Aziz Nesin. Pulimga yarasha yer bering
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Bir necha kundirki, uyquda halovat yoʻq. Qattiq ishlayverib asabni buzgan koʻrinaman: oʻringa kirsam, uyqu bosadi-yu, ammo koʻz qurgʻur hech ilinmaydi.
Boʻlmadi, oxiri doktorga borishga toʻgʻri keldi.
— Bir kunda necha soat ishlaysan? — deb soʻradi u.
— Oʻn olti-yigirma soatdan.
— Unaqa boʻlsa toliqibsan, — dedi-da, keyin soʻradi: — Nega endi muncha koʻp ishlamasang?
Doktorni boplab soʻkib bermoqchi boʻldimu, lekin oʻzimni qaytardim. Rost-da, axir, shu ham gap boʻldimi? Nima, bunchalik koʻp ishlayotgan boʻlsam, sababi bordir…
Doktor asab bilan uyqu uchun dori-darmon yozib berdi. Ammo lekin, hech qaysisidan foyda koʻrmadim. Joyimga yotib, endi uxlayman deb turganimda, uch oydan beri toʻlanmagan uyning ijara haqi lop etib esimga tushib qolsa boʻladimi? Endi bu yogʻi nima boʻlishi oʻzingizga maʼlumdir.
Yotgan joyimda hisob-kitobga tushib ketaman. Uch yuz ellik lira… Shundan yigirma beshni olib tashla… Xoʻp, oldin noldan beshni olish kerak… Nolga beshdan birni olib beramiz, oʻn boʻladi. Oʻndan beshni olsak besh qoladi… Toʻrtdan ikkini olsak ikki qoladi… Uchning oʻzi tushadi… uch yuz yigirma besh qolarkan… Shunga toʻqson oltini qoʻshish kerak. Beshga oltini qoʻshsak, oʻn bir boʻladi. Biri dilda…
Miyamda raqamlar chuvalashib ketavergach, yotgan joyimdan irgʻib turaman… Qoʻlga qalam-qogʻoz olib hisoblay boshlayman. Ishni bitirgach, uxlatadigan xap doridan yana bir marta otib olaman. Mudroq keldi deguncha, yugurib borib oʻringa kiraman. Endi koʻz ilinay deb turganda miyamga bir fikr kelib qoldi: “Bordi-yu, oyiga 10 liradan tugib borsam, bir yilda qancha boʻlarkan?” Laʼnati shu ijara puli juda qonimga tashna qilib yubordi-da… Bu dunyo deganidan boshpanasiz oʻtadiganga oʻxshaymiz.
Shu hafta ichida nari borsa besh soat uxlagandirman. Bedorlikning toʻrtinchi kuni majolsizlikdan oʻrnimdan turolmay qoldim. Koʻz toliqib, zora uxlab qolsam degan umidda qoʻlga gazeta oldim.
Gazetaning birinchi betida bosilgan shu xabarga toʻsatdan koʻzim tushib holdi: “Taqsimda, imoratsiz quruq yer toʻrt million liraga sotildi”.
Toʻrt million lira-ya… Yerning sathi 1624 kvadrat metr ekan. Toʻrt millionni 1624 ga taqsimlay boshladim. Oʻzim turmushda noʻnoqroq odam boʻlsam ham hisobni yaxshi koʻraman. Bundoq chamalab chiqsam, haligi yerning bir kvadrat metri 2500 liraga tushibdi.
— Ajabo, — oʻylab ketdim oʻzimcha, — shu joyni men sotib olmoqchi boʻlsam qandoq boʻlardi… Puli qanchaydi? Ha, toʻrt million lira. Bir oylik maoshim qancha oʻzi? Besh yuz lira.
— Uxlay qolsang-chi endi! — deb xotinim yalina boshlaydi.
— Yoʻqol, koʻrmayapsanmi nima qilayotganimni! — deya jerkib berdim uni.
— Xoʻsh, oyligim besh yuz lira ekan… Qani, ovqatdan siqishtirib borsam, bir oyda qancha yigʻishim mumkin? Hech iloji boʻlmayapti-ku… Toʻxta-chi… Mayli, bir amallab oyiga 100 liradan tugib borsam, bir yilda 1200 lira boʻlarkan. Oʻn yilda 12000 lira, yuz yilda esa 120 000 lira… Ming yil umr koʻrsamu, tishning kirini soʻrib yurish evaziga har oyda yuz liradan olib qoʻyaversam, bir million ikki yuz ming lira pul toʻplarkanman. Baribir bu ham kamlik qiladi, Nima boʻlsa ham oʻsha yerni sotib olishga qaror qildim.
Hisobni bolalikdan sevaman. Litseyda oʻqib yurgan paytlarimda ham miyamda hamisha raqamlarni urishtirib yurardim. Oʻshanda yoʻlda toʻxtamay, ovqat ham yemay tinimsiz yuguraversam, oyga, quyoshga, Marsga necha million yilda yetib borishim mumkinligini hisoblab chiqqanman. Endi bundoq oʻylab qarasam, men uchun quyoshgacha piyoda yurib borish, boyagi joyni sotib olishdan oson tushar ekan.
Tong yorishgan boʻlsa ham hisob hali tugagani yoʻq. Oʻsha yerni sotib olish uchun uch ming yil yashasam ham ozlik qilar ekan. Bu gal xomchoʻtni boshqacha qilib koʻrdim. Xoʻsh, bordi-yu, oladigan besh yuz lira maoshimning hammasini tugib qoʻyaversam-chi?
Buni ham chamalab koʻrdim. Maʼlum boʻlishicha, maqsadga yetish uchun yana roppa-rosa 666-yil yashab, 666-yil muttasil ishlashim kerak ekan. Bunisi ham toʻgʻri kelmaydi. Xap doridan ustma-ust ikkitasini yutib oldimda, oʻringa yotdim. Es-hushim oʻsha sotilgan joyda boʻlgani uchun baribir uxlayolmadim. Yana turib ketdim… Bir kunda 16 soat oʻrniga 24 soat ishlab, oylikni ming liraga yetkazsamu, uning bir tiyiniga ham tegmay asrab qoʻyaversam nima boʻlarkin? Shundayam yana 33 yil umr koʻrishim shart ekan.
Endi qizcham yalinishga tushdi:
— Dadajon, uxlay qoling! Picha uxlang!
— Yoʻqol! — uni ham haydab soldim.
Shu joyni sotib olmagunimcha koʻzimga uyqu kelmaydi endi. Bu gal xomchoʻtni teskari soldim. Xoʻsh, oʻsha yerni sotib olish uchun bir oyda qancha pul topishim va shundan qanchasini tugib qoʻyishim kerak? Oʻ-oʻ-oʻ, bir oyda 2 ming liradan yigʻib yursam ham 167-yil ishlashim kerak ekan. E, qurib ketsin!.. Hech iloji boʻlmayapti-ku!
“Toʻxta, toʻxta, — dilimda oʻylayman oʻzimcha, — axir shu joyni sotib olgan ham senga oʻxshagan odam-ku. Muncha pulni u qayoqdan oldiykin?”
— Doridan yana ichib olasanmi? — dedi xotinim yalingansimon.
Yana dori ichdim. Ichim ham binoyiday dorixonaning oʻzi boʻlib qoldi.
— Senga nima boʻldi, jonim, uxlasang-chi, axir!
— Yoʻqol hammang, koʻzimga koʻrinma!
Xoʻsh, toʻrt million lirani qurtday sanab bergan odam buncha pulni qayerdan oldi ekan? Shu tahir yerga beli ogʻrimay toʻrt million lira berganiga qaraganda, yonida yana toʻrt million puli qolgan boʻlishi kerak. Sakkiz million lira-ya! Aytishga oson. Bu odam nima ishda ishlarkin oʻzi? Agar u moyanaxoʻr boʻladigan boʻlsa, eng katta amaldor ham bir oyda koʻpi bilan 1500 lira pul oladi. Bunaqa odam toʻrt million lira topish uchun 276-yil ter toʻkib ishlashi kerak. Shunda ham u moyanasining bir qurushiniyam sarflamasligi lozim-a.
Qurib ketsin-e, oʻylayverib miyam tars yorilib ketay dedi. Haligi odam vrachga oʻxshaydi. Doktorlar koʻp pul topishadi. Ular bir marta koʻrish uchun bemordan oʻttiz liradan pul olishadi.
— Tong otib ketdi, bir oz mizgʻib olsang-chi.
— Boshimni qotirma, dedim-ku senlarga!
Agar u bir kunda oʻntadan kasal koʻradigan boʻlsa, uch yuz lira ishlaydi. Demak, bir oyda 9000 lira… Shuning 6 mingini tugib borsa… Oʻsha yerni sotib olish uchun doktor 67 yil bemor koʻrishi kerak! Demak, yerni sotib olgan kishi vrach ham boʻlishi mumkin emas… Bordi-yu, savdogarchilik qilsa-yu, har oyda oʻrta hisob bilan 10 mingdan topsa-chi… Bu ham aqlga sigʻmaydigan narsa.
— Besh kundan beri mijja qoqmaysan-a. Birpas choʻzilgin, balki koʻzing ilinar.
Yostiqqa bosh qoʻyib, koʻzimni yumaman. Qani endi uyqu kelsa… Topdim! Topdim! Unday odamning islovatxonasi boʻlishi kerak. Qoʻling oʻrgilsin beshta jonon uning sarmoyasi boʻladi. Jononlarning har qaysisi kuniga 100 liradan ishlab bersa bormi, besh karra yuz — besh yuz. Oʻttiz karra besh yuz — oyiga oʻn besh ming lira degan soʻz. Ijara haqi, mayda-chuyda xarajatlar chegirib tashlansa, choʻntagida oʻn ming lira qoladi. Yiliga 120 ming lira boʻladi. Oʻttiz yilda esa… Ming laʼnat-e, islovatxona ochsam ham yerni sotib olishga qurbim yetmas ekan!
Qani, yashirincha chetdan mol keltirib sotsam-chi… Bu fikr oʻzimga ham yoqib tushdi, oʻrnimdan irgʻib turib hisoblab chiquvdim, unisi ham xomroq chiqib qoldi.
Shu payt kallamga toʻsatdan bir fikr keldi. Choʻntaklarimni kovlashtirgan edim, oʻn ikki yarim lira pul chiqdi.
— Senlarda qancha pul bor?
Xotinimdan besh, bolalardan ikki lira pul topildi. Hammasiii sanab koʻrsam, oʻn toʻqqiz yarim lira boʻlibdi… Yerning hammasini sotib olish shart emas-ku, pulimga yarasha olaman qoʻyaman-da. Bir kvadrat metr joy 2500 lira turadi, demak, bizga toʻgʻri kelmaydi. Bir kvadrat detsimetri esa 25 lira. Bunisiga ham qurbim yetmaydi. Bir kvadrat santimetriga 25 qurush toʻlash kerak. Xoʻsh, yonimda oʻn toʻqqiz yarim lira pulim bor. Demak, bu pulga 78 kvadrat santimetr yer sotib olishim mumkin. Soatga qaradim: ertalabga yana ikki soat vaqt bor. Barvaqt turib oʻsha joyga boraman-da, shunday deyman:
— Qani, shu yerdan menga 78 kvadrat santimetr yer oʻlchab bering!
Uydagilar atrofimda parvona:
— Yota qol endi… Picha mizgʻib olgin!
Yetmish sakkiz kvadrat santimetr yer! Abadiy uyquga ketish uchun shu sahnga choʻzilib yotsam ham, baribir sigʻmayman, boshqa birov yotgan mangu istirohat manzilidan oyogʻim chiqib qoladi…
Sotib oladigan yerimning ustida qaqqayib turishimdan boshqa chora yoʻq.
— Senlarga yer yoʻq, — dedim xotinim bilan bolalarga, — senlarga yer yoʻq… Bu dunyoda men yakka oʻzim tik turishim mumkin boʻlgan bir parcha yer topdim. Qani, yoʻqolinglar. Senlar ham oʻz gʻamlaringni oʻzlaring ye!
— Uyqudan qolib jinni boʻpti bu, — deya vahima ichida uydagilar tumtaraqay qochishdi.
Sizlarga ham maslahatim shu. Toʻrt million lirani qanday topishni siz ham bir oʻylab koʻring-da, yoningizdagi bor pulga necha kvadrat santimetr yer sotib olishingizni hisoblab chiqing. Shundan keyin ustma-ust xap dori yutaverasiz. Soʻngra esa… jinnixonaning 8-boʻlimida, albatta uchrashamiz. Kiraverishdagi oʻrin kaminalariniki boʻladi.
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi