..

Pirimqul Qodirov. “Agra. Yulduzlar girdobi”

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

“Yulduzli tunlar” romanidan parcha

1
Yana yozning jazirama issiqlari boshlandi. Bobur goh devoniomda, goh kutubxonada ishlar, mudom ichi kuyib, sovitilgan norinj sharbati va yaxna choy ichar, lekin chanqogʻi hech bosilmas edi.

Bir kun peshin kechroq Tohir xilvatxonaga uch-toʻrt bosh oq kishmish uzum olib kirdi. Hozirgina uzib yuvilgan oltin rang kishmish donalari ustida suv zarralari yiltirab turadi. Koʻpdan beri bunday uzumni koʻrmagan Bobur taajjub bilan:

— Qaydan oldingiz? — dedi.

— Oʻzimizning Hasht Bihisht bogʻimizdan. Samarqanddan keltirilgan kishmish koʻchatini oʻz ilkingiz bilan ekkaningiz yodingizdami, hazratim?

Bobur quvonib uzumdan bir boshini qoʻliga oldi. Bu yerlarning tarixida birinchi marta yetishtirilgan oq kishmish sal sersuvroq boʻlsa ham, lekin uning taʻmi Boburga Samarqandni eslatdi. Uzum yegan sari chanqogʻi bosilib, oʻzini birdan tetik sezdi.

— Buni Mohimga koʻrsatmoq kerak! — deb oʻrnidan turdi.

Bultur kuzda Kobuldan Agraga koʻchib kelgan Mohim begim bu bogʻning toʻridagi marmar koʻshkda edi. Bobur barkashdagi uzumni Tohirga koʻtartirib, gulzor yoʻlkalardan koʻshkka qarab ketdi.

Havo dim va rutubatli. Yana pashkol fasli boshlanib, osmondan bulut arimay qolgan. Barkashdagi oltinrang kishmish Boburga shu bulutlarni yorib oʻtib, uzoq Samarqanddan yetib kelgan yorugʻ bir nurdek koʻrinardi.

Mohim begim koʻshkning ayvonida miz ustiga engashib allanarsa yozmoqda edi.

Ayvonga Tohirni ergashtirib kirgan Bobur:

— Uzumimiz pishibdi, Mohim! — dedi. — Bir tatib koʻring.

Mohim begim oʻrnidan turib, Boburni odatdagiday taʻzim bilan qarshi oldi, lekin oʻpkasi toʻlib, durust gapirolmadi.

Soʻnggi ikki yil ichida yarasidan qolgan asoratlar tuzalib, qoʻllari avvalgiday ishlaydigan boʻlib ketgan Tohir uzumni taʻzim bilan Mohim begimga tutdi.

Mohim begim barkashni uning qoʻlidan olib, miz ustiga qoʻydi. Uning qovoqlari shishib, koʻzlari yigʻidan qizarganini payqagan Tohir sekin orqasi bilan yurib chiqib ketdi.

Er-xotin yolgʻiz qolganlarida Bobur:

— Sizga ne boʻldi? — dedi. — Yigʻlabsizmi?

— Nafasim qisildi…

Mohim begim qirq yoshga borgandan beri yuzlari toʻlishib, anchagina semirib qolgan edi. Kobulning yengil va quruq togʻ havosiga oʻrgangan begim Jamna boʻyidagi issiq kunlarda sernam dim havodan nafas olish qanchalik qiyin boʻlishini avval ham eshitgan, bir chekkasi shu sababdan toʻrt yilgacha Agraga kelmay yurgan, axiri Boburning yuzidan oʻtolmay bultur kelgan edi.

— Pashkol faslida men ham juda qiynalib, nafas olurmen, — dedi Bobur. — Tashvish chekmang, oʻrganib ketursiz. Qani, uzumdan oling!

Mohim begimning hech narsa yegisi kelmas edi. Shunday boʻlsa ham kishmishdan ikki dona olib ogʻziga soldiyu, Boburning koʻngliga boʻla:

— Yaxshi pishibdir, — dedi.

— Maktub yozmoqchi edingizmi?

— Ha, Humoyunga… Mening nafasimni pashkol emas, sogʻinch qisadir!

Toʻlib oʻtirgan Mohim begim birdan yigʻlab yubordi:

— Men hamisha Humoyunning diydoriga zormen. Siz mudom oʻgʻlimni mendan uzoqlarga yuborursiz! Kobulda ekanimda Humoyun Jamnayu Ganga boʻylaridan boʻshamadi. Men Agraga keldim, Humoyun Badaxshonga joʻnab ketdi. Badaxshonni tinchitib qaytdi hamki, uni yana uzoq Sambxalga yubordingiz. Qayerda bir xatar boʻlsa, oʻshanga Humoyun roʻbaroʻ! Qaysi uzoq yurtda mushkul ish boʻlsa — yana Humoyun! Men bu yerda xavotirlikda qon yutib iztirob chekurmen!

— Bunchalik xavotirlanishning ne hojati bor, Mohim!

— Siz xavotirlanmaysiz, hazratim, sizning farzandlaringiz koʻp! Mening yolgʻiz farzandim qolgan! Uchtasini tuproqqa topshirib, shu birgina Humoyun bilan qolganmen!

Boburning boshqa xotinlari va ulardan boʻlgan boshqa bolalari ham borligi Mohim begimda qanchalik murakkab tuygʻular qoʻzgʻashini Bobur hozir yana bir marta sezdi. Shu payt xonaga sakkiz yoshli Gulbadan chopib kirib keldi. Boʻynidagi jajji taqinchoqlarini shildiratib otasi qarshisida egilib taʻzim qildi. Lekin onasining yigʻlab, oʻrtanib gapirayotganini koʻrdi-yu, xavotirlanib toʻxtadi.

— Mohim, — dedi past tovush bilan Bobur, — Hindol bilan Gulbadan ham sizga farzand-ku, axir!

— Komron mirzo-chi, hazratim? U kishi sizning oʻgʻlingiz emasmilar? U kishi Laxoʻrda onalari bilan tinchgina yuribdilar! Nechun hamma baloga Humoyun balogardon boʻlmogʻi kerak?

— Chunki Humoyun — taxt vorisi! Men qilmogʻim kerak boʻlgan mushkul ishlarni Humoyun qilib oʻrganmogʻi kerak.

— Men xavotirlanib qon yutsam mayli! Siz bunga parvo qilmaysiz, chunki boshqa xotinlaringiz bor!

Gulbadan ota-onasini hech qachon bunday mushkul va noqulay ahvolda koʻrmagan edi. U koʻzlari javdirab, nima gap boʻlayotganini tushunolmay lol boʻlib turardi. Axir hazrat onasi podshoh otasiga nihoyatda mehribon edi-ku. Kobuldan ikki oy yoʻl yurib, kela-kelguncha uning nomini tildan qoʻymay eʻzozlab gapirar edi-ku! Hazrat otasi ham ularga Agradan peshvoz chiqib, Jaloli koʻli yaqinida kutib olmaganmidi? Charchagan otidan tushib, boshqa ot keltirgunlaricha sabri chidamagan Bobur Mohim begimning oldiga piyoda kelgan emasmidi? Soʻng suyukli xotinini eʻzozlab, uni otdan tushishga qoʻymagan, oʻzi esa Mohim begimning oti yonida uch chaqirimcha joyga piyoda borgan edi-ku. Buni koʻrgan odamlar: “Podshohning oʻz xotinini bu darajada yuksak izzat-ikrom bilan kutib olganini umrimizda koʻrgan emasmiz!” deganlarini Gulbadan oʻz qulogʻi bilan eshitgan edi-ku. Hozir bularga nima boʻldi?

Bobur qizchasining hang-mang boʻlib turganini sezib, tez oʻrnidan turdi, barkashdagi uzumdan bir boshini qoʻliga berdi:

— Ma, qizim, ye!— deb unga muloyim gapirib, eshikdan tashqariga yetaklab chiqdi. — Bor, endi bogʻda oʻyna.

U koʻz yoshlarini hamon toʻxtatolmayotgan Mohimning qarshisiga qaytib kelib oʻltirdi va hazin tovush bilan dedi:

— Mohim, siz mendan har qancha ranjisangiz haqqingiz bor. Shariat ruxsat bergani bilan har bir musulmon uch xotin olishi shart emas edi… Mendek sayyohtabiat odam… umrining yarmidan koʻpini safarlarda, janglarda oʻtkazishini bila turib, uch xotin olishi… kechirilmaydigan bir xatolik boʻldi. Bu xotinlarning hech biri men orzu qilgandek baxtiyor boʻlolmaganini… bugun sizga qarab koʻrib turibmen… Kundoshlik alamlari… Bir-biriga oʻgay bolalarning raqobati… Ota-bobolarimizni oʻrtagan bu jahannamlar bizga daxl qilmas deb oʻylagan edim… Yoʻq, mana, hatto sizdek suyukli yorim ham… shu jahannam azobidan koʻzyosh toʻkmoqdasiz. Majruh dilim sizni koʻrib, battar xastalandi.

Mohim begim Boburning sargʻayib qolgan kasalmand yuziga qaradi-yu, koʻz yoshini apil-tapil arta boshladi.

— Hazratim, mendan ozorlanmang. Men bir munglik ayolmen. Siz podshohsiz. Arzimni sizga aytmasam, kimga aytamen?

— Ha, men podshohmen — butun balo shunda. Neki xatolik, neki gunoh qilgan boʻlsam, hammasining birlamchi sababi mening podshohligimdir. Yoshligimda podshohlik zanjiridan qutulib ketmoqchi boʻldim. Lekin meni bu zanjirdan xalos qiladigan najotkor topilmadi. Endi umidim borki, mening najotkorim Humoyun boʻlgʻusidir.

Mohim begim Boburning bu soʻzlariga ishonib-ishonmaganday unga termilib qaradi.

— Mohim, maktubingizni davom ettiring. Mening nomimdan ham yozing, Humoyun Agraga tezroq qaytsin. Koʻzim tirikligida toju taxtni egallasin. Yozing, men imzo chekurmen!

— Hazratim, Siz Humoyunni toju taxtga bunchalik intiq deb oʻylamang! Hech unday emas! Men faqat oʻgʻlimiz yonimizda boʻlsin demoqchi edim, xolos!

— Yozing, kelsin!.. Faqat podshoh boʻlish sharti bilan kelsin. Bu maxfiy gapni hozircha boshqa hech kim bilmasin.

Boburning niyati jiddiyligiga endi ishongan Mohim begim:

— Siz… Kobulga qaytmoqchimisiz? — deb soʻradi.

— Mabodo, olamdan koʻz yumsam, Kobulda dafn etinglar.

— Nechun bunday deysiz?

— Sizdan yashiradigan sirim yoʻq, Mohim. Siz Kobulda “fotihlikning qasosi qaytsa yomon boʻlur” degan edingiz. Shu gapingiz rost chiqdi. Podshohligu fotihlik balolari malika Bayda bergan zahar shakliga kirib, mening umrimni kemirdi. Agar men ham bor ku-chimni faqat ilmu ijodga bersam, balki Beruniydek yetmishdan osharmidim? Yoki Alisher Navoiydek oltmishga kirarmidim? Biroq mana qirq yetti yoshimda umrimning oxiri koʻrinib qoldi.

— Niyatni yaxshi qiling, hazratim! Xudo xohlasa, hali umringiz uzoq boʻlgʻusidir!

— Ne boʻlganda ham endi podshohlik bas. Qolgan umrimni ijodga sarflamoqchimen! Menga saroylaru qasrlarning keragi yoʻq. Mana shu Zarafshon bogʻining bir goʻshasi boʻlsa bas… Ortiqcha savdaru mulozimlar ham darkor emas. Tohir oftobachining bir oʻzi menga yetarlik. Humoyunga shu qarorimni aytib, ikkovimizning nomimizdan yozing!

Mohim begim Boburga juda ogʻir tegadigan mavzularda gap ochganidan endi qattiq pushaymon boʻldi-yu, eriga iltijo qilib:

— Meni kechiring! — dedi. — Men hech xayolimga keltirmagan gap… Bu mumkin emas! Men bunday maktubni yozolmasmen!

Bobur oʻrnidan turdi.

— Boʻlmasa men oʻzim yozgaymen, — deb koʻshkdan chiqdi.

U bogʻ oralab xilvatxonaga qarab borayotganda gulzor yoʻlkada kichkina Gulbadanni uchratdi. Ziyrak qizcha otasini qiynab yurgan mushkulotlarni tushunmasa ham unga ich-ichidan qayishib, hamdardlik bildirayotgandek moʻltirab qarab turardi*.

___________________

* Boburning farzandlari orasida eng uzoq umr koʻrgan va saksonga kirgan Gulbadan begim bolaligida koʻrgan bilganlarini “Humoyunnoma”da batafsil yozgan. U otasining oxirgi paytda toju taxtdan astoydil koʻngli qolganiga, hokimiyatni Humoyunga berib, oʻzi Tohir oftobachi bilan bir goʻshada yashamoqchi boʻlganiga dalillar keltirgan.

2

Otasining maxfiy maktubi borganda Humoyun Sambxalda ogʻir kasalga chalinib toʻshakda yotgan edi. Maktubni oʻqigach odamlariga:

— Meni tezroq Agraga yetkazinglar!— deb buyurdi.

Dehliga kelguncha Humoyunning isitmasi yana oshib, kasali battar ogʻirlashdi. Uni olib kelayotgan Hindubek yoʻlda biror kor-hol boʻlishidan qoʻrqib, darhol Agraga xabar yubordi-yu, oʻzi Dehlida qolib Humoyunni eng yaxshi tabiblarga davolata boshladi. Lekin doru darmon kor qilmas, qora bezgakka oʻxshash bir dard Humoyunni kechayu kunduz kuydirib, goʻyo jingak qilib tashlamoqda edi.

Agradan ikki kechayu kunduz otliq yoʻl yurib, Mohim begim yetib keldi. Daryo yoʻli tinchroq va salqinroq deyishib, Humoyunni Dehlida kemaga solishdi-da, oqim boʻylab Agraga olib kelishdi.

Humoyunni taxtiravonga yotqizib, sakkiz yigit Zarafshon bogʻiga koʻtarib kirdi. Bobur rangi yerday oʻngib ketgan Mohim begimni koʻrgandayoq, yuragi “shuv” etib ketdi. Yigitlar koʻtarib kelayotgan taxtiravon uning koʻziga tobutday sovuq koʻrindi. Humoyun tuni boʻyi alahlab behush yotdi. Faqat sahar palla koʻzini xiyol ochib, tepasida turgan otasini tanidi, oʻrnidan turgisi kelib qimirladi, lekin boshini koʻtarishga ham madori yetmadi. Otasining maxfiy maktubida yozilgan gapga rozi boʻlolmasligini aytmoqchi boʻlib:

— Biz… xizmatda… sizsiz… — “Mumkin emas!” deganday bosh chayqadi-yu, keyin yana allahlay boshladi. — Gʻulga uring… uring! Ketdi!.. Toʻxta!..

Humoyun nafasi qaytganday talvasa qilib, oʻzini u yoqdan-bu yoqqa bir-ikki otdi-yu, yana hushidan ketdi.

Saroy tabiblari bu ogʻir dardga hech bir davo topolmadilar. Mohim begim yum-yum yigʻlaydi. Bobur suyukli oʻgʻlini hadeb oʻtga-suvga solib, shu kasallikka oʻzi ham sababchi boʻlganday oʻrtanardi. Ogʻir paytlarda Bobur suyanib oʻrgangan odamlar biron chora topishni undan kutadilar. Lekin hozir u ham chorasizlikdan oʻzini qoʻyadigan joy topolmay qiynaldi.

Keksayib munkillab qolgan shayxulislom Boburning yoniga keldi:

— Hazrati oliylari, koʻp gʻam chekmang, parvardigor gʻoyibdan shifo yuborgusidir, — dedi. — Tabiblardanki ish chiqmadi, endi xudo yoʻliga dunyo molidan tasaddiq qilmoq kerak.

Bobur shayxulislomning niyatiga tushunolmay:

— Qaysi moldan? — deb soʻradi.

— Jon omon boʻlsa javohir topilur. Oʻshal… ashxas olmos yaxshi tasaddiq boʻlgʻay.

Bobur Jamna ustida kemada oʻltirganda Humoyun keltirib koʻrsatgan olmosni esladi.

��� Koʻhinurnimi?

Shayxulislom tasdiq maʻnosida bosh irgʻadi. Bobur hushini bir joyga yigʻib:

— Taqsir, kimga tasaddiq qilaylik?— deb soʻradi.

Qiymati ulkan oltin xazinalariga barobar keladigan bu olmosni oʻgʻrilardan qoʻriqlab turish uchun ham juda koʻp navkar kerak edi. Shuni biladigan shayxulislom “menga” deyishga tili bormadi.

— Murtazo Ali mozoriga, — dedi. — Din yoʻliga.

Mozor va Koʻhinur olmosi bir-biriga mutlaqo qovushmaydigan narsalar edi. Dindorlarning kattasi shayxulislom boʻlganligi uchun olamni bezaydigan bu goʻzal olmos aylanib kelib uning sandigʻiga tushishi aniq. Bobur hozir molu dunyoni oʻylaydigan ahvolda boʻlmasa ham Humoyunga taqdim etilgan bu noyob gavharga munkaygan shayxulislom koʻz tikkani uni sergaklantirdi.

Ruhoniylar ilojini topsa podshohdan ham baland turishga va ularning boshiga ogʻir kun tushganidan foydalanib oʻz hukmlarini oʻtkazishga intilishlari koʻpdan maʻlum edi.

— Taqsir, nazaringizda, oʻshal olmos azizmi yoki mening jonim aziz?

Shayxulislom hang-mang boʻlib:

— Nechun unday deysiz, hazratim! — dedi. Undoq olmoslarning yuztasidan sizning bir moʻyingiz azizroqdir!

— Minnatdormen! Undoq boʻlsa, men Humoyunga jahondagi barcha olmoslardan ham azizroq bir narsamni qurbon qilmoqchimen. Faqat bu qurbonni sizu bizga oʻxshagan bandalari emas, zarur boʻlsa parvardigorning oʻzi olsin!

Bobur oʻziga umid bilan qarab turgan odamlarning orasidan oʻtib, Humoyunning toʻshagi yoniga keldi.

— Humoyun, jigarbandim! — dedi u hamma eshitadigan tovush bilan. — Sening betoqatligʻingga men toqat keltiray. Sening shu ogʻir dardingni xudo sendan olib menga bersin!

Behush yotgan Humoyun bu gaplarni eshitmas, lekin bemorning xobgohidagi ayollar, mulozimlar, tabiblar, ruhoniylar — hammasi Boburga quloqlarini ding qilib qarab turardilar.

Bobur umumiy jimlikda Humoyunning boshidan uch marta aylandi-yu:

— Yo, parvardigor! — deb iltijo qildi. — Menki Boburmen, agar jon berish mumkin boʻlsa, umru jonimni Humoyunga qurbon qildim! Azroyil mening jonimni olsinu xudo Humoyunga shifo bersin!

Mohim begim yigʻidan toʻxtab, Boburga qoʻrquv aralash hayrat bilan tikilib turardi. Keksa shayxulislom esa hozirning oʻzidayoq Humoyuning sogʻayib ketishini va Boburning holsizlanib yiqilishini kutganday ancha vaqt ota-bolaga baqrayib qarab turdi. Lekin kutilgan moʻjiza yuz bermadi. Behush Humoyun alahlab bir nima dedi-da, yana jim boʻldi.

Boburning badanidan “lop” etib olov chiqqanday boʻldi, vujudi qizib ketdi. U hamon behush yotgan Humoyunga qarab:

— Koʻtardim dardingni! — dedi-da, yelkasiga ogʻir yuk olgan odamday qaddi xiyol egilib xobgohdan chiqib ketdi…

3

Yigirma uch yoshlik Humoyunning yigit yuragi otasi koʻrsatgan ruhiy madaddan kuch olib, ogʻir kasallikni axiyri yengdi. Oradan bir hafta oʻtgach, u kasal koʻrishga kelganlarni oʻrnidan turib qabul qildi. Yana ikki kundan soʻng otasini borib koʻrish uchun xobgohidan chiqdi.

Bobur oʻgʻlini Orombogʻning toʻridagi xonayi xosda qabul qildi. Humoyun uning qarshisida tiz choʻkib, koʻziga yosh olib gapirdi:

— Hazratim, men sizning iltijongiz bilan shifo topmishmen. Oʻzimga kelganimdan beri xudodan tilaymenki, sizning umringiz uzoq boʻlsin! Bu ulugʻ davlatni siz barpo etdingiz. Hammamizning pushti panohimiz oʻzingizsiz. Parvardigor bizga rahm qilsin!

Bobur oʻgʻlini yelkasidan olib oʻrnidan turgʻizdi:

— Mana, shukr, yuribmen-ku, oʻgʻlim. Sen koʻp xavotir boʻlma.

— Ammo shayxlar: “Hazratim oʻgʻliga kelgan ajalni oʻzlariga oldilar”, deb koʻnglimga gʻulgʻula soldilar.

Bobur oʻgʻliga oʻng yonidan joy koʻrsatdi.

— Humoyun, oʻgʻlim, mardona boʻl, eng ogʻir yuklar endi sening yelkangga tushadigan koʻrinadir. Xayriyat, tuzalib ketding. Agar mutaassib shayxlarning gapiga kirib, Koʻhinur olmosini tasaddiq qilsam, ular gʻolib chiqmasmidi? “Humoyunni biz oʻshal tasaddiq evaziga qutqarib qoldik, biz podshohdan ham zoʻrmiz!” deb tantana qilmasmidi? Imonu eʻtiqod bunday gʻarazlardan baland turmogʻi kerak-ku, axir!

— Ilohim, siz haqqingizdagi karomatlari ham yolgʻon chiqsin!

— Har qalay, sen Ollohu taologa gʻarazli shayxlar orqali emas, bevosita imonu eʻtiqoding orqali iltijo qilishga oʻrgangin. Shayxlar mudom podshohning tepasiga chiqib, unga hukmini oʻtkazishga intilurlar. Shundan ehtiyot boʻlgin.

— Toki tirikmen, bu oʻgitingizga hamisha amal qilgaymen!.. Endi… Hazratim, Sambxal chegarasida yana qonli toʻqnashuvlar boʻlmoqda emish. Ijozat bersangiz, men borib chegaralarni tinchitsam…

Bobur indamay oʻrnidan turdi-da, xonayi xosning toʻridagi sandiqni ochdi. Humoyun tik turgan holda otasiga yuzlanib qoʻl qovushtirdi.

Bobur sandiqdan oq ipak matoga oʻralgan qilichni oldi.

— Humoyun, oʻgʻlim, mening qancha umrim qolgani xudoning oʻziga ayondir. Sohibqiron bobokalonimizning mana shu qilichini endi sen taqmogʻing kerak. Bu qilichga “Kuch — adolatdadir” degan soʻzlar bitilgan. Doim odil boʻlginu magʻlub boʻlmagin!

Bobur qilichni oʻgʻliga ikki qoʻllab uzatdi. Humoyun tabarruk qilichni tiz choʻkib oldi-da, uning muqaddas yozuv bitilgan joyini koʻzlariga surib oʻpdi.

— Mayli, — dedi Bobur. — Sambxal notinch boʻlsa, borib tinchitginu oʻrningga Hindubekni qoʻyib qaytgin. Endi davlat ishini zimmangga olmogʻing kerak…

* * *

Yomgʻir fasli oʻtib, osmon yana bulutlardan tozalandi, tunlar salqin boʻlib qoldi. Bobur uyqusiz tunlarda boqqa chiqar va yulduzlarni tomosha qilgisi kelib osmonga qarardi. Lekin tanida isitmaning balandligidan osmondagi yulduzlar joyidan koʻchib, girdobga tushib aylanib ketayotganday koʻrinar, koʻngli behuzur boʻlib, osmondan darhol koʻzini olardi.

Kunduz saroyda davlat ishlarini qilgan paytida goh shayxulislomni, goh nufuzli aʻyonlarni uchratur, ular Boburga avvalgidan ham pastroq, egilib taʻzim qilishar, lekin oʻlishi muqarrar boʻlgan bemorga qaraganday musibatli koʻzlar bilan qarashar, muomalalaridagi alohida muloyimlik ham shundan dalolat berar edi. Ularning eʻtiqodiga binoan, Bobur oʻz hayotini oʻgʻliga qurbon qilgan, shuning uchun Humoyun tuzalib ketgan, endi koʻzga koʻrinmas ajal qilichi Boburning boshi ustida osilib turar edi.

Ochiq aytilmaydigan, haddan ortiq mayin gaplar, taʻzimu tavozelar ostiga yashiriladigan bu mashʻum ishonch Boburga juda ogʻir taʻsir qilar, goho atrofida aylanib yurgan oʻlim sharpasini uning oʻzi ham sezganday boʻlardi.

Mezon oʻtib, qavs oyi kirganda Boburning kasalligi battar ogʻirlashdi. Biror joyida yara yoki shish yoʻq, nuqul ichi kuyadi, isitmasi koʻtarilib, uxlay olmaydi, rangi kun sayin soʻlib boradi.

Mavlono Yusufiy mamlakatning eng mashhur tabiblaridan uch-toʻrttasini chaqirtirib maslahatlashdi. Bemorning tomiridan qon olib koʻrishdi. Qonning rangi sogʻlom odamnikidek tiniq emas, allanechuk iriganga oʻxshab qolgan edi.

Tabiblar oʻzaro kengashib, “Malika Bayda bergan zaharning qonda asorati qolgan” degan xulosaga keldilar va qonni tozalaydigan dorilardan, anor suvidan koʻproq berishni buyurdilar.

Lekin bu narsalarning hech biri kor qilmadi. Bobur holsizlanib yotib qolgach, Humoyunga chopar yuborishdi.

Humoyun kelsa, otasi oʻz xobgohida baland oq toʻshakda terga botib yotibdi. Rangi sap-sariq boʻlib ketgan. Boburning bosh tomonida Xonzoda begim pat yelpigʻich bilan uning yuzini yelpiyapti. Oyoq tomonida Mohim begim gʻam-gʻussaga botib, haykalday beharakat oʻltiribdi.

Humoyun tiz choʻkib, otasining toʻshagini quchoqladi. Boburning ozgʻin qoʻlini oʻpib koʻrishdi, soʻrashdi. Soʻng otasining bu ahvoliga oʻzi sababchi boʻlganday yonib gapirdi:

— Nechun bizga bunchalik jon fido qildingiz, hazratim?

Bobur majolsiz tovush bilan:

— Sen buni oʻzingdan koʻrma, — dedi. — Illat qonda emish. Bilmadim… Har qanday olov ham yonib-yonib axiyri bir kun… — Bobur “oʻchadi” demoqchi boʻldi-yu, lekin ayollarni ayadi: — Alangasi pasayadir. Men umr boʻyi ayovsiz yondim.

— Biz uchun ham kuyib-yongansiz! Endi bu qarzlarni uzishga mening butun umrim yetmagay!

— Qarzingni menga uzolmasang… farzandlaringga uzarsen…

Bobur toʻxtab-toʻxtab soʻzlayotgan boʻlsa ham koʻnglidagi gaplarini ravon aytayotgani Humoyunni umidlantirdi. U otasining soʻzini boʻlmay, jim quloq sola boshladi.

— Temuriylarning koʻpchiligi… fidoyilikni unutib… yoʻq boʻlib ketdi. Oʻgʻil otani oʻldirdi. Ogʻa iniga xiyonat qildi… Oqibatda… bari razolatning qurboni boʻldi… Undan koʻra.. yaxshilikning fidosi boʻlgan afzal emasmi?… Mana ammang Xonzoda begim… Samarqandda meni qutqarib oʻzini asoratga soldi. Bu fidoyilik meni hamisha… shunday boʻlishga undab keldi… Sen ham endi inilaringu… avlodlaringni mardlikka… fidoyilikka oʻrgatgin.

Bobur toʻshakning orqa tomonidagi harir oq pardaning ortiga boshini burib qaradi. Parda ortida odam borligini Humoyun endi payqadi.

— Tohirbek, juzdonni keltiring, — dedi Bobur.

Shu vaqtgacha qimir etmay oʻtirgan Tohir endi tez oʻrnidan turdi-yu, tokchadagi katta charm juzdonning ichidagi yangi muqovalangan qoʻlyozmasi bilan ikki qoʻllab koʻtarib keldi.

— Badaxshonda, “Vaqoiʻ”ni soʻragan eding, — dedi Bobur Humoyunga. — Mana, yozib tugatdim. Ol.

Togʻlar orasida Bobur: “Bu kitob bitganda mening umrim ham tugagay!” — degani Humoyunning yodiga tushdi. U juzdon ichidagi kitobni olib peshonasiga surib oʻpar ekan, koʻzidan tirqirab yosh chiqib ketdi. Yirik bir yosh tomchisi zarhal muqova ustiga tomib tushganini Bobur ham koʻrdi.

— Sendan iltimosim, — deb davom etdi Bobur. — Buni avlodlaring ham oʻqisin.. Xatolarimni takror etmanglar. Yaxshi ishlarim… oz boʻlsa, koʻpaytiringlar. Bu kitobdan nusxalar koʻchirtirib, Samarqandga… Toshkentga… Andijonga… munosib odamlarga yuborgin… Men tugʻilgan yurt bilan aloqani uzmanglar. Shoyad men bitgan kitoblar… ikki oradagi aloqaning rishtalari boʻlsa…

Bobur oʻgʻliga vasiyat qilayotganini sezib turgan Xonzoda begim oʻzini ortiq tutib turolmadi.

— Boburjon, men egachingiz!.. Men… men sizdan besh yosh kattamen! Bu dunyodan ketish navbati avval meniki! Siz taslim boʻlmang! Boburjon, inim!

Xonzoda begim uning podsholigini unutib, “Boburjon!” deganda Bobur bolaligini eslab, koʻngli bir orziqdi. U beklardan ham, savdarlardan ham, begonalardan ham, hatto suyukli oʻgʻli va xotinidan ham nuqul “hazratim” degan murojaatni eshitar, koʻp ishlatilaverib siyqa boʻlib ketgan bu soʻz uning meʻdasiga tekkan edi.

Piq-piq yigʻlayotgan Mohim begim oldingi ogʻir suhbatlarni eslab:

— Mening xarxashalarim ham sizni xasta qildi, hazratim! — dedi. — Meni kechiring!

— Mohim, siz meni kechirsangiz boʻldi… Men sizdan rozimen… faqat endi meni hazratim demang…

Mohim Boburni: “Koʻz ochib koʻrgan tanho yorimsiz, jismimdagi jonsiz!” demoqchi boʻlib ogʻiz juftlab koʻrdi-yu, lekin atrofidagilardan uyaldi. Yigʻi aralash:

— Xoʻp, — deya oldi, xolos.

Bobur uning aytilmagan soʻzlarini ovozidan, koʻzlaridan sezdi. Soʻng oʻgʻliga yuzlandi:

— Humoyun, men sendan ham “ota” degan soʻzni hali eshitganim yoʻq.

“Ota” degan joʻngina soʻzga oʻrganmagan Humoyun:

— Padari buzrukvor! — deb koʻrdi. Bundan otasining koʻngli toʻlmaganini sezdi-yu: — Otajon! — dedi. — Siz saltanatni menga bermoqchi boʻlibsiz. Lekin ishoning, men bu toju taxtdan sizning bir nafaslik umringizni afzal koʻrurmen!

— Men sendan rozimen… Endi mendan ham rozi boʻlinglar!

Xonzoda begim rozilik soʻrashga tili bormay oʻrtanib yigʻladi. Uning yigʻisiga Mohim begim qoʻshildi. Bu ogʻir ahvolning ustiga kirib kelgan mavlono Yusufiy Boburning koʻzlari bejo boʻlayotganini, uni qattiq ter bosganini koʻrdi.

— Endi hazratim orom olishlari kerak! — deb qoʻliga oq dokani olib, Boburning yuzidan, boʻyinlaridan terlarini arta boshladi. Qiynalib nafas olayotgan Bobur bosh tomonda turgan Tohirga shivirlab:

— Yelping!.. — dedi.

Yigʻi-sigʻi bilan Boburni qiynab qoʻyganlarini endi sezgan begimlar sekin chiqib ketdilar.

Bobur Humoyunga:

— Endi eshik ogʻa bilan… aʻyonlar kirsin, — dedi.— Koʻzim tirikligida… hokimiyatni senga topshiray.

Tashqarida kutib turgan Muhammad Doʻlday va boshqa nufuzli beklar kirdilar. Bobur ularning oldida podsholik tojini oʻgʻli Humoyunga topshirdi. Rozi-rizolik soʻrash paytida beklardan bir-ikkitasi koʻziga yosh olganday boʻldi. Lekin chiqib ketayotganlarida hammalari endi Humoyunning atrofida parvonaday aylanib, yangi inoyatlar umidida koʻzlari tama bilan yonganini Bobur koʻrib qoldi.

Xonada Tohir bilan ikkovlari qolgandan soʻng:

— Endi… beku sultonlarga mening keragim yoʻq, — dedi. — Tohirbek, kechga… Mavlono Fazliddinni chaqirtiring.

Tohir Boburga tabib Yusufiy buyurib ketgan suyuq doridan ichirtirdi, uning qiyshayibroq qolgan yostigʻini toʻgʻrilab qoʻydi. Soʻng savdarlar xonasiga oʻtib, togʻasiga odam yubordi.

Aytilgan paytga yetib kelgan mavlono Fazliddin Boburning oʻlim toʻshagida yotganini koʻrdi-yu, tugʻyon ichida:

— Hazratim, xudo sizga quvvat bersin! — deb qoʻlidan oʻpdi.

— Men… podshohlikni Humoyunga topshirdim… Minbaʻd hazratim, demang, mavlono. Munosib koʻrsangiz… meni ham mavlono deng.

— Biz Navoiyni ulugʻ ijodlari uchun “hazrat Alisher” der edik. Siz turkiy adabiyotimizning Navoiydan keyingi eng ulkan siymosidirsiz. Shu sababli sizni shoir va adib sifatida “Bobur hazratlari” deyishga haqlimiz».

— Minnatdormen, mavlono… Siz Agrada, Sekrida, Dehalpurda ajib koʻshklar, oromgohlar barpo etdingiz… Xudo umr bersa men… Samarqanddagi Bibixonim madrasasidek ulugʻ bir… madrasaning tarhini sizga… chizdirmoqchi edim… Opa-singillarimizning qadrini boshimizga… koʻtarsak arzigay…

Mavlono Fazliddin Boburning soʻnggi kuchlarini toʻplab, qiynalib soʻzlayotganini sezdi-yu, uning fikrini oʻzi davom ettirdi:

— Dono soʻzlarni aytdingiz, hazratim! Chindan ham xalqimizda bu odat azaldan mavjud… Samarqandda Bibixonim madrasasidan tashqari Turkan ogʻo maqbarasi bor. Hindlarda ham ayol zotiga ehtirom zoʻr ekan, hatto sigʻinadigan xudolari orasida ham ayollar bor… Bizning Hirotu Samarqanddagi eng yaxshi meʻmorchilik anʻanalarimizni Hindistonning eng ezgu ajib anʻanalariga payvand etib, ayol zotini ulugʻlovchi bir madrasa qurish mening ham eng ezgu orzularimdandir!

Bobur mavlono Fazliddinning Xonzoda begimga boʻlgan yoshlik mehri zamona zayli bilan qanday qurbon boʻlganini esladi-yu:

— Mavlono, — dedi, — mening egachim Xonzoda begim… insoniylikda tengsizlar!.. Agar siz orzu qilgan… madrasani qurish bizga nasib boʻlsa… uni “Xonzoda begim madrasasi…” deb atasak arzir edi…

Mavlono Fazliddinning koʻzlarida yashin kabi bir olov chaqnadi:

— Hazratim, siz hozir mening koʻzimga muqaddas bir maqsadni koʻrsatdingiz! Agar bu maqsadni roʻyobga chiqarishga mening umrim yetmasa, uni farzandlarimizning diliga jo etib ketgaymen. Toki ular hind meʻmorlari bilan hamkorlikda xalqlarimizning ayol zotiga boʻlgan ehtiromini ulugʻ bir meʻmorchilik obidasida ifoda etsinlar!

Boburni ter bosdi. Uning harir oq koʻylagi qorayib tanasiga yopishib qolganini koʻrgan Tohir bezovtalanib oʻrnidan turdi:

— Mulla togʻa, hazratimni charchatib qoʻymaylik!.. Tabib “koʻp hayajonlanmasinlar!” deb tayinlagan edi…

Suhbatning tafti chindan ham baland boʻlayotganini endi sezgan mavlono Fazliddin oʻrnidan koʻtarildi:

— Hazratim, endi orom oling! Men keyin yana kelurmen!..

Bobur Mavlono Fazliddinga qarab:

— Yana bir oʻtinchim bor,— dedi.— Olamdan koʻz yumsam… Kobulda oʻzingiz tarhini chizgan bogʻ bor… Togʻ tepasida… Abadiy oromgohim… oʻsha Guzargohda boʻlsin… Ortiqcha dab-dabasiz… shoirona bir tarh chizing…

Mavlono Fazliddin oʻpkasi toʻlib gapirolmadi. Tasdiq maʻnosida bosh irgʻadi-yu, koʻzidan oppoq soqoliga oqib tushgan yoshni artib eshikdan chiqdi.

Tohir Boburning terdan hoʻl boʻlgan ichki kiyimlarini almashtirdi. U oʻzini odatdagiday osuda tutib, kundalik xizmatlarini qunt bilan ado etar edi. Bobur chanqasa suv beradigan ham, nafasi qayta boshlasa yelpiydigan ham Tohir edi. U shu yerda boʻlsa, Bobur sokinroq yotishini mavlono Yusufiy ham bilar, shuning uchun Tohirni tunu kun bemorning oldidan ketkizmas edi.

Bugun kechasi Bobur ichkarida hadeb behalovat boʻlavergandan keyin Tohir savdarlarni chaqirib, uni toʻshagi bilan hovlidagi usti ochiq marmar supaga chiqartirdi.

Agraning kech kuzi xuddi Andijonning bahor payt-laridek salqin va mayin tuyular edi. Qop-qora osmonda yulduzlar charaqlab turibdi. Isitmasi baland Boburga yulduzlar yana girdobga tushib aylanayotganday va bir-birlariga urilib ketayotganday koʻrindi. Bobur koʻzini yumdi:

— Badanimda… qon uyushib qolayotganday… — dedi Tohirga.

Tohir uning yelkalarini, qoʻllarini, keyin oyoqlarini sekin-sekin uqalay boshladi. Bobur bundan sal yengil tortganday boʻldi-yu, koʻzini ochib yana osmonga qaradi.

Yulduzlar endi joy-joyida toʻxtab, sokin nur socha boshladi. Ana Oltin Qoziq. Uning gʻarb tomonidagi Yetti Ogʻayni yulduzlari ufqqa ogʻib tushib ketyapti. Sharqdan esa bir toʻp boʻlib Hulkar yulduzlar koʻtarilib kelyapti.

— Bizning Quvada ham Hulkar xuddi mana shunaqa boʻlib chiqar edi, — dedi Tohir.

Bobur ham bolaligi oʻtgan Andijon osmonini esladi. Mana shu Yetti Ogʻayni yulduzlari oʻsha yerda ham Oltin Qoziqni aylanib oʻtib, gʻarbga botib ketardi. Oʻsha yerda ham Yetti Ogʻayni ufqqa bosh qoʻygan sari Hulkar yulduzlari osmonning baland joylariga chiqib borardi. Bobur oʻsmirligida Hulkar yulduzlarini olmosdan yasalgan varrakka oʻxshatar edi. Dumini quvnoq silkitib uchadigan olmos varrak uning xayolini yana musaffo bolalik yillariga olib ketdi. Osmon dunyoning hamma joyida bir ekani, umrining boshlanishida Andijonda koʻrgan yulduzlari umrining oxirida Agrada ham chaqnab turgani unga soʻnggi bir tasallidek tuyuldi. Bobur osmonga qarab yotganda yana yosh, sogʻlom yigitga aylanib, Andijon chorbogʻining supasida yotganday boʻldi.

Bir lahzalik bu shirin his ketidan yana shafqatsiz bir qaltiroq bosib keldi-yu, yulduzli osmonni girdobiga olib, gir-gir aylantira boshladi…

Tun yarmidan oshganda Tohirning oʻkirib yigʻlagani qorongʻi bogʻni zir titratdi…

* * *

Mavlono Fazliddin Kobulda Boburga anvoyi rangli marmarlar bilan ziynatlangan serfayz bir maqbara qurishga ulgurdi, lekin Xonzoda begim nomiga madrasa qurish unga nasib boʻlmadi, uning bu orzusini oradan yuz yillar oʻtgandan soʻng Boburning chevarasi Shoh Jahon qurdirgan mashhur Toj Mahalda ulugʻ hind meʻmorlari roʻyobga chiqargan boʻlsalar ehtimol.

Tohir “Boburnoma”dan koʻchirilgan nusxalarni adibning Andijondagi, Toshkent va Samarqanddagi muxlislariga eltib topshirgach, oʻzi Robiya bilan birga Quvaga qaytdi. Ular umrlarining qolgan qismini tugʻilgan yurtlarida oʻtkazdilar. Biroq oʻgʻillari Safarbek mavlono Fazliddinning farzandlari bilan birga Agrada umrbod qoldilar va oʻsha yerda oila qurib, hind xalqiga qoʻshilib ketdilar.

Bobur tuzgan ulkan davlat oʻz qudrati va madaniy yodgorliklari bilan jahonga tanilib, uch asr umr koʻrdi-yu, tarixda qoldi. Uning oʻgʻil avlodlari bugungi kunga yetib kelolmadilar — eng oxirgi boburiylar oʻtgan asrlarda ingliz mustamlakachilari davrida mahv etildi.

Faqat Bobur oʻz qoʻli bilan yozgan asarlar haligacha tirik bir qalbning haroratiga toʻlib, odamlarga hamon maʻnaviy oziq va zavq beryapti. Toʻgʻri, uning bir umri qorongʻi osmonda olovli iz qoldirib uchgan yulduzdek tez soʻndi. Lekin oʻlmas asarlari sahifasida salkam besh asrdan beri davom etib kelayotgan ikkinchi umri— bu yulduzning tundan tongga qarab uchganini va oʻz nurini kelajakka yoʻnaltirganini aytib turibdi. Bobur qalb oʻtiga yoʻgʻirib yaratgan madaniy meros bugungi sernur avlodlarni bahramand qilgani sari uning ana shu ikkinchi umri ham qorongʻi tunlardan keyingi yorugʻ kunlarda astoydil obod boʻlyapti.