..

Lev Tolstoy. Adolat tarozisi

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Qadimgi Misr shohlaridan ulugʻ Boykos oʻz shaharlaridan birida adolatli qozi borligidan xabar topibdi. Aytishlaricha, u juda rostgoʻy boʻlib, oqni oqqa, qorani qoraga ajratar, uning oʻtkir nigohidan bitta ham muttaham qochib qutulolmas ekan! Ittifoqo, bir kuni shoh Boykos bunga ishonch hosil qilish maqsadida savdogar kiyimini kiyibdi-da, oʻsha rostgoʻy qozi yashaydigan yurtga ravona boʻlibdi. Yoʻlda bir choʻloq paydo boʻlib, undan xayr-sadaqa soʻrabdi. Shoh unga sadaqa berib, yoʻlida davom etibdi. Ammo tilanchi uning etagiga osilib olibdi.

– Xoʻsh, senga oʻzi nima kerak? – soʻrabdi shoh Boykos.

– Sen menga sadaqa berding, lekin yana bir iltifot koʻrsat, meni ­otingda shahar oʻrtasidagi maydonga olib bor, toki meni yoʻldagi ot va tuyalar ezib tashlamasin!

Shoh Boykos choʻloqni otiga mingashtirib, shahar markazidagi katta maydonga olib boribdi. Soʻng otini daraxtga bogʻlab qoʻyibdi, ammo qaysar tilanchi otdan hech tushmas emish.

Shunda shoh Boykos debdi:

– Xoʻsh, nega otda oʻtiribsan, biz yetib keldik, endi otdan tush!

Tilanchi unga shunday javob qaytaribdi:

– Axir, ot meniki boʻlsa, nega undan tushishim kerak, agar bunga gumoning boʻlsa, unda shahar qozisiga boramiz!

Atrofdagi olomon ham buni eshitib, shovqin solibdi:

– Qoziga boringlar, toʻgʻri hukmni qozi chiqaradi!

Noiloj shoh Boykos haligi choʻloq bilan shahar qozisining oldiga borishibdi. Qozining hovlisida tumonat odam toʻplangan boʻlib, qozi bu odamlarni navbati bilan huzuriga chaqirar ekan.

U birinchi boʻlib oldiga bir olim va dehqonni chorlabdi. Ular bitta goʻzal ayol uchun qozining huzuriga kelishgan ekan. Dehqon oʻsha ayolni xotinim desa, yo tavba, olim ham “bu ayol mening zavjai halolim” dermish!

Qozi ikki tomonni tinglab boʻlib, hukm chiqaribdi:

– Ayol mening uyimda qoladi, sizlar esa ertaga kelasizlar!

Ular chiqib, xonaga qassob va yogʻfurush kirishibdi. Qassobning qoʻli qon, yogʻfurushning qoʻllari esa moyga belangan ekan. Qassobning qoʻlida pul, yogʻfurush esa uning qoʻlidan mahkam tutib olibdi.

Shunda qassob arz-dodini aytibdi:

– Taqsir, men bu odamdan yogʻ sotib olib, endi pulini bermoqchi edim, u qoʻlimdan mahkam ushlab, pulni mendan tortib olmoqchi boʻldi. Men qoʻlimda karmonim, u esa mening qoʻlimdan ushlagan holda huzuringizga keldik! Pullar meniki, yogʻfurush muttaham, oʻgʻri!

Yogʻfurush esa quyidagilarni aytibdi:

– Bu hammasi boʻhton! Qassob oldimga moy sotib olish uchun kelgan edi. Men unga koʻzasini toʻldirib moy quydim. U mendan dinorini maydalab berishimni soʻradi. Men mayda chiqarib, peshtaxtaga qoʻydim. Qassob bu pullarni olib qochmoqchi boʻldi. Men shu payt uni qoʻlidan ushlab sizga olib keldim, taqsir!

Qozi biroz sukut saqlab, keyin shunday debdi:

– Pullar menda qoladi, sizlar ertaga kelinglar.

Navbat shoh Boykosga kelgach, u ham boʻlgan voqeani oqizmay-tomizmay aytib beribdi. Shunda qozi choʻloqqa yuzlanibdi. Choʻloq quyidagilarni gapiribdi:

– Uning gaplari gʻirt yolgʻon! Men oʻz otimda sayr qilib yurgan edim. Bu odam esa mendan oʻzini maydongacha eltib qoʻyishimni soʻradi. Ke­yin menga tuhmat qilib, bu ot oʻziniki ekanligini daʼvo qildi. Uning gaplari gʻirt yolgʻon!

Buni eshitib, qozi javob qaytaribdi:

– Otni mening uyimda qoldirib, oʻzlaringiz ertaga keling!

Ertasiga ertalab shaharning markaziy maydoniga tumonat odam toʻplangan, hamma qozining adolatli qarorini kutar ekan.

Birinchi boʻlib olim va dehqon qozining qabuliga kirishibdi. Qozi oʻylab turib, oʻzining birinchi qarorini xalqqa eʼlon qilibdi:

– Xotin olimga tegishli, dehqonga esa ellik darra urilsin!

Olim oʻz xotinini olibdi, dehqon esa jazoga tortilibdi.

Keyin qozi qassob va yogʻfurushni oldiga chaqiribdi.

– Bu pullar seniki, – debdi qozi qassobga. Keyin yogʻfurushga yuzlanibdi: – Yogʻfurushga ellik darra urilsin!

Nihoyat navbat shoh Boykos va choʻloqqa kelibdi.

– Sen oʻz otingni yigirmata boshqa otning orasidan taniy olasanmi? – soʻrabdi qozi shoh Boykosdan.

– Taniy olaman, taqsir! – javob qaytaribdi shoh Boykos.

– Sen-chi?! – yuzlanibdi qozi choʻloqqa.

– Men ham oʻz otimni taniyman! – javob beribdi choʻloq.

– Ortimdan yuringlar-chi!

Hammalari birgalashib otxonaga oʻtishibdi. Shoh Boykos guvohlar oldida yigirmata ot orasidan oʻzining otini koʻrsatibdi. Keyin qozi choʻloqni chaqirib, uni ham otxonaga olib boribdi va undan oʻz otini topib berishini soʻrabdi. Choʻloq ham oʻsha otni koʻrsatibdi. Shundan soʻng qozi oʻz oʻrniga oʻtib, qarorini hammaga eʼlon qilibdi:

– Ot Boykosniki, choʻloqqa esa ellik darra urilsin!

Ish kuni tugab, qozi uyiga qaytayotganida, shoh Boykos uning ortidan ergashibdi.

– Xoʻsh, nima gap, yo mening qarorimdan norozimisan? – soʻrabdi qozi shoh Boykosdan.

– Yoʻgʻ-e, men qaroringdan roziman, faqat xotin olimniki, pullar qassobniki, ot meniki ekanini qanday aniqlaganingga aqlim yetmayapti!

Shunda qozi javob qaytaribdi:

– Xotin kimnikiligini men bunday bilib oldim: uni ertalab huzurimga chaqirib, “Siyohdonga siyoh quyib ber!” deb soʻradim. U siyohdonni oldi, uni chaqqonlik bilan yuvib-tozalab, soʻng siyoh quydi. Aftidan, xotin bu ishni oldin ham qilib yurgan, shuning uchun bu ish unga uncha qiyin boʻlmadi. Agar u dehqonning xotini boʻlganida, bu ishni uddalay olmasdi. Demak, xotin olimga tegishli boʻlib chiqdi.

Pullarni esa suvga solib qoʻydim, ertalab qarasam, piyoladagi suvning beti top-toza. Agar bu pullar yogʻfurushga tegishli boʻlganida, suv yuzida moy dogʻlari paydo boʻlardi. Demak, qassob toʻgʻri gapirgan!

Ot kimga tegishli ekanligini aniqlash ancha ogʻir kechdi. Chunki choʻloq ham sening otingni tanidi. Sizlarni otxonaga boshlab borganimda, men uchun sizlarning otni tanishingiz emas, balki otning sizlarni tanishi zarurroq edi! Sen yaqinlashganingda, ot boshini koʻtarib senga intildi, choʻloq unga yaqin kelganida esa ot quloqlarini chimirdi! Bunga koʻra, otning haqiqiy xoʻjayini sen eding!

Shunda shoh Boykos debdi:

– Men oddiy savdogar emasman, shu yurtning podshohi – shoh Boykosman! Odamlarning sen haqingda aytayotgan soʻzlariga oʻzim guvoh boʻlish uchun bu yerga kelgan edim! Sening rostgoʻy qozi ekaningga butkul ishondim! Tila tilagingni, seni mukofotlayman!

Rostgoʻy qozi vazminlik bilan javob qaytaribdi:

– Menga mukofot kerak emas, janobi oliylari, ulugʻ shohimning maqtovlari men uchun eng oliy sharaf!

Rus tilidan Rahmat Toʻla tarjimasi