Frants Kafka. Jazo koloniyasida
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
— Bu antiqa apparat, — dedi ofitser sayyoh-olimga va apparat oʻziga yaxshi tanish boʻlsa ham, uni suq bilan koʻzdan kechirdi.
Aslida, boshligʻini haqoratlagani va itoatsizligi uchun hukm etilgan bir askarni jazolash jarayonida qatnashishga sayyoh-olimni komendant taklif qilgandi. Bu taklifga sayyoh faqat odob yuzasidangina rozi boʻldi. Jazo marosimi nainki sayyohda hatto koloniyaning oʻzida ham unchalik qiziqish uygʻotmadi. Taqir tepaliklar bilan oʻralgan bu moʻjaz, qumloq vodiyda sayyoh va ofitserdan tashqari yana ikki kishi bor edi. Birinchisi — jinoyatchi askar — sochlari toʻzgʻigan, soqoli olinmagan va ogʻzi katta, telbanamo yigit, ikkinchisi — soqchi askar. U qoʻlidagi ogʻir zanjirni qoʻyib yubormas, chunki zanjir yana ikkita kichik zanjirga ulanib, ular jinoyatchining boʻyin va toʻpiqlariga bogʻlangan, oʻrtasidan esa birlashtirilgan edi. Lekin jinoyatchi askar qiyofasida shunday bir itoatkorlik muhrlangan ediki, uni bemalol tepaliklar tomon sayrga joʻnatib, hukm ijrosi oldidan hushtak chalsang, oʻzi darrov hozir boʻladiganday edi.
Jazo apparati qiziqtirmagani uchun sayyoh zerikib, jinoyatchining orqasida nari-beri yurib turardi. Ofitser boʻlsa, goh chuqurga tushib apparatning tagiga kirar, murvatlarini burab yana trapga chiqar va mashinaning ustki qismlarini tekshirardi. Sirasini aytganda, bu mayda-chuyda ishlarni biror mexanik qilsa ham boʻlardi, lekin hammasini ofitserning oʻzi bajarar, goʻyo bu ishni bugun hech kimga ishonish mumkin emasu apparatning sodiq muxlisi faqat ofitserning oʻzi edi goʻyo.
— Mana, hammasi tayyor! — deya u xitob qilib trapdan tushdi. Ofitser nihoyatda charchagan, ogʻzini katta ochib nafas olar, mundiri yoqasidan ikkita nafis roʻmolchaning chetlari chiqib turar edi.
— Bu mundirlar tropikda ogʻirlik qiladi, — dedi sayyoh apparat haqida soʻrash oʻrniga (ofitser shuni kutgan edi).
— Toʻgʻri, — dedi ofitser va moyga belangan qoʻllarini avvaldan tayyorlab qoʻyilgan suv toʻla tovoqqa tiqdi, — lekin bu — vatanimizda, vatanni esa yoʻqotishni istamaymiz. Yaxshisi, manavi apparatga qarang, — deya davom etdi u qoʻlini sochiqqa artayotib, — shu kungacha qoʻl mehnati kerak edi, ammo endi hammasini mashinaning oʻzi bajaradi.
Sayyoh bosh irgʻab qoʻyib, ofitser koʻrsatgan tomonga qaradi. Ofitser har ehtimolga qarshi qoʻshib qoʻydi:
— Toʻgʻri, baʻzan apparat buzilib ham qolishi mumkin. Ammo bugun, umid qilamanki, biror ishkal chiqmas. Shunga qaramay buzilishi ehtimolini hisobga olib qoʻyish kerak. Chunki apparat tanaffussiz oʻn ikki soat ishlaydi, lekin buzilguday boʻlsa ham, uni bir zumda sozlash mumkin. Oʻtirmaysizmi? — dedi u nihoyat va uyulib yotgan toʻqima kreslolardan birini olib yerga qoʻydi: sayyoh iltifotni rad etolmadi.
U apparat joylashgan handaq chetida oʻtirib kuzatdi: handaq uncha chuqur emas edi. Tuproq koʻchib uning bir chekkasi koʻmilgan, bir chekkasida apparat turar edi.
— Bu apparatning tuzilishi haqida komendant sizga izoh berdimi-yoʻqmi, bilmayman, — dedi ofitser sayyohga yuzlanib.
Sayyoh qoʻli bilan mujmal bir harakat qildi. Ofitserga shuning oʻzi kifoya edi; u tushuntirishni boshlab yubordi:
— Bu apparat, — dedi shatunga qoʻlini tekkizib, — marhum komendantimizning ixtirosi. Inshootiing yaralishida men u bilan birga ishlaganman. Dastlabki tashabbusdan tortib, soʻnggi ishlarigacha qatnashganman. Siz sobiq komendantimiz toʻgʻrisida eshitgandirsiz? “Yoʻq”? Hech mubolagʻasiz shuni aytish mumkinki, butun koloniyaning ichki tuzilishiga oʻsha odam asos solgan. Biz —— doʻstlari, u qazo qilgan daqiqadayoq bir narsani angladik: koloniyaning tuzilishi shu qadar mukammal ediki, marhumning oʻrniga tayinlangan odam boshida ming xil yangi reja boʻlsa ham, marhum oʻrnatgan eski tartibni uzoq yillar oʻzgartira olmasdi. Bashoratimiz toʻgʻriyam chiqdi — yangi komendant buni tan oldi. Siz avvalgi komendantni bilmas ekansiz-da, afsus!.. Men ortiqcha gapirib yubordim, shekilli?.. Mana, apparatimiz — qarshingizda! Koʻrib turibsizki, u uch qismdan iborat. Bora-bora ular oddiygina qilib, yaʻni pastki qismi — “yotoq”, tepa qismi “hisobchi”, oʻrta qismi — “mola” deb ataladigan boʻldi.
— Mola? — deb soʻradi sayyoh. U ofitserning soʻzlarini eʻtiborsiz tinglagan edi. Soya tashlaydigan biror daraxti yoʻq vodiy uzra oftob lovillar, issiqda diqqatni bir joyga toʻplash qiyin edi. Ofitser boʻlsa, bayram libosida, epoletlariga zarbof chilvir taqilgan tor mundir kiyib erinmay tushuntirar, bu ham yetmaganday, qoʻlidagi ochqich bilan goh u murvatni, goh bunisini tortib, sayyohni hayratga solar edi. Chamasi, soqchi askar ham sayyohdan battar ahvolda edi. U zanjirni qoʻliga bogʻlab, ikkinchi qoʻli bilan miltiqqa suyangancha, boshini quyi solib, loqayd turardi. Uning loqaydligi sayyohni taaajublantirmadi, chunki ofitser frantsuz tilida gapirar va bu tilni na soqchi, na jinoyatchi tushunar edi. Lekin jinoyatchi askarning ofitser aytayotgan gaplarni anglashga tirishgani qiziq edi. U lanj bir qaysarlik bilan sayyohga ofitser nimani koʻrsatsa, oʻshanga qarardi. Sayyoh ofitserning gapini boʻlib, “mola” haqida suraganida, jinoyatchi ham ofitserga qoʻshilib sayyohga qaradi:
—Ha, “mola”, — dedi ofitser, — bu nom juda mos keladi. Uniyam tishlari bor, xuddi molaga oʻxshab ketadi. Lekin jindak farq ham qiladi. Hozir oʻzingiz koʻrasiz. Mana — “yotoq”, jinoyatchi shu yerga yotqiziladi… Yoʻq, sizga avval apparatning tuzilishini koʻrsatay, keyin ishni boshlaymiz. Buni bilib qoʻysangiz, ish jarayonini darrov anglab olasiz. Apparat ishlayotganida tushuntirish juda qiyin, chunki “hisobchi”ning bir gʻildiragi yeyilgan, u qattiq gʻijirlab, gapni eshitishga xalal beradi. Afsuski, ehtiyot qismlarni topish nihoyatda mushkul… Shunday qilib, mana bu “yotoq”… Paxta toʻshalgan. Mohiyatini hozir anglaysiz. Jinoyatchi bu toʻshakka yuztuban yotqiziladi. Uning qoʻli, oyoqlari va boʻyni manavi tasmalar bilan bogʻlangan boʻladi. Jinoyatchining boshi “yotoq”ning manavi joyiga toʻgʻri keladi va bu yerdan kamat tiqin chiqib, toʻgʻri jinoyatchining ogʻziga kiradi. Tiqinni ogʻizga kirguncha jildiraverish mumkin. Shu tiqin tufayli jinoyatchi na dodlay oladi va na tilini tishlaydi. U, xohlasa-xohlamasa, bari bir, tiqinni ogʻziga oladi, aks holda, boʻynidagi tasma uning umurtqasini sindiradi.
— Paxtami bu? — deb soʻradi sayyoh.
— Ha, ha, albatta, — dedi jilmayib ofitser, — ushlab koʻring, — ushlab, u sayyohning qoʻlidan tutib, toʻshakni silashga majbur etdi, — alohida ishlov berilgan, shu bois paxtaligini bilish qiyin. Uning vazifasini hali sizga aytib beraman.
Sayyoh endi apparatga qiziqa boshlagan edi, u qoʻlini soyabon qilib pastga qaradi. Bu — xatta inshoot edi. “Yotoq” bilan “hisobchi” bir xil kenglikda boʻlib, ular ikkita qora qutiga oʻxshardi. Hatto yotoqdan ikki quloch tepada joylashgan va ularni biriktirib turgan bir juft jez gʻoʻla quyoshda yaltillardi. Shu ikki quti oʻrtasidagi “mola” poʻlat simga osilgan edi.
Ofitser sayyohdagi avvalgi loqaydlik deyarli yoʻqolganini sezdi va uning apparatni shoshilmay, bemalol tomosha qilishiga xalal bermaslik uchun hatto gapdan ham toʻxtadi. Jinoyatchi askar ham sayyohga taassuf qila boshladi: u qoʻlini koʻziga soyabon qilolmaganidan, pastga qarayotib, qamashgan koʻzlarini tez-tez yumib ochardi.
— Shunday qilib, jinoyatchi yotibdi… — dedi sayyoh kresloda oʻtirgan joyida oyogʻini ayqashtirib.
— He. — dedi ofitser va furajkasini ensasiga surdi-da, qizib ketgan yuzini silab qoʻydi, — endi bu yogʻini eshiting! “Yotoq” va “hisobchi”da bittadan batareya bor. Birinchi batareya “yotoq”ning oʻzi uchun kerak, ikkinchisi bilan esa “hisobchi” oʻzini “himoya” qiladi. Jinoyatchi bogʻlangan zahoti “yotoq” harakatga kelib, bir maromda va tez-tez — ham tikkasiga, ham yon tomonga tebrana boshlaydi. Bunaqa apparatlarni siz kasalxonalarda koʻrgansiz, albatta. Ammo bizning “yotoq” ularga nisbatan nihoyatda puxta ishlangan. Uning har bir tebranishi “mola” harakatiga mutanosib. Chunki hukm ijrosi — asosan “mola”ning ishi.
— Hukm qanaqa? — deb soʻradi sayyoh.
— Siz hali buni bilmaysizmi? — dedi ofitser taajjublanib, lablarini tishlarkan, — mening izohlarim uzuq-yuluq boʻlsa, maʻzur tuting, iltimos. Ilgari hammasini komendantning oʻzi tushuntirardi, lekin yangi komendant bu faxrli burchdan voz kechdi. Ammo sizday aziz mehmon, — sayyoh qoʻllarini koʻtarib bu izzatni rad qilmoqchi edi, ammo ofitser oʻz “ibora”sini oʻzgartmadi, — sizday aziz mehmonga u hatto jazo mazmunini ham tushuntirmabdi, bu men uchun kutilmagan bir… — Ofitser soʻkinmoqchi edi-yu, oʻzini tutdi, — bundan meni hech kim ogoh etmagan, mening aybim yoʻq. Ammo, jazo xususiyatlarini boshqalarga nisbatan oʻzim yaxshiroq tushuntirishim mumkin, chunki mana bu yerda, — deb koʻkrak choʻntagini shappatiladi u, — sobiq komendant oʻz qoʻli bilan chizgan noyob chizmalarini asrayman.
— Oʻz qoʻli bilan? — deb soʻradi sayyoh. — Sobiq komendant bir necha vazifani oʻtar ekan-da, ham harbiy, ham hukm chiqaruvchi, ham… kimyogar ekan-da?!
— Xuddi shunday! — dedi ofitser bosh silkib. Keyin qoʻllarini sinchiklab koʻzdan kechirdi: chizmani olay desa barmoqlari unchalik toza emasday koʻrindi va suv toʻldirilgan tovoq yoniga borib, qoʻllarini qaytadan yuvdi.
— Jazomiz unchalik qoʻrqinchli emas. “Mola” jinoyatchi tanasiga u esdan chiqargan buyruqni bitadi. Masalan, — deya askarni koʻrsatdi u, — mana buning badaniga: “Boshligʻingni hurmat qil”, — deb yoziladi.
Ofitser jinoyatchiga imo etganda, sayyoh ham koʻz qiri bilan unga qaradi: u boshini quyi solib, ofitserning jillaqursa biror soʻzini tushunish uchun qulogʻini ding qilib turardi. Lekin uning doʻrdoq lablarining qimirlashi hech narsa tushunmaganidan darak berardi. Sayyoh yana koʻp narsani soʻramoqchi edi-yu, jinoyatchining ahvolini koʻrib, gapini qisqa qildi:
— U qanday jazoga hukm etilganini biladimi?
— Yoʻq, — deya ofitser izoh bermoqchi edi, sayyoh uning gapini yana boʻldi:
— Oʻz ustidan chiqarilgan hukmni ham bilmaydimi?
— Yoʻq, — dedi ofitser va sayyohning savoliga tushunmaganday duduqlandi, — jinoyatchiga hukmni bildirishning hojati yoʻq. Axir, u oʻz badanidagi yozuv orqali aybini bilib oladi.
Sayyoh gapni toʻxtatmoqchi edi, birdan jinoyatchining oʻziga qarab turganini sezib qoldi: askar goʻyo ofitser tushuktirgan ish tartibi sayyohga maʻqulmi-yoʻqmi — bilmoqchi edi. Shunig uchun kresloga bemalol yastanishga chogʻlangan sayyoh qaddini tiklab, yana oldinga engashdi:
— Loaqal, askar oʻzining jazoga hukm qilinganini bilar?
— Yoʻq, buni ham bilmaydi, — dedi ofitser va sayyohdan yanada gʻalatiroq savollar kutganday jilmayib turaverdi.
— Qiziq, — dedi sayyoh manglayini silab, — bundan chiqdiki, jinoyatchi oʻzini oqlash uchun harakat ham qilmasa kerak?
— Unga oʻzini himoya qilishga zarurat ham yoʻq, — deb javob berdi ofitser goʻyo oʻz-oʻziga gapirayotganday chetga qarab. U sayyohni keraksiz tafsilotlar bilan zeriktirishni istamasdi.
— Axir, unda oʻzini himoya qilish imkoni bor edimi? — deb sayyoh kreslodan turdi.
Ofitser asosiy ish — apparat haqidagi suhbat uzilib qolishidan choʻchib, sayyohning yoniga bordi va uning qoʻltigʻidan oldi; bir qoʻli bilan jinoyatchini (buni sezgan jinoyatchi darrov qaddini rostladi, soqchi askar ham zanjirni tortib qoʻydi) koʻrsatib shunday dedi:
— Gap bunday: yoshligimga qaramay, men bu yerda — koloniyada hakam vazifasini bajaraman. Zero, adolat tantana qilishida sobiq komendantga ham koʻmak berganman va shuning uchun ham bu apparatni hammadan yaxshiroq bilaman. Hukm chiqarayotib men: “Gunohkorlik — doim muqarrar”, degan qoidaga amal qilaman. Boshqa hakamlar bu qoida boʻyicha ish tutolmaydi, chunki ular oliy sud idoralariga qaram va koʻpchilik boʻlib ish tutmoqqa majburdirlar. Bu yerda esa boʻlakcha. Harholda, sobiq komendant davrida shunday edi. Toʻgʻri, yangi komendant mening ishlarimga aralashmoqchi boʻlib koʻrdi, ammo men hozircha uniig hujumlarini qaytarib kelyapman, umid qilamanki, bundan keyin ham u menga xalal berolmasa kerak… Siz bugungi marosimga sabab boʻlgan voqeani bilishni istayapsiz, mayli, aytib beraqolay. Qisqasi, bugun ertalab bir kapitan oʻz denshchigining xizmat paytida uxlab qolgani haqida xabar berdi. Denshchik har soatda, zang urilishi bilanoq, kapitan eshigi oldida qad rostlab uning sharafiga qoʻlni koʻtarib qoʻyishi kerak edi. Bu unchalik ogʻir ish emas, lekin qoida shunday. Chunki ofitserni qoʻriqlab, unga xizmat qilayotgan soqchi hamisha hushyor turishi shart. Kecha tunda kapitan denshchikning oʻz burchini qanday bajarayotganini tekshirmoqchi boʻlib chiqsa, u ikki buqilgancha uxlayotgan emish. Kapitan xivich bilan basharasiga tushiribdi. Soqchi oʻrnidan turib, kechirim soʻrash oʻrniga, oʻz xoʻjayinining boshini yerga qaratib oyogʻidan koʻtaribdi-da, “Xivichni tashla, yoʻqsa oʻldiraman!” deb uni silkita boshlabdi. Mana sizga boʻlgan voqea. Bundan bir soat oldin kapitan mening yonimga keldi, men uning koʻrsatmalarini yozib oldimu darrov hukm chiqardim. Keyin denshchikni kishanlashni buyurdim. Bularning hammasi shunchaki rasmana ishlar. Agar, men denshchikni chaqirib soʻroq qila boshlasam, anglashilmovchilik koʻpayardi. Denshchik notoʻgʻri soʻzlar edi, bu yolgʻonni rad qilganim zahoti u yana yolgʻon-yashiq gaplar toʻqir edi va hokazo. Lekin hozir u mening qoʻlimda, men esa uni qoʻyib yubormayman… Endi hammasiga tushungandirsiz?.. Vaqt oʻtyapti, jazoni boshlash payti ham keldi, men boʻlsa haligacha sizga apparatning qurilishini tushuntirib ulgurganim yoʻq.
Ofitser sayyohni yana kresloga oʻtirishga majbur qildi va oʻzi apparatning yoniga borib, gapira boshladi:
— Koʻrib turganingizdek, “mola” odam tanasining andomiga toʻgʻri keladi: mana bu joyi odamning gavdasi uchun, mana bunisi oyoqlari uchun, bosh uchun esa mana bu pichoqsimon tish moʻljallangan. Endi tushunarli boʻlgandir-a?
U eng mayda tafsilotlarni ham izohlashga tayyorligini koʻrsatish uchun sayyohning tepasiga kelib mehribonlik bilan engashdi.
Sayyoh xoʻmrayib “mola”ga qaradi. Sud ishlari uni qanoatlantirmagan edi. Shunga qaramay, sayyoh bu yerning jazo koloniyasi ekani va qonunlarning shafqatsiz boʻlishi tabiiyligi, harbiy qoidalarga rioya qilish zarurligini ichida oʻziga uqtirardi. Lekin u yangi komendantga umid bogʻlab, uning imillab boʻlsa ham, sud ishlarini yangilashga harakat qilayotganini va bu islohni manavi toʻnka ofitser hech qachon tushunmasligini oʻyladi. Shu umid bilan sayyoh savol berdi:
— Jazo paytida komendant ham hozir boʻladimi?
— Bu ham aniq emas, — dedi ofitser kutilmagan savoldan xafa boʻlganday va shu zahoti uning yuzi oʻzgardi, xuddi shuning uchun ham biz shoshilishimiz kerak. Afsuski, izohlarni qisqartirishga toʻgʻri keladi. Lekin ertaga apparat tozalanganidan keyin (bu qurilma tez ifloslanadi, asosiy kamchiligi ham shu) men sizga qolganlarini tushuntirib berishim mumkin. Hozircha, eng zaruri ustida toʻxtalaman… Demak, jinoyatchi “yotoq”qa yotgach, u tebrana boshlaydi va “mola” jinoyatchining tanasini bosadi. “Mola”ning tishlari avtomatik ravishda tanaga tegib-tegmay turadi: “mola” sozlangandan keyin esa, u osilgan sim tarang tortilib, ish boshlanadi. Bilmagan odam jazo jarayonida biror qiziq tomosha koʻrishi gumon. Unga “mola” bir xilda ishlayotganday tuyuladi. Aslida, “mola” tez-tez tebranib, tishlarini tanaga botiradi, tana ham “yotoq” bilan birga shu maromda tebranadi. Jazo jarayonini xohlagan kishi tekshirib koʻrishi uchun “mola” shishadan yasalgan. Tishlarni oʻrnatishda ancha qiyinchiliklarga duch kelindi, ammo koʻp urinishlardan soʻng, ularni mahkam biriktirishga muvaffaq boʻldik. Mehnatni ayamadik. Endi tanaga yozilayotgan yozuv qanday bajarilishini hamma koʻrishi mumkin. Yaqinroq keling, tishlarni oʻzingiz koʻring!
Sayyoh sekin oʻrnidan turdi-da, apparatga yaqin borib, engashdi.
— Siz, — dedi ofitser, — ikki xil joylashgan tishlarni koʻrib turibsiz, Har bir uzun tishning yonida bittadan kalta tish bor. Uzun tish yozadi, kaltasi suv chiqarib, qonni yuvadi va yozuvning ravshanligini taʻminlaydi. Qonli suv kichik quvurchalardan oʻtib, kattasida toʻplanadi, keyin xandaqqa oqib tushadi.
Ofitser suv oqadigan yoʻnalishni qoʻli bilan koʻrsatdi. U gapi yaxshi anglanishi uchun tarnovdan goʻyo oʻsha suvni olganday hovuchlarini jipslashtirgan edi, sayyoh boshini koʻtarib, qoʻlini orqaga qilgancha, kreslo tomon tislandi. Bu ham yetmaganday, u ofitserning “mola”ni koʻring degan taklifiga jinoyatchi ham boʻysunganini koʻrib, dahshatga tushdi. Jinoyatchi mudroq soqchini sudrab “mola” yoniga kelgan va shisha uzra engashgancha turardi. U hozirgina manavi janoblar tomosha qilgan narsani izlar, ammo birov koʻrsatmaganidan keyin, hech baloga tushunmay, goh u yoqqa, goh bu yoqqa enkayib, “mola” shishasi boʻylab koʻz yugurtirar edi. Sayyoh uni haydamoqchi boʻldi, chunki uning xatti-harakati gʻayriqonuniy va jazoga loyiq boʻlishi mumkin, deb oʻyladi. Lekin ofitser sayyohni tutib qoldi, keyin yerdan bir siqim tuproq oldi-da, soqchiga otdi. Soqchi seskanib uygʻondi va jinoyatchining haddidan oshganini koʻrib, miltigʻini qoʻydi-yu, oyoqlarini yerga tiragancha, qoʻlidagi zanjirni shunday kuch bilan tortdiki, jinoyatchi askar gursillab yiqildi. Keyin pastda zanjirlarini shaldiratib tipirchilayotgan jinoyatchiga qarab tek qoldi.
— Uni turgʻazib qoʻy! — deb baqirdi ofitser sayyohning diqqati jinoyatchiga alahsib qolayotganini sezgach.
Sayyoh “mola” ustida engashgan esa-da, “mola”ga qaramas, balki hozir jinoyatchi nima boʻlishini kutar edi.
— Uni ehtiyot qil! — deb baqirdi ofitser va soqchiga ishonmay, apparatni aylandi-da, jinoyatchining yoniga oʻzi borib, uning yulqinishiga qaramay, soqchi yordamida qoʻltigʻidan koʻtarib, oyoqqa qoʻydi.
Endi menga hammasi ayon, — dedi sayyoh ofitser qaytib kelgach.
Lekin asosiy narsa u yoqda, — dedi ofitser va sayyohning tirsagini qisib, yuqoriga imo qildi, — “hisobchi”ning gʻildiraklar tizimi oʻsha yerda joylashgan. Ular “mola” harakatini belgilaydi. Bu tizim sud hukmi tayyorlagan chizma boʻyicha oʻrnatiladi. Mana, u, ofitser hamyonidan bir necha qogʻoz chiqardi, — afsuski, bu qogʻozlarni qoʻlingizga berolmayman. Bu mening — yagona boyligim. Manayi yerga oʻtiring, shunda hammasi kaftdagidek koʻrinadi.
Ofitser birinchi qogʻozni chiqardi. Sayyoh shunchaki maqtab qoʻymoqchi ham boʻlgan edi, ammo qogʻozdagi chiziqlar shu qadar ayqash-uyqash va bir-biri bilan qayta-qayta kesishganidan sira ochiq joy qolmagan edi.
— Oʻqing, — dedi ofitser.
— Men oʻqiy olmayman, — dedi sayyoh.
— Hammasi aniq yozilgan-ku, — dedi ofitser.
Ha, juda did bilan yozilgan, — dedi sayyoh gapdan qochib, — faqat men yaxshi ilgʻay olmayapman.
— Toʻgʻri, dedi ofitser kulib hamyonini choʻntagiga solarkan, bu maktab oʻquvchilarining alifbosi emas. Diqqat bilan oʻqish kerak. Ana shunda siz ham tushunib olardingiz. Albatta, bu harflar sodda boʻlishi mumkin emas: chunki chizma boʻyicha jinoyatchi tez oʻlmasligi lozim. Oʻrta hisobda jazo olti soat davom etadi. Keskin burilish payti oxirida yuz beradi. Har bir jumla oʻz mazmuniga koʻra bezatiladi. Yozuvning oʻzi tanada nozik kamar shaklidagina boʻladi. Tananing qolgan qismini faqat bezaklar toʻldiradi. Endi siz “mola”ning ishini va, umuman, apparatni baholay olarsiz! Qarang!
Ofitser sakrab trapga chiqdi va qandaydir gʻildirakni aylantirdi. Keyin pastga qarab: “Diqqat, chetga qochinglar!”, deya baqirdi. Apparat harakatga keldi. Agar, gʻildiraklardan biri shaqirlamaganida, hammasi joyida edi-ya. Ofitser bu gʻildirakning “qiligʻi”dan uyalganday, unga oʻzicha musht oʻqtaldi, keyin sayyohdan kechirim soʻragan boʻlib, qoʻllarini yozdi-da, apparatni pastdan kuzatish uchun shoshib tepadan tushdi. Apparatning faqat ofitsergagina maʻlum boʻlgan yana bir buzuq joyi bor, shekilli, u qaytadan trapga chiqib, qoʻllarini “hisobchi”ning ichiga tiqdi, keyin vaqtni yoʻqotmaslik uchun poʻlat quvurga oʻtirdiyu gʻizillab pastga tushib, shovqin ichida sayyohning qulogʻiga qichqira boshladi:
— Mashina faoliyati sizga tushunarli boʻldimi endi?.. “Mola” shunday yoza boshlaydi: yelkaga dastlabki yozuv tushgandan keyin paxta qatlami sekin aylanib, tanani agʻdaradi va yozishga yangi maydon tayyorlaydi. Tananing yozilgan qismidagi qonni esa maxsus ishlangan paxta soʻrib oladi va yozuvning botib turishi uchun imkoniyat yaratadi. “Mola” chetidagi mana bu tishlar tana agʻdarilayotgan paytda yaraga yopishib qolgan paxta parchalarini yulib oladi va handaqqa tashlaydi. Keyin “mola” yana harakatga keladi, Shu koʻyi “mola” oʻn ikki soat davomida yozuvni chuqurlashtirib boraveradi. Dastlabki olti soatda jinoyatchi avvalgiday yashaydi, faqat ogʻriqdan azoblanadi. Ikki soat oʻtgach — bas, jinoyatchi ogʻzidagi namat tiqinni ham olib tashlasa boʻlaveradi, chunki uning baqirishga madori qolmaydi. Jinoyatchining bosh tarafiga, mana bu tovoqqa (u elektr bilan qizdirib turiladi) iliq guruch boʻtqa solinadi. Agar, jinoyatchi tili yetsa, undan yeyishi mumkin. Shu kungacha bu lazzatdan bosh tortgan birorta jinoyatchi boʻlmadi. Harholda, shunday. Faqat besh soatdan keyin jinoyatchi ovqatga qaramay qoʻyadi. Shunday paytlarda men mana shu yerga choʻkka tushib, manzarani kuzataman. Odatda, jinoyatchi boʻtqaning soʻnggi yutimini yeb qoʻymay, ogʻzida aylantirib loʻndalaydi-da, handaqqa tuflaydi. Agar, shunday paytda engashib qolmasam, boʻtqa naq yuzimga chaplanishi mumkin. Ammo oltinchi soatda jinoyatchi shunday muloyimlashadiki, eng kaltafahm jynoyatchilarning ham tafakkuri ravshanlashadi. Bu hodisa uning koʻzlari tevaragida boshlanib, atrofga yoyildi. Bu manzara kishini sehrlaydi, “mola” tagiga kirging keladi. Keyin aytarli hech narsa yuz bermaydi, faqat jinoyatchi yozuvni tushuna boshlaydi, uni tinglagan kabi qulogʻini ding qiladi. Siz hali qogʻozda koʻrdingiz, yozuvni koʻrish qiyin, bizning jinoyatchimiz esa uni oʻz yaralari orqali oʻqiydi. Albatta, bu oz mehnat emas, uni nihoyasiga yetkazmoq uchun olti soat kerak. Olti soatdan keyin “mola” tishlari jinoyatchi tanasini butunlay teshadi va uni handaqqa — qonli paxta va suv ichiga itqitadi.
Sayyoh ofitser tomon xiyol engashib quloq solar va ayni paytda mashinaning ishlashini kuzatardi. Jinoyatchi ham apparatga qarab turar, ammo hech narsa anglamasdi. U enkaygancha, “mola”ning borib kelayotgan tishlariga tikilib turganida, soqchi askar (ofitserning ishorasi bilan) ortidan kelib, pichoq bilan koʻylak va ishtonini ikkiga boʻlib tashladi. U uyatini yopish uchun ishtonini yerdan koʻtarmoqchi boʻldi-yu, ammo soqchi qolgan-qutgan juldurini ham yulib oldi. Ofitser mashinani sozladi; shovqin-suronsiz yalangʻoch askarni “mola” ostiga yotqizishdi. Uning qoʻlidagi zanjir oʻrniga tasmalar bogʻlandi. Ilk dafʻa bu jinoyatchi uchun yengillikday koʻrindi. Keyin “mola” odatdagidai koʻra pastroq tushdi, chunki askar oriq edi. Badaniga tishlar tekkanida askar titray boshladi. Soqchi uning oʻng qoʻlini bogʻlarkan, jinoyatchi chap qoʻlini beixtiyor sayyoh tomon choʻzdi. Ofitser boʻlsa koʻz qiri bilan sayyohni kuzatar, bu jazo (garchi yuzaki tushuntirgan boʻlsada) qanday taassurot uygʻotishini chet ellikning yuzidan bilib olishga intilar edi.
Soqchi askar qattiq tortganidanmi, bilakka bogʻlanadigan tasma uzilib ketdi. U ofitserni yordamga chaqirib, unga uzilgan tasmani koʻrsatdi. Ofitser uning yoniga bordi va soʻngra ortiga oʻgirilib, sayyohga izoh bera boshladi:
Mashina murakkab boʻlgani uchun doim nimadir sinib, nimadir uzilishi mumkin, ammo bu hol mashinani baholashda putur yetkazmasligi lozim. Masalan, uzilgan tasma oʻrnida men darhol zanjirdan foydalanishim mumkin. Toʻgʻri, bu holda oʻng qoʻlning tebranishi oʻz nafosatini bir oz yoʻqotadi.
Ofitser zanjirni bogʻlayotib, qoʻshib qoʻydi:
— Mashinaning ishlashi uchun ajratilayotgan mablagʻ juda kam. Sobiq komendant davrida bu mablagʻni men oʻz bilganimcha sarflar edim. Bu yerda har xil zarur temir-tersak saqlanadigan xona bor edi, Men asboblarni ayamay ishlatardim. Avval shunaqa edi. Yangi komendant boʻlsa eski tartibni maʻn qilishga intilgani-intilgan. Hozir mashina uchun ajratilgan pulga oʻsha xoʻjayin, deylik, men yangi tasma olib kelishga odam yuborsam, komendant eski tasmani koʻrsatishni talab qiladi va oqibatda oʻn kun vaqt oʻtib, yangisini yuboradi, ammo bu ham yaroqsiz chiqadi. Men tasmasiz mashinani qanday boshqaraman — bu bilan hech kimning ishi yoʻq.
“Birovlarning ishiga dabdurustdan aralashmoq doim xavflidir”, deb oʻyladi sayyoh. Chunki u koloniyada ham, koloniya qarashli boʻlgan mamlakatda ham yashamaydi. Agar, sayyoh jazo marosimini tanqid qilsa yoki uni toʻxtatishga urinsa, unga: “Sen chet elliksan, izzatingni bilib, jim tur”, deyishlari mumkin, oʻshanda sayyoh bunga eʻtiroz qilmas, aksincha, u: “Men ham oʻzimga hayronman, axir, men begona mamlakatlarning sud ishlarini oʻzgartirish uchun emas, balki ilm axtarib sayohatga chiqdim-ku”, deb aytgan boʻlardi. Lekin bu yerdagi ahvol sayyohni qiziqtirib qoʻygandi. Sud ishlaridagi adolatsizlik va jazoning vahshiyonaligi shundoqqina koʻrinib turardi. Sayyohni ham birov manfaatdorlikda ayblay olmas, chunki u jinoyatchiga na qarindosh, na vatandosh boʻladi. U jinoyatchiga achinmas, umuman, jinoyatchi odamda rahm uygʻotadigan kishi emasdi. Lekin sayyoh bu yerga oliy idoralar tavsiyanomasi bilan kelgan boʻlib, uni yaxshi kutib olgan edilar. Hatto jazo marosimiga taklif qilayotib, sayyohdan bu yerning sud ishlari haqida fikr bildirishini zohiriy istaganday ham boʻlishdi. Hozir maʻlum boʻldiki, yangi komendant ham sayyohga oʻxshab bu ofitserga nisbatan deyarli dushmanlarcha munosabatda-yu, koloniyadagi sud tartiblari uni ham qanoatlantirmas ekan.
Sayyohning xayolini ofitserning dargʻazab qichqirigʻi boʻldi. U bir amallab namat tiqinni jinoyatchi ogʻziga solgan edi, jinoyatchining koʻngli aynib, koʻzlarini yumgancha qaltiray boshladi. Ofitser shosha-pisha uning boshini handaq tomon burmoqchi boʻldi, ammo ulgurmadi — askarning ogʻzidan qusuq otilib chiqib, butun mashinani bulgʻadi.
— Hammasiga komendant aybdor! — deya qichqirdi ofitser gʻazabdan temir gʻoʻlani yulqilab. — Mashinani xuddi choʻchqaxonaday bulgʻashadi!
U hamon titrayotgan qoʻllari bilan askarga ishora qilib, sayyohga dedi:
— Jazodan bir kun oldin ovqat berishni toʻxtatish zarurligini komendantga soatlab aytganman. Lekin yangi tartib tarafdorlari boshqacha fikrda. Jinoyatchini olib ketish arafasida komendantning xonimlari unga har xil shirinliklar ulashadi. Umr boʻyi sassiq baliq yeb kun kechirgan bu nusxa endi shirinlik yeyishi kerakday! Mayli, bunisiga ham chidash mumkin, men bunga koʻnikib qoldim, ammo komendantdan yangi namat tiqin soʻraganimga uch oy boʻldi. Mana, qarang, yuzlab odam oʻlimi oldidan tishlab, soʻrgan bu tiqinni jirkanmay ogʻizga olish mumkinmi, axir?!
Jinoyatchi boshini yostiqqa qoʻydi, uning koʻrinishi osoyishta edi. Soqchi askar jinoyatchining koʻylagi bilan mashinani arta boshladi. Shu payt ofitser sayyohga yaqinlashdi. Sayyoh nimadandir shubhalanib bir qadam ortga tislandi, lekin ofitser uning qoʻlidan ushlab, chetga tortdi.
— Sizga bir gap aytsam maylimi?
— Albatta, —dedi sayyoh va boshini quyi solib tinglashga chogʻlandi.
— Hozir siz tomosha qilayotgan bu adolatli sud va jazoning koloniyamizda ochiq tarafdorlari, muxlislari yoʻq. Buning yagona himoyachisi men va sobiq komendant qoldirgan merosning ham yolgʻiz himoyachisi oʻzimman. Mazkur sud tartiblarini kelajakda takomillashtirish mening xayolimda ham yoʻq. Butun kuchim mana shu — borini asrashga ketyapti. Eski komendant davrida koloniya uning maslakdoshlari bilan toʻla edi. Ishontirish qobiliyati menda ham bor, faqat sobiq komendant mansabdan ajralgan. Shu sabab uning tarafdorlari koʻp boʻlsa-da, hozircha jim, pusib yurishibdi. Agar bugun — jazo marosimi kuni qahvaxonaga kirsangiz ham gap-soʻzlarga quloq solsangiz, faqat mujmal suhbatlardan boshqa hech narsani eshitmaysiz. Chunki bu odamlar eski tartibni yoqlashsa ham, toki yangi komendantning qarashlari oʻzgarmas ekan, ulardan biror gap chiqishi qiyin. Endi sizdan soʻramoqchiman: nahotki, oʻsha komendant va uning xonimchalari dastidan bir odam umrini sarf qilib yaratgan mana shu moʻjiza (apparatni koʻrsatib) yoʻq boʻlib ketsa? Bunga yoʻl qoʻyish mumkinmi? Hatto siz chet ellik boʻlsangiz ham, hatto bizning orolga bir necha kunga kelgan boʻlsangiz ham, ayting, shunaqayam boʻladimi? Vaqt oʻtib boryapti. Mening sud ishlarimga qarshi allaqanday choralar koʻrishayotgani aniq: komendaturada mensiz qandaydir majlislar oʻtkazishmoqda. Hatto sizning bu tashrifingiz ham vaziyatning qaltisligidan darak beryapti; ular oʻzlari kelishdan choʻchib, avval sizni — chet ellik odamni joʻnatishadi… Ilgari jazo marosimi qanday tantanali ravishda oʻtardi-ya! Qatlga bir kun qolganda vodiy odamga toʻlib ketardi. Bu tomoshani koʻrish uchun hamma kelardi. Erta tongda komendant oʻz xonimlari bilan paydo boʻlganda, nogʻora tovushidan butun lager uygʻonardi. Men komendantga hamma narsa tayyorligi haqida darrov axborot berardim. Yuqori lavozimdagilardan birortasining marosimdan ketishga haqqi yoʻq edi. Toʻplanganlar mashina atrofida oʻtirardilar. Anavi toʻqima kreslolar — oʻsha paytdan qolgan-qutgani… Mashina top-toza, yarqirab turardi. Men har bir qatl oldidan mashinaga yangi qismlar qoʻyardim. Yuzlab tomoshabinlarning koʻzi oldida komendant jinoyatchini oʻz qoʻli bilan “mola” ostiga yotqizdirardi, odamlar boʻlsa, hu anavi doʻnglikkacha uymalashib, oyoqlarining uchida turishib tomoshani kuzatardi. Bugun oddiy askar bajarayotgan ish kaminangiz — sud raisining faxrli burchi edi. Qatl ana shunaqa boshlanardi! Mashina hech qachon buzilib qolmasdi. Baʻzi birovlar mashinaga umuman qaramas, koʻzlarini yumib qumda yotardilar, chunki adolat tantana qilishini shundoq ham yaxshi bilishardi. Sukunat ichra ogʻziga namat tiqilgan jinoyatchining boʻgʻiq ingrashi eshitilardi, xolos. U paytlar “mola” tishlari oʻzidan achchiq suyuqlik chiqarardi, hozir bu usul taʻqiqlangan.
Qatlning oltinchi soati!.. Manzarani yaqindan koʻrishga intilganlarning iltimosini qondirish mumkin boʻlmay qolardi. Ammo komendantimiz fahmli kishi edi, u dastlab eng oldinga bolalarni oʻtkazardi. Mavqeim taqozasiga koʻra men mashinaning yonida turishga haqli edim, hu anavi yerda har tizzamga bittadan bolani olib, qatlni kuzatar edim. Jinoyatchining azobdan qiyshaygan chehrasida ajib bir ravshanlikni koʻrardik biz, bu — nihoyat erishilgan va ayni paytda yana yoʻqolib borayotgan adolat nuri edi, unga choʻmilardik! Eh, doʻstim, qanday zamonlar edi u zamonlar!
Ofitser yonida kim turganini mutlaqo unutgandi: u sayyohni doʻstona quchoqlab, yelkasiga boshini qoʻyganday boʻldi. Sayyoh boʻlsa, nima qilarini bilmay, betoqatlik bilan chetga qarab turardi. Askar mashinani tozalab boʻldi, endi tunuka idishdagi boʻtqa qoldiqlarini tovoqqa sola boshladi. Hushi oʻziga kelgan jinoyatchi buni koʻrdiyu darrov tilini tovoq tomon choʻzdi. Lekin soqchi askar uning boshini orqaga itarib qoʻydi va ochiqqan shoʻrlikning koʻz oldida iflos qoʻllarini boʻtqaga tiqib, oʻzi yeya boshladi. Bu ham tartibga xilof edi, albatta.
Ofitser oʻzini tezda oʻnglab oldi.
— Sizga taʻsir oʻtkazish niyatim yoʻq, — dedi u, — endi oʻsha paytlarni aytib birovga anglatish mahol, buni oʻzim ham bilaman. Nima boʻlganda ham mashina ishlayapti, qiymati qanday ish berishiga bogʻliq. Har qalay, u butun bir vodiyda yagona boʻlsa-da, ish beryapti: hamon jinoyatchining tanasi aql bovar qilmas doira yasab, handaqqa uchyapti, garchi handaq tevaragida yuzlab odam pashshaday uymalashmasa-da!
Ilgarilari bu handaq mustahkam panjara bilan oʻralgan boʻlib, uni allaqachon qoʻporib tashlashgan edi.
Sayyoh ofitserdan yuzini olib qochish uchun goh u, goh bu yoqqa maʻnisiz alanglardi. Ofitser sayyohni vodiyning kimsasizligi taajjublantirdi deb oʻyladi, shekilli, yoniga borib qoʻlidan ushladi, girdikapalak boʻlib, koʻziga qaramoqchi boʻldi:
— Ana, koʻrdingizmi sharmandalikni? — dedi ofitser.
Sayyoh unga javob bermadi. Ofitser ham kutilmaganda jim boʻldi va qoʻllarini beliga tirab, oyoqlarini kergancha yerga tikilib qoldi. Keyin koʻtarinki bir tabassum bilan sayyohga boqdi:
— Kecha komendant sizni taklif qilayotganida, men oʻsha yerda edim. Komendantni bilaman. Sizni nima maqsadda bu yerga taklif qilganini darrov tushundim. Menga qarshi turishga uning kuchi yetsa ham, hozircha jurʻat qilmayapti. Lekin sizday hurmatli chet el mehmonining men haqimdagi fikrini eshitib koʻrmoqchi. Uning rejasi aniq: sizning orolimizga kelganingizga ikki kun boʻldi, eski komendantning oʻzini ham, qarashlarini ham hali bilmaysiz, balki siz, — ovrupo bidʻati tarbiyalagan odam — umuman, oʻlim jazosiga, qisman biznikiday avtomatlashgan qatlga, nihoyat, bu qatl sal eskirgan mashinada, tomoshabinlarsiz ijro etilishiga mutlaqo qarshidirsiz. Komendant shuni oʻylagan. Bularning hammasi, men qilayotgan ishlar sizga yoqmasligiga umid tugʻdiradi, shunday emasmi? Agar, sizga yoqmas ekan (men hamon komendant fikrini aytyapman), bu haqda, albatta, qayerdadir gapirasiz, chunki siz oʻzingizning katta tajribangizga suyanib ish qilishingiz tabiiy. Toʻgʻri, siz turli xalqlarning oʻziga xos odatlarini yaxshi bilasiz va olimlarcha fikr yuritib, bu yerda koʻrganlaringiz xususida hamma joyda ham, deylik, oʻz yurtingizdagiday, keskin gapirmaysiz, albatta. Komendantga buning keragi ham yoʻq. Unga sizning shunchaki aytgan bir qaltis gapingiz kifoya. Bu gap garchi eʻtiqodingizga aloqasiz esa-da, komendantning istagini qondirsa boʻldi. Keyin u sizga ayyorlik bilan har xil savollar beraveradi. Uning xonimchalari esa sizni oʻrab, quloqlarini ding qiladilar. Deylik, “bizda sud ishlari boshqacha” yoki “bizda oʻlim jazosidan boʻlak jazolar ham bor” yoki “odamni qiynash bizda faqat oʻrta asrlarda boʻlgan”, desangiz, bas. Mayli, bu gaplaringiz toʻgʻri boʻla qolsin. Mayli, ular sizningcha tabiiy boʻlib, mening ishimga aloqasi yoʻqday tuyulsin, lekin, bilasizmi, komendant nima qiladi? Men buni tasavvur etaman. Komendant bu gapni eshitiboq, oʻtirgan kursisini keskin chetga suradi-da, boloxonaga chiqadi. Uning izidan xonimlari ergashadi. Keyin uning xonimchalari “momoqaldiroqday” deb atashgan ovoz eshitiladi: “Gʻarbning buyuk olimi, butun mamlakatlarda sud ishini qayta koʻrib chiqish uchun tayinlangan vakil hozirgina bizning eski tartib insoniy emasligini eʻlon qildi. Men bu hurmatli zot xulosasidan soʻng eski udum bilan kelisholmayman va buyruq beramanki, shu soatdan boshlab…” Va hokazo. Siz shunda gapga aralashmoqchi boʻlasiz, men bu gaplarni aytmadim, demoqchi boʻlasiz, mening uslubim vahshiyona emas, balki chinakam insoniy uslub, insonga loyiq yagona uslub ekanini, apparatga qoyil qolganingizni ham aytmoqqa shaylanasiz, ammo endi kech boʻladi. Chunki siz xonimchalar toʻplangan boloxonaga chiqolmaysiz, hammani oʻzingizga qaratmoq uchun qichqirmoqchi boʻlasiz, ammo birorta xonimning qoʻlchasi ogʻzingizni berkitadiyu men va sobiq komendantning vasiyatlari barham topadi.
Sayyoh kulgidan oʻzini zoʻrgʻa tutdi: u ogʻir deb hisoblagan vazifa shunchalik oson ekan-da. Shunga qaramay, u ikkilanib gapirdi:
— Siz mening mavqeimga ortiqcha baho beryapsiz: komendant mendagi tavsiyanomani oʻqib koʻrgan va mening sud ishlari boʻyicha bilimdon emasligim endi unga ayon. Mabodo, men biror fikr bildirganimda ham, bu fikr har qanday odam ayta oladigan shunchaki fikr boʻlar edi. Harholda, meniki komendantning fikrichalik, yaʻni koloniyada bilishimcha, keng huquqqa ega odamning fikrichalik mavqega ega boʻlmaydi. Agar, bu tuzum haqida komendantning rejasi siz aytganday chindan qiyomiga yetgan boʻlsa, mening arzimas yordamimsiz ham tuzum qulamasa, deb qoʻrqaman.
Ofitser buni angladimikan? Yoʻq, hali anglamagan edi. Ofitser boshini chayqadi-da, soqchi askar bilan jinoyatchiga qaradi. Ular seskanib boʻtqadan qoʻllarini tortishdi, Keyin ofitser sayyohga yaqin kelib, uning koʻziga emas, kamzuli yoqasiga qarab, odatdagidan sekinroq gap boshladi:
— Siz komendantni bilmaysiz. Unga ham, bizga ham, meni kechiring-u, bir qadar, soddadillik bilan yondashyapsiz. Sizning taʻsiringiz, menga ishoning, bebahodir. Qatl paytida yakka siz boʻlishingizni eshitib, quvonganimni bilsangiz edi. Komendantning rejasi boʻyicha bu menga zarba boʻlishi kerak, men esa zarbani oʻz foydamga hal qilyapman. Siz mening izohlarimni bemalol tingladingiz. Agar, odamlar boʻlganida nafratomuz nigohlariyu munofiq shivirlashlari bilan bizga xalal berishardi. Mana, siz mashinani oʻz koʻzingiz bilan koʻrdingiz. Endi qatlni koʻrmoqchisiz. Sizning xulosangiz, albatta, tayyor boʻlsa kerak. Mabodo, biror yetishmovchilik boʻlsa, qatl manzarasining oʻzi buni bartaraf qiladi. Endi sizga murojaat etmoqchiman: komendantni yengishga yordam bering, iltimos!
Sayyoh uning gapini ogʻzidan oldi:
— Men nima qila olaman?! — deya xitob qildi u. — Buning iloji yoʻq. Men sizga xalaqit berolmaganimday, yordamim ham tegmaydi.
— Tegadi! — dedi ofitser (sayyoh uning qisilgan mushtini koʻrib, choʻchidi). — Yordamingiz tegadi, — dedi yana taʻkidlab ofitser, — menda bir fikr bor, oʻylaymanki, bu qoʻl keladi. Siz, “taʻsirim yetarli emas”, deyapsiz. Menimcha, yetarli. Mabodo siz haq boʻlsangiz ham, nahotki, eski tartibni saqlab qolish yoʻlida eng kichik, mayli, befoyda tuyulgan imkoniyatdan foydalanmasak? Mening rejamga quloq soling. Bu reja amalga oshishi uchun avvalambor siz koloniyada bizning sudimiz xususida iloji boricha yumshoqroq gapirmogʻingiz darkor. Agar, sizdan birov soʻramasa, umuman, gapirmang. Gapirgan taqdirda ham qisqa va mujmal gapirgan maʻqul. Ular sizga bu haqda soʻzlash oson emasligini koʻrsin, mabodo ochiq gapirsangiz, oʻzingizni soʻkinib yuboradiganday tuting. Men sizdan yolgʻon soʻylashni talab qilayotganim yoʻq. Faqat qisqa javob bersangiz bas. Norozi ohangda “ha, men hukm ijrosini koʻrdim” yoki “ha, men barcha izohlarni tingladim”, desangiz kifoya. Norozi ohangda gapirish uchun sizda yetarli asos bor. Komendant bu norozilikni oʻzinikiga mutlaqo teskari ekanini bilmaydi. Komendant buni oʻz foydasiga deb biladi. Keyin ertaga komendant raisligida boshqarmaning hamma mansabdorlari qatnashadigan majlis chaqiriladi. Komendant bunaqa yigʻilishlarni tomoshaga aylantirishga usta. Hatto tomoshabinlar uchun alohida boʻlmalar ham qurishgan. Odam doim koʻp boʻladi. Koʻnglim aynisa ham, oʻshanaqa majlislarga qatnashishga majburman. Sizni, albatta, taklif qilishadi. Agar, siz bugun oʻzingizni men aytganday tutsangiz, ularning taklifi iltijoga ham aylanishi turgan gap. Bordiyu sizni qandaydir sabablarga koʻra taklif qilmasalar, siz taklifni oʻzingiz soʻrab olishingizga toʻgʻri keladi va iltimosingiz qondirilishiga shubha qilmasangiz ham boʻladi. Shunday qilib, siz ertaga xonimchalar bilan komendant ravogʻida oʻtirgan boʻlasiz. Komendant vaqti-vaqti bilan sizni oʻtiribdimi-yoʻqmi deb tepaga qarab qoʻyadi. Anchagacha faqat tinglovchilarga moʻljallab qilingan asossiz maʻruzalardan soʻng, deylik, odatdagiday, portdagi qurilish ishlari haqidagi nokerak masala koʻriladi va keyin gap sud ishlariga kelib taqaladi. Men oʻrnimdan turib bugungi qatl haqida axborot beraman. Axborotim juda qisqa boʻladi. Toʻgʻri, uni loʻnda qilib aytish mumkin emas, lekin shunday qilaman. Komendant odatdagiday jilmayib, minnatdorchilik izhor etadi menga va qulay imkoniyatni boy bermay, oʻrnidan turadi. “Hozirgina, — deydi u yoki shunga oʻxshash bir gap qiladi, — hozirgina biz boʻlib oʻtgan qatl haqidagi axborotni eshitdik. Shaxsan men shuni eslatib qoʻymoqchimanki, qatl marosimida buyuk olim ham ishtirok etdi. U bizning koloniyamizga tashrif buyurib, katta iltifot koʻrsatgani hammangizga maʻlum, Bugungi majlisimiz ham bu muhtaram zot qatnashayotgani sababli katta ahamiyatga egadir. Biz eski odat boʻyicha chiqarilgan hukm va uning ijrosi haqida ulugʻ olimdan fikr-mulohazalarini aytishini iltimos qilsak, nima deysizlar?” Albatta, hamma chapak chaladi, men esa ulardan ham koʻproq chalaman. Komendant sizga taʻzim qilib: “Demak, bu savol barchaning nomidan berildi sizga”, deydi. Siz esa oʻrningizdan turib toʻsiq yoniga borasiz. Qoʻllaringizni namoyishkorona tarzda toʻsiq ustiga qoʻyasiz, aks holda, xonimlar qoʻlingizni olib, barmoqlaringizni oʻynay boshlashadi. Nihoyat, nutq irod etasiz. Bungacha qanday chidab turishimni men tasavvur qololmayapman. Nutqingizni siz cheklamang. Bor ovoz bilan haqiqatni ayting. Fikringizni baralla ayting, ha, ha, toʻppa-toʻgʻri komendantning yuziga qarab hayqiring. Balki, siz buni istamassiz, tabiatingiz koʻtarmas, balki sizning yurtingizda bunaqa holda kishi oʻzini boshqacha tutar, a? Yaxshisi, siz oʻrningizdan turmang. Bir-ikki ogʻiz gapiradigan boʻlsangiz, soʻzingizni pastdagi ravoqda oʻtirgan mansabdorlar eshitilar-eshitilmas qilib ayting, shu — bas. Shuning oʻzi yetarli. Faqat qatl marosimida odamlar boʻlmaganiyu buzuq gʻildirak va uzilgan tasma haqida, koʻngilni aynituvchi namat tiqin toʻgʻrisida ogʻiz ham ochmang, buni oʻz gardanimga olaman. Ishoning, mening nutqim komendantni zaldan chiqib ketishga majbur etmasa ham, uni tiz choʻktirajak, “sobiq komendant, men senga taʻzim qilaman!”, deyishga majbur qilajak!.. Mana, mening rejam. Buni amalga oshirishga yordam berishni istaysizmi oʻzi? Albatta, istaysiz. Istakdan tashqari bu sizning burchingiz ham.
Ofitser sayyohning qoʻllarini oldi-da, koʻziga boqdi. U soʻnggi soʻzlarni shunday baqirib aytdiki, ovqat talashayotgan soqchi bilan jinoyatchi hech narsaga tushunmasa ham darhol toʻxtab, ogʻizlaridagini chaynaganlaricha sayyohga qarab qolishdi.
Sayyoh ofitserga beradigan javobini allaqachon oʻylab qoʻygan edi: u — umri davomida koʻp narsa koʻrgan xolis odam, hozir ikkilanib yo qoʻrqib oʻtirmoqchi emasdi. Shunga qaramay, askar bilan jinoyatchining ovozini eshitgach bir zum jim qoldi. Nihoyat, u aytishi kerak boʻlgan soʻzni aytdi:
— Yoʻq!
Ofitser undan koʻzini uzmay kipriklarini pirillatdi.
— Sizga izoh kerakmi?
Ofitser indamay boshini silkidi.
— Men bunaqa sud tartibiga qarshiman, — dedi sayyoh, — garchi sizning menga ishonib aytgan gaplaringizni hech qachon suiisteʻmol qilmasam-da, hali bu ishonchni qozonmay turib, sizlar oʻrnatgan tartibga qarshi borishga haqqim bormi, qarshiligim biror natija beradimi, deb oʻylagan edim. Bu haqda dastlab komendantga murojaat qilishim kerakligi menga ayon edi. Mening bu fikrimni siz yana ravshanlantirdingiz. Ammo mendagi bu qatʻiy qarorni (garchi, sizning ashaddiy, xolis eʻtiqodingiz meni hayajonlantirsada) mustahkamlagan siz emassiz.
Ofitser indamadi, mashinaning yoniga borib, jez gʻoʻlalardan biriga qoʻlini tekkizdi, keyin boshini koʻtarib, “hisob”chini tekshirganday boʻldi. Soqchi askar va jinoyatchi boʻlsa allaqachon doʻstlashib olgandilar. Tasmalar bilan chandilgan jinoyatchi bir amallab askarga imo qilar, askar u tomon engashar va jinoyatchi unga nimanidir shivirlarkan, u boshini silkirdi.
Sayyoh ofitserning yoniga keldi.
— Siz hali mening niyatimni bilmaysiz-ku?! Albatta, men komendantga bu yerdagi ahvol xususida oʻz mulohazamni aytaman, ammo yolgʻiz oʻziga aytaman. Qolaversa, men qandaydir majlisda qatnashmoq uchun bu yerda uzoq ushlanib qolish niyatim yoʻq. Ertaga ertalab men ketaman, loaqal, biror kemaga tushib joʻnayman.
Bu gaplar ofitserning bu qulogʻidan kirib unisidan chiqayotganday edi.
— Demak, sizga bizning sud ishlarimiz maʻqul kelmadi, — dedi u oʻz-oʻziga gapirganday va kinoyali kulib qoʻydi. U bolaning injiqligidan kulgan chol kabi xayollarini kulgu pardasiga yashirayotganga oʻxshar edi.
— Unday boʻlsa ishni boshlaymiz, — dedi ofitser va kutilmaganda tiniq nigoh bilan sayyohga qaradi. Bu qarashda nechukdir uygʻonish, nimagadir daʻvat ifodasi bor edi.
— Nimani boshlaymiz? — deb soʻradi sayyoh, lekin javob olmadi.
— Sen ozodsan, — dedi ofitser jinoyatchiga uning tilida.
Jinoyatchi dastlab ishonmadi. Ofitser yana takrorladi:
— Sen ozodsan, dedim-ku!
Avvaliga jinoyatchining yuziga nur yugurdi. Nahotki, rost boʻlsa! Balki… ofitserning ermagidir bu? Yoki anavi kelgindi uni kechirishlarini soʻraganmikan? Nimalar boʻlyapti oʻzi? Bu savollarning barchasi jinoyatchi yuziga yozigʻliq edi. Ammo umidi uzoqqa bormadi, shunga qaramay, nima qilib boʻlsa-da, ozod boʻlgisi keldi va “mola” ostida imkoni boricha yulqina boshladi.
— Tasmalarni uzib yuborasan, — deya baqirdi ofitser, — jim yot! Hozir biz ularni boʻshatamiz.
Ofitser soqchi askarga ishora qildi va ikkovlon ishga tushdilar. Jinoyatchi ohista kulardi. U boshini burib, goh chapga — ofitserga, goh oʻngga — askarga, hatto sayyohga ham qarab qoʻyardi.
— Uni chiqarib ol, — deb buyurdi ofitser askarga. “Mola” juda yaqin turgani uchun ehtiyot boʻlish kerak edi. Besabr jinoyatchining yelkasida bir necha kichik jarohat ham paydo boʻldi. Lekin ofitser unga qaramay qoʻydi. U sayyohning yoniga kelib, choʻntagidan oʻsha charm hamyonni chiqarib, uni uzoq kavladi, izlagan qogʻozini topib, sayyohga roʻpara qildi.
— Oʻqing.
— Oʻqiy olmayman, — dedi sayyoh, — buni oʻqiy olmayman dedim-ku.
— Yaxshiroq qarang, — dedi ofitser va birga oʻqish uchun sayyohga yonma-yon kelib turdi. Bu ham foyda bermagach, qoʻlini baland koʻtargancha, goʻyo qogʻozga tegish mumkin emasday, jimjilogʻi bilan nimanidir koʻrsatib, sayyohning oʻqishini yengillashtirmoqchi boʻldi. Jilla qursa, shuni oʻqib, ofitserni xursand qilish niyatida sayyoh nimanidir ilgʻashga tirishsa ham, foydasi boʻlmadi. Shunda ofitserning oʻzi avval harflarni topib, keyin qoʻshib oʻqidi:
— “Adolatli boʻl!” deb yozilgan bu yerda!
— Ehtimol, — dedi sayyoh, — xuddi shunday deb yozilganiga aminman.
— Mayli, — dedi ofitser va ozgina boʻlsa-da qanoatlanib, qoʻlida qogʻoz, trapga koʻtarildi; qogʻozni gʻoyat ehtiyotkorlik bilan “hisobchi”ning ustiga qoʻydi. Keyin tishli gʻildiraklar tizimini butunlay qaytadan oʻrnatishga kirishdi. Bunga koʻp mehnat talab qilinardi. Tishli gʻildiraklar ichida eng maydalari ham koʻp boʻlsa kerak, ofitser “hisobchi”ning ichiga boshini tiqib, uzoq diqqat bilan tekshirdi.
Pastda sayyoh timirskilanayotgan ofitserdan koʻz uzmay qarab turar, uning boʻyni va quyoshdan qamashgan koʻzlari ogʻrir edi. Askar bilan jinoyatchi esa birga edilar: boya handaqqa uloqtirilgan koʻylak-ishtonni soqchi miltiq nayzasi bilan ildirib oldi. Koʻylak loy boʻlgani uchun jinoyatchi uni suv toʻldirilgan tovoqqa solib yuvdi. Jinoyatchi kiyingach, uning oʻzi ham, soqchi ham baravariga kulib yuborishdi, chunki koʻylak bilan ishton orqasidan ikki boʻlingan edi. Soqchining koʻnglini koʻtarishni oʻz burchi deb bildi shekilli, jinoyatchi yirtiq kiyimini hilpiratib, uning oldida raqsga tusha boshladi. Soqchi boʻlsa yerda oʻtirgancha kulib, tizzasiga shappatilar edi. Lekin janoblarning shu yerda turganligi ularni oʻz mayllarini tiyishga majbur etdi.
Nihoyat, ofitser ishini tamomladi, har bir murvatni tabassum bilan soʻnggi bor koʻzdan kechirdi, hozirgacha ochiq turgan “hisobchi”ning qopqogʻini yopib, pastga tushdi. Soʻngra handaqqa, keyin jinoyatchiga qaradi. U ust-boshini handaqdan olganini koʻrib, qanoatlandi va tovoq yoniga keldi-yu, iflos suvni koʻrgach taʻbi xiralashdi. Demak, u qoʻlini yuvolmaydi. Nima qilsin, garchi qum suv oʻrnini bosolmasa ham, u qoʻllarini qumga tiqdi. Keyin oʻrnidan turib, mundir tugmalarini boʻshata boshladi. U mundir yoqasiga solib qoʻygan bir juft roʻmolchani chiqarib olib, jinoyatchiga irgʻitdi.
— Mana, sening roʻmolchalaring! — dedi-da, soʻng sayyohga qarab qoʻshib qoʻydi: —Xonimlarning sovgʻasi.
Ofitser mundirini va qolgan narsalarini qanchalik shoshib yechmasin, har bir kiyimini gʻoyat ehtiyotkor boʻlib qoʻli bilan ushlardi. Hatto mundiridagi zarbof chilvirni silab ham qoʻydi, bir tola popugini silkib toʻgʻrilashni ham unutmadi. Ammo har bir yechilgan kiyimni u asabiylik bilan handaqqa uloqtirarkan, oʻsha ehtiyotkorligidan asar ham qolmayotgandi. Soʻnggi buyum — kamarga bogʻlangan xanjar edi. U xanjarni qinidan chiqarib, tizzasiga urib ikkiga boʻldi va har ikkala boʻlakni ham handaqqa shunday zarb bilan otdiki, pastda jaranglagan tovushning aks-sadosi eshitildi.
Ofitser tir-yalangʻoch boʻldi. Sayyoh lablarini tishlab olgan, miq etmas edi u. Garchi hozir nima boʻlishini bilsa ham, uning ofitserga halaqit berishga haqqi yoʻq edi. Modomiki, ofitser sigʻingan sud tartibi endi oʻz mohiyatini yoʻqotgan ekan (balki bunga sayyohning aralashuvi, uning oʻz burchini bajargani sabab boʻlgandir), bu tartib tugayotgan ekan, ofitserning hozir qilayotgan ishi juda toʻgʻri, zero, sayyoh ham ofitserning oʻrnida xuddi shunday qilgan boʻlardi.
Soqchi askar bilan jinoyatchi avval boshda hech narsani tushunishmadi, hatto dastlab ofitserga eʻtibor ham qilishmadi. Jinoyatchi roʻmolchalari yana qoʻliga tekkaniga xursand edi, ammo uning shodligi uzoqqa choʻzilmadi, chunki soqchi askar kutilmaganda bir yulqib roʻmolchalarni tortib oldi va kamariga tiqdi. Jinoyatchi roʻmolchani olishga har qancha urinmasin, eplolmadi. Ikki askar yarim hazil, yarim chin — anchagacha bahslashdilar, keyin yalangʻoch ofitserni koʻrib, sergak tortishdi. Ayniqsa, jinoyatchi buyuk bir oʻzgarishni sezib, qotib qoldi. Uning boshiga tushgan koʻrgulik endi ofitserni domiga tortayotgan edi. Bu — chet ellikning buyrugʻi, shekilli. Demak, qasos bu. Ha, u toʻla azob chekmay, toʻla qasos oladigan boʻldi! Askar iljaydi va shu ifoda uning chehrasida muhrlanib qoldi.
Ofitser mashina tomonga yuzlandi. Uning apparatni mukammal bilishi garchi avvaldan maʻlum boʻlsa-da, shu tobda mashinaning ishlashi, yaʻni ofitserga itoati kishini hayratga solardi: u qoʻlini “mola”ga tekkizgan zahoti, “mola” bir necha marta koʻtarilib tushdiyu ofitser sigʻadigan oraliqda gaqqa toʻxtadi.
U “mola” tagiga yotib, “yotoqining chetiga qoʻl tekkizgan ham ediki, «yotoq” shu zahoti tebrana boshladi va namat tiqin ofitserning naq ogʻzi ustida toʻxtadi. Ofitser tiqinni ogʻziga olishni istamayotgani koʻrinib turardi, ammo oʻzini zoʻrlab u haligini ogʻziga oldi. Hammasi muhayyo, faqat tasmalar bogʻlanmagan edi. Lekin ofitserni bogʻlashga zarurat ham yoʻq edi. Shunga qaramay, osilib turgan tasmalarni koʻrgan jinoyatchi, qatl bu holda risoladagiday boʻlmaydi deb oʻyladi, shekilli, askarga oʻynoqi bir imo qildi va ikkovlon mashina yoniga kelishdi. Ofitser oyogʻi bilan mashinani ishga soluvchi asbobni turtmoqchi edi, ammo askarlarni koʻrib, qoʻl-oyogʻini bogʻlashga izn berdi. U endi bogʻliq holda oʻsha asbobga oyogʻini choʻzolmas, askar bilan jinoyatchi hech narsani tushunmas, sayyoh boʻlsa bu ishga aralashishni mutlaqo istamas edi. Lekin ularning xizmatiga zarurat qolmadi: tasmalar bogʻlangan zamon mashina oʻzi ishlab ketdi. “Yotoq” qaltirar, tishlar tanaga botar, “mola” goh koʻtarilib, goh pastga tushardi. Sayyoh bu manzaraga shunchalar mahliyo boʻlib qolgan ediki, hatto “hisobchi” ichida joylashgan bir gʻildirakning buzuqligi ham esidan chiqdi. Ammo hozir mashina nihoyatda shovqinsiz ishlar, ortiqcha biror tovush eshitilmasdi.
Mashina oʻzining sokinligi bilan unchalik diqqatni tortmay qoʻydi. Sayyoh askar bilan jinoyatchiga qaradi. Mashina hammadan koʻproq jinoyatchini qiziqtirayotgan edi: u goh enkayib, goh oyogʻi uchida turib, barmogʻi bilan askarga nimanidir koʻrsatardi. Bu sayyohga yoqmadi. U marosim tugaguncha turmoqchi edi-yu, anavi askar bilan jinoyatchining qiliqlarini koʻrib, chiday olmadi:
— Uyga joʻnanglar! — dedi ularga.
Askar bunga eʻtiroz bildirmadi, ammo jinoyatchi buyruqni xuddi jazoday qabul qildi va qoʻllarini qovushtirib, sayyohdan shu yerda qolishni soʻradi. Sayyoh rad ishorasini qilib bosh chayqagan edi, jinoyatchi choʻkka tushgancha yalina boshladi. Shunda sayyoh bularga gap tushuntirib boʻlmasligini anglab, haydab yuborish uchun ular tomonga yurdi, shu chogʻ tepada — “hisobchi”ning ichidan qandaydir tovush chiqdi. Demak, hali ham bitta gʻildirak nosoz zkan. Lekin shu zahoti “hisobchi”ning qopqogʻi ohista koʻtarila boshladi. Avval gʻildirakning tishlari, keyin oʻzi koʻrindi. Goʻyo “hisobchi”ni allaqanday zohiriy kuch ayovsiz siqib, bu gʻildirakni sitib chiqarayotganday edi. Gʻildirak “hisobchi”ning chetiga gʻildirab keldiyu yerga tushdi va qumda ozgina yumalab, yiqildi. Lekin tepada ikkinchi, uchinchi va koʻplab katta-kichik gʻildirakchalar izma-iz paydo boʻlib, qumga yumalay boshladi. Har gal navbatdagi gʻildirak paydo boʻlarkan, bu eng soʻnggisiday, nihoyat “hisobchi”ning ichi boʻshaganday tuyular, ammo uning izidan yangilari koʻtarilib, pastga tushar va qumda yumalab, yotib qolaverardi. Bu tomoshaga berilib ketgan jinoyatchi sayyohning buyrugʻini ham unutdi. U tishli gʻildirakchalarga zavq bilan qarar, ularni tutib olishga harakat qilar, askardan yordam soʻrardi. Lekin gʻildirakni ushlayotib, yana qoʻlini tortib olar, chunki uning izidan kelayotgan yangi gʻildirakning shiddati uni choʻchitardi.
Sayyoh boʻlsa, aksincha, besaranjom edi: mashinaning bir maromda ishlayotganiga mutlaqo ishonib boʻlmas, uning tez orada parchalanib ketishi hech gap emas edi. Sayyoh ofitserga yordam berish paytim keldi, deb oʻyladi, chunki ofitserning oʻzi mustaqil hech narsa qilolmasdi. Biroq butun diqqati yumalayotgan tishli gʻildiraklar bilan band sayyoh mashinaning boshqa qismlarini koʻzdan qochirdi. Nihoyat, soʻnggi gʻildirak tushganda sayyoh “mola” uzra engashdi-yu, yoqimsiz bir narsaming guvohi boʻldi: “mola” allaqachon yozmay qoʻygan, faqat bir joyga sanchar edi, “yotoq” ham tanani aylantirmay, faqat “mola”ning tishlariga borib kelaverardi. Sayyoh bu ishga aralashmoqchi, hatto mashinami toʻxtatmoqchi ham boʻldi. Axir, bu ofitser sezgan qiynoq: marosimi emas, oddiy qotillik edida. Shu payt “mola” oʻz tishlariga tanani sanchdi-da (qoida boʻyicha bu oʻn ikkinchi soatda yuz berishi kerak edi), aylanib handaq ustida toʻxtadi. Qon koʻp oqar edi, chunki oʻzidan suv chiqaradigan tishlar negadir ishlamay qolib, qon yuvilmas edi. Shuningdek, tanani handaqqa irgʻitadigan asbob ham bu gal ishdan chiqqan edi va ofitserning tanasi oʻz qoniga belanib, uzun tishlarga sanchilgan holda, handaq uzra osilgancha turardi. “Mola” bir sira oʻz oʻrniga qaytmoqchi ham boʻldi, shekilli, ammo hali yukdan qutilmaganini sezganday, yana handaq uzra turaverdi.
— Yordam bersalaring-chi! — deya baqirdi sayyoh soqchi bilan jinoyatchiga va oʻzi ofitserning oyoqlaridan tutdi. Sayyoq ofitserning oyogʻi tomonidan, ular esa boshi tomonidan pastga bossalar, tanani sugʻurib olishlari mumkin edi. Ammo ikkala askar bunga jurʻat qilisha olmadi. Hatto jinoyatchi teskari oʻgirilib turaverdi. Sayyoh ularni kuch bilan ofitserning yoniga sudrab keldi. Shu payt sayyoh bir hissiyot bilan beixtiyor ofitserning yuziga qaradi: bu qiyofa oʻzgarmagan, tirikligida qanday boʻlsa, hozir ham xuddi shunday edi. Bu qiyofada vaʻda qilingan hurlikdan asar ham yoʻq, barcha qatl qilingailar shu mashina tufayli erishgan hurlikka ofitser yetolmagan edi. Uning lablari qattiq jipslashgan, ochiq koʻzlarida tirik ifoda, qarashidan muloyimlik va oʻziga ishonch barq urib turar, manglayiga esa katta pichoqsimon tish botib kirgan edi.
Sayyoh sal oldinda, soqchi bilan jinoyatchi orqaroqda yurib, koloniyaga yetishganida, soqchi uylardan birini koʻrsatib, dedi:
— Mana qahvaxona.
Bu binoning pastki qavatida gʻorga oʻxshagan, devorlarini qurum bosgan, shifti past xona bor edi, Uning koʻchaga qaragan eshigi lang ochiq turar, garchi bu qahvaxona qolgan uylardan kam farq qilsa-da (komendaturaniig hashamatli binosidan boshqa hamma uylar eski edi), sayyohda tarixiy yodgorliklarni koʻrganday taassurot qbldirdi. Sayyoh qahvaxonaga yaqinlashgan zahoti oʻtgan asrlar hidini sezdi. U yonidagi ikki askar bilan qahvaxona roʻparasida qoʻyilgan boʻm-boʻsh stollarni oralab oʻtdi-da, eshik oldida toʻxtadi. Ichkaridai chiqayotgan zax havoni yutdi.
— Chol shu yerga koʻmilgan, — dedi soqchi askar, — ruhoniy unga qabristondan joy bermadi. Qayerga koʻmishni bilmay, uzoq sarson boʻlishdi, va nihoyat uni shu yerga koʻmdilar. Albatta, ofitser sizga buni aytmagan, chunki ofitser uchun bundan ortiq sharmandalik yoʻq edi. U hatto bir necha marta tunda cholni kavlab olmoqchi boʻldi, lekin uni har gal haydab yuborishaverdi.
— Qani uning qabri? — deb soʻradi sayyoh askarga ishonmay.
Soqchi askar bilan jinoyatchi askar qabr qayerda boʻlishi mumkinligini darhol aniqlashib qoʻllarini ilgariga choʻzishdi-da, tusmollagan joyni kursatishdi. Keyin ular sayyohni toʻrdagi devor yoniga boshlab borishdi. Bu yerdagi stolda soqoli kalta qirqilgan zabardast odamlar oʻtirishardi. Ular kamzulsiz, egnida yirtiq koʻylakdan boshqa hech vaqo yoʻq, chamasi, port ishchilari, xullas, xoʻrlangan omma edi. Sayyoh devorga yaqinlashganda baʻzilari oʻrnidan turishib, devor tomon tislanishib, sayyohni kuzata boshlashdi.
— Bu chet ellik, — degan shivyrlash eshitildi yon-atrofdan, — u qabrni koʻrmoqchi.
Ular stolni surishdi. Bu stol tagida chindan ham qabr toshi yotardi. Tosh unchalik baland boʻlmay, stol ostidan deyarli koʻrinmas edi. Undagi yozuvlar nihoyatda mayda boʻlganidan, sayyoh tosh yoniga choʻkka tushib, oʻqishga majbur boʻldi: “Bu yerda keksa komendant orom olmoqda. Bu qabrni, garchi bugun oʻz ismlarini aytolmasa ham, uning muxlislari qazdi, toshni ham oʻshalar qoʻydi. Maʻlum vaqt oʻtgandan keyin komendant tirilib, koloniyani qoʻlga kiritmoq uchun oʻz tarafdorlarini jangga boshlayajak va ilk jang qahvaxonada boʻlajak. Shunday bashorat bor. Ishoning va kuting!”
Sayyoh oʻrnidan turganda atrofida odamlar toʻplanib, unga tirjayishar, goʻyo yozuvni birinchi marta sayyoh bilan birga oʻqishgan-u, yozuv ularga kulgili koʻringanday, goʻyo sayyohni ham oʻz fikrlariga qoʻshish uchun kulayotganday edilar. Sayyoh oʻzini hech narsa bilmaganday tutdi va toʻplanganlarga bir necha tanga ulashdi. U qabrni stol bilan bekitishlarini kutib turdi-da, keyin qahvaxonadan chiqib, portga joʻnadi.
Soqchi bilan jinoyatchi qahvaxonada tanishlarini uchratib, ushlanib qolishdi. Lekin koʻp emas, albatta. Sayyoh hali sohilga yoʻnalgan uzun zinapoyaning yarmiga yetmay har ikkalasi uning izidan chopishdi. Ular sayyoh bilan birga ketishmoqchi, sayyohni shunga majbur qilmoqchi boʻlishdi, chamasi. Sayyoh pastda qayiqchi bilan kemaga eltib qoʻyishni kelishib olayotganida, ikkalasi zinapoyadan sassiz yugurar, qichqirishga esa qoʻrqishardi. Nihoyat, ular sohilga tushganlarida, sayyoh allaqachon qayiqqa chiqib olgan, qayiq ham oʻrnidan jila boshlagandi. Ular qayiqqa sakrab chiqishlari mumkin edi-yu, ammo sayyoh qayiq tubidan ogʻir arqon olib, ularga doʻq qildi, shundan soʻng soqchi va jinoyatchi sakrashga jurʻat eta olishmadi.
1914.
Rus tilidan M.Solih tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1987-yil, 2-son