..

Erkin Samandar. Gʻayb qushlari

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Shayxning karomatlari Joʻji qulogʻiga chalingan, hali Urganjga yurish boshlamasidan oldinoq uning sehrlaridan xabar topgan edi. Daryoni ters oqizarmish, devlarni jilovlay olarmish, oʻzganing qoʻlidagi yopigʻ kitobni betma-bet oʻqirmish qabilidagi gaplarni avom tarqatgan deb birda ishonsa, birda ishonmas, ammo buyuk Hoqonning man-man degan shamanlari shayxning ilmiga tan berishlarini koʻrib dilidagi gumon oʻrnini ishonch egallay boshlagan edi.

Urganj qamali boshlanib, uning darvozalariga yaqin yoʻlash mushkulligini va qapʼa devori ustida har gal shayx paydo boʻlganida cherik beixtiyor orqaga serpilishini oʻz koʻzlari bilan koʻrgach, bu ishonch diliga tagʻinda maxqamroq oʻrnashdi.

Qamal roppa-rosa yetti oy davom etdi. Chigirtkadek besanoq, qoʻshin yordamga kelgachgina qalʼa darvozasi yemirilib, jang shahar ichkarisiga — mahalla-maydonlarga koʻchdi. Har bitta mahallaning olinishi bitta qatʼani egallashdan ham mushkulroq kechganini koʻrganida Joʻji tagʻin shayxning karomati haqida oʻyga toldi. Karomat deganda u inson botinidagi haybatning zoxiriga koʻchib, odamlarni mutaassir etishini tushunar, xorazmliklarning yengilmasligini esa ana shu haybat ularning joy-joniga singdirilganida deb bilardi. Goʻyo har bir urganjlikning yuragiga shayx haybati jo boʻlganday, shu haybat uni arslonga aylantirganday edi. Qani endi Joʻjining qoʻlida ham shunday bir shayx boʻlsayu, u har bir moʻgʻulning qalbiga arslon haybati va jurʼatini joylab bersa…

Urganj deyarlik taslim etilib, qoʻshin Najmiddin Kubro xonaqosiga yaqinlashib borayotgan hozirgi asnoda bu orzu Joʻji qalbini tagʻin egallab oldi. Vaqt borida shayxga odam yuborib, agar u rozi boʻlsa, boshini omon saqlab qolishni niyat etdi.

Ammo Joʻjining niyati uning ukasi Chigʻatoyga yoqmadi.

— Shayx bizga aslo el boʻlmas, — dedi u tundlik bilan. — Oning boshin kesmoq lozim.

— Boshdan boshning farqi bordur, — dedi Joʻji qizishib, — shayxning boshi ertan bizga asqatar.

Chigʻatoy bari bir oʻz aytganida turib oldi.

Bundan bir oycha muqaddam ham aka-ukaning orasida gap qochgan, Joʻji qancha avramasin, Chigʻatoy soʻzidan qaytmagan edi. Unda bahsga Chigʻatoyning jahdi, toʻgʻonni buzib, Urganjni suvga bostirish vasvasasi sabab boʻlgan edi.

— Faqat shul yoʻl bilangina bu qaysar qalʼani taslim aylamoq va jazolamoq mumkin. — Chigʻatoyning oxirgi uzil-kesil soʻzi shu boʻldi.

— Yoʻq, dedi Joʻji. — Urganjni aslo suvga bostirmagayman, menga xaroba emas, balki boy va suluv qalʼa darkor.

Joʻjining bunday deyishi besabab emas edi, yurish oldidan Chingizxon unga Urganjni taslim et, u seniki boʻlur, degan edi. Joʻji oʻsha kundan boshlab dovrugʻi yetti iqlimga ketgan davlatli va savlatli qalʼaga egalik qilishni orzu etardi, axir. Chigʻatoy boʻlsa…

Aka-uka oʻrtasidagi baxsni oxir-oqibat Chingiz oʻzi hal qildi.

— Urganjni Joʻji ham emas, Chigʻatoy ham emas, balki kenja oʻgʻlim taslim etur, — dedi u va shohzoda Oʻqtoyni xos qoʻshin bilan Urganj ustiga yoʻlladi.

Natija Joʻji oʻylaganidek boʻlib chiqdi, qalʼani ostin-ustun qilmay qoʻlga kiritishmoqda, buni otasining aqli va Oʻqtoyning uddaburronligidan deb bilardi u.

Hozirgi bahsni ham Oʻqtoy toʻgʻri yechadi degan umidda uning koʻzlariga boqdi Joʻji.

Oʻqtoy amr etdi.

— Shayxga odam yuboring, ul zot oyoq ostida qolib ketmasun, qayga istar, onga ketsun.

Joʻjining yuzi yorishdi. Zimdan Chigʻatoyga koʻz tashladi. Uning yalpoq burni tagʻinda ichga botganday edi. Bu paytda hazrati shayx Najmiddin Kubro ochiq ayvonda yolgʻiz oʻltirgancha ogʻir oʻyga tolmish edi. Savash ketayotgan guzar va maydonlardan qasir-qusur tovushlar, otlarning bezovta kishnashlari, naʼra va figʻon, alam va armonga, vahshat va nafratga toʻla nolalar eshitilib turardi. Bu qonli nidolar shayxning dil yaralarini tirnash barobarida soʻnggi mudhish voqealarni eslatib, xayolini uzoqlarga olib ketar edi. Shu asno shayx uzoq oʻltirdi. Mahzun xayollar qaʼrida dafʼatan boshdan-oyoq oq-oppoq kiyingan, oq soqoli koʻksini qoplagan nuroniy siymo tagʻin yuz koʻrsatdi. Xuddi bundan olti oycha muqaddam boʻlganidek hozir ham uning muloqot istayotgani mungli yuz-koʻzlaridan ochiq-ravshan koʻrinib turardi.

Oʻshanda, birinchi muloqot paytida u (Xoʻjai Xizr) saltanat tanazzuliga ishorat aylagan, bunga sabab tarzida mamlakatda sodir etilgan sahv-gunohlarni, buzuqliklarni shayxning koʻzlariga bir-bir koʻrsatib bergan edi. Ahli musulmonning bir-birini qirishlari, saroydagi fisqu fasod, urugʻ-aymoqlar oʻrtasidagi qon toʻkishlar, Chingizxonning hiyla-nayranglaridan esi ogʻayozgan Xorazmshohning ketma-ket sahv-xatolari oqibatida toju taxtda roʻy bergan parokandalik xuddi koʻzgudagidek aniq-tiniq koʻringan, saltanatdan omad ketganiga ishorat etilgan edi-da.

Moʻgʻullar qalʼaga bostirib kirgan, yoshu keksani bir yoqdan qoniga belayotgan hozirgi asnoda Xoʻjai Xizr tagʻin paydo boʻlib, shayxga dedikim, muridlaringga shahardan chiqib ketmoqlikka izn bergan eding, ammoki, ketganlardan qolganlar koʻp boʻldi, endi olar shahidlik liboslarin kiygaylar.

Koʻp iztirob bulutlari orasida keza-keza muroqaba holatidan chiqib olgan shayxi kabir beixtiyor osmonga koʻz tashladi. Shundoq ediki, muroqabadan soʻng shayxning ilk nazariga tushganlar tengsiz kuch-qudrat kasb etmay qolmas, ilojsizga iloj, ishonchsizga ishonch enmogʻiga shubha boʻlmasdi. Bu gal shayxning nazari saʼvaga tushdi.

Saʼvani bir qarchigʻay shiddat bilan quvib borar, ora daqiqa sayin qisqarib, qochayotganning madori quriyotgani va quvayotganning jahdiga jahd koʻshilayotgani shayxga ayon boʻlib turar edi. Shayx holdan toygan saʼvaga nazar solganlari asno manzara oʻzgardi, avvalinda ikkita qush oʻrtasidagi oratiq ochilib, saʼva oʻz raqibidan uzoqlasha boshladi, soʻngra shahd bilan orqasiga oʻgirildi-da, dafʼatan qarchigʻay ustiga bostirib kelaverdi. Uning zabtiga dosh berolmagan qarchigʻay orqasiga qayrilib qochaboshladi. Saʼva uni bir zumda quvib yetdi-da, zarb bilan qanotiga chang soldi. Koʻp oʻtmay qarchigʻayning qanotlari qayrildi. Saʼva uning kekirdagiga ogʻiz solib, boʻynidan omburday qisgancha pastga oʻqday otildi va koʻz ochib-yumguncha ayvon tepasiga kelib jonidan judo boʻlgan qarchigʻayni shayxning oyoqlari ostiga tashladi. Erkin-erkin silkinib oldi-da, yana yuqorilab ketaboshladi.

Ayvon oldidagi hovuz boʻyida bu holatni shayxning bir qism muridlari kuzatib oʻltirgan edi, yaxshilikka yoʻyib, murshidga taʼzim bajo etgani ayvonga kirishmoqchi boʻlib turganlarida moʻgʻul elchisi kelayotganidan xabar topishdi. Shayxni bundan ogoh etdilar. Sal fursatdan soʻng shayx va elchi bir-biriga roʻbaroʻ boʻlishdi.

Najmiddin Kubro oʻz holati va kiyimlarini oʻzgartirishga ulgurgan, goʻyo dorilomon zamonu shayx hozir jomeʼ masjidiga borib vaʼz aytadiganday vazmin va purviqor qiyofada oʻltirar, orikdan kelgan, qotma, echkisoqol elchi esa bundan taajjubga tushganini bilintirmaslikka urinsa-da, ijirgʻanganini yashirolmay tajang holda shayxdan uch qadamcha narida tik turar, orqasida oʻz qorovullari taroq tishlaridek bir tekis tizilishgan edi. Sassiq ter hidi shayxning dimogʻiga urilar ekan, koʻngli ayniy boshlaganini yashirib, xoʻsh, nima demoqchisan, deganday unga koʻz qirini tashladi.

— Buyuk shahzoda istayurki, shayx oyoq ostida qolmasun, — gap boshladi boʻgʻiq ovozda elchi, — dedikim, shayx aytsun, neki ixtiyor aylar, bajo etilur.

Taajjub, yogʻiy qalʼa ahlini molday soʻysayu uning shayxiga “marhamat” koʻrsatishga jurʼat aylasa, xalq boshqayu shayx boshqa, deb oʻylarmi, bu nokaslar?!

Shayxning yuzida istehzo paydo boʻldi. Lekin savolga yarasha javobi deganday bosiqlik bilan elchiga yuzlandi.

— Men bir oʻzum emasman, sheriklarim bordur.

“Marhamat”ni shayx bajonidil qabul qiladi, deb oʻylagan shekilli, elchi oʻylanib qoldi va boshi qotib xoʻjayinlari oldiga joʻnadi.

Muridlar ustozga savol nazari bilan boqdilar. Ularning koʻnglidan nimalar kechayotganini hazrat koʻrib-anglab turardi. Muridlarning koʻnglida savol hozirgina aytilgan “sheriklarim bordur”, degan soʻzdan tugʻilganini, buni turlicha anglash, elchining taklifiga qoʻyilgan shart deb ham, ayni paytda raddiya deb ham tushunish mumkin edi.

Ularni arosatga solguvchi boshqa bir jihat yoʻq emasdi. Bundan bir oycha muqaddam, Urganjni ortiq himoyalashning mushkulligi ayon boʻlib qolgach, shayx turli qalʼa va kentlardan kelib oʻz huzurida muqim makon tutgan muridlariga shaharni tark etishga izn bergan, ular esa uchqur otni hozirlab, ustozni olib ketish tadorigini koʻrishgan, piri murshid bu taklifni qatʼiyan rad aylagan edi. Ustozning bir soʻzliligini bilsalar-da elchiga berilgan javobdan muridlar biroz taajjubga tushgan edilar. Ularning koʻnglini aniq koʻrib turgan shayx na bir soʻz der, na botinidagini zohiriga chiqarar edi.

Sukut to elchi ikkinchi bor kelgunigacha davom etdi. Muridlar uning qaytib kelishi haqida oʻylab koʻrmaganlari yuz-koʻzlaridagi taajjubdan sezilib turardi. Murshidi aʼzam boʻlsa elchining takror kelishi, nima deyishini oldindan bilgani sabab soʻzla, deganday unga sinchkov nazar tashladi. Elchi dedi:

— Shahzoda maʼlum etadurlarkim, yuz kishingizni olib istagan tomonga ravona boʻlgaysiz.

Shayx yuzida tagʻin faqat muridlargagina ayon boʻlgan istehzo koʻrindi. Ular bildilarki, hazrat taklifni rad aylagay. Ammo ular oʻylaganday boʻlib chiqmadi. Murshid yana elchini gangitib qoʻydi.

— Yuz kishi dersiz. Odamlarim ondin koʻpdur.

Elchi tagʻin orqasiga qaytib ketishga majbur boʻldi. Oradan koʻp oʻtmay qaytib keldi-da:

— Xoʻp, ming kishini yoningizga oling, — dedi goʻyo katta iltifot koʻrsatganday kerilib.

Ersa shayx dedi:

— Yoʻq, men yurtimni, xalqimni tashlab hech qayon ketmasmen. Yaxshi-yomon kunida birga boʻlgan xalqim ila bir tomchi qonim qolgunicha birga boʻlurmen! Shu vatanda tugʻilibmiz, shu vatanda oʻlurmiz!

Bu gapdan, tabiiyki, elchi gʻazabga mindi va xonaqohdan oʻqday otilib chiqib ketdi.

Muridlar hazratning niyatini endi aniq bildilar va bir kuni asqatar deb togʻdan keltirib qoʻyilgan toshlarni, yarogʻlarni qoʻlga olaberdilar.

Hazrat bu paytda yetmish besh yoshda edi, lekin gʻoʻr yigitlarday oʻrnidan dast turib, kamarni belga mahkam bogʻladi.

— Azizlarim, — dedi muridlariga, qarindosh-urugʻlari, yori-birodarlariga qatʼiyat bilan, — ayonki, yogʻiy soʻzun qabul aylab, vatandin chiqib ketar boʻlsak, jonimiz omon qolgay va begona ellarda boʻlsa-da oʻzumizga yarasha martaba topgay erdik. Ammo vatansiz martaba martaba, yurtsiz hayotdin hayot boʻlgaymi?! Magaram oʻz elimizda qolur esak, yogʻiyga xizmat yelkamizga tushmay qolmagay. Bizim yelkamiz togʻni koʻtarur, ammo bu isnodni koʻtara bilmas. Oʻz yurtingda oʻzgaga tobe boʻlub yashagandin oʻlgan yaxshidur!

Muridlaru xeshu aqrabolar javob berdilar:

— Ul hayotdin oʻlim afzaldur, hivz-ul vatan, min al-iymon! Vatanni muhofaza aylamoqlik iymon belgisidur, degan yuqoridagi ahdu paymon hazrat oʻzi asos solgan Kubraviya tariqatining asl magʻzi edi, barchasi unga sodiq qoldi, koʻplar savash maydonida shahid ketdilar, qolganlar, mana, oʻlimni boʻyinlariga olib, jangga kirmoqlikka izn kutib turmoqdalar.

Ularning shiddatlarini koʻrib shayxning koʻnglidan bir fikr kechdi. Qani Xorazmshohda, oning atrofidagilarda ham shunday iymon, eʼtiqod boʻlsaydi, ayonlar bir-birlarining tagiga suv quyish oʻrniga yogʻiy ildizlarin quritmoqlikka jahd aylasalar, Jaloliddin Manguberdiga imdod qilsalar erdi, vatan bundoq kunfa-yakun, xalq bundoq xoru zaboʻn boʻlmas, bilʼaks, yogʻiyga sichqonning ini ming tanga boʻlgʻay erdi!

Jaloliddinni oʻylar ekan, shayxning koʻngliga ishonch toʻlqini indi: Inshoolloh, Jaloliddin Manguberdi yogʻiyning dodini bergay, jasur avlodlar vatanni dagʻi ozod va obod aylagaylar!

Shu oʻy bilan hazrat oʻz diliga tugib qoʻygan niyatini amalga oshirishga kirishdi. Ichkari kirib sarosimada oʻltirgan ayollar holidan xabar oldi, moʻltirab turgan bolalarning boshlarini siladi. Vodarigʻ, hademay bu farishtalarning-da boshlarida yangʻoq chaqurlar, qay birlarini qatl aylab, qay birlarining qoʻl-oyoqlariga qullik zanjirlarini bogʻlamoq boʻlurlar. Ammo yogʻiy anglamaski, olarning qariyalaridin tortib norasidasigacha bosh egib yashamoqlikdin tik turib oʻlmoqlikni afzal bilurlar!

Valitarosh oʻz diydasida halqalangan yoshni jigarporalaridan yashirdi, ayollarning qurblari bunga yetmadi, ular koʻzlaridan duv-duv yosh toʻkib, hazrat etagini soʻnggi bor peshonalariga surtdilar. Koʻrdilarki, uning qoʻyinlari va hamyonlarida ham toshlar boʻrtib turadur.

…Shayxning uzil-kesil javobidan keyin Oʻqtoy va Chigʻatoylar shayx endi oʻzidan koʻrsin deb otga minaverishdi. Joʻji ham noiloj uzangiga oyoq qoʻydi.

Shayx xonaqohga qamalib oldi, qopularni buzamiz, deb oʻylashgan edi. Biroq oʻzlari tomon qilich yalangʻochlab kelayotgan bir qism otliqlarni koʻrib, bu shayx va uning odamlari ekanligini sezishdi.

Ora tobora qisqarib, qirq-ellik chogʻli otliq yuzlagan qoʻshin domiga tushayotgan asnoda yana bir moʻjiza Joʻji qalbini larzaga soldi. Osmoni falakda lak-lak qushlar paydo boʻlib, maydon uzra uvvos solgancha tinmay charx uraboshladi. Moʻgʻullar shuncha jang qilib bunday holga duch kelishmagani sabab hayratlanib koʻkka oʻq uzaboshladilar. Lekin oʻqlar qushlarga yetib bormas, ora-chira borganlari ham nishonga tegmas edi.

Ikki tomon bir-biriga yaqinlashib qoldi. Qilichbozlikka chogʻlangan moʻgʻullar dafʼatan tosh boʻroniga duch keldilar. Toshning bunday zarb bilan otilishini umrida koʻrmagan moʻgʻullar sarosimaga tushib birin-ketin otdan qulay boshladi.

Chiyillagan qushlar qoʻshin ustiga tobora yaqinlashib kelar, toʻp-toʻp otliqlarga chang solmoqchi boʻlar, qanotlaridan chiqqan tovushlar oʻq va kilich saslariga, otlarning hayqirigʻiga qoʻshilib, dahshatli sadoga aylanar edi.

Joʻjining koʻzi oʻng qanotda shiddat bilan qilich sermayotgan yoshi ulugʻ suvoriyga tushib qoldi, viqoridan bildiki, shayx oʻsha. Oʻsha! U goʻyoki zabardast yigitga mengzab naʼra tortar, oʻng qoʻlida qilich oʻynasa, soʻl qoʻli bilan qoʻynidan tosh olib tinmay raqibiga otar, qilichi moʻljalga, toshi nishonga tegmay qolmas edi. Joʻjining koʻnglida birdan bu shayx jodu bilan qoʻshinning koʻzini bogʻlab qoʻygan degan xayol keldi. Keldiyu hayrati nafratga, qiziqishi gʻazabga aylandi. Xos cherigini uning ustiga tashladi.

Kamon oʻqining zahmi va qilich zarbidan oxiri shayx quladi, qulayotib moʻgʻul tugʻchisi qoʻlidagi bayroqqa chang soldi, uning bir parchasini yirtib — uzib oldi.

Soʻnggi nafasda koʻkka nazar tashlagan shayxi kabir oʻz boshi uzra charx urayotgan sonsiz-sanoqsiz qushlarni koʻrdi, ularning orasida hali oʻz nazari tushgan qushni, qarchigʻayni qiyratgan saʼvani ilgʻab oldi, goʻyo oʻsha bitta saʼva yuztaga, mingtaga aylangan, ularga lochinlaru burgutlar qoʻshilib, dunyodagi jami qushlarga sado berayotganday, bari qanot sohiblarini oʻz saflariga chorlayotganday edi. Shayxning koʻzlarida soʻnggi bor umid uchqunlari yiltiradi.

Moʻgʻul shahzodalar Najmiddin Kubro jasadi ustida paydo boʻldilar. Uning panjasidagi tugʻ parchasini olishga buyruq berdilar. Jallodlar qancha urinmasinlar, uni olabilmadilar. Shayx barmoqlarini kesgachgina uzuq-yuluq nimtalarni yigʻishtirib ololdilar. Bu endi bayroq emas edi…

Qushlar yuqorilab ketaboshladi. Gala-gala, aylanib-aylanib uchaboshladi. Soʻngra galalar birlashib, koʻk yuzini qoplab oldi. Kutilmaganda yomgʻir quya boshladi. Bu haqiqatan ham yomgʻirmi yoki koʻqda charx urayotgan qushlarning koʻz yoshlarimi yoxud oq qushlar timsolida manguberdilar koʻksidan otilgan qasos yogʻinlarimi, moʻgʻullar farqiga bormadi.