..

Gi de Mopassan. Doʻndiq

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Bir necha kundan beri shahardan tor-mor etilgan armiyaning qolgan-qutganlari tinsiz oʻtmoqda. Endi bular qoʻshin emas, tumtaroq lashkar edi. Soldatlarning soqoli oʻsib paxmoq boʻlib ketgan, kiyimlari yirtiq; bular tarqoq, bayroqsiz, shalvirab ketishayotgandi. Hammasining ruhi tushkun, tolgʻin, oʻylashga, qimirlashga holi qolmagan, faqat beixtiyor qadam tashlab, toʻxtagan joyida yiqilgudek boʻlib ketishayotgandi. Ayniqsa koʻngillilar — miltiq ogʻirlik qilib zoʻrgʻa ketayotgan tinchlikparvar odamlar, yumshoq tabiatli sudxoʻrlar va salga qoʻrqib, salga ruhlanadigan, hujumga ham, qochishga ham tayyor boʻlgan rezervdagilar juda koʻp edi. Ular orasida zoʻr jangda maydalanib ketgan diviziya qoldigʻi — qizil shimli soldatlar ham koʻzga chalinardi; turli polklardan qolgan piyoda askarlar qatorida tund yuzli toʻpchilar ham koʻrinardi va onda-sonda shahdam piyoda askarlardan qolishmaslikka tirishib, katta-katta qadam tashlab ketayotgan otliq askarlarning yaltiroq kaskasi ham koʻrinib qolardi.
“Magʻlubiyat qasoschilari”, “Oʻlim kishilari”, “Oʻlim yoʻldoshlari” deb vahimali nom qoʻyilgan erkin oʻqchi drujinalar ham oʻtardi, ammo ular koʻproq kallakesar qaroqchilarga oʻxshashardi.
Ularning boshliqlari, yaqindagina movutfurush yoki allof boʻlganlar, sobiq sovunfurush yoki yogʻfurushlar, tasodifan harbiy boʻlib, pulning kuchi bilan yoki xushmoʻylovligi uchun ofitserlikka yetishgan, zarhal pogonli harbiy kiyim kiyib, yarogʻ-aslaha osib olgan kishilar endi gerdayishib, shangʻillashib, jang rejalarini muhokama qilishar, bizning kiftimiz halok boʻlayotgan Frantsiyaning birdan-bir suyanchigʻi deb maqtanishar, lekin kezi kelganda, qoʻl ostidagi qaroqchi, shaloq oʻtgan oʻta shafqatsiz soldatlardan choʻchishar edi.
Prussaklar Ruanga ana kiradi, mana kiradi, deb turilgan payt.
Soʻnggi ikki oy davomida qoʻshni oʻrmonlarni juda ehtiyotlik bilan razvedka qilib, baʻzan esa oʻz soqchilarini ham otib qoʻyib, butazor orasida quyon qnmirlab ketsa ham jangga shaylanib turgan milliy gvardiya askarlari endi uy-uylariga qaytishgan. Ularning yaqindagina uch chaqirim atrofdagi katta yoʻllarning simyogʻochigacha oʻtakasini yorib turgan miltiqlari, askariy kiyimlari, halokatli yarogʻ-aslahalari toʻsatdan gʻoyib boʻlgan.
Nihoyat, frantsuzlarning soʻnggi askarlari Sena nahridan oʻtib, Sen-Sevar va Bur-Ashar shaharlari orqali Pont-Odumerga yoʻl olishdi. Bir-biriga qovushmay, gala-gala boʻlib ketayotgan odamlar bilan bir ish boshlashdan ojiz qolgan, gangigan general ikki adʻyutanti bilan hammadan keyinda piyoda borardi; gʻoliblikka odatlangan buyuk xalqning afsonaviy qahramonligiga qaramay, batamom tor-mor qilinishidan va uning boshiga kelgan bu dahshatli halokatdan uning oʻzi ham esankirab qolgandi.
Shahar suv quygandek jimjit boʻlib qoldi, dahshat ichida unsiz kutish boshlandi. Doʻkonda oʻtirib semirib, bor gʻayratini yoʻqotgan koʻp davlatmandlar qoʻllaridagi six va oshpichoqlarning ham qurol deb hisoblanishidan choʻchib, qoʻrquv ichida gʻoliblarni kutishardi.
Shaharda hayot soʻngandek tuyulardi; doʻkonlar yopildi, koʻchalar huvillab qoldi. Onda-sonda bu mudhish jimlikdan vahm olgan birorta yoʻlovchi biqinib devor tagidangina yurardi.
Bu kutish gʻoyat ogʻir boʻldi, hamma, “dushman kelsa kela qolmaydimi”ga tushib qolgandi.
Ertasiga kechki payt frantsuz askarlari ketgandan keyin, qayerdandir paydo boʻlgan bir necha otliq askar shahardan chopib oʻtdi. Shundan bir oz oʻtgach, Sent-Katrin togʻining yonbagʻridan moʻr-malaxday yopirilib askarlar tushib kela boshladi; yana ikki tarafdan, Buagiyom va Darnetal yoʻllaridan ham seldek yopirilib askarlar kela berdi. Uch korpusning avangardlari shahar boshqarmasi yonidagi maydonchaga baravar yetib keldi va butun yon koʻchalardan ham batalon-batalon boʻlib, kimsasiz tosh yoʻllarni gursillatib, shaxdam odimlar bilan nemis askarlari kela boshladi.
Erish eshitiladigan dagʻal tovush bilan baqirib berilayotgan komandalar goʻyo tashlab ketilganday, hayot soʻnganday koʻringan uylar boʻylab oʻtar, lekin bu choq darpardalari yopiq derazalarning tirqishidan odamlar qoʻrqa-pisa moʻralab, “urush qonuni”ga koʻra shahar va undagi mol-jonga ega boʻlgan gʻoliblarga qarashardi. Qorongʻi uylarga kirib olgan aholi goʻyo insonning aqli va qudrati ojizlik qilgan tabiiy halokat, vayron qiluvchi yerosti oʻzgarishlari oldidan paydo boʻladigan bir qoʻrquv changalida edi. Bunday his hamisha odatdagi tartib buzilgandan, xavf-xatardan omon qolish umidi yoʻqolganda, inson yoki tabiat qonunlari saqlab turgan hamma narsa maʻnosiz, qoʻpol va beomon bir kuch qoʻlida qolganda paydo boʻladi. Shahar xalqini qulagan binolar tagida halok qiladigan zilzila, gʻarq boʻlgan dehqonlarni qoramollarning oʻligi va imorat yogʻochlari bilan birga oqizib ketadigan suv toshqini nimayu mudofaa qiluvchilarni qirib, qolganlarini asir olib oʻz qurol kuchi shaʻniga xalqni talab, zambaraklar gumburi ostida xudoga shukur qilib borayotgan armiya nima — bular barchasi insonning koʻkdan boʻladigan adolat va himoyaga eʻtiqodini yemiruvchi bir falokat.
Mana, toʻda-toʻda askarlar eshik-eshikni qoqishib, soʻng uylarga ham kira boshladi. Yov bosib kelgandan keyin okkupatsiya boshlandi. Magʻlublar uchun, gʻoliblarga yaxshi muomalada boʻlish, degan yangi vazifa tugʻildi.
Bir oz vaqt oʻtgach, avvalgi qoʻrquvlar bosilib yana osoyishtalik boshlandi. Koʻp oilalarda pruss ofitserlari bir dasturxonda oʻtirib ovqat yeydigan ham boʻlishdi. Agar u durustroq tarbiya koʻrgan kishi boʻlsa, odob yuzasidan Frantsiyaning holiga achinar va bu urushda qatnashish men uchun ogʻir, der edi. Bundoq odamgarchiligi uchun mezbonlar nemisdan minnatdor boʻlishardi; har choq uning himoyasiga muhtojlik tugʻilib qolishi ham bor-da. Unga xushomad qilish tufayli uyda bir nechtalab ortiqcha soldat turishidan qutilish mumkin. Zotan, oʻzing butunlay mute boʻlgan kishining jigʻiga tegishning nima hojati bor? Axir bu botirlik emas, telbalik boʻladi-ku.
Ruan davlatmandlari esa shu shaharni qahramonlik bilan mudofaaa qilib, uning dongʻini chiqargan zamondan beri bu xildagi telbalikni tark etib yuborishgan. Buning ustiga har kim ham frantsuzlarga xos nazokat orqasida paydo boʻlgan bir eʻtiqodga: uyingda chet mamlakat soldati bilan yaxshi muomalada boʻlishing mumkinu va lekin uning bilan yaqinligingni boshqalar sezmasa bas, degan eʻtiqodga amal qilardi. Koʻchada uni tanimaganday boʻlib oʻtsa ham, uyda u bilan jon deb suhbatlashar, nemis ham kundan-kunga ular bilan pechka yonida uzoqroq isinib oʻtiradigan boʻlib qoladi.
Shahar sekin-asta oʻz holiga qaytmoqda. Frantsuzlar hali uydan chiqishga botinolmas, koʻchalarda esa pruss soldatlari javlon urib yuradi. Yana shuni aytish kerakki, trotuarlarda kekkayib, uzun-uzun qilichlarini yerga surgab yurgan nemis gusar ofitserlari fuqarolarga bundan bir yil oldin xuddi shu qahvaxonalarda kayf-safo qilib yuradigan nishondor frantsuz ofitserlariga qaraganda bir qadar koʻproq nafrat bilan qarashar edi, xolos.
Shundan boʻlsa ham havodan nimaligini bilib boʻlmaydigai na kishi koʻnika olmaydigan qandaydir ogʻir va yot bir hid — bosqinchilarning hidi kelardi. Uylar va jamoat jonlari ham oʻsha hidga toʻlgan, ovqatlarga ham oʻshaning mazasi urgan. Kishi oʻzini goʻyo uzoq mamlakatda — qonxoʻr, vahshiy qabilalar yashaydigan joylarda sayohat qilib yurganday his qilardi.
Gʻoliblar pul, katta pul talab qilishadi. Aholi tinmay toʻlayveradi: boy-da! Shunisi borki, Normandiya savdogari qancha boy boʻlsa, arzimagan ziyondan shuncha aziyat chekadigan, boyligining kichkinagina zarrasi begona qoʻlga oʻtayotganligini koʻrsa toqat qilolmaydigan boʻladi.
Lekin shu orada, shahardan uch-toʻrt chaqirim nari daryoning quyi tomonidagi Kruass, Dʻepdal yoki Vʻessar qishloqlarining yon-verida kemachi va baliqchilar daryodan baʻzan pichoq yoki musht bilan urib oʻldirilgan, baʻzan tosh bilan boshi yanchilgan yoki toʻgʻridan-toʻgʻri koʻprikdan suvga uloqtirib yuborilgan nemislarning shishgan oʻliklarini sudrab chiqarishardi. Shon-sharafdan mahrum nomaʻlum qahramonlarning shafqatsizlik bilan maxfiy ravishda oladigan qonuniy oʻchiga, kunduzi betma-bet keladigan jangdan koʻra xavfliroq pinhoniy hujumga yoʻliqqanlarga daryo oʻz loyqasini kafan qilardi.
Chunki, chet el kishilariga boʻlgan nafrat, oʻz maslagi uchun jon berishga tayyor turgan bir qism botirlarning azaldan gʻazabini qoʻzgʻatib keladi.
Garchi, gʻoliblar shaharni oʻzlarining qattiq intizomlariga boʻysundirishgan boʻlsa-da, bosib kelayotgan chogʻlarida ovoza boʻlgan vahshiyliklaridan birontasini ham qilishmadi. Aholi ham bora-bora jurʻat paydo qildi va yerli savdogarlarning yuragida savdo-sotiq ishlariga boʻlgan hirs yana avj oldi. Bulardan baʻzilari frantsuz askarlari qoʻlida boʻlgan Gavrda koʻp pullari boʻlgani uchun Dʻeppgacha quruqlik bilan, u yogʻiga paroxod bilan borib Gavrga yetib olishning payiga tushib qolishdi.
Tanish nemis ofitserlarining obroʻyi ishga solinib, yoʻlga chiqish uchun shahar komendantidan ruxsat olindi.
Bunday safarga chiqish uchun oʻn kishi yozilib, toʻrt otliq katta dilijon kira qilishdi va odam yigʻilishidan qochib, seshanba kuni tong otmasdan yoʻlga chiqadigan boʻlishdi.
Soʻnggi kunlarda yer sovuqdan qotib qolgan, dushanba kuni esa soat uchlarda shimoldan qora bulutlar koʻtarildi, kechqurun va tun boʻyi tinmasdan qor yogʻib chiqdi.
Tong qorongʻusi soat toʻrt yarimlarda yoʻlovchilar dilijon tayin qilingan joyga — “Normand mehmonxonasi” ning hovlisiga yigʻilishdi.
Hali uyqusi oʻchmagan yoʻlovchilar sovuqdan titrab, junjigan holda, yomgʻirpoʻshlariga oʻralishardi. Qorongʻida bir-birlarini zoʻrgʻa koʻrishar, ogʻir va qoʻpol qish kiyimi ularning hammasini uzun toʻnlik semiz kyurelarga oʻxshatib koʻrsatardi. Ikki erkak bir-birini tanib qoldi, ularning yoniga uchinchisi keldi va soʻzlasha ketishdi.
— Men xotinim bilan ketayotirman,— dedi ulardan biri.
— Men ham.
— Men ham.
— Endi biz Ruanga qaytib kelmaymiz, agar prussaklar Gavrga ham borishadigan boʻlsa Angliyaga oʻtib ketamiz,— deb qoʻydi birinchisi.
Hammasining niyati bir, chunki bular bir xil mayldagi kishilar edi.
Otlar hali aravaga qoʻshilmagan. Otboqarning qoʻli-agi fonarchasi bir qorongʻi eshikdan lip etib koʻrinsa, ikkinchi qorongʻi eshikka kirib yoʻqolar edi. Otxona ichidan otning goʻngga va xashakka gursillatib bosgani, otlarni dam erkalatib, dam koyiyotgan erkak tovushi eshitilardi. Qoʻngʻiroqchalarning jarang-jurunggidan egar-jabduqlar tuzatilayotganga oʻxshardi. Haligi shiqir-shiqirlar tezda otning salmoqli harakatlariga mos tushgan uzluksiz jiringlashga aylandi. Qoʻngʻiroq tovushi baʻzan tinar, ot silkinganda yana jiringlar, soʻng otning yer tepingani eshitilardi.
Toʻsatdan eshik taq etib yopildi. Hammayoq jimjit boʻlib qoldi. Sovqotgan yoʻlovchilar jim boʻlishdi. Ular qimir etmay, sovuqdan karaxt boʻlgan holda turishardi.
Oq zarralar, tutash parda singari yerga tushmay, hadeb jimirlab turardi; bu zarralar hammayoqni koʻz ilgʻamas qilib muz momigʻiga chulgʻamoqda. Qish yopinchigʻi ostida qolgan jimjit shaharning ogʻir sukunatida yolgʻiz birgina, noaniq va tushuntirib boʻlmaydigan qaltiroq soʻnik-soʻnik bir tovush — yogʻayotgan qorning shitirlashi, tovush emas tovushsimon bir sas, goʻyo butun boʻshliqni toʻldirmoqchiday yogʻayotgan, dunyoni oʻrab olayotgan oq zarralarning yengil sharpasi eshitilardi, xolos.
Fonar koʻtargan odam yana paydo boʻldi — horgan va istar-istamas qadam tashlayotgan otning jilovidan yetaklab chiqdi. U otni aravaning yakka shotisi yoniga keltirdi, yon qayishlarini bogʻladi va ot atrofida imillab, bir qoʻlida chirogʻ boʻlgani uchun bir qoʻllab jabduqlarni tuzata boshladi. U ikkinchi otni olib chiqqani ketaturib, qorda oppoq boʻlib qaqqayib turgan yoʻlovchilarga koʻzi tushdi:
— Dilijonga chiqib oʻtira tursalaring boʻlmaydimi? Hech boʻlmasa qordan pana boʻlasizlar-ku,— dedi.
Bu narsa yoʻlovchilarning esiga kelmagan boʻlsa kerak, hamma birdan aravaga intildi. Uch erkak xotinlarini aravaning toʻriga oʻtqizib, keyin oʻzlari ham chiqib olishdi, qolgan joylarga haligi yoʻgʻon va yapasqi odamlar jimgina chiqib oʻtirib olishdi.
Dilijonga poxol toʻshalgan boʻlib, oyoq botib ketar edi. Aravaning toʻrida oʻtirgan xonimlar kimyoviy koʻmir bilan isitiladigan mis asboblarini ola kelishgan ekan; endi ular shu asbobni yondirishib, uning koʻpdan beri maʻlum boʻlgan xususiyatlarini bir-birlariga pichirlashib tushuntira ketishdi.
Nihoyat, dilijonga odatda qoʻshiladigan toʻrt ot oʻrniga, yoʻl ogʻirligini nazarda tutib olti ot qoʻshilgach, tashqaridan birov:
— Hamma chiqdimi? — deb soʻradi. Ichkaridan kimdir:
— Ha,— dedi. Dilijon joʻnadi.
Dilijon imillab ketayotgandi. Gʻildiraklar qorga botib, soyabon gʻijirlab, otlar tiygʻana-tiygʻana pishillab va bugʻ chiqarib borardi; aravakashning uzundan-uzun qamchisi tinimsiz qarsillar, ilon singari goh oʻralar, goh har tomonga toʻlgʻanar va orqada qolayotgan otning sagʻriga tushar, shunda ot joni boricha tortib ketardi.
Tong ham yorishib kelmoqda. Oʻsha yoʻlovchilardan asli ruanlik boʻlgan biri paxta yomgʻiriga oʻxshatgan qor oʻpqinlari endi yerga tushmay ham qoʻydi. Katta-katta, qalin va qora bulut parchalaridan sizib oʻtayotgan xiragina nur koʻz qamashtiradigan oppoq dalani, undagi qorli qator-qator baland daraxtlarni, qordan qalpoq kiygan kulbalarni yana ham yoritdi.
Bu koʻngilsiz tong yorugʻiga yoʻlovchilar maroq bilan bir-birlariga qaray boshlashdi.
Dilijonning toʻrida, eng yaxshi joyda Gran-Pon qoʻchasida turadigan ulgurji vinofurush er-xotin Luazolar roʻparama-roʻpara oʻtirib olib mudrashmoqda.
Sobiq prikazchik Luazo singan xoʻjayinining bor-yoʻgʻini sotib olib, shuning orqasida boyib ketgan. U qishloqlardagi chakana savdogarlarga eng yomon vinoni eng arzon narx bilan sotadi. Shunday qilib u — tanish va doʻstlari oʻrtasida uchchiga chiqqan makkor, shayton, shoʻx, haqiqiy normandiyaliklardan deb nom chiqargan.
Muttahamlik uning shaʻniga shunchalik singib ketgan ediki, hatto bir kun prefekturada* boʻlgan oʻtirishda oʻsha yerda nom chiqargan va laparlar toʻquvchi, askiyaboz, tegishqoq janob Turnel zerikib mudroq bosib oʻtirgan xonimlarga “qush uchdi”* oʻynashni taklif qildi. Uning hazili bir zumda prefekturaning butun mehmonxonalariga tarqaldi, undan shahar mehmonxonalarga yetib bordi va butun okrugdagilar bir oygacha kulaverib ichaklari uzila-yozdi.
Undan tashqari, Luazo kulgili qiliqlari, baʻzan durust, baʻzan oʻrinlata olmaydigan askiyalari bilan ham nom chiqargan edi. Har kim uning haqida soʻzlarkan, albatta:
— Nima desang, Lauzodaqasi topilmaydi-da!—deb qoʻyar edi.
U pakana, dum-dumaloq qorin ustiga, oqarayotgan chakka soqollari yopishtirilgan qip-qizil bashara qoʻndirilganga oʻxshardi.
Uning savdo kontorasidagi butun tartib, hisob-kitob toʻladan kelgan, novcha, shangʻi va shaddot xotinining qoʻlida boʻlib, Luazoning oʻzi esa bu joyga xushfeʻlligi bilan jon kirgizib turardi.
Ularning yonida, oʻzining eʻtiborli va oliy martabasiga mahliyo boʻlib, gazlama sanoatida katta oʻrin tutgan fabrikant, uch fabrikaning egasi, faxriy legion ofitseri, bosh kengashning aʻzosi Karre-Lamadon janoblari gerdayib oʻtirardi. Butun imperiya davrida yaxshi niyatli oppozitsiyaga boshchilik qilishdan yagona maqsadi — mabodo oppozitsiya ish boshiga oʻtirguday boʻlsa, shunga bosh qoʻshganligi uchun undan kattaroq foyda koʻrish boʻlib, oʻsha yangi tuzumga qarshi, oʻzi aytmoqchi, “xoʻja koʻrsinga” kurashib kelgan. Karre-Lamadon xonim eridan ancha yosh boʻlganidan, yaxshi oiladan chiqqan va Ruan garnizoniga tayinlangan ofitserlar uchun ovunchoq edi.
U moʻyna poʻstinga oʻralib, erining roʻparasida nafis bir suratday boʻlib, dilijonning miskin koʻrinishiga gʻamgin nazar tashlab oʻtirardi.
Uning yonida oʻtirgan graf Yuber de Brevil bilan uning xotini Normandiyaning qadimdan dong chiqargan kishilaridan biri, Graf, gavdali, keksayib qolgan dvoryan boʻlib, koʻrinishidan oʻzini qirol Genrix IV ning avlodi ekanligini koʻrsatishga tirishardi. Maqtanarli oilaviy rivoyatlarga qaraganda, de Brevil degan xonim shu qiroldan homilador boʻlib qolgan emish. Shu sababli uning erini qirol graflik darajasiga koʻtargan va gubernator qilib tayinlagan ekan.
Graf Yuber, Karre-Lamadon janoblari bilan bosh kengashda hamkasb boʻlib, departamentda orleanchilar partiyasining vakili edi. Uning nantlik mayda kemachining qiziga uylanishi doimiy bir jumboq boʻlib qoldi. Biroq grafinyaning noz-karashmali qiliqlari, oʻta mehmondoʻstligi, hatto Lui-Filippning oʻgʻillaridan birining sobiq maʻshuqasi tarzida nom chiqargani uchun kiborlariipg hammasi uning koʻnglini ovlardi, departamentda uning mehmonxonasi birinchi hisoblanib, yolgʻiz shundagina qadimgi nazokat saqlangan va u yerga uncha-muncha odam kirolmasdi.
Bevellarning yer-suv, bogʻ-rogʻdan iborat mulki ovozalarga qaraganda, har yili besh yuz ming livr daromad keltirar ekan.
Aravaning toʻrini egallagan bu olti kishi jamiyatning boy, oʻziga ishongan, qudratli tabaqasidan, nufuzli, obroʻli, dinnnng mustahkam asoslariga sodiq zotlar tabaqasidan edi.
Ittifoqo, ayollarning hammasi bitta skameykaga oʻtirib qolishipti. Grafinyaning yonida uzun tasbehini oʻgirib, pichirlab “Pater” va “Ave”* duosini oʻqiyotgan ikki monax ayol oʻtirardi. Ulardan bittasi yoshi oʻtib qolgan, yuzi roʻparadan sochma oʻq yegandek choʻtir edi. Ikkinchisi nimjon, chiroylikkina, kasalmand yuzli, koʻkragi ichga botgan ayol edi; uni butun sezgilarni mahv etadigan va odamni mayib qiladigan diniy eʻtiqod ezib turardi.
Monax xotinlarning roʻparasida oʻtirgan erkak bilan xotin hammaning dkqqatini oʻziga tortdi.
Erkak — hammaga maʻlum, moʻtabar aʻyonlar hayiqadigan demokrat Kornyude edi. U uzun, sariq soqolini silkitib, yigirma yillab demokratlarning pivoxonalarini obod qildi. U konditerlik qiluvchi otasidan meros qolgan koʻp dunyolarni oʻz hamkasblari va doʻstlari bilan barbod bergan va endi respublika tiklanishini va nihoyat, revolyutsiya yoʻlida shuncha yil qilgan xizmatlarining evaziga tegadigan oʻringa oʻtirishni sabrsizlik bilan kutib yurgan edi. Toʻrtinchi sentyabr* kunn (biroz hazil qilgan boʻlsa kerak) u oʻzini prefekt mansabiga tayinlandim deb hisoblaydi; ammo oʻz vazifasini ado etishga borganida, prefekturaga yagona xoʻjayin boʻlib olgan kotiblar uni tan olishmaydi, shuning uchun qoʻya qolishga majbur boʻladi. Umuman, oʻzi kamtar, beozor, durust yigit boʻlib, favqulodda bir harakat bilan mudofaa tashkil qilishga kirishdi. Uning buyrugʻi bilan dalalarda oʻralar qazildi, yaqin oʻrtadagi oʻrmonlarning yosh daraxtlari kesildi, hamma yoʻllar chox bilan toʻldirib tashlandi; koʻrgan choralaridan qanoatlangan Kornyude, dushman yaqinlashishi bilan darhol shaharga chekindi. Endi Gavrda ham chuqurlar qazish, gʻovlar qurish ehtimoli bor, u yerda koʻproq ish bersam kerak, degan xayol bilan oʻsha yerga ketayotgandi.
Xotin “engil oyoq” deb ataladigan kimsalardan boʻlib, haddan tashqari toʻlaligi bilan koʻzga tashlangani uchun unga “Doʻndiq” deb laqab qoʻyilgandi. U jajjigina, dum-dumaloqqina, semiz, terisi silliq va yaltiroq, barmoqlari boʻgʻib-boʻgʻib qoʻyilgan sosiska singari, katta-katta koʻkraklari koʻylagini turtib turgan, kishi sevsa sevguday, koʻplarni oʻziga giriftor qiladigan xotin boʻlib, uning begʻubor sogʻlomligiga qarab kishining bahri ochilar edi. Yuzlari qip-qizil olmaga, endi ochilay deb turgan pion gʻunchasiga oʻxshaydi; qop-qora chiroyli koʻzlarini oʻsiq va quyuq kipriklari yana ham qoraroq koʻrsatadi. Mayda sadafdek oq tishlar, namlanib turadigan bejirim lablari boʻsaga tayyor turgandek koʻrinadi.
Odamlarning aytishicha uning bulardan boshqa yana koʻp bebaho fazilatlari ham bor ekan.
Uni tanib qolishlari bilan haligi nomusli xotinlar orasida shivir-shivir boshlandi: “ahloqsiz qiz”, “ayb-ku” degan gaplar barala aytildiki, Doʻndiq boshini koʻtardi. U hamrohlariga gʻazab bilan chaqchayib nazar tashlagan edi, kulimsirab unga qarab turgan Luazodan boshqa hammaning nafasi ichiga tushib, boʻzrayib qoldi.
Shunday boʻlsa ham, haligi uch xotin yana gap boshladi. Oralarida bunday ahloqsiz qizning boʻlishi kutilmagan yerda ularni bir-biriga yaqinlashtirib, hatto doʻstlashtirib qoʻydi. Nomusli xotinlar bu behayo sotqin oldida birlashib olish zarurligini his etishdi — axir qonuniy muhabbat oʻzining erkin hamshirasiga doimo nafrat nazar bilan qaraydi-da.
Kornyudeni koʻrgach, konservatorlik hissi doʻstlashtirgan uch kishi pul haqida gap ochishdi, ularning gaplaridan kambagʻallarga nafrat bilan qarashlari sezilib turadi. Graf Yuber prussaklar tufayli koʻrgan zararlari, qoramol oʻgʻirlanishi, hosilning nobud boʻlishi orqasida kelgan katta ziyonlar haqida soʻzlardi-ku, lekin uning soʻzlarida aʻyonlar, millionerlarcha oʻziga ishonganlik, goʻyo bu xildagi ziyon-zahmatlar meni bir yilgina kamxarjlikka soladi, degan ohang bor edi. Chit sanoatining ahvolini yaxshi biladigan Karre-Lamadon janoblari, qora kuniga atab yiqqan olti yuz ming frankini vaqt gʻanimatida Angliya bankasiga oʻtkazib qoʻygan. Luazo boʻlsa, oʻz yertoʻlalarida yotgan arzon vinolarining hammasini bir iloj qilib frantsuz armiyasining taʻminot boʻlimiga sotib olgan, endi podshohlik undan koʻp pul qarzdor, shu pulni Gavrga borib olish umidida edi.
Uchalovi ham bir-biriga doʻstona nazar tashlab qoʻyishardi. Bular, jamiyatda tutgan oʻrinlari bilan bir-birlaridan farq qilishlariga qaramay, boylik — davlat jihatidan doʻstlik sezishar va oʻzlarini barcha xususiy mol-mulk egalari, choʻntagida tilla jaranglovchilarni birlashtiruvchi keng frankmason* jamiyatining aʻzosi deb his qilishardi.
Dilijon shunday imillab yurardiki, soat oʻnga borib qarashsa, toʻrt le* ham yoʻl bosishmapti. Erkaklar balandlik yer kelganda uch marta aravadan tushib, tepalikka piyoda chiqishdi. Yoʻlovchilar betoqat boʻla boshlashdi, chunki nonushtani Toteda qilishmoqchi edi, endi u yerga qorongʻi tushmasdan yetib borishlariga koʻzlari yetmay qoldi. Yoʻl boʻyida bironta mayxonacha koʻrinib qolmasmikin deb, hamma derazadan boshini chiqarib qarab qoʻyardi. Dilijon birdan qorga tiqilib qoldi. Uni chiqarib olish uchun ikki soat ovora boʻlishdi.
Qorinlar ochlikdan tirishib, kallalar gʻovlay boshladi. Aksiga olib, yoʻlda na birorta mayxona uchrar edi va na oshxona, chunki prussaklarning yaqinlashib qolgani va och frantsuz armiyasining chekinishi savdo-sotiq qiluvchilarni choʻchitib qoʻygan edi.
Erkaklar ovqat topib kelish umidida yoʻl boʻyida uchragan fermalarga yugurishar, lekin non ham topishaolmasdi, negaki, hech kimga ishonmay qoʻygan dehqonlar koʻzlariga koʻringan narsani talab ketayotgan och soldatlardan qoʻrqib, saqlab qoʻygan oziq-ovqatlarini yashirishardi.
Soat birlarda Luazo qorni piyozning poʻstiday boʻlib ketganini aytdi. Boshqalar ham undan battar qiynalayotgan edi. Tobora avj olayotgan berahm ochlik suhbatga boʻlgan hafsalaga ham xotima bergandi.
Goh-goh yoʻlovchilardan biri esnay boshlaydi; uning ketidan darhol boshqasi esnaydi, oʻzining xulqi, tarbiyasi va jamiyatda tutgan oʻrniga qarab birov tovush chiqarib, birov tovushsiz, navbati bilan ogʻiz ochar va bugʻ chiqarib turgan bu kavakni tezda qoʻli bilan berkitardi.
Doʻndiq goʻyo yubkasi tagida turgan nimanidir qidirgandek boʻlib bir necha marta engashadi. Lekin bir nafas dudmollanib yonidagilarga qarab, yana qomatini rostlab oʻtiradi. Hamma yoʻlovchilarning rangi boʻzargan, soʻlgʻin tortgandi. Luazo, bir parchagina lahm goʻsht boʻlsa ming frank berishga rozi edim, dedi. Xotini esa, quti oʻchib bir qimirlab qoʻydi-yu, yana oʻzini bosdi. U oʻrinsiz sarf qilinadigan pul haqidagi gaplarni eshitsa jon-poni chiqay der, hatto bu toʻgʻrida qilingan hazilni ham koʻtarolmasdi.
— Rostdan ham men juda behuzur boʻlayotirman,— dedi graf.— Yoʻlga oziq olishni oʻylamaganimni qarang-a!
Oziq olmagani uchun har kim ichida oʻz-oʻzini koyirdi.
Ammo Kornyudening bir shisha toʻla romi bor ekan, istovchilarga oʻshani manzirat qildi, hamma sovuqqina qilib “yoʻq” dedi. Luazogina bir qultum ichdi-yu, idishini egasiga uzatarkan, rahmat aytdi.
— Chakki emas! Ham isitadi, ham ochlikni sezdirmaydi,— dedi.
Ichkilik uning kayfini ancha chogʻ qildi, u paroxodda boʻlib oʻtgan, qoʻshiq boʻlib aytiladigan bir voqeani eslatdi; sayohatchilardan eng semizini yeyish kerak degan taklifni qildi. Yaxshi tarbiya koʻrgan zotlar Doʻndiqqa tekkizib aytilgan bu gapdan qattiq xijolat tortishdi. Luazo janoblarining haziliga hech kim javob qaytarmadi. Kornyudegina iljayib qoʻydi. Monax xotinlar pichirlab oʻqishayotgan duolarini toʻxtatishdi va qoʻllarini keng yenglari ichiga olib, yerga qaraganlaricha qimirlamay oʻtirib, boshlariga koʻkdan tushgan bu musibatni azob-uqubat ichida toqat qilib kechirishdi.
Nihoyat, soat uchlarga borib, hech qanday qishloq asari boʻlmagan bepoyon sahroga chiqishganlarida Doʻndiq tezgina engashib, skameyka tagidan oq sochiq yopugʻlik katta savatni tortib oldi.
Doʻndiq avval uning ichidan chinni tarelka bilan kumush stakan oldi, keyin ikkita joʻjani burdalab, yaxna qilib jelega* solingan katta kastryulni oldi: savatda qogʻozga oʻrogʻliq yana boshqa nozi neʻmatlar, piroglar, tarmevalar, shirinlikdan ham koʻrinib turardi; bu uch kungacha oshxonaga muhtoj boʻlmay yeyishga yetarli ovqat edi. Oʻrogʻliq ovqatlar orasidan toʻrtta shishaning boʻyni ham chiqib turardi. Doʻndiq joʻjaning qanotini olib, Normandiyada “rejans” deb ataladigan nonga qoʻshib noz bilan yeya boshladi.
Hammaning koʻzi oʻshanda boʻldi. Hademay butun dilijonga burun kataklarini kengaytirib, ishtahani qitiqlaydigan, ogʻizdan soʻlak oqizib, chakka tomirlarini tortishtiradigan hid tarqaldi. Xonimlarning haligi “ahloqsiz qiz”ga boʻlgan nafratlari gʻazabga aylandi, uni oʻldirguday yoki savati, stakani, ovqatlari bilan dilijondan yerga, qorga uloqtirib yuborguday boʻlishdi.
Lekin Luazoning koʻzlari joʻja solingan kastryulni teshib yuborguday edi.
— Mana buni aqllilik deydilar! Xonim bizga qaraganda ancha tadbirkor ekanlar. Dunyoda hamma narsaning gʻamini yeb yuradigan shunaqa odamlar ham bor! — dedi u axir.
Doʻndiq oʻgirilib unga qaradi-da:
— Olmaydilarmi, taqsir? Ertalabdan beri och-nahor oʻtirish oson emas-ku,— dedi.
Luazo taʻzim qildi.
— Ha, rostini aytsam, yoʻq deya olmayman. Urush-da, urush, shunday emasmi, xonim?— dedi.
Hamrohlariga bir koʻz tashlab oldi-da:
— Bunday vaqtda shunaqangi iltifotli xonim bilan uchrashib qolish qanday yaxshi-ya,— dedi.
Luazo shimini iflos qilmaslik uchun tizzasiga gazeta yoydi; doimo choʻntagida olib yuradigan pichoqchasining uchi bilan tovuqning oyogʻini ilib oldi va tishlab-tishlab shunday huzur qilib yediki, dilijondagilarning hammasi ogʻir “uh” tortib yuborishdi.
Shunda Doʻndiq monax xotinlarni ham latif va muloyim tovush bilan ovqatga taklif qildi. Ikkalasi jon deb koʻndi va ovqatdan koʻzlarini uzmay, pichirlab rahmat aytishganlaricha, shoshib-pishib yeyishga tushishdi. Kornyude ham Doʻndiqning taklifini qaytarmadi va monax ayollar bilan ular ham tizzalariga gazeta yoyib, stolga oʻxshash joy qilishdi.
Ogʻizlar tinmay ochilib-yopilar, jon-jahdi bilan chaynar, yamlab yutardi. Luazo ham oʻtirgan joyida burchakda zoʻr berib tushirmoqda va oʻzidan ibrat olish uchun xotinini ham sekin-sekin shivirlab yoʻlga solmoqda edi. Xotini xiyla vaqtgacha koʻnmay oʻtirdi, keyin, yuragi tutday toʻkilayotganini sezib, koʻndi. Shunda eri, “ajoyib hamroh”dan Luazo xonimga ham ovqatdan jindek bermaydilarmi, deb nazokat bilan soʻradi.
— Jonim bilan, taqsir,— dedi Doʻndiq.
Keyin muloyimgina qilib jilmayib, kastryulni uzatdi.
Bordo vinosining birinchi shishasi ochilganda sal taraddudga tushib qolishdi: stakan bittagina edi. Stakanning chetini artib bir-birlariga uzata boshlashdi. Faqat Konyudegina nazokatli jazmandek stakanning Doʻndiq labi tekkan nam joyidan ichdi.
Ovqatni ochkoʻzlik bilan yeyayotgan odamlar orasida oʻtirib, uning hididan entikayotgan graf va grafinya de-Brevillar bilan er-xotin Karre-Lamadonlar “Tantal koʻrgiligi”* deb nom olgan azobni chekishmoqda edi. Fabrikantning yoshgina xotini bexosdan shunday oh tortib yubordiki, hamma oʻgirilib unga qaradi, uning rangi daladagi qorday oqarib, koʻzlari yumilib, boshi orqaga boʻlib, hushidan ketdi. Erining kayfi uchib, oʻtirganlardan yalinib yordam soʻray boshladi. Hammaning esi uchib, keksa monax ayol kasalning boshidan koʻtarib, Doʻndiqning stakanini uning lablariga tutib, zoʻrlab bir necha qultum vino ichirdi. Jajjigina juvon oʻziga kelib koʻzlarini ochdi, kuldi, behol odamday zoʻrgʻa “tuzukman” dedi. Lekin yana hushidan ketib qolmasin deb, monax ayol zoʻrlab bir stakan vino ichirdi-da:
— Ochlikdan,— dedi.
Shunda Doʻndiq qizarib va xijolat boʻlib, tuz totmay kelayotgan toʻrtta hamrohiga qarab:
— Voy xudo, men sizlarni taklif qilishga botinolmaganimdan… marhamat qilinglar, olinglar, — deb pichirladi.
Doʻndiq “yoʻq” degan javobni eshitishdan qoʻrqib jimib qoldi. Luazo gapga tushdi:
— E, bunday vaqtda hamma ham bir odam — aka-uka, bir-biriga yordam qilishi kerak. Qani, xonimchalar, takallufni bir chekkaga yigʻishtirib qoʻyib, koʻnaveringlar, boshqa gapning keragi yoʻq! Balki hali kechasi qoʻnadigan joy ham topa olmasmiz. Bu yurishimizda Totega ertaga tush paytida yetib borsak ham yaxshi edi.
Ular hamon ikkilanishar, hech kim xoʻp deyishga botina olmasdi.
Nihoyat, masalani graf biryoqlik qildi. U xijolat boʻlib turgan semiz juvonga oʻgirildi-da, gerdayib oʻtirib:
— Taklifingizni jon deb qabul qilamiz, xonim,— dedi.
Birinchi boʻlib boshlab berish qiyin edi, xolos. Rubikondan* oʻtilgandan keyin hech kim uyalib-netib oʻtirmadi. Savat boʻshatildi. Uning ichida yana jigar somsa, chumchuq somsalar, bir boʻlak surlangan til, Krassan noklari, Ponlavek pishlogʻi, pechene, sirka bilan oʻldirilgan bir banka toʻla mayda bodring va piyoz ham bor ekan. Doʻndiq ham koʻp xotinlar singari achchiq-chuchuk narsalarga oʻch edi.
Bu juvonning ovqatlari yeyilarkan, uning bilan soʻzlashmay oʻtirib boʻlmasdi. Asta-asta soʻz qotib, suhbat boshlandi, avval bir qadar tortinibroq, keyin bemalol soʻzlashib ketishdi, chunki Doʻndiq oʻzini juda yaxshi tutib borardi. Kiborona odob va odatlarni yaxshi biladigan grafinya de Brevil bilan Karre-Lamadon xonimlar nazokat koʻrsatishdi. Ayniqsa grafinya, har qanday odam bilan muomala qilganda ham shaʻniga dogʻ tushirmaydigan kibor xonim sifatida ancha shafqat bilan iltifot qildi, ajab lobarlik koʻrsatdi. Lekin jandarmatabiat semiz Luazo xonim asti pinagini buzmadi: u kam gapirib, ovqatni boplab tushiraverdi.
Turgan gap, suhbat urush haqida edi. Gap prussaklarning zolimligi, frantsuzlarning botirligi ustida ketdi; oʻzlari dushmandan qochib qutulayotgan bu kishilarning hammasi soldatlarning mardligiga tahsin va ofarinlar oʻqishayotgandi. Birpasdan keyin har kim oʻz boshidan oʻtganini soʻzlay ketdi. Doʻndiq ham zoʻr hayajon bilan baʻzan fohisha xotinlar oʻz boshidai kechganlarini soʻzlagandagi qizgʻinlik bilan oʻzining nima uchun Ruandan ketayotganini gapirib berdi.
— Boshida qolay degan edim,— deb gap boshladi u.— Uyim toʻla oziq-ovqat edi. Boshim oqqan tomonlarga ketganimdan koʻra, soldatlardan bir nechtasini boqib oʻtirganim yaxshiroq, degan edim. Lekin men ana oʻsha prussaklarni koʻrganimdan keyin oʻzimni sira tutib tura olmadim. Shu qadar alamim kelganidan tutoqib ketdim, nomusga chidolmay kechgacha yotib yigʻladim. Oh, agar erkak kishi boʻlganimda ularning adabini bergan boʻlar edim-a! Men boshimga uchlik kaska kiygan oʻsha semiz toʻngʻizlarga derazadan qaraganimdayoq, xizmatkor xotin uy anjomlarini ularning boshiga uloqtirib yuborishimdan qoʻrqib, qoʻlimdan mahkam ushlab qoldi. Keyin ular uyimda turgani kelishdi. Birinchi kirganiniyoq boʻgʻzidan oldim. Nemisni boʻgʻib oʻldirish boshqalarni oʻldirishdan qiyin emas! Agar sochimdan tortqilab tashlamaganlarida-ku, ishini tamom qilardim-a. Shundan keyin qochib yurdim. Payti kelishi bilan joʻnab qoldim. Mana endi sizlar bilan ketayapman.
Yoʻlovchilar uni xoʻb maqtashdi. Bunday jasorat koʻrsata olmagan hamrohlar nazarida Doʻndiq ancha baland koʻtarilganday boʻldi. Uning soʻzlariga quloq solarkan, Kornyude apostol singari manzur koʻrib, iltifot bilan kulimsirab turdi; xudojoʻy bandalarning tangriga qilayotgan hamdu sanolariga quloq solayotgan ruhoniy shu zayilda quloq soladi, chunki, uzun chopon kiyish bilan dinni oʻzlariniki qilib olgan kishilar singari uzun soqol demokratlar ham patriotizmni oʻzlariniki qilib olishgan. Kornyude ham soʻzlarkan, nasihatomuz qilib, har kuni devorlarta yopishtirilayotgan xitobnomalardan oʻrganganlarini shavq bilan bayon etdi, soʻzining oxirida notiqlik bilan chertib, oʻsha “razil Badenge”dan* koyib qoʻydi.
Lekin oʻsha on Doʻndiqning jahli chiqdi, chunki u Bonapart tarafdori edi. U olichaday qizarib ketib, gʻazabiga chidayolmaganidan tutila-tutila dedi:
— Uning oʻrnida sizga oʻxshaganlar boʻlganda koʻrardik! Qoyil qilardinglar, asti qoʻyavering! Uni oʻzlaring tutib berdilaring-ku! Agar mamlakatni sizlar simgari bevoshlar idora qilganda bormi, Frantsiyadan qochishdan boshqa chora qolmasdi!
Kornyude qizishmay, pisand qilmay nafrat bilan kulimsirab turdi-yu, lekin hozir janjal chiqishi koʻrinib qoldi, shunda bu ishga graf aralashib, har qanday chin eʻtiqodni hurmat qilish kerak deb qattiq gapirib, tutaqib ketayotgan Doʻndiqni zoʻrgʻa bosib qoʻydi. Bu orada, barcha muhtaram zotlar singari respublikani oʻylaman-netmay yomon koʻradigan va barcha xotinlar singari saroy shaʻn-shavkatini, zolim podshohlarni yaxshi koʻradigan grafinya bilan fabrikant xotiniga, ularning koʻngillaridagidek gapni dadil aytgan xotin beixtiyor yoqib qoldi.
Savat boʻshadi. Oʻn kishilashib uning ichidagi narsalarni bir zumda yeb boʻlishdi, savat kattaroq boʻlmaganiga juda achinishdi. Ovqat tamom boʻlgach, garchi avvalgi ruhlik boʻlmasa ham, suhbat yana bir qancha vaqt choʻzildi.
Kech kirib, asta-sekin qorongʻi tushmoqda, ovqat hazm boʻlayotgan vaqtda sovuq kuchliroq sezilganidan, semizligiga qaramay Doʻndiqning eti uyushib, qaltiray boshladi. Shunda de-Bravil xonim ertadan beri bir necha bor koʻmir solingan grelkasini Doʻndiqqa taklif qildi, u darhol qabul qildi, chunki oyogʻi muzlab ketgan edi. Karre-Lamadon va Luazo xonimlar grelkalarini monax ayollarga berishdi.
Aravakash fonarlarni yoqdi. Fonarlar oʻrtadagi otlarning terlagan sagʻri ustida tebranib koʻtarilayotgan bugʻni va yoʻlning ikki chetidagi, shuʻla ostida qalin parda singari qoplab yotgan qorni yoritib borardi.
Dilijonning ichida hech narsani koʻrib boʻlmay qoldi: lekin Doʻndiq bilan Kornyude birdan qimirlab qolishdi va qorongʻulikka tikilib qarab ketayotgan Luazo janoblarining nazarida uzun soqol Kornyude sekin-asta boʻlsa ham qattiqqina turtki yeb nariroq oʻtirganday boʻldi.
Uzoqda miltillab chiroqlar koʻrindi. Bu Tot qishlogʻi edi. Bular oʻn bir soatdan beri yoʻl bosib kelishmoqda, bunga yoʻlda otlarga yem, dam berish uchun toʻrt bor toʻxtalganda ketgan ikki soatni qoʻshilsa, rosa oʻn uch soat boʻlardi. Dilijon qishloqqa kirib “savdo mehmonxonasi” oldida toʻxtadi.
Dilijonning eshigi ochildi. Yoʻlovchilar toʻsatdan oʻzlariga tanish tovushni, yerga tegib-tegib kelayotgan qilichning tiqirlashini eshitib choʻchib ketishdi. Shu onda kimdir nemischalab bir narsa deb qattiq baqirdi.
Dilijon toʻxtagan boʻlsa ham, goʻyo chiqding hozir oʻldirishadi deb qoʻrqqanday hech kim oʻrnidan qoʻzgʻolmadi. Shu onda fonar koʻtargan aravakash kelib, toʻsatdan aravaning ichiga chirogʻ tutib, quti oʻchib, hayrat ichida ogʻzini ochib, koʻzini baqraytib ikki qator boʻlib oʻtirgan basharalarni yoritdi.
Aravakashning yonida, chiroq shuʻlasida baland boʻyli, sap-sariq, belini tangʻigan qiz singari askariy kiyimni sirib kiygan yoshgina yigit — nemis ofitseri turardi, yassi amerika shapkasini chakkasiga qiyshaytirib kiyganidan xuddi Angliya musofirxonalaridagi xat tashuvchilarga oʻxshardi. Haddan tashqari dagʻal, ikki uchi tobora ingichkalashib, bittagina oq qil bilan tamom boʻlganidan oxiri koʻzga koʻrinmaydigan uzun moʻylovi lunjini pastga bosib, labining ikki burchini va yuzini quyi tortib turganday koʻrinardi.
U Elzas shevasida frantsuzchalab doʻq qilib, yoʻlovchilarga pastga tushishni buyurdi:
— Tushsalaring ham boʻlar, afandilar?
Boshlab avliyo qizlarcha yuvoshlik bilan, itoatkorlikka oʻrganib qolgan monax ayollar chiqdi. Keyin graf bilan grafinya chiqdi, ularning orqasidan fabrikant bilan xotini, soʻng, barvasta xotinini yetaklab Luazo ham chiqdi. Yerga tushganlarida Luazo odobdan koʻra ehtiyot yuzasidan:
— Salom, taqsir,— dedi.
Ofitser andishasizlik bilan zoʻravonlarcha bir qarab qoʻydi-yu, indamadi.
Doʻndiq bilan Kornyude eshik oldida oʻtirgan boʻlsalar ham, hammadan keyin, dushman oldiga yuzlariga jiddiy tus berib, takabburlik bilan chiqishdi. Semiz juvon qoʻlidan kelgani qadar oʻz nafratini sezdirmaslikka tirishardi, demokrat boʻlsa asabiylashib, andak qaltirayotgan qoʻli bilan hadeb uzun sariq soqolini tutamlardi. Bunday holat yuz bergan choqda ularning har biri oʻz vatanining vakili ekanini yaxshi anglar va oʻz qadri qimmatini saqlashga tirishardi. Boshqa hamrohlarining bunchalik itoatkorligi ikkalasining ham nafratini qoʻzgʻatmoqda edi. Doʻndiq hamroh boʻlib kelayotgan xotinlardan koʻra oʻzini baland koʻrsatishga harakat qilardi. Kornyude boʻlsa boshqalarga oʻrnak boʻlish lozimligini oʻylar va butun vujudi bilan yoʻllarga oʻralar qazib, koʻrsatgan qarshiligini davom ettirayotganday boʻlib koʻrinishga tirishardi.
Hamma saroyning keng oshxonasiga kirdi, haligi nemis esa yoʻlovchilardan yoʻlga chiqish uchun Ruan shahrining komendanti bergan yoʻlovchilarning ismlari, barcha belgilari, kasb-korlari yozilgan ruxsatnomani talab qildi. U yoʻlovchilarni hujjatga yozilgan belgilariga bitta-bitta solishtirib, uzoq tekshirdi.
Shundan keyin jerkib “yaxshi” dedi-da, gʻoyib boʻldi.
Hamma erkin nafas oldi. Ochlik hali ham sezilib turgandi: ovqat buyurishdi. Ikkita xizmatchi xotin pishirib-kuydirib kelguncha yarim soat oʻtdi. Bu orada yoʻlovchilar binoni koʻrib chiqishdi. Ikki tomonida uylar boʻlgan uzun yoʻlak hojatxonaning oynavonlik eshigiga borib taqalar ekan.
Nihoyat, stol atrofiga oʻtirayotganlarida saroyvonning oʻzi — sobiq aspijallob, doim boʻgʻzida balgʻami xirillab, gʻijillab, hushtak chalib turadigan Folanvi degan familiyani otasidan meros qilib keldi.
— Elizabet Russe degan qiz qaysi birlaring? — deb soʻradi.
Doʻndiq irgʻib tushdi-da, oʻgirilib unga qaradi.
— Men boʻlaman.
— Qizgina, pruss ofitseri siz bilan gaplashmoqchi.
— Men bilan?
— Ha, Elizabet Russe siz boʻlganingizdan keyin…
U, xijolat boʻlib, bir oz oʻylab turdi-da, dangal:
— Bu nimasi!.. Bormayman! — dedi.
Hamma bezovtalanib qoldi: hamma birdan soʻzlab, buning sababini topmoqchi boʻlishdi. Graf Doʻndiqning yoniga borib dedi:
— Bundoq qilishingiz yaramaydi, xonim, uning talabini rad qilishingiz oʻzingiz uchungina emas, barcha yoʻldoshlaringiz uchun ham ancha dilsiyohlikka sabab boʻlishi mumkin. Bizdan kuchliroq odamga hech qachon qarshilik koʻrsatmaslik kerak. Bu taklifning hech qanday xavfli tomoni yoʻq boʻlsa kerak, ehtimol, biron rasmiyatchilikni bajarish lozim boʻlgandir.
Hamma grafning gapiga qoʻshilib, Doʻndiqqa yalinib-yolvorib, nasihatlar qilib, uni yoʻlga sola boshlashdi va oxiri koʻndirishdi, ularning har biri bunday nomaʻqulchilikning oqibati xunuk boʻlishidan koʻrqardi-da.
— Mayli, sizlarning koʻngillaringiz uchun boraman!— dedi Doʻndiq, nihoyat.
Grafinya uning qoʻlini qiyeib:
— Hammamiz qam sizdan minnatdormiz! — dedi. Doʻndiq chiqib ketdi. Uning kelishini kutib, ovqat qilgani oʻtirishmadi.
Har biri oʻzini tuta olmaydigan shu jizzaki qiz oʻrniga oʻzini chaqirmaganiga xafa boʻlib, bordi-yu, oʻzini ham chaqirib qolguday boʻlsa nima deyishini oʻylab oʻtirardi.
Lekin oʻn minut oʻtar-oʻtmas Doʻndiq qip-qizarib, boʻgʻilib, tutoqqanicha qaytib keldi.
— Ablah! Ablahligini qarang-a! — deb gʻudrandi. Hamma nnma voqea boʻlganini bilish uchun unga yopirilib soʻray boshladi, lekin u lom deb ogʻiz ochmadi. Graf qistayverganidan keyin esa, Doʻndiq kerilib javob qildi:
— Yoʻq, sizlarga daxli yoʻq, men buni sizlarga ayta olmayman.
Shundan soʻng hamma karam hidi chiqib turgan katta kastryul atrofiga oʻtirdi. Vahimali voqea yuz berganiga qaramay, kechki ovqat xushvaqtlik bilan oʻtdi. Luazo xotini bilan va monax xotinlar pullarini koʻzlari qiymay ichishgan sidr* juda soz narsa ekan. Boshqalar vino buyurishdi. Kornyude pivo soʻradi. Kornyudening shishani gʻalati qiliqlar bilan ochish odati bor: u rangini yaxshilab koʻrish uchun avvalo pivoni koʻpiklatadi, stakanni engashtirib, keyin chiroqqa solib yaxshilab koʻradi. Ichayotganda esa zamonlar oʻtishi bilan oʻzi sevgan ichimlikning tusiga kirib ketgan soqoli erkalayotganday silkinadi, koʻzlari gʻilaylashib, qadahni koʻzdan yoʻqotmaslikka tirishadi, dunyoga shuning uchun kelgan-u, oʻsha yagona isteʻdodini ado etayotganday boʻladi. U xayolida, hayotini toʻldirib turgan ikki buyuk orzusini: och qizil pivo bilan revolyutsiyani birlashtirib qoʻshayotganday boʻlardi: bir orzusiga erishganda ikkinchisini oʻylamay iloji yoʻq edi.
Folanvi janoblari xotini bilan stolning u boshida oʻtirib ovqat qilar edi. Eri eski parovozdek pishillar, koʻkragi shunday gʻijirlardiki, ovqat vaqtida soʻzlasha olmasdi, lekin xotini bir nafas ham tinmasdi. U prussaklar kelgandan beri olgan barcha taassurotlarini toʻkib soldi, ularning nimalar qilishlarini, qandoq soʻzlashganlarini tasvirlab berdi, prussaklar uni koʻp chiqimdor qilayotgani uchun ularni juda yomon koʻrardi, buning oʻrniga ikkita oʻgʻli askarlikka olingandi. U koʻproq grafinyaga qarab soʻzlar, chunki kibor xotin bilan suhbatlashishni goʻyo martaba deb bilar edi.
U biror nozikroq masala ustida gapirarkan, tovushini pasaytirar, eri boʻlsa baʻzi-baʻzida uning soʻzini boʻlib:
— Jim oʻtirsangiz ham boʻlardi, Folanvi xonim,— deb qoʻyardi.
Lekin uning soʻzlariga hech parvo qilmay, xotini davom etardi:
— Shunday, xonim, bularning choʻchqa goʻshti bilan kartoshka-yu, kartoshka bilan choʻchqa goʻshti yeyishdan boshqa ishlari yoʻq. Ularni ozoda deganlariga aslo ishonmang. Boʻlmagan gap! Beodobchilik boʻlmasin-ku, hammayoqni bulgʻatib tashlashdi. Siz ularning soatlab, ertadan-kechgacha mashq qilishganini koʻrsangiz, sayhon joyga chiqib, toʻplanishib olib, oldinga yur, orqaga yur, u yoqqa aylan, bu yoqqa aylan, deyishaveradi. Undan koʻra, oʻz vatanlariga borib yer haydashsa-yu, yoʻl qurishsa-chi! Yoʻq, nega undoq qilishsin, xonim harbiylardan kim naf koʻripti! Hamon ular odam oʻldirishnigina oʻrganishar ekan, bu shoʻrpeshona xalq ularni nega boqayotir? Men oʻqimagan bir kampirman, nimasini aytasiz, lekin kuch-quvvatini ayamay, ertadan-kechgacha tap-tup yer tepishganini koʻrganimda hamisha oʻylayman: “mana shunday odamlar bor, boshqalarga foyda yetkazish uchun har xil ixtirolar qilishadi, bunaqangi faqat ziyon yetkazish uchun jon otuvchilarning nima keragi bor?” Axir, prussakmi, inglizmi, polyakmi, frantsuzmi — odam oʻldirish — ablahlik emasmi? Agar seni xafa qilgan odamdan oʻch olsang — jazolashadi, demak, bu yomon ish ekan, oʻgʻillarimizni parranda otganday qirib tashlashsa bu yaxshi ish ekan-da, kimki koʻp oʻldirsa, oʻshanga orden berganlaridan keyin shunday boʻladi-ku! Yoʻq, bilasizmi, men aslo shuning maʻnisiga tushunmayman.
Kornyude baland ovoz bilan:
— Tinch turgan qoʻshniga hujum qilish — vahshiylik, lekin vatanni himoya qilish esa, muqaddas burch,— dedi.
Kampir bosh egdi.
— Ha, himoya qilishning yoʻrigʻi boshqa, shunday boʻlsa ham oʻz xursandchiligi uchun urush qiladigan podshohlarning hammasini oʻldirib tashlansa yaxshi boʻlardi,— dedi u.
Kornyudening koʻzlari chaqnab ketdi va:
— Balli, grajdanka! — dedi baqirib. Karre-Lamadon janoblari nima deyishiii bilmay qoldi. Garchi buyuk sarkardalarga uning ixlosi baland boʻlsa-da, keksa dehqon xotinning soʻzlaridagi sogʻlom fikr uni oʻylatib qoʻydi: shu bekorchi, demakki, ziyon boʻladigan shuncha ishchi kuchlari, shu qadar befoyda sarf boʻlayotgan mehnat agar buyuk sanoat ishiga sarflansa mamlakatga naqadar farovonlik keltirgan boʻlardi, yuz yilda bunyodga keladigan ishlarni qilib yuborardi!
Luazo boʻlsa oʻrnidan turdi, saroyvonning yoniga borib oʻtirib, pichirlab soʻzlay ketdi. Semiz saroyvon xandon tashlab kular, yoʻtalar, balgʻam tashlardi, uning kattakon qorni hamsuhbatining hazilidan silkinardi. Saroyvon shu ondayoq koʻklamda olish sharti bilan Luazodan olti bochka bordo vinosi sotib oldi. Prussaklarning bahorgacha ketib qolishiga ishonardi.
Ovqat tamom boʻlishi bilan hamma qattiq charchaganini sezib, yotgani ketdi.
Bu orada baʻzi bir narsalarni payqab qolgan Luazo xotinini yotqizib, oʻzi eshikning tirqishiga dam qulogʻini, dam koʻzini qoʻyib, oʻzi aytganiday, “yoʻlak sirlaridan” voqif boʻlmoqchi edi.
Bir soatcha oʻtgach, sharpa eshitdi. Darhol qaraboq toʻr tutilgan havorang kashmiri kuylakda avvalgidan ham loʻppiroq koʻrinayotgan Doʻndiqni koʻrdi. U shamdon koʻtarib, yoʻlakning oxiridagi hojatxonaga ketmoqda edi. Qayerdadir, yaqin uylardan birining eshigi ochildi, bir necha daqiqadan soʻng, Doʻndiq qaytib kelayotganida uning orqasidan shim va ich koʻylakkina kiygan Kornyude ergashdi. Ikkalasi pichirlashib keldi-da, soʻng toʻxtashdi. Aftidan, Doʻndiq oʻz boʻlmasiga kirgizmaslik uchun qattiq qarshilik koʻrsatardi. Afsuski, Luazo ularning soʻzini anglab ololmadi, qattiq-qattiq gaplasha boshlaganlaridan keyingina Luazo bir necha jumlani eshitib qoldi. Kornyude qoʻyarda-qoʻymay:
— Menga qarang, qoʻysangiz-chi, shu gaplarni, nima qiladi? — derdi.
Doʻndiqning jahli chiqib ketdi:
— Yoʻq, azizim, har ishning oʻz mavridi bor, bu yerda shunday qilish sharmandalik boʻladi, — dedi.
Kornyude tushunmadi shekilli “nega?” deb soʻradi. Shunda Doʻndiq tutaqib, oʻshqirib berdi:
— Nega? Negaligini tushunmayapsizmi? Prussaklar bor joyda-ya, ehtimol qoʻshni uyda ham bordir?
Kornyudening dami ichiga tushib ketdi. Fohishaning vatanparvarlik nomusi, yaʻni prussaklar oldida oʻzini erkalattirishdan or qilishi Kornyudening koʻnglida zaiflangan hamiyatni qoʻzgʻatgan boʻlsa kerak, u qizni bir oʻpdi-yu, keyin asta yurib oʻz xonasiga kirib ketdi.
Lovillab ketgan Luazo koʻzini teshikdan oldi, oʻyin tushganday oyoqlarini bir-biriga urib irgʻidi va tungi qalpogʻini kiydi, qoqsuyak xotini orom olayotgan koʻrpani ochib, uni oʻpib uygʻotdi-da:
— Meni sevasanmi, jonim? — deb shivirladi.
Shundan keyin butun uyni sukunat bosdi. Lekin tezda, yertoʻladanmi, boloxonadanmi, qayerdandir bir maromda eshitilayotgan qattiq xurrak tovushi, goʻyo katta bugʻ qozoni titrayotganday boʻgʻiq va choʻzinqi gurillash eshitildi. Folanvi janoblari uyquga ketgan edilar.
Ertalab soat sakkizda joʻnashga qaror qilinganidan hamma oʻsha vaqtda oshxonaga yigʻildi. Lekin brezent sirilgan, ustiga qor yogʻib qolgan dilijon hovlining oʻrtasida qoʻqqayib turar, na ot bor edi va na aravakash. Aravakashni saroydan, otxona, somonxonalardan behuda izlandi. Keyin erkaklar u yoq-bu yoqni aylanib kelgani koʻchaga chiqishdi. Ular bir boshida butxona, ikki tomonida esa qator yapasqi uylar bor bir maydonga chiqishdi. Bu pasqam uylarda prussaklar koʻrinib turardi. Ular dastlab koʻrgan soldat kartoshka archayotgan edi. Undan nariroqda yana bittasi sartaroshxonani yuvayotgandi. Paxmoqsoqol yana bir soldat yigʻlayotgan oʻgʻil bolani oʻpar va uni tizzasiga oʻtqazib, tebratib, ovutayotgandi; erlari “urushayotgan qoʻshin” safida boʻlgan semiz dehqon xotinlar oʻzlarining qobil gʻoliblari qiladigan ishlarni imo-ishora bilan koʻrsatib: oʻtin yor, shoʻrvaga don sol, qahva maydala deb turishardi, soldatlardan biri hatto oʻzining keksa va bedarmon bekasining kirini yuvmoqda edi.
Hayron boʻlgan graf, pop uyidan chiqib kelayotgan bir ruhoniydan gap soʻragan edi, butxonani kemirib yotgan bu keksa kalamush shundoq javob qildi:
— Yoʻq, bular yomon emas, bular prussak emasmish. Bular uzoqroqdan emish, faqat qayerdanligini bilmayman, ularning ham oʻz vatanida bola-chaqalari bor ekan, bular ermakka urushib yurishgani yoʻq-ku! Ehtimol, bularning ham bola-chaqalari yigʻlashayotgandir, bu ortiqcha tashvish keltirgan u yerdagi muhtojlik ham biznikidan qolishmas. Bulardan zorlanishga oʻrin ham yoʻq, chunki ziyonlari tegayotgani yoʻq, xuddi oʻz uylaridagidek ishlashmoqda. Nima demagin, afandim, beva-bechoralar bir-biriga yordam qilishi kerak… axir urushni boylar boshlaydi-da,— dedi.
Gʻoliblar bilan magʻlublar oʻrtasida oʻrnashgan samimiy ahillikni koʻrib Kornyude gʻazablandi va borib mayxonada oʻtirganim yaxshiroq, deb ketdi. Luazo hazillashib:
— Ular bola-chaqaning koʻpayishiga yordam qilishadi-da,— deb qoʻydi.
Karre-Lamadon janoblari jiddiy qilib:
— Urushga ketganlarning yoʻqligini bilintirmay turishadi-ku,— dedi.
Aravakash hadeganda kelavermadi. Nihoyat, uni ofitser denshigi* bilan qishloq mayxonasida ulfatchilik qilib oʻtirgan joyidan topib kelishdi. Graf undan:
— Soat sakkizda arava tayyor boʻlsin, deyilmaganmidi sizga? — deb soʻradi.
— Aytilgan edi-yu, keyin boshqa buyruq berishdi.
— Qanaqa?
— Qoʻshmang, deyishdi.
— Kim berdi bunaqa buyruqni?
— Kim boʻlardi? Pruss komendanti.
— Nega?
— Men qayoqdan bilay? Oʻzidan soʻrang. Qoʻshma degandan keyin, qoʻshmadim.
— Oʻzi aytdimi?
— Yoʻq, afandim, uning nomidan saroybon aytdi.
— Qachon?
— Kecha kechqurun, yotmasdan oldin. Yoʻlovchilarning uchalasi ham juda gʻazablanib qaytishdi.
Folanvi janoblarini chaqirtirishga qaror qilishdi, lekin xizmatchi xotin: “xoʻjayin koʻksov kasaliga mubtalo boʻlgani uchun hech qachon soat oʻndan oldin oʻrnidan turmaydi, uyga oʻt-poʻt tushmasa boshqa sabab bilan uygʻotishni qatʻiyan man qilgan,” — dedi.
Ofitserning oʻziga uchrashmoqchi boʻlishgan edi, garchi u shu saroyda turgan boʻlsa ham, mutlaqo iloji yoʻq ekan, grajdanlarning ishi toʻgʻrisida Folanvi janoblarigina u bilan soʻzlashishga haqli ekan. Sabr qilishga qaror berishdi. Xotinlar uy-uylariga tarqalishib, ikir-chikir ishlar bilan band boʻlishdi.
Kornyude lovillab olov yonib turgan baland oʻchoqning peshayvoni tagiga oʻrnashib oldi. Bu yerga mayxona zalidan stolcha va bir shisha pivo keltirib qoʻyishlarini buyurdi va demokratlar oʻrtasida oʻzi bilan barobar obroʻga ega boʻlgan mundshtugini oldi. Mundshtuk Kornyudega xizmat qilarkan, goʻyo vatanga xizmat qilar edi. Mundshtukning oʻzi ham ildizdan yasalgan, juda ajoyib, yaxshilab islangan, xuddi egasining tishlaridek qop-qora, lekin yaltiroq, xushboʻy, egasining qoʻliga yarashadigan va uning siymosini kam-koʻstsiz qilib koʻrsatadigan, egilgan mundshtuk edi. Kornyude koʻzini dam alangaga, dam pivo qadahining labida hoshiya singari turgan koʻpikka tikib jim oʻtirar, har qultumdan keyin uzun-uzun qotma barmoqlari bilan yogʻ bosgan oʻsiq sochini huzur qilib tarar va moʻylovida qolgan koʻpikni yalardi.
Luazo uvishgan oyogʻini yozib kelish bahonasi bilan oʻsha yerli chakana savdogarlardan vinosiga xaridor izlab ketdi. Graf bilan fabrikant siyosatdan soʻz boshlashdi. Ular Frantsiyaning kelajagiga nazar tashlab, biri Orlean* avlodidan, biri esa butunlay umid uzish kerak boʻlgaida paydo boʻladigan nomaʻlum xaloskor qahramondan: birorta dyu Geklen, Janna dʻArkdanmi, — ajab emas-da? Yoki yana yangi Napoleon I chiqib qolishidan umid qilardi. Oh, agar valiahd* yosh boʻlmaganida-ku! Ularning gapini eshitib oʻtirgan Kornyude taqdir sirlaridan xabardor odamdek kulimsirab oʻtirardi. Uning mundshtugi butun oshxonaga xushboʻy hid taratib turardi.
Soat oʻn boʻlganda Folanvi janoblari kirib keldi. Hamma uni oʻrab olib savol bera boshladi. Lekin u hech oʻzgartirmay-netmay ikki-uch marta qaytarib:
— Ofitser menga: “Folanvi afandi! Kucherga buyuring, bu yoʻlovchilarga dilijon qoʻshmasin. To mening alohida ruxsatim boʻlmaguncha joʻnab ketishlarini istamayman. Tushundingizmi? Boʻlgan gap shu” degan edi,— dedi.
Shundan keyin ofitserning oʻzi bilan uchrashmoqchi boʻlishdi. Graf unga oʻzining vizit kartochkasini* yubordi. Uning ostiga butun unvonlarini yozib Karre-Lamadon janoblari ham qoʻlini qoʻydi. Prussak ularni nonushtadan keyin, demak soat birlarda qabul qilaman, depti.
Xotinlar ham yigʻilishdi. Tashvishlanishlariga qaramay, hamma yoʻlovchilar nonushta qilgan boʻlishdi. Doʻndiq tobi qochgandek va ancha diqqat koʻrinardi.
Kofe ichib boʻlingan paytda graf bilan fabrikantni denshik chaqirib qoldi.
Luazo ham ularga qoʻshildi, uchrashuv tantanaliroq boʻlsin uchun Kornyudeni ham taklif qilib koʻrishdi. Lekin u gerdayib turib, nemislar bilan hech qanday munosabatda boʻlmoqchi emasligini aytdi va bir shisha vino olib, yana oʻchoq yoniga oʻtirib oldi.
Uch erkak ikkinchi qavatga chiqishdi va ularni saroyning eng yaxshi uyi boʻlmish bir xonaga olib kirildi. Nemis, qochib ketgan, didi oʻzgacha boʻlmagan, birorta boyning uyidan shubhasiz oʻgʻirlab olingan qirmizi kiyimga oʻralib, ogʻzida uzun chinni trubka, oyoqlarini kaminga tirab, yumshoq kursida yonboshlagan holda ularni qabul qildi, oʻrnidan turmadi, salom bermadi, ularga qaramadi ham. Bu gʻolib prussakka xos bezbetlikning gʻaroyib nusxasi edi.
Nihoyat, bir ozdan keyin u:
— Nima demoqchisiz?— dedi. Graf gap boshlab:
— Joʻnasak degan edik, afandim,— dedi.
— Yoʻq.
— Sababini bilishga haddimiz sigʻarmikan?
— Men xohlamayman.
— Endi, beodobchilik boʻlsa ham aytishga toʻgʻri keladi, afandim, Dʻeppgacha borishga komendantingiz oʻzlari ruxsat bergan edilar. Yana, menimcha, sizning tomoningizdan bunday qattiq chora koʻrilguday biror ish qilganimiz ham yoʻq.
— Men xohlamayman… boʻlgani shu… boringlar. Uchchovi ham taʻzim qilib chiqishdi.
Kechki payt dilsiyohlik bilan oʻtdi. Nemisning nega bunday injiqlik qilayotganiga tushunib boʻlmasdi: har birining boshiga boʻlmagʻur xayollar kelardi. Hammalari oshxonada oʻtirib, har xil boʻlmagan taxminlar qilib, hadeb ahvolni muzokara qilishardi. Ehtimol, ularni garov tariqasida olib qolishmoqchidir? Ammo nima maqsad bilan? Yo asir qatori olib ketishmoqchidir? Yoki ularni qoʻyib yuborish uchun katta pul talab qilmoqchimi? Shularni oʻylaganda ularni dahshat bosdi. Eng boylarining koʻproq oʻtakasi yorilayozdi, endi ular oʻz hayotlarini saqlab qolish uchun bu behayo soldatning qoʻliga qoplab tilla toʻkishlarini koʻz oldilariga keltira boshladilar. Ular birorta yolgʻon gap toʻqib, oʻz boyliklarini yashirish va oʻzlarini kambagʻal, juda kambagʻal qilib koʻrsatish yoʻlini izlab qoldilar. Luazo koʻkragidagi soat zanjirini olib, choʻntagiga solib qoʻydi. Qorongʻi tushgan sari ularni battar dahshat bosardi. Chiroq yoqishdi. Ovqat mahaligacha yana ikki soat vaqt boʻlganidan Luazo xonim “oʻttiz bir”* oʻynashni taklif qildi — hech boʻlmasa odamlarni bir oz ovutadi-ku. Taklifni qabul qilishdi. Hatto Kornyude ham odob yuzasidan munshtugini oʻchirib, oʻyinga ishtirok qildi.
Graf kartalarni chiyladi va ulashdi. Birinchi oʻyindayoq oʻttiz bir ochkoni Doʻndiq oldi, oʻyinga qiziqish hammaning xayolini buzib turgan vahimaning tezda damini kesdi. Kornyude hatto er-xotin Luazolar imlashib hiyla ishlata boshlaganini ham payqadi.
Ovqat yegani oʻtirishganlarida yana Folanvi janoblari kirib keldi va hirillab:
— Pruss ofitseri, Elizabet Russedan soʻrang, hali ham oʻsha soʻzida turiptimikin, deyapti,— dedi.
Doʻndiq birdaniga boʻzarib, turgan joyida qotib qoldi, keyin, toʻsatdan qizarib ketdi-da, gʻazabiga chidolmay shunday boʻgʻildiki, tili tutilib qoldi, nihoyat, soʻz qotdi:
— Oʻsha hayvonga, oʻsha iflosga, oʻsha ablah prussga aytingki, oʻsha soʻzim — soʻz, eshitdingizmi, qaytmayman, qaytmayman, qaytmayman,— dedi.
Semiz saroybon chiqib ketdi. Shunda hamma Doʻndiqni oʻrab olib ofitser bilan uchrashganida oʻtgan sirni aytib berishini oʻtinib soʻray boshladi. Boshda u koʻnmadi, keyin alamiga chidolmay:
— Nima dedi? Nima derdi! Men bilan bir kecha yotasan deyapti! — deb qichqirib yubordi.
Hammaning feʻli shunchalik aynib ketdiki, hatto bu soʻzlardan hech kim xijolat ham boʻlmadi. Kornyude stakanni jahl bilan stolga urgan edi, stakan sinib ketdi. Bu ablah soldatga qarshi hamma baravar norozilik bildira boshladi. Doʻndiqning haqorat qilinishi goʻyo bularga ham tegadiganday, hammasi alami kelib, bir boʻlib qarshilik koʻrsatmoqchi boʻlishdi. Graf nafrat bilan bular oʻzlarini qadimgi vahshiylarday tutishayapti, dedi. Xususan, xotinlar Doʻndiqqa qizgʻin va muloyim xayrixohlik izhor qilishdi. Ovqat yegani uylaridan endi chiqib kelayotgan monax xotinlar boshlarini quyi solishganicha indamasdan oʻtirishdi.
Jahldan tushganlaridan keyin, ovqat yegani oʻtirishdi, lekin gaplar qovushmas: hamma xayol surardi.
Xotinlar vaqtlik uy-uylariga tarqalishdi, erkaklar boʻlsa papiros chekkani qolib, karta oʻyini boshlandi. Folanvi janoblaridan qandoq qilib ofitserni yoʻlga solishni soʻrab olish umidida uni ham oʻyinga taklif qilishdi. Lekin saroybonning qulogʻiga gap kirmas, u kartanigina oʻylar, javob ham qaytarmas:
— Oʻynaylik, afandilar, oʻynaylik! — der edi, xolos.
Oʻyinga juda berilib ketganidan tupurishni ham unutib qoʻyib, koʻkragidan xuddi nagʻmaning yoʻgʻon tovushiga oʻxshash choʻziq xirillash eshitila boshladi. Uning xirillab turadigan oʻpkasi koʻksovning butun baland va yoʻgʻon ovozidan tortib, chaqirishni mashq qilayotgan joʻjaxoʻrozning ovozigacha boʻlgan hamma tovushlarni chiqarib turardi.
Hatto, horib, zoʻrgʻa kelgan xotini yotgin deb chaqirib kelsa ham bormadi. Eri yarim kechagacha yurishni, oʻrtoqlari bilan tong otguncha ham oʻtirishni yaxshi koʻradigan boʻlgani uchun saharxez xotini oʻzi ketaverdi. U xotinining orqasidan: “gogol-mogolni* pechkaga qoʻyib qoʻy” deb qichqirdi-da, yana oʻynayverdi. Yoʻlovchilar undan biron gap olishning iloji yoʻqligiga koʻzlari yetgach, uxlash kerak degan qarorga kelishdi va uy-uylariga tarqalishdi.
Bugun ham shu jirkanch saroyda qolamizmi degan fikrdan choʻchigan yoʻlovchilar avvalgidan ham koʻproq ketgilari kelib, zora joʻnasak degan umid bilan ertasiga yana vaqtlik turishdi.
Hayhotki, otlar hanuz otxonada, aravakashdan darak yoʻq edi. Qilar ishlari boʻlmaganidan hammalari arava atrofida aylanib yurishdi.
Nonushta taʻbxiralik bilan oʻtdi, hammaning Doʻndiqdan koʻngli sovugandek koʻrinar, chunki tungi oʻylar taʻsiri bilan unga qarashlar ancha oʻzgargan edi. Tunda prussak bilan yashirincha uchrashib, to hamrohlari uyqudan turguncha xushxabar topib qoʻymagan qizdan hammaning ensasi qotayozgan edi. Axir shundan ham osoni bormidi?! Kim bilib oʻtiripti, deng? Odob yuzasidan ofitserga “xafa boʻlayotgan hamrohlarimga achinganimdan” deb qoʻyaqolsa ham boʻlardi. Bundaqa ishlar uning uchun pisand emas-ku!
Shunday boʻlsa ham hali hech kim bu fikrni ochiq ayta olmasdi.
Tushga borib hamma zerikib, xunob boʻlib ketgandan keyin, graf atrofni aylanib tomosha qilib kelishni taklif etdi. Olov yonida oʻtirishni afzal koʻrgan Kornyude va kunboʻyi yo butxonada yo kyure huzurida kun oʻtkazayotgan monax xotinlardan boshqa hamma yaxshilab oʻralib-chirmalib yoʻlga tushdi.
Kundan-kunga zoʻraya borgan sovuq quloq va burunlarni achitib olardi, oyoqlar qotib ketganidan har qadam bir azobga aylandi, dalaga chiqqanlarida uning bepoyon oppoq yalangligi shu qadar dahshatli, mashʻum koʻrindiki, birdan hammaning ruhini sovuq urganday boʻlib yuragi uvishdi, ular izlariga qaytishdi. Toʻrt xotin oldinda, uch erkak esa keyinda kelardi.
Ahvolni juda yaxshi bilib turgan Luazo toʻsatdan bu “mochagʻar”ni deb qachongacha shu pastqam joyda yotar ekanmiz, dedi. Hamisha nazokatli graf, xotin kishidan bunaqa malol keladigan ishni talab qilib boʻlmaydi, bu narsa ixtiyoriy boʻlishi kerak, dedi. Karre-Lamadon janoblari, eshitishimga qaraganda agar frantsuzlar Dʻepp orqali qarshi hujum boshlasalar ular prussaklar bilan Totdan boshqa joyda toʻqnashmaydi, dedi. Bu gap hamsuhbatlarining ichiga gʻulgʻula solib qoʻydi.
— Piyoda qochib qolsak nima qilar ekan?— dedi Luazo. Graf yelkasini qisib:
— Sizni qarang-a! — dedi.— Shu qorda-ya! Yana xotinlar bilan! Undan tashqari, darhol orqamizdan ot choptirib, bizni oʻn minutdayoq tutib, asir qatori soldatlar ixtiyoriga topshirishadi.
Bu toʻgʻri gap edi. Hamma jim boʻlib qoldi.
Xonimlar yasan-tusan haqida soʻzlashib borishardi, ammo qandaydir noqulaylik qovushishlariga xalaqit berayotganday edi.
Toʻsatdan koʻchaning boshida bir ofitser koʻrinib qoldi. Ufqqacha tutashib yotgan oppoq qorda mundir kiygan, arini eslatadigan novcha qomati koʻzga chalinardi, u yaxshilab pardozlangan etigini loydan ehtiyot qilib, harbiylarga xos yurish bilan, oyoqlarini kerib-kerib qadam tashlardi.
Ofitser xonimlarga yetib kelib tenglashganida ularga salom berdi va erkaklarga nafrat bilai qarab qoʻydi, chunki Luazo boshidan shapkasini olaman deb qoʻl choʻzgan boʻlsa-da, lekin olmadi, qadrimizni ketkazib nima qilamiz deb boshqalar ham shapkalarini olmagan edilar.
Doʻndiqning qulogʻigacha qizarib ketdi. Erlik uch xotin, ofitser ularni oʻzi beandisha muomala qilayotgan axloqsiz qiz bilan uchratishdan oʻzlarini qattiq haqorat qilingandek his etishdi.
Soʻz ofitser ustida, uning qomati, aft-basharasi toʻgʻrisida ketdi. Oʻz davrida koʻp ofitserlarni koʻrgan va qoʻlidan oʻtkazgan Karre-Lamadon xonimning fikricha, uni binoyidek deyish mumkin edi, u ofitserning frantsuz boʻlmaganiga hatto afsus qildi, agar frantsuz boʻlganda hamma xotinlarni shaydo qiladigan ajoyib gusar boʻlardi, deb qoʻydi.
Uyga qaytib kelgach, nima ish qilishlarini bilmay hatto arzimagan sabablar bilan bir-birlariga achchiq-tiziq soʻz ota boshlashdi. Ovqatni ham indamasdan, naridan-beri yeb, bir amallab vaqt oʻtkazish uchun yotgani tarqalishdi.
Ertasiga yoʻlovchilar pastga tushganda hammasining chehrasida horgʻinlik, yuragida gʻazab bor edi. Xotinlarning esa Doʻndiq bilan soʻzlashgilari kelmasdi.
Butxona jom urdi. Goʻdak choʻqintirishdan xabar berdi. Doʻndiqning bolasi boʻlib, u Ivetoda, bir dehqon oilasida tarbiyalanardi. U bolasini yiliga bir martagina koʻrar va uning toʻgʻrisida hech qachon oʻylamasdi, biroq choʻqintirish uchun butxonaga keltirilgan goʻdak haqidagi oʻy bolasiga nisbatan uning koʻnglida joʻshqin mehr qoʻzgʻatdi, oʻsha marosimga borgisi keldi.
U ketishi bilanoq hamma yoʻlovchilar bir-biriga qarashdi, soʻng surilib yaqinroq oʻtirishdi, chunki biror iloj qilish zarurligini anglashar edi. Birdan Luazo: Doʻndiqning oʻzinigina olib qolib, boshqalarga javob berishni ofitserga taklif qilish kerak degan fikrni aytdi.
Folanvi janoblari bu topshiriqni bajarishni oʻz zimmasiga oldi. Lekin oʻsha ondayoq pastga qaytib tushdi; insonning tabiatini yaxshi biladigan nemis uni uydan haydab chiqardi. U, to istagini qondirguncha ularning hammasini ushlab turmoqchi edi.
Shunda dagʻal tabiatli Luazo xonim koʻnglidagi bor gapni toʻkib soldi:
— Axir, qarigunimizcha shu yerda oʻtiraveramizmi! Bu rasvo hamonki shu kasbni qilar ekan, buning ustiga hamma erkaklar bilan qilaverar ekan, nega unga yoʻq, deydi? Qarang-a? Ruandaku yurmagan odami qolmadi, hatto aravakashlar bilan ham yurdi! Rost aytyapman, xonim, prefekturaning aravakashi bilan ham! Men yaxshi bilaman,— u vinoni bizdan sotib olardi. Bizlarni mushkul ahvoldan qutqazish kerak boʻlgan bir paytda esa bu gʻar oʻzini oppoq qilib koʻrsatyapti!.. Menimcha, ofitser hali ham insof qilyapti. Balki u koʻpdan beri yolgʻizdir, albatta, uchchalamizdan birimizni talab qilishi ham mumkin edi-ku. Ammo u, har qalay buzuq xotinga qoʻl uzatyapti. Erlik xotinlarni izzat qilyapti. Oʻylab koʻring, axir, u bu yerda xoʻjayin-a. Bir ogʻiz: “Xohlayman” desa tamom-da,— soldatlar orqali bizni majbur qiladi qoʻyadi.
Xotinlarning eti jimirlashib ketdi. Nozanin Karre-Lamadon xonimning koʻzlari chaqnab, ofitser xuddi hozir zoʻrlab qoʻl uzatayotganday, rangi oʻchdi.
Nariroqda muzokara qilishayotgan erkaklar xotinlarning yoniga kelishdi. Tutaqib ketgan Luazo, “shu rasvoni” qoʻl-oyogʻini chambarchas bogʻlab, dushmanga tutib berishga tayyor edi. Uch elchi naslining urugʻidan va oʻzi ham diplomatlarga oʻxshagan graf esa, ustalik bilan ish koʻrish tarafdori edi.
— Bir balo qilib uning eʻtiqodini oʻzgartirish kerak,— dedi u.
Shundan soʻng til biriktirib, fitna rejasi tuzildi.
Xotinlar surilishib yaqinroq oʻtirishdi, tovushlar pasaydi, suhbatga hamma aralashib, har kim oʻz fikrini ayta boshladi. Shunisi borki, gaplar juda pardalik edi. Ayniqsa xonimlar kurakda turmaydigan fikrlarni aytish uchun gapni ajoyib aylantirib, odob doirasidan chetga chiqmaydigan ifodalarni ishlatishardi. Soʻzlar shunchalik chertib-chertib aytilardiki, begona kishi hech narsa tushuna olmas edi. Kibor xotinlar oʻralib olgan maʻsumlik pardasi ularni shunchaki yuzaki maʻsum qilib koʻrsatadi, haqiqatda esa hammasi ham bu odob doirasidan yiroq voqeadan zavqlanar va oʻzlarini oʻz muhitlarida his etgan holda yayrab, birovga juda lazzatli luqma tayyorlayotgan usta oshpaz singari, sevgiga bogʻliq bu savdoni shavq-zavq bilan muhokama qilishardi.
Oʻz-oʻzidan hammaning kayfi chogʻ boʻldi, axir oʻzi ham juda qiziq voqea-da, Graf xiyla qaltis hazillar qilar, lekin shunchalik nozik hazillar qilardiki, hammaning yuzida tabassum paydo boʻlardi. Luazo ham bir necha marta undan oʻtkazib askiya qildi. Bundan ham hech kim uyalmadi, uning xotini tomonidan qoʻpol qilib aytilgan “hamonki bu rasvoning kasbi shu ekan, birovga ha, birovga yoʻq, degani nimasi?” degan gaplari hammaning koʻnglida turgandi. Jajjigina Karre-Lamadon xonim hatto men Doʻndiqning oʻrnida boʻlsam shu ofitserga yoʻq degandan koʻra boshqa birovga yoʻq derdim, deb oʻylayotganga oʻxshardi.
Soʻz goʻyo biron qalʻa ustida ketayotganday, fitnachilar qamal rejasini uzoq muhokama qilishdi. Qanday dalillar keltirish va qanday yoʻllar tutish zarurligi haqida kelishib, har biri maʻlum bir vazifani oʻz znmmasiga oldi. Bu jonlik qalʻani dushmanga taslim qilib beradigan hujumlar, hiyla-nayranglar, toʻsatdan qilinadigan hamlalar rejasi tuzildi. Yolgʻiz Kornyude avvalicha chetda oʻtirdi, bu ishga aralashmadi.
Bu mashgʻulotga shu qadar berilib ketganliklaridan, Doʻndiqning kirib kelganini ham hech kim sezmay qoldi. Lekin, graf: “tss”!» — deb shivirlagan edi, hamma qaradi. Doʻndiq ularning oldida turardi. Hamma birdan jim boʻldi va bir oz shoshib qolib, dafʻatan unga soʻz qotishga hech kim jurʻat etolmadi. Mehmonxonalarda qilinadigan ikkiyuzlamalikka boshqalardan koʻra ustaroq boʻlgan grafinya undan:
— Qalay, choʻqintirish marosimi qiziq boʻldimi?— deb soʻradi.
Marosimdan koʻngli yumshab ketgan, ham oʻzini bosa olmagan Doʻndiq hammasini: odamlarning chehrasini, turishlarini, hatto butxonaning oʻzini ham tasvirlab berdi va:
— Baʻzi-baʻzida ibodat qilish yaxshi boʻladi,— deb qoʻshib qoʻydi.
Nonushtagacha xonimlar har xil gaplar bilan ishontirish va oʻzlariga rom qilish uchun juda ehtiyot boʻlib muomala qilishdi.
Lekin stulga oʻtirishlari bilan hujum boshlashdi. Boshlab fidokorlikdan gap ketdi. Qadim zamondagi Yudifʻ va Olofernanni* misol keltirib, hech gapdan hech gap yoʻq Lukretsiya bilan Sekstga* oʻtishdi. Dushmanning barcha sarkardalarini iltifot yoʻli bilan qul qilib olgan Kleopatrani* ham xotirlashdi. Bu nodon millionerlar Rim xotinlari haqida oʻzlari toʻqigan va bu xotinlar Gannibal* va u bilan birga uning askarboshilari va yollangan odamlariga iltifot koʻrsatgani Kapyu shahariga borishgan degan boʻlmagʻur afsonalarni ham aytishdi. Keyin iffatini urush maydoniga, hukmronlik quroliga, istilochilar yoʻliga qoʻyilgan gʻovga aylantirgan va qahramonona fidokorlik bilan bezotlarni yoki zolimlarni boʻysundirib, oʻzini intiqom va fidokorlik yoʻlida qurbon qilgan barcha xotinlarni ham eslashdi.
Kibor oiladan boʻlgan bir ingliz xotin Bonapartga yuqtirish uchun ataylab oʻziga yaramas bir kasal yuqtirganini, mashʻum uchrashuv chogʻida bexosdan paydo boʻlgan zaiflik orqasidagina Bonapartning qutilib qolganligi haqida ham dudmalroq qilib gapirildi.
Bu gaplarning hammasini ehtiyot bilan, odob doirasida gapirildi. Doʻndiqda ham shunday fidokorlikka havas tugʻdirish niyatida ora-sira yasama tahsin va ofarinlar aytishardi.
Bu gaplardan nihoyat xotinlar dunyoga faqat oʻz-oʻzini qurbon qilishu soldatlarning bemaʻni havaslariga boʻysunish uchun kelgan deb oʻylash mumkin edi.
Monax ayollar ogʻir oʻyga toʻlgandek koʻrinar, hech narsani eshitmas, Doʻndiq esa jim oʻtirardi.
Oʻylab koʻrish uchun Doʻndiqni bir kun ixtiyoriga qoʻyishdi. Endi uni ilgarigidek xonim deb atamay qoʻyishdi. Garchi sababini hech kim aniq bilmasa-da, toʻgʻridan-toʻgʻri “qizgina” deb muomala qila boshlashdi. Bundan murod uni erishgan hurmatidan bir pogʻona pastga tushirish va kasbidan kishi nomus qilishini oʻziga anglatib qoʻyish boʻlsa kerak.
Shoʻrva keltirilishi bilan Folanvi janoblari kirib yana kechagi gapni takrorladi:
— Pruss ofitseri “Elizabet Russedan soʻrang, hali ham oʻsha gapida turiptimi?” deb soʻrayapti,— dedi.
Doʻndiq quruqqina qilib:
— Ha,— dedi.
Biroq ovqat mahalida til biriktirganlar ittifoqi susaya bordi. Luazoning ogʻzidan bir-ikkita chakki soʻz ham chiqib ketdi. Har biri zoʻr berib yangi misollar keltirishga harakat qilishar, lekin hech narsa topa olmas edi. Grafinya birdan, biror maqsad bilan emas, balki, dinni xiyol eslab qoʻyish uchunmi — monax ayollarning keksasidan avliyolar hayotida boʻlib oʻtgan ibratli voqealardan aytib berishini soʻradi. Axir avliyolarning koʻpi bizga qolsa gunoh deyiladigan ishlarni qilishgan, lekin agar oʻsha ish xudo yoʻliga yoki yaqin kishining foydasi uchun qilingan boʻlsa din tariqatlari uni kechirgan-ku. Bu juda kuchli dalil edi, grafinya bundan foydalandi. Shunda ruhoniylarning har biriga xos yoʻsinda indamay rozilik bildirganidanmi, yo oʻzini goʻllikka solganidanmi, jonining huzuri boʻlgan betamizligidanmi keksa monax ayol ularning fitnasiga katta yordam qildi. Uni uyatchan deb oʻylashgan edi. U oʻzining dadilligi, soʻzamolligi va choʻrtkesarligini koʻrsatdi. Zimdan ayyorlik bilan qilinadigan ishlardan hech xijolat chekmas, eʻtiqodi temir tayoqday, ishonchi ogʻmaydigan, vijdoni shak-shubhadan holi edi. U Avraamning* qurboniga tabiiy bir narsa deb qarardi, chunki agar koʻkdan amr kelsa oʻzi ham darhol ota-onasini oʻldirishga tayyor edi, uning fikricha, agar niyat xolis boʻlsa, hech ish tangrining qahrini keltirmas ekan. Grafinya kutilmagan yordamchining ruhoniylik obroʻsidan mumkin qadar koʻproq foydalanish maqsadida xolis niyatda har yoʻl bilan borilsa ham aybi yoʻq» deyilgan haqiqat toʻgʻrisida uni gapga soldi. Grafinya unga savollar berardi:
— Shunday qilib, egachi, agar niyat xolis boʻlsa tutgan yoʻlingizu qilgan ishlaringizning hammasini tangri kechiradi, deng?
— Bunga shak keltirib boʻladimi, xonim? Aksari malomat qilishga loyiq har ishlariki bor, niyat xolis boʻlganidan tahsinga loyiq boʻlib qolgan.
Ular shu tahlitda tangrining irodasi, uning xohishi, uning nima qilishini olddan bilishga urinishib, xudoga hech dahli boʻlmagan ishlargacha unga yopishtirishib, gapirib oʻtirishdi.
Bu gaplarni ustalik bilan niqoblab, odob doirasida aytilmoqda edi. Lekin monax kiyimi kiygan taqvodor qizning har bir soʻzi fohishaning gʻazab bilan koʻrsatayotgan qarshilik qalqonini tesha boshladi. Keyin soʻz bir oz chetga burildi. Tasbih ushlagan ayol oʻz tariqati, monastirlari, oʻz piri toʻgʻrisida va oʻzi avliyo Nikifor* jamoatining sevimli hamshirasi boʻlgan, yonidagi mushfiq ayol haqida soʻzlay ketdi. Bular Gavrga, chechak kasali avj olgan gospitalda yotgan soldatlarni boqishga chaqirtirilgan ekan. U chechak kasalini mufassal soʻzlab, kasal yotgan baxtsizlar haqida ham gapirdi. Prussak tufayli yoʻldan qolib bu yerda oʻtirishganida, ehtimol, bular joniga ora kirishi mumkin boʻlgan qanchayu-qancha frantsuz oʻlib ketar! Uning kasbi askarlarni davolash edi, u Qrimga, Italiyaga va Avstriyaga borgan, u oʻz safarlaridan gapirar ekan, oʻzini goʻyo faqat askar ketidan borishga, jang qizib turgan choqda yaradorlarni jang maydonidan olib chiqishga va bir ogʻiz soʻz bilan oʻjar jangchini har qanday boshliqdan afzalroq boʻysundirishga qodir, epchil va jangovar monax ayollardan qilib koʻrsatdi. Bu haqiqiy shaddot hamshira edi. Uning benihoyat choʻtir yuzi urush xarobalarini eslatardi.
Uning soʻzi kor qilganday tuyulib, undan keyin boshqa hech kim lom demadi.
Ovqat tamom boʻlishi bilanoq hamma uy-uyiga tarqaldi va ertasiga ertalab ancha kech chiqdi.
Nonushta tinch oʻtdi. Kecha sepilgan urugʻlar unib chiqib, hosil berishini kutishmoqda edi.
Choshgoh paytpda grafinya aylanib kelishni taklif qildi, shunda graf, olddan kelishib qoʻyilgan maslahatga koʻra, Doʻndiqni qoʻltiqlab boshqalardan keyinroqda yurdi.
U, Doʻndiqqa obroʻli erkaklar buzuq xotinlarga mensimay qiladigan betakalluf muomala qilib, oʻzining ijtimoiy tabaqasi darajasida turib, kekkaygan holda, uni “qizginam” deb gap boshladi va toʻgʻridan-toʻgʻri maqsadga oʻta qoldi.
— Shunday qilib, bordi-yu pruss armiyasi yengilib qolguday boʻlsa bizlarni ham, oʻzingizni ham xavf-xatarlar ostida qoldirib, hayotingizda shuncha marta yoʻl qoʻyib kelgan ishingizga yana bir marta yoʻl qoʻymaslik bilan bizni shu yerda tutib turmoqchimisiz? — dedi.
Doʻndiq javob bermadi.
U Doʻndiqqa shirin soʻzlar, dalillar va tuygʻu bilan taʻsir etmoqda edi. U “graf”lik darajasida turgani holda xushmuomala boʻlib, yoʻldan ozdiruvchi shirin soʻzlar aytib xushomad qila bildi. U Doʻndiqning qoʻlidan keladigan xizmatni koʻklarga koʻtardi, undan naqadar minnatdor boʻlishlarini aytdi, keyin toʻsatdan xushchaqchaqlik bilan sensirab:
— Bilsang, azizim, u vatanida kam topiladigan goʻzal qizning qoʻlini ushlagani uchun maqtansa ham arziydi-da,— dedi.
Doʻndiq indamadi, boshqalarga yetib oldi.
Uyga kelganlaridan soʻng Doʻndiq darhol oʻz uyiga kirib ketdi-yu, qaytib chiqmadi. Hammaning toqati toq boʻldi. U qanday qarorga kelar ekan? Agar qattiq turib olsa — ish xarob!
Ovqat vaqti boʻldi, uni kutishlari behudaga chiqdi. Nihoyat, Folanvi janoblari kirib kelib, Russe xonimning tobi qochib qoldi, ovqatni oʻzlaring yeyaberishlaring mumkin, dedi. Hamma “nima gap boʻldi ekan?” deb turardi.
— Koʻndimi?— deb soʻradi.
— Ha.
U, odob yuzasidan, hamrohlariga hech narsa demadi-yu, faqat xiyol bosh irgʻab qoʻydi. Oʻsha on hamma yengil tortib “uf!” dedi. Chehralar yorishdi.
— Tra-lya-lya-lya, agar shu yerda shampanskoye topilsa pulini oʻzim toʻlayman,— dedi Luazo qichqirib.
Saroybon toʻrtta shisha koʻtarib kirib kelganda Luazo xonimning yuragi uvishib ketdi. Hamma ochilib, shovqin-suron soldi. Yuraklarga quvonch sigʻmas edi. Karre-Lamadon xonimning nozaninligini graf endi payqaganday boʻldi, fabrikant grafinyaga iltifot qila boshladi. Suhbat qizib, jonlanib, askiya avj oldi.
Luazo toʻsatdan choʻchib ketganday, chehrasi oʻzgardi va qoʻllarini koʻtarib:
— Jim! — dedi.
Hamma hayron boʻlib, hatto qoʻrqib, jim boʻldi. Luazo quloq soldi, qoʻllari bilan “jim turinglar” deb ishora qildn, shiftga qarab yana tinglab turdi-da, oʻzining odatdagi tovushi bilan:
— Xotirjamlik, hech gap yoʻq,— dedi.
Gap nima ustidaligini hech kim bildirgisi kelmasa ham hammaning yuzidan tabassum kechdi.
Chorak soatlardan soʻng Luazo yana haligi hazilini qildi va uni butun kechboʻyi bir necha marta takrorladi, u shiftga qarab, gumashtalik vaqtida oʻrgangan askiyalarini ishlatib, ikkinchi qavatdagi kimgadir qochiriq qilib, kinoyaomuz soʻzlar aytardi. Baʻzan dili ozor tortgan odamday xoʻrsinib: “Shoʻrlik qiz!” der, yoki gʻazab bilan tishini gʻijirlatib: “oh, ablah, prussak” deb qoʻyardi. Bu ish hammaning esidan chiqqanday boʻlganda u bir necha bor shiftga qarab titroq ovoz bilan: “bas!” “bas!” deb qichqirardi va oʻzicha:
— Ishqilib yana koʻraylik-da, ablahning qoʻlidan eson-omon qutulsin-da! — deb qoʻyardi.
Hazillar juda yaramas boʻlganiga qaramay, hammani qiziqtirar va hech kimni koyitmasdi, chunki gʻazablanish ham barcha boshqa narsalar singari sharoitga bogʻliq, bu yerda hozir asta-sekin juda aynima kayfiyat tugʻilgan edi.
Ichkilik vaqtida xotinlarning oʻzlari ham ancha-muncha oʻynoqi hazillar qila boshlashdi. Hammaning koʻzlari suzilgan, koʻp ichilgan edi. Hatto odob doirasidan chetga chiqa boshlaganda ham ulugʻvorligini yoʻqotmaydigan graf ularning holini qutbda qishlashdan qutilganlarga, kayfiyatini esa, halokatga uchragan kemadagi odamlarning nihoyat janubga yoʻl ochilganini koʻrib shodlanishiga oʻxshatdi, uning soʻzlari hammaga maʻqul boʻldi.
Juda ochilib ketgan Luazo qadah koʻtarib oʻrnidan turdi:
— Xalos boʻlishimizga, ichamiz!— dedi.
Hamma oʻrnidan turib, uning soʻzlarini qaytardi. Xonimlarning qistovi bilan, hatto monax xotinlar ham bir umr ogʻizlariga olmagan koʻpiklik vinodan totib koʻrishga rozi boʻlishdi. Ular bu vino limonadga oʻxsharkanu faqat undan shirinroq ekan, deyishdi.
Luazo bu gaplarga yakun yasab:
— Fortepiano boʻlmadi-da, kadrilga oʻynab tashlardik! — dedi.
Kornyude biron ogʻiz soʻz aytmadi, biron harakat ham qilmadi, u gʻamgin xayollarga choʻmgan holda uzun soqolini undan ham uzaytirmoqchi boʻlayotganday onda-sonda tortib qoʻyardi. Nihoyat, yarim kechaga borib tarqala boshlaganlarida, oyoq ustida zoʻrgʻa turgan Luazo bexosdan Kornyudening qorniga bir urib qaldirab qolgan tili bilan:
— Nega bugun mashqingiz past koʻrinadi? Nega indamay oʻtiribsiz, grajdanin? — dedi.
Kornyude shiddat bilan boshini koʻtardi, koʻzlarida oʻt chaqnab turgani holda, dahshatli nazar bilan hammaga bir qur qarab olgach:
— Bilsangiz, hammangiz ham ablahlik qildingiz! — dedi.
U oʻrnidan turib eshik yoniga bordi, yana bir qayta “ha, ablahlik!” dedi-da, chiqib ketdi.
Avvaliga hamma xijolat boʻldi. Shoshib qolgan Luazo angrayib turardi, keyin oʻzining xudbin holiga qaytdi va toʻsatdan:
— Uzum gʻoʻr, birodar, gʻoʻr! — deya, qahqah urib kuldi. Bu gapga hech kim tushunmaganligidan u “yoʻlak sirlarini” gapirib berdi. Qattiq kulgi koʻtarildi. Xonimlar xaxolab toʻpolon qilishdi. Graf bilan Karre-Lamadon janoblari qotib-qotib kulishdi, ularga bu, aqlga toʻgʻri kelmaydigan ishdek tuyuldi.
— Rostdan-a? Shunday qildimi-a?
— Aytyapman-ku, oʻzim koʻrdim.
— U unamadimi?..
— Qoʻshni uyda prussak bor edi-da.
— Boʻlmagan gap!
— Azbaroyi xudo!
Graf kulgidan entikardi. Fabrikant ikki qoʻli bilan qornini ushlab qoldi. Luazo gapida davom etdi:
— Albatta bugun uning yuragiga kulgi sigʻmaydi-da.
Uchchalasi yana ichagi uzilguncha, koʻzlaridan yosh chiqquncha qotib-qotib kulishdi.
Shundan keyin tarqalishdi. Biroq ichi qora Luazo xonim oʻringa yotar chogʻida eriga: “Karre-Lamadonning zahar xotini bugun oqshom oʻlganining kunidan kulib oʻtirdi”, dedi.
— Bilasanmi, agar xotin kishi mundirni koʻrganda es-hushidan ayriladigan boʻlsa, uning uchun baribir: frantsuz kiyganmi, prussak kiyganmi!.. Maxluq-da! Oʻzing kechir, tangrim!
Tong otguncha qorongʻi yoʻlakda zaif shildirashlar, sharpalar, xoʻrsinishlar, yalangoyoq qoʻyilgan yengil odim tovushlari, quloq ilgʻar-ilgʻamas gʻichir-gʻichirlar eshitilib turdi. Saroyga tushganlar shubhasiz, juda kech uyquga ketishdi, chunki eshiklar tagidan anchagacha nozik shuʻla tushib turdi. Shampanskoye ichgandan keyin baʻzan shunday boʻladi, u uyquni behalovat qiladi, deyishadi.
Ertasiga qish quyoshining nuri ostida koʻzlarni qamashtirib, qor yaltirib yotardi. Otlar qoʻshilgan dilijon darvoza oldida kutmoqda edi. Pushtirang koʻzlarida qorachigʻi nuqtaga oʻxshab turgan, patlari hurpaygan bir gala oq kaptarlar olti ot oyogʻi tagida viqor bilan yurib, bugʻ chiqib turgan goʻngni titib, don axtarishmoqda edi.
Poʻstiniga oʻralib olgan kucher aravaning oldida oʻtirib munshtugini chekar, chiroyi ochilgan yoʻlovchilar yoʻlga olgan ovqatlarini shoshib-pishib aravaga ortishmoqda edi.
Doʻndiqnigina kutib turishgandi. Nihoyat, u ham koʻrindi.
U hayajon va xijolat ichida tortinibgina hamrohlarining yoniga bordi. Lekin ular, goʻyo uning kelganini payqamaganday baravar teskari oʻgirilib olishdi. Graf obroʻ saqlab, iflos tegmasin deganday qilib, xotinining qoʻltigʻidan olib, chetroqqa tortdi.
Doʻndiq hayron boʻlib toʻxtab qoldi, keyin oʻzini oʻnglab olib, fabrikantning xotini yoniga bordi va boʻynini qisib:
— Esonmisiz, xonim,— dedi.
U tahqirlangan odam singari asta nazar tashladi va takabburlik bilan xiyol bosh irgʻab qoʻydi. Hammasi oʻzini biron ish bilan qattiq banddek koʻrsatar va goʻyo Doʻndiq etagiga iflos bir narsa ilashtirib kelganday undan mumkin qadar qochishardi. Keyin hamma dilijonga chiqa boshladi. Doʻndiq esa eng keyin chiqdi va indamasdan avvalgi joyiga borib oʻtirdi.
Goʻyo uni endi tanimayotganday va payqamayotganday koʻrinishardi, Luazo xonimgina unga uzoqdan gʻazab bilan bir qarab qoʻygach, eriga shivirlab:
— Undan uzoqda oʻtirishim qanday baxt-a,— dedi. Ogʻir arava qoʻzgʻaldi. Yana safar boshlandi.
Boshda hamma indamay oʻtirdi. Doʻndiq bosh koʻtara olmas edi. Uning ham yonida oʻtirganlarga gʻazabi kelar, ham oʻzini prussakning quchogʻiga itargan shu munofiq kishilarning gapiga kirib unga boʻsa berish bilan tubanlashgandek his qilardi.
Lekin tezdan grafinya, Karre-Lamadon xonimga qarab qilgan muomalasi bilan hammaga malol kelayotgan sukutni buzdi:
— Siz, dʻEtrel xonim bilan tanish boʻlsangiz kerak?
— Ha, oʻrtoqmiz.
— Juda goʻzal xotin-a!
— Ajoyib dilbar-da! Chindan ham nodir zot-da, buning ustiga oʻqimishli, tabiatan nafosat egasi, juda yaxshi ashula aytadi va juda ajoyib rasmlar chizadi.
Fabrikant graf bilan suhbatlashardi. Dilijon derazalarining shaqir-shuquri orasida baʻzan: “kupon — toʻlash — daromad — muddatida” degan soʻzlar eshitilardi.
Toza artilmagan stolda besh yildan beri oʻynalaverib moy bosib ketgan eski kartani mehmonxonadan oʻgʻirlab olgan Luazo xotini bilan Bezik oʻyinini boshladi.
Monax ayollar bellarida osilib turgan uzun tasbihlarini qoʻlga olishdi, baravar choʻqinishdi va birdan lablari chaqqon qimirlab, goʻyo kim tez aytishga musobaqa qilayotganday, anglab boʻlmaydigan duoni tez-tez oʻqiy boshlashdi: dam-badam sanamni oʻpib, yana choʻqinishar, yana shoshib uzluksiz pichirlashardi.
Kornyude xayolga botib, qimirlamay oʻtirardi.
Uch soat yoʻl bosganlaridan keyin Luazo kartalarni yigʻishtirib:
— Oaqatlanib olsak chakki boʻlmas,— dedi.
Shunda xotini kanop bilan bogʻlangan tugunni yechib, uning ichidan bir boʻlak yaxna goʻsht oldi, yaxshilab yaproqlab toʻgʻradi va er-xotin yeya boshlashdi.
— Biz ham boshlaymizmi?— deb soʻradi grafinya. Eri xoʻp degandan keyin ikki kishiga atab olingan ovqatni ochdi. Ichida quyon goʻshti borligiga ishora qilib, qopqogʻiga quyon surati solingan choʻzinchoq chinni idishdan ovqat: boshqa xil goʻshtlardan qilingan, qiymalar qoʻshilgan jigarrang parranda goʻshti ustida uzun-uzun boʻlib yogʻi qotib qolgan, suvi qochirilmay hozirlangan yaxna edi. Oʻrogʻlik gazetadan ochib olingan, yogʻi yuziga tepib, yaltirab turgan yaxshi pishloq ustida “hodisa” degan yozuv koʻzga chalinardi.
Monax ayollar sarimsoq hidi kelib turgan butun bir kolbasani olishdi. Kornyude esa qoʻllarini keng paltosining chuqur choʻntaklariga baravar tiqib, bittasidan toʻrtta pishgan tuxum, boshqasidan boʻlka nonning qirgʻogʻini oldi. U tuxumni archib, poʻchogʻini oyogʻi tagidagi poxolga tashladi va yeya boshladi. Tuxumning sarigʻidan toʻkilgan och sariq ushoqlar uning uzun soqolida yulduzga oʻxshab turardi.
Doʻndiq ertalab turganida shoshib qolganidan hech narsa ololmagandi. Endi bemalol kavshayotgan bu odamlarga qarab, alam qilib boʻgʻila boshladi. Boshda juda tutoqib ketdi, achchiq ustida ogʻziga kelganini toʻkib solmoqchi boʻldi, lekin gʻazabi boʻgʻziga tiqilib gapira olmadi.
Hech kim unga qaramas, hech kim uning toʻgʻrisida oʻylamas edi. Nazarida, uni qurbon qilib, keyin keraksiz iflos latta singari uloqtirib tashlagan bu halol muttahamlarning nafrati savalab borayotganday edi. Shunda haligilar ochkoʻzlik bilan yeb bitirgan turli-tuman mazali ovqatlarga liq toʻla savati, ikkita joʻjasi, somsalari, noklari va toʻrt shisha bordo vinosi yodiga tushdi. U tarang qilib tortilib, soʻng uzilib ketgan torday, toʻsatdan jahlidan tushdi, xoʻrligi kelib yigʻlab yuboray dedi. Yosh bolalardek yoshini yutib, oʻzini bosib olishga urindi, lekin kipriklarida toʻlib-toshib yosh yaltiradi, tezdan ikki tomchisi yuzlaridan asta yumalab tushdi, uning ketidan boshqalari xuddi tik jardan oqib tushayotgan suv tomchilari singari koʻtarilib turgan koʻkragiga tusha boshladi. Doʻndiq oʻziga hech kim eʻtibor qilmasligiga ishongani holda harakatsiz, rangi oʻchgan, qomatini rostlab, bir nuqtaga tikilganicha oʻtirardi.
Lekin, grafinya uning koʻz yoshlarini koʻrib qoldi va ishora bilan eriga koʻrsatdi. U “qanday qilay, menda nima ayb” deganday yelkalarini qisib qoʻydi. Luazo xonim asta boʻlsa ham, lekin ajab boʻldi deganday kulib:
— Oʻzining rasvoligiga yigʻlayapti,— deb pichirladi.
Monax ayollar ortgan kolbasini qogʻozga oʻrab qoʻyib, yana ibodat qila boshlashdi.
Shunda Kornyude yegan tuxumlarini hazm qilarkan, uzun oyoqlarini qarshisidagi skameyka tagiga tiqib, orqaga tashlandi, qoʻllarini qovushtirib, goʻyo gʻalati narsa oʻylab topganday iljayib qoʻydi va hushtak chalib “Marseleza”ni ayta boshladi.
Hammaning qovogʻi solindi. Bu xalq qoʻshigʻini hamrohlar xushlamasa kerak. Ular asabiylashib, gʻazablanib, sharmanka tovushini eshitayotgan it singari ulib yuborguday boʻlishdi.
Kornyude buni sezib, hadeb hushtagini chalaverdi.
Hatto baʻzi-baʻzida:

Vatan muhabbati muqaddas!
Oʻch olish amr etsin ruhingda,
Olib bor ey, aziz ozodlik,
Oʻz xomiylaringni jangga!..

degan soʻzlarni ham qoʻshib qoʻyardi.
Endi arava tezroq yurmoqda, chunki qor bosilib qolgan edi. Uzundan-uzoq, necha soatlik, oʻnqir-choʻnqir koʻngilsiz yoʻlboʻyi benihoya taraqa-turuq ichida, shom qorongʻusida, zulmat quchogʻida to Dʻeppga yetguncha u oʻzining oʻjarlik bilan, jon otib chalayotgan bir xildagi oʻch oluvchi hushtagini toʻxtatmadi, charchagan, asabiylashgan yoʻlovchilarni ashulaga quloq solib, ohangga mos keladigan soʻzlarni xotirlatishga va ularning har birini ohangga joʻr qilishga majbur etib borardi.
Doʻndiq hamon yigʻlardi, goh-gohida qorongʻida, har ikki misra orasida uning oʻzini tuta olmagan chogʻidagi hoʻngir-hoʻngir yigʻisi eshitilardi.

Zumrad Orifjonova tarjimasi


* Prefektura — mahalliy mahkama.
* Soʻz oʻyini: I ouseau vole — qush uchdi; Iosean vole — Lauzo oʻgʻirlaydi.
* “Pater”, “Ave” — katoliklarning duosn.
* 1870-yil, 4-sentyabr — ikkinchi imperiyani qulatib, uchinchi respublika tiklangan kun.
* Frankmason — diniy-falsafiy jamiyat, aristokratlardan tuzilgan.
* Le — eskirgan, frantsuzcha uzunlik oʻlchovi, 4,5 km ga toʻgʻri keladi.
* Jele — suyak, goʻsht uzoq qaynatilganda hosil boʻladigan quyuqlik.
* Tantal koʻrgiligi — Qadimgi grek podshosi Frigi Tantal xudolarni ziyofat qilaman deb oʻgʻlini soʻygani uchun abadiy ochlik va tashnalikka mahkum etilgan.
* Rubikon — Italiyada hozirgi Pizatello daryosining qadimgi nomi. Bu daryo Frantsiya bilan Italiya chegarasida. Bu yerda Rim sarkardasi oʻz askarlariga koʻp sabablarga koʻra Rubikondan oʻtishni maʻn qilgan, shunday boʻlsa ham Rimning mashhur sarkardasi Yuliy Sezar hukumatni qoʻlga olishga intilib, Rubikondan oʻtgan va grajdanlar urushini boshlab yuborgan. “Rubikondan oʻtish” — umuman bir ishni qilishga uzil-kesil qaror berish maʻnosida.
* Badenge — Napoleon III ning mazaxli laqabi. U oʻzining siyosiy firibgarligidan soʻng shu nom bilan yashirinib yurgan.
* Sidr — olmadan tayyorlangan ichkilik.
* Denshik — harbiy amaldorlarning xizmatkor oʻrnidagi kishisi.
* Orlean — Monarxiya partiyasiga maisub boʻlgan. Burbonlar (kichik) sulolasining tarafdorlaridan.
* Valiahd — Shahzoda Ejen-Lui (1856—1879) — Napoleon III ning oʻgʻli.
* Vizit kartochkasi — nom va unvonlari yozilgan qogʻoz.
* “Oʻttiz bir” — karta oʻyini.
* Gogol-mogol — tuxum sarigʻi va shakardan qilingan ovqat.
* Bibliyada rivoyat qilinishicha, yahudiy qizi Yudifʻ oʻz husniga maftun boʻlgan dushman sarkardasi Olofernanni oʻldirib xalqini xalos qilgan ekan.
* Qadimiy yahudiy rivoyatlarida aytilishicha, rimlik Lukretsiya degan qiz, shoh oʻgʻli Sekst badnom qilgandan keyin oʻzini-oʻzi oʻldirgan ekan.
* Kleopatra — misr shohining qizi.
* Gannibal — rimliklar bilan jang olib borgan korfagenlik sarkarda, miloddan oldingi ikkinchi asrda yashagan.
* Avraam — Ibrohim paygʻambar.
* Avliyo Nikifor — monastirning nomi.