Mixail Sholoxov. Inson taqdiri
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Yuqori Donda urushdan keyingi birinchi bahor nihoyatda yaxshi keldi, bundaqasi juda kamdan-kam boʻladi. Martning oxirida Azov boʻylaridan iliq shamol esdi-yu, Donning chap qirgʻogʻidagi qumlar ikki kun ichida yap-yalangʻoch boʻlib qoldi, dashtlardagi qor tiqilib yotgan jar va oʻralar koʻpchidi, dala anhorlari muzlarni sindirib, shovqin solib oqa boshladi. Yoʻldarda qariyb ot-ulov oʻtolmaydigan boʻlib qoldi. Yoʻllarning rasvosi chiqqan ana shu yomon kunlarda yoʻlim Bukanovskaya stanitsasiga tushib qoldi. Manzil-ku uncha olis emas edi, juda borsa oltmish kilometrcha kelardi, lekin yetib olish oson boʻlmadi. Joʻram bilan men kun tugʻmay yoʻlga chiqdik. Ikki toʻriq ot yon qayishlarini tarang qilib, ogʻir brichkani zoʻr-bazoʻr tortib borardi. Gʻildiraklar qor va muzlarga qorishib, namiqib yotgan qumga naq gupchagigacha botib ketardi, bir soatdan keyin esa otlarning biqinlarida, qorinbogʻlarida va yupqa tortqilari tagida oq momiq koʻpiklar paydo boʻldi, ertalabki salqin havoda ot teri anqidi, jabduqlarga koʻp surtib yuborilgan moyning qizigan arava yogʻiga oʻxshash oʻtkir hidi dimoqqa ura boshladi.
Otlar juda qiynalib ketgan joylarda biz aravadan tushib yayov yurdik. Ivigan qor etiklarimiz tagida bilchillardi, yurish juda qiyin, yoʻl boʻylarida hali erib ulgurmagan muzlar quyosh nurida billur singari yaltirab turardi, ammo u yoqdan yurish yana ham qiyinroq edi. Olti soat ichida zoʻrgʻa oʻttiz kilometr yurib, Yelanka soyidagi kechikka yetib keldik.
Moxovskiy xutori roʻparasida boʻlgan va yoz mahallari u yer-bu yerda qurib qoladigan bu oʻrtamiyona soy, olxa oʻsib, botqoq bosib yotgan sayxonda rosa bir kilometr joyga toshib ketibdi. Uch kishidan ortiq odam ololmaydigan tagi tekis omonat qayiqchada oʻtish kerak edi. Otlarni qoʻyib yubordik. Bizni soyning narigi betida, kolxoz saroyida, qishdan beri yotgan va boshidan koʻp savdolar oʻtgan “Villis” kutib turar edi. Shofyor ikkovimiz yuragimizni hovuchlaganimizcha hilvirab turgan qayiqchaga oʻtirdik. Joʻram qirgʻoqda buyumlar bilan qoldi. Biz endi suzib ham edikki, qayiqchaning chirik tagidan birvarakayiga bir necha joydan suv fontan boʻlib otilib chiqa boshladi. Qoʻlimizda bor narsalarni omonat qayiqchaning teshikchalariga tikdik va qirgʻoqqa yetib olgunimizcha ichidagi suvni tashqariga toʻkib turdik. Bir soat deganda Yelankaning u yuziga oʻtib oldik. Shofyor xutordan mashinani olib keldi, keyin qayiqchaning yoniga keldi-yu, eshkakni qoʻlga ola turib:
— Bu laʻnati togʻda suvda tob tashlab yubormasa, ikki soatlarda kelamiz, ungacha kutmang,— dedi.
Xutor ancha olis boʻlib, kechik atrofi shunday jimjit ediki, bunday jimjitlik faqat kech kuzu, erta bahorda odamsiz joylardagina boʻladi. Suvdan zax hid keladi, chirigan olxalar dimogʻlarni qichishtirib anqiydi, uzoq-uzoqlarda koʻkimtir tuman pardasiga burkangan Xoper boʻylari dalalaridan shabada esib, yaqindagina qordan qutulgan yerlarning abadiy sarin, nozik hidlarini keltiradi.
Yaqinginamda, soy boʻyidagi qumda qulab tushgan chetan choʻzilib yotgan ekan. Men unga borib oʻtirdim-da, papiros chekmoqchi boʻlib, kurtkamning oʻng choʻntagiga koʻlimni suqdim, qarasam, ming afsuski, “Belomor” qutisi butunlay ivib qolibdi. Soydan oʻtib ketayotgan mahalimizda choʻkay-choʻkay deb lapanglab ketayotgan qayiqchamizning bortidan toʻlqin oshib oʻtib, belimizgacha loyqa suv sochib yuborgan edi. U mahal papiros xayolimga kelibdi deysizmi? Qayiq choʻkib ketmasin, deb eshkakni bir chetga qoʻyish, qayiqchadagi suvni chiqarib toʻkish kerak edi, mana endi oʻz qilmishimga oʻzim achindim, keyin choʻntagimdan hoʻl qutini avaylab oldim-da, chordana qurib oʻtirib namiqqan papiroslarni chetanga bitta-bittadan terib qoʻya boshladim.
Kun qiyomga keldi. Quyosh may pallalariday qizdirardi. Men papiroslarim tezroq qurisa ekan degan umiddaman. Oftob shunday qizdirardiki, safarga soldatcha kurtka bilan shim kiyib chiqqanimga afsus yedim. Bu qishdan keyingi birinchi chinakam issiq kun edi. Ixtiyoringni jimjitlik va tanholikka topshirib qoʻyib, chetan ustida mana shunday yolgʻiz oʻtirish va boshingdan eski soldatcha quloqchiningni olib qoʻyib, qayiq haydash zahmatidan soʻng ivigan sochlaringni shabadada quritish, pagʻa-pagʻa oq bulutlarning oqish osmonda suzib yurishini tomosha qilish koʻp gasht-da.
Hademay, xutorning eng chetki hovlilari orqasidan bir erkak kishining yoʻlga chiqqanini koʻrdim. U kichkina bir oʻgʻil bolani yetaklab kelardi, boʻyiga qaraganda bola besh-olti yoshlarda, katta emas. Ular kechik tomonga horib-tolib kelishyapti, biroq mashinaning toʻgʻrisiga kelganda men yoqqa burilishdi. Bukriroqdan kelgan bu novcha kishi menga qadalib kelib, boʻgʻiq tovush bilan:
— Salom, ogʻayni! — dedi.
Uning menga choʻzgan kattakon, dagʻal qoʻlini qisib turib men ham:
— Salom, — dedim.
U kishi bolaga engashib:
— Amaking bilan soʻrash, oʻgʻlim, — dedi. — Bu ham chamasi, otangga oʻxshash shofyor koʻrinadi. Biroq sen bilan biz yuk mashinasida yurardik, bu esa anovi kpchkina mashinani haydar ekan.
Bola ochiq osmon singari yorkin koʻzlari bilan mening koʻzlarimga roʻyirost tikilib va xiyol kulimsirab turib, sovuqdan bir oz koʻkargan qoʻlchasnin menga dadil uzatdi. Men uning qoʻlini astagina silkitib soʻradim:
— Ha, chol, nega buncha qoʻling sovuq? Hamma yoq issigʻu sen muzlab qolibsan?
U bolalarga xos yoqimli bir ishonch bilan tizzamga surkandi-da, oqish qoshlarini ajablanib jiyirdi:
— Meni nimaga chol deysiz, amaki? Men hecham chol emasman, bolaman, innaykeyin, hecham muzlaganim yoʻq. Qor oʻynadim-da, shuning uchun sovuq.
Otasi orqasidagi gʻaribona xaltasini oldi-yu, yonimga kelib horgʻin oʻtirdi, keyin:
— Men joʻramdan toza kuydim-da! — dedi. — Bunga yetib yuraman deb holi jonim qolmadi. Men qadamimni kattaroq tashlasam, bu kishi yoʻrtishga oʻtadilar. Ana endi mana shundaqa pnyoda askar bilan yurib koʻr-chi! Bir qadam oʻrniga uch qadam tashlayman, xuddi ot bilan toshbaqa hamroh boʻlganga oʻxshash, yurishimiz har xil boʻlib qoldi. Bunisi goʻrga-ya, tagʻin hazir boʻlib, koʻzdan qochirmay yurmasang yana boʻlmaydi. Bir zum gʻaflatda qoldingmi — boʻldi, yo koʻlob kechadi, yo muzdan sindirib olib, konfet qilib soʻradi. Yoʻq, bundaqangi joʻra bilan safar qilish erkak kishiga toʻgʻri kelmaydi, yana piyoda safarga-ya!.. — U bir oz jim qolgandan keyin mendan soʻradi: — Xoʻsh, oʻzingdan soʻrasak, ogʻayni, boshliqlaringni kutib oʻtiribsanmi deyman-a?
Men shofyor emasligimni aytishni ep koʻrmay:
— Kutishga toʻgʻri kelib qoldi,— deb javob berdim.
— U tarafdan kelishadimi?
— Ha.
— Qayiq tezroq kelarmikan, xabaring yoʻqmi?
— Ikki soatlarda kelib qoladi.
— Juda soz. Hay, mayli, dam olib oʻtirib turamiz, shoshib turgan joyimiz yoʻq. Yoningdan oʻtib ketayotib, senga koʻzim tushib qoldi: bizning shofyor ogʻaynimiz oʻzini oftobga solib qolibdi-ku, kel, oldiga borib bir otamlashay, maxorka chekishay, deb oʻylagan edim. Yolgʻiz oʻlib obroʻ topmaganingdek, yolgʻiz chekib xumordan ham chiqmaysan kishi. Oʻ-oʻ, papiros chekar ekansan-da, ishlaring besh-ku! Nima balo, ivitib koʻyibsanmi deyman-a? He, ogʻayni, tamakining hoʻli nima-yu, otning asovi nima, bir chaqa! Kel, mening qoʻlbola tamakimdan chekaylik.
U yozlik moshrang shimining choʻntagidan oʻrab koʻyilgan tamaki xaltasini oldi, qizil shoyidan tikilgan bu xaltacha eskirib, sitilib ketgan edi. U xaltachasini yozayotganda, men uning burchagiga: “Lebedyanskaya oʻrta maktabining 6-sinf oʻquvchisidan aziz jangchiga” deb ipak bilan yozilgan xatni koʻrib qoldim.
Biz, nihoyat kuchli qoʻlbola tamakini chekib, uzoq jim oʻtirib qoldik. Men undan bolani qayoqqa ergashtirib ketayotganini, shunday loygarchilikda qanday ehtiyoj uni koʻchaga chiqarganini endi soʻrayman deb turgan edim, u mendan ilgariroq:
— Urushning to boshidan oxirigacha mashina haydadingmi-a? — deb soʻrab qoldi.
— Boshidan oxirigacha desa boʻladi.
— Frontdami?
— Ha.
— He, ogʻayni, men ham urushda ne-ne balolarni koʻrmadim, asti soʻrama.
U baquvvat, chayir qoʻlini tizzasiga qoʻyib, bukchayib oldi. Yonidan qarab, men allaqanday boʻlib ketdim… Siz xuddi kul sepib qoʻyilganga oʻxshagan, cheksiz gʻam-gʻussa bilan toʻlib-toshgan va qaragan kishining yuragi orqasiga tortib ketadigan koʻzlarni hech mahal koʻrganmisiz? Tasodifiy suhbatdoshimning koʻzlari xuddi shunday edi.
U chetandan bitta quruq egri choʻpni sindirib oldi-yu, indamay oʻtirib, choʻp bilan qumda allaqanday shakllar chiza boshladi, keyin yana gapga kirdi:
— Gohi mahallar kechasi koʻzingga uyqu kelmaydi, ochiq koʻzlaring bilan qorongʻiga tikilib qolasan… “Nega meni nogiron qilib qoʻyding-a, falak? Nima vajdan meni shunday azob-uqubatlarga solib qoʻyding?” deb oʻylaysan kishi. Biroq na qorongʻilikdan javob bor va na yorugʻ jahondan… Javob yoʻq, javob ololmayman ham! — Keyin, oʻgʻlining oldida shunday deyayotganini birdan payqab kolib, uni mehr bilan turtib: — Bor, jon oʻgʻlim, suv boʻyida oʻynab kel, suv yoqasida bolalarga xar mahal ermak topiladi. Lekin oyogʻingni hoʻl qilma, xoʻpmi!— dedi.
Biz jim oʻtirib maxorka chekishayotganimizda, ota-bolaga yer ostidan razm solib, ichimda bir ahvolga xayron qolgan edim, har holda bu narsa menga juda gʻalati koʻrindi. Bolaning kiyim-boshi odmigina-yu, lekin puxta: egnidagi barlari uzun eski pidjakchasi oʻziga xuddi quyib qoʻygandek oʻtirishidan ham, moʻjazgina etikchalarining yung paypoq ustidan sigʻadigan qilib tikilishidan ham, pidjakchasini chevarlik bilan yamalgan yengidan ham — hammasidan xotin kishining gʻamxoʻrligi, mohir ona qoʻlining izi sezilib turardi. Otasi esa boshqa qiyofada: bir necha joyi kuygan kurtka naridan-beri, qoʻpolgina qilib yamoq solingan, eskirib ketgan moshrang shimidagi yamoq uquvsizlik bilan tikilgan, toʻgʻrirogʻi, erkakchasiga keng-keng qilib qavib qoʻyilgan, oyogʻida hali yangi soldatcha botinka boʻlsa xam, qalin yung paypoqlarini kuya yegan — bularga xotin kishining qoʻli tegmagan… Oʻshandayoq men: “Yo beva, yo boʻlmasa xotini bilan totuv turmasa kerak”,— deb oʻylagan edim.
U oʻgʻlining orqasidan bir oz qarab turdi-da, keyin boʻgʻiqqina yoʻtalib olib, yana gap boshladi, men esa jon qulogʻim bilan tingladim.
— Dastavval men ham el qatori umr qildim. Oʻzim asli Voronej guberniyasidanman, bir ming toʻqqiz yuzinchi yilda tugʻilganman. Grajdanlar urushida Qizil Armiya safida, Kikvidze diviziyasida boʻldim. Yigirma ikkinchi yilgi ocharchilikda Kubanga ketib, quloqlarga mardikorlik qildim, shuning uchun ham jonim omon qoldi. Ota-onam, singilcham uyda ochlikdan oʻlib ketishibdi. Oʻzim yolgʻiz qoldim. Qarindosh-uruqqa kelsak — hech yerda hech kimim yoʻq. Shunday qilib, bir yildan keyin Kubandan qaytib keldim, kulbamni sotib, Voronejga boshimni olib ketdim. Avval duradgorlik artelida ishladim, keyin zavodga kirib chilangarlikni oʻrgandim. Oradan koʻp oʻtmay uylanib ham oldim. Xotinim bolalar uyida tarbiyalangan. Yetimcha. Toleimga juda yaxshi xotin chiqdi. Moʻmingina, xushchaqchaq, qoʻl-oyogʻi yengil, eslikkina edi — menga sira ham oʻxshamaydi! Bir burda nonning qadri nima ekanligini bolaligidanoq bilgani uchun ham ana shu qiyinchilik xarakteriga taʻsir qilgan boʻlsa ajab emas. Tashqaridan qaraganda, koʻzga uncha yaqin ham emas edi-yu, lekin men unga tashqaridan emas, ichimdan, dilimdan qarardim. Shu tufayli dunyoda mening uchun undan goʻzal, undan dilbar ayol yoʻq edi, undaqasi boʻlmaydi ham!
Gohida ishdan charchab, qahru gʻazabing qaynab kelasan. Yoʻq, har qancha yomon gapirsang ham bir ogʻiz yomon javob qilmaydi. Biram mehribon, biram moʻminki, atrofingda parvona boʻladi, oʻtqazgani joy topolmaydi, bir burda noningni halovatda yemaguningcha jonini jabborga beradi. Uning jonsarakligini koʻrasanu jahldan ham tushasan, bir ozdan keyin esa bagʻringga bosib: “Kechir, jonim Irina, senga itlik qildim. Nima qilay, bugun ishim yurishmadi”, deysan. Ana shundan keyin yana apoq-chapoq boʻlib ketardik, koʻnglim yana joyiga tushardi. Buning ishga qanchalik taʻsir qilishini bilasanmi, ogʻayni? Ertalab oʻrnimdan qushday boʻlib turardim, zavodga borardim, qoʻlimga qanaqangi ish tushsa qoyil qilardim! Xotining — umr yoʻldoshingning aqlli boʻlishi, ana, koʻrdingmi, qanday yaxshi narsa!
Gohi mahallar oylik olganingda oʻrtoqlaring bilan ichishib ham qolasan. Baʻzan uyga qaytib kelayotganingda shu qadar oyoqlaring chalishib, yurolmay qolasanki, sirtdan qaragan kishi sendan hazar qiladi. Tor koʻchani gapirmayoq qoʻya qolay senga, hatto keng koʻcha ham torlik kilib qoladi — ana rasvolik! Men u mahallar devdek kuchli, norgʻul yigit edim, ichishga kelganda juda koʻp icha olardim, ammo-lekin uyga har mahal ham oʻz oyogʻim bilan yurib kelardim. Gohi mahallar shunday ham boʻlardiki, yetay-etay deb kolganimda, qadamni sekinroq bosishga, toʻgʻrirogʻi, emaklashga majbur boʻlardim, shunday boʻlsa ham, baribir, uyga yetib olardim. Qara, shu ahvolda kirib borsang ham, senga na oʻpka qilardi, na oʻshqirardi va na janjal kutarardi. Irajonim faqat kulib qoʻya qolardi, shunda ham mastligi tutib, xafa boʻlib yurmasin deb, juda ehtiyot bilan kulardi. Kiyim-boshimni yechib: “Devor tomonga yot, Andryusha, uyqusirab yiqilib-netib yurma tagʻin”,— deb pichirlardi. Men ham suli tiqilgan qopday karavotga agʻdarilardim, koʻz oldimda hamma narsa pirpirab aylana boshlardi. Uyqumda boshimni sekin-asta silaganini, mehribonlik bilan allanimalarni shivirlaganini eshitardim, rahmi kelardi, demak…
Ertalab u meni ishga joʻnashimdan ikki soat oldin turgʻizardi, oʻzini oʻnglab olsin derdi-da. Bosh ogʻrigʻiga ovqat yemasligimni bilardi, shuning uchun yo tuzlangan bodring, yo boʻlmasa shunga oʻxshash biror shoʻrtak narsani topib qirrali stakanchaga aroq quyardi-yu: “Ma Andryusha, bosh ogʻrigʻiga ichib ol, lekin boshqa ichmagin, jonim, xoʻpmi”,— deyardi. Axir uning shunchalik ishonchiga yarasha ish qilmay boʻladimi? Aroqni ichardim-da, bir ogʻiz ham soʻz aytmay, koʻz qirim bilan minnatdorchilik bildirardim, keyin bir oʻpib, ishga joʻnardim. Bordi-yu, shunaqangi kayfing vangʻ boʻlib turganda shaʻningga biron bemaʻni soʻz aytib yuborgudek boʻlsa, shangʻilik qilsa yoki qargʻasa bormi — xudo haqqi, naq ertasiga yana ichib kelasan-da kishi. Baʻzi bir xotini ahmoq oilalarda shunaqa boʻladi: bilaman, unaqangi roʻdapolarni ham koʻp koʻrganman.
Hademay bola-chaqalik ham boʻlib qoldik. Oldin oʻgʻil, bir yilcha oʻtar-oʻtmay yana ikkita qiz tugʻildi… Ana shundan soʻng oʻrtoqlarimdan oʻzimni tortdim. Hamma oyligimni uyga tashiydigan boʻldim, bola-chaqa koʻpayib, ayolmand boʻlib qoldim, ichkilikka yoʻl boʻlsin endi. Ichsam ham dam olish kunlari bir krujkagina pivo ichardim, xolos.
Yigirma toʻqqizinchi yilda mashina haydashga ishqim tushib qoldi. Avtomobil haydashni oʻrganib, yuk mashinasiga oʻtirdim. Keyin shu ishga shoʻngʻib ketib, zavodga qaytmadim. Mashina haydash menga juda qoʻl kelib qoldi. Shu qabilda oʻn yil mashina haydadim va bu oʻn yilning qanday oʻtib ketganini oʻzim ham bilmay qoldim. Xuddi tushdagidek oʻtdn-ketdi. E, oʻn yil nima degan narsa! Biror keksaroq odamdan: “Umring qanday oʻtganligini sezdingmi?” deb soʻrab koʻr-chi, nima deyar ekan. Sezgan boʻlsa oʻlay agar! Oʻtgan umrni — huv anovi xira tuman bosgan uzoq dasht deyaver. Ertalab shu dasht bilan yurib keldim, hamma yoq tip-tiniq edi, yigirma kilometr yurdim deguncha dashtni xira parda bosdi, mana endi bu yerdan turib oʻrmonni sassiq-alafdan, bugʻdoyzorni pichanzordan ajratolmaysan kishi…
Mana shu oʻn yil davomida kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishladim. Pulni ham yaxshigina topdim, turmushimiz boshqalarnikidan yomon boʻlmadi. Bolalarimiz ham yaxshi chiqdi: uchoviyam aʻlo oʻqirdi, katta oʻgʻlim Anatoliy matematikaga shunaqayam zehni zoʻr boʻlib chiqdiki, uni hatto markaziy gazetalarga ham yozishdi. Unda bu ilmga shunchalik katta talant qayerdan paydo boʻlganiga oʻzim ham hayronman, ogʻayni. Quvonchim ichimga sigʻmas edi, faxrlanardim, shunchalar faxrlanardimki, asti qoʻyaver!
Oʻn yil ichida picha pul ham jamgʻardik, urush oldidan ikki xona, bir qaznoq va yoʻlakchadan iborat kichkina uy ham solib oldik. Irina ikkita echki sotib oldi. Bundan ortiq yana nima kerak? Bolalarimiz shirguruch yeyishardi, boshpanamiz, engil-boshimiz, poyabzalimiz bor edi, bunday qaraganda xudoga shukur, oʻzimizga ytuzuk edik. Faqat uy-jopimiz noboproq joyga tushib qoldi. Menga aviazavodga yaqinroq joydan olti soʻtix uchastka ajratib berishgan edi. Uyim boshqa yerda boʻlsa, kim biladi, turmush ham boshqacharoq boʻlarmidi…
Bir vaqt paq etib urush boshlanib qoldi-ku. Ertasiga voyenkomatdan povestka keldi, indiniga koʻribsizki, eshelonda oʻtiribmiz-da. Meni jigargoʻshalarim: Irina, Anatoliy, qizlarim — Nastenka bilan Olyushalar uzatib qolishdi. Bolalarim oʻzlarini tuzuk tutishdi, qizlarim, albatta, picha koʻz yoshi ham qilib olishdi. Anatoliy boʻlsa sovuq yeyayotgandek, nuqul kiftlarini uchirardi. Oʻsha paytda u oʻn yettiga qadam qoʻygan edi. Irinamga kelsak… U bilan oʻn yetti yil umr koʻrgan boʻlsam ham uni hech mahal shu ahvolda koʻrmagan edim. Koʻylagimning yelkasi bilan koʻkragi Irinaning tun boʻyi toʻkkan koʻz yoshlaridan jiqqa hoʻl boʻlgap edi, ertalab ham yana shu ahvol… Vokzalga keldik, rahmim kelganidan bechoraga qaray olmas edim… Yigʻlayverib lablari shishib ketgan, sochlari toʻzgʻigan, koʻzlari ovsar kishinikiga oʻxshab maʻnosiz boʻlib kolgan edi. Komandirlar vagonlarga chiqish uchun buyruq bersa, Irina koʻksimga oʻzini tashlab, boʻynimdan mahkam quchoqlab olibdi, misoli ildiziga bolta urilgan daraxt singari silkinadi, titraydi… Bolalar ham tasalli berishar, men ham yupatar edim — qani endi tinsa! Boshqa ayollar erlari, oʻgʻillari bilan bamaylixotir gaplashib turishibdi, meniki boʻlsa novdaga yopishgan yaproqday menga yopishib olibdi, nuqul titraydi, tili soʻzga kelmaydi. Men boʻlsam: “Oʻzingni tut, jonim Irina! Xayrlashish chogʻi loaqal bir nima desangchi”,— deyman. Ana shundan keyin Irina tilga kirdi va har soʻzda piq-piq yigʻlab turib: “Jonginam… Andryusha… bu dunyoda… endi… sen bilan… hech koʻrisha olmaymiz…” deydi.
Unga rahmim kelib, oʻzimning yuragim tars yorilib ketay deb turibdi-yu, u tagʻin shunaqa soʻzlarni aytadi. Ulardan ajrab ketish menga ham oson emasligini tushunish kerak-da, men axir qaynanamnikiga choʻzma yegani ketayotganim yoʻq-ku! Achchigʻim keldi! Boʻynimdan qoʻllarini oldimu yelkasidan astagina itarib yubordim. Sekingina itaruvdim shekilli, kuchim qurgʻur koʻp emasmi, u uch qadamcha orqasiga tisarilib ketdi. Keyin yana bitta-bittalab yurib, qoʻl choʻzib kelaverdi, men boʻlsam: “Odam degan shunaqayam xayrlashadimi? Nega meni oʻlmay turib tiriklayin goʻrga tiqasan?!” — deb baqirib berdim. Qarasam… ahvoli parishon, yana bagʻrimga bosdim…
Suhbatdoshim shu yerga kelib hikoyasini uzib qoʻydi, men oʻrtaga tushgan sukunatda uning yutinganini, boʻgʻzida bir nima biliqlaganini eshitdim. Uning hayajoni menga ham oʻtdi. Men hikoyachining yuziga yer ostidan qaradim. Lekin uning oʻlikniki singari koʻzlarida zarracha ham yosh koʻrmadim. U kallasini solintirib oʻtirar, faqat ixtiyorsiz tushgan kattakon qoʻllari, iyagi, qalin lablari elas-elas titrardi.
— Qoʻy, doʻstim, eslama! — dedim men unga past ovoz bilan, chamamda, u mening soʻzimni eshitmadi shekilli, butun vujudini egallagan hayajonini gʻoyat zoʻr bir kuch bilan bosib olib, juda gʻalati, boʻgʻiq bir tovushda yana gap boshladi:
— Uni oʻsha mahal itarib yuborganim uchun oʻzimni oʻla-oʻlgunimcha, oxirgi nafasim chiqquncha kechirmayman!
U yana uzoq jim boʻlib qoldi. Tamaki oʻramoqchi boʻlgan edi, gazeta qogʻozi yirtilib tamakisi tizzasiga toʻkilib ketdi. Axir bir amallab tamaki oʻradi-yu, bir necha bor ichiga qattiq-qattiq tortdi, keyin bir yoʻtalib qoʻyib, hikoyasini davom etdi…
— Irinadan oʻzimni ayirdim, yuzini kaftlarim orasiga oldim, oʻpdim, lablari muz-muz. Keyin bolalarim bilan xayrlashdimu, vagonga qarab yugurdim, poyezd yura boshlaganda eshigiga sakrab chiqib oldim. Poyezd tezligini sekin-sekin oshirib bordi, bola-chaqam yonidan oʻtishi kerak. Qarasam: bolalarim xuddi yetimlardek bir yerga gʻuj boʻlib olishib, menga qoʻl siltashyapti, jilmaygilari keladi, lekin jilmaya olishmaydi. Irina boʻlsa qoʻllarini koʻksiga bosib turibdi, lablari oppoq, bir nimalar deb shivirlaydi. Mijja qoqmay menga tikilib turibdi. Xuddi kuchli shamolga qarshi odim tashlagisi kelgandek, butun gavdasi bilan oldinga qarab intilardi… U miyamda xuddi mana shu ahvoli bilan umr boʻyi saqlanib qoldi: qoʻllari koʻksiga bosilgan, lablari oppoq, koʻzlari chaqchaygan, jiqqa yosh… Koʻp mahal uni tushimda ham xuddi shu ahvolda koʻraman… Nega men uni oʻshanda koʻksidan itarib yubordim-a? Esimga tushsa hali-hali yuragimni oʻtmas pichoq bilan tilganday oʻrtanib ketaman…
Ukrainada Belaya Serkov yaqinida bizni qismlarga ajratishdi. Menga “ZIS-5” markali mashina berishdi. Men shu mashinamni haydab frontga joʻnadim. Xayr, urush toʻgʻrisida senga soʻzlab oʻtirmasam ham boʻladi, dastavval urushning qanday ahvolda ekanligini oʻzing koʻrgansan, bilasan. Uydan tez-tez xat olib turardimu, ammo oʻzim onda-sonda yozar edim. Gohi mahallar: “Ishlar tuzuk, kam-kam urushib turibmiz, hozircha chekinayotgan boʻlsak ham, erta-indin kuch toʻplab fritslarning tumshugʻini yerga ishqaymiz”, deb yozib yuborardim. Bundan boshqa yana nima ham yozarding deysan? Koʻp bemaʻni vaqt edi, xat yozish koʻngilga sigʻmasdi. Gapning rostini aytsam, yigʻloqi torlarni chertishga oʻzimning ham toqatim yoʻq. Har kun boʻlar-boʻlmasga: “Ahvolim juda ogʻir, shoʻrim qurib qoldi, oʻldirib-netib qoʻyishmasa goʻrgaydi” deb xotinlariga yo jigarsoʻxtalariga xat yozadigan, soʻlagi bilan oq qogʻozni suvaydigan soʻlakilarni jinimdan badtar yomon koʻrardim. Ana shu shim kiyib olgan qanjiq dod-voy qilardi, odamlarning rahmini keltirmoqchi boʻlardi, soʻlagini oqizardi-yu, ammo baxti qora qilingan xotinlarimiz, bolalarimizning mamlakat ichkarisida kechirib turgan hayotlari biznikidan shirin boʻlmaganligini tushungisi kelmasdi. Davlatning butun ogʻirligini oʻshalar koʻtarishdi-ku. Xotinlarimiz bilan bolalarimizning yelkalari ana shunday ogʻir yuk ostida bukilib qolmagan boʻlsa, ular qanaqa yelkalar ekan? Shunaqa, ularning yelkalari bukilmadi, turish berdi! Haligidaqa mishiqi, joni sabillar dod-voy solib xat yozishadi-yu, mexnatkash ayollarning oyogʻiga bolta urishadi. Shoʻring qurgʻur xotin ana shunaka xatni oladi-da, tarvuzi qoʻltigʻidan tushadi, ishdan qoʻli soviydi. Shuning uchun ham sen erkaksan, shuning uchun ham soldatsanki, zarurat boshingga solgan har qanday mushkulotni koʻtarasan, chidash berasan. Bordi-yu, belida belbogʻi bor erkak emas, hajiqiz boʻlsang, unda burmali yubka kiy, suyagi chiqib turgan quymichingni yubka basavlat qilib koʻrsatsin, xech boʻlmasa orqangdan xotin kishiga oʻxsha, ama undan keyin borib yo lavlagʻi chop, yo sigir sogʻ, frontga sendakasining keragi yoʻq, u yerda sensiz ham sassiq-alaflar achib yotibdi!..
Biroq frontda menga bir yil ham jang qilish nasib boʻlmadi… Shu orada ikki marta yaralandim, lekin ikkovi ham yengil: bittasi — qoʻlimning etiga, ikkinchisi — oyogʻimga tegdi. Birinchisi — samolyotdan otilgan oʻq, ikkinchisi — snaryad oskolkasi. Nemislar mashinamni tepadan ham, yondan ham ilma-teshik qildi-yu, lekin, ogʻayni, dastlabki vaqtlarda toleim baland keldi. Baland kelishga keldi-yu, ammo oxirida oʻzimni ham koʻtarib yerga urdi… Qirq ikkinchi yilning may oyida Lozovenki yonida mana shunday noqulay ahvolda asir tushib qoldim: u mahal nemislar kuch bilan bosib kelishayotgap edi. Kunlardan bir kun yuz yigirma ikki millimetrli zambarak batareyamiz qariyb snaryadsiz qoldi. Mashinamga ketganicha toʻldirib snaryad ortdim, oʻzim ham jonimni ayamay shunday yuklashdimki, terlaganimdan gimnastyorkam yelkamga yopishib koldi. Jang biz turgan yerga yaqinlashib kelayotgani uchun nihoyatda jadal yuklash kerak edi: chap tomonda kimningdir tanklari gumburlardi, oʻng tomonda ham, oldinda ham otishmalar davom etardi, hademay dimogʻlarga kuygan et isi ham ura boshladi…
Avtorotamizning komandiri mendan: “Oʻtib keta olasanmi, Sokolov?” — deb soʻrab qoldi. Tavba, hozir soʻrab oʻtiradigan vaqtmi? Kim biladi, balki uyoqda oʻrtoqlarim halok boʻlishayotgandir, men boʻlsam bu yerda ogʻzimni ochib qarab turamanmi? “Qanaqa gap boʻlishi mumkin! Oʻtib ketishim kerak, tamom!” — dedim unga. U ham: “Juda soz, hayda boʻlmasa! Joning boricha hayda!” — dedi.
Men ham jonim boricha haydadim. Umrim bino boʻlib bunaka tez haydamagan edim! Ortib ketayotganim kartoshka emasligini, bunday yuk bilan yoʻlda ehtiyot boʻlib yurish kerakligini bilsam ham, uyoqda ogʻaynilarim quruq qoʻl bilan jang qilishayotgan, yoʻlni toʻp-zambaraklar oʻqqa tutib turgan bir paytda, qanaqasiga ehtiyot qilib haydashim mumkin? Mashinani olti kilometrgacha uchirib bordim, saldan keyin batareyamiz joylashgan jarlikka tushib olish uchun qishloq yoʻliga burilishim kerak edi. Bunday qarasam — yo navzambillo! — yoʻlning chap tomonida ham, oʻng tomonida ham, piyoda askarlarimiz yalangʻoch daladan chekinib borishyapti, yonlarida minalar portlayapti. Endi nima qilaman? Orqaga qaytib boʻladimi? Jonim boricha haydadim! Batareyaga yetib olishimga atigi bir kilometrcha qoldi, qishloq yoʻliga ham tushib oldim, lekin, ogʻayni, toʻpchilarimiz oldiga yetib borolmadim… Chamamda, mashinamning yoniga uzoqqa otar toʻp snaryadi kelib tushgan koʻrinadi. Snaryadning portlaganini xam, boshqasini ham, hech nimani eshitmadim, faqat kallamda bir balo yorildi, boshqa narsa esimda yoʻq. Qanday qilib tirik qolganimga hayronman. Chuqurchadan sakkiz metrcha narida qancha vaqt yotib qoldim — buni ham bilmayman. Bir mahal hushimga kelsam, hech oyogʻimni bosib turolmayman, kallamda bir nima loʻqillaydi, xuddi bezgak tutayotgandek butun vujudim qaltiraydi. Koʻz oldim qop-qorongʻi, chap yelkamga bir balo boʻlganga oʻxshaydi. Aʻzoyi badanim shu qadar qaqshab ogʻrirdiki, xuddi meni birov ikki kechayu ikki kunduz qoʻliga tushgan narsa bilan doʻpposlaganday edi. Yerda qornim bilan uzoq sudraldim, keyin oʻrnimdan turib oldim. Shunda ham qayerdaligimni, menga nima boʻlganligini bilolmay hayron boʻlaman. Chamasi, es-hushimni yoʻqotib qoʻygan ekanman. Yotishga yana qoʻrqaman. Yotsam keyin turolmay, shu yerda oʻlib qolamanmi deyman. Xuddi boʻron mahalidagi mirzaterakday, turgan yerimda u yoqdan-bu yoqda chayqalaman.
Es-hushimni yigʻib olganimdan keyin, yon-verimga sinchiklab razm soldimu, birov yuragimni changallab siqayotgandek boʻldi, qarasam: men olib ketayotgan snaryadlar tevaragimda sochilib, mendan salgina narida mashinam toʻntarilib yotibdi, hammayogʻi ilma-teshik boʻlib ketipti, jang-chi, jang orqamda ketyapti… Bunisi qanaqa boʻldi?
Yashirishning hojati yoʻq, ana shunda oyoqlarim oʻz-oʻzidan bukildi, kesilgan daraxtday yiqilib tushdim, chupki qurshovda ekanimni, toʻgʻrirogi, fashistlarga asir tushib qolganimni apglagan edim. Ana, koʻrdingmi, urushda nimalar boʻlar ekan…
Eh, ogʻayni, ixtiyorsiz asirga tushib qolishning nimaligini anglash oson narsa emas. Kimki buni oʻz boshidan kechirmapti, undaylarning qalbiga yoʻl topib kirish, tutqunlikning nimaligini insonlarcha anglatish juda qiyin.
Xayr, shunday qilib, yiqilgan yerimda tanklarning guldurosini eshitib yotdim. Nemislarning oʻrta ogʻirlikdagi toʻrtta tanki men snaryadlar olib joʻnagan tomonga qarab yonimdan gumburlab oʻtib ketdi… Axir bunga qanday chidab boʻladi?! Keyin zambaraklarni sudrab shatakchi mashinalar, dala oshxonalari, undan keyin piyoda askarlar oʻtdi, lekin bular uncha koʻp emas, juda borsa titigʻi chiqkan bir rotacha kelardi, xolos. Koʻz qirim bilan ularga qarab-karab qoʻyardim-da, yana betimni yerga bosib, koʻzlarimni yumib olardim: ularni koʻrsam koʻnglim aynar, dilim siyoh boʻlardi…
Hammasi oʻtib ketgandir, deb oʻylab boshimni koʻtarib qarasam, oltita avtomatchi mendan yuz metrcha naridan oʻtib boryapti. Bir vaqt qarasam yoʻldan burilib nndamay men tomonga kelishyapti. “Ana, ajalim ham yetib keldi”, deb oʻyladim. Turib oʻtirdim, yotgan yerimda oʻlgim kelmadi, keyin oʻrnimdai turdim. Ulardan bittasi mendan bir necha odim narida yelkasini silkib, avtomatini qoʻliga oldi. Odam bolasi xoʻb gʻalati narsa-da: oʻsha minut menda na vahima va na qoʻrquv paydo boʻldi. Unga qaraymanu: “Hozir menga bir sidra oʻq uzadi, qayerimdan urar ekan? Kallamdan otarmikan yo koʻkragimdan otarmikan?” — deb oʻylayman. Xuddi oʻqlar badanimning qayeridan teshib oʻtishi menga baribir emasdek.
Oralarida qorachadan kelgan, lablari yupqa, koʻzlari suzilib turgan xushroʻygina bir yigitcha bor edi. “Oʻldirsa ham meni mana shu yigit oʻldiradi”, deb oʻyladim oʻzimcha. Oʻyim toʻgʻri chikdi: u avtomatini moʻljalga oldi. Men ham indamay uning koʻziga baqrayib qarab turaverdim. Ikkinchisi, yefreytor ekanmi, nima balo, yoshi kattaroq, qariroq desa ham boʻladi, xullas, ana shupisi bir nima deb oʻshqirdi-yu, haligi qorachadan kelgan yigitni bir chetga itarib yubordi, keyin oʻzi mening oldimga keldi-da, oʻz tilida allanimalar deb gʻoʻldirlab, oʻng qoʻlimni tirsagimdan buka boshladi, chogʻimda, muskulimni ushlab koʻrgisi keldi shekilli. Ha, ushlab koʻrib: “O-o-o!” dedi. Keyin yoʻlga, kunbotarga ishora qildi. Chamasi: “Yurib qol, hayvon, bizning reyxga malaylik qilasan!” degandir-da. Ishning koʻzini bilar ekan, itvachcha!
Qorachadan kelgan haligi yigitning koʻzi birdan etigimga tushib qoldi-yu! Etigimning aft-angori tashqaridan qaraganda ancha tuzuk edi. U qoʻli bilan: “Ech!” deb ishora qildi. Men yerga oʻtirdimu etigimni yechib uzatdim. U qoʻlimdan yulganday qilib oldi. Paytavalarimni ham yechib uzatdim-da, oʻtirgan joyimda unga tikilib turdim. Lekin u oʻshqirib, oʻz tilida soʻkib berdi, keyin yana avtomatini qoʻliga oldi. Yonidagilar esa nuqul xirillab kulishadi. Ulardan shu bilan eson-omon qutuldim. Faqat oʻsha qorachadan kelgan yigit yoʻlga chiqib olgunimcha menga uch-toʻrt bor oʻqrayib qaradi, boʻri bolasiga oʻxshab koʻzlarini chaqnatdi, gʻazablandi, nega endi? Xuddi u emasu, men uning etigini yechib olganday.
Nachora, ogʻayni, ilojim yoʻq edi. Yoʻlga chikdim, voronejchasiga boloxonador qilib valatini rosa oʻxshatib soʻkdimu, keyin gʻarbga, asorat chohiga karab ketdim!.. Ammo yurishga madorim qolmagandi, soatiga zoʻrgʻa bir chaqirim yurardim. Oldinga qadam tashlamoqchi boʻlasan, lekin oyogʻing seni goh u yoqqa, goh bu yoqqa taytanglatadi, xuddi mast kishiday gandiraklatadi. Picha yurganimdan keyin asir tushib qolgan kishilarimiz kolonnasi orqamdan yetib keldi, bular ham men xizmat qilgan diviziya askarlari edi. Ularni oʻntacha nemis avtomatchisi haydab kelardi. Kolonna oldida kelayotgan nemis yonimdan oʻtib ketayotib, bir ogʻiz ham yomon soʻz aytmay, avtomatining sopi bilan miyamga tushirib qoldi. Yaxshi hamki yiqilmadim, boʻlmasa avtomatidan bir sidra oʻq uzardi-yu, yerga mixlab qoʻya qolardi, xayriyat, yiqilib ketayotganimda odamlarimiz ushlab qolishib, kolonna oʻrtasiga olib kirib ketishdi va yarim soatcha qoʻltiqlab borishdi. Hushimga kelganimda, ogʻaynilardan bittasi: “Yiqila koʻrma, xudo asrasin! Madoring yetmasa ham yuraver, boʻlmasa oʻldirib ketishadi!” deb pichirladi. Ana shundan keyin madorim yetmasa ham yurib ketdim.
Kun botishi bilan nemislar konvoylarini koʻpaytirishdi, yuk mashinasida yana yigirmatacha avtomatchini olib kelishdi-da, bizni ildam yurgizib ketishdi. Ogʻir yaradorlarimiz koʻpincha orqada qolib ketar, bularni avtomatchilar yoʻl ustidayoq otib tashlashar edi. Asirlardan ikkitasi qochishga unnab koʻrgan edi, bularni ham turgan gap, otib tashlashdi. Aslida nodonlik ularning oʻzlaridan oʻtdi, boʻlmasa shunday oydin kechada yaydoq dalaga qochib boʻlarmidi, yana hamma yoq kaftday koʻrinib turgan boʻlsa… Yarim kechada qariyb kuyib bitgan bir qishloqqa yetib keldik. Bizni tunash uchun qubbasi pachoqlangan bir cherkovga haydab olib kirishdi. Pol gʻishtdan qilingan, solishga bir siqim ham pichan yuq, hammamiz ham shinelsizmiz, egnimizda faqat gimnastyorkayu shim. Bir xillarimizning egnimizda hatto gimnastyorka ham yoʻq, faqat ichki koʻylak. Koʻproq kichik komandirlarda shunday edi. Oddiy askarlardan farq qilisha olmasin, deb gimnastyorkalarini oʻzlari yechib tashlashgan. Innaykeyin, toʻpchilarda ham gimnastyorka yoʻq, bular zambaraklari oldida terga pishib otishayotgan yerlarida asir tushib kolishgan.
Kechasi shunaqayam kattik jala quydiki, hammamiz shilt-shilt boʻlib ivib ketdik. Buning ustiga gumbazni yo ogʻir snaryad uchirib ketgan, yoki samolyotdan tashlangan bomba qoʻporib tashlagan, tomni boʻlsa oskolkalar ilma-teshik qilib yuborgan emasmi, shu sababdan hatto mehrobdan ham kuruq joy topolmaysan. Xuddi qorongʻi qoʻraga tiqilgan qoʻylarga oʻxshash, biz ham kechasi bilan cherkovda gʻuj boʻlib oʻtirib chiqdik. Kechasi qarasam, birov qoʻlimdan ushlab: “Hoy, oʻrtoq, yaradormisan?” — deb soʻrayapti. Men ham unga: “Nima ishing bor edi, ogʻayni?” — deb javob berdim. U yana: “Men — harbiy vrachman, ehtimol, senga yordamim tegar?” — dedi. Men chap yelkamning qisirlayotganini, shishib ketganini, qattiq ogʻriyotganinn aytdim. U qatʻiy qilib: “Gimnastyorkangpi yech, ich koʻylagingni ham!” — dedi. Men aytganlarini yechdim, shundan keyin u nozik barmoqlari bilan yelkamni ezib koʻra boshladi, shunday ezdiki, koʻzimga dunyo korongʻi boʻlib ketdi. Men unga tishlarimpn gʻijirlatib: “Sen odam doktori emas, hayvon doktoriga oʻxshaysan. Birovning ogʻriq joyini nega bunaqa ezasan, berahm odam ekansan-ku!” — dedim. U hamon ezishini qoʻymay, jahli chikib: “Koʻp valaqlayverma! Juda sergap ekansan-ku! Mahkam boʻl, mana hozir yana battarroq ogʻriydi”, — dedi. Shunday deb turib, qoʻlimni bir tortib yuborsa bormi, naq koʻzlarimdan oʻt chaqnab ketdi!
Oʻzimga kelganimdan keyin: “Bu nima qilganing, badbaxt fashist? Qoʻlim oʻzi pachaq-pachaq boʻlib yotibdi-yu, sen yana tortasan!” — desam, u miyigʻida kulib qoʻyib: “Oʻng qoʻli bilan urib yubormasmikin tagʻin deb oʻylovdim, tuzuk, ogʻir yigit ekansan. Qoʻling pachaqlangan emas, chiqib ketgan ekan, solib qoʻydim. Qalay, endi ogʻrigʻi pasaydimi?” — deb soʻradi. Haqiqatan ham, koʻzim ochildi-qoldi, ogʻriq tarqala boshladi. Men unga qalbimdan minnatdorchilik bildirdim. U qorongʻida nari ketdi va yana: “Yaradorlar bormi?” — deb soʻray boshladi. Chinakam doktor ana shunday boʻlar ekan! Tutqunda, zulmatda yurib xam ulugʻ ishini qildi.
Kechamiz koʻp besaranjom oʻtdi. Boʻshanishga ham chiqarishmadi, ikkita-ikkita qilib cherkovga kirgazishayotganlaridayoq, konvoy boshligʻining oʻzi bu haqda ogohlantirib qoʻygan edi. Aksiga yurib, shoʻring qurgʻur xudojoʻylarimizdan biri hojat talab boʻlib qolsa boʻladimi! Oʻzini rosa tutibdi, tishini tishiga qoʻyib xoʻb chidabdi, axir boʻlmagandan keyin: “Tabarruk ibodatgohni bulgʻay olmayman . Men dindor odamman, xristianman! Nima qilay endi, ogʻaynilar?” — deb yigʻlab yubordi. Bizning odamlarimizni endi oʻzing bilasan-ku: birovlar kuladi, birovlar soʻkadi, yana birovlar hazil aralash maslahatlar beradi. U bizni boshiga tushgan bu savdo bilan ancha kuldirdi-yu, lekin oqibati koʻp yomon boʻldi: “Tashqariga chiqaringlar” deb eshiknn taqillata boshladi. Biroq shu bilan oʻzi ham til tortmay qoʻya qoldi: fashist eshik eni boʻylab bir sidra oʻq uzdi, oʻqlar eshikdan teshib oʻtib taqvodor bilan yana uch kishini til tortqizmay oʻldirdi, bir kishini ogʻir yarador qilgan edi, u ham ertalabga yetmay ado boʻldi.
Oʻliklarni bir joyga toʻplab, hammamiz yerga oʻtirdik, damimiz ichimizga tushib, oʻylanib qoldik: mushkulimiz boshdanoq xunuk tus oldi-ku… Bir ozdan keyin bir-birimiz bilan shivirlasha boshladik: kim qayerdan, qaysi oblastdan, asirga qanday tushgan — shularni soʻrasha ketdik. Bir vzvodda xizmat qilishgan oʻrtoqlar yoki bir rotada boʻlgan tanishlar qorongʻida hech narsani koʻrmay, bir-birlarini sekin-sekin chaqira boshladilar. Bir vaqt yonimda past ovoz bilan gaplashishayotgan mana shunday gurungni eshitib qoldim. Biri: “Mabodo ertaga bizni haydab ketishdan oldin qatorga turgʻizib, komissarlarni, kommunistlarni va yahudiylarni chaqirib qolishsa, sen, vzvod komandiri, tagʻin pisib-netib yurma! Bu ishingdan hech nima chiqmaydi. Nima, gimnastyorkamni yechib tashladimu shu bilan oddiy askar boʻlib oldim, deb oʻylaysanmi? Hech-da! Sening kasringga qolgani toqatim bormi! Hammadan oldin seni men koʻrsatib beraman! Axir men bilaman-ku, kommunistsan, meni ham partiyaga kir, deb tashviqot qilgansan, mana endi qilmishingga yarasha javob beraverasan”, — dedi. Bu gapni mening chap tomonimda yotgan odam aytyapti, uning narigi yonida yotgan yosh bir yigitning: “Oʻzim ham seni yomon odam deb hammavaqt gumon qilib yurardim-a, Krijnev, — degan ovozi eshitildi. — Ayniqsa savodsizligingni bahona qilib, partiyaga kirishga unamaganingdayoq shunday gumonga kelgan edim. Ammo seni xoin boʻlib chiqarsan, deb hech vaqt oʻylamagan edim. Axir sen yetti yillik maktabni tugatgansanku?” — Haligi odam vzvod komandiriga: “Xoʻsh, tugatganman, nima boʻpti?” — deb javob qildi istar-istamas. Ana shundan keyin ikkovi ham anchagacha jim qolishdi, soʻngra, ovoziga qaraganda vzvod komandiri boʻlsa kerak, past tovush bilan: “Meni sotma, oʻrtoq Krijnev”, — dedi. Haligi odam bir kulib qoʻydi-da: “Oʻrtoqlaring front orqasida qolib ketdi, men senga oʻrtoq emasman, shuning uchun menga yalinmasang ham boʻladi, baribir, aytaman. Har kimning joni oʻziga shirin”, — dedi.
Ular jim boʻlib qolishdi, mening butun aʻzoyi badanim haligi iflosning gapidan qaqshab titray boshladi. “Yoʻq, sen itvachcha, komandirimni tutib berolmaysan, men bunga yoʻl qoʻymayman! Seni cherkovdan sogʻ chiqarmayman, oʻligingni itning oʻligiday oyogʻingdan sudrab chiqishadi!” — deb oʻyladim. Bir oz tong yorishgandan keyin qarasam, yonimda turqi sovuq bir yigit yotibdi. Uning yonida esa ozgʻingina, puchuqroq boshqa bir yigitcha tizzalarini kuchoqlab oʻtiribdi. Egnida ichki koʻylak, rangida rang qolmapti. “Bola bechora bu yoʻgʻon-yoʻlpi axtaga bas kelolmaydi. Oʻzim toʻgʻrilamasam boʻlmaydi buni” deb oʻyladim.
Uni sekin turtib qoʻydim-da: “Sen vzvod komandirimisan?” — deb soʻradim shivirlab. U hech nima demadi, faqat kallasini qimirlatib qoʻya qoldi. Men yotgan yigitga ishora qilib: “Bu seni tutib bermoqchimi?” — deb soʻradim. U yana boshini tebratdi. Men unga: “Agar shunday boʻlsa, tez boʻl, oyogʻidan bosib tur, tepib yubormasin tagʻin! Qani! Ha!” — dedimu oʻzimni haligi odamning ustiga tashladim. Barmoqlarim qizil oʻngachiga kirib ketdi. Iflos gʻiq deyishga ham ulgurmadi. Uni bir necha minut bosib yotganimdan keyin oʻrnimdan turdim. Xoin asfalasofilinga ketib, tili ogʻzining bir chetidan osilib qoldi.
Shundan keyin koʻnglim biram behuzur boʻlib qoʻlimni biram yuvgim kelib ketdiki, goʻyo odam bolasini emas, qandaydir gazandani boʻgʻib oʻldirganday edim… Umrim bino boʻlib birinchi marta odam oʻldirishim, tagʻin oʻz odamimizni… yoʻq, qanaqasiga oʻz odamimiz boʻlsin! U yotu begonalardan ham battar, xoin! Oʻrnimdan turganimdan keyin vzvod komandiriga: “Ketdik bu yerdan, oʻrtoq, cherkovning bagʻri keng”, — dedim.
Oʻsha Krijnev aytganidek, ertalab hammamizni cherkov oldida safga turgʻizib, avtomatchilar bilan oʻrab olishdi, keyin uchta eseschi ofitser oʻzlari yomon koʻradigan odamlarni ajrata boshladi. Kimlar kommunist, kimlar komandir, kimlar komissarligini surishtirdi, biroq oramizdan bundaqalar chiqmadi. Xoinlik qiladigan ablahlar xam topilmadi, chunki asirlarning yarmiga yaqini kommunist edi, bundan tashqari, komandirlar ham, oʻz-oʻzidan maʻlumki, komissarlar ham bor edi. Ikki yuzdan ortiqroq asirlar ichidan ular faqat toʻrt kishini ajratib olishdi. Bittasi yahudiy, uchtasi oddiy rus askari. Ruslarning bu falokatga uchrashiga sochlarining kora va jingalakligi sabab boʻldi. Shunaqalarning oldiga kelib: “Yude?” — deb soʻrashadi. Ular “Rusman”, — deyishsa ham, gaplariga quloq solishmaydi. “Chiq!” — deyishadi, vassalom.
Bechoralarning hammasini otib tashlab, bizni yana haydab ketishdi. Men bilan birgalashib xoinni boʻgʻib oʻldirishgan vzvod komandiri Poznangacha yonimdan jilmadi, yoʻlda ketayotib, ahyon-ahyonda, qoʻlimni siqib qoʻyadi. Poznanda bizni mana shunday bir sabab bir-birimizdan ayirdi.
Bilasanmi, ogʻayni, birinchi kundan boshlab oʻz odamlarimiz tomonga qochib oʻtish payiga tushgan edim. Albatta qochaman, deb ahd qilib qoʻygan edim. Lekin bizni Poznangacha haydab kelib, lagerga tiqkunlaricha hech paytini topa olmadim. Poznan lageriga qamaganlaridan keyin shunday payt toʻgʻri kelib qoldi: oʻlgan harbiy asirlarimizga goʻr qazdirish uchun bizni may oxirlarida lager yaqinidagi oʻrmonchaga olib chiqishdi, oʻsha paytlar juda koʻp ogʻaynilarimiz yurakburugʻdan oʻlardi, goʻr qaziyapmanu, ikki koʻzim tevarak-atrofga termiladi. Bir vaqt qarasam: qoʻriqchilarimizdan ikkitasi tamaddi qilgani oʻtirdi, uchinchisi esa oftobda mudrab koldi. Men belkurakni tashladimu, shilt etib oʻzimni changal orqasiga urdim… Keyin chopganimcha yoʻlni kunchiqar tomonga qarab soldim…
Chamamda qoʻriqchilarim mening qochganigimni kech payqashganga oʻxshaydi. Oʻsha kuni qirq kilometrcha yoʻl yuribman, tavba, menday ozgʻin odamda shuncha yoʻl yurishga qayerdan kuch topildi ekan? Oʻzim ham hayronman! Lekin qochganim bilan murodim hosil boʻlmadi: oradan toʻrt kun oʻtib, laʻnati lagerdan ancha uzoqlashib ketganimda, meni tutib olishdn. Iskovich itlar izimdan kelishib, meni oʻrilmagan sulipoya ichida bosishdi.
Ilk tongda yaydoq dala bilan ketgim kelmagan edi, ammo oʻrmongacha kam deganda yana uch kilometr keladi, shuning uchun kunduzni mana shu yerda oʻtkazaqolay, deb sulipoyaga kirib olgan edim. Sulidan picha uqalab yedim, yana kerak boʻlib kolar deb ancha-munchasini choʻntakka ham urdim. Bir mahal it tovushi bilan mototsiklning “pat-pat” qilgani qulogʻimga kirdi-yu, yuragim shuv etib ketdi! Nimaga desang, itlarning ovozi hadeganda yakinlashib kelyapti. Darrov muk tushib yotib oldim, itlar gʻajib tashlamasin, deb yuzimni qoʻllarim bilan berkitdim. Oradan koʻp oʻtmay itlar ham yetib kelishdi va bir zumda juldur kiyimlarimni yulib olishdi, onadan tugʻilganday, qip-yalangʻoch boʻldim-qoldim. Itlar meni sulipoyada rosa uloq qilishdi, oxiri bir erkak it ikki oyogʻini koʻksimga qoʻyib, boʻgʻzimdan olishga chogʻlanib turdi, lekin tegmadi.
Ikki mototsiklda nemislar yetib kelishdi. Avval oʻzlari toʻygunlaricha urishdi, keyin itlarni menga gijgijlashdi, terilarim bilan etlarim parcha-parcha boʻlib uzilib tushdi. Hamma yogʻimdan qon oqqan, yap-yalangʻoch holimda lagerga olib kelishdi. Qochganim uchun bir oy kartserda oʻtirdim, shunda ham oʻlmadim… tirik qoldim!..
Asirlikda boshimga tushgan savdolarni eslash juda ogʻir, ogʻayni, ayniqsa tilga olish yana ham ogʻirroq… Germaniyada boshdan oʻtgan azobu uqubatlarni, oʻsha yoqdagi lagerlarda qiynalib halok boʻlgan yoru doʻstlarni eslasang joning hiqildogingga keladi, nafasing tiqilib qoladi…
Ikki yil asirlikda yurgan boʻlsam, shu davr ichida meni ne-ne joylarga haydab borishmadi! Ana shu ikki yil ichida Germaniyaning yarmini aylanib chiqdim: Saksoniyada ham boʻldim — silikat zavodida ishladim, Rur oblastida ham boʻldim — shaxtaga tushib koʻmir tashidim, Bavariyada ham boʻldim — ishlayverib qaddim bukildi. Tyuringiyada ham boʻldim, qoʻy-chi, nemis yerida oyogʻim tegmagan joy qolmagandir deyman-ov! U yoqda, ogʻayni, tabiat har xil ekanu, lekin tartib bir ekan: biz shoʻrliklarni hamma yerda bir xilda otib, bir xilda kaltaklashdi. Xudoning kahriga uchragur u yaramas gazandalar bizni shunaqayam beayov kaltaklashar edilarki, biz yoqlarda hayvonni ham hech mahal shunday urishmaydi. Hali musht bilan solishadi, hali oyoq bilan tepishadi, hali rezina tayoqcha bilan urishadi, qoʻy-chi, qoʻliga temir-tersak tushadimi, boshqa balo tushadimi, ishqilib, nimaiki tushsa shu bilan solaveradi. Miltiq koʻndoqlari bilan, yogʻoch bilan urganlarini-ku, aytmasam ham boʻladi.
Nimaga urishadi desang: rus boʻlganing uchun urishadi, hali yorugʻ dunyodan umiding borligi uchun urishadi, oʻsha ablahlarning ishlarini qilayotganing uchun urishadi. Yana nojoʻyaroq qarab qoʻyganing, oyogʻingni chakki bosganing, noqulay oʻgirilganing uchun ham urishadi… Bekordan-berkorga urishaveradi, ishqilib, ertami-kechmi urib oʻldirishlari kerak boʻlgani uchun urishadi, oxirgi tomchi qoni boʻgʻziga tiqilib qolsin, kaltakdan oʻlsin, deb urishadi-da. Chamasi, Germaniyadagi odam kuydiradigan pechkalar hammamizga yetmagan boʻlsa kerak…
Hamma yerda ovqatni bir xil berishdi: yarmi topondan qilingan yuz ellik gramm erzats-non, sholgʻomln suyuq xoʻrda. Qaynoq suvni boʻlsa — bir joyda berishsa, bir joyda bu ham poʻq. Gapiraman desang gap koʻp, ogʻayni, oʻzing oʻylab koʻr: urushdan oldin sakson olti kilogramm edim, kuzga borib ellik kilogrammcha qoldim. Etim borib ustixonimga yopishdi, bunisi ham goʻrga-ya, quruq gavdamning oʻzini koʻtarib yurishga ham madorim yetmay qoldi! Buning ustiga ish qil, gap qaytarma, yana shunaqangi ogʻir ishki, hatto aravaga qoʻshiladigan otga ham malol keladi.
Sovet harbiy asirlaridap bir yuz qirq ikki kishini sentyabr oyining boshlarida Kyustrin yonidagi lagerdan Drezden yaqinidagn B-14 degan lagerga joʻnatishdi. Shunga qadar bu lagerda bizpnkilardan ikki mingtacha asir bor ekan. Hammamiz bir boʻlib tosh konida ishladik, nemis toshlarini qoʻl bilan kovlab chiqardik, sindirdik, yordik. Kundalik norma — kishi boshiga toʻrt kubometr! Oʻzimiz jonimiz qil ustida osilib, zoʻrgʻa-zoʻrgʻa yuribmizu, tagʻin bularning bergan normasini qara! Qisqasi, shoʻrimiz mana shu yerda quriy boshladi: birga kelgan yuz qirq ikkita odamdan ikki oy oʻtar-oʻtmas atigi ellik yetti kishi qoldik. Bunisiga nima deysan, ogʻayni? Odamxoʻrlik emasmi? Oʻzimiz oʻlgan odamlarimizni koʻmib ulgura olmaymizu, tagʻin lagerlarda: “Nemislar Stalingradni olishib, endi Sibirga bostirib ketishayotgap emish”, degan uzunquloq gaplar tarqalib qoldi. Bunisi dard ustiga chipqon boʻldi, qaddimiz bukildi, koʻzlarimiz yerga tikildi, goʻyo bizlarni ham begona nemis tuprogʻi oʻz qaʻriga tortayotgandek koʻrindi. Lager qoʻrmqchilarm boʻlsa har kun ichkilik qilishadi, ashula aytishadi, suyunishadi, oʻynashadi.
Kunlardan bir kun, kechqurun, barakka qaytib keldik. Kun boʻyi yomgʻir tinmadi, juldurlarimiz shunday ivib ketdiki, siqsang sharillab suv oqadi, hammamiz sovuqda qolgan itday shamolda dagʻ-dagʻ titrardik, tishimiz tishimizga tegmas edi. Engil-boshimizni quritgudek yoki isinib olgudek biron joy yoʻq. Buning ustiga oʻlgudek, hatto undan ham battarroq ochmiz. Lekin kechqurunlari bizga ovqat berilmas edi.
Men ivib ketgan juldurlarimni egnimdan yechib, soʻriga tashladimu: “Ularga har kun toʻrt kubometr tosh tayyorlab berishing kerak, holbuki bizning har birimiznipg goʻrimizga bir kubometr tosh ham yetib ortadi”, — dedim. Qarangki, shu alamli gaplar ogʻzimdan chiqdi deguncha oramizdan bir muttaham chiqib, lager komendantiga shipshib qoʻyibdi.
Lager komendanti yoki ularning tili bilan aytganda, lager fyurer Myuller degan bir nemis edi. Boʻyi pastdan kelgan, semiz, sochlari oqish, oʻzi ham allaqanday oq: boshidagi sochlari ham, qoshlari ham — hammasi oppoq, hatto koʻzlari ham oqdan kelgan baqa koʻz. Ruschani xuddi sen bilan bizdek gapiradi, tagʻin volgaliklarga oʻxshab “o”ni aniq kilib aytadi. Onangni deb soʻkishga kelsa, undaqasi yoʻq deyman-ov, juda qiyib tashlaydi. Laʻnati bunaqangi boloxonador qilib soʻkishni qayerdan oʻrgandiykin-a? Gohi mahallar bizni blok oldiga, — ular barakni shunday deb atashardi, — qator qilib turgʻizib qoʻyardi-da, eseschilari bilan qator oldidan bir-bir bosib oʻtardi, yurganda ham oʻng qoʻlini siltab yurardi. Qoʻlida charm qoʻlqop, koʻlqop ustidan yana barmoqlarimga shikast yetmasin deb qoʻrgʻoshindan astar qilib olgan. Yurib borayotib har ikkinchi kishining burniga musht uradi, burunni konatadi. Laʻnati tagʻin bu narsani “grippdan saqlanish chorasi” deb aytadi. Har kuni ahvol shu. Lagerda jami toʻrtta blok bor, butun birinchi blokda “grippdan saqlanish chorasi”ni koʻradi, ertaga ikkinchisida, soʻng shu tartibda koʻraveradi. Ammo laʻnati oʻlguday intizomli edi, bir kun ham dam olmay ishlardi. Lekin ahmoqning faqat bir narsaga aqli yetmasdi: odamlarning burniga urishdan oldin, bir oz qizishib olish uchun qator oldida turib oʻn minutcha soʻkinardi. Soʻkkanda ham bekordan-bekorga soʻkardi, lekin biz bundan huzur kilardik: negaki, bu soʻzlar oʻzimizning qoʻlbola soʻzlarimiz-da, xuddi jonajon yurtimizdan shamol uchirib keltirayotganga oʻxshardi… Agar u ogʻzidan chiqayotgan haqoratlari bilan bizni xursand qilayotganligini bilsa, albatta bizni ruschalab emas, balki oʻz tilida soʻkkan boʻlardi. Faqat bir moskvalik oshnamning unga juda yomon jahli chikardi. Oshnam: “U soʻkayotganda koʻzimni yumib olaman, oʻzimni Moskvada, Zatsepada, pivoxonada oʻtirganday sezaman, juda ham pivo ichgim kelib, hatto boshim aylanib ketadi”, — der edi.
Ana shu komendant kubometrlar toʻgʻrisidagi oʻsha gaplarimni aytgan kunim ertasiga meni oldiga chaqirtirdi. Kechqurun barakka ikkita qoʻriqchi bilan tilmoch keldi-da: “Andrey Sokolov kim?” — deb soʻradi. Men javob qildim. “Marsh orqamdan, seni shaxsan gerr lager fyurerning oʻzi chaqiryapti”, — dedi. Nimaga chaqirayotganligi maʻlum. Asfalasofilinga joʻnatgani. Oʻrtoqlarim bilan vidolashdim, oʻlgani ketayotganim hamma ayon edi. Bir xoʻrsindimu, chiqib ketdim. Oʻzim lager hovlisida ketyapman, lekin koʻzlarim yulduzlarda, ular bilan ham vidolashdim. Oʻzimcha: “Ana, Andrey Sokolov, yaʻni lager tili bilan aytganda, uch yuz oʻttiz birinchi, azobu uqubatdan qutulding endi!” deb oʻylanman. Birdan Irina bilan bolalarimga yuragim achishib ketdi, keyin yurak oʻrtanishi bosilib, oʻzimni qoʻlga ola boshladim: toʻpponchaning ogʻziga soldat dadilligi bilan qarashim, hayotdan ajrash men uchun ham ogʻir ekanini oʻlimim oldida dushmanlarga sezdirib qoʻymasligim kerak…
Komendant boʻlmasi — xuddi biz yoqlardagi yaxshi klublarga oʻxshash top-toza, derazalarga gullar qoʻyilgan, stol tevaragida esa lager boshliqlari oʻtirishipti. Besh kishi oʻtirib shnaps ichishyapti, tamaddisiga choʻchqa moyi urishyapti. Stol ustida ogʻzi ochilgan katta shnaps shishasi non, choʻchqa moy, tuzlangan olma, ochib qoʻyilgan har xil konserva bankalari bor. Bir zumda ana shu nozu neʻmatlarga koʻz yugurtirib chiqdim, senga yolgʻon menga chin, koʻnglim behuzur boʻlib ketdi, qayt qilib yuborishimga sal qoldi. Oʻzim boʻriga oʻxshab och yursam, odamdek ovqatlanish allaqachon esimdan chiqib ketgan boʻlsa-yu, bu yerda shuncha nozu neʻmatlar uyilib yotsa… Koʻngil behuzurligini bir amallab bosdim, stol ustidagi nozu neʻmatlardan koʻzlarimni ming azob bilan uzdim.
Qoq roʻparamda shirakayf Myuller toʻpponchasini oʻynab oʻtiribdi, uni goh u koʻlidan bu qoʻliga, goh bu qoʻlidan u qoʻliga tashlaydi. Oʻzi esa ilon singari kiprik qoqmay menga tikilib olgan. Men qoʻllarimni yonimga oldim, poshnalarimni bir-biriga urib, baland ovoz bilan: “Gerr komendant, harbiy asir Andrey Sokolov sizning buyrugʻingizga binoan yetib keldi!” — deb raport berdim. U ham mendan: “Shunaqa degin, rus Ivan, toʻrt kubometr tosh chiqarish koʻplik qilar ekan-da?” — deb soʻradi. Men ham: “Xuddi shupday, gerr komendant, koʻplik qiladi”, — deb javob berdim. “Menga qara, sening goʻringga bir kubometri yetadimi?” — “Xuddi shunday, gerr komendant, yetish u yoqda tursin ortib ham qoladi”, — dedim.
Shundan keyin u oʻrnidan turib: “Sepga bitta yaxshilik qilishim mumkin: bu soʻzlaring uchun hozir seni oʻz qoʻlim bilan otib oʻldiraman. Bu yer oʻngʻaysiz, tashqariga yur, oʻsha yerda narigi dunyoga pattangni olasan”, — dedi. Men: “Ixtiyoringiz”, — dedim. Shundan keyin u tippa-tik turgan yerida oʻylanib qoldi, keyin toʻpponchasini stolga tashlab, stakanga toʻldirib shnaps quydi, bir burda non oldi, ustiga bir tishlamcha choʻchqa moyi qoʻydi-da, hammasini menga tutib: “Oʻlish oldidan nemis qurolining gʻalabasi uchun ichib yubor, rus Ivan!” — dedi.
Men qoʻlidan ichkilikni ham, yegilikni ham olay deb turgan edimu, lekin haligi soʻzlarini eshitib, bamisoli choʻgʻ bosib olgan odamga oʻxshab ketdim! Ichimda: “Men-a, rus soldati-ya, nemis qurolining gʻalabasi uchun icharmishman-a?! Undan koʻra… yemaysanmi shu gaplaringga, gerr komendant? Menga baribir emasmi oʻladigan boʻlganimdan keyin? E, boshingni yesin oʻsha arogʻing!” — deb oʻyladim.
Stakanni ham, non bilan yogʻni ham stolga qoʻydim: “Ziyofatingiz uchun tashakkur, lekin men ichmayman”, — dedim. U tirjayib: “Bizning gʻalabamiz uchun ichging kelmayaptimi? Boʻlmasa oʻlayotganing uchun ich”, — dedi. Nafsilamrga, mendan nima ketadi? “Men oʻzimning azobu uqubatlardan qutulib oʻlayotganim uchun ichaman”, — dedim unga. Shu soʻzni aytdimu, stakanni olib ikki hoʻplab ichib tashladim, non bilan moyga esa qoʻl ham tegizmadim, kaftim bilan lablarimni muloyimgina artdim-da: “Ziyofat qilganlari uchun tashakkur. Men tayyorman, gerr komendant, yuring, meni olib chiqib pattamni qoʻlimga bering”, — dedim.
Lekin u menga diqqat bilan qaradi-da: “Oʻlishdan oldin biron narsa yeb ol axir”, — dedi. Men unga: “Birinchi stakandan keyin ogʻzimga hech qanaqa ovqat olmayman”, — deb javob berdim. U ikkinchi stakanni toʻldirib menga uzatdi. Buni bir koʻtarishda ichib yubordim-da, yana ovqatga qoʻl urmadim, shunday qilib oʻzimni dadilroq tutmoqchi boʻldim, va: “Tashqariga chiqib, jonimdan ayrilishdan avval, hech boʻlmasa bir ichib olayin”, — deb oʻyladim. Komendant oqish qoshlarini kerib turib: “Nimaga ovqat yemaysan, rus Ivan? Tortinma!” — dedi. Men boʻlsam unga yana: “Kechirasiz, gerr komendant, ikkinchi stakandan keyin ham ogʻzimga ovqat olish odatim yoʻq”, — deb aytdim. U lunjlarini osiltirdi, jahli chiqdi, keyin shunaqayam qahqaha urib kulib yubordiki, asti qoʻyaverasan! Kulib turib nemischalab bidirlab ketdi, chogʻimda, mening gapimni doʻstlariga tarjima kilib berdi shekilli. Ular ham kulib yuborishdi, stullarni jildirib, turqlarini men tomonga oʻgira boshlashdi. Bunday razm solsam menga endi ancha muloyimroq qarashyapti.
Komendant uchinchi stakanni quyyapti-yu, kulgisining zoʻridan qoʻllari yalang qaltiraydi. Bu stakanni men simirib ichdim, nondan bir tishladim-da, qolganini stolga qoʻydim. Ochdan oʻlayotgan boʻlsam ham, ularning nishxoʻrdiga zor emasligimni, menda oʻzimning gʻururim va izzat-nafsim borligini, ular ham qancha harakat qilishsa ham, baribir, meni hayvonga aylantirisha olmasliklarini laʻnatilarga bir koʻrsatib qoʻygim keldi.
Shundan keyin komendantning turqi jiddiylashdi, koʻkragidagi ikkita temir krestini toʻgʻriladi-da, stol yonidan qurolsiz aylanib oʻtib: “Menga qara, Sokolov, sen chinakam rus soldati ekansan, botir soldat ekansan! Men ham soldatman, shuning uchun dovyurak dushmanimga hurmat qilaman. Seni otmayman. Nimaga desang, bugun bizning shavkatli qoʻshinlarimiz Volga daryosiga yetib bordi va Stalingradni butunlay egalladi. Bu — biz uchun nihoyatda katta shodu xurramlik, shu tufayli hayotingni olijanoblik bilan oʻzingga tortiq qilaman. Blokingga boraver, ha, manovi — dovyurakliging uchun”, — dedi-yu, stoldan moʻjazgina bir buxanka non bilan bir boʻlak choʻchqa moyi olib berdi.
Nonni kuchimning boricha bagʻrimga bosdim, moyni chap qoʻlimga oldim, ishning kutilmaganda shu xil tus olishidan chunonam shoshib koldimki, rahmat ham aytmasdan, chap tomonim bilan gir aylandim-u, eshikka qarab yurdim. Biroq ichimda: “Hozir kuraklarim orasidan otadi, ovqatlarni ogʻaynilarimga yetkazib berolmayman”, — deb oʻyladim. Yoʻq, otmadi. Bu safar ham ajal sovuq nafasini yuzimga urib, yonimdan oʻtib ketdi…
Komendant boʻlmasidan tetik yurib chiqdim, lekin tashqarida oyoqlarim chalisha boshladi. Barakka kirib keldim-da, hushimdan ketib tsement polga yiqilib tushdim. Oʻrtoqlarim meni tong yorishmay uygʻotishdi: “Nima boʻldi, gapir?”— deyishdi. Men komendant boʻlmasida oʻtgan gaplarni eslab, hammasini soʻzlab berdim. Yonimdagi soʻrida yotgan qoʻshnim ovozi titrab: “Non bilan moyni qanday boʻlamiz?” — deb soʻradi. Men: “Hammaga baravar boʻlaver”, — dedim. Hademay tong ham yorishdi. Non bilan yogʻni yoʻgʻon ip bilan boʻldik. Har kishiga gugurt qutisiday-gugurt qutisiday non tegdi: hatto har bir uvoqqacha teng boʻlishib oldik. Yogʻga kelsak: oʻzing bilasan-ku lablarimizni bir-bir moylab olishga zoʻrgʻa yetdi. Ishqilib, hammasini bejanjal baham koʻrdik.
Oradan koʻp oʻtmay, bizdan uch yuztacha eng baquvvat odamni ajratishdi-yu, botqoq quritgani yuborishdi. U yerdan keyincha Rur oblastiga shaxtaga joʻnatishdi. Oʻsha yerda qirq toʻrtinchi yilgachayin qolib ketdim. Bu orada biznikilar Germaniyani qovurgʻasini sindirgan, fashistlar endi asirlardan jirkanmaydigan boʻlib qolishgan edi. Kunlardan bir kun kunduzgi smenaning hammasini chiqarib safga turgizishdi. Allaqayoqdan kelgan ober-leytenant tilmoch orqali: “Armiyada yoki urushdan oldingi davrlarda kimda-kim shofyor boʻlib ishlagan boʻlsa, bir qadam oldinga chiqsin!” — deb buyurdi. Eski shofyorlardan yettitamiz oldinga chiqdik.
Bizga kiyilgan eski korjoma berishdi, keyin konvoy bilan Potsdam shahriga yuborishdi. U yerga kelganimizdan keyin hammamizni har yoqqa boʻlib yuborishdi. Men “Todte”da ishlashga tayinlandim, “Todte” — nemislarda yoʻl va mudofaa inshootlari kurilishini boshqaradigan bir mahkama ekan. Armiya mayori martabasidagi bir nemis injenerining “Oppel-admiral” markali mashinasini haydadim. U bachchagʻar judayam semiz fashist edi-da. Pak-pakana-yu, qorni katta, eniga ham, boʻyiga ham bab-baravar, orqasidan qarasang — juda tarvaqaylab ketgan xotin kishiga oʻxshaydi. Oldidan qarasang — mundirining yoqasi ustidan uch qavat bagʻbaqasi osilib turadi, orqasidan qarasang — boʻynida uch qator yoʻgʻon-yoʻgʻon tirishi bor. Mening xomchoʻtimga qaraganda, jirining oʻzi uch pud kelardi. Yurganda xuddi parovozday pishillab yurardi, ovqat yegani oʻtirsa-chi, ogʻzing ochilib qoladi! Gohi mahallar bugun kun boʻyi ovqat yeb flyagadan konyak ichgani ichgan. Ahyon-ahyonda menga ham ovqatidan berib turardi. Safarga chiqqanimizda mashinani toʻxtatib qoʻyib, kolbasa, pishloq kesib yerdi, ichardi. Kayfi chogʻroq paytlarida itga tashlagandek, menga ham bir tishlam, ikki tishlam ovqat tashlardi. Hech mahal qoʻlimga bermasdi, yoʻq, buni oʻziga ep koʻrmasdi. Ishqilib, har nima boʻlganda ham bu yerdagi hayotimni lager bilan tenglashtirib boʻlmasdi, shu sababdan afti angorim asta-sekin odamga oʻxshab, oz boʻlsa ham et qoʻya bordim.
Men ikki haftagacha mayorni Potsdamdan Berlinga, Berlindan yana Potsdamga olib borib, olib kelib yurdim, shundan keyin uni bizning qoʻshinlarimizga qarshi mudofaa inshootlari qurish uchun front yaqiniga joʻnatishdi. Ana endi koʻzimdan butunlay uyqu qochdi: oʻz tomonimizga, Vatanimga qanday kilib qochib oʻtsam ekan, deb kechasi bilan oʻylanib chiqadigan boʻldim.
Biz Polotsk shahriga keldik. Tong otar payt edi, keyingi ikki yil ichida birinchi marta oʻz toʻplarimizning kuchli naʻrasini eshitdim. Qani endi, ogʻayni, yuragim oʻshanda qanday ura boshlaganini bilsang? Hatto boʻydoqlik chogʻimda Irina bilan uchrashgan paytlarimda ham yuragim bunchalik urmagan edi! Jang Polotskdan sharqroqda bizdan oʻn sakkiz kilometrcha uzoqda borardi. Shahardagi nemislarning gʻazabi qaynab, asabi buzilib qoldi. Mening boʻrdoqim esa ichkilikka zoʻr bera boshladi. Kunduzlari shahardan tashqariga chiqardik — u mudofaa qurilishlarini koʻrsatib berardi. Kechasi shaharga qaytib kelib, yolgʻiz oʻzi ichar edi. Shu alfozda mayorim shishib ketdi, koʻzlarining osti xalta boʻlib osilib qoldi…
“Etar endi shuncha kutganim — payt keldi! Qochishim kerak. Lekin yolgʻiz oʻzim emas, manovi boʻrdoqini ham olib qochishim kerak — biznikilarga juda asqatib qoladi!” — deb oʻyladim.
Xarobazor ichidan ikki kilolik qadoq tosh topib oldim, kerak boʻlgan paytda qon chiqmaydigan joyiga urib behush qilishga yarar, degan maqsad bilan uni mashina artadigan eski lattaga oʻrab yashirib qoʻydim. Keyin yoʻldan bir boʻlak telefon simini topib, buni ham yashirdim. Xullas, oʻzimga kerak boʻladigan narsani taxt qilib, oldinda oʻtiriladigan joyning tagiga bekitib qoʻydim. Nemislar bilan xayr-maʻzur qilishdan ikki kun avval, kechqurun, mashinaga benzin quyib kelayotsam, bir nemis unteri devorni ushlab zoʻrgʻa-zoʻrga yurib ketyapti, qarasam: oʻlguday mast. Darrov mashinani toʻxtatib, uni xarobazorga boshlab kirdim. Chaqqonlik bilan egnidan mundirini, boshidan pilotkasini yechib oldim. Bularni ham olib borib, oʻtiriladigan joyning tagiga berkitdimu, ship etib joʻnab qoldim.
Yigirma toʻqqizinchi iyun kuni ertalab mayorim meni shahardan tashqariga, Trosnitsa tomonga olib borasan, deb buyurdi. Mayor u yerda mudofaa qurilishlariga rahbarlik qilar edi. Yoʻlga chikdik. Mayor orqa oʻrinda bamaylixotir mudrab oʻtirardi. Mening esa yuragim qinidan chiqib ketay-ketay deydi. Mashinani shitob bilan haydadim, lekin shahardan chiqqanimizdan keyin gazni kamaytirib, sekin toʻxtatdim-da, mashinadan tushdim, tevarak-atrofga koʻz yugurtirdim: orqada, hali juda uzoqda ikkita yuk mashinasi sudralib kelyapti. Qadoq toshni oldim, eshikni kengroq qilib ochdim. Boʻrdoqim orqasiga suyanib, xuddi xotinining pinjida yotganday, xurillab uxlayapti. Qadoq tosh bilan chap chakkasiga paqillatib bir tushirdim. Kallasi shilq etib pastga ogʻdi. Ehtiyoti shartdan yana bir marta urdim, lekin oʻldirgim kelmadi. Men uni tirik olib qochishim kerak, chunki u bizning odamlarimizga ancha-muncha kerakli narsalarni aytib beradi. Qinidan parabellumini chiqarib choʻntagimga solib qoʻydim. Mashina tez yurganda mayor yonveriga yiqilib ketmasin, deb orqadagi oʻringa montirovkani qoqdim, keyin mayorni boʻynidan telefon simi bilan montirovkaga mahkam bogʻlab qoʻydim. Ana shundan keyin apil-tapil nemis mundiri bilan pilotkasini kiyib oldimu, mashinani yerni larzaga keltirib jang gurillayotgai tomonga surib ketdim.
Nemislarning oldingi marrasiga ikki dzot oʻrtasidan kesib oʻtdim. Blindajdan avtomatchilar yugurishib chiqishdi, men ular mayorni koʻrishsin, deb mashinani joʻrttaga sekinroq haydadim. Biroq avtomatchilar, u yoqqa oʻtib boʻlmaydi, deb hoy-huy koʻtarishdi, qoʻllarini siltashdi. Men boʻlsam oʻzimni uqmaganga soldim-da, gazni qoʻshib, kuchimning boricha haydadim. Ular es-xushlarini yigʻishtirib olib, mashinani pulemyotga tuta boshlagunlaricha, men betaraf yerga yetib olib, zambarak oʻqlari oʻpirgan chuqurlar orasidan xuddi quyondek, mashinani gʻizillatib oʻtib ketdim.
Mana endi nemislar orqadan urib berishdi, oʻzimiznikilar ham jin chalganday avtomatdan oʻq yogʻdira boshlashdi. Shamol toʻsadigan oynakni toʻrt yerdan oʻq teshib oʻtdi, radiatorni ham rasvo qildi… Ana, koʻl tepasidagi oʻrmonchaga yetay deb qoldim. Biznikilar mashinaga qarab chopib qolishdi. Men mashinani shitob bilan oʻrmonchaga chiqarib oldimu, eshigini ochib, oʻzimni yerga otdim, tuproqni oʻpa boshladim, halloslaganimdan, hatto nafas ham ololmay qoldim…
Gimnastyorkasining yelkalariga pogon taqib olgan yosh bir askar hammadan oldin yetib keldi. Men bunaqa pogonlarni birinchi marta koʻrishim — angrayib qoldim. Yigit gʻingshib: “Ha-ha, it emgan frits, adashib koldingmi?” — dedi. Men darrov ustimdagi nemis mundirini yechdim, pilotkani olib yerga urdim-da: “Eh, dardingni olay! Jon oʻgʻlim! Asli zotim voronejligu, men senga qanaqasiga frits boʻlay? Asir tushib qolgan edim, bildingmi! Hozir anovi mashinadagi toʻngʻizni ipidan boʻshatinglar, portfelini olinglar, keyin meni komandirlaring oldiga boshlab boringlar”, — dedim. Toʻpponchani ham topshirdim, keyin qoʻldan-qoʻlga oʻta-oʻta kechga borib diviziya komandiri — polkovnikning huzurida boʻldim. Ungacha qornimni toʻygʻizishdi, hammomga tushirishdi, tergov qilishdi, yangi forma berishdi. Xullas, polkovnikning oldiga toza qalb, toza tan bilan bashang formada kirib bordim. Polkovnik oʻtirgan yeridan turib, mening istiqbolimga yurib keldi. Hamma ofitserlar oldida meni quchoqlab: “Nemislardan olib kelgan sovgʻang uchun rahmat senga, soldat. Sening mayoring portfeli bilan biz uchun yigirmata “til”dan ham qimmatliroq turadi. Senga hukumat mukofoti olib berish toʻgʻrisida qoʻmondonlik oldiga iltimos bilan kiraman”, — dedi. Men boʻlsam uning bu soʻzlaridan, koʻrsatayotgan mehribonligidan qattiq hayajonga tushdim, xursandligimdan lablarim titradi, faqat zoʻrgʻalatdan: “Iltimos qilaman, oʻrtoq polkovnik, meni oʻqchi qismga yuborsangiz”, — deya oldim.
Lekin polkovnik kulib, yelkamga qoqdi. Keyin: “Oʻzing zoʻrgʻa oyoqda turibsan-ku, tagʻin qanaqasiga jang qilasan? Bugunoq seni gospitalga yuboraman. Kasalingni tuzatishadi, boqishadi, keyin bir oy otpuska beraman, bola-chaqangning oldiga borib kelasan, qayokqa yuborishimizni qaytib kelganingdan keyin koʻramiz”, — dedi.
Polkovnik ham, uning blindajidagi ofitserlar ham chin qalbdan xayrlashib qolishdi. Men u yerdan nihoyat darajada hayajonlanib chiqdim. Chunki ikki yil ichida odamlarcha muomalani koʻrmay, bunaqangi muomalalarni esdan chiqarib yuborgan edim. Yana shunisi borki, ogʻayni, kattalar bilan gaplashganda uzoq mahallargacha kallamni boʻynimga qisib gaplashib yurdim. Nimaga desang, u yoqlarda urib yubormasin deb shunaqa qilishga odatlanib qolgan edim-da. Mana koʻrdingmi, fashistlar lagerida savodimizni qay taxlitda chiqarishdi…
Gospitaldan darhol Irinaga xat yozib yubordim. Asirlikda boʻlganimni, nemis mayorini olib qochib kelganimni — hammasini qisqagina qilib yozdim. Tavba, bu bolalarcha maqtanchoqlik menda qayerdan paydo boʻla qoldi-a? Polkovnik meni mukofotga taqdim qilganini ham ichimda saqlab turolmay aytib qoʻydim…
Ikki hafta muttasil yotib uxladim, yedim, ichdim. Meni oz-oz-u, lekin tez-tez ovqat berib boqishdi. Basharti ovqatni moʻl-koʻl berib yuborishsa, koʻp yeb qoʻyib, nobud boʻlishim mumkin ekan, doktor shunday deb aytdi. Shu orada ancha quvvatga kirib qoldim. Ikki haftadan keyin esa tomogʻimdan ovqat oʻtmay qoldi. Uydan javob boʻlavermadi, toʻgʻrisini aytsam, hasratimdan dud chiqa boshladi. Ovqat ham esimga kelmay qoldi, uyqum qochdi, miyamga har xil bemaʻni fikrlar keldi. Uch haftadan soʻng Voronejdan xat oldim. Lekin uni Irinam emas, qoʻshnim — duradgor Ivan Timofeevich yozibdi. Xudoyim hech kimga bunaqa xatni ravo koʻrmasin!.. U qirq ikkinchi yilning iyunidayoq nemislar aviazavodni bombardimon qilganlarini, ogʻir bombalardan biri toʻgʻri mening kulbamga tushganini xabar qilibdi. Irinam bilan qizlarim oʻsha mahal uyda ekanlar… Xullas, ulardan asar ham topisholmapti, kulbamizning oʻrnida esa kattakon chuqur paydo boʻlibdi… Bu safar xatni oxirigacha oʻqiy olmadim. Koʻz oldimni qorongʻi bosdi, yuragim musht boʻlib qisildi, qani endi boʻshasa. Oʻrnimga choʻzildim, bir oz yotdim. Keyin xatni oxirigacha oʻqib chiqdim. Bombardimon vaqtida oʻgʻlim Anatoliy shaharda ekan. Kechqurun qishloqqa qaytibdi-yu, uy oʻrnida chuqurni koʻrib, kechasi yana shaharga tushib ketibdi. Ketishda qoʻshnimga: “Meni frontga koʻngilli qilib yuborishlarini soʻrayman”, — debdi. Gap shunaqa.
Yuragim bir oz qisilishini qoʻyib, quloqlarimda qon dukuri boshlanganda, Irinamning vokzalda men bilan qanchalik kuyib vidolashganini esladim. Bu dunyoda endi hech mahal koʻrishmasligimizni xotinlik qalbi sezgan ekan-da! Men boʻlsam uni itarib yuboribman-a! Oilam, boshpanam bor edi, bular necha-necha yillar davomida bunyodga kelgan edi, mana, hammasi bir zumda yoʻq boʻldi. Bir oʻzimgina qoldim. Gohi mahallar: “Shoshma, peshonamdagi bu shoʻr tushim emasmikan?” — deb oʻylayman. Axir asoratda yurgan yillarim, qariyb har bir tun Irinam bilan, bola-chaqalarim bilan oʻzimcha gaplashar, qaytib boraman, jonajonlarim, meni yoʻqlab figʻon qilmanglar, men baquvvat odamman, hammasiga chidash beraman, keyin yana hammamiz topishamiz, apoq-chapoq boʻlib ketamiz, deb ularga dalda berar edim… Demak, ikki yilgacha oʻliklar bilan gaplashib kelgan ekanman-da?!
Xikoyachi bir zumgina toʻxtadi, keyin tamoman boshqa, uziq-kesil, bosiq tovush bilan:
— Kel, ogʻayni, bpr chekishaylik, alamim yomon ortib ketdi, — deb aytdi.
Biz chekishdik. Erigan suvlar bosib yotgan oʻrmonda qizilishton daraxtni qattiq taqillatyapti, iliq shabada quruq olxa isirgʻalarini hanuz tanballik bilan shitirlatyapti, koʻm-koʻk osmonda oq bulutlar bamisoli tarang tortilgan oq yelkanlar singari hunuz suzib yurardi, ammo koʻklamning ulugʻ ishlariga, tirik jonga hayotda abadiy oʻrin berishga tayyorlanayotgan poyonsiz dunyo hozirgi gʻamgin sukunatda koʻzimga boshqacha koʻrinib ketdi.
Jim oʻtirish ogʻir edi, shuning uchun men:
— Keyin nima boʻldi? — deb soʻradim.
Xikoyachi, savolim malol kelgandek:
— Keyinmi? — dedi. — Keyin polkovnikdan bir oyga otpuska olib, bir hafta ichida Voronejga yetib bordim. Soʻng bir mahallar bola-chaqalarim bilan birga yashagan joyimga piyoda yurib bordim. Zang suv bosgan chuqur xandaq, tevarakda beldan keladigap sassiq koʻkat… Hammayoq xilvat, goʻriston sukunati! Uh, oʻshanda holim juda yomon boʻldi, ogʻayni! Yurak-yuragimdan, ich-ichimdan ezilib, apcha vaqt qaygʻurib turdim, keyin yana vokzalga joʻnadim. Bir soat ham turolmadim — oʻsha kuniyoq diviziyamga qaytib ketdim.
Oradan uch oy oʻtgan boʻlsa kerak, qora bulutlar orqasidan quyosh yilt etib chiqqanidek, mening ham baxtim birdan charaqlab ketdi: oʻgʻlim Anatoliy topildi! Men xizmat qilib turgan frontga xat yuboribdi. Chogʻimda, oʻzi boshqa frontda boʻlsa kerak. Adresimnn qoʻshnimiz Ivan Timofeevichdan olibdi. Xatining mazmuniga qaraganda oldin artilleriya maktabida oʻqibdi, matematikaga boʻlgan talanti oʻsha yerda rosa koʻl kelibdi-da. Bir yildan soʻng maktabni aʻlo baho bilan tugatib, frontga joʻnabdi. Hozir harbiy darajasi kapitan, oʻzi “qirq beshtaliklar” batareyasiga komandir emish. Oltita orden-medallar bilan mukofotlanibdi. Gapning qisqasi, otasi garangu, oʻgʻli farang boʻlib chiqibdi-da. Quvonchimdan boshim naq osmonga yetdi! Nima desang, de, oʻz pushtikamarimdan boʻlgan oʻgʻlim — kapitan, batareya komandiri, bu hazil gap emas! Yana shuncha ordeni bor. Otasi “studebekker”da snaryad va boshqa xil harbiy anjomlar tashiydi. Buning hechqisi yoʻq, otasi oshini oshab, yoshini yashab boʻlgan, kapitan oʻgʻlimning esa oʻn gulidan bir guli ochilgani yoʻq — kelajagi oldinda.
Ana shundan keyin kechalari qarilarga oʻxshash xayol surib chiqadigan boʻlib qoldim: urush tugasa, oʻgʻlimni uylantirsam, kelin-kuyov yonida yashasam, duradgorchilik qilsam, nevaralarimga karasam, deyman-da. Qisqasi, xayolimga nuqul shunaqa qarilarning miyasiga keladigan har xil ikir-chikirlar keladigan boʻlib qoldi. Lekin bu oʻyim ham roʻyobga chiqmadi… Qishda nafas olmay hujum qildik, shuning uchun bir-birimizga tez-tez xat yozib turishga fursatimiz boʻlmadi. Urush tamom boʻlishi oldida, Berlin yaqinida Anatoliyga ertalab xat tashlagan edim, ertasiga darrov javobini oldim. Fahmimcha, Germaniya poytaxtiga oʻgʻlim ham, men ham har xil yoʻllar bilan kelibmizu, lekin bir-birimizga yaqin joydan chiqib qolibmiz. Qachon diydor koʻrishamiz deb ichim pishadi, ikki koʻzim yoʻlida. Axir diydor ham koʻrishdik… Xuddi 9-may kuni ertalab, Gʻalaba kuni nemis snayperi Anatoliyimni otib oʻldirdi…
Choshgohdan keyin rotamizning komandiri meni oldiga chaqirdi. Qarasam, yonimda men tanimaydigan bir artilleriya podpolkovnigi oʻtiribdi. Men ichkariga kirib borganimda, u oʻzidan unvoni baland komandirni koʻrganday, sapchib oʻrnidan turdi. Rota komandirimiz: “Sening oldingga kelibdilar, Sokolov”,— dedi-yu, oʻzi yuzini deraza tomonga oʻgirib oldi. Badanimdan elektr toki oʻtganday boʻldi, biron falokat yuz berganini yuragim sezib qoldi. Podpolkovnik yonimga kelib: “Oʻzingni dadil tut, ota! Oʻgʻling kapitan Sokolov bugun batareya yonida halok boʻldi. Yur men bilan, hozir oʻsha yoqqa boramiz!” — dedi.
Men gandiraklab ketdimu, lekin yiqilmadim. Mana endi podpolkovnik bilan bir kattakon mashinaga tushib borganimizni, vayrona koʻchalardan zoʻrgʻa yoʻl topib oʻtganimizni, safga tizilgan soldatlarni, kizil baxmal yopilgan tobutni — xuddi tushda koʻrganday arang eslayman, eslaymanu, lekin Anatoliyni hali-hali xuddi hozir seni koʻrib turganday koʻrib turaman, ogʻayni… Tobut yoniga keldim. Unda oʻgʻlim yotibdi, lekin bir oz oʻxshamaydi. Mening oʻgʻlim — har mahal kulimsirab turgan, yelkalari qambar, nozik boʻyin, kekirdagi oʻynab chiqqan oʻspirin edi. Bu srda esa yelkalari keng, chiroyli, yosh bir yigit yotibdi: koʻzlari yarim yumuq, xuddi mening yonimdan nomaʻlum uzoqlarga qarab turganday. Fakat lablarining burchida kulgisi oʻz izini qoldirpb ketibdi… Oʻgʻlim Tolik shu kulgisi bilan bir mahallar xayolimga oʻrnab qolgan edi… Men oʻgʻlimni oʻpib, bir chetga chiqib turdim. Podpolkovnik nutq soʻzladi. Anatoliyning yoru doʻstlari koʻz yoshlarini toʻkdilar, mening esa koʻzimga yosh ham kelmadi, chamasi, koʻz yoshlarnm qalbimga singib ketgan boʻlsa kerak. Qalbimping ogʻrigʻi balki shundandir?..
Oʻzimning eng soʻnggi quvonch na umidimni oʻzgalar yurtiga, nemis tuprogʻiga dafn etdim. Oʻgʻlimning batareyasi oʻz komandirini olis yoʻlga kuzatib oʻq uzdi. Ana shunda tomirim xuddi uzilib ketganday boʻldi… Qismimga men dogʻi hasratda kuyib, nest boʻlib keldim. Lekin oradan koʻp oʻtmay armiya xizmatidan boʻshadim. Endi qayoqqa boraman? Nahotki Voronejga qaytsam? Hech-da! Bir mahal Uryupinskda turuvchi oshnam esimga tushib qoldi. U yaradorligi tufayli qishda armiyadan boʻshab ketgan edi. Ana shu oshnam bir vaqtlar meni oʻz yurtiga taklif qiluvdi. Shu esimga tushdi-yu, toʻgʻri Uryupinskka joʻnab ketdim.
Oshnam bilan xotini befarzand boʻlib, shahar chetida turishar ekan. Oshnam invalidlikka chiqqan boʻlsa ham, lekin avtorotada ishlar ekan, men ham oʻsha yerga ishga kirdim. Men oshnamning uyiga qoʻndim, ular menga joy qilib berishdi. Biz rayonlarga har xil yuklar ortib borar, kuzda esa gʻalla tashir edik. Huv anovi qumda oʻynab yurgan yangi oʻgʻlim bilan oʻsha mahallar tanishganman.
Gohi kunlari reysdan shaharga qaytasanu, eng avval qiladigan ishing — qorin gʻami boʻladi, oshxonaga kirasan, albatta. Hordiqdan chiqish uchun yuz gramm otib ham olasan. Gapning rostini aytsam, bu laʻnati ichkilikka oʻsha mahallar juda yomon berilib ketgan edim… Kunlardan bir kun mana shu bolani oshxonaning oldida koʻrib qoldim, ertasiga yana oʻsha yerda koʻrdim. Oʻzi kichkinagina, usti boshi xarob: butun yuziga tarvuz shirasi yopishgan, shiraga chang oʻtirgan, hamma yogʻi kir, sochlari taroq koʻrmagan, koʻzchalari esa yomgʻirdai keyingi kecha yulduzchalariday chaqnaydi! U menga shunaqayam yoqib qoldiki, tavba, koʻrmasam turolmaydigan boʻlib qoldim. Reysdan keldim deguncha oʻshani koʻrgani yuguraman. Uning kuni har vaqt oʻsha oshxona yonida oʻtar, odamlarning xayri-ehsoni bilan tirikchilik qilar edi.
Toʻrtinchi kuni sovxozdan gʻalla yuklab qaytdimu, mashinani toʻgʻri oshxona tomonga burdim. Bola faqir eshik oldida oyoqlarini oʻynatib oʻtiribdi. Aftidan, judayam och koʻrindi. Kabina oynasidan kallamni chiqardim-da: “Hoy, Vanyushka! Chiq mashinaga, tez boʻl, elevatorga boramiz, u yoqdan qaytib kelganimizdan keyin shu yerda birga ovqatlanamiz! — deb qichqirdim. U mening tovushimni eshitib seskanib ketdi, eshik zinapoyasidan sakrab tushdi-da, mashina zinasiga osilib chiqib, past ovoz bilan: «Mening otim Vanyaligini qayerdan bilasiz, amaki?” — deb soʻradi, keyin koʻzchalarini chaqchaytirib, meni qanday javob berar ekan deb kutib turdi. Men oʻzimning koʻpni koʻrgan kishi ekanligimni, hamma narsani bilishligimni aytdim.
Soʻng kabinaning oʻng eshigini ochib, uni yonimga oʻtqazib oldim-da, mashinamni haydab ketdim. Shunday shoʻx bola nimagadir birdan jim boʻlib qoldi: hadeb nimanidir oʻylaydi va yuqoriga qayrilgan uzun kipriklari tagidan menga qarab-qarab qoʻyadi, xoʻrsinadi. Oʻzi mushtumdagu, xoʻrsinishni bilib olgani qiziq! Bolaga kim qoʻyibdi ekan xoʻrsinishni? Men undan: “Otang qayerda, Vanya?” — deb soʻradim. U menga: “Frontda halok boʻlgan”, — dedi shipshib. “Oyingchi?” “Oyimni poyezdda kelayotganimizda bomba tushib oʻldirgan”. “Qayerdan kelayotgan edinglar?” “Qaydam, esimdan chiqib qoldi…” “Bu yerda hech qarindoshing yoʻqmi?” “Hech kimim yoʻq”. “Boʻlmasa kechalari qayerda yotasan?” “Toʻgʻri kelgan yerda”.
Koʻzimga achchiq yosh keldi. Men shunda oʻzimga: “Ikkovimiz ayri-ayri yashab boʻpmiz! Uni oʻgʻil qilib olganim boʻlsin!” — deb ahd qildim. Ahd qildimu, birdan koʻnglim yengil tortib, koʻz oʻngim yorishib ketdi. Soʻng unga xiyol engashib: “Vashoshka, bilasanmi, men kimman?” — deb soʻradim sekingina. U ham shivirlab: “Kimsiz?” — deb soʻradi. Men unga yana boyagiday past ovoz bilan: “Otang boʻlaman”, — deb aytdim.
Yo parvardigor, nimalar boʻlmadi shunda! Birdan boʻynimga osildi, betlarimdan, lablarimdan, peshonamdan choʻlp-choʻlp oʻpa boshladi, oʻzi esa xuddi kichkina sivizgʻaday, jarangdor ovoz bilan shunaqayam chinqirdiki, hatto kabina ichida ham quloqlarimni teshgudek boʻldi: “Aylanay, dadajon! Meni bir kun emas bir kun axir topib olishingni bilardim! Bilardim! Albatta topib olasan, deb ishonardim! Qachon topib olar ekansan, deb koʻpdan beri oʻylab yurardim”, — dedi-yu, menga yopishib oldi. Oʻzi-chi, xuddi shamolda qolgan nozik niholday, dir-dir titraydi. Koʻzlarimning oldini quyuq tuman bosdi, qoʻllarim titradi… Qanday qilib rulni qoʻldan chiqarib yubormaganimga hayronman! Shunday boʻlsa ham yoʻl boʻyidagi chuqurlikka mashinamni bexosdan tushirib yubordim-da, motorni oʻchirdim. Koʻz oʻngimdagi tuman tarqalmaguncha, bitta-yarimtani bostirib ketamanmi deb, mashinani yurgizishdan qoʻrqdim. Shu qabilda besh minutcha turdim, oʻgʻilcham boʻlsa kuchining boricha menga yopishardn, indamasa ham dagʻ-dagʻ titrar edi. Men uni oʻng qoʻlim bilan quchoqlab sekin oʻzimga tortdim, chap qoʻlim bilan esa mashinani orqaga kaytardimu, uyimga qarab joʻnadim. Shunday paytda elevatorga balo bormi, koʻngilga elevator sigʻadimi!
Mashinani darvoza oldida toʻxtatdim-da, yangi oʻgʻilchamni qoʻlga olib, uyga qarab yurdim. U qoʻlchalari bilan boʻynimdan mahkam quchoqlab olib, to uyga kirgunimizcha boʻshatmadi. Soqolim ham qirilmagan edi. Shu desang, yuzini yuzimga mahkam bosib olibdi, koʻrsang yopishib qolganmi deysan. Men uni uyga shu alfozda olib kirdim. Oshnam ham, xotini ham uyda ekan. Ichkari kirdimu, ularga koʻzimni qisib qoʻyib: “Mana, oʻgʻlim Vanyushkani topib oldim! Qani, bizni kutib olinglar, yaxshilar!” — dedim dadil. Ularning oʻzlari ham tirnoqqa zor emasmi, nima gapligini darrov payqashib, parvona boʻla qolishdi. Men boʻlsam oʻgʻlimni oʻzimdan hech ajrata olmayman. Keyin bir amallab yoʻlga soldim. Qoʻllarini sovun bilan yuvib, stol yoniga keltirib oʻtqazdim. Oshnamning xotini oʻgʻlimga bir tarelkada karam shoʻrva olib kelib berdi. Keyin oʻgʻlimning shoʻrvani juda ham ochkoʻzlik bilan ichayotganini koʻrib, xotin boyaqishning koʻzlaridan duv-duv yosh toʻkila boshladi. Oʻzi pechka yonida-yu, fartugi bilan koʻzlarini yashirib yigʻlar edi. Vanyushkam uning piq-piq yigʻlayotganini koʻrdi-yu, yugurib kelib etagidan tortdi-da: “Nimaga yigʻlayapsiz, xola, dadam meni oshxona yonidan topib oldi, endi hammamiz suyunishimiz kerak, siz boʻlsangiz yigʻlaysiz”, — dedi. Xotin shoʻrlik bu soʻzni eshitib, xudoning oʻzi toʻzim bersin, yana beshbattar yigʻlab yubordi.
Ovqatdan keyin oʻgʻlimni sartaroshxonaga olib borib, sochlarini oldirdim. Uyga qaytib kelganimdan keyin togʻorada oʻzim yaxshilab choʻmiltirdim, suvdan chiqarib toza choyshabga oʻradim. Oʻgʻlim meni yana quchoqlab oldi va shu koʻyi qoʻlimda uxlab qoldi. Men uni sekin karavotga yotqizdim-da, oʻzim elevatorga joʻnadim. Gʻallani elevatorga toʻkdimu, mashinani bazaga keltirib qoʻyib, magazinma-magazin narsa izlay boshladim. Oʻgʻlimga movut shim, koʻylak, sandal va shapka sotib oldim. Lekin hech qaysi boʻyiga loyiq kelmadi, sifatining ham mazasi yoʻq ekan. Movut shim olganim uchun oshnamning xotini meni koyib qam berdp: “Nima balo, jinni-pinni boʻlganmisiz? Shunday saratonda ham yosh bolaga movut shim kiygizadimn hech!” — dedi. Ana shundan keyin tikuv mashinasini dast koʻtarib kelib stolga qoʻydi-yu, sandigʻini kavlashtirib ketdi. Xullas, bir soat ichida Vanyushkamga satin trusik bilan yengi kalta oq koʻylak tikib berdi. Kechasi Vanyushka bilan birga yotdim va uzoq vaqtlardan beri birinchi marta faqat oʻsha kuni tinch uxladim. Shunday boʻlsa ham kechasi toʻrt martacha uygʻondim. Bir vaqt uygʻonib qarasam: xashak tagiga kirib yotgan chumchuqqa oʻxshash, oʻgʻlim biqinimga kirib pishillab uxlab yotibdi. Koʻrib shunchalar koʻnglim toʻldiki, buni aslo soʻz bilan aytib berolmayman! Uygʻotib yubormayin deb qimir etging kelmaydi, shunday boʻlsa ham chidayolmay sekin oʻrningdan turasan-da, gugurt chaqib uni tomosha qilasan…
Tongotar oldida uygʻondim. “Nimaga shunchalik nafasim siqildiykin?” — deb hayron boʻldim. Qarasam: oʻgʻlim choyshabdan chiqib, koʻndalangchasiga choʻzilib yotibdi, bir oyogʻi tomogʻimda: u mana shunaqa besaranjom yotib, odamni qiynab yuboradi, shunday boʻlsa ham men oʻrganib qolganman, usiz yotsam — yotganday boʻlmayman. Negaki, kechasi uxlab yotganda goh u yer-bu yerini silaysan, goh toʻzgʻib yotgan sochlarini hidlaysan. Ana shunda orom olasan, yuraging boʻshaladi, shunday qilmasam boʻlmaydi — yuragim dogʻ-hasrat ichida ezila-ezila toshga aylanib ketgan…
Dastlabki vaqtlarda u men bilan mashinada qatnab yurdi, keyin oʻylab koʻrsam, bunisi toʻgʻri kelmas ekan. Darhaqiqat, bir oʻzim boʻlsam ogʻirim qancha? Bir buxanka nonu, bir bosh piyoz bilan tuz boʻlsa bas-da, — kuni bilan qornim toʻq. U bilan yursam-chi — ish boʻlakcha: unga hali sut top, hali tuxum pishir, buning ustiga issiq ovqat boʻlmasa tagʻin boʻlmaydi. Ish ham shitob, buni ham paysalga solib boʻlmaydi. Bir kuni oʻzimni qoʻlga oldimu, oʻgʻlimni oshnamning xotiniga tashlab ketdim. Bola faqir kechga dovur yigʻlabdi, kechqurun esa meni kutgani elevatorga qochib ketibdi. Oʻsha yerda yarim kechagacha meni poylab oʻtiribdi.
Dastlabki vaqtlari u bilan juda qiynaldim. Bir kun juda charchadimu, qorongʻi tushmasdanoq yotib oldim. Hamisha chumchuqday chirqillab yuradigan oʻgʻlim oʻsha kuni nimagadir churq etmadi. Sen undan: “Nimalarni oʻylayapsan, oʻgʻlim?” deb soʻradim. U ham shipga qaraganicha: “Dada, charm paltongni nima qilgansan?” deb soʻrab qoldi mendan. Men umrim bino boʻlib charm palto kiygan emas edim. Yoʻl topishga toʻgʻri keldi. “Voronejda qolgan” deb javob berdim. U yana: “Meni nega shuncha uzoq axtarding?” deb soʻragan edi, men ham: “Jon oʻgʻlim, seni Germaniyadan axtardim. Polshadan axtardim. Seni izlab butun Belorussiyani aylanib chiqdim. Bu yoqqa kelsam, Uryupinskda ekansan” dedim. U yana: “Uryupinsk Germaniyaga yaqinmi? Polsha bizning uyimizdan uzoqmi?” deb soʻraydi. Xullas, koʻzimiz uyquga borguncha shu xilda javrab yotdik.
Sen, ogʻayni, bola charm paltoni bekorga soʻradi, deb oʻylaysanmi? Yoʻq, bekorga soʻragani yoʻq. Demak, uning oʻz otasi bir mahallar haqiqatan ham shunaqa charm palto kiygan-u, hozir uning esiga tushgan. Bolaning esi nima-yu, yozgi chaqmoq nima: yarq etadi-yu, hamma yoqni bir yoritib, yana oʻchadi. Shuning singari uning esi shunaqa, chaqmoqqa oʻxshab, gohi-gohida yarqirab ketadi.
Uryupinskda ikkovimiz yana biror yil turib qolsak boʻlardi, lekin noyabrda men bir gunoh qilib qoʻydim; bir kun loygarchilikda mashina haydab kelayotgan edim, xutorlardan birida mashinam toyib ketib, bitta sigirni yiqitib yubordi. Xotinlarni bilasanku, darrov dod-voy koʻtarishdi, odamlar yigʻildi, birzumda inspektor ham shu yerda paydo boʻldi-qoldi. Rahm qilgin deb har qancha yalinsam ham inspektor qurgʻur unamay, shoferlik biletimni olib qoʻydi. Sigir boʻlsa oʻrnidan turdi-yu, dumini xoda qilib, qishloq koʻchasidan shataloq otib ketdi. Men boʻlsam shoferlik biletimdan ayrildim.
Qish ichi duradgorlik qildim, keyin armiyada birga xizmat qilishgan bir oshnamga xat yozib, u bilan aloqa bogʻladim. U sizlarning oblastingizda, Kashar rayonida shoferlik qiladi. Ana shu oshnam meni yoniga chaqirdi. Xatida: “Yarim yilgina duradgorlik qilib turasan, keyin oblastimizda senga yangi bilet berishadi” deb yozibdi. Mana shunday qilib, oʻgʻlim ikkovimiz ana oʻsha Kashar degan joyga yayov ketib boryapmiz.
Men senga aytsam, ogʻayni, sigir voqeasi roʻy bermaganda ham, baribir, Uryupinskdan ketgan boʻlardim. Yuragimdagi dardu alam bilan bir yerda uzoq oʻtira olmaydigan boʻlib qolganman. Qani, Vanyushkam kattaroq boʻlib, maktabga beradigan vaqt kelsin-chi, zora oʻshanda bir yerda tinib qolsam. Hozircha ota-oʻgʻil rus tuprogʻini sayri-safo qilib kezib yuribmiz.
— Yayov yurish bolaga qiyin-da, — dedim men.
— Yayov yurib boʻpti, uzun kun yelkamda! Faqat oyogʻi tolganda yerga tushadi-yu, yoʻl boʻyida kichkina uloqqa oʻxshash irgʻishlay boshlaydi. Bularning hammasi goʻrga-ya, u bilan bir kunimizni koʻrib ketardigu, lekin yurakning mazasi qochib qoldi, davosini qilmasa boʻlmaydi… Gohi mahallar shunaqayam qisilib ogʻriydiki, yorugʻ dunyo koʻzimga qorongʻi boʻlib ketadi. Birda emas-birda uyqumda oʻlib qolib, bola bechoraning yuragini chiqarmasam deb qoʻrqaman. Buning ustiga yana bir chatoq ish bor: oʻlib ketgan azizlarimni qariyb har kecha tushimda koʻraman. Men koʻpincha tikanli sim toʻsilgan gʻov ichkarisida boʻlaman, ular esa gʻov tashqarisida, erkinlikda yurishadi… Irinam bilan ham, bolalarim bilan ham hamma narsa toʻgʻrisida gaplashaman, biroq simni qoʻlim bilan ikki yoqqa sura boshladim deguncha ular mendan uzoqlashib, koʻzdan gʻoyib boʻlib ketishadi… Shunisi qiziqki, kunduzlari oʻzimni hamisha mahkam tutib yuraman, ogʻzimdan na “oh” va na “voh” chiqadi, ammo kechasi uygʻonib qarasam: bolishim koʻz yoshlarimdan jiqqa hoʻl boʻlib qoladi…
Oʻrmondan joʻramning tovushi, eshkakning suvni chayqatishi eshitildi.
Aslda yot boʻlsa ham, endi menga qadrdon boʻlib qolgan kishi oʻrnidan turdi, yogʻochday qattiq, kattakon qoʻlini menga choʻzib.
— Yaxshi qol, ogʻayni, baxting yor boʻlsin! — dedi.
— Sen ham Kasharga eson-omon yetib ol.
— Rahmat. Hoy oʻgʻlim, yur qayiqqa.
Bola otasining oldiga yugurib keldi-da, oʻng tomoniga oʻtib, kurtkasini baridan ushlab oldi va qadamini katta-katta tashlzb borayotgan otasining yoniga tushib yoʻrtib ketdi.
Esir qolgan ikki inson, dahshatli urush dovuli bilan begona yurtlarga kelib qolgan ikki qum donasi… Ularni oldinda nima kutar ekan? Mana shu rus kishisi, bukilmas iroda kishisi oʻzini rostlab oladi va yonidagi bolani otalik mehri bilan oʻstirib ulgʻaytiradi, voyaga yetkazadi, keyin u vatani chorlagan yoʻlda uchragusi har qanday qiyinchiliklarga chidaydi, ularni yengadi, deb oʻylaging keladi.
Men yuragimda ogʻir dard bilan ularning orqalaridan qarab qoldim… Bizning oʻsha ajralishimizda hamma narsa oʻz iziga tushib ketsa ajab emas edi, biroq Vanyushka bir necha qadam yurgandan keyin nozik oyoqlarini chalishtirib menga yuzini oʻgirdi-yu, pushti rang qoʻlchasini siltab xayrlashdi. Ana shunda yumshoq, lekin tirnoqli bir changal qalbimni birdan siqdi, men apil-tapil yuzimni oʻgirib oldim. Yoʻq, urush yillarida soch-soqollari oqarib ketgan katta yoshli odamlar tushlaridagina yigʻlashmaydi, balki oʻnglarida ham yigʻlashadi. Bunda eng muhimi — oʻz vaqtida yuzni oʻgirib olishda. Bunda eng muhimi — bolaning koʻnglini choʻktirmaslikda, yondiruvchi xasis erkak yoshi betingdan oqib tushayotganini unga sezdirib qoʻymaslikda…
1956
Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi