Azamat Qorjovov. Sandiqda saqlangan sir
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Mamadi bovaning kampiri yiqildi-yu yetmish yildan beri birinchi marta oʻz kuchi bilan oyoqqa turmadi. Tugʻilmagan odamlar biz bilan yonma-yon yasholmaganidek oʻlganlar ham safimizdan ketishi koʻz ustidagi qoshday peshonaga bitilgan edi. Cholning boʻgʻziga nimadir tiqildi. Kampir oʻlsa holi ne kechadi? Yolgʻiz oʻgʻli Zavqiddin shahardan beri kelmasa.
— Tashlab ketma, — dedi chol unsiz.
Birov doʻxtirni chaqirdi. Doʻxtirning laqabi Kaput edi. Orziposhsha momoni erinmay tekshirgach, dahlizga chiqib bosh chayqadi. Mamadi bovaning nazarida u shunday ogʻir damda ham piching va hazil aralash “Gitler kaput” deganday tuyulib, gʻijini keldi.
— Davlat shuncha yil oʻqitgan… — Chol hovliga chiqqanda, ovozini koʻtardi: — Nima, bir momoyni saqlab qololmaysanmi? Yiqilgan boʻlsa yumronqoziq iniga oyogʻi kirib yiqilibdi.
— Gap inda emas, bova, momomning yuragi charchagan. Yiqilmaganda ham baribir… koʻpga bormasdi. Endi, bu yogʻi qarichilik. Bardam boʻling.
Chol uyga kirdi.
— Zavqiddinlar keldimi? — soʻradi kampir inqillab.
— Chaqirtirdim, bugun yetib kelsa kerak. Bilasan-ku, uning ishdan qoʻli tegmaydi.
— Ishdan?
— Ha, ishidan javob soʻrab keladi-da.
Kampir sandigʻiga boshini zoʻrgʻa burib qaradi. Keyin kuchanib-emranib koʻrpacha tagidan kalit oldi.
— Mana… sandiqniki…
Mamadi bova savolomuz boqdi. Kampiri shiftdan oʻlim elchisi keladigandek jimgina kutardi.
— Nima qilay buni? — dedi chol.
— Sandiqniki, — takrorladi bemor. — Olib qoʻying… Izlab yotmang deyman-da.
— E, qiziqsan… Buncha vahima qilasan? Odamlar ayiqning iniga yiqilib omon qolayapti.
Orziposhsha momo koʻzlarini charchoq-la yumdi. Koʻrpaning bilinar-bilinmas qimirlashi uning hayotligidan darak berardi. Chol uh tortib xayolga choʻmdi. Koʻrganlari bir farzand boʻldi. Uyam Mamadi bova qamoqda ekanligida tugʻildi. Yolgʻiz farzandining chaqaloqligini koʻrmadi ota. Eri yumshoq paxtaning qattiq qahriga uchrab hibs etilgan olis shoʻro yillarida shu kampir oʻtin yorishga odam topolmay tezak yigʻib uy isitdi, ovqat qildi, kir yuvdi. Ikki yuzi qip-qizil, lorsillagan xotin edi. Juda kech tugʻdi. Odamlar er-xotinning sadoqatiga, sabriga tasannolar aytishdi, yoshlarga namuna qilib koʻrsatishdi. Shular tufayli oʻnlab oilalar saqlab qolingandir, ehtimol. Ayrimlar “Eri qamalgan, nimasini maqtaysizlar” deb oʻrlik qilsa, kattalar “Qamalganlarning hammasiyam jinoyatchi emas, zindon ham bir choh kabidir” deyishar va Mamadi bovaning oilasini koʻklarga koʻtarishardi.
Ammo vaqt oʻtgandan keyin boboning boshi egildi.
Zavqiddin bilim va shijoat bobida yuzlab tengdoshlarini ortda qoldiradigan olov yigit edi. Harbiy xizmatdan ham gul-gul ochilib qaytdi. Institut esa… shaharda bir umr qolishiga patta berdi. U qishloqda ishlolmasligini maʻlum qildi. Bu ham yetmagandek Luizaga uylandi. Luiza toʻladan kelgan, sutga chayilgan kabi opppoq, boʻyama boʻlsa-da, qora qosh. Biroq koʻzlari moviy, sochlari sargʻishtob. Mamadi bova oʻrisning qishloqcha gapirishini oʻshanda koʻrdi, “ena” dedi Orziposhshaga. Hech kim chol-kampirni aybsitmadi, shunda ham boshini xam qildi ota. Uningcha, yolgʻiz oʻgʻil padarining uyini tashlab ketishi jinoyat edi. Ish ota-onadan ustun kelibdimi? Oʻris kelin qishloqda yasholmasa, nega tegdi?
Lekin xafaligini birovga sezdirmadi. Bolam shaharlik boʻldi, deb toʻylarda maqtandi. Maqtandi-yu oʻgʻlidan yarim judo boʻlganini oʻylab, ichi muzladi.
Kampiriga-ku taraf yoʻq. Umr boʻyi sirliligicha yashadi shu mushtipar. Davlat mulkini oʻgʻirladi, deb Mamadi bovaga tuhmat qilishganida ham dushmanlarni qargʻamadi. Shubhaga borgan Mamadi bova “Orzi, sen ham meni oʻgʻri hisoblaysanmi?” deb soʻraganida, hayrat va alam bilan boqqan edi. “Sizni oʻgʻri desam, hatto xayolimdan oʻtkazsam ikki dunyom kuysin”, degandi u.
Bir paytlar “Rayonda Amerikaning josus ayoli bor ekan, qishloqi oʻzbek qiyofasida yashab yurganmish, “maqsad-bemaqsad” bunyod etilgan harbiy qismning tagida qitʻalararo uchiriladigan raketa bormish, shuni poylarkan” kabi mishmishlar bolalab qolgandi. Qishloq erkaklari bir-biriga “Oʻsha josus sening xotining boʻlib chiqmasin” deb hazillashishi avj oldi. Koʻpchilik Mamadi bovaning sirli kampirini hazil nishoniga aylantirishdi. Agar Amerika josusi qishloq ayoli qiyofasida boʻlsa, Orziposhsha kampirdan boshqasi oʻxshamas ekan. Qaysidir toʻyda kulgi-mutoyiba avjiga chiqqanida, kolxoz raisning oʻzi ham hazilga aralashdi:
— Mening xotinim, — dedi u, — oʻris tilini biladi, tan olaman, lekin oramizda anglis tilidan xabardor ayolning eri oʻtiribdi-yov. — Shunday deb u hammani Mamadi bovaga qaratdi. – Momom anglischani biladimi, yoʻqmi, toʻgʻrisini ayting.
— Anglischani deyapsanmi? Qiziqmisan, oʻzbekchani tuzuk bilmaydi-ku. Oʻn gapirsam bir javob olaman. — Ammo Mamadi bovaga hazil botib ketdi: — Rais boʻlib topgan gapingni qara-yu!
— Rayondan eshitib keldim, sening kalxoʻzingdan, deyishdi. Momo bir zamonlar Registonga borganda bir turistga “senkyu” deganini eshitganlar ogʻizlari ochilib qolgan, guvohlar tirik. Chaqirtirib kelaymi?
Davrada kulgi koʻtarildi. Chollardan biri:
— Bizning kalxoʻzdan boʻlsa, Mamadining kampiri ekanligi aniq, — dedi. — Chunki otasi oʻqimishli inson boʻlgan, Germonda yashab kelgan, deb eshitganman. Lekin “KGB” ikki dunyodayam tutolmaydi, Orziposhsha tiliga, yurish-turishiga shunday ehtiyochilki, ortiqcha gapirganini bir marta eshitmabman, bir marta-ya! Shu koʻyi oʻlib ketsam kerak.
Hazil tagi zilga aylanmasin, deb rais gapni boshqa chollarga burdi, ammo Mamadi bova ichidan zil ketdi. Bir oycha oʻziga kelolmay yurdi. Oʻshanda xotinini zimdan kuzatib, “anglischani biladi-yov” deya gumonsirardi. Amerika bilan qayerda gaplashishini oʻylab oʻyiga yetolmas, tez-tez kelib yuradigan elektrikdan — sariq sochli oʻris yigitdan — gumonsirardi. “Balki u oʻris emas, anglisdir, men farqini sezarmidim, bari bir xil boʻlsa!” — derdi shayton koʻngli.
Yigirma yilcha muqaddam qitʻalararo uchiriladigan raketaning qayerda joylashgani josus tufayli xalq orasida yoyilib ketgach, allaqayoqqa koʻchirib ketishdi. “Stakan” deb atalmish qudugʻiga birov ikkita tuxum tashlagan ekan, tubiga oʻn daqiqada yetib boribdi. Shunday katta raketani axtargan ayol yumronqoziq iniga qoqilib, oʻlim toʻshagida yotibdimi? Balki soʻnggi nafasi yaqinlashganini sezib, sirlarini aytib ketar? Chol baribir soʻrayolmaydi. “Toʻgʻrisini ayt, shoʻro davrida Amerikaning josusi edingmi?” deb soʻrasinmi? Mana, endi dollar-dollar degan gaplar chiqib qoldi. Oddiy shu qishloq ayoli xufiyalik qilgan boʻlsa, Pentagonning pullarini nimaga sarf qilgan? Bitta sigir sotib olish uchun tiyinlab yiqqan vaqtlari boʻldiki oʻsha zamonlarda.
— Tentakman, — pichirladi chol, — qariganda odamning miyasi suyilib qoladi shekilli? Boyaqish gʻiybatchi, sergap, vaysaqi boʻlmagani uchun aybdormi? Amerika kelib-kelib shu mushtipardan foydalanadimi?
Kechasi mashinaning ovozi eshitildi. Mamadi bova derazadan moʻralagandi, chiroqlar koʻzini qamashtirib yubordi. Oʻgʻli kelgan edi. U onam uxlab yotibdi, deb oʻylab otasi bilan shivirlab soʻzlasha boshladi. Oʻzi bilan shahardagi eng mashhur shifokorni ham olib kelgan ekan, bemorning uygʻonishini kutmay darrov tekshira boshladi.
Oʻgʻli bundoq qarasa otasi qoʻlida kalit ushlab turibdi.
— Ota, kalit nimaniki? — imladi Zavqiddin.
— Eh, biron joyga ilib qoʻymoqchiydim-a. Boyagina enang bergandi, sandigʻining kaliti… Toza tushkunlikka tushib qolgan…
Shu payt Orziposhsha momo:
— Oʻgʻli-i-m… — deb choʻzib ovoz berdi.
Hamma uning boshida uymalashdi. Shifokor soʻzsiz-soʻroqsiz ish bilan band edi. Bir necha daqiqadan soʻng Kaputning gaplarini buning-da ogʻzidan eshitajagiga Mamadi bovaning imoni komil boʻldi. Haqiqatan eski gap takrorlandi. Mamadi bova oʻnta kampiri oʻlib oʻrganib qolgandek xotirjam eshitdi.
— Oʻgʻlim, — dedi yana Orziposhsha momo.
U hozircha tirik hisoblansa-da, bu oxirgi soʻzi edi. Tong otdi. Janozaga tayyorlana boshladilar. Yuz-koʻzlarga qaygʻuli tus berildi, eshik-derazalar artildi, yigitlar oʻtinlarni bir chetga taxlashdi. Tadorigni koʻrib, Orziposhsha momoning qulaganini, oʻlimi yaqinligini eshitmaganlar ham tushunib olaverishdi.
Luiza bolalari bilan qorasini koʻrsatganida kampirning joni hali uzilmagan edi. Zavqiddin pichir-pichir qilib olgach, shaharga — ishga joʻnadi. Harqalay “Enam oʻlsa chaqirasizlar”, demadi. Shu kuni oʻris kelinga bitta ham ish topilmadi. U xuddi shaharlik boʻlib tugʻilganiga pushaymon yeyayotgandek nuqul uzun-uzun barmoqlariga tikilar, sargʻishtob sochini yigʻishtirar, dam-badam labini tishlardi. Shu oʻtirishi nafaqat qishloqqa, butun Markaziy Osiyoga yarashmay turardi. Tezaklar taxlangan tandirxonaga qarab-qarab qoʻyganida koʻzlarida qoʻrquv zohir boʻlishigina samimiy edi uning.
Nevaralar buvijonning boshida bir qator tizilishib oʻtirdilar. Kattasining boʻyi ancha choʻzilib qolgani bois Orziposhsha momo “Nega bu tik turibdi?” deb ajablanib qarab qoʻydi.
Jon uzilar chogʻida Mamadi bova ham boshida edi. Kampiri boyaqish yana sandiqqa koʻz tashlagandek tuyuldi. Soʻng bir nima dedi va barcha tiriklarga nasib etadigan qismatga — oʻlimga yuz tutdi. Yurak urishi toʻxtadi, shu bilan birga lablar pirpirashi, kipriklar qaltirashi, koʻkish tomirlardan bilinib-bilinmay oqayotgan qon — barchasi abadiy qotdi. Shaharlik nevaralar ovoz chiqarib yigʻlashni bilmasdilar, qoʻshni xotinlar boshlab berishdi:
— Shunday yaxshi enamiz bor edi-ya!.. Uvv… uvv…
Qanchalik gʻalati boʻlmasin, odamning kulgisi qistardi. Koʻpchilikning nazarida, yoshini yashab boʻlgan kampir vafot etgan boʻlsa, buning motamlik siyogʻi qolmagan edi.
Mamadi bova “Men goʻr kavlab kela qolay” degan kabi indamay eshikka yurdi. Shunda koʻzlari oʻz-oʻzidan devordagi mixga qadaldi: kampir bergan kalit jonsiz osilib yotardi. Shunda kampirining butun sir-asrori sandiqda yashiringanini tushunib, kalitni yulib oldi va choʻntagiga berkitdi. “Avval men ochaman!..”
Chol umri mobaynida necha-necha odamni goʻrga qoʻyishda ishtirok etgandi, kampirinikiga ruxsat berishmadi. Kelganlarning taʻziyasini qabul qilib, chollar bilan darvozada oʻtirish kerak emish. Biladi, koʻzi qizarib ketgan. Ovoz chiqarib yigʻlashga uyalib, nuqul yerga qaraydi.
Urf-odatga koʻra marhumaning buyumlarini ayollarga tarqatish kerak edi. Hadeganda sandiqning kaliti topilmagach, ayollar Mamadi bovaning huzuriga borishdi.
— Momom sandiqning kalitini bergan ekan, qayerga qoʻygansiz?
— Bugun shartmi shu? — jerkib berdi chol xotinlarni. — Oʻzimning ham baʻzi narsalarim bor, xudoyida ochaman, ertaga.
Tunda taxmonni tushirib, kalitni buradi. Sandiq qulfi jagʻidan ayirilgan kabi oʻlimtik holga tushdi. Qopqoq koʻtarildi. Choynak-piyolalar, yaltiroq klyonkalar ichidagi roʻmollar va koʻylaklik matolar, mayiz, yongʻoq. Mamadi bova gumonchil xayollaridan dili ezilib, narsalarni bir-biri koʻzdan kechirdi. Hammasi kampiri haqida soʻzlardi. Birontasiga sirning bir misqoli ham yuqmagandi. Eng tagida soat turgan ekan. Sifatsiz qogʻoz qutidagi devor soati, kartoni mayishgan. Uni ham qoʻlga olib bir nafas maʻnosiz tikilib qoldi. Ichini ochdi. Batareykasiz, yap-yangi, arzon xitoy soati edi. Endigina joyiga qoʻymoqchi edi, sandiq burchagida yotgan konvertni koʻrib qotib qoldi. Sargʻayib ketgan maktub ancha yillardan beri saqlanayotganga oʻxshardi. Shart qoʻlga oldi-yu qoʻyniga tiqdi. U barchasini yolgʻiz oʻzi bilishni istardi. Bir amallab koʻzoynagini topdi va lampaga yaqinroq surilib, hijjalab oʻqishga tushdi:
«Xudo menga farzand bermadi, — deb boshlanardi maktub, — bittayu bitta bola soʻradim. Shoʻrim qisib erim ham qamaldi-ketdi. Oʻgʻri boʻlgandan keyin bir kun kelib qamalishi kunday ravshan edi. Qaysi oʻgʻri qoʻlga tushmagan? Qaysi oʻgʻri qamalmay qolibdi?
Xayrlashar chogʻida koʻnglini koʻtarish uchun “Boʻyimda bor” deb aldadim. Aslida men — shum xotinda reja bor edi, yolgʻon bir tadbir oʻylagandim. Eh, bu yolgʻonim necha yilda ochilar ekan, oʻttiz yildami, qirq yildami? Ishqilib, men ham, erim ham oʻlib ketganimizdan soʻng ochilsin, deb xat yozib qoʻyishga ahd qildim. Qiyomatgacha yolgʻonchi boʻlishdan Xudo asraydi, xatimni bir kun kelib baribir birov oʻqiydi.
Roʻzgʻor ham azobdan iborat boʻlib qoldi. Yer chopaman, goʻng tozalayman, oʻtin yoʻq, soy boʻyiga tushib, tezak teraman. Qayishadigan odamlar ham bor, umridan baraka topgurlar chin dildan yordamlashadi. Lekin biz paxta odamimiz, bularning bari paxtadan keyingi tirliklar. Azob desam, azob emas farzandsizlik oldida. Shunday qilib, oʻylagan tadbirim bola asrab olish edi. Erim qamalgach, oʻzimni ogʻiroyoq koʻrsatib yurdim. Goʻyoki erim qamoqqa tushganda bir oylik homilam boʻlgan, yetti oylik qilib “tugʻib oldim”. Shahardagi bolalar uyidan chaqaloq olib kelganimni enamga ham sezdirmadim. Aytdim-ku men shumman deb. Umidim yana Yaratgandan. Ishqilib oʻgʻlim bizlarga oʻxshasin-da! Yillar oʻtdi, boʻyi oʻsgan sayin asrab olgan odamlarga tortdi, yuzim yorugʻ boʻldi. Otasining oldiga, qamoqxonaga olib borganimda bechora suyunardi, “Men ham otaman” deb koʻkragiga urardi.
Gunohlarimni Oʻzing avf et! Men bir osiy bandangman. Oʻlganimdan keyin shu xatni topib haqiqatni bilsinlar… 1970-yil…»
Mamadi bova sixga tortilgandek qimirlamay oʻtirardi. Koʻzidan bir tomchi yosh dumalab sargʻaygan qogʻozga bodrab tushdi.
“Buni baxtsizlik desa boʻladi, — derdi ichki ovozi, — buni qiyomat desa yarashadi… Voy Orziposhsha-ey… Shuncha yil bilmabman-a? Mening hech kimim yoʻq ekan-ku bu dunyoda! Sezgandim-a bu bola nega biznikilarga uylanmadi, shahardan beri kelmaydi deb! Qon tortmas ekan-da, qon tortmas…”
Ota-onasidan xabar olmaydigan jamiki farzandlar aslida qoni begona tashlandiqlar boʻlib tuyuldi boboga. Lablarida achchiq kulgi oʻynadi. Marhum kampirini tuzukroq soʻkolmadi, laʻnatlayolmadi. Biroq maktubni gʻijimlab tashlar ekan:
— Bunaqa xotin boʻguncha talogʻingni soʻramaysanmi, Orzi? — dedi. — Amerikaning josusi boʻp chiqqaningda mingdan-ming rozi edim-a… attang…
Choshgohda xotinlar sandiqni titkilab koʻrishib elga tarqatiladigan buyum topisholmadi, bari yangi, kiyilmagan narsalar edi. Mamadi bovaga kalitni tutqazishgandi, oʻrnidan zoʻrgʻa turdi-da, hassaga suyanib, narigi xonaga chiqib ketdi. Kayvonilar bir-biri bilan koʻz urishtirishdi. Ular cholning hassa tutganini ilk marta koʻrib turishlari edi, arazlashini ham kutmagandilar, albatta.
Kalit Luizaga topshirildi. Luiza Shveytsariyadagi poʻlat sandiqning kaliti boʻlganida, ehtimol, kamoli ehtirom ila olgan boʻlarmidi, ammo hozir uning-da asablari charchab, necha kundirki shahardagi chala qolgan ishlarida edi xayoli.
Harholda ketish oldidan kelin qaynotasining izzatini joyiga qoʻydi. Qoʻshnilarning ichidan doimiy qarovchi topdi, yakshanba kunlari xabar olgani kelishlariga vaʻda berdi. Oxirida:
— Ota, — dedi moviy koʻzlari namlanib, — bilaman, biz bilan shaharga ketmaysiz, lekin… lekin nega begonalarga qaragandek… bizdan xafasiz… Axir oʻgʻlingiz ham, men ham ishimizni tashlolmaymiz, nevaralaringizning kelajagi uchun ham shaharda yashashimiz kerak. Qishloqdan qatnaylik desak, yuz kilometrdan ziyod. Har kuni ikki yuzdan ortiq yoʻl bosishning oʻzi boʻlmaydi, katta yoʻlgacha oʻn besh kilometr oʻnqir-choʻnqir…
— Odamning qadri kilometrlab oʻlchanmaydi, — dedi Mamadi bova.
Boshqa hech nima demadi. Kayfiyati yoʻqligini judolikning taʻsiri deb oʻylashdi.
Kun oʻtgan sayin qurib boraverdi. Dardini na Zavqiddinga, na oqsoqollarga aytdi. Maʻrakalarga kelgan chollar “Orziposhshani mozorotning bogʻ tomoniga qoʻyishibdi, doʻnglik toʻlib qolganmish” deganlarini eshitgan edi. Demak, yangi oʻlik uning yonidan joy oladi.
Momoning “qirqi”dan keyin Mamadi bova butunlay yotib qoldi. Kaputni chaqirib kelishgandi, tekshirib boʻlgach, qishloq ahliga qarab, qoʻllarini “iks” qildi va past ovozda: “Gitler kaput”, deb oʻrnidan turdi. Etagini qoqdi.
Kuni bitgani el-ulusga maʻlum boʻlib, yosh-qari vidolashgani tez-tez kelaverdilar. Chol soʻnggi kuchini toʻplab:
— Meni Orziposhshaning yoniga qoʻymanglar, boshqa joyga koʻminglar, — dedi-yu bandalikni bajo keltirdi.
Luiza maʻrakalardan charchadi. Biriniki zoʻrgʻa xotima topganda ikkinchisiniki boshlandi. Biroq ichida allaqanday xotirjamlik hukm surar, eridan oʻrgangan savob otliq ishlarni qilgisi, qishloqliklar oldida yuzi yorugʻ boʻlgisi kelardi. Koʻrinmas zanjirlardan xalos boʻlgan insonlargina shunday baxtiyor va savobchil boʻladilar.
Mamadi bovaning xudoyisi kuni uy toʻriga bir notanish kampir kelib oʻtirdi. Uni faqat yetmishdan oshganlaru gʻiybatchi xotinlargina tanidilar. Bir zamonlar Orziposhsha momo ishlagan kolxozda bu ham ishlab ketgan ekan.
Ayollar tarqay boshlagach, u ham yoʻlga otlandi. Eshikka yetib, sekingina xonadon kelinini surishtirdi.
— Men, — dedi Luiza.
— Qizim, qaynonangning xudoyisiga keldim desam qaynotangnikiga kepman. Bu yerlardan koʻchib ketganmiz, eshitmabman, yoʻl uzoq. Endi-i, senga bir iltimos bor, kulmaysan, bolam. Burungi zamonda qaynonangga bir xat bergandim, saqlab qoʻying deganman. Qaynonang sirni qattiq saqlaydi. Besh yillar avval rahmatlini uchratganimda sandiqda yotibdi, degandi. Shuni olib bersang. Mening ham poymanam toʻlgan. Xatni oʻgʻlimga qoldirib ketsam, devdim. Bitta-yu bitta oʻgʻlim bor, asrandi boʻlsa ham juda ham mehribon, xuddi men tuqqandekman… Uni… uni asrab olganimda, cholim qamoqda edi. “Boʻyimda bor”, deb cholimni aldaganman. Hatto enamga ham aytmaganman chaqaloqni aslida asrab olganimni…
Kelin harchand urinmasin, maktubni hech qayerda topolmadi. Mehmon kampir esa yoʻlda qon bosimi oshib oʻldi. Sir sirligicha qolib, abadiyatga muhrlab qoʻyildi.