..

Mario Benedetti. Yashil piyola

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Qahva piyolalari olti dona edi – ikkitasi qizil, ikkitasi qora, ikkitasi yashil. Bu nafis chinni idishchalarni Marianaga dugonasi Enriketa tugʻilgan kunida sovgʻa qilgan edi. Oʻsha-oʻsha bir tusli piyolani boshqa piyolaning taqsimchasiga qoʻshib ishlatish mumkinmi, yoʻqligi haqida bahs-munozara toʻxtamasdi. Enriketa qizil piyola bilan qora taqsimcha bagʻoyat goʻzal koʻrinadi, degandi oʻshanda. Ammo tabiatan oʻjar Mariana bir xil rangdagi idishchalarni ishlatishni yaxshi koʻrardi.

– Qahva tayyor. Olib beraymi? – eridan soʻragan boʻlsa ham, uning nigohi qaynisida edi. Qaynisi bu savolga javoban koʻz qisib qoʻydi, Xose Klaudio homuza tortdi.

– Tura tursin, hozircha. Bitta chekib olay.

Mariana bu safar eriga tikilib qararkan, doimgidek uning koʻrmasligidan gumonsiradi. Darhaqiqat, Xose Klaudioning koʻzlari koʻr kishining koʻzlariga oʻxshamasdi.

Xose Klaudio divanni asta paypaslay boshladi.

– Nima kerak? – deb soʻradi Mariana.

– Chaqmoqtosh qani?

– Oʻng tomoningda.

Xose Klaudio xotini aytgan tarafni paypaslab, chaqmoqtoshni topdi. Bir amallab uni yoqdi-yu, biroz taraddudlanib qoldi, aftidan, u alanga taftini yaxshi ilgʻayolmayotgandi. Buni koʻrgan Alberto gugurt chaqib, unga tutdi.

– Tashlab yuborishga koʻzing qiymadimi? – deb soʻradi Alberto jilmayib. Xose Klaudio ukasining gap ohangidan ishlayotganini fahmladi.

– Yoʻq, tashlab yuborolmayman. Bu chaqmoqtosh men uchun juda qadrli, Mariana sovgʻa qilgan.

Mariana ohista tilini tishladi-da, beixtiyor xayolga toldi. Oʻtgan kunlar esiga tushdi. 1953-yili Xose Klaudio 35 yoshga chiqqanda koʻzi hali ravshan edi. Ular – Mariana bilan Xose boʻlgʻusi qaynotasinikiga mehmonga borishgandi. Tushlikdan soʻng ikkovi dengiz boʻyiga joʻnadi. Xose uning yelkasidan erkalab quchdi, Mariana oʻzini tetik va xushhol, hatto baxtiyor sezdi. Harqalay, uning koʻnglini dafʼatan hapriqtirib yuborgan tuygʻu – baxtiyorlik tuygʻusiga juda-juda oʻxshardi. Ular oqshomga yaqin uyga qaytishdi. Xose Klaudio uni bagʻriga bosib, har doimgidek erkalab, sochlaridan siladi. Ikkovi gʻira-shira xonada oʻtirib, hozirgina sotib olishgan chaqmoqtoshni yoqib, sigareta tutatishdi. Ana oʻsha kuni Mariana chaqmoqtoshni Xose Klaudioga sovgʻa qilgandi. Endi chaqmoqtosh eskirib, ishdan chiqdi. Mariana irimchi emasdi-yu, lekin gʻalati, tan olish kerak, oʻsha davrdan esdalik sifatida hech narsa qolmagandi.

– Bu oy ham shifokorga bormadik, – dedi Alberto.

– Hechqisi yoʻq, – dedi Xose Klaudio.

– Bir gap aytaymi, senga?

– Ayt.

– Xafa boʻlmaysanmi?

– Nega xafa boʻlay.

– Menimcha, yaxshi qilmayapsan? Bu, tentaklikdan boshqa narsa emas.

– Borib nima qilaman. Hirsday baquvvatligimni, jigarim aʼlo darajada oʻz vazifasini bajarayotgani, yuragim, asablarim joyida ekani haqidagi gaplarni eshitganimi? Shuning uchun boramanmi? Hech narsani koʻrmagandan keyin, nima keragi bor bunaqa salomatlikning.

Koʻzi sogʻ paytda ham Xose Klaudioning salga achchigʻi chiqardi. Bu musibat boshiga tushmasdan avvalgi Xose Klaudioning sokin chehrasini Mariana hamon unutmagandi. Darhaqiqat, Xose Klaudioning aft-angori oʻsha paytda hozirgidek tashvishli va serajin emasdi. Umuman, Mariana Xose Klaudio bilan serzavq va osuda damlarni koʻp boshdan kechirgan, u buni yashirolmas, yashirishni ham istamasdi. Afsuski, shu musibatdan keyin, Xose Klaudio xotinining oʻziga suyanchiq boʻlishini xohlamadi. Undan, uning qalbidan yupanch izlamadi. Xotin kishidan madad kutishni oʻziga or bildimikan?! U oʻshandan buyon kamgap, ichimdagini top boʻlib qoldi. Hatto baʼzan gapga tushib ketganda ham, uning dilidan nimalar kechayotganini anglab boʻlmasdi.

– Baribir, shifokorga borishing kerak, – deya qaynisining gapini takrorladi Mariana. – Shifokor nima deganini unutdingmi?

– Unutib boʻlarkanmi? Hali umid qilsa boʻladi, degandi u. Yana bir gapi esimda qolgan: ilm-fan moʻjizaga ishonmaydi. Esingdami? Toʻppa-toʻgʻri aytgan, men ham ishonmayman moʻjizaga.

– Noumid shayton. Umid qilish odam bolasiga xos narsa.

– Shuni aytgin-a?..

Xose Klaudio sigaretini burqsitib tortganicha xayolga botdi. Mariana tabiatan mehribon ayol edi, uning mehribonligidan, ochigʻi koʻngilchanligidan foydalanish, uni biron nimaga majbur qilish oson edi. Uning mehrini qozonish qiyin emasligidan tashqari, barcha ayollar kabi u ham juda taʼsirchan va beriluvchan edi. Toʻgʻri, odamning koʻzdan qolishi – musibat, lekin eng yomoni bu emas, eng yomoni Xose Klaudio iloji boricha Mariananing gʻamxoʻrligi, mehribonchiligini istamasligi va bunga yoʻl qoʻymasligi edi. Mariana esa, butun vujudi bilan uning dardiga malham, gʻamiga sherik boʻlishni istar edi.

Afsuski, ilgari shunday edi. Hozir esa – yoʻq. Keyingi paytda hammasi oʻzgarib ketdi. Avvaliga mehr susaydi, eʼtibor, erkalashlar, koʻngilni koʻtarishlar sekin-asta oddiy burch nuqtai nazaridan qaraganda beixtiyor qilinadigan odatga aylandi. Toʻgʻri, u hozir ham erining tashvishida yelib-yuguradi, uni parvarish qiladi, shak-shubhasiz. Lekin bu unga ilgarigidek zavq-shavq baxsh etmasdi. Keyinroq, orada biron janjal chiqishidan, eru xotin oʻrtasida gap qochishdan qoʻrqish tuygʻusi paydo boʻldi. Chunki Xose Klaudio jizzaki, serjahl boʻlib qoldi, bora-bora u achchiq-tiziq gap bilan xotinining dilini vayron etishdan, shafqatsiz muomala qilishdan toymaydigan boʻlib qoldi. Mabodo Mariana gap qaytarmay, erining injiqliklariga chidab, sabr-toqat bilan itoat qilsa ham, Xose Klaudio piching, kesatiq, har xil tahqiromuz gaplar bilan jonini olardi. Bularning barchasiga koʻzining ojiz boʻlib qolganligi, alamzadaligi sababdek tuyulardi.

Alberto oromkursidan turib, deraza yoniga bordi.

– Qanday yoqimsiz manzara, – dedi u. – Qara! – uning savoli Marianaga tegishli edi. Lekin Xose Klaudio javob berdi:

– Nimasiga qaray? Men uchun qarayver.

Alberto Marianaga qaradi. Ular bir-biriga jilmayib qoʻyishdi. Umuman, keyingi paytda Mariana xonada Xose Klaudio boʻlsa ham qaynisi bilan bemalol koʻz urishtirar, unga sabab-besabab jilmayib qoʻyar edi. U hatto qaynisi oʻziga tikilib qaraganda, yuziga qizillik yugurishini, koʻzlari chaqnab ketishini sezardi. Darhaqiqat, Albertoning nigohi ostida Mariana gul-gul ochilib ketardi. Bu haqda qaynisining oʻzi bundan roppa-rosa bir yilu sakkiz kun avval, 23-aprel kuni kechki payt ilk bor aytgandi. Oʻsha kuni Xose Klaudiodan tanbeh eshitib, yuragi siqilgan Mariana boqqa chiqib yum-yum yigʻlagandi. U oʻshanda birinchi marta erining bu qiligʻini ich-ichidan kechirolmagandi. Ana shu paytda Alberto kelib, uni yupatgandi. Umuman, Alberto yupatishga, koʻngilni koʻtarishga mohir yigit edi. Baʼzan u bir-ikki ogʻiz soʻz yoki shunchaki bir nazar solish bilan Mariananing dilidagi gʻashlikni sidirib tashlardi. “Rahmat senga”, – degandi Mariana oʻshanda. Ammo bugun ham u ich-ichidan, dilining qat-qatida alohida bir minnatdorchilik tuydi. Dastlab Albertoga boʻlgan mehri minnatdorchilik tuygʻusidan nariga oʻtmasdi. Bir qaraganda, uning bu tuygʻusi, toʻgʻrirogʻi, munosabati Albertoni qanoatlantiradigandek edi. Holbuki, Mariana uchun sevish, yoqtirish qaysidir maʼnoda kimdandir minnatdor boʻlish va kimningdir yuragida minnatdorlik tuygʻusini qoʻzgʻata olishni bildirardi. Hayotining eng yaxshi damlarida u Xose Klaudiodan tadbirkorligi, aqlli ekani, uzoqni koʻra bilishi va oʻzidek koʻzga unchalik tashlanmaydigan qizni tanlab uylangani uchun behad minnatdor boʻlar edi. Ammo erining qalbida ham mana shunday minnatdorchilik tuygʻularini uygʻotaman deb yanglishgan ekan. Uning nazarida qachon boʻlmasin, oʻz oilasi, hayotining bezagiga, ziynatiga aylanishi mumkin boʻlgan minnatdorlik tuygʻusi, faxrlanish va faxrlanish barobarida sevish Xose Klaudioning qalbida ham uygʻonadigandek edi. Mariana, oʻsimlik olamiga quyosh nurlari qanchalik zarur boʻlganidek unga shunchalik kerakman va u mensiz bir kun ham yasholmaydigan boʻldi, deya ich-ichidan ishonardi. Afsuski…

Albertodan esa, u bir ogʻiz iliq soʻzga muhtoj boʻlib, umidsiz va nochor koʻyga tushganida qoʻllab-quvvatlagani, ovuntirgani va yuragiga umid solgani uchun minnatdor boʻlardi. Zotan, ayni choqda Alberto ham Marianadan behad minnatdor edi, buni u yaxshi sezardi. Mayli, Alberto ogʻir-vazmin yigit boʻla qolsin, mayli, u oʻz akasini hurmat qila qolsin, oʻz tinchligi va betashvish hayotini yaxshi koʻra olsin, lekin hammadan burun Alberto yosh, sogʻlom va boʻydoq yigit edi. Mariana bilan Alberto uzoq vaqt oʻzaro hurmat tuygʻusi bilan yashab kelishdi. Ular bir-birini koʻrganda beixtiyor qandaydir tuygʻular ikkovining ham yuragida tugʻyon qilar, lekin maʼlum vaqtgacha bu tuygʻularni yashirib kelishgandi. Ehtimol, Alberto akasining baxtiga havas qilar, uni Marianadek suluv qizga uylangan baxtli yigit, deb hisoblardi. Yaqinda, Alberto Marianaga boʻydoqlik hayotiga hech narsa soya solmayotganligi haqida gap ochib qolganda Mariana oʻzicha quvonib ham qoʻydi.

– Kecha Trelyes kelgandi, – deya gapida davom etdi Xose Klaudio. – Bunday takallufning kimga keragi bor ekan? Bir oyda fabrikadan uch marta koʻrgani kelishadi. Tavba, ularning qurʼa tashlab kim yutqizsa, omadidan nolib biznikiga kelayotganini tasavvur qilyapman.

– Nega unaqa deysan, seni rostdan ham hurmat qilishar, – dedi Alberto. – Ehtimol, sen rahbar sifatida yaxshi bir xotira qoldirgandirsan, shuning uchun ular sening salomatliging haqida qaygʻurishar. Odamlar sen oʻylaganchalik bu qadar tubanlashib ketishmagan. Nimagadir, keyingi paytda shunaqa oʻylaydigan boʻlib qolding.

– Juda gʻalati! Har kuni biron yangi gap eshitasan kishi.

Doimo Albertodan mehr, maslahat, shirin soʻz kutib yurgan Mariana tez orada Alberto ham oʻzi kabi shularga muhtoj ekanligini, qolaversa u ham vijdonan qiynalayotgani, balki oʻzi kabi u ham oʻzini aybdor his qilayotganini sezib qoldi. Umuman, u Albertodan oʻzining his-tuygʻularini hurmat qilgani, qadr-qimmatini, izzat-nafsini himoya qilishga chogʻlangani, tashna qalbini qondira olgani, umidsizlik, xayollar ogʻushida qolgan kechalarda, iztirob chekib yurganida umidvor qila olgani uchun behad minnatdor boʻlardi. Goʻyo, oʻsha paytda hayotlaridagi hamma narsa ularni qovushtirishga, bir-biriga iqror boʻlishga xizmat qiladigandek edi. Ular bir nigohning oʻzidayoq nimani istayotgani, nima demoqchi ekanliklarini fahmlashardi. Mana shunday kunlarning birida ular xufiyona uchrashishdi. Mana shunday kunlarning birida Mariana dafʼatan dunyoda oʻzi bilan Albertodan boʻlak hech kimsa qolmaganini his qilib qoldi.

– Ana endi, qahvani qaynatsang boʻladi, – dedi Xose Klaudio. Mariana bilinar-bilinmas xoʻrsinib, qahva tayyorlashga unnadi. U har xil rangdagi uchta piyola keltirib qoʻygandi. Piyolalarga qarab turib, ularning bir-biridan bir xil masofada joylashganini payqab, oʻzicha ajablandi.

Soʻngra u oromkursiga yaslandi. Zum oʻtmay, xuddi oʻzi kutganidek yelkasida, boʻynida Albertoning qaynoq kaftini sezdi. Naqadar ajoyib! Mariana xuddi shuni kutayotgandi, Alberto ham uning dilidagini payqagandek, sochlarini silay boshladi. Alberto ilk bor sochlarini silashga jurʼat qilganida Mariana qoʻrqib ketgan, tashvishga tushgan, shuning uchun Albertoning erkalashlaridan zarracha huzurlanmagan edi. Hozir esa u osoyishta oʻtirar, shuning uchun Albertoning har bir xatti-harakati unga behad huzur baxsh etardi. Hatto Klaudioning koʻzi koʻrmasligi ham unga taqdirning bir inʼomidek tuyulardi.

Xose Klaudio ularning qarshisida jimgina oʻtirardi. Vaqt oʻtishi bilan Alberto Marianani mana shunday erkalash va quchishlarga odatlanib qolgandi. U hamisha ilojini qilib Marianani erkalab quchar, Mariana ham uning bu odatiga juda-juda oʻrgangandi. Hozir ham Alberto uning boʻyin-yelkalarini, yonoqlari va iyagini siladi. Nihoyat, uning barmoqlari Mariananing lablariga kelib toʻxtadi. Mariana har safargidek bu oqshom ham Albertoning barmoqlari, kaftini minnatdorlik bilan oʻpdi va koʻzlarini yumdi. Koʻzlarini ochganda Xose Klaudio hamon qimir etmay oʻtirardi. Erining yuzida qandaydir begona, nomaʼlum ifoda bor edi. Garchi u hissiz oʻtirgan boʻlsa ham, Mariana dafʼatan bir choʻchib tushdi. Zum oʻtmay tashvish chekish uchun hech qanday sabab, asos yoʻqligini fahmlab yengil tortdi.

– Qahva qaynab ketmasin, – dedi Xose Klaudio. Alberto qoʻlini tortib oldi, Mariana choynakni olib, piyolalarga qahva quydi. U hech kimga ikki kun ketma-ket bir xil rangdagi piyolada qahva bermasdi. Bugun Xose Klaudio yashil, Alberto qora, oʻzi esa qizgʻish piyolada qahva ichishi kerak edi. U yashil piyolani olib, eriga uzatish uchun taraddudlandi. Ammo uzatolmadi. Endi, yashil piyolani qoʻliga olgan ham ediki, erining beoʻxshov iljayganiga koʻzi tushdi. Soʻngra eri boshini ohista chayqab:

– Yoʻq, azizam, – dedi. – Bugun qahvani qizil piyolada ichsam deyman.

Manba: “Jahon adabiyoti”, 2014-yil, sentyabr

Rus tilidan Olim OTAXON tarjimasi