..

Nabi Jaloliddin. Dayus

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Uch-toʻrt toʻrgʻam suvi qochgan uy noniyu yarimta bulka bilan nonushta qilishdi. Nonni asosan bolalari yedi, xotini esa nomigagina tatinib oʻtirdi. U boʻlsa, bir piyola choy ichdi, xolos. Bolalarining ikkitasi mol boqqani, yana biri oʻt qilgani chiqib ketishgan, xotini bulkaning ushogʻi toʻla rangi uniqqan dasturxonni yigʻishtirishga tushdi. U yon-verini paypaslab, tamaki axtardi, topolmagach, nigohi bilan tochkalarni bir-bir kezindi. Ana, televizorning yonida turgan ekan qadrdon “Saraton”i. Choʻzilib tamakisini oldi — bir dona qolibdi xolos savil. Lekin hozir juda-juda chekkisi kelayotganidan koʻzlariga oʻt koʻringan oʻsha soʻnggi tamakisini labiga qistirib, tutatdi. Ketma-ket tutun tortib, keskin-keskin puflab chiqardi. Bu orada koʻz qiri bilan xotinini kuzatardi.
— Yana jichcha qistasa unarmiding , xotin? — deya soʻradi u hamon xotinidan koʻzini uzmay, tomdan tarasha tushganday.
Yigʻishtirilgan dasturxonni qoʻltiqlab, tashqariga chiqib ketayotgan xotini toʻxtab, unga qayrildi:
— Nima? — soʻrashga soʻradiyu shu ondayoq erining gapiniyam, oʻzining savoliniyam unutdi va miyasiga urilgan keyingi savolni tiliga chiqardi: — Muncha koʻziz qizarib ketipti?
Uning qizargan koʻzlari qisilib, peshonasi tirishdi.
— Men nima diyappanu!.. — deya toʻngʻilladi soʻng…
Kecha kechki ovqat mahali xotini mingʻirlab qoldi:
— Bizam bugʻdey oʻgʻirlagani chiqeylik. Odamlar rosa tashiyaptiykan.
— Nima, qoʻriqlaydigan odami yoʻgʻakanmi? — soʻradi er beparvogina.
— Qoʻriqchisi boʻlsa, nima? Otvorarmidi! Magazinda un boʻmasa, un boʻsa, pul boʻmasa. Nima, ochimizdan oʻlishimiz keraymi?!
Er indamadi, televizorga tikilib oʻtiraverdi. Endi xotini siltashga tushdi:
— Biron nima demessimi, hoʻy!
Erining ham ertangi kun uchun non topishni oʻylab, boshi gʻovlardi, ammo tashiga chiqarmasdi. U oʻzi shunaqa — xotinining iborasi bilan aytganda, indamasroq.
— Qachon chiqamiz? — xotiniga uning gapidan ham koʻra xayrixohona gapirish ohangi yoqib tushdi.
— Hali, oʻndan keyin. Oʻzi toʻqqizda qorongʻi tushyaptiyu, sal odam koʻrinmeydigan boʻsin. — Soʻng eriga mehribonlik qilgan boʻldi: — Siz mazza qileeeb tilvizor koʻrib turing. Oʻzim aytaman…
Televizordagi kino rosa avjiga minganda yarim uyquni urvolgan xotini narigi uydan chiqib keldi.
— Turing endi, xoʻjeyin, qoplarni koʻtaring! — dedi xotini qiyshayib qolgan roʻmolini boshidan olib, paxmaygan sochlarini tekislarkan, roʻmolini yana qayta boshiga tangʻib.
U erinib oʻrnidan turdi, oʻzga iloji ham yoʻq edi. Chunki uyda non ham, un ham tugadi. Buyoqda har oyda kelib turadigan ozgina oyligi ham yoʻq. Paxta zavoʻdi rahbariyati ishchilarini to kuzgacha oʻz hisoblaridan taʻtilga chiqardi. Mana, bir oyki, koʻcha aylanadi, uyga kiradi. Xotini dalaga chiqib, koʻlxoʻzning ishiga biroz aralashgan boʻlib keladi-da, qozon-tovogʻu mol-holdan boʻshamaydi. Koʻlxoʻzda to kechgacha ishlasang ham, bir goʻr — baribir haq bermaydi. Aʻzolar daftarni qoraytirib tursalar bas, har holda bugʻdoydan boʻshagan yerdan besh-olti soʻtix tegib, sholi-polimi yoki makkajoʻxorimi ekib olishadi. Qolaversa, kuz oxirida gʻoʻzapoya ham faqat koʻlxoʻz aʻzolariga, ulardan ortsagina, boshqalarga beriladi. Hozir gʻoʻzapoya ham koʻzga toʻtiyo boʻlib turibdi, negaki, paxta oz ekilganidan kuz oxirida uyam tolomon. Gʻoʻzapoyasiz qishloq odamlariga ancha qiyin, chunki har bir oʻzbekning uyidagi tandirda olov yonmas ekan, baraka ham boʻlmaydi. Non sotib olishga pul yetkazib boʻladimi, tagʻin qioʻloq ahlining
non qutisi nonga toʻla turmasa, bola-baqralarning koʻzi ham toʻymaydi. Bundan tashqari, bugʻdoy pishigʻida boshoq oʻgʻirlaganiyam oʻngʻay — koʻlxoʻzning burgadayu brigadiru tabelchilari oʻz aʻzolariga unchalik indamaydilar. Ha endi, melisalarning yoʻrigʻi boshqa… Shu oʻy-xayollar bilan dala ishlariga aralashib turiladi-da.
Bor-e, deb buzogʻini sotib yuborgisi keladiyu, avvalo ogʻir kuniga yaraydigan koʻnglining bir quvvatidan ayrilishni istamasa, yana tagʻin, pul topgani bilan doʻkonu tegirmonlarda un ham yoʻq. Hozir bardonlarda ayni bugʻdoy qurigan payti. Shunday boʻlgach, bir siqim pul nimaga ham yarardi, hozirgi narx-navoda koʻzni bir yashnatadiyu, gʻoyib boʻladi-qoladi. Buzoq esa — bu ishonchli mulk, er kishining beliga quvvat.
Bolalariga non topish ilinjida xotinining taklifiga, yaʻni koʻlxoʻz bugʻdoyidan oʻgʻirlashga rozi boʻldi (aslida bu rostdan ham oʻgʻirlikmikan?). Xotini uning qoʻliga bitta qop bilan oʻroq tutqazdi.
— Oʻroq bilan boshoqni qirqish oson boʻlarkan, — dedi u erining oʻroqqa hayron boʻlib qarab turganini koʻrib.
Bugʻdoyzorga ikki mahallani kesib oʻtib, soʻng yetib boriladi. Er-xotin qoplarini qoʻltiqlariga qistirishib, goʻyo hech kim bilan ishlari yoʻqday, yoz boʻlganidan hamon koʻchalarda sanqiyotgan yosh-yalanglarga oʻzlarini tanitmaslik uchun shipillagancha tez-tez yurib oʻtib ketishadi. Ular ayni paytda na birovdan va na oʻzlaridan uyalishadi, toʻrirogʻi, ertangi kun uchun non topish qaygʻusi ila band miyalariga yuqoridagi fikru tuygʻularning kirishi yoki kelishi dushvor edi. Chunki hamqishloqlarining koʻpchiligi ham shu ish bilan shugʻullanishar va ularning oʻgʻrilik yoki toʻgʻrilik haqidagi tushunchalari ham oʻzlariga xos edi.
Er-xotin soʻnggi mahalladan oʻtib, dala yoʻliga chiqib olgach, oʻzlaricha koʻngillari biroz xotirjamlashganday tuyuldi. Buyogʻi, ana, bugʻdoyzor boshlandi. Har holda mahalladan nariroqda boʻlganlari durust, begona koʻzlardan yiroqroq. Tun qorongʻi boʻlsa ham, bugʻdoyzor oydinroq koʻrinadi, oltinrang boshoqlar birlashib, oʻziga xos nur taratadi, shekilli-da. Bugʻdoyzorning u yer-bu yerida bir necha odamlarning sharpasi koʻrinadi — ular ham non ilinjida chiqqan boshoq oʻgʻrilari.
Xiyol yurishgach, ikkis ham yoʻl chetidagi tutqatordan oʻtib, bugʻdoyzorga kirishdi. Xuddi paxta tergandagi kabi etak tutib, qoplarini oʻsha joyda qoldirishdi-da, “chirt-chirt” etkizib, boshoq oʻra boshlashdi.
— Qiyinmasmi? — deya soʻradi xotini beixtiyor pichirlab.
Eri indamadi. Qoʻlidagi oʻroqni tez-tez ishlatib, tobora bugʻdoyzorning ichiga kira boshladi. Buyogʻi endi xotirjamlik, ishqilib Kastro melisa boshliq posbonlar kelib qolishmasa boʻldi. Hukumat ularga avtomatu toʻpponchalar berib qoʻyganidan biram vahimali yurishadiki, beixtiyor gestapochilar haqidagi kinolar esga tushib ketadi. Ayniqsa, oʻsha Kastro melisasi yomon, azroilning xuddi oʻzginasi, koʻrganda tanangdagi har bir tuking tik turib ketadi. Oʻziyam savlatli, qop-qora deng. Harbiylarning ola-bula kiyimini kiyib, kunduzi qora koʻzoynak taqib yuradi. Ismini aytmaysizmi, ismini — Kastro! Aytishlaricha, uning otasi ashaddiy kommunist boʻlgan ekan. U Kubada inqilob roʻy bergan yili oʻgʻil koʻribdi va Kuba xalqining dohiysi Fidel Kastroga ixlosi baland boʻlganidan oʻgʻliga Kastro deb ism qoʻygan ekan. Lekin hozir bu Kastro deganlari otasining nazdida Qosimxon boʻlib qolgan. Odamlar esa mudom Kastro deyishgani-deyishgan. Uyogʻini soʻrasangiz, Kastroning otasi ham hozir hoji, choʻqqi soqolni qoʻyvolib, masjidga
borib-kelaveradi. Tili qotib qolgan boʻlsa-da, bir amallab ikkita surani pichirlashga yaraydi.
Kastrojon esa hali iymonga kelmagan, hozircha davr surish bilan ovora. Tagʻin bu melisasi tushmagur yoniga ikkita davangirday-davangirday yigitlardan ham olvolgan. Bular xalq posbonlarimish, ekstremist-buzgʻunchilardan xalqni qoʻriqlasharmish. Ayni kunlarda ekstremistlar bugʻdoyzorda koʻpayishganmi, xalq posbonlari kunu tun shu yerda boʻlishadi.
Shiypon tomonda Kastro yuradigan “Villis”ning chirogʻi koʻrindi. U hov naridagi muyulishga kelganda toʻxtadi-da, chirogʻiniyam oʻchirmay, birpas turdi. Keyin ortiga qayrilib, biroz oʻtmay, koʻzdan gʻoyib boʻldi. Hali mashinaning chirogʻi koʻringanidayoq oʻsha yoqqa qarab qotib qolgan er-xotin uning qaytib ketganini koʻrib, yengilroq nafas olishdi.
— Qoraymay oʻlgur qaytib ketdi, — deya pichirladi xotini.
Shu bilan er-xotin xavfni unutishdi va “chirt-chirt” qilib boshoq oʻraverishdi. Xotini hamon chetroqda gʻimirlar, u esa bugʻdoyzorning ancha ichkarisiga kirib qolgandi. Yulduzli osmonning xira yorugʻi bugʻdoyzorga koʻr oydinlik yoygan, hammayoq odamning koʻziga harir bir parda ortidan koʻrinayotgandek tuyuladi. Bu koʻr oydinlikda kishini tanish mushkul boʻlsa-da, lekin gavdasining shakli qorayib, aniq koʻrinib turadi. Bugʻdoyzor ichida qaqqaygan odam gavdasi, ayniqsa, koʻzga yaqqol tashlanadi. Shuning uchun er-xotin bir-birlaridan xiyol uzoqlashgan boʻlsalar-da, bir-birlarining qoraygan sharpalarini koʻrib turganliklaridan koʻngillarida ojizroq esa-da xotirjamlik mavjud edi.
Kimdir tomoq qirganday boʻldi — erkak kishi. Xotinning yuragi bir irgʻib tushdi. Shoshib ortiga qayrilarkan, eri tomonga koʻz qirini tashlab oʻtdi — eri koʻrinmasdi. Yashirinib oldi shekilli, degan fikr miyasida bir “lip” etdiyu unutdi. Xayoli ortidagi odam sharpasiga koʻchdi. Paykal boshida devday boʻlib Kastro melisa turardi. U qoʻlidagi chirogʻini shiypon tomonga qaratib, yoqib-oʻchirardi.
— Hormang-hormang, — dedi Kastro oʻrnidan jilmay, singlisini erkalayotgan aka ohangida.
Xotin qilt etmasdi, agar oʻrnidan sal qoʻzgʻalsa, agʻdarilib tushadiganday tuyulardi.
— Uyalmaysizmi oʻgʻirlik qigani?! Tagʻin bir oʻzingiz, yarim kechasi… — dedi Kastro nasihatomuz ovozda ayolni oʻzi tomon chorlarkan. Chamasi, u ayolning erini ham payqagandi va shuning uchun uning izzat-nafsiga tegadigan gaplarni gapirardi.
— Uyda un qomaganiydi… — xotin belidan etakni yecharkan, oʻzini oqlashga urindi.
— Agar bitta bersayiz, oʻraverishiz mumkin, — Kastro bu gapni hazilomuz, ammo balandroq ovozda aytdi.
Xotin esankiradi.
— Voy-voy, bu nima deganiyiz?.. Uyat… — Lekin qoʻpol gapirgani qoʻrqdi, baribir u zoʻr chiqadi, melisa degan nomi bor axir.
— Boʻpti-boʻpti, tezroq yoʻqoling! Bu safarcha indamiyman. Ammo kelasi safar soʻrab oʻtirmiyman. — Kastro boyagi soʻzlarini ovozini boyagiday balandlatib gapirdi.
U yoʻlga oʻtganda shiypon tomonda “Villis”ning chirogʻi koʻrindi. Hali qoʻlchirogʻini oʻchirib-yoqqanida mashinani chaqirgan shekilli, oradan hech qancha oʻtmay, hammayoqni chang-toʻzonga belab, yetib keldi. Uning olovday porlagan chiroqlarida mashina shiddatidan qoʻpgan tuproqli quyuq chang bulutlar yangligʻ toʻlgʻonadi. Kastro changga ham parvo qilmay, mashinaga oʻtirdi. Mashina oʻrnidan qoʻzgʻaldi, biroz yurgach, yoʻl chetida shoshib ketayotgan ayolning yonida sekinladi-da, eshik ochilib, yana Kastroning ovozi eshitildi:
— Yana bir marta ushavolsam… bilib qoʻying oma!..
Zum oʻtmay chor atrof suv quyganday jim-jit boʻlib qoldi. Er esa mudom karaxt edi, oʻsha bir ogʻiz gapdan keyin nafas olishi ham toʻxtaganday tuyuldi. “Agar bitta bersayiz…” Nega u berkinib oldi? Melisaning sharpasini koʻrdiyu yashirindi. Beixtiyor, juda tezlikda oʻtirib oldi. Kastro uni payqamadi. Keyin esa haligi gap — “Agar bitta bersayiz…” Bu gapni uning xotiniga aytdi axir! Nega oʻrnidan turmadi? Nega “He, iflos, nima deyapsan?”, deya Kastro melisaning yoqasidan olmadi, burdalab tashlamadi?! Qoʻrqdimi? Yo melisa uni oʻldirvorarmidi? Oʻldirsa, nima, axir u xotinini haqorat qildi, uning or-nomusini toptadi! Or-nomus bormi unda oʻzi? Agar bor boʻlsa, nega unda haliyam indamay oʻtiribdi?.. U beixtiyor yashirinishga yashirinib oldiyu keyin koʻkrak kerib oʻrnidan turgani uyaldi. Haligi gapdan soʻng esa yuragi shigʻillab, vujud-vujudi muzlab ketdi. Bunaqa gap boʻlishini xayoliga ham keltirmaganidan esankirab qoldi. Ha, avvaliga esankiradi, keyin bola-chaqasiga non topib berolmay, xotinini boshoq oʻgʻirlash
uchun bugʻdoyzorga olib chiqqanidan va uni melisaga tutqazib, oʻzi yashirinib olganidan uyaldi. Bu uyalish asta-sekin qoʻrquvga ham aylandi, chogʻi — axir u melisa, hamma yerda uning gapi — gap. Mashinaga bosib, obketib qolsa, nima qiladi? Nima qipti obketsa? Axir u xotinini haqorat qildi, buning or-nomusini… Shunaqa xayollar kallasida aylanaverdi-aylanaverdi, biroq oʻrnidan turishga jurʻati yetmadi…
Uyga keldi. Kelib ham xotiniga bir soʻz demadi. Tuni bilan uxlolmadi. Tuni bilan chekib chiqdi…
Xotini dasturxonni qoqib, qaytib kirdi. U peshonasini tirishtirib, oxirgi tamakisini soʻrarkan, tishlari orasidan yana zahar sochdi:
— Tagʻin jichcha qistasa, xoʻp dermiding?
Aslida u ichidagi potos bogʻlayotgan alamni nima qilishni, qanday bosishni bilmagani uchun ham xotinini qiyin-qistovga olardi. Boshqa kimga osilsin?
Xotini bir toʻxtaldi-da, indamay borib, dasturxonni ilgakka ildi. Keyin erining roʻparasiga oʻtirdi. Uning koʻzlari gʻazabli emasdi, uning koʻzlari gʻamli edi. Aslida u haliyoq erining gapini tushungandi, faqat uni ayagandi, unga rahmi kelgandi. Kechqurun u ham to uyiga kelguncha nimalar haqida oʻylamadi axir. Yuzing qurgʻur Kastro melisa haligi gapni aytganida u ham shoshib qoldi — bunday gapni kutmagandi. Keyin esa, hushi oʻziga kelgach, erining irgʻib oʻrnidan turishini, shunchalar behayolik bilan xotinini haqorat qilgan kimsani nimta-nimta qilib tashlashini, hech yoʻq biror shapaloq urishini istadi. Shuni kutdi. Axir u ham ayol, u ham kimdir himoya qilishini, ayashini xohlaydi va hatto baʻzida ertaklardagidek yoki boʻlmasa, hind kinolaridagi kabi kimdir uning uchun jon fido etishini istab qoladi. Hozir ayni oʻshanday qilishi uchun eriga imkon yaralgandi va u shu imkondan foydalanib, xotini kutgandek jurʻat topolganida edi, jufti halolining unga boʻlgan hurmati Arsh qadar yuksaklarga koʻtarilgan hamda unin
g bir umrlik sultoniga aylangan boʻlardi. Lekin eri jurʻat topa olmadi, jurʻat topa olmadigina emas, qoʻrqdi va qoʻrqqani uchun ham ovoz chiqarishga-da yaramadi. Eri, posbonim degani yonida turganida bir goʻrsoʻxtadan haligi gapni eshitish unga ham alam qildi va avvaliga erini hatto yomon koʻrib ketdi. Biroq sal oʻtmay, aniqrogʻi, Kastro melisa haydab solganidan keyin erini tushunganday boʻldi, unga achindi ham. Shoʻrlik eri uchun haligi gapni eshitganidan soʻng ham pusib oʻtiraverish qanchalar ogʻir boʻlganini his qildi. Endi esa, mana, oʻsha kechmishlarining rahmatini eshityapti. U eri bilan gohida aytishib-netib, boringki, achchiq-tirsiq qilgani bilan hech qachon unga tik boqmasdi, bunga uning tarbiyasi yoʻl bermasdi. Hozir ham peshonasi tirishib, gezarib oʻtirgan erining roʻparasiga choʻnqaydiyu, ammo uning yuziga qaramadi.
— Enam rahmatli koʻp aytardi… — deya gap boshladi xuddi oʻziga oʻzi gapirayotganday sekingina.
Er siltab tashladi:
— Hmm, gapir!.. Gapir!.. Enangni pesh qilib, aql ham oʻrgat endi!..
Xotin holatini oʻzgartirmadi, oʻsha ohangda gapini davom ettirdi:
— Enam rahmatli aytardiki, odam bolasi, ayniqsa, xotin kishi hamma narsaga chidashi mumkin ekan. Qolovrsa, chidashiyam shart. Lekigin har bir xotinni dayus erga roʻpara boʻlishdan Allohning oʻzi asrasin, derdi enam. Negaki, dayus erlar faqat xotinlarining emas, bola-chaqalarining, nasl-nasablarining ham shoʻri boʻlar ekan!..
U shahd oʻrnidan turib, eshikka qarab chiqib ketmoqchi boʻlganida eri oʻshqirib, toʻxtatdi:
— Bu nima deganing, hov?! — dedi u koʻzlarini chaqchaytirib.
— Tushunganingiz, — dedi xotini ovozini sal boʻlsa-da balandlatmay va tashqariga chiqib ketdi.
U qaytib indamadi. Nima ham derdi, axir uyam yomon gap gapirmadi shekilli. Faqat erini insofga chaqirmoqchi boʻldi-da, chogʻi. Aslida ham u bechorada nima ayb? Bolalarim och qolmasin deb, xotin boshi bilan yarim kechasi boshoq tergani chiqdi. Buning ustiga, boyagi haqoratni eshitdi, lekin eriga gʻing degani yoʻq, indamay ishini qilyapti. Bu gapni qoʻzgʻagan oʻzi-ku axir!.. He, onasini… barini!.. Nima dedi? Dayus dedi, shekilli. Negadir tanish soʻz-a, lekin eslolmayapti. Nima deganiykin-a? Har holda yomon erkaklarni dayus desa kerakki, ulardan Alloh asrasin debdi. Ha, mayli, koʻchada birortasidan soʻrab olarman. Hoynahoy Patto bilsa kerak. Nima boʻlgandayam, ilmli-da — oʻqituvchi. Oʻsha biladi, bilishi aniq… Iflos Kastro baribir yaxshi gap gapirmadi, harami!.. U tagʻin bir gʻijinib qoʻydi-da, oʻzini qayerga joylashni bilmay, uyoq-buyoqqa xiyol tebranib turgach, koʻchaga otildi.
Koʻcha nima? Yoʻq, aniqrogʻi, qishloq erkaklari uydagi gʻalvalardan qochib chiqadigan koʻcha deganlari nima oʻzi? Koʻcha — bu bitta doʻkon, bitta sartaroshxona, bitta baqqollik doʻkoni bor boʻlgan va bitta choyxona deb ataluvchi, hatto bir paytlardagi yagʻir sholchalari ham qolmagan, suvoqlari koʻchib ketgan eski bir bino baland-past koʻringan mungligʻdayin maskan — shu xolos. Mana shu koʻcha (yaʻni guzar) deb ataladi. Unga oʻxshaganlar asosan baqqollik yonidagi katta tol ostiga qoʻlbola qilib qurilgan taxtalari oʻydim-chuqur qoqilgan soʻrida oʻtirishadi. Chunki baqqolning eski shaxmati bor, qolaversa, vino ham faqat unda sotiladi va u “ishonchli kliyentlar”ga bir-ikki shisha “obi-hayot”ni nasiyaga ham berib yuboraveradi.
U bugun ham oʻsha soʻridagi “shaxmat jinnilari”ga qoʻshilarkan, choʻntagiga soʻnggi puliga baqqoldan “Saraton” oldi. Keyin shaxmat oʻyinini tomosha qildi, ora-sirada oʻziyam oʻynadi. U juda unaqa shaxmat ioʻqibozi emasdi, shunchaki vaqt oʻtkazish uchun oʻynardi. Bugun ham shu tariqa tush payti boʻlganini bilmay qoldi. “Shaxmat jinnilari” birin-ketin tushlik qilgani uylariga kirib keta boshllashdi. Oxirida sinfdosh oshnasi Patto ikkalasi qolishdi. Oʻyinni tugatishgach, Patto ham uyiga kirib ketmoqchi boʻldi.
— Yurovir boʻmasa, oshna, bizikida choy-poy ichib chiqamiz, — dedi soxta mulozamat koʻrsatib.
— Qoʻy, oʻsha choy-poyingni, bitta vina icheylik, ogʻayni, — deya sherigiga ayanchli jilmayib qoʻydi.
— Mayli, — dedi Patto ulfati tabiatli boʻlganidan beixtiyor choʻntagini kavlab, — lekin shu issigʻda…
— Vina hech narsa qimeydi… Omma meni pulim yoʻq. Men yanagi safar quyaman.
Baqqol ularning istagi bilan bitta vino va uch-toʻrt dona qurut olib chiqdi.
— Qorin ochuvdi-da, deb qoʻydi Patto vinoning “ogʻzi”ni ocharkan.
— Hech narsa qimeydi. Men uchun chideysan.
Ular bir piyoladan vino sipqorishdi. Shundan keyin haligi soʻz esiga tushdi.
— Dayus nima degani, Patto? Deya soʻradi tomdan tarasha tushganday.
Patto anglamay qoldi:
— Nima-nima?
— Dayus nima degani deyman. Hech tushunolmayapman-da.
Patto picha jim qoldi. Oʻylandi, soʻng:
— Negadir tanish soʻzu, maʻnosini eslolmayapman. Balki baqqol bilar…
Doʻkonida nimalar bilandir band boʻlgan baqqol savolni eshitgach, dono peshonasini tirishtirib, birpas oʻylanib turdi-da, oʻz feʻliga zid kelib, “bilmayman” deyolmadi (chunki hamma narsani bilaman deguvchilardan edi).
— Dayusmi-i?.. — dedi keyin choʻzib, — bu juda yomon soʻz. Omma-lekigin maʻnosi esimga kelmayapti-da shu.
Patto kuldi:
— Maʻnosini eslolmasangiz, yomon soʻzligini qaydan bildingiz?
— Ha, endi bilman-da, uka, — deya talmovsiradi baqqol.
Shu bilan gapning paynovi boshqa yoqqa ogʻdi.
Ikki oshna bir mahalgacha ikki shisha vinoni maydalashdi. Ichaklari achishib ketgach, va nihoyat Pattoning qistovi bilan oʻrinlaridan turishdi. U uyi tomon borarkan, masjiddan chiqayotgan odamlarga roʻpara boʻldi. Ular asr namozini oʻqib chiqishardi. U odob yuzasidan beriroqda toʻxtab turdi. Turarkan, miyasiga urilgan fikrdan gavdasini bir rostlab qoʻydi. Haligi soʻzning maʻnosini imomdan soʻragani durust, u, albatta, biladi, axir olim odam-ku. Bu oʻzi eskicha soʻz boʻlsayam, ajabmas. Qolaversa, imom oʻzi tengqur yigit, tortinmasa ham boʻladi. U masjiddan hammadan keyin chiqadi, biroz kutib tursa boʻldi. Ogʻzidagi vino hidi bilan masjidga kirmagani maʻqul. Imom bilan sal uzoqroqda turib gaplashaveradi, vinoning hidini sezdirmaydi. U masjid darvozasi oldiga borib turdi. Oradan hech qancha oʻtmay, yuzidan nur yogʻilgan, ixcham soqoli oʻziga yarashgan imom chiqib keldi.
— Assalomaleykim, hoji aka, — u imom bilan nafasini ichiga yutib soʻrashdi.
— Vaalaykum assalom, keling, birodar!
U biroz kalovlangach, muddaoga oʻta qoldi:
— Shu, sizdan bir nimani soʻramoqchiydim…
— Bemalol. Qani, ichkariga kiramizmi yoki?..
— Yoʻq, shu yerda… Dayus degani nima degani, hoji aka?
Imom boshini eggancha xiyol jim qoldi, soʻng roʻparasidagi odamning qizargan koʻzlariga zimdan tikildi. U bu savolning zamirida biron quvlik yoki masxaralash brmi-yoʻqligini bilish uchun suhbatdoshining soʻzlaridan maʻno uqishga urindi. Yoʻq, uning nigohida quvlik ham, shumlik ham yoʻq, faqat iztirob bor xolos. Imom jilmayishga urinayotgan bu ayanchli koʻzlardagi iztirobni payqadi va savol berguvchini ehtiyotlab javob qaytardi:
— Bu narsa sizga nimaga kerak, bilmadimu, lekin javobini aytaman. Ahli ayolini, yaʻni onasini, xotini va opa-singillarini birovdan qizgʻanmaydiganlarni dayus deydilar.
Uning yuragi urishdan toʻxtadimi yoki joni boʻgʻziga tiqildimi, negadir nafasi qisib, koʻz oldi qorongʻilashib ketdi. Imom bilan qanday xayrlashganiniyu (aslida xayrlashdimi yoki yoʻqmi, aniq bilmaydi), qanday oʻz mahallasiga burilgani yodida yoʻq. Miyasida oʻza birgina soʻz aylanadi — “Dayus!”. Demak, u dayus boʻpti-da, demak, u xotinini birovlardan qizgʻanmapti-da! Koʻrsatib qoʻyadi senga dayusni!.. Toʻxta!.. Nimani koʻrsatasan? Axir xotiningni haqorat qilishganida indamay berkinib turgan sen emasmiding?! Turolmading-ku axir! Endi xotining bechoraga nimani koʻrsatib qoʻymoqchisan?..
U darvozasiga yetguncha xotinining aybsiz ekanini tan oldi. Hovlisiga kirdiyu, toʻgʻri etak tomonga yoʻnaldi. Oʻchoq oldida gʻimirlab yurgan xotini “Hmm, keldingizmi?”, deb qoʻydi mavhum bir ohangda. Darvoqe, nonni nima qilishdiykin-a? Bolalari tushlikda nima yeyishdiykin? Kechqurun nima yeyishadi?.. E-e, padariga ming laʻnat hammasini! Hovlining etagiga oʻtdi. U yerda kichikroq ariq oqardi, oʻshaning qirgʻogʻiga oʻtirib, tamaki tutatdi. Hamon haligi soʻz xayolidan ketmasdi. U rostdanam dayus. Xotinining nomusini himoya qilishga yaramadi-ku axir! Oʻshanda oʻrnidan shartta turib, “Hoʻy, it, nima deyapsan?”, deya Kastro melisaning yoqasidan olib, basharasiga tushirib qolsa boʻlmasmidi! Nari borsa, qamashardi, lekin oʻz vijdoni oldida, qolaversa, jufti haloli oldida yuzi yorugʻ boʻlardi-ku. Biroq turolmadi. Qoʻrqdi, qoʻrqoqlik qildi… nega turmadi?!.
Uning uyqusizlikdan qizargan koʻzlarining ichi yona boshladi. Hech qancha oʻtmay, ular yoshga toʻldi.
— Nega turmadi-i-i-im?! — tishlari orasidan chiyilladi u.
Ariq boʻyida uzoq oʻtirdi. Ketma-ket chekdi. Shom payti bolalari kechki ovqatga chorlashsa ham, bormadi. Yumshoqlik bilan rad etdi — “ovqat yegim yoʻq, oʻzlaring yeb turovringlar”, dedi. Keyin yana ancha oʻtirdi. Axiyri bir qarorga keldi-da, shahd oʻrnidan turdi.
Olamga allaqachon qorongʻi tushgan, xotini dahlizda nimadir tikib oʻtirar, bolalari esa har kungidek koʻchaga oʻynagani chiqib ketishgan shekilli. U katta uyga kirib, havo issiq boʻlishiga qaramay, eski kastimini kiydi, otasidan qolgan pichoqni qin-pini bilan ichki choʻntagiga soldi. Yana tashqariga chiqarkan, uning harakatlaridan hayron boʻlib moʻltirab qarab turgan xotiniga birrov nazar tashladiyu eshikka tikilgan koʻyi dedi:
— Kechagi ishga xapa boʻmagin, xotin! — u harchand oʻzini tutishga urinmasin, ovozi juda ayanchli chiqdi.
— Hah, oʻling-a, haliyam esiyzda turibdimi? — dedi xotini uni goʻyo erkalayotganday ohangda. Shunday deyishga dediyu, yana eriga qarab moʻltiradi.
— Endi unaqa qimiyman, xapa boʻmagin!
Shu gapni aytdiyu otilib koʻchaga chiqib ketdi. Toʻgʻri baqqolning doʻkoniga bordi. Soʻrida uch-toʻrt kishi gaplashib oʻtirishardi, u yoqqa oʻtmadi. Baqqol bilan doʻkon darchasi orqali gaplashdi:
— Bitta vina bervoring, aka, oma nasyaga, — dedi xijolatli ovozda.
— Mayli. Nima, birinchi saparmidi.
Baqqol pisanda qilmadi, uni xijolat boʻlmaslikka undadi, xolos.
— Moboda pulini berolmasam, rozi boʻp qoʻyasiz-da endi, — u baqqolga qarab, alamli tirjaydi.
— Nima balo, bugun koʻchib ketyapsanmi? — uning gapini hazil deb oʻylagan baqqol ham hazil qilgan boʻldi.
— Yoʻ-oʻ… Ha, endi aytaman-da…
U vinoni qoʻyniga tiqib, katta koʻchadan biroz yurgach, dala yoʻliga qayrildi. Shundoqqina mahallaning adogʻida tashlandiq objuvoz bor edi. U shunaqayam xaroba bir ahvolga kelgandiki, odam bolasi kechasi tugul kunduzi ham unga yaqinlashishga botinavermasdi. Objuvozning devori ostidan oqib oʻtguvchi ariqning suvi esa hamisha lim-lim, qirgʻogʻiga oʻtirishing bilan suvning tarovati yuzingni siypalaydi. Ariq chetlarida esa oʻt-oʻlan serob, ular saratonning olovli taftida xorigan tanlarga muzdekkina urilib, huzur bagʻishlaydi. U devor tagiga — ariq qirgʻogʻiga oʻtirdi. Oʻtirdiyu qoʻynidan vinoni chiqarib, “ogʻzi”ni ochdi. Ilimtiq vinoning yarmini bir koʻtarishda sipqordi. Taxir suyuqlikni och qoringa ichganidan afti burishdi, oz-moz boʻlsa-da, ogʻzini shirin qilmoqni istadimi, beixtiyor oʻng qoʻlining kaftida ariqdan suv olib ichdi. Ogʻzi badtar bemaza boʻlib ketdi. Soʻng kastimining yengini lablariga birpas bosib turdi. Haytovur ogʻzida chuchmal boʻlsa-da, chidagulik taʻm paydo boʻldi. Uning vino taʻsirida jimirl
ay boshlagan miyasida yana haligi soʻz paydo boʻldi, boʻldiyu oradagi ozgina fursatda sovigandek tuyulgan alam tagʻin bagʻrini yondirishga tushdi. Men rostdanam dayusman, deya oʻrtandi u yana, agar dayus boʻlmaganimda xotinimni birovga haqorat qildirib, oʻzim pisib oʻtirmasdim. Yanayam xotinim meni ayadi. Agar betimga tupurib tashlasa, haqqi bor edi… Nega buncha qoʻrqoqlik qildim-a?! Nahotki melisalar shunchalik jonimizni olib qoʻyishgan boʻlsa?!. Yoʻ-oʻq!.. U bu gapni ovoz chiqarib aytdi-da, vinoning qolganini ham sipqordi.
Bu yer xilvat joy edi. Bunaqa qorongʻida qariyb odam oʻtmas, oʻtsa ham, devor ostidagi odamni darrov payqay qolmasdi.
U rostmana mast boʻldi. Kechadan beri hech narsa yemagani, och qoringa bir shisha vinoni birvarakay simirgani darrov bilindi… Men unga koʻrsatib qoʻyaman birovlarning xotiniga osilishni! Shunday koʻrsatamanki… Pichoqni qayeriga ursamiykin-a? Boʻyniga ursammi? Yoki yuragiga sanchganim yaxshimi? Ogʻrisa kerak-a? Kimdir uning koʻksiga pichoq sanchganday bir seskanib tushdi-da, koʻkragini beixtiyor silab qoʻydi. Ogʻriydi-da… Yoʻq, yaxshisi, qorniga uraman. Pastdan ursam, sezmay qoladi. Keyin pichoqni burab-burab tashlayman. Shunaqa qilsa tezroq oʻladi deyishadi-ku!.. Keyin u oʻladi. Kastro melisa oʻladi!.. U ichki choʻntagidan pichoqni olib, qindan sugʻurdi. Yoʻq, pichoq yaltirab ketmadi, lekin u tigʻning damini sezdi. Oʻtirgan joyida goʻyo birovning qorniga pichoq urayotganday harakat qildi, bu harakatini bir necha bor takrorladi. Ammo oʻz harakati oʻziga judayam ojizdek tuyuldi. Yoʻq, men odam oʻldirolmayman! Men qoʻrqoqman, lattaman! Men dayusman!.. Uning boʻgʻziga nimadir tiqildi, kipriklarining osti ach
ishdi. Men hatto shungayam yaramayman! U alam bilan tizzalarini quchoqladi. Ey, Xudo, dedi chiyillab va hoʻngrab yigʻlab yubordi. Uzoq yigʻladi. Axiyri koʻz yoshi ham qolmadi shekilli, yigʻidan toʻxtadi, miyasi tiniqlashdi, goʻyo ichkilik ichmaganday boʻlib qoldi. Bir-ikki burnini qoqib, muzdek suvda yuzini yuvdi. Negadir yengil tortdi. Osmonga birpas tikilib turdi-da, burnidan chuqur nafas oldi va ogʻzidan keskin chiqardi. Yoʻq, men unip oʻldiraman, dedi keyin shivirlab, oʻrnidan turdi. Yoʻlga tusharkan, qoʻynidagi pichoqning sopini yana bir bor ushlab qoʻydi.
U kecha kechqurun xotini bilan boshoq tergan yeriga bordi. Kattaroq tutning panasiga oʻtirdi. Aslida bu kech kechagidan-da oydin edi, biroq tutning osti qorongʻiroq boʻlganidan u yerga oʻtirib olgan odamni diqqat bilan bilan tikilinmasa, sezish mushkul edi. U hatto tamaki tutatdi, lekin uni kaftining orasiga olib, choʻgʻini yashirdi. Qimir etmadi. Oʻtgan-ketgan boshoq oʻgʻrilariyam sezishmadi. U sabr bilan kutardi, kechagi tundan beri halovatini oʻgʻirlagan, uning or-nomusini, toʻgʻrirogʻi, or-nomus haqidagi tushunchalarini ostin-ustun qilib yuborgan va eng asosiysi, xotinini yuzsizlarcha haqoratlab, uning oʻzini masxaralagan Kastro melikani kutardi. Unga hukm chiqarilgandi va endi oʻsha hukmni ijro etishgina qolgandi. Bu uning qoʻlidan keladi, hatto endi kiprigi ham silkinmay, qatlni amalga oshirishi mumkin. Ha, shunday, bunga uning jurʻati yetadi va boshqa orqaga chekinmaydi ham. Hukm etilgan zot esa hademay paydo boʻladi. U hozir hoynahoy shiyponda, bir-ikkita xushomadgoʻylari olib kelgan araqni simirib, o
sh yeb oʻtirgandir. Oz qoldi, nihoyat nafsi ham qonadi va oʻljalarini, yaʻni boshoq oʻgʻrilarini ovlashga tushadi. Picha sabr qilishi kerak xolos…
Rostdan ham hech qancha fursat oʻtmay, bugʻdoyzor chetidagi tutlarni panalab kelayotgan Kastro melisaning sharpasi koʻrindi. U doimgiday harbiylarning ola-bula “dala kiyimi”da edi. Kastro roʻparasidagi katta tutning yonida qoʻqqisdan paydo boʻlgan odamni koʻrib, bir choʻchib tushdi. Nafasini rostlash va dadillashib olish uchun bir-ikki tomoq qirdi. U esa oʻng qoʻlini qoʻyniga tiqib, pichoqning sopidan tutdi.
— Hoʻy, melisa!.. — dedi soʻng tomdan tarasha tushganday va harchand dadil gapirishga urinmasin, baribir ovozi qaltirab chiqdi. Oʻzining bu ahvolidan nafratlanib, gʻijindi. Lekin yuragi bezovta urar, qattiq hayajonlanayotganidan butun vujudi qaltirar, pichoq ham qoʻlidan chiqib ketayotganday tuyulardi.
Kastro bir noxushlikni sezib, tilida allanimalarni gapirsa-da, miyasida unga qarshi tadbir oʻylay boshladi.
— Ha, xormasinlar! — dedi Kastro va unga yaqinlashmay, tut orasidan yoʻl tomonga oʻtdi. Ammo hali bu odamning kim ekanini tanib ulgurmagandi.
U ham yoʻlga oʻtdi.
— Qayoqqa qochyapsan? Toʻxta! — deya oʻdagʻayladi Kastroning oldidan kesib chiqarkan.
Kastro uni tanidi.
— Ie, sizmidingiz?.. — xayolida esa toʻpponchani olvolmaganidan afsuslandi. Oʻng qoʻlidagi qoʻlchirogʻini orqasiga yashirganday ikkla qoʻlini belida qovushtirdi. — Ha, tinchlikmi?.. — Lekin “nega senlayapsan?”, demadi. Agar boshqa payt boʻlganida…
Ular yuzma-yuz boʻldilar. Oralarida bir qadam masofa. Uning oʻng qoʻli hamon qoʻynida. Kastroning orqa tomoni bir-ikki yorishganday boʻldi. U esa faqatgina oʻch olovida yonayotgani bois buni sezmadi.
— Kecha nega meni xotinimga gap qildiing?! — dedi ovozi titrab.
— Qachon? — Kastro uni chalgʻitishga urinardi, xayolan esa qoʻlchirogʻi bilan bergan “signal”ga binoan yetib kelishi kerak boʻlgan mashinaning ovozini kutardi.
— Kecha! — deya taʻkidladi u.
— Kecha men bu yerda emasdim, — dedi melisa pinagini buzmay.
U esa qizishdi.
— Voy, ablah-ey!.. Axir xotinimga iplos gap qilgan sen emasmiding?..
— Yoʻgʻ-ey, adashyapsiz… — Kastro mashinaning ovozini eshitdi, koʻz qiri bilan uning chirogʻini ham koʻrdi — u oʻqday uchib kelardi. — Xotiningizga nima depman?
— Hali gapim ham esimda yoʻq degin! — lekin u asabiylashganidan roʻparasidagi mashinani ham sezmasdi. — Ha, mayli, endi menga baribir!.. — Uning oʻng qoʻli qimirladi.
Mashina yaqinlashib qoldi.
— E, ha-a, kecha bugʻdoydi ichida pisib yotgan senmiding?! — dedi Kastro va koʻzlari yovuz chaqnab ketdi.
U sarosimaga tushdi.
— Nima-a?!. — Pichoqni qinidan chiqardi, ammo bu payt roʻparasida Kastro yoʻq, ikki ulkan chiroq uning koʻzlarini yoqib yuborguday porlab, yaqinlashardi. U xiralashgan koʻzlari bilan uyoq-buyoqqa alangladi, ortiga oʻgirilganida boʻynining chap tomoni aralash qanshariga urilgan qatttiq zarbdan yerga quladi.
— Sen hali meni oʻldirmoqchi boʻldingmi?! — Kastro uni ayamay tepkilashga tushdi.
Bu payt mashinadan yugurib tushib kelgan ikki davangirday “xalq posboni” ham Kastroga qoʻshilib, uning toʻgʻri kelgan joyiga tepa boshlashdi. U esa ogʻriqdan ixrar, hammayogʻi tuproqqa belanib boʻlgandi. Tepkilashlardan koʻtarilgan chang mashina chiroqlari nurida toʻlgʻona-toʻlgʻona osmonga oʻrlardi.
— Arqonni obke! — deya buyurdi Kastro “posbon”lardan biriga. — Kecha xotiningni qimagan boʻsam, mana endi onangni qilaman, iplos!.. — Kastro uning qorniga tepdi. — Mana, senga!.. Men endi oʻzingni qilaman, bildingmi!..
Uning qoʻl va oyoqlarini chirmab bogʻladilar va uchovlashib koʻtarib, “Villis”ning orqa oʻrindi ostiga irgʻitdilar. Ikkala “xalq posboni” orqa oʻrindiqqa oʻtirib, oyoqlari bilan uni bosib olishdi. Kastro esa haydovchining yoniga oʻtirarkan, eshikni qarsillatib yopdi-da, haydovchiga oʻshqirdi:
— Boʻlimga hayda!..
Mashina qattiq siltanib, oʻrnidan jildi. Uning izidan koʻtarilgan boʻzrang chang tun boʻlsa-da, negadir aniq koʻrinardi…

1999-yil, dekabr – 2001-yil, may