..

Jek London. Hayotga muhabbat

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Ular oqsoqlanib, soyga tomon tushib borishardi. Hamrohlardan biri, oldinda ketayotgani, toshloq yerda qoqilib, gandiraklab ketdi. Ikkalasi ham charchab holdan toygan, yuzlaridan chidam va itoatkorlik ifodalari koʻrinib turadi — bu uzoq vaqt qiyinchilik chekish natijasi. Orqalaridagi qayish bilan tortib bogʻlangan ogʻir yuklari yelkalarini ezadi. Ikkalasida ham bittadan mil-tiq. Ikkalasi ham bukchayib, engashib, koʻzlarini yerdan uzmay boradilar.
– Qani endi yashirib qoʻygan joyimizdagi oʻqlardan hozir ikkitaginasi boʻlsa, – deb qoʻydi ulardan biri.
Azbaroyi madorsizligidan ovozi zaif chiqdi. Oʻzi behafsala gapirar edi; toshlarga urilib, koʻpiklanib oqayotgan sutdek oppoq suvga endi oyoq bosgan sherigi esa, unga hech narsa deb javob bermadi.
Ikkinchisi ham sherigi orqasidan suvga tushdi. Suv muzdek sovuq boʻlishiga qaramay, ular oyoq kiyimlarini yechmadilar, suv shu qadar sovuq ediki, ularning oyoqlari, hatto oyoq barmoqlari ham sovuqdan uvishib qoldi.
Baʻzi joylarda suv tizzadan kelar, shitob bilan urilganda oʻzlarini tutolmay gandiraklab ketardilar.
Orqada kelayotgan yoʻlovchi silliq toshga tiygʻanib ketib yiqilishiga oz qoldi, ogʻriqdan qattiq ixrab yubordi-yu, ammo yiqilmadi. Boshi aylandi shekilli, munkib ketib, xuddi havodan tayanch topishga intilgandek boʻsh qoʻlini oldinga choʻzdi. Oʻzini oʻnglab oldi-da, oldinga qadam bosdi, lekin yana toyib ketib, sal boʻlmasa yiqilayozdi. Shundan keyin toʻxtab, oʻz sherigiga qarab qoʻydi: sherigi esa orqasiga ham qaramay, hamon oldinga ketmoqda edi.
Bir narsani oʻylayotgandek, birpas qimirlamay turdi, keyin:
– Menga qapa, Bill, oyoHimni chiqarib oldim! – deb qichqirdi.
Bill oyoqlarini sudrab sutdek oppoq suvdan kechib borardi. U orqasiga biror marta ham qayrilib qapamadi. Sherigi uning orqasidan qarab turardi, yuzi hali ham avvalgidek hech narsani ifoda qilmasa-da, koʻzlarida yaralangan bugʻu singari chuqur qaygʻu belgilari paydo boʻldi.
Mana Bill qarshi qirgʻoqqa oʻtib oldi-da, kalovlanib yurib ketdi. Suvning oʻrtasida turgan hamrohi undan koʻzini olmay qarab turdi. Uning lablari shu qadar titrar ediki, oʻsiq sariq moʻylovining tuklari uchib-uchib ketardi. U tilining uchi bilan qoq qurigan lablarini bir yalab oldi-da:
– Bill! – deb qichqirdi.
Bu falokatga yoʻliqqan odamning jon achchigʻidagi hayqirigʻi edi, ammo Bill qayrilib qaramadi. Orqada qolib ketgani sherigining orqasidan uzoq vaqt qarab turdi: sherigi lapanglab, oqsoqlanib, qoqilib-suqilib, tepalikda koʻringan egri-bugri ufq chiziqlari tomon asta-sekin koʻtarilib borardi, Bill to tepalikni oshib, koʻzdan gʻoyib boʻlib ketguncha, sherigi uning orqasidan qarab turdi. Shundan keyin u tarafdan koʻzini uzdi va Bill ketgandan keyin oʻzi yolgʻiz qolgan yerni bir-bir koʻzdan kechirib chiqdi.
Xuddi ufq tepasida gʻira-shira va cheksiz-chegarasiz quyuq tuman pardasi ortidan zoʻrgʻa koʻrinayotgan quyosh xira nur sochib turadi. U butun ogʻirligini bir oyogʻiga solib turib, soatini oldi, soat toʻrt edi. Soʻnggi ikki hafta ichida u hisobni yoʻqotib qoʻydi: iyulning oxiri yoki avgustning boshlari boʻlganidan quyosh shimol-gʻarbda boʻlishi kerak edi. U janub tomonga qaradi, mana shy yoqim-siz tepaliklar orqasida allaqayerda Katta Ayiq koʻli bor, xuddi oʻsha tomonda Kanada sahrosidan mudhish shimoliy Qutb doirasi oʻtadi deb oʻylab qoʻydi, u turgan soy Koppermayn daryosining irmogʻi, Koppermayn esa shimol tomonga oqib, Koronatsiya koʻrfaziga, Shimoliy Muz dengiziga quyiladi. Uning oʻzi u yerlarga hech qachon bormagan, lekin buning hammasini bir kun Gudzon koʻrfazi kompaniyasining xaritasida koʻrgan.
U oʻzi yolgʻiz qolgan joyini yana bir marta koʻzdan kechirdi. Tevarak-atrof sovuqdan-sovuq bir manzarani tashkil etardi. Pastakkina tepachalar bir xildagi egri-bugri chiziq hosil qilib, to ufqqa tutashguncha choʻzilib ketgan. Na biron daraxt, na buta, na oʻt-oʻlan koʻrinadi — poyonsiz va dahshatli sahrodan boshqa hech narsa yoʻq. Uning koʻzlarida qoʻrquv ifodalari koʻrindi.
– Bill! – deb pichirladi u, ketidan yana: – Bill! – deb takrorladi.
Poyonsiz cahro goʻyo qudratli kuchi bilan bosayotganday, mudhish sokinligi bilan ezayotganday, u loyqalanib oqayotgan soy oʻrtasida choʻqqayib oʻtirib qoldi. U xuddi bezgak tutayotgandek qaltirab ketdi, shu payt miltigʻi shalp etib suvga tushdi. Bu uni oʻziga keltirdi. U qoʻrquvni yengib, es-hushini yigʻdi, keyin qoʻlini suvga tiqib paypaslandi-da, miltigʻini topdi. Soʻng mayib oyogʻiga ogʻirlik kamroq tushsin uchun yukni chap yelkasiga surib oldi va har oyoq bosganda ogʻriqdan basharasini burishtirib, zoʻr ehtiyot bilan sekin-asta qirgʻoqqa yura boshladi.
U toʻxtamay yuraverdi. Ogʻriqqa sira eʻtibor bermay, oʻlgudek tirishqoqlik bilan shoshib Bill oshib oʻtib ketgan tepalik ustiga chiqaverdi, shunda oʻzi kalovlanib zoʻrgʻa oyoq sudrab borayotgan Billdan ham kulgilipoq va qoʻpolroq boʻlib ketdi. Tepalikka chiqib qapaca, vodiyda hech kim yoʻq ekan! Uni yana qoʻrquv bosdi, keyin qoʻrquvni yana yengib, qopini chap yelkasiga yana ham surib oldi-da, oqsoqlanib-oqsoqlanib pastga tusha boshladi.
Vodiyning pastligi chalchiqzor boʻlib, chimlik jiqqa suv edi. Har qadam bosganda suv sachrar, oyogʻini nam chimlikdan har koʻtarib bosganda shalop-shulup etgan tovush chiqardi. U Billning izidan yurishga intilib, koʻloblarni aylanib oʻtar yoki chimliklar ustida xuddi orol singari qaqqayib turgan toshlar ustidan borardi.
U yolgʻiz qolgan boʻlsa ham yoʻldan adashmadi. Yana bir oz yurgandan keyin atrofini pastakkina nimjon quruq pixta va archalar oʻrab yotgan kichkina Titchinnichili koʻliga yetib borishini bilardi, bu koʻlning ismi mahalliy tilda “Kichik Ogʻochlar Oʻlkasi” degan maʻnoni anglatardi. Shu koʻlga bir ariq kelib quyiladi, suvi ham loyqa emas. Ariq boʻylarida qamish oʻsadi. Bu uning yaxshi esida, lekin u yerda daraxt yoʻq. U ariq boʻylab yuqoriga, soygacha boradi. Shu yerdan gʻarbga oqayotgan boshqa bir ariq yoqalab Diz daryosiga qadar boradi. Xuddi oʻsha yerda ustiga tosh bostirilgan toʻnkarib qoʻyilgan qayiq ostiga yashirib qoʻyilgan narsalarni topadi. U yerda miltiq oʻqi, baliq tutadigan qarmoq va qapmoq iplari, kichik bir toʻr, umuman ovqat topish uchun zarur narsalarning hammasi yashirib qoʻyilgan. Bundan tashqari oʻsha yerda oz boʻlsa ham un, bir parcha goʻsht, loviya ham bor.
Bill uni oʻsha yerda kutib turadi, keyin ikkisi Diz daryosi bilan Katta Ayiq koʻliga boradilar, undan keyin koʻldan oʻtib janubga, to Makkenzi daryosiga yetib olguncha doim janubga qarab boraveradilar. Janubga, hamma vaqt janubga qarab boraveradilar — qish esa ularni quvib boradi. Tez oqar soy va jilgʻalar muz bilan qoplanadi, sovuq tushadi, ular esa janubga Gudzon koʻrfazidagi faktoriyalardan biriga yetib oladilar, u tomonlarda baland-baland, azamat daraxtlar oʻsadi va oziq-ovqat ham istagancha topiladi.
Zoʻrgʻa sudralib borayotgan yoʻlovchi mana shular haqida oʻylar edi. Lekin yurish qanchalik ogʻir boʻlmasin, Bill uni yolgʻiz tashlab ketmaydi degan fikrga ishonish undan ham qiyin edi. Bill hech shubhasiz uni narsalar yashiringan joyda kutib oʻtiradi. U shunday deb oʻylashi kerak, aks holda bundan keyin kurashni davom ettirishning hech qanday maʻnisi yoʻq, unda oyoqni choʻzish-u, oʻlib qoʻya qolishdan boshqa iloj yoʻq. Quyoshning xira gardi-shi shimol-gʻarb tomonga sekin-asta yashirina borar ekan, u Bill bilan birga yaqinlashib kelayotgan qishdan qochib, janub tomonga qoʻyiladigan har qadamini hisoblab chiqdi. U narsalar yashirilgan joydagi va Gudzon koʻrfazi kompaniyasining omboridagi oziq-ovqat zaxirasini qayta-qayta oʻz xayolidan kechirdi. Ikki kundan beri u hech narsa yegani yoʻq, lekin undan ilgari ham toʻyib ovqat yemagan edi. U tez-tez egilib, rangsiz botqoq mevalarini uzib ogʻziga solar va chaynab yutib yuborardi. Mevalar juda sersuv, suvi ichiga ketib, ogʻzida faqat taxir va qattiq urugʻlarigina qolardi. Bu mevalar qorin toʻygʻazmasligini bilardi, shunday boʻlsa ham ularni sabr bilan chaynar, chunki umid achchiq haqiqat bilan hisoblashmoqni istamas edi.
Soat toʻqqizlarda u oyogʻining katta barmogʻini oʻtkir tosh qirrasiga urib oldi. Charchoq va darmonsizlikdan gandiraklab yiqilib tushdi. Bir yonboshiga agʻanab, anchagacha qimirlamay yotdi. Undan keyin orqasidagi qop qayishini yelkasidan chiqarib, ixrab-ixrab oʻtirib oldi. Hali uncha qorongʻu tushganicha yoʻq edi, shu gʻira-shirada toshlar orasini paypaslab, qypyq xas-choʻp yigʻa boshladi. Bir tutam xas-choʻp yigʻib oʻt yoqdi, keyin kotelokka suv solib, tutab-burqsib yonayotgan oʻtga qoʻydi.
U qopni ochib, hammadan burun gugurtlarni sanab koʻrdi. Hammasi boʻlib oltmish yetti dona gugurt choʻpi bor edi. U yanglishgan boʻlmay deb, gugurtni uch marta sanab chiqdi. Gugurtni uch boʻlakka ajratib, har bir boʻlagini qogʻozga oʻradi. Bir boʻlagini boʻsh hamyoniga solib qoʻydi, ikkinchisini eskirib ketgan shapkasining astariga tiqdi, uchinchisini esa koʻkragiga yashirib qoʻydi. Bu ishni tamom qilgandan keyin uni birdan qoʻrquv bosdi: uch boʻlak gugurtni yana ochib, qaytadan sanab koʻrdi. Gugurt avvalgidek oltmish yetti dona edi.
Oyoq kiyimini oʻtga tutib quritdi, mokasini yirtilgan, odeyaldan tikilgan paypoqlari chilteshik, oyoqlari boʻlsa qontalash boʻlib ketgandi. Toʻpigʻi qattiq ogʻrirdi, u toʻpigʻini koʻzdan kechirdi. Toʻpigʻi xuddi tizzasidek yoʻgʻon tortib, shishib ketgandi. U odeyallaridan bittasining chetidan uzun qilib yirtib oldi, toʻpigʻini mahkam siqib bogʻladi. Keyin yana bir necha parcha yirtib olib, mokasin va paypoq vazifasini oʻtasin deb, oyogʻini aylantirib oʻradi-da, qaynagan suvdan ichib oldi, soatini buradi, soʻng odeyalga oʻranib yotdi.
U dong qotib uxladi. Yarim tunga borib qorongʻu tushdi, lekin bu uzoqqa choʻzilmadi. Sharq-shimol-dan quyosh koʻtarildi, toʻgʻrirogʻi oʻsha tomondan tong yorisha boshladi, chunki quyosh yuzini quyuq tuman qoplagan edi.
Soat oltida u chalqancha yotgani holda uyqusidan uygʻondi, kul rang osmonga qaradi va och qolganini sezdi. Tirsagiga suyanib qaddini koʻtardi va qayrilib qaragan edi, qulogʻiga qattiq pishqirgan tovush eshitildi. Qarasa, sezgirlik va qiziqish bilan bir bygʻy unga qarab turgan ekan. Bugʻu undan ellik qadamcha joyda turardi. Shu ondayoq tovada jizillab qovurilayotgan bugʻu goʻshtining hidi dimogʻiga urilgandek, oʻzi goʻsht mazasini totgandek boʻldi. Beixtiyor oʻqi yoʻq miltigʻini olib oʻqtaldi, tepkini bosib yubordi. Bugʻu choʻchib bir chekkaga tashlandi va tuyoqlarini tapillatib qochib ketdi.
Odam soʻkinib, miltigʻini uloqtirib tashladi, ixrab-ixrab oʻrnidan turishga urinib koʻrdi. Ancha uringandan keyin zoʻrgʻa turib oldi. Boʻgʻinlari xuddi zanglab qolgandek edi, ularni toʻgʻrilash yoki egish juda mashaqqat edi. Nihoyat u oqqa bosgandan keyin ham odamga oʻxshab tik turib olish uchun rosa bir daqiqacha oʻrindi.
U chogʻroq bir tepalik ustiga chiqib, atrofga nazar tashladi. Boʻz rang chimlik dengizidan boshqa hech narsa — na biron daraxt, na biron buta — hech narsa koʻrinmasdi. Onda-sonda boʻz rang xarsang toshlar, boʻz rang koʻlchalar, boʻz rang ariqlargina koʻzga tashlanadi. Osmon ham boʻz rang edi. Quyosh na nur sochadi, na uning yilt etgan shuʻlasi koʻrinib qoladi. U shimol qayoqda ekanini, kecha kechqurun bu yerga qaysi tomondan kelganini eslay olmadi. Lekin u yoʻldan adashmagan edi. Buni yaxshi biladi. U tezda Kichik Ogʻochlar Oʻlkasiga yetib oladi. U oʻlka shu yaqin orada, chap tomonda boʻlishi kerak, ehtimol, xuddi mana shu koʻrinib turgan tepalikning narigi tomonidadir.
U qaytib tushib, yoʻlga otlandi; tugunini tugdi, uch boʻlak qilib qoʻygan gugurtlarim turibdimi-yoʻqmi deb paypaslab koʻrdi, lekin sanab oʻtirmadi. U bugʻuning terisidan tikilgan xaltachaga qarab turib, xayol surib qoldi. Xalta uncha katta emas, ichidagi narsalari bilan bir hovuch kelardi. Lekin ogʻirligi oʻn besh qadoq boʻlib, qolgan yukning ogʻirligi bilan teng edi — uni mana shu tashvishga solardi. U xaltani bir tomonga surib qoʻyib, boshqa narsalarni oʻray boshladi. Keyin xaltachaga qaradi-da, apil-tapil qoʻliga oldi, xuddi sahro uning qoʻlidan oltinni tortib olayotgandek, xoʻmrayib atrofga qaradi. Yangidan oʻrnidan turib, yoʻlga tushganda boshqa narsalar qatori xaltacha ham uning orqasida edi.
U chapga tomon burildi. Ahyon-ahyonda toʻxtar va botqoq mevalaridan terib yer edi. Uning oyogʻi butun lay qotib qoldi, oʻzi borgan sari kuchliroq oqsar, lekin oyoq ogʻrigʻi qornidagi ogʻriq azobiga qaraganda hech gap emasdi. Ochlik azobi uni hammadan koʻproq qiynar, qornidagi ogʻriq esa ich-ichdan azob berardi. Endi u Kichkina Ogʻochlar Oʻlkasiga yetib olish uchun qaysi tomonga yurishni ham bilmasdi. Mevalar uni ochlik azobidan qutqarolmas, til va tanglaylarini lovillatib achitardi. Kichikroq bir soylikka yetib borganda, toshlar orasidan qanotlarini qoqib va qir-qirlashib bir toʻp oq kaklik koʻtarildi. U kakliklarga tosh otdi, lekin tekkizolmadi. Keyin u yukini yerga qoʻyib, xuddi chumchuq poylagan mushukdek, kakliklarning orqasidan pusib oʻrmalab bora boshladi. Oʻtkir tosh qirralari uning shimlarini parchalab tashladi, tizzalaridan oqqan qon qonli iz qoldirib bordi. Lekin ochlik azobi shunchalik kuchli ediki, u boshqa hech qanday ogʻriqni sezmasdi. U chalchiqzor chimliklar ustidan oʻrmalab, kiyimlari hoʻl-shalobbo boʻlib ketgan, badani sovuqdan qotgan edi-yu, lekin faqat ovqat haqida oʻylar, boshqa hech narsani sezmasdi. Atrofidan hadeganda par etib uchib ketayotgan kakliklarning qir-qiri uni masxara qilayotgandek tuyuldi. U kakliklarni soʻkib qoʻydi-da, ularga taqlid qilib qichqira boshladi.
Bir marta u bir kaklikka juda yaqin kelib qoldi, qush chamasi uxlab yotardi. U qush toshlar orasidagi oʻz uyasidan yuziga tegib ketay deb parillab uchib chiqmaguncha, kaklikni koʻrmadi. Kaklik bexosdan parillab chiqib qolganiga qaramay, u changal soldi. Qoʻlida qushning uchta pati qoldi. U uchib ketayotgan qushning orqasidan qarab turdi, kaklik goʻyo uning boshiga katta falokat keltirgandek, odam koʻnglida unga nisbatan cheksiz nafrat uygʻondi. Keyin orqasiga qaytib, yukini koʻtarib oldi.
Choshgoh paytida u bir botqoqqa yetib keldi, bu yerda ov koʻproq edi. Xuddi unga oʻchakishganday oldidan yigirmatacha bugʻu oʻtib ketdi, ular shunday yaqindan oʻtdiki, miltiq oʻqi bahuzur yetardi. U jonivorlarni quvlagisi kelib ketdi, quvlasa, ushlab olishiga juda ishonardi. Uning oldidan ogʻziga kaklik tishlagan bir qora tulki oʻtib ketdi. U qichqirib yubordi. Shunday qattiq qichqirdiki, choʻchib ketgan tulki oʻzini bir chetga urdi, ammo kaklikni ogʻzidan tushirib yubormadi.
Kechqurun u qamishlar orasidan ohakdan oppoq loyqalanib oqayotgan ariqcha yoqalab borardi. Bir qamishning ostidan mahkam ushlab, xuddi piyozga oʻxshagan bir narsani suHurib oldi. Gʻamishning tomiri yumshoq boʻlib, chaynaganda ishtahani ochib, qars-qars qilardi. Lekin oʻzi mazasi taxir, xuddi mevaga oʻxshagan sersuv boʻlib, och qorinni toʻygʻazmasdi. U yukni yerga tashladi-da, xuddi kavsh qaytarayotgan molga oʻxshab kavshana-kavshana qamishlar orasidan oʻrmalab ketdi.
U juda charchagan, bir oz orom olgisi, yotib uxlagisi kelardi; lekin Kichik Ogʻochlar Oʻlkasiga yetib olish orzusi, undan ham zoʻrroq boʻlgan ochlik azobi unga tinchlik bermasdi. U bunday uzoq Shimolda qurt va qurbaqalar boʻlmasligini bilsa ham, chuqurchalardan qurbaqa axtarar va oyoqlari bilan yerni titkilab, qurt qidirar edi.
U har bir koʻlmakni sinchiklab qarardi. Pirovardida, qosh qoraygan paytda, bir chuqurda bittagina baliqcha suzib yurganini koʻrib qoldi. U yelkasigacha qoʻlini suvga tiqdi. Lekin baliqcha uning qoʻlidan sirgʻalib chiqib ketdi. Shunda u qoʻlini suvga tiqib, butun chuqurchani ostin-ustun qilib loyqalatib yubordi. Butun fikru yodi baliq bilan boʻlib, hayajondan suvga tushib ketdi, beligacha suvga botdi. Suvni shunday loyqalatib yubordiki, baliqni koʻrib boʻlmay qoldi, shundan keyin loyqa suvning ostiga choʻkkuncha kutib turishga toʻgʻri keldi.
U yana baliqni ov qila boshladi-da, suvni yana loyqalatib yubordi. Ortiq kutishga toqat qolmadi. Yukka qoʻshib bogʻlangan paqirchani oldi-da, chuqurdagi suvni bu yoqqa olib toʻka boshladi. Suvni quritish uchun zoʻr berib ishladi, ust-boshi shalabbo hoʻl boʻlib ketdi, shoshilganidan suvni chuqurga shunday yaqin toʻkardiki, suv yana qaytib chuqurga oqib tushardi. Soʻngra u qoʻlining titrashi va yuragining qattiq urishiga qaramay, xotirjam boʻlib ishlashga harakat qildi. Yarim soatdan keyin chuqurchada hatto bir hovuch ham suv qolmadi. Biroq baliq yoʻq boʻlib qolgandi. Uning koʻzi toshlar orasidagi bir teshikchaga tushdi. Baliq oʻsha yerdan katta bir chuqurga oʻtib ketibdi, u chuqurda suv shu qadar koʻp ediki, uning suvini bir kechayu bir kunduzda ham tamom qilib boʻlmasdi. Teshik borligini ilgari bilganda, hammadan burun uni tosh bilan berkitib qoʻygan boʻlardi, shunda baliq uning qoʻlidan qochib qutulolmasdi.
Odam holdan toyib chalchiq yerga oʻtirib oldi-da, yigʻlab yubordi. Oldin sekin-sekin yigʻladi. Keyin atrofni oʻrab yotgan shafqatsiz biyobonni uygʻotmoqchi boʻlgandek borgan sari qattiqroq, hoʻng-hoʻng yigʻlayverdi; hoʻngrab-hoʻngrab, aʻzoyi badani titrab yana uzoq yigʻladi.
U oʻt yoqdi, ancha qaynagan suv ichib, bir oz isidi va kechagidek yotish uchun tosh ustiga joy soldi. Yotishdan avval u gugurtning hoʻl-quruqligini tekshirib koʻrdi va soatini burab qoʻydi. Odeyal hoʻl va muzdek edi. Ogʻriqdan oyoqlari oʻtday yonar, lekin u faqat ochlik azobini sezardi. Kechasi har xil ziyofatlar, mehmondorchiliklar va dasturxonga tortilgan turli noz-neʻmatlarni tush koʻrib chiqdi.
U sovuq qotib, kasal boʻlib uygʻondi. Quyosh koʻrinmasdi. Yeru osmonning boʻz rang tusi yana ham quyuqlashgan; qattiq shamol urib turar, birinchi yoqqan qor tepaliklarni oppoq tusga kiritgan. U oʻt yoqib, suv qaynatguncha, havo yana ham quyuqlashgandek, yana ham oqargandek tuyuldi. Bu yogʻayotgan qorning hoʻl laylak qorga aylanganidan edi. Qor boshida yerga tushgan zamon erib turdi, lekin bora-bora koʻpayib, yerning usti qop bilan qoplana boshladi-da, qop quruq xas-choʻplarni hoʻl qilib, oʻtni oʻchirdi.
Bu unga yukini orqasiga koʻtarib, boshi oqqan tomonga yoʻlga chiqish uchun belgi boʻldi. U endi Kichik Ogʻochlar Oʻlkasi haqida ham, Bill haqida ham, Diz daryosi sohilidagi qayiq ostiga yashiringan narsalar haqida ham oʻylamasdi. Uning fikru xayoli ovqat boʻlib qolgan edi. Ochlik uni aqldan ozdirdi. U qayoqqa ketayotganini ham oʻylolmay qoldi. Ishqilib, toʻgʻri va tekis vodiydan borsa boʻlgani edi. U hoʻl qop ostidan sersuv mevalarni paypaslab qidirar, qamishlarni tomiri bilan sugʻurib olardi. Lekin bu bemaza yemish uning qorniga orom bermasdi. Yoʻlda u mazasi achchiq bir oʻsimlik topdi, bu oʻtdan qancha topsa, hammasini yedi, ammo oʻsimlik juda oz ekan, bu oʻrmalovchi bir oʻsimlik boʻlib, qor tagida qolgandi.
Shu kecha u oʻt yoqmadi, suv ham qaynatmadi, odeyal ichiga kirib oldi-da, och holda yotib qoldi. Qor asta-sekin sovuq yomgʻirga aylandi. Yuziga yomgʻir tomchilari tushayotganini sezib, tez-tez uyqusidan uygʻonib ketardi. Tong otib, yana quyoshsiz boʻz rang kun boshlandi. Yomgʻir toʻxtagan. Endi undagi ochlik tuygʻusi oʻtmaslashdi. Qornida allaqanday bezillab turgan bir ogʻriq qoldi, xolos, ammo bu unga uncha azob bermasdi. Uning fikri bir oz ravshanlashdi, endi y yana Kichik Ogʻochlar Oʻlkasi haqida, Diz daryosi boʻyiga yashirib qoʻygan narsalar haqida oʻylay boshladi.
U yirtiq odeyaldan qolgan qismini yana uzuna-siga yirtib, qoni chiqar darajada shilinib ketgan oyogʻini bogʻladi, chiqqan toʻpigʻining lattasini yangiladi-da, yana yoʻlga tushishga hozirlandi. Yukni koʻtarib olishdan oldin bugʻu terisidan tikilgan xaltaga uzoq tikilib turdi-yu, yana xaltani ham olib ketdi.
Yomgʻir qorni eritib ketgandi, faqat tepachalarning uchi oqarib turardi. Quyosh koʻrinib qoldi, bundan foydalanib, yoʻlovchi dunyoning toʻrt tomonini belgilab oldi, yoʻldan adashganligi aniq boʻldi. Soʻnggi kunlarda chap tomonga koʻproq ketib qolgan boʻlsa kerak, endi u toʻgʻri yoʻlga tushib olish uchun oʻng tomonga qarab yura boshladi.
Ochlik azobi oʻtmaslashgan edi-yu, lekin oʻzining holdan ketganini sezdi. Dam olish uchun tez-tez toʻxtar, yerdan meva terar va qamishlarni tomiri bilan sugʻurib olardi. Uning tili qaqrab, shishib ketdi, ogʻzi achchiq va bemaza. Hammadan koʻproq yuragi bezovta qildi. U bir necha qadam bosmasdan yuragi duk-duk urib ketar, keyin qinidan chiqib ketar darajada dukillab ura boshlardi-da, yoʻlovchi boʻgʻilar, oʻzidan ketar darajada boshi aylanardi.
Tush paytida u katta bir chuqurda ikkita tanga baliq suzib yurganini koʻrib qoldi. Chuqurning suvini quritib boʻlmasdi, lekin endi u ancha oʻzini bosib olgandi, paqirchasi bilan baliqlarni tutib oldi. Baliqlap jimjiloqdek-jimjiloqdek kichkina edi, lekin u ovqat yeyishni uncha istamasdi. Qorin ogʻrigʻi xuddi mudrayotgandek, borgan sari bosib borardi. U baliqlarni xomligicha ogʻziga solib, gʻayrat bilan chaynay boshladi. Ishtahasi boʻlmasa ham, ovqat yeyishga oʻzini majbur qildi, chunki yashamoq uchun ovqat yeyish zarurligini yaxshi bilardi. Kechqurun u yana uchta tanga baliq tutdi, ikkitasini yeb, uchinchisini ertalabga olib qoʻydi. Quyosh onda-sonda uchrab turgan yoʻsinlarni quritganda, u suv qaynatib ichib, bir oz isidi. Oʻsha kuni u oʻn mildan ortiq yoʻl bosolmadi, ertasiga yuragi gupillab urib ketaverib, besh milga yaqin yoʻlni zoʻrgʻa bosib oʻtdi. Qorni uxlab ketgandek ortiq ogʻrimay qoʻydi. Endi u notanish yerlardan borardi, bugʻular tez-tez uchrar, hatto boʻrilar ham koʻrinib qolardi. Ularning uvillagan tovushi uzoqdan qulogʻiga chalinardi. Bir marta u pusib yoʻlini kesib oʻtayotgan uchta boʻrini koʻrib qoldi.
Yana tun kirdi, tongda u bir oz oʻziga kelib, xaltaning qayishini yechdi-da, ichidagi oltinni yerga toʻkdi. Oltinni bab-baravar qilib, ikki qismga boʻldi. Bir boʻlagini lattaga oʻrab, uzoqdan yaxshi koʻrinib turadigan bir tepalikka, toshlar orasiga yashirib qoʻydi. Ikkinchi qismini yana xaltaga solib, ogʻzini bogʻladi. Keyin u bitta-yu bitta odeyalini yirtib, oyoqlarini oʻradi. Lekin u hali ham miltigʻini tashlamadi, chunki Diz daryosi boʻyida yashirib qoʻyilgan narsalar orasida patronlar bor edi.
Bugun hammayoqqa tuman tushdi. Shu kun ochlik yana oʻzini bildirdi. Yoʻlovchi juda zaiflashib qolgan, tez-tez boshi aylanar, vaqti-vaqti bilan hech narsani koʻrmay qolardi. U endi tez-tez qoqilib ketar, yiqilar edi, bir marta toʻppa-toʻgʻri kaklik uyasiga yiqilib tushdi. Uyada endigina tuxumni yorib chiqqan kaklik bolalari bor ekan. U shoshib-pishib ularni tiriklayin ogʻziga sola boshladi. Kaklik bolalari uning tishlari orasida xuddi tuxum poʻstlogʻi singari qisirlar edi. Ona kaklik uning tepasida charx aylanib uchib yurar va achchiq-achchiq yigʻlardi. Yoʻlovchi miltiq qoʻndogʻi bilan kaklikni urib tushirmoqchi boʻldi, lekin qush chap berib qochdi. Keyin u kaklikka tosh ota boshladi-da, qanotini sindirdi. Kaklik yaralangan qanotini sudrab, bir tomonga qarab uchib ketdi, odam uning orqasidan quvlashga tushdi.
Kaklik bolalari uning ishtahasini yana ham ochib yubordi. U kalovlanib, oqsoqlanib goh kaklikka tosh otar va boʻgʻiq qichqirar, goh har yiqilganida chidam bilan oʻrnidan turib, qovogʻini solib indamay qadam bosardi, boshi aylanganda hushdan ketmaslik uchun koʻzlarini ishqalar edi.
Kaklik orqasidan quvib, pastlikdagi bir chalchiqzorga borib qoldi. Koʻzi hoʻl chimlikda odam iziga tushdi Bu izlar uniki emasligi ravshan edi. Billning izlari boʻlsa kerak. Lekin u toʻxtab turolmasdi, chunki kaklik borgan sari undan uzoqlashib qochib ketmoqda edi.
U quvlay berib qushni charchatdi, lekin oʻzining ham tinkasi quridi. Kaklik yonboshiga agʻdarilib, ogʻir-ogʻir nafas olib yotardi, lekin u ham oʻn qadamcha berida entikib yotar, qushga yetib olishga sira madori qolmagan edi. Odam bir oz dam oldi, lekin qush ham nafasini rostlab olgandi. U qoʻl uzatgan zamon qush tipirlab qochdi. Quvish yangidan boshlandi. Qopongʻy tusha boshlagach, qush koʻzdan gʻoyib boʻldi. Juda charchaganidan qoqilib, orqasidagi yuki bilan yiqildi-da, yuzlari shilinib ketdi. U uzoq vaqtgacha qimirlamay yotdi, keyin yonboshiga agʻdarilib, soatini burab qoʻydi-da, tong otguncha shu holatda yotib qoldi.
Yana tuman. Odeyalning yarmisi oyogʻini oʻrashga ketdi. Billning izini u qaytib topolmadi, lekin unga baribir edi. Ochlik uni hamon olgʻa haydardi. Bordi-yu… Bordi-yu, Bill ham adashib qolgan boʻlsa-chi? Tushga borib, u juda ham holdan toydi. U yana oltinni ikkiga boʻldi. Bu gal oʻlchab oʻtirmay, yarmini yerga toʻkib qoʻya qoldi. Kechga borib, odeyalning yarmini, paqircha va miltiqni olib qolib, oltinning hammasini yerga toʻkib tashladi.
Unga bir xomxayol yopishib oldi. Tasavvurida miltiqda xuddi bir oʻq qolgandek, buni koʻrmay qolgandek edi. Shu bilan bir vaqtda miltiqda oʻq yoʻqligini yaxshi bilardi. Lekin xomxayol uni sira tinch qoʻymadi. Bir necha soatgacha mana shu xomxayolga qarshi kurashdi. Pirovardida, miltigʻini qarab, oʻqning yoʻqligiga ishonch hosil qildi. Hafsalasi shunday pir boʻldiki, goʻyo u haqiqatan ham oʻq borligini kutgan edi.
Yarim soat oʻtdi, keyin boyagi xomxayol yana paydo boʻldi. U xomxayolga qarshi kurashib yengolmadi-da, oʻzini bir oz ovutish uchun yana miltigʻini tekshirib chiqdi. Ahyon-ahyonda miyasi ishlamay qolar, oʻzi esa jonsiz bir narsadek beixtiyor kalovlanib borardi; gʻalati xayollar va bemaʻni tasavvurlar uning miyasini aynitar edi. Lekin u tez oʻziga kelardi, chunki ochlik azobi uni hamma vaqt haqiqatga qaytishga majbur qilardi. Bir marta koʻz oʻngida shunday gʻalati bir manzara paydo boʻldiki, hushidan ketib qolishiga sal qoldi. U oʻzini tutolmay qoldi va yiqilib ketmaslik uchun mast kishidek gandiraklab ketdi. Uning oldida ot turardi. Ot! U koʻzlariga ishonmasdi. Koʻz oldi jimirlashib, atrofni tuman bosgandek boʻldi. U zoʻr berib koʻzini ishqaladi, koʻz oldi ravshanlashganda qapaca, qarshisida ot emas, kattakon bir targʻil ayiq turgan ekan. Ayiq unga yov qarash qilib turar edi.
U miltigʻini yelkasidan oldi-yu, shu ondayoq esini yigʻdi. Miltiqni qoʻyib, munchoq qadalib tikilgan qindan pichogʻini sugʻurdi. Uning oldida goʻsht va hayot typap edi. U bosh barmogʻi bilan pichoqning tigʻini paypaslab koʻrdi. Pichoqning tigʻi ham, uchi ham oʻtkir edi. U hozir ayiqqa tashlanib, uni oʻldiradi. Lekin uning yuragi xuddi xavfdan ogohlantirayotgandek duk-duk-duk ura bashladi. Keyin birdan yuragi qinidan chiqib ketar darajada sakrab ketdi; miyasi xuddi iskanjaga olgandek qattiq ogʻridi, koʻz oldi qorongʻulashdi.
Hozirgina joʻsh urib turgan botirligi oʻrnini qoʻrquv egalladi. U shunday zaif ediki, ayiq hujum qilsa, unda nima boʻladi? Mumkin qadar haybatliroq boʻlib koʻrinish uchun qaddini rostladi, pichoqni qoʻliga olib, toʻgʻri ayiqning koʻzlariga tikildi. Yirtqich lapanglab oldinga bir qadam bosdi, ikki oyogʻini koʻtarib, oʻkirib yubordi. Odam qochib berganda, ayiq uning orqasidan quvgan boʻlardi. Lekin odam qoʻrquvning kuchliligidan botirlanib, oʻrnidan qimirlamadi; u ham yirtqich hayvon singari vahshiyona ovoz bilan oʻkirib yubordi, bu oʻkirik qoʻrquv ifodasi edi, chunki qoʻrquv yashash uchun kurash bilan chambarchas bogʻliq edi.
Ayiq undan qoʻrqmay tik turgan mana shu sirli maxluqdan hayiqib oʻkirib-oʻkirib bir tomonga chekindi. Lekin odam oʻrnidan qimirlamadi. U xavf oʻtib ketguncha qaqqayib tek turdi, keyin xuddi bezgak tutgandek qaltirab, hoʻl chimlikka yiqildi.
U bir oz oʻziga kelib, qoʻrquv azobidan qiynalgan holda yana yoʻlga tushdi. U endi ochdan oʻlishdan emas, balki hayot uchun kurashning soʻnggi intilishlari soʻnguncha yirtqich hayvonlar qoʻlida oʻlishdan qoʻrqardi. Atrofda boʻrilar izgʻib yurardi. Sahroda hammayoqdan ularning uvillagan tovushlari eshitilardi, atrof-tevarakda xavf shu qadar koʻp ediki, y oʻsha xavfni bartaraf qilmoqchi boʻlgandek beixtiyor ikki qoʻlini yuqori koʻtardi.
Boʻrilar ikkita-ikkitadan, uchta-uchtadan boʻlib tez-tez uning yoʻlini kesib oʻtardilar. Lekin ular odamga yaqinlashmadilar. Ular juda ham koʻp emasdi. Bundan tashqari ular qarshilik koʻrsatmaydigan bugʻularni ovlashga oʻpgangan edilar, ikki oyoqli bu gʻalati maxluq esa chang solib qolsa ham, tishlab olsa ham ajab emasdi.
Kechga borib, u yerda sochilib yotgan suyaklarni koʻrib qoldi. Boʻrilar xuddi mana shu yerda ovni qoʻlga tushirgan edilar. Bundan bir soat ilgari tirik boʻlgan bugʻucha hansirab, yugurib, maʻrab yurgandi. Odam top-toza qilib qoʻyilgan yarqiroq qizgʻish suyaklarga qarab turdi. Suyaklarning rangi qizgʻish edi, chunki undagi hayot hali soʻnmagandi. Kechqurunga borib, ehtimol uning taqdiri ham shunday boʻlar. Hayot shunaqa, hayot bevafo va bebaqo. Lekin hayot alam chektiradi. Oʻlimda qiynalish yoʻq. Oʻlim uxlamoqdir. Oʻlim orom olmoqdir. Boʻlmasa, nima uchun u oʻlishni istamaydi?
Lekin u uzoq oʻylab oʻtirmadi. Koʻp oʻtmay u choʻkka tushib olib suyaklarni ogʻziga soldi, suyaklarga qizgʻish tus berib turgan hayotning oxirgi nishonalarini coʻpapdi. Goʻshtning oʻtmishdan qolgan xotira singari tuyulgan sezilar-sezilmas mazasi uni oʻzini yoʻqotar darajada hayajonga soldi. Suyakni tishlari orasiga olib gʻajiy boshladi. Goh suyak sinar, goh uning tishi sinardi. Keyin y suyakni tosh bilan yanchib, ochkoʻzlik bilan yuta boshladi. Shoshilganidan toshni barmoqlariga urar, ammo qancha hovliqmasin nima uchun ogʻriqni sezmayotirman, deb ajablanib qoʻyardi.
Qop va yomgʻirli eng ogʻir kunlar yetib keldi. U endi qachon yotib, qachon yoʻlga tushganini eslay olmasdi. Vaqtni surishtirmay, kechayu kunduz yoʻl bosa bordi, yiqilgan yerida dam oldi, undagi soʻnayotgan hayot sal jonlandi deguncha yana oldinga qarab oʻrmaladi. Hayot uchun endi odam kurashmay qoʻydi. Undagi hayotning oʻzi oʻlishni istamas va uni ilgari haydardi. U ortiq azob chekmasdi. Uning asablari uvishib qolgan, oʻtmaslashgan, miyasi esa gʻalati xayollar, shirin tushlar bilan toʻla edi.
U bitta qoʻymay yigʻib, oʻzi bilan olib ketgan suyaklarni tinmay soʻrar va chaynar edi. U ortiq tepaliklarga koʻtarilmas, ariqlarni kechib oʻtmasdi, u endi keng vodiydan oqib oʻtayotgan anhor yoqalab borardi. Uning koʻziga xayoliy manzaralar koʻrinardi. Uning tani bilan joni birga borardi-yu, shunday boʻlsa ham bir-birlaridan ajralgandek edi: ularni bir-birlariga bogʻlab turgan hayot rishtasi shu qadar ingichka edi.
Bir kuni ertalab yassi bir tosh ustida yotganida hushi oʻziga keldi. Quyosh nur sochib, isitib turardi. Uzoqdan uning qulogʻiga bugʻularning maʻragan ovozlari eshitildi. Yomgʻir, shamol, qor yogʻib turgani gʻira-shira esida, lekin yogʻingarchilik necha kun boʻlganini, ikki kun boʻldimi, yo ikki hafta davom etdimi — buni bilmasdi.
U uzoq vaqtgacha qimirlamay yotdi, quyosh moʻl-koʻl nur sochib, uning ayanchli badaniga issiqlik bagʻishlar edi. “Yaxshi kun”, deb oʻyladi u. Ehtimol quyoshga qarab, qayerda ekanini aniqlab olar. U ming azob-uqubat bilan bir yonboshiga agʻdarildi. Pastda katta sokin bir daryo oqib yotardi. Bu daryo yoʻlovchiga notanish edi, bu uni ajablantirdi, shoshilmay suvning oqishini koʻzdan kechira boshladi. Daryo shu vaqtgacha u koʻrib kelgan tepalardan ham yalangʻochroq va yoqimsiz tepaliklar orasidan buralib-buralib oqayotganiga qarab yotdi. U shoshmasdan, beparvo va sira qiziqmay notanish daryoning oqimini to ufqqa qadar kuzatdi-da, daryo oʻz suvini uzoqda yarqirab turgan dengizga quyayotganini koʻrdi. Shunday boʻlsa ham bunga hayajonlanmadi. “Qiziq, – deb oʻyladi u. – Bu yo sarob yoki oʻtmaslashgan tasavvurning mevasi”. Yarqiroq dengizda turgan kemani koʻrganda, bu fikrning toʻgʻri ekanligiga yana bir marta ishondi. U bir zum koʻzlarini yumib, yana ochdi. Ajab, xayoliy manzara yoʻqolmaydi. Hayron qoladigan hech gap yoʻq edi ham. Uning miltigʻida patron boʻlmaganidek, mana shu sahroning qoq oʻrtasida dengizning ham, kemaning ham boʻlishi mumkin emasligini bilardi.
Orqadan xirillagan bir tovush eshitildi, bu xoʻrsinishmi, yoʻtalmi — bilib boʻlmasdi. Gʻoyat zaiflik va karaxtlikni juda sekinlik bilan yengib, u ikkinchi yonboshiga agʻdarildi. Yaqinida hech narsa koʻrinmadi, u sabr bilan kuta boshladi. Yana xirillagan va yoʻtal tovushi eshitildi. Yigirma qadamcha narida oʻtkir qirrali ikki toshning orasidan bir boʻrining kul rang boshi koʻrindi. Uning quloqlari boshqa boʻrilarniki singari tik emas, koʻzlari xira va qon quyilgan, boshi zaif ravishda solingan. Boʻri kasal boʻlsa kerak: u hamma vaqt aksa urar va yoʻtalar edi.
“Hech boʻlmaganda bunisi haqiqatdir”, – oʻyladi u va tasavvur olamidagi dunyoni emas, haqiqiy dunyoni koʻrish uchun boshqa yonboshiga agʻdarildi. Lekin dengiz hali ham ilgarigidek uzoqda yaltirab turar, oʻrtasidagi kema ham aniq koʻzga chalinardi. Ehtimol, bu rostdan ham haqiqatdir? U koʻzlarini yumib oʻylay boshladi — pirovardida, hamma narsa ayon boʻldi. U sharq-shimolga qarab yurgan va Diz daryosidan uzoqlashib Koppermayn daryosi vodiysiga kelib qolgan. Sokin oqayotgan mana shu keng daryo Koppermayn daryosining xuddi oʻzginasi. Yaltirab turgan dengiz — Shimoliy muz dengizi. Bu kema kit ovchilari kemasi boʻlib, Makkenzi daryosi dengizga quyiladigan joydan sharq tomonga ancha ketib qolgan. Bu kema Koronatsiya koʻrfazida turibdi. U bir vaqtlar koʻrgani Gudzon koʻrfazi kompaniyasining xaritasini esladi-yu, bor gap ravshan, tushunarli boʻlib qoldi.
U yerga oʻtirib oldi-da, eng zarur ishlar haqida oʻylab ketdi. Oyoqlarini oʻrab bogʻlagan odeyal parchalari titilib ketgandi, bu sababdan oyoqlari shilinib qip-qizil goʻsht boʻlib qolgandi. Eng soʻnggi odeyalni ham ishlatib boʻlgan. Miltiq bilan pichogʻi yoʻqolgan. Qalpogʻi ham tushib qolibdi, u bilan birga astariga yashirilgan gugurt ham yoʻqolgandi, lekin qogʻozga oʻrab, hamyoniga solib qoʻygan gugurt hali ham quruq turibdi. U soatiga qaradi. Soati yurib turar va oʻn birni koʻrsatardi. Hamma vaqt u soatini burab turgan boʻlsa kerak.
Oʻzi tinch, aqli joyida edi. Juda holdan toyganiga qaramay, ogʻriqni sezmas, ovqat yegisi ham kelmasdi. Ovqat haqidagi fikr uni qiziqtirmasdi ham. Har bir harakatni idrok hukmi bilan qilardi. U shimining pochasidan to tizzasigacha yirtib oldi-da, toʻpigʻini oʻrab bogʻladi. Chelakchasini nima uchundir tashlamadi: kemaga qarab yoʻl olishdan avval suv qaynatib ichishi kerak, bu safarning juda ogʻir boʻlishini u oldindan bilardi.
U juda sekin harakat qilar, shol odamdek qaltirar edi. Quruq yoʻsin yigʻmoqchi boʻldi, lekin oʻrnidan turolmadi. Bir necha marta oʻrnidan turishga intilib koʻrdi, boʻlmagach, emaklab ketdi. Bir marta hatto kasal boʻrining oldiga juda yaqin borib qoldi. Boʻri istar-istamas oʻzini chetga oldi va zoʻrgʻa tilini qimirlatib tumshugʻini yaladi. Uning tili sogʻlom boʻrinikidek qizil emas, kulrang-sargʻish boʻlib, yelim singari quyuq shilliq bilan qoplangan. Odam bir oz qaynagan suv ichib oldi-da, deyarli kuch-quvvatdan qolgan boʻlsa ham, oʻrnidan turishga, hatto yurishga oʻzida yetarli kuch borligini his qildi. Daqiqa sayin toʻxtab dam olardi. Zaiflik bilan yakkam-dukkam qadam tashlar, boʻri ham uning orqasidan xuddi shu xilda sudralib borardi.
Qorongʻu tushib, yarqirab turgan dengiz zulmat ichiga gʻarq boʻlganda, u oraliqdagi masofa koʻp emas, toʻrt milga qisqarganini angladi.
Tun boʻyi kasal boʻrining yoʻtalishi va baʻzan bugʻu bolalarining maʻrashi eshitilib turdi. Atrofda hayot qaynamoqda, ammo u hayot kuch-quvvatga toʻla, sogʻlom hayot. U esa orqasidan kasal boʻri ergashib kelayotganini, kasal odam avval oʻladi degan umidda ekanligini tushunar edi. Ertalab turib qapaca, boʻri unga gʻamgin va ochkoʻzlik bilan koʻz tikib turibdi. Boʻri dumini qisib, xuddi tinkasi qurigan gʻarib it kabi, boshini quyi solib turardi. Boʻri sovuq shamolda qaltirar, odam unga xirillagan tovush bilan soʻz qotganda, tishini tirjaytirib irillar edi.
Ufqdan yorqin quyosh koʻtarildi. Odam choshgohga qadar qoqilib-suqilib yaltiroq dengizda turgan kemaga qarab yurdi. Havo juda yaxshi, shu shtatlarga xos boʻlgan erta kuz kunlari edi. Bunday kunlar koʻpi bilan bir hafta davom qilar, erta, yo indin tamom boʻlishi ham mumkin edi.
Tushdan keyin u bir izga duch keldi, bu boshqa bir odamning izi boʻlib, u odam yurib emas, emaklab yurgani bilinib turardi. Ehtimol, bu Billning izidir deb oʻyladi u hech qanday hayajonsiz. Unga baribir edi. Toʻgʻrisi, u biror narsani sezish va hayajonlanish tuygʻusini yoʻqotib qoʻygan edi. U hatto ogʻriqni ham sezmasdi. Qorni bilan asablari goʻyo mudrab ketgandek. Lekin hali soʻnmagan hayot uchquni uni olgʻa haydardi. U juda charchagan, lekin undagi hayot oʻlishni istamasdi. Undagi hayot oʻlishni istamaganligi uchun ham u chalchiqzordan meva terib yer, tanga baliq ovlar, suv qaynatib ichar va olazarak boʻlib kasal boʻrini kuzatar edi.
U oʻrmalab oʻtgan boshqa odamning izidan borardi.
Koʻp oʻtmay u oʻzidan oldingi odamning manziliga yetib keldi. Hoʻl chimlik ustida kemirib tashlangan suyaklar va boʻrilarning iziga koʻzi tushdi. Yerda xuddi oʻzinikiga oʻxshash, oʻtkir tishlar tortqilab yirtgan bugʻu terisidan tikilgan xalta yotardi. Bunday ogʻir yukni koʻtarishga madori kelmasa ham kuchsiz barmoqlari bilan qopni yerdan koʻtarib oldi. Bill oltinlarini soʻnggi daqiqalarga qadar tashlamagan ekan. Ha-ha-ha! U hali Billning ustidan masxara qilib kuladi. Tirik qoladi va xaltani yarqirab turgan dengizdagi kemaga olib ketadi. U xuddi qargʻaning qagʻillashiga oʻxshagan boʻgʻiq va beoʻxshov ovoz bilan kulardi. Kasal boʻri ham unga taqlid qilib xirillagan tovush bilan uvilladi. Odam darhol jim boʻldi. Agar mana shu suyaklar Billniki boʻlsa, shu toza kemirilgan, qizgʻish suyaklar Billniki boʻlsa, qanday qilib uning ustidan kulyapti-ya!
U yuzini oʻgirib oldi. Nima qilsin, Bill uni tashlab ketdi, lekin u Billning oltinlarini ochmaydi, uning suyaklarini kemirmaydi. Agar mening oʻrnimda Bill boʻlganda shunday qilgan boʻlardi deb oʻylab qoʻydi va kalovlanib yoʻlga tushdi.
U kichkina bir koʻlga duch keldi. Baliq yoʻqmikan deb chuqurchaga engashib qaradi-yu, xuddi ilon chaqqandek seskanib oʻzini opqaga tashladi. Suvda u oʻz aksini koʻrib qoldi. Uning basharasi shu qadar qoʻrqinchli ediki, hatto toʻposlashib qolgan ongini ham uygʻotib yubordi. Koʻlchada uchta baliq suzib yurardi, lekin koʻlcha kattagina boʻlib, suvini quritishga uning qurbi yetmasdi. U baliqlarni chelakcha bilan tutishga urinib koʻrdi, keyin bu fikrdan qaytdi. Oʻlgudek charchaganidan suvga yiqilib, choʻkib ketaman deb qoʻrqdi. Xuddi shu sababga koʻra u qumloq sohilda yogʻoch xodalar koʻp boʻlsa ham, sol yasab, daryodan suzib ketishga jurʻat qilolmadi.
Oʻsha kuni u kemagacha boʻlgan masofani uch milga qisqartirdi, ertasiga esa ikki mil yoʻl bosdi. Endi u xuddi Billga oʻxshab oʻrmalab borardi. Beshinchi kuni kechqurun kemaga yetish uchun yana yetti mil yoʻl qolgan edi; endi bir kunda bir mil yoʻl bosishga ham madori qolmadi. Erta kuzning iliq kunlari hali tugamagandi, u esa goh oʻrmalar, goh hushidan ketib yiqilardi, kasal boʻri esa yoʻtalib, aksa urib, uning orqasidan qolmay sudralib borardi. Odamning tizzalari qip-qizil goʻsht boʻlib ketgan, tovonlari bundan ham battar edi. Koʻylagidan yirtib olib, tizza va tovonlarini oʻrab bogʻlagan boʻlsa ham orqasidan chimlik va toshlar ustiga qonli iz qoldirib borardi. U bir marta orqasiga qayrilib qarab, boʻri ochkoʻzlik bilan qonli izlarni yalayotganini koʻrib qoldi. Agar boʻrini bir yoqligʻ qilmasa, oʻzining umri nima bilan tugashini yaxshi tasavvur etdi. Shundan keyin hayotda uchrashi mumkin boʻlgan kurashlarning eng shiddatlisi boshlandi: emaklab borayotgan kasal odam, uning orqasidan sudralayotgan kasal boʻri; ikkisi ham chala oʻlik holda, bir-birini poylashib, sahrodan sudralib bordilar.
Boʻri sogʻ boʻlganda, odam bunchalik qarshilik koʻrsatib oʻtirmagan boʻlardi, lekin mana shu eng badburush, deyarli oʻlaksa boʻlib qolgan razil maxluqning qorniga tushishini oʻylasa, koʻngli aynir edi. U yana alahlay boshladi, yana koʻziga xomxayollar koʻrina boshladi, ongi ravshanlashgan vaqtlar borgan sari qisqarib va tobora siyraklashib borardi.
Bir marta xuddi qulogʻi ostida kimdir tez-tez nafas olayotganini eshitib hushiga keldi. Tepasida turgan boʻri oʻzini orqaga tashladi va qoqilib ketdi-da, zaiflikdan yiqilib tushdi. Bu kulgili bir manzara edi, lekin odam kulmadi. U hatto qoʻrqmadi ham. U endi qoʻrqish nimaligini ham sezmay qolgandi. Uning ongi bir daqiqaga ravshanlashdi, u oʻylab ketdi. Kemaga qadar endi koʻpi bilan toʻrt mil yoʻl qolgandi. U tuman bosgan koʻzlarini ishqalab, kemani juda ravshan koʻrdi. Yarqirab turgan dengizni kesib oʻtayotgan oq yelkanli qayiqchani ham koʻrdi. Lekin bu toʻrt millik masofani bosishga asti madori qolmagandi. Odam buni bilardi, shuning uchun ham bezovtalanmadi. Yarim millik yoʻlni ham bosa olmasligiga aqli yetardi. Shunday boʻlsa ham yashashni istardi. Shuncha azob-uqubatlar chekkandan keyin oʻlib ketish beʻmanilik boʻlardi. Taqdir undan juda koʻp narsa talab qilardi. Oʻlayotib ham u oʻlimga buysunishni istamas edi. Ehtimol, bu aqlsizlik edi, lekin oʻlimning changaliga tushib qolgan boʻlsa ham uning changalidan qutulib ketish uchun kurashni davom ettirdi.
U koʻzlarini yumib, ming ehtiyot bilan kuchlarini toʻpladi. Xuddi toʻlqin singari uning butun vujudini qoplab olayotgan hushidan ketish xavfini yengish tilagida u oʻziga dalda berardi. Bu toʻlqin oʻqtin-oʻqtin koʻtarilib, uning ongini xiralashtirardi. Baʻzan u chorasiz tipirchilab, hushsizlik dengiziga botib ketar, ongning qandaydir nomaʻlum kuchi taʻsirida yana qaytadan irodasini zoʻrgʻa toʻplab, hushsizlik dengizidan suzib chiqdi.
U qimirlamasdan chalqancha yotgan holda kasal boʻrining xirillagan tovushi tobora yaqinroq eshitilayotganiga quloq soldi. Onlar juda sekin oʻtar, lekin odam biror marta ham qimirlamasdi. Boʻrining nafasi juda yaqindan eshitila boshladi-yu, qurib qolgan til xuddi shildiroq qogʻoz singari uning yuzini timdaladi. Uning qoʻllari yuqoriga choʻzildi, barmoqlari xuddi changak singari bukildi, lekin mehnati zoye ketdi. Tez va ishonch bilan harakat qilish uchun kuch kerak, unda esa kuch yoʻq.
Boʻri sabrli edi, lekin odam undan ham sabrli edi. U hushdan ketib qolmaslik uchun urinib va boʻrini poylab, yarim kun qimirlamasdan yotdi. Boʻri uni yemoqchi edi, qoʻlidan kelsa, odam ham boʻrini yemoqchi edi. Vaqti-vaqti bilan u hushdan ketib qolar, shunda u uzoq-uzoq tushlar koʻrar edi; lekin hamma vaqt: tushida ham, oʻngida ham, mana hozir boʻrining xirillagan tovushi eshitiladi, gʻadir-budur tili bilan meni yalaydi deb kutib yotardi.
Nafas tovushini eshitmadi, lekin boʻri uning qoʻlini yalayotganligini sezib oʻziga keldi. Odam kutib yotdi. Boʻri uning qoʻlini tishlari orasiga olib soʻnggi kuchlarini sarf qilib qisdi, keyin tishlarini borgan sari qattiqroq botira berdi, u shuncha vaqtdan beri kutgan ovqatiga erishgan edi. Lekin odam ham shu paytni koʻpdan beri kutardi, uning tishlangan qoʻllari boʻrining jagʻini qisdi. Boʻri zaiflik bilan oʻzini himoya qilarkan, odam bir qoʻli bilan uning jagʻini qisardi, ikkinchi qoʻlini ham uzatib boʻrining tomogʻidan boʻgʻa boshladi. Besh daqiqadan keyin odam oʻzining butun ogʻirligi bilan boʻrini bosib tushdi. Boʻrini boʻgʻib oʻldirish uchun uning kuchi yetmasdi, shunda odam tishi bilan boʻrining tomogʻiga yopishdi, uning ogʻzi yungga toʻldi. Yarim soat oʻtdi, odam oʻz tomogʻiga issiq qon quyilayotganini sezdi. Xuddi uning ogʻziga eritilgan qoʻrgʻoshin quyilayotgandek uni yutish qiyin edi. Lekin faqat iroda kuchi bilan oʻzini chidashga majbur qildi. Keyin odam chalqanchasiga agʻdarildi-da, uyquga ketdi.
Kit ovlovchi “Bedford” kemasida ilmiy ekspeditsiya aʻzolari bor edi. Ular kema palubasida turib, qirgʻoqda gʻalati bir maxluqni koʻrib qolishdi. Bu maxluq qum ustida zoʻrgʻa oʻrmalab, dengiz tomonga kelardi. Olimlar buning nima ekanini bilolmadilar, tabiatshunos boʻlganlik-lari uchun qayiqchaga oʻtirib qirqoqqa suzib ketdilar. Ular tirik bir maxluqni koʻrdilar, lekin uni odam deb atash mumkinmidi? U hech narsani eshitmas, hech narsani tushunmas, qum ustida ulkan qurt singari buralar edi. U oldinga deyarli siljimas, lekin orqaga ham chekinmasdi va buralib-buralib oldinga qarab harakat qilar va soatiga yigirma qadamdan yoʻl bosardi.
Uch hafta oʻtgandan keyin u “Bedford” kemasida karavotda yotgan holda koʻz yoshlarini oqizib, oʻzining kimligi va qanday mashaqqatlarni boshidan kechirgani haqida hikoya qilib berdi. U bir-biriga qovushmagan hikoyasida oʻzining onasi, serquyosh janubiy Kaliforniya, apelsin daraxtlari va gullar orasiga koʻmilgan uyi haqida gapirib berdi.
Bir necha kun oʻtgandan keyin u olimlar va kapitan bilan birga kayut-kompaniyada oʻtirardi. U ovqatning serobligidan quvonar, boshqalarning ogʻziga tushib yoʻq boʻlib ketayotgan har bir luqma uni zoʻr tashvishga solardi. Uning aqli joyida, lekin stol atrofida oʻtirgan odamlarga nafrat bilan qarardi. Ovqatning tamom boʻlib qolishidan qoʻrqib bezovta boʻlardi. U hadeb oshpazdan, xizmatchi boladan, kapitandan ovqat zaxirasini surishtirardi. Ular yuz martalab tasalli bersalar ham ishonmas, oʻz koʻzi bilan koʻrib ishonish uchun ovqat omboriga tez-tez tushib turardi.
Kemadagilar uning semirayotganligini sezib qoldilar. Kun sayin uning etiga et qoʻshilardi. Olimlar bosh chayqab turli taxminlar qilishardi. Unga ovqatni kamroq bera boshladilar. Lekin shunda ham borgan sari semirib ketaverdi, qorin sola boshladi.
Matroslar bunga kulishardi, ular gapning nimada ekanini bilishardi. Olimlar uning orqasidan poylab, sirni bilib oldilar. Ertalab nonushtadan keyin u bakka chiqar va xuddi tilanchi singari matroslarga qoʻl choʻzardi. Matros kulib, unga suxari berardi. U ochkoʻzlik bilan suxarini olar va xuddi oltinga koʻzi tushgan xasisdek, nonni qoʻltigʻiga urardi. Boshqa matroslardan ham xuddi shunday yoʻl bilan sadaqa olardi.
Olimlar indamadilar va uni oʻz holiga qoʻyib qoʻydilar. Ular oʻziga bildirmay uning karavotini tekshirdilar. Karavotning osti suxari bilan toʻla edi. Toʻshakning ichiga ham suxari toʻldirilgan ekan. Har bir burchakka suxari yashirilgan. Lekin uning miyasi joyida edi. U faqat ikkinchi marta och qolmaslik chorasini koʻrardi, xolos. Olimlar bu kasallik tez oʻtib ketadi degan fikrda edilar. Haqiqatan ham “Bedford” kemasi San-Frantsisko limoniga langar tashlamasdanoq bu kasallik oʻtib ketdi.

Rus tilidan F. Abdullayev tarjimasi

* * * * * * * *

HAYoTGA MUHABBAT

Taqdir seni otsa ham har yon,
Shu narsani unutma, inson:
Mol-dunyo deb qaygʻurma aslo,
U topilar, omon boʻlsa jon!

Ular oqsoqlanib mashaqqat bilan sohildan pastga tushib borishardi, oldindagisi uyum-uyum yotgan chaqir toshlar orasidan gandiraklab ketdi. Ikkala yoʻlovchi holdan toygan, tinkalari qurigan, uzoq vaqtdan beri muhtojlikka bardosh berib kelayotganlari burishib ketgan yuzlaridan sezilib turardi. Orqalariga bogʻlab olgan yuklari juda ezib qoʻygan edi. Yelkadan oshirib bogʻlangan qayishlar ogʻir yukni yengillashtirardi. Ikkalasida ham bittadan miltiq. Ular bukchaygan holda boshlarini quyi solib qadam tashlashardi.
— Qani endi, yashirib qoʻygan oʻqlardan ikkitaginasi boʻlsa, — deb qoʻydi orqada kelayotgani. Uning ovozi zaif, gʻamgin va ifodasiz, soʻzlarida zavq-shavqdan asar yoʻq edi. Toshlar ustidan koʻpirib oqayotgan sutdek oppoq suvga endigina oyoq qoʻyayotgan oldindagi hamrohidan sado ham chiqmadi.
Ikkinchisi esa, sherigi orqasidan izma-iz suvga tushdi. Ular oyoq kiyimlarini yechib oʻtirishmadi. Suv shunday sovuq ediki, toʻpiqlarini qaqshatib, oyoqlarini uvushtirib qoʻygandi. Suv baʻzi joylarda tizzaga urar, hamrohlar gandiraklagancha zoʻrgʻa oyoq qoʻyishardi.
Orqadagisi silliq yassi tosh ustidan sirpanib ketdi, yiqilib tushardi-yu, oʻzini arang tutib qoldi, lekin ogʻriqdan baqirib yubordi. Munkigan vaqtida boshi aylanib, koʻzi tindi shekilli, boʻsh qoʻlini baland koʻtarib havoga tayanmoqchi boʻldi.
Oʻzini oʻnglab olib, oldinga qadam bosdi, ammo yana munkidi, yiqilishiga sal qoldi. Shundan keyin taqqa toʻxtab, unga nazar-pisand qilmay ketayotgan hamrohiga qaradi.
U oʻzicha nimanidir mulohaza qilayotgandek, rosa bir daqiqa xayol surib turdi-da, keyin hamrohini chaqirdi:
— Menga qarang, Bill, toʻpigʻimdan lat yedim, — dedi.
Bill gandiraklaganicha sutdek oppoq suvni kechib borardi. U orqasiga qayrilib ham qoʻymadi. Hamrohi Billga termilganicha qoldi, uning qiyofasi oʻsha-oʻsha maʻnosiz boʻlsa ham, koʻzlari yaralangan ohunikiday moʻltirardi.
Oldindagi yoʻlovchi narigi qirgʻoqqa arang koʻtarilib, orqasiga qaramay yoʻlida davom etardi. Suv oʻrtasida qolgani esa, hamon unga termilganicha turardi. Uning lablari qaltirab, hatto hurpayib ketgan malla rang soqol-moʻylovi ham selkillardi. Yoʻlovchi qovjiragan lablarini yalab oldi.
— Bill! — qichqirdi u.
Bu qichqiriq boshiga kulfat tushgan azamat bir kimsaning shiddatli nolasi edi, Bill esa orqasiga qayrilib ham qoʻymadi. Oldinga bukchayganicha kulgili bir tarzda qoqilib-suqilib ufqqa tutashgan pastakkina tepalik yon bagʻridan yuqoriga arang koʻtarilarkan, hamrohi undan koʻz uzmasdi. U dovon oshib, koʻzdan gʻoyib boʻlguncha ham termilib turdi. Shundan keyin Billdan umidini uzib, atrof-tevarakka maʻyus nazar tashlab, tanho oʻzi qolgan xilqatni koʻzdan oʻtkazdi.
Quyuq tuman va shaklu shamoyilsiz, rutubatli havo pardasiga burkangan quyosh ufq yaqinida gʻira-shira miltillab turardi. Yoʻlovchi butun ogʻirligini bir oyogʻiga tashlab, choʻntagidan soatini oldi. Soat strelkalari toʻrtni koʻrsatardi, u iyulning oxiri yoki avgustning boshlari, deb taxmin qilganidan aniq kun hisobini bir-ikki haftaga chalkashtirgan edi, quyosh taxminan shimoli-gʻarb tomonda edi. Janub tomonga qaradi, ana oʻsha giyohsiz qir-adirlar ortida, qayerdadir Katga ayiq koʻli bor, buni bilardi; oʻsha tomonda Shimoliy Qutb doirasining mudhish yoʻli Kanada dashtlarini kesib oʻtishi ham unga maʻlum edi. U turgan oqim Kompermayn daryosining irmogʻi boʻlib, Kompermayn daryosi esa shimolga oqib, Koronatsiya qoʻltigʻi orqali Shimoliy muz okeaniga quyilardi. Yoʻlovchi u yerlarda hech qachon boʻlmagan, lekin
ularni bir vaqtlar, Gudzon qoʻltigʻi kompaniyasi chiqargan kartada koʻrgandi.
Yoʻlovchi yakka oʻzi qolgan xilqatni yana bir marta koʻzdan kechirdi. Koʻngil ochadigan joylardan emas edi. Bugun atrof nozik ufq tasmasi bilan oʻralgan. Uncha baland boʻlmagan qir-adirlar koʻzga yaqqol tashlanib turardi. Na daraxt, na buta va na oʻt-oʻlan bor; kimsasiz, bepoyon dasht uning yuragiga gʻulgʻula solardi.
— Bill! — deb pichirladi u bir-ikki marta. — Bill!
U sutdek oppoq suv oʻrtasida choʻnqayib oʻtirib qoldi, goʻyo cheksiz biyobon oʻzining butun kuch-qudrati bilan uni ayovsiz ezar, huvillagan dasht uni tahlikaga solar edi. Vujudini bezgak xurujidek qaltiroq bosdi, qoʻlidagi miltigʻi shalop etib suvga tushib ketdi-yu, oʻziga keldi. Paypaslab miltigʻini toparkan, oʻziga-oʻzi ancha dalda berib, es-hushini yigʻdi. Lat yegan toʻpigʻini yengillatish uchun orqasidagi yukni chap yelkasi tomon yuqoriroq surib oldi. Keyin ogʻriq azobidan toʻlgʻanib, shoshilmay, ehtiyotlik bilan narigi qirgʻoqqa tomon yura boshladi.
U toʻxtamay yoʻl bosardi. Oyoqlarining ogʻriganiga ham qaramay, tavakkal qilib, hamrohi oshib oʻtib, koʻzdan gʻoyib boʻlgan qir yon-bagʻridan zudlik bilan tepalikka koʻtarila boshladi. Uning qiyofasi undan sal burunroq oqsoqlanib, arang sudralib tepaga koʻtarilgan Bill qiyofasidan ham kulgiliroq va gʻaroyibroq koʻrinardi. Tepalik orti hayot asari boʻlmagan yuzagina voha edi. Uni yana gʻulgʻula bosdi, oʻziga-oʻzi dalda berdi, orqadagi yukini chap yelkasiga tomon yuqoriroq surdi-da, soʻngra gandiraklaganicha pastga tusha boshladi.
Vodiy tubini suv bosgan boʻlib, uning yuzi qalin yoʻsin bilan qoplangan edi. Yoʻlovchi qadam tashlaganida oyogʻi botib suv otilib chiqar, har gal oyogʻini koʻtarganida esa ezilgan yoʻsin suvni yana qayta oʻziga tortib vijillardi. Yoʻlovchi hamrohining iziga tushib olgach, yoʻsin dengizida mayda orolchalardek turtib chiqqan harsang toshlar ustidan ketdi.
U yolgʻiz qolgan boʻlsa ham, yoʻldan adashmadi. Oldinga yursa, bunga shak-shubha qilmasdi, niholligidayoq qovjirab qup-quruq novda boʻlib qolgan qaragʻay va archalar bilan oʻralgan Titchinnichili koʻliga, mahalliy til bilan aytganda, “Tayoqchalar oʻlkasiga” yetishini bilardi. Koʻlga suvi loyqaroq bir daryo quyilardi. Qirgʻoqlarini qamish bosib ketgan oʻsha daryo boʻylab borib, oʻsimlik asari boʻlmagan bosh oʻzan ayirmaning bu irmogʻidan oʻtib, uning gʻarbga qarab oqadigan narigi irmogʻi boʻylab yurib, Diz daryosiga quyiladigai mansabigacha boradi, ana oʻsha yerda — ustiga anchagina mayda qoya toshlar oʻyib qoʻyilgʻan toʻnkarigʻlik moki — qayiq ostiga yashirib qoʻyilgan narsalarni topadi. Oʻsha yerdan miltigʻiga oʻq-dori, qarmoqlar, qarmoq ipi, moʻjazgina toʻr, xullas, ov bilan tamaddi qilishga yaroqli hamma narsalarni topa olishi mumkin. Bulardan tashqari, koʻp boʻlmasa ham, ozroq un, bir parcha goʻsht va bir oz loviya ham bor.
Bill uni oʻsha yerda kutib turadi, soʻngra ikkalasi Diz mansabi boʻylab janubga — Katta Ayiq koʻliga suzib ketadilar. Koʻldan oʻtishgach, janubga, to Makkenzi daryosiga yetib olishmaguncha janub tomonga qarab keta beradilar, qish ularga yetolmaydi, daryodagi girdoblar muzlab, ayozli kunlar boshlanguncha janubga — Gudzon qoʻltigʻi kompaniyasiga qarashli birorta iliqroq bekatga yetib olishadi, u yerlarda salobatli va azim daraxtlar oʻsadi, oziq-ovqat omborlari ham behisob.
Ne-ne mashaqqatlar bilan oldinga ketayotgan yoʻlovchining fikru xayoli mana shular bilan band edi. Gavdasini koʻtarib yurish qancha ogʻir boʻlsa, “Bill uni yolgʻiz tashlab ketmagan, narsalar yashirilgan joyda, albatta, kutadi” degan fikrga ishonishga urinishi ham shuncha ogʻir va mashaqqatli edi. U shunday fikr yuritishga majbur edi, aks holda shuncha azob chekishga hojat qolmagan, binobarin, yerga uzala tushib yotganicha oʻlib qoʻya qolgan boʻlardi.
Xiragina koʻrinib turgan quyosh gardishi shimoli-gʻarb tomonga asta-sekin botarkan, u qish tushguncha Bill bilan janub tomonga qiladigan safarining har bir inchini qayta-qayta hisoblab chiqdi. Narsalari yashirilgan joydagi oziq-ovqat va Gudzon qoʻltigʻi komnaniyasiga qarashli taʻminot omborini eslayverib, u yerdagi narsalar unga yod boʻlib ketdi. Ikki kundan buyon tuz tatimagandi. Chala qorin boʻlib yurganiga
allaqancha boʻlib qolgandi; endi boʻlsa tez-tez egilib, pishmagan muskeg mevalarini terib ogʻziga tiqar va chala-chulpa chaynab yutib yuborardi. Muskeg mevasi danakcha bilan suvdan iborat boʻlib, ogʻziga tushsa suvi chiqib, qattiq va achchiq danagigina qolardi. Yoʻlovchi bu nav mevalarning qoringa oziq boʻlmasligini bilar, shunday boʻlsa ham, uni sabr-toqat bilan chaynar, chunki bilim va tajribadan koʻra, shunga koʻproq umid bogʻlar edi.
Soat toʻqqizda oyogʻining katta barmogʻini chaqir toshga urib oldi, madori ketgani va toliqqanidan gandiraklab, yiqilib tushdi. Bir tomoniga yonboshlaganicha ancha vaqt qimirlamay yotdi. Keyin orqasidagi yuk qayishlarini boʻshatib, noqulay boʻlsa ham, arang oʻtirib oldi. Hali qorongʻi tushganicha yoʻq edi, shom gʻira-shirasida paypaslab xarsanglar orasidan xas-choʻp izlay boshladi. Bir quchoq xas-choʻp yigʻib, uni yoqdi va tutab yonayotgan olov ustiga bir qozoncha suv qoʻydi.
U yukini ochib, eng avval gugurt choʻpi donalarini sanab koʻrdi. Hammasi oltmish yettita ekan. Aniq ishonch hosil qilish uchun gugurt donalarini uch marta sanab chiqdi. Keyin ularni bir necha boʻlakka ajratib, suv oʻtmaydigan qogʻozga oʻradi. Bir qismini boʻshab qolgan tamakidoniga, ikkinchi qismini yagʻiri chiqib ketgan shlyapasining astari ichiga, uchinchi qismini esa qoʻyniga joyladi. Bu ishni tamomladi-yu, lekin toʻsatdan yuragiga gʻulgʻula tusha boshladi. Gugurtlarni ochib, yana qayta sanab chiqdi. Hisobda yanglishmagan ekan.
Nam tortib ketgan oyoq kiyimini olovga tugib quritdi. Mokasinning abjagʻi chiqib ketgan edi. Odeyaldan tikib olgan paypoqlari ham titilib, oyoqlari qavarib, qontalash boʻlib ketgandi. Toʻpigʻi zirqirab ogʻrirdi, ogʻriyotgan yerini yaxshilab koʻzdan kechirdi. Tizzasidek yoʻgʻon boʻlib shishib ketibdi. Ikkita odeyalining bittasidan uzunasiga yirtib, toʻpigʻini siqib bogʻladi. Yana bir necha parcha yirtib, mokasin va paypoq oʻrniga oyoqlariga oʻrab oldi. Keyin qozonchadagi qaynoq suvdan ichdi; soatini burab odeyallari orasiga kirib yotdi.
U oʻlikdek qotib uxladi. Yarim tunga yaqin atrofni zulmat bosdi-yu, ammo tezda tarqalib ketdi. Shimoli sharqdan quyosh chiqdi — toʻgʻrirogʻi, oʻsha tomondan kun yorisha boshladi, quyosh kul rang bulutlar ortiga yashiringandi.
Soat oltida uygʻondi, chalqancha tushganicha qimirlamay yotaverdi. Kul rang osmonga tikildi va qorni ochligi yodiga tushdi. Tirsagiga suyanib endi oʻgirilayotgan edi, qattiq pishqiriqdan choʻchib ketdi, qarshisida bitta nor bugʻu quloqlarini chimirganicha unga tikilib turganini koʻrdi. Jonivor ellik futlarcha narida edi, shu lahzadayoq yoʻlovchining xayolida olov ustida jizillab pishayotgan bugʻu goʻshtining rohatijon hidi dimogʻiga urgandek boʻldi. Oʻqsiz miltigʻini gʻayritabiiy ravishda qoʻliga oldi, moʻljallab tepkini bosdi. Bugʻu bir pishqirdi-yu, dikillaganicha oʻzini chetga oldi, toshdan-toshga sakrab, tuyoqlarini taqillatib qochib ketdi.
Yoʻlovchi soʻkina-soʻkina oʻqsiz miltigʻini uloqtirib yubordi. Oʻrnidan turishga urinarkan qattiq ingray boshladi. Oʻrnidan turishi nihoyatda ogʻir va mashaqqatli boʻldi. Boʻgʻin-boʻgʻinlari qotib qolgan, goʻyo zanglab, ravon ochilib yopilmaydigan oshiq-moshiqqa oʻxshardi, boʻgʻin-boʻgʻinlarini bukish va yozish nihoyatda mashaqqatli boʻlib, zoʻr iroda talab qilardi. Nihoyat, u oyoqqa ham turdi, lekin qaddini rostlab, odamdek tik turib olishi uchun yana biror daqiqa vaqt kerak boʻldi.
U kichkinagina bir tepalikka emaklab chiqib, atrofni koʻzdan kechirdi. Na biror daraxt va na buta koʻrinardi, butun atrofni kul rang yoʻsin dengizi oʻrab olgan, u yer-bu yerda qaqqaygan kul rang toshlar, kul rang irmoqchalar koʻzga chalinardi. Osmon ham kul rang. Quyosh koʻrinmas, shuʻlasi ham yoʻq edi. Havoning bunday ahvolida shimol qaysi tomondaligini tasavvur ham qilolmas, hatto kecha kechqurun bu yerga qaysi tomondan kirib kelganini ham unutgandi. Shunday boʻlsa ham, yoʻldan adashmaganman, degan xayolda edi. Bunga shak-shubha qilmasdi. Tezda “Tayoqchalar oʻlkasi”ga yetib boradi. Bu oʻlka qayerdadir shu chap tomonda, yaqin orada, hatto pastakkina tepalikning narigi tomonidayoq boʻlishi kerak, deb oʻylardi
U yukini yoʻlga hozirlash uchun orqaga qaytdi. Avvalo uch boʻlak qilib oʻrab qoʻygan gugurt choʻplari joyidami-yoʻqmi deb tekshirib koʻrdi, ularni sanamasa ham koʻnglini toʻq qilib oldi. Lekin tarang charm xalta uni xayol surdirib, kalovlatib qoʻydi. Xalta katta ham emas — ikki kafti orasiga joy boʻlgudek. Ogʻirligi esa oʻn besh funt — boshqa hamma yuklarining ogʻirligi bilan barobar boʻlib, mana shu narsagina uni bezovta qilardi. Nihoyat, xaltani bir chekkaga qoʻyib, yukini yigʻishtira boshladi. Lekin xayoli hamon oʻshanda, nazarida, bu kimsasiz xilvatgoh uni tortib olib qoʻyayotgandek boʻlardi, shuning uchun ham, atrofiga alanglab shosha-pisha uni qoʻliga oldi. U oʻrnidan turib, gandiraklab yoʻlga tushganida xalta ham orqasidagi yuk ichida edi.
U chaproqqa qiyalab yoʻlga tushdi, yoʻl-yoʻlakay muskeg mevasidan yeyish uchun toʻxtardi. Toʻpigʻi qotib qolgan, endi burungidan koʻra koʻproq oqsardi. Lekin toʻpigʻining ogʻrigʻi och qorinning ogʻrigʻi oldida hech gap emasdi. Ochlik ogʻrigʻiga chidab boʻlmasdi. Bu ochlik azobi uni haddan tashqari qiynar, hatto u es-hushini ham yigʻib ololmay “Tayoqchalar oʻlkasi”ga yetib olish uchun moʻljallangan toʻgʻri yoʻlidan ham adashgan edi. Muskeg mevalari ochlik azobiga malham boʻlmas, oʻta taxirligi bilan til va tanglayini kakradek achitardi.
Bir jilgʻaga yetganida toʻsatdan tosh va butalar orasidan kakr-kukrlashganlaricha “gur” etib kakliklar koʻtarildi. Yoʻlovchi ularga tosh otib tegiza olmadi.
Yukini yerga qoʻyib, chumchuq poylagan mushukdek, ularning orqasidan pisib bora boshladi. Shimi qirrali toshlarga tegib, yirtilib ketdi, tizzalari qonab, orqada qizil iz qola boshladi, ammo bu azob ham ochlik azobi oldida hech gap emas edi. Nam yoʻsinlarni bosib borarkan, kiyimlari shalabbo boʻlar, badani uvushar, bularni ham sezmas, butun xayoli yemishda edi. Kakliklarga yetay-etay deganda ular pirillab uchib ketardi, nihoyat, ularning kakr-kukrlari goʻyo uni kalaka qilayotgandek tuyula boshladi, jigʻibiyroni chiqib soʻkindi-da, ularning sayrashlariga taqlid qilib qichqira boshladi.
Bir marta bitta kaklikni bosib olishiga sal qoldi, uni koʻrmay qolgan ekan, kaklik uxlab yotgan boʻlsa kerak, toshlar orasidagi inidan potirlab chiqib, uning yuziga urilib ketdi. Shunda u kaklikka apil-tapil chang soldi-yu, ushlay olmadi, qoʻlida uchtagina uzun pat yulinib qolgandi, xolos. Uchib ketayotgan kaklikka baqrayganicha turarkan, goʻyo bu qush unga oʻta yovuzlik qilib qoʻygandek xunob boʻlardi. Keyin orqasiga qaytib, yukini orqalab oldi.
Choshgoh paytida yoʻlovchi oʻtloq bir jilgʻaga kirib keldi, bu yerda ov moʻl edi. Miltiq oʻqi yetadigan yerdan bir toʻp bugʻu, chamasi yigirmatacha bor edi, uning koʻzini oʻynatib oʻtib ketdi. Ularni quvlagisi kelib ketdi, quvlab borsa, ushlab oladigandek edi. Lekin shu payt, kutilmaganda, qarshisidan kaklik tishlagan bir qora tulki chiqib qoldi. Yoʻlovchi hayqirib yubordi. Bu dahshatli hayqiriq edi, tulkining oʻtakasi yorilib, bir tomonga urib qochdi, lekin kaklikni ogʻzidan tushirib yubormadi.
Yoʻlovchi kechga yaqin siyrakkina qamishzor oralab oqayotgan oppoq ohak suv oqimi boʻylab ketdi. Bitta qamishni tagidan ushlab tortgan edi, qalpoqli mixdek keladigak ildizi bilan yulinib chikdi. Ildizi yumshoq ekan, qars-qurs chaynaganida unga mazali taomdek tuyuldi. Aslida esa tolalari qattiq, muskeg mevasidek sersuv boʻlib, qorin toʻydirmasdi. Shunday boʻlsa ham, yoʻlovchi yukini yerga tashladi, kavsh qaytarayotgan moldek kavshanib, lablarini chapillatib, emaklaganicha qamishlar orasiga kirib ketdi.
U nihoyatda holdan toygan, tez-tez dam olgisi — yerga choʻzilib orom olgisi, uxlagisi kelardi, ammo “Tayoqchalar oʻlkasi”ga yetib olish niyati, balki undan kuchliroq ochlik tuygʻusi uni turtkilab oldinga haydardi. Bunday uzoq Shimolda na qurbaqa va na qurt-qumursqa boʻlmasligini bila turib, koʻlmak suvlardan qurbaqa qidirar, tirnoqlari bilan yerni titib qurt-qumursqa axtarardi.
Har bir koʻlmak suvni sinchiklab qarar edi. Nihoyat, qosh qorayib, gʻira-shira tun boshlangan mahalda, shunday bir koʻlmakdagi sinchaloqdekkina baliqchaga koʻzi tushib qoldi. Qoʻlini yelkasigacha suvga botirib yubordi, ammo baliq unga chap berdi. Uni tutib olish ishtiyoqida ikkinchi qoʻlini ham suvga tiqib, koʻlmak tagidagi oq loyqani ostin-ustin qilib yubordi. Hovliqib qolganidan oʻzi ham suvga tushib ketib, beligacha suvga botdi. Endi suv butunlay loyqalanib ketganidan baliq koʻrinmasdi. Suv tinguncha sabr-toqat qilishga majbur edi.
Yana baliq ovi boshlanib, suv yana loyqalanib ketguncha davom etdi. Uning sabr-toqati qolmadi. Qozonchani yechib, koʻlmaqdagi suvni olib chetga toʻka boshladi. Avvaliga, suvni shunday shiddat bilan olib toʻka boshladiki, hammayogʻi shalabbo boʻlib ketdi, chiqarib tashlagan suvini yaqin joyga toʻkkanidan u yana qaytib oʻz oʻrniga oqib tushardi. Keyin, yuragi gupillab urib, qoʻllari qaltirashiga qaramay, oʻzini bosib, ancha xotirjamlik bilan harakat qildi. Pirovardida, yarim soat ichida koʻlcha suvini butunlay quritdi. Unda bir hovuch ham suv qolmadi. Lekin u yerda baliqcha ham yoʻq edi.
Toshlar orasidagi pana bir teshikchaga koʻzi tushib qodtsi, baliqcha oʻsha teshikcha orqali boshqa bir kattaroq koʻlchaga oʻtib ketgandi. Uning suvini bir kechayu bir kunduzda ham qurita olmasdi. Teshik borligini ilgariroq bilganida edi, uni tosh bilan bekitib qoʻygan boʻlardi, baliqcha ham uning qoʻliga tushgan boʻlardi.
Xayoliga shu fikr keldi-yu, behol boʻlib zax yerga oʻtirib qoldi. Avvaliga oʻzicha piqillab yigʻladi, keyin esa atrofini oʻrab olgan bu ayovsiz biyobonga jar solib hoʻngradi va, nihoyat, ancha vaqtgacha koʻz yoshi toʻkmay piq-piq yigʻladi.
Oʻt yoqdi, bir necha kvarta (1,14 litr) qaynoq suv ichib bir oz oʻzini isitdi, soʻng xarsang tosh ustiga xuddi oʻtgan kechagidek qilib yotish uchun joy soldi. Yotishdan oldin gugurt choʻplarining quruqligini tekshirib chiqdi-da, soatini burab qoʻydi. Odeyallar nam va zax tortib ketgandi. Toʻpigʻi loʻqillab ogʻrirdi. Lekin u ochlikdan boshqa narsani sezmas, alahsirab uxlaganida ziyofatlar, banketlar, turli-tuman qilib yasatilgan dasturxondagi noz-neʻmatlarni tush koʻrib chiqardi.
Titrab-qaqshab, tobi qochib uygʻondi. Quyosh koʻrinmasdi. Yeru koʻkning kul rang qiyofasi quyuqtortib yana ham ogʻirlashdi. Achchiq shamol esar, dastlabki qor momiqlari qir choʻqqilarini oqartirib yuborgan edi. Oʻt yoqib, suv qaynatguncha ancha sovuq tushib, laylakqorlar girdikapalak boʻla boshladi. Yomgʻir aralash yogʻayotgan hoʻl laylakqor avvaliga yerga tushishi bilan erib turdi, keyin esa, koʻproq yoqqan sayin yer sathini qoplay boshladi-da, olovni oʻchirib, uni xas-choʻpdan iborat yoqilgʻi manbaidan mahrum qildi.
Bu esa, yukini orqalab yoʻlga tushishiga ishora edi, qaysi tomonga yurishni ham bilmasdi. Na “Tayoqchalar oʻlkasi”, na Billi va na Diz daryosi boʻyidagi toʻntarilgan moki-qayiq ostiga yashirib qoʻyilgan narsalar xayoliga kelardi. “Ovqat” soʻzi ogʻzidan tushmas, ochlikdan es-hushidan ajrab qolgan edi. Koʻzlagan manzilini ham bilmay, boshi oqqan tomonga yurardi. Yopishqoq laylakqor ostidan sersuv muskeg mevalarini qidirar, qamishlarni ildizi bilan sugʻurib olardi. Ammo bularniig hammasi bemaza boʻlib, nafsiga orom bermasdi! Keyinroq u yana bir xil oʻt topib oldi, oʻzi nordongina boʻlib, undan qancha topsa, shuncha yedi. Lekin bu xil oʻt kamdan-kam topilar, chirmovuq oʻsimligi boʻlganidan, bir nechagina dyuym qalindikdagi qor ostida koʻrinmay ketardi.
Oʻsha kecha olov ham, qaynoq suv ham boʻlmadi, odeyalga burkanib och-nahor uyquga ketdi. Qor sovuq yomgʻirga aylandi. Yomgʻir yuziga urib, uni bir necha bor bedor qildi. Tong ham otdi, quyoshsiz boʻz rang kun boshlandi. Yomgʻir ham tindi. Ochlik azobi susayib ovqat yeyishga boʻlgan hissi soʻngandi. Faqat oshqozoni bir oz ogʻrib turar, lekin ortiqcha azob bermasdi. Oʻzi ham ancha hushyor tortib qolgan, endi yana “Tayoqchalar oʻlkasi” bilan Diz daryosi boʻyidagi yashirib qoʻyilgan narsalar uning xayolini chulgʻab olgandi.
Ikki odeyalning biridan qolgan qismini uzun-uzun qilib yirtib, qonab turgan oyoqlarini bogʻladi. Shikastlangan toʻpigʻining lattasini ham yangilab, bir kunlik safarga hozirlandi. Navbat yukka kelganda tarang charm xalta uzoq vaqtgacha oʻylantirib qoʻydi, pirovardida uni ham olib yoʻlga tushdi.
Qor yomgʻirda erib ketgan, faqat qir choʻqqilarigina oqarib koʻrinardi. Quyosh ham moʻralab chiqdi, yoʻlovchi endi yoʻldan adashganligini anglagan boʻlsa ham, har holda, qitʻalar yoʻnalishini aniqlashga muvaffaq boʻldi. Soʻnggi sarsonlik kunlari, ehtimol, chap tomonga koʻproq burilib ketgan boʻlsa kerak. Toʻgʻri yoʻlga tushib olish uchun va ayni vaqtda iloji boricha oradagi tafovutni qisqartirish uchun oʻng tomonga burildi.
Endi ochlik azobi uncha qiynamayotgan boʻlsa ham, ancha darmonsizlanib qolgani sezilib turardi. Muskeg mevalarini terib, qamishlarni ildiz-pildizi bilan sugʻurib olgan paytlarida nafasini bir oz rostlab olishi uchun bir oz toʻxtab, dam olishga toʻgʻri kelardi. Tomogʻi qaqrab, tili qurib ketgan, goʻyo tilining ustini mayda tukchalar qoplab olgan edi, ogʻzi esa achchiq edi. Hammasidan ham koʻra yuragi koʻproq bezovta qilardi. Besh-olti minut yurib qolsa bormi, bas, duk-duk urib, qinidan chiqib ketayotgandek boʻlar, ogʻriq bosib, nafasi qisilar, boshi aylanib, koʻzi tinib ketardi.
Choshgoh paytida kattagina koʻlmak suvda ikkita tanga baliqni koʻrib qoldi. Koʻlmak suvni olib tashlashning iloji yoʻq, lekin endi oʻzini ancha bosib olgan, shuning uchun ham baliqchalarni qozonchasi bilan tutishga jazm qildi. Ular sinchaloqdan uzun emas, oʻzi ham aytarlik darajada och emas edi. Sezilar-sezilmas darajadagi qorin ogʻrigʻi ham bosilayotgandek tuyulardi, uning oshqozoni qariyb mudrardi. Shunday boʻlsa ham, baliqlardan birini xomligicha rosa chaylab yedi, bu xatti-harakati bejiz emas edi. Ishtahasi boʻlmasa ham yashash uchun oziqlanishi kerakligini bilardi.
Kechqurun yana uchta tanga baliq tutib oldi, ikkitasini yeb, bitgasini nonushtaga olib qoʻydi. Quyosh onda-sonda uchrab turgan yoʻsinlarni quritgan, qaynoq suv ichib isib olish imkoniyati tugʻilib qoldi. Oʻsha kuni u oʻn milyadan ortiq yoʻl bosmadi; ertasiga yuragining koʻtarishiga qarab, besh milyacha yoʻl bosdi. Qorni endi mutlaqo bezovta qilmas — karaxt boʻlib qolgandi. Faqat bu yerlar unga butunlay notanish, bugʻular borgan sari koʻproq uchrar, boʻrilar ham yoʻliqib turardi. Boʻrilarning uvillashlari bu kimsasiz xilvat yerlarga dahshat solardi, hatto bir marta uchta boʻri uning roʻparasidan iz quvib oʻtib ham ketdi.
Yana tun. Ertalab, aql-hushini ancha yigʻib olganidan, bugʻu terisidan tikilgan tarang xaltachani boʻgʻib turgan charm bogʻichni yechdi. Xaltacha ogʻzidan sap-sariq oltin kukun bilan yombilar toʻkildi. Ularni ikki qismga ajratdi, bir qismini odeyal parchasiga oʻrab, uni yerdan turtib chiqqan xarsang tosh orasiga koʻmib qoʻydi, ikkinchi qismini qaytadan xaltachaga soldi. Ikkinchi odeyalini ham uzun-uzun qilib yirtib
oyoqlarini oʻray boshladi. U hamon miltigʻini ehtiyot qilardi. Diz daryosi boʻyidagi yashirib qoʻyilgan narsalar ichida oʻq-dori bor edi-da.
Bu kun tumanli boʻldi, shu kun uning qornidagi ochlik ham qayta uygʻondi. U nihoyat holdan toygandi, boshi aylanib, koʻzi baʻzan hech narsani koʻrmay qolib, ahvoli mushkullashardi. Har qadamda qoqilib, yiqilishi oddiy bir holga aylanib qolgandi. Bir marta oyogʻi chalishib ketib, kaklik uyasiga yiqilib tushdi. Uyada tuxumdan yangi chiqqan toʻrtta bir kunlik kaklik bolalari bor edi. Bu jonivorlarning har biri bir luqma boʻlib, ularni ochkoʻzlik bilan tiriklayin ogʻziga tiqib, tuxum poʻchogʻini chaynagandek qisirlatib yeb qoʻydi. Ona kaklik uning atrofida parvona boʻlib, faryod chekardi. Yoʻlovchi boʻlsa miltigʻini toʻqmoqdek koʻtarib, kaklikni urib tushirishga urinar, lekin u chap berardi. Keyin ona kaklikka tosh ota boshladi va tasodifan moʻljalga urib, qanotini sindirdi. Kaklik singan qanotini yoyib potirlaganicha nari qochdi, yoʻlovchi uning iziga tushdi.
Kaklik bolalari ishtahasini ochib yuborgandi. Shikastlangan toʻpigʻini avaylab, dikanglaganicha ona kaklikka tosh otar, baʻzan qattiq ingrab yuborardi; yiqilib tushgan vaqtlarida esa, qovoq-tumshugʻini osiltirib ohista oʻrnidan turar va yana oldinga qarab dikanglab ketardi; boshi aylanib yiqilish xavfi tugʻilsa, qoʻllari bilan koʻzlarini ishqalardi.
Kaklik orqasidan quvlayverib vodiyning etakrogʻidagi zax yerga borib qoldi, suv bosgan yoʻsin ustida oyoq izlari koʻrinardi. Bular oʻzining izlari emas, bunga shak-shubha qilmasdi. Billning izlari boʻlsa kerak. Lekin toʻxtash uchun fursat yoʻq, ona kaklik uzoqlashib ketayotgan edi. Avval uni tutib olishi, keyin qaytib kelib, bu izlarni sinchiklab tekshirishi kerak.
Yoʻlovchi kaklikni holdan toydirdi, oʻzining ham sillasi quridi. Kaklik qanotini yozganicha bir tomonga agʻdarilib yotar, yoʻlovchi ham kaklik oldiga emaklab borishga holi kelmay undan bir necha qadam narida yonboshlab yotardi. Yoʻlovchi nafasini rostlab olguncha kaklik ham ancha tin olar, yoʻlovchi ochkoʻzlik bilan qoʻl choʻzganida u potirlab nariroqqa ketar va taʻqib qaytadan boshlanardi. Nihoyat qorongʻi tushgach, kaklik koʻzdan gʻoyib boʻldi. Yoʻlovchi boʻlsa holsizlikdan qoqilib, orqasidagi yuki bilan mukkasiga yiqildi-yu, yonoqlari shilinib ketdi. U anchagacha qimirlamadi, keyin yonboshlab oldi, soatini buradi va tonggacha shu holda yotdi.
Yana tumanli kun. Soʻnggi odeyalining yarmini ham paytavaga ishlatib yuborgandi. Billning izlarini qidirib topa olmadi. Endi uning hojati ham yoʻq edi. Ochlik zoʻr berib uni olgʻa haydardi. Xayolidan bir narsa nari ketmas — Bill ham adashib qolmaganmikan? Arang koʻtarib kelayotgan yuki choshgohlarga borganda uni juda ezib yubordi. Oltinni yana ikkiga boʻldi, bu gal bir boʻlagini yerga toʻkib qoʻya qoldi. Tush paytlarida qolganini ham xalta-paltasi bilan uloqtirdi, yarimta odeyal, tunuka qozoncha va miltigʻi qoldi, xolos.
Kutilmaganda uni xom xayol bezovta qila boshladi: miltigʻida bitga oʻq bordek tuyulaverdi. Goʻyo u miltiq oʻqdonida boʻlib, uni koʻrmay qolganmish. Shunisi borki, oʻqdonning boʻm-boʻshligini ham oʻzi yaxshi bilardi. Ammo xom xayol uni jon-holiga qoʻymasdi. Mana shu xayol bilan toʻrt soat olishdi va, nihoyat, oʻqdonni ochdi, uning boʻm-boʻshligini koʻrib, haqiqatan ham oʻq topilishini kutgandek, hafsalasi pir boʻldi.
Yarim soat ichida oldinga zoʻrgʻa sudralganidan keyin uni yana oʻsha xom xayol qurshab oldi. Yana unga qarshi kurasha boshladi — xom xayol tazyiq qilaverganidan oxiri koʻnglini sovitish uchun oʻqdonni shunchaki ochib, qarab qoʻydi. Goh-goh xayoli sochilib gʻayritabiiy bir holda kalovlanib bosib borarkan bemaʻni xayollar va betayin fikrlar miyasini qumursqadek talardi. Lekin haqiqatdan uzoq boʻlgan bunday xom xayollar uzoq davom etmas, ichini tirnab turgan ochlik azobi uni qayta oʻziga keltirib turardi. Bir marta koʻz oʻngida namoyon boʻlgan manzara uni dafʻatan xayol changalidan yulib olganida qariyb hushidan ketib qolayozdi. Shunda u mast-alast kishidek kalovlanib, gandiraklaganicha oʻzini zoʻrgʻa tutib qoldi. Qarshisida ot turardi. Ot! U koʻzlariga ishonmasdi! Koʻz oʻngi jimirlashib, atrofni tuman bosgandek boʻldi. Nima balo ekan, deb apil-tapil koʻzlarini ishqalab, diqqat bilan qaradi: oldidagi ot emas, kattakon targʻil ayiq ekan. Yirtqich unga yov qarash qilib, serrayib turardi.
Yoʻlovchi es-hushini yigʻib olgunicha miltigʻini ham qariyb yelkasidan chiqarib olgandi. Miltiqni yerga quyib belidagi sadafdor qindan ov pichogʻini sugʻurdi. Qarshisida goʻsht va hayot turardi. Boshmaldogʻini pichoq damiga tekkizib koʻrdi. Tigʻi ham, uchi ham oʻtkir edi. “Hozir ayiqqa tashlanadi-yu, saranjomlaydi”. Lekin yuragi dov bermay duk-duk ura boshladi. Keyin esa yuragi qinidan chiqqudek taka-puka boʻlib oʻynab ketdi. Peshonasi temir iskanja orasida qolgandek zirqiradi, boshi aylanib, koʻz oʻngi qorongʻilashdi.
Hozirgina dovyuraklik qilayoggan odam endi qoʻrquvdan dagʻ-dagʻ titrardi. Shunday bir zaif kishiga ayiq hamla qilib qolgudek boʻlsa, nima boʻladi? Pichoqni mahkam ushlab, salobatliroq boʻlib koʻrinish uchun, qaddini rostlab, ayiqqa oʻqrayib qoldi. Ayiq lapanglab bir-ikki qadam oldinga surildi, old oyoqlarini koʻtarib dahshat bilan oʻkirdi. Yoʻlovchi qochganda edi, ayiq uning orqasidan quvgan boʻlardi, lekin yoʻlovchi qochmadi. U qoʻrquv talvasasida dovyuraklashib qolgandi. Yoʻlovchi ham yovvoyi va vahshiyona ovoz bilan dahshat solib oʻkirdi, buning zamirida hayot-mamot uchun kurash ifodasi hamda u bilan chambarchas bogʻlangan tub omillari yotardi.
Ayiq boʻlsa undan qoʻrqmay tik turgan bu sirli maxluqdan hayiqib, boʻkirganicha chetga burilib ketdi. Yoʻlovchi ham joyidan qimirlamadi. Xavf-xatar oʻtib ketguncha u haykaldek qotib turdi, keyin xuddi bezgak tutgandek dagʻ-dagʻ qaltirab nam yoʻsinga oʻtirib qoldi.
U es-hushini yigʻib olgach, boshqa bir tahlika azobida yoʻlga tushdi. Bu ovqat yoʻqligidan sillasi qurib, oʻlish tahlikasi emas, balki hayot-mamot uchun kurashda uni olgʻa undayotgan soʻnggi umid uchqunlarini to ochlik soʻndirib qoʻyguncha vahshiy hayvonlar changalida tilka pora boʻlib ketish tahlikasi edi. Boʻrilar izgʻib yurardi. Ularning uvillashlari tevarak-atrofdan eshitilib, hammayoqqa vahima solib, shunday xavf tugʻdirardiki, bunday joyda tanho qolgan yoʻlovchining hayoti qil ustida turar, hayot uchun kurashish goʻyo shamol chirpirak qilay deb turgan chodirga yo osilib, yo qoʻl ochib duo oʻqish bilan bu xatarni daf qilishdek bir gap edi.
Ikkitadan-uchtadan boʻlib kelayotgan boʻrilar yoʻlni tez-tez kesib oʻtib qolardi. Ularning soni kam boʻlganidanmi yoki qarshilik koʻrsatmaydigan bugʻularni ovlashga oʻrganib qolganidanmi, yoʻlovchiga yaqin kelishmasdi, chunki oqsoqlanib kelayotgan bu gʻalati maxluq chang solishi yoki tishlashi mumkin edi-da.
Kechga yaqin u sochilib yotgan suyaklarga duch kelib qoldi, xuddi shu yerda boʻrilar oʻz oʻljasini xomtalash qilishibdi. Bu suyaklar bir soatgina ilgari maʻrab, chopqillab yurgan bugʻucha qoldiqlari edi. Yoʻlovchi qirtishlab tozalangan, hujayralaridagi hayot hali soʻnmagan va qizgʻish rangda tovlanib turgan bu suyaklarga termilib turdi. Kunning oxirigacha, ehtimol oʻzining ham faqat suyaklari qolar! Afsus, hayot shumi? Hayot shunaqa bevafo va bebaqo. Lekin azob chektiradigan ham mana shu hayot. Oʻlimda qiynalish yoʻq. Oʻlmoq — uxlamoq. Oʻlmoq — abadiylik va orom olishdan iborat. Shunday ekan nima uchun oʻlimga rozi boʻlavermaydi?
Uzoq mulohaza qilib oʻtirmadi. Yoʻsin ustiga choʻnqaydi-da, suyaklardan birini ogʻziga solib, och pushti rangda tovlanib turgan soʻnggi hayot zarralarini soʻra boshladi. Yodida qariyb xotiradek qolgan bilinar-bilinmas lazzatli goʻsht mazasi aqlu hushini olib qoʻygandi. Suyaklarni jagʻ tishlari orasiga olib qars-qars chaynay boshladi. Baʻzan suyak, baʻzan tishi sinardi. Ularni tosh bilan maydalab, yanchib yutib yuborardi. Shoshganidan barmoqlarini ham chaqib olar, mana shunday paytlarda, nega barmoqlari unchalik qattiq ogʻrimasligini xayolidan oʻtkazib, ajablanib ham qoʻyardi.
Qor va yomgʻirli ogʻir kunlar boshlandi. U endi qayerda tunab, qachon yoʻlga tushganini ham unutgan, kechayu kunduz birdek tinmay yoʻl bosardi. Yiqilib qolgan yerida dam olar, soʻnayotgan hayotiga sal jon kirishi bilan oldinga qarab emaklardi. Endi u er kishilardek hayot uchun ortiqcha kurashmasdi, vujudidagi zavol topishni istamayotgan hayotning oʻzi uni olgʻa sudrardi. U azob ham chekmasdi. Asablari zaiflashib boʻshashib qolgan, xayoli esa boshiga tushgan koʻrgiliklar, ezgu orzu-umidlar bilan band edi.
Yoʻlovchi bitta ham qoʻymay terib olgan suyaklarni betinim chaynab shimardi. Endi u qir-adirlar oshmas, daryo boʻlinadigan joydan oʻtmas; keng va yuzagina vodiy boʻylab oqayotgan katga suv yoqalab gʻayriixtiyoriy ravishda borardi. Oqimni ham, vodiyni ham koʻrmasdi, Koʻz oʻngida xayoliy tasavvurlardan boshqa narsa namoyon boʻlmasdi. Tan boshqa, jon boshqa boʻlsa ham, ular yonma-yon borar, toʻgʻrirogʻi, sudralar edi, ularni bogʻlab turgan hayot rishtasi juda ham nozik edi.
Yassi tosh ustida chalqancha yotgan bir holda hushiga kelib, koʻzini ochdi. Quyosh ancha koʻtarilib qolgan, havo iliq edi. Olis-olislardan bugʻuchalarning maʻrashi qulogʻiga chalinardi. Yomgʻir, shamol va qor toʻzonlari gʻira-shira esida qolgan, lekin oʻsha dovullar ostida ikki kun yoki ikki hafta qolib ketdimi, buni bilmasdi.
Ancha vaqtgacha qimirlamay yotdi, saxiy quyosh nur sochib oʻz harorati bilan uning zaif jussasiga orom baxsh etardi. “Ajoyib kun” deb xayolidan oʻtkazdi. Ehtimol, oʻzi turgan joyni ham aniqlab olar. U ming azob bilan bir yonboshiga agʻdarilib oldi. Pastda kenggina, sokin bir daryo oqib turardi. Bu notanish daryo boʻlib, yoʻlovchini ancha sarosimaga soldi. Shoshilmay uning quyi oqimi tomon koʻz yugurtirib chiqdi: bu daryo shu vaqtgacha koʻrish nasib boʻlgan qir-adirlardan ham yaydoqroq, qaqragan va vahimaliroq adirlar orasidan keng quloch yozib oqib turardi. Oqimni shoshilmay, bamaylixotir, his-hayajonga berilmay, nihoyatda sovuqqonlik bilan ufqqacha kuzatib, uning yarqirab turgan musaffo dengizga quyilayotganini koʻrdi. Shunda ham taajjublanmadi. “Juda ajoyib”, deb xayolidan oʻtkazdi. — “Bu xayol yoki sarob, toʻgʻrirogʻi, xayolga — chalkash aql-idrokining nayrangiga oʻxshaydi”. Yarqirab turgan musaffo dengizning qoq oʻrtasida langar tashlab turgan kema qorasiga koʻzi tushgach, xayolidan oʻtgan fikrga yana ham iqror boʻldi. Bir zumgina koʻzini yumib, keyin yana qayta ochdi. Qiziq, qanday qilib xayoliy tasavvur hanuz koʻz oʻngidan ketmasa? Buning ajablanarli yeri yoʻq. Miltigʻida oʻq yoʻqligini aniq bilganidek, bu boʻz yerlarning qoq oʻrtasida na dengiz va na kema boʻlishiga ham shubha qilmasdi.
Shu payt orqadan xirillagan ovoz eshitilib qoldi. Bu bigʻillashmi yoki irillashmi bilib boʻlmasdi. Haddan tashqari darmonsizligi va karaxtligidan zoʻrgʻa ikkinchi yonboshiga agʻdarildi. Yaqinida hech narsa koʻrinmasdi, ammo u sabr bilan atrofga koʻz-quloq boʻlib turdi. Qulogʻiga yana oʻsha ovoz chalindi, yigirma fut chamasi nariroqdagi ikki qoya tosh orasidan bir kul rang boʻrining boshi koʻrindi. Uning quloqlari boshqa boʻrilarniki kabi dikkaygan emasdi; koʻzlari xira tortib, qon quyilgan, zaif va nimjonligidan boshini quyi solgan. Boʻri quyosh nurida junjikib turardi. Kasal boʻlsa kerak. Yoʻlovchi unga qarashi bilan u yana bir marta bigʻillab oʻxchidi.
“Mana bu, aftidan, haqiqat boʻlsa kerak”, deb oʻyladi yoʻlovchi va hozirgina koʻz oʻngida hayoliy tasavvur boʻlib tuyulgan sarob oʻrnida haqiqiy manzarani koʻrish uchun boshqa yonboshiga agʻdarildi. Dengiz hamon ilgarigidek uzoqda yaltirar, kema ham koʻzga yaqqol tashlanib turardi. Bu rostdan ham haqiqatmi? Ancha vaqtgacha koʻzlarini yumib oʻyladi, nihoyat, unga hamma narsa ravshan boʻldi. Shimol tomonga yurayotgan ekan — Diz daryosidan uzoqlashib, «Koppermayn daryosi vodiysiga kirib qolibdi. Mana shu sokin oqayotgan keng daryo Koppermaynning oʻzginasi. Uzoqda yaltirab koʻringan dengiz — Shimoliy muz okeani. Kema boʻlsa, kit ovlovchilar kemasi boʻlib Makkenzi mansabidan chiqib, sharqda, uzoq sharqda adashib yurib, hozir esa Koronadiya koʻrfazida langar tashlagan. Gudzon qoʻltigʻi kompaniyasi ishlagan xaritaga qachonlardir koʻzi tushganini esladi-yu, unga hamma narsa aniq va ravshan boʻldi.
Oʻrnidan turib oʻtirdi va zudlik bilan qilinadigan ishlar haqida oʻylay boshladi. Oyogʻiga oʻrab olgan odeyal paytavasi dabdala boʻlib ketgan, oyoqlari ham shilinib yotardi. Ikkinchi odeyalini ham ishlatib boʻlgan edi. Miltigʻi bilan pichogʻi yoʻqolgan. Shlyapasini ham astari ichiga yashirib qoʻygan gugurt-pugurti bilan qayerdadir tushirib qoʻyibdi, suv oʻtmaydigan qogʻozgʻa oʻralib qoʻynidagi tamaki xaltasiga solingan gugurtigina omon qolibdi, hoʻl ham boʻlmabdi. U soatiga qaradi. Strelkalari oʻn birni koʻrsatar va hamon yurayotgan edi. Aftidan, uni burab turgan boʻlsa kerak.
U xotirjam, es-hushi ham joyida edi. Tinkasi qurib, toliqqaniga qaramay, hech yerida ogʻriq sezmasdi. Qorni ovqat ham talab qilmasdi. Ovqat haqida oʻylash unga yoqmasa ham hamma harakatlarini faqat aql bilan bajarardi. Shimining tizzasidai pochasigacha yirtib olib, oyogʻini oʻrab bogʻladi. Baxtiga tunuka qozoncha tushib qolmagan ekan, oldindan oʻzi payqaganidek, kemagacha boʻlgan mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtish oldidan bir oz qaynoq suv ichib oldi.
Uning harakatlari nihoyatda sust boʻlib, shol boʻlib qolgandek edi. Bir oz quruq yoʻsin terib kelmoqchi boʻldi, oʻrnidan tura olmadi, qayta va qayta urinib koʻrdi, iloji boʻlmagach, emaklab ketganiga ham shukur qildi. Bir mahal kasal boʻrining oldiga yaqin borib qolibdi. Yirtqich chor-nochor oʻzini bir chekkaga tortib, tumshugʻini yalarkan, madorsizligidan tili ham qotib qolgandek tuyulardi. Yoʻlovchi uning tili odatdagidek sogʻlom, baquvvat boʻrinikidek emasligini angladi. Bu boʻrining tili sargʻish jigar rang tusda boʻlib, ustini gʻadir-budur shilliq parda qoplagandi.
Bir kvarta qaynoq suv ichgach, andak kuch kirgandek boʻldi — oʻrnidan turgudek, hatto agar hayoti soʻnayotgan kishi qadam bosa oladi, deb faraz qilingudek boʻlsa, xuddi oʻshanday qadam bosishga darmoni bordek tuyuldi. Qariyb har bir daqiqada dam olishga majbur boʻlardi. U zaif va chalkash qadam tashlar, uni taʻqib qilib kelayotgan boʻrining zaif va chalkash qadam tashlashining oʻzginasi edi. Oʻsha kuni kechqurun yarqirab turgan dengiz ustini zulmat qoplaganda, chamasi, bor-yoʻgʻi dengiz tomon toʻrt milya yaqinlashgan edi.
Tun boʻyi kasal boʻrining oʻxchishini va ahyon-ahyonda bugʻu bolalarining maʻrashini eshitib chiqdi. Uning atrofida hayot joʻsh urar, yashashga qodir, sogʻlom, baquvvat hayot mavjud, uni esa kasal boʻri taʻqib qilib kelar, oʻz oʻljasining oʻlimini kutayotganini yoʻlovchi sezardi. U ertalab koʻzini ochganida boʻri unga maʻyus va ochkoʻzlik bilan tikilib turardi. Dumini qisib, xuddi och qolib, tinkasi qurigan itdek boshini osiltirib olgan. U tong izgʻirinida qaltirardi; yoʻlovchi xirillagan tovush bilan majolsiz toʻngʻillaganida tishlarini tirjaytirib irilladi.
Quyosh barq urib chiqdi, yoʻlovchi ertalabdan choshgohgacha qoqilib-suqilib yaltirab turgan dengiz oʻrtasidagi kema tomon yurdi. Havo ayni muddaodek. Kuzning qutb kengligiga xos iliq kunlari edi. Bunday ob-havo bir haftagina boʻlardi. Erta yo indindan iliq kunlar oʻtib, havoning avzoi buzilishi mumkin edi.
Peshinga yaqin yoʻlovchi qandaydir bir izga duch kelib qoldi. Qadam tashlab emas, emaklab yurgan kishining izi edi. Bu iz Billniki boʻlishi mumkin, deb xayolidan oʻtkazdi u loqaydlik va sovuqqonlik bilan. Bunga u hech parvo qilmas edi. Aniqrogʻi, undagi his-tuygʻular butunlay soʻngandi. Endi ogʻriqni ham sezmasdi. Qorin va asablari uyquga ketgandi. Shunday boʻlsa ham, vujudidagi hayot-mamot kurashi uni olgʻa sudrardi. Nihoyatda tinkasi qurigan boʻlsa ham, hayot uni tark qilmasdi, chunki u hali muskeg mevalarini terib yeb turar, tanga baliq ovlar, qaynoq suv ichar, kasal boʻri ilinjida borardi.
U emaklab ketgan boshqa odam izidan keta berdi va koʻp oʻtmay izning oxiriga — yaqindagina gʻajilgan suyaklar sochilib yotgan, payxoni chiqqan nam yoʻsinlar ustida bir necha boʻri izlari qolgan yerga yetdi. Xuddi oʻzinikiga oʻxshash bugʻu terisidan tikilgan xaltachaga koʻzi tushdi, uni oʻtkir tishlar tilka-pora qilib tashlagan edi. Xaltacha nimjon panjalari uchun ancha ogʻir boʻlsa ham, uni yerdan oldi. Bill uni soʻnggi nafasigacha qoʻlidan tushirmagan ekan. Hah-hah-hah! Endi Bill ustidan mazax qilib kuladi. Oʻzi omon qoladi, xaltachani esa yaltirab turgan dengizdagi kemaga olib chiqadi. Uning quvonch kulgisi xuddi qargʻa qagʻillashidek beoʻxshov va boʻgʻiq ovoz bilan chiqdi, kasal boʻri ham unga qoʻshilib gʻamgin uvilladi. Yoʻlovchi birdan jim boʻlib qoldi. Koʻz oldida sochilib yotgan suyaklar Billniki boʻladigan boʻlsa, Billdan qanday mazax qilib kulsin! Nim pushti rangda tovlanayotgan mana shu oppoq suyaklar nahotki Billniki boʻlsa!
Yoʻlovchi oʻgirilib nari ketdi. Bill uni tashlab ketgan edi, oqibat mana nima boʻpti, lekin u oltinni olmaydi, uning suyaklarini kemirmaydi. Endi kalovlanib olgʻa yurarkan, agar buning aksi roʻy berganda, Bill shunday qilgan boʻlardi, deb xayolidan oʻtkazdi.
Yoʻlda bir koʻlchaga duch kelib qoldi. Baliq izlab unga engashdi-yu, bir narsa chaqib olgandek, boshini shartta koʻtarib oldi. Yoʻlovchi suvdagi oʻz aksini koʻrib qolgandi. Shunaqa ham badbashara boʻlib ketibdiki, mudrab yotgan his-tuygʻusini ham uygʻotib, oʻzini hang-mang qilib qoʻydi. Suvda uchta tanga baliq suzib yurardi, lekin koʻlcha kattagina boʻlib, suvini quritishning iloji yoʻq edi. Baliqchalarni qozonchasi bilan
tutishga behuda urinib koʻrdi-da, keyin ularning bahridan oʻtdi. Juda tinkasi qurib ketganidan, suvga tushib choʻkib ketaman deb qoʻrqdi. Qumloq sohilga chiqib qolgan xodalardan biriga oʻtirib, daryo oqimi tomon suzishga jurʻat qilolmaganining sababi ham mana shunda edi.
Oʻsha kuni u kemagacha boʻlgan masofani uch milya, ertasiga esa ikki milya qisqartdi. Endi u ham Billga oʻxshab emaklab borardi; beshinchi kun kechqurun kemagacha yana yetti milya qolgan, oʻzi esa holdan toyib, kuniga bir milya bosishga ham madori kelmasdi. Kuzning iliq nafasi hali ketmagan, u ham emaklashda davom etar, hushidan ketar, yumalanib-surilib boʻlsa ham olgʻa siljirdi; kasal boʻri ham oʻxchib, aksa urib qorama-qora kelardi. Yoʻlovchining tizzalari endi oyoqlaridek qip-qizil goʻsht boʻlib ketgan, koʻylagining orqa tomonidan yirtib, bogʻlab olgan boʻlsa ham, yoʻsin va toshlar ustida qizil iz qoldirardi. Nogahon orqasiga qarab, boʻri uning qonli izlarini ochkoʻzlik bilan yalayotganini koʻrib qoldi, agar boʻrini saranjomlamasa, oʻzining holi nima kechishini yaqqol tasavvur qildi. Oʻshandan keyin hayot fojiasini shafqatsiz onlari boshlandi: emaklayotgan kasal yoʻlovchi bilan kasal boʻri — ikkala maxluq kimsasiz biyobon boʻylab hayot tark etayotgan murdalarini sudrashganlaricha bir-birining joniga qasd qilib qolishdi.
Agar boʻri sogʻlom boʻlganda edi, yoʻlovchi ham unchalik tarxashlik qilmagan boʻlur edi; lekin oʻsha jirkanch oʻlaksa maxluqqa yem boʻlib, uning jigʻildoniga tushish fikri jirkanch tuyulardi. U injiqlanib qolgan edi. Xayoli yana sochila boshladi; aql-idroki oydinlashgan paytlari tobora qisqarib va kamayib borgan sari xayoliy tasavvurlar uni koʻproq esankiratib qoʻyardi.
Yoʻlovchi bir marta qulogʻi yonida xirillagan tovushdan uygʻonib ketdi. Boʻri oʻzini orqaga tashladi-da, zaifligidan oyoqlari chalishib yiqilib tushdi. Bu kulgili bir hol edi, lekin yoʻlovchi kulmadi. Hatto qoʻrqib ham ketmadi. U qoʻrqish nimaligini allaqachon unugib yuborgandi. Oʻsha daqiqada es-hushi oydinlashgan boʻlsa ham, yotgan yerida oʻylar edi. Kemagacha toʻrt milyadan ortiq qolgan emas. U jimirlashayotgan koʻzlarini ishqalab, kemani aniq koʻra oldi, yaltirab turgan dengiz suvini
kesib oʻtayotgan qandaydir qayiqchaning oq yelkani ham bemalol koʻrinib turardi. Lekin bu toʻrt milya masofani emaklab oʻtishning hech iloji yoʻqligini yoʻlovchi bilardi, shunday boʻlsa ham, bunga parvo qilmasdi. Hatto yarim milya emaklashga majoli yetmasligini bilardi. Baribir u yashashni istardi. Shuncha jabru jafo tortsa-yu, oʻlib ketsa, nomaʻqul ish boʻladi. Taqdir unga zoʻrlik qilar, u jon berayotgan boʻlsa ham oʻlim oldida boʻyin egishni xohlamasdi. Ehtimol, bu telbalikdir, ammo xuddi mana shu oʻlim changalida turib unga ochiqdan-ochiq qarshi chiqar, u bilan kurashar edi.
Yoʻlovchi koʻzlarini yumdi va nihoyatda ehtiyotlik bilan bor kuchini yigʻdi. Mavj urib kelayotgan toʻlqindek butun vujudini qamrab olayotgan behushlik xurujida entikib qolmaslik uchun oʻzini bardam tutishga harakat qildi. Oʻlim talvasasi dengizning oʻzginasi edi — u tobora qattiqroq mavj urib, asta-sekin es-hushini olardi. Karaxtlik kemasida goh u yoqqa, goh bu yoqqa chayqalib suzarkan, baʻzan butunlay shoʻngʻib ketar, yangi bir iroda uchquni yuragiga dalda berganida jon talvasasida yana yuzaga qalqib chiqib qolardi.
Mana endi u qimir etmay chalqancha yotarkan, tobora yaqinlashib kelayotgan kasal boʻrining xirillagan nafasi aniq eshitilib turardi. Vaqt sustlik bilan oʻtar, boʻri yana ham yaqinlashar, u esa qimir etmasdan yotardi. Mana, boʻri nafasi qulogʻiga ham urildi. Uning quruqshab qotib qolgan tili yuzini xuddi jilvirdek qirib oʻtdi. Yoʻlovchi qoʻllarini koʻtarib yubordi, toʻgʻrirogʻi, u oʻz nazarida shunday qildi. Panjalari changakdek bukildi, lekin qoʻliga quruq havodan boshqa narsa ilinmadi. Chaqqon va aniq harakat qilish kuch talab qiladi, shu kuchdan mahrum edi.
Boʻri nihoyatda sabr-toqatli edi. Inson undan ham sabrliroq edi. U oʻzini yem qiladigan yoki oʻziga yem boʻladigan maxluqni poylaganicha, hushidan ketmaslik uchun kurashib, yarim kun davomida qimirlamay yotdi. Baʻzan hushsizlik dengiziga gʻarq boʻlar, uzoq tushlar koʻrardi, lekin oʻngida ham, tushida ham — hamma vaqt boʻrining xirillagan nafasi tegib, quruqshagan dagʻal tili bilan yalaydi, deb kutib yotardi.
Nafas tovushini eshitmadi, lekin boʻri dagʻal tili bilan uning qoʻlini yalayotganini tush aralash sezib, uyqudan ohista uygʻondi. Sabr qildi. Endi boʻri uning qoʻlini tishlari orasiga olib zaifgina ezardi; keyin tobora qatgiqroq eza boshladi: shunchalar sabr qilib, endigina yetishgan oʻljasiga tishlarini botirishi uchun bor kuchini ishga solardi. Lekin odam ham juda uzoq kutgandi, tishlangan qoʻli bilan boʻrining tumshugʻidan ushlab oldi. Boʻri qutulishga urinib arang harakat qilarkan, tumshugʻidan tutib turgan qoʻl ham uni zoʻrgʻa ushlab turardi, mana shu vaqtda ikkinchi qoʻli bilan boʻrini qisib oldi. Besh minut oʻtar-oʻtmas yoʻlovchi butun ogʻirligi bilan boʻrini bosib yotardi. Boʻrini boʻgʻish uchun qoʻllari madorsiz boʻlganidan tishi bilan uning boʻgʻziga yopishdi, ogʻzi yungga toʻldi. Yarim soatdan soʻng tomogʻidan iliq suyuqlik oʻtayotganini sezdi. Bu laziz narsa emasdi, qorniga eritilgan qoʻrgʻoshin quyilayotgandek boʻlar, uni faqat oʻz iroda kuchi quyardi. Bir ozdan keyin bir yonboshiga agʻdarildi-da, uyquga ketdi.

* * *

Kit ovlovchi “Bedford” kemasida ilmiy ekspeditsiya aʻzolari ham bor edi. Palubada yurishgan vaqtda sohildagi gʻalati bir maxluqqa koʻzlari tushib qoldi. U poʻrtana mavjidan hosil boʻlgan qumloq sohildan suv tomon emaklab kelardi. Olimlar uning nimaligini bilisha olmay boshlari qotgan, oʻzlari tabiatshunos boʻlganlari uchun ham darhol qayiqqa tushib, uning nimaligini bilish uchun sohilga suzishib ketishgandi. Oʻsha tirik maxluqni koʻrdilar, ammo uni inson deb atash juda qiyin edi. Aql-hushini yoʻqotgan, karaxt. Turgan yerida ulkan qurt singari oldinga qarab buralayotgan ekan. Harakatlari deyarli behuda boʻlishiga qaramay, buralib-buralib boʻlsa ham qatʻiyat bilan olgʻa harakat qilar va soatiga qariyb yigirma fut surilar edi.
Uch hafta keyinroq yoʻlovchi nahang ovlovchi “Bedford”ning karavotlaridan birida yotgan holida yum-yum yosh toʻkib oʻzining kimligi va boshdan kechirgan mashaqqatlarini aytib berdi.
Onasi, serquyosh janubiy Kaliforniya, apelsin butazorlari va gullarga burkangan uyi haqida ham poyma-poy gapirib berdi.
Koʻp oʻtmay yoʻlovchi olimlar bilan kema zobitlari davrasiga qoʻshildi. U stol ustidagi moʻl-koʻl ovqatlarni koʻrib quvonar, ularning boshqalar ogʻziga tushib ketayotganiga mahliyo boʻlib qolardi. Ogʻizlarda yoʻq boʻlib ketayotgan har bir luqma uni zoʻr tashvishga solardi. Fahm-farosati joyida boʻlsa ham, hamtovoq hamrohlariga nafrat koʻzi bilan qarardi. Ovqat tamom boʻlib qoladi, degan tashvish unga tinchlik bermasdi. Oshpaz yunga va kapitandan ombordagi oziq-ovqatlar haqida surishtirib turardi. Ular qayta-qayta uning koʻnglini toʻqlashardi, lekin ularga ishonmay, oʻz koʻzi bilan koʻrish uchun hech kimga bildirmay omborga ham tushib turardi.
Uning semirayotganini sezib qolishdi. Kun sayin etiga et qoʻshilardi. Olimlar bosh chayqashib, turli-tuman nazariy xulosalar chiqarishardi. Uni ovqatdan tortib ham qoʻyishdi, shunda ham baq-baqaloq semirib, koʻylagiga sigʻmay ketdi.
Matroslar kinoya bilan kulishardi. Bu sir ularga maʻlum edi. Olimlar uning ketidan odam qoʻyib, baqaloqlik “sir”idan ogoh boʻlib oldilar. Nonushtadan keyin u kemaning oldingi sahniga chiqib olarkan-da, oldidan oʻtgan matrosga faqirona qoʻl choʻzib tilanchilik qilarkan. Matroslar esa kinoya bilan miyigʻida kulishib suxari burdalaridan sadaqa berisharkan. U boʻlsa suxari burdasiga ochkoʻzlik bilan chang solib, unga xuddi oltinga suqlangan xasisdek termilarkan-da, qoʻyniga urarkan.
Olimlar sabr qildilar. Uni oʻz holiga qoʻyib qoʻydilar. Shunday boʻlsa ham, oʻziga bildirmay uning karavotini koʻzdan kechirdilar. Suxari tizilib ketibdi. Toʻshakning ichi ham suxariga toʻla ekan. Har bir teshik va burchakda suxari. Lekin uning aql-hushi joyida edi. Faqat, ehtimoldan xoli boʻlmagan ochlik gʻamini yerdi.
Olimlar undagi bu vasvasani oʻtkinchi narsa, deb hisobladilar. Shunday boʻldi ham: “Bedford” oʻz langarini San-Frantsisko qoʻltigʻiga tashlamasdanoq u ochlik vasvasasidan qutulib ketdi.

Ingliz tilidan Abduqahhor Iminov tarjimasi