..

Oʻtkir Hoshimov. Nega? Nega-a-a?!

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

(Shoʻrolar boshlagan bemaqsad afgʻon urushi qurbonlariga bagʻishlanadi.)

Trolleybus silkinib qoʻzgʻaldi.

— Keyingisi — Beshinchi mavze! Pattalarni chekichlashni unutmanglar. Yoʻlda nazoratchi bor.

Hamidulla oʻrta qatordagi oʻrindiqda oʻtiribdi. Deraza oldida.

“Qoʻrqadi nazoratchilaringdan! Student anoyi ekan-da, tutqich beradigan. Yarmi sambochi, yarmi karatechi! Shunaqa deydi-ku, keyingi paytda nazoratchilar ham kooperativ tuzgan. Pattasiz odamni ushlasa naqd uch soʻmni qurtdek sanab oladi. Bir soʻmi davlatga, ikki soʻmi oʻziga. Bir gal oʻzi ham qoʻlga tushdi. Kap-katta odam. Uyat-ye! Palakat bosib, pattasi tugagan ekan… Bir emas, toʻrtta hirsday yigit atrofingni oʻrab turgandan keyin ilojing qancha! Toʻlaysan! Ularniyam bilgani-bilgan. Bir kunda ellik kishini ushlasa, choʻntagiga yuz soʻm tushib turibdi. Har bittasiga yigirma besh soʻmdan. Qornini ogʻritadimi?”

— Eslataman, yoʻlda nazoratchi bor.

“Quloq soladi gapingga! Ichida soʻkayotgandir hammasi”.

Bunaqa paytda markaz tomonga odam kam boʻladi.

Trolleybus tiqilinch emas. Har kuni bitta yoʻldan yuraverganingdan keyin oʻrganib ketarkansan. Sakkiz yildan beri shu. (Qamoqdan qaytganidan buyon.) Qoraqamish “ikki-bir”dan (topgan nomini qarang: “ikki-bir”mish, oʻlsin agar, odamning tili kelishsa) sekin yoʻlga tushadi. Bitta-bitta yur-ye-yeb Studentlar shaharchasiga keladi. Trolleybusga oʻtirib, (ertalab joy bemalol-da) Oʻrdagacha boradi. Ishiga. Oshxonaga. Kechqurun shu yoʻldan orqaga qaytadi. Qoraqamishga. Uyiga. “Shef” — insofli odam, Oxun aka. Ishga undan oldin borib turadi. “Chaqqon-chaqqon qimirlaydu, Hamidullaxon! Hali zamon lagʻmonxoʻrlar klidoʻ”.

“Kontrolyor koʻrinmaydimi? Daf boʻlsin. Bolalarga achinadi-da, odam. Studentga uch soʻm kichkina pulmi? Shunaqa-ku, yelkasiga magnitofon osib, chiroyli-chiroyli qizlarni qoʻltiqlab yuradigani qancha. Magnitofonga yetgan pul pattaga yetmaydimi? Yoʻ-oʻq, olmaydi. Yuradi otasining soyai davlatida magnitofon varanglatib! Ota shoʻrlik oʻgʻlim Toshkentdek shahri azimda oʻqiyapti, olim boʻlib keladi, deydi. Oftobda yelkasi yagʻir boʻlib ketmon uradi. Nasibasidan qiyib jaraq-jaraq pul joʻnatadi. Bular boʻlsa… — Oʻrgildim obberadigan shaharingdan! Xudoga shukr, Rahmatillasi yaxshi bola chiqdi. Ichmaydi, chekmaydi, yomon yoʻlga yurmaydi. Uyam shu yerda oʻqirdi. Biofakda. Birinchi kursni bitirib armiyaga ketdi. Nasib etsa, keladi erta-indin”. Obbo! Yomgʻir boshlandi-ku… Qamalishiga yomgʻir sababchi boʻlgan. Yogʻirmas-ku, xoʻjayini. “Volga” haydardi. TNO. Ministrni olib yurardi. Oʻsha kecha xoʻjayin idorada ancha oʻtirib qoldi. Keyin tagʻin “bir joyga” bordi. “Severo-Vostok”dagi toʻqqiz qavatli uy tagida Hamidulla motorni oʻchirib, uzoq oʻtirdi. Oʻrganib qolgan. Avval ham koʻp kelishgan, “Severo-Vostok”ka… Keyin xoʻjayinini uyiga oborib qoʻydi. Yarim kechadan oshgan edi. Yomgʻir yogʻib turuvdi. Hamidulla shoshilardi. Rahmatillaning tugʻilgan kuni edi. Oʻn yoshga chiqqan kuni. Palakatni qarang: plash kiygan odam koʻchani kesib oʻtayotganini kech payqabdi… Ertasiga xoʻjayini uni yupatdi… “Oʻzi stovosmoy, piyonista ekan. Oyogʻi sinibdi. Baloyam urmaydi. Kasalxonaga oborib yaxshi qipsiz. Sizga hech nima qilmaydi. Men borman. Faqat, bitta iltimos, birov soʻrasa “anovi yoqqa” borganimizni aytmaysiz. Uchta bolam bor, tirikchilik ekan, jinday kirakashlik qilayotgandim, deb qoʻyaqolasiz”. Hamidulla xoʻjayin aytganini qildi… Ikki yilga kesishdi. Bir begunoh fuqaroga ogʻir tan jarohati yetkazgani uchun, davlat mashinasidan oʻz shaxsiy manfaati yoʻlida foydalangani uchun. Axloq tuzatish koloniyasiga hukm qilishdi. Axloq tuzatarmish! Nachora, peshanada bor ekan. Xotini qon-qon yigʻladi, xoʻjayinning oldiga borsa, sekretari kirgizmabdi. Bunaqa paytda odam chodirxayol boʻlib qolarkanmi, suddan keyin xotiniga aytdi. “Yoshsan, mabodo koʻngling boʻlinsa… boshqa birovga… mayli…” (Kerakmidi shu gap?) Xotinining koʻzi gʻazabdan yonib ketdi. “Undan koʻra oʻldirib ketaqoling!” Keyin oʻgʻli bilan gaplashdi. Rahmatilla uchinchi sinfda oʻqirdi. Esini tanib qolgandi. Boshiga ish tushganda odam aqlli boʻlib ketarkanmi, Hamidulla xoʻp dono gaplar aytdi. “Sen endi katta yigitsan, oʻgʻlim. Oilada sendan boshqa erkak yoʻq. Opangga yordam ber, singillaringni boshini sila”. Oʻn yashar bola onasiga qanday yordam beradi-yu, singillarini boshini silash uchun nima qilishi kerak?.. Nima desin? Bir nima deyish kerakmidi, axir? Oʻylab turdi-da, qoʻshib qoʻydi. “Ikki yil nima? Gʻiz etadi, oʻtadi-ketadi. San oʻgʻlim, xapa boʻma”. Oʻgʻlining yigʻlab yuborishidan qoʻrqar edi. Agar Rahmatilla yigʻlasa oʻziyam… Yoʻq, oʻgʻli yigʻlamadiyam, gapirmadiyam. Yerga qarab turaverdi.

Surxondaryo tomonda “axloqini tuzatishdi”. Temir yoʻl yaqinida. Qora paxtalik kiygan aristonlar… Kechalari ogʻir gʻoʻngʻillagan samolyotlar, muttasil taraqa-turuq qilib oʻtadigan yuk poyezdlari… Avvaliga yarmi ochiq vagonlarga ortilgan yuklarning usti brezent bilan oʻrab qoʻyilgani uchun hech balo koʻrinmasdi. Keyin brezent qoplamasiz tashiydigan boʻlishdi. Tanklar, zambaraklar, BTRlar. Koloniyada siyosiy axborot boʻldi. Imperializm malaylari Afgʻoniston demokratik respublikasidagi Savr inqilobini boʻgʻib tashlamoqchi boʻpti. Shonli sovet jangchilari oʻzining internatsional burchini sharaf bilan bajarishga kirishibdi.

…Oʻshanda Hamidulla hech nimani oʻylamadi. Oʻylab nima qiladi? Shu padaringga qusur ikki yilni omon-eson oʻtkazsa, uyiga, xotinining, ikkita norasida qizalogʻining oldiga borsa, oʻgʻlini koʻrsa bas. Mashina degan palakatning rulini ushlagan nomard! Duch kelgan yumushni qilaveradi. Zoʻr kelsa, Eski shahardagi mardikor bozoriga borib, gʻisht quyadi, hammolchilik qiladi. Ammo lekin bolalarini birovga zor qilib qoʻymaydi. Qarang, bir narsa yetti uxlab tushiga kirmabdi. Oy oʻtadi, yil oʻtadi, payti kelib sening oʻgʻling ham Afgʻonistonga boradi, internatsional burchini bajaradi…

“Boshi toshdan boʻlsin ishqilib. Koʻpi ketib, ozi qoldi”.

— Chekichlamaganlar oʻzidan koʻrsin. Uch soʻm jarima toʻlasa xotiniga paypoq ololmaydi, uyida janjal boʻladi.

“Obbo! Shangʻillaverarkan-da, bu xotin, qoʻlimga mikrofon tegdi deb!”

“Gʻuncha”. Nominiyam topganmi? Mayli, buyam bolalarga bir ermak-da. “Nu, pogodi” desa, jonini beradi. Boʻrini aytmaysizmi, boʻrini! Voy, qistaloq!»

Ota hovlisi shu yerda edi. Suv boʻyida. Zilziladan unchayam shikast yetmadi. Bolaxonaning sinch devoridagi guvalalar toʻkilganini aytmasa… Hamidulla oʻshanda hali uylanmagandi. Shofyorlik kursini endi bitirgandi. Aslida-ku, tarixchi boʻlmoqchiydi. Universitetga kirishni orzu qilardi. “Kitob oʻqigin, ha-a, oʻqiyver, yogʻi chiqadi! Otangni bekitib qoʻygan gʻaznasi bor! Qaynab chiqyapti. Seni uylantiradi, bola-chaqang bilan qoʻshib boqadi! Tur oʻrningdan, qulupnayni chopiq qil! Ertaga bozorga opchiqib sotsang, kuningga shu yaraydi!” (Otasining asabi chatoq edi.) Zilzila bahonasi bilan “buzdi-buzdi” boshlandi. Bu yerda koʻp qavatli muhtasham binolar qad koʻtarar emish. Osmonoʻpar qasrlar… Urushda bir oyogʻini tashlab kelgan otasi qoʻltiqtayogʻini doʻqillatib, e, yugurdi-ya! Raykom, rayispolkom, gor-ispolkom…

Hamidulla otasining choʻltoq oyogʻini koʻp koʻrgan. Chap oyogʻini… Tizzadan yuqorisi saqlanib qolgan oyoq allaqanday ingichka tortib ketgan. Uchi toʻmtoq, koʻkimtir qizgʻish rangda. Shimining pochasini qayirib, oqarib ketgan eski qayishiga qistirib oladi-da, hakkalab borib devorga tirab qoʻyilgan qoʻltiqtayogʻiga yopishadi. “Rezinkasi yeyilib ketibdi, — deydi toʻngʻillab. — Bu onangni… aptekada topilsa ekan!” Hassasini doʻqillatib, hovliga tushadi. “Kerak boʻlsa Moskvagacha boraman”, — deydi allakimga dagʻdagʻa qilib. — Koʻkcha mozorida otam yotibdi, onam yotibdi! Ota-buvamdan qolgan uyni buzadiganning boshi oʻnta. Ana, qoʻlidan kelsa remont qib bersin! Oʻligim shu yerdan chiqadi. — Ikkala hassatayogʻini yerga baravar uradi — shu yerdan! Ispolkomdagi jipiriqqa gapirsam, bezrayadi. “Mayli, buzadigan yerdan joy oling, uch yildan keyin shu mahalladan dom beramiz”, deydi. Uch yilgacha onangni chorbogʻida turamanmi? “Boʻlmasa, Qurbaqaoboddan uchastka oling”mish. Qurbaqaobodi yerning kindigida boʻlsa, tilladan togʻim bormi, bir chetidan ushatib imorat quradigan. Yoʻq, Moskvaga boraman. Uchinchi Ukraina frontining jangchisi, Vatan uchun qon toʻkkan “Shuhrat” ordeni kavaleri xor boʻldi, deyman. Uyim bosib tushgani yoʻq, remontiyam boshida qolsin, buzmasin, deyman. Domini pishirib yesin, deyman».

Otasining yelib-yugurishlari shu boʻldiki, uylarida chiroq oʻchib qoldi. Gaz kelmay qoʻydi. Mahalladagi oʻttiz ikki xonadon “dom”ga koʻchishga rozi boʻpti. Yigirma bitta oilaga Qurbaqaoboddan yer berilibdi. Sakkiz xonadon “buziladigan yer”ga rozi boʻlib, qarindoshlarinikiga koʻchib ketibdi. Uylarga buldozer qoʻyildi.

— Oʻlsin-yey! Muncha imillaydi bu! Aksiga oladi oʻzi. Soatingiz nechchi boʻldi, amaki?

“Amaki-ya! Oʻzining yuzi tegirmonchining mahsisiga oʻxshaydi-ku, amaki deydi. Upaniyam bearmon chaplabdimi? Qarilikni boʻyniga olsa oʻladi bu xotinlar! Ming soʻmlik palto kiyib, gul koʻtarib yurgandan koʻra ikki soʻmning bahridan oʻtsang, joniqib kutayotganingning oldiga oʻn minutda borasan. Ana, koʻcha toʻla kooperativ taksi”.

— Soatim yoʻq, xola! Manda soat nima qilsin. Poʻristoy odam boʻlsam.

“E, oʻl-a! Oʻzing ham ja tajangsan-da! Yosh boʻlgisi kelsa nima qilsin bu shoʻrlik …Qoʻndoqda tekkanda. Goʻring nurga toʻlgur otang ham shunaqa kajbahs edi… Qiziq, bugun otang tushingga kiribdimi? Qamoqda yotganingda oʻlib ketgan otang? “Qoʻltiqtayogʻim qani, nega yoʻqotding”, deb baqiribdimi?”

Tavba, otasi mayka-tursida emish. Kesilgan chap oyogʻi nuqul dikillarmish. “Top! Hozir topasan tayogʻimni, boʻlmasa oʻrtoq Brejnevga boraman, men frontovikman, deyman! Sen ham arzimga quloq solmasang, lichna Oliy Bosh qoʻmondonning oʻziga arz qilaman, dermish. «E odamning tushiga nimalar kirmaydi?”

“Hamza teatrimi? Afishani qarang, afishani! «Xalqlar jallodi”. “Ertaga premyera!” Qoyil! Ertaga odamlar yangi tomosha koʻradi. Stalinni soʻkib-soʻkib chiqadi. Yashavor, shovvoz. Tirikligida dohiy yasaysan, oʻlganidan keyin goʻrdan olib, goʻrga tiqasan…

Ana, telestudiyadan ham oʻtdik. Shu… televizorni oʻylab topganniyam otasiga ming rahmat-ye! Uyingda indiyskiy choyni ichib yonboshlab yot-ye-yeb, dunyoni tomosha qilasan. Oynai jahon-da! “Otalar soʻzi”ni ayting. Dilingdagi gapni topadi-ya. Baraka toping-ye, otaxon! Oʻrtadan andisha koʻtarildi, odamlarda insof yoʻq… Qarang, televizor degan narsani Toshkentda yasashgan ekan-u, mushuk anovisini bekitganidek shuniyam ovoza qilishmaydi. Ha, endi, Toshkent qoloq boʻlgan, savodsiz boʻlgan».

— Oʻrdada tushmaysizmi, singlim? “Koʻrdingmi, darrov chehrasi yorishdi. Nari borsa oʻzing tengi xotin kishiga «xola” demasang asakang ketarmidi? Shunaqa-ku, pardoz-andoz qilgan xotinni koʻrsa… Oʻzingning xotining boshqacha-da! Yigirma bir yil turmush qilib, bir marta labiga boʻyoq surmadi-ya. Ikki gapning birida: “Rahmatim kelsa, hafta oʻtmay toʻy qilamiz”, deydi. Koʻrpa-koʻrpachalar tayyor, kelin sarpolar tappa-taxt. Shu kunlarga yetkazsin. Mayli, hafta, oʻtibmas-ku, bahorda… Umr savdosida bu. Kelinniyam tag-taxtini surishtirish kerak. Ota-onasi kim, avlod-ajdodi kim. Rahmatilla kelishgan bola. Ichmaydi, chekmaydi, yomon yoʻlga yurmaydi. Shundoq boʻlgandan keyin kelin ham… chiroyli boʻladi, esli-hushli, uyim-joyim deydigan boʻladi… Ertalab ishga otlanganida, “adajon, choyingiz tayyor, quymoq pishirib beraymi”, deydi. E, umringdan baraka top, bolam! Qoʻshganing bilan qoʻsha-qarigin, baxtli boʻl, qizim! Keyin… Nevarali boʻladi. Toʻngʻich nevarasi oʻgʻil boʻladi. (Rahmatilla azamat yigit.) Uxlab yotganida qoʻyniga kirib oladi. Uygʻonsaki… haligidaqa. “Ie, polvon biz tomonga choptirib yuboribdilar-ku”, desa, buvisi yupatadi: “Nevarangiz halitdan buyon tortqilaydi, uygʻonmaganingizdan keyin jahli chiqdi-da, dadajonisi!” Nevarasi “dadajonisi”ga qarab qiqir-qiqir kuladi…

— Kechirasiz, singlim, oʻtib ketsam… Rahmat… “Voy-bu-u! Atirga choʻmilganmi bu xotin, nima balo, dimogʻni yoradi-ya! Bola-chaqadan vaqt orttirib pardoz koʻngliga siqqani… E, bizni xotinlarni boshidan suv oʻgirib ichsang arziydi. Uyim-joyim deydi, bola-chaqam deydi… Xudodan ham oʻrgildim, yaxshi koʻrgan bandasidan dardini ayamas ekan-da! Bugun tagʻin nolidi: nafasim qisyapti, adasi, yomgʻir yogʻadi shekilli. Yoqqani yaxshi boʻldi, shoyad nafasi qisgani oʻtib ketsa. Shoshma, tagʻin nima dedi? “Rahmatingiz tushimga kiribdi, oyogʻim sovqotib ketyapti, adamga ayting, menga etik olib bersinlar, deyapti. Bolamning joni sogʻmikan?” Xotin kishining tushi teskari boʻladi. “Anavi yoqda” yurganida “tushimda oʻlib qopsiz, oʻzingizni ehtiyot qiling”, deb sakkiz marta xat yozgan. Rahmatillaga nima boʻlardi. Baquvvat, esli-hushli bola… Shunaqa deydi-ku bu — Afgʻoniston…” Rahmatillani aeroportda kuzatayotganida qattiq tayinlagan. «Oʻgʻlim, sen aqlli yigitsan, opangni holi oʻzingga maʼlum… Mabodo Afgʻonistonga tushib qolsang, xatni Termizdan deb yozaver.

Mana, ikki yilki, “Termiz”dan xat keladi. Xotini xursand. Televizorda Afgʻonistonni koʻrsatsa, tavallo qiladi: “Adajonisi, peshanamiz yaraqlagan ekan, yaxshiyam Rahmatillangiz Termizda xizmat qilyapti”… Televizorni shartta oʻchirib qoʻysang, xotining, qizlaringni koʻngliga gap kelsa… Koʻraveray desang… Xayriyat, uch kun avval xat keldi. “Termizdan sogʻinchli salom. Adajon, opajon, shirin singillarim — Mahfuza, Feruza… Men sogʻ-salomat yuribman, hech nimadan kamchilik yoʻq. Xizmatlar oson. Opa! Mendan xavotir olmang. Dekabrning oʻrtalarida uyga boraman”.

Bugun nechanchi? Oʻn ikkinchi noyabrmi? Bundan chiqdi, uzogʻi bilan bir oydan keyin.

— Keldinizmoʻ, Hamidullaxon. Chaqqon-chaqqon qmirlaydoʻ…

Xalat qayokda edi? Ha, mana… E, oʻl-a, piyoz ivib qolibdi-ku. Bu shogird bolalar gʻirt ahmoq-da! Arzimagan toʻrtta qopni panaroqqa olib qoʻyishga eringan. Poʻkonidan yel oʻtmagan.

— Oxun aka! Bu bolalar…

— Hamidillaxon uka, buyoqqa qarang, siznu bir odam chaqrvatidoʻ. Vayenni odam…

Voyenniysi kim boʻldi? Ie, mayor-ku! Savlatidan arava hurkadi. Nima gunohi bor ekan? Qiziq, quchoqlashga balo bormi?

— Kechirasiz, oʻrtoq nachaynik. Men sizni…

— Hamid! Tanimading-a!

“Oʻrgildim! Shapka kiyganlarga koʻzing uchib turuvdi! Axloq tuzatish koloniyasida koʻp koʻrgansan!”

— Qarasang-chi, yaxshilabroq, “tajang!” “Nima, “tajang” dedimi? Axir bu…”

— Maktab esingdami, tajang? Men — Muhammadminorman.

“Shoshma, shoshma… Axir, bu…”

— Tanidingmi? Muhammadminor… Men — Muhammadminorman.

— Ie, voy, sen-yey! Voy “voyenniy-yey!” Shoshma bitta oʻpiy! E, shapkangni yechib turgin-da, mundoq Minorka! Mana bu boshqa gap!

Axir, bu Muhammadminor-ku. burni tovuqnikiga oʻxshagani uchun “Minorka” degan laqab orttirgan, maktabni bitirib harbiy bilim yurtiga kirgan, endi senlar bilan yigirma besh yil diydor koʻrisholmayman, deb yigʻlagan Minor…

— Oxun aka! Piyozni bolalar toʻgʻrasin. Biz… bir piyola choy…

— Shoshma, doʻstim, choy-poying kerakmas. Yur bu yoqqa! Vaqt ziq.

“Oʻh-hoʻ! Armiyadagi starshinaga oʻxshab prikaz qiladi-ya, shovvoz! Pogon bor — zakon bor…”

— Gapimni diqqat bilan eshit. Seni zoʻrgʻa topdim. Mayli, gap bundamas. Diqqat bilan eshit. Hozir bir joyga boramiz. Gʻing deb ovoz chiqarmaysan. Yomon boʻladi, tushundingmi, menga yomon boʻladi. Voyenvrach sifatida.. Boʻl tez!

“Nega yomon boʻladi? Qanaqa voyenvrach? Shoshma, Minor… Muhammadminorning mayorlik pogonida ilon rasmi bormi? Bundan chiqdi…”

— Vaqt ziq! Bugun gospital boʻyicha men dejurman. …Gʻishtin devor. Panjara darvoza. Devor chetidagi qoʻngʻiroq. Muhammadminorga chest berib, gʻoz qotgan serjant…

— Bitta xalat! Srochno!

Hamidulla xalatni ming mashaqqat bilan yelkasiga ildi. Yomgʻir yogʻyapti. Serdaraxt hovli. Dilni gʻash qiluvchi pastak gʻishtin binolar… Ming laʼnat, qargʻa muncha koʻp! Muncha nolish qiladi, bu maraz mahluqlar!

— Minor! Muhammadminor! Jon doʻstim! Nima gap? Nima boʻldi?

— Jim! Oʻn birinchi blokka boramiz. Kelishdik, ovozingni chiqarmaysan. Qoʻrqma, hammasi joyida. Oʻgʻling…

“Oʻgʻlim?” “Oyogʻi nega chalishadi? Nega mador yoʻq?” “Tezroq! Tezroq!”

Barakka oʻxshash uzun palata… Ikki qator temir karavotlar. Toʻshaklar… Oq choyshablar… Kulrang adyollar. Bir-biriga oʻxshash qiyofalar… Hammasi yosh, hammasi rangpar… Dori isi… “Bannisa” isi… Pastak derazadan tushayotgan xira nur…

— Ana! Sekin… Iltimos, shovqin solma…

— Ada!

Nahot! Nahot shu oʻgʻli boʻlsa! Aeroportda xayrlashayotganida “mendan xavotir olmanglar” degan, avval onasini, keyin uni quchoqlagan, quchoqlaganida belini qisirlatib yuborgan… Har safar “Termizdan sogʻinchli salom” deb xat boshlagan, “opamga ayting, xavotir olmasinlar” degan, uch kun ilgari “uzogʻi bilan bir oydan keyin boraman”, deb xati kelgan… Qani, qani oʻsha oʻgʻli? Oʻn yasharligida “onangni ehtiyot qil” deganida yigʻlamay yerga qarab turgan, xizmatga ketish oldida devdek yigit boʻlib yetilgan… Tamom boʻpti-ku! Rangi dokadek oppoq… Soqol-moʻylovi oʻsgan…

— Oʻgʻlim, jon bolam!

Rahmatilla adyol tagidan qoʻlini chiqarib, uning boshini siladi.

— Yigʻlamang, ada.

Qiziq, nega soqol-moʻylovi muncha dagʻal? Nega oqargan? Yo Xudo! Oʻgʻli oʻzidan qarib ketibdimi?

— Bolam! Nima qildi? Nima boʻldi senga?

— Sekin! — Hamidulla yelkasiga kimdir ohista qoʻl bosganini his etdi. Ammo qayrilib qaramadi.

Ajab, oʻgʻlining qoʻllari nega muncha ojiz? Nega qaltiraydi?

— Opamga aytmang, ada! Opamga aytmang… Sizni koʻrdim… Doktorga rahmat…

Hayajonli hayqiriq yangradi:

— Kordiamin! Sestra, kordiamin! Rahmatillaning yuziga qon yugurgandek boʻldi. Hatto… hatto kulimsiradi ham. Otasi buni koʻrdi. Aniq koʻrdi!

— Sestra! Oʻlib qoldingmi? Kordiamin!

— Oʻgʻlim! Koʻzingni och! Oʻgʻlim!

— Nari turing, qoching!

— Yoʻq! Bermayman! Bolamni senlarga bermayman! Rahmatilla!

U jinni boʻlib qolganga oʻxshardi. (Balki chindan ham esdan ogʻgandir.) Shitob bilan adyolni yulqib chetga uloqtirdi.

— Tur bolam! Tur oʻrningdan! Ketamiz! Uyga ketamiz!

Shunda… Shunda, toʻshakning yarmi boʻsh ekanini payqadi. Oʻgʻlining ikkala oyogʻi yoʻq edi. Tizzadan emas, undan ham yuqoriroqdan. Koʻkragidan buyogʻi doka bilan oʻrab tashlangan. Har joy-har joyda qizgʻishtob dogʻlar. Qotib qolgan qon dogʻlari.

— Qoching, grajdanin. Xalaqit beryapsiz.

— Hamid ket! Tushunsang-chi, doʻstim, menga gap tegadi!

— Yoʻq! — U avval temir karavot qirrasini mushtladi. — Yoʻq! Yoʻq! — Keyin oʻgʻlining soqoli tikandek oʻsib ketgan yuzlaridan oʻpa boshladi.

— Bolam, koʻzingni och, Rahmat!

Oʻsha zahoti shilq etib yerga oʻtirib qoldi.

— Nega? — dedi ingrab. — Nega? Insoflaring bormi? Aytinglar, bolam nima gunoh qiluvdi? — Yerga muk tushdi-da, namiqqan taxta polni qoʻshqoʻllab ojiz mushtlay boshladi.

— Nega? Nega? Nega-a-a-a!!!

1989-yil.