..

Chingiz Aytmatov. Askar bola

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

U besh yoshlarida otasini birinchi marta kinoda koʻrdi.
Bu voqea har yili sovxozning jun qirqimi oʻtkaziladigan oʻsha katta qocharida sodir boʻlgan edi. Qochar shifer bilan yopilgan, u shundoqqina adirning etagida, yoʻl yoqasida joylashgan boʻlib, uzoqdan oqarib koʻrinib turardi.
Avvalbek bu yerga onasiga ergashib oʻynab kelardi. Onasi, Jiyangul, sovxozning aloqa boʻlimida telefonistka edi. Har yili qirqim mavsumi boshlangach, u qirqim punktiga yordamchi boʻlib ishga joylashardi. Buning uchun Jiyangul oʻzining otpuskasini va ekish, qoʻzilatish mavsumida kommutatorda kechayu kunduz ish vaqtidan tashqari ishlaganligi uchun beriladigan dam olish kunlarini ham olib, bu yerda ham qirqimning to oxirgi kunlarigacha tinim bilmay mehnat qilar edi. Jun qirqishga haq toʻlash ishbay asosida boʻlib, yaxshigina daromad olish mumkin edi. Eri urushda oʻlgan bir bechora beva uchun har bir tiyinning oʻz oʻrni bor-da axir! Haliyam oila katta emas, ular nihoyati ikki jon: oʻzi-yu, bolasi. Baribir kattami-kichikmi, oila oila-da: oziq-ovqat, oʻtin-choʻp, kiyim-kechak va yana allaqanday narsalar deganday, hammasini oʻz vaqtida gʻamlab qoʻyish kerak.
Tashlab ketadigan kishisi boʻlmaganligi uchun Jiyangul oʻgʻlini ham oʻzi bilan birga ishga olib borardi. U esa bu yerda qirqimchilar va choʻponlarning oʻzi tengi kir-chir bosgan bolalari va pahmoq yungli choʻpon iti bilan kuni boʻyi chopqillab oʻynagani-oʻynagan edi.
Kunlarning birida Avvalbek qocharga koʻchma kino kelganidan birinchi boʻlib xabar topdi va boshqalarni ham kutilmagan bu quvonchli voqeadan xabardor qilishga oshiqdi:
— Kino keldi! Koʻryapsizlarmi, ana kino keldi!
Kino ishdan soʻng, qorongʻi tushishi bilan boshlandi. Bungacha esa kutaverib uning toqati toq boʻldi. Ammo kino ham oʻylaganidek urush haqida ekan. Qocharning toʻridagi ikkala ustunga osilgan oppoq matoda shiddatli jang boshlanib ketdi, oʻq ovozlari gumburladi, vizillab osmonu falakka uchayotgan raketalar tun zulmatini yashindek yoritib, yer quchib yotgan razvedkachilarni aynan yoritar edi.
Raketalar ham tindi, razvedkachilar yana olgʻa tashlandi. Pulemyotchilar esa yarim tunda shunaqayam oʻq yogʻdirishardiki, vahimadan bolaning nafasi ichiga tushib ketdi. Ha, urush deb mana buni aytsa boʻladi!
U bilan onasi odamlarning ortida, jun solingan kandir qopning ustiga oʻtirib olishgandi. Bu yoqdan, yuqoridan yaxshi koʻrinardi. Unga qolsa, albatta; shundoqqina ekranning yonginasida, sovxoz bolalari joylashgan birinchi qatorda oʻtirgani maʻqul edi. U bunga intilib ham koʻrdi, ammo onasi uni ushlab qoldi:
— Bas qil, ertadan kechgacha yugurganing yugurgan, oʻtir yonimda,— dedi-da, uni tizzasiga olib oʻtirdi.
Kinoapparat lentani bir maromda yamlab-yutar, urush esa davom etardi. Odamlar uni churq etmay hayajon bilan tomosha qilishardi. Onasi ularni moʻljalga olib, yaqin kelayotgan tanklarni koʻrib xoʻrsinib ketardi. Shunda ularning yonginasida oʻtirgan allaqanday bir ayol oʻzicha pichirlab qoʻydi:
— E, xudo, nimalar boʻlyapti, oʻz panohingda saqla!..
Bular Avvalbek uchun unchalik qoʻrqinchli emas, aksincha, baʻzida, ayniqsa fashistlar oʻqqa uchib, kunpayakun boʻlgan paytlarda hatto zavqli edi. Biznikilar qulaganda esa, bola ularning yana turib, jangni davom ettirib ketishlariga katta umid bogʻlar edi.
Umuman olganda urushda kishilarning oʻqqa uchishlari oʻzgacha bir tomosha. Urush-urush oʻynagan bolalarning ayni oʻzginasi, yugurib borayotib bunday yiqilishni uning oʻzi ham qoyillatadi. Ammo oʻziga yarasha azobi ham bor-da, toʻgʻrimi, lat yeyishing mumkin, biroq hechqisi yoʻq, irgʻib turasan-u, yana hujum boshlaysan, ogʻriqni unutasan. Bular esa oʻrinlaridan turmay yiqilgan buyicha yerbagʻirlab qolishar ekan. Avvalbek oʻqqa uchishning oʻzgacha yoʻlini ham bilardi. Masalan, bolalardan birining qorniga oʻq tegdi deb faraz qilaylik. Shunda u darhol qulab tushmaydi, avvalo qornini gʻijimlab ushlagancha bukchaya boshlaydi, soʻngra qoʻlidan qurolini tushirib yuborib, sekin-asta oʻt ustiga agʻanab tushadi. Oradan sal oʻtib, “men hali tirikman” deya yana jangga kirib ketadi. Bular esa yotgan boʻyicha oʻrinlaridan turishmas ekan.
Kinoapparat lentani bir maromda yamlab-yutar, urush esa davom etardi. Endi ekranda artilleriyachilar paydo boʻldi. Ular qasir-qusur portlashlaru burqsib yotgan dud aralash olovli jang maydonlarini kechib, toʻplarni itarib-sudragancha yon-bagʻirlardan, oʻydim-chuqurliklardan oʻtib tepalik sari tanklarni toʻgʻri nishonga olib borar edi. Tepalik osmonni yarmisigacha toʻsib turardi. Ana shu choʻzilib ketgan qiyaliklar orqali qora quyun, portlashlar aralash bir toʻda artilleriyachilar olgʻa tomon yopirilib borishardi. Ularning butun harakatlaridan, qiyofalaridan bolaning yuragi hapriqib, achishib, iftixor tuygʻulariga toʻlgancha allaqanday dahshatli hodisa yuz berishini kutar edi. Toʻpchilar hammasi boʻlib yetti kishi edi. Ulardan biri koʻrinishidan ruslarga oʻxshamasdi. Ehtimol, onasi ishora qilmaganda, bola bunga eʻtibor ham bermagan boʻlarmidi. Onasi unga:
—Koʻryapsanmi, bunisi sening otang,— deb shivirladi.
Shu daqiqadan boshlab oʻsha jangchi bolaning otasiga aylandi. Shundan boshlab butun film u haqda, bolaning otasi xususida hikoya qildi. Otasi uning koʻziga sovxoz yigitlari singari hali juda yosh koʻrinardi; jussasi kichkina, kulcha yuzli, koʻzlari esa oʻynab turardi. Tutundan qorayib ketgan yuzida koʻzlari gʻazab bilan yonardi, umuman, u turish-turmushi bilan arslonday pahlavon, chaqqon, shiddatli edi. Ana: u yelkasi bilan toʻp gʻildiragini itarib borar ekan, pastga oʻgirilib qaradi-da, kimgadir: “Qani tezroq shaylaning!” deya qichqirdi. Uning qichqirigʻi yangi portlash ovozlarini bosib ketdi.
— Oyi, bu mening otammi? — soʻradi Avvalbek onasidan.
— Nima deyapsan? — ona uning soʻzini darhol tushunmadi.— Tinchgina oʻtirib tomosha qil, ana, koʻryapsanmi?
— U sening otang, deb aytding-ku oʻzing.
— Ha, albatta, u sening otang. Ammo gapirmay oʻtir, boshqalarga xalal berma.
Qayerdan ham shu gapni ayta qoldi? Nega endi? Balkim shunchaki, oʻsha daqiqalarda oʻylamasdan, tasodifan, ehtimol, hayajon aralash erini xotirlab shunday qilgandir. Bu tentak bola esa bunga ishonib oʻtiribdi: nomaʻlum va kutilmagan quvonchdan sarosimaga tushib, goʻyo jangchi otasi bilan uchrashganday faxrlanib, unga mehr qoʻyib, oʻzida yoʻq quvonib oʻtiribdi. Haqiqiy ota shunaqa boʻladi-da! Bu qahramon — uning otasi, ha, ayni oʻzginasi! Baʻzi bolalar uni otasi yoʻq deb masxara qilishar edi. Endi ular uning otasini koʻrib qoʻyishsin, mayli, choʻponlar ham koʻrishsin! Bu choʻponlar qishin-yozin togʻu toshlarda kezib yurib, bolalarni ham durust tanimay ketganlar. Avvalbek qoʻylarni qirqim punkti hovlisiga haydab kiritishga yordamlashar, choʻpon itlari talashib urishib qolishsa, ularni haydab yuborar, choʻponlar esa turli xil savollarni yogʻdiraverib bolani jon-holiga qoʻyishmas edi. Har qaysi choʻpon, ular olamda nechtaki boʻlsa, hammasi ham, albatta, shunday savol berishardi.
— Balli, balli, azamat, isming nima?
— Avvalbek.
— Kimning oʻgʻlisan?
— Toʻxtasinning oʻgʻliman!
Choʻponlar gap kim haqida ketayotganligini darhol anglab yetishmasdi.
— Toʻxtasinni? — egardan engashgancha ular qayta surishtira boshlashardi. — Shoshma-shoshma, bu qaysi Toʻxtasin?
— Men Toʻxtasinning oʻgʻli boʻlaman,— derdi bola yana qatʻiy ravishda.
Onasi shunday amr etgandi unga, ojiz boʻlib qolgan buvisi ham, otangni ismini unuta koʻrmagin yana, deb uning qulogʻini choʻzib, adabini berardi. Juda badjahl edi…
— Ha-a, toʻxta, toʻxta, e, sen haligi pochta telefonida ishlaydigan juvonning oʻgʻlimasmisan, shunday emasmi-a?
— Yoʻq, men Toʻxtasinning oʻgʻliman! — davom etardi u yana oʻz soʻzida qatʻiy turib. Shunda choʻponlar gap kim haqida borayotganligini fahmlay boshlardilar.
— Darvoqe, sen Toʻxtasinning oʻgʻlisan! Barakalla, oʻgʻlim! Shunchaki biz seni koʻrmoqchi boʻldik. Koʻnglingga olma, yigit, yil boʻyi tirikchiligimiz togʻda oʻtadi, sizlar esa bu yerda oʻsib-unayapsizlar, bola-chaqalarni ham tanimay qolyapmiz.
Endi ular uzoq vaqt uning otasini oʻzaro xotirlab yuradilar. U frontga juda yosh ketgan edi, shu boisdan ham koʻpchilik uni yaxshi eslay olmasdi. Haliyam, xayriyatki, undan yodgorlik qolibdi. Qanchalab yigitlar frontga boʻydoq holda ketgandi, endi ularning nomi farzandlarida abadiylashtirilmay qoldi!
Mana endi onasi bolaga: “Koʻryapsanmi, bunisi sening otang” deb qulogʻiga shivirlagan lahzalardan boshlab ekrandagi jangchi uning otasi boʻlib qoldi. Bola uni beixtiyor oʻz otasiday his etib, qalbiga muhrlab olgandi. Jangchi, chindan ham, nimasi bilandir otasining armiyada tushgan suratiga, pilotkadagi yosh askarga juda-juda oʻxshab ketardi. Ular bu suratni keyinchalik kattalashtirib, ramkaga solib osib qoʻyishadi…
Shu damda Avvalbek otasiga mehribon oʻgʻil nigohi bilan nazar tashlardi; uning nozik qalbini hali boshidan kechmagan allaqanday qaynoq, muqaddas bir tuygʻu, bolalarga xos mehr va quvonch chulgʻab olgan edi. Otasi ekranda goʻyo oʻzini oʻgʻli kuzatib turganligini sezganday, goʻyo oʻzining kinodagi bir lahzalik hayotini, oʻtgan urushda qahramonlik koʻrsatgan jangchini umr boʻyi eslab qolishini va u bilan mangu faxrlanib yurishni istayotgandek edi. Shu daqiqalardan boshlab urush bolakay uchun tomosha maydonidan haqiqiy urush maydoniga aylandi, odamlarning oʻqqa uchib qulashlari ham uning uchun kulguli boʻlmay qoldi. Urush qizigandan-qizib, tobora dahshatli tus olib borardi. Bola esa eng yaqin kishisi uchun, endigina topgan qadrdon kishisi uchun birinchi bor qoʻrqish hissini tuymoqda edi.
Kinoapparat charxi shirillab aylanar, urush esa davom etardi, Oldinda hujumga oʻtgan tanklar koʻzga tashlandi. Ular gʻildiraklari bilan yerni tilkalab, dahshat solib, millarini burgancha yoʻl-yoʻlakay oʻq uzib borishardi. Bizning artilleriyachilarimiz esa shu payt holdan toyib, qurol-aslahalarini yuqoriga sudrab chiqay deb qolgan edilar. “Tezroq, tezroq boʻling, otajon! Tanklar kelyapti, tanklar!” deya otasini shoshirardi bola. Nihoyat ular toʻplarni tepalikka chiqarib olgach, yongʻoch butalari orasiga joylashib, tanklarga qarshi oʻq yogʻdira boshladilar. Tanklar ham ularga qarshi oʻt ochdi. Ular koʻpchilik edi. Dahshatdan bolaning yuragi hapriqib ketdi.
Goʻyo otasi bilan birga uning oʻzi ham olatasir otishmalar ichida yurganday tuyulardi. Avvalbek tanklar qop-qora tutun ichida yonayotganda gʻildiraklaridan zanjirlari otilib chiqib ketganda va raqiblar bir-biriga oʻchakishib dahshat, adovat bilan kalla qilayotganlarida, onasining tizzasidan sakrab turib ketardi. Bizning jangchilarimiz zambaraklar yonida oʻqqa uchib qulayotganlarida u jim boʻlib, kesakdek qotib qoldi. Ular endi dam sayin kamayib borayotgan edi. Onasi yum-yum yigʻlardi, uning yuzi qizib, koʻz yoshlaridan jiqqa hoʻl boʻlib ketgan edi.
Kinoapparat bir maromda tirillab, lentani yamlab yutar, jang esa davom etib, qizigandan-qizib borar edi. Tanklar tobora yaqinlashib kelardi. Otasi toʻp oʻrnatilgan stanokka engashib, dala telefoni trubkasiga jon-jahdi bilan baqirgancha nimanidir aytayotgan edi, biroq suronli otishmalar ichida biron narsani ilgʻab olish mumkin emas edi. Mana, jangchilardan yana biri zambarak yoniga qulab tushdi: u ingragancha turishga harakat qilib koʻrdi, biroq turtinib yana yiqildi. Uning qonidan yer qorayib qoldi. Nihoyat, ulardan ikki kishi — otasi va bir jangchi qoldi, xolos. Ular yana bir bor, soʻngra qatorasiga ikki bor oʻq uzdilar. Ammo tanklar yopirilib kelardi. Mana, zambarakning yonginasida yana bir snaryad yorildi. Chaqin va zulmat. Bu gal yerdan faqat bir kishi, Avvalbekning otasi bosh koʻtardi, xolos. U gandiraklaganicha yana zambarak sari tashlandi. Oʻzi oʻqlab, oʻzi moʻljalga oldi. Bu — u otgan soʻnggi oʻq edi.
Yana ekranni portlash manzarasi qoplab oldi. Bu safargi chiyillab uchib kelgan snaryad otasining zambaragini bir chekkaga uloqtirib tashladi. Biroq hali uning oʻzi tirik edi. U garangsib, yotgan yeridan arang turib, kuyib, ilma-teshik boʻlib ketgan ust-boshda, qoʻlida granatasi bilan yaqinlashib qelayotgan tankka qarshi chiqdi. U hech narsani koʻrmas va eshitmasdi. Nihoyat, soʻnggi kuchini toʻpladi.
— Toʻxta, oʻtish mumkin emas! — dedi u va granatani otishga hozirlab, qoʻlini koʻtargancha, alam va nafrat aralash aftini burushtirib, bir lahza turib qoldi.
Ona oʻgʻlining qoʻlini shu daraja siqib ushlagan ediki, sal boʻlmasa u ingrab yuboray derdi. Shunda Avvalbek onasi qoʻlidan sitilib chiqib, otasiga tashlanmoqchi boʻlgan ham ediki, tank pulemyotidan oʻq yogʻdira boshladi, otasi esa kesilgan daraxt singari qulab tushdi. U yerda agʻnagancha turishga harakat qildi va qoʻllarini keng yozib, yana chalqanchasiga yiqilib tushdi…
Kinoapparat birdan jimib qoldi, urush toʻxtadi. Filmning birinchi qismi tugagan edi. Kinochi lentani joylashtirish uchun chiroqni yoqdi.
Qocharda chiroq yoqilishi bilan hamma koʻzlarini qisib, kipriklarini pirpiratib kino olamidan, urush dahshatlaridan xoli boʻlib, yana odatdagi oʻz holatlariga qaytdilar. Shu payt bola yung solingan qop ustidan sirgʻalib tushib, quvonchi ichiga sigʻmay:
— Bolalar, bu mening otam! Koʻryapsizlarmi? Mening otamni oʻldirishdi!!! — deya qichqira boshladi.
Hech kim buni kutmagan va nima sodir boʻlganini hech kim anglab yetmagandi. Avvalbek esa tantanali ovozda qichqirgancha birinchi qatorda, ekran qarshisida oʻtirgan tengqur doʻstlari sari chopib borardi, ularning fikrini bilish bola uchun judajuda muhim edi. Qocharda allaqanday noqulay bir jimjitlik hukm surardi. Ilgari oʻz otasini biron marta ham koʻrmagan bu murgʻak bola qalbidagi behuda, aldamchi quvonch mazmuni hali odamlar qalbiga yetib borgancha yoʻq edi. Hech kim hech narsani tushunmasdi, hamma sarosimada, yelka qisib sukut saqlardi. Kinomexanik lenta solingan tunuka qutichani qoʻlidan tushirib yubordi. U ikki pallaga boʻlinib, jaranglagancha gʻildirab ketdi. Biroq bunga ham hech kim eʻtibor qilmadi, kinomexanikning oʻzi ham uni yerdan koʻtarib olishga oshiqmasdi. Halok boʻlgan jangchining oʻgʻli esa hamon oʻzinikidan qolmasdi:
— Oʻzlaring koʻrdilaring-ku, u mening otam!… Uni oʻldirishdi!—der edi bola odamlar qanchalik sukut saqlab turganini koʻrib, shunchalik hovliqqancha, hayajonlangan holda. Nega ular Avvalbek singari uning otasi uchun quvonib faxrlanmaydilar?!
Kattalardan kimdir norozi ovozda:
— He, tentak bola, bunday gapni zinhor gapira koʻrma! — dedi.
Ammo boshqasi unga eʻtiroz bildirdi:
— Nega axir? Uning otasi urushda halok boʻlgani yolgʻonmi?
Shunda qoʻshnining oʻgʻilchasi, dabdurustdan unga bor haqiqatni aytishga jazm qildi:
— E, bu sening otang emas. Nega muncha qichqirasan? Sening otang emas, u artist-ku, ishonmasang anavi kinomexanik amakidan soʻrab koʻr.
Kattalar bolakayni uning qaygʻuli va ajoyib xom xayolidan mahrum etishni istashmadi. Ular kinomexanik voqea qanday sodir boʻlgan boʻlsa, hammasini bemalol aytib berishiga umid qilishardi. Hammalari unga oʻgirilib qarashdi. Biroq u ish bilan juda band odamday, apparatga tikilgancha koʻzini uzmay turardi.
— Yoʻq, u mening otam boʻladi, mening otam! — deya tinchimasdi bola bechora.
— Qaysisi sening otang? — deya yana bahslasha boshladi haligi qoʻshnining oʻgʻli.
— U tankni oʻqqa tutdi-ku! Nahotki sen uni koʻrmagan boʻlsang? U mana bunday qilib yiqilib tushdi-ku!..
Bola oʻzini yerga otib, otasi qay tarzda yiqilganligini dumalab koʻrsatdi. U qoʻllarini keng yozgancha ekran qarshisida yotib oldi.
Tomoshabinlar beixtiyor kulib yuborishdi. Bola esa kulmasdi, oʻlganga oʻxshab choʻzilib yotardi. Yana noqulay vaziyat yuzaga kelgandi.
— Bu nimasi, qayoqqa qarayapsan, Jiyangul? — dedi keksa bir choʻpon ayol. Va hamma beixtiyor Jiyangulning koʻzlarida yosh, qaygʻu-alam aralash, motamsaro jiddiy qiyofada bolasi tomon borayotganini payqadi.
U bolani yerdan koʻtarib oldi.
— Yur, bolam, yuraqol. U sening otang, — dedi Jiyangul ohistagina shivirlab va oʻzi bilan birga bolani qochardan olib chiqib ketdi.
Oy koʻkka boʻy choʻzgan edi. Tiniq moviy tun qaʻrida togʻ choʻqqilari oqarib koʻrinardi, pastda esa girdob singari bepoyon dashtlik yastanib yotardi…
Faqat endigina, hayotida birinchi bor bola judolik dardini qalbdan tushunib yetgandi. Uni nogahon urushda halok boʻlgan otaning chidab boʻlmas gʻam-anduhi chulgʻab olgan edi. U birdan onasini quchib, alamdan dod solib yigʻlagisi keldi va onasining ham oʻziga qoʻshilib yigʻlashiga umidlandi. Biroq ona oʻzini bardam tutib turardi. Bola ham mushtchalarini qattiq qisib, koʻz yoshlarini ichiga yutgan holda yigʻidan tindi.
Xuddi mana shu daqiqalarda allaqachonlar urushda halok boʻlgan ota bolaning qalbidan mangu joy oldi, ammo buni bolaning oʻzi ham bilmas edi.

Asil Rashidov tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1990-yil, 1-son