..

Frants Kafka. Evrilish

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Bir kuni ertalab behalovat uyqudan uygʻongan Gregor Zamza oʻzining bahaybat hasharotga aylanib qolganini koʻrdi. U chalqancha yotar, yelkasini sovutday suyak qoplagan edi. Boshini koʻtargan edi, qornida paydo boʻlgan suyaksimon tangachalarga koʻzi tushdi. Koʻrpa doʻppaygan jigarrang qornidan sirgʻalib yerga tushay-tushay deb turardi. Tanasiga nisbatan ayanchli darajada kichik oyoqlari koʻz oldida tinmay pitirlardi.
— “Menga nima boʻldi oʻzi?”, — deb oʻyladi u. Axir, bu tush emas-ku. Oʻsha qadrdon xona. Tor boʻlsa ham odam yashaydigan xona, oʻsha toʻrt devor. Stolda har xil gazmollardan qirqib olingan namunalar sochilib yotar edi. (Gregor Zamza kommivoyajer edi). Stolning tepasida tilla suvi yuritilgan romda yaqindagina oʻzi jurnaldan qirqib olgan portret osilib turardi. Unda moʻyna shlyapa bilan gorjetka kiygan qaddi ravon xonim oʻtirar va qirqma yengga tiqilgan qoʻlini choʻzib turardi.
Gregor tashqariga qaradi. Tund havo, deraza tokchasidagi tunukaga urilayotgan yomgʻir tomchilari kayfiyatini battar tushirib yubordi. “Yana jinday uxlasam yaxshi boʻlardi. Har xil bemaʻni narsalarni unutish kerak”, deb oʻyladi u. Ammo endi uxlash oson emas edi. U doim oʻng yonboshini bosib yotishga koʻnikkan, ammo hozirgi ahvolda yonboshga oʻgirilish amrimahol edi. Gregor qancha urinmasin, yana chalqanchasiga agʻdarilib tushaverdi. Tinimsiz tipirchilayotgan oyoqchalarini koʻrmaslik uchun koʻzini yumib, yonboshiga yotmoq uchun yana bir urinib koʻrdi. Butun kuchini toʻplab, harakat qildi — boʻlmadi. Nihoyat, oʻng biqinida oʻziga notanish bir ogʻriqni, soʻniq simillayotgan ogʻriqni sezdi-yu, harakatdan toʻxtadi.
— “Oh, parvardigor! — deb oʻyladi u, — nega bu dahzama kasbni tanladim oʻzi! Har kuni chop-chop, yugur-yugur. Har kuni qayergadir joʻnash kerak. Boradigan shaharda ish joyingdagidan ham koʻproq tashvish, bu ham yetmaganiday, yoʻl azobiyu poyezdlar jadvalini oʻylashing kerak, doimiy och-nahorlikka chidamogʻing lozim. Yana har xil notanish odamlar bilan nosamimiy suhbatlashishga, bitimlar tuzishga majburligingni aytmaysanmi! Jin ursin hammasini!” Gregorning birdan qorni qichisha boshladi. Boshini koʻtarish oʻngʻay boʻlishi uchun yotgan joyida karavot panjarasi tomon siljidi, qichiyotgan joyni topib, oyoqlarining biri bilan qashlamoqchi edi, ammo shu zahotiyoq oyogʻini tortib oldi, chunki badaniga sal tegilsa, Gregor bezgak tutganday qaltiray boshlardi.
U yana avvalgi holatiga tushib yotdi. «Har kuni saharlab turaversang jinni boʻlib qolish hech gap emas, — deb oʻyladi u, — odam toʻyib uxlashi kerak. Boshqa gumashtalar kanizaklarga oʻxshab yashaydi. Masalan, men buyurtmalarni koʻchirib yozish uchun mehmonxonaga qaytganimda, bu janoblar endigina nonushtaga oʻtirgan boʻladi. Men ham ularga taqlid qilguday boʻlsam, xoʻjayin shu kuniyoq ishdan haydaydi. Kim biladi, balki bu men uchun yaxshi boʻlarmidi. Agar ota-onamni oʻylab, oʻzimni tiymaganimda, allaqachon ariza yozib ishdan boʻshardim-da, xoʻjayinning yoniga borib, kimligini yuziga shartta aytar edim. Ana shunda u oʻz choʻqqisidan gursullab tushardi. Xoʻjayinning gʻalati odati
bor: idora — uning choʻqqisi. U oʻsha choʻqqidan turib xizmatchilar bilan muloqot qiladi. Buning ustiga qulogʻi kar, gap tushuntirmoq uchun albatta unga yaqin kelish — laʻnati idoraga borish shart. Har qalay, noumid shayton: xoʻjayindan ota-onamning qarzini uzaman-da, bunga besh-olti yil kerak, xolos, — aytganimni qilaman. Ana oʻshanda biz u bilan hisoblashamiz. Hozircha bu haqda oʻylamay oʻrindan turish kerak, poyezd soat beshda joʻnaydi.»
U sandiq ustida chiqillayotgan soatga qaradi. “E xudo!” deb yubordi ichida Gregor: soat olti yarim edi. Yoʻq, yigirmata kam olti… Soat millari bamaylixotir yana oldinga siljimoqda edi. Nahotki, jiringlamagan boʻlsa? U roppa-rosa toʻrtda jiringlashi kerak edi, shubhasiz jiringlagan ham. Ammo xonadagi mebelni titratib yuborishga qodir bu shovqindan uygʻonmagani qiziq. U notinch, balki shuning uchun qattiq uxlagan. Endi nima qilish kerak? Navbatdagi poyezd soat yettida joʻnaydi. Unga ulgurish lozim. Hali gazmol namunalari joylashtirilmagan, ustiga-ustak Gregorning taʻbi xira, oʻrnidan turishga hafsalasi yoʻq. U poyezdga ulgurgan taqdirda ham xoʻjayindan soʻkish eshitadi: savdo uyining xodimi — soat beshda ketadigan poyezdni kuzatadigan
navbatchi — Gregorning kechikkanini xoʻjayinga allaqachon yetkazgan. Bu befarosat va irodasiz odam — xoʻjayinning oʻng qoʻli. Tobim qochib qoldi, desa-chi? Yoʻq, bu noqulay — shubha tugʻdirishi mumkin, chunki Gregor besh yil xizmat mobaynida biror marta ham kasal boʻlgan emas. Agar tobi qochib qolsa, xoʻjayin darrov kassa bemorxonasining vrachini sudrab keladi. Ota-onasiga Gregorni koʻrsatib, vrachning fikrini, “Dunyoda kasal odam yoʻq, lekin hamma mehnatdan qochadi”, degan fikrini roʻkach qilib, hech kimning ogʻzini ochirmaydi. Axir, Gregor bugungi ahvolida oʻzicha haq-ku… Faqat shuncha uxlasa ham uyquga toʻymaganiga hayron edi. Shunisi boʻlmaganda, Gregor oʻzini deyarli yaxshi his qilar, hatto oʻlgudek och edi.
U yotgan joyidan turishga yuragi betlamay, shularni oʻylar ekan, soat chorak kam yettiga zang urdi, kimdir eshikni sekin taqillatdi.
— Gregor, — (chaqirgan onasi edi), — soat chorak kam yetti boʻldi, joʻnashing kerak edi-ku?
Bu mehribon ovoz! Lekin Gregor oʻz javobidan — boʻgʻzidan chiqqan gʻalati tovushlardan qoʻrqib ketdi. Garchi bu oʻz ovozi boʻlsa-da, unga qandaydir zohiriy tovush — xasta bir chiyillash qoʻshilib, aytgan soʻzlari faqat bir lahzagina ravshan eshitildi-yu, soʻng maʻnosini anglash qiyinlashdi. Eshitgan kimsa oʻz qulogʻiga ishonmay qolardi. Gregor onasiga nima gapligini batafsil tushuntirmoqchi boʻldi, ammo ahvolining tangligini eslab, qisqagina:
— Ha, ha, rahmat, ona. Hozir turaman — dedi.
Yogʻoch eshik orqasida uning ovozi oʻzgarib qolganligini onasi anglamadi shekilli, uning xotirjam uzoqlashayotgan qadam tovushlari eshitildi. Lekin bu qisqa suhbat qolgan oila aʻzolarining diqqatini jalb etdi. Gregorning hali ham ketmaganligi ularni taajjubga soldi, otasi yon eshiklardan birini sekin, ammo mushti bilan urib:
— Gregor! Gregor! — deb qichqirdi. — Nima gap oʻzi?
Boshqa eshik ortidan Gregorning onasi ohista:
— Gregor, tobing qochdimi? Yordam kerak emasmi? — dedi achinib.
Gregor: “Hozir chiqaman!” deb javob qaytardi. Bu ikki soʻzni aytayotib, ularning har birini alohida, aniq ravshan talaffuz qilishga tirishdi. Buni qarangki, otasi bamaylixotir iziga qaytib, nonushtaga oʻtirdi. Faqat onasi hamon eshik ortida shivirlardi:
— Gregor, eshikni och, ochaqol, oʻgʻlim!
Ammo Gregor ochishni xayoliga ham keltirmasdi, har xil mehmonxonalarda tunayverib, doim eshikni zanjirlab yotishga odatlanganini esladiyu ichida xursand boʻldi.
Yoʻq. U avval oʻrnidan turib, kiyinishi kerak. Keyin bir gap boʻlar. Chunki Gregorga ayon boʻldiki, karavotda yotganda boshga biror tuzuk fikr kelmaydi. U ilgari ham bugungiga oʻxshash holat boshidan oʻtganini esladi: masalan, gohida, nooʻngʻay yotganidanmi, tanasida qandaydir ogʻriq sezardi-yu, ammo oʻrnidan turgan zahoti ogʻriq yoʻqolar, Gregor buning tasavvur oʻyini ekanligini tushunar edi. Gregor hozir ham bugungi roʻyoning tumanday tarqalib ketishini qiziquvchanlik bilan kutib yotardi. Ovozining oʻzgarib qolgani esa — gumashtalarning hammasiga xos kasallikdan dalolat — shamollash oqibati, bunga shubha yoʻq.
Koʻrpadan chiqish unchalik qiyin boʻlmadi: Gregor qornini sal shishirgan edi, koʻrpaning oʻzi sirgʻalib polga tushdi. Ishning qiyini oldinda: negaki, Gregorning tanasi yapasqi va haddan tashqari katta: suyanib turish uchun unga qoʻl kerak; ammo qoʻl
oʻrnida sanoqsiz zaif oyoqchalar tartibsiz tipirchilar, Gregor ularni mutlaqo boshqara olmas edi. Aytaylik, u oyoqlaridan birini bukmoqchi boʻlsa oyoq unga boʻysunmay choʻzilar, bir amallab uni bukishga majbur qilsa, qolganlari xuddi ozodlikka chiqqanday, tinimsiz tipirchilay boshlar edi. “Zudlik bilan oʻrindan turish kerak!”, dedi ichida Gregor.
Dastlab u gavdasining pastki qismini toʻshakdan ozod qilmoqchi boʻldi (darvoqe, gavdasining bu boʻlagini hali koʻrmagan, tasavvur ham qilolmas edi). Lekin bu joyining nihoyatda kamharakat ekanligini sezdi. Xullas, ish juda sekin borardi. Shunda uning jahli chiqib, bor kuchi bilan oldinga tashlandi, ammo moʻljalni notoʻgʻri oldi shekilli, gavdasining pastki qismi karavot simlariga tegib, qattiq ogʻridi, Gregor bildiki, gavdasining ana shu boʻlagi — eng nozik joy ekan.
Shu bois Gregor avval oʻzining bosh tomoni bilan yerga tushishga urinib, boshini karavot chetiga bura boshladi. Bu ish uncha qiyin boʻlmadi. Katta va ogʻir boʻlishiga qaramay, gavda ham boshning izidan siljiy boshladi. Nihoyat boshi karavotdan osilib qolganda Gregor qoʻrqib ketdi, chunki yiqilib tushsa, boshi lat yemasdan qolmas edi. Xushdan ketishi mumkin emas, ayniqsa, hozir mumkin emas. Hozircha oʻrnida yotgani maʻqul.
Ammo u nafasini rostlab, avvalgi holatiga qaytganda, gujgʻon oʻynayotgan oyoqlarini koʻrib, ularni tartibga keltirolmay ovora boʻlganida, Gregor karavotdan iloji boricha tezroq tushish lozimligini, hamma narsani qurbon qilib boʻlsayam, bu oʻrindan tezroq qutulish kerakligini angladi. Shu bilan birga qiziqqonlikdan foyda yoʻqligini, hammasini puxta oʻylab koʻrish zarurligini ham esdan chiqarmasdi. Gregor koʻzlarini yirib derazaga qaradi. Ammo koʻchaning narigi betini ham koʻrib boʻlmaydigan tumanda koʻngilga taskin beruvchi biror narsani ilgʻash amrimahol edi. “Allaqachon soat yetti boʻldi, — deb oʻyladi Gregor soat zang urganda, — soat yetti, tuman boʻlsa haligacha tarqagani yoʻq. Gregor bir lahza jim yotdi, goʻyo bu jimlik uni tabiiy borliqqa qaytarishini kutganday, sokin nafas olib yotdi. «Nima qilib boʻlsa ham, soat yettidan oʻn beshta oʻtmay, bu laʻnati karavotni tark etmoq zarur. Aytganday, shu orada meni soʻrab kelishlari ham mumkin. Axir, idorada ish soat yettidan oldin boshlanadi-ku!” Gregor butun tanasini ishga solib, bir maromda chayqalgancha karavotdan tushishga unnadi. Agar shu alfozda yerga yiqilsa-yu, boshini koʻtarib qolishga ulgursa, balki boshi lat yemas. U yelkasi toshbaqa kosasiday qattiq ekanligini bilar, gilam ustiga tushsa, hech narsa boʻlmaydi, deb oʻylardi. Uni yiqilgan paytida chiqadigan shovqin, gursullagan tovush koʻproq tashvishlantirar edi. Negaki, uydagilar bu shovqinni eshitib, qoʻrqib ketmasa ham, harholda ancha bezovta boʻladi. Lekin, nachora, boshqa iloj yoʻq.
Gregor chayqala-chayqala karavot chekkasiga keldi. Gavdasining deyarli yarmi polga osilib turardi. Uning harakati mashaqqatli mehnatdan koʻra, koʻproq oʻyinga oʻxshardi. Gregor karavotda osilib turar ekan, “Hozir menga yordam bersa ish ancha oson koʻchardi”, deb oʻyladi. Ikkita kuchli odam — u otasi bilan xizmatkor qizni nazarda tutdi — boʻlsa bas: ular Gregorning doʻng yelkasidan koʻtarib yerga tushirishsa, keyin Gregor qorniga agʻdarilayotganida koʻz-quloq boʻlib turishsa kifoya: shunda Gregorning moʻjaz oyoqchalari ham qandaydir mohiyat kasb etarmidi. Yoʻq, yoʻq, hatto eshik ochiq boʻlsa ham Gregor hech kimni yordamga chaqirmaydi. Bu fikrdan — ahvolining ayanchligiga qaramay — ichida kulib qoʻydi.
Gregor tipirchilay-tipirchilay karavot chetiga kelib qoldi, zoʻrgʻa muvozanat saqlab, endi agʻdarilmoqchi edi, dafʻatan koʻcha eshigidagi qoʻngʻiroq jiringladi. “Firmadan odam keldi”, deb oʻyladi Gregor, keyin nafasini ichiga yutib, tik qotdi. Oyoqlari boʻlsa, aksincha, avvalgidan ham tezroq tipirchilay boshladi. Atrof suv quygandek jimib qoldi. “Eshikni ochmasalar kerak”, dedi ichida Gregor telba bir umid bilan. Ammo xizmatkor qizning odatdagi dadil qadami eshitildi — borib eshikni ochdi. Gregor, boʻsagʻadanoq salom byorib kelgan odamni darrov tanidi: idora boshqaruvchisi. Arzimas bir qusur ham yomon shubha uygʻotadigan bu idorada ishlash nahotki Gregorning manglayiga yozilgan boʻlsa? Axir bu idora xizmatchilarining hammasi ham firibgar emasku, ular orasida oʻz kasbiga sodiq, halol odam ham bor-ku, agar bu odam ishdan bir-ikki soat kechikkan boʻlsa-yu, vijdoni qiynalib, toʻshakdan turolmay yotsa, nima qilibdi? Nahotki xabar olish uchun biror shogirdini yuborish mumkin boʻlmasa? Nahotki boshqaruvchining oʻzi kelib, ishga bormagan odamning jinoyatini tekshirish faqat uning — boshqaruvchining qoʻlidan kelishi mumkinligini begunoh oila aʻzolari oldida namoyish qilishi shart boʻlsa? Gregor bir qarorga kelganidan emas, balki boshida aylanayotgan shunday fikrlardan junbishga tushdi va bir yulqinib, yerga agʻanadi. Zarb qattiq boʻlsa-da, Gregor gilamga yiqilganidanmi yoki yelkasi u oʻylagandan koʻra qulay, qayishuvchan boʻlganidanmi, tovush boʻgʻiq chiqdi…
— Bir nima tushib ketdi shekilli, — dedi boshqaruvchi chap tomondagi xonadan.
Gregor boshqaruvchini oʻzining ahvolida tasavvur qilib koʻrdi: bugungi yuz bergan voqea boshqaruvchining boshiga ham tushishi mumkin-ku. Ammo Gregorning fikrlarini inkor qilganday, boshqaruvchi qoʻshni xonada loklangan etiklarini gʻirchillatib shiddat bilan bir necha qadam tashladi. Oʻng yonidagi xonadan, Gregorni ogohlantirishga urinib, onasi shivirladi:
— Gregor, boshqaruvchi keldi.
— Bilaman, — dedi Gregor asta: u ovozini onasi eshitadigan qilib koʻtarishga jurʻat etmadi.
— Gregor, — dedi otasi chap yondagi xonada turib, — janob boshqaruvchi keldi. U nega ertalabki poyezdda ketmaganligingni soʻrayapti. Nima deb javob berishni bilmayapmiz. Aytganday, u sen bilan oʻzi gaplashmoqchi. Shuning uchun, iltimos, eshikni och. Janob boshqaruvchi xonadagi tartibsizlikni koʻrib, maʻzur tutar, deb oʻylayman.
— Yaxshi yotib turdingizmi, janob Zamza? — deb muloyim gap qistirdi boshqaruvchi.
— Uning tobi qochgan, — dedi onasi boshqaruvchiga (shu payt otasi Gregorga gapirayotgan edi), — menga ishoning, janob boshqaruvchi, uning tobi yoʻq. Boʻlmasa, Gregor poyezdga kechikarmidi! Axir, bolagina, faqat firmani oʻylaydi, men hatto undan xafa boʻlaman: kechqurunlari hech yoqqa chiqmaydi, mana, shaharda sakkiz kun boʻlib, uydan chiqmay oʻtirdi. Stolga koʻksini berib, jimgina gazeta oʻqiydi yoki poyezdlar jadvalini koʻradi… Birgina ermagi — yogʻoch qirqish: masalan, ikki oqshom ichida binoyidekkina rom yasadi, mana, Gregor eshikni ochsin, oʻzingiz koʻrasiz, qarab koʻz toʻymaydi. Ammo sizning tashrifingingizdan men baxtiyorman, janob boshliq; Gregor oʻzi oʻjar, ertalab oʻzi boʻyniga olmagan boʻlsa-da, men bilaman — tobi yoʻq.
— Hozir chiqaman, — dedi Gregor har bir soʻzni choʻzib, salmoq bilan: u oʻz nutqiga diqqat qilib, qimir etmay yotardi.
— Sizga boshqa gapim yoʻq, bekam, — dedi boshqaruvchi, — Gregorning kasali uncha xavfli boʻlmasa kerak, deb umid qilamiz. Harholda shuni aytib qoʻyishim kerakki, biz kommersantlar savdo manfaati uchun baʻzan yengil-elpi xastaliklarga bardosh berib, ishni davom ettirishimizga toʻgʻri keladi.
— Endi janob boshliq xonangga kirsa boʻladimi? — deb soʻradi sabri tugagan otasi va eshiqni taqillatdi.
— Yoʻq, — dedi Gregor.
Chap yondagi xonaga jimlik choʻkdi. Ung tarafdagi xonada singlisining yigʻlagani eshitildi.
Nega singlisi xonadan chiqmayapti? Hali kiyinib ulgurmagandir. Balki oʻrnidan ham turmagan boʻlsa kerak. Lekin nega u yigʻlaydi? Chunki Gregor hamon yotibdi, chunki u boshqaruvchini xonasiga kiritmayapti, chunki Gregor bu qiligʻi bilan ishdan butunlay mahrum boʻlishi hech gap emas. Shunday ekan, xoʻjayin ota-onasiga eski talablarni qoʻyib, yana oilasini taʻqib qila boshlaydi. Lekin hali umid bor-ku. Gregor shu yerda oilasini tashlab ketgani yoʻq, tashlab ketmoqchi ham emas. Toʻgʻri, u hozir gilamda yotibdi, shu ahvolini koʻrsa, hech kim “Boshqaruvchi xonangga kirsin”, deb tiqilinch qilmagan boʻlar edi. Sal iltifotsizlik uchun darrov ishdan haydashmas axir, bu gunohni yuvishga keyinroq bir bahona topilar. Hozir meni tinch qoʻysalar yaxshi boʻlardi. Yigʻi-sigʻiyu iltimoslar bilan bosh qotirmay tinch qoʻysalar, juda yaxshi boʻlardi, deb oʻyladi Gregor. — Lekin “Buyogʻi nima boʻladi?” degan dahshatli savol uydagilarni qiynar, shuni hisobga olib, ularni kechirish mumkin edi.
— Janob Zamza,— deya xitob qildi boshqaruvchi ovozini bir parda koʻtarib, — nima gap oʻzi? Eshikni qulflab olib, faqat “Ha” va “Yoʻq” deysiz, ota-onangizni behuda qiynaysiz? Oʻjarlik bilan xizmat burchingizdan boʻyin tovlaysiz — buni shunchaki eslatib qoʻyyapman — nima gap oʻzi? Men ota-onangiz nomidan, xoʻjayiningiz nomidan gapiryapman, iltimos qilardimki, zudlik bilan bizga tushuntiring — nima gap? Men sizga hayron qolyapman. Sizni beozor, mulohazali yigit, deb yurardim, siz boʻlsa, endi bilsak, yangi qiliq chiqaribsiz. Toʻgʻri, ertalab xoʻjayin sizga topshirilgan inkassaning oʻrnida emasligi ishga kelmay qolganingizga sabab boʻlgan deb taxmin qilganday gapiruvdi. Men uning shubhasi oʻrinsiz ekanligini aytmoqchi edim, ammo bu oʻjarligingizni koʻrib, sizni himoya qilish istagi yoʻqolib boryapti menda. Buni faqat oʻzingizga aytmoqchi edim, ammo siz bu yerda bekorga mening vaqtimni olganingizdan keyin, bu gapni ota-onangizdan yashirib oʻtirishning hojati yoʻq, deb oʻylayman. Ishdagi muvaffaqiyatlaringiz ham keyingi paytda qanoatlanarli boʻlmayapti: toʻgʻri, hozir savdoda katta shartnomalar tuzish uchun qulay fasl emas, buni tan olamiz, ammo umuman shartnoma tuzish mumkin boʻlmagan fasl yoʻq, janob Zamza, boʻlmaydi ham!
— Axir, janob boshqaruvchi! — deb yubordi Gregor oʻzini tutolmay va hayajondan hammasini unutib, gapira ketdi: — Men hozir eshikni ochaman, darrov ochaman. Sal tobim qochib, boshim aylanyapti, oʻrnimdan turolmayapman. Lekin hoziroq koʻrpadan chiqaman, mana chiqyapman, bir zum sabr qiling! Harholda, ahvolim yaxshi emas, lekin ancha tuzalib qolgandayman. Nima jin urdi meni! Kecha kechqurun soppa-sogʻ edim, ishonmasangiz, ota-onamdan soʻrang. Yoʻq, toʻgʻrirogʻi, kecha nimanidir sezganday boʻluvdim. Eh, nega bundan firmani ogohlantirmadim! Lekin oʻrnimdan tursam, xastalik oʻtib ketadi, deb umid qilarkan-da kishi. Janob boshqaruvchi! Ota-onamga shafqat qiling! Axir menga yuklanayotgan bu ayblarda asos yoʻq-ku: menga bu haqda oʻzingiz hech narsa demagansiz-ku. Siz hali men joʻnatgan soʻnggi buyurtmalarni koʻrmagan boʻlsangiz kerak. Hozir ancha oʻzimga kelib qoldim, soat sakkizdagi poyezdda joʻnayman. Meni kutib, ovora boʻlmang, janob boshqaruvchi, firmaga oʻzim yetib boraman, marhamat qilib xoʻjayinga shunday deng, unga boʻlgan hurmatimni yetkazing!
Gregor nima deyayotganini oʻzi ham anglamay, shosha-pisha gapirar ekan, sandiq tomon siljiy boshladi. Karavotda chayqalib, ancha mashqini olgani qoʻl keldi chamasi, u sandiqqa tezda yaqinlashib, unga tirmashib oʻrnidan turishga harakat qildi. Gregor chindan ham eshikni ochmoqchi, chindan ham boshqaruvchi bilan gaplashmoqchi edi: lekin uni koʻrib, odamlar nima der ekan? Mabodo ular qoʻrqib ketishsa, ish masʻuliyati Gregordan soqit qilinadi, shunda u xotirjam boʻlishi mumkin. Agar uni hech narsa boʻlmaganday kutib olishsa-chi? Bu taqdirda ham tashvishga oʻrin yoʻq, chunki Gregor kiyinib, soat sakkizdagi poyezdga bemalol ulguradi. Gregor sandiqqa tirmashar ekan, bir necha marta sirgʻalib ketdi, nihoyat qattiq bir siltandi-da, tikqa turib oldi. Gavdasining pastki qismida kuchli ogʻriq paydo boʻldi, ammo Gregor bunga eʻtibor bermadi. Keyin Gregor yaqinida turgan kursi suyanchigʻiga tashlandi: oyoqlari bilan unga mahkam yopishib oldi. U oʻz tanasini boʻysundirib, bir lahza jim qoldi: tashqarida boshqaruvchi tilga kirgan edi.
— Uning biror soʻziga tushundingizmi? — deb soʻz qotdi boshqaruvchi ota-onasiga, — u bizni kalaka qilyapti, chamamda?
— Xudo yorlaqasin sizni! — dedi onasi koʻz yosh qilib. — Balki u ogʻir kasaldir, biz boʻlsa uni battar qiynayapmiz. Greta! Greta! — deb qichqirdi soʻngra onasi.
— Oyi?! — javob qaytardi singlisi yon xonadan.
— Zudlik bilan vrachga xabar ber. Gregor kasal. Tez vrachni chaqir. Gregorning ovozini eshitdingmi?
Shu payt boshqaruvchi onaning chinqirigʻiga nisbatan hayratlanarli darajada sekin:
— Bu — hayvonning ovozi, — dedi.
— Anna! Anna! — deb qichqira boshladi otasi oshxona tomonga qarab va qars urdi, — tezda chilangarni chaqirib keling!
Xizmatkor qiz bilan Gregorning singlisi (u qachon kiyinib ulgurdi ekan?) — ikki qizning yubkalarini shitirlatgancha dahlizga chopib chiqqani-yu, keyin koʻcha eshigi ochilgani eshitildi. Ammo qayta yopilgani eshitilmadi. Balki u baxtsizlik roʻy bergan xonadonlardagi eshik kabi lang ochiq qolgandir.
Har qalay, Gregorning koʻngli sal oʻrniga tushdi. Toʻgʻri, uning gapini tashqaridagilar anglamas, lekin oʻzi tushunardi. Hatto qulogʻi koʻnikib qoldi shekilli, ilgaridan ham yaxshiroq tushunardi. Uydagilar Gregorga bir balo boʻlganini sezdi, unga yordam bermoqqa bel bogʻlashdi. Dastlabki berilgan buyruqlardagi qatʻiylik Gregorga ijobiy taʻsir koʻrsatdi. U oʻzini yana odamlar qatorida his qildi, vrach bilan chilangardan moʻjiza kutdi. Muqarrar suhbatda nutqi oqsab qolmasligi uchun u avval yoʻtalib koʻrdi. Faqat sekin yoʻtaldi. Kim biladi, bu tovush ham odam yoʻtaliga oʻxshamasligi mumkin-da.
Gregor kursini ushlab, eshik tomon ohista siljiy boshladi. Keyin kursini qoʻyib yubordi-da, eshikka tashlanib butun gavdasi bilan unga qapishdi-qoldi (panjalarida yopishqoq bir narsa bor edi). Bu mashaqqatdan soʻng jinday nafasini rostladi. Keyin qulfdagi kalitni ogʻzi bilan buray boshladi. Evoh, uning tishlari ham yoʻqqa oʻxshaydi — kalitni nima bilan buraydi endi? Xayriyat, jagʻi nihoyatda mustahkam ekan. Metin jagʻlar kalitni aylantirdi. Ogʻzidan allaqanday qoʻngʻirtob suyuqlik oqib, avval kalitga, keyin polga tomdi, ammo Gregor hozir oʻz sogʻligini oʻylamas edi.
— Quloq solinglar, — dedi boshqaruvchi qoʻshni xonada, — u kalitni burayapti.
Bu gap Gregorga madad berdi: qaniydi hozir hammasi joʻr boʻlib: “Ha, Gregor, kuchliroq bura! Kuchingni ayama, Gregor!”, deya qichqirsa. Hamma oʻzining harakatlarini joniqib kuzatayotganini tasavvur qilgan Gregor kalitga telbalarcha yopishdi. Kalit asta-sekin buralaverdi. Nihoyat, qulf shirq etib ochildi. Gregor hushiga keldi. U nafasini rostlab, ichida:. “Demak, chilangarning yordamisiz ham oʻzim uddaladim”, dedi-da, boshini eshik tutqichiga qoʻydi.
Eshik ochildi. Lekin Gregor hamon eshikka qapishib turgani uchun tashqaridagilarga koʻrinmas edi. Gregor avval eshikning birinchi tabaqasidan ehtiyot boʻlib oʻtmogʻi lozim, yoʻqsa naq boʻsagʻaga agʻanab tushishi hech gap emas. Shu payt kutilmaganda boshqaruvchining “Oh!” degan nidosi eshitildi. Keyin uning oʻzi koʻrindi. U eshikka hammadan yaqinroq turar, ayni choqda hayratdan lang ochilgan ogʻziga qoʻlini bosib, goʻyo dahshatli bir kuch itarayotganday ortiga tislanmoqda edi. Onasi — boshqaruvchidan tortinmaydi ham — sochlari parishon, turmaklanmagan, qoʻllarini qovushtirib, otasiga boqdi. Keyin Gregorga qarab ikki odim bosdiyu guppa yiqildi: yubkasi chodirday koʻtarilib ketgani uchun yuzi koʻrinmasdi. Otasi boʻlsa Gregorni xonasiga haydab kiritishga shaylanganday mushtini qisdi. Soʻngra garangsigancha mehmonxonaga koʻz yugurtirdi, qoʻllari bilan yuzini bekitib, birdan hoʻngrab yubordi. Uning qudratli yelkalari silkinib-silkinib tushardi.
Gregor mehmonxonaga oʻtmay, eshik tabaqasiga suyanganicha turar, shu sabab uning qiyshaygan boshiyu gavdasining yarmi koʻrinardi, xolos. Shu orada kun ham yorishib, koʻchaning narigi betidagi uzun imoratning bir boʻlagi yaqqol koʻrina boshladi. Derazalari odamning yuragini siqib yuboradigan darajada bir xil joylashgan bu bino kasalxona edi. Yomgʻir hamon yogʻar, lekin endi tomchilari yirik-yirik goʻyo har biri alohida mustaqil ravishda yerga tushardi. Gregor stolga koʻz yugurtirdi. Dasturxonda nonushtaga tayyorlangan idish-tovoq koʻp edi. Zero, Gregorning otasi uchun nonushta kunning muhim marosimlaridan hisoblanar, bunga gazeta oʻqish ham kirar, bu jarayon soatlab davom etar edi. Roʻparadagi devorga Gregorning harbiyda tushgan surati osilgan. Suratda yosh leytenant qilich sopiga qoʻlini qoʻyib, parvoyi falak jilmayar va oʻz qaddi-qomatiga, mundiriga tomoshabindan izzat talab qilar edi.
— Mana, men, — dedi Gregor oʻzidan boshqa hamma sarosimaga tushganini payqab, — hoziroq kiyinib, gazmol namunalarini joylaymanu joʻnayman. Sizlar mening joʻnashimni istaysizlarmi, axir? Mana, janob boshqaruvchi, koʻrib turibsiz, men mutlaqo qaysar emasman, men jon deb ishlayman, ishlayapman ham: toʻgʻri, yoʻl azobi yomon, ammo men yoʻlsiz, safarsiz yashay olarmidim? Qayerga ketyapsiz, janob boshqaruvchi! Idoragami? Unday boʻlsa, nima gapligini aytib berarsiz ularga? Baʻzan odam ishlashga qurbi yetmay qoladi, lekin xuddi shunday paytda uning avvalgi xizmatlarini hisobga olib, kechirilsa, u albatta yana ham yaxshiroq mehnat qiladi, deb xulosa chiqarish mumkin-ku. Oʻzingizga maʻlum, xoʻjayin menga koʻp yaxshiliklar qilgan. Uning oldida qarzdorman. Qolaversa, ota-onamga qarashim kerak. Boshimga kulfat tushdi, lekin bundan qutulib chiqaman. Faqat siz oʻlganning ustiga tepgan qilmang. Firmada yonimni oling, iltimos. Gumashtalarni hech kim yaxshi koʻrmaydi, bilaman. Ular yaxshi pul ishlab, rohat-farogʻatda kun kechiradi, deb oʻylaydi odamlar. Lekin siz, janob boshqaruvchi, idoradagi boshqa xodimlarga nisbatan haqiqatni yaxshiroq bilasiz. Savdo gumashtasi hayotining nima ekanini siz hatto xoʻjayindan ham — gap oʻrtada qolsin — xizmatchi haqida yomon fikrga boradigan xoʻjayindan ham yaxshiroq bilasiz. Savdo gumashtasi bir yil muttasil safarda yurib, fisqu fasod yoki asossiz ayblar qurboni boʻlishi mumkinligini ham bilasiz. Gumashta bu xil hujumlardan oʻzini himoya qilolmaydi, chunki hech narsani bilmaydi, faqat safardan charchab qaytgandagina hammasiga tushunadi, sababsiz oqibat zahrini oʻz tanasida sinab koʻradi. Janob boshqaruvchi, ketmang! Jinday boʻlsa-da bir ogʻiz soʻz bilan mening haqligimni maʻqullang!
Lekin boshqaruvchi Gregor gapga tushgan zahotiyoq, teskari oʻgirilib olgan, labini gʻalati choʻchchaytirib, tinmay uchayotgan yelkasi osha Gregorga qarar va sekin, nihoyatda sekin, goʻyo sirli bir taqiq uni xonadan chiqishga qoʻymayotganday undan uzoqlashar edi. Boshqaruvchi dahlizga yetganida oyogʻini keskin koʻtardi. Buni koʻrgan odam boshqaruvchi oyogʻini kuydirib oldi, deb oʻylashi mumkin edi. Nihoyat, u boʻsagʻadan hatlab, xuddi jannatga chiqqanday qoʻllarini oldinga, zinapoya tomon choʻzdi.
Boshqaruvchi shu kayfiyatda ketsa firmada shusiz ham oʻzi qil ustida turgan obroʻsiga battar putur yetishini Gregor yaxshi bilardi. Ota-onasi buni tushunmas, ular oʻgʻlini firmada muqim oʻrnashgan, deb oʻylar, bugungi hodisa esa ularni tamomila dovdiratib qoʻygan edi. Lekin Gregorda dovdirashdan asar ham yoʻq edi. Boshqaruvchini toʻxtatish kerak, uni avramoq lozim, ishontirish, tinchlantirish zarur, toki u Gregorga yon bossin; axir, butun oilaning ham, Gregorning ham kelajagi shunga bogʻliq! Eh, singlisi ketib qoldi-da! Aqlli qiz u — hali Gregorning oʻzi ham falokatni sezmay, bemalol yotganida, singlisi yigʻlay boshlagan edi, Shubha yoʻqki, boshqaruvchi ayollarni xush koʻradi. U singlisiga qayishardi. Qiz koʻcha eshigini yopib qoʻyardi-da, iltijo qilib boshqaruvchining koʻnglini qoʻrquvdan forigʻ etardi. Afsus, singlisi ketib qoldi. Endi Gregorning oʻzi harakat qilishi kerak. Gregor nutqining tushunarsiz ekanligini ham unutib, oyoqlarining qanday yurishidan bexabar, eshik tabaqasini qoʻyib yubordi-da, boshqaruvchi tomon (u kulgili alfozda, zinapoya panjaralariga mahkam yopishgancha qotib turardi) oʻrmaladi, lekin koʻtilmaganda zaif bir qichqirdiyu yuztuban yiqildi. Yiqildi-yu, shu zahoti ertalabdan beri birinchi marta oʻngʻaylik sezdi. Negaki, oyoqchalari ostida qattiq yer bor va bu oyoqchalar (ichida quvondi) unga boʻysunar, hatto Gregorni xohlagan joyga eltish uchun oʻzlari harakat qilar edi. Ammo Gregor eshikni qoʻyib yuborgach, muvozanatini yoʻqotib, onasining poyiga yiqilar ekan, parishon oʻtirgan ona oʻrnidan sapchib turib, qoʻllarini kergancha, barmoqlarini changak qilib, chinqirdi: “Yordam bering! Xudo xayringizni bersin, yordam beringlar!” Shunday dedi-yu, goʻyo Gregorning yuzini yaxshiroq koʻrmoqchi boʻlganday engashdi, ammo koʻrishga ulgurmay, yana ortga tisarildi. Ona beixtiyor orqasidagi yasatib qoʻyilgan stolga oʻtirib qoldi, agʻdarilib ketgan idishdan gilamga qahva toʻkilayotganini mutlaqo sezmadi.
— Oyi, oyijon! — deb sekin shivirladi Gregor va pastdan onasiga qaradi.
Boshqaruvchi, bir zum hushini yoʻqotgan boʻlsa ham, gilamga oqayotgan qahvani koʻrib, toqati toq boʻldi, ogʻzini kappa-kappa ochib, nafas oldi. Buni koʻrgan ona oʻtirgan joyidan sakrab tushdi-da, bir chinqirib, yordamga yetib kelgan ota koʻksiga yiqildi. Ammo ularni oʻylab oʻtirishga Gregorning vaqti yoʻq edi, chunki boshqaruvchi allaqachon zinaga qadam qoʻygan va panjaraga iyagini tirab, Gregorga soʻnggi bor qarayotgan edi. Gregor jon holatda uning orqasidan oʻrmaladi. Lekin boshqaruvchi nimanidir sezdi shekilli uzun zinapoyadan ikki-uch hatladiyu gʻoyib boʻldi. Faqat pastdan uning “Fu!” degan tovushi eshitildi. Afsuski, boshqaruvchining ketib qolgani shu paytgacha xotirjam turgan otasining jahlini chiqardi. U oʻng qoʻliga boshqaruvchi esidan chiqarib qoldirgan (u palto bilan shlyapasini ham unutgan edi) hassani, chap qoʻliga gazetani olib silkitgancha, Gregorni oʻz xonasiga hayday boshladi. Gregorning iltijolari unga kor qilmas, bu iltijolarni tushunmas ham edi: boshini chayqab qancha yalinmasin, otasi qattiqroq yer tepinar edi. Onasi, havo salqin boʻlishiga qaramay, ochiq deraza oldida, qoʻllari bilan yuzini bekitgancha, qotib turardi. Koʻcha bilan zinapoya maydonchasi oraligʻida yelvizak paydo boʻldi. Stolda gazetalar shitirladi. Bir necha qogʻoz polda sirgʻalib ucha boshladi. Ota boʻlsa, hamon yovvoyi odamlarday gʻalati pishqirib, oʻgʻliga hamla qilar, ammo Gregor hali orqasiga tislanishni oʻrganmagani uchun, nihoyatda sekin siljir edi. Agar u oʻngarilib olsa, darrov xonasiga kirgan boʻlardi. Lekin bu imillashda otasining gʻazabi battar qoʻzib, uning qoʻlidagi hassa Gregorning yo boshi, yo yelkasiga tushishi va hayoti xavf ostida qolishi mumkin edi. Bu holda esa Gregor oʻzining qaysi yoʻnalishda ketayotganini bilmasdi va shuning uchun u tezda bir qarorga keldi: otasiga qoʻrqa-pisa qarab, xona tarafga qayrila boshladi. Otasi unga xalaqit bermay, uning harakatini maʻqullaganday boʻldi, hatto hassa uchi bilan oʻgʻliga yordam berishga tutindi. Otasi gʻazabdan ilonday vishillamasa, Gregor bunchalik dovdiramas edi. Bu vishillashni eshitib, Gregor sal boʻlmasa xatoga yoʻl qoʻymoqchi edi-yu, lekin darrov oʻzini oʻngladi. Bir amallab boshini yotogʻi tomon burganida, haddan tashqari kengligidan, tanasi eshikka sigʻmasligi maʻlum boʻldi. Otasi gʻazabdan eshikning ikkinchi tabaqasini ochib, Gregorni oʻtkazish mumkinligini ham unutgan edi. Uning fikri-zikri Gregorni tezroq, iloji boricha tezroq xonasiga haydash. Albatta u Gregorning tikka turib xonaga kirish uchun tayyorgarlik koʻrishiga aslo rozi boʻlmas edi. Goʻyo Gregorning oldida hech qanday toʻsiq yoʻqday, otasi unga yanada qattiqroq baqirdi. Keyin shovqin kuchayib, baqirayotgan faqat otasi emasligini, vaziyat battar ogʻirlashganini payqagan Gregor, nima boʻlsa boʻldi, deya oʻzini eshikka urdi-yu, gavdasining bir tomoni koʻtarilib, ostonada koʻndalang turib qoldi. Yarador biqinidan oq eshikka xunuk dogʻlar surkaldi. U eshikka qattiq tiqilib qoldi, yonboshdagi oyoqchalari havoda osilgancha zaif tipirchilar, pastdagilari esa polga qapishgan edi. Shu payt otasi uning ketidan zarb bilan tepdi, bu najot tepkisidan qonga belangan Gregor xonasiga uchib kirdi. Otasi eshikni hassa bilan yopdi. Nihoyat, sukunat tushdi.

2

Gregor gʻira-shira qorongʻi tushganda behushlikka oʻxshash ogʻir bir uyqudan uygʻondi. Uni bezovta qilmasalar, saldan keyin oʻzi uygʻonardi, ammo kimningdir yengil qadami va dahliz eshigining ohista yopilgani Gregorni ertaroq uygʻotib yubordi. U yetarli uxlab, yaxshi dam oldi.
Shiftga va javonning tepa qismiga koʻchadagi elektr chiroqlaridan nur tushib tursa ham, past — Gregor yotgan joy qop-qorongʻi edi. Gregor endigina qadriga yetgan oyoqchalari bilan paypaslanib eshik tomon oʻrmaladi. Uni uydagi voqeaning davomi qiziqtirardi. Lekin Gregorning chap biqini uzun chandiqqa oʻxshab, yoqimsiz sanchar va oyoqlari koʻpligiga qaramay, chinakamiga oqsoqlanar edi. Xayriyatki, ertalabki mojaroda Gregorning faqat bitta oyogʻi yaralangan, hozir u polda jonsiz sudralar edi.
Gregor eshikka yetganda nega bu yoqqa oʻrmalaganini tushundi: uni qiziquvchanlik emas, balki ovqat hidi bezovta qilgan ekan. Naq boʻsagʻa tagida oq non toʻgʻralgan sut toʻla chanoq turardi. U quvonchdan chapak chalib yuborishiga sal qoldi, chunki ishtahasi ertalabkidan ham yaxshiroq edi. U, vaqtni boy bermay boshini sutga tiqdi, ammo shu ondayoq taʻbi xira boʻlib, boshini koʻtardi. Negaki, yarador biqini qattiq ogʻrib, unga xalaqit berardi. Ikkinchidan, Gregor ovqatlanayotganda vujudi qaltirab, uzluksiz pishillashga mahkum edi. Bu ham yetmaganday, doim xush koʻradigan ichimligi (singlisi buni bilardi) sut ham hozir mazasiz tuyuldi. Gregor chanoqdan irganib yuz oʻgirdi-da, xona oʻrtasiga oʻrmalab ketdi.
U eshik tirqishidan mehmonxona chirogʻi yonib turganini koʻrdi. Hamma uyda boʻlsa ham, tiq etgan ovoz chiqmasdi. Gregor qorongʻilikka tikilgancha, “Mening oilam shunaqa tinch, osoyishta kun kechirar ekan-da!”, deb oʻyladi. Ota-onasi bilan singlisi uchun shunday ajoyib uyda, ajoyib hayot kechirish imkoniyatini yaratgan odam oʻzi ekanligini oʻylab, Gregorning koʻksi gʻururga toʻldi. Agar bugun shu farogʻatu shu toʻqchilik ildiziga bolta urilgan boʻlsa-chi? Bu fikrdan qochish maqsadida Gregor oyoqlarining chigilini yozgan boʻlib, xonada u yoqdan bu yoqqa oʻrmalay boshladi.
Butun oqshom mobaynida eshik faqat bir marta ochildi-yu, darrov yopildi: chamasi kimdir kirmoqchi boʻldi, ammo qoʻrqdi. Gregor bu jurʻatsiz odamning kimligini bilmoqchi boʻlib, mehmonxona eshigi oldida uzoq, ammo behuda kutdi. Eshik qayta ochilmadi. Ertalab Gregor qamalib olganida hamma uning yoniga kirish uchun tirishgan edi. Endi esa eshikni Gregorning oʻzi ochganiga qaramay, yon eshiklar ham kun boʻyi ochiq turganiga, kalit ularning qoʻlida boʻlishiga qaramay, hech kim Gregorning yoniga kirmasdi.
Tun oqqanda mehmonxona chirogʻi oʻchdi, maʻlum boʻldiki, ota-onasi ham, singlisi ham shu paytgacha uxlamagan ekan. Ular oyoq uchida yurib, oʻz yotoqlariga tarqalishdi. Mana endi Gregor oʻz hayotini yangi izga solish haqida bafurja oʻylasa boʻladi. Lekin bu shifti baland, boʻm-boʻsh xona unda qoʻrquv uygʻotar, buning sababini Gregor mutlaqo tushunmas edi. Ahir, bu xonada Gregor roppa-rosa besh yil yashagan.
U beixtiyor divan tagiga kira boshladi. Divan yelkasini bosib tursa ham, boshini koʻtarish noqulay boʻlsa ham Gregor oʻzini juda yaxshi sezdi. Faqat gavdasining kengligi sababli divan ostiga butunlay kirolmaganidan afsuslandi.
U tun boʻyi goh mudrab, goh ochlikdan uygʻonib ketar, goh tuzalib ketishiga yashirin umid sezar edi. Bularning hammasi Gregorni bir fikrga olib keldi: uning hozirgi ahvoli oilaga ogʻir tushdi, endi u faqat sabr-toqat bilan, farosat bilan ular chekkan aziyatni bartaraf qilishga intilmogʻi kerak.
Erta tongda Gregor bu qarorini sinab koʻrishi uchun imkoniyat tugʻildi: singlisi yarim yalangʻoch holda qoʻrqa-pisa eshikni ochdi. U avvaliga Gregorni payqamadi (Yo parvardigor, qayerda boʻlishi mumkin — axir uchib ketmagandir?!) Keyin uni divan tagida koʻrib birdan seskanib ketib, eshikni yopdi. Ammo oʻz qilmishidan uyalib, eshikni qayta ochdi-da, xuddi ogʻir kasalga yoki yetti yot begonaga yaqinlashganday, Gregorga qarab ohista yurdi. Gregor divan ostidan boshini chiqarib, singlisini kuzata boshladi. Sutni icholmaganini bilarmikan? Qorni toʻqligidan emas, sut yoqmagani uchun ichmaganini bilib, boshqa yegulik opkelmasmikan? U divan ostidan chiqib, singlisining oyoqlariga tashlangisi, undan tuzukroq ovqat soʻrab, yolborgisi keldi, biroq qizning farosati yetib, oʻzidan bilmasa, Gregor ochdan oʻlsa oʻlardiki, unga bu haqda ishora qilmasdi.
Lekin sut toʻla chanoqni koʻrib, taajjublangan qiz darrov opkelar ekan, deb oʻzicha fol ocha boshladi. Lekin ming oʻylaganda ham, bu mehribon qizning nima opkelishini tasavvur qilolmasdi. Gregor yoqqanini tanlab yeyishi uchun qiz bir necha xil ovqat keltirdi-da eski gazeta ustiga terib qoʻydi: chirigan sabzavot, ustiga qayla yopishib qolgan suyaklar, jindak mayiz, ozgina bodom, kechagina Gregor burnini jiyirgan sasigan pishloq, bir boʻlak qattiq non, bir boʻlak yogʻ surilgan non bor edi. Qiz kecha sut solingan chanoqqa suv toʻldirib keldi. (Bu idish kechadan boshlab Gregor uchun ajratilgan edi). Gregor oʻzining yonida ovqat yemasligini fahmlab, qiz xonadan chiqdi, akasining yolgʻiz qolganini bildirish uchun eshikni tashqaridan qulfladi. Ovqat tomon oʻrmalarkan, Gregorning oyoqlari biri-ikkinchisidan chaqqonroq, harakat qila boshladi. Yaralari ham tuzalib qolganga oʻxshardi, yurishiga hech narsa halal bermasdi. U taajjub ichra bundan bir oy muqaddam barmogʻini kesib olgani va bu jarohat yaqingacha ogʻrib yurganini esladi. “Nahotki ogʻriqni sezmaydigan boʻlib qoldim”, deb oʻyladi u va birinchi galda pishloqqa tashlandi. (Pishloq uni koʻproq jalb etardi). Keyin ketma-ket sabzavot bilan qaylani yeya boshladi. Koʻzlari lazzatdan yoshlandi. Yangi ovqat hidi unga yoqmas, shuning uchun Gregor chirik karam va suyaklarni chetga alohida ajratib olib yeyar edi… Singlisi “Endi joyingga kirib yot”, deganday eshik kalitini buradi. Ovqatlanib boʻlib joyida mudrab yotgan Gregor kalitning shiqirlaganini eshitib, darrov divan tagiga kirdi. Singlisi xonada uzoq turmadi, lekin shu qisqa vaqt ichida qorni shishib ketgan Gregor divan tagida juda qiynaldi, nafasi qisdi. U boʻgʻilib, entikib, baqraygan koʻzlari bilan singlisini kuzatardi. Qiz Gregordan qolgan sarqitlarnigina emas, balki u tegmagan yogʻli oq nonni ham supurib chelakka tashladi-da, chelak ogʻzini taxtacha bilan yopib, koʻtarib ketdi. Gregor shu zahotiyoq yotgan joyidan chiqib, qisilgan qorniga erk berdi.
Baxtsizlik roʻy bergan kuni chaqirilgan vrach bilan chilangarni nima bahona topib qaytarib yuborishganini Gregor haligacha bilmasdi. Gregor hammaning gap-soʻzini tushunar, lekin uning gaplarini hech kim, hatto singlisi ham tushunmasdi. Faqat bir necha kundan keyin, Gregorga ancha koʻnikkandan soʻng — garchi, toʻla boʻlmasa ham — singlisi akasini uncha-muncha tushunadigan boʻldi. Masalan, Gregor ovqatni oxirigacha yesa, qiz “Ovqat unga yoqibdi”, deb qoʻyar yoki aksincha ovqat qolib ketsa — “Yana yemabdi”, deya ovozida mahzunlik sezilardi. Chindan ham Gregor soʻnggi paytlarda ovqatni kam yerdi.
Baʻzan u biror yangilik eshitish umidida qoʻshni xonalardagi suhbatni tinglar, qaysi eshikdan ovoz chiqsa, oʻsha yoqqa chopar va butun vujudi bilan eshikka yopishib, quloq solardi. Dastlabki paytlarda Gregorning nomi tilga olinmagan yoki pinhoniy eslatib oʻtilmagan biror suhbat boʻlmadi. Ikki kun davomida ular dasturxon ustida ham, ovqatdan keyin ham “Endi nima qilamiz” qabilida uzoq maslahatlashdilar. Bu maslahatda doim oila aʻzolarining hammasi qatnashar, hech kim yolgʻiz qolishni istamas, shuningdek birdaniga hammasi uyni tashlab ketolmas ham edi. Darvoqe, voqea yuz bergan kunning ertasigayoq xizmatkor qiz Gregorning onasi oldida tiz choʻkib, uni xizmatdan ozod qilishlarini soʻradi. U chorak soatdan keyin xayrlashar ekan, zor yigʻlab, ketishga ruxsat bergan oilaga minnatdorchilik bildirdi.
Shundan keyin ovqat qilish onasi bilan singlisi zimmasiga tushdi. Ovqat qilish unchalik qiyin ish emas edi, chunki hech kim ishtaha bilan ovqat yemasdi. Gregor ularning bir-birini “Oling, oling”,deb ovqat yeyishga undashlarini, “Rahmat, qornim toʻq”, deya bahona qilishlarini tez-tez eshitadigan boʻldi. Hatto pivo ham ichmay qoʻyishdi: otasidan “Pivo ichasizmi?” deb soʻrashsa, “Ha” yo “Yoʻq” degan sado chiqmasdi. Bir kuni qiz otasini ogʻir shubhalardan xalos etish uchun “Hozir farrosh ayol borib pivo olib keladi”, degan edi, otasi qatʻiy “Yoʻq” javobini berdi, shu-shu qaytib bu haqda ortiq gap boʻlmadi.
Otasi oʻsha voqea yuz bergan kuniyoq onasi bilan singlisiga oilaning bugungi moddiy ahvoli qanday, uni ertaga nima kutyapti hammasini tushuntirgan edi. U ahyon-ahyonda oʻzining kichik sandiqchasini (besh yil avval singan korxonadan yodgor) ochar va biror yondaftarchami, rasmiy tilxatni topib, koʻra boshlardi. Ochilib yopilganda qulfdan chiqqan tovush Gregor xonanishin boʻlganidan buyon eshitgan yagona taskin edi. Gregor otasi yuritgan korxonadan hech narsa qolmadi, deb oʻylar, qolgan boʻlsa ham bu haqda otasi unga gapirmagan, u esa soʻramagan edi. U paytlarda Gregorning yagona maqsadi inqirozga uchragan oilani tez oyoqqa qoʻyib, hammani azobdan qutqarish boʻlgan. Shu bois, Gregor jonini jabborga berib ishladi, qisqa vaqt ichida oddiy xizmatchilikdan savdo gumashtasi lavozimiga koʻtarildi, uning maoshi koʻp, ishdagi har bir muvaffaqiyati esa shirinkoma shaklida naqd pulga aylanib, oilada paydo boʻlar va oilaning har bir aʻzosi oʻzini baxtli hisoblar edi. Yaxshi kunlar edi u kunlar. Gregor keyin ham oilani boqishga yetarli pul topgan boʻlsa-da, oʻsha ajoyib kunlar takrorlanmadi. Bunga Gregorning oʻzi ham, oila aʻzolari ham koʻnikib qoldi, ammo uydagilar Gregordan pul olar ekan, avvalgiday quvonmas va unga avvalgiday iliq munosabatda boʻlolmas edi. Faqat singlisi Gregorga yaqinligicha qoldi. Gregor bu qizning — oʻzidan farqli oʻlaroq — muzikani sevishini, tuppa-tuzuk skripka chalishini bilar va uni kelasi yil — katta chiqimga qaramay — konservatoriyaga joylayman, degan yashirin umidi bor edi. Lekin bu uning qatʻiy maqsadi ekanini Gregor rojdestvo arafasida tantanali ravishda eʻlon qilaman, degan xayolda edi.
Eshikka qapishib, tikka turgan Gregorning boshida shunga oʻxshagan behuda fikrlar aylanardi. Umumiy charchoq oqibatida u bir zum hushini yoʻqotib, tashqaridagi gaplarni eshitmay qolar va boshi eshikka urilganda, darrov oʻzini oʻnglab olishga majbur boʻlar, chunki salgina tovush qoʻshni xonadagilarni gapdan toʻxtatardi. “Yana nima balo qilyapti u?” derdi otasi eshikka qarab. Va bir ozdan keyin suhbat davom etardi.
Nihoyat, Gregor shuni bildiki, oila zimmasiga tushgan bu mashaqqatlarga qaramay, ozgina boylik qolgan ekan, miqdori ham ozmi-koʻpmi koʻtarilayotgan ekan: yana Gregor olib kelgan maoshlarning (u oʻziga bir necha gulden olib qolardi, xolos) hammasi ishlatilmagan boʻlib, bu ham kichik jamgʻarmani tashkil etar ekan. Gregor kutilmagan bu tejamkorlik va uddaburonlikka qoyil qolib boshini silkitdi. Toʻgʻri, Gregor oʻsha ortiqcha pul bilan otasining qarzini uzib, ishdan ketish huquqini olardi, lekin endi, otasi bu pulni oʻz bilganicha ishlatgani maʻqul.
Ammo jamgʻarma oila uchun kamlik qiladi: bir yil, nari borsa, ikki yilga yetishi mumkin. Demak, bu pullarni sarflamay, qora kunga saqlash kerak, yashash uchun esa pul topishga, mehnat qilishga toʻgʻri keladi. Otasi sogʻlom boʻlsa ham, qari odam. Besh yildirki, ishlamaydi, oʻz kuchiga unchalik ishonmaydi. Bu besh yil uning sertashvish va omadsiz hayotida birinchi taʻtil edi, shu besh yil mobaynida u ancha boʻshashib, oʻrnidan zoʻrgʻa turadigan boʻldi. Balki onasi, boʻgʻma kasaliga mubtalo boʻlgan onasi, bir kun yursa, ikki kun derazalarni ochib tashlab, kushetkada hansirab yotadigan onasi ishlashi kerakdir? Balki singlisi, oʻn yetti yoshli goʻdak, yaxshi kiyimga oʻch, choshgohgacha uxlashga odatlangan, oilaning mayda-chuydasiga qarashsa qarashib, qarashmasa, kichik ziyofatlarda skripka chalishga odatlangan singlisi pul topar? Qoʻshni xonada pul xususida gap ketar ekan, uyat-iztirobdan tanasi lovillayotgan Gregor eshikni qoʻyib yuborar va oʻzini charm divanga tashlardi.
U kechalari oʻsha divanda yotib, bir lahza ham uxlamay, tun boʻyi divan charmini timdalab chiqardi. Yoki bir amallab kresloni deraza yoniga surardi-da, deraza tokchasiga tirmashar, oynaga yuzini bosib koʻchaga uzoq qarardi. Lekin bu urinish ham behuda, avvalgi ozodlik tuygʻusi kabi, xotirot kabi zaif edi. Zero Gregorning koʻzlari kun sayin xiralashar, hatto avvallari u laʻnatlaydigan kasalxona binosini ham koʻrolmay qolgandi. Agar u Sharlotteshtrasse koʻchasida yashayotganini aniq bilmasaydi, Gregor derazadan kulrang osmon va kulrang yer bir-biriga qoʻshilgan sahroga qarayapman, deb oʻylagan boʻlardi. Lekin xonani tozalashga kelgan farosatli singil kresloning deraza yonida turganini koʻrib, uni joyidan qoʻzgʻatmadi, hatto akasiga koʻchani kuzatish oʻngʻay boʻlishi uchun derazaning bir tabaqasini ochib qoʻyadigan boʻldi.
Gregor singlisi bilan gaplashish ilojini topib, qilgan yaxshiliklari uchun rahmat aytolmaydi, uning marhamatlarini vijdon azobisiz qabul qilishi mumkin edi. Ammo bunga imkon yoʻqligidan Gregor qattiq qiynalardi. Harholda, singlisi yuz bergan fojiani iloji boricha yengillatishga urinar, vaqt oʻtgan sayin Gregor ham oʻz ahvoliga koʻnikib borar edi. Shunga qaramay, singlisi har gal xonaga kirganda Gregor tahlikaga tushardi. Qiz uning xonasini boshqalarga koʻrsatmaslikka intilsa ham, keyingi paytlarda xonaga kirib, eshikni ochiq qoldirar va tez derazani ochardi-da, sovuq boʻlishiga qaramay, romga suyanib turar, nafasi qisilganday chuqur-chuqur nafas olar edi. Singlisi Gregorni kunda ikki marta qoʻrqitardi: u xonaga kirganda, Gregor divan tagida qalt-qalt titrab, agar qiz derazani ochmay, men bilan bir xonada turishga chiday olsa edi, men undan shunchalik qoʻrqmagan boʻlardim, deb oʻylardi.
Gregor hasharotga aylanganiga bir oycha oʻtib, singlisi uning turqiga ancha koʻnikkanday boʻldi. Lekin bir kuni odatdagidan sal ertaroq kelgan qiz derazaga tikilib turgan Gregorni koʻrib, xonaga kirmadigina emas, balki dahshat ichida ortga tislandi va eshikni qarsillatib yopdi. Deraza eshikka yaqinligidan Gregor kirayotgan odamga xalaqit berishi tabiiy edi. Ammo chetdan qaraganda Gregor xuddi singlisini tishlab olish uchun pisib turganday koʻrinardi. Albatta, Gregor darrov divan tagiga kirdi, ammo singlisi bir necha soat uning xonasiga qadam bosmadi. Faqat tushga yaqin qiz xavfsirabgina eshikni ochdi. Gregor shoʻrlik singlisining haligacha koʻnikolmagani, divan ostidan chiqib turgan yarim tanani koʻrib, ura qochmaslik uchun qiz irodasini ishga solishi kerakligini yaxshi bilardi. Gregor singlisini bu qoʻrqinchli manzaradan xalos etmoq uchun choyshabni divandan osiltirib — bu ishga toʻrt soat ketdi — oʻz ustiga shunday yopdiki, singlisi engashsa ham uni koʻrolmas edi. Agar qiz akasidan qoʻrqmasa, yashirinishning hojati yoʻq deb hisoblasa, choyshabni yigʻishtirib qoʻyaversin. Axir, Gregor buni oʻzi uchun qilmadi-ku. Lekin singil choyshabga tegmadi. Hatto Gregor choyshab chetini koʻtarib qaraganda, singlisining minnatdor nigohini koʻrganday boʻldi.
Dastlabki ikki haftada ota bilan ona Gregorning xonasiga kirishga jurʻat qilmagan edilar. Lekin avvalari ota-ona nazarida noshud qiz hisoblangan, koʻp soʻkish eshitadigan singlisini ota ham, ona ham endi tez-tez maqtab qoʻyadigan boʻldilar. Qiz Gregorning xonasini yigʻishtirayotgan paytda ota-ona eshik oldida turishar va u chiqqan zahoti xonaning koʻrinishidan tortib, Gregorning nima yeganigacha, oʻzini qanday tutgani-yu, tuzalishiga umid qilsa boʻladimi, yoʻqmi — hammasini surishtira boshlardi. Har qalay, Gregorni koʻrish istagi onada ertaroq paydo boʻldi. Lekin ota va qiz uni har xil bahonalar bilan yoʻldan qaytarmoqchi boʻldilar; buni eshitib turgan Gregor ularning fikrini maʻqulladi. Bir necha kun oʻtgach, koʻrish istagi kuchayib onani kuch bilan ushlab turadigan boʻlishdi.
Gregor ota-onasini oʻylab kunduz kunlari derazaga tirmashmasdi. Ammo bu katakday xona polida hadeb sudralaverish uning joniga tegdi. Kechayu kunduz qimirlamay yotish undan battar. Hatto ovqat ham unga yoqmay qolgan edi. Shuning uchun Gregor oʻzini ovuntirib, shift va devorda oʻrmalab yuradigan boʻldi. Ayniqsa, shiftda osilib turish unga yoqib qoldi. Bu usul polda sudralishdan farq qilib, Gregor erkin nafas olar, tanasi ajib bir parishonlikda sollanar ekan, rohatdan goho oʻzini unutib, polga shaloplab yiqilganda, bunga oʻzi ham hayron qolar edi. Lekin u tezda gavdasini idora qilishga oʻrgandi. Endi qancha balanddan yiqilmasin, oʻziga ziyon yetkazmasdi. Singlisi Gregorning yangi mashgʻulot topganini darrov sezdi (u oʻrmalagan joyda yelimsimon suyuqlik qolardi) va akasining bemalol oʻrmalashi uchun xonadagi mebelni — sandiq va yozuv stolini — tashqariga chiqarishga qaror qildi. Lekin bu ishni yolgʻiz oʻzi bajarolmasdi. Yangi yollangan oʻn olti yashar xizmatkor qizning yordam berishi ham gumon (U qoʻrqqanidan oshxona eshigini doim ichidan qulflab olar, faqat ovqat paytidagina ochardi). U otasini chaqirishga ham jurʻat etmadi. Shuning uchun singil otasi yoʻqligidan foydalanib, onasini taklif qildi. Ona avvaliga hayajon ichida nimalardir deb oʻgʻlining yotogʻi tomon kela boshladi, ammo eshikka yaqinlashganda birdan jim boʻldi. Gregor shosha-pisha choyshab ortiga berkindi. Choyshab tabiiy, xuddi birov tashlab qoʻyganday, tabiiy osilib turardi. Lekin Gregor bu safar uning chetini koʻtarib qaramadi. U onasi kelganidan xursand edi, ammo — hozircha — uni koʻrish imkoniyatidan voz kechdi.
— Kiraver, u koʻrinmayapti,— dedi singil va onasini yetaklab kirdi. Gregor bu zaifalarning ogʻir sandiqni oʻrnidan koʻzgʻatishga uringanini eshitdi. Singlisi Greta onaning “Qoʻy, mayib boʻlasan” deyishiga qaramay, ishning ogʻir qismini oʻzi bajarayotganini ham bilib turdi. Ular chorak soat kuymanib, hech narsa qilolmagandan soʻng, onasi: sandiq oʻz joyida turgani maʻqul, dedi. Birinchidan, dedi onasi, sandiq ogʻir, otasining yordamisiz ularning kuchi yetmaydi, ikkinchidan, sandiq xona oʻrtasida tursa, Gregorga battar xalal beradi. Keyin, mebelni chiqarib qoʻysak, Gregor koʻngliga olmasmikan? Menimcha, deb davom etdi onasi, Gregor xafa boʻladi, masalan, menga ship-shiydam devor yomon taʻsir qiladi: demak, Gregorga ham yoqmasligi tabiiy, qolaversa, Gregor bu mebelga koʻnikkan, agar uni olib qoʻysak, Gregor boʻm-boʻsh xonada oʻzini tashlandiq his qilmaydimi?
— Axir, — deb yakun yasadi ona (u Gregorning yashiringan joyini bilmasa ham, uning odam tiliga tushunmasligiga qattiq ishonsa ham, shunchalik sekin gapirardiki, goʻyo Gregorga tovushini eshittirishdan ham qoʻrqardi), — axir, biz mebelni olib qoʻyishimiz Gregorning tuzalishiga ishonmay, uni berahmlarcha oʻz holiga tashlaganimizni bildirmaydimi? Menimcha, xonani qanday boʻlsa, shunday qoldirgan maʻqul, toki Gregor oʻz holiga qaytganda, xonaning avvalgiday turganini koʻrib, bu kunlarni esidan chiqarsin.
Onasining gaplarini tinglar ekan, Gregor oʻzini aksincha — boʻm-boʻsh xonada yaxshi his qilishini esladi. Bu gʻalati ehtiyoj odamlar bilan bevosita aloqa qilmay aqli parokanda boʻlganidan kelib chiqqandir, deb oʻyladi Gregor. — Nahotki, meros mebellar bilan bezatilgan bu shinam xona qorongʻi gʻorga aylanishini Gregor istasa? Toʻgʻri, boʻsh xona uning oʻrmalashiga qulay, ammo u huvillagan devorlar ichida oʻzining insoniy oʻtmishini butunlay unutishi mumkin. Agar hozir uni onasining gaplari hushiga keltirmaganda, u ancha-muncha narsani haqiqatan ham unutayozgan edi. Yoʻq, hammasi oʻz oʻrnida qolsin. Xonadagi mebel uning dardiga daʻvo boʻladi, mayli, oʻrmalashiga xalal bersin, bari bir bu ham foydali — maʻnisiz, shunchaki oʻrmalashning nima keragi bor.
Ammo singlisi boshqacha fikrda edi. U Gregor ahvolining bilimdoni sifatida unga tegishli masalalar boʻyicha faqat oʻzi gapirardi. Hozir ham onasining maslahatini rad qilib, nainki sandiq, divandan boshqa (divan Gregorga chindan zarur edi) hamma narsani tashqariga olib chiqishni talab qildi. Bu qiliq singlisining keyingi kunlarda qilgan oʻjarligi yoki takabburligidan emasdi. Yoʻq, u Gregorning oʻrmalashi uchun joy kerakligini, qolaversa, Gregor mebeldan mutlaqo foydalanmasligini koʻrib turardi. Balki bu Greta yoshidagi qizlarga xos qiziqqonliqdir. Nima boʻlsa ham, Greta akasiga yanada yaxshiroq xizmat qilaman deb uning ahvolini battar ogʻirlashtirayotganini oʻzi bilmasdi. Zero xona boʻm-boʻsh boʻlib, unda Gregordan boshqa hech kim boʻlsa, bunaqa joyga Gretadan oʻzga odam qadam bosolmasdi.
Bu fikr Gretaning izzat-nafsini alqar va shu sabab onasining maslahatiga koʻnmadi. Onasi bu xonada oʻzini begona his qilib, qoʻrqa-pisa Gretaga yordam bera boshladi. Mayli, sandiqni opketishsin, ammo yozuv stoli qolishi kerak, deb oʻyladi Gregor. Ona va qiz, ikkovlon hansirab, sandiqni zoʻrgʻa qoʻshni xonaga oʻtkazganda, Gregor divan tagidan boshini chiqardi. U ehtiyotkorlik bilan, muloyimlik bilan bu qaltis ishga aralashmoqchi edi. Ammo, baxtga qarshi, Gretani narigi xonada qoldirib, onasi qaytib keldi. U Gregorni koʻrsa kasal boʻlib qolishi hech gap emasdi, shuning uchun Gregor darhol tislanib, divan tagiga kira boshladi va osilib turgan choyshab harakatga keldi. Bu onasining diqqatini jalb etdi, u taqqa toʻxtadi-da, bir zum qotib qoldi, keyin narigi xonaga chiqdi.
Gregor uyda davom etayotgan shovqinni tinglab, shunchaki narsalar oʻrnini almashtirishyapti, deb qancha oʻylamasin, bu ikki ayolning tinimsiz qadamlari, shivirlashlariyu mebelning polda sirgʻalishlari — Gregorga katta agʻdar-toʻntar boʻlib tuyulardi. U boshi va oyoqlarini tanasiga, tanasini polga qapishtirgancha, dir-dir titrab yotarkan, bu shovqinga uzoq chiday olmasligini angladi. Ular Gregorning yotogʻini shipshiydam qilib, unga aziz boʻlgan barcha narsani tortib olmoqda edilar. Duradgorlik uskunalari solingan sandiqchani allaqachon olib chiqishdi. Endi stolni, oyogʻi chirigan polga kirib ketgan yozuv stolini yulqiy boshladilar. Bu stolda Gregor dars qilardi. Savdo bilim yurtida, hatto xoʻjalik oʻquv yurtida taʻlim olayotgan davrida ham shu stolda dars tayyorlagan. Buni eslab, Gregor ayollarni ham, ularning qilayotgan himmatini ham unutdi, (ular charchaganidan nihoyatda jim ishlar, faqat oyoq tovushlari eshitilardi). Gregor divan ostidan otilib chiqdi. Bu payt ayollar qoʻshni xonada yozuv stoliga suyanib, nafas rostlardilar. Gregor birinchi navbatda qaysi narsani qutqarish kerakligini bilmay, koʻzi devorda qolgan yakkayu yagona portret — moʻynali xonim rasmiga tushdi va devorga tirmashdi. Oʻrmalab borib, portretni tanasi bilan bekitdi. Bu toʻrtburchak romning muzday shishasi uni qorniga bosilib, rohat bagʻishlardi. Harholda Gregor bu suratni, oʻz tanasi bilan bekitgan bu portretni hech kim tortib olmasa kerak. U boshini burib, mehmonxona tomonga qaradi.
Ayollar ozgina dam olib, darrov qaytishdi: Greta onasini deyarli suyab kelar edi.
— Endi nimani olamiz? — dedi Greta va… koʻzi devorda osilib turgan Gregorning koʻziga tushdi. Agar Greta yolgʻiz boʻlsa, qoʻrquvdan oʻzini tutolmagan boʻlardi, ammo hozir oʻzini tutdi, titrab-qaqshab, onasi tomon engashdi, uning Gregorni koʻrib qolishini istamay, nima gapirganini ham bilmadi.
— Bir minutga narigi xonaga chiqmaymizmi, a? — dedi u.
Gregor singlisining maqsadini tushundi: u onasini xavfsiz joyga oʻtqazib, Gregorni devordan haydamoqchi. Mayli, urinib koʻrsin, qoʻlidan kelarmikan. Gregor portretning ustida turibdi — uni hech kimga bermaydi. Singlisining yuziga yopishsa-yopishadiki bermaydi.
Ammo Gretaning ovozidagi titroq onani sergaklantirdi va u qizidan chekilib, devorda bahaybat, qoʻngʻir hasharotni koʻrdi. Bu Gregor ekanligi xayoliga kelmasdanoq bor kuchi bilan “Oh, xudoyim-ey!” deb chinqirdi-yu, zaif qoʻllarini yoygancha divanga oʻtirib qoldi.
— Xap sanimi, Gregor! — deb oʻshqirdi koʻzlari olaygan Greta va akasiga musht oʻqtaldi. Bu soʻzlar hasharotga aylangandan beri birinchi marta bevosita Gregorga qaratilgan soʻzlar edi. Greta onasini hushiga keltiradigan dori izlab, qoʻshni xonaga chopdi. Gregor ham (portretni saqlab qolishga hali vaqt bor edi) onasiga yordam berishni istadi. Lekin u portretga qattiq yopishgan ekanmi, oyoqlarini undan zoʻrgʻa uzdi va pastga tushib, qoʻshni xonaga oʻtdi. Bir paytlardagiday u singlisiga maslahat bermoqchi edi, ammo hozir uning orqasida yalpayib turishdan boshqa hech narsaga yaramadi. Har xil shishalarni olib, saralayotgan qiz, ortida turgan Gregorni koʻrdida, qoʻrqqanidan bir shishani tushirib yubordi. Shisha chil-chil sindi va uning parchasi Gregorni yaraladi, yuziga achchiq dori sachradi. Greta hayallamay, qolgan shishalarni oldiyu onasi yoniga yugurdi. Xonaga kirib, oyogʻi bilan eshikni yopdi. Gregor endi onasidan, uning aybi bilan oʻlishga sal qolgan onasidan uzoqda. Aslida, u eshikni ochmasligi kerak edi. Greta boʻlsa onasini yolgʻiz qoldirib bekor qildi. Gregorning endi kutishdan boshqa iloji yoʻq. U ming pushaymon bilan iztirobga chiday olmay, devorlarga, mebel va shiftga tirmasha boshladi. U shunday tez oʻrmaladiki, boshi aylanib, katta stolning qoq oʻrtasiga shaloplab yiqildi.
Gregor bir lahza madorsiz yotdi. Atrof jtsmjit edi. Bu sukunat yaxshilik alomatiday tuyulardi. Lekin birdan qoʻngʻiroq jiringladi. Xizmatkor qiz oshxonani bekitib olgani uchun eshikni Greta ochishiga toʻgʻri keldi.
Kelgan otasi edi.
— Nima boʻldi? — deb soʻradi u kirgan zahoti (ota Gretaning aft-angorini koʻrib, hammasini tushungan edi). Qiz boʻgʻiq ovoz bilan nimadir dedi: keyin otaning pinjiga tiqildi.
— Onam hushidan ketib qoldi, ammo hozir durust. Faqat Gregor xonadan chiqib ketdi.
— Oʻzim ham shuni kutgandim, — dedi ota, — men sizlarga doim ogohlantirganman, ammo siz, ayollar quloq solmaysizlar.
Gretaning bu qisqa axborotini yomon tushungan otasi Gregor kuch ishlatdi degan fikrga borishi ayon edi. Otasiga bu tushunmovchilikni anglatish uchun Gregorda na fursat, na imkoniyat bor edi. Shu bois, hech boʻlmasa vaziyatni yengillashtirish maqsadida, Gregor oʻz yotogʻi eshigi yoniga borib, unga qapishgancha turaverdi. Shubha yoʻqki, otasi buni koʻrib, Gregorning oʻz xonasiga kirishga tayyor ekanligini tushunadi va uni haydab oʻtirmay, eshikni ochsa bas, — Gregor darrov gʻoyib boʻladi.
Lekin ota kayfiyati bu nozikliklarni fahmlash darajasida yaxshi emasdi. “Ha-a-a!” — dedi u kira solib. Uning ovozidagi adovat deyarli quvonch ohangida edi. Gregor eshikdan boshini koʻtarib, otasi tomon qaradi. U otasini hech bunaqa koʻraman, deb oʻylamagan edi. Toʻgʻri, Gregorning uyda boʻlayotgan yangiliklarni avvalgiday kuzatib yurish imkoni yoʻq va endi biror oʻzgarish boʻlar ekan, bunga hayron qolish ham keragi yoʻq edi. Lekin, bari bir, nahotki mana shu odam — uning otasi boʻlsa?! Gregor saharda ishga joʻnayotganda oʻrnidan turolmay, holsiz yotadigan odam shu boʻlsa, Gregor haftada bir marta uyiga qaytar ekan, uni koʻrib, quvonchini qoʻl koʻtarib bildirguvchi, xalatga burkangancha kreslodan turolmay oʻtiradigan odam shu boʻlsa?! Yakshanba yoki bayram kunlari, onda-sonda boʻladigan sayrlarda eski paltosini soʻnggi tugmasigacha qadab, qoʻlidagi hassani oldinga siltab tashlagancha, Gregor bilan onasining oʻrtasida zoʻrgʻa yuradigan, Gregordan ham, onasidan ham sekinroq qadam tashlaydigan, bir gapni aytmoqchi boʻlsa, atrofidagilar unga engashsin deb, har safar toʻxtaydigan chol — mana shu boʻlsa?! Yoʻq, u hozir qaddi-qomatini tiklab olgan, bank mirzalari kiyguchi koʻk mundir gavdasiga chippa yopishgan, baland yoqa uzra haybatli iyagi turtib chiqqan, qora koʻzlari oʻsiq qoshlari ostida yaltirab turgan, ilgari tartibsiz sochilib yotguchi oq sochlari endi hafsala bilan taralib, yaltillayotgan bir kishi edi. U qaysidir bankning zarhal tamgʻasi taqilgan furajkasini xonaning narigi chekkasiga — divanga uloqtirdi. Mundirning keng uzun etagini qayirdi-da, qoʻllarini choʻntagiga tiqdi va basharasi gʻazabdan qiyshayib, Gregor tomonga yurdi. U chamasi nima qilishini oʻzi ham bilmasdi. Ammo ota oyogʻini shunday baland koʻtardiki, Gregor uning poshnasi naqadar katta ekanligidan hayratlandi. Gregor imillab oʻtirmadi, chunki otasining Gregorga nisbatan yagona toʻgʻri munosabat — qattiqqoʻllikdir, deb hisoblashini yaxshi bilardi. Buni yangi hayoti boshlangan kuniyoq bildi. Shu sabab, u otasidan shafqat kutmay, qocha boshladi: otasi toʻxtasa u ham toʻxtadi, otasi chopsa, u oʻrmaladi. Shu alfozda ular xonani bir necha marta aylandilar. Ularning harakati sekinligidan bu taʻqibga ham oʻxshamasdi. Shuni hisobga olib, Gregor vaqtincha devor yoki shiftga tirmashishdan oʻzini tiydi. Qolaversa, shiftda oʻrmalash otasiga chidab boʻlmas beorlik boʻlib tuyulishi mumkin. Ammo Gregor xonada yugurishga ham zoʻrgʻa bardosh berayotganini sezdi. Negaki, otasi bir qadam tashlasa, u kichik oyoqchalari bilan juda koʻp harakat qilishga majbur, buning ustiga nafas olishi tobora qiyinlashardi. Gregorning oʻpkasi avvaldan kasal edi. U oyoqlarini sudrab olar ekan, koʻzini bazoʻr ochib, soʻnggi kuchini toʻpladi va jon-jahdi bilan yugurmoqchi boʻldi. Gregor esi pastligidan, qutulishning boshqa yoʻli, masalan, devor yoki oʻyma naqsh berilgan, oʻtkir qirralari koʻp mebelga tirmashish mumkinligini ham oʻylamadi. Shu payt tepadan nimadir “toʻp” etib tushdi-yu, Gregorning oldida yumalay boshladi. Bu olma edi. Uning izidan ikkinchisi yumaladi. Gregor dahshatdan qotib qoldi: yugurishidan maʻni yoʻq, chunki otasi uni bombardimon qilishga qaror qilgan edi. U stolda turgan vazadagi bor-yoʻq olmani choʻntagiga tiqib, yaxshi moʻljalga olmay ham, Gregorga otar edi. Olmalar elektrlanganday, biri ikkinchisiga toʻqnash kelaverardi. Nihoyat, ulardan bittasi Gregorga sal tegdi-yu, ziyon yetkazmadi, ammo navbatdagi olma uning yelkasiga kirib ketdi. Gregor turgan joyidan nari ketsa, bu kuchli ogʻriq yoʻqoladiganday, oʻrnidan qoʻzgʻalmoqchi boʻldi. Afsuski, qimir etmadi.
U xuddi polga mixlanganday shalpayib yotardi. Yana bir ozdan keyin sekin xushdan keta boshladi. U faqat oʻz yotogʻining eshigi ochilgani, allanima deb qichqirayotgan singlisining gapini boʻlib, onasi otilib chiqqanini (onasi hamon ichki koʻylakda, uni boya behushligida nafasi qismasligi uchun qizi yechintirgan edi) va uning kiyib ulgurmagan yubkasini oyogʻiga oʻralashtirgancha eri quchogʻiga tashlanganini koʻrdiyu oʻzini yoʻqotdi. Xuddi shu lahzada onasi otasidan Gregorni oʻldirmaslikni iltijo qilayotgan edi.

3

Olib tashlashga hech kimning jurʻati yetmagan olma Gregor yelkasida bir saboq sifatida qoldi. Bu ogʻir jarohatdan Gregor bir oy davomida azoblanib yashadi. Lekin bu yara hatto otasiga ham oʻz burchini eslatib qoʻydi chamasi, ayanchli va jirkanch qiyofasidan qatʻi nazar Gregor oila aʻzosi ekanligini, unga dushmanga qaraganday munosabatda boʻlishi insofdan emasligi va nafratni bosib, chidash, faqat chidash kerakligini otasi ham tushundi.
Jarohatning ogʻirligidan Gregor avvalgi harakatchanligini yoʻqotgani tabiiy edi.
U qari invalidlarga oʻxshab, xonaning narigi chekkasiga ikki-uch minutda zoʻrgʻa yetib borardi. Devorga tirmashish esa xayoliga ham kelmasdi. Lekin ikkinchi tomondan, uning oʻylashicha yaxshi boʻldi, chunki endi kechqurunlari mehmonxona eshigi doim ochiq turar va Gregor qorongʻida yotgancha, hammaning koʻzidan pinhon, dasturxon tevaragidagi oʻz qarindoshlarini kuzatar, ularning zohiriy ijozatidan foydalanib, suhbatlarini eshitishga haqi bor — yaʻni u nisbatan yangicha yashay boshlagan edi.
Toʻgʻri, bu suhbatlar oʻsha oʻtgan kunlardagiday, Gregor begona shahar mehmonxonasida nam oʻrindiqqa oʻzini tashlab, yolgʻizlikda sogʻintiradigan suhbatlarga oʻxshamas edi. Yoʻq, ular juda kam gapirishardi. Otasi kechki ovqatini yeb, kresloda oʻtirgancha uxlab qolardi. Ona va qiz bir-biridan jimlik talab qilib, lom-mim deyishmasdi. Ona doʻkon buyurtmasini bajarib oq matodan nimadir tikar, sotuvchi boʻlib ishga kirgan singlisi — keyinroq yaxshi ishga joylashish maqsadida stenografiya va frantsuz tili bilan shugʻullanardi. Goho otasi uygʻonib ketib, goʻyo uxlamaganday, onasiga “Buncha uzoq tikmasang!” deb luqma tashlar va yana uxlab qolardi. Buni koʻrgan ona va qiz bir-biriga jilmayib qoʻyardilar.
Otasi gʻalati bir qaysarlik bilan ish mundirini uyda ham yechmas edi: xalati kiyilmay, ilmoqda osilib turar, u boʻlsa xuddi hozir boshliqning ovozi eshitiladiyu oʻrnidan sapchib turadiganday, kresloda mudrardi. Oqibatda shunday ham eskirgan bu mundir, ona va qizning qilgan harakatlariga qaramay, oʻz koʻrinishini butunlay yoʻqotgan edi. Hamma joyi dogʻ, ammo tugmachalari doim yaltirab turadigan bu mundirni Gregor kechqurunlari uzoq tomosha qilardi. Chol bu mundirda, noqulay boʻlsa ham, xotirjam uxlardi.
Soat oʻnga zang urganda onasi cholni sekin uygʻotib, oʻrniga yotqizmoqchi boʻlardi. Negaki, unga kreslo oʻngʻay boʻlsa ham, tong soat oltida turmoq uchun toʻyib uxlash zarur edi. Lekin otasi mirzalik vazifasiga oʻtgandan beri qaysar boʻlib qolgan va shu tufayli har gal kreslodan karavotga oʻtkazish uchun uygʻotsalar, u qayta uxlab qolib, hammani halak qilardi. Ona uning yengidan tortib, qulogʻiga shirin gaplar aytar, hatto Greta ham mashgʻulotini tashlab, onasiga yordam berardi. Nihoyat, ikkovi cholni qoʻltigʻidan koʻtarishganda, chol goh xotini, goh qiziga qarab “Mana, hayot, mana, qarigan kunimda rohat”, deya gʻoʻldirardi. Va ularga suyanib, gavdasini idora qilolmaydigan odamday ohista oʻrnidan turar, oʻz xonasi eshigiga yetganda, boshi bilan ularga “Qoʻyaveringlar, oʻzim boraman”, deb imo qilar edi. Qiz otasiga joy toʻshash uchun shoshar, ona boʻlsa tikuvini buguncha toʻxtatardi.
Ogʻir mehnatdan sillasi qurib, zoʻriqqan bu oilada Gregordan xabar olishga deyarli hech kimning vaqti yoʻq edi. Roʻzgʻorga zarur harajat miqdori kun sayin kamayardi. Shu bois, xizmatkor qizning javobini berishga toʻgʻri keldi. Ogʻir ishlarni bajarish uchun oq sochli yoʻgʻon, suyakdor bir xotin keladigan boʻldi. Qolgan yumushlarni, tikuv-bichuv bilan bir qatorda, onasining oʻzi qilardi. Gregor bir kuni kechqurun uydagilarning qayerdandir paydo boʻlgan pul haqidagi gapini eshitib, hatto bayramda taqiladigan qimmatbaho narsalar ham sotilganini bildi. Ayniqsa, oila aʻzolari kvartiraning kattaligidan koʻp nolirdilar. Moddiy ahvolning tangligi kichikroq uyni ijaraga olishni taqozo etar, ammo Gregorni koʻchirish muammo edi. Gregor koʻchishga xalal berayotgan narsa faqat oʻzi emasligini yaxshi bilardi, chunki uni havo kirib turadigan biror qutiga solib, bemalol koʻchirish mumkin. Yoʻq, oilaga xalaqit berayotgan narsa — hech kimning boshiga tushmagan bu falokat negadir aynan Zamzalar oilasini tanlagani haqidagi dahshatli fikr va noumidlik edi. Bu oilaning har bir aʻzosi, kiborlar kambagʻaldan ne talab qilsa, shuni bajarmoqqa mahkum edi: otasi bank xizmatchilariga nonushta tashir, onasi birovlarning choyshabini tikishga oʻzini fido qilar, singlisi xaridorlar hukmi bilan doʻkonga chopar edi — xullas, ular boshqa ishga qurbi yetmay, kechga yaqin sulayib qolardilar. Gregorning yelkasidagi yara ham boshqacha ogʻriy boshladi. Kechqurunlari ona bilan qiz cholni yotqizgandan soʻng oʻz ishlarini darrov toʻxtatar va yonma-yon bir-birining pinjiga kirib oʻtirarkanlar, ona Gregor yotgan xona eshigiga imo qilardi, “Greta, anavi eshikni yopib qoʻy”, derdiyu Gregor yana zulmatda qolardi. Keyin ona bilan qiz koʻzyosh toʻkar, nihoyat koʻzlari qaqrab, bir nuqtaga tikilgancha lol oʻtirardilar.
Gregor kunduz ham, kechasi ham uxlamasdi. U baʻzan hozir eshik ochilsa, bas — oila tashvishini yana oʻz zimmamga olaman, deb oʻylardi. Uning ongida — uzoq tanaffusdan keyin — yana boshliq va kommivoyajerlar paydo boʻldi, yana shogird bolalar, tentak farrosh, boshqa firmada xizmat qiluvchi ikki-uch ogʻaynisi, qay bir viloyat mehmonxonasidagi xizmatkor qiz — istarasi issiq bir mavjudot, oniy xotira va shlyapalar sotiladigan doʻkonning kassiri — chiroyligina ayol (Gregor anchagacha uning koʻnglini ovlab yurgan edi) — hammasi aralash-quralash, notanish unutilgan odamlar qoʻshilib, yaxlit bir manzara hosil qildi. Lekin ular ham Gregor va uning oilasiga yordam berolmas, shuning uchun Gregor ularni unutsa xursand boʻlardi.
Keyin u yana oilasini oʻylamay qoʻyar, hatto unga yaxshi qarashmayotganini eslab gʻazablanar edi. Nima yeyishini tasavvur qilmay turib, omborxonaga tushishga oʻzicha qasd qilar, och boʻlmasa-da, oʻz hissasini olish haqida oʻylar edi. Keyingi paytda ishga ketishdan oldin ertalab yoki peshinda singlisi Gregorga yoqsa-yoqmasa, biror ovqatni oyogʻi bilan surib xonaga kiritadigan boʻldi. Kechqurun esa bu ovqatni yeyildimi-yoʻqmi, qaramay, supurib tashlardi. Gregorning xonasini tozalashga singlisi endi koʻp vaqt yoʻqotmasdi. Xonani qalin chang bosgan, axlat uyilib yotar, devorlarga uzun-uzun dogʻlar chaplangan edi. Dastlab, Gregor qizga dakki berish maqsadida, eng iflos burchakka boshini tiqib yotdi. Ammo u haftalab yotsa ham, singlisi bu burchakka tegmagan boʻlardi. Qiz bu axlatlarni akasidan yaxshiroq koʻrib turar, faqat artishni istamas edi. Shunga qaramay, u oʻzini Gregorning yotogʻiga qaraydigan yagona odam deb sanar va bu huquqni doim himoya qilar edi. Bir kuni, nima boʻldi-yu, onasi katta togʻorada suv keltirib, Gregorning xonasini boshdan-oyoq yuvdi. (Nam Gregorga yoqmas, shuning uchun u divanda choʻzilgancha, karaxt yotardi) va qizidan baloga qoldi: Greta kechqurun xonadagi oʻzgarishni sezdi-da, mehmonxonaga chopib chiqdi, onasining yalinishiga qaramay faryod koʻtardi. Bu yigʻidan choʻchib ketgan otasi kreslodan turdi va nima qilarini bilmay, qotib qoldi. Keyin ota oʻng tarafdan, qizi chap yondan onaga qichqirgancha Gregorning xonasiga qarash Gretaning ishi ekanligi uqtira boshladilar. Onasi hayajondan garangsigan cholni xonasiga olib ketishga harakat qildi. Greta boʻlsa yigʻidan qaltirab, kichik qoʻllari bilan stolni mushtlardi. Gregor, oʻz navbatida bu manzarani koʻrishga toqati yoʻq, eshikni ochiq qoldirganlaridan gʻazablanib, tinmay vishillar edi.
Harholda, singil ishdan charchab kelib, Gregorga avvalgiday qaramasa ham, onasi uning oʻrnini bosolmasa ham, Gregor butunlay oʻz holiga tashlab qoʻyilmadi. Endi xizmatkor xotinning navbati kelgan edi. Bu qari beva, baquvvat gavdasi tufayli uzoq yashagan va umri boʻyi bu fojiadan ham besh battarini koʻrgan beva, Gregordan unchalik irganmasdi. U bir kuni shunchaki — qiziqib emas — Gregorning eshigini ochdi-yu, polda yotgan bahaybat hasharotni koʻrib, taajjublandi va qorniga qoʻllarini qoʻygancha toʻxtab qoldi, Gregor boʻlsa uni hech kim quvmasa ham, birdan yugura boshladi. Oʻshandan beri xizmatkor xotin har kuni ertalab yoki kechqurun Gregorning eshigini ochib qaraydigan boʻldi. Hatto u Gregorni oʻzicha erkalab chaqirardi ham: “Bu yoqqa kel-chi, goʻngqoʻngʻiz, bu yoqqa kel!” yoki “Manavi qoʻngʻizchani qarang, qani beri kel!”, deb ermak qilardi. Lekin Gregor unga mutlaqo javob bermas, goʻyo xonada hech kim yoʻqday, oʻrnidan qimir etmasdi. Gregorni huda-behudaga bezovta qilish oʻrniga bu xotinga xonani yigʻishtirishni buyursalar boʻlardi! Bir kuni ertalab — darazaga yomgʻir tomchilari urilab, bahor kirib qolganga oʻxshardi — xizmatkor xotin odatdagi safsatasini boshlagan edi, Gregor qattiq gʻazablanib, hujum qilishga tayyorlanganday, bemajol bir harakat bilan, sekin xizmatkor xotin tomon burildi. U boʻlsa qoʻrqish oʻrniga eshik yonida turgan stulni dast koʻtardiyu ogʻzini ochgancha turib qoldi. Gregor bu stul uning yelkasiga zarb bilan tushmaguncha xizmatkor xotin ogʻzini yopmasligini darrov tushundi va yana ortiga oʻgirilib, avvalgi holatiga qaytdi. “Demak, boshqa hamla qilish yoʻq”, dedi xizmatkor xotin xotirjamlik bilan stulni yerga qoʻydi.
Gregor anchadan beri ovqat yemas edi. Faqat unga qoʻyilgan yeyimlik yonidan oʻtayotib, ermak uchun ogʻziga bir parcha solar va bu parchani bir necha soat ogʻzida olib yurar, keyin tuflab tashlardi. Dastlab, u xonaning koʻrinishi ishtahani boʻgʻdi, deb oʻyladi. Lekin u xonadagi oʻzgarishga tez koʻnikib oldi-ku: uyda ortiqcha tuyulgan narsalarning hammasini uning xonasiga tiqishdi. Bunaqa ashqol-dashqollar keyingi paytda yana koʻpaydi, chunki oila uyning bir xonasiga uchta kishini ijaraga qoʻydi. Ijarachilarning uchalasi ham sersoqol — buni Gregor eshik tirqishidan koʻrdi — nihoyatda talabchan kishilar edi. Ular faqat oʻz xonasida emas, balki butun uyda, ayniqsa oshxonada tartib boʻlishini qattiq talab qylardilar. Ular zarur mebelni oʻzlari bilan olib kelishgan edi. Shu sabab, uyda ortiqcha, sotishga yaroqsiz, tashlab yuborishga ham koʻz qiymaydigan anchagina narsa paydo boʻldi. Bular hammasi Gregorning xonasiga joylandi. Kul tashlaydigan quti ham, axlat solinadigan idish qam uning xonasida edi. Hatto vaqtincha keraksiz tuyulgan har bir narsani xizmatkor xotin Gregorning xonasiga uloqtirar edi. Balki xizmatkor xotin bu narsalarni keyin olib chiqaman, deb oʻylagandir, ammo qachonlardir uloqtirilgan matoh shundayligicha yotaverar va Gregor bu ashqol-dashqol oralab oʻrmalar ekan, baʻzilarini qoʻzgʻatib qoʻyishga majbur boʻlardi. Lekin bora-bora, bu sayohat Gregorga yoqib qoldi. Garchi sayohatdan soʻng Gregor oʻlguday charchab, uzoq vaqt bemajol yotsa ham, uning yagona ermagi shu edi.
Ijarachilar kechki ovqatni baʻzan uyda, keng mehmonxonada qilsalar-da, mehmonxona eshigi berk boʻlardi. Gregor bundan xafa boʻlmas edi, chunki eshik ochiq qolgan oqshomlarda ham uning kuzatishga madori yoʻq, qorongʻi burchakka tiqilib yotaverar va uydagilar unga eʻtibor qilishmasdi. Lekin bir kuni xizmatkor xotin mehmonxona eshigini yarim ochiq qoldirdi. Ijarachilar kelib, chiroq yondi, ammo eshikni hech kim yopmadi. Ijarachilar stolning narigi tomoniga — ilgari Gregor, ota va onasi oʻtiradigan joyga oʻtirdilar, salfetkani yozib, qoʻllariga sanchqi bilan qoshiq olishdi. Shu payt goʻsht toʻla tovoqni koʻtarib onasi, uning izidan kartoshka uyulgan ikkinchi tovoqni koʻtarib singlisi kirib keldi. Ovqatdan quyuq bugʻ koʻtarildi. Ijarachilar oldiga qoʻyilgan tarelkalar uzra goʻyo ovqatni tekshirayotganday engashdilar. Oʻrtada oʻtirgani, ichida obroʻlirogʻi shekilli, goʻshtni boshqa idishga olmayoq, kesa boshladi. U goʻsht yaxshi qaynatilmagan boʻlsa, oshxonaga qaytarib yubormoqchiday edi goʻyo. Lekin u norozilik bildirmadi. Buni kuzatib turgan ona va qiz bir-birlariga qarashdi-da, jilmayib qoʻyishdi.
Uy egalari oshxonada ovqatlanardilar. Lekin otasi oshxonaga kirmay, avval ijarachilar yoniga keldi, furajkasini qoʻliga olib, hammaga taʻzim qilgan boʻldi. Ijarachilar ham oʻrnidan turib, gʻoʻldirab qoʻyishdi. Keyin ular yolgʻiz qolishdi va ovqatini jim yeya boshladilar. Bu ovqat marosimidagi har xil shovqin ichida goʻsht chaynayotgan tishlar tovushi alohida eshitilgani Gregorga gʻalati tuyuldi. “Ovqat yemoq uchun tish kerak. Busiz, jagʻ qancha kuchli boʻlmasin, hech narsaga yaramaydi”, deb oʻyladi Gregor. “Axir mening ishtaham yaxshi-ku, — dedi ichida yozgʻirib Gregor, — faqat bunaqa ovqatga tobim yoʻq. Lekin anavilarning yeyishiga qara, men boʻlsa oʻlib ketayapman!”
Oʻsha kuni kechqurun oshxonadan skripka tovushi eshitildi. Gregor bu tovushni kasal boʻlgandan beri birinchi marta eshitishi edi. Ijarachilar ovqatlanib boʻlishgan edi. Oʻrtada oʻtirgani gazeta olib, uning ichidagi sahifalarini oʻrtoqlariga choʻzdi va uchovlon kresloga chalqaygancha, mutolaa qila boshladilar. Skripka tovushi chiqqan zahoti, ular oʻrnidan turib, oyoq uchida oshxona eshigiga bordilar va jim quloq sola boshlashdi. Lekin oshxonada oʻtirganlar buni sezdi shekilli, otasining ovozi chiqdi:
— Balki janoblariga skripka tovushi yoqmas? Uni hoziroq toʻxtatish mumkin…
— Yoʻq, aksincha, — dedi oʻrtadagi ijarachi, — xonim bizning xonaga oʻtib chalsalar yanada xursand boʻlardik, bizning xona, harholda, ancha qulay…
— O, marhamat! — deya xitob qildy otasi, goʻyo skripkani oʻzi chalayotganday.
Ijarachilar mehmonxonaga qaytib, kuta boshlashdi. Bir ozdan soʻng chol nota qoʻyadigan kursini koʻtarib, onasi — qoʻlida nota, synglisi skripkani olib kirib keldilar. Greta bamaylixotir chalishga tayyorlana boshladi. Ota bilan ona ilgari hech kimni ijaraga qoʻymagani sababli, tajribasizlik qilib, ijarachilarga ortiqcha iltifot etar, hatto oʻz kursilariga oʻtirishga ham jurʻat qilishmasdi. Chol oʻng qoʻlini mundirining tugmachalari orasiga tiqqancha, eshikka suyanib turar, ona boʻlsa ijarachilardan biri shunchaki taklif qilgan stulga oʻtirmay, bir burchakda begonasirab turardi.
Greta chala boshladi. Ota va ona uning qoʻl harakatini diqqat bilan kuzatdilar. Kuyga berilgan Gregor odatdagidan koʻra oldinroq oʻrmaladi va uning boshi deyarli mehmonxonaga chiqib turardi. Gregor soʻnggi paytlarda odamlarga eʻtibor qilmay qoʻyganini sezdi-yu, bunga taajjublanmadi. Avval odamlarga boʻlgan bu eʻtibori bilan — farosati bilan faxrlanardi. Endi-chi, hech qachon hozirgiday koʻrimsiz boʻlmagan Gregor hatto odamlardan yashirinishni ham istamasdi: uning yelkasi va biqiniga har xil iplar, ovqat qoldiqlari yopishgan, hamma joyini chang bosgan edi. Ammo endi har kuni gilamga chalqancha tushib, oʻzini tozalashga Gregorning hafsalasi yoʻq, ayni paytda oʻz turqiga nisbatan shunchalar loqayd ediki, hech ikkilanmay mehmonxonaning yaltirab turgan polida oʻrmalay boshladi.
Lekin unga hech kim eʻtibor qilmadi. Ota-onasi butunlay kuyga berilib ketgan, ijarachilar esa shim choʻntagiga qoʻl tiqib, nota qoʻyilgan kursi yonida turardilar. Ularning notaga tikilib turgani singlisiga xalaqit berardi. Buni sezishgan ijarachilar shivirlashib, deraza yoniga oʻtdilar. Chol hammasini besaranjom kuzatardi. Ijarachilarning yaxshi kuy eshitamiz degan umidi puchga chiqqanday, bu tomosha ularning joniga tekkanday, faqat odob yuzasidan jim turganday edi ular. Ayniqsa, ogʻzi-burnidan pagʻa-pagʻa chiqayotgan tamaki tutuni ularning asabiylashganini shunday koʻrsatib turardi. Greta boʻlsa, nihoyatda yaxshi chalardi. U boshini xiyol qiyshaytirib, nota belgilariga diqqat bilan, ayni paytda mahzun qarardi. Gregor yana oldinroq siljidi. Singlisining koʻziga qarash uchun boshini yerga qoʻydi; musiqa unga shunchalik taʻsir qilar ekan, nahotki u odam emas, hayvon boʻlsa? Gregor hozir gʻaroyib bir oziqqa yaqin qolganday, nomaʻlum bir lazzatga yetadiganday entikdi. U singlisining yoniga borib etagidan tortishga qatʻiy qaror qildi: toki, qiz Gregorning xonasiga kirib chalsin, toki u Gregordan boshqa bu yerda hech kim musiqani qadrlay olmasligini tushunsin. U Gregorning xonasiga kirsa bas, Gregor toki tirik ekan, uni boshqalarga bermaydi. Mayli, Gregorning jirkanch qiyofasi nihoyat oʻz vazifasini bajarsin. u xonaga kirmoqchi boʻlgan har bir kimsani oʻz basharasi bilan dahshatga soladi, singlisini himoya qilib, barcha eshiklar yonida paydo boʻladi. Lekin singlisi uning yonida oʻz istagi bilan qolishi kerak. Mayli, u Gregor bilan divanda oʻtirsin, unga engashib quloq solsin, shunda Gregor agar boshiga falokat tushmaganida Gretani konservatoriyaga joylashtirmoqchi boʻlgani va bu haqda rojdestvodan oldin (rojdestvo ham oʻtib ketgan edi) hech kimning eʻtirozini tinglamay, eʻlon qilmoqchi boʻlganini tushuntiradi. Buni eshitib singlisi quvonch va alamdan yigʻlaydi. Gregor boʻlsa uning yelkasiga tirmashib, ochiq boʻynidan — xizmatga kirgandan beri na roʻmol, na yoqa koʻrgan ochiq boʻynidan oʻpadi.
— Janob Zamza! — deb baqirdi oʻrtadagi ijarachi va ortiq gapirmay, barmogʻini bigiz qilib, sudralayotgan Gregorni koʻrsatdi. Skripkaning ovozi tindi. Oʻrtadagi ijarachi oʻrtoqlariga qarab tirjaydi, boshini likillatdi va yana Gregorga qaradi. Otasi Gregorni haydashdan avval ijarachilarni tinchlantirmoq zarur deb oʻyladi shekilli. Ammo ijarachilar xotirjam, hatto ularni musiqadan koʻra Gregor koʻproq qiziqtirardi. Bari bir chol qoʻllarini yozgancha, gavdasi bilan Gregorni yashirib, ijarachilar yoniga bordi va ularni oʻz xonasiga chekintira boshladi. Cholning bu qiligʻidanmi yoki Gregorday qoʻshni borligidan xabardor qilmaganlari uchunmi, ijarachilarning jahli chiqdi. Ular choldan, bu nima deganday, izoh talab qildilar, lekin chol siquvi ostida asta-sekin ortga chekina boshladilar. Shu orada chalishni toʻxtatgan singlisi oʻziga kela boshladi; u hamon chalishni davom ettirayotganday skripka va kamonchani ushlab, notadan koʻz uzmay bir zum qotib turdi, keyin seskanib tushdi-da, qoʻlidagi asbobini hali ham burchakda shumshayib oʻtirgan, dami qisib zoʻrgʻa nafas olayotgan onaning tizzasiga qoʻydi va qoʻshni xonaga chopib kirdi. Bu xonaga ijarachilar ham tislanib kelar edi, lekin singlisi abjirlik bilan koʻrpa-yostiqlarni tartibga keltirdi va koʻz ochib-yumguncha ularga oʻrin soldi. Otasi boʻlsa oʻjarligi tutdimi, ijarachilar oldida majburiyatni ham unutib, ularni siqib borardi. Nihoyat, oʻrtadagi ijarachi — boʻsagʻaga yetganda — polni gursillatib tepdi va chol oʻziga keldi, toʻxtadi.
— Ijozatingiz bilan shuni aytayki, — dedi ijarachi qoʻlini koʻtarib va ayni paytda koʻzlari bilan ona-qizni axtardi, — bu uy, bu oiladagi razil odatlarni (u yerga tufladi) tushundim va men ijaradan voz kechaman. Bu yerda yashagan kunlar uchun bir chaqa ham toʻlamayman, aksincha, mening sizga daʻvom bor, ishontirib aytamanki, bunga asos ham bor.
Keyin jim boʻldi. Nimanidir kutganday qotib qoldi.
U behuda kutmagan edi — yonidagilar tilga kirdi:
— Biz ham ijaradan voz kechamiz.
Shundan keyin ular xonaning eshigini qarsillatib yopdilar.
Chol gandiraklagancha qoʻllarini yozib, oʻzini kresloga tashladi. U bir qarashda jinday uxlab olish uchun oʻtirganday koʻrinardi, ammo boshi goh u, goh bu yoqqa jonsiz ogʻayotganini hisobga olinsa, uning mutlaqo uxlash uchun oʻtirmagani ayon boʻlardi.
Gregor hamon ijarachilar koʻrib qolgan joyda yotar, oʻz rejasi amalga oshmaganidanmi, ochlikdanmi, uning qimirlashga majoli yoʻq edi. U bir necha lahzadan keyin hamma narsa barbod boʻlishini bilar va bu dahshatli onni kutar edi. U butunlay karaxt edi, hatto onasining titroq qoʻllaridan tushib ketgan skripka tovushi ham uni qoʻrqitmadi.
— Qadrli ona, qadrli otajon, — dedi singlisi stolni chertib, — endi bunaqa yashash ketmaydi. Agar buni sizlar tushunmasangiz, men tushunaman. Manavi mahluq qoshida akamning nomini aytmayman, lekin biz undan qutulishimiz kerak. Odam qilishi mumkin boʻlgan hamma ishni qildik: unga qaradik, uni parvarishladik, unga chidadik. Menimcha, bizni hech kim shafqatsizlikda ayblay olmaydi.
— U ming bora haq, — dedi chol ohista xotiniga. Ona boʻlsa, mushti bilan ogʻzini bekitib, qattiq yoʻtala boshladi. Uning koʻzlari telbanikiga oʻxshardi.
Singil onasining yoniga borib, qoʻlini uning manglayiga bosdi. Qizining gaplaridan keyin aniq bir qarorga kelgan chol oʻtirgan joyida qaddini koʻtardi. U stol (kechki ovqatdan keyin idish-tovoqlar yigʻishtirilmagan edi) chekkasida yotgan furajkasini oʻynar ekan, goh-goh Gregorga qarab qoʻyardi.
— Biz undan qutulishimiz kerak, — dedi yana qiz otasiga. Onasi yoʻtal bilan boʻlib, uni eshitmasdi.
— Bu maxluq ikkalovingizni ham xarob qiladi, mana koʻrasizlar, — deb davom etdi qiz. — Boshimizga tushgan qora mehnat yetmaganiday, uydagi bu azobga balo bormi! Yoʻq, men bunga ortiq chidolmayman!
Singlisi yigʻlab yubordi. Uning koʻz yoshlari onasining yuziga tomgach, qiz beixtiyor uning yuzini arta boshladi.
— Jigarim, bolaginam, — dedi kutilmaganda mehribonlik bilan otasi, — nima qilaylik, axir, nima?
Qiz yigʻlagani uchunmi avvalgi qatʻiyligi yoʻqolib, yelkasini qisdi, xolos.
— Loaqal u bizni tushunsaydi, — dedi otasi savol ohangida.
Yana yigʻiga tushgan qiz “Buning iloji yoʻq”, deganday keskin qoʻl siltadi.
— Agar u bizni tushunsa edi, — dedi chol va qizi aytganday, buning iloji yoʻqligini eslab, koʻzlarini yumdi, — tushunsa edi, balki u bilan kelishib olish mumkin boʻlarmidi, lekin bunaqada…
— Yoʻqolsin bu yerdan! — deb qichqirdi singlisi, — yagona najot shu, ota. Sen bu maxluq — Gregor degan fikrdan qutulmogʻing kerak. Bizning uzoq vaqt bebaxt kun kechirganimizga oʻsha fikr sababchi. Qaranglar, shu Gregormi? Agar Gregor, boʻlganda, odamlar bunaqa maxluq bilan yashay olmasligini allaqachon tushunib, oʻzi ketgan boʻlardi. Oʻshanda biz yaqinimizdan judo boʻlsak ham, uning xotirasini muqaddas tutgan boʻlardik-ku. Bu maxluq esa doim bizni taʻqib qiladi, ijarachilarni haydaydi, butun uyni oʻziga olmoqchi, bizni ham koʻchaga chiqarib tashlamoqchi. Ana, ota, qaragin, u yana oʻz bilganini qilyapti!
Singlisi Gregor tasavvur qilmagan bir dahshatda onasini ham tashlab, otasi tomon yugurdi. Uning harakatidan qattiq hayajonlangan chol qizini himoya qilganday qoʻllarini choʻzdi.
Lekin birovni qoʻrqitish, ayniqsa singlisini xafa qilish Gregorning xayolida ham yoʻq edi. U oʻz yotogʻiga kirish uchun aylanayotgan edi, xolos. Uning bu harakati darrov koʻzga tashlandi, chunki aylanish qiyin boʻlganidan u boshini ham ishga solar va boshi polga gurs-gurs urilardi. Gregor bir zum toʻxtab, atrofga boqdi; uning yomon maqsadda emasligini hamma tushunganday boʻldi, qoʻrqinch yoʻqoldi. Atrofdagilar unga gʻamgin qarab oʻtirishar, onasi — charchoqdan koʻzlarini yarim ochib stulda, singil esa otasining pinjiga kirib, jim oʻtirardilar.
“Endi aylanaversam boʻladi”, deb oʻyladi-Gregor va oʻz ishini davom ettirdi, Bu oson ish boʻlmay, Gregor tez-tez dam olishga majbur boʻlar, kuchanib vishillardi. Darvoqe, uni hech kim qistamas, ixtiyor oʻzida edi. Aylanib boʻlgandan keyin Gregor toʻgʻri oʻrmalab ketdi. (U xonasigacha shuncha masofa borligiga hayratlandi. Bu yoʻlni hozirgina nechogʻlik tez bosib oʻtganligini esladi). Tezroq xonaga kirishni oʻylaganidan, atrofdagilarning na qichqirigʻi, na biror soʻzini eshitdi. Faqat boʻsagʻadan oʻtganda ortiga qaramoqchi edi, boʻyni qotib qolganini sezdi, ammo orqasida turganlarni koʻrishga ulgurdi: singlisini hisobga olmaganda, hamma oʻrnida oʻtirar, hatto onasi uxlab qolgan edi.
Gregor xonaga kirgan zahot kimdir eshikni qarsillatib yopdi va avval zanjirlab, keyin kalit bilan ham qulflab qoʻydi. Eshik qarsillaganda qoʻrquvdan Gregorning oyoqchalari bukilib ketdi. Eshikni singlisi yopgan edi. U allaqachon oʻziga kelib, Gregor boʻsagʻadan oʻtgan zahotiyoq “Nihoyat-a!” deya xitob qilib, eshikni shoshilinch bekitgan edi.
“Bu yogʻi nima boʻladi endi?” deb savol berdi Gregor oʻziga va zulmatga tikilib, jim qoldi. Bir ozdan keyin u oʻzining qimirlay olmasligini bildi. Ammo taajjublanmadi, aksincha, bu ojiz oyoqlari uni hozirgacha qanday koʻtarib yurganiga hayratlanardi. Gregor butun vujudida ogʻriq sezdi. Lekin ogʻriq tobora susayib, bir ozdan soʻng butunlay toʻxtaganday tuyuldi. Yelkasida chirib ketgan olma atrofidagi yara qattiq yalligʻlanganini u deyarli sezmasdi. Gregor “Men yoʻq boʻlishim kerak” deb oʻylar va bu qaror singlisi chiqargan hukmdan ham qatʻiy edi. Gregor shahar minorasidagi soat tungi uchga zang urgunga qadar oʻsha holatda — sof va osoyish xayollar qoʻynida yotdi. Keyin uning boshi oʻzidan-oʻzi polga “shilq” etib tushdi va Gregor soʻnggi marta zaif nafas oldi.
Ertalab xizmatkor xotin keldi. Undan qancha iltimos qilishsa-da, har kuni tongda eshikni qattiq taqillatib kirar va hammani uygʻotib yuborar zdi.
U odati boʻyicha Gregorning xonasiga bosh suqib, biror oʻzgarishni sezmadi. Polda qimirlamay yotgan Gregorni koʻrib “nayrang qilyapti”, deb oʻyladi. Xizmatkor xotin Gregorning nayrangga aqli yetishiga shubha qilmas edi. U qoʻlidagi supurgi bilan Gregorni qitiqlamoqchi boʻldi. Bu ham foyda bermagach, Gregorni yengilgina itarib koʻrdi, ammo Gregor oʻrnidan qoʻzgʻalmadi. Ana shunda xizmatkor xotin sergaklandi. Nima boʻlganini tushundi va koʻzlarini katta ochib, sekin xushtak chalib yubordi.
U hayallamay, oila dam olayotgan xona eshigini ochdi. Hali qorongʻi xona boʻsagʻasida turib bor ovozi bilan qichqirdi:
— Qaranglar, u oʻlib qopti! Harom oʻlibdi, qaranglar!
Bu ovozdan choʻchib ketgan janob Zamza va Zamza xonim birga yotadigan toʻshaklarida bir zum garangsib oʻtirishdi. Keyin bu qichqiriq mazmuniga tushundilar. Er-xotin karavotining ikki tomonidan shoshilinch tusha brshladilar. Janob Zamza yelkasiga yengil koʻrpani tashlab, Zamza xonim ichki koʻylakda Gregorning xonasiga kirdilar. Mehmonxona eshigi ochilib (ijarachilar kelgandan beri Greta mehmonxonada uxlardi), Greta paydo boʻldi. U boshdan-oyoq kiyingan, goʻyo tun boʻyi uxlamaganday edi. Uning yuzidagi zaʻfaronlik ham shundan dalolat berardi.
— Mana, endi, — dedi janob Zamza, — xudoga shukr, desak boʻladi.
U choʻqindi. Yonidagi uchta ayol ham choʻqinib qoʻydi. Jasaddan koʻz uzmay turgan Greta:
— Qaranglar, uning ozib ketganini. Keyingi, paytlarda ovqat yemay qoʻygan edi, nima bersang ham yemasdi, — dedi.
— Bir minutga bu yoqqa kir, — dedi qiziga Zamza xonim va gʻamgin kulib, oʻz yotogʻiga ketdi. Greta jasaddan koʻzini uzmay, onasiga ergashdi. Xizmatkor xotin jasad yotgan xona eshigini bekitib, mehmonxona derazalarini ochdi. Vaqt erta boʻlsa ham, havo ancha iliq, chunki mart oyi oxirlab qolgan edi.
Ijarachilar oʻz boʻlmalaridan chiqib, haligacha nonushta yoʻqligini koʻrib, taajjublandilar: ularni unutishibdi-da!
Xizmatkor xotin barmogʻini labiga bosdi va Gregorning xonasi tomon ishora qildi.
Ijarachilar Gregorning yotogʻiga kirishdi va qoʻllarini choʻntaklariga tiqib, jasadni oʻrab olishdi.
Shu payt Zamza oilasi paydo boʻldi. Ota ish mundirini kiygan, bir yonida qizi, ikkinchi yonida xotini uni qoʻltiqlab olishgan edi.
— Hoziroq mening uyimdan chiqib ketinglar! — dedi janob Zamza ijarachilarga eshikni koʻrsatib. Chol ona va qizini qoʻyib yubormay, hamon birga turishardi.
— Bu bilan nima demoqchisiz? — deb soʻradi oʻrtadagi ijarachi va xushomad aralash iljaydi. Qolgan ikkitasi qoʻlini orqaga qilib, kaftlarini bir-biriga ishqar, hozir katta janjal boshlanib, ularning foydasi bilan tugashini kutardilar.
— Nima degan boʻlsam, shu! — dedi janob Zamza va qizi bilan xotinini qoʻltiqlab, ijarachilarga yaqinlashdi. Ijarachi nima deyishini bilmay jim qoldi.
— Nima ham qilardik, ketamiz, — dedi u nihoyat va ruxsat soʻraganday janob Zamzaga boqdi. Janob Zamza bunga javoban koʻzlarini chaqchaytirib, boshini silkitdi, xolos. Shundan soʻng ijarachi keskin qadamlar bilan dahlizga yoʻnaldi. Ikkita ogʻaynisi uning orqasidan hakkalagancha chopishdi, goʻyo janob Zamza ularni oʻz yoʻlboshchisidan ajratib qoʻyadiganday edi. Uchalasi dahlizdagi ilgakdan shlyapalari va hassalarini olib, oʻgirilib taʻzim bajo keltirishib uydan chiqdilar. Mutlaqo oʻrinsiz shubha bilan janob Zamza ikkita ayolni qoʻltiqlab zina maydonchasiga chiqdi. Keyin ular zinapoya panjarasiga suyangancha, sekin tushib ketayotgan, aylanishlarda goh koʻrinib, goh koʻrinmay borayotgan ijarachilarga qarab turishdi: ijarachilar pastga tushgan sayin, Zamza oilasi ularga shuncha befarq qarardi. Nihoyat, zinapoyada yangi odam — baland qomatini koʻz-koʻz qilib, boshiga savat qoʻygan qassob yordamchisi paydo boʻldi-yu, janob va xonim Zamzalar bir oz yengil tortishdi, uyga kirishdi.
Ular bugun dam olishga, sayr qilishga qaror qildilar. Bu tanaffus ularga juda zarur va ularning bunga haqi bor edi. Uchalasi oʻtirib uchta tushuntirish xati yozdilar: janob Zamza — oʻz direktoriga, Zamza xonim — boshqaruvchisiga, Greta — boshligʻiga. Ular xat yozayotganda xizmatkor xotin ishini tugatib, ketishga ruxsat soʻrab kirdi. Yozayotganlar xatdan koʻz uzmay “Boravering”, deb bosh irgashdi, ammo bu javobdan keyin ham oʻrnidan jilmagan xotinga birdan norozi qaradilar:
— Nima kerak yana? — dedi janob Zamza.
Xizmatkor xotin goʻyo ajoyib xushxabar aytmoqchi-yu, undan hech kim yaxshilab soʻramayotganday, ostonada tirjayib turardi. Uning shlyapasidagi — doim janob Zamzaning jigʻiga tegadigan — tuyaqush pari toʻrt tomonga likillardi.
— Xoʻsh, nima kerak sizga? — deb soʻradi Zamza xonim. Xizmatkor xotin unga boshqalarga nisbatan xurmat bilan qarardi.
— Ha, — dedi kulgidan oʻzini zoʻrgʻa tutib xizmatkor xotin,— anavi maxluqni yigʻishtirish haqida tashvishlanmanglar, hammasi joyida.
Janob Zamza va Greta undan yuz oʻgirib, goʻyo yozishni davom ettirganday, yana xat uzra engashdilar. Xizmatkor xotinning voqeani batafsil aytishga shaylanganini koʻrgach, janob Zamza qoʻlini keskin siltab, rad qildi. Gap berilmaganidan xafa boʻlgan beva birdan shoshilayotgani esiga tushib, “Xush qolinglar!” dedi-da, eshiklarni taraqlatgancha uydan chiqdi.
— Kechqurun uni boʻshatib yuboramiz, — dedi janob Zamza. Unga hech kim — na qizi, na xotini — javob bermadi. Chunki boyagina erishilgan farogʻatni hizmatkor xotin chilparchin qilgan edi. Ona va qiz quchoqlashib deraza yoniga keldilar. Janob Zamza oʻtirgan joyida ular tomon burildi va uzoq tikilib qoldi.
— Bu yoqqa kelsalaring-chi! Unutinglar oʻsha oʻtmishni! Meniyam ozgina oʻylanglar, axir! — deya xitob qildi u birdan.
Ona-bola chol yoniga itoatkorona keldilar, uni yupatib, erkaladilar. Keyin chala qolgan xatni tezda tugatishdi.
Soʻngra uchovlon uydan chiqib, tramvayda shahar chetiga sayrga joʻnadilar. Ular tushgan vagon iliq oftob nuriga toʻla edi. Uchalasi shinam kursilarga joylashib, ertaning rejasini tuza boshladilar: umuman olganda, ular tanlagan ish shunchalik yomon emas, buni bir-biriga shu kungacha aytmagan boʻlsalar ham, endi har birining ishi oʻziga yarasha imtiyozli, degan xulosaga kelishdi. Toʻgʻri, ahvolni tez yaxshilash uchun dastlab, kvartirani almashtirish kerak. Ularga kichikroq, arzonroq, yaʻni Gregor topgan uydan shinamroq kvartirani ijaraga olish zarur. Shu qarorga kelib, janob Zamza va uning xotini tobora avj bilan soʻzlayotgan qiziga qarashdi-yu, ikkalovi ham bir narsani oʻyladi: kechgan iztiroblardan yuzi siniqqan boʻlsa ham, Greta soʻnggi kunlarda haqiqiy jononga aylandi. Ota-ona beixtiyor koʻz urishtirib, qiziga loyiq kuyov axtarish payti ham kelganligini oʻylay boshladi. Manzilga yetganda, Greta ota-onasining shirin xayollarini maʻqullaganday, birinchi boʻlib oʻrnidan turdi va navqiron qomatini rostladi.

Ruschadan M.Solih tarjimasi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1983-yil, 8-son.