OʻGenri. Afsungarlarning tuhfalari
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Bir dollaru sakson yetti sent. Bor puli shu edi. Ulardan oltmish senti bir sentli chaqalardan iborat. Ana shu chaqalarning har biri uchun baqqol, rezavorfurush, qassob bilan shu qadar savdolashishga toʻgʻri keldiki, bu tariqa ziqnalik tufayli tugʻilgan soʻzsiz norozilikdan quloqlarigacha qizarib ketardi. Della uch marta sanab koʻrdi. Bir dollaru sakson yetti sent. Ertaga esa melod bayrami.
Bu vajiga kelganda oʻzini eski chorpoyaga tappa tashlab, oʻkrab yigʻlashdan boshqa chorasi yoʻq edi. Della xuddi ana shunday qildi. Bundan shunday falsafiy xulosa kelib chiqdiki, hayot yigʻi-sigʻi, oh-voh va tabassumlardan iborat, ammo oh-voh koʻproq.
Uy bekasi ana shu poyalarning barchasidan oʻtib boʻlguncha, uyning oʻzini koʻzdan kechiraylik. Haftasiga sakkiz dollar ijara haqi toʻlab turiladigan jihozli kvartira. Vaziyatdan oʻtaketgan qashshoqlik emas, toʻgʻrirogʻi, aytmasa ham ayon-oshkor koʻrinib turgan kambagʻallik koʻzga tashlanadi. Pastda kiraverishdagi eshikka osigʻliq xat tashlanadigan qutining tirqishidan bironta ham xat sigʻmaydi, elektr qoʻngʻiroqning tugmasini bitta-yarimta odam bosgudek boʻlsa, tiq etgan tovush eshitilmasdi. Ana shularga: “M-r Jeyms Dillingxem Yung” degan yozuvi bor bir qogʻoz havola qilingan edi. Mazkur nomning egasi haftasiga oʻttiz dollar olib turadigan yaqin vaqtlardagi badavlatlik kezlarida “Dillingxem” qulochini yozib yuborgan edi. Endilikka kelib, ana shu daromad yigirma dollarga tushib qolgach, “Dillingxem” soʻzidagi harflar, toʻporiyu kamtargina “D” harfiga qisqarsak boʻlmasmikan, deb astoydil andisha qilgandek xira tortgan edi. Ammo mister Jeyms Dillingxem Yung uyga qaytib yuqori qavatga chiqib borarkan, biz hali sizga Della nomi bilan tanishtirgan missis Jeyms Dillingxem Yung uni albatta “Jim!”, deya xitob qilgancha mehr bilan quchoq ochib kutib olardi. Bu esa, darhaqiqat, dilni xushlaydi.
Della yigʻini bas qilib, yonoqlarini upali momiq bilan artdi. Hozir u deraza oldida turar va kulrang hovli boʻylab oʻtgan kulrang devor ustida kezib yurgan kulrang mushukni mayusgina kuzatar edi. Ertaga melod bayrami, uning esa Jimga sovgʻa olgulik bir dollaru sakson yetti sentgina puli bor, xolos! Uzoq oylar davomida u har bir sentni tuflab tugib keldi. Jamgʻargani esa mana shu boʻlibdi. Haftasiga yigirma dollar bilan oshib-toshib ketmaysan. Sarf-xarajatlar uning moʻljalidagidan koʻproq chiqib qoldi. Sarf-xarajatlar doim shunday boʻladi. Jimga sovgʻa olgulik bir dollaru sakson yetti sent puli bor! Jimginasiga sovgʻa olay desa!.. Melod bayrami munosabati bilan unga nima sovgʻa qilishni rejalay-rejalay qanchadan-qancha soatlarni xursandchilik bilan oʻtkazdi. Bironta gʻoyat alomat, kamyob, qimmatbaho, Jimga mansublikdek yuksak sharafga aqalli sal-pal munosib keladigan qandaydir antiqa sovgʻa boʻlishi kerak.
Ikki deraza oraligʻida tryumo turardi. Siz hech qachon sakkiz dollar toʻlab turiladigan jihozli kvartiradagi tryumoga qarab koʻrganmisiz? Juda ozgʻin va juda serharakat odamgina uning ensiz oynalarida ketma-ket oʻzgarayotgan aksiga qarab, oʻzining tashqi qiyofasi haqida anchagina aniq tasavvur hosil qilishi mumkin. Ushoq jussali Della bunday mahoratni egallab olgan edi.
U deraza oldidan dafʼatan oyna tomon oʻtdi. Koʻzlari charaqlar, ammo yigirma sekund mobaynida yuzini qizillik tark etgan edi. U chaqqonlik bilan toʻgʻnogʻichlarini sugʻurib sochlarini yozib yubordi.
Sizlarga aytib qoʻyishim kerakki, er-xotin Jeyms Dillingxem Yunglarning faxru iftixorlari boʻlgan ikkita bebaho boyligi bor edi. Biri — Jimning bobosi bilan otasidan qolgan tilla soati, ikkinchisi Dellaning sochlari. Mabodo malika Bilqis roʻparalaridagi uyda yashayotgan boʻlsa bormi, Della hazrati oliyalarining barcha yasan-tusan liboslariyu zeb-ziynatlarini yoʻlda qoldirib ketish uchun boshini yuvgach, oʻrilmagan sochlarini ataylab deraza oldida quritgan boʻlardi. Bordi-yu, Sulaymon podsho ana shu uyda eshik ogʻasi boʻlib xizmat qilayotgan, bor davlatini oʻsha uyning yertoʻlasida saqlayotgan boʻlsa bormi, Jim uning hasaddan soqolini bittalab yulayotganini koʻrish uchunoq oldidan oʻta turib joʻrttaga choʻntagidan soatini olib qaraydigan boʻlardi.
Mana, Dellaning ajoyib sochlari xuddi kashtanrang shalola toʻlqinlaridek jilvalangancha, mavjlangancha sochilib ketdi. Tizzasidan pastga sollanib tushgan sochlari qaddi-bastini rido kabi oʻrab oldi. U esa shu ondayoq asabiylashgancha va oshiqqancha, ularni yigʻishtirib ola boshladi. Keyin xuddi taraddudlangandek, bir daqiqa qimir etmay qoldi-da, eskirgan qizil palosga ikki yo uch tomchi yosh dumalab tushdi.
Nimdoshgina jigarrang jaketini yelkasiga tashlab, eskigina jigarrang shlyapasini boshiga qoʻndirdi-da, koʻzlarida yaltirab turgan yosh qurimagan holda, yubkasini hilpiratgan koʻyi gʻizillagancha koʻchaga tushib bordi.
U qarshisiga borib toʻxtagan lavhaga shu soʻzlar yozilgan edi: “M-me Sophronie. Sochdan yasaladigan turli-tuman mahsulotlar”. Della ikkinchi qavatga yugurib chiqdi-da, nafasi tiqilib halloslagancha turib qoldi.
— Mening sochimni sotib olmaysizmi?— deb soʻradi u xonimdan.
— Soch sotib olaman,— deb javob berdi xonim.— Shlyapangizni yeching, molni koʻrishim kerak. Kashtanrang shalola yana mavjlandi.
— Yigirma dollar,— dedi xonim, qalin sochni odatiga koʻra salmoqlanib koʻrarkan.
— Tezroq boʻlaqoling,— dedi Della.
Shundan keyingi ikki soat vaqti nimpushti qanotlar bilan ucha-ucha oʻtdi — siyqasi chiqqan istiram uchun uzr soʻrayman. Della Jim uchun sovgʻa qidirib magazinma-magazin izgʻidi.
Nihoyat, topdi. Bu, shubhasiz, Jim uchun, faqat unga atab yaratilgan edi. Boshqa magazinlarda sira ham bunga oʻxshagan narsa topolmagan, oʻzi ham ularning hamma yogʻini ostin-ustin qilib yuborgan edi. Bu choʻntak soatiga taqiladigan oddiy va sipo nusxali platina zanjir edi, u namoyishkorona yaltiroqligi bilan emas, chinakam qadri bilan maftun etardi — zotan barcha yaxshi buyumlar shunday boʻlishi kerak. Uni hatto soatga munosib desa degulik edi. Della uni koʻrishi bilanoq oq zanjir Jimga atalganligini payqadi. U ham xuddi Jimning oʻzginasi edi. Kamtarlik va sipolik — ikkovlariga xos fazilat edi. Kassaga yigirma bir dollar toʻladi-da, Della choʻntagida sakson yetti sent bilan uyiga oshiqdi. Basharti shunday zanjiri boʻlsa, Jim har qanday jamoat orasida ham tap tortmay soati necha boʻlganini koʻraverishi mumkin. Soati naqadar ajoyib boʻlishiga qaramay aksar unga oʻgʻrincha qarab olardi, negaki, soati rasvo charm tasmada osilib turardi.
Uyda Dellaning hayajoni bosilib, buning oʻrnini ehtiyot va tadbirkorlik egalladi? U sochini jingalak qiladigan miqrozi qisqichni oldi-da, gazni yoqib, muhabbat omuxtalashgan himmat tufayli yuzaga kelgan vayrongarlikni tuzatishga kirishdi. Bu esa hamisha mashaqqatli ish, doʻstlarim, mardonavor ish.
Qirq minutcha ham oʻtmagan ediki, boshini pishiq himarilgan kokilchalar qopladi, shu tufayli u xuddi darsdan qochgan oʻgʻil bolaga oʻxshab qoldi. Oynaga diqqat bilan uzoq tikilgancha oʻzini tanqidiy nazardan oʻtkazdi.
“Xoʻp,— dedi u oʻziga-oʻzi,— agar Jim koʻzi tushishi bilanoq meni oʻldirib qoʻymasa, Koni-Aylenddagi xorchi qizlarga oʻxshab qolibdi, der. Qoʻlimdagi pulim bir dollaru sakson yetti sent boʻlgandan keyin, axir, ilojim qancha edi, ilojim qancha edi!”
Soat yettida kahva damlab qoʻyilgan, gaz plitada qiziyotgan tova qoʻy goʻshtidan qilingan kotletlarga mahtal edi.
Jim hech qachon kechikmasdi. Della platina zanjirni kaftida siqib ushlagancha stolning ostonaga yaqinroq joyiga borib oʻtirdi. Tez orada erining zinapoyadan chiqib kelayotganini eshitib, bir lahzagina rangi quv oʻchib ketdi. Tirikchilik ikir-chikirlari vajidan xudoga iltijo qiladigan odati boʻlgani uchun shosha-pisha shivirladi:
— Xudoyo xudovando, uning mendan koʻngli qolmasin.
Eshik ochilib, ostonada koʻringan Jim uni yopib kirdi.
Afti bir burda boʻlib qolgan, bezovta koʻrinar edi. Yigirma ikki yoshda oila tashvishini ortmoqlab yurish oson emas. U allaqachon paltosini yangilashi kerak, qoʻlqopi boʻlmagani uchun qoʻllari sovqotar edi.
Jim xuddi bedananing hidini sezgan setterdek eshik oldida qimir etmay turib qoldi. Koʻzlari Dellaga shunday ifoda bilan tikilib turardiki, ayol buni nimaga yoʻyishini bilolmay, vahimaga tushdi. Bu ifoda na qahr, na hayrat, na taʼna, na dahshat — taxmin qilish mumkin boʻlgan hislardan birontasiga ham oʻxshamas edi. Eri unga nigohini uzmay tikilib turar, yuzidagi gʻalati ifoda hech oʻzgarmas edi.
Della stoldan sakrab tushib, unga otildi.
— Jim, jonim,— deya qichqirib yubordi u.— Menga unday qarama! Men sochimni qirqib, uni pulga sotdim, melod bayramida senga hech narsa sovgʻa qilmasam, bunga hech bir chidayolmasdim. Sochlarim yana oʻsib ketadi. Mendan achchigʻlanayotganing yoʻqdir-a, shundaymi? Bundan boshqa ilojim yoʻq edi. Sochim juda tez oʻsadi. Kel, meni melod bayrami bilan tabrikla, Jim, kel, bayramning gashtini suraylik. Senga shunday bir sovgʻa tayyorlab qoʻydimki, shunday ajoyib, shunday alomat sovgʻa tayyorlab qoʻydimki!
— Sen sochingni qirqtirdingmi?— deb soʻradi Jim diqqatini toʻplagancha, zotan miyasi qizgʻin ishlab turgan boʻlsa-da, bu narsa hali hushiga yetib bormayotgandek edi.
— Ha, qirqtirdim ham, sotdim ham,— dedi Della.— Ammo sen meni bari bir sevasan-ku? Sochim qisqa boʻlgani bilan men bari bir oʻsha-oʻshaman-ku.
Jim garangsib xonani koʻzdan kechirdi.
— Xoʻsh, shunday qilib, endi sening soching yoʻqmi? — deb soʻradi oʻrinsiz qatʼiyat bilan.
— Qidirmay qoʻyaqol, bari bir topolmaysan,— dedi Della.— Axir senga aytdim-ku: men sochimni sotdim — qirqtirdim-da, sotdim. Bugun arafa, Jim. Menga mehribonroq muomala qil, chunki men sen uchun shunday qildim. Ehtimolki, boshimdagi sochlarni sanab chiqish mumkin boʻlar-u,— deb soʻzida davom qilarkan, muloyim ovozi birdan jiddiy yangray boshladi,— ammo hech kim, hech kim mening seni nechogʻli sevishimni oʻlchab bitirolmasa kerak! Kotletlarni qovuraveraymi, Jim?
Shunda Jim karaxtlik ogʻushidan chiqdi. U Dellasini bagʻriga bosdi. Andisha qilaylik-da, bir necha lahza alahsib, biron oʻzga narsani tomosha qilish bilan band boʻlaylik. Qaysi biri koʻp — haftasiga sakkiz dollarmi yo yiliga bir millionmi? Matematik yoki donishmand sizga notoʻgʻri javob bergan boʻlardi. Afsungarlar bebaho tuhfalar keltirishgan, ular ichida bir tuhfa yoʻq edi. Nafsilamr, bu dudmal shamani keyinroq tushuntirib beramiz.
Jim paltosining choʻntagidan turgaklangan narsa olib, stolga tashladi.
— Gapimga astoydil ishonaver, Dell,— dedi u.— Hech qanday kuzalgan, taralgan soch qizaloqqinamdan mening mehrimni sovutolmaydi. Ammo mana bu turgakni ochib koʻrgin, dastlab kirib kelganimda nima uchun gangib qolganimni bilasan.
Oppoqqina epchil barmoqlar kanopni tortqilab, qogʻozni ochdi. Darhol shavqli xitob yangrab, hayhot, shu ondayoq ayol ahliga xos shashqator yosh bilan oh-faryod boshlanib ketdiki, xonadon boshligʻi oʻsha zahoti ixtiyorida mavjud boʻlgan barcha taskin beruvchi vositalarni tatbiq etishga majbur boʻldi.
Negaki, stol ustida Della Brodveydagi vitrinada koʻrganida mahliyo boʻlib qolgan, ikkita chakkaga, bitta orqaga toʻgʻnaladigan oʻsha bir toʻp taroq yotardi. Chetlariga jilodor toshlar naqsh etilgan, kashtanrang sochlarining tusiga juda mos, toshbaqa poʻstidan qilingan chinakam, ajoyib taroqlar edi. Ular juda qimmat, Della buni bilar, ularni orzu qilgani bilan muyassar boʻlmasligiga koʻzi yetganidan allaqachondan buyon yuragi orziqib, achishib yurar edi. Mana endi, nihoyat ular qoʻliga kelib tegdi-yu, ammo bularning orziqtirgan jilosi koʻrk baxsh etishi mumkin boʻlgan goʻzal sochlar allaqachon barham topgan edi.
Har qalay, u taroqlarni koʻksiga bosdi, nihoyat, jurʼat qilib boshini koʻtararkan, yoshli koʻzlari bilan jilmaygancha shunday dedi:
— Mening sochim juda tez oʻsadi, Jim!
Shu payt u ustidan dogʻ suv quyib yuborilgan mushuk boladek sapchib turdi-da, xitob qildi:
— Voy, oʻlmasam!
Axir Jim uning ajoyib sovgʻasini hali koʻrmagan edi-da. U oshiqqancha zanjirni kaftiga olib Jimga uzatdi. Xira tusli nodir metall uning samimiy va joʻshqin quvonchi shuʼlalarida tovlanib ketgandek boʻldi.
— Havasingni keltirmaydimi, Jim? Men uni topgunimcha, shaharda bormagan joyim qolmadi. Endi soatingni kuniga yuz marta olib qarashing mumkin. Soatingni menga ber-chi. Ikkalovi birga turganda qanday koʻrinishini koʻrgim kelayotibdi.
Ammo Jim uning soʻzlariga itoat qilish oʻrniga, chorpoyaga choʻzildi-da, qoʻllarini boshi ostiga qoʻyib, jilmaydi.
— Dell, — dedi u,— hozircha ikkovimiz ham sovgʻalarimizni yashirib qoʻya turishimizga toʻgʻri kelarkan, bir oz yotatursin. Ular hozir biz uchun juda ham serdabdaba ekan. Men senga taroq sotib olish uchun soatimni sotdim. Endi, kotletlaringni pishiraversang ham boʻlar, deb oʻylayman.
Maʼlumki, oxurda yotgan goʻdakka tuhfa olib kelgan afsungarlar donishmand, tang qolarli darajada donishmand kimsalar ekanlar. Melod kunlarida sovgʻa taqdim etishni ham oʻshalar taomilga kiritgan ekanlar. Oʻzlari donishmand boʻlganlari uchun beradigan tuhfalari ham, ehtimolki, maʼqul kelmay qolgan taqdirda ayirboshlab berish pisanda qilib qoʻyilgan donishmandvor tuhfa boʻlsa ajab emas. Men bu yerda sizlarga oʻzlarining eng bebaho boyliklarini bir-birlariga aql-donishiga mutlaqo zid boʻlgan yoʻsinda fido etgan, sakkiz dollarli kvartirada ijara turadigan ikki tentak bolaning sarguzashtini soʻzlab berdim. Ammo zamonamizdagi donishmandlarga oʻgit tariqasida aytib qoʻyishim kerakki, barcha tuhfa beruvchilardan eng donishmandi shular edi. Barcha tuhfa baxsh etuvchi va oluvchilar orasida mana shularga oʻxshaganlari chinakam donishmandlardir. Hamma yerda, har qachon. Afsungarlar ham ana oʻshalar.