Nurulloh Muhammad Raufxon. Qiyomat
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Jarchi har kuni erta uygʻonadi.
Rahmatli otasi bolaligidan uni shunga oʻrgatgan.
Yuvinib-tozalanib, ich uyga kirib, tonggi namozga jar soladi.
Jarchilik unga rahmatli otasidan oʻtgan.
Otasi aytishicha, uning ham otasi shu qishloqda jar chaqirib oʻtgan. Undan oldin katta bobosi…
Bu naslga oʻzi jarchilikka duo ketgan. Yetti pusht el-yurt xizmatida oʻtdi. Mahallama-mahalla kezib bir toʻyga, bir azaga chaqiradi. Yayov kezadi yo eshakka minib oladi. Birda hasharmi yo boshqa yigʻinmi ‒ ularga ham chorlab qoladi.
Eng asosiysi ‒ namozga chaqiradi. Kunda besh mahal.
Bu muzofot machitlari turli zamonlarda bu nasl jari bilan odamga toʻlgan: namozlar oʻqilgan, pand-nasihatlar tinglangan.
Minoralarning tepaga oʻrlagan ich zinalari va mezanalari yetti pushtning tovonini hidlagan. Yetti pushtning qadami yalay-yalay zina kirpichlari yeyilib-eyilib, yaltirablar ketgan.
Boshqa yerlarni bilmadig-u, eskidan bu atrofda namozga jar chaqirgan odam toʻy-maʻrakaga ham jar chaqirishi anʻana boʻlib qolgan. Xalq ularni “Palonchi jarchi” deb oʻrgangan. Kamdan-kam odam “muazzin” demasa, asosan “jarchi” soʻzi mashhur.
Aytgancha, hov bir zamonlar “soʻpi” ham deb qoʻyishardi. Qizigʻi ‒ yuzma-yuz turganda har kim yoshiga qarab yo “ soʻpi“, yo “soʻpi aka”, yo “soʻpi togʻa”, yo “soʻpi katta” deb qoladi, ammo orqasidan kattayu kichik birday otini qoʻshib “Palonchi jarchi” deydi.
Eng katta bobo xon zamonlarida shaharda jarchi-soʻpilik qilgan ekan. Umri Qoʻqon ahlini machitga, namozga, oxirat azoblaridan qutulishga chaqirish bilan oʻtgan, deyishadi. Otadan bolaga, boladan nevarayu evaralarga oʻtib kelgan rivoyatlarga koʻra, oʻsha katta boboning azonini eshitish uchun hatto Qoʻqon tevaragidagi qishloqlardan moʻminlar atay shaharga kelishgan.
‒ U katta bobomizning otalari, yaʻni, yanayam katta bobomiz murattab qori boʻlgan ekanlar, ‒ deydi Jarchi qoʻltigʻida oʻtirgan toʻrt yashar nevarasiga quloq-chakkasi aralash chap yonbosh-tepadan armonli boqarkan. Har gal ota-bobosi haqida eslaganida, odatda, koʻzi namlanadi, ovozi qaltirabroq chiqadi. ‒ Xonlik zamonida u kishini “Bulbul qori” deyisharkan! Har mahallada kamida oʻntadan qori boʻlgan zamonlar el uncha-muncha odamni “Bulbul qori” deb tan olmaydi! Oʻh-hoʻ! Bobomizning nomlari yetti iqlimga ketgan ekan…
Bularni aytarkan, har safar shirin bir entikib qoʻyadi. Yoshli koʻzini uzoq-uzoqlarga tikadi. Xuddi shu qarashida oʻsha asrni va oʻsha bobosini koʻrayotganday, chaqirayotgan azon saslarini yo Qurʻon tilovatlarini eshitayotganday boʻladi, yuragi hapriqib ketadi. Allapaytgacha koʻzini uza olmay qoladi oʻsha uzoq tomonlardan.
‒ Lekin jarchilikni ham tashlamaganlar. Olloh har kimga bir narsa beradi, bolam, bizning avlodga ovozdan bergan!
Gal boboga kelganida Turkistonga oʻris bostirgan, talotoʻp boshlangan davrlar edi. Bir kunda olti (tahajjudga ham), ayrim kunlari yetti, sakkiz… hatto oʻn mahal azon chaqirishga toʻgʻri kelgan. Shundan olti mahali namoz uchun boʻlsa, qolganini odamlarni machitga toʻplash uchun chaqirgan. Machitlarda qavmga muhim xabarlar yetkazilar yo Xon oliy hazratlarining yangi farmonlari oʻqib eshittirilar edi.
Mamlakatdagi hamma machitda shu ish: erkak zotini oʻrisga qarshi oyoqlantirish uchun minoralardan azon aytilar yoki koʻchama-koʻcha yurib jar chaqirilar edi.
‒ Namoz vaqti odamlar bu chaqiriq namozga ekanini bilgan. Kelib namozini oʻqiganu uy-uyiga yo ish-ishiga tarqab ketavergan. Ammo boshqa vaqtlari chaqirilsa, demak, boshqa narsaga ekanini sezgan. Koʻplar machitga biratoʻla tayyorlanib kelib, ikki rakat namoz oʻqiganu yurtni kofir najasdan qoʻrish uchun oʻsha yerdan toʻgʻri urushga joʻnab ketaverar ekan, ‒ deb hikoya qiladi Jarchi. Soʻzlarkan, nevarasining jingalak sochlarini silab-silab qoʻyadi. Ovozida qandaydir cheksiz armon alomatlari seziladi. ‒ Lekin u bobolarimiz yurtni oʻrisdan asrab qolisholmadi. Oʻzimizning xon taxtdan ketib, oʻrniga oqposhsho keldi. Kofir yutdi, musulmon yutqizdi, mamlakat oʻris qoʻliga oʻtdi. Shunda ham bobom umrining oxirigacha azon aytib, jar chaqirib oʻtgan, bolam…
Jarchilik otasiga oʻtganida poshsho yana oʻzgaradi. Endi hokimiyatga dinsiz bittasi keladi.
‒ Oqposhsho kofir boʻlgani bilan Xudoni yoʻq demadi, dinimizni qoʻyib berdi, ammo Lelin degani gʻirt kofir ekan. Bular oʻzini “shoʻro-sovet” deb atardi. Ogʻir pallalar boshlandi, ‒ derdi Jarchi koʻzidan rosmana yosh dumalatib.
Nevara qoʻltiqda xuddi ertak eshitayotgandek berilib oʻtirarkan, har-har zamon bobosining soqolidan tortqilab-tortqilab qoʻyardi.
‒ Ha, oʻris poshshosi davlatimizni yiqdi, yerimizni bosdi, boyligimizni taladi, lekin namozga tegmadi, machitni yopmadi. Ammo “sovet” degani yomon chiqdi, bolam, sovet molimizga ham, jonimizga ham chang soldi… Uyimizdan hoʻkizimiz-molimizgacha tortib olgani yetmaganday, yuragimizdan dinimizni ham sugʻurib-chiqarib tashladi. Tuppa-tuzuk moʻmin-musulmonni oʻziga oʻxshagan “oʻris” qipqoʻydi. Namoz qolmadi… machitimizni harom oyoqlar toptadi… “musulmon ummati” edik, bir dumalab “sovet kishisi”ga aylandik…
* * *
Albatta, yurt boshiga bu kulfatlar birdaniga yogʻilmagan. Sovet davlati ilk yillari dinga tegmay turgan, hayot xuddi ilgaridagidek davom etgan. Toʻgʻri, ayrim imoni kuchsizlar toydi, lekin minoralardan jarchilar odamlarni hali ham namozga chaqirar, yurt osmoni azonsiz qolmagan edi. Machitlar toʻlibmi-toʻlmaymi harholda namoz oʻqilardi.
Soʻngra…
Hokimiyati kuchaygan sari sovet quturdi ‒ dinni choʻpchak dedi, Qurʻon oʻqiganni qamadi, surgun qildi. Bor narsamizni eskilik sarqiti deb eʻlon etdi. Oʻzimizni oʻzimizga begona qilib, oʻzimizning hayotimizni oʻzimizga xunuk koʻrsatib qoʻydi.
Bora-bora Ollohga qarshi urush ochdi: machitlarni yopdi, choʻchqaxonalarga aylantirdi, minoralarni qulatdi. Omon qolganlari tutunsiz moʻri kabi tumshayib qoldi. Azon, namoz bekor qilindi.
Bir kuni shunday boʻldi ‒ ota jarchiga ish qolmadi. Jar chaqirsa, oʻlikka yo toʻygagina chaqiradigan boʻldi.
Uyiga biqindi. Namozga jarni ham uy ichida aytadigan boʻldi. Pastgina tovushda… Birov eshitib qolmasin deb…
Oʻrgangan. Qanday tashlaydi? Oʻrtada otasining vasiyati bor. Ming yildan beri surib kelayotgan oila ipi unga kelganida uzilsinmi? Asrlar qaʻridan ogʻizdan-ogʻizga, qoʻldan-qoʻlga oʻtib kelgan omonatga u xiyonat qiladimi? Nahot endi hammasi toʻxtaydi?!
Bunday boʻlishiga u sira koʻnmaydi. Toʻrtta maymun Ollohni yoʻq desa, Olloh yoʻq boʻlarmidi! Shuncha zamondan beri yurt uzra yangrab kelgan azon saslari ham endi unga kelganida soʻnib qolmaydi!
Ota jarchi qaysarlik bilan oyogʻini qattiq tiradi: har kuni vaqtida tahoratini olar, kimsasiz bir uyiga kirar, pardalarni tushirar, qiblaga yuzlanar va… bir oʻzi eshitadigan past tovushda oʻziga oʻzi jar solar edi:
‒ Olloh buyukdir!.. Olloh buyukdir!.. Olloh buyukdir!.. Olloh buyukdir!..
Tashqarida esa, yovvoyi bir mafkura qilichini yalangʻochlab koʻchama-koʻcha izgʻigani izgʻigan edi. Koʻziga sal boshqacharoq koʻrinsa, yoʻlida uchraganni qoq ikkiga boʻlib tashlar, qonini shamolga sovurar, kechayu kunduz tinmaydigan shafqatsiz shamol u qon tomchilarini butun vodiy boʻylab sachratib, yurt yuzini qizilga boʻyab tashlar edi.
Tiriklikdan koʻzlangan maqsad oʻzgardi. Oʻzgartirildi. Nigohlar boshqa tomonga burildi. Azon ham, namoz ham koʻchada jon saqlay olmay qoldi ‒ mahramlasha-mahramlasha oldin hovlilarga, soʻngra uy ichlariga kirib ketdi…
Endi azon sasini taxmonga yigʻilgan koʻrpalar, derazaga osilgan pardalar, qoʻyingki, uydagi bor narsalar va… uni aytayotgan odamning oʻzi eshitadigan boʻldi.
Ota jarchi bilganidan qolmadi. Bir boshga bir oʻlim dedi.
Katta bobolaridan kichik bobolariga va to yaqin bobosidan otasiga, otasidan oʻziga oʻtgan ip uchini endi u ham bolasiga tutqazib ketmasa, vijdoniga xiyonat qilayotgandek boʻlaverardi. Mayli, hozircha oʻzi oʻzini chaqirsin, mayli, azon tovushini bitta oʻzi eshitsin, lekin chaqiradi! Chaqiraveradi! Asl haqiqatlar hech boʻlmaganda havo zarralari, uy devorlari, koʻrpa-toʻshaklar xotirasida qoladi-ku, dedi.
Hafsala bilan, takror-takror jar solaverdi:
‒ Guvohlik beraman: Ollohdan oʻzga iloh yoʻq!.. Guvohlik beraman: Ollohdan oʻzga iloh yoʻq!..
U ogʻir zamonlarda hozirda qari chol boʻlib qolgan mana shu bolasi ancha yosh edi. Ota koʻchada begona tugul, hatto uyida xotiniyu shu yosh bolasi qulogʻiga chalinib qolishidan choʻchib (koʻchada oʻrtoqlariga aytsa, ular otalariga aytsa, ular qayerlargadir borib kimlargadir aytsa, shu azonimdan ham quruq qolmayin deb), yolgʻiz oʻzi eshitadigan darajada past tovushda jar solardi:
‒ Guvohlik beraman: Muhammad Ollohning elchisidir!.. Guvohlik beraman: Muhammad Ollohning elchisidir!..
Qanday kunlarga qoldik? Yaqin-yaqin zamonlarda, minoralarga chiqilib, tovushlar bor boʻyiga qoʻyilib, yetti iqlim machitga chorlanar edi. Endi boʻlsa… pichirlab… birov eshitib qolmasin deb…
‒ Namozga shoshilinglar!.. Qutulishga shoshilinglar!..
Hatto uyidagilarni, hatto oʻz bolalarini namozga chaqirib boʻlmasa-ya?!
Yuragi ezilardi. Ammo ilojsiz edi. Oʻzini xuddi eshik-derazasi yoʻq qorongʻi uyga kirib qolgandek his etar, zulmatdan chiqar yoʻlni topa olmay battar oʻksir edi. Qoʻlidan kelgani ‒ xilvat uyida… taxmon tomonga yuzlanib…
…yigʻlar, tanimsiz koʻzyosh toʻkar… turib yigʻlar, oʻtirib yigʻlar, yotib yigʻlar… bir oʻzi, yolgʻiz oʻzi yigʻlar edi…
* * *
Bir kuni pioner bolasi maktabdan kelib, hovlidan hech kimni topmagach, bu hilvat hujraga kirib qoldi va otasini yigʻi ichra koʻrdi. Gʻalati boʻlib ketdi: otasi, ishongan togʻi, kap-katta odam xuddi yosh boladay yigʻlab oʻtirsa!..
Nima qilarini bilmay, ostonada birpas turib qoldi. Uyaldimi, yurak yutib otasiga yaqin borolmadi. Bildirmaygina hujradan chiqdi.
Hayron boʻldi: nega yigʻlayaptilar? nima boʻldiykan?
Kechki ovqatdan keyin sekin soʻradi:
‒ Sizni kim xafa qildi, otajon?! Nimaga yigʻladingiz?
Ota oʻgʻliga siniq boqdi.
‒ Keyin aytaman, ‒ dedi. ‒ Kattaroq boʻlganingda aytaman…
* * *
Maktabni bitirgan yili otasi yotib qoldi. Bir kuni oʻgʻlini qoshiga chaqirdi.
‒ Endi aytaman, bolam, ‒ dedi. ‒ Qulogʻingni ogʻzimga yaqin tut.
Oʻgʻil hayron boʻldi. Xayolidan: “Otam tildan qolmagan, tovushi dadil chiqib turibdi, shunday gapirsa ham eshitaman-ku, nimaga qulogʻimni ogʻziga yaqin tutishimni soʻradi”, degan oʻy kechdi. Lekin indamay boʻyin sundi.
‒ Yanayam yaqinroq kel, ‒ dedi kasal ota.
Oʻgʻil qulogʻini otasining lablariga bosdi.
Ota shivirlay boshladi.
Uzoq shivirladi.
Gapi havoga toshib chiqib uvol boʻladigandek ogʻiz bilan quloq orasida zarra siqqunchalik boʻshliq qoldirmay, lablarini oʻgʻlining qulogʻi ichiga tiqib shivirlar edi. Bobosi otasiga, otasi unga oʻtkazib ketgan maʻnaviy ip uchini davomchisining, meroschisining yuragiga bogʻlab qoʻyishga harakat qilardi…
Bir dam keldi, goʻyo ogʻiz bilan quloq yoʻqoldi, oʻrtada yolgʻiz yurak bilan yurak qoldi. Shivirlayotgan ogʻiz emas, yurak boʻldi. Eshitayotgan ham quloq emas, yurak boʻldi. Zamonlar oralab ajdoddan avlodga oʻtib kelgan birnima ota yuragidan oʻgʻil yuragiga toʻgʻridan-toʻgʻri, hech qanday vositasiz, shilq etib oʻtib oldi goʻyo…
* * *
Ota oʻldi.
Oʻgʻil uni koʻmdi.
Oʻsha kundan boshlab oʻgʻil ota ishini davom ettira boshladi. Ilk dafʻa jar solarkan, sasi goʻyo oʻziniki emasday tuyuldi:
‒ Olloh buyukdir!.. Olloh buyukdir!..
Oʻziniki emas, ammo tanish. Xuddi ming yillardan beri eshitib kelgan qadrdon bir tovush!
Yuragi bir ajib huzur topdi.
Keyinlar qachon esiga tushsa, miyigʻida sezilar-sezilmas jilmayib qoʻyardi. Ajib bir ish boʻldi oʻziyam: oʻylab oʻtirmadi, ixtiyoridan tashqari ravishda, oʻzidan-oʻzi u ham taxmon tomonga koʻz tikdi va tovushini pastlatib jar sola boshladi.
Otadan jarchilik meros oʻtganidek, uni qoʻrqa-pusa, yolgʻiz, oʻziga oʻzi aytish ravishi ham qondan meros oʻtgan edi.
Otaning hujrasi oʻgʻilga qoldi. Taxmoni… jari… yigʻilari… bilan.
Taxmonga u taxmon boʻlgani uchun yuzlanilmas ekan. U tomonlarda nimadir ulugʻ va jozibali bir narsa bor ekan. Otasi uning qulogʻi orqali yuragiga birnimalar derkan, oʻrtadan taxmonni koʻtarib, toʻsiqlarni ochib, oʻgʻlining nigohini uzoq-uzoqlarni koʻradigan qilib ketgan ekan.
Oʻgʻil endi har gal u tomonga yuzlanganida, ikki taxmondagi ikki sandiq ustiga yigʻilgan koʻrpalar, oʻrta tokchadagi taxlam yostiqlar toʻsib turgan tomonning u yogʻini ‒ uzoq-uzoqlarni koʻrganday boʻlardi. Shunday paytlari yuragi huzurga toʻlardi.
“Otam ham bu tomonga bejiz qaramas ekan, koʻrpa-yostiqni emas, uning orqasidagi, devorning nariyogʻidagi huzur uyini koʻrib yurgan ekan-da!” deb tamshandi bir kuni.
‒ Olloh buyukdir!.. Olloh buyukdir!.. Ollohdan oʻzga iloh yoʻq!.. ‒ deb yubordi zavq-shavq bilan.
Va oʻzini unutar darajaga tushib, sherigi boʻlmagan, yolgʻiz, Bir va Bor, Qudratli Zotga topina boshladi. Topinish unga cheksiz bir huzur berar, olgan huzuri uni qayta-qayta topinishga undar edi.
* * *
Shu taxlit yillar kechdi.
Bir kuni oʻzidan-oʻzi yigʻlab yubordi.
Otasi bir umr nimaga yigʻlab oʻtganining sirini bildi.
Yigʻi battar bosib keldi.
Ammo bu yigʻi unga gʻam-alam keltirmadi. Aksincha, qandaydir lazzat berdi. Yigʻidan topgan lazzatini boshqalarga ham ilingisi keldi:
‒ Namozga shoshilinglar!.. Qutulishga shoshilinglar!.. ‒ deb jar sola boshladi u.
Lekin tovushini oʻzidan boshqa kimsa eshitmadi. Koʻcha eshitmayotgani tabiiy edi. Hatto xotini, bolalari ham uning jarini eshitishmasdi. Jarchining ogʻzi va ogʻzidan chiqayotgan tovushi bilan xotin-bola-chaqasining qulogʻi orasi ancha uzoq, uzo-oq edi goʻyo.
Lekin sira tushkunlikka tushmadi. Chunki ilgarilari otasi jar chaqirganida oʻzi ham eshitmagan. Umuman, otasi nimaga koʻpincha oʻzi bilan oʻzi boʻlib ketishi sabablarini ham u paytlar bilmagan.
* * *
Jarchi tobora odamlardan uzila boshladi.
Qishloqchilik, har xil yigʻinlarga jar chaqirib turdi, ammo oʻsha yigʻinning oʻzidan oyogʻini tortadigan boʻlib qoldi. Bora-bora koʻchada ham jar chaqirmay qoʻydi.
Qishloq “Bor-e!” deb navbatdagi darvishanada oʻziga boshqa jarchi saylab oldi.
Endi koʻcha-koʻyda, oʻngda-soʻlda ovozi doʻrildoq dovdir-sovdir bir yigit valasapidda yurib jar chaqiradigan boʻldi.
Odamlar asta-sekin eski jarchining tovushini unutib yuborayozdi. Quloqlarga yangi jarchi tovushi oʻrnashdi.
Necha zamonlardan beri bu oila jarchi boʻlib kelganini keksalar eslamasa, keyingilar deyarli unutdi. Zotan, yoshlar u tomorqasida bodring-pamildori ekib, dehqonchilikdan tirikchilik qilib yurishinigina biladi, boshqa ishini koʻrmay oʻsdi.
Elchilik-yurtchilik shunaqa ekan-da, sal koʻrinmay qolsa, kap-katta odam ham eslardan chiqib ketarkan.
Shunday qilib eski Jarchi el-yurtdan ajralib, oʻzi bilan oʻzi boʻlib ketdi. Qishloqdagi bitta-yarim oʻldi-netdida koʻrinmasa, boshqa tadbirlarga aytilsa ham bormay qoʻydi. Ayniqsa, toʻylar usiz oʻtar, odamlar uning koʻrinmasligiga koʻnikib boʻlgan edi.
Bunaqa bir zamonda yuraklariga toʻy-hasham siqqaniga hayronman, deb qoʻyardi Jarchi ichida.
* * *
Zamonning iltongʻ-biltongʻ soʻqmoqlari oralab oy necha-necha oylarni, yil necha-necha yillarni yetalab oʻtdi…
Kunlardan bir kun eski Jarchi tuyqus qishloq koʻchasida paydo boʻldi. Yoʻlidan adashgan devona kabi koʻcha oʻrtasida bir muddat kalovlanib turib qoldi. U tomon-bu tomon boqdi.
Aslida qayoqqa borishini biladi. U yoq-bu yoqqa qarash bilan yurar tomonni izlamasdi. Boqishi maʻnosiz edi. Zotan, u aniq bir narsaga boqmayotgan ham edi. Yaʻni, tevarakka alanglar, lekin hech narsani koʻrmas edi.
Oyogʻi xarobaga surgaladi.
Bunday holatda odatda “boshi oqqan tomonga” degan ifoda qoʻllanadi. Jarchining boshi shu yoqqa ogʻdi va u jilovini boʻsh qoʻydi.
Nigohi yer chizib, odimma-odim yoʻl tortib ketaverdi.
Oʻtgan-ketgan unga hayratlanib yo ajabsinib qarab qoʻyayotgan boʻlsa-da, u kimsaga parvo qilmadi.
Tashqaridan qaraganga Jarchi chuqur oʻyga tolganga oʻxshab koʻrinardi.
Qishloq oʻrtasida otasi zamonida buzilgan machit va minoraning xarobasi ‒ tashlandiq bir makon bor boʻlib, moʻljallagan manzili oʻsha yer edi.
Nihoyat, manziliga yetdi. Toʻxtadi. Qachonlardan buyon qarovsiz yotgan maydonga hazin termuldi.
Buzilgan machitning, yiqitilgan minoraning kirpichlari har yer-har yerda tartibsiz sochilib yotar, bir qismi oʻrtaga pala-partish etib uyulgan edi. Machit buzilgan boʻyi joy-joyida qolgan ogʻochlar yogʻin-chochin taʻsirida chirib bitgan, qurt-qumursqa nasibasidan ortgan qismi allaqachon poʻkakka va kukunga aylanib boʻlgan edi.
Ammo qamishlar qamishligini deyarli yoʻqotmagan. Albatta, ilk tilla rangidan asar qolmagan, tusi qoramtirlashib ketgan, lekin poya bus-butun saqlangan edi.
Xullas, yillar, qorlar, yomgʻirlar, issiqlar, sovuqlar, shamollar, dovullar oʻz ishini qilgan edi. Qishloqqa ilk marta kelgan kishi bir koʻrishdayoq bu yer juda uzoq vaqtlardan beri tashlandiq boʻlib yotganini bilardi.
Kirpichlar nurab, kesaklar tuproqqa aylanib boʻlgan. Tevarakni changal, yantoq, yovvoyi beda, bangidevona, lataxar, ajriq, koʻztikan, kurmak, pechakoʻt… kabi xonakiyu yovvoyi oʻtlar aralash-quralash bosib ketgan…
Erdan chiqqan hamma narsa bahorda bir gurkirab, xaroba-tashlandiq maydon koʻzlarga koʻm-koʻk tepalikday chiroyli koʻrinib qoladi. Lekin bu chiroy oʻtkinchi ekanini qishloq ahli biladi.
Maydon yashilligi vaqtinchadir. U tasavvurlarni uch-toʻrt oy aldab turadi, xolos. Yoz oʻrtalariga borib bari qurib-qovjiray boshlaydi. Bu tashlandiq makon har yili kuzni jizgʻinagi chiqib qarshi oladi. Soʻng to keyingi bahorgacha shu boʻyi qoladi.
Asl holi borligʻi butkul yalagʻochlanganida koʻrinadi yaʻni.
Yogʻin-chochin koʻp boʻlgan yillari oʻt-oʻlan qishi bilan chirib bitadi, kuz va qish quruq kelgan yillari esa xas-xashakka aylanib, ustma-ust taxlanib boraveradi.
Qishloqliklar qachonlardir bu yerda katta bir machit va baland minora boʻlganini deyarli unutib yuborgan. Machit va minoraning asosiy vazifasi nima ekanini ham bilmaydi. Shu darajada. Ammo, qizigʻi, nimagadir bola-baqrasini bu yerda mol-hol boqishdan mudom qaytarib keladi. “U yerlarda boqma molingni!” deb tayinlash qishloqda anʻana tusiga kirgan. Hech kim qoʻyini, molini bu xarobaga haydamaydi.
Oʻt-oʻlan, yantoq va boshqa bor oʻsimlik turi har bahor yangisi eskisi ustiga chiqaverib, bu xaroba doʻnglikni qandaydir oʻziga xos bir ertakona makonga aylantirib qoʻygan.
Machit buzilishi va minora yiqitilishini koʻrgan oxirgi odam ham allaqachon dunyodan oʻtib boʻlgan. Qishloq ahlining koʻpi bu xaroba oʻrni qachonlardir qanaqadir ibodat yeri boʻlganini tusmoldan biladi. Bobo-momolar ota-onalarga, ota-onalar bolalariga nimalarnidir aytib ketgan chiqar, axir.
Aytganmi-aytmaganmi, keyingi zamon odamlarida bu yerga xuddi qargʻish tekkan yer deb qarash ham shakllangan.
Xullas, machitning qoldigʻi deydimi, qargʻish tekkan yer deydimi, ishqilib, kimsa bu xarobada mol-hol boqmas, bir narsa olmas, narsasi tugul, oʻt-oʻlaniga-da teginmas edi.
Albatta, ogʻochlar chirib bitgan, qoʻl tegsa toʻkilib ketguday boʻlib yotibdi, lekin eski musulmon kirpichlari harholda butun saqlangan, olib ishlatsa boʻlardi. Ular ham bittasi xato boʻlmay xas-xashak ostida qolib ketdi.
Nimagadir davlat bu yerlarni ochmadi ‒ oʻzlashtirmadi. Boʻlmasa, davlat xudosiz edi! Yaratgan Zotni yoʻq deyishdan qoʻrqmagan davlat qandaydir bir machit mulkidan hazar qilarmidi?!
Yoʻq, tegmadi. Nimagaligini oʻzi biladi, lekin bu yerni na birovga uy-joyga berdi va na biron doʻkon-moʻkon qurdi.
Davlat balki atay oʻzlashtirmayotgandir. “Senlarning oʻtmishingni qulatdik, “shonli tarix”ingdan mana shu kabi xarobalargina qoldi! Endi aslo qaytib oyoqqa turmaydi! Eski zamonlardagiday qilib tiklayolmaysan ham! Hech qachon!” degan fikrni el-ulus miyasiga doimiy singdirib borish uchun joʻrttaga saqlab qoʻygandir.
Oʻshandan beri qancha suvlar oqib oʻtdi. Eskilar bitta-bitta oʻlib ketdi. Qishloqda qanchadan-qancha yangi odam tugʻildi. Tugʻiliboq, koʻzi ochiliboq shu tashlandiq makonni koʻrdi, shu xaroba tevaragida katta boʻldi,
Bitta-yarim qiziquvchan bola: “Nimaga bu yer buzuq?” deb soʻrab qolsa, hamma ham yurak yutib javob berolmasdi. Darrov “Oʻtmishini qoʻmsayapti!” degan aybni orttirib olishi mumkin. Kimga kerak tashvish? Undan koʻra, qorinlar och boʻlsa-da, quloqlar tinch boʻlgani yaxshi. Oʻzini bilmaganga solishga, yelkalarni qisib qoʻya qolishga nima yetsin!
Ayrim uylardagina otalar eshik tomonga qoʻrqa-pusa koʻz tashlab turib, bu yer bir zamonlar machit boʻlganini, yonboshidagi doʻnglik minora qoldigʻi ekanini aytib qolishar edi. Bolalar, machit va minora mana shunaqa boʻlarkan-da, degan tasavvur bilan ulgʻayardi.
Xotiralar ommaviy oʻchirilganida bundan boshqacha natija boʻlmas. Hatto eski Jarchi ham bu yerdagi machit bilan minora qachon buzilganini bilmaydi. Koʻrmagan. Koʻrgan boʻlsa-da, u paytlar yosh bola boʻlgan. Eslamaydi. Unga otasi aytib ketgan. Ilgari qanaqa shakl-shamoyilda boʻlganini otasi taʻriflab bergan. Ammo baribir machit bilan minorani xayolida suratlantira olmaydi. Chunki u ham tashlandiq makonni shu holida koʻrib katta boʻlgan, “machit” va “minora” koʻziga mana shu vayrona kabi muhrlanib qolgan. Boshqasini bilmaydi.
Faqat, otasi qulogʻiga ogʻzini qoʻyib shivirlagan hov oʻsha ondan boshlab yuragida tushuniksiz qandaydir bir tuygʻu bosh koʻtargan. Vaqti boʻlsa-boʻlmasa koʻngli shu yoqqa talpinaveradi. Birda-yarim kishibilmas kelib maydonning tevaragidan sassiz aylanib ketadi. Iloji boricha odam yoʻq paytini poylaydi. Aylanarkan, har-har zamonda yuragining ich-ichida machit bilan minorani butun holda koʻrish sogʻinchi gʻimir-gʻimir qilib qoʻyadi…
* * *
Yoshi qirqdan oshib, shu damgacha yuragining asiri boʻlib kelgan u sogʻinch tuygʻulari qafasini buzib ozodlikka talpingan, kunlab miyasida pishitgan rejasini amalga oshirish maqsadi uni koʻchaga sudrab chiqqan edi.
U ham koʻngil tizginini boʻsh qoʻyib yubordi, tusagan ishingni qil, dedi goʻyo.
Tashlandiq makonning tevaragida sekin aylana boshladi.
Vaqt peshin mahali edi.
Onda-sonda qoʻynidan otasidan qolgan choʻntaksoatni chiqarib qarab qoʻyadi. Yana aylanishda davom etadi.
Bu gal odamlar yoʻq pallani ham poylamagan, birov bor-yoʻqligi bu gal uni qiziqtirmadi.
Qarori qatʻiyligidan kimdir koʻrib qolishiyu ishiga toʻsqinlik qilishi mumkinligi uni niyatidan qaytara olmasdi.
Nechanchidir aylanishida minora qoldigʻi qarshisida toʻxtadi. Oldindan chamalab qoʻygan bir oʻrinni oyogʻi bilan paypasladi.
Minora qulatilganida tagida kindik boʻyi keladigan asosi buzilmay qolib ketgan, oʻrnida kichkina aylanma doʻnglik paydo boʻlgan edi. Bu doʻnglik machit qoldiqlari hosil qilgan umumiy tepalikdan bir oz ajralib turardi.
Jarchi enkayib, bir-biriga kirishib-chirmashib ketgan oʻt-oʻlan orasidan toshmi-kirpichmi axtardi. Topganini oyogʻi tagiga qoʻydi. Oltitasidan birinchi, yana toʻrttasidan ikkinchi zina yasadi. “Bismilloh!..” deb oʻng oyogʻini birinchi zinaga qoʻydi. Bir toʻxtab, keyin ikkinchi zinaga chiqdi. Soʻngra bir tikanning poyasini mahkam ushladi-da, siltanib doʻnglikka chiqib oldi. Oyogʻi toyib ketmaydigan yerni chamalab, gavdasini tikladi.
Tevarakka boqdi. Picha turdi. Osmonga qaradi ‒ quyoshning yoʻnalishini oʻzicha aniqladi. Nihoyat, bir tomonga koʻngli yotdi shekilli, oʻsha yoqqa yuzlandi…
* * *
Maydon chetidan oʻtadigan koʻchada asta-sekin odamlar toʻplana boshlagan edi. Ayrimlar Jarchining ishiga qarab boshi qotgan. Kimdir ajablanib qarab qolgan boʻlsa, boshqasi, qani, nima qilarkin, deganday sal narida qora tomoshani boshlab yuborgan edi. Yana kimlardir toʻplanganlarga salom berib, Jarchi tomonga bir qarab qoʻyib, indamay oʻtib ketaverardi.
Jarchi boʻlsa, bularga parvosiz edi. Koʻrinishi va xatti-harakatidan u bir narsaga qattiq jazm qilgani, hozir koʻziga oʻsha jazmidan boshqa narsa koʻrinmayotgani balqib bilinib turardi.
Goʻyo bu dunyoda oʻzidan boshqa kimsa yoʻq.
Doʻppisini yechdi. Burchaklarini ikki chakkasiga toʻgʻrilab, qaytadan bostirib kiydi. Belidan qiyigʻini boʻshatdi. Ikki uchidan ushlab, burmalab aylantirdi. Soʻng doʻppisiga yopishtirib aylantirib boshiga oʻrab oldi.
Jarchi salla oʻrashning bunday yengil usulini ham otasidan oʻrgangan. Ota uy ichida har jar chaqirishidan oldin shunday qilardi.
Odatda qishloqlik katta-kichik qish qorasovugʻida ushuk urib ketmasin deb quloq-chakkasini qiyiq bilan shunaqa oʻrab-chirmab olardi.
Jarchining bu ishiga ham parvo qilishmasdi, lekin hozir qish emas, yozning jazirama qoq chillasi!
Yoʻlovchilar Jarchidan koʻz uzmay qarab turaverdi. Bu issiqda nimaga qulogʻini oʻrayotgani ularga juda qiziqarli edi.
Qishloqda hayot koʻpincha zerikarli boʻladi. Odamlar qayerda qanaqa tomosha boʻlarkan deb haftalab-oylab kutib yuradi. Shunday bir pallada odamovi eski Jarchining birdan koʻchada paydo boʻlishi, tashlandiq maydonga kelishi va bu yerda har xil telba-teskari ishlar qila boshlashi albatta maroqlantiradi-da qishloqliklarni!..
Jarchi ikki koʻrsatkich barmogʻini ikki qulogʻi ichiga tiqdi, boshmaldoqlarini quloq yumshoqlari orqasiga qoʻydi. Yengil qisdi. Chuqur nafas oldi. Va birdan hayqirdi:
‒ Ollohu akbar!.. Ollohu akbar!..
Nima boʻlganini tomoshachilar ilkis tushunib yetmadi.
Azon chaqiryaptimi?!
Bu nima degan gap?!
Shunday musaffo zamonda-ya?!
Nima kam bunga?!
Ha, Jarchi bu qishloqda yaqin orada birov qilmagan, hatto keksalar ham deyarli unutib yuborgan, eskilik sarqiti sifatda bir chetga uloqtirilgan ishni qilayotgan edi.
‒ Ollohu akbar!.. Ollohu akbar!..
Oʻzini qancha bosmasin, yuragida tuygʻulari qaynadi. Gumurdi. Ichida bir hayajon toʻlqini bosh koʻtardi. Bosib kelib tomogʻiga turib qolganday boʻldi. Tovushi qaltirab-yigʻlamsiraganga oʻxshab chiqa boshladi.
‒ Ashhadu al-la ilaha illalloh!.. Ashhadu al-la ilaha illalloh!.. – deb olamga jar solar edi u.
Bu jarni u otasi oʻlganidan beri, mana, to qirq yoshga yetgunicha necha marta chaqirgandir. Har safar qayta-qayta hayajon bosgan. Tovushi titrab chiqqan. Ammo hech qachon bu galgidek toʻlqinlanmagan edi! Yuragi tors yorilib ketay derdi hozir. Ayni choqda, tovushidagi titroq jariga ajib bir ohang qoʻshayotganini ham his etib turardi.
‒ Ashhadu anna Muhammadar rosululloh!.. Ashhadu anna Muhammadar rosululloh!..
Ha, bu ishga bel bogʻlarkan, odamlar nima desa desin, nima qilsa qilsin, endi ochiqqa chiqaman, ota-bobom qilganini qilaman, odamlarni chaqirishim lozim boʻlgan ishga chaqiraman, deb qatʻiy qarorga kelgan edi. Hatto qamoq yo oʻlimni ham boʻyniga olib qoʻydi. Shuning uchun oʻzini ancha xotirjam tutishga urinardi.
Lekin yurakka hukmini oʻtkaza olmadi. Qilayotgan ishining zalvori va ahamiyatini fitriy his etib, oʻzi ham kutmagan darajadagi bir buyuk hayajonga duch keldi. Tamoman shu hayajon asiri boʻldi. Koʻzlaridan tirqirab yosh otildi.
Turgan yerida qoq turganicha yelkasi aralash oʻng tomonga burildi:
‒ Hayya ʻalas solah!… Hayya ʻalas solah!.. ‒ deb chaqirdi.
Ohista chap tomonga oʻgirildi:
‒ Hayya ʻalal falah!.. Hayya ʻalal falah!.. ‒ deb chaqirdi.
* * *
Koʻchadan oʻtib borarkan, tomoshachilar yoniga kelib toʻxtagan bir chol Jarchining soʻzlariga picha quloq soldi. Turdi-turdi-da, boshini saraklatdi.
Birlamchi vazifasi qishloqda oʻrinli-oʻrinsiz tashlangan har bir qadamni kuzatib turish boʻlgan xotin-xalaj ham tashlandiq maydon qarshisiga ancha-muncha toʻplanib qolgan, ammo har narsaga yetgan farosati hozirda koʻzi bilan koʻrib turgan ushbu voqeaning sir-sinoatiga yetmayotgan edi.
Erkaklar bir-biriga qarab yelka qisib, lablarini qimtib qoʻyishardi.
Ayniqsa, bolalar shod edi. Bunaqa tomoshani ilgari sira koʻrmagan ular!
Haligi chol yana Jarchining qiligʻiga tingislab boqdi. Oxirida:
‒ Ahmoqlik… ‒ deb xulosa yasadi. – Tentak boʻpqopti…
* * *
Lekin Jarchi tentak emasdi. U qilayotgan ishidan mast edi, xolos. Dunyoni butkul unutgan, tevarak olam va uning ichidagi mazmunsiz hayot endi uni qiziqtirmay qoʻygan edi! Qaytaga, “Qishloq ahlining tussiz hayotiga yangicha rang beryapman!” degan ishonchdan yuragida allanechuk sevinch tuyardi!
Axir, ochiqqa chiqishni u yigirma yildan ortiq kutdi! Yigirma yildan beri zimdan va qistov bu kunga hozirlik koʻra boshladi! Kechalari uyqusi qochib oʻyladi! Kunduzlari ishlarini yigʻishtirib qoʻyib reja tuzdi. Yigirma yildan ortiq vaqt oʻzini ruhan shu ishga tayyorladi! Har bir harakatining suratini chizdi. Hatto qishloqning boʻlgʻusi munosabatini mayda-chuydasigacha hisobga oldi.
Orada shohlar almashdi, davrlar oʻzgardi, lekin unga, uning ishiga qishloq munosabati oʻzgarmadi – oldin dushman edi, endi ham uncha doʻst boʻlib ketmadi. Odamlar ham almashdi, bir qatlam eskilar ketib, bir qatlam yangilar keldi, lekin unutilgan Jarchi unutilganicha, jari quloqlarga begonaligacha qolaverdi – Jarchi ham, jari ham uy ichida biqinib olib yashayverdi. Bu ikkisini tanisa, tokchalar, taxmonlar, koʻrpalar, havolargina tanidi, eshitsa, yana-tagʻin shulargina eshitdi.
Ammo yurak qurgʻur tinim bilmay tashqarini istar edi. Umri davomida hech yoʻq bir kun… bir kunda besh mahal rosmana machitda, rosmana minorada jar chaqirsa edi!..
Axir, otasining oʻsha shivir-shivirini yigirma uch yildan beri ichida saqlab keldi. Bu shivir-shivir sasi kundan-kunga, oydan-oyga, yildan-yilga kuchayib, oxiri chidab boʻlmas azobga aylandi. Yuragiga bir boʻmba tushganu shuni chiqarib tashlamasa, yaqin kunlarda ichida portlab ketadigandek boʻlaverdi.
Mana, oxiri, shu kecha aniq sezdi, yurak-yuragidan his etdi: uzoq orzu qilib yurgani oʻsha kun kelgan, minoraga chiqib, ogʻzini toʻldirib, quloqlarni chinlatib jar solish zamoni yetgan edi!
Bu kunni tinimsiz kutib, orzu qilib kelgan Jarchi koʻngilning boʻlgʻusi lazzatlarini ich-ichdan tuya-tuya, chini bilan tentak boʻlib qolay derdi.
Mayli, u minora otasi aytgan asl minora boʻlmasin,
mayli, chin minora oʻrnidagi oʻsha bel barobar tikanli doʻnglikka chiqsin,
muhimi ‒ uzoq yillar ichiga qamab kelgan Buyuk Dardini endi yuzaga chiqaradi!
Qaror keskin, endi uni bu ishdan qamoq tugul, hatto oʻlim xavfi ham qaytara olmaydi.
Odamlar uni tentak-jinni demaydimi!
Hatto toshboʻron qilib tashlamaydimi!
Hech boʻlmaganda bir marta jarini chaqirib oladi-ku! Ulgurib qolsam boʻldi, dedi… Ulgurganimcha aytaveraman, dedi.
‒ Ollohu akbar!.. Ollohu akbar!..
* * *
Bu yoqda tomosha hamon davom etardi. Jarchi hali jarini oxirigacha yetkazmasidanoq qishloqliklar bu gʻarib holatning muhokamasini boshlab yuborishgan, oʻzanni haligi chol oʻsha birgina xulosasi bilan ochib bergan edi.
Olomoncha davrada tarozi pallasini birinchi aytilgan gap bosib ketarkan. Boshqa gaplar oraga sigʻmay qolarkan.
Bu yerda ham oʻsha cholning oʻsha gapi oʻz-oʻzidan ustunlik qilardi. Kimdir “Hoy xaloyiq, balki…” deb yangicha mulohaza aytmoqchi boʻlsa, birov uning gapini davom ettirmasdi.
Muhokama asosan “Odam gʻirt tentak boʻlib qolgan…” degan oʻzanda kechardi.
* * *
Bu yoqda Jarchi hiqildogʻiga tiqilib turgan yigʻisini bosa-bosa, tomirlarida oqib turgan bor kuchini ogʻziga toʻplab, azondagi soʻng shiorni olamga yoyar edi:
‒ La ilaha illalloh!..
Soʻngra barmoqlarini qulogʻidan uzdi. Qoʻlini sekin indirdi. Tizzasidan ushlab, oldin enkaydi, keyin choʻnqayib oʻtirdi. Qoʻlini ochdi. Jar chaqirayotganida toʻxtatib-bosib turgan yigʻisiga erk berib yubordi.
Hoʻng-hoʻng yigʻlar, yigʻi aralash birnimalar deb pichirlar edi…
* * *
Doʻnglik oʻt-oʻlan bilan qoplangani uchun nariroqda unga boqib turgan tomoshachilarga Jarchining yelkasi va boshigina koʻrinardi. U nima qilayotganini tusmollay boshlashdi.
‒ Tentakligiga bordi, – deb gʻoʻdrandi biri.
‒ Obbo ablah-ey! ‒ deb yubordi boshqasi. ‒ Tepkilamasin deb biz bu yerga hatto qoʻy-molimizni qoʻymaymiz-u, buning qiligʻini koʻringlar!
…Jarchi oʻrnidan turdi. Oʻzi yasagan “zina”dan qaytib yerga tushdi. Olomonga parvo qilmay, uyiga qayta boshladi.
Odamlar ixtiyorsiz ravishda tisarilib unga yoʻl berishdi. Koʻrinishidan tentakka oʻxshamagani qaytaga odamlarni battar unga achintirdi.
‒ Shunday odam-a!.. Qanday odamlarning bolasi-ya!.. ‒ deb qolishdi orqasidan.
* * *
Jarchi asr vaqti yana “minora”ga chiqdi. Yana peshindagi jarini chaqirdi. Yana odamlar toʻplandi. Yana muhokama boshlandi. Yana oʻsha eski gap:
‒ Tentak!.. Gʻirt telba!..
‒ Esini yebdi, endi bosh-shini yemasa goʻrgaydi…
Shom, xufton vaqtlari ayni ish takrorlandi.
Erta tongda qishloq Jarchining jaridan uygʻondi.
Peshinga yaqin shahardan tegishli odamlar keldi. Choyxonaga qishloqning eʻtiborli kishilarini, faol xotin-qizlarni toʻplatdi. Nima gap, nima soʻz ‒ obdan oʻrganildi. Umumiy xulosa bu boʻldi:
‒ Oʻzi ancha yillardan beri odamlardan uzilib, uyidan chiqmay yashardi. Oxiri tentak boʻpqoldi, shekilli, ‒ deyishdi qishloq faollari.
Shahardan kelganlardan biri Jarchining oʻzi bilan ham bir gaplashib koʻrmoqchi boʻldi. Uning uyi sari yoʻl olgan edi, xaroba tomondan Jarchining kuchli, tiniq ovozi yangrab qoldi:
‒ Ollohu akbar!.. Ollohu akbar!..
Esi bor odam shu ishni qiladimi? Esli-hushli odam bilib turib boshini kundaga qoʻyadimi?
Tegishli idoraning tegishli xodimlari ham oʻylab turib, qishloq ahli toʻgʻri aytyapti ekan, degan xulosaga keldi:
Ha, Jarchi tentak boʻlgan! Tamom-vassalom!
Oralaridan bittasi:
‒ Shunday boʻlsa ham, bir yerlarga oborib tekshirtirmasak, boʻlmaydi, ‒ deb qoldi.
‒ Toʻgʻri! Doʻxtirdan xulosa qildirib qoʻymasak, bizgayam gap tegib qolishi mumkin, ‒ dedi ikkinchisi.
‒ Tekshirsalaring ham, tekshirmasalaring ham ahvolni koʻrib turibsizlar, ‒ deb oraga suqildi hov oʻsha chol. ‒ Yaxshisi, shoʻrlikni tinch qoʻyaylik. Tentak boʻlib qolgani oʻzi unga katta jazo!
Qishloq faollari cholning yoniga kirishdi:
‒ Ha-ya… Oilasi shundoq ham ezilib yurgandir, oʻlganning ustiga biz ham tepmaylik. Oʻzi tentak boʻlsa, uning bu baqir-chaqiri qayoqqa borardi? Aholimizga tushuntiramiz, hech kim uning chaqirigʻiga quloq solmaydi. U bechorani tinch qoʻysalaring boʻldi. Sizlar opketsalaring, albatta qamoqqa tiqib qoʻyasizlar. Kimga foyda, kimga ziyon? Har qishloqning bir tentagi boʻladi, bu bizning tentagimiz boʻlib yuraqolsin, ‒ deb uning jonini hukumat odamlaridan soʻrab olishdi.
Xayriyat, tegishli xodimlar gapga yuradigan xilidan ekan. Qishloq faollarining iltimosiga koʻnaqolishdi:
‒ Xoʻp, sizlar aytgancha boʻlsin. Lekin bundan keyin baqirmasin, tevaragiga odam toʻplamasin! Xalqning koʻngliniyam, tinchiniyam buzmasin! Toʻxtamasa, molxonaga zanjirlab qoʻyinglar! ‒ deb tayinlashdi va kelgan yerlariga quruq qoʻl bilan qaytib ketishdi.
* * *
Qishloq Jarchi holiga chin yurakdan achinayotgan edi.
‒ Yurgan odam… shundoq koʻz oʻngimizda lop etib tentak boʻlib oʻtirsa-ya!.. ‒ derdi.
Achinish ustun kelibmi, Jarchini zanjirlashmadi.
Qishloq raisi oqsoqollardan bir-ikkitasini yoniga olib uyiga bordi. Gaplashdi.
Gap-soʻzidan hech aqldan ozgan deb boʻlmasdi. Ammo bunday bir zamonda, bunday bir qishloqda, bunday bir ish qilishi…
Buning ustiga qaysarona:
‒ Sizlarga nima yomonlik qildim? Qilayotgan boʻlsam, otam-bobolarim ishini qilyapman… Meni toʻsmanglar, yoʻlimdan qochinglar! ‒ deb oyoq tirab olgani-chi…
Tentak boʻlmay yana kim bu?! Tentak boʻlganida ham qip-qizil tentak!
Faollar besh-olti kun oʻrtaga olishdi. Rosa urinishdi. Qarindosh-urugʻini ishga solishdi, oilasini gij-gijlashdi – natija chiqmadi.
Oxiri: “Bor-e, bilgan b…ngni ye! ‒ deb oʻz holiga tashlashdi. ‒ Bizga desa, qamalib ketmaysanmi! Qansharingdan oʻq yemaysanmi bizga desa!”
Qaysar oʻz nomi bilan qaysar. Unga gap yuqmaydi. Gapirilgan sari battar qaysarlanadi. Tashlab qoʻyilsa, parvo qilinmasa, oʻz-oʻzidan dami qaytadi, ovozi oʻchadi.
Lekin Jarchi qaysar boʻlib ham qishloqdoshlari oʻyidagi turidan emas, boshqacha qaysar edi. Odamlarning: “Indamasak, oʻzidan-oʻzi ovozi oʻchar”, degan barcha umidini chippakka chiqardi ‒ suyumli ishini toʻxtatmadi! Har kuni besh mahal “machit”ga kelar, “minora”ga chiqar va qishlogʻini birnimalarga chorlab jar solar edi.
* * *
Bora-bora odamlar bu holga koʻnikdi.
Tegishli idoralar ham, ularning maxsus xodimlari ham parvo qilmay qoʻyishdi. Uni odam qatoridan butkul chiqarib tashlashdi.
“Yursa yurar, baqirsa baqirar, biz tarbiyalab yetishtirgan yangi avlodning ongini bitta tentak baribir buza olmaydi!” degan qatʻiy ishonchda oʻz holiga qoʻyishdi. Bir vaqtlar ustidan ochilgan “Ish” tepasiga qizil yoʻgʻon qalam bilan “Tentak boʻlib qolgan!” deb yozishdi-da, temir sandiqlarining eng tagiga tiqib tashlashdi.
Endi Jarchi oʻz qishlogʻidagina emas, tevarak-atrofdagi qishloqlarda ham tentak degan nom chiqardi.
Onda-sonda u yoq-bu yoqqa borsa, bozor-oʻcharda koʻrinsa, orqasidan odamlar qoʻlini bigiz qilib koʻrsatadigan, kimdir kulib, kimdir achinib qoʻyadigan boʻldi.
* * *
Ammo Jarchi tentak emasdi. Tentak nima qilganini, nima deganini oʻzi bilmaydi. Jarchi nimalar qilayotganini, nimalar deyayotganini juda yaxshi biladi!
Birinchi kuniyoq meni olib ketishsa kerak deb kutgan, hatto oʻzini ruhan bunday oqibatga tayyorlagan edi. Qoʻrqmayotgani shundan.
Lekin qishloqda tentak-telba degan nom chiqarishi bir hisobga uni ayrim yomon oqibatlardan asrab qolganini ham his etib turardi.
“Telba-tentak”ligini boshida oʻzi uncha xushlamay yurdi. Ammo keyin-keyin bu unvoniga koʻndi. Koʻnikdi. Hatto yoqtirib qoldi. Birinchi boʻlib uni tentak degan cholni ham yaxshilik bilan eslaydigan boʻldi. Balki uzoqni koʻzlab uni “tentak”ka chiqargandir? Qari-da. Tajribali-da. Qari bilganini pari bilmaydi, axir.
“Tentak”ligidan xafa boʻlish naryoqda tursin, hatto undan unumli foydalana boshladi. Gohida atay telba-teskari gaplar gapirib qoʻyadigan, gʻalati-gʻalati qiliqlar qiladigan odat chiqardi.
Odamlarning munosabatidan ichida kulib qoʻyardi. “Anqov bular! – derdi ichida jilmayib. – Asil tentak oʻzlari-ku!”
* * *
Oʻjar bir yoʻlga oson tushmaydi, tushsa, qaytmaydi. Qaytish ne, tom teskarisi. Endi Jarchi har jarida ovozini bir pogʻonadan balandlatadigan boʻldi.
Ishlar koʻnglidagidek borar edi. Hatto ichidan sevinch tuyardi.
Bitta narsa uni xomushlantirardi: axir, u shunchaki oʻyinga yoki odamlarga “tentak”ligini isbotlash uchun jar chaqirmasdi! Oʻziga yarasha qanaqadir olijanob maqsadlari bor edi. Lekin, ne tong, qishloq ahli ham oʻta qaysar chiqib qoldi. Suv yuqmas, ekin unmas tuproq misol qisir yuraklariga Jarchining jari hech taʻsir etmasdi. Birov: “Xoʻp, qani, nima demoqchisan oʻzi? Nimaga buncha jon kuydiryapsan? Nima qilaylik biz?” deb kelmadi qoshiga. Qilayotgan ishiga jiddiy qaramadi. “Tentak… tentak-da” deb qoʻyaqoldi. Holbuki, Jarchi jiddiy, oʻta jiddiy bir savdoga boshini soʻqqan – odamlarni oʻzi yaxshi deb bilgan, yoqtirgan, juda muhim boʻlgan bir ishga chaqirar edi.
Jarchi ezilsa, shu narsadan ezilardi. Orttirgan “tentak” laqabining bitta yomon tomoni shu edi.
Lekin baribir niyatidan qaytmadi. “Chaqiruvimga kimdir qachondir javob beradi!” deb umid qilaverdi.
Tongda chaqiradi. Kutadi. Labbay degan kimsa yoʻq.
Peshinda chaqiradi. Kutadi. Sukut.
Asrda chaqiradi. Kutadi. Yana jimlik.
Shomda chaqiradi. Kutadi. Tovushi havoga ketadi.
Xuftonda chaqiradi. Kutadi. Odamlar qattiq uyquga botgan goʻyo…
Buguni kechasidan, ertasi bugunidan farq qilmay qoʻydi. Jarchi endi bir jar bilan ikkinchi jar oraligʻida yashay boshladi. Tirikligi mazmuni qishloq xarobasidan yangraydigan chaqiriq boʻlib qoldi.
Oldinlari onda-sonda qishloqning oʻldi-netdisida koʻrinib turgan boʻlsa, endi tamoman uzildi.
Ishi jar chaqirish, ishxonasi qishloqning tashlandiq makoni boʻlib qoldi.
Bir kunda besh marta keladi.
Har kuni, har hafta, har oy, har yil…
…“minora”ga chiqadi…jar soladi… umid qiladi… kutadi…
…bir kimsa kelavermagach, oʻt-oʻlan orasiga koʻmilib, choʻnqayib yigʻlaydi….
…yigʻlaydi, yigʻlaydi, yigʻlayveradi…
* * *
Oradan yana bir necha yil oʻtdi.
Soch-soqoli oʻsdi.
Uni ilk “tentak” degan chol ham, “tentaklik”dan qaytarib “toʻgʻri yoʻl”ga solmoqchi boʻlgan boshqa koʻp tegishli xodimlar ham oʻlib ketishdi.
U qoldi.
Qaridi.
Chol boʻldi.
Qarigan sari kuchi ketdi, tovushi pasaydi, hatto tomogʻi xirillabroq qoldi, lekin odatini tashlamadi – har kuni “machiti”ga keladi, “minorasi”ga chiqadi, oʻlikdek jimjit qishlogʻining qulogʻiga azon aytadi:
‒ Olloh buyukdir!.. Guvohlik beraman: Ollohdan oʻzga iloh yoʻq!.. Namozga shoshilinglar!.. Qutulishga shoshilinglar!.. Olloh buyukdir!.. Ollohdan oʻzga iloh yoʻq!..
Tevarak esa qabristondek jimjit.
U zor-zor yigʻlab jar soladi, “Labbay!” deguvchi kimsa yoʻq…
* * *
Kunda besh marta bir yerga borib-qaytaversangiz va bu ishingiz oylar, yillar davom etsa, koʻz shart boʻlmay qolarkan, oyoqlarning oʻzi oʻsha manzilni topib boraverarkan. Yoʻl ham qancha koʻp boʻlmasin, bari odamni oʻsha yoqqa eltaverarkan.
Jarchi uyidan chiqib oʻngga burilsa ham, soʻlga burilsa ham, yoʻli aylanib-oʻgirilib baribir “machit”dan chiqar edi. Hatto muyulishlarda boshini koʻtarib qarab qoʻymaydi. Oyoq oʻzi oʻsha yoqqa tortaveradi.
Bir kuni sira kutilmagan ish yuz berdi.
Jarchi nigohi yer chizib asrga azon uchun “machit”ga keldi. Odatiga koʻra, bir marta aylanib chiqdi. “Minora” qarshisida toʻxtadi. Eplamachoq yasab olgan, oʻttiz yillardan beri xizmat qilib kelayotgan “zina”ga chiqishga tutindi. Oʻng oyogʻini koʻtardi. “Bismilloh…” dedi. Va…
…birdan manzil-manzara oʻzgardi, oʻzini rosmana minora ichida koʻrdi!
Hozirgina eplamachoq zinaga qoʻyilgan oyoqlari tepaga oʻrlab ketgan zinaning birinchi pogʻonasida turardi!
Hayratdan qotdi. Tushimmi, oʻngimmi dedi. Hatto xiyol qoʻrquv bosdi.
Yo Olloh! Machit buzilmagan, axir! Minora ham qulamagan! Hammasi joy-joyida turibdi. Faqat, odamlar koʻrmayapti. Zamonlar aro jar ham tinmagan. Faqat, odamlar eshitmayapti. Demak, gap menda emas, odamlarning oʻzida – koʻzlar koʻr, quloqlar kar boʻlib qolgan! Mana, haqiqat bor ekan-ku! Haq baribir yoʻqolmas ekan-ku!
Hayrati va qoʻrquvi zumda aridi. Sira kutmagan, yetti uxlab tushiga kirmagan bu ish aslida shunday boʻlishi kerakday tuyula boshladi. Ilk onda bosh koʻtargan ajablanish tuygʻusi oʻrniga yuragiga huzur va xotirjamlik indi.
Jarchi koʻzda yosh bilan asta ikkinchi pogʻonaga qadam qoʻydi. Soʻng uchinchisiga chiqdi. Ushbu zinalar minoraning zinalari ekaniga, minora bus-butun ekaniga, oʻzi shu minora ichida ekaniga ishonchi yuksaldi. Oyogʻida kuch gupirdi. Qadami tezlashdi.
Belini bukchaytirib zinalayverdi, zinalagan sayin oʻrlab tepalayverdi. Eng qizigʻi – charchamasdi.
Oʻrlayverdi, tepalayverdi…
Nihoyat, eng tepaga – mezanaga chiqib bordi.
Mezana sahni torroq, gumbazchasi qoʻl uzatsa yetgulik darajada pastroq boʻlgani bilan juda chiroyli va bejirim edi. Tevarakka ochilgan tuynuklari beshta. Gavda toʻgʻrichasiga sigʻmaydi, bosh chiqarmoqchi boʻlinsa, oldin bir yelka suqilishi kerak boʻladi.
Tuynuklardan mayin yelvizak gʻir-gʻir esib turibdi.
Jarchi tavakkal bittasiga yuzlandi. Jarini boshlamasidan burun boshini xiyol tuynukka suqib olislarga tikildi. Koʻziga uzoq-uzoqlarda elas-elas bir sharpa chalinganday boʻldi. Butun diqqatini nigohiga toʻplab, koʻrinayotgan u sharpani aniqroq ilgʻashga urindi.
Koʻrishi tiniqlashgani sayin olisdagi u sharpa qandaydir bir imorat shakliga kira boshladi. Ammo hanuz havo bilan chaplashib koʻrinayotganidan qanaqa imorat ekanini bilib boʻlmasdi.
Asta-sekin toʻrt burchagi va sirti havodan ajralib, tiniqroq bir shaklga kirdi.
Vo ajab! Oldin otasi, soʻngra oʻzi necha yillar uyida, koʻrpa-yostiq taxlangan taxmon ortida koʻrib kelishgan qora imorat edi!
Hech qachon bu imoratni bu qadar tiniq koʻrmagan edi. Hayratdan:
‒ Ey Olloh!.. Sen chindan ham buyuksan! ‒ deb yubordi.
Shu damlargacha yuragi orziqib, vujudi talpinib kelgan Uy, ana, tom qarshisida turardi!
Koʻzi koʻr, qulogʻi kar olomonga birnimalarni yetkazmoqchi boʻlarkan, Jarchi kunda besh marta mana shu Uy tomonga yuzlanar edi, axir!
Bu imoratni hov oʻsha zamonda otasi vasiyat qilgan kuni kechasi tushida koʻrgan! Ertalab tasvirlab berganida otasi: “Ollohning Uyini koʻribsan, bolam!” degan va yigʻlab yuborgan. Toʻshagi hoʻl boʻlib ketgunicha yigʻlagan.
Yigʻlarkan, “Ollohdan oʻzga iloh yoʻq!” deb joni uzilgan!
Oʻsha Uy! Oʻsha Uy-a!
Jarchi ham xuddi otasining soʻnggi yigʻisiga oʻxshash yigʻi bilan yigʻlashga tushdi. Koʻkrak yoqalari, koʻkslari hoʻl boʻlib ketdi, tinmadi. Va birdan:
‒ Guvohlik beraman: Ollohdan oʻzga iloh yoʻq!.. Guvohlik beraman: Ollohdan oʻzga iloh yoʻq!.. ‒ deb boʻkirib-hayqirib yubordi.
Tevarak larzaga keldi.
‒ Namozga shoshilinglar!.. Qutulishga shoshilinglar!..
Hayqiriq, larza, titroq qancha davom etdi ‒ bilmaydi. Nazarida juda uzoq surdi.
Yana qancha uzoq sursa, rozi edi.
Ammo…
Bir payt oʻziga keldi.
* * *
Oʻziga kelganida, uni tagʻin hayronalik chulgʻadi: manzil-manzara tagʻin oʻzgarib qolgan edi!
hozirgina turgan mezana qani?..
uning besh tomonga qaragan tuynuklari qani?..
baland minoraning oʻzi qani?..
Bular hech biri yoʻq edi.
Tevaragida qishlogʻi ham koʻzdan yoʻqolgan.
Jarchi xuddi bir olamdan boshqa bir olamga koʻchib oʻtganday boʻldi. Eskiyu yangi bu olamlarni u goʻyo yuzidagi ikki koʻzi bilan emas, balki yuragida yangi ochilgan koʻz bilan koʻrayotganday edi.
Qarasa, oyoqlari mezanada yo zinada emas, yumshoq bir narsa ustida turibdi!
Bu yumshoq narsa yantoq edi. Jarchi yantoq shoxchalari uchida turardi. Oyoqlari yalang…
Tizza boʻyi kelar-kelmas yantoqda nima jon bor?! Endi uning yanada jonsiz ikki shoxchasi nimaga yarardi?! Lekin hozir shu chalajon yantoq xuddi kuchli bir daraxtday boshida Jarchini koʻtarib turar edi!
‒ Ollohu akbar!.. Ollohu akbar!..
Yantoq qilt etmasdi. Shoxlari egilmasdi. Jarchi chol qulab tushmasdi.
Yurak koʻzi yana bir narsani koʻrdi: tevaragi biyday sahro… cheksiz qumlik… mayda-yirik qumtepalar… har-har yerda gʻuj-gʻuj saksovul… sonsiz-sanoqsiz yantoqlar, shuvoqlar, yana allanimabalo butalar…
Engil issiq shamol qum zarralarini ohista uchirib yantoqlar tagiga toʻplaydi. Kaltakesak, yumronqoziq va yana boshqa qurt-qumursqa tirikchilik tashvishida izgʻiydi. Lekin oʻzidan iz qoldirmaydi. Iz qoldirishga ulgurmaydi ‒ shamol shu zahoti qumlarni surib-uchirib, hozirgina yumronqoziq yo kaltakesak chopqilab oʻtgan yerni birpasda tekislab qoʻyadi.
Ha, Jarchi chol toʻrt tomoni cheksiz sahroning qoq oʻrtasida turib qolgan, tizza boʻyi keladigan bir yantoq ustiga chiqib olgan va bu yantoq ustida kimsasiz sahroni zirillatib jar solayotgan edi!
Xayoliga bir oʻy keldi: qishloqda birov uning sasini eshitmadi, bu cheksiz sahroda kimningdir qulogʻiga yetib borarmidi?
Koʻngli allanechuk oʻksidi.
Ilgarilari hech qachon bunaqa holga tushmagan edi. Oltmish yil ekan-ku, ming yil chaqirgan jariga bir kimsa javob bermasa ham uni bundayin tushkunlik qoplab olmagan, koʻngli bu qadar oʻksimagan boʻlardi balki.
Ichida gʻalati bir istak qoʻzgʻoldi: “Shu safar oxirgisi… Shu safar oxirgisi…”
Ixtiyorsiz ravishda bu istak ongiga oʻrnashdi.
Tili har doimgidek: “Namozga shoshilinglar!.. Qutulishga shoshilinglar!..” deyapti-yu, xayolidan: “Endi foydasi yoʻq… Qishloqda kimsa kelmadi, sahroda kelarmidi… kelmaydi… Shu safar oxirgisi…” degan oʻylar oʻtardi.
Boʻldi, endi bas qilaman, dedi.
Tangrim, men qoʻlimdan kelganini qildim. Bobomning ishini otam uzmaganidek, men ham otamning ishini uzmadim, Oʻzing koʻrib turibsan. Lekin odamlarga yetkaza olmadim… Odamlar mening chaqirigʻimga javob bermadi… Kechir meni, Tangrim!..
Oʻzi sezmagan holda koʻziga achchiq yosh quyilib keldi. Mijjalari toʻlib, tosha boshladi.
Koʻzyoshlari tommas, ikki tola boʻlib oqar edi. Yuzini yuvib, iyaklari ostidan boʻyniga, ochiq yoqalari orasidan tanasiga oʻtar, butun badani boʻylab oqib yalang oyogʻidan sahroga tushar edi. Qancha oqmasin, bir zumda qumga singib ketardi. Qaynoq qumda hatto nam izi qolmasdi.
‒ Meni kechir, Tangrim! ‒ dedi soʻnggi bor.
Hovuchlarini yuziga bosib, barmoqlari uchini mijjalariga bosib, selday oqayotgan yoshlarini aritmoqchi boʻldi. Bir necha marta artdi. Qayoqda! Yosh toʻxtamasdi. Amallab koʻzini ochdi.
Hamon yalang oyoqda yantoq uzra turarkan, koʻzidan tirqirab oqayotgan yosh pardalari aro olamga boqdi. Asta-sekin qaytadan sahroni koʻra boshladi.
Hov narida bir narsani ilgʻadi.
Nima u? Nahotki?!.
Uzoqdagi qumtepa ortidan bir sharpa ajralib chiqib, oʻzi tomon kelar edi.
Koʻzlarini ishqalab, yana qaradi.
Ha, cheksiz bu sahroning jimir-jimir saroblari aro, harir parda ortidan gʻira-shira koʻzga chalingan sharpaday boʻlib bir odam unga qarab kelayotgan edi.
Yaqinlashganida, sinchiklab eʻtibor bersa, sharpa-odam aslida oʻn-oʻn ikki yoshlardagi bir oʻsmir ekani bilindi.
Oʻsmir qumtepadan tushib kelarkan, yoʻlida odam uchraganidan ajabsinib toʻxtadi.
Bu odam qari edi, chol edi, nimagadir bir yantoq ustiga chiqib olgan edi. Buning ustiga, yalang oyoq.
Oʻsmir yana picha yurdi. Yantoqqa chiqib olgan chol bilan orasidagi masofa oʻn-oʻn besh odimcha qolganida tagʻin toʻxtadi.
Qiziqsindi. Oldiniga yantoqqa, keyin jarchi cholga boshdan-oyoq qarab chiqdi. Soʻng qoʻlini quyoshga toʻsiq qilib qoshlari ustiga qoʻyganicha, oʻqday tikilib turaverdi.
Jarchi bu kimsasiz sahroda jarini birov eshitishidan ham umidini uzgan edi. Ammo nafaqat eshitdi, balki chaqirigʻiga javoban bir kimsa qoshiga keldi ham!
Peshonasiga urdi. “Hah shoshqaloq! Shunchalik umidsiz boʻlasanmi!” degan oʻy miyasini qilichdek sermab oʻtdi.
Kimsasiz boʻlib tuyulgan olam aslida kimsasiz emasligi, bu olamda hech boʻlmasa bir bolakay borligi va u chaqiriqlariga javoban qayoqdandir yetib kelishi hozirgina oʻlimiga rozi boʻlib turgan Jarchiga xuddi tiriklik suvidek qaytadan jon bagʻishladi goʻyo.
Ayniqsa, oʻsmirning yosh va oʻynoqi koʻzlari porlab, unga javdirab qarab turishi oltmish yillik chekkan iztiroblariyu alamlariga badal boʻla olgulik edi.
“Kimsan sen, ey bola?!” demoqchi boʻldi. Ammo bu savol oʻrniga nimagadir tovushi momaqaldiroqdek gumburlab, ogʻzidan har doimgi jari otilib chiqdi:
‒ Ashhadu al-la ilaha illalloh!..
Soʻng Jarchi xuddi minoradan tushayotgandek ehtiyotlanib yantoqdan qumga indi.
Yuzini, nafaqat yuzini, balki butun vujudini hozirgina minora tepasida koʻrgan u jozibali Uy tomon qaratdi.
Yigʻlab turib asr namoziga niyat qildi. Qoʻlini quloqlariga teng qilib koʻtardi. Kaftlarini rosmana ochib, oʻsha Uy sari qaratdi. Boshmaldoqlari uchini quloqlari yumshogʻiga tekkizdi:
‒ Ollohu akbar!.. – deb namozga kirdi.
Bolakay Jarchining oʻng yonboshiga kelib turdi, ochiq kaftlarini oldga qaratib quloq qoqdi va ichida shivirladi:
‒ Ollohu akbar!..