Isajon Sulton. Tuman
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Iqbol Mirzoga
Bu voqeaga ancha boʻlgan-da. U sovuqlar oʻtib, yomgʻirlar yerga singib, u qorlar erib, oʻrnida yam-yashil oʻtloqlar koʻkarib chiqqan.
Oʻsha kuni vodiylaru vohalarni quyuq tuman bosgan edi. Sira tarqamas, bulut kabi har yoqni birday enlab olgan, goh quyuqlashib, goh siyraklashib turadigan jonli bir nimaga oʻxshardi.
Tuman hamma yoqni namlab tashlaydi. Sovuqda battar diydiratadi. Tevarak xuddi yomgʻir yoqqanday boʻlib qoladi. Oʻtinlaru yogʻochlarni, qolgan-qutgan shox-shabbalarni, ayvonlarda qolib ketgan toʻshagu sholchalarni ham jiqqa hoʻl qiladi. Bunaqa mahalda chorvani ochiqda qoldirib boʻlmaydi deydilar. Bostirma ostida ham qoldirib boʻlmaydi, chunki tuman – oquvchi bir nima, bostirma ostiga bulutday oqib kiradi, tandir ichidagi kullarini namlaydi, mol-holning oʻpkasini shamollatadi. Shu sabab, bostirmada turgan sigir-qoʻylar ustiga goho eski sholcha yoki yirtiq-sirtiq toʻshak tashlab qoʻyishadi.
Uyda oʻtin tugagan edi. Ona bolalariga:
– Bolalarim, yobonga chiqib oʻtin-choʻp terib kelmasangiz boʻlmaydi, – dedi.
Qishloq dalalari tugagan joydan boshlanib, koʻz yetmas ufqlarga qadar yastanib ketgan dashtni kishilar “yobon” deyishadi. Pastak qayishqoq butalar, har yer-har yerida dov-daraxt yakkam-dukkam oʻsgan u yaydoq hudud turli yovvoyi jondorlarning makoni.
Katta oʻgʻil – boʻyi choʻzilib, ancha esi kirib qolgan barvasta yigit:
– Xoʻp, onajon, darrov toʻplab kelamiz, – dedi.
Ukalariga aytgan edi, ukalar ham biri bolta, biri arqon olib, qalinroq ust-boshlarini kiyib tayyor boʻlishdi.
– Gʻoʻzapoya yoqsak boʻlmaydimi? – deb soʻradi oʻrta boʻyli, koʻzlarida gʻayrati chaqnab turadigan kichkina uka.
Katta aka javob qildi:
– Gʻoʻzapoya darrov oʻchadi, kulini choʻgʻiyam qolmaydi. Eng yaxshisi – tut. Dashtdagi qurigan tutlardan kallaklab kelamiz.
Eng kenjasi, akalari singari shiddatli emas, qoʻy koʻzlari oʻychanroq bolakay esa qoʻlidagi bir burda nonini olovga tutib, oʻchoq oldida oʻtirardi. Bilsangiz, u mahallarning oʻchoqlari uylarning ichida boʻlardi. Oʻchoqda yonayotgan oʻtga qoʻlidagi nonini tutib isitib oʻtirishni yaxshi koʻrardi shu bola.
Katta aka:
– Yur, sen ham erkak boʻlib oʻtin kesib kelishini oʻrgan, – dedi. Keyin onasiga qarata:
– Ona, kichkinangizniyam opketaqolaylik, koʻzi oʻrgansin.
– Mayli, – dedi ona. – Faqat ogʻir koʻtartirmagin, yosh bola, chaqilib qolmasin tagʻin.
– Xoʻp, – dedi katta aka.
Shu tariqa toʻrtovlon, kattasining va oʻrtanchasining qoʻlida bolta, keyingisining qoʻlida oʻram arqon, uydan chiqib dashtga yoʻl olishdi.
Kenjatoy boyagina isitib oʻtirgan non parchasini ham qoʻyniga solvoldi, “Ochqasak, akalarim bilan yeymiz”, deb oʻyladi.
Ha, bular toʻrt oʻgʻlon edilar. Ota dunyodan erta oʻtib ketgan, shu sababli uy-roʻzgʻor tashvishi barvaqt yelkasiga tushgan uch pahlavon hamda kichik uka. Kenjatoyning akalariga mehru muhabbati baland, buni isitilgan nonni qoʻyniga solvolishidan ham, “hammamiz birga yeymiz” deyishidan ham bilsa boʻlardi…
Qishloq yoʻlidan bir oz yurishgach, zovur ustiga qachonlardir qurilgan omonat koʻprikdan oʻtib, yobonga chiqishdi.
Yobonda tuman yanada quyuq, oyoq ostida rutubat qoplagan jonsiz oʻt-oʻlanlarning ilviragan tanasi koʻzga tashlanar, choʻkirtaklari qoraygan, muz tuprogʻi ne uchundir oqarinqiragan ekin yerlarining bir qismi, goho qay bir qushning buzilgan ini ham koʻrinardi.
Dashtda tuman yanada quyuqlashdi. Doʻnglari, kesak¬lari katta-katta zovur ustida quyuqroq, yoʻl ustida esa siyrakroq boʻlib suzardi. Tumanda qadam tovushlari eshitilmay qolar ekan. Oldinma-keyin borishaversa, ilgarida katta bir nima elas-elas qorayib koʻrinaverdi. Yaqinlashib qarashsa, bahaybat tol ekan. Jiqqa hoʻl shoxlaridan tomchilar tomchilamoqda.
– Shuni shoxidan kesib ketsak-chi? – deb soʻradi kichkina uka.
– Tol moʻrt boʻladi, tezda yonib tugab qoladi, – dedi katta aka, qovogʻini solib. – Oz qoldi, yana picha yursak, jarlik oldida qurib qolgan besh-oltita tut bor, oʻshani kallaklaymiz.
– Yanayam boraversang, dasht ichkarisida saksovullar ham bor, – dedi oʻrtancha aka. – Ammo juda uzoqda-da, adashib qolish hech gapmas. Keyin, u tomonlarda katta-katta echkemarlar izgʻib yurishadi.
– Chiyaboʻrilarni aytmaysanmi? – dedi katta aka, koʻzlarini ola-kula qilib. – Qishda och qolib yemish izlab sanqishadi. Yemish topolmasa, ochligidan osmonga qarab uvillab, xudodan rizq soʻrashadi.
Kenjatoy esa tevarakka hurkib nigoh tashlab borardi-yu “Nimaga oldinroqdan gʻamlab qoʻymadik-a? Ammo oʻtin kesib kelmasak ham boʻlmaydi-da. Kechasi ayoz kuchaysa, uy sovib ketadi, keyin hammamiz qiynalamiz”, deb oʻylardi.
Uning nazarida ayoz harakatlanuvchi, siljuvchi bir nimaday tuyuldi. Yoʻqsa, kuchayib yoki zaiflashib qolishi nimadan? Qish qattiq kelganida oʻtlarni qoraytirib ilviratadi, ochiq makonlarni bildirmay kezadi, tirqishlardan uylarning ichiga kirib, sabzavotlarni muzlatadi, yanada kuchaysa, oʻraga koʻmilgan sabzini ham yaxlatib qoʻyadi. Qopdagi yarimlab qolgan un seskantiruvchi boʻlib qoladi. Yerda yotgan barglar ustini juda yupqa muz qoplaydi, qoʻlingizga olsangiz, boʻrtiq tomirlari oʻz-oʻzidan qirsillab sinadi. Koʻlmaklar tubi-yu, oqar suvning ustini ham muz bilan qoplab, naqshlar chizib qoʻyadi.
Bolakayning yuzi, qoʻllari sovqotardi. Namda ayoz taʻsiri yanada ortar ekan. Arqonni bagʻriga bosib, qoʻlini qoʻyniga tiqqan edi, battar muzlatdi. “Paxtali qoʻlqop boʻlsaydi” deb oʻyladi. Akalar – togʻ kelbatli, boʻychan akalar unga qaramay, tez-tez qadam tashlab ketib borishardi.
“Nimaga akalar shunaqa boʻlar ekan, – deb oʻyladi u, hanuz arqonini quchib ular ortidan choparkan. – Kuchli boʻlishgani uchunmi? Katta akamni achchigʻi yomon. Sira ayamaydi, suyaklarimni ogʻritib-ogʻritib uradi. Shiddati, gʻazabi tez-da. Mana, hozir ham qaragisi kelmayapti. Boltasini yelkasiga qoʻyib bemalol ketyapti. Bolta katta, oʻtkir, oddiy emas – oybolta. Shox kesishga yaraydi-yu toʻnka yorishga yaramaydi. Toʻnka yorgani ingichka, ammo pishiq oddiy bolta kerak boʻladi”.
Boshqa mahal boʻlganida aka quvvatini koʻz-koʻzlab, yoʻl yoqasidagi burganu yantoqlarni bir urishda kesib oʻtgan boʻlardi. Yantoq ostidagi qumda “kuldirgich” degan hasharot yashaydi. Tumanda qanday jon saqladi ekan? Bolakay qiziqsinib, yantoqlardan birining oldiga bordi. Ini turibdi, ammo oʻzi yoʻq. “Sovuqda oʻlib qolgan boʻlsa-ya”, deb oʻyladi. In ostini kovlab ham koʻrmoqchi edi, ammo barmoqlari battar sovqotishini oʻylab fikridan qaytdi. Yana akalarining ortidan chopdi.
Ha, dala-tuzda har jonzot sovuqdan har turli saqlanadi. Yumronlarning ini chuqur boʻladi, quruq xaslardan opkirib solvoladi. Oʻsha yerda qish tugashini kutib mudraydi. Qushlar uzoqlarga uchib ketishadi. Chiyaboʻrilar, yovvoyilashib ketgan kuchuklar esa yayloqlarda izgʻib yurishadi. Qishda odamlar eshaklarini haydab yuborishadi, ular dashtda vahshiylarga yem boʻlishadi.
Kenjatoyning tasavvurida zaif bir hayvonni talashib-tortishib, etlarini uzib-uzib gʻajiyotgan katta kuchuklar jonlandi. Itlar bunaqa mahalda birovni yaqinlashtirishmaydi. Birov yovuq borsa, panjasi bilan oʻljasini bosib turib, ogʻzida qoni silqib turgan eti bilan tahdidli irillaydi. Yaqin kelma, bu meni oʻljam deyayotganday boʻladi.
Ana, dunyoni bosib turgan shu nomaʻlumlik aro bir nima choʻzib-choʻzib uvilladi.
– Aka, chiyaboʻrimi?
– Boʻrini naq oʻzi, – deb javob qildi katta aka.
– Yoʻgʻ-e, qishda itlar ham shunaqa uvillaydi-ku?
– It boshqacha uvillaydi.
Kenjatoy endi akalariga yetib yurgisi kelardi. “Bekor arqon olibman, – deb afsuslandi. – Oybolta olsaydim…” Ammo chiyaboʻri chiqib qolsa, oybolta bilan urishni tasavvur qilolmadi. Chunki, bolta ogʻir. Uyda, ayvondagi toʻshak qatida buklama pichoqchasi boriydi, shuni olmaganidan afsuslandi.
– Tez-tez yuraqolinglar, eh-he, hali qancha ish bor, – dedi katta aka. – Qaytgunimizcha qorongʻi tushib qolmasin.
Oʻram arqon namdan ogʻirlashib, chuvalashib qolgan edi. Bolakay engashib, uni qayta oʻrashga urindi. Bu – taram-taram oʻrilgan, pishiq jun arqon edi. Oʻrmoqlari orasiga nam tuproq kirib, yanada ogʻirlashib qoldi. Bir-ikki urinib koʻrdi-da, eplayolmagach, akalardan biriga “Arqonimni qaytadan oʻrab ber” demoqchi boʻlib bosh koʻtardi-yu alanglab qoldi.
Chunki, akalar gʻoyib boʻlishgan edi!
Har taraf oqish tuman, baʻzi joylari siyrakroq, pagʻa-pagʻa suzar, oʻzgarar, orasida birov koʻrinmasdi.
– Ie? – deb hayron boʻldi u.
Keyin pastroq ovozda chaqirdi:
– Aka-a?!
Hech kim javob qilmadi.
– Sodi-i-iq! – deya kattasining ismini aytib chaqirib koʻrdi hurkak sas ila. Ularning ismiga “aka” qoʻshmay chaqirardi. Akalar ham “Kichkina-ku hali”, deb indashmasdi.
Javob kelmadi.
– Sobi-i-r? – deya chaqirib koʻrdi u oʻrtanchasini.
Jimlik.
– Nodi-i-ir?
Uchovlonni goʻyo tuman yamlab-yutib yuborgan, shu oqish namchillik aro birdaniga gʻoyib boʻlishgan edi.
Bolakay sarosimaga tushib qoldi. Yarim oʻralgan arqonni qoʻliga oluvdi, battar nam tortganday tuyuldi. “Tashlab yuborsammikin” deb oʻyladi, ammo akalaridan hayiqdi.
Bu safar uchovining ismini birdan aytib chaqirdi:
– Sodi-i-q? Sobi-ir? Nodi-i-ir?
Sodiqdan ham, Sobirdan ham, Nodirdan ham javob kelmas edi.
Bolakay tevaragiga alanglab, “Akalarim ilgarilab ketishdiyu men payqamay qoldim” deb oʻyladi. Bu tuman aro qay tarafga ketishganini bilib boʻlmaydi, oʻzicha izlaridan boraveray desa, adashib qolishi hech gapmas. Akalarim qaytib kelishib meni opketishar, deb oʻyladi sarosima ila.
Vaqtni ham bilib boʻlmasdi. Hozir peshinmi, asrmi? Qorongʻi tushsa nima boʻladi? Bir-ikki odim otib, qarshisida hoʻl yulgʻunning oqish sharpasini koʻrdi, nima sababdandir sovuq urmagan, kalta bargchalari, qizil tanasi yiltirab turardi.
Shu mahal yonginasida harakat sezildi. Qarasa, arqon oʻrami oʻz-oʻzidan eshilib-buralib, tuman orasiga kirib ketyapti! Ha, nimadir arqonni shitob bilan tortib ketdi. Uch-toʻrt quloch arqon birpasda tuman orasida koʻzdan gʻoyib boʻldi.
Bolakayning yuzlari muzlab ketdi.
– Sodi-i-q? Sobi-ir? Nodi-i-ir?
Sado yoʻq.
Sas kelarmikin deb tevaragiga quloq osar, tuman saslarni ham yutib yuborganday edi.
– Ena-a! – deb nido qildi u choʻzib, ona yetib kelolmasligini, kichkintoyining boshiga ne ish tushganidan bexabarligini bilsa-da. “Ena-a” deya yigʻlab yubordi ogʻzi-burni sovuqda qizarib ketgan, diydirab turgan mushtdaygina shu bolakay…
Yigʻlasa-da, nigohi har tarafga ogʻar, qaydan jon qutqaruvchi najot yoki xatar kelishini bilolmasdan alanglar ham edi.
Elkalari uchib-uchib yigʻlardi boyaqish.
* * *
Shu mahalda shundoqqina yonginasidan qoʻrqinchli bir tovush tumanni yorib-kesib yangrab ketdi.
Bola ham qoʻrqqanidan sarosima ila baqirib yubordi.
Tuman orasidan juda uzun, haybatli bir nima eshilib-buralib, oʻxshashi yoʻq gʻalati tovush chiqarib yaqinlashib kelayotganday edi.
Tovush oʻtkir, yovvoyi, bir joydan emas, har joydan kelardi. Tovushning ham bosh-oxiri boʻlar ekan-da? Harakatlanadigan nomaʻlum bir nima shundoq yonginasida-ku? Ilonmi desa, ilonlar qishda yer ostiga kirib ketishadi. Hayvon desa, tovush ogʻir, zalvorli.
Bolakay oʻsha tomondan koʻzini uzmay, serrayganicha nam yerga oʻtirib qoldi. Oyoqchalari, qoʻlchalari titrar, lablari bir nimalarni pichirlar ham edi. Tinmasdan “Ena… ena…” deya shivirlardi.
Shivirlashining sababi qoʻrquvidan edi. Qattiqroq chaqirsa, oʻsha gʻalati hayvon toʻsatdan tashlanib qoladi deb qoʻrqardi.
Shu mahal boyagi uvillagan tovush oʻzgarib, mudhish qahqahaga aylandi. Bola hanuz oʻsha alfozda oʻtirardi. Tuman aro kimlardir sharaqlab kula boshlashdi. Mudhish u hayvonning kulishi aqlga sigʻmasdi, bola beshbattar qoʻrqdi. Ha, tuman orasidagi gʻalati kimsalar nima uchundir shodlanib kulmoqda edilar.
Yana bir soniya oʻtib, oqish parda ortida sharpalar koʻrindi. Qornini ushlab kula-kula kelayotgan uch sharpa. Uch aka, uch pahlavon!
– Ha-ha, qoʻrqib ketdingmi? – deb kulardi kattasi.
– Oʻl-a, qoʻrqoq! – der edi oʻrtanchasi.
– Ena-a, enajo-on… – deya mazaxlardi kichigi.
Kichik uka mana shunda rosmanasiga yigʻlab yubordi. Oʻzini nihoyatda mayda, kichik, ahamiyatsiz, hech kimga keragi yoʻq noshud deya his qilib yigʻladi.
Qoʻrqqani oshkor boʻlib qolganidan, akalari masxara qilishganidan alami kelib yigʻladi u.
– Bor hammang, yoʻqol! – deb yigʻladi.
– Aka boʻlmay oʻl hammang! – deb yigʻladi.
Soʻng tuman orasiga chopib kirib, gʻoyib boʻldi.
* * *
Tumanda beshbattar qoʻrqmadimikan? Axir, oq yuzli, qora koʻzlari oʻychan boqadigan, kulganida chehrasi yashnab ketadigan bolakay edi.
Ha, qoʻrqoq edi. Oʻzi tengi bolalar bilan urisholmasdi. Boʻyi ham past, oʻzi zaifroq, ammo yuragi top-toza edi-da. Akalar – baquvvat, bilagida kuchi toshgan akalar biri chillak, biri oshiq oʻynagani koʻchaga chiqib ketishganida ham onasining yonidan ayrilmasdi. Katta paqirlarni koʻtarib suv tashirdi, ona tandirga oʻt yoqsa gʻoʻzapoya olib kelardi, oʻziyam oʻt yoqmoqchi boʻlardi-yu ammo tandirga boʻyi yetmasdi. Onasiga boshqacha mehribon edi-da shu bola.
Katta akaning hikoyasi
Eh… Oʻzimizcha katta boʻpqobmizmi? Bizlarni hayot katta qildi. Otamdan keyin roʻzgʻorni hamma ishi boʻynimizga tushib qoldi-ku? Yer chopish, ekinga qarash-ku mayli. Suv janjallarida kap-katta odamlar bilan teppa-teng solishardim. Molbozorga saharlab mol yetaklab borib, moljalloblar bilan qoʻllarim uzilguday boʻlib savdolashardim. Oʻtin deysiz, tut oʻtini qattiq boʻladi, boltani bir ursangiz sapchib qaytganida bilagingiz, yelkalaringiz zirqirab ketadi. Tutlarni kesib keldim, sandallar qurdim, qishning qirovlarida muzday loylar qilib imoratning nuragan joylarini urib-suvadim.
Uyda yuraversa oyimbilak boʻpqoladi dedim-da. Bilagi kuchga toʻlsin, koʻngli qattiq boʻlsin! Bultur yozda suzishni oʻrgatganimdayam xafa boʻluvdi. Udum shunaqa-da, kattalar kichiklarni dast koʻtarib suvga otvorishadi. Joni shirin-ku, indamay choʻkib ketaverarmidi? Koʻzlari olayib-olayib, boshi suvdan bir chiqib-bir kirib oʻrganadi-da.
Hayot ham shunaqa. Pishishi uchun hayot degan daryoga otvorish kerak. Hali bolaligi bor, koʻngli boʻsh, ammo vaqti kelganida turmushning oʻzi shafqatsiz qilib qoʻyadi.
Mana, yana arazlab ketdi. Shu ketganicha uyga boradi, onamizga “Akam meni qoʻrqitdi” deb shikoyat qiladi. Onamiz koʻngli ranjib “Supraqoqdimni nimaga qoʻrqitasan?” deb bizlarni koyiydi. Biroq, shunaqa yumshoqfeʻl boʻlib oʻssa oʻziga qiyin emasmi? Bir xil ishlar boʻladi – zararga oʻxshaydi, ammo vaqti kelib foydasi tegadi.
Qani, boraveraylik-chi.
Hoy Sobir, koʻtar oʻtinni!
Oʻrtancha aka hikoyasi
Aslida katta akam juda beshafqat.
Bir kuni ish buyurgan edi, “Bor, oʻzing qil” deb toʻngʻilladim. Shunda qoʻlimni qayirib yelkamga uruvdi, yomon ogʻridi. Alamim kelib “Nimaga urasan?” deb tikkamasiga tashlandim. Kuchim yetmasligini, bir ursa uchib ketishimni bilaman, ammo alamim shunchalar ediki, oʻlsam ham tashlanaverdim. Ikki yelkamdan ushlab bosganida qoʻlimni qimirlatolmay qolsam, oyoqlarim bilan tepdim, bilagini tishladim. Koʻzimning yoshi oqib-oqib, yigʻlab baqiraverdim:
– Nimaga urasan? Kuching kichkinaga yetdimi?
Katta akam shundan keyin:
– Ha, tuzuk. Mana endi yigit boʻlding, – dedi qoniqish bilan. Yelkamdan tutib bagʻriga bosdi:
– Ana, erkak boʻlding, uka!
Erkak boʻlishim uchun urishishim kerakmi? Baqirib soʻkinishim kerakmi?
– Erkak shunaqa boʻladi, – dedi katta akam. – Bir nimaga tish-tirnogʻing bilan yopishasan. Kuching yetmasa, chaynab uzib olasan. Shunda birov senga tegolmaydi.
Yaxshi, aka. Sen aytganday boʻlaqolsin.
Bugun ham shunday qilding. Kichkinamizni atay qoʻrqitding.
Eng kenjamiz shu, vaqti kelib bizlar uydan birin-ketin chiqib ketsak, onamizni yonida qoladi. Biz ham qarab turmasmiz-u, biroq, oʻzining roʻzgʻoridan tashqari, onaga qarash zahmatiyam boʻyniga tushadi. Eh-he, hayot oson ekanmi? Boʻyniga tushadi deyman-u, oʻylasam etim uvishib ketadi. Bir tushsa emaklatib qoʻyadigan qiyinchiliklar bor hali oldinda.
Onamizga tushuntirarmiz, bizlar atay qilmayapmiz, koʻzi pishsin, dovdiramasin, qoʻrqmasin, tumanu sovuq ne, hali shunaqa tumanlarni, shunaqa qahratonlarni koʻradiki, oʻshanda begona birovlarga javdirab qolmasin deymiz-da.
Ona-ku, bolasining ozor chekishini istarmidi? Oʻgʻil bola erkak boʻlib ulgʻayishi kerak. Katta akam shuning uchun qiynadi uni.
Rostini aytsam, oʻzim ham bir mahallar shunaqa edim. Endi esa koʻnglim toshday qattiq. Tuman tugul, dev oldimga chiqsayam kiprik qoqmayman. Oldimdan kelganini uzib-gʻajib oʻtadigan shahdim bor. Rizqimni shunaqa qilib topaman-da. Boʻlmasa, birovlar opketib qolishi hech gap emas.
Qani, boraveraylik-chi. Oʻtirgandir hozir uyda, sandalga tiqilib. Mendan esa sovuq oʻtib ketdi. Qovurgʻalarimgacha, suyaklarimgacha zirqiradi.
Kichik akaning hikoyasi
Ikkala akam ham bekor qilishdi. Ukamni bekor qoʻrqitishdi.
Axir, juda kichkina-ku? Qoʻrqar edi-ku? Boya qanaqa javdirab kelayotganini sezmadingmi? Shoqol chiyillaganida rangi boʻzarib ketdi. Senu menga qaradi, yonimizga chopib kelayotgan edi, arqoni chuvalashib qoldi. Bizlardan tortindi, yoʻqsa, pinjimizga tiqilib olardi.
Bu tumanda yonimizda boʻlsa, oʻzini bexavotir his qilardi-da.
Onam uni nimaga “Supraqoqdim” deyishini bilasanmi? Xamir qorib, non yasaganini koʻrgansan-ku? Oʻzing ham suvlar tashib berarding. Non yasab boʻlganidan keyin supraning eng tubida qolganlarini sidirib, jajji kulcha yasab qoʻyardi. “Bu maydaginamga” deb alohida mehr bilan yopardi. Qip-qizil singib, qisirlaydigan boʻlib pishsa, oʻshaniyam yeb qoʻyardik. Jon aka, “supraqoqdi” degan gapni tushunmayapsanmi?
– Fozil?
Javob kelmas edi
– Hoy Fozi-il?
Har taraf oppoq tuman edi, xolos.
Haqiqatan ham qaylardadir shoqollar yana chiyillashdi. Bilsangiz, ularning chiyillashi goho odam ovoziga oʻxshab ketadi. Shoqollar qishda och qolishadi, dala-dasht boʻylab izgʻib, yemish axtarishadi. Bular gala-gala yurishadi, adashib dashtga kelib qolgan kuchuklarni ham koʻplashib tutib yeyishadi.
Uchala aka, yelkasida oʻtini, ukalarini shu tariqa izlashdi.
Keyin “Baribiram uyga boradi-da” deb uylariga joʻnayverishdi.
Kenjatoy hikoyasi
“Ota” deya oʻksina-oʻksina ketib borardi kenja, uyiga qarab.
Jon ota, siz boʻlsaydingiz, bunaqa boʻlmas edi.
Uyda oʻtin gʻaram boʻlardi, biz ham shunaqa tumanlarda oʻtinga chiqmasdik. Katta akam yelkalari mayishib, qopda un olib kelmasdi. Oʻrtancha akam bilaklari zirqirab oʻtin yormasdi. Kichkina akam sovqotmasdi.
Jon ota, siz borligingizda akalarim bunaqa emas edilar. Yoningizda siz bilan birga ish qilishsa, suyunib ketardim. Toʻrt tomonimda toʻrtta togʻ borday tuyulardi.
Siz yoʻqsiz-da, akalarim meni mazaxlashadigan boʻlishdi. Shunaqa mahallarda doim sizni eslayveraman. Katta akam toʻningizni kiyib yuradi. Baʻzan kirib kelsa, otajonim keldimikin deb ichim sevinchlarga toʻladi. Koʻzimdan yoshim duvillab oqib ketaveradi…
Shunaqa sogʻinaman-ki sizni, ota.
Mana, hozir uyga yetib boraman. Onam “Maydaginam” deb bagʻriga bosadi. Keyin akalarim kirib kelishadi. Yana ustimdan kulishadi. Onamga “Shu bolangiz qoʻrqoq” deb yomonlashadi.
Otajon, hech kimga aytmasam ham sizga aytaman. Bularga aytsam, ishonishmaydi baribir.
Tumanda tovushlardan hayiqqanim rost. Orasida men bilmaydigan gʻalati vahshiylar izgʻiganidan sarosimaga tushdim. Dashtda rosa katta ilon bor deyishardi, oʻsha kelib qolsa-ya deb ham qoʻrqdim.
Ammo yigʻlashimning sababi boshqa-ku?
Oʻzim ne, yesa yeb ketardi-da. Akalarim koʻrinmay ketganida yuragim zirqiradi. Men ham, akalarim ham adashib qoldik deb oʻyladim. Oʻshanga yigʻlab yubordim.
Nomaʻlum vahshiylar barimizni yeb ketsa, onam shoʻrlik nima qiladi deb yigʻladim.
Togʻday-togʻday akalarimga bir nima boʻlib qolsa-ya deb qoʻrqdim.
Keyin, meni mazax qilishganida oʻksinib ketdim. Xavotir olganimdan, akalarimga bir nima boʻlib qolmasin degan iztirobimdan oʻzim ogʻrindim. Yuragimning ichi ogʻrib qoldi-da, otajon.
Endi sira ularni oʻylamayman. Xavotir ham olmayman.
Hali katta boʻlvolay. Vaqt oʻtayotir, yil sayin yoshimga yosh qoʻshilayotir… Bir kun kelar axir, katta boʻlarman, kuchga ham toʻlarman?
Axir, shunday qolib ketmasman?
* * *
Bolalar birin-ketin uyga kirib kelishdi. Yelkalaridagi oʻtinlarni bostirma ostiga tashlashdi.
– Dastyorlarimdan oʻzim oʻrgilay, – deb suyundi ona. – Bir gʻaram oʻtin qilib kepsizlar-a? Endi anchagacha oʻtimiz oʻchmaydi, qozonimiz qaynaydi.
Kichkina oldinroq kirib kelgan edi. Bagʻriga bosib, yuz-koʻzlaridan oʻpmoqchi boʻldi:
– Kap-katta yigit boʻpqolgan maydaginamdan aylanay…
Kichkina xomush, oʻzini chetga tortib turar edi.
– Senga nima boʻldi, bolajon? – deb soʻradi ona. – Sovqotib qoldingmi? Yo qiynaldingmi?
– Yoʻgʻ-e, ona, – dedi katta aka, doʻrillab. – Siz aytganday, kap-katta yigit boʻpti. Oʻtinlarni yarmini shu bolangiz toʻpladi.
– Aytinglar, rostdan ham bir nima boʻldimi? Yo urishdingizmi?
Akalar bir koʻz urishtirib olishdi. Kichkina hanuz ularga qaramas, lekin onasining oldiga bormas ham edi.
– Hech nima dedim-ku, soʻrayverasizmi? – dedi katta aka. – Sobir, bor, oʻtinni sarjinla, hozir oʻzim ham boraman. Katta boltani topib qoʻy.
– Nodir, yur, – dedi oʻrtancha, kichigiga qarab.
Katta aka bostirma tomon ketarkan, onaga dedi:
– Xavotir olmang, ona. Hech nima boʻlgani yoʻq… Oʻgʻlingiz bizga qoʻshilib oʻtin qilib keldi, xolos. Bor-yoʻgʻi shu.
Ha, bor-yoʻgʻi shu…
Lekin imkon boʻlsaydi, uchovining ham onalariga atadigan bir dunyo gaplari boriydi. Hammasidan har xil gap chiqishi ham tayin edi. Oʻtin yorish, uyga opkirish, olov yoqish kerak edi-da. Roʻzgʻorda olov yonib turmasa kun oʻtarmidi? Har xil gaplarni koʻpaytirishdan nima naf? Bular hayotda roʻy beradigan voqealar-ku, vaqt-soati kelib hammasi joyiga tushib ketadi.
Tushmay qolarmidi…
Hayot qancha narsalarni oʻz oʻrniga qoʻyib, saranjomlab qoʻyadi, bu nima boʻpti? Har narsaning oʻz vaqt-soati bor. U vaqt-soat albatta keladi.
Kelmay qolarmidi…
Oʻshanda shu yigitchalar kap-katta, rosmana erkaklarga aylanishadi. Ona yanada keksayadi, akalar birin-ketin imorat solib, roʻzgʻorini boʻlak qilib chiqib ketishadi, onaizor kenjatoyi bilan qoladi. Kenjatoy esa, akalari istaganiday, koʻngli qattiq, shafqatsiz erkak boʻlib voyaga yetadi.
Etmay qolarmidi…
Hayotning beshafqat qonuni shu: hamma narsa oʻzgaradi. Bu sovuqlar oʻtib, yomgʻirlar yerga singib, qorlar erib, oʻrnida yam-yashil oʻtloqlar koʻkarib chiqadi.
Shunday… Vaqti kelib, oʻzi ham bola-chaqali boʻlganida, kattalar keksayib, bolalar ulgʻayib kelayotganini idrok qilib koʻrib, hali suyagi qotmagan oʻgʻilchasiga har turli qiyin yumushlarni buyurib, sinab koʻrishi ham tayin. Chunki, kelajak olis, oldinda uni ham turli xatarlar, boʻri qiyofasidagi insonlar, dashtu dalalarning vahshiylari kabi har narsaga tashlanishga hoziru nozir qancha odamlar kutib turibdi. Toza qalbli, musaffo bolakay kelajakda oʻshalar orasidan haqini ayirib olib, topganini tishida tishlab koʻtarib kelib, roʻzgʻorini bir amallab tebratishni oʻrganishi ham kerak-ku?
Umr poyoni koʻrina boshlaganida esa, yashab oʻtilgan hayotni mulohaza qilib, kechalari olis xotirotning sovuq tumanlari, yomgʻiru qorlari orasidan gʻira-shira namoyon boʻladigan manzaralar aro, bolasiga bir mahallar boʻlib oʻtgan oʻsha voqeani soʻzlab berishi ham tayin, albatta. “Men ham senday ishonuvchan, yuragi yaxshilik bilan limmo-lim toʻlgan bola edim. U mahallar dashtlarga oʻtin toʻplagani chiqardik. Otam oʻtib ketgan, toʻrt aka-ukaning yelkasiga roʻzgʻor degan juda ogʻir yuk tushib qolgan edi. Uy-joyimni, roʻzgʻorimni but qilgunimcha yetti suyagim ezilib, qirq soʻngagim mayishib ketdi. Endi mening umrim sizlarga ibrat boʻlsin” deya, barini birma-bir aytib ham beradi, albatta.
…Aytmay qoʻyarmidi?