..

Isajon Sulton. Askar

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

…Harbiy uchoqlar tinmay uchib-qoʻnar edilar. Bepoyon uchish maydoni qurollangan askarlaru uchoqlarga toʻla edi. Buyruqlar betinim eshitilib turar, qoʻmondonlik turli vazifalarga moʻljallangan boʻlinmalarni tartibi bilan jangovar vazifaga yoʻllamoqda edi.

Bizlar uchish maydonchasining bir chetida oʻz buyrugʻimizni kutib turardik.

Bugun tong saharda tinch va osoyishta qarorgohimizda xavf burgʻulari yangrab ketdi. Birdaniga yoppasiga jangovar safarbarlik boshlandi. Oʻrganib ketilgan harakatlar bilan aslaha va qurollarimizni olib safga tizildik. Guras-guras askarlar jangga joʻnamoqda edilar. Qaysi bir hududga dushman kirib kelgan, yurtimizning qay bir istehkomlarini egallab ulgurgan boʻlsa kerak. Havo tobora isib borardi. Harbiy mashinalar uchish maydonining bir chetiga yaradorlarni tashib kelmoqda edilar. Ularni zudlik bilan gospitalga olib ketishar, qator tizilgan boshqa askarlar esa uchoqlarga chopa-chopa chiqib borishar, uchoq oʻsha zahoti parvoz qilar edi.

Vujudimizda mudrab yotgan jang sururi uygʻonib ketgan, hammamiz hayajonda edik.

“Vatan xavf ostida!” deb qichqirar edi karnaylar.

Jangga yuborilayotganlar turli-tuman va sanoqsiz. Qarorgohning pastki tomondan oqish tusda niqoblangan boshqa askarlar ham chopib kelmoqda edilar. Gʻala-gʻovur ichida taxminim tasdiqlandi: gʻorat qiluvchi dushman haqiqatan ham mamlakatning qaysidir bir hududiga yashirincha kirib kelib, pistirma qurib tevarakka yoyilibdi, turli yoʻllardan tarqalib, hatto baʼzi muhim manzillargacha egallashga ulguribdi. Shu bois jang juda tez boshlanib ketibdi, haroratning tobora ortishining sababi shu ekan. Zahiradagi askarlar ham toʻp-toʻp chiqib kelmoqda edilar. Barcha zahiralar ishga solingan, oziq-ovqat, dori-darmon ortilgan karvonlar ham uzun-qisqa boʻlishib shosha-pisha joʻnab ketishardi. Tevarakdagi karnaylardan markazning buyruqlari ketma-ket yangrab turardi:

“Himoya qismlari shaylansin!”

“Ilgʻor jangchilar chap maydonga toʻplansin!”

“Ogʻir jangovar qismlar — oʻrtaga!”

“Yordamchi qismlar, oʻngdan saflaning, har bir boʻlinma alohida tizilsin!”

“Kichik oʻrab olish dastalari, uchoqlarga chiqilsin! Uchoqlar uchta-uchtadan, birin-ketin parvoz qilsin!”

Issiq, haddan tashqari issiq edi. Men ham ust-boshim jiqqa hoʻl, bu qiyomatda qiynala-qiynala, oʻz safimga qoʻshildim.

Bizning boʻlinmaning rangu tusi oq edi. Barchamizning peshanamizga oq peshanabogʻlar bogʻlangan. Umuman, barcha boʻlinmalarning oʻz tanuv ishoratlari bor. Bu bejizga emas: jang boʻlayotgan hududlarda xavfsizlik boʻlinmalari yoppasiga qirgʻin qurollarini ishga solishlari mumkin, toʻs-toʻpolon ichida bir-birimizni tanib olishimiz uchun kerak bunday ishoratlar.

Yoʻllar ham har xil. Qirmizi yoʻllardayu oqish suv yoʻllarida, ingichka aloqa yoʻllarida – bari-barida betinim harakat sodir boʻlar, gʻalayon kezar edi havoda.

Ilgʻor boʻlinmalarning oxiri koʻrinmas edi. Himoya boʻlinmalari, tezkor harakatlanuvchi maxsus dastalar oʻz qarorgohlaridan shoshib chiqib kelib, oʻsha zahoti jangga joʻnab ketar edilar. Bari baquvvat, yosh, kuch-quvvatga toʻla navqiron jangchilar! Qirmizi tusdagilari boyagina tilga olingan oʻrab olish boʻlinmalari edi. Bular dushman askarlarini oʻrab olib, mahv etadigan eng jangovar va qoʻrqmas askarlar edilar. Mana shular eng oldinda, har tomondagi uchoqlar shularni olib uchib ketmoqda edi.

Tevarakda ochiq hududlarda dushmanning turlari ham koʻp boʻlib, bizlarga xavf eʼlon qilingani hamono tahlil boʻlinmalariga yetib kelgan xabarlar Oliy boshqarish markazining tahlil boʻlinmalarida aniqlanib boʻlingan, dushmanning qurol-aslahalari, harakatlanish tezligiyu gʻorat qilish kuchi aniqlangan, hozir askarlar oʻsha tahlil natijalariga koʻra qurollangan edilar.

…Kechagina tevaragimizda bir xildagi osoyishta hayot yashnamoqda edi. Birdaniga hammayoqning toʻs-toʻpoloni chiqib ketganiga nima deysiz? Dushman, dushman! Har tarafni xarobaga aylantirib bosqin qilishdan murodi ne, tushunolmas edim. Axir, tevaragimizdagi hamma narsa farovonlikni taʼminlashga qaratilgan edi-ku? Oziq-ovqat fabrikalari bir xilda ishlamoqda, harorat moʻtadil, tevarak osoyishta, suvlar bir xilda oqardi. Bunday favqulodda vaziyatlarda hamma kuchlar yovni bartaraf qilishga qaratiladi, fabrikalar bor quvvati bilan jang uchun kerakli yarogʻ-aslahalarni ishlab chiqara boshlaydi, yoʻllar harbiy maqsadlarga xizmat qiladi, kechagina butun hududlarga bir xilda oziq-ovqat yetkazib berib turgan tizim tamomila oʻzgarib ketadi. Bu safar ham shu holat yuz bergan edi. Bizdan boshqa sohalarda mehnat qilayotganlar ham tashvishga tushishgandir? Albatta, hududimizga dushman kirib kelgani haqida ularga ham xabar berilgan. Yovlar kamdan-kam toʻgʻridan-toʻgʻri hujum qiladi, tutumi allaqachondan beri maʼlum. Biror joyga sezdirmay kirib oladi-da, xufyona kuch toʻplab, soʻng birdaniga hujumga oʻtadi. Balki birdaniga emasdir? Himoya tizimlarimiz dushmanni fosh qilganlaridan soʻng barcha tizimlarning ishi oʻzgarib ketgach, shunaqa toʻs-toʻpolon boshlanar? Lekin nima qilganda ham barcha quvvatlar dushmanni bartaraf qilishga qaratilgani aniq.

Shu tariqa uchish-qoʻnish maydonining chetida turar edik. Dasta-dasta saflangan askarlarning bari jangga tayyor, dushmanni tanib olish aslahalari shay, ishoratlari allaqachon maʼlum. Ha, dushmanni tanib olish juda muhim masala, himoya tizimimiz uning minglab koʻrinishlarini va shakllarini biladi, alomatlaridanoq tanib olib, oʻsha zahoti markazga xabar beradi. Markazning birgina buyrugʻi bilan hamma narsa oʻzgarib ketadi.

Hozir ham hamma narsa oʻzgargan.

Avvallari ham bunday hujumlar goh-goh yuz berib turar edi. Koʻpincha toʻrt-besh kun ichida xavfli hudud dushmandan tozalanar, jang boʻlib oʻtgan yerlar qayta tiklanar, tizimlar asta-sekin oʻziga kela boshlardi. Yov baʼzan kirish yoʻllariga joylashib olar, baʼzan taʼminot tizimini ishdan chiqarishga urinar, baʼzan aloqa-kommunikatsiya tizimini daf qilardi. Baʼzan esa jiddiyroq tahlikalar ham uchrab turardi. Hammasida ham gʻolib kelar edik.

Hozir ham shunday. Askarlar, yanada jipsroq saflaning! Kuch-quvvatingizni yigʻing, diqqatingizni jamlang, boshingizni adl koʻtaring!

Vatan uchun! Vatan uchun olgʻa!

Bu vatan shu qadar bepoyon, shu qadar ulkanki, hududlari qayerdan boshlanib, qayerda tugashini bilish qiyin. Turli-tuman yoʻllar qaylargadir olib boradi. U yoqlarda yana sonsiz-sanoqsiz vodiylar, togʻu adirlar bor. Oʻsha oralarda ham kimlardir, bizlar kabi fuqarolar mehnat qiladilar. Barchaning mehnati shu vatanning osoyishtaligi va musaffoligiga yoʻnaltirilgan. Ilmu fanning, texnologiyaning barcha yutuqlari shu maqsad uchun xizmat qiladi. Barcha tizimlar oʻz-oʻzidan ishga tushadigan qilib tartiblangan. Dushman hujum qilmasidan avval bu tizimlar farah uchun ishlayotgan edi. Minglab transport tizimi kerakli joylarga kerakli maʼdanlarni tashir, sanoqsiz fabrikalarda turli-tuman oziqlar qayta ishlanar, suvlar sharqirab oqar, atrof tinch edi. Endi hamma yoq oʻzgarib ketdi.

Olgʻa! Muqaddas Vatan uchun olgʻa!

Nihoyat, bizlar ham tikuchar uchoqlarda jang maydoni tomon parvoz qilamiz. Hammayoqda toʻs-toʻpolon, askarlarimiz qora tusdagi vahshiy mahluqlarni eslatuvchi dushmanni oʻrab olmoqda. Dushman askari quvvatli, unga bir askarning kuchi yetmaydi. Har biriga kamida olti askarimiz bas kela oladi, halok boʻlishi qiyin ularning. Ortimizdan yana son-sanoqsiz askarlarimiz yetib kelishmoqda. Yov ham sonsiz-sanoqsiz, oxiri koʻrinmasdan oʻzlarining qoramtir istehkomlaridan chiqib kelyapti… Oʻrnashib olgan yerlarida harorat yanada qaynoq, bu yerda tizimlar buzilgan, faqat xabar yetkazish tizimlari chala-yarim ishlab turibdi.

Vatan xavf ostida!

Olgʻa! Olgʻa!

Yordamchi qismlar bizdan ham tez ishlashmoqda, soʻqishda halok boʻlgan yoki oyoq-qoʻllari uzilib ketgan askarlarimizni zudlik bilan jang maydonidan olib chiqib ketishmoqda. Oʻrniga oʻsha zahoti yangilari kirib kelayotirlar. Bu – biz tanimaydigan dushman, qurollarimiz ish bermayotganini koʻrib turibmiz. Shunday boʻlsa ham askarlar mardonavor jangga tashlanishmoqda. Yovni mahv etish hozircha imkonsizmi? Lekin, Markaz betinim ishlayotganiga shubha yoʻq. Ana, koʻrinmas niqob ostida maxfiy xizmat askarlari bitta dushman askarini tirik olib ketishyapti. Sal oʻtmay uni soʻroq qiladilar, olingan yangi maʼlumotlar tahlil markaziga yuboriladi, unga qanday qurollarning taʼsir qila olishi oʻrganiladi. Bu orada biz dushmanni boshqa hududlarga oʻtkazmay turolsak bas.

Harorat yanada ortadi. Bu yov haroratga chidamsiz, issiqda yetarlicha shiddat bilan harakatlana olmayapti. Yangidan-yangi istehkomlar qurilmoqda. Uchoqlar birin-ketin kelib-ketayotir. Yoʻllar olib ketilayotgan yaradorlarga va ketma-ket yetib kelayotgan yangi safarbar etilgan askarlarga toʻla.

Bu Vatan shunchalar muqaddaski, hammamiz halok boʻlib ketsak ham u qolaveradi. Biz hech kimmiz, Vatan har narsadir. U shunchalar ulugʻ va muhimki, oldida xascha ham emasmiz. Biz kabi minglab askarlar hozir jangovar vazifaga yuborilyapti, yana millionlab ishchilar turli joylarda turli vazifalarni bajarmoqdalar. Shu qadar muqaddaski, u tufayli mana shu jangga kirayotganimizdan baxtiyormiz. Bizda ota-ona, farzand yoʻq, vazifamiz Vatanni himoyalash. Chunki uning gʻoyatda muhim bir ahamiyati bor, u ahamiyatni anglab yetishga biz ojizmiz.

Lekin bugungi safarbarlik nega oʻzgacha?

Jangga ketgan askarlarning koʻpi qaytmas, qaytganlari qoʻrqinchli alfozda oyoq-qoʻllari uzilib ketgan, baʼzilari erib ketgan holda olib kelinmoqda edi. Har taraf titrar, tevarakning rangi oʻzgarar, tashqaridan juda kuchli bombalar tashlangan edi. Uni kim bu hududga yoʻllayotganini bilmasdik, ammo goho qoʻllaniladigan favqulodda usul edi bu. Juda kuchli gʻorat kuchiga ega, ishlatilganida maʼlum hududlardagi tirik jon borki, barchasini yoppasiga halok qiluvchi qurol ishlatildimi? Qator tizilib turgan saflar ham vayron boʻlib ketmoqda-ku? Koʻrib turgan manzaralarimiz toʻzonga aylandi, istehkomlaru qurilmalar tub-tubidan vayron boʻldi. Jang tugaganidan soʻng ularni tiklash uchun ancha vaqt kerak boʻlishi tayin, albatta. Koʻz ilgʻamas tomonlardan hanuz askarlar kelmoqdalar. Boshqa tomondan tiklovchi boʻlinmalar ham yetib kelishdi, yoʻllar taʼmirlanib, koʻpriklar qaytadan qurila boshlandi. Bu yerdagi dushmandan gʻolib keldik, narida, ichkarida dushmanning boshqa qarorgohlari bor. Olgʻa, olgʻa! Vatan muqaddasdir, olgʻa!

Biz bu vatandan tashqarida mavjud boʻla olmaymiz. Undan ayri tusholmaymiz ham!

Bu vatan benihoya yuksak yana bir vazifani ado etmoqda. Faqatgina boshpanamiz boʻlgani uchun emas, bagʻrida yaralganimiz uchun emas, ana shu vazifaning qadri qimmati gʻoyat ulkanligi tufayli u biz uchun muqaddasdir. Butun mana shu harakatlar, besanoq xizmatchilaru jangchilar, daryolar, yoʻllar, togʻlar, irmoqlar oʻsha benihoya ulugʻ vazifa uchundir. U vazifaning ahamiyati yanada ulugʻ, yanada mukarramdir. U shu daraja ulugʻki, unga xizmat qilsakkina qadru qiymat darajalari sari yuksala olamiz. Unga xizmatimiz bois ham qadrlimiz!

Har birimiz bir mahsul berganimiz holda, vatan yanada ulugʻroq bir mahsul bera olgani uchun ham shundaydir. Bu yerda xizmatdan ogʻish yoʻq, hamma oʻz vazifasini aniq biladi, aniq bajaradi. Biz bu vazifani osmonga va togʻlarga roʻpara qildik, ular bu ogʻir yukni koʻtara olmasliklarini bildirdilar, insongina yelkasini tutdi degan gap u haqda aytilgandir. Gʻoyat ulkan u yumushning nima ekanini toʻla anglayolmaymiz, bizning vazifamiz unga boʻysunish va mana u vatanning obodligi uchun fido boʻlishdan iborat.

…Jangga ketgan askarlar qaytib kelmoqdalar. Nega xavf burgʻulari betinim chalinmoqda? Nega tevarak oʻz-oʻzidan gʻorat boʻlib ketmoqda?

Ajabo, bu gal biz bilmaydigan, bemisl qudratga ega oʻzga bir dushman kirib keldimi? Ana, maxsus boʻlinmalar chiqib kelayotirlar. Ularning kiyimlari tamomila boshqa, oʻzlarini ham, qurollarini ham endigina koʻrib turibmiz. Askarlarimizning tezkorligi susaymoqda. Harorat esa halokatli ravishda oshmoqda. Nimalar roʻy beryapti oʻzi?

Koʻz oʻngimda istehkomlar oʻz-oʻzidan vayron boʻlib ketmoqda. Yoʻllar oʻz-oʻzidan buzilmoqda. Sanoqsiz askar nima qilarini bilmay jim, hayron boqmoqda. Karnay ovozlari susaymoqda. Nima roʻy beryapti?

Suvlar qota boshladi. Bu gʻalati manzara. Bu yerda suvlar qurimaydi, balki quyuqlashib-qotadi. Osmon bosib kelayotir. Yer junbishga kelib, titramoqda. Yana sal oʻtgach, suvlar va unda suzib ketayotganlar hammasi juda quyuqlashib ketdi. Chetlari qotib qattiqlasha boradi. Yorugʻlik kamaya boshladi. Hanuz maxsus boʻlinmalar ichkaridan chiqib kelmoqdalar, lekin endi ularni yoʻllaydigan ovozlar eshitilmayapti. Maxsus boʻlinmalar chiqib kelgan joylaridayoq halok boʻlib ketmoqdalar.

Istehkomlar oʻz-oʻzidan buzilib vayron boʻlmoqda. Osmon tobora pasayib, yer yuzini bosib kelmoqda. Nima roʻy beryapti, nima? Yoʻllar yorilib-yorilib ketmoqda. Qurilmalar, inshootlar, fabrikalar vayron boʻlmoqda. Juda qattiq silkinishlar roʻy berayotir. Men maydoncha chetidagi bir yoriqqa tirmashib jon saqlayman. Balki, qiyomat qoyimdir bu? Daryolar oʻzanlaridan otilib chiqib ketmoqda, togʻlar oʻrnilaridan siljimoqda. Yoʻq, bu dushmanning ishi emas. Dushmanning gʻorat qiluvchi kuchi bu qadar emas edi. Bu yerda yana bir nimadir, juda haybatli nimadir roʻy berayotir. Ana, dushman ham sarosimada, nima qilarini bilmay alanglab, turgan joyida halok boʻlib ketyapti! Koʻzga koʻrinmas benihoya bir qudrat hamma narsani buzib, gʻorat qilib yubormoqda. Qaylardadir, yam-yashil maydonlarda chopqillab oʻynab yurgan kichkina qizaloqlaru bolakaylar ham halok boʻlmoqdalar. Toʻsatdan hamma joyda birdaniga yongʻin boshlandi. Oʻz-oʻzidan olov olib ketmoqda hamma narsa.

Vatan muqaddas-ku? Usiz biz ham halok boʻlamiz-ku? Bu qoʻrqinchli talotoʻpda bir mengina yoki men kabilar vayron boʻlsak mayli edi, lekin tevarakda neki bor, hammasi badar ketmoqda-ku?

Ey Vatan, deb qichqiraman tobora pasayib kelayotgan osmonga boqib. Yoʻq, sen muqaddassan! Sening gʻorat boʻlishing hecham mumkin emas! Osmoningga, yoʻllaringga, dalalaringga, suvlaringga, azizligingga jonim qurbon boʻlsin, Vatanim! Men kabilar sening bu muqaddas borliqlaringda sonsizu sanoqsiz! Sening turli-tuman oʻzimiz ham bilmaydigan hududlaringda bino boʻldik, bino boʻlishimizning sababi ham sensan. Sen boʻlmasayding, biz boʻlmas edik. Sen boʻlmasayding, bizlarga ehtiyoj ham boʻlmas edi. Sening bagʻringdagina mavjud boʻla olamiz xolos, hududingdan chetga chiqqan zahotimiz halok boʻlishimiz turgan gap. Bizlar son-sanoqsizmiz, ammo sen yagonasan. Bugunga qadar biz kabi sanoqsiz vujudlar bagʻringda paydo boʻlib, xizmatlarini bajarib, yoʻqlik olamlariga joʻnab ketdilar. Sen eng mukammalsan, ey Vatan! Sen eng barkamolsan, ey Vatan! Sen boʻlmasayding, butun bu olam boʻlmas edi. Sen boʻlmasang, hech narsa boʻlmas edi…

* * *

Nihoyat, tevarakda yana nimalardir oʻzgara boshladi. Silkinishlar toʻxtadi, yuzlab ishchilar buzilgan imoratlarni, yoʻllarni, istahkomlarni tiklash uchun chopishdi. Uchoqlar hanuz uchib-qoʻnishda davom etar edilar. Bayroqlarga oʻralgan yarador askarlar shon-sharaf ila eʼzozlanib olib ketila boshlandi. Shu mahalda bir istehkom ortida bekinib turgan bir dushman askariga koʻzim tushdi. U qora peshanabogʻ boylab olgan edi. Oʻng bilagimdagi maxsus tanuv uskunasi ovoz chiqara boshladi, unga qarab, dushman identifikatsiya qilingani angladim. Demak, nihoyat, dushmanning kimligi aniqlanibdi. Yov askarining qoʻlidan quroli tushib ketgan, istehkom devoriga majolsiz suyanib oʻtirib qolgan edi.

Oʻzim ham qattiq holdan toygan edim, ammo vujudimda yangi bir quvvat paydo boʻldi.

— Qara, koʻryapsanmi nimalar qilganingni? – deb soʻradim undan. – Sen tahdid solmasingdan oldin mana shu oʻtloqlarda bolalar oʻynab yurishgan edi. Osmon top-toza, hammayoq tinch, osuda va farogʻatli edi. Tevarakning naqadar buzilib ketganini idrok qilyapsanmi? Nima uchun tahdid qilding?

— Bilmadim, – dedi u, tobora tussizlanib-soʻnib borarkan. – Men faqat oʻzimning hayotim uchun kurashdim.

— Sen bu hududlarning qanchalar muqaddas ekanini bilmasmiding? – dedim unga. – Nafaqat men, shu makonda bittagina askar qolsa, u ham soʻnggi nafasigacha senga qarshi turishini bilmasmiding? Sen ham, men ham shu hududda bejiz yaralmadik.

— Yoʻq, men bundan bexabarman, – dedi u. – Aytayotgan gaplaringga ham tushunmayapman. Bizga urchib-koʻpayishimiz uchun qulay, osuda bir makon kerak edi. Mening ham, menga oʻxshagan qavmlarning ham qilar ishimiz shu.

— Chunki, sening Vataning yoʻq! – dedim unga. – Shu bois ham sen muqaddaslik degan narsalardan bexabarsan. Mening Vatanim benihoya ulugʻ bir maqsad tufayli yaratilgan. U maqsad shu qadar ulugʻki, uning oldida na sening ahamiyating bor, na mening. Biroq, aynan mana shu muhoraba bois men endi sen tasavvur qilolmaydigan yuksak darajalarga koʻtarilaman, sen esa, buzgʻun va gʻorat qilganing uchun ham shu holingda shu tuproqlariga qoʻshilib ketasan va zarralaring erta-bir kun oʻt-oʻlan bagʻrida joʻshib, gul ochasan, meva boʻlib gullaysan yoki toʻzon boʻlib havoda uchib yurasan. Bilib qoʻy, tirikligingdagi barcha xatti-harakatlaringu hatto halokating bilan ham Vatanimning muqaddasligi haqqi-hurmati, yana shu Vatanga xizmat qilasan!

“… Ha, bir kun kelib olamda hech narsa qolmaydi. Quyoshlar, yulduzlar, oylar hammasi tamomila yoʻq boʻlib ketadi. Jumladan, bizning Vatanimiz ham Tangri taoloning irodasi tufayli butun olamga qoʻshilib batahqiq yoʻqlikka yuz tutadi. Ana oʻshanda, bugun Vatanda erishgan darajalarimizdan ham farqliroq bir muhokama taxti quriladi. Ana oʻshanda, bizning butun bu xizmatlarimiz, fidokorliklarimiz yana qiymat kasb etadi. Bugun Vatan uchun deb jonimizni fido aylagan boʻlsak, u erishtiradigan qadru qiymatga sen hech qachon erisha olmaysan! Sening yaratilishing avvalboshdan yanglish edi, shu bois ham albatta halokatga mahkumsan!”

Shu mahal u soʻnggi kuchlarini yigʻib ustimga tashlandi. Oʻtkir quroli sovutimni yirtib oʻtib, tanimni kuydirdi. Bir lahza, atigi bir lahzalik imkon ichra hech ikkilanmasdan uni halok qildim.

Oʻrnimdan turganimda gʻalaba burgʻulari chalinmoqda, mening esa tobora sillam qurib borar edi.

Jangda gʻolib chiqqanimizning sururi va qahramonlik zavqu shavqi ichra joʻshib ketganimdan, yaralarimga ham qaramay qichqirgim kelar edi.

“Ey Vatan, tuproqlaringga koʻm meni!” — degim kelardi.

“Hatto halok boʻlgan onimda ham faqat sening tuproqlaringda yotay, Vatanim!

Ustimda faqat sening qushlaring uchsinlar! Men oʻralgan bayrogʻingni faqat sening shabadalaring siypalab hilpiratsinlar. Halok boʻlib ketgan men kabi sonsiz-sanoqsiz oddiy, ismsiz askarlarning haqqi hurmati, sen doimo bor boʻlgin, Vatan.

Chunki, sen muqaddassan. Biz anglab ham yetolmaganimiz juda yuksaklarda aziz va mukarram boʻlgansan. Shu bois ham biz yaratilganmiz. Misli koʻrilmagan hududlaringda men kabi yana tuman-tuman askarlar yetishib chiqmoqdalar. Ular ham seni muqaddas deb biladilar va kamoling uchun hech ikkilanmay jon fido qiladilar. Bir kun, albatta keladigan ulugʻ bir kunda bizning bu fidokorliklarimiz senga boʻlgan ishonchimiz bois yana qadru qiymat qozonishiga shubhasiz ishonaman. Ana oʻsha kunda, to sen mavjud ekansan, bagʻringda yuzlab, minglab yumushlarni xaq deya ado etgan, amrlaringga soʻzsiz boʻysungan va obodliging uchun oʻzini fido qilgan men kabi askarlaringni shon-sharafga, adolatga, baxtiyorlikka va bemisl saodatlarga burkashing uchun tuproqlaring uzra qaytadan bosh koʻtarib chiqishimizga ishonchim komil. Ana oʻsha kunda – sen, ey muqaddasim mening! – bizlarni oʻsha darajalarga koʻtarish uchun oyoq ostlarimizga yaslanib poyondoz boʻlasan va bizlarning xizmatlarimiz boisgina qadru qiymat qozonganingni butun olamga maʼlum qilasan.

Bizlar sensiz, sen esa bizlarsiz mavjud boʻla olmasligingni, yosh askarlar qoʻllarida bayroq bilan men tomon chopib kelishayotganini, gʻoyat aziz va xushboʻy tuprogʻing yaralarimning ogʻriqlarini ozaytirib, yuzimga xush yoqayotganini, saldan keyin sen uchun jonini fido qilishga hamisha tayyor boʻlgan eng oddiy bir askaringni bagʻringga olishingni mushtoqlik bilan kutmoqdaman… bir kuni… mana shu xushboʻy va qadrdon tuproqlaringdan maysa kabi yana qaytadan bosh koʻtarib chiqishim uchun, azizim mening!..

* * *

Oʻtloqdagi asalarilarning gʻoʻngʻillab uchishlari aro bitta kapalak kelib yashil chechak bandiga qoʻndi. Hozirgina hikoyasini tugatgan bobo nevarasiga kulimsirab qarab turardi.

— U askar mana shu tarz halok boʻldi, – dedi bobo, uning boshini silab. – Lekin mamlakat dushmandan qutuldi, hamma yoqda sogʻlom hayot barq urdi.

— E, qiziq emas ekan. Bunaqa urushlarni televizorda har kuni koʻraman-ku? – dedi nevara.

— Mening aytganim boshqacha jang, polvonim, – dedi bobo. – U kechagina sening vujudingda sodir boʻldi. Shamollab qolib, endigina tuzalding-a? Navnihol vujudingga kasallik viruslari dushman qiyofasida kirib kelgan edi. Oʻzing sezmaganing holda tanangning himoya tizimlari ishga tushdi, har turli askarlar shu tariqa bino boʻlishib, oʻz mamlakatlarini yovdan qutqarishdi va halok boʻlib ketishdi. Kasallik vaqtida inson vujudida shunaqa jarayonlar sodir boʻladi, bolam.

— Unda, oʻsha askar aytgan mamlakat men ekanman-da, — deb jilmaydi bolakay, kapalakni tutolmay qaytib kelib.

— Qanchalar muqaddas ekaningni bildingmi? – deb jilmaydi bobo. – Yuraqol endi, ichkariga kiraylik, men charchadim.

Nevara esa hassasiga suyanib imillab qadam bosayotgan, ancha qartayib qolgan bobosiga qarab turib, xayoliga toʻsatdan kelgan fikrdan qoʻrqib ketdi-da, uni mahkam quchoqlab oldi.

— Ha, toyim, nima boʻldi?

— Siz ham kasalmisiz, zoʻrgʻa yuryapsiz-ku? – deb soʻradi bolakay, yanada qattiqroq quchoqlab. – Qarang, qoʻllaringiz ham qaltirayapti.

— Eh, bolam, menga boshqacharoq bir kasallik yetib kelganiga ancha boʻlgan, — deb javob qildi bobo. – Uning nimaligini aytganim bilan hozir tushunmaysan. Katta boʻlsang, bilib olarsan…

Shu tariqa, bobo va nevara qoʻl ushlashib ichkariga yoʻnalishdi. Tashqarining shabadasi boboning suyaklarini zirqiratdi. Har holda ichkari ancha iliq, nevara oʻyinlariga alahsiganida yumshoq oʻrindiqqa oʻtirib biroz mizgʻib olsa ham yaxshi boʻlardi…