..

Edgar Allan Po. Vabo qiroli

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Eduard Uchinchining hukmronligi davrida sodir boʻlgan bu voqea. Kuz kunlarining birida “Ochiq qalb” Sleys va Temza oraligʻida suzuvchi savdo kemasining ikki matrosi yarim oqshomga yaqin ajoyib sarxushlik izmida Londondagi “Quvnoq dengizchi” qovoqxonasida oʻtirganlarini payqab qolishdi.

Bu koʻrimsiz, gʻaribona va pastqam zal oʻsha davrdagi ana shunday maskanlardan mutlaqo qolishmas, uning mijozlari ham aynan ana shu koʻrimsiz manzaraga juda mos tushishgan edi.

Mening nazarimda ushbu matroslar oʻzlarini juda qulay va erkin tutgandek koʻrinmasalar-da, bir-biriga mutlaqo mos boʻlib koʻrinishardi.

Ularning biri ikkinchisidan ancha kattaroq koʻrinar, boʻyi ham ikki baravar baland boʻlib, novcha degan nomni toʻla-toʻkis oqlardi. Uning boʻyi chamasi olti yarim fut atrofida boʻlib, nuqul turtinib yurardi. Shunga yarasha goʻshtdorgina boʻlsayam mayliydi. Ulfatlari uni hazillashib, kema machtasidagi ustunga oʻxshatishardi. Ammo, bunday hazillar uni quvontira olmasdi. Uning burni qirgʻiynikidek uzun, yuz muskullari turtib chiqqan, iyagi tekkis, koʻzlari katta va serharakat edi. Uning yuzlari shu qadar tund va maʼnisiz ediki, dunyoni suv bossa toʻpigʻiga chiqmaydiganlar toifasidan deb bemalol aytish mumkin edi.

Ikkinchi matros esa, uning tamoman teskarisi edi. Uning boʻyi toʻrt fut yo chiqar yo chiqmas edi. Kalta, dumaloq gavdasi qiyshiq oyoqlari ustiga ilinib turar, yelkasiga osilib turgan uzun qoʻllari va katta mushtlari xuddi dengiz toshbaqasi suzgichlarini yodga solardi. Kichik, rangini anglash mushkul boʻlgan koʻzlari olisdan yiltirab koʻrinar, burni yapaloq, pushtirang yuzlari orasidan turtib chiqqandi. Qalin lablarini tez-tez yalab turishidan uni oʻta takabbur va manman odamlardan deb oʻylash mumkin edi. Uning daroz sherigiga masxaraomuz qarashlarini payqash kiyin emasdi. Uning sherigiga - pastdan yuqoriga qarab turishi xuddi botayotgan quyoshning Ben-Nevis choʻqqilariga tikilishini yodga solardi.

Ikki oshnaning qovoqxonama-qovoqxona sandiraqlab yurishi oʻsha oqshomdagi eng qiziqarli holatlardan biri edi. “Quvnoq dengizchi” qovoqxonasiga kirib kelishganida, ularning choʻntagida hemiri ham qolmagandi. Axir yotib yeganga togʻ chidamas, deganlar.

Xullas, hikoyamiz ham ana shu yerdan boshlanadi. Daroz va uning oshnasi Xyu Qatron (uni shunday chaqirishardi) xonaning oʻrtasidagi stolga tirsaklarini tiragancha, valaqlashib oʻtirishardi. Ingliz pivosining pulini berishmagani uchun ularning rosa poʻstagini qoqib, tashqariga haydab yuborishgach, ikkovi ham shumshayib, kurtkalarining tugmasini qadagancha, koʻchada yoʻrgʻalab keta boshlashdi. Xyu Qatron eshik deb oʻylab, ikki marta kaminga kallasini suqib olganini hisoblamaganda, ular qovoqxonadan eson-omon chiqib olishdi va bir amallab, ularning yangi noxushlikldar kutib turgan avliyo Andrey torkoʻchasining zinapoyasiga yetib kelishdi.

Bu paytlarda butun Angliyada, xususan uning poytaxtida dahshatli bir sarosima kezib yurardi. Hammaning bitta vahimali soʻz: “Vabo!”

London tamila huvillab qolgan, qorongʻi, tor, iflos koʻchalar va Temza yaqinidagi torkoʻchalarda Qoʻrquv, Dahshat va Bidʼatlar erkin sayr eta olardi.

Qirolning farmoniga asosan bu hududlarga kirish taqiqlangan, oʻlim jazosidan qoʻrqqan odamlar bu yerdagi kimsasizlikni buzishga jurʼat etisholmasdi. Biroq tungi talonchilarni na shohona taqiq, na koʻcha boshiga oʻrnatilgan darvozalar, va ulardagi koʻchalardagi zulmat, na mudhish xastalik va oʻlim xavfi qoʻrqita olar, ular hamon egalari tashlab ketgan kulbalardan qoʻlga ilingulik narsa borki barini tashib chiqishda davom etishardi.

Har yili taqiqlar bekor qilinib, darvozalar ochilgach, bu koʻchalardagi doʻkonlar egalari omborlari talab ketilganini koʻrib, hangu mang boʻlib qolishardi. Ayniqsa, sharob va boshqa spirtli ichimliklardan nomu nishon qolmasdi.

Bunday ishlarni inson bolasi qilganiga aql bovar qilmasdi. Qoʻrquvdan oʻzini yoʻqotib qoʻygan odamlar hammasini vabo ruhi, dengiz shaytonlari yoxud bezgak alvastilarining ishiga yoʻyishardi.

Turli badbin afsonalar kafandek chulgʻab olgan bu koʻchalarga oʻrnatilgan darvozalardan birini Daroz va uning oshnasi Xyu Qatronning yoʻlini toʻsdi. Qaytish haqida gap ham boʻlishi mumkin emasdi. Aygʻoqchilar ularning iziga tushgan, har daqiqa gʻanimat edi. Ikki sarxush ulfat taqiqlangan hududga kirib, bor ovozlari bilan baqirgancha, keta boshladigan va koʻp oʻtmay bu chalkash koʻchalarda adashib qolishdi.

Agar rostdan ham ular hushyor boʻlishganida, bu mudhish koʻchalarga oyoq ham bosishmasdi. Havo nam va sovuq edi. Koʻprik ustida turli xil toshlar tartibsiz sochilib yotardi. Koʻchalar vayrona uylarning qodiqlariga toʻla edi. Yoʻl-yoʻlakay allaqanday badboʻy hidlar dimoqni yorgudek boʻlar, kimsasiz uylarning ochiq derazalaridan oʻljasiga qoʻl choʻzgan on ajal changaliga tushgan tungi talonchilarning chiriyotgan murdasini koʻrish mumkin edi.

Ana shunday mudhish ajal manzaralariga toʻlib toshgan koʻchalarda bizning sayoq, sarmast matroslarimiz bemalol ildamlab borishardi. Daroz oldinga tushib olgancha, hindularning jang oldidagi hayqirigʻini eslatuvchi ovozi bilan chinqirib borar, Xyu Qatron esa, uning ortidan pildirab yoʻrgʻalar, u yanada balandroq, chinqiroq tovushda oshnasining chinqirigʻiga joʻr boʻlardi.

Ular chamasi vaboning ayni markaziga yetib kelishdi. Qadamba-qadam havoning ufunati, badboʻy hidi oʻtkirlashib, zichlashib, koʻchalar esa, torayib, chuvalashib borardi. Nurab turgan binolardan har zamonda tosh yoki yogʻoch parchalari qarsillagancha yerga tushar, matroslar ularning taʼqibidan arang jon saqlash ilinjida har qadamda skeletlar yoki murdalarga duch kelishardi.

Ular dafʼxatan qandaydir baland binoning oldiga kelib toʻxtashdi. Daroz boʻsagʻada turib, nimadir deb baqirdi, ichkarida esa, allaqanday, shaytoniy oʻkirik va qahqaha bilan javob qaytirshdi. Bunday vahimali joyda, bu mudhish maskanda, bu mashʼum tovushni eshitgan har qanday hushyor odam hushini yoʻqotishi tayin edi. Ammo, Sarxush oshnalar hech narsani oʻylamay, ichkariga kirishdi.

Ular tushib qolgan xona tobutsozning doʻkoni edi. Kiraverishdagi tuynuk ortida sharoblar saqlanadigan yertoʻla boʻlib, u yerdan shishalar ogʻzidagi paxta tiqinldar koʻzga tashlanardi. Xonaning oʻrtasida katta stol qoʻyilgan, uning ukstida chamasi punsh bilan toʻldirilgan katta yogʻoch bochka turardi. Uning atrofida esa, xilma-+xil ichimliklarga toʻlgʻazilgan, turli kattalikdagi shishalar, koʻzalar, qadahlar qalashib yotardi. Stol atrofida tboʻsh tobutlar ustida olti kishi joylashib oʻtirgandi. Ularning har birini taʼriflab oʻtamiz.

Eshikning roʻparasida oʻtirgan kishi bu ziyofatdagi eng baoobroʻ odam edi, chamasi. U juda baland boʻyli va ozgʻin edi. Uning baland va qotmaligidan Daroz ham hayratda qoldi. Hayʼat raisi xuddi zargʻaldoqdek sargʻaygan, peshonasi esa, xuddi qiyshiq qalpoq kiydirilgandek boʻrtib turardi. Lablari shaytoniy tabassumdan burishib ketgan, koʻzlarida esa, barcha ziyofatdagilarniki kabi sharob kayfining sarxushligi zuhur etardi. Uning yelkasida qimmatbaho baxmatdan tikilgan tobut yopinchigʻi xuddi ispan yaktagidek unga ulugʻvorlik baxsh etib turardi. Rais qoʻlida odamning boldir suyagini ushlab oʻtirar, har-har zamondagi uni stolga urib, kimdandir qoʻshiq talab qilardi.

Uning qarshisida eshikka orqa tirab, yoni oʻtibroq qolgan bir xonim oʻtirardi. Uning ham boʻyi majlis raisiniki bilan teng boʻlsa-da, ozgʻinlikdan nolimasdi. Uni faqat istisqo qiynasa kerak. Uning qomati xuddi biqinida turgan, yaqindagi ochilgan oktyabr pivosining boʻshagan bochkasini esga solardi. Uning xuddi puflangan shardek yuzida raisnikiga oʻxshagan bitta gʻayrioddiy jihat koʻzga tashlanardi. Ayolning ogʻzi naq ikki qulogʻiga tomon choʻzilgan boʻlib, kattakon gʻovakni eslatardi. Egnidagi chiroyli qilib dazmollangan va kraxmallangan, chetlariga jiyaklar qadalgan kafan uning salobatiga yanada savlat qoʻshib turar, ana shu jiddiyatni yoʻqotmaslik uchun ayol umuman tishining oqini koʻrsatmaslikka harakat qilardi.

Uning oʻng tarafaida yoshroq, xipchabel bir xonim oʻtirardi, chamasi keksa xonim uni oʻz hifzi himoyasi ostiga olgandi. Ozgʻin barmoqlarning asbiy qaltirashi, koʻkargan lablar, rangsiz yonoqlar, kulrang chehralar xonimning sil kasaliga chalinganidan darak berardi. Uning nozik tanasi oʻta nafis batis matoga oʻralgan edi. Uning jingalak kokillari yelkalari osha sharsharadadek yoilgan, nafis lablarida mayin tabassum oʻynar, faqat burni, xartumga oʻxshagan, husnbuzar toshgar burni qariyb ogʻzigacha tushib turar, bu xunuk burun uning bor malohatini yoʻqqa chiqarardi.

Semiz xonimning chap tarafida esa, podagra va astmadan aziyat chekayotgan jikkak chol oʻtirardi. Uning ikki yuzi yelkalariga xuddi portveyn shishasidek osilib tushgandi. Qoʻllarini qovushtirib, bintlangan oyogʻini stol ustiga qoʻyib olgan, oʻzini benihoya muhim odam koʻrsatishga tirishardi.

Uning yonida, raisning oʻng tarafida uzun oq chulki va yoʻl-yoʻl ishton kiyib olgan janob oʻtirardi. Uning quloqlari esa, haddan tashqari uzun boʻlib, har gal shishaning ogʻzidagi tiqinni tortib ochganida, bir lopillab ketardi.

Uning qarshisida esa, ziyofatning soʻnggi aʼzosi falajdan adoyi tamom boʻlgan qoqsuyak bir kimsa tamomila oʻziga xos kiyimda oʻtirardi. U vujudi qizil tyogʻochdan ishlangan tobutni “kiyib” olgan, tobutning ikki yonidan tirqish ochilgan boʻlib, bu notavonning ikkita choʻpdek qoʻli osilib turar, boshqalardan farqli oʻlaroq, u oʻz “libosi” bilan birga burchakka suyab qoʻyilgan, nimagadir boshqa hamsuhbatlariga allanechuk istehzo bilan boqardi.

Ziyofat ahli uchun bosh kosalari qadah vazifasini oʻtardi. Stol tepasida shiftga oʻrnatilgan allaqanday xalqaga bir skelet oyogʻidan osib qoʻyilgan, ikkinchi oyogʻi esa, burchakka qarab qiyshayib turar, uning kalla suyagi ichidan koʻmir parchalari yashnab, qizarib turar, uning shuʼlasi xonaning deraza tarafiga qalashtirib tashlangan tobutlarni yoritib turardi.

Albatta bunday noanʼanaviy kimsalar davrasida va bu mudhish manzaralar ogʻushida bizning matroslarimizning biroz kayfi tarqab, anchayin oʻzlariga kelib qolishgan, darozx devorga suyangancha, ogʻzini lang ochib qolgan, koʻzlari ham naq kosasidan chiqqudek boʻrtib turardi. Xyu esa, negadir mukka tushib oʻtirgancha, jinnilardek tinimsiz xaxolardi.

Ziyofat raisi patlar qadalgan boshini likillatgancha, kutilmaganga mehmonlarga tabassum bilan boqdi va ularning qoʻllaridan tutib, stul vazifasini oʻtayotgan tobutlar ustiga taklif qildi. Daroz biroz hayiqib, koʻrsatilgan joyga indamay joylashib oldi, Xyu esa, oʻzini dadilroq koʻrsatish maqsadida oʻz “kursi”sini silga yoʻliqqan yosh xonimga yaqinroq surib oʻtirdi va uning sogʻligʻi sharafiga qadah koʻtardi. Bunday beadablik hammadan koʻproq, burchakda tobut kiygan kimsaning gʻazabini qoʻzgʻadi, agar majlis raisi yoʻlidagi suyakni stolga urib, toʻxtatmaganida, kim bilsin qanday noxushlik roʻy berardi. Keyin esa, hammaning eʼtiborini oʻziga qaratib, nutq irod qilishga tushdi:

- Ushbu davrada oʻtirgan holda, bunday sharafga noil…

- Ey, ogʻaynichalish, - uning gapini eski qadrdonlardek bepisandlik bilan boʻldi Daroz. – Muncha shoshilmasang? Avval oʻzingni tanishtirmaysanmi? Kimsizlar? Jin ursin hammangni! Nima qilib yuribsizlar xuddi chayladagi jinlarga oʻxshab? Nima uchun qadrdonimiz – tobutsoz Uill Uimblning qitshga gʻamlab qoʻygan sharob va pivosini bunaqa talon taroj qilyapsizlar?

Uning bu qadar andishasiz murojaati tabiiy davra ahlining keskin noroziligiga sabab boʻldi. Atrofdan turli xitoblar yangray boshladi. Xayriyatki, qahramonlarimiz bunday toʻpolonlarning koʻpini koʻrishgan. Birinchi boʻlib oʻzini qoʻlga olgan ziyofat raisi imkon qadar yumshoqlik bilan Darozga yuzlandi:

- Biz uchun mehmonlar va ularning shaʼni bagʻoyat muhim va ularning erkaligini ham qabul qilamiz, shu bilan birga ularning har qanday savoliga javob berishga majburmiz. Bilib qoʻying: men bu mulklarning asosiy sohibi va hukmdori Qirol Vabo Birinchi boʻlaman. Sen tilga olgan allaqanday tobutsozni umuman tanimaymiz va bu muknavvar maskan oliymaqom qasrimizning muhim majlislar oʻtkaziladigan zali sanaladi. Qarshimda oʻtirgan bu goʻzal xonim kaminaning zavjai muhtaramalari, yaʼni qirolicha Vabo xonim boʻladilar. Siz koʻrib turgan bu muhtaram zotlar ham qirolligimizning nufuzli ayonlaridan – Vabo-Qirgʻin, Vabo-Bez, Vabo girdob zoti munavvarlari hamda Vabo-Jarohat xonim boʻladilar. Bu yerda jamlanishimizdan asosiy maqsad esa, poytaxtimizdani sharob va pivolarning taʼmi, lazzatini chuqur oʻrganish va baholashdan iborat. Biz bu amallarni barchamizning pushti panohimiz – Ajal hazratlarinining roziligi uchun qilmoqdamiz.

- Mabodo pushti panohingiz Dengiz alvastisi emasmi? – qichqirdi Xyu Qatron ikkita bosh chanogʻini sharobga toʻlgʻazib. – Oʻzim va yonimdagi manavi xonim uchun olaman!

- Noshurukur banda! – xitob qildi rais unga qarata. – Haromi, iflos! Biz oʻz odatlarimizga sodiq qolgan holda sendek pandavaqilarning rasvoi raddi balo savollaringizga javob berdik. Ammo sening bu shakkokliging tufayli oʻz qonunlarimizga koʻra senga va sherigingigga jarima solishimizga toʻgʻri keladi. Siz tiz choʻkib, bir gallondan shinni aralashgan rom toʻla idishlarni bir sipqorishda boʻshatishingiz shart. Shundan soʻng istasangiz qolishingiz, istasangiz qorangizni oʻchirishingiz mumkin.

- Hecham iloji yoʻq-da! – deya tortishuvga biroz boʻlsa-da, tavozeni unutmagan holda aralashdi Daroz. – Janoblari aytgan miqdorning toʻrtdan biri ham kaminaning xurmachasiga sigʻmaydi. Kuni bilan turli portlarda boʻkkuncha ichaverganimizdan ichimizda boʻsh joy qolmagan. Ayniqsa, “Quvnoq matros”da ichib boʻlarimiz boʻldi. Zoti oliylariga maʼlum boʻlsinkim, endi bir tomchi ham ketmaydi.

- Ovozingni oʻchir, chiyilladi uning gapini qoq belini kesib Xyu Qatron.. – Ehtimol sening xurmachang toʻlib boʻlgandir, ammo men hali bu boradagi rejani bajarganim yoʻq. Men sizlar aytgan miqdordan uch karra koʻp sharob icha olaman. Shuning uchun oshnamning haqini ham yenga quyasizlar.

- Bu bizning hukmimiz talablariga tamomila ziddir, - eʼtiroz bildirdi rais. – Bizning qonunlarimizni oʻzgartirish mumkin emas. Har qanday shartimiz biror oʻzgarishsiz ijro etilmoqgʻi darkor. Agar bosh tortsangiz, xuddi qoʻzgʻolonchilar spngari oyogʻingizni boʻyningizga bogʻlab, anavi burchakdagi oktyabr pivosi toʻldirilgan bochkaga chchoʻktiramiz.

- Oqilona hukm! Odil qaror! Dunyodagi eng aqlli va olijanob farmoyish, - deya joʻr boʻlib hayqirdi Vabo hayʼati.

Qirolning peshonasi tirishdiyu podagraga chaalingan chol pixillab qoʻydi, kafanga oʻralgan xonim burnini har tarafga xartumdek aylantirdi. Yoʻl-yoʻl ishton kiygan janob quloqlarini dikkaytirdi, semiz xonim ogʻzini xuddi qirgʻoqqa chiqib qolgan baliqnikidek kappa-kappa ochdi. Tobutdagi qariya esa, suyakalarini qarsillatib, koʻzlari olaytira boshladi.

- Ho-ho-xo! – atrofagilarning noroziliga eʼtibor bermasdan qah-qaha otdi Xyu – Vahahha! Janob Qirol qoʻlidagi suyak bilan stolni urganida, men ikki gallon shinnili romni koʻz yummay sipqorishimni aytgandim. Ammo, allaqanday isqirt janoblar qarshisida tiz choʻkib iblis alayhillaʼnaning salomatligi uchun qadah koʻtarishni oʻzim uchun noloyiq deb bilaman.

U haliyana gapirmoqchi edi, imkon berishmadi. Har tarafdan dagʻdagʻali xitoblar yangray boshladi:

- Xiyonat! Xiyonat, - deya bir ovozdan baqirishdi Vabo hayʼati aʼzolari. Shu choq ogʻzi qulogʻigacha choʻligan xonim Xyu Qatronning ishtonidan shartta koʻtarib, uni kattakon oktyabr pivosi toʻldirigna bochka ichiga tashladi. Bir necha soniya davomida u bochka ichida gʻimirlab turdi keyin esa, xuddi punsh ichidagi olma boʻlagidek, yuzaga qalqib chiqdi.

Daroz esa, oshnasiga qilingan bunday qoʻpollikdan soʻng zini tutib turolmadi. U Qirol Vaboni bir zarba bildan yertoʻla toʻynugiga itarib yubordi va darhol uning qopqogʻini berkitdi. Keyin esa, xonaning oʻrtasiga sakrab, osilib turgan skeletni sugʻurib oldi va hayʼat aʼzolarining boshiga birma-bir tushira boshladi. Qiltillab turgan podagraga yoʻliqqan cholning masalasini birgina zarba hal qildi-qoʻydi. Keyin esa, bor kuchi bilan Xyu Qatron tiqib qoʻyilgan pivo bochksini agʻdarib yubordi. Uning ichidagi pivo toshqindek katta kuch bilan toʻkilib, butun xonanin egalladi. Ichimliklar bilan toʻldirilgan stol ham toʻntarilib ketdi, oʻrindiq vazifasini bajaruvchi tobutlar ham har tarafga sochildi, Punsh toʻla xumcha kaminga toʻkilib ketdi. Ikktta honim dafʼatan kuchli sarosima ichida qolishdi.

Taxlab qoʻyilgan tobutlar ham agʻdarilib tushdi, qadah va stakanlar har tarafga betartib sochilib yotardi. Qaltiroq janobning ogʻziga pivo kirib, boʻgʻilib qolgan, qoqsuyak qariya ham jonini qutqarish uchun tobutidan chiqib olgan, gʻolib Daroz boʻlsa, kafanga oʻralgan semiz xonimning belidan quchib, koʻchaga, oʻzining “Ochiq qalb” kemasi tomon boshladi, uning izidan esa, Xyu Qatron aksira-aksira Vabo-Jarohat xonimni yetaklab borardi.

Rustam Jabborov tarjimasi