Gʻafur Gʻulom. Mening oʻgʻrigina bolam
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Otamizning oʻlganiga anchagina yil oʻtib ketdi. Bu yil — oʻn yettinchi yilning koʻklamida onamizdan ham ajralib, shum yetim boʻlib qoldik. Biz toʻrt yetimdan xabar olib turishga katta onam — onamning onalari Roqiyabibi kelib turibdilar. Bu kishini biz erkalab “qora buvi” deb ataymiz.
Oqshomlari buvim boshliq hammamiz oldi ochiq ayvonda uvuntoʻda koʻrpa-yostiqlarga oʻralib, bittagina Oʻratepaning kir ip sholchasi ustida uxlaymiz.
Sentabr oylarining oxiri, ilk kuz oqshomlaridan biri edi. Havo anchagina salqin. Biz yetimlar bir-birimizning pinjimizga tiqilib, bir-birimizni isitib uyquga ketganmiz. Qatorda eng soʻnggi boʻlib, ona chumchuqday qora buvim yotardilar, u kishi saksondan oshib ketgan, noskash kampir edilar.
Bu oqshom uch xoʻroz oʻtgandan keyin, yetti qaroqchi yulduzi tik kelganda gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovozdan uygʻonib ketdim. Buvim kim bilandir anchagina baland ovoz bilan suhbatlashmoqda edilar. Hovlimiz, ota-buvadan qolgan, anchagina katta boʻlib, toʻrtburchak tanobi hovlilardan edi. Gir atrofi imorat, shimol tomonda amakivachchalarimiz turishardi. Lekin ular yozda bogʻga koʻchib ketardilar. Hozir ular tomon boʻsh.
Buni qarang-a, bizning uyimizga oʻgʻri kepti. Bizni ham odam deb yoʻqlaydigan kishilar bor ekan-da, dunyoda? Ertaga oʻrtoqlarimga toza maqtanadigan boʻldim-da: “Bizning uyga oʻgʻri keldi”. Gʻurur bilan aytilsa boʻladi. Lekin ishonisharmikan?
Oʻgʻri oʻsha amakivachchalarning tomidan sekin yura kelib, buvimning toʻgʻrilariga kelganda aksa urib yuboribdi. Buvim esa yostiqni koʻkraklariga qoʻyib, til tagidagi nos bilan oʻylab yotar ekanlar. Buvim “tuf” deb nosni tuflab, tomga qarab:
— Oʻgʻrigina bolam, hoy oʻgʻrigina bolam, hoynahoy biror tiriklikning koʻyida tomga chiqqan koʻrinasan, axir kasbing nozik, tumov-pumovingni yozib chiqsang boʻlmaydimi, — debdilar.
Oʻgʻri tomdan turib:
— Axir, buvijon, siz ham birorgina kecha tinchingizni olib uxlasangiz boʻlmaydimi, bizning tirikchiligimizning yoʻlini toʻsaverasizmi? — debdi.
Men gap shu yerlarga kelganda uygʻonib ketgan boʻlsam kerak. Qolgan gaplarni eshitganimcha qilib yozaman.
— Hoy, aylanay, oʻgʻrigina bolam, boshimda shunday musibat turganda koʻzimga uyqu keladimi? Mana: olti oy boʻldi, biror soat mijja qoqib uxlaganim yoʻq. Kunduz kunlar garangday dovdirab yuraman. Biror yerga oʻtib mizgʻiganday qush uyqusi qilaman. Kechalari xayol olib qochib ketadi.
— Nimalarni xayol surasiz, buvijon? — bu gapdan keyin ustidagi toʻnini turmuchlab boʻgʻotning ustiga yostiq qilib qoʻyib, oʻgʻri ham yonboshlab oldi.
— Nimalarning xayolini surardim. Shu toʻrtta yetimning ertasini oʻylayman-da, bolam. Zamonni oʻzing koʻrib turibsan, tiriklik toshdan qattiq, tuyaning koʻziday non anqoga shapigʻ. Hali bularning qoʻlidan ish kelmaydi. Soʻqqaboshgina aravakash togʻalarining topgani oʻzining roʻzgʻoridan ortib, bularga qut-loyamut boʻlishi qiyin. Roʻzgʻorda boʻlsa, koʻz koʻrib, qoʻl tutguday arzigulik buyum qolgani yoʻq. Bir chekkadan sotib yeb turibmiz. “Turib yeganga turumtogʻ chidamas”, deganlar. Eh-ha, bu bolalar qachon ulgʻayadi-yu, qachon oʻzining nonini topib yeydigan boʻladi! Chor-nochor xayol surasan, kishi. Tagʻin bu yetimlarning bittaginasi oʻgʻil, uchtasi qiz. Endi oʻn toʻrtdan oʻn beshga oʻtdi. Qizlari qurgʻur qachon bir yerga elashib ketadi-yu. Oʻzi oʻrab, oʻzi chirmab oladigan joy chiqmasa, bularga kimning ham koʻzi uchib turibdi deysan. Zamon qattiq, oʻgʻrigina bolam, zamon qattiq!
— Toʻgʻri aytasiz, buvijon, — dedi oʻgʻri, — mening ham ikki bolam, xotinim, bitta kampir onam bor, bir tovuqqa ham don kerak, ham suv kerak, deganlaridek, shularni boqishim kerak. Toʻrtta chavati non topish uchun oʻzimni oʻtga, choʻgʻga, Alining qilichiga uraman. Boʻlmasa, ishlay desam bilagimda quvvat bor, aql-u hushim joyida. Menga hozir shu qilib turgan oʻgʻrilik kasbi yoqadi, deysizmi. Tuppa-tuzuk ayolmand kosibning bolasi edim. Zamon chappasiga ketdi. Kerinska poshshoboʻlgandan keyin urush toʻxtaydi, degan edilar. Hali-beri toʻxtaydigan koʻrinmaydi. Hali ham zamon-zamon oʻsha iligi toʻqlarniki.
— Biror boshqa kasb qilsang boʻlmaydimi, bolam, — dedi kampir.
— Nima kasb qilay? Hamma kasblarning ham bozori kasod. Ota kasbim kavushdoʻzlikni qilaymi? Avvalo shuki, kavush tikishga na charm bor, na sirach, na mix, na lok. Masalligʻining oʻzi bitib chiqqan kavushdan uch baravar qimmat. Hammollik qilay desam, avvalgidek qoplab gʻalla, qoplab sabzi-sholgʻom oladigan badavlatning tuxumi qurigan. Tunov kuni shu mahallaning devkor etikdoʻzlaridan Buvamat ota butun qolip-u shon-u soʻzan, bigizlarini ulgurjisiga ikki pud joʻxori unga movoza qildi. Yaxshi qildi. Uning etigini kiyadigan oʻzbek, qozoq, qirgʻiz dehqonlari qayoqda deysiz, qolgan emas. Faqat ularning yetimlarigina shahrimizni toʻldirib yuribdi. Qaysi burchakka, qaysi chordevorga bosh suqmang, oʻn beshta yetim yuvuqsiz qoʻlini choʻzib: “Amaki, non bering”, deydi. Non-a, oʻzimnikiga topolmayman-u! Bitta man emas, buvi, mahalladagi hamma kosiblarning ahvoli shunaqa. Pichoqchilar ham, boʻzchilar ham, koʻnchilar ham, boringki, maktab domlalari ham, mullavachchalarning ham rangi pano. Bir qoshiq obi yovgʻonga zor. Sanqib yuribdi.
— Huv, xudoyo urushi boshiga yetsin, qiyomat-qoyim degani shudir-da, a, oʻgʻrigina bolam-a. Ha, mayli, shu yetimlarning ham peshanasiga yozgani bordir. Xoʻsh, endi oʻzingdan soʻray. Axir, noilojlikdan-ku, shu harom yoʻlga qadam bosibsan, oʻziga toʻqroq, badavlatroq odamlarnikiga borsang boʻlmaydimi? Mana shu mahallada Karim qori degan chitfurush bor, Odilxoʻjaboy degan pudratchi bor. Matyoqubboy degan koʻnchi bor. Bularning davlati-ku mil-mil. Beshikdagi bolasi ham chetiga bayt yozilgan chinni kosada osh ichadi. Shularning tomini teshsang boʻlmaydimi?
— Ey, buvim tushmagur, soddasiz-da, sodda, — dedi oʻgʻri. — Boylarning uyiga tushib boʻladimi, ularning paxsasi sakkiz qavat, eshiklari temirdan, har bittasining qoʻrasida eshakday-eshakday ikkita, uchtadan itlari bor. Bu itlar hovli sahnidan bitta kapalak oʻtsa, bir hafta vovullaydi. Odilxoʻjaboyning gʻulomgardishida-chi , miltiq ushlagan gorodovoy turadi. Jonimdan kechibmanmi, oʻldirmaganda ham sibir qilib yuboradi.
— Bu gaping ham toʻgʻri, oʻgʻrigina bolam. Ammo-lekin ehtiyot boʻl. El-yurtning oldida tagʻin badnom boʻlib qolmagin, — dedi bizning kampir.
— Gapingiz toʻgʻri, buvi, tunov kuni Orif sassiqning otxonasidan toʻrtta tovuq, bitta xoʻroz oʻmargan edim.
— Tovuq, xoʻroz dedingmi? Ha, bu maxluqlari qurgʻur qaqaqlab seni sharmanda qilmadimi?
— Hamma ishning ham oʻz maromi boʻlar ekan, buvi, tovuq olgani borganda choʻntagimga bir shishaga suv solib olaman. Keyin qoʻndoqning tagiga borib, ogʻzimni suvga toʻldirib tovuqlarga purkayman. Tovuqday ahmoq jonivor olamda yoʻq. Yomgʻir yogʻyapti, shekilli, deb oʻylab, boshini ichiga tiqib, hap yotaveradi, keyin bitta-bitta hiqildogʻidan tutib xaltaga solaman.
— Shunaqa degin, voy tavba-yey. Hamma hunarning ham oʻzining murt gardoni boʻlar ekan-da.
— Shunday qilib desangiz, buvijon, sirimning xashagi ochilishiga oz qoldi. Yoʻq, ellikboshimiz Rahmonxoʻjaga xoʻrozni olib borib bergan edim, ishni bosdi-bosdi qilib yubordi. Rahmonxoʻja men bilan tuzuk, yaxshi odam. Bultur uni-buni sotib, sakson uch soʻm pul jamgʻarib: “Topganimiz shu, ellikboshi ota”, deb pora bergan edim, rabochiyga ketishdan olib qoldi.
— Ha, ishqilib, bola-chaqasining egiligini koʻrsin. Endi buyoqqa qara, oʻgʻri bolam, hademay tong ham yorishib qolar. Ana, yorugʻ yulduz ham tikkaga kelib qoldi. Oshxonaning yonidagi tutdan sirgʻalib pastga tush, oʻtinimiz yoʻq. Oshxonada bir zamonlar bogʻdan kelgan bir-ikkita yongʻoq toʻnka bor, boltani olib, shuning bir chekkasidan ozgina uchirib ber, qumgʻon qoʻyaman. Kecha togʻang berib ketgan zogʻoradan ikkitasini olib qoʻyganman, birgalashib choy ichamiz.
— Yoʻgʻ-ye, buvi, — dedi oʻgʻri, — toʻnka yorib-ku berarman, ammo choy icholmayman, chunki kun yorishib qolsa, meni tanib qolasiz. Juda ham yuzimni sidirib tashlaganim yoʻq, andisham bor, uyalaman.
— Voy oʻlay, qutlugʻ uydan quruq ketasanmi, bolam? Bir nima olib ket. Toʻxta, nima olib ketsang ekan, ha, darvoqe, oshxonada bitta yarim pudlik qozon bor. Allazamonlar uyimizda odamlar koʻp edi, katta qozonda osh ichardik. Xudoning gʻashiga tegdik shekilli, shundoq katta, gurkiragan xonadondan mana shu toʻrttagina yetim qolib turibdi. Eh-ha, bular qachon katta qozonni qaynatar edi-yu… Shuni olib keta qol. Sotib bir kuningga yaratarsan, oʻgʻrigina bolam.
— Yoʻq, yoʻgʻ-ye, buvi, yomon niyat qilmang. Ha-huv deguncha bu kunlar ham unut boʻlib ketadi. Yana katta oilalar jam boʻladi. Hatto bu qozon ham kichiklik qilib qoladi. Oʻsha yetimlarning oʻziga buyursin. Toʻylarida oʻynab-kulib xizmat qilaylik. Xayr endi, buvi, men ketaman, togʻ tomon ham yorishib qoldi.
— Xayr, oʻgʻrigina bolam, kelib tur.
— Xoʻp, ona, xoʻp…
Men oʻsha oʻgʻri kishini tanir edim. Haligacha hech kimga kimligini aytgan emasman.
Izohtalab soʻzlar:
1. Uvuntoʻda — eski, titilib ketgan.
2. Turmuchlab — buklab.
3. Lut-loyamut — yetarli ovqat.
4. Chavati non — oshirilmagan xamirdan qilinadigan yupqa non.
5. Kerinska poshsho — Rossiyada 1917-yilning fevralidan oktabr oyiga qadar hukm surgan muvaqqat (vaqtinchalik) hukumat boshligʻi.
6. Gʻulomgardish — hovli darvozasi yonida qullar yashaydigan kulba; bu yerda “yoʻlak” maʼnosida ishlatilgan.
7. Murt gardoni — hisob-kitobi, javobi.
8. Egiligini — “rohatini”, “orzu-havasini” maʼnosida.