Oʻtkir Hoshimov. Oʻzbek ishi
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Alohida muhim ishlar boʻyicha tergovchi Koryagin mashinaning orqa oʻrindigʻida oʻtirar, toliqqan edi. Eski “Jiguli” ikki betida baqateraklar tizilgan, onda-sonda paxta laxtaklari toʻkilib qolgan yoʻldan borar, mashina eshigi, asabni qaqshatib, muttasil gʻiyqillardi.
Jumanov degani, mana, toʻrt oydirki, aybini boʻyniga olmaydi. U yokda gruppa boshligʻi Ambartsumyan siquvga olib yotibdi: “Biz sizni yosh, gʻayratli mutaxassis sifatida bu ishga jalb qilgandik. Boshqalar obkom sekretarlarini yongʻoqdek chaqib tashladi. Siz boʻlsangiz, allaqanday sovxoz direktorini eplay olmaysiz”.
Ming laʻnat hammasiga! Paxtasigayam, Jumanovigayam! Avval ham “shugʻullanishgan” u bilan. Bir emas, ikkita tergovchi… Umuman, oʻrgimchak uyasiga oʻxshaydi bular. Hammasi chatishib ketgan.
Shu topda mashina haydab borayotgan Berdiyev ham koʻziga shubhali koʻrindi. Viloyat prokuraturasi xodimi. Peshka! Qarang, shuniyam tagida mashina. “Nol — olti”. Oʻzida-chi? Kichik adliya maslahatchisi-da! Mototsikl ham yoʻq… Muncha gʻiyqillaydi bu eshik?!
— Mashinangizni moylasangiz boʻlmaydimi, Berdiyev?
Berdiyev ortiga qarab jilmaydi:
— Kechirasiz, Vasiliy Stepanovich! — dedi chap qoʻli bilan rul ushlaganicha, oʻng qoʻlini koʻksiga bosib. — Mashina meniki emas…
“Qoʻlini koʻksiga qoʻyishga balo bormi? Qullik psixologiyasi!”
— Nima, otangiznikimi?
— Yoʻq, Vasiliy Stepanovich! Qoʻshnimizniki. Bir kunga soʻrab oldim.
Koryagin jilmaydi.
— Tushunarli… Bundan chiqdi, qoʻshningiz Qahramon…
— Qahramon! — Berdiyev favqulodda yangilikni xabar qilayotgandek, samimiy shangʻilladi. — Qahramon Ona! Oʻn ikkita bolasi bor.
“Xoʻp qahramonlik qiptimi? Kalamushga oʻxshab bolalash jasorat boʻlsa… Aslida, mana qayerda yotibdi oʻgʻirlikning ildizi! Churvaqalar tugʻilaversa, yeyman-ichaman deb ogʻzini ochib turaversa…”
— Aytib qoʻying, Berdiyev. Kampir mashinasining eshigini moylab yursin…
Berdiyev kuldi.
— Kampirning pravasi yoʻq, Vasiliy Stepanovich. Mashina haydolmaydi.
— Bundan chiqdi, sizning ismingizga oformit qilgan… “Qahramon”ga qanday qarindoshchiligingiz bor?
“Novodyashiy” savol, — Koryagin oʻzining soddaligidan miyigʻida kuldi. — Bordiyu, Berdiyev mashinasini “Qahramon ona” nomi bilan xaspoʻshlagan taqdirda ham ogʻzidan gullarmidi? Harqalay yurist…»
— Aytdim-ku, qoʻshnisi boʻlaman! — Berdiyev orqaga oʻgirilib tagʻin shangʻilladi. — Mashinani kampirning toʻrtinchi oʻgʻli haydaydi. Pedagog. Krupskaya mukofoti laureati. Maktabda rus tilidan dars beradi.
“Laureat emish! Rus tilidan dars berarmish! Qani oʻsha laureatning shogirdlari? Soʻroq paytida koʻzini loʻq qilib turadi. Rus tilini bilmasmish. Aslida-ku, sovet hokimiyatida oltmish toʻqqiz yil yashab rus tilini oʻrganmaslik… Biladi!!! Baloni biladi! Oʻzini goʻllikka soladi. Keyin majbur boʻlasan Berdiyevga oʻxshagan mahalliy huquqshunoslarni yordamga chaqirishga…”
— Laureatingizning mashinasi tezroq yura oladimi, yo aravadan farqi yoʻqmi?
— Mayli-ku, yoʻl tor, Vasiliy Stepanovich! Telejka chiqib qolishi mumkin…
— Tor boʻlsa, koʻzingizga qarang! Meni birinchi marta koʻrayotganingiz yoʻq!
Motor kuchanib oʻkirdi. Mashina shiddat bilan yelib ketdi. Yoʻl chetidagi baqateraklar gʻoyib boʻldi. Na daraxt bor, na imorat. Hammayoq paxtazor. Ufqqacha, koʻz ilgʻaguncha… toʻq yashil, qoʻngʻirtob dalalar. Dilni gʻash qiluvchi manzara…
Koryagin boʻgʻriqib, mashina oynasini tushirgan edi, yuziga chang urildi. Battar xunob boʻldi. “Qanaqa xudo qargʻagan joy bu! Sentyabr oʻrtalab qoldi-ku, haliyam issiqqa chidab boʻlmaydi…”
Oradan hech fursat oʻtmay, dimogʻiga allaqanday boʻgʻuvchi hid urildi. Xizmatchilik! Yurist aralashmaydigan soha yoʻq. Keyingi yillarda ekologiyaga oid ishlarni koʻrishga ham toʻgʻri kelgan — Dnepropetrovsk, Zaporoje… Ammo bunaqangi badboʻy hiddan bahramand boʻlish “nasib etmagan” edi…Atrofga alangladi. Nima balo, shu gadoytopmas joyda ham ximzavodmi? Yoʻq, koʻz ilgʻaguncha ufqda na biron zavod korpusi, na tutun burqsitgan quvur koʻrinadi.
— Nima bu, Berdiyev? — dedi oynani shosha-pisha koʻtarib.
— Defoliant… — Berdiyev yoʻldan koʻz uzmay borarkan, tushuntirdi. — Butifos sepmasa, gʻoʻzaning bargi toʻkilmaydi.
Koryagin horgʻinlik bilan koʻzlarini yumdi. Dafʻatan sogʻinch bir tuygʻuni his etdi. Moskva atrofi… Sokin kuz… Tiniq osmon… Kristalldek begʻubor havo… Hozir eng yaxshi fasl. Pushkin aytganidek, “maʻyus va goʻzal…” “Babe leto” degan gap bor. Har yili sentyabrda er-xotin otpuska olib, Podmoskovega — qaynonasinikiga borishardi. Oʻrmon. Oltindek sargʻaygan emanlar… Shamol epkinida zirillab turgan oq qayinlar… Yam-yashil archazor… Kuzgi qoʻziqorinlar…
Qaynonasi — Nadejda Vasilevna ularni jon-dili bilan kutib oladi. Moskvadagi oliy kategoriyali restoran oshpazi ham borsh bilan chuchvara pishirishda Nadejda Vasilevnaning oldidan oʻtaversin! Hayron qolasan: “Goʻzallik saloni”ning bosh kosmetologi qayoqdayu, qozon-tovoq qayoqda! Olgani aytmaysizmi, xotinini! Erta-indin doktorlik dissertatsiyasini yoqlay deb turgan olima! Kibernetikaning man-man degan “xudo”lari tan beradi unga. Oʻsha akademiklar Olenkaning qoʻziqorin marinovka qilishini bir koʻrsami! Sentyabr — er-xotin orziqib kutadigan oy… Afsus, bu yilgi taʻtil ham harom boʻldi…
Toʻgʻri, aynan shu oyda taʻtilga chiqishining bitta noqulayligi bor. Natashenkaning oʻqishi boshlanadi. (Bu yil yettinchi sinfda oʻqiyapti). Ustiga-ustak musiqa maktabi — violanchelo… Lekin Olga (dono xotin — yarim davlat) buniyam yoʻlini topgan. “Tashvish qilma, Vasenka, Natasha yosh bola emas”. Toʻgʻri aytadi: podʻezddagi qoʻshni kampirga yigirma besh soʻm berishsa bas — qizaloq kechqurun issiqsiz qolmaydi. Ertalab xolodilnikni ochsa, “suxoy payok” muhayyo. Pishloq, kolbasa, sariyogʻ, tuxum… tushlikni maktabda qiladi… Keyin musiqa maktabi. Kofe bor, buterbrod…
…Shanba kuni kechqurun sakkizdan uch minut oʻtganda er-xotin Natashenkani stantsiyada kutib olishadi. Moskvadan qaynonasinikigacha elektrichkada qirq ikki minutli yoʻl.
“Papochka!” — deydi qizalogʻi vagon zinasidan sakrab tushib. Oʻpishadilar. Keyin babushkalarinikiga yoʻl oladilar. (Ajab! Qizaloq onasidan koʻra uni koʻproq yaxshi koʻradi).
Ertasiga ota-bola qoʻziqorin terishadi. Oyogʻiga krassovka, egniga gamash, oppoq vodolazka kiygan, koʻkragi boʻrtib qolgan Natashenka qoʻziqorinlar gʻuj boʻlib oʻsgan joyni koʻrsa, yosh boladek irgʻishlaydi: “Papochka, qarasang-chi, papochka, koʻrmayapsanmi?” Savatchasini salanglatib oʻsha tomon yuguradi… Kechqurun buvisi Natashenkaning topqirligini maqtaydi…
Koryagin oʻsha dilxush damlarni ravshan tasavvur qildiyu, yuragi orziqib ketdi.
…Tormoz nolali gʻiyqillab, Koryaginning oʻzi ham, xayollari ham toʻzon ichida qoldi. Peshanasi oldingi, oʻrindiq suyanchigʻiga urilib, bir zum garangsib turdi-da, mashina yoʻl chetiga chiqib, koʻndalang toʻxtab qolganini payqadi. Traktorning tarillashi qulogʻiga kirdi. Alang-jalang qarab, bir emas, toʻrtta pritsep ulangan traktor tarillab, imillab, katta yoʻlni kesib oʻtayotganini koʻrdi.
— Oʻlgani ketyapmizmi, Berdiyev?! — dedi qoʻl doʻlgʻab. — Sekinroq yursangiz boʻlmaydimi?
Berdiyev unga qaramadi. Chap eshikni ochib, ovozi boricha bir nimalar deb baqirdi. Traktorchi uzr soʻragan boʻlib, qoʻlini koʻksiga qoʻydi-da, pritseplarini sharaqlatgan koʻyi katta koʻchaga burilib ketaverdi. “Savodsiz! Ahmoq!”.
Koryagin motorni oʻt oldirishga behuda urinayotgan Berdiyevga jahl bilan qarab, eshik oynasini tushirdi. Yuziga chang urilib tupurdi.
Motor hamon dumi bosilgan mushukdek bigʻillar, ammo hadeganda oʻt olmas edi. Chang tarqalib, koʻz oʻngida gʻalati manzara paydo boʻldi. Biydek dala, paxtazor. Yuz qadamcha narida, marza boshida pritsep turibdi. (Hozir yoʻlni kesib oʻtgan pritsepga oʻxshagan). Boshiga oq mato oʻragan ayollar, doʻppi kiygan erkaklar ikki buklangan koʻyi paxta toʻla etak orqalab, pritsep tomonga turnaqator kelyapti. Xuddi oʻzidan katta bugʻdoy bo-shogʻini ortmoqlagan chumolidek. Bir xillari hamon egat oralab ivirsib yuribdi. Boʻyniga etak osgan. Chotini kerib, gʻayritabiiy gandiraklagan koʻyi qadam tashlaydi. Har bir gʻoʻza boshiga egilib, ikki qoʻllab paxta teradi, shosha-pisha etakka tiqadi. Etak soniya sayin shishib boradi.
…Televizorda paxta terimini koʻrgan edi. “Vremya”da. Qoracha yuzi tabassumdan porlab turgan mexanizator qiz… bunkerga qordek yogʻilayotgan loʻppi paxtalar…
U yana xiyla tikilib turdi-yu, bir narsani angladi: bular roʻmol tangʻigan xotinlar emas, yosh qizaloqlar, doʻppi kiyganlar alp qomatli erkaklar emas, yosh bolalar… “Shoshma, bunaqa manzarani yana qayerda koʻruvdi?”
Berdiyev gʻudranib kapotni ochdi. Motorni titkilay boshladi.
Esladi! Bir vaqtlar “Boshsiz chavandoz” filmini koʻrgandi. Oʻsha kinoda xabash qullar paxtani savatga terayotgani tasvirlangan edi… “Bu yerda etakka terishyapti…”
Berdiyev bir balo qildi, motor oʻt oldi.
— Bir minut! — dedi Koryagin hamon paxta terayotganlardan koʻz uzmay. — Kim bular?
— Terimchilar… — Berdiyev qoʻlini isqirt dokaga artib, kapotni qarsillatib yopdi.
— Mashina-chi? — dedi Koryagin astoydil ajablanib. — Nega mashinada termaydi?
— Paxta yalpi ochilmaguncha mashina dalaga tushmay-di, — Berdiyev joyiga oʻtirdi. — Bundan tashqari, qoʻl terimi toza boʻladi.
“Jiguli” sekin oʻnglanib, yurib ketdi. Koryagin ortiga qarab, oʻzidan katta etakni ortmoqlab ketayotgan qizaloqlarga yana koʻzi tushdi. Rahmi keldi.
— Nega bolalar ishlayapti? Kattalar qayoqda? Berdiyev darhol javob bermadi.
— Ularning ham oʻz yumushi bor… — dedi mujmal qilib.
“Tushunarli… Bolasini paxtaga haydaydi, oʻzi chayqovchilik qiladi. Novosibirskka tarvuz oborib sotadi… Aslida-ku yoshlarni qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilish hamma yerda bor. Moskvada ham kartoshkaga olib chiqishadi. Yuqori sinflarni. Toʻqqizinchiga koʻchsa, Natashenkani ham chiqaradilar. Balki, muzika maktabidan spravka berishar — barmoqlarini avaylashi kerak… Oʻziyam studentligida kartoshka tergan… Yomgʻir yogʻib turganida… Loy changallab… Bir safar, hatto toʻrt yuz kiloga olib chiqqan. Paxta nima…”
— Qanchadan haq oladi?
Beridev yaxshi anglamadi shekilli, soʻradi:
— Kim?
— Bolalar. Tergan paxtasiga?
— Kilosi — besh tiyin.
“Yomonmas. Bir kunda besh yuz kilo tersa, nakd yigirma besh soʻm! Bir oiladan beshta bola paxtaga chiqsa…”
* * *
“Jiguli” hamon gʻizillab borardi. Beridev bu yoqlarni yaxshi biladi: “Mestniy kadr”, “XXV partsʻezd” sovxozining sobiq direktori Panji Jumanov bilan hamqishloq…
Mashina sovxoz markaziga yetib keldi chogʻi, xiyla obod manzara koʻrinadi. Koʻchaning bir tomoni — gulzor. Urush qurbonlariga oʻrnatilgan didsizgina haykal. Bir yokda ikki qavatli bino. Sovxoz idorasi boʻlsa kerak, marmar “shuba” bilan suvalgan. Undan narida tepasiga “Chayka” deb yozilgan yozgi kinoteatr. Yoʻl chetida rus va oʻzbek tillarida har biri odamdek harflar bilan yozilgan shior: “Paxta — oʻzbek xalqining internatsional burchi!”
Zum oʻtmay, markaz ortda qoldi. Tuprogʻi oʻynab yotgan qishloq koʻchasiga kirdilar. Koʻcha chetida zamonaviy beton simyogʻochlar. Suvi qurigan tsement ariq. Aksariyatining devori oqlanmagan uylar. Baʻzilarining tomi shifer bilan yopilgan. Tepasida televizor antennasi. Baʻzilari suvoqli tom. Ustiga gʻoʻzapoya bostirib qoʻyishibdi. (Shuning uchunmi, uylar yanayam pastqam koʻrinadi). Dehqon xalqi tadbirli boʻladi. Bu yoqlarda gʻoʻzapoyani oʻtin oʻrnida ishlatishlari Koryaginning qulogʻiga chalingan edi. Holbuki, tuman markazidan magistral gaz quvuri oʻtgan. Nari borsa, oʻn besh chaqirim… Nachora, gazdan koʻra gʻoʻzapoyani afzal koʻrsa — oʻzining ishi.
“Jiguli” boʻyogʻi uniqqan darvoza oldida toʻxtadi.
— Keldik! — Berdiyev mashinadan tushib, darvozaga bordi. — Marhamat! — dedi xuddi oʻz uyiga taklif qilayotgandek. Darvozani taqillatib oʻtirmadi. Kafti bilan itargan edi, bir tavaqasi gʻiyqillab ochildi. — Kelavering, Vasiliy Stepanovich.
Koryagin darvozadan kiriboq toʻxtab qoldi. Eh-eh, hovlimas, butun boshli ogorod-ku 6u! Bemalol koʻpqavatli imorat qursa boʻladi! Har kim shunchadan yerni egallab olaversa… Razm solib, bir narsani angladi. Hovli katta boʻlgani bilan bir qarich ham boʻsh joy yoʻq edi. Bir tomonda pomidor, kartoshka, bodring pushtalari. Bir tomon joʻxorizor. Soʻtalari yigʻib olingan, ammo sargʻaygan poyalari soʻppayib turibdi. Nariyoq olmazor… Oʻrik, olcha daraxtlari…
Koryagin beixtiyor Berdiyevga ergashib chap tomondagi bostirma oldiga bordi. Bostirmada chang oʻtiraverib, rangini aniqlab boʻlmaydigan ahvolga kelgan AZLK “Moskvich” mashinasi turibdi. (“Toʻgʻri, protokolda qayd etilgan”.) Mashina yonboshida bitta zanglagan kanistr, ikkita pachoq flyaga dumalab yotibdi. Unga tutash yana bir bostirma. Qoziqqa bogʻlangan ola sigir erinchoqlik bilan joʻxoripoya kavshaydi, ustiga qoʻngan xira pashshalarni dumi bilan haydaydi. Bir chekkada yonboshiga tezak yopishgan buzoq yotibdi. Koryagin bostirmaning pastqam burchagida bogʻlogʻli turgan eshakni dafʻatan koʻrmagan ekan. Eshak uzun quloqlarini dikkaytirib, shu tomonga horgʻin qarab turdi-da, bir-ikki hirqilladi. Keyin, nola qilgandek hangrab yubordi. Koryagin hovlini yana bir karra koʻzdan kechirib chiqishga ulgurdi. Burchakda tandir. Yonida oshxona: qiya eshigidan koʻkimtir tutun chiqyapti. Etak tomonda ikki uy, oldi ayvon. Roʻparadagi tokning yogʻoch soʻrilari tom ustiga chiqarib yuborilgan. “Hamma gap — mana shu pastqam uylarda! Oʻzini bechorahol koʻrsatadi-yu, polini koʻchirsangiz, tagidan bir xum oltin chiqadi!” Darvoqe, yonbosh tarafda yana bir uy qurila boshlagan. Xom gʻishtdan devor koʻtarilgan-u, tomi yopilmay chala qolgan. Koʻnglida hayrat aralash nadomatga oʻxshash tuygʻu uygʻondi. Allaqaysi gazetada oʻqigan maqola esiga tushdi. Qiziq odamlar! Bir qarasang, turish-turmushi — gʻirt qashshoq! Na odamlardek obstanovka qiladi, na kurortga boradi… Nuqul pul yigʻadi. Jinoyat kursisiga oʻtirishdan ham qoʻrqmaydi. Oʻn yil, oʻn besh yil toʻplaydi-da, bir kechada osmonga sovurib toʻy qiladi. Keyin yana yigʻadi. Bittasi — mana shu Jumanovmi? Oʻqimishli, oliy maʻlumotli… “Madaniyatli”sining ahvoli shu boʻlsa, boshqalardan oʻpkalamasa ham boʻladi… Millioner — gadolar!
Nihoyat eshak entika-entika jimib qoldi. Berdiyev turgan joyida uy egalarini chaqirdi. Oshxonaning qiya ochiq eshigida boshiga eski roʻmol tangʻigan qop-qora, ozgʻin kampir koʻrindi. Roʻmol tagidan oqargan sochlari toʻzgʻib chiqqan, guldor koʻylagining yengini shimarib olgan, qopdek keng koʻylak beoʻxshov halpirab turardi.
“Latta oʻralgan shvabraga oʻxshaydi, — deb oʻyladi Koryagin. Ajab, koʻnglida armon emas, qiziqish, uygʻondi. — Bunaqa hayotga qanday chidaydi shoʻrliklar… Koʻnikib ketgan-da! «Odamzodning eng katta baxti — koʻnika bilish. Odamzodning eng katta fojiasi — koʻnika bilish… Kim aytgan edi?” Eslay olmadi.
Kampir shoshib qoldi. Bilaklariga begona erkaklar nazari tushib “gunohga botayotgandek”, hovliqib yengini tushirdi. Roʻmolini qayta oʻrab, salom berdi. Berdiyev bilan uzoq omonlashdi. Koryaginga ham alohida taʻzim qildi. Bir nimalarni gapirib, ayvon tomon yoʻl bosh-ladi.
Berdiyev uning ketidan ergasharkan, Koryaginni ham taklif etdi:
— Kelavering, Vasiliy Stepanovich. Kampir shosha-pisha uyga kirib ketdi. Koryagin chor-nochor ayvon peshiga keldi.
— Berdiyev, — dedi imkoni boricha osoyishta gapirishga urinib. — Jumanovning onasiga ayting. Biz zaril ish bilan kelganmiz…
— Onasimas, xotini… — Berdiyev xijolatli iljaydi.
“Xotini?! Nahot shu ayol…”
Oʻsha ondayoq “kampir” ichkaridan yangi koʻrpachalar olib chiqdi. Xontaxta atrofiga poyandoz toʻshab, oppoq, ozoda dasturxon yozdi. Bir zumda toʻrtta kattakon patir, patnisda oltindek tovlanib turgan uzum olib keldi. Berdiyevga qarab, bir nima dedi.
— Dasturxonga taklif qilyapti, — dedi Berdiyev ayoldan koʻz uzmay.
— Vaqtimiz ziq! — Koryagin goh Berdiyevga, goh “kampir”ga qarab, bosh chayqadi. Shunda “kampir” unchalik ham qari emasligini, harakatlari chaqqon va shiddatli ekanini his etdi.
— Noqulay boʻladi, Vasiliy Stepanovich! — Berdiyev tuflisini yechib, ayvonga chiqdi. — Odat shunaqa.
Koryagin istar-istamas xontaxta yoniga choʻkkalarkan, koʻnglida noxushlik sezdi.
“Boshlandi! — dedi injib. — Oʻrgildim odatlaringdan!” — Yuzini oʻgirib, bir nuqtaga tikilib oʻtiraverdi. Bir mahal Berdiyev emin-erkin shovqinlab gapirayotganini eshitib, boshini koʻtardi. Ayvon oldida boʻy-basti bab-baravar ikkita bola turar, Berdiyev kulimsirab, ularga bir nimalarni tushuntirar (ehtimol, nimanidir soʻrar) edi. Bolalar negadir iljayib, javob qiladi, papkasini muttasil salanglatadi. Birining boʻynida galstuk, ikkinchisi galstugini yechib, shimining choʻntagiga suqqan, kissasidan bir uchi chiqib osilib turibdi. “Jumanovning egizaklari. Beshinchi sinfda oʻqiydi. (Buyam protokolda bor)”.
Berdiyev nimadir degan edi, bolalar chugʻur-chugʻur qilib uyga kirib ketdi. Ayol paxta gulli choynak, toʻrta piyola (qiziq, nega toʻrtta?) keltirib xontaxtaga qoʻydi. Koryagin, beixtiyor tagʻin zehn soldi. Yoʻq, harqalay xotini Jumanovdan qari koʻrinadi. Ancha qari! Peshanasini ajin bosgan, koʻzlari horgʻin… Ayniqsa, boʻyni toshbaqaning kosasiga oʻxshaydi. Qaynonasining gapi lop etib esiga tushdi. “Xotin kishi boʻynidan qariydi. Xotinni gʻam qaritmaydi, er qaritadi”. Naqadar dono ayol Nadejda Vasilevna! Uyatsiz Jumanov! Oʻzi pulni pul bilan oʻynagan, suyuq ayollar bilan ishrat qilgan. Shoʻrlik xotini bu yokda… Feodal!
Ayvon zinasida tapir-tupir eshitildi. Maktab formasini yechib, oyogʻiga etik kiyib olgan egizaklar bir nima deb gʻujur-gʻujur qila boshladi. Ayol oshxonaga yoʻnaldi. Dasturxonda yotgan nonga aynan oʻxshash bitta patirni teng ikkiga boʻlib, yarmini unisiga, yarmini bunisiga berdi. Zipillab kelib ayvon peshida osilib yotgan ikkita etakni bolalariga tutqazdi. Egizaklardan biri etakni qoʻltigʻiga qistirib, non kavshagancha, darvoza tomon ketdi. Ikkinchisi toʻsatdan etakni yerga uloqtirdi. Turgan joyida tepinib, bir balolar deb chinqirdi. Koʻzlarida gʻalati oʻt yonib ketganday boʻldi.
— Paxta tergisi kelmayapti, — dedi Berdiyev kulimsirab. Nimanidir tushuntirmoqchi boʻlgan edi, bola unga yovqarash qilib, hurpaydi.
“Otasiga tortgan qaysar ekan, — deb oʻyladi Koryagin undan koʻz uzmay. — Genetika!”
Xotin yerda yotgan etakni silkitib, changini qoqdi. Tagʻin bolaga tutqazdi. Allanima deb yupatdi chogʻi, bola istar-istamas eshik tomon yurdi. Ayol tagʻin oshxonaga kirib ketdi. Noxush sukunat choʻkdi. Allaqayerda musicha kukuladi. Bostirma tomonda sigirning pishqirgani eshitildi.
— Marhamat Vasiliy Stepanovich! — Berdiyev yarim piyola choy uzatdi. Koryagin chanqagan edi. Choy hoʻpladi. — Uzumdan oling, — dedi Berdiyev qistab.
— Berdiyev! — Koryagin astoydil ranjib, chimirildi. — Biz mehmondorchilikka kelgan emasmiz. Chaqiring anavi xotinni. Palovi kerakmas!
Berdiyev unga allanechuk xotirjamlik bilan bir lahza tikilib turdi-da, qoʻlidagi piyolani dasturxonga qoʻydi. Oshxona tomon qarab ovoz berdi. “Anga” dedimi, “yanga”mi, Koryagin yaxshi anglamadi. Xotin oshxonadan moʻraladi, sunʻiyroq iljayib javob qildi.
Xuddi shu payt uy eshigida ikki yoshlardagi qip yalangʻoch, doʻmboqqina oʻgʻil bola koʻrindi. Oʻzicha gʻudranib ostonadan oshib oʻtmoqchi boʻldi-yu, qoqilib ketdi. Yuztuban yiqilib, ovozi boricha yigʻlab yubordi. Berdiyev oʻrnidan ildam turib, oʻsha tomon yurgan edi, oshxonadan ayol otilib chiqdi. Yoʻl-yoʻlakay allanima deb javradi. Berdiyev ayvon peshiga yetib bormasdan uy ostonasida egniga eski atlas koʻylak kiygan, uzun sochini ikkita qilib oʻrgan qiz paydo boʻldi. Oʻng biqinini changallaganicha, engashib bolaga qoʻl choʻzdi.
Koryaginning yuragi orziqib ketdi. “Natashenka bilan teng boʻlishi kerak”. Qizning allaqayeri chindan ham Natashenkaga oʻxshab ketardi. Boʻy-bastimi, oppoq yuzi-mi… Yoʻ-oʻq! Natasha bunaqa qiltiriqmas, rangi ham zahil emas, sogʻlom, oʻktam…
Ayol yugurib kelib bolani qizning qoʻlidan oldi. Bagʻriga bosgancha uyga kirib ketdi. Atlas koʻylakli qiz ayvon oʻrtasida toʻxtab qolgan Berdiyevga salom berdi. Koryagii uning koʻzlarida kattalarga xos allanechuk chuqur maʻno borligini dafʻatan idrok etdi. Berdiyev nimadir soʻragan edi, qiz bir zum soʻzsiz-sadosiz tikilib turdi-da, biqinini changallagan koʻyi uyga kirib ketaverdi.
Ichkaridan ayolning erkalovchi ovozi eshitilar, bola hamon gʻingshib yigʻlar edi. “Eri qamalmasa bu ham Qahramon ona boʻlarmidi… Bir emas, beshta bola. Nima zaril? Oʻnta nimjon bolani baxtsiz qilgandan koʻra bitta sogʻlom bolaga baxt bergan yaxshi emasmi?”
Koryaginni yana xayol olib qochdi. Natashenka kichkinaligida juda yigʻloqi edi. Er-xotin oqshomlari Sokolnikiga chiqib, sayr qilishar, kolyaskani itarib borayotgan Olga, qizaloq hadeb yigʻlayverganidan xunobi oshib baqirib berardi: “Men buni yolgʻiz oʻzim uchun tugʻdimmi, yo oʻynashdan orttirdimmi? Ovut bolangni!” Koryagin bir qoʻllab “lyu-lyu-lyu” deb, kolyaskani beoʻxshov silkitar, ikkinchi qoʻli bilan xotinining yelkasidan quchib, taskin berardi: “Senga asabiylashish mumkin emas, jonim…” Oxiri Natashenka uxlab qolar, er-xotin araz-tarazni unutib, uyga qaytishar, (uylari parkka yaqin), lift chaqirib, oʻn toʻqqizinchi qavatga koʻtarilishar, shunda Olga erkalanib uning boʻyniga osilardi: “Boʻldi, Vasenka, endi hecham tugʻmayman”.
…Nihoyat, ichkarida bola yigʻisi tindi. Ayol ayvonga chiqib, xontaxta yoniga tiz choʻkdi. Uzum boshlarini maydalab, tanovul qilishga undadi. Qiziq, uning nigohida na asabiylik, na jahl sezilardi. Goʻyo bolasini kolyaskada sayr qildirib, endi uxlatgan baxtiyor onadek xotirjam va osoyishta edi.
Ayol Berdiyevdan koʻz uzmay, allanimalarni gapirdi. Uzoq gapirdi. Avval vazmin, keyin bezovtalanib… Berdiyev quloq qoqmay tinglab oʻtirar, ora-chora bosh irgʻab, maʻqullab qoʻyardi. Goʻyo tergovchi emas, tugʻishgan ukasidek.
— Nima deyapti? — Koryagin xotinning gapini boʻlib, Berdiyevdan soʻradi.
— Qizi ikkinchi marta sariq boʻpti. Kasalxonada joy yoʻqmish…
— Nima, siz vrachmisiz? — Koryagin garchand koʻnglida qizga achinsa ham, xunobi oshdi. Sigaret tutatdi.
— Erim qachon chiqadi, deyapti, — Berdiyev ayolning shuncha gapini loʻndagina tarjima kildi. — Koʻrgani borishsa kiritishmabdi.
— Oʻzingiz yuristsiz-ku, Berdiyev! Tushuntiring. Tergov tugamaguncha svidaniye berilmaydi.
Berdiyev soʻzini tugatar-tugatmas, ayolning yuz ifodasida hayrat paydo boʻldi. Bir nimalarni tez-tez gapirdi.
— Erim “koma”ga tushib qolmaydimi, deyapti. Jumanovning saxar kasali bormish. Holi nima kechadi, deyapti… Haligacha koʻmir olishmabdi. Qish kelyapti, nima qilamiz, deyapti.
“Koʻmir olmaganmish, — deb oʻyladi Koryagin ijirgʻanib. — Ishlatsin xumchaga bosib qoʻygan oltinlarini!”
— Aytib qoʻying, Berdiyev! — dedi qovogʻini solib. — Albatta, qamoq — sanatoriy emas. Ammo qoʻrqmasin, eri ochidan oʻlmaydi! — Sigaretni yerga tashlash uchun yonboshiga oʻgirilgan edi, besh-oʻn qadam narida toʻdalashib turgan odamlarga koʻzi tushdi. Olacha matodan koʻylak kiygan kampirlar, qora-qura yosh bolalar… Yaqin kelishga hayiqib, gʻuj boʻlib turishibdi. “Tomoshabin yetishmayotuvdi oʻzi!”
— Ayting, — dedi u goh Berdiyevga, goh xotinga qarab. — Erining tezroq chiqishi va umuman, chiqish-chiqmasligi koʻp jihatdan unga bogʻliq!
Tarjima tugar-tugamas, ayolning koʻzlarida umid yarq etdi.
— Nima xizmat boʻlsa, tayyorman, deyapti.
— Mana bu boshqa gap! — Koryagin xotinning koʻziga sinovchan tikilgan koʻyi taʻkidladi. — Har bitta soʻzimni aniq-ravshan tarjima qiling, Berdiyev. Buning gapini ham soʻzma-soʻz tarjima qilasiz. — Biz, Jumanova, sizni soʻroq qilmokchi emasmiz. Soʻroq qilsak, chaqirtirib olardik. Shunchaki, suhbatlashgani keldik. Qancha ochiq gaplashsak, shuncha yaxshi. Siz eringizning sogʻ-salomat chiqib kelishini istaysizmi?
— Erimdan boshqa suyanchigʻim yoʻq, — Berdiyev qoidaga binoan soʻzma-soʻz tarjima qila boshladi. — Tepamda Xudo turibdi. Erim begunoh!
— Shoshilmang, Jumanova. Begunoh odam qamalmaydi.
— Erimda gunoh yoʻq! — dedi xotin qaysarlik bilan.
— Beshta bolangizni oʻylang, — dedi Koryagin uning koʻziga qattiq tikilib. — Qancha rost gapirsangiz, shuncha yaxshi. Oʻzingizga ham, bolalaringizga ham.
Ayol uzoq jimib qoldi. Koʻziga mung choʻkdi. Nihoyat, past ovozda allanima dedi. Berdiyev uning soʻzlarini tarjima qildi.
— Bolalarni oʻylasa erimni nega qamaydi, deyapti.
— Qonun oldida hamma bir. Beshta bolasi boʻladimi, oʻntami. Lekin biz yordam berishga tayyormiz. Azbaroyi bolalari tufayli. Faqat… Jumanova ham bizga koʻmaklashishi…
Berdiyev tarjimani tugatmasidan ayol chuqur xoʻrsinib, anchayin qatʻiy ohangda nimadir dedi.
— Unaqa boʻlsa qizimni kasalxonaga yotqizinglar, qizim paxtada ishlab shu dardni orttirgan, deyapti.
— Yaxshi… — biqinini changallab turgan qiz (Natashenkaning tengdoshi) tagʻin Koryaginning koʻz oʻngiga keldi. — Qizaloq masalasida yordam berish mumkin.
U fikrni yakunlab ulgurmay, xotin tagʻin gapga qoʻshildi.
— Erimni tezroq chiqarib beringlar, deyapti. Koryaginning ensasi qotdi. “Mantiqni qarang!”
— Jumanova, — dedi oʻzi xohlagandek keskinroq ohangda. — Men boshida aytdim: eringiz Jumanovning qamoqdan chiqish-chiqmasligi koʻp jihatdan sizga bogʻliq. Siz, haqiqatni tiklash yoʻlida tergovga yordam berishingiz kerak. Shunda hammasi yaxshi boʻladi. Tushunarlimi?
Ayolning koʻzlarida yana umid uygʻondi.
— Jumanova! — dedi Koryagin aniq-ravshan qilib. — Biz sizga, bolalaringizga yomonlik tilamaymiz. Sizdan faqat bir narsani soʻramoqchimiz. Eringiz Jumanov Panji oʻz pokazaniyesida aytgan: mejrayonniy paxta punkti mudiri Omonov bilan til biriktirib, yoʻq paxtani bor qilib yozganlar. Evaziga Omonov oʻttiz ming, eringiz oʻttiz mingni boʻlashib olgan. Shundan yigirma besh mingni oʻtgan yil 23-oktyabr seshanba kuni kechasi eringiz sizga koʻrsatgan. Pul asosan ellik soʻmlik, yigirma besh soʻmliklar boʻlgan. Bu faktni paxta punkti mudiri Omonov ham yozib bergan… Jumanov besh ming soʻmni qayoqqa sarflaganining hozircha ahamiyati yoʻq. Lekin yigirma besh mingni sizga koʻrsatgani aniq. Iltimos, eslab koʻrsangiz, oʻsha pul qayoqda?
Koryagin mulohazalarini dona-dona qilib aytdi. Berdiyev ham xuddi shu ohangda tarjima qildi. Koryagin ayolning koʻzlariga tikilib, yuzidagi har bir ifodani kuzatib turdi. Xotin avvaliga hayron boʻldi. Goh Berdiyevga, goh unga moʻltirab termildi, keyin koʻzlari alamdan qisilib, bidir-bidir qila boshladi.
— Tushuntiring, Berdiyev! — dedi Koryagin xotinning javobini kutmay. — Eri hammasini tan olgan. Jumanova! Tushunsangiz-chi! Sabil qolmaydimi oʻsha yigirma besh ming! Eringiz arzimaydimi yigirma besh mingga?!
Xotinning rangi gezarib, boʻyni battar tirishib ketdi. Koʻzlari gʻazabdan yonib, oʻrnidan sapchib turdi. Chinqirib, soniga shapatilay boshladi. Barmogʻini bigiz qilib hovlining goh u, goh bu burchini koʻrsatdi. Oxiri, guvala devorli pastak bostirmaga imo qilgancha, ogʻzidan koʻpik sachratib ayyuhannos soldi.
— Bu qandoq zulm! Qandoq boʻhton! — Berdiyev xotinning gaplarini shosha-pisha tarjima qilishga kirishdi. — Ikki marta tintuv qildilaring! Xohlasang yana yuz marta tekshir. Ming marta tekshir! Hech vaqo yoʻq bu xonadonda. Erim bolalariga harom yegizgan emas. Erimda gunoh yoʻq! Yoʻq! Jonimni olmoqchimisan? Ol! Otib tashla! Ana, xohlagan joyingni titkilayver. Tekshirmaganing bitta xalajoy qoldi. Kovlab koʻr oʻshaniyam!
Koryagin istehzoli kulimsiradi. Ha, avvalgi tergovchilar ikki marta tintuv qilgan… Lozim boʻlsa Ambartsumyandan sanktsiya oladi-da, kovlatadi oʻsha tualetni ham!
Xotin hamon ogʻzidan koʻpik sachratib qoʻshqoʻllab tiz-zasiga shapatilar, ammo yigʻlamas edi. (Yigʻlasa yaxshi boʻlardi… Harqalay koʻngli eriydi… Tilzaboni ochiladi.) Xotin borgan sayin avjga minar, hali-veri jagʻi tinadiganga oʻxshamasdi. Koryaginning qulogʻi shangʻillab ketdi.
— Nima deydi bu, Beridev?
— Menga otasiz bola kerakmas, deyapti. Beshta bolamni bagʻrimga olaman-da, oʻzimga-oʻzim oʻt qoʻyaman, deyapti.
— Qoʻysa-qoʻyaversin! Odati shu bularning! Fanatichka! Odamga oʻxshab suhbatlashay desang… — Qoryagin shahd bilan oʻrnidan turgan edi, xotin kutilmaganda bilagiga chang soldi. Ikkinchi qoʻli bilan Berdiyevning yoqasidan ushlab, pastga sudray boshladi. Koryagin esankirab qoldi. Besh daqiqa avval qoʻydek yuvosh boʻlib dasturxonga taklif qilayotgan odam… Qoʻli muncha qattiq bu kampirning… Bir tomonda Koryagin, bir tomonda Berdiyev harchand yulqinishmasin, xotinning ombirdek qoʻlidan chiqib ketolmas, ayol nuqul “yur, yur!” deb chinqirardi.
— Berdiyev! — dedi Koryagin siltanib. — Aytib qoʻy bu shallaqiga. Bugunoq erining oldiga oborib tiqib qoʻyaman!
Berdiyev tarijmani tugatar-tugatmas xotin battar jazavaga tushdi. Ikkalasini baravar silkitib, dod soldi.
— Qamoqqa olib bor, deyapti… — Berdiyev rangi oʻchib, ayolga allanima dedi. Insofga chaqirdi chogʻi. Ammo xotin esdan ogʻib qolganga oʻxshar, nuqul ikkala raqibini ayvondan yerga olib tushishga urinib, tortqilar edi. Umrida bunday xoʻrlik koʻrmagan Koryagin gʻazablanib ketdi.
— Qoʻyvor, qanjiq! — dedi hayqirib.
Bola yigʻisi eshitildi. Uy ostonasida boyagi rangsiz qiz yalangʻoch ukasini koʻtarib turar, bola shovqin-surondan qoʻrqib uygʻongan shekilli, chirillab yigʻlar, rangsiz qizning koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan, ammo indamasdi. Ayolning changak qoʻllari darhol boʻshashdi. Gandirak-lagundek chayqalib borib, bolani qoʻliga oldi. Hoʻngrab yigʻlab yubordi.
Berdiyev sholchada toʻnkarilib yotgan shlyapasini olib kiydi. Koryagin galstugini toʻgʻriladi. “Isterichka!” — deb oʻyladi nafrat bilan.
Shu payt yonbosh tomondan gʻoʻldiragan ovoz keldi.
— Nega ayol kishini haqorat qilasan, yigitcha? Koryagin jahl bilan burilib qaradi. Tomoshaxoʻrlar koʻpayib ketgan, boyagi kampirlaru bolalar orasida endi salla oʻragan chollar, yosh ayollar, erkaklar ham koʻrinar, qirq chogʻli olomon yarim doira yasab oʻshshayib turardi.
— Kim? Kim u gapirgan? — dedi Koryagin xezlanib. Ogʻir sukunat choʻkdi. Ruscha gapirgan odam qoʻrqdi shekilli, miq etmadi. Olomon ham jim edi.
— Kim? — Koryagin dagʻdagʻa bilan taʻkidladi. — Qani, chiqsin bu yoqqa!
Javob boʻlmadi. Sallali chollar, uzun koʻylakli kampirlar mingʻir-mingʻir qildi.
— Xoʻp… men… — Nihoyat, orqaroqda turgan ayiqsifat erkak ikkilanib davradan chiqdi. — Men gapirdim, — dedi ayvon peshiga kelib. Boshida yagʻiri chiqqan doʻppi, egnida uniqqan koʻylak, oyogʻida poshnasi qiyshiq etik…
— Nega xotin kishini haqorat qilasiz, yigitcha? — dedi sof rus tilida. Biroq bu safar sizlab gapirdi.
— Nima, akasimisiz, qudasimisiz? “Eh-he! Ruscha matallniyam biladi bu!”
— Men sizga yigitcha emasman! — Koryagin uning koʻziga tikandek qadaldi. — Men alohida muhim ishlar boʻyicha…
— Nega qiynaysizlar shoʻrlikni! — “Ayiq” uning gapini eshitmagandek qoʻl siltadi. — Necha marta obisk qilasizlar?
— Xohlaganimizcha! Tushunarlimi? Xohlaganimizcha! Oʻzingiz kimsiz? Marhamat qilib koʻrsating hujjatingizni! Kim sizga ruxsat berdi xizmat burchini oʻtayotgan…
— Qoʻrqitmay qoʻyaqoling… — “Ayiq” sochi qirtishlangan boshidan doʻppisini yechib, kaftiga urib qoqdi. Qayta kiydi. Lapanglab borib Jumanovani yelkasidan quchdi. Yupatib, allanima dedi. Xotin battar hoʻngray boshladi. “Ayiq” yigʻlayotgan bolani uning qoʻlidan avaylab oldi. Bir qoʻllab bolani koʻtargancha, rapidadek kafti bilan ayolning boshini siladi. Ayol hiqillab yigʻlar, nuqul bir soʻzni qaytarar edi. “Akajon! Akajon!”
Olomon orasida gʻovur-gʻovur boshlandi. Kosovdek qop-qora, ozgʻin chol qoʻlini paxsa qilib, bir nima deb chiyilladi.
— Ketish kerak, Vasiliy Stepanovich, — dedi Berdiyev ruhsiz ohangda.
* * *
Mashina sekin yurib borar, Koryaginning dili xufton edi. “Aslida “suhbat”ni yumshoqroq ohangda qilish kerak edi. Harqalay tergov emas bu. Umuman olganda qonunga xilof. Lekin niyat yaxshi edi-ku! Koʻrmaysizmi bu fanatiklarni!” Xotinning loʻlivozligi, “ayiq”ning dagʻdagʻasi qulogʻidan ketmas, gʻijinar edi. “Yaramas! Sensirab gapirdi-ya! Hammasining ildizi bir! Hammasi chatishib ketgan!”
— Boyagi kim edi, Beridev?
— Qaysi biri?
— Dagʻdagʻa qilgan bosmachi? Berdiyev noxush gʻudrandi.
— Bosmachi emas…
— Bosmachi! — dedi Koryagin qatʻiyat bilan. — Oʻzi boʻlmasa, ota-bobosi bosmachi oʻtgan. Basharasidan koʻrinib turibdi. Familiyasi nima? — Choʻntagidan qalam-daftar chiqardi. — Aniq adresi!
— Familiyasi — Jumanov.
— Demak, Jumanovning akasi?
— Yoʻq, amakivachchasi.
— Yaʻni, qaysi maʻnoda?
— Qanday tushuntirsam ekan, Vasiliy Stepanovich… Jumanovning otasi boyagi… siz aytayotgan “bosmachi”ning otasi bilan aka-uka boʻlgan. “Bosmachi”ning otasi frontdan invalid boʻlib qaytgan, miroblik qilgan. Hozirgi tilda aytsak — irrigator. Jumanovning otasi partiya xodimi boʻlgan… Aka-uka oʻlib ketganidan keyin…
Koryaginning boshi gʻuvillab ketdi. “Akasi, ukasi, amakisi… nima ahamiyati bor?”
— Oʻzingizni qiynamang, Berdiyev. Shajaralarni tushuntirmay qoʻyaqoling. Nimaga shunchalik himoya qilib qoldi poraxoʻrning xotinini?
Berdiyev yoʻldan koʻz uzmay borarkan, chuqur soʻlish oldi:
— Aytdim-ku, amakivachchasi deb. Bizning odatda, otalar oʻlsa, avloddagi birinchi oʻgʻil hammaga ota oʻrnida oʻtadi.
— Ota emish! — Koryagin istehzoli kuldi. Nima ish qiladi oʻsha “ota?” Machitda mulla emasmi, ishqilib?
— Samosval haydaydi. PMKda…
— Nechanchi PMK?
— Oʻn toʻrtinchi.
— Ismi? — dedi Koryagin yondaftarga yozishda davom etib.
— Qishlokda hamma uni Vali togʻa deydi. Lekin asli oti — Valentin.
— Nima? — Koryagin oldingi oʻrindiq tomon egildi. — Nima dedingiz?
— Valentin…
— Qanaqasiga?
Berdiyev yelkasi osha unga xotirjam qarab qoʻydi.
— Vali togʻa Leningrad blokadasidan chiqib kelgan ekan… Qirq uchinchi yilda. Oʻn bir yoshida… Jumanovlar oilasi uni oʻgʻil qilib olgan.
* * *
— Ayblanuvchi Jumanovni soʻroqqa!
Koryagin “Delo”ni gʻijinish aralash hafsalasizlik bilan varaqladi. “Jumanov… Jumanov… Jonga tegdi! Pora olib, pora bergani fakt! Qoʻshib yozgani, amalini suiisteʻmol qilgani — fakt! (149, 152, 149-prim moddalar.) Boʻyniga olmaydi, vassalom! U yoqda gruppa boshligʻining dagʻdagʻasi. “Bir haftada boʻyniga qoʻyasan, besh kunda pokazaniye olasan…” Aytishga oson! Odamga oʻxshab ishlaydigan alohida kabineting boʻlmasa, aybdorni soʻroqqa shaharning narigi boshidan konvoy olib kelsa… Ustiga-ustak mana bu doʻzax jaziramasi!.. Oʻmarilgan qancha millionlar davlatga qaytarildi. Hali yana qanchasi topilarkin! Bitta konditsioner qoʻyib bersa haqqi ketadi bularning!”
Jahl bilan borib, derazani ochdi. Yuziga issiq havo urildi.
Kunbotar pallasi. Qilt etgan shamol yoʻq. Roʻparada tomi qubbali allaqanday koʻhna bino. Qaldirgʻochlar vizillab uchib yuribdi. Pastda tor hovli. Beshinchi qavatdan qaragan odamga hovli yanayam kichrayib, katalakdek koʻrinadi. Oʻrtada qirgʻogʻi tsementlangan hovuz. Hovuz boʻyida bir tup archa. Yaproqlariga chang qoʻnaverib sargʻayib ketgan. Qismatidan noligandek, mungʻayib turibdi.
“Qayoqdan kelib qolding begona bu yurtlarga, birodar!” Vasiliy Stepanovichning koʻz oʻngida tagʻin Podmoskove oʻrmonlari jonlandi. Natashenkani sogʻinganini shu qadar chuqur his etdiki, koʻksining chap burchi sanchib ketgandek boʻldi. Qiziq, avval ham xizmat taqozosi bilan uzoq safarlarda koʻp boʻlgan. Lekin qizalogʻini hech qachon bunchalik sogʻinmagan edi. “Olya nima qilayotgan ekan?” Shu paytgacha xayoliga kelishi bilan haydab solishga uringan koʻngilsiz xotirot toʻsatdan butun tafsiloti bilan yopirilib keldi.
Olga “boshqa tugʻmayman”, deganiga qaramay, tagʻin bir marta boʻyida boʻlib qoldi. (Er-xotin harchand ehtiyotini qilishsa ham.) Oʻshanda Natashenka, chamasi uch yoshlarda edi… Qoryaginning oʻziga qolsa Olenkaning tugʻishini xohlardi. (Balki oʻgʻil boʻlar… Har qanday erkakning koʻnglida oʻgʻil koʻrishdek egoistik orzu boʻladi.) Bir kuni kechasi, (esida, qahraton qish edi) Natashenka uxlagach, er-xotin yotishganida Koryagin “yana bitta tugʻsang hech nima qilmaydi”, degan maʻnoda gapirdi. Olga talay fursat jim yotdi-da, toʻsatdan “yorildi”. “Vasiliy, — dedi bosiqlik bilan. — Sen halol odamsan. Shuning uchun aldashni xohlamayman. Esingdami, birovni sevib qolsam, sendan yashirmayman, degandim… Shundoq boʻlib qoldi. — Javob kutgandek bir lahza jimib qoldi. Eridan sado chiqmagach, chuqur soʻlish oldi. Dona-dona qilib tushuntirdi. — Endi, bildimki, u sevishga arzimas ekan!.. Xotirjam boʻl, ertaga abortga boraman”.
Koryagin roʻy bergan voqeaning butun dahshatini endi tushunib yetgandek, sapchib turdi. “Demak, sen… sen… — dedi entikib. — Ayt! Kim oʻsha iblis!?” “Boʻkirma, Natashenkani qoʻrqitib yuborasan. — Olga nihoyatda xotirjam alpozda dashnom berdi. — Qiziq odamsan, Vasya, — dedi deyarli erkalab. — Xoʻsh, oʻsha «iblis” kimligini aytsam, qoʻlingdan nima kelardi? Duelga chaqirasanmi? Yo borib soʻyib kelasanmi? — Yana chuqur soʻlish oldi. — Oʻzim ahmoqman! — dedi oʻkinch bilan. — Vijdonim oldida pok boʻlay deb… — Ovozida qatʻiyat bilan taʻkidladi. — Xotiring jam boʻlsin! Endi bunaqa “ish” takrorlanmaydi… Ajrashamiz desang, hoziroq razvod beraman. Axir biz zamonaviy odamlarmiz-ku, Vasiliy… Qizingdan koʻngling toʻq boʻlsin.
Natashenka oʻzimga tan… Xohlasang har hafta koʻrib turasan».
Koryagin paltoni yelkasiga ildi-yu, telpak ham kiymay, chiqib ketdi. Qor qiyalab urar, sovuq shamol uvillardi. (Moskva koʻchalarida shamol shiddatli boʻladi…) Tongotarga yaqin qaytib keldi. Olga eridan xavotirlanib uxlamagan ekan. “Sovuq qotib ketgandirsan? — dedi oradan hech gap oʻtmagandek. — Damingni ol, ishga kechikasan”.. Koryagin indamay narigi xonaga kirdi. Karavotchasida uxlab yotgan qizining yuzidan oʻpdi. “Vasya, — dedi xotini tashvishli shivirlab. — Bolani shamollatib qoʻyasan. Qara, hammayogʻing qor-ku, jonim”… Koryagin qizalogʻi ustida bosh egib turarkan, endi mana shu jajji vujud dunyoda oʻzining eng aziz odami boʻlib qolganini teran his etdi!..
U hamon deraza oldida turarkan, allaqachon unutilib ketgan noxush xotira nega aynan shu pallada xayoliga kelganini tushunmadi. Keyin nima uchundir ikki kun ilgari qishloqqa borganida Jumanovning kampir-xotini yuzi yanayam xunuklashib chinqirganini esladi. “Menga otasiz bola kerakmas, bolalarimni bagʻrimga olaman-u, oʻzimga oʻt qoʻyaman!” Dili battar xufton boʻlib, xayolan qoʻl siltadi. “Bilganini qilmaydimi, oʻsha yovvoyi!”.
Derazadan nari ketarkan, yana bir karra osmonga qaradi. Quyosh hali botmagan, osmon gʻuborli, ondasonda isqirt bulut parchalari koʻrinar, tashqaridan dim havo yopirilib kirardi. Shoshilmay stol yoniga borib oʻtirdi. Tomogʻi qaqrab, tortmani ochdi. “ Pepsi-kola“ shshpasiga qoʻl choʻzdi. Shisha muzdek edi: yaqinda xolodilnikdan olib chiqishgan… Ochqichni stol ustiga qoʻydi. Tiqinni ochmoqchi boʻldi-yu, nafsini tiydi. “Keyin”. Shishani tagʻin tortmaga soldi.
Yoʻlakda qadam tovushlari, soqchining “tek tur!” degan buyrugʻi eshitildi. Eshik ochilib, yosh serjant koʻrindi.
— Oʻrtoq tergovchi…
— Siz boʻshsiz! — dedi Koryagin quruqqina qilib. Jumanov eshik oldida toʻxtadi. Katak koʻylagi gʻijimlangan. Shimining bir pochasini negadir qayirib olgan. Soqoli oʻsib ketgan, yuzi shishgan…
Keyingi paytda Koryagin uni har koʻrganda beixtiyor asabiylashardi. Hozir ham shunday boʻldi. Biroq oʻzini bosdi.
— Oʻtiring, Jumanov! — dedi vazminlik bilan. Jumanov ogʻir qadam bosib, roʻparadagi taburetkaga oʻtirdi. Zoʻr berib, bilaklarini silay boshladi. (Qoʻllari titrar edi).
“Kishan siqdimi? Shunaqa! Kishan degani — bilakuzuk emas”.
— Xoʻsh, Jumanov, boshlaymizmi? — Koryagin deloni shoshilmay varaqladi. — Eng muhim dalillarni alohida diqqat bilan “qayta oʻqib chiqdi…” Keyin ayblanuvchining koʻziga sinovchan tikildi.
Jumanov hamon bilaklarini silagan koʻyi yerga qarab oʻtirardi. Koʻzlari qizarib ketgan, lablari pors-pors yorilgan, ogʻir nafas oladi.
— Shikoyat yoʻqmi, Jumanov? Sogʻliq yaxshimi? Rasmiyatchilik… Mayli, buyam kerak-da… “Uch kundan beri uyqu yoʻqmi? Kameradagi ikki retsedivist itning bolasiday doʻpposladimi? Doʻpposlasa-ku, mayli… Koʻngliga siqqancha xoʻrlagandir? Gapir! Savoding joyida. Yoʻl-yoʻriqni bilasan, Moskvada oʻqigansan… Aytaver! Qonunga xilof ish qilishyapti, menga ham jismoniy, ham ruhiy azob beryaptilar demaysanmi? Demaysan! Negaki qonunni avval boshi oʻzing buzgansan! Nima, shuncha qilgʻiliklaring evaziga biz seni boshimizga koʻtarishimiz kerakmi?”
— Sizdan soʻrayapman, Jumanov! Shikoyat yoʻqmi? Jumanov ogʻir bosh koʻtardi, gapirmoqchi edi, boʻgʻzidan xirillagan ovoz chiqdi. Porsillagan labini yalab qoʻydi.
“E, ha-a! “Kameradosh”laring bir sutkadan beri suv ichgani qoʻymayaptimi? Nafas olsang ichingga olov kiryaptimi? Chanqoq azobi yomon… Ayniqsa, senga oʻxshagan “qand” kasali borlarga”.
Koryagin shoshilmasdan tortmani ochdi. “Pepsi-kola” shishasini stol ustiga qoʻydi. Tortmada turgan stakanni izlagan boʻlib, uzoq titkiladi. Nihoyat, stakanni ham shisha yoniga qoʻydi. Ochqich izlab, goh u choʻntagini, goh bu choʻntagini kavladi.
— Qayoqqa yoʻqoldi, shayton olgur!.. Issiqni qarang, Jumanov, — dedi ochiq derazaga alanglab. — Umuman, bu tomonlarda yomgʻir yogʻadimi oʻzi? — Bu gaplarni aytar ekan, ayblanuvchiga biron marta qayrilib qaramadi. Nihoyat ochqich “topildi”. “Delo” tagida yotgan ekan. Temir tiqinni ochdi. Shisha ogʻzi koʻpirib, muzdek hovur koʻtarildi. Suvni shoshilmasdan qirrador stakanga quydi. “Pepsi-kola” tagʻin koʻpirdi. Salqin, yoqimli is xonani tutib ketgandek boʻldi… Nihoyatda xotirjamlik bilan hoʻpladi.
— Oʻ-oʻu! — dedi chuqur xoʻrsinib. — Jonning rohati-ya, Jumanov… — stakanni stolga qoʻymay, unga teshib yuborgudek tikildi.
Jumanovning qizargan koʻzlari yarqillab ochilib ketgan, shishgan lablarini muttasil yalardi.
— Pepsiga qalaysiz, Jumanov? — Koryagin stakanga yana suv quydi. Tagʻin salqin bugʻ koʻtarildi.
Jumanov gʻayritabiiy chaqqonlik bilan oʻrnidan turdi. Bir-ikki qadam bosgan edi, Koryagin nihoyatda xotirjam ogohlantirdi:
— Oʻtirilsin! — “Delo”ni tagʻin hafsalasiz varaqlashga tushdi. Zimdan razm solib turdi. Jumanov joyiga oʻtirganicha, bir nuqtaga tikilgan koʻyi boshini xam qilganini nazardan qochirmay, qogʻozlardan birini ajratib olib, (ehtimol yuzinchi martadir) osoyishta ovozda oʻqiy boshladi. — “Men sobiq obkom sekretari (ismi-sharifini aniq-ravshan qilib aytdi) shuni tan olib aytamanki, “XXV partsʻezd” sovxozining direktori Jumanov Panji mazkur lavozimni sotib olish uchun menga qirq ming soʻm pora bergan. Pulni diplomatda obkom dachasiga (Koryagin oʻsha yil, oʻsha kunni aniq aytdi) tungi soat yigirma uchdan oʻttiz minut oʻtganda olib borgan”.
Jumanov hamon yerdan koʻz uzmay oʻtirardi.
— “Dim-dim” oʻynash yetar endi? “Pepsi” ichasizmi? — Koryagin oʻtirgan joyida stakanni uzatdi. — Marhamat!
Jumanov yaqin kelishi bilan stakanni beri tortdi.
— Yosh bolaga oʻxshaysiz! — dedi samimiyat bilan. — Nahot bizni shunchalik goʻl deb oʻylasangiz? Ishoning, bizga shaxsan sizning keragingiz yoʻq. Sovet qonuni gumanniy. Chin yurakdan tavba qilganlarni kechiradi. Mana… — u bir varaq qogʻozni “delo” orasidan olib, stol qirrasiga surdi. — Shunga qoʻl qoʻysangiz bas…
Jumanov stol roʻparasida turar, qizargan koʻzlari choʻgʻdek yonib, stakanga tikilib qolgan, sargʻaygan bodringdek tilini chiqarib, hansirab nafas olardi.
— Marhamat! — dedi Koryagin ruchka uzatib. — Mana bu yerga.
Jumanovning koʻzida umid soʻndi. Stakandagi suvga yana bir lahza termilib turdi-da, gandiraklagudek qadam bosgan koʻyi joyiga borib oʻtirdi.
Tergovchi sovuq koʻpirib turgan suvni bamaylixotir ichdi.
— Siz, — dedi beixtiyor kekirib (laʻnati, gazi muncha koʻp!). — Gʻalati odamsiz… Obkom sekretari pokazaniyesida hammasini yozib qoʻygan boʻlsa… — Uzoq sukut saqladi-da, osoyishta ohangda davom etdi. — Sekretar yolgʻiz sizning oyogʻingizdan tortyapti, deb oʻylaysizmi? Adashasiz, u tullak koʻplardan pora undirgan: raykomlar, raislar… paxta tozalash zavodlari… priyomshiklar… Endi esa suvdan quruq chiqish uchun aybni boshqalarga toʻnkayapti. Aslida hammani pora berishga oʻzi majbur qilgan. Jumladan sizni ham.
Ayblanuvchi allanima deb gʻoʻldiradi.
— Nima?
Jumanov entikib-entikib nafas oldi. Ogʻzidan chiqqan soʻz boʻgʻzida qolib ketayotganga oʻxshardi.
— Aniq gapiring, Jumanov! — Koryagin yozishga shaylanib, qoʻliga ruchka oldi.
— Majbur qilishdi… — dedi Jumanov har soʻzini boʻlib-boʻlib. — Direktor boʻlasan… deyishdi. Qoloq sovxozni koʻtarasan… deyishdi… — Nafasi qaytib xirillab qoldi. — Shu… — dedi holsizlanib.
— Shoshmang! — Koryagin stakanga yana “pepsi” quydi. Jinday… Ikki qultum. — Iching! — dedi qovogʻini solib.
Bu safar Jumanov oʻrnidan turmadi.
— Nima, oʻzim oborib berishim kerakmi? Koryagin bu gapni shunaqa samimiy jahl bilan aytdiki, Jumanov ilkis oʻrnidan turdi. Gʻayritabiiy chaqqonlik bilan yaqin keldi. Biroq Koryaginning oʻzi uzatmaguncha stakanga qoʻl choʻzmadi. Keyin suvni yutoqib ichdi-yu, shisha tagida qolgan “pepsi”ga iltijoli moʻltirab qaradi.
“Yaxshi! Chanqagan odam bir qultum suv ichdimi, battar qiynaladi”.
— Utiring! — Koryagin uning ikkilanib turganini koʻrib, sekin, ammo qatʻiy ohangda buyurdi. — Stakanni joyiga qoʻying!
Jumanov ikki koʻzini shishadan uzmay, tisarilib borib, taburetkaga choʻkdi.
— Majbur qilishdi, deng! Mana bu — boshqa gap! — dedi tergovchi deyarli doʻstona ohangda. — Siz boʻlsa oʻrgatilgan toʻtiqushday bir gapni qaytarasiz. “Tuhmat!” Tuhmat!» Axir sizni majbur qilishgan ekan-ku! Shuni avvalroq aytish kerak edi. Bilamiz, qoʻrqitishgan, direktor boʻlmasang partiyadan oʻchasan, deyishgan. Keyin obkom pora talab qilgan. Sizning koʻnishdan boshqa chorangiz qolmagan.
Jumanov bir nuqtadan koʻz uzmay oʻtirardi.
— Tushuning, Jumanov! — dedi tergovchi yana ham xayrixohroq ohangda. — Obkom ustingizdan magʻzava agʻdarib yotibdi-yu, siz uni himoya qilmoqchi boʻlasiz. Bir gapni aytaymi?.. Oʻzaro gap. Uyingizga boruvdim. Qizingiz betob ekan.
Jumanov boshini koʻtardi. Qizargan koʻzlarida xavotir, armon bor edi.
— Hayajonlanmang, — dedi Koryagin yupatib. — Qizaloqqa yordam beramiz. Aqlli qiz koʻrinadi… Gap bundamas… Bilasizmi, porani oʻz ixtiyori bilan topshirish boshqa, majbur boʻlib berish boshqa… Obkom sizni direktorlikni sotib olgan deyapti. Siz boʻlsa, qoʻrqqaningizdan, majbur boʻlib pora bergansiz… Farqni anglayapsizmi?.. Darvoqe egizaklaringiz shoʻx ekan. Sizni sogʻingan koʻrinadi. Tabiiy hol… Aytyapman-ku, bizga sizning keragingiz yoʻq. Siz, oddiy kilkasiz. Akulalar boshqa. Shaxsan menga qolsa sizni ertagayoq chiqarib yuborishga tayyorman. Albatta, ishni sud hal qiladi. Lekin…
— Yuzlashtiring! — dedi Jumanov sovuq qatʻiyat bilan. Endi ovozi gʻoʻldirab chiqmas, harqalay, gapini anglasa boʻlardi. — Men bermagan porani berdim deyolmayman.
“Yana boshladi eski ashulasini!” — Koryagin gʻijindi.
— Demak, siz obkom sekretariga hech qanday pora bermagansiz? — dedi tamomila loqayd ohangda.
Jumanov indamay bosh irgʻadi.
— Yaxshi! Unday boʻlsa, “Moskvich”ni kim hadya qildi? Nima evaziga?
— Unga toʻrt yil boʻlgan, — dedi Jumanov yuzini oʻgirib. — Boʻlim boshqaruvchisi edim.
Koryagin kuldi:
— Toʻgʻri, boʻlim boshqaruvchisi edingiz. Majburiyatni oblastda birinchilar qatori bajargansiz. Sizga “Moskvich” sovgʻa qilganlar…
— Pulimga sotib olganman.
— Ahamiyati yoʻq! — dedi Koryagin battar ijirgʻanib. — Hamma boʻlim boshqaruvchilariyam shaxsiy mashinada katatsa qilmaydi. — Yana maʻnoli sukut saqlab, Jumanovga tikilib oʻtiraverdi. Darvoqe “Moskvich”ni gapirishi bilan toʻrt yilmi, besh yil avval boʻlgan suhbat esiga tushdi. Olganing tugʻilgan kuni edi. Ximkidan ukasi Sasha keldi. Jindek “otishgani”dan keyin hasrat qildi. “Bu — oʻzbeklarni tergaydigan qonun bormi-yoʻqmi, sen yuristsan-ku! Ular bizning mashinada katatsa qilishni biladi, evaziga paxta deb tuproq aralash xas-xashak joʻnatadi”. Koryagin oʻshanda bu gapga unchalik eʻtibor bermagan edi…
— Bilasizmi, Jumanov? — dedi dilkashlik bilan. — Bir narsaga hech aqlim yetmayapti. Marhamat qilib tushuntirib bersangiz. Demak, “XXV partsʻezd” sovxozi qoloq boʻlgan. Sizning boʻlimingiz esa oblastda birinchilar qatori majburiyatni bajargan. Qanday qilib?
Jumanov engak qoqqandek, boshini gʻalati sarak-sarak qildi.
— Avval ham aytgan edim-ku…
— Nima qipti, yana qaytaravering! — Koryagin kinoyali kuldi. — Siz gapiravering, men eshitaveraman… U yogʻini oʻzim davom ettiraymi? — dedi gap ohangi keskin oʻzgarib. — Ta-ak… Demak, “oq oltin”ni yaratuvchi “oltin qoʻlli” Jumanov oʻta jonbozlik koʻrsatgan…
— Ishonmasangiz oʻsha paytda boʻlimda ishlaganlardan soʻrang.
— “Qahramonona” mehnat qilgan, — dedi Koryagin istehzo bilan. — “Oq oltin”dan misli koʻrilmagan hosil olgan. Shuning uchun unga mashina sovgʻa qilganlar. Keyin direktorlikka koʻtarganlar. Evaziga qirq ming soʻraganlar.
— Aytdim-ku, majbur qilishdi. — Jumanovning ovozi tagʻin xirillay boshladi. — Sovxoz oʻtirib qolgan edi…
— Juda toʻgʻri! Qaysi ahmoq ilgʻor sovxozni qirq mingga sotadi! Yaxshi sovxozlarning taksasi ellik mingdan yetmish minggacha boʻlgan. Bundayrogʻlari kirq ming…
— Tuhmat! — Jumanov porsillagan labini yalab qoʻydi. — Hech kimga pora bergan emasman!
Koryaginning toqati toq boʻla boshladi. “Ahmoq! Qaysar eshak!”
— Tuhmat deng-a? Endi mendan eshiting, Jumanov! Siz! — dedi shiddat bilan barmogʻini bigiz qilib. — Siz porani oʻz ixtiyoringiz bilan bergansiz! Sovxozni sotib olish uchun! Avval ham pripiska bilan shugʻullangansiz. Boʻlimni boshqarayotganingizda. Kattalar koʻradiki, qoʻshib yozishga ustasiz. Tajriba bor. Shundan keyin…
— Tushunsangiz-chi! — Jumanov ayanchli xirilladi. — Bermagan narsamni qandoq qilib berdim dey… Axir men bor-yoʻgʻi yarim yil direktor…
— Yarim yil emas, yetti oy!
— Agar qoʻshib yozsam, sovxoz planni bajarmasmidi!
— Omonovning pokazaniyesi-chi? — Koryagin “delo”ni asabiy varaqladi. — Nega yuz ellik tonna paxtani pripiska qilganingizni, Omonov bilan nega til biriktirganingizni aytaymi? Obkomga bergan qirq mingning oʻrnini qoplash kerak edi!
— Axir bu tuhmat-ku! Sovxoz planni bajarmagan, — dedi Jumanov yigʻlamoqdan beri boʻlib. — Sakson yetti protsentda qolgan. — Boshini battar sarak-sarak qildi. — Paxtaning oʻzi yoʻq edi. Yoʻq narsani qayokdan olay?
— Buni mendan soʻrayapsanmi? — Koryagin chin dildan kulib yubordi. — Mendan-a! Ha, tan olaman, men paxtani yaxshi bilmayman. Ammo pripiskaning kuxnyasini xoʻp oʻrgandim. Planni bajara olmaganingiz uchun ham qoʻshib yozgansiz. Bajaray desangiz, paxta yoʻq, bajarmay desangiz, baloga qolasiz. Bilaman, siz ahmoq emassiz. Iqtisodchisiz, bu gaplarning hammasi absurd ekanini bilgansiz. Faqat bir narsani tushunmayman. Nahotki siz — oliy maʻlumotli ekonomist, oʻylamagansiz? Markaziy rayonlarga tola oʻrniga xashak borgan. Keyin oʻsha laʻnati xashak ham bormay qoʻygan, vagonlarda havo borgan. Havo! — dedi taʻkidlab. — Samolyotlarda esa diplomat toʻla pul borgan. Tola yoʻq, plan bor. Paxta yoʻq, pora bor! Orden bor, medal bor…
Qiziq, Jumanov gʻalati iljaydi. Shishgan yuzi bir tomonga qiyshayib ketdi. Xirillab kulgan edi, yoʻtal tutdi. Uzoq, entikib yoʻtaldi.
— Nimasi kulgili? — dedi Qoryagin ijirgʻanib.
— Oʻzim…
— Javob bering! Nimasi kulgili bu nopok ishning? Jumanov uning koʻziga oʻqrayib qaradi.
— Bu yoqdan vagonda tola oʻrniga havo, samolyotda pul borgan ekan, — dedi gʻoʻldirab, — u yoqdagilar nega indamabdi? Nega bizga pul kerak emas, tolaning oʻzini beringlar demabdi?
“O-o-o! Tiling burro-ku! — Ukasining gapi Koryaginning esiga tushdi. Ukasi kim — oddiy master. Dodini kimga aytardi? Indamasam, aybni biz tomonga agʻdarmoqchimisan?!”
— Gorshogingizni bilib oʻtiring! — Koryagin tovushiga tagʻin rasmiy tus berdi. Har soʻzini chertib-chertib taʻkidladi. — Gapni aylantirmang, Jumanov! Ochigʻini ayting: nega hammalaring qoʻshib yozishga bunchalik yopi-shib olgansizlar? Bir kunmas bir kun bari bir sir ochilardi-ku? Aqalli siz — mutaxassis sifatida bilgansiz-ku buni! Nega bu yogʻini oʻylamagansiz? Savolimga aniq javob bering! Koʻzimga qarab turib!
Jumanov koʻzini olib qochmadi. Battar oʻqraydi.
— Osmon baravar plan yuqoridan belgilanar ekan, pripiska boʻlaveradi! — Shunday dedi-yu, boshi tagʻin tebranishga tushdi.
— Stop! — Koryagin uning soʻnggi gapini tez-tez qogʻozga tushirdi. — Demak, siz pripiskani maʻqullaysiz? Demak…
— Yoʻq! Men pripiskaga qarshiman. Umuman bunaqa harom ishga…
— Omonov-chi?
— Yana Omonov! — dedi ayblanuvchi hamon bosh tebratib. — Yuzlashtirdinglar-ku! Tuhmat qilayotgani koʻrinib turibdi-ku! Hamma gapi poyma-poy… Punkt mudiri hech kimga pora bermaydi…
“Tagʻin oʻsha ashula!” — Koryagin toshib kelgan gʻazabini jilovlash uchun kulimsiradi.
— Sizningcha hamma yomon, bitta oʻzingiz yaxshi. Hamma qora, bir oʻzingiz oppoq… Bir narsani aytaymi? — dedi sirli qilib. — Erkakcha gap… Bilasizmi, bunaqa nozik narsalarni xotin kishiga aytmaslik kerak edi. Siz boʻlsa… — Qoʻllarini ikki yonga tashlab, afsus-nadomat bilan bosh chayqadi. — Eh, Jumanov, Jumanov! Omonovdan olgan pulni xotinga koʻrsatib nima qilar-dingiz! Jumanova Hanifa sizning xotiningizmi, axir? Hammasini aytib berdi… Suhbat paytida. Darvoqe, ayol kishini bunday xoʻrlamaslik kerak. Axir siz yetarli darajada madaniyatli odamsiz. Sochlari oqarib ketibdi shoʻrlikni. Sizga nokerak boʻlsa, bolalaringizga kerak hali… Mayli, gap bundamas. Shunday qilib, oʻsha kecha pulni xotiningizga koʻrsatibsiz. Avval pol tagiga yashiribsiz, keyin…
Jumanov bir muddat unga hayratlanib qaradi. Keyin toʻsatdan yelkalari silkina boshladi. Koryagin yigʻlayapti, deb oʻylagan edi. Yoʻq, Jumanov kulardi. Yelkalari silkinib xirillab-xirillab kuldi. Xunuk, juda xunuk kuldi. Shishgan basharasi qiyshayib ketdi. Tagʻin yoʻtal tutdi.
— Pol tagiga deng! — dedi hansirab. — Pol tagiga emish… — yana xirilladi. — Mening uyimda polning oʻzi yoʻq!
Koryaginning ichida bir nima uzilib ketgandek boʻldi. “Yaramas, Berdiyev! Nega oʻsha kuni uyga olib kirmadi? Ayvonda gap sotib oʻtirish shartmidi? Ataylab qilgan. Uyam shularga hamtovoq! Uyam bosmachi!” Oʻzini qoʻlga olish uchun shisha tagida qolgan pepsini shoshilmay quydi. Bamaylixotir ichdi.
— Tushunarli, — dedi osoyishta qatʻiyat bilan. — Demak, xotining Jumanova Hanifa notoʻgʻri koʻrsatma bergan. Xohlasam, ertagayoq, yoʻq, bugunoq qamoqqa tiqaman!
Jumanovning koʻzida bir lahza sarosima koʻrindi. Xoʻrsindi.
Qoʻlingizdan keladi… — dedi anchayin vazmin ohangda. — Mayli… Men Hanifaga ishonaman. Yolgʻon gapirmaydi… Sochining oqarganiga kelsak, uni men emas, ssnlar oqartirding!
— Nima-nima?! — Koryagin ijirgʻanib labini burdi. — Qilgʻilikni sen qilgin-da, kampir-xotining oldida men javob beraymi? Feodal! Bola tugʻdirishdan boshqani bilmaydigan baran!
— Haqorat qilma!
— Eh-ha! Oriyatlari keldimi? Eshitib qoʻy! Yolgʻon maʻlumot bergani uchun xotiningni qamoqqa tiqmasam… Menga desa bolalaring ochidan oʻlsin! Qizingning jigari ezilib ketsin!
— Bolada nima gunoh! — Jumanovning boshi soat kapgiriday muttasil tebrana boshladi. Oyoq-qoʻllari titrar, hozir agʻdarilib ketadigan alpozda edi.
— Bas! — dedi Koryagin hayqirib. — Endi bolalaringni oʻylaydigan boʻlib qoldingmi? Pora olib, pora berayotganingda, pripiska qilayotganingda esing qayoqda edi? Kattalarning buyrugʻini quloq qoqmay bajarayotganda nega oʻylamading bolalaringni? — Koryagin butun pafratini bir soʻzga jamlab, jirkanish bilan taʻkidladi. — Plebey!
— Toʻgʻri aytding, plebeyman… — Jumanov hirqiradi. — Qulman… Norasmiy qul… Sen-chi? Sen qul emasmisan?
— Oʻchir! — Koryagin stolni mushtladi.
— Qulsan! — Jumanovning afti battar qiyshaydi. — Boshliqlaring oldida qulsan! Sendayam plan bor. Yoʻq gunohimni qanchalik tez boʻynimga qoʻysang, pogoningdagi yulduz shuncha koʻpayadi, oyliging oshadi.
— Oʻchir ovozingni! — Koryagin tagʻin stolni mushtladi. Boʻsh stakan zirillab ketdi. — Ertagayoq Moskvaga, Butirkaga joʻnataman. Obkomingning yoniga!
— Juda yaxshi! Vijdoni boʻlsa aytsin, qachon pora beribman unga?
— Obkoming kim boʻpti? Kerak boʻlsa, respublika rahbarlaringning oʻziyam tiz choʻkadi hali…
— Qoʻlingdan kelsa, — Jumanov hamon tebrangan koʻyi boshini shahd bilan koʻtarib chaqchaydi. — Qoʻlingdan kelsa, Brejnevni tiriltirib kelgin-da, uniyam soʻroq qil! — dedi vishillab. — Pripiskani oʻsha oʻylab topgan! Hamtovoqlari bilan! Yoʻq paxtani olti million tonna qilasan, degan oʻsha! — Jumanovning qon quyilgan koʻzlari kosasidan chiqib hayqirdi. — Bizni eshak qilib mingan — oʻsha!
— Poraxoʻr! — Koryagin Jumanovning oldiga uchib borgisi, bir musht bilan hushini joyiga keltirib qoʻygisi keldi-yu, oʻzini tiydi. — Poraxoʻr! — dedi hayqirib. — Haromxoʻr! Hammang oʻgʻrisan! Hammang poraxoʻr! Avval uyingga chaqirasan, mehmon qilasan, qoʻy soʻyasan, palov, shashlik… Milliy udumni roʻkach qilib, toʻn kiygizasan. Yumshoqqina boʻlib odamning pinjiga kirasanlar-da, keyin… Mana! — U stol tortmasini shahd bilan ochib, bir toʻp gazetani oldi. Boshi ustida baland koʻtarib silkitdi. — Hammasida senlarning qilmishing yozilgan! Respublikada necha ming jinoyatchi qamoqqa olinganini yozgan! Hammang eshshaksan! Butun xalqing!.. — Bir zum sukut saqladi-da, Ambartsumyan oʻrgatgan eng oxirgi, eng qatʻiy zarbani urdi. — Eshitib qoʻy, — dedi istehzoli kulib. — Ertaga, yoʻq, bugun senga gʻalati tomosha koʻrsataman! Kampir-xotiningni retsidevistlar oʻtirgan kameraga tiqaman. Bir yoʻla uchtasi baravar zoʻrlaydi! Sen tuynukdan tomosha qilasan!
— Tuf! — Jumanov koʻzlari vahshiylab sapchib turdi. — Tuf senga! — dedi oʻkirib.
Ajab, tupugi ogʻzidan chiqdiyu porsillab yorilgan labiga shilimshiq yelimdek yopishib qoldi. Quturgan buqadek alpang-talpang bostirib kela boshladi.
— Konvoy! — Koryagin vahimaga tushib, xotinlardek chinqirdi. — Konv-o-o-oy!
Yoʻq, Jumanov Koryaginga emas, deraza tomon intildi. Soqchi eshikdan kirguncha bir hatlab, deraza raxiga choʻkkalab oldi. Shu alpozda bir soniya, atigi bir soniya Koryaginga qaradi. Hozirgina koʻzlarida yonib turgan gʻazab ifodasi oʻrnida shu qadar chuqur, unsiz nafrat, nochorlik, iztirob… shu qadar teran hayrat bor ediki, Koryaginning yuragi orqaga tortib ketdi.
— Jumanov! — Vasiliy Stepanovich deraza tomon talpindi. — Jumanov…
Gapini tugatmasdan derazada yana gʻira-shira oqshom yorugʻi koʻrindi.
Soqchi ikkovlari baravar yugurib borishdi. Chuqurlikdagi hovlida, hovuz chetidagi simyogʻochda lampochka yonib turar, Jumanov yaproqlarini chang bosgan archa tagida gʻayritabiiy yonboshlab yotar edi: boshi hovuzning tsement qirrasida, gavdasi qirgʻoqda… Koryagin uning jon tas-lim qilayotib, oyogʻini uch-toʻrt silkitganini koʻrdi… Aniq koʻrdi…
Havoni qalin bulut oʻragan, yomgʻir hidi kelardi. Yuziga salqin epkin urildi. Koryagin toʻrt oydan beri kutgan kuz epkini…
1990-yil.