Isajon Sulton. Olisdagi urushning aks-sadosi
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Bu voqeaga besh-olti yil boʻldi. Aslida, aytishga arzigulik ham emas. Baʻzilar kulimsirab qoʻyishini ham sezayotgandayman. Lekin, xayolimdan ketaqolmaydi-da. Koʻl boʻyi, baqaqurilloq. Tungi samodagi tillarang oy. Suv yoqasida timirskilanib yurgan qora sharpa. Shu xolos.
Shu xolos deyman-u… U manzaralar ortida bahaybat, hayot degan yashnoq tiriklikni soʻldirib, asta-sekin bostirib keladigan gʻalati bir musibat sezilganday boʻlaveradi.
Payqagandirsiz, aytishga ham taraddudlanib turibman.
Bahor mahali elning son-sanoqsiz qishloqlarida, oy havolagan tiniq kechalarda hammayoqni qurbaqa nagʻmasi tutib ketishini bilmaydigan odam boʻlmasa kerak. Ariqlardagi, koʻlmaklaru suv havzalaridagi son-sanoqsiz mitti yaratiqlar nima uchundir oy yogʻdusiga mahliyo boʻlib sayrayverishadi. Zulmat kechalarda esa tek oʻtirishadi.
Bahor. Havoda, tuproqda iliqlik sezilib qolgan, oʻtlar yam-yashil, gullagan butalar kechasiyam oqish boʻlib koʻrinadi.
Qisqasi, toqqa borgan edik. Moʻjaz koʻl oldidagi eski dalahovliga joylashdik. Kichkina uycha, ayvon, chayla, qozon-tovoq… Koʻl jimirlab turibdi. Tegrasidagi maysalar qizil, sariq, yashil, koʻkish gul ochibdi. Borib qarab, hayron qoldim: koʻkishlari chaqirtikan ekan. Hatto shuyam gullabdi! Baʻzilari suvga toʻkilibdi, orasida kichkina yashil baqa tek chayqaladi. Avvaliga bittasini koʻrgan ekanman, saldan keyin qarasam, sal narida yana bittasi, keyin yana, yana…
Erta bahorda bunaqa havzalarda millionlab itbaliqlar urugʻdan chiqadi. Suzib-suzib, mitti yashil baqalarga aylanishadi. Buni bolaligimdan beri bilaman. Hatto yomgʻir koʻlmaklarida ham paydo boʻlib qolishadi.
Doʻstlarimizdan biri kaftini quloqlariga bosib oldi.
– Sukunatdan qulogʻim shangʻillayapti, – dedi jilmayib.
Quloq shangʻillashi bosim oʻzgargani tufayli. Har holda, ancha-muncha balanddamiz. Dengiz sathidan bunchalik yuksaklikda taom pishirib boʻlmaydi, deyishadi. Togʻliklar shu sababli ovqatlarini qaynatib emas, qovurib tayyorlashadi.
Quyosh botib, juda nozik qorongʻilik pardasi tevarakni asta-sekin chulgʻadi. Favqulodda durkun maysalar, daraxtlar qiyofasi shom degan ummonga choʻma bordi. Tizza boʻyi oʻtlar, gurkiragan koʻk gulli tikanlarning shaklu shamoyili muloyimlashdi. Rosa uzoqlarda kichkina uychalarning chiroqlari miltiradi. Yaqinginada esa kattakon qush ovozsiz qanot qoqib oʻtdi.
– Tinchligini qara-ya… – dedi doʻstlarimizdan biri.
Tevarakni ancha kezdik. Daraxtlar orasidan ulkan qizgʻish oy koʻtarildi. Koʻl suvida akslanib, shuʻla yoʻlakchasi hosil qildi. Unda-bunda suv ostidan bosh koʻtargan oʻtlar qoramtir boʻlib koʻrindi. Yogʻdu tevarak ranglarini ham oʻzgartirib, mayin, yumshoq boʻyoqlarga boʻyadi.
Saldan keyin, oymomo yanada havolagani mahal toʻsatdan baqalar xonishi boshlanib ketdi. Avvaliga bir-ikkitasi, keyin qolganlari joʻr boʻlishdi. Tevarak vaqir-vuqir saslarga toʻldi. Chunon sayrashyaptiki, naryogʻi yoʻq.
Atay borib, koʻl yoqasiga qarab keldim. Oʻzi koʻrinmaydi, ammo ovozi quloqni yoradi.
Koʻl qorovuli ozgʻin, yuzi choʻtir-choʻtir, barmoqlari qiyshiq kishi ekan. Togʻ xalqini sodda-samimiy deb oʻrganib qolganmiz. Bu – kamgap, qoshlari oʻsib ketgan, butun turish-turmushi shu bahor manzarasiga mos tushmaydigan kishi, qoʻlida boltasi, bulturgi qurigan shox-shabbalarni butab yurardi.
Agar doʻstlarimizdan biri xato qilmaganida, u voqea roʻy bermas, mening ichimda ham shu achinishu hayiqishlar bino boʻlmasmidi? Afsuski…
– Shularni ovozini oʻchirishni iloji yoʻqmi? – dedi doʻstimiz iljayib, qoʻli bilan koʻlni koʻrsatib.
Qorovul bir koʻlga, bir unga qaradi. Shunda koʻzi sovuq yilt etdi.
Oʻsha yilt etishda ham tevarak manzarasiga mos tushmaydigan bir nima sezildi.
– Bor, – dedi past, boʻgʻiq ovozda. – Nech pul beras?
– Shungayam pul olasizmi?
– Soqqasini bersangiz tinchitaman, – dedi u, ruhsiz. – Ishonavering, to sahargacha birontasining dami chiqmay qoladi.
Bor-yoʻq gapi shu boʻldi.
– Boʻpti, siz aytganday boʻlaqolsin, – dedi doʻstimiz ham.
Qorovul pulni olib, yaxshilab choʻntagiga joylagach, shoshmasdan koʻl boʻyiga joʻnadi.
Oy yanada havoga koʻtarilib, qizgʻishligi bilinmay ketdi, oltinday yaraqladi. Keyin yulduzlar charaqlab, osmonning uzoq-yaqin joylariga tilla changiday sochildi.
Qolgani bir necha daqiqa ichida roʻy berdi.
U kishi bir qancha vaqt sohilni aylanib yurdi. Nimalarnidir chamalayotgani bilinib turardi.
Baqalar nagʻmasi yanada avjiga chiqdi. Yengil shabada esa boshladi. Shunaqangi toʻlib-toshib sayrashardiki! Samodagi oltin oy shuncha joʻshtirarmikin deb hayron edim.
Keyin koʻl boʻyida nimadir roʻy berdi. Haligi kishi egilib, suvdan bir nimani oldi-da, qulochkashlab nariroqqa otib yubordi.
Otilgan narsa hoʻv narida choʻlp etib suvga tushdi. Tevaragida kichkina halqalar hosil qilib, qorayib-qalqib turaverdi.
Shu zahoti koʻl boʻyidagilarining uni oʻchdi. Soʻng, xuddi birov atay qilganday, boshqalarining sasi ham tina boshladi, goʻyo shamol bir esib, ovozini biz turgan joydan boshlab uzoqlarga qadar oʻchirib oʻtayotganday edi.
Chirildoqlar ham bor ekan, vaqillashlar barham topgach, nimagadir chirildoqlar ham jimib ketishdi.
Tevarak tinchib qoldi. Nihoyatda sokin sukunat choʻmdi.
– Iya, gʻalati boʻldi-ku, – dedik bir-birimizga qarab.
U kishi koʻl boʻyida tippa-tik, tosh qotib turardi. Har holda yana sas chiqaradimi-yoʻqmi deb chamalayotgan boʻlishi mumkin.
Anchagina vaqt oʻtgach, bizlar ham yaqinlashib bordik.
– E tavba, nima qildingiz?
U kishi hanuz oʻsha ruhsiz ovozda javob qildi:
– Oy nurida juda joʻshib sayrayotgan bittasi bor ekan. Tutib olib boshidan ezib oʻldirdim-da, qaytib suvga otib yubordim…
Keyin yanada ruhsiz ohangda gʻoʻldiradi:
– Afgʻonistonda… urushda… shunaqa qilardik!
– Qanaqa… qilardingiz?
– Shu… oʻzingiz koʻrdingiz-ku!
Hammamizning nafasimiz ichimizga tushib ketdi.
Tasavvurim u mitti yashil maxluqlarning suv betida oyoq-qoʻlini toʻrt tomonga yoyib, chayqalib turganini jonlantirdi. Juda sayragisi kelsayam, yaqinginadagi oʻlim nafasidan hayiqqani uchun sas chiqarolmasmikin? Kim bilsin…
Aytdim-ku, bahor edi. Tevarak yaralish-yaratilish joʻshqinligi ichida, har tarafda kelajakda meva boʻlib yetiladigan kurtaklar nish urgan, koʻkargan, gul ochgan, hatto yulduzlar ham yangidan tugʻilganday, hamma narsa tozarish pallasida edi. Butun tabiatni zavqu shavqqa toʻldirib yuborgan edi bahor.
– Oʻldirsa oʻldiribdi-da. Bor-yoʻgʻi baqa-ku?
Ha, toʻgʻri. Agar koʻlda emas, koʻlmakda dunyoga kelsaydi, oʻz-oʻzidan halok boʻlib ketardi. Bahorda elning bepoyon kengliklarida bunaqa yaratiqlar son minglab dunyoga keladi. Qanchasi yashab, qanchasi oʻlib ketishi ham nomaʻlum.
Biroq, u voqea menga nima uchun shunaqa qattiq taʻsir qilmoqda? Bolaligimda oʻzim ham nechtasini oʻldirganman-ku? Ninachilarning qanotini yulib olganman, xivchin bilan urib qanchadan-qanchasini jonidan judo qilganman, taʻsirlanmaganman-ku? Taʻsirlanish ne, nima qilganimni oʻylab ham koʻrmaganman.
Endi esa…
Ovqatimiz pishdi. Haqiqatan ham chirildogʻu baqalarning sahargacha dami chiqmadi. Bir nimadan qoʻrqib-hayiqib, tek oʻtirishaverdi. Bizlar ham oʻsha jimjitlik aro yedik-ichdik, koʻl yaratiqlarining tutumidan hayratlanib, uxlagani yotdik…
Tushimga bolaligim kiribdi. Benihoya kuchli porlagan quyosh har tarafni zar bilan oʻragan, oʻzim kabi navqiron daraxtlar orasida chopib yurarmishman. Bobom, enam, otam tirik, menga kulib qarab turisharmish. Shoxdagi koʻm-koʻk xom olmalardan uzib, ularga uzatarmishman…
Qushlar sayrogʻidan uygʻondim. Quyosh chiqib, kunduz olamga yoyilibdi. Hamma yoqni tutib ketgan chugʻurlarga kulimsirab quloq solib yotarkanman, kechagi hodisa esimga tushdi.
“Shularniyam birontasini oʻldirib, daraxtga osib qoʻysa, qolganlari chugʻurlamasmikin?” degan gʻalati oʻy keldi xayolimga.
Choʻmilmoqchi ham boʻldik, lekin havo salqin edi, buning ustiga, oʻlik baqa bor koʻlga tushgimiz kelmadi. Nonushta qilib, yana bir oz aylanib, izimizga qaytaverdik.
* * *
Oradan yil oʻtgach, bolalar togʻu toshga oboring deyishganida, “Xoʻp” dedimu keyin… borgim kelmayotganini payqab qoldim. Oyogʻim hech tortmadi. Togʻda nima bor, dala-dashtga chiqinglar desam, tushunishmaydi. Dala-dasht deyman-u, u yoqda ham Xudoning beozor maxluqlari yashab yurishgani koʻz oldimga keladi. Oʻsha joyda ham biron noxush voqea roʻy bersa-ya, deb oʻylayman.
Xayolimda hali-hanuz oʻsha, sokin jimirlagan suv. Havolab ketgan oy, koʻl yoqasida shamday qotib turgan kishi hamda birgina, bor-yoʻgʻi birgina jinsdoshining oʻldirilganidan qoʻrqib, to sahargacha dami ichiga tushib ketgan beozor maxluqlar.
Haligi kishi oʻsha joylarni shoshilmasdan aylanib yurganga oʻxshaydi.
U qiyofa yana koʻp manzaralarni hosil qiladi. Oʻtgan joyida maysalar quriyotganini koʻrib qolaman. Yashnoq fasl ichra kezgan yovuz sharpa boʻlib tuyuladi. Tuyulishi ne, ruhsiz nigohi-yu qiyshiq barmoqlarigacha aniq-taniq koʻraman.
…Rostdan ham, odamning aytgisi kelmaydigan voqea. Bolalarni hech qayoqqa yuborgim kelmaganining sababi shu. Ha, oʻshanday hodisaga yana duch kelishmasin, barq urgan hayot joʻshqinliklari aro faqat yaxshiliklar ichida ulgʻayishsin, mitti yuraklari nekbinliklar bilan toʻlaqolsin deyman…
Bir otaning istagi yana qanaqa boʻlardi?