) — mashhur ispan skripkachisi va kompozitori.
[7] Vegetarianlar — et yemaslar.
[8] Keb — odam tashiydigan bir otli ekipaj.
[9] Iton va Oksfordda zodagonlar oʻqiydigan oʻquv yurtlari joylashgan.
[10] Napoleondor — Frantsiya oltin pullari.
[11] “Odam — hech narsa emas, gap — ishda” (frantsuzcha).
[12] Gyustav Flober va Jorj Sand (Avrora Dyudevan) XIX asrdagi mashhur frantsuz adiblari.