Eri boshiga koʻtargan ayol
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Ayolini yoʻqotgan er hikoya qiladi:
“Oqshom uyga kelganimda ayolim kechki dasturxonni hozirlardi. Qoʻlidan tutib unga gapim borligini aytdim. Jim ovqatlana boshladi, koʻzlarida qoʻrquv bor edi. Bir onda kichraygandim goʻyo, ogʻzimni ocholmasdim lekin fikrlarimni aytishim kerak edi. Ajrashmoqchiligimni aytdim. Asabiylashmadi, gapimga javob qaytarmadi, faqat sababini soʻradi. Javob berolmadim, bunga asabiylashdi. Qoʻlidagi sanchqi pichoqlarni otib yubordi. Menga baqirdi va odam emasligimni aytdi.
Oʻsha kecha biror ogʻiz gaplashmadik. Xotinim tun boʻyi yigʻladi. Turmushimizga nima boʻlishidan xavotirlanardi, lekin uni qoniqtiradigan gap aytolmasdim. Men Janaga oshiq boʻldim, xotinimni sevmasdim endi. Bu vijdon azobi bilan bir bitim tayyorladim. Uy, mashina va shirkatning 30%ini unga beradigan boʻldim. Shartnomaga biroz qarab turdi va yirtib tashladi.
10 yil birga yashagan xotinim menga begona boʻlgandi. Uning sarflagan umriga, kuch-quvvatiga achinardim, lekin orqaga qaytolmasdim, Janani qattiq sevardim. Keyin baqirib-baqirib yigʻlay boshladi, buni kutmagandim. Uning koʻz yoshlari meni yumshashimga sabab boʻldi. Bir muddat esimdan chiqardim ajrashishni, bu fikr miyamga oʻrnashib qolgandi, endi bu tuygʻuni qattiqroq his etardim va toʻgʻri qaror edi.
Keyingi oqshom uyga kech keldim va xotinimni stolda yozib oʻtirganini koʻrdim. Rosa uyqum kelgandi va kechki ovqatni yemasdan uxlashga yotdim. Jana bilan oʻtkazgan shuncha vaqtim meni charchatgandi. Orada bir uygʻondim va uni hali ham yozayotganini koʻrdim. Ammo bu menga ahamiyatsiz edi, boshimni oʻgirib uxlashda davom etdim.
Tongda menga shartlari yozilgan maktubni berdi. Mendan hech narsa istamagandi, faqat ajrashishimizni eʻlon qilish uchun bir oy muhlat soʻradi va bu vaqt davomida yaxshi oila kabi munosabatda boʻlishimizni istadi. Buning sababi bir oydan keyin oʻgʻlimizning imtihonlari boshlanishi va bu paytda unga bu yukni yuklamaslik edi. Buni qabul qilish mumkin. Yana bir narsa bor edi, toʻy kechamiz uni eshikdan qanday koʻtarib kirganimni eslatish edi va bir oy davomida har tong uni yotoqdan eshikgacha koʻtarib borishimni istadi. Esini yebdi deb oʻyladim, lekin oxirgi kunlarimizni yaxshi oʻtishi uchun qabul qildim. Keyin bu shartlarni Janaga aytdim. Baland ovozda kulib buni gʻirt axmoqlik ekanini va bu ajrashishi uchun ekanini tushunib qabul qildi.
Xotinim bilan ajrashish mavzusini ochganimdan beri jismonan yaqin boʻlmadik. Shu bois birinchi kun uni olib eshik tomon koʻtarganimda gʻalati hisni sezdim. Oʻgʻlimiz orqamizda turardi va olqishlay boshladi. Dadam onamni quchogʻida koʻtardi, dedi. Bu uni juda sevintirgandi, soʻzlari qalbimni vayron qilardi. Yotoqdan uy eshigigacha 10 metr koʻtardim. Xotinim koʻzlarini yumdi va qulogʻimga “oʻgʻlimizga ajrashishimizni aytmang”, deb pichirladi. Men ham boshimni egib, xoʻp, dedim va ichimga bir mahzunlik choʻkdi. Eshik oldida uni qoldirdim, xotinim avtobus bekatiga ketdi va uni ishga olib boradigan avtobusni kutdi. Men esa bir oʻzim ofisga ketdim.
2-kun bu oʻyin bizga oson kechdi. Xotinim boshini koʻksimga qoʻydi va uning iforini tuydim. Birdan xotinimga anchadan beri qaramaganimni tushundim va uni turmush qurgan paytimizdagi kabi yosh emasligini sezdim. Yuziga mayda chiziqlar tushgan, sochlariga oq oralagandi. Oʻtgan yillar shunchaki oʻtmagandi, shunda oʻzimdan shuncha vaqt ichida unga nimalar qilganimni soʻradim.
4-kun uni koʻtarganimda bir ishonch tuygʻusini his etdim. Bu, menga hayotining 10 yilini hadya qilgan ayol edi.
5-kun bu ishonch tuygʻusi yanada yuksalgandi. Buni Janaga aytmadim. Kunlar oʻtgani sayin uni koʻtarish ham osonlashardi, balki bu trenajorda shugʻullanganim sabablidir. Bir tong uni nima kiyishini oʻylab, qarab oʻtirdim. Jahl qilib, har kungi kiyimlari biroz katta kelganini aytdi. Birdan uni qanchalik ozganini, vaznini yoʻqotganini sezdim. Demak uni har tong oson koʻtarishimning sababi bu ekan. Yuzimga birov musht tushirganday boʻldi. Bunchalik azob va hasratni qalbida olib yurardi. Sezmagan holda boshini siladim. Shu payt oʻgʻlimiz keldi va “dada, oyimni koʻtarishingiz kerak”, dedi.
Otasi onasini xonadan eshikkacha koʻtarishi hayotimizning bir boʻlagiga aylangandi. Xotinim oʻgʻlimizni yoniga chaqirdi va mahkam quchoqladi. Men boshimni oʻgirdim, oxirgi lahzada qarorimdan voz kechishni istamasdim. Uni quchogʻimga oldim va yotoq eshigigacha koʻtarib bordim. Qoʻlini chakkamga qoʻygandi men uni mahkam ushlab olgandim. Xuddi turmush qurgan kunimizdagi kabi. Endi xavotirlana boshlagandim, bunchalik ozib ketganiga. Oxirgi kun uni koʻtarganimda kuch sarflamadim. Oʻgʻlimiz maktabda edi va xotinimga hayotimizdagi yaqinlik kamayganini aytdim. Ofisga ketdim va eshikni qulflamasdan mashinadan tushdim, bunga vaqt yoʻq edi.
Har lahza qarorimni oʻzgartirishidan qoʻrqardim va zinadan yuqori chiqdim, yuqori chiqqach Jana eshikni ochdi. Unga xotinimdan ajrasholmasligimni aytdim. Hayratlanib qoʻlini peshonamga qoʻydi va “seni isitmang bormi?” deb soʻradi. “Afsusdaman Jana, lekin men endi ajrashishni istamayman”, dedim. Turmushimiz befayzligi sevgi yetishmasligidan emas, bir-birimizning ahamiyatimizni unutganimizdan edi. Endi esimga tushdi, unga uylangan kunim eshikdan koʻtarib kirganimda, umrimning oxirigacha unga sadoqatli boʻlishga qasam ichgandim.
Jana vaziyatni anglagach, yuzimga bir tarsaki tushirib, eshikni yopib yigʻlay ketdi. Darhol pastga yugurib, birinchi uchragan gulchidan xotinimga bir dasta gul oldim, ichiga “seni har tong hayotimning oxirigacha koʻtaraman” deb yozib solib qoʻydim. Uyga qatganimda yuzimni tabassum qopladi, qoʻlimda gullar bilan yotoqxonaga kirdim va xotinimni yotoqda oʻlik holda topdim. Xotinim bir necha oydan beri saraton bilan kurasharkan, men Janaga boʻlgan qiziqishim bois buni sezmagandim. Koʻp yasholmasligini bilgani uchun oʻgʻlimni menga qarshi boʻlib qolishidan meni saqlashga uringandi. Hech boʻlmasa oʻgʻlimning koʻzida yaxshi turmush oʻrtoq sifatida qolishimni istagandi“.
Turkchadan Maryam Osiyo tarjimasi