Farrux Jabborov. Tovuq yili
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
– Voy-voy-voy, jonidan toʻyganmi bu?! – haydovchining yonidagi oʻrindiqda oʻtirgan xotinning shangʻillashidan hamma sergak tortdi.
“Damas”ning old oynasi “Kamaz”ning kuzoviga “tirs” etib tegdi.
– Shopir aka! Koʻzingizga qarasangiz boʻlmaydimi?
– Bola-chaqamiz bor-a…
– Oʻzingizni oʻylamasangiz ham, orqadagilarni oʻylang!..
“Damas” ichi bir zumda qiy-chuv boʻlib ketdi, goʻyo tovuq katakka aylandi-qoldi. Boyagina barchasi oʻz xayollari bilan band – jimgina kelayotgandi. Endi esa bari bir tomon boʻlib, haydovchini talayapti.
– Sogʻona, eshigingiz ham ochilmay qoldi… – oʻrta qatorda oʻtirgan xotin bozor xaltasini qoʻltiqlab olib, oynaning chambaragiga yopishardi.
Orqa oʻrindiqdagi yigit indamaygina dastakni tortib, eshikni ochdi-da, oʻrtadagilarni kutmasdan sakrab tushib ketdi. Bir mashina “gʻiy-y-y-q” etib chinqirib toʻxtadi. Haydovchisi oynadan boshini chiqarib baqirdi:
– Hoʻ, soʻtak! Katta xolangdan qolganmi, yoʻlning oʻrtasida tushasan!..
“Damas”dagi boshqa yoʻlovchilar ham oʻzlarini tappa-tappa pastga tashlamoqchi edi, bu dakkidan keyin sal es-hushlarini yigʻib olishdi. Koʻgala soqolli chol sekin haydovchining yelkasiga shapatiladi:
– Oʻgʻlim, mashinani chekkaroqqa oling.
Bu paytda “Kamaz”ning qorasi ham koʻrinmasdi: egasi, aftidan, nima boʻlganini payqamadi ham. Yoʻlovchilar bozorda “Damas”ga qanday urilib-surilib minib olgan boʻlsa, hozir yana talotoʻp bilan tushib ketdilar. Har kim oʻziga oʻzi, asablarini tinchlantirish uchunmi, vaysardi:
– Ikkinchi chiqqanim boʻlsin shu qutiga!
– Sal qolsa majaqlanib ketardi-ya…
– Yanayam xudo bir asradi…
Diydiyolar haydovchining qulogʻiga kirmasdi. Rul chambaragini quchoqlab, iyagini tirab, uzoq vaqt karaxt oʻtirdi. Koʻz oʻngida yuzlab darz ketgan oyna: olam ham parcha-parcha boʻlib koʻrinardi.
Narziqulni ikki oʻgʻlining dardi ado qildi. Chopmagan joyi, taqillatmagan eshigi, kirmagan teshigi qolmadi. Toʻyga atab boqib oʻtirgan hoʻkizu qoʻchqorlarini bozorga olib chiqdi. Pulini hali advokatning choʻntagiga tiqdi, hali prokurorning gʻaladoniga soldi. Ish siljiyvermagach, bergani koʻziga kam koʻrindi. Hovlining yarmini pulladi. Uy-joy shoshilinchda suvtekin ketdi. Mayli, bosh omon boʻlsa, doʻppi topilar. Toshkentga qatnab esidan ayrildi, qora yo qizil, yogʻoch yo temir eshiklarga sargʻaydi. Tanish qidirdi, yalindi, erkak boʻla turib koʻzining suvini oqizdi. Yana qarz koʻtardi, uyini ship-shiydam qildi. Kimlargadir choy berdi. Harna kamchiqim boʻlay deb oʻzi yemay, ichmay oʻtirdi… Narziqul topganini qoʻltiqlab chopaverdi, tarvuzi qoʻltigʻidan tushib qaytaverdi. Axiyri akasi boʻlari gapni aytdi:
– Koʻrgilik, uka, koʻrgilik. Peshonangda shu bor ekan, nima qilasan endi… Suyunlarga qoʻyilgan ayblov bilan hech kim qutulib qolmagan hali. Undan koʻra singillarining ertangi kunini oʻylagin. Topganingni havoga sovurma…
Narziqulning toʻlib turgan sabr kosasini toshirgan soʻnggi tomchi boʻldi bu nasihat. Birdan jigargoʻshasining giribonidan oldi. Koʻzlari yoshga toʻlgan, akasining yuzidagi xotirjamlikni payqamas, olam xiralashib qolgandi:
– Siz ham qarzingizni soʻragani keldingizmi? Bitta “Matiz”cha ekan-ku, olib beraman, oʻlib qolmasam. Toʻgʻri aytgan, oʻzi: jon qarindosh – mol qarindosh emas, deb. Hammangning oʻying – bergan pullaringni amallab qaytarvolishda! Mening ikki oʻgʻlim-chi… Mushtdayligidan koʻz oʻngingizda oʻsmaganmi?! Bugun boshiga ne kunlar tushmayapti. Tanasi boshqa dard bilmas ekan…
Hotam ukasining nimjon qoʻllarini yoqasidan boʻshatdi, boshini oʻng yelkasiga oldi, oppoq sochlariga tikilib qoldi, sekin kiftiga qoqdi:
– Qoʻy, uka. Jonim achiganidan aytayapman. Moshini ham, puli ham… oʻgʻillaringning boshidan sadaqa!
Narziqul qoq changakka aylangan qoʻllari bilan boshini ushlagancha yerga oʻtirib qoldi. Koʻzlari shishib ketgan, qaddi bukchaygan xotini koʻrpacha keltirib, tagiga toʻshamoqchi edi, unamadi:
– Qoʻyaver… Yer zahrimni olar, – xuddi yosh boladay tuproqqa nimalarnidir chiza, yoza boshladi. – Kecha pochcham kelgandi. Kamxarj boʻlib qoldik, ot olmoqchiydik… deydi. Oʻzi, eshik taqillashidan yurak oʻynogʻim bor. Koʻngil soʻragandan, pul soʻragan koʻp, aka! Opam girdikapalak boʻladi, tish yorolmay ketadi – dardi shu ekan…
– Pochchangning feʻlini bilasan, Hadichaga ham oson tutma… – Nimalarnidir chamaladi, shekilli, moʻylovining uchini burab xayolga toldi. – Oʻzim gaplashib koʻraman. Birovdan topib berarman… – yuziga fotiha tortdi-da, oʻrnidan turdi. Darvozaxonaga burilmasidan qadamini sekinlatdi. Orqaga qaramay dedi: – Sen… haligi gapni oʻylab koʻr…
Narziqul haliyam tuproq oʻynab oʻtirardi. Mayin tuproqni ikki tomonga siyirib, tekis joy ochdi. Choʻp bilan qirib yoza boshladi: “Suyun”, “Furqat”. Yozuvning ikki tomonida bir uyumdan tuproq turardi. Ota qilgan ishidan seskanib ketdi. Soʻng faqat oʻng tomondagi uyumni tekislab tashladi.
Xotiniga aytolmadi. Lekin kazo-kazolarga sovuqqina qilib tushuntirdi: “Shuncha qilganim, hech boʻlmasa, birini asrab qolish uchun yetar… Kichigi koʻp aralashmagan-ku!..”
Er-xotinning kiygan yangiroq kiyimi ham yuz-koʻzidan tortib bor boʻyicha, butun borligʻiga singib ketgan gʻam-anduhni yashira olmas edi. Ayolning qoʻlidagi bozorxalta qaddini yanada egib qoʻygan, erining esiga kelmaganmi, oʻzi oldinda ildamlab borardi. Muyulishda “Damas” turgan ekan, shunga shoshgan chiqar. Mashina eshigini ochdi, ichkariga alanglab, bitta joy boʻshligini koʻrdi. Loʻkillab ortiga qaytdi-da, xotinining qoʻlidagi yukni oldi. Shitoblab kelib, “Sigʻishaylik”, dedi eshitilar-eshitilmas. “Siz toʻrga oʻting, yangam oʻrtaga amallar”.
Narziqulning boshi doʻq-doʻq etib tepaga tegib borarkan, dam-badam haydovchining oʻrniga qarab qoʻyardi. Oʻsha old oynasi singan safar “Damas”ni ham egasi olib qoʻygan. Shu koʻyi piyoda, mashina minib oʻrgangan odam yayov qolsa, qiyin boʻlarkan. Istaganida oʻt oldirib, istaganida toʻxtatadigan odam birovning raʻyiga qarab tursa… “Damas” har chuqurga tushganida xotini ham ilinibgina oʻtirgan oʻrnidan otilib ketadi: shoʻrlikkina oʻzini oldirib qoʻydi, ilgarilari yursa, yer lorsillardi-ya…
Temir eshiklar “shirq-shirq” etib birin-ketin ochilib borar, ayol hech qayerga qaramasdan erining ortidan ketardi, eri esa melisaga ergashgan.
Koʻrsatilgan xonaga kirib oʻtirdilar. Ayol roʻmolini bilimsizgina toʻgʻrilab qoʻydi, atrofga alang-jalang qaradi. Oʻrnidan turib, erining narigi yonboshiga ham oʻtdi – yoʻq!
– Iy, xaltamiz qani?!
– Kirishda olib qoldi-ku! Oʻzlari berisharkan.
– Tushuntirishim kerak edi-da, ikkoviga boʻtan-boʻtan qilganman.
– Biladi, qizlaring “Bunisi Suyun akamga”, “Bunisi Furqat akamga”, deb yozayatuvdi.
Ayolning koʻngli xotirjam tortdi, borib oʻrniga oʻtirdi, yana roʻmolini toʻgʻrilab qoʻydi. Etagini yigʻishtirgan boʻldi.
“Gʻi-yq”. Eshik koʻklamda qaytgan gʻozday ovoz berdi. Furqat… baland, yelkador, istaraligina yigit jilmayib kirib keldi. Bilmagan odam uni mahbus emas, shu yerda ishlasa kerak, deb oʻylaydi. Otasi bilan quchoq ochib koʻrishdi, onasining bagʻriga intildi:
– Yaxshi yuribsizlarmi? Yangam, singillarim tuzukmi? Qishloqda nima gaplar?.. – U labi labiga tegmay soʻrashar, ota-onasining savol berishiga imkon qoldiray demasdi. – Ola sigirimiz tugʻdimi, ogʻzilaringiz oqqa yetib qolgandir…
Halitdan beri tinmay yigʻlayotgan ona:
– Sizlarga gʻilmindi qilib kelganman. Yupqasini singillaring yoygan. Melisalar keyin berisharkan… Akang koʻrinmaydi? Diyni sogʻmi?..
“Bir oz shishibdi… – oʻyladi ota. – Qiynashganmikan? Suyun nega chiqmadi? Oldingi kelganida oxirgi uchrashishimiz, degandi. Oʻzi bolaligidan qaysar edi-da. “Bizdan umidingizni uzing. Har kimga sargʻayavermang. Iloji boʻlsa, ukamni qutqaring. Boʻlmasa, singillarimga yaxshi qarang. Boʻlarimiz boʻldi…” – deya gapni qisqa qilgandi. Ota oʻgʻlining, balki oʻzining ham koʻnglida umid uygʻotmoqchi boʻldi: “Bovangning bir tanishi Toshkentda ishlar ekan…”, “Togʻang vazirlikdagi kursdoshini qidirib ketdi…”. Suyun otasining gapini boʻlmasdan eshitdi-da, horgʻingina “mayli”, deya oʻrnidan turdi…
Ona-bola quyuq suhbatlashib oʻtirardi. Furqatdagi koʻtarinkilik onasiga ham yuqibdi. U dunyodagi eng baxtiyor ayoldek dunyodagi eng xush xabarni oʻgʻliga yetkazardi:
– Otang aytdi: hademay seni chiqazadi, qor tushguncha akang ham qutular ekan. Toshkendagi katta tanishini ishga solib edi, undaychikin odamlar bitta telpon ursa, nima degan gap, sizlarni qamaganlarding oʻzini qamab qoʻyishar…
Furqat maʻyus tortib qoldi: eh sodda onam-a, nimalar boʻlayotganini tasavvur ham qilolmaydi. Ayol oʻgʻlidagi maʻyuslikni oʻzicha tushungan boʻldi:
– Qizlarning eng sarasini kelin qilamiz. Aytganingni olib beramiz. Ha, otasi… – deya eriga yuzlandi.
Narziqul nima deyarini bilmay, koʻzini olib qochdi. Shu payt “Vaqt tugadi!” degan keskir ovoz yangradi. Ayol oʻrnidan sapchib tushdi: bir eriga, bir melisaga javdirab qaradi, oʻgʻlining boʻynidan quchdi, yuzidan oʻpdi. Yigitning miyasida “Shukr!” degan soʻz yalt etib oʻtdi.
– Hammaga salom aytinglar. Koʻrdingizlar, biz yaxshimiz. Oʻzingiz aytganingizday, tez kunlarda chiqarib yuborishadi…
Er-xotin yana temir eshiklar oralab borardi. Endi ayol har yoqqa alanglab, har bir derazaga koʻz tikadi: qayerdadir Suyuni qarab turmaganmikan?!
Ayol nimalar boʻlayotganini anglamas edi. Katta zal, toʻrda baland minbar: kurkaning xoʻroziga oʻxshab baqbaqalari shishgan, badqovoq odamlar qoʻr toʻkib oʻtiribdi. Oʻng qoʻlda temir qafas: ichida Suyun, Furqat va oʻrtoqlari tik oyoqda turibdi. Pastda qator-qator oʻrindiqlarda tumonat odam, chol ham bor, kampir ham; doʻppili ham bor, doʻppisiz ham; soqolli ham, soqolsiz ham; hijobli ham, hijobsiz ham; roʻmolli ham, roʻmolsiz ham… Kimlargadir soʻz beriladi, oldinga chiqib gapiradilar: birovi maynaday sayray ketadi, birovi boyoʻgʻliday gʻoʻldirab qoladi. Savol soʻraydi, javob aytadi. Yigʻlaydi, yigʻlaydi…
Ayol qoʻlidagi roʻmolning tugunini yechadi: soʻz navbati kelsa, shoshib qolmay deydi, qandaydir qogʻozlarga koʻz tashlaydi, sudyalarga ham koʻrsatmoqchi: mana, oʻgʻillarim juda yaxshi oʻqigan, domlalari otangga rahmat degan bitik joʻnatgan, deydi… Lekin unga hech kim soʻz bermaydi. Eri oʻrnidan turib chaynaladi: … rahmat… bilmay qolibmiz… kechirim soʻraymiz… Jim qoladi, gapini yoʻqotadi: oʻzi, oʻgʻillarim bundaqamasidi, kimlardir yoʻldan urgan-da, deb yuboradi. Shu tobda Suyunning oʻqday nigohiga koʻzi tushib, tilini tishlaydi, yana oldingi xirgoyisini takrorlaydi: … rahmat… bilmay qolibmiz… kechirim soʻraymiz…
Toʻrdagilar chiqib ketadi, yana qaytib kiradi, bir nimalarni oʻqib beradi, qandaydir raqamlarni tilga oladi. Zaldagilarning ayrimlari hushidan ketadi, ayrimlari ajinlarini toʻldirib oqayotgan yoshlarini artadi… Panjara ichidagilarning baʻzilari tashqari chiqariladi, kishanlar yechiladi, atrofini yaqinlari oʻrab oladi.
Ayol ozod etilgan mahbus borki, mening bolam emasmikan, deya tikiladi. Yana qaraydi, koʻz uzmaydi. Oxiri Furqatning ham qoʻlini boʻshatdilar. Ona negadir unga emas, panjara ichiga talpinadi, melisalar yoʻlini toʻsadi, yashil kiyimlar osha toʻngʻichiga soʻz qotadi: “Suyun, sen xafa boʻlma. Bolam, qishga qolmay seni ham qoʻyvorishadi…”. Oʻgʻil bu tomonga qaramaydi, boshini tik tutgancha turaveradi. Onaizor hali gapini tugatmasdan oʻzini Furqatning quchogʻida koʻradi. Qizlari girdikapalak boʻladi. Ota oʻgʻlining yelkasiga qoqib qoʻyadi. Zaldagi yana bir kishini hamma unutadi. Yuziga dogʻ tushgan juvon panjara ichidan koʻz uzmaydi, bir nigohni qidiradi, tutib olmoqchi boʻladi. Biroq Suyun qilt etmay turaveradi…
Qarindosh-urugʻlar, tanish-bilishlar, doʻst-yoronlar qutlagani keladi: “Oʻgʻlingiz qaytib, bagʻringiz toʻlib qoldimi”, deya koʻngil soʻraydi. Lekin na otaning, na onaning koʻngli yorishadi. Nim tabassum etadilar. Ham toʻy, ham aza…
Suyun bilan koʻrishib boʻlmaydi. Boshida oʻzi koʻnmaydi, keyin melisalar. Axiyri, tanish bir komandir uni qorovulminoraga chiqarishga vaʻda qiladi. Aytilgan vaqtdan ancha oldin butun oila baland devor yaqinida jamuljam boʻladi. Askar ulardan bunday toʻplanib olmaslikni, bir nechasining nari ketishini soʻraydi. Furqat ikki singlisini ergashtirib, xoliroq joyga borib turadi. Hammaning nigohi beton devor, tikanakli simlar, temir qorovulminoraga tikilgan. Soat millari imillaydi. Quyosh tobora qizdiradi, yuzlardan ter quyiladi. Lekin koʻz yumilmaydi. Mana shu kutish, mana shu sukunat bir umr davom etadigandek…
Axiyri qorovulminoraga kimdir koʻtariladi. Tanish komandir xotirjam bosh irgʻaydi, besh barmogʻini yozib koʻrsatadi-da, yana pastlaydi. Endi tepaga koʻtarilgan odam Suyunga kelbat beradi. U tomon intiladilar, ovoz yetar joyga yetishganida, Suyun avval otasiga, onasiga, keyin ayoliga, ukasiga, singillariga bir-bir qaraydi, lekin nigohlar toʻqnashmaydi. Soʻng oʻz odaticha uzoq-uzoqlarga burgutqarash qilganicha deydi:
– Ota… Nevarangiz tugʻilsa, ismini Yodgor emas, Elbek qoʻying!
Otasining mungli moʻltirashiga, onasining hay-haylashiga, ayoli va singillarining izillashiga, ukasining chaqirigʻiga parvo qilmay, temir zinalarni ogʻir qadamlari bilan “tap-tap” bosganicha pastlab ketadi…
2013