Ernest Xeminguey. Yomgʻirda qolgan mushuk
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Mehmonxonada bor-yoʻgʻi ikki nafar amerikalik bor edi. Ular oʻz xonalariga chiqib ketayotganlarida zinada uchragan odamlarning birontasini tanimasdilar. Ularning xonasi ikkinchi qavatda joylashgan boʻlib, derazalaridan dengiz koʻrinib turardi. Undan tashqari odamlar dam oladigan bogʻ bilan urush qurbonlari xotirasi uchun oʻrnatilgan yodgorlik ham koʻzga tashlanardi. Bogʻda baland-baland palmalar oʻsar, bu daraxtlarning tagida yashil rang oʻrindiqlar bor edi. Havo ochiq kunlari u yerda doim biron-bir molbertli rassom oʻtirgan boʻlardi. Musavvirlarga palmalar bilan derazalari bogʻ va dengizga qaragan mehmonxonaning muhtasham koʻrinishi yoqardi. Italiyaliklar urush qurbonlari xotirasi uchun oʻrnatilgan yodgorlikni ziyorat qilgani uzoq-uzoqlardan kelishardi. Bronzadan ishlangan bu haykal yomgʻirda yaltillardi. Yomgʻir yogʻmoqda edi. Sharros quyayotgan yomgʻir suvlari palma yaproqlaridan shir-shir oqib tushardi. Shagʻal toʻshalgan yoʻlkalarda xalqob-xalqob koʻlmaklar hosil boʻlgandi. Yomgʻir ostida toʻlqinlar uzun tasma hosil qilib qirgʻoqqa borib urilib, parcha-parcha boʻlib sochilib ketar, soʻng orqaga qaytib yana yomgʻir ostida oldinga yugurar hamda qirgʻoqqa toʻsh urib osmonga sapchirdi. Yodgorlikka yaqin maydonchada bitta ham avtomobil yoʻq edi. Roʻparadagi qahvaxonaning eshigi oldida turgan ofitsiant ayol boʻm-boʻsh maydondan koʻz uzmasdi.
Amerikalik ayol oynadan bogʻni tomosha qilardi. Shundoqqina derazalari tagida, yomgʻir suvi tomchilayotgan yashil stol ostiga bir mushuk yashirinib olgan edi. Jonivor badaniga suv tushmasin uchun gʻujanak boʻlib olgandi.
– Men pastga tushib mushukni olib chiqaman, – dedi amerikalik ayol.
– Men tushib chiqa qolay, – dedi karavatda yotgan eri.
– Yoʻq, oʻzim tushaman. Bechora! Yomgʻirdan qochib stol tagiga kirib olganini-chi.
Eri ustma-ust qoʻyilgan ikkita yostiqqa suyanib olgancha kitob oʻqirdi.
– Ehtiyot boʻl, yomgʻirda qolib ivib yurmagin tagʻin, – dedi u. Ayol zinadan tushib, vestibyuldan oʻtib borayotganda. Mehmonxonaning xoʻjayini oʻrnidan turib ayolga taʻzim qildi. U oʻtirgan xona vestibyulning narigi kunjagida joylashgan edi. Mehmonxona xoʻjayini baland boʻyli moʻysafid edi.
– Il, piove[1], – dedi amerikalik ayol.
U mehmonxona xoʻjayinini oʻziga yaqin olardi.
– Si, si, xonim. Brutto tempo[2]. Bugun havo juda chatoq.
U kunjakdagi nimqorongʻi xonaning oldida turardi. U ayolga yoqar edi. Unga shikoyatlarini tinglayotgan mahal oʻzini haddan ziyod jiddiy tutishi yoqardi. Uning nuroniy chehrasi yoqar edi. Koʻnglini topishga harakat qilishlarini yaxshi koʻrardi. Mehmonxona xoʻjayini degan nomiga sirayam dogʻ tushirmaslikka intilishi yoqardi. Uning qarimsiq, vazmin yuzi va katta qoʻllar yoqar edi.
Shularni koʻnglidan kechirgancha ayol koʻcha eshik yoniga bordi. Eshikni ochdi-da, boshini chiqarib hovliga qaradi. Yomgʻir yanayam kuchaygan. Rezina plash kiyib olgan bir yigit boʻm-boʻsh maydon boʻylab qahvaxona tomon kelardi. Mushuk shu yaqin atrofda, chamasi oʻng tomonda boʻlishi kerak. Balki peshtoq ostidan borsa boʻlar. Ayol ostonadan endi chiqib turganida birdan shirq etib boshi uzra shamsiya ochildi. Uning ortida xonalarini supurib tozalaydigan xodima turardi.
– Yomgʻirda ivib yurmang yana, – dedi u jilmayib italyan tilida. Uni shak-shubhasiz mehmonxona xoʻjayini yuborgan.
Amerikalik ayol boshi uzra shamsiya koʻtargan mehmonxona xodimasi bilan birga derazalari tagidan oʻtgan yoʻlkadan yurdi. Yomgʻir yuvgan yashil stol joyida turibdi, lekin mushuk koʻrinmasdi. Amerikalik ayolning hafsalasi pir boʻldi. Xodima unga yuzlandi.
– Ha perduta, qualque cosa, xonim?[3]
– Hozirgina shu stol tagida mushuk turgandi, – dedi amerikalik ayol.
– Mushuk?
– Ha, ha, mushuk. Si, il gatto[4].
– Mushuk? – xodima kulib yubordi. – Yomgʻirda qolgan mushukmi?
– Ha, – dedi amerikalik ayol, – shu yerda – stol ostida edi. Uni biram koʻtargim, biram erkalagim keluvdi.
Ayol ingliz tilida gapirayotganida xodimaning afti bujmayardi.
– Yuring, xonim, – dedi u, – yaxshisi, qayta qolamiz… Ivib ketdingiz.
– Nachora, yuring, – dedi amerikalik ayol.
Ular mayda shagʻal toʻshalgan yoʻlka orqali izlariga qaytishdi va binoning ichiga kirishdi. Xodima soyabonni yopish uchun boʻsagʻada qoldi. Amerikalik ayol vestibyuldan oʻtib borayotganda xonasida oʻtirgan padrone[5] odati boʻyicha oʻrnidan turib, taʻzim qildi. Ayolning beixtiyor oʻpkasi toʻlib, tomogʻiga bir nima tiqilgandek boʻldi. Radroneni koʻrganda u oʻzini juda ojiz, lekin ayni choqda hurmat-eʻtiborga loyiq xonimlardek sezardi. Hozir esa bir zumga favqulodda hurmatga sazovor ayol ekanini his qildi. U zinapoyadan asta-asta chiqib, xonalarining eshigini ohista ochib, ichkariga kirdi.
Jorj hamon karavotda kitob oʻqib yotardi.
– Xoʻsh, mushukni olib keldingmi? – deb soʻradi u kitobdan bosh koʻtarib.
– U ketib qopti.
– Qayoqqa ketadi? – dedi Jorj.
Ayol karavot chetiga omonatgina oʻtirdi.
– Uni biram erkalagim keluvdi! – dedi u. – Negaligini oʻzim ham bilmayman, lekin bechora mushukni bagʻrimga bosib biram erkalagim keluvdi. Bunaqa yomgʻirda boyoqish qiynaladi.
Jorj yana oʻqishga tutindi.
Ayol pardoz stoli yoniga bordi, toshoyna qarshisiga oʻtirdi va oynakni olib avval soʻl, keyin oʻng tomondan aft-angorini koʻzguga solib qaradi.
Aloha ensasi bilan boʻynini koʻzdan kechirdi.
– Sochimni oʻstirsam nima deysan? – deb soʻradi u yana yon tomondan oʻzini kuzatar ekan.
Jorj boshini koʻtarib, uning qizaloqlarnikidek kalta sochlari yashirolmagan boʻyniga tikildi.
– Menga shu turishi yoqadi.
– Mening esa jonimga tegib ketdi, – dedi ayol. – Oʻgʻil bolaga oʻxshab yurish shunaqayam jonimga tekkanki…
Jorj narigi yonboshiga oʻgirildi. Xotini gapira boshlagandan beri unga qarab yotar edi.
– Bugun judayam boshqachasan, – dedi u.
Ayol oynakni stolga qoʻyib deraza oldiga bordi-da, bogʻni kuzata boshladi. Qosh qoraygan edi.
– Sochimni yigʻib, turmaklab olgim kelayapti, qaniydi silliq qilib tarasam, – dedi u, – keyin, mushugim boʻlishini xohlayman, silayotganimda tizzamda xur-xur qilib yotsa…
– Ih-hm, – deb tomoq qirib qoʻydi Jorj.
– Keyin oʻzimning uyimda, stolimda ovqat yeyishni istayman, qoshiq-sanchqilar oʻzimniki boʻlsa, shamdonlarda sham yonib tursa. Bahor kelishini istayman, toshoyna oldida sochimni tarab oʻtirsam deyman, oʻzimning mushugim boʻlishini istayman, yangi koʻylak olib kiygim kelayapti…
– Boʻldi-e! Kitob oʻqi undan koʻra! – dedi Jorj. U yana oʻqishga tutindi.
Ayol derazadan qaradi. Qorongʻilik quyuqlashib, palma yaproqlari aro yomgʻir shovillab yogʻardi.
– Nima boʻlgan taqdirda ham, mushukni erkalab oʻtirgim kelayapti, – dedi ayol. – Menga hoziroq mushuk kerak. Sochlarimni uzun qilib oʻstirishning, xursandchilik qilishning iloji boʻlmasa, loaqal mushuk olib kelish mumkindir?!
Jorj uning gaplarini eshitmadi. U kitobga mukkasidan ketgandi. Ayol derazadan chiroqlar yonayotgan maydonchaga qaradi.
Eshik taqilladi.
– Avanti[6], – dedi Jorj. U kitobdan boshini koʻtardi.
Ostonada boyagi xodima koʻrindi. U kattakon ola-bula mushukni bagʻriga mahkam bosgancha turardi.
– Afv etasiz, – dedi u. – Xonimga buni radrone berib yubordilar.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014-yil, 12-son
[1] O, yomgʻir yogʻayapti (italyan.).
[2] Ha, ha, xonim. Havo rasvo juda ham (italyan.).
[3] Biror nima qidiryapsizmi, xonim? (italyan.).
[4] Ha, shunday, mushuk. (italyan.).
[5] Xoʻjayin. Mehmonxona xoʻjayini maʻnosida. (tarj.).
[6] Kiring, kiravering (italyan.).
YOMGʻIRDA QOLGAN MUSHUK
Mehmonxona oldiga kelib tushgan amerikaliklar atiga ikkitagina kishi edi: er-xotin muhojirlar. Ular oʻz xonalari tomon yoʻl olishar ekan, yoʻllarida, zinalarda uchratgan odamlaridan hech qaysisini tanimadilar. Muhojirlarning koʻm-koʻk dengiz tomon yuz tutgan xonasi ikkinchi qavatda joylashgandi. Yana katta bogʻ bilan bitta urush yodgorligi ham xonaga roʻbaroʻ yerda edi. Bu ulkan bogʻ ichida oʻsib yotgan bahaybat palma daraxtlari hamda yoʻlkalar chetiga oʻrnatilgan oʻrindiqlar bogʻ koʻrkiga yana-da koʻrk bagʻishlab turardi. Havo soz boʻlgan chogʻlar bu yerda kichkinagina koʻrgazma stendini koʻtarib olgan qandaydir rassom paydo boʻlib qolardi. Osmonga behadik boʻy choʻzib ketgan salobatli palma viqori hamda bepoyon bogʻ bilan dengizga yuzlanib turgan mehmonxona binosining yarqiroq ranglari bu rassomga juda manzur boʻlardi. Boyagi urush yodgorligini tomosha qilish uchun ham bu yerga uzoq-yaqindan koʻplab italiyaliklar kelib turishardi. Haykal bronzadan ishlangan boʻlib, yomgʻir ostida u yana-da yarqirab koʻrinardi. Ayni chogʻda havo tund, sharros yomgʻir quyardi. Palma yaproqlari uchidan ham yomgʻir tomchilari bir-bir tomchilab tushardi. Bogʻdagi shagʻal yoʻlak uzra yomgʻir suvlari katta-kichik halqoblar hosil qilgandi. Bir tomondan cheksiz dengiz betaskin toʻlgʻonib yotar, jala ostida qolgan asov toʻlqinlar dam oʻrindiqlargacha urilib kelar, dam oʻtmay shashtlaridan qaytib, tagʻin ortga chekinib ketishardi. Urush yodgorligi yonidagi maydon ichida turgan turli sayyohlarning yengil mashinalari ham bir zumda bu yerni tark etib joʻnab ketishdi. Maydon chetidagi qandaydir kafe ostonasida paydo boʻlib qolgan bitta ofitsiant kimsasiz qolgan maydon sathi uzra termulgancha turib qoldi.
Shu payt boyagi amerikalik muhojir ayol ham derazadan tashqarini kuzatib turardi. Tashqarida, shundoqqina deraza tagida esa qayoqdandir kelib qolgan kichkinagina bir mushuk oʻsha yerda turgan bitta yashil stol ostida shumshaygancha choʻkkalab oʻtirardi. Jonivor shalabbo boʻlmaslik uchun zoʻr berib gʻujanak boʻlib olishga urinardi.
“Men pastga tushib, anavi mushukchani olib chiqaman”, — deb qoldi ayol birdan.
“Men olib chiqa qolay”, — deya taklif qildi karavotida yotgan eri.
“Yoʻq-yoʻq, oʻzim. Bechora mushukcha yomgʻirdan qochib, stol tagiga oʻtirvolibdi-da, shoʻrlik oʻzini quruq saqlashga chunonam harakat qilyaptiki!”
Eri indamay karavotning oyoq tomonidagi bir juft yostiq ustiga yastanib olgancha yana kitob oʻqishda davom etdi.
“Oʻzing bilasan, faqat ivib ketmagin”, — deb qoldi u xotinining orqasidan.
Ayol pastga tushishi bilan mehmonxona xoʻjayini u yonidan oʻtib ketayotgan vaqtda xonimga bosh egib taʻzim qildi. Xoʻjayinning ish stoli mehmonxonaning eng uzoq burchagida joylashgandi. U novcha boʻyli, yoshi oʻtinqirab qolgan bir erkak edi.
“Hozir bu ishni qanday uddalaganimni koʻrasizlar”, — deb hovliqdi ayol xoʻjayinga qarab qoʻyib, negaki mehmonxona sohibi xonimga bir koʻrishdayoq maʻqul boʻlgandi.
“Si, si, signora, brutto tempo*(1) Bunaqa ob-havoda tashqariga chiqib boʻlmaydi axir”.
Xoʻjayin dim xonaning bir burchagidagi stoli ortida javragancha qolib ketaverdi. Xonim uning gapiga quloq osmasdan yugurgancha tashqariga chiqib ketdi. Shunday boʻlsa-da unga xoʻjayin yoqib qolgandi. Ayolga mehmonxona egasining har qanday shikoyatu noroziliklarni-da oʻta jiddiy ravishda qabul qilishi yoqib tushgandi. U tagʻin erkakdagi salobatni yoqtirgandi. Undagi xonimga boʻlgan mulozamatni yoqtirgandi. Hattoki ayol xoʻjayindagi mehmonxona sohibi boʻlishlik gʻururini ham yoqtirib qolgandi. Yana erkakning qari, semiz yuzi bilan bahaybat qoʻllarigacha ayolning koʻngliga oʻtirib qolgandi.
Mehmonxona egasidan mamnun boʻlgan holda ayol eshikni zarb bilan ochdi-yu, tashqariga qarab qoldi. Yomgʻir yanayam avj olgan edi. Charm yomgʻirpoʻshiga mahkam oʻranib olgan bir erkak kafe tomonga qarab boʻm-boʻsh maydonni shoshilgancha kesib oʻtdi. Haligi mushuk shu atrofda, taxminan oʻng tarafda boʻlishi kerak. Ehtimol bechoragina bironta oʻsimlik ostida gʻuj boʻlib oʻtirgandir. Xonim hamon ostonada qadalib turar ekan, boshi ustida soyabon ochilganini payqadi. Orqasida ularning xonasiga xizmat koʻrsatuvchi oqsoch ayol soyabon koʻtarib turardi.
“Siz ivib ketmasligingiz kerak”, — deb jilmaydi u italyancha soʻzlab. Shubhasiz, oqsochni mehmonxona egasi yuborgan edi. Xonim boshi uzra soyabonni tutib turgan shu oqsoch bilan to oʻzining derazasi ostiga yetib kelgunicha shagʻal yoʻlakcha boʻylab birga ketishdi. Oʻsha yashil stol hamon shu yerda turar, u yomgʻirda yuvilib, yana-da yashil tusda jilolanardi, ammo uning tagidagi mushuk shu tobda qayoqqadir gʻoyib boʻlgandi.
Xonim birdan maʻyus tortdi. Oqsoch ayolga xavotirlanib qarab qoʻydi:
“Ha perduto qualque cosa, Signora?”* (2) – deya asta soʻradi u.
“Anavi yerda mushuk bor edi”, — dedi bazoʻr amerikalik xonim.
“Mushuk”.
“Si, il gatto”* (3)
“Voy, mushuk deysizmi?” – oqsoch qah-qah otib kulib yubordi. “Yomgʻirda qolgan mushuk?”
“Ha”, — dedi xonim gʻamgin, “anavi stol tagida oʻtirgandi”. Keyin u toʻsatdan ingrab yubordi. “O, men uni shunchalar xohlagan edimki! Oʻsha mushukchani shunaqayam istovdimki — “ Ayol qattiq afsuslangancha inglizchalab gapirar, oqsoch esa uning niyatini tushuna olmay hadeb yuzini tirishtirardi.
“Yura qoling, senora”, — dedi u. “Ichkariga kirishimiz kerak. Axir ivib ketasiz”.
“Ha, boshqa ilojimiz ham yoʻq”, — dedi amerikalik ayol nochor.
Ular yana shagʻal yoʻlakcha uzra ortlariga qaytib, eshikdan kirib ketdilar. Oqsoch soyabonni yigʻib olish uchun bir daqiqa tashqarida qoldi. Ingliz xonim yonidan oʻtib ketayotgan onda mehmonxona sohibi unga avvalgiday taʻzim qilib qoʻydi. Lekin bu safar ayolga uning qiligʻi erish tuyulib ketdi. Shu bilan birga xoʻjayinning bu odati yosh xonimga boyagina qilmoqchi boʻlgan ishining nechogʻlik arzimas va ayni paytda gʻoyatda muhim burch ekanligini anglatib yubordi. Ayol eng katta ahamiyatga ega boʻlgan kichkinagina yaxshilikni ham eplab amalga oshira olmagani uchun bir lahza koʻngli choʻkib turib qoldi.
Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi
Izohlar:
* 1 – “Lekin senora, havoning avzoyi buzuq”. (italyan.)
* 2 — “Biror narsangizni yoʻqotib qoʻydingizmi, xonim?”
* 3 — “Ha, ha, mushuk bor edi”.
YOMGʻIRDA QOLGAN MUSHUK
Mehmonxonada ajnabiylardan faqat ikki kishigina bor edi. Er-xotin amerikaliklar. Ularning xonasi ikkinchi qavatda joylashgan, bu yerda derazadan dengiz shundaygina koʻzga tashlanar, beriroqda koʻrkamgina bogʻ va urush qahramonlari sharafiga oʻrnatilgan haykal ham yastanib turardi. Bogʻda palmalar boʻy choʻzib turar, yashil skameykalar qator tizilgandi. Osmon qovoq-tumshuq qilmagan kezlar bu yerda, albatta birorta rassomga duch kelish mumkin edi. Rassomga palmalar, mehmonxonaning jilvalangan peshtoqi va jannatni eslatuvchi mana shu bogʻ ilhom bersa kerak-da.
Yiroq-yiroqlardan italiyaliklar ataylab haykalni tomosha qilish uchun kelishardi. Haykal bronzadan yasalgan, yomgʻirda jilolanib, oʻzidan nur taratardi.
Mana hozir ham yomgʻir sharros quyayapti. Palma yaproqlaridan tomchilar tushyapti. Allaqachon yoʻlaklarda halqoblar yuzaga kelgan. Bu payt dengizga ham kuch inib, pishqirar, toʻlqinlanar, qirgʻoqqa suv toshib chiqardi.
Maydonchadagi haykal oldida bir zogʻ ham yoʻq. Roʻparadagi qahvaxona eshigi oldida ofitsiant suvga boʻkkan boqqa qarab turibdi. Shu damda amerikalik xonim ham xonasidagi deraza ortidan bogʻga nazar tashlayapti. Birdan uning nigohi sergak tortdi. Bogʻdagi skameykalardan birida allaqanday mushuk yashirinib olgan ekan. Xonimning yuragiga olov tushdi:“Bechora, ivib qoladiku?”
-Men pastga tushib, mushukni opkelaman, -dedi u birdan bosar tusarini bilmay.
-Oʻzim boraman,- dedi eri krovatdan jilmay.
-Yoʻq, oʻzim. Bechora jonivor. Yomgʻirdan qoʻrqib, stol tagiga biqinib opti.
Janob endi oyoqlarini choʻzib, yostiqqa suyanib oldi, kitobdan koʻz uzmay min¬gʻilladi:
-Oʻzingniyam shalabbong chiqmasin tagʻin.
Xonim zinalar yoqalab hovliqqancha pastga tushdi. Yoʻlak boʻylab yurgach, katta dahlizga oʻtdi. Eshik oldida mehmonxona xoʻjasi oʻtirgan ekan. Xonimga koʻzi tushgan zahot dik etib oʻrnidan turib, unga nim taʻzim qilgan boʻldi.
Mehmonxona xoʻjasi baland boʻyli, tetik chol edi.
-Ii piove (yomgʻir haliyam yogʻyaptimi?, italyancha),-soʻradi xonim.
-Si, si, signora, brutto tempo(Ha, ha, xonim, chelaklab quyapti oʻziyam, italyancha).
Qariyaning boʻlmasi shu dahliz burchagida joylashgandi. U oʻtib-qaytayotganlarni nazorat qilib, zimdan kuzatib turardi. Mana xonimni uchratdiyu, oʻy-xayollari asfalasofilinga qarab uchdi ketdi. Xonimga qariyaning yuzidagi iliqlik, hurmat-ehtirom, abjirligi koʻngliga yoqib tushdi. Ayniqsa, uning istaraliligi, qoʻllarini koʻksiga bosib iltifot qilishini aytmaysizmi?
Xonim allaqanday iliq hislarga toʻlib-toshib, eshik tutqichiga qoʻl uzatdi.
U tashqariga boʻylaganda yomgʻir chunonam savalardiki, boyaqishning esxonasi chiqayozdi. Tashqari huvillagan dashtday kimsasiz edi. Bir payt yomgʻirpoʻshiga burkanib olgan erkak qahvaxona tomon chopqillab oʻtdi.
Xonimning yuragi bejo ura boshladi:“Mushuk shu atrofda boʻlsa kerak”.
Bogʻ tomonga oʻtishning sirayam iloji yoʻq. Ikki qadam yurmay odamning shalabbosi chiqadi.
Xonim boʻsagʻada oʻyga botib turgandi, tuyqus boshi uzra sharaq etib soyabon qanotlari yoyildi. Ortiga oʻgirilsa, xonasini tozalab-yigʻishtirib yuradigan farrosh ayol turgan ekan.
-Yomgʻir yuvib ketmasin sizni,-jilmaydi u italyan lahjasida soʻz qotib.
Bu xizmatkorni mehmonxona xoʻjasi yuborganini xonim fahmladi.
Soyabon ostida ikkov mushuk yashiringan skameyka oldiga kelishdi. Xonim enkayib, oʻtirgich tagiga qaradi va shu zahot taʻbi tirriq boʻldi.
-Ha,perduta qualque casa,signora?(Siz, biror narsangizni yoʻqotuvdingizmi, sinora, italyancha)
-Si, il qatto(Ha, mushuk, italyancha)
-Mushuk,-farrosh kulib yubordi.-Shu yomgʻirda-ya?
-Ha,-dedi xonim,- mana shu skameyka tagiga biqinib olgandi,-keyin qoʻshib qoʻydi:uni bagʻrimga bosishni shuday istovdimki…
Xonim bu iboran inglizcha aytganda, xizmatkorning yuzi taranglashib, jiddiy tortdi.
-Yuring, senora,-dedi u,- qaytamiz. Bu yerda ivib ketishimiz mumkin.
-Ha, iloj qancha,- yuzlari maʻyus tortdi xonimning.
Ular tagʻin ortga qaytishdi. Shagʻal yotqizilgan yoʻlak boʻylab yurib borib uyga kirishdi. Farrosh eshik oldida toʻxtab, soyabonni boʻshattirdi-da, soʻng lipillab ostonadan ichkariga kirib ketdi.
Amerikalik xonim dahlizda yana mehmonxona xoʻjasiga duch keldi. U avvalgidek eʻzoz bilan nim taʻzim qildi. Shu tob ayolning qayeridir simillagandek boʻldi. Oʻzini bu odam oldida shunchalar ojiz his qildiki…
Xonim abgor holatda zinalar tutqichini ushlab tepaga koʻtarildi. Xona eshigini ochib, ichkari yoʻnaldi. Eri-Jorj kitobga mukkasidan ketgan ekan. Oʻsha holicha oʻtiribdi qilt etmay.
-Xoʻsh, mushukni opkeldingmi?-soʻradi u kitobdan boshini koʻtarib.
-Ketib qolgan ekan.
-Qayerga ketishi mumkin, -dedi Jorj bir lahza xotiniga nigoh qadab.
Xonim krovat chetiga ohista choʻkdi.
-Shu qadar istovdimki,- dedi u alamzadalik bilan,-jonivorni uyimizga opkelishni shu qadar istovdimki, bechora, qayerlarda sangʻib yurganiykin, shu yomgʻirda?
Jorj tagʻin kitobga nigohini burdi.
Xonim xoʻrsinib, qad rostladi. Sudralib toshoyna oldiga bordi. Koʻzguga boqib, oʻziga sinchiklab zehn qoʻydi. Avval u tomoniga, keyin bu tomoniga oʻgirilib qaradi. Oppoq, silliq yuzlari, ensasini siypaladi.
-Sochimni endi oʻstirib yuborsammikin, nima deysan?-yon tomoniga oʻgirilib maslahat soʻradi eridan.
Jorj yana kitobdan koʻzlarini uzib, xotinining oʻgʻil bolalardek kalta qirqilgan sochiga qaradi.
-Menga hozirgisi maʻqul.
-Jonga tegdi,- jigʻibiyroni chiqdi xonimning,- oʻgʻil bolaga oʻxshab yurish jonimga tegdi.
Jorj xotinining koʻnglini avrashga urindi.
-Sen bugun shunchalar ochilib ketgansanki…
Xonim bu gapga parvo qilmadi, koʻzgu oldidan siljib, derazaga yaqinlashdi.
Bir zumda tun choʻkibdi. U derazadan nigohini uzmay yuragi allaqanday shirin orzularga toʻlib-toshib, javray ketdi:
-Bir tutam sochim boʻlishini, yana u silliq boʻlishini istardim, yana gajaklarim halqaday osilib tursa, qoʻl tekkanida yurakkinang eriib ketsa…
-Yana nimalar xohlaysan,-mingʻirladi eri.
-Yanami? Yana… oʻz mushugim boʻlishini. Oh, tizzanga olib, yunglarini silab-siypalab oʻtirsang, mazza-ku?!
-Mm,-nimadir tomogʻiga tiqilgudek boʻldi Jorjning.
-Yana… oʻz stolimda ovqatlanishni, qoshiq va sanchqilar yaltillab turishini istayman. Yana shamlar shuʻla taratsa. Yana atrofda bahor taralib tursa, yana koʻzgu oldida uzun sochlarimni tarab turishni, yana beozorgina mushukni, yana yangi sotib olingan koʻylak, yana…
-Bas,-qichqirib yubordi Jorj qovoq-tumshugʻini osiltirib, soʻng yana jimgina mutolaaga shoʻngʻib ketdi.
Xonim hamon deraza oldida qadalib turardi.
Tun quyuqlashgan, yomgʻir tingan, ammo palma yaproqlaridan tomchilar chakillab tomib tushardi.
-Mayli, bu narsalar kerakmas, faqat mushuk. Loaqal shuni iloji bordir…
Jorjning quloqlariga gap kirmadi goʻyo. U kitobdan uzilmasdi. Xonim nigohini derazaga tikkan, pastdagi gulxan yolqini diqqatini oʻgʻirlagandi.
Shu dam eshik taqillab qoldi.
-Avanti(Kiravering, italyancha),-takalluf qildi Jorj, nihoyat kitobdan nigohini olarkan.
Eshik ochilgach, gʻamxoʻr farrosh koʻrindi. Qoʻynida katta chipor mushuk, mahkam bosib turibdi.
-Kechirasiz,-muloyimlik bilan dedi u,- mana buni xoʻjayin senoraga berib yubordilar.
Umid Ali tarjimasi