..

Aziz Nesin. Ming marta shukur

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Kadikoʻyda Boʻstonji tomonga qatnaydigan tramvayning oxirgi vagoniga bir amallab chiqib oldim. Vagonning orqa tomonidagi maydonchada sakkiz kishi tiqilishib ketyapmiz. Oyogʻiga kigiz mahsi bilan kalish, boshiga yirtiq shapka kiyib olgan bir moʻysafid qoʻlidagi toʻrvani orqa tomondagi oynakka qoʻydi. Shapka kiygan oʻrta yashar yoʻlovchi ogʻziga somon tiqilgan savatini temir sandiq ustiga qoʻygach, yonidagi odamga murojaat qildi:

— Oshnam, ehtiyot boʻling, ichida tuxum bor.

Sakkiz yoʻlovchi orasida tuxumdan gap ochilib ketdi.

Aslida savatda tuxum oʻrniga mix boʻlganida ham nima toʻgʻrisida boʻlmasin, baribir gap boʻlardi. Chunki odam odamni koʻrganda yigʻilib qolgan gaplarini aytib ichini boʻshatgisi keladi.

— Tuxum qanchadan boʻldi? — deb soʻradi yirtiq shapka kiygan boyagi moʻysafid.

— E, soʻramang, tuxumning narxi chaqib olaman deydi.

— Hozir narxi osmonga chiqmagan narsa qoldimi, hammasi shunaqa…

Charm kamzul kiygan, qop-qora moʻylovli odam bilan ikkovimizgina gapga aralashmadik. Qolgan olti kishi fotihaga qoʻl ochib, omin deyayotganday baravariga “toʻgʻri” deb yubordi.

Hozir arzon narsa qoldimi oʻzi?

— Arzonchilikni tushda koʻramiz, afandim, tushda.

— Shu ketishimiz boʻlsa, oxiri nima boʻlarkin-a?!

— Ishqilib, oxiri baxayr boʻlsin-da!

— Shu ketishimiz boʻlsa, oxiri baxayr boʻlishiga koʻzim yetmay qoldi.

— Kecha narxi ikki lira turgan narsa bugun ikki yarim liraga chiqib ketadi-ya. Axir, bu nima degan gap? Sen uyda uxlab yotganingda ular kechasi bilan narxlarni oshirib chiqishadimi, nima balo.

— Qimmatlikka qimmat-a… Lekin bozorda molning oʻzi yoʻq-da, ogʻayni.

Olti yoʻlovchi shu tarzda biri olib-biri qoʻyib gapirar, biri gapirayotganda boshqalari “shunday”, “toʻgʻri, juda toʻgʻri”, “rost gap” deb tasdiqlab turishardi.

Tramvay Oltiyoʻlga kelib toʻxtadi. Tushadigan odam boʻlmadi. Bizning maydonchaga yana bir yoʻlovchi chiqdi.

— Tirikchilik juda ogʻir boʻlib qoldi, — dedi tuxumlarning egasi, — ilgarilari naq ajdahoning ogʻzidan ovqat olardik. Endi oʻsha ajdar ogʻzidagi ovqat ham naq ichiga kirib ketdi. Qani, mard boʻlsang ogʻziga qoʻlingni tiqib koʻr-chi.

Yangi chiqqan yoʻlovchi gapga aralashdi:

— Qimmatchilik tinkani quritgani yetmaganday, ijara haqi sillani quritib tashladi.

Yana hammasi baravar “toʻgʻri” deb yuborishdi.

Shu koʻyi biri qimmatchilikdan, boshqasi ijara haqi balandligidan, yana biri kerakli narsani topib boʻlmasligidan, boshqasi uy-joydan gapirib jigʻibiyron boʻlardi. Toʻgʻrisini aytsam, men oʻsha yerda eshitgan gaplarimni hozir yozishga ham botinolmayman. Ular shu darajada qizishib ketishgan ediki, koʻrgan kishi bularni ishdan chiqib, horigan-charchagan holda uylariga emas, xuddi norozilik bildirish uchun biror mitingga ketishyapti, deb oʻylashi mumkin edi. Ularning ovozlari balandlashib, aytayotgan gaplari chinakam nutqqa aylanib ketardi. Ularga qarab: “Hoy, vatandoshlar, bunaqa qilmang, gaplaringiz toʻgʻri-ku, lekin siz aytgandek unchalik emas. Qolaversa, bunaqa joyda past-baland gaplarni aytaversangiz, boshingiz baloga qolishi mumkin” demoqchi boʻldimu, lekin yuragim betlamay indayolmadim. Jahli chiqib turgan odamning yoniga yoʻlab boʻladimi! Sizni u bir balo qilib qoʻyishi ham mumkin. Ularning fikriga qoʻshilmaganimdan keyin indamay ketaversam nima qiladi?

Tramvay Yoʻgʻirtchi bekatidan jilishi bilan ular yana avjga chiqib ketishdi. Menga oʻxshab boyadan beri jim kelayotgan charm kamzulli odam chidab turolmay:

— Qidirgan narsani topib boʻlmaydi, deb kim aytdi? Ming marta shukur, hamma narsa toʻkinchilik, — dedi.

Gapni gapirgan u boʻldi-yu, men qoʻrqib ketdim. Oʻrtada janjal chiqib, yetti kishi bir boʻlib charm poʻstinlini bemalol dabdala qilib tashlashi mumkin. Yetti yoʻlovchiga sekin razm soldim. Ular ham charm poʻstinliga tikilib turishibdi. Oʻrtaga jimlik choʻkdi. Goʻyo ular bu odam nima deganini, maqsadi nima ekanligini tushunmaganday.

— Nima boʻlsa yoʻq deysizlar. Nima yoʻq ekan? Ming marta shukur, qidirsa hamma narsa topiladi.

Yetti yoʻlovchi hayratda. Yuzini ajin bosgan xomush yoʻlovchi birinchi boʻlib oʻziga keldi:

— Ming marta shukur. Hamma narsa topiladi.

Boshqalar ham yana “omin” demoqchi boʻlganday, bab-baravariga:

— Ming marta shukur! — deb yuborishdi.

— Xudoga shukur, yurtimizda qimmatchilik yoʻq, — dedi charm poʻstinli odam.

— Qimmatchilikni oʻzimiz qilamiz, — javob berdi unga hozirgina qimmatchilik haqida gʻazab bilan gapirib turgan, yoʻlovchi, — hammayoq qimmatchilik, deganimizdan keyin qimmatchilik boʻlib ketaveradi-da.

— Toʻgʻri. U narsa yoʻh, bu narsa yoʻq, deyaverib, borini ham quritdik. Oʻrtamizdan baraka koʻtarildi. Ming marta shukur, hamma narsa serob.

— Ming marta shukur.

— Ming marta shukur.

— Men sizlarga gapirib beraman, mana oʻzingiz koʻring, — dedi ularga charm kamzulli odam, — oʻzim shoferman. Bundan oʻn olti yil burun oyiga bir yuz yigirma lira olardim. Oʻsha paytlarda bir kilo qand oʻttiz qurush turardi. Hozir boʻlsa bir kilo qand ikki lira. Lekin maoshim ham oshgan — olti yuz lira olaman. Xoʻsh, nima gap ekan? Qandning narxi koʻtarilgan boʻlsa, maoshlar ham oshgan-da.

— Ha, oshgan, ming marta shukur.

— Hozir qoʻlda pul ham koʻp, — dedi qimmatchilik haqida gap boshlaganlardan biri. — Ming marta shukur, pul serob.

— Hammol ham hozir kuniga oʻn besh lira ishlasa ham, kam deydigan boʻlib qoldi.

— Juda toʻgʻri.

Yirtiq shapkali chol gapga aralashdi:

— Yoʻqchilikka ham, borchilikka ham oʻzimiz aybdormiz. Bittasi turib “choy yoʻq” deydigan boʻlsa, hamma choyga yopishadi. Qarabsizki, choy topib boʻlmay qoladi. Shunday qilgandan keyin, bor narsa ham yoʻqoladi-da. Ming qatla shukur, hamma narsa bor.

— Xudoga shukur, hamma yoqda toʻkinchilik.

Tramvay Feneryoʻliga kelib toʻxtagan edi, yoʻlovchilardan biri:

— Ming marta shukur, ming marta shukur, — deganicha vagondan tushib ketdi.

— Koʻrinib turibdi, hozir sanoatimizda koʻtarilish bor, — yana gap boshladi charm kamzulli, — shuning uchun chetga mol chiqaryapmizu, oʻzimiz-mol olmayapmiz. Baʼzi narsalar topilmayotganligining sababi ham shunda.

“Ming marta shukur”ga oʻrganib qolganlardan biri:

— Topilmayapti, ming marta shukur, — deb yubordi.

U shu zahotiyoh xatosini tuzatdi:

— Ha, hozir koʻtarilish payti-da, nari borsa bir-ikkita narsa topilmaydi, xolos. Payti kelib ular ham topilib qolar, ming marta shukur.

Yana charm kamzulli gapga tushdi:

— Ming marta shukur, Istambul shu vaqtga qadar bunchalik koʻtarilishni, bunchalik farovonlikni koʻrmagan.

— Toʻgʻri aytasiz, hecham koʻrmagan, ming marta shukur. Yaʼni hozir koʻryapti. Sulton Fotih zamonidan buyon qoʻl urilmagan koʻchalar ochilyapti.

— Ha, ochilyapti, ming marta shukur.

— Baʼzi narsalarni buzib tashlashyapti.

— Buzib tashlashyapti, ming… Hah, yoʻllar ochishyapti.

“Ming marta shukur”ni ming marta eshitib, Jaddai boʻstonga yetib keldik. Maydonchada ketayotgan yoʻlovchilar birin-ketib tushib, bu yogʻiga charm kamzulli odam bilan ikkovimiz qoldik. U toʻsatdan:

— Siz nima deysiz? Boyadan beri ogʻiz ochganingiz yoʻq! — deb yuborsa boʻladimi.

Manavi rasvogarchilikni qarang, nima qilaman endi? Boshimni egib, yelkamni uchirdim-da, ikki qoʻlimni ikki tomonga yoydim. Bu “nima deyishga hayronman” deganim edi. Men na boyagi gaplarga qoʻshiladigan pessimist, na “ming marta shukur” deydigan optimist edim. Charm kamzulli yana qoʻymadi:

— Xoʻsh, siz nima deysiz?

Tramvay bunchalik tez ketmayotgan boʻlganida, oʻlay agar, vagondan sakrab tushib qolardim. Noilojman, charm kamvulli esa savolini yana qaytardi. Men ham yana yelka uchirib, bilmayman, deganday labimni burdim.

— Shunaqa pastkash odamlar ham bor-a? — deb soʻradi mendan.

— Kimni aytyapsiz? — dedim hayron boʻlib.

— Hozirgina ming marta shukur deb valdirab kelganlarni-da.

— Ha…

— Hozir hammasi meni soʻkyapti. “Ming marta shukur” deb turganlaridayoq buni sezgan edim. Bularni qayoqqa sudrasang, oʻsha yoqqa ketaverishadi. Faqat sudrashni bilsang boʻldi.

Tramvay Erankoʻyga yaqinlashib qoldi.

— Nima deysiz, qimmatchiligi rostmi oʻzi?

Charm kamzulli mendan qanday javob kutayotganligini bilmaganligim uchun mushkul ahvolda qoldim.

— Chindan ham qidirgan narsa topilmaydimi? Chindan ham qimmatchilikmi?

— Ming marta shukur! — dedim men ham.

Shu payt tramvay toʻxtagan edi, bir sakrab yerga toʻshdim. Charm kamzullidan qutulganimga chindan ham ming marta shukur!

Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi