..

Bolalari och qolgan ota va tilanchi

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Kambagʻal ishchi bir kuni ishdan haydaldi Boshqa daromadi boʻlmagani uchun bolalari uch kun ovqatsiz, nonsiz qoldi. U odam ish qidirib qayoqqa borsa, “ish yoʻq” deb eshikni yuziga yopishdi. Ustma-ust uch kun qorni och qolgan bolalarning xarxashasi onaning yuragini ezib yubordi. Chorasizlik bilan turmush oʻrtogʻiga: “Koʻryapsizmi bolalarni? Ochlikdan yuzlari sargʻayib ketdi. Biz-ku mayli chidaymiz, lekin ular bunga chidolmaydilar. Bu ishning oxiri nima boʻladi? Oʻylab koʻrdingizmi?” dedi.

Er egilgan boshini ayoli tomon qaratib: “Necha kundan beri bormagan joyim qolmadi. Eng kam oylikka boʻlsa ham ish qidirdim, bir kun boʻlsa ham qorningiz toʻysin, deb. Lekin hech kim menga ish bermayapti. Bolalarimning bu holi mening ham yuragimni ezib yubordi. Lekin koʻrib turibsanki, qoʻlimdan biror narsa kelmayapti” dedi. Shunda ayoli: “Unday boʻlsa mening kelinlik kunlarimdagi roʻmolimni olib borib soting, necha pul boʻlsa ham biror narsa olib keling, bolalarimizning qornini toʻydiraylik. Qolganiga Alloh Karimdir. Rizq berguvchi Udir. Bizga albatta biror xayrli eshik ochiladi” dedi.

Er uyatdan qizarib, tushib qolgan qiyin vaziyatni oʻylab, ayoli sandiqdan olib bergan hali yap-yangi turgan roʻmolni olib, bozorga bordi. Roʻmolni oʻsha paytda ikki dirhamdan ortigʻiga olmasdilar. Olgan puliga biror yegulik olish uchun ketayotganda yoʻlda tilanchiga duch keldi. Tilanchi oʻtgan-ketganga shunday der edi: “Alloh rizosi va Paygʻambarining ishqi uchun boʻsh oʻtmang. Allohni xursand qilish uchun menga yordam berishni xohlovchi yoʻqmi? Dunyoda hech narsasi yoʻq, haqiqiy muhtojman.

Roʻmol sotgan odam tilanchining oldiga keldi. Ayolining roʻmoli pulini — necha kundir hech narsa yemagan bolalari uchun biror narsa olmoqchi boʻlgan pulini tilanchiga berdi. Endi boʻsh qoʻl bilan uyga borish ham noqulay edi. Roʻmolning pulini soʻragan ayoliga nima deb javob beradi? “Roʻmolingga ikki dirham berishdi, uni tilanchiga berib yubordim, uning yalinib-yolvorishiga chidolmadim” deb qanday aytadi? Shu oʻylar bilan masjidga kirib shom namozini oʻqib, boʻsh qoʻl bilan uyiga qaytdi. Ayoli va bolalari uni biror yegulik opkeladi deb kutib oʻtirishgan edi.

Kech qolganiga yaxshiroq biror narsa olib kelsa kerak, deb oʻyladilar. Ota umidsizlik bilan eshikdan qaradi, ayoli bu holatga hayron edi. Bolalari esa bu kecha ham och qolishlarini oʻylab majolsiz ovozda yigʻlay boshlashdi. Ayol ham hayron, ham jahl ohangida roʻmolni nima qilganligini soʻradi.

Er ayoliga hammasini birma-bir aytib berdi. Ayol ishning aslini bilgach, sabrli ohangda: “Roʻmolning pulini Alloh yoʻlida bergan ekansiz, U ulugʻ va boydir. Saxiyligingiz evaziga bizga xohlagan vaqti uning evazini berishga Qodirdir. Siz toʻgʻri ish qildingiz, qani koʻramiz, qaysi eshikni ochar ekan?” dedi.

Ertalab ayol turmush oʻrtogʻiga otasining uyidan olib kelgan devor soatini berdi va: “Buni soting va evaziga qancha yegulik kelsa olib keling” dedi. U bozorga borib, soatni sotishga harakat qiladi. Lekin hech oluvchi topolmaydi. Charchab, horgʻin kelayotganda bir baliq sotuvchisiga yoʻliqdi. Baliqchi baland ovozda: “Baliq bor, baliq” deb baqirardi. Qoʻlida ikki donagina baliq qolgan edi.

Faqir kishi baliqchining yoniga borib: “Bu soat menga, bu baliqlar senga naf keltirmaydi, shuning uchun shu ikki baligʻingni menga ber, men senga shu soatni beray” dedi. Mijoz yigʻish uchun ertalabdan beri baqirayotgan baliqchi bu odamning taklifini qabul qildi. Baliqlarni berib, soatni olib ketdi.

Necha kundan beri uyiga birinchi marta yegulik olib ketayotganndan juda xursand boʻlayotgan ota baliqlarni qoʻliga olishi bilan uyiga yugurdi. Otalarining yegulik olib kelganini koʻrgan bolalar juda xursand boʻlib ketishdi. Ayol baliqni tozalash uchun oshxonaga kirdi. Biroz oʻtib xayratlanib xojasini chaqirdi. Baliqlardan birining qornidan kattakon inju chiqdi.

Faqir odam injuni olib zargarning oldiga bordi. Zargar injuning bebaho ekanligini, agar oʻziga sotishsa 14000 dirham berishini aytdi. Faqir odam qiyinchiliklar ortda qolganini sezdi. Alloh unga neʻmat eshiklarini ochganini tushundi. Zargarga uni 14000 dirhamga sotib, pulini olib uyga qaytdi. Boʻlib oʻtgan voqeani uyiga kelib, ayoliga ham aytib berdi. Hammalari gʻamlarni aritgan Allohga shukronalar aytishdi.

Shu payt eshikda tilanchining ovozi eshitildi: “Ey uy egalari, Alloh sizga bergandan menga ham bering!” Faqir kishi eshikni ochib: “Shu paytda Alloh bizga hech kutmagan joyimizdan 14000 dirham hadya qildi. Modomiki, sen Alloh rizosi uchun Alloh berganidan soʻrayapsan, men ham shu pulning yarmini senga beray, qolgan yarmi bizniki boʻlsin”.

Birgina soʻzi uchun 7000 dirhamga ega boʻlganidan xursand tilanchiga pulning yarmini olib chiqish uchun uyiga kirib ketdi, chiqib qarasa tilanchi yoʻq. U yer-bu yerni qarasa hech qayerda koʻrinmadi.

Uy egasi oʻsha kuni gʻam-tashvishlardan xoli uyquga ketdi va tushida boyagi tilanchini koʻrdi. Undan nega ketib qolganligini soʻraganda, tilanchi: “Men tilanchi emas edim, Allohning farishtalaridan biri edim. Xayrli ishlarni qay darajada yaxshi koʻrishing va Allohga bogʻliqlik darajangni bilish uchun inson shaklida sening uyingga keldim. Meni Alloh seni oxirgi marta sinab, darajangni yuksaltirish uchun xonadoningga yubordi. Oldingi kuni ayolingning roʻmolini sotib, ikki dirham olganingda oʻsha ikki dirhamni olgan ham men edim. Oʻsha ikki dirhamni xotirjamlik bilan Alloh rizosi uchun menga berganing uchun Alloh senga injuni berdi. Bugungi saxiyliging uchun esa narigi dunyoda tengsiz neʻmatlar bilan toʻla Jannatga erishasan”.

Seningdek eng qiyin vaziyatlarda ham Alloh rizosini barcha narsadan ustun qoʻyuvchilarga xushxabar boʻlsin…

Alloh barchamizdan, dunyo mol-mulklaridan ustun qoʻygan barchadan rozi boʻlsin…

Turk tilidan Nargiza Atabayeva tarjimasi