Artur Konan Doyl. Moviy karbunkul
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Mavludning uchinchi kuni bayram bilan tabriklagani oshnam Sherlok Xolmsning oldiga kirdim. U qizil xalat kiyib kushetkada yotar, oʻng tomonida tamaki joylangan bir necha trubka, chap tomonida esa bir dasta gʻijimlangan ertalabki gazetalar turar edi, ularni hozirgina koʻzdan kechirgan boʻlsa kerak. Kushetkaning yonida bir stul, uning suyanchigʻiga anchagina kiyilgan, bir necha joyi teshilgan faqirona namat shlyapa osilgan. Xolms, aftidan, bu shlyapani juda diqqat bilan tekshirgan boʻlsa kerak, chunki stulda pinset bilan lupa yotardi.
— Band ekansiz, — dedim men. — Xalal bermasam deb qoʻrqaman.
— Sira ham xalal bermaysiz, —deb javob berdi u. — Men tadqiqotlarimning natijalari haqida suhbatlashsam boʻladigan oʻrtogʻim borligidan xursandman. Koʻrib turibsizki, bu joʻngina bir narsa, — u bosh barmogʻi bilan eski shlyapani nuqib koʻrsatdi, — lekin bu hatto ibrat boʻlishga arzigulik baʻzi bir maroqli, hodisalar bilan bogʻliq.
Men kresloga oʻtirib, gurillab oʻt yonayotgan kaminga qoʻlimni tutib isina boshladim. Kun qattiq sovuq derazalarni qalin jimjimador muzli qirov qoplagan.
— Garchand, bu shlyapa juda koʻrimsiz tuyulayotgan boʻlsa ham, u bironta qonli voqea bilan bogʻliqqa oʻxshaydi, — deb qoʻydim men. — Aftidan, u qandaydir mudhish sirlarni ochishda kalit boʻlib xizmat qiladi, siz uning yordamida jinoyatchini fosh qilib jazolashga muvaffaq boʻlasiz.
Sherlok Xolms kulib yubordi.
— Yoʻq, yoʻq, — dedi u, — bu jinoyat emas, toʻrt million odam bir necha kvadrat milyadan iborat masofada ur-yiqit boʻlib yuradigan joyda hamisha yuz berib turishi mumkin boʻlgan juda mayda, kulgili epizod. Odamlar istiqomat qiladigan bunday bahaybat ari uyasida har qanday murakkab faktlar boʻlishi mumkin, ular gʻoyatda sirli koʻrinsalar-da, ularning zamirida hech qanday jinoyat boʻlmasligi mumkin. Biz bunday hodisalar bilan bir necha bor toʻqnash kelganmiz.
— Boʻlmasam-chi, — deb xitob qildim men. — Men qalamga olgan soʻnggi olti epizodning uchtasi zamirida hech qanday gʻayri qonuniy narsa yoʻq.
— Mutlaqo toʻgʻri. Bu arzimas hodisaning ham zararsiz boʻlib chiqishiga shubhalanmayman. Siz xat tashuvchi Petersonni taniysiz-a?
— Ha.
— Bu oʻlja oʻshaniki.
— Yaʻni uning shlyapasimi?
— Yoʻq, yoʻq, buni topib olgan. Egasi nomaʻlum. Siz bunga eski bir buyum sifatida emas, jiddiy masala sifatida qarang. Dastlab sizga shlyapaning bu yerga qanday qilib kelib qolganini gapirib beraman. U mavludning birinchi kuni xuddi hozirgi paytda Petersonning oshxonasida qovurilayotgan ajoyib, semiz gʻoz bilan birga paydo boʻldi. Bu shunday yuz berdi. Mavlud kuni ertalab soat toʻrtda Peterson, oʻzingiz bilgan olijanob va sof vijdonli bu odam Totenxem-Koortrod koʻchasida ziyoratdan uyiga qaytib kelayotgan ekan. Gaz fonar yorugʻida oldinda allaqanday bir novcha kimsaning oppoq gʻozni orqalagancha sal-pal gandiraklab ketayotganini koʻribdi. Guj-stritning muyushida unga bezorilar yopishishibdi. Ulardan biri uning shlyapasini tushirib yuboribdi. Notanish odam oʻzini himoya qilaman deb hassasini oʻqtalgan ekan bexosdan orqasidagi magazin vitrinasiga tegib ketibdi. Oyna chil-chil boʻlibdi. Peterson notanish odamni himoya qilgani yuguribdi, oynani sindirib qoʻyganidan sarosimaga tushgan shoʻrlik oʻziga qarab yugurib kelayotgan odamni koʻrishi bilan gʻozni tashlabdi-yu, ura qochib, Totenxem-Koortrod orqasidagi qingʻir-qiyshiq tor koʻchalarga kirib gʻoyib boʻlibdi. Peterson formada ekan, qochoqni shu narsa qoʻrqitib yuborgan boʻlsa kerak. Peterson paydo boʻlishi bilan bezorilar ham qochib ketgan, xat tashuvchi jang maydonida yolgʻiz oʻzi qolgan, u mana shu gʻijim shlyapa bilan ajoyib mavlud gʻozidek oʻljani qoʻlga kiritgan…
— …va Peterson ularni, albatta, egasiga qaytarib bergan.
— Bizning oldimizda turgan jumboq shundan iborat-da, azizim. Oʻsha notanish odam kim-u, qayerda yashaydi? Rost, gʻozning chap oyogʻiga bogʻlab qoʻyilgan bir parcha qogʻozga: “Missis Genri Beyker” deb yozib qoʻyilgan, “G. B.” harflar bu shlyapaning astarida ham bor. Ammo shaharda bir necha ming Beyker, shu jumladan bir necha yuz Genri Beyker yashayotgani uchun yoʻqolgan buyumni ulardan birontasiga qaytarib berish oson emas.
— Xoʻsh, keyin Peterson nima qilibdi?
— U mening hatto eng arzimaydigan jumboqlarni ham yechishga ishqibozligimni bilgani uchun gʻozni ham, shlyapani ham toʻppa-toʻgʻri menga olib kelibdi. Gʻozni biz to shu bugun ertalabgacha saqladik, shundan keyin kun sovuqligiga qaramay, uni yeya qolish durust, degan qarorga keldik. Peterson uni olib ketdi, rosa yayragan boʻlsa kerak, menda esa mavlud oqshomida yeyman, degan neʻmatidan ajralgan notanish kishining shlyapasi qoldi.
— U gazetada eʻlon bermabdimi?
— Yoʻq.
— Uning kim ekanligini qayoqdan bilasiz?
— Faqat mulohaza qilib koʻrib.
— Shu shlyapaga qarab mulohaza qilibmi?
— Albatta.
— Hazillashyapsiz! Bu eski, dabdala namatdan nimani bilib olish mumkin oʻzi?
— Mana lupam. Uni olib bu shlyapaga mening metodimni tatbiq qilishga harakat qilib koʻring. Bu metodni siz tuzukkina bilasiz. Bu shlyapaning egasi toʻgʻrisida siz nima deya olasiz?
Men yirtiq shlyapani olib, uni xafsalasizlik bilan qoʻlimda aylantirdim. Oddiygina gʻildirak qora shlyapa. Dagʻal, juda koʻp kiyilgan. Shohi astari bir vaqtlar qizil boʻlgan, hozir esa aynib ketibdi. Fabrika markasini topolmadim, ammo, Xolms aytganidek, ichdan yon tomonidagi “G. B.” harflari koʻrinib turardi. Qaytarmasida shlyapani tortib turadigan rezinka oʻtkaziladigan teshikni koʻrdim, ammo rezinkasi yoʻq edi. Umuman, shlyapa yirtiq, kir-yagʻir, dogʻ bosgan edi. Darvoqe, bu dogʻlarni yashirish uchun ustidan siyoh ham surtilgan ekan.
— Men unda hech narsa koʻrmadim, — dedim shlyapani Sherlok Xolmsga qaytarib.
— Yoʻq, Uotson, siz hamma narsani koʻrib turibsiz. Ammo koʻrib turgan narsalaringiz ustida bosh qotirgingiz kelmayapti. Siz mantiqiy xulosalar chiqarishda juda jurʻatsizlik qilasiz.
— Unda, mumkin boʻlsa, bu shlyapani koʻzdan kechirganda oʻzingiz qanday xulosalar chiqarganingizni aytib bersangiz.
Xolms shlyapani qoʻliga olib, uning yolgʻiz oʻzigagina xos boʻlgan sinchkov nazar bilan koʻzdan kechira boshladi.
— Albatta, undagi koʻpgina narsalar uncha ravshan emas, — deb uqtirdi u, —ammo baʻzi narsalarni aniq aytish mumkin, baʻzi narsalarning esa ehtimoldan xoli emasligini anchagina qatʻiyat bilan taxminlash mumkin. Masalan, shunisi mutlaqo ayonki, uning egasi juda aqlli odam, uch yil muqaddam puli koʻp boʻlgan, hozir esa boshiga qora kunlar tushgan. U hamisha tadbirli boʻlgan, hamisha ertangi kuning gʻamini yegan, hozir esa oʻziga qaramay qoʻygan. Chunki uning davlati ham kamaygan, biz u bironta halokatli nuqsonga — ehtimolki, ichkilikka duchor boʻlib qolgan deya olamiz. Ehtimolki, shu sababdan xotinining koʻngli qolgan boʻlsa ham ajab emas…
— Azizim. Xolms!
— Ammo u har qalay, oʻz fazilatlarini bir qadar saqlab qolgan, — deb soʻzini davom ettirdi Xolms, mening xitobimga eʻtibor bermay. — U uyida oʻtirib qolgan, koʻchaga kamdan-kam chiqadi, sport bilan mutlaqo shugʻullanmaydi. Bu oʻrta yoshlardagi odam, sochlariga oq oralagan, sochmoy surtadi, sochini yaqinda oldirgan. Qolaversa, qatʻiy aminmanki, uning uyida gaz chiroq yoʻq.
— Hazillashyapsiz shekilli, Xolms.
— Aslo. Nahotki bularning hammasini gapirib berganimdan keyin ham, bularni qanday qilib bilganimni tushunmasangiz!
— Meni merov desangiz ham mayli, ammo eʻtirof etishim kerakki, sizning fikrlaringizni kuzatib borishdan ojizman. Masalan, uning juda aqlli ekanligini siz qayoqdan bildingiz?
Xolms javob berish oʻrniga shlyapani boshiga kiydi. Shlyapa peshanasini yashirib qansharigacha kelib tushdi.
— Hajmining kattaligini koʻryapsizmi? — dedi u. — Shunday kattakon kallaning ichida hech narsa yoʻq, deb boʻlmaydi-ku.
— Xoʻsh, uning kambagʻal boʻlib qolganini qayoqdan bildingiz boʻlmasa?
— Bu shlyapaning olinganiga uch yil boʻlgan. Chetlari bukilgan tekis qaytarma oʻsha vaqtlarda juda rasm boʻlgan edi. Shlyapaning sifati yaxshi. Mana bu ipak tasmani, ajoyib astarini koʻring. Agar bu odam uch yil muqaddam shunday qimmatbaho shlyapani sotib olishga qodir boʻlib, shu vaqtgacha boshqasini sotib olmagan ekan, mutlaqo ravshanki, uning ishlari orqaga ketgan.
— Xoʻp mayli, bu borada haqliga oʻxshaysiz. Ammo uning tadbirkor odamligini, hozirgi paytda esa ruhiy tushkunlikka tushganini qayoqdan bildingiz?
— Tadbirkorligi — mana, — dedi u rezinka oʻtkaziladigan teshikni koʻrsatib. — Rezinkani hech vaqt shlyapa bilan birga qoʻshib sotishmaydi, uni alohida sotib olish kerak. Modomiki, bu odam rezinka sotib olib, uni shlyapasiga taqib berishlarini buyurgan ekan, demak u shlyapasini shamol uchirib ketmasligining tadbirini koʻrgan. Ammo rezinka uzilib ketgan, u yangisini olib taqmagan, shunga qarab aytish mumkinki, ilgari u oʻziga, usti boshiga oro berib yurgan, hozir esa xafsalasiz boʻlib qolgan, yaʻni oʻziga eʻtibor qilmay qoʻygan. Biroq, ikkinchi tomondan, u shlyapadagi dogʻlarni yashirmoqchi, ularni siyoh bilan boʻyamoqchi boʻlgan, demak, u izzat-nafsini hali uncha yoʻqotgan emas.
— Bularning hammasi rostga oʻxshaydi.
— Uning oʻrta yashar odam ekanligi, sochiga oq oralagani, sochini yaqinda oldirgani va sochmoy surkashi — bularning hammasi shlyapasining astarini diqqat bilan koʻzdan kechirilsa ayon boʻladi-qoladi. Lupadan sartaroshning qaychisi qirqqan sochlar yopishib qolganligi koʻrinib turibdi. Sochlardan moy hidi kelyapti. Eʻtibor bering, unga yopishgan gard koʻchaga xos kulrang, qumoq emas, uyga xos qoʻngʻir, momiqnamo. Demak, shlyapa koʻpincha uyda osilib turgan. Uning ich tomonidagi nam asoratlari shundan dalolat beradiki, egasi unar-unmasga terlab ketaveradi, chunki, harakat qilmay qoʻygan.
— Xotinining koʻngli qolganini qayoqdan bildingiz?
— Shlyapa bir necha haftadan beri tozalanmagan. Bordi-yu, azizim Uotson, sizning shlyapangiz aqalli bir haftadan beri tozalanmaganini, xotiningiz shu ahvolda koʻchaga chiqishingizga izn berganini koʻrsam, sizdan ham xotiningizning koʻngli qolib baxtsizlikka uchrabsiz-da, deb xavotir olgan boʻlardim.
— Balki u boʻydoqdir?
— Yoʻq, u uyiga gʻozni xuddi xotinining koʻnglini olish uchun olib ketayotgan boʻlgan. Parrandaning oyogʻiga bogʻlangan qogʻozni eslang-a.
— Hamma narsaga javobingiz tayyor. Ammo uning uyida gaz yoʻqligini qayoqdan bilishingiz mumkin?
— Shlyapaga tomgan bir-ikki yogʻ tomchisi — tasodif. Ammo men ularning beshdan kam emasligini koʻrarkanman, bu odamning oʻqtin-oʻqtin shamdan foydalanib turishidan shubhalanmayman — aftidan u kechalari bir qoʻlida shlyapasini, bir qoʻlida yogʻi erib oqayotgan shamni ushlagancha, zinapoyadan chiqib tushsa kerak. Har qalay, gazdan yogʻ tommaydi… Endi mening fikrimga qoʻshilarsiz?
— Ha, bularning hammasi oddiygina gap, — dedim kulib. — Ammo siz gapirib bergan narsada jinoyat asari yoʻq. Hech kim zarar koʻrmagan gʻozini yoʻqotgan odamdan boshqa hech kim zarar koʻrmagan demak, siz behuda boshingizni qotirgansiz.
Sherlok Xolms javob berish uchun ogʻiz juftlagan ham ediki, shu payt eshik lang ochilib, xonaga sarosimaga tushgan, hayajonlangan xat tashuvchi Peterson otilib kirdi. Uning yonoqlari lovillab yonardi.
— Gʻoz-chi, gʻoz, mister Xolms!.. — nafasi tiqilib qichqirdi u.
— Xoʻsh, unga nima boʻldi? Unga jon kirib, oshxonaning derazasidan uchib chiqib ketdimi?
Xolms Petersoning hayajonlangan yuziga yaxshilab razm solish uchun kushetkada yotgan joyida oʻgirildi.
— Buni qarang, ser, xotinim uning boʻtakasidan topgan narsani qarang!
U qoʻlini choʻzdi, biz uning kaftida noʻxatdan kichikroq chaqnab turgan moviy toshni koʻrdik. Tosh shu qadar shaffof ediki, uning qoramagʻiz kaftida xuddi elektr uchqunidek chaqnab turardi.
Xolms hushtak chalib yuborib, kushetkaga oʻtirib qoldi.
— Xudo haqi, Peterson, — dedi u, — siz xazina topibsiz! Ishonamanki, buning nima ekanligini payqayotgandirsiz?
— Brilliant, ser! Qimmatbaho tosh! U oynani moy kesgandek kesadi!
— Bu qimmatbaho toshgina emas — bu xuddi oʻsha qimmatbaho tosh.
— Bu nahotki grafinya Morkarning moviy karbunkuli[1] boʻlsa? — deb qichqirib yubordim men.
— Mutlaqo toʻgʻri. Men uning qanaqaligini bilaman, chunki, soʻnggi kunlarda har kuni “Tayms”da bu toʻgʻridagi eʻlonlarni oʻqirdim. Bu dunyoda monandi yoʻq tosh, uning chinakam bahosini tusmollabgina aytish mumkin. Uni topgan odamga vaʻda qilingan ming funt miqdoridagi mukofot asli bahosining yigirmadan bir ulushini ham tashkil qilmasa kerak.
— Ming funt! Yo rabbiy!
Xat tashuvchi oʻzini kresloga tashlab, koʻzlari ola-kula boʻlib goh menga, goh Xolmsga tikilardi.
— Mukofot oʻz yoʻli bilan-u, ammo mening shunday charoslarim borki, — dedi Xolms, — grafinya baʻzi mulohazalarga koʻra bu toshni qaytarib olish uchun bor davlatining yarmini beradi.
— Yanglishmasam u “Kosmopoliten” mehmonxonasida yoʻqolgan edi shekilli, — dedim men.
— Juda toʻgʻri. Yigirma ikkinchi dekabrda, undan roppa-rosa besh kun muqaddam. Bu toshni oʻgʻirlashda kavsharchi Jon Xomerni ayblashgan edi. Unga qarshi qoʻyilgan dalillar shu qadar jiddiyki, ish sudga oshirilgan. Darvoqe, menda bu ish haqida gazeta hisoboti bor edi shekilli.
Sherlok Xolms gazetalarni uzoq titkilab, nihoyat bittasini oldi-da, ikki buklab, quyidagilarni oʻqidi:
“KOSMOPOLITEN” MEHMONXONASIDAN
QIMMATBAHO NARSALAR OʻGʻIRLANDI
Yigirma olti yashar kavsharchi Jon Xomer mazkur oyning yigirma ikkisida grafinya Morkarning qutichasidan uning “moviy karbunkul” nomi bilan mashhur boʻlgan qimmatbaho toshini oʻgʻirlashda ayblandi. Mehmonxonaning bosh xizmatkori Jeyms Raydeming shohidlik berishicha, oʻgʻirlik sodir boʻlgan kuni u Xomerni grafinya Morkarning pardoz xonasida koʻrgan. Xomer u yerda kamin panjarasining koʻchib ketgan simini kavsharlayotgan ekan. Rayder bir oz vaqt xonada Xomer bilan birga boʻlgan, ammo keyin uni chaqirib qolishgan. Qaytib kelib Xomerning gʻoyib boʻlganini, stol gʻaladoni sindirilganini koʻrgan, keyinchalik maʻlum boʻlishicha, grafinya oʻz odatiga koʻra qimmatbaho toshini olib yuradigan kichkina saxtiyon quticha pardoz stolchasida yotganmish, ichida hech narsa yoʻq emish. Rayder shu zahotiyoq shovqin koʻtargan. Oʻsha kuni kechqumnoq Xomer qamoqqa olingan, ammo toshni uning yonidan ham, xonasidan ham topisholmagan. Grafinyaning joriyasi Keterin Kyuzek shohidlik berishicha, u Rayderning jon holatda qichqirganini eshitib, xonaga yugurib kirgan va u ham toshning gʻoyib boʻlganini koʻrgan. “B” okrugining politsiya inspektori Bredstrit Xomerni qamoqqa olishga farmoyish bergan, Xomer qattiq qarshilik koʻrsatgan va qizishib gunohsiz ekanligini isbotlashga tirishgan. Ammo Xomer ilgari ham oʻgʻirlik qilgani uchun sudlanganligi sababli, sudya bu ishni koʻrib chiqishdan bosh tortib, uni maslahatchilar sudiga oshirgan. Shu vaqt davomida qattiq tashvishlanayotganligi ayon koʻrinib turgan Xomer bu qarorni eshitib behush boʻlib yiqilgan, uni sud zalidan olib chiqib ketganlar.
— Hm! Politsiya bergan maʻlumotning bori shu, — dedi Xolms oʻychanlik bilan, gazetani bir chetga qoʻyarkan. — Bizning endigi vazifamiz — tosh qanday qilib grafinyaning qutichasidan gʻozning boʻtakasiga oʻtib qolganini aniqlash. Qoʻrqyapsizmi, Uotson, bizning oddiy, joʻngina mulohazalarimiz birdaniga diqqatga sazovor boʻlib qoldi. Ular biz taxmin qilganimizdan koʻra foydaliroq chiqib qoldi. Mana bu tosh… Bu tosh gʻozning qornida, gʻoz esa mister Genri Beykerning qoʻlida edi, u manavi dabdala shlyapaning egasi, men sizga uning kimligini taʻriflab beraman deb gʻoyatda diqqatingizni oshirib yubordim. Xoʻsh, endi biz bu jentlmenni qidirib topish bilan jiddiy shugʻullanib, uning bu sirli hodisada qanday rol oʻynaganligini aniqlashimiz kerak. Uni qidirib topish uchun biz avval eng oddiy bir yoʻlni qoʻllab koʻramiz: kechki gazetalarning hammasida eʻlon bostiramiz. Bu yoʻl bilan maqsadimizga erisholmasak, unda boshqacha usullarni qoʻllayman.
— Eʻlonda nima deyiladi?
— Menga qalam bilan bir parcha qogʻoz bering. Mana bunday deymiz: “Gujstritning muyushidan gʻoz bilan qora namat shlyapa topib olindi. Mister Genri Beyker ularni bugun kechqurun 6.30 da Beyker-stritdagi 221-B raqamli uyga kelib olib ketishi mumkin”. Qisqagina va loʻnda.
— Gʻoyatda. Lekin u eʻlonni oʻqirmikin?
— Albatta. U hozir hamma gazetalarni kuzatadi, chunki u kambagʻal odam, mavludga atab olingan gʻoz uning uchun bir dunyo boylik. U oynaning singanini eshitib va Petersonning yugurib kelayotganini koʻrgach, hech narsani oʻylamay qochib qolgan. Keyin esa behuda qoʻrqib, gʻozini tashlab qochganiga achingan, albatta. Gazetada biz uning nomini tilga olamiz. Har bir tanishi eʻlonimizni darrov unga koʻrsatadi… Boʻlmasa, Peterson, tezroq eʻlonlar byurosiga yuguring, shu satrlarni kechki gazetalarda eʻlon qilishsin.
— Qaysilarida, ser?
— “Glob”, “Star”, “Pell-Mell”, “Sent-Jeyms Gazett”, “Ivning Nyuz”,
“Stendard”, “Iko” va esingizga kelgan boshqa gazetalarning hammasida bostiring.
— Xoʻp boʻladi, ser. Bu toshni nima qilay?
— E, ha! Toshni men olib qolaman. Sizga minnatdorchilik bildiraman. Qaytishingizda, Peterson, yoʻlda gʻoz sotib olib, menga tashlab keting. Axir biz u jentlmenga hozir sizning oilangizdagilar maza qilib yeyayotgan gʻozning oʻrniga boshqa gʻoz berishimiz kerak-ku. Xat tashuvchi chiqib ketdi, Xolms esa toshni olib, uni yorugʻga solib koʻra boshladi.
— Alomat tosh! — dedi u. — Tovlanib, chaqnashini qarang. Har qanday qimmatbaho toshga oʻxshab bu ham jinoyatchilarni xuddi ohanrabodek tortadi oʻziga. Chinakam iblisning tuzogʻi, katta, koʻhna qimmatbaho toshlarning har bir qirrasi qanday boʻlmasin bir qonli yovuzlik haqida rivoyat qiladi. Bu toshning topilganiga hali yigirma yil ham boʻlgan emas. U Gʻarbiy Xitoydagi Amoy daryosining sohilidan topilgan, shunisi bilan diqqatga sazovorki, unda karbunkulning bir xossasidan tashqari hamma xossalari mujassam: uning rangi qizgʻish yoqut tusli emas, moviy. Yaqinda topilganiga qaramay, mudhish voqealarga aloqador qirq gran[2] keladigan bu tiniq shaffof koʻmir tufayli koʻpdan-koʻp talonchilik sodir boʻlgan, ikki odam oʻldirilgan, bir odam oʻzini-oʻzi oʻldirgan, kimningdir ustidan oltingugurt kislotasi quyib yuborishgan. Shunday chiroyli bir matoh odamlarni turma bilan dorga surgaydi, deb kim ham oʻylashi mumkin. Bu toshni poʻlat sandigʻimga solib qulflab qoʻyaman, grafinyaga, menda saqlanyapti, deb yozaman.
— Siz, Xomer gunohsiz, deb oʻylaysizmi?
— Hech narsa deyolmayman hozircha.
— Bu ishda Genri Beykerning qoʻli bormi?
— Toʻgʻrirogʻi, Genri Beykerning bu ishga sira ham dahli yoʻq, oʻylaymanki, agar bu gʻoz boshdan-oyoq oltindan boʻlgan taqdirda ham oʻsha tosh narxidan bir necha bor arzon turishi xayoliga ham kelmagan. Agar Genri Beyker bizning eʻlonimizni eshitib kelsa, bu narsani tez orada albatta bilib olamiz.
— Ungacha siz hech qanday tadbir koʻrolmaysizmi?
— Yoʻq, hech narsa qilolmayman.
Unday boʻlsa, men bemorlarimning oldiga joʻnay, kechqurun esa tayinlagan vaqtingizda yana kelaman. Men bu chigal ishning nima bilan tugashini bilmoqchiman.
— Kelsangiz minnatdor boʻlardim. Men yettida ovqatlanaman. Ovqatga kaklik tortilsa kerak. Darvoqe, boyagi voqealardan keyingi missis Xadsonga, uning boʻtakasini yaxshilabroq qarang, desakmikan?
Men bir oz tutilib qoldim. Beyker-stritga yana yetib kelganimda soat olti yarimlardan oshib qolgan edi.
Eshikka yaqinlasharkanman, shotlandcha qalpoq kiygan, kiyimining tugmalarini tomogʻigacha qadab olgan novcha odamni koʻrdim. Xuddi men yaqinlashishim bilan unga eshikni ochishdi, biz Xolmsning xonasiga birga kirib bordik.
— Agar yanglishmasam, mister Genri Beyker boʻlsangiz kerak? — dedi Xolms kreslodan turib, mehmonni oddiygina, xushxol qiyofada qarshi olarkan, baʻzan shunday qiyofaga kira oladigan odati bor edi. — Marhamat, olovga yaqinroq oʻtiring, mister Beyker. Kechqurun sovuq zoʻraydi, nazarimda yozdan koʻra qishga yoʻqroqsiz deyman… Uotson, ayni vaqtida keldingiz-da… Bu sizning shlyapangizmi, mister Beyker?
— Ha, ser, meniki.
Beyker kallasi katta, aqlli, yalpoq basharali, qoʻngʻir choʻqqi soqolli, yelkalari bukik jussador odam edi. Bumi bilan yonoqlaridagi qizil dogʻlar, uzatgan qoʻlining ohista qaltirashi uning ichkilikka moyil ekanligi haqidagi Xolmsning taxminini tasdiqlardi. Egnida tugmalari qadalgan, sargʻayganroq syurtuk, yenglaridan chiqib turgan ozgʻin bilaklarida ich kiyimi borligidan asorat ham koʻrinmasdi. U salmoqlab, boʻgʻiq ohangda gapirar, turmushning achchiq-chuchugini totgan ziyoli odamning didini berar edi.
— Biz shlyapa bilan gʻozni bir necha kun saqlab turdik, — dedi Xolms, — chunki, shu paytgacha, gazetalarda oʻz adresingizni maʻlum qilib eʻlon berib qolarsiz, deb kutdik. Bilmadim, nega bunday qilmadingiz.
U xijil boʻlib, kulib qoʻydi.
— Bir vaqtlardagidek shillinglarim uncha koʻp emas, — dedi u. — Menga yopishgan bezorilar shlyapamni ham, gʻozni ham olib ketishgandir deb pulni bekorga isrof qilgim kelmadi.
— Mutlaqo tabiiy. Darvoqe, gʻozingizni pishirib yeyishga toʻgʻri kelib qoldi.
— Pishirib yeyishga toʻgʻri kelib qoldi?!
Mijozimiz qattiq hayajonlanganidan oʻrindan turib ketdi.
— Agar uni pishirib yemaganimizda baribir buzilib qolar edi, — deya davom ettirdi soʻzini Xolms. — Ammo oʻylaymanki, anavi bufetda turgan gʻoz yangigina soʻyilgan, vazni ham oʻshancha, gʻozingizning oʻrnini bossa kerak.
— O, albatta, albatta! — deb javob berdi mister Beyker yengil nafas olib.
— Lekin parrandangizning patlari, panjalari bilan boʻtakasi bizda qoladi, bordiyu, siz…
Beyker samimiy qahqahlab kulib yubordi.
— Boshimdan oʻtgan sarguzashtdan xotira sifatida olib ketarmidim, — dedi u. — Rostini aytsam, marhum qadrdonimning bebaho xoki menga nima ish berishini bilmayman! Yoʻq, ser, ruxsatimgiz bilan butun diqqat-eʻtiborimni oʻsha bufetda turgan ajoyib gʻozga qarata qolsam.
Sherlok Xolms men bilan tez koʻz urishtirib olib, sezilar-sezilmas kiftini qisib qoʻydi.
— Mana sizning shlyapangiz, mana gʻozingiz. — dedi u. — Darvoqe, siz bu gʻozni qayerdan olganingizni menga aytolmaysizmi? Men bu borada uncha-munchaga aqlim yetadi, rostini aytsam, bunaqa boʻrdoqisini kam koʻrganman.
— Bajonidil, ser, — dedi Beyker, u oʻrnidan turib yangi gʻozini qoʻltiqlab oldi. — Biz bir nechagina ulfatmiz, muzey yaqinidagi “Alfa” mayxonasiga borib turamiz, biz, bilasizmi, muzeyda kun-uzun kun boʻlamiz. Bu yil mayxonamizning xoʻjayini Vindiget “gʻoz klubi”ni tashkil qildi… u juda ajoyib odam. Har birimiz haftasiga bir necha pensdan toʻlab, mavludga bittadan gʻoz olamiz. Men oʻz hissamni toʻla-toʻkis toʻlab boʻlganman. Qolgani oʻzingizga maʻlum. Sizdan gʻoyat minnatdorman, ser, mening yoshimdagi badavlat odamning shotlandcha qalpoq kiyib yurishi noqulay-ku axir.
U bizga kulgili, tantanavor taqlidda taʻzim qilib chiqib ketdi.
— Genri Beyker vaji tamom, — dedi Xolms, uning orqasidan eshikni berkitarkan. — Mutlaqo ayonki, qimmatbaho tosh uning yetti uxlab tushiga ham kirgan emas. Qorningiz qalay, Uotson?
— Uncha och emas.
— Unda men tushlik ovqatni kechga qoldirib, vaqtni oʻtkazmay darhol ishga tushishni taklif etaman.
— Jonim bilan.
Sovuq bir kecha boʻlgani uchun palto kiyib, boʻynilarimizga sharf oʻrashga majbur boʻldik. Bulutsiz ochiq osmonda yulduzlar xiragina jimirlab turar, oʻtkinchilarning nafasidan chiqayotgan hovur bir talay toʻpponchalardan otilgan oʻqning dudiga oʻxshar edi. Koʻchalar boʻylab odimlarimiz aniq eshitilardi. Biz Uimpol-strit va Garli-stritdan borib, Vigmor-strit orqali Oksford-stritga oʻtdik va chorak soatdan soʻng Xolbomga olib boradigan koʻchalardan birining muyushidagi oddiygina “Alfa” mayxonasi yaqinidagi Blumsberiga yetib bordik. Xolms mayxonaga kirib oq peshgir tutgan qizil yuzli mayxonachiga ikki krujka pivo buyurdi.
— Oʻylaymanki, pivongiz ajoyib boʻlsa kerak, gʻozlaringizdan qolishmasa kerag-a, — dedi Xolms.
— Gʻozlaringizdan?
Mayxonachi taajjublangandek edi.
— Ha. Yarim soatcha burun “gʻoz klub”ingizning aʻzosi mister Genri Beyker bilan suhbatlashgan edim.
— Ha, ha, tushundim. Ammo, bilasizmi, ser, gʻozlar meniki emas.
— Shunaqami? Kimniki boʻlmasa?
— Yigirma toʻrtta gʻozni Kovent-gardendagi bir savdogardan sotib olgan edim.
— Yoʻgʻ-e? Men ulardan baʻzilarini taniyman. Kimdan sotib olgan edingiz?
— U odamning oti Brekinrij.
— E-yoʻq, Brekinrijni tanimayman. Xoʻp, sizning salomatligingiz va muassasangizning ravnaqi uchun, mezbon! Tuningiz xayrli boʻlsin!
— Endi mister Brekinrijning oldiga boramiz, dedi Xolms, sovuqqa chiqib paltosini tugmalarkan. — Shuni unutmangki, Uotson, zanjirimizning bir uchida faqat gʻozgina boʻlib, ikkinchi uchiga bir odam kishanlanganki, agar biz uning gunohsiz ekanligini isbotlamasak, unga yetti yillik zahmatli surgun tahdid qilib turibdi, ehtimol, bizning qidirishlarimizdan aybdor xuddi oʻshaning oʻzi degan xulosa chiqsa-da, ammo, har qalay, kalavaning uchi politsiyaning qoʻliga ilinmay, tasodifan bizning qoʻlimizga tushib qoldi. Biz uni tutib, qanday xunuk oqibatlarga olib bormasin, oxirigacha boramiz. Shunday qilib janubga burilib, ilgariga qarab yuramiz.
Biz Xolbomdan oʻtib, Endell-strit boʻylab bordik-da, allaqanday pastqam koʻchalar orqali Kovent-garden bozoriga chiqdik. Eng katta doʻkonlardan biriga: “Brekinrij” deb yozib qoʻyilgan edi. Ot yuzli basavlat bakenbardli doʻkondor bir bolaga darchalarni yopishga yordam bermoqda edi.
— Xayrli kech! Sovuq rosa zabtiga olyaptimi, a? — dedi Xolms.
Savdogar bosh qimirlatib, doʻstimga savol nazari bilan qaradi.
— Gʻozlarni sotib boʻlganga oʻxshaysiz-a, — deya gapini davom ettirdi Xolms, boʻsh turgan marmar peshtaxtani koʻrsatib.
— Ertaga ertalab besh yuzta desangiz ham olishingiz mumkin.
— Ertaga boshimga uramanmi!
— Hov anavi chiroq yonib turgan doʻkonda uncha-muncha qolgan boʻlsa kerak.
— Ha, ammo meni sizga yuborishgan edi-da.
— Kim?
— “Alfa”ning egasi.
— E, ha! Unga yigirma toʻrtta joʻnatganman.
— Ajoyib gʻozlar ekan! Siz ularni qayoqdan oldingiz?
Men hayron qoldim, bu savoldan savdogarning jini qoʻzib ketdi.
— Xoʻsh, mister, — dedi u boshini koʻtarib, qoʻllarini beliga qoʻyarkan, — nimaga shama qilyapsiz? Toʻgʻrisini aytavering.
— Men toʻppa-toʻgʻrisini aytyapman. “Alfa”ga yetkazib turgan gʻozlaringizni sizga kim sotishini bilmoqchi edim.
— Aytmayman.
— Aytmasangiz aytmay qoʻyaqoling. Osmon uzilib yerga tusharmidi! Qiziq, shu arzimagan narsaga ham muncha jigʻibiyroningiz chiqmasa?
— Jigʻibiyroningiz chiqmasa? Agar siz mening oʻrnimda boʻlib, sizga ham shunaqa xiralik qilaverishsin-chi, oʻzingizning ham jigʻibiyroningiz chiqmasmikin! Men yaxshi molga yaxshi haq toʻlayman, gap shu, vassalom “gʻozlaringiz “qayoqda?”, «Gʻozlarni kimdan sotib olgansiz?”, “Gʻozlarni kimga sotgansiz?”, “Gʻozlaringiz necha puldan?” deganlariga oʻlaymi! Shu gʻozlar toʻgʻrisida koʻtarilgan shov-shuvga quloq solib tursang, dunyoda shulardan boshqa tashvish yoʻqqa oʻxshaydi!
— Sizni qiynoq-qistoqqa olib soʻroqqa tutadigan odamlarga mening hech qanday aloqam yoʻq, — dedi loqaydlik bilan Xolms. — Gapirgingiz kelmasa gapirmay qoʻya oling. Ammo men parranda vajiga uncha-muncha tushunaman, men pishirib yegan gʻoz qishloqda boqilgan deb besh funt sterlingdan bahs boylashganman.
— Funtlaringizdan ajralibsiz! Shaharda boqilgan gʻoz! — deb yubordi savdogar.
— Boʻlmagan gap!
— Ha, shaharda boqilgan gʻoz!
— Oʻlsam ham ishonmayman!
— Hali bu ishni sendan koʻra koʻproq bilaman demoqchimasmisiz, axir men bu ish bilan yoʻrgakdaligimdan beri shugʻullanaman-a! Sizga aytyapmanki, “Alfa”ga sotgan gʻozlarimning hammasi qishloqda emas, shaharda boqib semirtirilgan.
— Siz meni bu tuturiqsiz gapga hech qachon ishontirolmaysiz.
— Garov oʻynaysizmi?
— Unda, pulim ketdi, deyavering! Men oʻzimning haq ekanligimga shak-shubha qilmayman. Ammo oʻjarlik qilganingizga taʻziringizni berib qoʻyish uchun bir soveren tikishga roziman.
Savdogar zaharxanda tirjayib qoʻydi.
— Daftarlarni olib kel-chi bu yoqqa, Bill, — dedi u. Bola biri yupqa, ikkinchisi esa yogʻ bosgan katta daftarni olib kelib, peshtaxtadagi chiroq tagiga qoʻydi.
— Xoʻsh, mister Bahschi, — dedi savdogar, — men bugun bor gʻozlarimning hammasini sotib boʻldim deb turgan edim, xudoyi taolo doʻkonimga yana bir gʻoʻdaygan “gʻozni” yetkazdi. Mana bu daftarni koʻryapsizmi?
— Xoʻsh, nima boʻpti?
— Bu men mol xarid qiladigan odamlarning roʻyxati. Koʻryapsizmi? Manavi yerda qishloqdagi mol yetkazib beruvchilarning otlari yozilgan, har bir familiyadan keyin qoʻyilgan raqam katta daftardagi ular bilan olib boriladigan hisobni koʻrsatadigan betni bildiradi. Qizil siyoh bilan toʻldirilgan mana bu betni koʻryapsizmi? Bu shahardagi mol yetkazib beradigan tanishilarimning roʻyxati. Shu yerdagi uchinchi familiyani ovozingizni chiqarib oʻqing.
— “Missis Okshot, Brikston-rod 117, bet 249” — deb oʻqidi Xolms.
— Mutlaqo toʻgʻri. Endi katta daftardagi 249-betni oching.
Xolms oʻsha sahifani ochdi.
— Mana: “Missis Okshot, Brikston-rod 117 — ilvasin bilan tuxum yetkazib beradi”.
— Oxirgi yozuvda nima deyilibdi?
— “Dekabrning yigirma ikkisida yigirma toʻrtta gʻoz, yetti shillingu olti pensdan”.
— Toʻppa-toʻgʻri. Buni eslab qoʻying. Pastida-chi?
— “Alfa”ga, mister Vindigetga sotilgan, oʻn ikki shillingdan».
Xoʻsh, endi nima deysiz? Sherlok Xolms qattiq achingandek koʻrindi. Choʻntagidan bir soveren pul olib, uni peshtaxtaga uloqtirdi-da, shart burilib xafa boʻlgandek indamay tashqariga chiqdi. Bir necha qadam yurgach, u fonar ostida toʻxtadi-da, odatdagidek quvnoq va sassiz kulib yubordi.
— Bordi-yu, choʻntagida shunday qizil dastroʻmoli bilan shunday moʻylovi bor odamni koʻrsangiz, unga istagan garovingizni taklif etib, undan har qanday maʻlumotni bilib olishingiz mumkin, — dedi u. Qatʻiy aytamanki, u bilan garov bogʻlashib qoʻlga kiritgan shunday mufassal maʻlumotlarni yuz funt sarflaganimda ham hech qachon ololmasdim undan. Shunday qilib, Uotson, nazarimda, sirli ipning chigalini oxirigacha yozgandekmiz. Endilikda hal qilishimiz kerak boʻlgan birdan-bir narsa shuki, oʻsha missis Okshot degannikiga hozir boramizmi, yoki bu ishni ertalabgacha qoldiramizmi. Anavi qoʻpolning soʻzlaridan koʻrinib turibdiki, bu ish bilan bizdan tashqari yana allakimlar qiziqayotganga oʻxshaydi, shuning uchun men…
Biz hozir tashlab chiqqan doʻkondan tuyqusdan eshitilib qolgan shovqindan Xolmsning gapi ogʻzida qoldi. Orqaga oʻgirilib qararkanmiz chayqalib turgan chiroqning sargʻish shulasida qizil basharali jikkakkina odamni koʻrdik. Brekinrij doʻkon eshigida turgancha unga musht doʻlayardi.
— Oʻzlaring ham, gʻozlaring ham jonimga tegdi! — deb baqirardi Brekinrij. — Hammalaringni ham jin ursin! Yana bir karra ana shu ahmoqona savollaringizni beradigan boʻlsangiz, itimga talataman. Olib keling miss Okshotingizni, unga oʻzim javob beraman. Bu ishga sizning nima daxlingiz bor? Gʻozlarni sizdan sotib olganmidim?
— Yoʻq, ammo, har qalay, ulardan biri meniki edi, — deb nolidi haligi odam.
— Boʻlmasa, uni oʻsha missis Okshotdan talab qiling!
— U sizdan soʻrab bilgin degan edi.
— Menga desa Prussiya qirolidan borib soʻramaysizmi! Jonimga tegdingiz! Bas! Yoʻqoling bu yerdan!
U qahr bilan oldinga tashlangan edi, haligi odam darhol qorongʻilikka kirib gʻoyib boʻldi.
— Ana, Brikston-rodga bormasak ham boʻladiganga oʻxshaydi, — deya shivirladi Xolms, — qani, borib koʻraylik-chi, bu kimsa bizga ish berib qolmasmikan.
Yop-yorugʻ doʻkonlar atrofida sangʻib yurgan bir toʻda bekorchilar orasidan oʻtib borib doʻstim haligi odamga yetib oldi-da, uning yelkasiga qoʻlini tashladi. U shartta oʻgirilib qaradi, gaz fonar yorugʻida uning rangi quv oʻchib ketganini koʻrdim.
— Siz kim boʻlasiz? Nima ishingiz bor menda? — deb soʻradi u ovozi qaltirab.
— Meni kechiring, — dedi muloyimlik bilan Xolms. — Anavi savdogardan nimani soʻraganingizni tasodifan eshitib qoldim. Oʻylaymanki, sizga foydam tegib qolar.
— Sizning-a? Kimsiz oʻzi? Menga nima kerakligini qayoqdan bilasiz?
— Otim Sherlok Xolms. Kasbim — boshqalar bilmaydigan narsalarni bilish.
— Ammo men bilishim kerak boʻlgan narsa haqida siz hech narsani bilgan boʻlishingiz mumkin emas.
Aybga buyurmaysiz, ammo men hammasini bilaman, Siz Brikston-roddagi missis Okshotning Brekin-rij degan savdogarga sotgan gʻozlarining izlarini topishga urinib yuribsiz, Brekinrij bularni “Alfa”ning egasi mister Vindigetga, unisi esa, oʻz navbatida ularni Genri Beyker aʻzo boʻlib turgan oʻzining “gʻoz klub”iga sotgan.
— O, ser, men uchrashish ishtiyoqida yurgan odam xuddi siz ekansiz! — deb yubordi u odam qaltirayotgan qoʻllarini olgʻa choʻzib. — Bu gaplarning men uchun nechogʻlik muhim ekanini sizga izhor qilishdan ojizman!
Sherlok Xolms oʻtib ketayotgan izvoshchini toʻxtatdi.
— Unday boʻlsa, bu izgʻirin oʻynagan bozor sahnidan koʻra, shinamgina xonada gaplashganimiz durust, — dedi u. — Ammo yoʻlga ravona boʻlishimizdan oldida, mumkin boʻlsa, shu narsani aytsangiz, men kimga baqadrihol yordam berishdek sharafga muyassar boʻlmoqdaman?
Bu odam bir lahza ikkilanib qoldi.
— Mening otim Jon Robinson, — dedi u koʻzini chetga olib qochib.
— Yoʻq. Yoʻq, asl nomingiz nima? — dedi xushmuomalalik bilan Xolms, — Kishi hamisha oʻz asl nomi bilan ish koʻrgani qulayroq.
Notanish odamning rangpar yuzi qizarib ketdi.
— Unday boʻlsa, — dedi u, — mening asl nomim Jeyms Rayder.
— Mana bunisi toʻgʻri. Siz “Kosmopoliten” mehmonxonasida xizmat qilasiz. Marhamat, kebga chiqing, hademay bilmoqchi boʻlgan hamma narsangizni aytib beraman.
Bu kichkina odam joyidan qoʻzgʻalmasdi. U goh birimizga, goh ikkinchimizga tikilar, koʻzlaridagi umid oʻrnini vahim egallagan edi. Oʻzini kulfat kutyaptimi yoki katta baxt kutyaptimi, buni bilolmaganligi koʻrinib turardi.
Nihoyat u kebga chiqdi, yarim soatdan soʻng Beyker-stritdagi mehmonxonamizga yetib keldik.
Yoʻlda hech kim churq etib ogʻiz ochmadi. Ammo hamrohimizning chuqur xoʻrsinib, kaftlarini jon-jahdi bilan yumib ochishidan, uning yoʻl boʻyi qanday asabni holatda kelgani soʻzsiz ham ayon edi.
— Mana, uyga ham yetib keldik! — dedi xushchaqchaqlik bilan Xolms. — Bunday havoda langʻillab turgan kamindan yaxshi narsa bormi dunyoda! Sovqotdingiz shekilli, mister Rayder. Marhamat, manavi toʻqima kresloga oʻtiring. Xonaki tuflimni kiyib olay, keyin darhol sizning ishingiz bilan shugʻullanishga kirishamiz. Xoʻp, mana! Siz anavi gʻozlarning nima boʻlganini bilmoqchisiz-da, shundaymi?
— Ha, ser.
— Toʻgʻrirogʻi, anavi gʻozning nima boʻlganini bilmoqchisiz? Nazarimda, sizni ulardan birginasi dumida qora yoʻli bor oq gʻoz qiziqtirgan shekilli… Rayder hayajondan tipirchilab qoldi.
— O, ser! — deb qichqirib yubordi u. Siz menga oʻsha gʻozning qayerdaligini aytib bera olasizmi?
— U shu yerda.
— Shu yerda?
— Ha. Oʻzi ham ajoyib gʻoz ekan. Unga qiziqib qolganingiz ham bejiz emas ekan. U oʻlganidan keyin chiroyli, yarqiroq moviy tuxum qildi. Tuxum shu yerda, mening muzeyimda.
Mehmonimiz oʻrnidan turib ketib, gandiraklagancha oʻng qoʻli bilan kamin taxtasini ushlab qoldi. Xolms poʻlat sandiqni ochib, undan xuddi mitti yulduzdek tovlanib yarqirayotgan moviy karbunkulni oldi. Rayder bu toshni talab qilib olishini ham, unga boʻlgan har qanday haq-huquqidan voz kechishini ham bilmay baqrayib turardi.
— Chuv tushdingiz, Rayder, — dedi xotirjamlik bilan Sherlok Xolms — Oyogʻingizni qattiqroq bosib turing, boʻlmasa oʻtga yiqilib tushasiz. Uni oʻtqazib qoʻying, Uotson. Sir boy bermay, xotirjamgina qalloblik qilishga hali chogʻi kelmaydi. Unga bir qultumgina aroq bering. Ana endi sal odam bashara boʻldi. Qoʻngʻizdan ham xarob-a!
Rayder gandiraklab ketib yerga yiqilib tushishiga sal qoldi, ammo aroqdan yonoqlariga sal-pal qizillik yugurib u oʻzining fosh etuvchisiga vahima bilan baqrayib tikilgancha oʻrniga oʻtirdi.
— Men qariyb hammasini bilaman, qariyb yetarli dalilu isbotlarga egaman, shuning uchun siz ozgina qoʻshimcha qilsangiz bas. Biroq oʻsha ozgina narsani hozirning oʻzidayoq gapirib berishingiz kerak bizga, toki ishda jindakkina ham noaniq joyi qolmasligi kerak. Siz grafinya Morkarning bu moviy karbunkuli bor ekanini qayoqdan bildingiz, Rayder?
— Menga buni Keterin Kyuzek aytib berdi, — deb javob berdi u titroq ovoz bilan.
— Bilaman: janobi oliyalarining joriyasi. Osongina boylik orttirish vasvasasi sizdan gʻolibroq kelgan, bu narsani sizdan koʻra moʻtabarroq zotlar ham bir necha bor boshlaridan kechirganlar. Siz andishani yigʻishtirib qoʻygansiz. Nazarimda, Rayder, sizdan bora-bora binoyidekkina gazanda chiqishi mumkin edi! Siz Xomer degan kavsharchining ilgari bir marta oʻgʻirlik qilib qoʻlga tushganini, hammadan oldin shubhalanishlarini bilgansiz. Nima tadbir koʻrgan Grafinyaning xonasidagi kamin panjarasining simini sindirgansiz, sherigingiz Kyuzek ikkovingiz ataylab shunday bir tadbir koʻrgansizlarki, zarur remont ishini Xomer bajarishiga erishgansizlar. Xomer ketgach, sizlar qutichadagi toshni oʻgʻirlab, shovqin koʻtargansizlar, u shoʻrlikni qamoqqa olishgan. Shundan soʻng…
Shu orada Rayder birdan gilamga sirgʻalib tushib, doʻstimning tizzalarini ikki qoʻli bilan quchoqlab oldi.
— Xudo haqi, menga rahmingiz kelsin! — deya qichqirib yubordi u. — Otamni, onamni rioya qiling. Buni eshitishsa adoyi tamom boʻlishadi. Men hech qachon oʻgʻirlik qilgan emasman! Hech qachon! Ikkinchi bunday qilmayman, ont ichaman! Zabur haqi qasam ichaman! Bu ishni sudga oshirmang! Xudo haqi, sudga oshirmang!
— Joyingizga oʻtiring, — deb jerkib berdi Xolms. — Endi yetti bukilib oʻpasizmi! Shoʻrlik Xornemi qilmagan jinoyati uchun aybdorlar kursisiga roʻpara qilayotganingizda nimalarni oʻylagan edingiz?
— Men qochib ketishim mumkin, mister Xolms! Angliyadan bosh olib ketaman, ser! Shunda unga taqilgan ayb bekor boʻladi…
— Hm! Biz hali bu toʻgʻrida gaplashib koʻramiz. Hozircha oʻgʻirlikdan keyin nimalar yuz bergani haqidagi haqqoniy hikoyangizni eshitamiz. Bu tosh gʻozning boʻgʻziga qanday tushib qoldi-yu, gʻoz qanday qilib bozorga borib qoldi? Toʻgʻrisini ayting, siz uchun birdan-bir najot yoʻli toʻgʻrisini ayting.
Rayder qahragan lablarini yalab oldi.
— Men sizga bor gapni aytib beraman, — dedi u. — Xomerni qamoqqa olganlarida, yon-verimni, xonamni tintish politsiyaning yodiga kelib qolmasdan toshni olib chiqib ketganim yaxshi, degan qarorga keldim. Mehmonxonada toshni yashirib qoʻyish uchun qulay joy yoʻq edi. Men xizmat yuzasidan ketayotgan boʻlib tashqariga chiqdim-da, opamning uyiga qarab yoʻl oldim. U Okshot degan odamning xotini, Brikston-rodda yashaydi. U uy parrandalarini semirtirib sotish bilan shugʻullanadi. Toʻqnash kelgan har bir odam menga politsiyachi yoki iztopar boʻlib tuyulaverdi, salqin bir oqshom boʻlishiga qaramay, to Brikston-rodga yetib borgunimcha terga botdim. Opam mendan, nima gap, nega bunday ranging oʻchgan, deb soʻradi. Men, mehmonxonamizda qimmatbaho narsalar oʻgʻirlanganidan tashvishlanyapman, deb javob berdim. Keyin orqa hovliga oʻtib tamaki chekdimda, nima tadbir koʻrish kerakligini oʻylay boshladim.
Mening toʻgʻri yoʻldan toyib jazo muddatini Pentonvil turmasida oʻtkazib kelgan Modeli degan oshnam bor edi. Bir kuni u bilan uchrashib oʻgʻrilar haqida gaplashib qolganimizda, menga oʻgʻrilar oʻgʻirlik molni qanday quv qilishlarini gapirib bergan edi. U meni chaqib qoʻymasligini bilardim, chunki uning baʻzi bir gunohlaridan xabardor edim, shuning uchim ham toʻppa-toʻgʻri Kilbumga borib, unga uchrashmoqchi va uni sirimdan voqif qilmoqchi boʻldim. U bu toshni qanday qilib pullashni oʻrgatishi mumkin edi. Ammo u yoqqa qanday yetib olaman? Men mehmonxonadan kelayotganim-da kechirgan iztiroblarimni esladim. Har bir daqiqada ushlab olib yon-verimni tintib, nimcham choʻntagidan toshni topib olishlari mumkin edi. Devorga suyangancha oyogʻimning tagida lapanglab izgʻib yurgan gʻozlarga qarab turarkanman, dunyodagi eng epchil iztoparni ham qanday qilib aldash haqida miyamga dafʻatan bir fikr kelib qoldi…
Bir necha hafta burun opam menga mavlud bayramiga juda boʻliq gʻoz sovgʻa qilajagini aytgandi, uning hamisha soʻzi ustidan chiqishini bilardim. Men oʻsha gʻozni hozirning oʻzidayoq olib, toshni uning boʻgʻzida Kilbumga olib bormoqchi boʻldim. Hovlida bir saroy bor edi. Men dumi ola kattakon, semiz bir oq gʻozni saroyning orqasiga haydab oʻtdim. Uni tutib olib, tumshugʻini ochdim-da, mumkin qadar ichkariroqqa surishga harakat qilib, toshni uning boʻgʻziga tiqdim. Gʻoz yutindi, tosh uning boʻtakasiga qanday qilib oʻtib borganini qoʻlim bilan sezib turdim. Ammo gʻoz tipirchilab qanotlarini tapillata boshladi, opam nima gapligini bilgani chiqib qoldi. Oʻgirilib unga endi javob bermoqchi boʻlib turgan edim, yaramas gʻoz qoʻlimdan yulqinib chiqib galaga aralashib ketdi.
“Jonivorni nima qilayotgan eding, Jeyms?” — deb soʻradi opam.
“Haligi… dedim men, — senga mavlud bayramiga gʻoz sovgʻa qilaman, deganing uchun ulardan qaysi biri semizroq ekan, deb koʻrayotgan edim”.
“O, — dedi u, — biz senga atab allaqachon gʻozni tanlab qoʻyganmiz. Biz uni: “Jeymsning gʻozi” deb ataymiz. Hov anavi boshdan-oyoq oppoq kattakon gʻoz. Hammasi boʻlib yigirma oltita gʻoz, shulardan bittasi senga, bittasi bizga, yigirma toʻrttasi — sotishga”.
“Rahmat, Meggi, — dedim men. — Agar senga farqi boʻlmasa, menga hozir qoʻlimda ushlab turganimni bersang”.
“Seniki bunga qaraganda uch qadoqcha vazminroq, oʻzini ham senga atab yaxshilab boqqanmiz”.
“Buning ahamiyati yoʻq. Menga xuddi shunisi kerak, uni hozirning oʻzida olib ketsam”.
“Oʻzing bilasan, — dedi opam bir oz ranjib. — Qaysi birini olmoqchi eding?” “Dumida qora yoʻli bor hov anavi oqini, hov ana galaning oʻrtasida turibdi”. “Marhamat. Soʻyib olib ketaqol!”
Men shunday qildim, mister Xolms, qushni Kilbumga olib ketdim. Oshnamga hamma gapni aytib berdim — u bunaqa gaplarni bemalol aytaversa boʻladigan odamlar toifasidan. U sillasi quriguncha qotib-qotib kuldi, keyin pichoq olib gʻozni soʻydik. Gʻozning ichida tosh yoʻqligini koʻrib mudhish bir xato roʻy berganini anglaganimdan keyin, yuragim orqasiga tortib ketdi. Gʻozni oʻsha yerda qoldirib opamnikiga gʻizilladim, chopgancha orqa hovliga kirib bordim. Hovlida gʻozlar yoʻq edi.
“Gʻozlar qani, Meggi?” — deb qichqirdim.
“Savdogarga joʻnatdik”.
“Qaysi savdogarga?”
“Kovent-gardsidagi Brekinrijga”.
“Gʻozlarning orasida men hozirgina soʻyganga oʻxshagan yana bir dumi olasi bormidi?” —deb soʻradim.
“Ha, Jeyms, dumi ola gʻoz ikkita edi, men ularni doim adashtirib yurardim”. Shundan keyin men, albatta, bir gapni tushunib, oʻsha Brekinrijning oldiga qarab yugurdim. Ammo u gʻozlarning hammasini allaqachon sotib boʻlgan ekan, kimga sotganini sira aytgisi kelmadi. Uning menga qanday oʻdagʻaylab berganini oʻzingiz eshitdingiz. Opam meni, aqldan ozgan, deb oʻylayapti. Baʻzan oʻzim oʻzimga ham jinniga oʻxshab koʻrinaman. Mana endi… mana endi men — qabih oʻgʻriman, holbuki oʻgʻirlayman deganim gʻanimatga qoʻlimni tegizmagan bulsam ham, uni deb yosh umrimni xazon qildim. Yo rabbiy, meni oʻzing yorlaqa! Yo rabbiy oʻzing yorlaqa!
U qoʻllari bilan yuzini berkitgancha titrab oʻkrab yubordi. Oraga uzoq jimlik choʻkdi, uni Rayderning ogʻir xoʻrsinishlari bilan doʻstimning stol qirrasnni bir maromda chertishigina buzib turardi. Birdan Sherlok Xolms oʻrnidan turib, koʻcha eshikni lang ochdi.
— Yoʻqoling! — dedi u.
— Nega, ser?.. O, sizni parvardigor yorlaqasin!
— Gapirmang! Yoʻqoling bu yerdan!
Bu soʻzni yana bir takrorlashga toʻgʻri kelmadi. Zinapoyadan tez tushib borayotgan odim tovushlari gumburlab eshitildi, pastda eshik taraqladi, koʻchadan shaxdam qadam tovushlari keldi.
— Xulosasini aytganda, Uotson, — dedi Xolms, qoʻlini sopol trubkasiga choʻzib, — mutlaqo politsiyamizning yoʻl qoʻygan xatolarini tuzatish uchun ishlamayman. Bordi-yu, Xomerga xavf-xatar tahdid solayotgan boʻlsa, unda boshqa gap edi. Ammo Rayder unga qarshi shohidlik bermaydi, ish shu bilan tinchib ketadi. Ehtimol, muttahamga homiylik qilayotgandirman-u, ammo, toʻgʻrirogʻi, men odamni batamom nobud boʻlib ketishdan saqlab qolyapman. Bu shovvoz, endi bunaqa ishlarni takrorlamaydi — u juda yurak oldirib qoʻygan. Hayot bizni gʻalati va alomat bir jumboq bilan toʻqnash keltirdi! Bu jumboqni yechishning oʻziyoq katta mukofot! Iltifot qilib qoʻngʻirogʻni chalib qoʻysangiz, yangi “tadqiqot” bilan shugʻullanardik, bunda ham bosh rolni yana parranda ijro etadi: esingizda boʻlsin, tushlikka kaklik yeymiz.
Vahob Roʻzimatov tarjimasi
[1] Karbunkul — shaffof qimmatbaho tosh, odatda qizil boʻladi.
[2] Gran — 0,0622 grammga barovar eski oʻlchov birligi.