Gi de Mopassan. Tun
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Men tunni qattiq sevaman. Xuddiki Vatanni yoxud maʻshuqani sevishganiday gʻayrishuuriy, chuqur, yengib boʻlmas ishtiyoq bilan sevaman. Ha, men uni butun sezgilarim bilan sevaman: koʻzlarim uni tomosha qiladi, dimogʻim boʻylarini sipqoradi, quloqlarim uning sukunatini tinglaydi, qorongʻulik mening butun andomimni erkalaydi. Soʻfitoʻrgʻaylar quyoshli koʻmkoʻk osmonda, yorqin tonglarning iliq-miliq, erkalovchi havosida qanday kuylashsa, boyqushlar ham zim-ziyo kengliklarni qora dogʻ singari kesib oʻtarak, tun qoʻynida xuddi shunday gʻizillab yurishadi, tunning hududsiz zulumotidan shirakayf boʻlib zirillagan, vahim tovushlar chiqarib shodlik izhor etishadi.
Kun meni toliqtirib, gʻam-gʻussaga choʻmdiradi. U qoʻpol va sershovqin. Men ertalablari suyagim ogʻir uygʻonaman, qoʻlim bormay kiyinaman, uydan maʻyus chiqarkanman, har bir odim, har bir harakat, har bir ishora, har bir fikr, xuddi zalvorli yuk singari, menga malol keladi.
Lekin, mana, quyosh botib borarkan, soʻz bilan ifodalab boʻlmaydigan bir shodlik butun borligʻimni qamrab oladi. Men goʻyoki uygʻonaman, jonlanaman. Zulmat oʻz pardasini yoygani sari sekin-asta men oʻzimni butunlay boshqacha navqironroq, qudratli va tiyrakroq, yanada baxtiyorroq his eta boshlayman. Osmondan ibtido olgan sim-siyoh, yoqimli bir qorongʻulik quyuqlashishini kuzataman; u sezilmas, ammo qop-qora toʻlqin singari shaharni gʻarq qiladi; ranglarni, tarhlarni yashiradi, goʻyoki yuvib tashlaydi, barbod etadi; uylar, odamlar, haykallar ustiga oʻzining koʻrinmas roʻyjasini yopadi.
Shunday lahzalarda mening xuddi boyqush singari shodlikdan qichqirgim, tomlar ustida mushuk kabi daydigim keladi; tomirlarimni ishtiyoqning hukmfarmo, muzaffar bir tashnaligi kuydira boshlaydi.
Avval boshlab zulmatga choʻmgan shahar atrofini, keyin esa tevarakdagi oʻrmonlarni kezinaman, bu oʻrmonlarda mening singillarim boʻlmish til-zabonsiz maxluqlarning, mening ogʻa-inilarim boʻlmish brokoner (oʻgʻri ovchi)larning izgʻib yurishlarini tinglayman.
Nimaniki qattiq sevsang, oxir-oqibat u seni halok etadi… Ammo menga nima boʻlyapti oʻzi? Harchand tushuntirib berolmayman. Bu haqda soʻzlab berishga kuchni qayerdan oldim aql bovar qilmaydi. Bilmayman, boshqa hech narsani bilmayman. Aynan shunday boʻldi — shuni bilaman, xolos. Ha, aynan shunday boʻldi.
Ehtimolki, bu hodisot kecha boʻlib oʻtdi vaholanki, aniq kechamidi? Agar muqaddamroq boshqa kun, boshqa oy yoxud boshqa yilda sodir boʻlmagan boʻlsa, albatta kecha edi yana bir narsa deyolmayman. Har qalay, bu voqea kecha boʻlgan boʻlishi kerak, chunki oʻshandan buyon boshqa kun otgani, quyosh chiqqani yoʻq. Ammo-lekin tun qachondan buyon davom etyapti? Qachondan buyon? Kim ayta oladi? Buni biror kimsa, hech boʻlmaganda, qachondir kelib bilib ololarmikin?
Kecha edi shekilli, kechki ovqatdan soʻng har kungi odatimcha uydan chiqdim. Atrof sokin, havo gʻoyatda yoqimli, iliq. Xiyobonga kirib borarkanman, osmonda boshim ustida goʻyo binolarning tomi bilan oʻyib hosil qilingan yulduzoqar qop-qora daryoga koʻzim tushdi; koʻcha qayrilaturib yulduzlar toʻlqin urgan bu daryoni povillab otilib chiqishga majbur qilardi goʻyo.
Yulduzlardan tortib gazchiroqlargacha barchasi yengil havoda lipillab-yarqillab turardi. Osmon toqlarida ham, shaharda ham had-hisobsiz chiroqlar porlab turganidan tunning qaʻri yorishib ketgan edi. Bunday porloq kechalar uzundan-uzoq serquyosh kunlardan koʻra zavqliroqdir.
Xiyobondagi koʻpsonli qahvaxonalar shuʻla toʻkib turadi, odamlar esa sayr qilishadi, xandon otib kulishadi, qadah koʻtarishadi. Oniy lahzaga teatrga nazar soldim. Qaysi teatr edi u? Bilmayman. U yer shunchalar yorugʻ ediki, koʻnglim gʻash tortib tezgina uzoqlashdim: zarhal ayvonni aloyina-oshkor namoyish etib turgan oʻtkir yorugʻlik, ulkan billur qandillarning yasamaday tuyuladigan yarqiroq nurlari, sahna chiroqlarining jilvalanishi bularning barchasi notabiiy, chidab boʻlmas darajada boʻlib, koʻksimni qaygʻu-hasratga toʻldirdi. Men Yelisey dalalari sari otildim. u yerda tungi ayshini boshlagan restoranchalar barglar orasida gulxanday lovullab koʻrinadi. Sap-sariq shuʻlalarga chulgʻangan kashtanlar rang-barang qilib boʻyalgan, ichdan nur taratib turuvchi afsonaviy daraxtlarga oʻxshaydi. Dumaloq elektr chiroqlari dam yaltiroq va kumushrang oymomalarni, dam osmondan tushgan oysimon tuxumlarni, dam xiyol titrab turgan ulkan marvaridlarni eslatadi: ular oʻzining sirli sadafrang, ayni paytda shohona shuʻlalari bilan manfur, rasvoyi raddibalo gazchiroqlarning ayanchli “tilcha”larini ham, marjonday tizilgan rang-barang shishachiroqlarni ham xira torttirib qoʻygan.
Men Gʻalaba darbozasining tagida toʻxtab, chiroqlarning ikki tomonlama muvoziy zanjiri oʻrtasidan Parijga tomon yoʻnalgan uzun va ulugʻvor shohkoʻchani hamda shundoqqina boshim ustidagi samo yoritqichlarini tomosha qila boshladim. Eh, hududsiz fazoga tavakkal sochib yuborilgan va u yerda jimjimador naqshlar hosil qilgan bu samo mashʻalalari bizni taxayyyul va orzu-istaklar olamining qaysi puchmoqlariga yetaklamaydi deysiz?!
Men Bulon oʻrmoniga kirdim va u yerda uzoq-uzoq qolib ketdim! Dafʻatan tanamga gʻalati bir titroq yugurdi, kuchli tugʻen toʻlqin singari butun borligʻimni qoplab oldi, cheksiz hayajon va sururdan shaytonlab qolay dedim.
Men yana uzoq sangʻidim, judayam uzoq. Keyin esa orqaga qaytdim.
Gʻalaba darbozasi ostida qayta paydo boʻlganimda qay mahal edi? Bilmayman. Butun shahar qotib uxlar, ogʻir va sim-siyoh bulutlar sekin-asta osmonni bosib kelar edi.
Dafʻatan nimadir gʻalati, favqultabiiy bir hodisa roʻy berajagini his etdim salqin kuchayib, havo quyuqlashganday, tun, ha, men uchun bagʻoyat sevimli boʻlgan shu tun yuragimni siqib, oʻz ogʻirligi bilan bosib kelayotganday boʻldi.
Endi shohkoʻcha butunlay boʻshab qolgan. Yolgʻiz ikki mirshab faytonlar toʻxtash joyida u yoqdan-bu yoqqa borib-kelishardi. Deganday, yana koʻchaning piltalari zoʻrgʻa lipillab turgan gazchiroqlar bilan yoritilgan qatnov qismida sabzavot yuklangan aravalar turnaqator boʻlib Markaziy bozor sari yoʻnalgan edi. Qorogʻulikka deyarli singib ketgan aravakashlar mudrashadi, otlar bir-birining ortidan bir maromda yoʻrtib borishadi, hatto yogʻoch koʻprikda ham tuyoqlarning taqillashi eshitilmaydi. Koʻcha chiroqlari shuʻlasida sabzilar qizil, sholgʻom — oq, karam — yashil rangda yiltillab koʻrinadi; bu qizil shunchaki qizil emas xuddi olov, oqini xuddi kumush, yashilini naq zumrad deysiz! Aravalar birin-sirin oʻtib borishardi. Birmuncha vaqt ularning ortidan tushib oldim, keyin esa Qirol koʻchasiga burildim va yana xiyobonga kelib qoldim. Endi na sershovqin olomondan, na yarqillagan qahvaxonalardan nomu nishon yoʻq, yolgʻiz uyiga sari shoshilgan bir necha kechikkan yoʻlovchilargina koʻrinib qoladi. Parijni hech qachon hozirgiday huvillagan, kimsasiz koʻrgan emas edim. Soatimga qaradim: tungi ikki.
Gʻayritabiiy bir kuch meni nuqilaydi, yana izgʻishga undaydi. Bastiliya maydoniga bordim. Shu yerda dafʻatan bu qadar sim-siyoh tunni boshqa hech qachon koʻrmaganligimni anglab qoldim, negaki qorongʻining zoʻridan hatto Iyul kolonnasini ham ilgʻab boʻlmas, uning oltin qubbalari ham quyuq zulmatda koʻzdan gʻoyib boʻlgan edi. Osilib turgan mahobatli va zich bulutlar qatlami yulduzlarni yutib yuborgani yetmaganday, uni ham komiga tortish uchun yerga tushgan kabi edi.
Men izimga qaytdim. Atrofimda endi jon asari yoʻq. Shunday boʻlsa-da, Shato dʻO maydonida qandaydir alkashga urilib ketay dedim, keyin u ham koʻzdan yoʻqoldi; birmuncha vaqt uning alpang-talpang qadam tovushlari baralla eshitilib turdi. Yana olgʻa ketdim. Monmartrdan Sena daryosiga qarab fayton ketib borardi. Kucherni chaqirdim, ammo hech qanday javob boʻlmadi. Druo koʻchasi kunjagida allambalo bir ayol daydib yuribdi.
— Janob, xudo xayringizni bersin…
Men uning uzatilgan qoʻllarini sezmaganga olib qadamimni tezlatdim. Mana, yana hech kim yoʻq. “Vodevil teatri” oldida eskifurush oqava zovurini titkilab yuribdi — qoʻlchirogʻi naq yer ustida tebranadi.
— Soat nechchi boʻlganikin, qadrdon? — soʻradim undan.
U esa poʻngʻillab berdi:
— Men qayerdan bilay?! Soatim boʻlmasa…
Aynan shu paytda birdan gazchiroqlarning ortiq yonmay qoʻyganini sezib qoldim. Bilaman: yilning bu paytida tejash maqsadida ancha barvaqtroq hali gʻira-shiradayoq gazchiroqlarni oʻchirib qoʻyishadi; ammo-lekin quyoshning chiqishigacha hali olamzamon vaqt bor, olamzamon!
“Markaziy bozorga boray-chi, oʻyladim men, hech boʻlmasa oʻsha yerda biror hayot nishonasi bordir, axir?!”
Yana yoʻlga tushdim, biroq endi qaysi yoʻldan yurish kerakligini tafriqa eta bilmasdim. Xuddi oʻrmonda ketayotganday tanish koʻchalarni tusmollab ketaberdim.
“Lion krediti” binosi oldida menga it tashlanib qoldi. Grammon koʻchasiga qayrildim, ammo yana tezda adashib qoldim, toki Birjani temir panjaralaridan tanib qolmagunimcha shu taxlit adashib yuraberdim. Butun Parij uyquga choʻmgan, qandaydir chuqur va vahim bir uyquga choʻmgan. Toʻsatdan uzoqdan faytonning taraqlashi eshitilib qoldi, bu halizamon yonginamdan oʻtib keggan faytonning oʻzginasi boʻlsa ehtimol. Uni quvib yetish maqsadida boʻm-boʻsh va sim-siyoh zimiston koʻchalardagi taraqlashga ergashib ketaberdim, ha, xuddi oʻlim singari zimiston koʻchalarda.
Lekin yana adashib qoldim. Hozir qayerdaman? Shuncha barvaqtdan gazchiroqlarni oʻchirib qoʻyish qanaqa bemaʻnilik oʻzi? Na oʻtkinchilar, na kechikkan ishratparastlar, na uysiz daydilar biror kimsa yoʻq. Hatto mov boʻlgan mushuklarning xumor-xumor miyovlashlari ham eshitilmaydi.
Mirshablar qayoqqa yoʻqolishdi? “Dod solaman, shunda yugurib kelishadi”, dedim oʻzimga oʻzim. Ovoz berdim, biroq tirik jonning sasi chiqmadi.
Kattiqroq baqirdim. Mening juda zaif, boʻgʻiq ovozim hatto aks-sado bermay yutilib ketdi — u goʻyo tun, ha, aynan ana shu zim-ziyo tun tomonidan yanchib, yakson etib tashlangan edi.
Men endi barala dod soldim:
— Yordam beringlar! Yordam beringla-ar! Yorda-a-am!
Mening noumid qichqirigʻim javobsiz qoldi. Har holda soat nechchi boʻldiykin? Men soatimni chiqardim, ammo gugurt yoʻq. Uvoqqina mexanizmning zaif chiqillashiga tasavvur etib boʻlmas alomat bir quvonch bilan quloq tutdim: ishlayapti! Har qalay men yolgʻiz emas ekanim. Aql bovar qilmaydi!.. Yana ketaverdim, xuddi koʻr odam singari devorlarni aso bilan paypaslab ketaverdim. Alal-oqibat kun yorisha boshlarmikan, degan umidda dam-dam osmonga qarab qoʻyaman, ammo boshim ustidagi cheki yoʻq fazo qop-qorongʻi, mutlaqo zimiston, shahardan koʻra zimistonroq edi.
Har qalay soat nechchi boʻlsa ekan? Menga juda uzoq adashib yurganimday tuyulyapti, negaki oyoqlarim chalishib, harsillayman, ustiga-ustak oʻlarday och qoldim. Men aniq qarorga keldim va birinchi duch kelgan eshikning mis halqasini tortdim, eshik qoʻngʻirogʻi uy ichida baralla jaranglay boshladi. Bu jaranglash juda gʻalati goʻyoki uyda shundan boshqa tovush yoʻqdek.
Men kutib turaverdim, na biror tirik jon sas beradi, na birov eshikni ochadi. Koʻngʻiroqni yana bir marta urdim, kutdim yana hech gap yoʻq.
Meni qoʻrquv chulgʻab oldi! Qoʻshni uyga sari otildim va qoʻngʻiroqni eshikbon uxlaydigan qorongʻi dahlizga ham qattiq eshitiladigan qilib ustma-ust yigirma martacha urdim. Nima qilayki, eshikbon ham uygʻonmadi men yana zoʻr-bazoʻr oldinga intildim: butun kuchim bilan eshik dastaklarini, qoʻngʻiroq halqalarini siltalayman, dam aso bilan, dam mushtim, dam oyoqlarim bilan eshiklarni uraman, harchand qilmay ular toʻrsayib zich tambalanganicha qolaverdi.
Dafʻatan Markaziy bozorda ekanligimni bilib qoldim. Bozor boʻm-boʻsh edi na biror-bir sas, na bir harakat sharpasi, na birorta arava, na bir inson zoti, na sabzavotlar gʻarami, na gul dastalari — hammasini xuddiki yer oʻz komiga tortganday! Bozor butunlay huvillagan, harakatsiz, tashlandiq va oʻlik edi.
Meni rasmanasiga vahima bosdi. Nima boʻlyapti oʻzi? Ey xudoyim, nima boʻlyapti oʻzi?!
Yana olgʻa yurdim. Soat nechchi boʻldi? Nechchi? Kim aytadi, soat nechchi? Butxonalar qoʻngʻiroqxonasidagi soatlar ham, binolardagi soatlar ham mum tishlaganday jim. “Soatimning shisha qopqogʻini sindiraman-da, millarini barmoqlarim bilan paypaslab vaqtni bilib olaman”. Shunday xayol bilan soatimni chiqardim… yoʻq, u ham ortiq chiqillamay qoʻygandi… soatim toʻxtab qolgandi. Na shaharda, na havoda hech narsa, ortiq hech narsa qilt etmaydi: na bir shitirlash, na yilt etgan nur, na bir shabada! Hech narsa! Ortiq hech narsa! Hatto tobora uzoqlashib borayotgan faytonning zaif taraqlashi ham eshitilmaydi, hech narsa!
Endi men qirgʻoqda turardim, daryodan muzday shabada esmoqda.
A Sena-chi? U haliyam oqyaptimikan?
Shuni bilgim keldi, timirskilanib zinani topdim, quyiladim…
Hatto suvning koʻprik ostidagi guvillashi ham eshitilmaydi… Yana pillapoyalar… keyin qumloq… balki suvdir… Suvga qoʻlimni tiqdim… U hali oqayotir… oqayotir… sovuq… sovuq… sovuq… qariyb muzday… hatto butunlay toʻxtab qolganday… oh, deyarli ado boʻlganday.
Birdan aniq-taniq anglab yetdimki, endi hech qachon yuqoriga koʻtarilish uchun oʻzimda kuch topolmayman… shu yerda shundaycha oʻlib ketaman… oʻlib ketaman ochlikdan, holsizlikdan, sovuqdan.
Ruschadan Nodira Afoqova tarjimasi