..

Fyodor Dostoyevskiy. Kulgili odamning tushi

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

1

Men kulgili odamman. Endi ular meni gʻirt jinni deb atashadi. Agar men rostdan ham jinni boʻlib qolganimda-ku, bu yangi nomdan arpa boʻyi oʻsar edim. Lekin, afsuski, endi men ularga parvo qilmayman, endi ularning barchasi men uchun aziz — hattoki ustimdan kulgan chogʻlarida ham, toʻgʻrisi, shunda ularni yanayam yaxshi koʻrib ketaman. Ularga qarab turib meni gʻam bosadi-da, boʻlmasa, ularga qoʻshilib kulgan boʻlardim. Oʻz turqi-tarovatim kulgili boʻlganligidan emas, yoʻq, ularni suyganimdan! Meni shuning uchun gʻam bosadiki, ular haqiqatni bilishmaydi — men boʻlsam bilaman. Oh, haqiqatni yolgʻiz oʻzing bil sang, naqadar ogʻir-a! Lekin ular buni tushunmay di. Yoʻq, tushunishmaydi.
Bir vaqtlar men kulgili boʻlib tuyulganimdan juda-juda oʻkinardim. Kulgili boʻlib tuyulmasdim, chindan ham kulgili edim. Kim bilsin, balki men tugʻilganimdan buyon shundaydirman, balki olti-etti yoshimdanoq shundayligimni bilgandirman. Keyin maktabda, undan soʻng dorilfununda oʻqidim. Ammo, nachora, qancha koʻp oʻqisam, shuncha koʻp uqdim-ki, kulgili odam ekanman. Goʻyo universitetda oʻqitiladigan barcha fanlar bu jin urgur sifatimni isbotlash va uqtirish uchungina yaratilgandek edi. Hayotda ham yoʻlim xuddi oʻqishdagidek boʻldi. Yillar oʻta borgan sayin oʻzimning masxaraomuz qiyofam toʻgʻrisidagi fikr miyamga qoʻrgʻoshindek quyilaverdi. Kas ham, nokas ham mening ustimdan kulardi. Ammo ularning fahmi yetmas ediki, kulgili ekanligimni eng koʻp biladigan kishi bitta boʻlsa, oʻsha men oʻzim edim. Menga alam qiladigan joyi ham shu ediki, ular buni bilmasdi. Lekin bunga oʻzim aybdorman. Men azaldan nihoyatda magʻrur edim, boshimni kessalar ham, biror kishi oldida oʻz aybimga iqror boʻlishni istamasdim. Magʻrurligim yil sayin gazak olib boraverdi. Mabodo shayton yoʻldan urib, biror kishi oldida buni tan olib qoʻyguday boʻlsam bormi, chamamda, oʻsha kuniyoq peshonamga toʻpponcha tirab, miyamni dalva-dalva qilib tashlardim. O, oʻsmirlik chogʻlarim, bir kuni bardoshim tugaydi-yu, oʻrtoqlarim oldida buni tan olib qoʻyaman, deb qanchalik ezilardim-a. Lekin oʻzimning bu sifatimni yildan-yil koʻproq anglay borgan boʻlsam-da, ulgʻaygach, negadir unga biroz beparvo qaraydigan boʻldim. Ha, chindan ham “negadir”, chunki men uning boisini hali ham bilmayman. Ehtimol, bunga ichimdagi bir oʻzgarish sabab boʻlgandir. Oʻsha paytlarda mening yuragimni butun borligʻimdan koʻra yuksakroq bir eʻtiqod yuzasidan dahshatli gʻussa qoplagandi. Men dunyoda hamisha hamma narsa baribir-ku degan fikrga ishonib qolgan edim. Men buni, eh-he, allaqachon sezganman, lekin bultur kutilmaganda unga tamoman imon keltirdim. Birdan olamning budu nobudi men uchun baribir ekanligini, dunyoni suv bossa, toʻpigʻimga chiqmasligini butun borligʻim bilan tuydim. Soʻng yon-verimda hech nima yoʻqligini his qildim. Dastlab xayolimga: “Oldin qancha koʻp narsa bor edi-ya”, degan fikr keldi. Soʻng oldin ham hech nima boʻlmagan-u, faqat menga bordek tuyulganligini fahmladim. Sekin-sekin men bundan keyin ham hech qachon hech nima boʻlmasligiga ishonch hosil qildim. Shunda men birdaniga odamlardan ogʻrinmaydigan, ularning bor-yoʻqligini ham payqamaydigan boʻldim. Bu hatto arzimas mayda-chuydalarda ham koʻrinib qoldi. Masalan, men koʻchadan oʻtayotib odamlarga urilib ketaverardim. Yoʻq, bu oʻychanligimdan emas edi, men unda oʻylashni butunlay bas qilgan edim. Menga shunchaki hamma narsa baribir edi. Dunyodan osuda boʻlib, biror muammoni hal etsam-ku, xudoga shukronalar oʻqirdim-a, lekin men hech vaqoni hal etmadim. Esiz, bir dunyo masala bor edi-ya. Ammo menga baribir boʻlib qoldi va jamiki jumboqlar mendan uzoqlashdi-ketdi.
Buni qarangki, shundan keyin men haqiqatga yetishdim. Men unga bultur uchinchi noyabr kuni yetishgan boʻlsam, undan keyingi hayotimning har bir soniyasini ham xotirlay olaman. Oʻshanda zim-ziyo kecha edi. Men soat oʻnga yaqin uyga qaytdim. Esimda, hatto tabiatning oʻzida ham bundan ortiq zulumot boʻlishi mumkin emas, deb oʻyladim. Yomgʻir tun boʻyi yogʻdi, bu — sovuq, bexosiyat, hatto qandaydir vahimali, odamlarga roʻy-rost yomonlik sogʻingan yomgʻir edi, ha, men buni yaxshi eslayman. Soat oʻn birlarda esa yomgʻir birdan tindi, atrofni boʻgʻiq rutubat qopladi, havo namchil, sovuq edi. Koʻchadagi har bir toshdan ham, jinkoʻchalarning uch-uchlaridan ham ogʻir bugʻ koʻtarilardi. Shu paytda hamma chiroqlar oʻchib qolsa qanday soz boʻlardi-ya. Chiroqlar borligi koʻngilni xira qiladi, chunki ular shunday bir rasvo manzarani yoritib turadi-da. Shu kuni men tuz totmadim hisob, oqshom tushgandan boshlab bir injenerning yonida oʻtirdim. Uning oldida yana ikki oshnasi bor edi. Men bir ogʻiz ham gapirmadim, aftidan, ularning joniga ham tegdim. Ular qandaydir behayo gap aytdilar, birdan nimadandir tutaqib ketdilar. Lekin men sezib turgan edimki, ularga ham baribir, qizishganlari esa shunchaki. Men buni ochiq aytib qoʻya qoldim: “Janoblar, — deyman, — axir, sizlarga baribir-ku”. Ular xafa boʻlishmadi, faqat birgalashib mening ustimdan kulishdi. Sababi, men buni taʻna-tanbehsiz, shunchaki menga baribir boʻlgani uchun aytgandim. Menga baribirligini koʻrib, ular xursand boʻlishdi.
Men koʻchada chiroq toʻgʻrisida oʻylab, osmonga tikilgandim. Osmon tim qorongʻi, lekin bu zulumotda parokanda bulutlarni, ular oraligʻida tubsiz qora dogʻlarni aniq ilgʻash mumkin edi. Birdan bu dogʻlarning birida miltillagan yulduzchani koʻrib qoldim. Unga zehn solib uzoq tikildim. Tikildim-u, endi shu kecha oʻzimni oʻldiraman, deb qasam ichdim. Men ikki oy oldin bu haqda qatʻiy qarorga kelib, nochor ahvolimga qaramay ajoyib toʻpponcha sotib olgan va uni oʻsha kuniyoq oʻqlab qoʻygan edim. Mana, allaqachon ikki oy ham oʻtdi. Toʻpponcha boʻlsa hanuz gʻilofida. Menga shu qadar baribir ediki, axiyri bunchalik baribir boʻlmagan bir daqiqani poylagim keldi, lekin negaligini bilmayman. Har kecha uyga kelib, “oʻzimni otaman” deb oʻylardim, lekin oʻsha daqiqani poylardim. Mana, endi u mitti yulduz menda bir fikr uygʻotdi, shuning uchun ham: “albatta shu kecha oʻz boshimga yetishim kerak”, — deb oʻyladim. Qiziq, bu yulduzcha nega menda fikr uygʻotdiykin?
Men samoga tikilgan payt bir qizcha nogoh tirsagimdan ushladi. Koʻchalar allaqachon huvillab qolgan, hech kimsa koʻrinmasdi. Uzoqroqda izvoshchi foytunida uxlab yotardi. Qizcha sakkiz yoshlarda, boshida — durracha, egnida — bir qavatgina koʻylak, hamma yogʻi shalabbo edi. Ayniqsa, uning ilviragan hoʻl boshmoqlari xotiramga muhrlanib qoldi. Birdan u tirsagimdan ilkis tortib, meni allaqayoqqa sudray boshladi. U yigʻlayotgani yoʻq, ammo qandaydir soʻzlarni uzuq-yuluq aytib chinqirar edi. Soʻzlarining yarmi ichida qolar, chunki u dagʻ-dag qaltirardi. Nimadandir dahshatga tushib, jon holatda: “Onajon! Onajonim!” — deb qichqirardi. Men unga oʻgirilgan boʻldim, lekin churq etmay oʻz yoʻlimga ketaverdim. Qizcha boʻlsa yugurgilar, meni siltab tortar, uning ovozida qattiq qoʻrqqan bolaning holatiga xos ayanchli ingroq bor edi. Bu ingroq tovushning nimaligini men bilardim. Qizcha soʻzlarni chala-yarim aytsa-da, men qayerdadir uning onasi jon berayotganligini yoxud bir falokatga yoʻliqishgan-u, u onasiga kimnidir yordamga chaqirish yoki nimadir topish uchun yuragini hovuchlab yugurganligini darrov fahmladim. Lekin men unga ergashmadim, aksincha, miyamda “uni haydab yuborsam-chi” degan fikr oʻrmaladi. Avval unga, mirshabni top, dedim. Ammo u birdan qoʻlchalarini qovushtirdi, yigʻlamsirab, boʻgʻriqib yonimda yuraverdi, sira izimdan qolmadi. Oxiri men yer tepib unga baqirdim. U “Barin, barin!..” deb iltijo qildi-yu, soʻng birdan meni tashlab yoʻlning narigi betiga yugurdi. U yerda ham bir yoʻlovchi koʻrindi, aftidan, qizcha endi unga yolvorardi.
Men oʻzimning beshinchi qavatdagi ijaramga koʻtarildim. Mening xonam nochorgina jihozlangan, oʻzi ham katalakday, derazalari chordoqnikiday yoysimon. Mening bor bisotim — klyonka qoplangan divan, ustiga kitob taxlangan stol, ikkita kursi va daqqiyunusdan qolgan-u, lekin rohatijon, suyanchigʻi baland kreslo. Men kelib oʻtirdim, shamni yoqdim-u, oʻylashga tushdim. Qoʻshni “xona”da, parda devor ortida bugun uchinchi kunki gʻala-gʻovur tinmaydi. U yerda isteʻfodagi kapitan yashaydi. Bu yerda kapitan bilan besholtita sayoq oshnasi yigʻilib aroq ichishadi, titilib ketgan eski qartada shtoss oʻynashadi. Kecha kechqurun toʻs-toʻpolon boʻlib ketdi, ikkitasi bir-birining sochidan changallab toʻrt tomonga sudradi. Xoʻjayin xotin arz qilib kirmoqchi boʻldi-yu, jurʻat etmadi: u kapitandan oʻlguday qoʻrqardi. Bu xonadonda yana polkdan kelgan qilqanoqday xotin shu yerda kasal orttirgan uchta bolasi bilan yashaydi. Xotin ham, bolalari ham kapitandan qoʻrqib, jon hovuchlab turishadi, kechasi bilan qaltirab choʻqinib chiqishadi. Bolalarning kichkinasini qoʻrqinchdan tutqanoq ham tutgandi.
Bilishimcha, kapitan Nevskiyda yoʻlovchilarni toʻxtatib, choychaqa undiradi. Chunki endi uni xizmatga olishmaydi. Ammo kiziqki — qiziq boʻlmasa, aytarmidim — bir oydan beri qoʻshni yashab, kapitan biror marta ham mening gʻashimga tegmadi. Men, albatta, tanishishdan oʻzimni olib qochdim, lekin meni birinchi koʻrgandayoq uning ham yuragi siqilgandek boʻldi. Biroq ular parda ortida qancha shovqin solishmasin, necha kishilashib oʻtirishmasin, menga baribir. Men tun boʻyi oʻtirib chiqaman, lekin oʻlay agarki, ularning biror soʻzi qulogʻimga kirsa. Ha, ularni shunchalik unutib yuboraman. Boʻlmasa, men tuni bilan mijja qoqmay chiqaman-ku, bunga ham allaqachon bir yil boʻldi. Kechalari kresloda mixlanganday oʻtiraman, hech ish qilmayman, kitob-pitobni esa faqat kunduzlari oʻqiyman, oʻtiraman, hatto oʻylamayman ham, miyamda oʻzicha qandaydir xayollar daydiydi, men ularni oʻz holiga tashlab qoʻyaman. Shamim tunda yonib ado boʻladi.
Men tinchgina kresloga choʻkdim, toʻpponchani chiqarib oldimga qoʻydim. Uni qoʻyayotib oʻzimdan: “Shundaymi?” — deb soʻradim va zarracha ikkilanmay javob berdim: “Ha, shunday!”, yaʻni oʻzimni otaman! Har qalay, shu kecha oʻzimni otsam kerak — men buni bilardim, lekin ungacha qancha oʻtirishimni bilmasdim. Agar oʻsha qizcha boʻlmaganda, shubhasiz, hozir mening kunim bitgan boʻlardi.

2

Qarang-a, menga hamma narsa baribir edi-yu, lekin, masalan, ogʻriqni sezardim. Birov meni turtib oʻtsin-chi, ogʻriqni sezmasmidim. Maʻnaviy jihatdan ham xuddi shunday: juda ayanchli voqea yuz bersa, men albatta hali baribirchilikka berilmagan vaqtimdagidek unga achingan boʻlardim. Boya ham qizchaga rahmim keldi. Men-ku unga yordam berardim, ammo… Xoʻsh, nega unga yordam bermadim? Bunga oʻsha payt miyamga kelgan bir fikr sabab boʻldi. Qizcha meni tortib chaqirgan vaqt oldimda bir jumboq koʻndalang boʻldi, men uni yecholmadim. Aslida-ku u arzimas savol, lekin mening jahlim chiqdi. Oʻzimning: “modomiki shu kechayoq oʻz boshimga yetaman, deb qasd qilgan ekanman, endi menga dunyoning boru yoʻqligi har doimgidan koʻra ham baribirroq boʻlishi kerak emasmi?” — degan xulosamdan jahlim chiqdi. Qiziq, nega birdan menga baribir emasligini, qizchaga rahmim kelayotganligini his etdim. Ha, men aniq eslayman, qizchaga dildan achindim, hatto bundan gʻalati bir ogʻriq ham tuydim. Toʻgʻri, men u paytdagi oniy kechinmalarimni bundan ortiq ifodalay olmayman, ammo bu kayfiyat uyga kelganimdan keyin ham davom etdi, men koʻpdan beri birinchi marta qattiq taʻsirlangan edim. Miyamga fikrlar quyila boshladi. Men shunga amin boʻldimki, toki inson ekanman, toki bir xasga aylanmagan ekanman yashayman, demakki, hali azob chekishim, gʻazablanishim, oʻz qilmishlarimdan uyalishim mumkin. Mayli. Lekin men oʻzimni, deylik, ikki soatdan keyin oʻldiradigan boʻlsam, unda bu qizcha bilan, oʻz qilmishimning toʻgʻri-notoʻgʻriligi bilan necha pullik ishim bor?! Men nulga aylanaman, ha, mutlaq nulga aylanaman. Nahotki hoziroq butkul yoʻqlikka aylanmogʻim va dunyoning ham barbod boʻlmogʻini anglab turganligim u qizchaga achinishimga va oʻz qilmishimdan uyalishimga zarracha taʻsir koʻrsatmasa? Axir, men “Hozir faqat rahm qilmaslik emas, inson zoti oʻziga ravo koʻrmaydigan tubanlik ham qoʻlimdan keladi, chunki men uchun olam hozir bor-u, ikki soatdan keyin yoʻq”, — deb oʻylaganim uchun ham bechora goʻdakka qarab atay yer tepindim, atay yirtqichga oʻxshab boʻkirdim-ku. Xoʻsh, siz shuning uchun baqirganimga ishonmaysizmi? Men endi bunga ishonib qoldim. Tassavurimcha, goʻyo endi hayot ham, dunyo ham menga qarab qolgan edi. Goʻyo hattoki dunyoning oʻzi yolgʻiz men uchun yaratilgan: men oʻzimni otdimmi, dunyo ham oxiratga yuz tutadi, hech boʻlmaganda — men uchun. Mendan keyin balki chindan ham hech kim uchun hech nima boʻlmas. Lekin buni aytmaganda ham, mening ongim soʻngan zahot butun olam yoʻqlikka aylanadi, ongimning bir sharpasi, zarrasi sifatida soʻnadi-ku. Ehtimol, bu yorugʻ olam, bu guj-gʻuj odamlar yolgʻiz mening oʻzimdan iboratdir. Esimda, kresloga oʻtirib xayolga choʻmarkanman, men bir-biriga uyqashib kelayotgan bu yangi masalalarni butkul boshqa tomonga burib, tamomila yangi fikrni oʻylab topdim. Masalan, mening tasavvurimda shunday bir holat gavdalandi. Deylik, men oldin Oyda yoki Marsda yashagan, u yerda qandaydir bemaʻni, yaramas ish qilgan, buning uchun bosirinqi tushdagidan battar qoʻrqitilgan va sharmanda qilingan, keyin yerga tushib ham ularni unutolmagan boʻlsam, bundan tashqari, endi zinhor ortga qaytolmasligimni bilsam, oʻshanda oyga tikilib, “E, menga baribir emasmi?!” — deya olarmidim? Men qilmishimdan uyalgan boʻlarmidim yoki yoʻqmi? Aslida-ku hozir bu savollar arzimas va ortiqcha. Chunki toʻpponcha shundoq oldimda turibdi. Bu kecha u otilishi muqarrarligini men butun vujudim bilan sezardim. Ammo fikrlar qonimni qaynatdi, men telbanamo boʻlib qoldim. Nimanidir oldindan hal etmay turib oʻlolmaydigan holatga yetdim. Gapning qisqasi, shu qizcha meni oʻlimdan xalos etdi, chunki men oʻyimga yetolmay, oʻq otilishini keyinga surdim, kapitannikida ham sharpalar tina bordi. Ular qartavozlikni tugatdilar, uxlashga tutindilar, lekin hozircha guvurlab, yoqar-yoqmas soʻkinardilar. Shu joyga yetganda, men birdan uxlab qolibman, taajjub, shu choqqacha hech qachon kresloda uyqum eltmagan edi. Uxlaganimni oʻzim ham sezmay qolibman. Tush, maʻlumki, juda gʻalati hodisa, nimalarnidir favqulodda tiniq, eng mayda tafsilotlarigacha farqlaysiz, boshqa narsalar, masalan, makonlar va zamonlar ustidan bemalol sakrab oʻtasiz. Tushlarni aql emas, istak, bosh emas, yurak harakatga keltiradi. Shunday boʻlsa-da, mening aqlim tushda shunday ayyorona narsalarni toʻqib chiqaradiki… Tushingga shunday voqealar ham kiradiki, aslo ularning tagiga yetolmaysan. Mening akam besh yil burun dunyodan oʻtgan. Men uni goho tushimda koʻraman: u mening ishlarimga bosh qoʻshadi, ikkalamiz ham berilib ketamiz, ammo men shu paytning oʻzida, butun tush davomida akamning vafot qilganligi va dafn etilganligini tamoman bilib, eslab turaman.
Axir, taajjublanmay boʻladimi, marhum odam mening yonimda yugurib-elib yursa. Nega aqlim bunga yoʻl qoʻyadi? Mayli, bularni qoʻya turay. Bugungi tushimdan gapiray. Ha, oʻshanda shu tushni koʻrdim, mening uchinchi noyabrdagi tushim! Ammo uning faqat tush ekanligi meni ranjitadi. Axir, u meni haqiqatdan ogoh etgandan keyin, tushmi-oʻngmi, baribir emasmi?! Haqiqatni bir bor idrok etganingizdan keyin uning aynan shu ekanligini, boshqasi yoʻq va boʻlishi mumkin emasligini tushmi-oʻngmi bilib turasiz-ku. Mayli, tush boʻlaqolsin, qaytaga yaxshi. Axir, sizning koʻklarga koʻtarib maqtagan shu hayotingizni men bittagina oʻq bilan yoʻq qilmoqchi edim, mening tushim, tushim esa — o, u meni yangicha, ulugʻvor, qudratli hayotdan ogoh etdi!
Tinglang.

3

Boya aytganimday deyarli sezdirmay, hatto oʻsha oʻylarimda davom eta turib koʻzim ilinibdi. Tushimda toʻpponchani olibman, oʻtirgan koʻyi uni toʻppa-toʻgri yuragimga qadabman, ha, boshimga emas, yuragimga! Men, axir, oʻqni boshimga, boshimning ham oʻng chakkasiga otishga qaror qilgandim-da. Toʻpponchani koʻksimga qadab, bir-ikki soniya kutdim, shu choq birdan shamim, stolim, roʻparadagi devorim joyidan siljib tebrana boshladi. Men talmovsirab jon-jahdim bilan tepkini bosdim.
Tushda baʻzan tepadan qulaysiz yoki sizni soʻyadilar, uradilar. Lekin bunda hech qanday ogʻriq sezmaysiz, faqat u yer-bu yeringizni haqiqatan karavotga urib olsangizgina, joningiz ogʻriydi va koʻpincha ogʻriqdan uygʻonib ketasiz. Mening tushimda ham shunday boʻldi — ogʻriq-pogʻriqni sezmadim, biroq, nazarimda, oʻq otilishi bilan butun borligʻim larzaga tushdi-yu, soʻng birdan hammasi soʻndi, gir atrofimni qorongʻilik qopladi. Men goʻyo koʻr va gung boʻlib qolgan edim. Qarabsizki, allaqanday qattiq narsaning ustida uzala tushib yotibman, hech vaqoni koʻrmayman, qimir etolmayman. Atrofimdan oʻtib-qaytishadi, baqirib-chaqirishadi, kapitan doʻrillaydi, xoʻjabeka chinqiradi, Shu payt birdan gʻala-gʻovur tindi, olam sukunatga choʻmdi. Mana, endi meni yopiq tobutda olib ketayotirlar. Men tobutim qanday chayqalayotganini sezyapman, bu haqda oʻylab ketyapman. Dafʻatan bir oʻy meni ilk bora larzaga soldi: axir, men oʻlganman, butunlay oʻlganman-ku, men buni bilaman, koʻzdan va harakatdan qolganim bilan sezib va fikrlab turibman. Biroq koʻp oʻtmay men bunga koʻnikaman va odatda tushda boʻlganidek voqelikni munozarasiz qabul qila boshlayman.
Mana, meni qabrga qoʻyib, ustimga tuproq ham tortadilar. Hamma ketadi, men yolgʻiz qolaman, tamomila yolgʻiz, qimir etmayman. Oʻzimning qabrga qoʻyilishimni oldin qachonki tasavvur qilgan boʻlsam, qabr koʻz oldimga namlik va sovuqlik sezgilari bilan uyqashib kelar edi. Hozir ham qattiq sovqotayotganimni his etdim, ayniqsa oyogʻimning uchlari achchiq dildirardi, ammo boʻlak hech nimani sezolmadim. Qiziqki, men hech nimani kutmay, “oʻlik odam nimani ham kutishi mumkin?” degan fikrga koʻnib yotardim. Faqat zax kishini ezar edi. Oradan qancha vaqt oʻtganini bilmayman, bir-ikki soatmi, bir necha kunmi, nogoh chap koʻzimga tobut tepasidan bir tomchi chakki tomdi, keyin yana, yana… har daqiqada tomib turdi. Birdan ichimda achchiq norozilik uygʻonib, yuragim sancha boshladi. “Bu oʻsha jarohatim, — xayolimdan kechdi, — oʻq teshib oʻtkan joy…” Tepamdan esa daqiqa sayin yumuq koʻzlarim ustiga chakka tomchilayverdi. Shunda men birdan faryod qildim, yoʻq, ovoz chiqarib emas (oʻlikda ovoz nima qilsin?!), butun borligim bilan menga bu koʻrgulikni yuborgan qodir Egamga faryod qildim:
— Ey, Sen, kim boʻlsang ham, agar borliging chin boʻlsa va agar taxti farmoningda bulardan koʻra oqilroq biror nima mavjud boʻlsa, amr et, oʻshal ijoding koʻz oldimda namoyon boʻlsin! Mabodo sen mendan oʻz jonimga qasd qilganim uchun shu jirkanch va bemaʻni koʻrguliklar bilan qasos olmoqchi boʻlsang, bilib qoʻy: hech qachon, hech qanday jabru jafo, hatto u million yillab choʻzilganda ham, mening ogʻir sukut ichida tuyadigan nafratim bilan tenglasholmaydi!..
Men faryod chekdim-u, tindim. Tamomiy sukunat qariyb bir daqiqa davom etdi, bu orada hatto bir tomchi chakki ham tomib ulgurdi, lekin men bilar va aniq ishonar edimki, hozir hammasi oʻzgarishi kerak. Shu choq birdan qabrimda darz paydo boʻldi. Yoki uni qazib ochishdimi, bunisini bilmayman, lekin allaqanday qora, notanish mavjudot meni koʻtarib ketdi va biz fazoda koʻz ochdik. Men birdan oʻzimga keldim. Yarim kecha edi, bunaqa zim-ziyo tunni umrimda birinchi koʻrishim. Biz fazo boʻylab yerdan, eh-he, juda olislarga uchdik. Men oʻzimni olib uchayotgan mahluqdan hech nimani soʻramadim, faqat yuragim gʻururga toʻlib nimadir boʻlishini kutdim. Men “qoʻrqmayman” deb oʻzimni ishontirdim va bu ishonchdan ham zavq, ham osoyish topdim. Qancha vaqt uchganimizni na eslayman, na tasavvur eta olaman. Tushda oʻzi shunaqa boʻladi-ku, makonlar va zamonlar osha, borliq va tafakkur qonunlari osha sakrab uchasiz, faqat koʻnglingiz tortgan nuqtalargagina toʻxtalasiz. Men birdan qorongʻilik ichra yolgʻiz yulduzchani koʻrib qoldim. “Bu Siriusmi?” — dedim toʻsatdan oʻzimni tutolmay, chunki men hech nimani soʻramaslikka qaror qilgan edim-da. “Yoʻq, bu — sen uyga qaytayotib, bulutlar ichida koʻrganing oʻsha yulduzcha” — javob qildi hamrohim. Qarasam, uning qiyofasi odamga oʻxshaydi. Taajjub, negadir bu mahluqni jinim suymadi, hatto undan nafratlandim. Men tamoman yoʻqlikka aylanishni kutgandim va naq yuragimga oʻq uzgandim. Endi boʻlsa mana buning qoʻlidaman. Albatta, uning odam emasligi ayon, lekin u mavjud, yashayapti. “Demak, bundan chiqdi, oʻlgandan keyin hayot bor ekan-da” — tushga xos yuzaki fikr yuritdim men. Lekin yuragim sergak edi. “Agar qaytadan mavjud boʻlish, kimningdir amri vojibi bilan yashash kerak boʻlsa, — koʻnglimdan kechirdim men, — meni magʻlub etishlari va xoʻrlashlarini istamayman”. Men kamsitilganligim tan olingan savoldan oʻzimni tiyolmay, birdan hamrohimga soʻz qotdim: “Sendan qoʻrqayotganimni bilib turibsan, shuning uchun meni koʻrgani koʻzing yoʻq”. Men xoʻrlanganimni his qilib, yuragimda nina sanchgandek ogʻriq sezdim. Hamrohim javob bermadi. Men shuni sezdimki, bu mahluq mendan nafratlanayotgani ham, mening ustimdan kulayotgani ham, hatto menga rahmi kelayotgani ham yoʻq, bu safarimizda qandaydir noayon, sirli, faqat menga aloqador qandaydir maqsad bor. Men battar vahimaga tusha boshladim. Qandaydir kuch bir soʻz aytmay, ammo qiynoq bilan meni mum tishlagan yoʻldoshimning kimligidan ogoh etdi va mening bagʻrimni tilib oʻtdi. Biz tim qorongʻi, nomaʻlum kengliklar boʻylab uchdik. Men anchadan beri yulduzlarga tikilmay qoʻygandim. Ammo falak avroqida nurlari ming-million yillardan soʻng yerga yetib keladigan shunday sitoralar borligini bilardim. Balki biz bu kengliklarni endi ortda qoldirib ketgandirmiz. Men qattiq qaygʻu ichida nimanidir kutar edim. Birdan qadrdon va oliy darajada oʻziga chorlovchi bir tuygʻu meni larzaga soldi: men birdan oʻzimizning tabarruk quyoshimizni koʻrib qoldim. Bu lamʻai aʻzam yerimizni atrofidan gir aylantirayotgan quyoshimiz boʻlishi mumkin emasligini, biz undan cheksiz uzoqlashib ketganimizni bilardim, ammo men butun borligʻim bilan shuni angladimki, bu xuddi oʻzimiznikiga oʻxshagan quyosh, uning egizagi yoki aynan takrori. Mening yuragimda laziz, daʻvatkor tuygʻu sado berdi. Koʻz ochib koʻrganim oʻsha nurning qadrdon shuʻlalari mening qalbimda jilolandi va unga qaytadan jon ato etdi, men oʻlimimdan soʻng ilk bor oʻsha jonajon hayotning nafasini tuydim.
— Agar bu quyosh boʻlsa, xuddi oʻzimiznikiga oʻxshagan quyosh boʻlsa, unda yer qani? — deya qichqirdim men. Yoʻldoshim menga boqib quyuq qorongʻilik ichida nur sochib turgan yulduzchaga ishora qildi. Biz toʻgʻri oʻshanga qarab uchdik.
— Nahotki koinotda shunday aynan takrorlar bor, nahotki tabiatning qonuni shunday boʻlsa?.. Agar u yulduzcha yer boʻlsa, nahotki u ham xuddi oʻzimiznikiga oʻxshash baxtsiz, bechora, lekin aziz va hamisha suyukli yer? Nahotki u ham yerimiz kabi hattoki eng badkirdor farzandlarida ham azobli bir muhabbat uygʻotadi? — Men oʻzim tark etgan ona-erimizga nisbatan asov, otashin muhabbatimdan titrab nido qildim. Oʻzim ranjitgan gʻarib qizchaning qiyofasi bir zum koʻz oldimdan oʻtdi.
— Shoshilma, hammasini koʻrasan, — dedi mening hamrohim qandaydir hazin ovoz bilan. Biz tezda sayyoraga yaqinlashdik. U mening koʻz oldimda ulkanlashdi, men hademay okeanni, Yevropa chegaralarini ajratdim va birdan qalbimda qandaydir ulugʻ, muqaddas rashk tuygʻusi alanga oldi. “Ajabo, shunchalik ham aynan takror boʻlishi mumkinmi?! Buning nima keragi bor?! Men faqat oʻzim tark etgan yerni, men, noshukur banda, yuragimga oʻq uzib hayotimni soʻndirgan payt bagʻir qonim tomgan oʻsha yernigina sevaman va seva olaman! Men jonimga qasd qildim, lekin hech qachon, hech qachon ona-erimizga muhabbatim soʻngan emas, balki oʻsha xosiyatsiz tunda ham unga alvido ayta turib uni har qachongidan ortiqroq sevgandirman. Bu yangi zaminda ham azob-uqubat bormikin? Biz oʻz yerimizda faqat azob bilangina, azob orqaligina chinakam mehr-muhabbatga noil boʻlamiz. Biz boshqacha sevolmaymiz, boshqacha muhabbatni bilmaymiz ham. Men sevmoq uchun azob chekishni istayman. Menga hozir oʻzim tark etgan oʻsha yerdan boshqasi kerakmas, men faqat oʻshanigina qoʻmsayman, oʻzga hech qayerdagi hayotni xohlamayman va qabul qilmayman”.
Lekin u mahal allaqachon yoʻldoshim meni xoli qoldirgan edi. Men boʻlsam oʻzim ham sezmagan holda nurlarga belangan kunda jannatmonand zaminda koʻz ochdim. Nazarimda, oʻz yerimizdagi Grek arxipelagining orollaridan birida yoki materikning shu arxipelagga yondosh allaqanday bir burchagida turgandim. O, hamma narsa oʻzimizdagiga oʻxshar, ammo faqat chor atrofda bayram nafasi ufurar, ulugʻ, muqaddas, uzoq koʻz tikib erishilgan ruhi kezar edi. Farahbaxsh moviy dengiz qirgʻoqlarga sokin urilardi va oshkora, deyarli ongli mehr bilan ulardan oʻpich olardi. Boʻychan xushmanzara daraxtlar butun jozibasini koʻz-koʻz etar, ularning sonsiz yaproqlari esa meni osoyishta, yoqimli shovullash bilan qarshi olar, goʻyo menga mehr izhor etar edi. Oʻt-oʻlanlar tiniq, dilxush ranglarga burkanib yashnar edi. Qushlar gala-gala boʻlib havoda sayr etishar, mendan choʻchimay qoʻlu yelkalarimga qoʻnishar, nozik, popuk patlari bilan meni shodon urib oʻtishar edi. Va, nihoyat, men baxtga qorilgan bu zaminning odamlarini koʻrdim. Ular yonimga kelishdi, meni qurshab olishdi, kuchib oʻpa boshlashdi. Oftob farzandlari, quyosh bolalari — o, ular qanchalar goʻzal edi! Men oʻz yerimiz odamlarida hech qachon bu qadar komil goʻzallikni koʻrmagan edim. Faqat bolalarimizda hali ruhiga gard qoʻnmagan paytlarda kuchsizgina boʻlsa-da, bu goʻzallikning uchqunlarini uchratish mumkin. Bu baxtiyor odamlarning chehralari tiniq nur sochib porlaydi. Ularning yuz-koʻzlaridan aql nuri yogʻilib turadi, ammo bu yuzlar quvonchga toʻla; bu odamlarning ovozida, soʻzlarida bolalarcha zavq jaranglaydi. O, men bir qarashdayoq hammasini, hammasini tushundim, bu — ayblaru gunohlar bilan bulgʻanmagan yer edi, unda ham odamlar, ammo gunohsiz odamlar yashardi, ular butun bashariyatning diniy rivoyatlarida yozilganidek, bizning gunohga botmagan ajdodlarimiz davron surgan jannatmonand maʻvoda yashardilar. Faqat bir farqi-bunda butun zamin yaxlit jannatdan, jannatning oʻzidangina iborat edi. Bu odamlar shodon jilmayib meni qurshab oldilar va oʻzlari bilan olib ketdilar. Ularning har biri meni xotirjam etgisi kelardi. O, ular mendan hech nimani soʻrab oʻtirishmadi, ammo hammasi allaqachon hamma gapni bilgandek edi, har holda menga shunday tuyuldi. Ular mening yuzimdan uqubat nuqsini tezroq sidirib tashlashni istardilar.

4

Mayli, bu faqat tush boʻla qolsin, lekin ularning mehribonligini qarang. Men bu mehrning haroratini manguga eslab qoldim, hozir ham oʻsha yoqdan mehr yogʻilayotganday tuyuldi. Men ularni oʻz koʻzim bilan koʻrdim, kimligini bildim, ularga mehr qoʻydim va keyinchalik ular uchun azob chekdim. O, men ularni juda koʻp tomonlardan tushunolmasligimni oʻsha paytdayoq angladim. Men zamonaviy rus progressisti sifatida, badxulq peterburglik sifatida bir narsaga hayron qolardim: ular shunchalik koʻp narsani bilsalar-da, biznikiga oʻxshagan ilm-fanga ega emas edilar. Tezda shunga aqlim yetdiki, ularning bilimida biznikiga oʻxshamaydigan ajib samimiyat bor, ular suv ichadigan bilim chashmalari ham, ularning intilishlari ham butunlay boʻlakcha. Bu zamin odamlari ortiqcha hoyu havasga berilmay, osuda yashardilar, hayotni idrok etishga ham bizchalik intilmasdilar, chunki ularning hayoti shusiz ham bekam-koʻst edi. Lekin ularning bilimlari bizning fanimizga nisbatan teranroq va yuksakroq edi, zero, bizning fanimiz hayot oʻzi nima ekanligini tushunishga intiladi, boshqalarga qanday yashashni oʻrgatish uchun uni idrok etmoqchi boʻladi. Ular boʻlsa qanday yashashni ilm-fansiz ham bilardilar, men buni fahmladim, ammo ularning bilimlarini tushunolmadim. Ular menga oʻz daraxtlarini koʻrsatdilar, lekin dov-daraxtlarga shunchalik muhabbat bilan qarash menga yot edi, ular goʻyo oʻzlariga monand mavjudotlar bilan soʻzlashayotganga oʻxshardilar. Bu odamlar daraxtlar bilan gaplashardilar, desam ham, ehtimolki, xato boʻlmas. Ha, chindan ham ular bir-birlarining tillariga tushunardilar. Ular butun tabiatga, masalan, hayvonot olamiga ham xuddi shunday qarardilar, ular bilan inoq yashardilar. Ular koʻkka ishora qilib, menga yulduzlar haqida nimadir dedilar, men tushunolmadim, ammo shu chogʻ ularning dillari yulduzlar bilan tutashganligiga ishonchim komil. O, bu odamlar meni oʻz qalblariga oshno etolmadilar, ammo meni shusiz ham suydilar. Ular meni tushunolmasliklariga koʻzim yetdi, shuning uchun yerimiz haqida miq etib ogʻiz ochmadim. Men faqat hammaning koʻz oʻngida ularning yerini oʻpdim va ularga sajda qildim. Ular mening sigʻinishimga iymanmay yoʻl qoʻyib berdilar, chunki ularning qalbi shunday ulugʻ sevgiga moyil edi. Mehrimga qanday javob qaytarishlarini sevinch bilan idrok etgan holda goh koʻzlarim jiqqa yoshga toʻlib, ularning oyoqlarini oʻpsam, ular men uchun iztirob chekmadilar. Goho men taajjublanib oʻzimdan soʻrardim: qanday qilib ular mendek bir telbani biror marta ham ranjitmadilar, mendek bir kishida rashk va hasad tuygʻularini uygʻotmadilar? Qanday qilib mendek bir maqtanchoq va yolgʻonchi odam ularning oldida hech biri bilmaydigan bilimlarim bilan maqtanmadim, hech boʻlmasa, suyganimdan ularni qoyil qoldirishga harakat qilmadim?
Ular xuddi goʻdaklardek tinib-tinchimas, quvnoq odamlar edilar. Oʻzlarining soʻlim daraxtzor va oʻrmonzorlarida kezib, munis qoʻshiqlar aytardilar, daraxtlar mevasi, oʻrmonlar asali va mehribon jonivorlarning suti bilan yengil ovqatlanardilar. Oʻz yemishlari va kiyim-boshlari uchun bizdek oʻlib-tirilib mehnat qilmasdilar. Ularda ham ishq-muhabbat bor edi, bundan farzandlar tugʻilardi. Lekin men ularda bizda hammani zaharlagan, insoniyat botayotgan barcha gunohlarning yagona manbai boʻlgan shafqatsiz ishratparastlikning izini ham koʻrmadim. Ular goʻdak dunyoga kelganda, bazmi jamshidimizga yangi aʻzo qoʻshildi, deb sevinchga toʻlardilar. Ular oʻrtasida achchiq-tiziq gap, rashku hasad yoʻq edi, bularning nimaligini bilishmasdi ham. Har bir tugʻilgan goʻdak barchaning farzandi sanalardi, chunki ular yagona oila boʻlib yashardilar. Garchand ularda ham oʻlim barhaq boʻlsa-da, kasallik yoʻq edi. Ularning qariyalari vidolashish uchun davra qurgan odamlarning yorugʻ tabassumlari ostida ularga oq fotiha berib tinchgina kulimsiragancha uyquga ketganday jon taslim qilardilar. Bunda qaygʻu ham, koʻz yoshi ham yoʻq, faqat hayajon boʻlib joʻsh urgan mehr bor edi, xolos. Oʻylash mumkinki, ular marhumlari bilan ham dillashardilar, ularning yaqinligini oʻlim ham buzolmasdi. Men mangu hayot haqidagi fikrlarini soʻraganimda, ular menga hayron boqdilar, aftidan, ular mangu hayotga shu darajada ishonar edilarki, soʻrab oʻtirish ham ularga gʻalati tuyulardi. Ularda sajdagohlar yoʻq edi. Axir, qaysi dargohga sigʻinishsin?! Ularda bir butun Koinot bilan qandaydir qimmatli, jonli, chambarchas birlik bor edi. Ularda din ham yoʻq edi, faqat bir narsani aniq bilishardiki, qachonki ularning quvonchlari zaminidagi tabiatning sarhadlariga yetsa, jamiki tiriklar va oʻliklar uchun yaxlit olam bilan uygʻunlashishning chegaralari yanada kengayadi. Ular bu ajib lahzani quvonch bilan kutardilar. Lekin uni oshiqmay, betoqat boʻlmay, intiqmay, hozirdanoq uning sehriga mast boʻlib va buni bir-birlariga izhor etib kutardilar.
Oqshomlari uyqu oldida ular bir tanu bir jon boʻlib qoʻshiqlar aytishni xush koʻrardilar. Bu qoʻshiqlarga oxirlagan kunning jami taassurotlarini toʻkib solardilar, uni ulugʻlardilar, u bilan xayrlashardilar. Ular tabiatni, yerni, dengizu oʻrmonlarni kuylardilar. Ular bir-birlari shaʻniga qoʻshiq aytishni sevardilar, xuddi bolalarga oʻxshab bir-birlarini maqtardilar. Bular — juda oddiy qoʻshiqlar edi, ammo yurakdan otilib chiqardi va yuraklarga titroq solardi. Nafaqat qoʻshiqlari, balki butun hayotlari bir-birlarining mehriga qonish bilan oʻtardi. Ular bir-birlariga batamom va yoppasiga maftun edilar. Boshqa tantanavor va koʻtarinki qoʻshiqlarni men mutlaqo tushunmadim. Soʻzlarini tushunib turib, ular zamiridagi maʻnoni uqolmadim. Mening aqlim bunga ojiz edi, ammo qalbim ularga besoʻroq kirib bordi va butunlay berilib qoldi. Men bular barini paygʻambarday oldindan sezganman, bu quvonch va shon-shuhrat yerdayoq goho chidab boʻlmas darajaga yetgan daʻvatkor qaygʻu boʻlib menga taʻsir etgandi, ularni va ular dovrugʻini xayolim tushlarida va aqlim orzularida oldindan tuygandim, men oʻz yerimizda koʻpincha botayotgan quyoshni koʻz yoshisiz kuzatolmasdim — bular barini men ularga qayta-qayta aytib berdim. Mening oʻz odamlarimizga nafratimda doimo qandaydir andux boʻlardi: nega men ularni sevmay turib yomon koʻrolmayman, nega men ularni avf etmay ketolmayman, mabodo sevsam ham, nafratsiz sevolmayman, deb hasrat chekardim. Ular meni tingladilar, lekin men aytganlarni tasavvur qilolmadilar, ammo men gapirganimga pushaymon boʻlmadim. Bildimki, ular oʻzim tark etgan elga sogʻinchimning butun kuchini aʻlo darajada tushunardilar. Ha, ular menga munis, mehribon nigohlarini tikkan chogʻlari men ham oʻshalarday begunoh va rostgoʻy boʻlib qolganimni sezdim, ammo men ularni tushunolmaganimdan nadomat chekmadim. Bu hayotning mukammalligini his etgan sari nafas olishim qiyinlashdi va men ularga unsiz tilovat qildim.
O, endi hamma mening koʻzimga qarab turib kuladi va tushda bunchalik tafsilotlarni koʻrish mumkin emas, tushingda ul-bulni koʻrgandirsan-u, qolganini uygʻonib oʻzing toʻqigansan, deb meni ishontira boshlaydi. Agar men ularga: ehtimol, haqiqatan shunday boʻlgandir, deguday boʻlsam bormi — oh xudoyim-a, ular qanday kulgi koʻtarardilar va bu maynavozchilikdan oʻzlari qancha zavq olardilar. Ha, albatta, men koʻrgan tushimning taassuroti bilan magʻlub boʻlib qolardim, mening zada, pajmurda yuragimda faqat shu hisgina omon qolgan boʻlardi. Ammo koʻrgan tushimning haqiqiy manzaralari, shakllari shu darajada uygʻunlik kasb etgan, shu darajada dilbar, goʻzal va haqqoniy ediki, men uygʻonib ularni oʻzimizning nochor soʻzlarimiz bilan ifoda etmoqqa ojiz edim, ular oʻz-oʻzidan miyamda boshqacharoq tus olishi tayin edi, men haqiqatan ham taassurotlarni oʻzimdan qoʻshib-chatib yozishim mumkin, ayniqsa, ularni qancha boʻlmasin, yetkazishga, buning ustiga tezroq yetkazishga jon-dildan oshiqayotgan paytimda. Ammo men qanday qilib ularning yuz berganiga ishonmay? Ular balki men aytganimdan koʻra ming marta aʻloroq, nurliroq, quvonchliroq boʻlgandir? Kelingki, uni tush ham deylik, biroq tamomila uydirma boʻlishi mumkin emas. O, bilasizmi, men sizga bir sirni aytaman: bular bari, ehtimolki, hech qanaqa tush emasdir. Chunki bu yerda shunday ravshan voqealar yuz berdiki, bunday haqiqatlar ikki dunyoda tushda xayolga kelishi mumkin emas. Mayli, bu tushni qalbimning bir ijodi deylik, lekin koʻnglimning oʻzi keyin men yetishgan haqiqatni yuzaga keltira olarmidi? Qanday qilib men shunday ulugʻvor haqiqatni ichimdan toʻqib chiqarishim mumkin? Qanday qilib mening shu maydakash yuragim va shu injiq, arzimas aqlim haqiqatni shunday chuqur inkishof etish darajasiga koʻtarildi? O, mana bu soʻnggi voqea esa sizning hukmingizga havola: men shu vaqtgacha bir narsani yashirgandim, endi haqiqatni oxirigacha aytaman. Gap shundaki, men — yaramas — ularning barini yoʻldan ozdirdim.

5

Ha, oqibat shu boʻldiki, men ularning barini nahsga botirdim. Qanday qilib bu xil voqea yuz berishi mumkinligini bilmayman, biroq uni juda yaxshi eslayman. Tushim ming yilliklarni oʻzida qamrab olgan boʻlsa ham, mening xotiramda bir gina yaxlit bir taassurot qoldirdi. Faqat shuni bilamanki, jami gunohlarning asl sababchisi men edim. Bir irkit kana kabi, butun boshli mamla katlarni zaharlovchi vabo tarqatkich gard kabi men shu qadar begunoh va baxtli bir zaminni bulgʻadim. Ular aldashni oʻrgandilar, yolgʻonga ruju qoʻydilar va uning mazasini bilib oldilar. O, ehtimolki, bu hech qanday gʻarazsiz, oddiy hazildan, erkalikdan, yengil-elpi sevgidan, arzimas zarradan boshlangandir, lekin bu yolgʻon zarrasi ularning qalbiga kirib oldi-yu, sohibga yoqib tushdi. Keyin tezda ishratparastlik, ishratparastlikdan rashk, rashkdan shafqatsizlik tugʻildi. O, aniq aytolmayman-u, ammo oradan hech qancha vaqt oʻtmay, oʻzga yer odamining birinchi qoni toʻkildi: ular taajjubda qoldilar, dahshatga tushdilar va bir-birlaridan yuz oʻgirib turli tomonlarga tarqala boshladilar… Ittifoqlar, uyushmalar paydo boʻldi, lekin ular bir-biriga qarshi edi. Taʻna-malomatlar dunyoga keldi. Ular oʻz qilmishlaridan uyalishni oʻrgandilar va bu uyat tuygʻusini ezgulikka yoʻydilar. Shaʻn, nomus degan tushunchalar paydo boʻldi. Har bir uyushma oʻz bayrogʻini tikdi. Ulardan hayvonlar ham ozor koʻrdi, yogʻiylashib oʻrmonlarga qochdi. Boʻlinish, yakkalanib olish uchun, shaxs uchun, meniki-yu, seniki uchun tinimsiz kurashlar boshlandi. Ular anvoyi tillarda gaplasha boshladilar. Shu tariqa, gʻam-anduh nimaligini bildilar va uni sevib qoldilar, uqubatni qoʻmsadilar. Faqat zahmat chekibgina haqiqatga yetish mumkin, dedilar. Shunda ularda ham biz tushungan ilm-fan paydo boʻldi. Ular vahshiy boʻlib ketganlaridan soʻng birodarlik va insoniylik toʻgʻrisida gapira boshladilar va bu gʻoyalarning nimaligini idrok etdilar. Jinoyatchiga aylanganlarida, adolatni oʻylab chiqardilar, uni himoya qilish maqsadida, oʻzlari uchun butun boshli qonunlar oʻylab chiqardilar va bosh kesuvchi mashinalarni ularga posbon qilib qoʻydilar. Ular oʻzlari boy bergan hayot tarzini elas-elas eslardilar, qachonlardir begunoh va baxtiyor boʻlganlariga koʻpincha ishongilari ham kelmasdi. Ular moziyda shunchalik baxtli boʻlganliklarini xom xayol deb oʻylardilar va uning ustidan kulardilar. Uni hatto butun shakl-shamoyili bilan tuzukroq tasavvur ham qilolmasdilar, lekin qiziq joyi shundaki, kechmish saodatga ishonchni yoʻqotib, uni ertak deb oʻylash barobarida ular qaytadan begʻubor va baxtiyor boʻlishni shunday orzu qildilarki, oʻz orzulariga bandi boʻlib unga ilohiy tus berdilar, shu intilish yoʻlida ibodatxonalar tikladilar. Oʻz gʻoyalari va orzularining roʻyobga chiqmasligiga ishonib turib, koʻz yoshlari bilan uni ilohiylashtirdilar, unga sajdalar qildilar. Lekin oʻsha masʻud va masʻum damlarga qaytish imkoni tugʻilib, kimdir: “Unga qaytishni istaysizmi?” — deb soʻrasa, ular, shubhasiz, bosh tortgan boʻlardilar.
Ular menga: “Ha, biz yolgʻonchimiz, zolim va adolatsizmiz, biz buni bilamiz, oʻz holimizga yigʻlaymiz, buning uchun azob chekamiz. Ehtimolki, biz oʻzimizni oxiratda barchamizni soʻroqqa tutuvchi hakamdan koʻra qattiqroq jazolarmiz. Lekin bizda ilm-fan bor, biz uning yordamida qaytadan haqiqatni izlaymiz, biroq endi uni ongli ravishda qabul qilamiz. Bilim tuygʻudan yuksakroq, hayotni anglash hayotning oʻzidan yuksakroq! Ilm bizga donolik baxsh etadi, donolik qonunlarni kashf qiladi, baxt qonunlarini bilish esa baxtning oʻzidan oliyroq!”, — dedilar. Bu gaplardan keyin ularning har biri oʻzini battarroq yomon koʻrib ketdi, boshqacha yoʻl tutish ularning qoʻlidan kelmasdi. Har kim oʻz shaxsiga shu darajada berildiki, butun kuchi bilan boshqalar shaxsini yerga urishga intildi, balki hayotini ham shunga qurbon qildi.
Qullik paydo boʻldi, odamlar hatto oʻz erki bilan qul boʻla boshlashdi. Kuchsizlar kuchlilarga bajonidil itoat etdilar, chunki yana ham kuchsizlarni ezishda kuchlilar ularga yordam berardilar. Ular orasidan ruhoniylar yetishib chiqdi, koʻz yoshlar bilan xalqqa yuzlanib, ularning magʻrurliklari, meʻyorni, uygʻunlikni yoʻqotib qoʻyishgani, sharm-hayoni unutishgani haqida vaʻz-nasihat oʻqidilar. Odamlar esa ularni masxara qilishdi yoki toshlar bilan urishdi. Muqaddas qon sajdagohlar ostonasiga toʻkildi. Ammo oradan olam haqida jiddiy bosh qotiradiganlar ham yetishib chiqdi. Ular, odamlar shunday birlashsaki, oʻzlarini barchadan ortiq sevganlari holda boshqalarga ham halal yetkazmasalar, shu asosda hamma ixtiyoriy jamiyat boʻlib yashasa, deya oʻyladilar. Bu gʻoya tufayli butun boshli urushlar kelib chikdi. Kurashayotganlarning barchasi ilm-fan, tafakkur va oʻz-oʻzini asrash tuygʻusi axiyri insonlarni totuv va ongli jamiyat boʻlib yashashga majbur etadi, deb ishondi. Shu sababli ham oʻz yoʻlining tantanasiga halaqit bermasin uchun “dono”lar “nodon”larni, mazkur gʻoyani tushunmaydiganlarni tezroq yanchib tashlashga intildilar. Lekin insondagi oʻz-oʻzini asrash tuygʻusi ham tezda kuchsizlanib qoldi. “Boʻlsa, hammasi boʻlsin, boʻlmasa, hech nima boʻlmasin” deguvchi magʻrur zoʻravonlar va ishratparastlar paydo boʻldi. Ular maqsadlariga erishish uchun razillikka qoʻl urdilar, muddaolariga yetolmasalar oʻz jonlariga qasd qildilar. Arzimas bu dunyoda abadiy orom olish uchun yoʻqlikka, oʻz-oʻzini yemirishga daʻvat etuvchi diniy oqimlar yuzaga keldi. Nihoyat, bu odamlar maʻnisiz mehnatdan tolishdi, ularning yuziga azob-uqubat alomatlari qalqib chiqdi, ular “azob-uqubat — bu goʻzallik, faqat undagina chinakam fikr bor” deb olamga bong urdilar. Ular azob-uqubatni qoʻshiqqa solib kuyladilar. Men nadomat chekib ularning orasida yurdim, ularning holiga yigʻladim va ularga, ehtimolki, hali yuzlariga azob nuqsi urmagan, begunoh va goʻzal boʻlgan paytlaridagidan ortiqroq mehr qoʻydim. Men gunohga botgan bu tuproqni oldingidan koʻproq sevib qoldim. Sababi — unda gʻam-anduh paydo boʻldi. Evoh, men gʻam-alamni azaldan yaxshi koʻrardim, lekin faqat oʻzim uchun. Ularga esa rahmim kelib yigʻlardim. Men umidsizlikka tushib, oʻzimni ayblab va laʻnatlab, ularga yuzlandim: “Bular hammasini men, yolgʻiz mening oʻzim qildim, sizlarga fahshni, marazni, yolgʻonni men, men olib keldim”. Yana ularga: “Meni xochga parchinlab qoʻyinglar”, — deb yalindim va xochni qanday yasashni oʻrgatdim. Men oʻzimni oʻldirolmasdim, bunga qurbim yetmasdi, men ular qoʻlidan jabr koʻrishni, bu qiynoqlarda qonim soʻnggi tomchisigacha toʻkilib bitishini istardim. Ammo ular nuqul mening ustimdan kulardilar. Oxiri ular ham meni telbaga chiqardilar. Biroq ular meni oqladilar, mendan faqat oʻzlariga kerakli narsalarnigina olganlarini, bu voqealar roʻy bermasligi mumkin emasligini aytdilar. Oxiri men ularga xavf tugʻdirayotganimni, agar tilimni tiymasam, jinnixonaga qamab qoʻyajaklarini maʻlum qildilar. Shunda qaygʻu-alam yuragimni chunonam siqdiki, men, hozir oʻlaman, deb oʻyladim va shu choq, shu choq uygʻonib ketdim.
Hali, tong oqarmagan, soat oltilar edi. Men oʻsha kreslomda uygʻondim. Sham yonib ado boʻlibdi, kapitanning uyidagilar ham uxlashibdi, hamma yoq suv quygandek osuda. Men favqulodda bir taajjub bilan oʻrnimdan otilib turdim. Men hali hech qachon bunaqa alahlamagan, hali biror marta kreslomda, masalan, shunday uxlab qolmagan edim. Shu choq, turib endigina oʻzimga kelgan payt birdan toʻpponchamga koʻzim tushdi — tap-tayyor, oʻqlangan. Lekin men bir lahzaga uni oʻzimdan chetga surib qoʻydim. O, endi men yashashim kerak, yashashim! Men qoʻllarimni koʻtarib mangu Haqiqatga nido qildim, yoʻq, nido qilmadim, yigʻladim. Vujudimni cheksiz bir hayajon qamradi. Ha, men endi yashashim va targʻib etishim kerak! Targʻib etish haqida men shu ondayoq, bir umrga ahd qildim. Lekin nimani? Haqiqatni! Axir, men uni, uning butun shon-shavkatini oʻz koʻzlarim bilan koʻrdim.
Men oʻshandan beri targʻibotdan toʻxtamayman. Bundan tashqari, ustimdan kuladiganlarni boshqalardan koʻproq sevaman. Nega bunday — menga noayon. Mayli, shunday boʻlaversin. Odamlar aytishicha, men hali ham adashib yurgan emishman, yaʻni ular: “Hali ham adashib yurgan boʻlsang, bu yogʻi nima boʻladi?” — demoqchi. Tayin gapki, men hali koʻp adashaman, u yogʻi balki bundan ham battar boʻlar. Albatta, qay yoʻsinda, qanday soʻzlar va misollar bilan targʻib etishni oʻrganguncha, men hali koʻp yanglishaman, chunki bu oson ish emas. Men-ku u haqiqatlarning hammasini kundek ravshan koʻrib turibman, lekin, baribir, kim ham yanglishmaydi, deysiz. Yana shunisi borki, aslida mutafakkirdan tortib ashaddiy qaroqchigacha hamma ham bir manzilga boradi, yoki hech boʻlmasa intiladi, faqat turli yoʻllar bilan. Bu — eski haqiqat. Faqat yangiligi shundaki, men endi butunlay yoʻldan ozib ketishim mumkin emas. Chunki men haqiqatni koʻrdim, men oʻz koʻzlarim bilan koʻrdim va bildimki, odamlar yerda yashash qobiliyatini yoʻqotmay turib kamolatga va baxtga yetishishi mumkin. Men razillik odamlarning tabiiy holati ekanligiga ishonolmayman, ishonishni istamayman ham. Ular esa aynan mana shu ishonchimdan kuladilar. Axir, qanday qilib men bunga ishonmay, men uni aql bilan kashf etganim yoʻq, balki roʻy-rost koʻrdim-ku, uning jonli surati mening yuragimni manguga fayziyob etdi-ku. Men uni shunday mukammal bir butunlikda koʻrdimki — uning odamlar orasida tantana qilishi mumkin emasligiga ishonolmayman. Shunday ekan, men qanday qilib butunlay yanglishib ketishim mumkin?! Albatta, vaqti bilan u yon-bu yonga sal-pal ogʻib ketishim mumkin, lekin bu hol uzoq davom etmaydi. Koʻrganlarimning jonli surati doimo mening bilan birga boʻladi va meni hamisha toʻgʻri yoʻlga boshlab turadi. O, men endi bardamman, sogʻlomman, kerak boʻlsa, mingga ham kirishim mumkin. Bilasizmi, men avvaliga ularni yoʻldan ozdirganimni yashirmoqchi boʻldim, ammo bu mening xatoim edi, men bitta xatoga ham yoʻl qoʻyib ulgurdim. Biroq Haqiqat yolgʻonga toyib ketayotganimni mening qulogʻimga shipshidi, meni xatodan asrab, toʻgʻri yoʻlga soldi.
Xoʻsh, qanday qilib jannat yaratish kerak — men buni bilmayman, chunki soʻz bilan ifodalab berolmayman. Oʻsha tushdan soʻng men soʻzlarimni, hech boʻlmasa, ularning eng zarurlarini unutib qoʻydim. Bu ham mayli. Men baribir yoʻlga tushaman va horish nimaligini unutib ularga barchasini soʻzlab beraman, zero, yaxshi bayon etib berolmasam-da, har holda men uni oʻz koʻzlarim bilan koʻrdim. Mana bu masxaravozlar esa tushunmaydi, “Tush koʻrgan, telba, alahlagan, gallyutsinatsiya!” — deydi. Eh! Axir, shu ham aqldanmi? Tagʻin ular koʻkragiga uradi-ya. Tush emish. Xoʻsh, tush nima oʻzi? Bizning hayotimizchi, tush emasmi? Nima desangiz, deng; mayli, bular hech qachon amalga oshmasin, jannat hech qachon yaralmasin, men baribir targʻib qilaveraman. Lekin aslida bu juda oddiy narsa: bir kun, bir soatning oʻzida hamma ishlar joyida boʻlishi mumkin. Muhimi — oʻzgalarni ham oʻzingizdek seva olish! Koʻrdingizmi, eng muhim narsa nima ekan! Bor-yoʻgʻi shu, boshqa hech nima kerakmas: nari yogʻiga qanday yoʻl tutishni oʻsha zahotiyoq oʻzingiz topib olasiz. Gap orasida aytishim kerakki, bular hammasi eski haqiqat. Uni million emas, billion martalab takrorlaganlar, oʻqiganlar, lekin ular amalga oshmadi. “Hayotni anglash hayotning oʻzidan, baxt qonunlarini anglash baxtning oʻzidan oliyroq” — mana shu fikr bilan kurashish kerak. Men kurashaman ham. Faqat agar hamma xohlasa, shu zahotiyoq barchasi oʻnglanadi.
U kichkina qizchani men izlab topdim… Mayli, men ketdim! Men ketdim!

Rus tilidan Mirzaahmad Olimov tarjimasi.
“Yosh kuch” jurnali, 1989-yil, 2-son