Edgar Allan Po. Yurak
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Rost, men jahldor odamman. Oʻlgudek asabim chatoq. Avvaldan shunaqa edim. Tarki odat — amri mahol. Lekin siz meni aqldan ozganga chiqarayotganingiz insofdan emas. Bu kasallik mening zehnimni oʻtmaslashtirgani yoʻq, aksincha, uni yanayam charxladi. Xususan, eshitish qobiliyatimni yanayam oshirdi. Eh-he, yer tagidan osmon toqigacha har qanday tovushni ilgʻay olaman. Hatto doʻzaxdagi faryodlarni ham eshitganman. Qanaqasiga men jinni boʻlay? Yaxshisi, hammasini bir boshdan aytib beray. Siz diqqat bilan eshiting, oʻzimni qanday tutishimga, nutqimga ham eʻtibor qilib turing-da.
Bu gap kallamga qaysi goʻrdan keldi — bilmayman. Lekin shu narsa xayolimni oldiyu, kechayu kunduz oromim yoʻqoldi. Ochigʻi, bu ishga cholning daxli yoʻq edi. Unga nisbatan adovatim ham boʻlmagan. Yaxshi koʻrardim uni. Uyam biron marta meni ogʻrintirmagan. Uning puliga koʻz olaytirgan emasman. Menimcha, gap uning koʻz qorachiqlarida edi… Ha, shunaqa. Uning bir koʻzi ikkinchisidan ajralib turardi. Xuddi suvdek tiniq va koʻkimtir, xuddi oqish va shaffof parda bilan qoplangandek edi. Ana shu koʻzlarni juda yomon koʻrardim. U menga qaragan paytida qonim gupurib ketardi-ey. Xullas, cholning bu sovuq koʻzlarini umuman koʻrmaslik uchun uni tinchitish fikri menda qachon paydo boʻlgani yodimda yoʻq.
Siz esa, meni qip-qizil jinniga chiqarib oʻtiribsiz. Telbalar fikrlay olmaydilar-ku! Siz menga sinchiklab qarang-chi. Qarang, men bu ishni qilishdan avval hammasini puxta oʻylab, rejalashtirib, past-balandini ham hisobga olib chiqqanman. Qotillikdan bir hafta oldin men cholga nisbatan shunaqa mehribon boʻlib qolgan edimki, shu paytga qadar unga bunaqa yaxshi muomala qilmaganman. Kechalari, yarim tunda uning eshigini qiya ochib ichkariga moʻralardim. U esa, hech baloni sezmasdi. Eshikni kallam sigʻadigan darajada ochardim-da, ichkariga har tomoni bekitilgan sirli fonar nurini bir chiziqda yunaltirardim, keyin esa, kallamni suqib karardim. Oʻsha holatni siz ham koʻrganingizda oʻzingizni tutolmay kulvorardingiz.
Men cholni uygʻotmaslikka harakat qilardim. Boshimni toʻshakdagi cholni koʻra oladigan darajada ichkariga suqish uchun yarim soatcha vaqt ketardi. Xeh, bunaqa shumliklar jinni odamning yetti uxlab tushiga kirmaydi, men sizga aytsam. Kallamni ichkariga olganimdan keyin sekin-asta fonar nurini ocha boshlardim. Oʻrugʻlikni uning chaqir koʻzlariga gʻoyat ustalik bilan toʻgʻrilardim. Men bu antiqa mashqlarni roppa-rosa yetta kun davomida, yana deng, qoq yarim tunda olib bordim. Biroq uning koʻzlari har gal yumuq boʻlardi, men esa, cholni emas, uning ana shu sabil qolgur koʻzlarini oʻlgudek yomon koʻrardim. Tong otishi bilan hech nima boʻlmaganday cholning yoniga kirib, u bilan apoq-chapoq soʻrashardim, uning sogʻligʻi, kayfiyati bilan qiziqardim. Koʻrib turibsizki, chol yarim oqshomda qiladigan gʻalati ishlarim haqida oʻylab ham koʻrmagan.
Sakkizinchi oqshom men uning eshigini har kungidan kattaroq ochdim. Shu paytga qadar bunchalik tuygʻun boʻlmagandim. Hatto, yuragim ham oʻzini sezdirib qoʻymaslik uchun sekin tepayotganday edi. Oʻylashimcha, u mening xufiya raftorim haqida na oʻngida, na tushida bilolmasdi. Shu fikr xayolimga kelishi bilan beixtiyor hiringlab yuborsam boʻladimi? Chol ovozimdan uygʻonib ketdi chamamda, karavotidan sapchib turdi-da, qoʻrqqanidan alanglay boshladi. Oʻzingiz oʻylab koʻring, bunaqa paytda nima kilish kerak? Toʻgʻri, menam shartta oʻzimni orqaga oldim. Oʻzimni koʻrsatmaslikka tirishib sekin-asta eshikni oʻzimga torta boshladim.
Barmoqlarim parda tutqichidan sirgʻalib, qattiq ovoz chiqardi. Chol baqirib yubordi: “Kim bu?” Joyimda qotib qoldim, damim ichimga tushib ketdi. Chol yana oʻrniga yotishi uchun bir soatlar chamasi qimirlamasdan, jim turdim. Chol xuddi men har oqshom devorga quloq tutib chirildoq qoʻngʻizning ovozini eshitganimdek, karavotida jim oʻtirib quloq sola boshladi.
Shu choq uning qattiq uh tortganini eshitdim va bu oʻlim oldi xoʻrsinigʻi ekanini payqadim. Chunki, ogʻriqdan ham, gʻamdan ham bunaqa chuqur oh tortish mumkin emas. Bu nola faqat qoʻrquv gʻarq etgan yurakning tub-tubidan chiqishi mumkin edi. Men bilaman-da buni. Har gal soat oʻn ikkiga bong urganda, mening ham dahshat toʻla qalbimdan ana shunday gʻayritabiiy un otilib chiqardi. Shu bois hozir cholning ahvolini tushunib, unga hatto rahmim ham keldi. U koʻzlarini yummasdan toʻshakka yonboshlagan paytida ham bu qoʻrquv uni tark etmagandi. U oʻzini hech narsa boʻlmaganiga ishontirgisi kelar, lekin buning uddasidan chiqa olmasdi. U goʻyo shunchaki, kamin moʻrkonida shamol oʻynayapti, sichqonlar uyoqdan-bu yoqqa yuguryapti, deya oʻzini chalgʻitishga urinardi. Biroq bularning hech biri naf bermayotgani aniq edi. Chunki, qora zulmat chodrasiga oʻralib kelgan ajal allaqachon oʻz qurboni uzra koʻlankasini tashlab ulgurgandi.
Men uni uzoq kuzatib turdim, hech narsa eshitilmasdi. Shunda men fonarni yoqib judayam kichkina nur tolasini ehtiyotkorlik bilan uning qushnikiga oʻxshash koʻzlarga toʻgʻriladim.
U mudhish koʻkimtir koʻzlarini katta-katta ochib oʻrgimchak toʻridek ingichka nur tolasiga tikilarkan, qorachiqlarida gʻazabga oʻxshash alomat koʻrdim. Uning meni asabimga mislsiz azob beradigan nigohlariga koʻzim tushishi bilan miyamning suyaklariga qadar muzlab ketdim: ayni paytda men cholni ham, uning dahshatga belangan yuzini ham koʻrolmasdim, chunki shuʻlani uning malʻun koʻzlariga oʻnglab turardim xolos.
Shu choq qulogʻimga allanechuk tushuniksiz, xuddi paxtaga oʻralgan soatning chiqillashiga oʻxshagan tovush oʻqtin-oʻqtin chalina boshladi. Bu ohang menga tanish edi. Cholning yuragi shunday tepardi. Bu ovoz urush nogʻorasi askarni junbushga keltirgani kabi mening ham jazavamni qoʻzgʻadi.
Biroq men oʻzimni tutgancha yashirinib turdim. Deyarli nafas olmasdim, qanday qilib boʻlmasin nurni cholning koʻzidan siljitmaslikka harakat qilardim. Bu paytda esa uning laʻnati yuragi borgan sari qattiqroq ura boshladi. Qariya bemisl vahima izmida edi. Yurak tablining takatumi esa tobora balandlab borardi. Aytdim-ku sizga, asabim juda chatoq. Sokin tunning oʻlik sukunatini tilkalayotgan bu yovvoyi sas meni qanchalik noqulay ahvolga solib qoʻyganini tasavvur qila olasizmi? Shunday boʻlsa-da, bir necha daqiqa men oʻzimni harakatsiz tutib turishga kuch topa oldim. Yurak talotumi kuchayaverdi. Uning yuragi ortiqcha bardosh berolmaydi, deb oʻylovdim.
Shu choq yana bir oʻtkir oʻy miyamni tilib oʻtdi: qoʻshni eshitsa-ya? Cholning kuni bitgandi. Quloqni qomatga keltirib qichqirgancha, fonarni bor boʻyicha ochib, xonaga otilib kirdim. Chol esa, bir marta, faqat bir martagina ingray oldi, xolos. Men uni sudrab pol ustidagi qalin toʻshak ustiga olib kelib yotqizdim. Oʻzimcha, mamnun iljayib qoʻydim. Hammasi risoladagidek ketayotgandi. Daqiqalar ortidan daqiqalar oʻtib borar, uning yuragi zaifgina urib turardi. Bu ovoz endi devorning narigi tomoniga eshitilmasdi. Nihoyat toʻxtadi. Chol oʻldi. Men uning ustidagi koʻrpani ochib jasadni koʻzdan kechirdim: chol haqiqatan ham oʻlib yotardi. Qoʻlimni uzoq vaqt koʻksiga qoʻyib turdim — yurak urmasdi. Uning manfur koʻzlari endi meni hech qachon bezovta qilmaydi.
Agar siz meni haliyam jinni deb uylayotgan boʻlsangiz, oʻlikni qanday qilib saranjomlaganimini eshitsangiz, bu fikringizdan tamoman voz kechasiz. Tun yarmidan oqqandi, men esa fursatni boy bermay, ehtiyotkorona ishga kirishdim. Uch dona pol taxtasini koʻchirib oldim-da, jasadni polning tagiga joyladim. Keyin esa, yana avvalgidek taxtalarni joy-joyiga mixlab qoʻydim. Hech kim oddiy koʻz bilan hech narsani payqay olmasdi.
Soat tonggi toʻrtga yaqinlashib qolgan boʻlsa-da, hali kechasiga oʻxshardi. Qoʻngʻiroq toʻrtinchi bor jom chalganida, koʻcha eshigi taqilladi. Hech narsa boʻlmagandek, borib eshikni ochdim, nimadan qoʻrqaman. Uch nafar politsiya xodimi oʻzini tanishtirib ichkariga kirishdi. Qoʻshnim yarim kechasi bizning xonamizdan ajabtovur qichqiriqni eshitib, qandaydir noxushlik yuz berganligini gumon qilgan va politsiya uchastkasiga xabar bergan ekan.
Men miyigʻimda kulimsiradim. Nimaga qoʻrqar ekanman? Politsiyachilarga kechasi yomon tush koʻrsam dod solish odatim borligini aytdim. Chol hozircha dam olish uchun qishloqqa ketganini tushuntirdim. Xonalarni koʻrsatdim. Mana, istagan yeringizni qarang, koʻring, dedim. Keyin ularni cholning xonasiga olib kirdim, boyliklarini koʻrsatdim. Mana, hammasi bus-butunicha turibdi. Hatto, ularni xushmuomalalik bilan stulga oʻtirishga daʻvat etdim. Charchab ketgan-da, bechoralar. Men oʻzimni mutlaqo gʻolib sanardim. Oʻzim oʻtirgan stul boyagina sugʻurilib qayta mixlangan taxtalar ustiga qoʻyilgandi.
Ular mendan mamnun edilar. Oʻzimni juda bemalol va xotirjam tutayotgandim. Har bir savolga hazil-huzul bilan javob qaytardim. Shunda ular oʻzaro gaplasha ketishdi. Biroq koʻp oʻtmay rangim oqara boshlaganini, kutilmagan mehmonlarning tezroq ketishini istayotganimni sezdim. Boshim ogʻrib, qulogʻim ostida qandaydir ovoz shangʻillay boshladi. Ular hali-veri turay deyishmasdi. Boyagi tovush boʻlsa qulogʻim tagida tobora aniqroq va qattiqroq eshitila boshladi.
Bundan oʻzimni biroz yoʻqotib qoʻydim, biroq nutqim haliyam ravon edi. Ovoz esa kuchayib kelaverdi, nima qilishim kerak? Tovush juda yaqindan, oʻqtin-oʻqtin, xuddi paxtaga oʻralgan soatning chiqillashi kabi eshitilardi. Men bu ovozdan boʻgʻilib ketdim. Politsiyachilar boʻlsa buni eshita olishmasdi.
Betoqat boʻlib ketdim, oʻrnimdan sapchib turdim-da, nimalarnidir oʻzimcha gʻoʻldiray boshladim — ovoz kuchayaverdi. Anavilar nega ketmayapti? U yoqdan-bu yoqqa bezovtalanib borib kelaverdim. Mehmonlar meni xavotirga solib qoʻyishgandi. Ovozing oʻchgur ovoz esa, varanglab borayotir. E Xudo! Nima qilishim kerak? Aʻzoi badanimni ter bosdi, oʻz-oʻzimcha soʻkina boshladim. Mening qurbonim qoʻnim topgan pol ustida turgan stulni asabiy aylantiraman, uyoq-buyoqqa siljitib, goʻyoki, shu bilan laʻnati tovushni tinchitmoqchi boʻlaman — u esa battar avjiga minadi. Balandlab boraverdi, boraverdi, boraverdi… Mehmonlar esa, hech gap boʻlmagandek oʻzlaricha gurunglashib oʻtiraverdilar. Nahotki, ularga eshitilmayapti? Yoʻq, yoʻq, o, parvardigori olam! Ular eshitishgan, bilishadi, shunchaki, mening qoʻrqayotganimni koʻrib, kalaka qilishyapti. Menga oʻsha payti shunday tuyulgandi, haliyam shunday tuyuladi. Nima boʻlsa, boʻldi — shu azobdan qutulsam bas. Ularning masxaraomuz tirjayishiga ortiqcha toqat qilolmayman. Bu kinoyali tabassumlarga boshqa chidolmayman. Agar hozir qichqirib yubormasam, aniq oʻlaman. Oʻh laʻnati ovoz, qulogʻimni teshib yuboradi hozir.
— Vahshiylar, — deya baqirdim oʻzimni tutolmay, — boʻldi, bas, yetar!!! Tan olaman, men oʻldirdim uni, men! Mana, taxtalarni koʻchirib oling! Ha, xuddi shu yerda. Uning yuragi tinimsiz uryapti, uning yuragi meni tinch qoʻymayapti!!!
Rus tilidan Rustam Jabborov tarjimasi