Luqmon Boʻrixon. Ovchi qismati
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Oxiri, qoya ustiga tirmashib chiqib oldik. Oyoq-qoʻlimizda majol qurigandi. Siyrak oʻt-oʻlanlar ustiga harsillab choʻzildik. Bir necha kundan beri jagʻi-jagʻiga tegmay, hayvonot dunyosi haqidagi oʻzining ilmiy nazariyalari bilan garang qilgan hamrohim – poytaxtlik professorning ham allaqachon sasi oʻchgandi. U kirchil, keng ayvonli shlyapasini goh kiyib, goh qoʻliga olib yelpinar, bir inqillab, bir “uf-f” tortib bellarini, oyoqlarini uqalar edi. Men korjomamning choʻntagidan sigaret olib tutatdim. Yutoqib-yutoqib bir-ikki dud tortgach, badanlarimdagi zirqirash andak bosilib, charchogʻim quvilgandek boʻldi.
Biz sulayib yotgan yerdan tevarak-atrof yaqqol koʻrinib turardi. Bir-biriga yelka tutgan togʻlar, qoyalar, chuvalashib ketgan siyrak archazorlar, keng, tor daralar shundoqqina qoʻl uzatsak yetadigandek edi. Kun botar tomondagi yalanglikda jimir-jimir oqib yotgan soy, soy boʻyidagi togʻ ovulining pastqam, toshqoloq uylari elas-elas koʻzga tashlanadi.
Meni mudroq bosa boshladi. Bahor quyoshining iliq tafti badanlarimizga moydek yoqib, tobora lanjligim oshib borardi. Professor qoʻllarini yostiq qilib, shlyapasini koʻziga qoplagan koʻyi chinakamiga pinakka ketgandi. Bir payt shundoqqina biqinimizda toshlarning shaqir-shuquridan ikkovimiz ham barobar choʻchib oʻgirildik.
Oʻn-oʻn besh qadam narida novcha boʻyli, oʻsiq sochlari toʻzgʻin, yigirma besh yoshlar chamasidagi bir yigit qadalib tikilib turardi. Uning egnidagi eski paxtalik kamzul, belini sirib turgan askarcha kamar, yelkasida qoʻshogʻiz miltiq, beixtiyor huv, kinolardagi partizanlarni eslatib yuborar edi.
– Kimsizlar? – deb soʻradi u allaqanday dagʻal ovozda.
– Partizanlar, – dedim ensam qotib.
Yigit qoʻpol kirza etigini sudrab bosgancha biz tomon yurdi. Shundoqqina tepamizga kelgach, yana qoqqan qoziqdek turib qoldi. Professor, diqqati oshib, achchigʻnamo ohangda:
– Muborak qoʻlingizni bi-ir ushlab qoʻysak, – dedi-da nozik, loʻppi qoʻllarini tepasidagi “qoziq” tomon uzatdi.
Yigit salomlashish endigina esiga tushib qolganday, shosha-pisha biz bilan qoʻl berib koʻrishishga tushdi. Men uning rapidadek, dagʻal kaftiga kaft bosar ekanman, mulozamat yuzasidan iljayib qoʻydim. Lekin notanish yigit iljaymadi. Miltigʻini yelkasidan qoʻliga sidirib olib, yonimizdagi gʻadir-budir xarsangga orqasini qoʻyarkan, goh menga, goh professorga qadalib-qadalib tikilishda davom etdi. Ochiq gap, uning oʻtkir nigohlariga tob berish qiyin edi. Shuning uchun ham biz beixtiyor koʻzimizni duch kelgan tomonga opqochardik. Eng gʻalatisi, ikkovimiz ham uzatilgan oyoqlarimizni allaqachon yigʻishtirib, hurmatli bir zot huzurida oʻtirgandek yuvosh tortib qolgandik.
– Men viloyat oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasining masʼul xodimi, – dedim goʻyo shafqat soʻrayotgan tutqunday, – bu kishi esa… katta olim, poytaxtdan kelgan.
Notanish yigit andak muloyimlashgan qiyofada “maʼqul” degandek bosh irgʻab qoʻydi. Biroq, nazarimda, “oʻrmon xoʻjaligi”dan boshqa hech vaqoga tushunmadi, shu sabab menga sinovchan tikilib:
– Mehmonmisizlar? – deb soʻradi.
Men qanday javob bersam bu turqi sovuqqa yoqishni oʻylab picha chaynalib qoldim.
– Yoʻq, – dedim, oxiri chinini aytishga bel bogʻlab, – kattalar maxsus topshiriq bilan yuborishgan. Shu atrof katta qoʻriqxona boʻladi, biz shart-sharoitni oʻrgangani keldik.
Shoʻrim qisdi-yov, yigit bir zum ilgarigidan battar chaqchayib tikilib qoldi, soʻng:
– Qoʻriqxona… – dedi dimogʻidan masxaraomuz kulib.– Kimdan nimani qoʻriqlaysizlar?
Men “hammasi tushunarli-ku”, degan maʼnoda yelka uchirib, muloyim tabassum qildim.
– Men ovchiman, – dedi yigit, soʻng yalanglik tomon iyagi bilan ishora qilib qoʻydi, – mana, shu ovulda yashayman…
Biz hali ovulda boʻlmagan edik. Biroq:
– Ja-a, zoʻr joylar ekan, – deya professor gapni ilib ketdi. – Odamlari ham oqkoʻngil, mehmondoʻst…
Oraga picha vaqt oʻngʻaysizlik oʻrnashdi.
– Sizlar shaharliksizlar-a? – deb soʻrab qoldi nogoh ovchi yigit, allanechuk sergaklanib. Biz ehtiyotkorona bosh irgʻab qoʻydik. Ovchi yigit yerga oʻychan tikildi, nazarimda, uning oʻtkir koʻzlari mayus tortib qolganday boʻldi.
– Otamni shaharliklar oʻldirgan, – dedi u pichirlab.
– Yoʻgʻ-ye, qanday qilib, – soʻradim astoydil ajablanib.
Professor ham koʻzlarini aybdorona pirpiratgancha ovchiga yuzlandi:
– Yoʻgʻ-ye, qanday qilib?
Ovchi yigit qoʻl siltab:
– E, bu uzun doston, – deb qoʻydi. Biroq oʻsha “uzun” doston“ni gapirib bergisi kelayotgani yuz-koʻzidan sezilib turardi. Professor ovchi yigitning kayfiyatini darrov ilgʻadi, shekilli, yaqinroq surilib:
– Agar malol kelmasa… aytib bering, – deb mingʻirladi.
Ovchi yigit xoʻrsinib bosh qashladi. Soʻng negadir bizga emas, goh osmonga, goh oyogʻi ostidagi toshlarga termilib, oʻziga oʻzi soʻzlaganday oʻsha “uzun doston”ni boshladi…
* * *
Otam boʻyi ikki quloch, qoʻrgʻoshindan quyulganday qoruvli, qizgʻish soqoli yarashiqli, sergʻayrat ovchi odam edi. U uchib borayotgan qushning koʻzidan ura oladigan mergan boʻlgan, desam balkim ishonmassiz. Lekin ovulimizda hamma bunga iqror. Otamning oʻtkir koʻzlariga tashlanib qolmaslik uchun menman degan yirtqich jondorlar ham qochib-pisib yurardi. Huvv, kunchiqarga qarang, toʻshida bulutlar chodirday toʻshalib yotgan oq qalpoqli choʻqqilarni koʻryapsizmi, otamning poyi-qadami hatto oʻsha yerlarga ham yetgan, oʻsha odam bormas qoyalarda ham oʻktam ovozi jaranglagan, endi bu tevarakni qoʻya berasiz…
Men besh qiz ichida yolgʻiz oʻgʻil edim. Biroq otam hech qachon erkalamas, kerak boʻlsa, tez-tez kaltaklab taʼzirimni berib turardi. Lekin baribir otamni juda yaxshi koʻrardim. Esimni tanib, songa kirgan yoshimdan boshlab otam meni ham tez-tez ovga ergashtirib chiqadigan boʻlib qoldi.
Kunlar shu zayl orom oʻtib borardi. Kutilmaganda boshimizga musibat tushdi. Adashmasam, oʻsha kezlar oʻn sakkizni qoralab qolgandim. Qorli, boʻronli bahor kunlarining birida xonadonimizga koʻrgilik doridi. Vaqt peshindan oqqan mahal edi. Men hovlida terlab qor kurab yotardim. Bir payt ogʻil tarafda bogʻliq yotgan itimiz irgʻishlab vovullay ketdi. Sergaklanib, yarim ochiq darvoza tomon oʻgirildim. U yerda ikki notanish – biri oʻrta yashar odam, biri menga tengqur oʻspirin qunishibgina turardi. Ust-boshlaridagi qimmatbaho, poʻrim kiyimlari ularning shaharlik ekanidan darak berardi. Shu orada bogʻ tarafdan otam chiqib kelib, ular bilan koʻrishdi, uyga taklif qildi. Mehmon amaki otam ortidan uy tomon yura turib men bilan ham ipakdek eshilib salomlashdi. Soʻng qoʻltigʻidagi qoʻppaygan xaltasini qoʻlimga tutqizdi-da: “Buni ichkariga olib kiring, jiyan”, deb shipshidi. Har xil shirinliklar, bir-ikki qatlam ayollarbop mato boʻy koʻrsatib turgan bu xalta ularning sovgʻa-salomi ekanligini payqadim. Ammo xalta qoʻlimdan sirgʻalib tushib ketishiga oz qoldi. Axir anovi mehmon bolaga beixtiyor angrayib qolgandim-da. Rangi oppoq, ozgʻin, qizlarnikidek shahlo, qop-qora koʻzlari chuqur-chuqur botgan, yupqa lab, doʻngpeshona bu ogʻayni, hoynahoy, kasal edi. Kallasi oʻz holicha tinmay tebranib turardi. Oradan koʻp oʻtmay, mehmonlar bilan gurung chogʻi ularning ota-bolaligi, yigitchaning chindan-da dardmandligi, hatto tildan qolganligi oyday oydin boʻldi.
Oʻsha kech qoʻnoq uchun bir echki soʻyilib, qozonga solindi, chogʻroqqina mehmonxonamizga qalin koʻrpalar toʻshalib, koʻpdan beri olov koʻrmagan pechiga archa oʻtin yoqildi, ishqilib, uzoq shahardan kep qolgan mehmonlarning izzati joyiga qoʻyildi.
Ha, shu oqshom uyimizga chinakam bir begona ruh, begona ob-havo kirib kelgandi. Mehmonxonamiz ota-boladan anqiyotgan, bizning dimogʻlarga hali yot boʻlgan, allaqanday oʻtkir atir hidiga boʻkib ketdi. Men choy quyib uzatib oʻtirarkanman, mehmonlarni zimdan kuzatib-kuzatib olardim. Ular toshqoloq devorlari gʻadir-budir, pastakkina uyimizga, burchakda osigʻlik qora chiroqning xira yorugʻiga koʻnikolmay, besaranjom oʻtirishardi. Kasal bola xumday kallasi tebrangan koʻyi goh chirsillab yonayotgan olovni, goh chiroq shuʼlasida akslanayotgan soyalarimizni angrayib-angrayib kuzatar, onda-sonda otamning yuzidagi, bir paytlar ayiq bilan olishuvdan qolgan chandiqqa qoʻrqa-pisa koʻz tashlab olardi. Otasi esa, goʻyo tinchlantirmoqchiday, tez-tez uning nozik, oppoq qoʻllarini silab-silab qoʻyardi. Nazarimda, shunday kezlar mehmon amakining oq oralagan siyrak sochlari battar oqarib, salqi qosh-qoboqlari, lab-lunji tagʻin osilib ketganday tuyuldi. U goh yonboshlab, goh chordona qurib, otam bilan suhbatlashar, oʻzini dalli-gʻulli koʻrsatishga tirishar, ammo xayollari parishon edi. Men uning uzundan uzoq gap-soʻzlaridan katta bir idoraning xoʻjayini ekanini, bir tashvish sabab togʻu toshlarga qadam bosganini arang angladim. Ular avval ovulimizni, soʻngra uyimizni topguncha xoʻb qiynalishibdi. Mashinalari bu yoqlarga yurolmay, uni ovuldan oʻn chaqirim naridagi geologlar qoʻnalgʻasida qoldirishganmish. Bir oqsoq choʻponning koʻmagi bilan biznikini arang topib kelishibdi.
Otam, nasib etsa, bahorda qizlarga sep yiqqani shaharga borish taraddudida ekanligini aytgandi, mehmon amakiga jon kirdi. U “Toʻppa-toʻgʻri biznikiga boravering, oʻzim hamma xizmatingizni bitiraman”, deb chiroyli kostyumi choʻntagidan kaftdekkina qogʻoz, tillarang, gʻalati bir ruchka chiqardi. Soʻng qogʻozni tizzasiga qoʻyib, tez-tez allanimalarni yozdi-da, “Mana, mening adresim”, deya otamga uzatdi. Otam mamnun bosh irgʻay-irgʻay qogʻozni olib, uni oʻzicha uzoq koʻzdan kechirdi, keyin eski, yagʻir telpagining qatlangan joyiga qistirib qoʻydi. Otamning qiliqlarini, hoynahoy, kuzatib turgan boʻlsa kerak, men kasal bolaning yupqa, qonsiz lablari qoqsuyak chakkalari tomon charmday choʻzilib ketganini koʻrdim. “Ay, shaharlik-a, biz togʻliklarning gʻoʻrligidan kulasan-a”, deb hazillashgan boʻldi otam, shekilli, u ham kasal bolaning iljayganini payqab qolgandi. Shu bahona boʻldi-yu, mehmon amaki uzuq-yuluq qilib, oʻgʻlining dardi haqida gap qoʻzgʻadi.
Shaharlik bolaning bunday chalajon boʻlib qolganiga ham roppa-rosa uch yil toʻlibdi. Qish kunlarining birida maktabda allaqanday kasallikka qarshi emlashibdi-yu, oradan chorak soat oʻtar-oʻtmas, bola tildan qolib, kallasini tutib turolmaydigan ahvolga tushibdi. Bu koʻrgilikning sababini hech kim aniq aytib berolmaganmish. Birov oʻsha em dori meʼyoridan ortib ketgan desa, yana allakim bola qattiq qoʻrqqan, igna nozik asab toʻqimalarini zararlantirgan, deya tusmol qilibdi.
– Davo istab bormagan joyimiz qolmadi, – dedi mehmon amaki qop-qora deraza tomon xomush tikilib. – Ne-ne professorlarning, aʼzayimxon tabiblarning ostonasiga bosh urdik, afsus… hech naf yoʻq. Yaqinda bir tabibga uchrashib ichimiz sal yorishdi, ovchi togʻa. U kishining gapiga qaraganda, bunday kasallarning besh-oltovini hech koʻrmaganday tuzatib yuborgan ekan. “Qoʻrqmanglar, aytganlarimni oqizmay-tomizmay bajarsalaring, bolangiz bulbulday sayrab ketadi”, deyapti u…
Bolaning kasaliga xuddi aybdorday bosh egib, qoboq uyub oʻtirgan otamga jon kirdi.
– Xoʻsh-xoʻsh… – dedi u, – nima qilish kerak ekan?
Mehmon amaki picha jim qoldi. Nozik, ingichka barmoqlari bilan siyrak sochlarini taroqlay-taroqlay, otamga javdirab tikildi.
– Endi… bu yogʻi sizga ham bogʻliq, ovchi togʻa, – uning tovushi tobora titrab chiqardi. – Bolaga tirik boʻrining issiq qonidan ichirish, terisini shilib, ustiga yopintirish kerak ekan… – u shunday deya dagʻ-dagʻ qaltirayotgan qoʻllarini otam tomon iltijoli choʻzib, tagʻin hirqiradi, – “Yoʻq” demang, jon ovchi togʻa, dovrugʻingizni eshitib, atay sizni izlab keldik, oʻla-oʻlguncha xizmatingizda boʻlaman…
Otam ogʻir soʻlish olib, xiyol qaddini tikladi. Xonaga ogʻir jimlik choʻkdi. Burchakda miltirabgina turgan chiroq battar xira tortganday boʻldi. Bu orada mehmon bola yostiqqa yonboshlab pinakka ketgandi.
– Boʻrini tirik tutish qiyin, – dedi otam past, xotirjam ovozda.
– Yaradori ham boʻlaveradi, – deb shosha-pisha gapga qoʻsh soldi mehmon amaki. – Tabibdan soʻraganman, yaradori ham boʻlaveradi, ishqilib, joni chiqmagan, qoni issiq boʻlsa, bas…
– Yarador qilish ham qiyin, – dedi otam tobora tundlashib. – Boʻri juda ziyrak hayvon.
Mehmon tagʻin yalinishga zoʻr berdi:
– Endi, bir iloj qiling, jo-on, ovchi togʻa, noumid qaytarmang, xizmat haqqi xohlaganingizday boʻladi.
Otam qansharidagi chandigʻini qashib ancha payt mum tishlab oʻtirdi.
– Yaxshi, – dedi nihoyat. – Qani, tong otsin-chi, u yogʻiga ham xudo poshsho… bir gap boʻlar. – Soʻng menga yuzlandi: – Mehmonlarga oʻrin-toʻshak qilib ber, bolam.
Ertalab choʻchib uygʻonganimda kun xiyla yorishgan, deraza ortida chumchuqlar chirqillashayotgan edi. Qunishib tashqari chiqdim. Otam ov anjomlari saqlanadigan omborxonada kuymalanib yotardi.
– Uygʻondingmi, – dedi menga koʻzi tushgach, – Qashqaqoyadagi boʻri uyasi esingdami, sahar borib tekshirib koʻrdim, qanjiq boʻri ovga chiqqan, qaytishida urib olsak boʻladi, shoshilish kerak, bolam.
Otam soʻnggi soʻzlarini aytayotganda koʻzlarida allanechuk uchqunlar porlab, burun kataklari ovchilik ilhomidan titrab ketdi.
Biz shoshilinch yoʻlga otlandik. Mehmon ota-bolani eshakka mindirib, oʻzimiz yayov joʻnadik. Yon-atrof oppoq, qalin qor bilan qoplangan. Havo ochiq. Togʻlar ortidan charaqlab boʻy koʻrsatayotgan bahor quyoshi nuridan qor yuzasi sim-sim zardek tovlanadi, qadalib qaragan koʻzlarni qamashtiradi. Biz siyrak archazorlarni oralab oʻtgan soʻqmoq boʻylab dam sayin yuqorilab borardik. Men mehmonlarga, ayniqsa, anovi kasal bolaga tez-tez koʻz tashlab qoʻyardim. Kallasidagi qusurini aytmasa, u sira dardmandga oʻxshamasdi. Koʻzlari chaqnagancha tevarakka yutoqib termular, eshak ustidan uzalgan koʻyi qorga belangan archa barglarini tortqilab-tortqilab oʻynoqlar, oʻzicha mamnun iljayar, ishqilib, dimogʻi chogʻ edi. Aftidan, u qayoqqa ketayotganimizni bilmas, toʻgʻrirogʻi, bunga ahamiyat bermasdi.
Oxiri, bir soatdan koʻproq qichab yoʻl yurgach, koʻzlangan manzilga, Qashqaqoya etagiga yetib keldik. Bizdan xiyla ilgarilab ketgan otam chimrilgan koʻyi betoqat kutib turardi. “Bu yogʻiga hammamiz yayov boramiz”, dedi u. Men eshakni panaroq bir archa shoxiga bogʻlab keldim. Ulkan-ulkan archalar, xarsang toshlar oralab tagʻin joʻnadik. Oradan yana chorak soatlar vaqt oʻtdi. Bizdan besh-olti qadam ilgari ketayotgan otam birdan yonboshlab, oʻzini xarsang panasiga oldi, bizga ham “pusinglar” ishorasini qildi. Negadir uning rangi boʻzarib, koʻzlariga oʻychanlik soya tashladi. “Ob-bo, kechikdik, – deb bosh chayqadi otam, biz pusib unga yaqinlashgach. Qanjiq boʻri ovdan qaytibdi”. Men oʻzim avvaldan yaxshi biladigan, boʻri uya qurgan qiyalik tomon poylab koʻz yugurtdim. Ha, bizdan yuz-yuz ellik qadam narida, chogʻroqqina kungay yalanglikda kulrang boʻri tumshugʻini oyoqlariga qoʻyib, xotirjam choʻzilib yotar, tevaragida mitti-mitti toʻrt bolasi bir-birini tortqilab oʻynoqlardi. Men ham ovchilikdan uncha-muncha xabardorligimdan qaltis vaziyatga yoʻliqqanimizni angladim. Boʻriga ayni mahal hech bir tarafdan yaqin borib boʻlmasdi! Muncha masofadan turib aniq nishonga olish, amri mahol edi. Ustiga ustak, yonida bolalari… Bunday payt menman degan ovchi ham oʻq uzishga botinolmaydi. Ichi-tashim muzlab otamga oʻgirildim. Otam qansharidagi chandigʻini qashlab butkul oʻyga choʻmgandi. Bu orada mehmon amaki ham moʻralab boʻrilarni ilgʻadi, soʻng hech vaqoga tushunmay, goh bizga, goh tevarakka qiziqsinib alanglab turgan oʻgʻliga imo-ishora bilan, “Ana, u yoqqa qara”, deb shipshidi. Kasal bola ham bizga taqlidan, hammamizni tashvishlantirib qoʻygan tomon pisib moʻraladi.
Biroq uning oriq, oppoq yuziga biznikidek oʻychanlik inmadi, qaytam, koʻzlari porlab, iljaygan koʻyi tomoshaga berilib ketdi. Hatto irgʻishlab oʻrnidan turib ketishiga oz qoldi, otasi uni arang panaga tortdi, imo-ishora bilan poʻpisalar qildi, bu qiligʻi yaxshi emasligini uqtirdi.
Otam qoʻlidagi miltigʻini obdon koʻzdan kechirdi, belidagi uzun tigʻli pichogʻini paypaslab qoʻydi, ov xurjunini men tomon surdi, Uning qandaydir qatʼiy qarorga kelganini tushundim. “Qoʻrqma, oʻgʻlim, hali hech qachon uyatga qolmaganmiz”, deb qulogʻimga shipshidi otam, soʻng olgʻa emaklab ketdi. Biz uni hayajon bilan kuzata boshladik. Otam tagʻin yigirma-yigirma besh qadamlar oraliqqa toshlar oralab pusgancha oʻrmalab bordi. Keyin “lip” etib oʻrnidan turdi-da, toʻppa-toʻgʻri boʻrilar tomon yurdi! U miltigʻini orqasiga yashirishga tirishardi. Otam besh-olti qadam qoʻyar-qoʻymas, qanjiq boʻri boshini shahd bilan koʻtarib oʻgirildi. Hatto biz ham uning otamga qahrli tikilgan koʻzlarini, dikkaygancha pirpirayotgan quloqlarini yaqqol koʻrdik. Boʻrichalar esa hurkib, onasining pinjiga suqildi. Otam boʻrilarni nogoh uchratib qolgandek, bir zum qotdi-da, oʻng tomondagi archazorga oʻzicha qocha boshladi. Ona boʻri u tomon quyunday qoʻzgʻaldi. Baquvvat, uzun oyoqlari ostidan qor sachratib uch-toʻrt sakrashdayoq otamga yaqinlashdi. Shu payt otam ilkis orqaga burildi. Burildi-yu, birdan oʻq ovozi gumbirladi. Biz jon holatda koʻkka bir sapchib qulayotgan boʻrining serjun boʻgʻzidan tirqirab qon otilib ketganini yaqqol koʻrdik. Kulrang jondor shundoqqina otamning kirza etiklari yonida qor toʻzgʻitgancha chirpirak toʻlgʻonib qoldi. Otam ehtiyotkorlik bilan oʻzini chetga tortib qichqirdi:
– Idishni opke-ye-yel!
Men xurjundan sopol kosani olib, jonu jahd bilan olgʻa otildim-u, koʻz ochib yumguncha otam oldida paydo boʻldim. Shu payt… shu payt togʻu daralarni achchiq bir qichqiriq tutib ketdi. “A-a, a-a!”
Biz “yalt” etib ovoz kelgan yoqqa qaradik. Qaradig-u, koʻzlarimizga ishonmadik. Axir, bu tovush, bu achchiq qichqiriq oʻsha shaharlik bolaniki edi!
“A-a-a-a!” – u shunday chinqiriq bilan qoqila-surilgancha biz tomon yugurgiladi. Otam ikkimiz angrayib qoldik. Mehmon amaki bir zum kalovlanib turdi-da, shodon qiyqirib oʻynoqlay ketdi: “Tilginangdan, ovozingdan bolam…”.
Shaharlik bola pixillab-xirillab jon berayotgan ona boʻriga gandiraklagan koʻyi yaqin keldi. Uning kallasi avvalgidek tebranmas, qop-qora koʻzlari chaqchayib boqar, yupqa, qonsiz lablari yana bir qichqiriqqa hozirlanganday pir-pir uchardi. Bola chalajon jondorga, oʻq ovozi gumburlagandayoq boʻri bolalari tirqirab qochgan uya tomon bir zum ola-kula boqib turgach, shahd bilan otamga yuzlandi. Yuzlandi-yu, mutloq sogʻlom bir tovushda vahimali shangʻillay ketdi:
– Nega otdingiz, nega? Endi bolalari nima boʻladi?
Shu orada quvonchdan entikkancha yetib kelgan otasi oʻgʻlini quchoqlab, “tilingdan, tilingdan…” deya oʻpishga urinib ketdi. Biroq bola, goʻyo tuzalganidan pushaymondek, otasining qoʻllarini siltab tashlab, goh chalajon boʻriga, goh otamga chaqchaygancha qarab turardi. Mehmon amak esa hovuri bosilmay, hansiragan koʻyi, poʻrim poʻstinining ichki choʻntagidan bir dasta pul chiqarib, qiyqirgancha otamning boshidan sochib yubordi. Yana bir dastani gʻoyat chaqqonlik bilan mening seryamoq choʻntagimga tiqib yubordi.
Shu payt otamning qop-qora terga botgan koʻyi dagʻ-dagʻ titrashga tushganini nogoh sezib qoldim! Miltiq, haligina men uzatgan sopol kosa allaqachon yerparchin boʻlib qorga qorishib yotardi. “Ota-a!” – deya beixtiyor qichqirib yubordim, birdan ichu tashim muzlab. Ammo otam javob bermadi, goh oyoqlari ostida soʻnggi nafasini olayotgan ona boʻriga, goh shaharlik bolaga javdiray-javdiray qon sachragan qor ustiga behol oʻtirib qoldi. Men ilkis olgʻa otilib, uning yelkalaridan quchdim. “Ota-a, bizni qoʻrqitmang, ota!” U qalin-qalin lablarini qimtib-qimtib gapirmoqchi boʻldi, biroq uddalay olmay qoʻl siltab qoʻydi. Men shunda… shunda achchiq bir haqiqatni angladim: otam tildan qolgandi!
Shaharlik bola koʻzlari battar olayib, beixtiyor orqaga tisarildi. Soʻng bir ingranib, vahima bilan ovul tomon chopa ketdi.
Mehmon amaki hamon oʻsha quvonch qalqib turgan tovushda: “Iya-iya, ovchi togʻa, sizga nima boʻldi? Hazillashmang-yey”, deb otamga parvona boʻla boshladi.
Men koʻz oldim qorongʻilashib unga qichqirdim: “Yoʻqo-o-ol, otamni yedilaring!”. Beixtiyor paypaslanib yerdan miltiqni oldim. Mehmon amaki, “iya, jiyan, oʻzingizni bosing, odam otishning javobgarligi bor-a?!” deya gʻudranib, qalt-qalt titragancha orqaga tisarildi, soʻng, oʻnglanib oʻgʻli ortidan yoʻrgʻalab qoldi.
Men butkul oʻzimni yoʻqotib, esankirab qolgandim. Otam ovulga qaytishni istamasdi. Yolvorib yetaklamoqqa chogʻlansam, qoʻllarimni siltab tashlab, “oʻzing ketaver” deganday imo-ishora qilar, xarsanglarning biriga omonatgina choʻnqayib, uzoq-uzoqlarga javdirab termular edi. Vahima bosib yigʻlab yubordim. Bir payt orqamdan qadam tovushlari eshitilganday boʻldi. Qarasam, uch-toʻrt ovuldosh hovliqib kelishyapti. Tanish odamlarni koʻrib, negadir, baralla hoʻngrab yubordim.
Ular ovul oralab gʻalati-gʻalati qiyofada orqa-oldiga qaramay oʻtib borayotgan ota-bolani koʻrib qolishgan ekan. Ajablanib, soʻrab-surishtirgach, bizning mehmonlar ekanini bilishibdi. Soʻng, ovuldoshlar, “Bu yerda bir sir bor-ov”, degan shubha bilan toʻppa-toʻgʻri uyimizga borishganmish. Enam bizning mehmonlarni boshlab Qashqaqoyaga chiqib ketganimizni, hamon qaytmaganimizni, oʻzi ham yuragi xijil tortib xavotirlanayotganini aytibdi. Ovuldoshlar oʻzaro maʼnoli koʻz urishtirib, darhol Qashqaqoya tomon joʻnashibdi.
Oʻsha kun kechga yaqin chalajon otamni bir amallab uyga orqaladik. Men yoʻl-yoʻlakay uzuq-yuluq qilib ularga boʻlgan voqeani aytib berdim. Ovuldoshlarni ham allanechuk vahima bosdi. Ulardan biri “Ovchini qon tutgan”, desa, yana biri “oʻsha shaharlik bolaning kasali yuqqan”ligiga shaʼma qildi.
Otam bir paytlar chin ovchilar yo qoyadan uchib, yo yirtqichlar bilan olishib oʻlim topishini menga uqtirar, hatto bu haqida qiziq-qiziq choʻpchaklar aytib berar, bir kun kelib, oʻzi ham shunday ajalga yoʻliqishiga ishonib gʻururlanar edi. Otam oʻsha tundayoq qoʻl-oyogʻi tarashadek qotib, koʻrpa-toʻshakka mixlanib qoldi. Oradan bir hafta oʻtgach, jon berdi. Men oʻshanda otamning goʻyo qismatidan, oʻlimidan roziday, yuz-koʻzida allanechuk tabassum qotib qolganini koʻrdim…
* * *
Ovchi yigit “endi tamom”, deganday birdan jimib qoldi.
– Ha, hayot shunaqa achchiq, – dedi ogʻir bir soʻlish olib professor, goʻyo azadordan koʻngil soʻraganday. – Xafa boʻlmang, uka…
Men ham oʻzimcha, “Ha, taqdir-da, taqdir”, deb mingʻirlab qoʻydim. Lekin koʻnglimning bir cheti xiragina yorishib turardi: chunki “uzun doston” men qoʻrqib kutgandan boshqacha xotima topdi. Boya ovchi yigit, “Otamni shaharliklar oʻldirgan”, degani uchun “uzun doston” davomida muqarrar bir pichoqbozlikni, otishmani kutgandim. Yoʻq, xudoga shukr, unday bemaza boʻlib chiqmadi. Shu sabab ovchi yigitning koʻzini shamgʻalat qilib, sherikka shipshidim:
– Bu oʻlimda shaharliklar “ni prichyom-ku”…
Gapim yoqmadi, shekilli, professor bir chimirilib qoʻydi. Soʻng qoʻl soatiga koʻz tashlab, “kechikyapmiz” ishorasini qildi.
– Endi uka, bizga ruxsat, – dedim sipogarchilikni qoʻldan bermay. – Huvv, soy boʻyida sheriklar, mashina kutib qoldi.
Ovchi yigit oʻz xayollariga shunchalar berilib ketgan ekanki, beixtiyor choʻchib tushdi. Ikkovimizga uyqusirayotganday bir-bir qarab chiqdi…
– Ketasizlarmi?
Biz bosh irgʻab, oʻrnimizdan qoʻzgʻaldik. Qoʻl-oyoqlari, beli xuddi menikidek hamon zirqirab yotgan boʻlsa kerak, professor yuzlarini ayanchli burishtirib, ixrab yubordi.
– Haligi, – dedi ovchi yigit oʻrnidan qoʻzgʻalarkan bir menga, bir sherigimga koʻz tashlab, – qoʻriqxona qurishlaring chinmi?
Men tagʻin qanday javob ovchiga yoqishini bilmay chaynalib qoldim. Professor, har qalay professor-da, darrov moʻljalni toʻgʻri oldi:
– E, hammasi xom gap, uka, – dedi u oʻzicha beparvo qoʻl siltab, – hech tashvish tortmang.
Ovchi yigit chippa-chin ishondi, shekilli, yuz-koʻzida shodlik sharpalari kezindi.
Biz xayr-xoʻshlashib, ehtiyotkor qadamlar bilan pastga – yalanglikka tusha boshladik.
– Gʻalati odamlar ekan-a, – dedim hiringlab.
Professor chaqir toshlar, sertikan oʻt-oʻlanlar bilan qoplangan soʻqmoqchadan koʻz uzmay, “him-m” deb qoʻydi.
Nihoyat, yalanglikka endik. Men qoʻrqa-pisa bundan chorak soat avval oʻtirgan tomonimizga – qoya choʻqqisiga koʻz tashladim. Koʻz tashladim-u, “Anovini qarang!” deb yubordim, beixtiyor sherigimni turtkilab. Xayolchan ketayotgan professor bir choʻchib, men ishora qilgan yoqqa alangladi.
Qoya choʻqqisining tik qirgʻogʻida, turtib chiqib turgan xarsang ustida ovchi yigit magʻrur qad kerib turardi.
– Nima balo oʻzini tashlamoqchimi u? – dedim chinakamiga xavotirlanib. Chunki uning ovchilar qanday oʻlim topishi haqida aytganlari hamon qulogʻim ostida jaranglab turardi.
– Yoʻ-oʻq, – dedi professor oʻychan, – ovchi bizni kuzatib qoʻyyapti. To manzilga yetgunimizcha shunday turaveradi u.
Biz xotirjam burilib yoʻlda davom etdik…
“Yoshlik” jurnali, 2015-yil, 11-son