Rabindranat Tagor. Nur va soyalar
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
1
Kecha kunboʻyi yomgʻir yogʻib, bu kun tindi, quyosh va toʻzigan bulutlar yetilayotgan ertagi sholipoyalarga qarab birin-ketin panjalarini choʻzmoqdalar. Keng va koʻm-koʻk dalalar quyosh nuri tushishi bilan birdan yalt etib porlaydi-yu, yana bir lahzada quymoq koʻlanka ostida qolib ketadi.
Osmon sahnasida faqat ikki aktyor oʻynamoqda — bulut va quyosh, ularning har biri oʻz rolini bajaradi, ammo yer sahnasida, ayni bir vaqtda necha joyda, qancha pesalar oʻynalayotganini hisoblash mumkin emas.
Biz qishloq yoʻli ustidagi bir uyda oʻynalayotgan kichik bir hayot pesasini koʻrsatish uchun pardani koʻtardik. Bu uyning faqat koʻchaga qaragan bir xonasi gʻishtdan qurilgan, uning ikki tomonidan boshlanib ketgan eski gʻisht devor hovlini tamom ihota qilib, hovlidagi boshqa loyshuvoq hujralarni ham oʻz ichiga oladi. Yarim yalangʻoch bir yigitchaning divanda oʻtirgani derazadan koʻrinib turadi, u, qoʻlidagi kitobni oʻqishga berilib, chap qoiidagi xurmo yaprogʻi bilan baʻzi-baʻzida oʻzini yelpib, chivinlarni haydaydi.
Yoʻl-yoʻl soriyga oʻralgan bir qizcha koʻchada — deraza qarshisida uyoqdan-buyoqqa oʻtar va soriysining etagiga solib olgan olxoʻridan bitta-bitta olib yer edi. Qizchaning yuz ifodasidan uning divanda oʻtirib kitob oʻqiyotgan yigitcha bilan oshnaligi koʻrinib turibdi. U bir amallab yigitning diqqatini jalb qilish niyatida, ammo oʻzining sokin beparvoligi bilan, goʻyo faqat olxoʻri yeyish bilan bandu yigitchani payqamaganday koʻrinishga tirishadi.
Baxtga qarshi, qunt bilan oʻqiyotgan yigitchaning koʻzlari ancha zaif boʻlib, uzoqni yaxshi koʻrolmaganidan, qizchaning sokin beparvoligi unga hech taʻsir qilmadi. Aftidan, qizcha buni bilardi, shuning uchun birpasdan keyin, uyoqdan-buyoqqa behuda yurish va sokin beparvolik oʻrniga, olxoʻri danaklarini ishga sola boshladi. Koʻrga ishing tushsa, oʻz qadru gʻururingni saqlab qolishing qiyin!
Bir necha danak, goʻyo tasodifan boribyogʻoch eshikka tiqillab tekkanda, yigitcha boshini koʻtardi. Mugʻambir qizcha buni payqab, etagidagi olxoʻrilardan pishkanroqlarini ajrata boshladi. Yigitcha koʻzlarini qisib qaragach, qizni tanidi: keyin kitobni qoʻydi-da, deraza oldiga kelib, tabassum bilan qizni chaqirdi.
— Giribala!
Giribala zoʻr berib olxoʻri saralardi. Bu mashgʻulotga qattiq berilganday boʻlib, uydan ohista uzoqlasha boshladi.
Koʻzlari zaif yigitcha qizning bu qiligʻi oʻzining beixtiyor bir jinoyati uchun berilgan jazo ekanini darrov angladi-da, yugurib koʻchaga chiqdi.
— Hoy, Giribala, oʻzi nima gap, bugun menga olxoʻri bermaysanmi?
Giribala unga eʻtibor etmay, bir olxoʻrini olib diqqat bilan koʻzdan kechirdi-yu, sovuqqonlik bilan yemoqqa kirishdi.
Bu olxoʻrilar Giribalalarning bogʻidan boʻlib, yigitchaning har kuni oladigan sovgʻasi edi. Kim biladi, balki bugun Giribala bu odatini unutgandir, har nuchuk, uning harakatlari olxoʻrini faqat oʻzi uchungina keltirganini ochiq koʻrsatib turardi. Unday desak, nega u olxoʻrini birovning eshigi oldiga kelib yeydi, masalaning bu tomoni ravshan emasdi. Yigitcha qizning oldiga kelib, qoʻlidan ushladi. Dastlab, Giribala egilib, qoʻlini boʻshatishga urinib koʻrdi, ammo birdan koʻzlari jiqqa yoshga toʻlib, olxoʻrilami yerga tashladi-da, yigitning qoʻlidan chiqib qochib ketdi.
Kechka tomon quyosh bilan bulutlar oʻyini toʻxtadi, oq momiqday bulutlar osmon ufqiga toʻplanib qoldi, daraxt yaproqlarida, hovuzlarda, yomgʻirda yuvilgan tabiatning har bir zarrasida botayotgan quyoshning nurlari chaqnab turardi. Panjarali deraza oldida yana oʻsha qizcha yuribdi, xonada esa, yana oʻsha yigitcha oʻtiribdi. Ammo endi qizchaning etagida olxoʻri, yigitchaning qoʻlida kitob yoʻq. Darvoqe, bu orada boshqa baʻzi muhim oʻzgarishlar ham roʻy bergan edi.
Bu gal ham qizchaning nima maqsad bilan bu yerda aylanib yurganini aytish qiyin. Har holda, uning harakatlaridan, xonada oʻtirgan yigit bilan gaplashish niyatida ekani koʻrinmas edi. Qizcha erta bilan tashlab ketgan olxoʻrilarim oʻsib chiqmadimikan deb koʻrgani kelgan boʻlsa kerak, uning yurish-turishlariga qarab faqat shunday taxmin qilish mumkin.
Olxoʻrilarning oʻsib chiqmaganiga bosh sabab shuki, ular hozir yerda emas, divanda — yigitchaning oldida edi, qizcha bir nimalarni qidirganday boʻlib, ahyon-ahyonda yerga egilganida, yigitcha oʻzicha kulib, jiddiy qiyofada, mevalarni ishtaha bilan birin-ketin yeb bitirmoqda edi. Mana bir necha danaklar goʻyo tasodifiy ravishda borib qizchaning yoniga tushdi, hatto oyogʻiga ham tegdi, Giribala oʻzining parvosizligi uchun yigitcha oʻch olayotganini angladi. Axir shu yaxshi ishmi». Shoʻrlik qizcha jajji yuragining gʻururini bosib, yarashish uchun bahona qidirib yurganda, uning ogʻir yoʻliga yana gʻov solish noinsoflik emasmi» U bu gal yigitni xafa qilmay deb kelgan edi! Uyatdan qizchaning yuzlari qip-qizarib ketdi, qochish uchun bahona qidira boshladi, xuddi shu paytda yigitcha chiqib kelib qoʻlidan ushladi. Qizcha qoʻlini ajratib olishga urinsa ham, bu safar yigʻlamadi. Aksincha, qizarib, boshini oʻsha berahm yigitchaning orqasiga yashirib, qahqaha urib kulib yubordi; soʻngra, goʻyo zoʻrlikka boʻysunib, panjarali zindonga kirayotgan asiradek uyga kirib ketdi.
Osmonda quyosh bilan bulutlarning oʻyini tabiiy bir hol boʻlgandek, bu ikki mavjudotning yerdagi oʻyini ham tabiiy bir narsadir. Shuning bilan birga, quyosh va bulutlar oʻyini tabiiy hol emas, umuman olganda, buni oʻyin deb ham boʻlmaydi, u faqat oʻyinni eslatadi, shuningdek, kishilik jamiyatida, koʻrkam kuz kunida roʻy berib turgan yuzlab voqealar orasida bu ikki nomaʻlum kishining qisqagina tarixi, ahamiyatsizdek koʻrinsa-da, aslida unday emas. Beparvolik bilan abadiylikni abadiylikka ulashtiradigan qadimiy, ulugʻ va koʻzga koʻnnmas tangri oʻsha kungi tong va oqshomning kulgisi-yu koʻz yoshlariga bir umrning baxt va musibatlar urugʻini sochib yuborgan edi. Shunday boʻlishiga qaramay, qizchaning sababsiz gerdayishi, yolgʻiz tomoshabinlargagina emas, hatto pesaning bosh qahramoni boyagi yigitchaga ham tamomila anglashilmas edi. Nega bu qiz baʻzan jahli chiqadi, baʻzan esa cheksiz mehribonlik koʻrsatadi, goho koʻplab sovgʻalar olib keladi-yu, goho iltifotni butunlay unutadi, — bularning sababini anglash osonmas. Bukun u, butun aqlu fikrini, zakovatini ishga solib, yigitni quvontirmoq istasa, ertaga bor kuchini, qaysarligini ishga solib, uning jigʻiga tegadi. Agar yigitni biror yoʻl bilan xafa qilolmasa, qaysarligi ikki dafʻa ortadi, mabodo uni xafa qilguday boʻlsa, qatʻiyati pushaymonlik bilan chil-chil boʻlib har bir boʻlagi koʻzyoshida erib ketar, bepoyon marhamat va mehribonlik oqimiga aylanardi.
Quyosh va bulutlar orasidagi bu ahamiyatsiz oʻyinning dastlabki ahamiyatsiz tarixi bundan keyingi bobda qisqacha bay on etiladi.
2
Butun qishloq aholisi bir-biriga dushman guruhlarga boiingan, bir-birlariga qarshi igʻvo tarqatadilar va shakarqamish ekadilar, chaqimchilik qiladilar va jut ekadilar.
Faqat Shoshibushon bilan Giribalagina falsafa va adabiyot oʻrganish bilan mashgʻul.
Bu doʻstlik hech kimni taajjublantirmas va qiziqtirmas edi, chunki Giribala oʻn yoshli qizcha boʻlib, Shoshibushon yaqindagina sanʻat magistri va huquq bakalavri unvonini olgan. Ular qoʻshni edilar.
Giribalaning otasi Xorkumar bir vaqtlar oʻz qishlogʻida ijaraga yer olib dehqonchilik qilardi, ammo keyin qoii tang kelib, bisotida bor narsani sotdi-da, oʻz xoʻjayiniga noib boʻlib ishga kirdi; xoʻjayini sira qishloqda yashamas edi. Xorkumarning qishlogʻi oʻzi yer ijarasi yigʻib yuradigan viloyatda, shu sababli u oʻz uyidan uzoqqa borolmasdi.
Sanʻat magistri unvonini olganda Shoshibushon huquq fanidan ham yaxshi imtihon berdi, lekin hech qanday ish bilan mashgʻul boʻlmadi. Hech kim bilan ortiqcha inoq ham boʻlmadi; majlislarga qatnashsa ham, biror marta ikki ogʻiz soʻzlagan emas. Koʻzi zaifroq boʻlganidan, baʻzan oshnalarini tanimay qolardi, — u koʻzlarini qisib qarar, odamlar esa, buni nopisandlik nishonasi deb hisoblar edilar.
Olam dengiziga oʻxshagan Kalkuttaday katta shaharda kishi oʻz fikrlariga berilib, tanho yashasa, bu hol unga alohida ulugʻvorlik bagʻishlaydi, ammo qishloqda bu xil yurish-turishni tamom boshqacha baholaydilar.
Shoshibushonni ishlashga majbur etish uchun qilingan haraktlari hech qanday natija bermagach, otasi uni qishloqqa keltirib, xoʻjalikka qarashib turishni topshirdi. Shoshibushon qishloq aholisidan koʻpgina mazammat va taʻnalar eshitdi. Buning oʻziga xos sabablari bor edi: Shoshibushon osoyishtalik, tinchlikni yaxshi koʻrardi, shuning uchun uylanishni ham xohlamasdi. Qizlari balogʻatga yetib, oʻzlari yuk boʻlib qolgan ota-onalar esa, uning uylanishga mayli yoʻqligini manmanlik deb, shoʻrlikning bu “aybini” sira kechirmasdilar.
Shoshibushonni qancha bezor qilsalar, u shuncha uydan chiqmas boʻlardi. Yigit odatda burchakdagi bir xonada divanda oʻtirar, atrofida inglizcha kitoblar sochilib yotardi, u kitoblarni tanlab oʻtirmas, qoʻlga tushganini oʻqiyverardi. Uning ishi shundan iborat edi. Xoʻjalik ishlari uni qiziqtirmasdi.
Biz yuqorida aytib oʻtgandek, qishloqda u bilan muomala qiladigan birdan-bir odam Giribala edi.
Giribalaning akalari maktabda oʻqirdilar; maktabdan qaytgach, esi past singillariga yerning shakli qanday, yer kattami, quyosh kattami deganday soʻroqlar berar edilar. Qizcha bularga notoʻgʻri javob berganda, dargʻazab boiib uning xatosini tuzatardilar. Koʻzga tashlanib turgan narsalar quyoshning yerdan kattaligi haqidagi fikrga zid kelardi, ammo Giribala jasorat etib baʻzan bu haqda oʻz tushunchalarini bay on etganda, akalari yanada kekkayib:
— Sen nima deyapsan! — derdilar. — Bizning kitobda shunday deb yozilgan axir, sen boʻlsang…
Bosma kitoblarda shunday yozilganini eshitgach, shoʻrlik Giribala qattiq zarba yeganday jim qolar, uning uchun boshqa dalillar kerak boʻlmasdi.
Qizcha akalari singari oʻqishni oʻrgangisi kelardi. Baʻzan u oʻz xonasida oʻtirib, kitobni ochar, allanimalar deb gapirar, oʻzini oʻqiyotganday koʻrsatib, tez-tez kitob varaqlar edi.
Kichik-kichik, tushunib boʻlmaydigan qora harflar,, yelkalarida “i”, “o” va “r” harflarining belgilarini koʻtarib, goʻyo sirli bir olamning darvozasi oldidagi qorovullarday yonma-yon turardilar-u, Giribalaning biror savoliga javob qaytarmas edilar. “Qotxamala” havasmandlik bilan zoriqib turgan qizchaga oʻzining yoʻlbars, shakal, boʻri, eshak va otlar haqidagi afsonalarni soʻzlamasdi, “Akenomonchjori” boʻlsa, indamaslikka ahd qilgandek, oʻz tarixini soʻzlamay, jim turardi.
Giribala akalaridan, oʻqishni oʻrgatinglar, deb lltimos qildi, ammo akalari buni eshitishni ham xohlamadilar. Unga faqat Shoshibushon yordam qildi.
Birinchi davrda Shoshibushon ham qizchaga “Kotxamala”, “Akenomonchjori”dek sirli va tushunib boʻlmaydiganday tuyuldi.
Temirpanjarali derazalari koʻchaga qaragan kichik xonada yosh bir yigit divanda oʻtirar, uning atroflarida kitoblar qalashib yotardi. Giribala tashqaridan deraza panjarasiga osilib, oʻqishga ortiq berilgan bu gʻalati odamga taajjub bilan boqar, kitoblarning koʻpligini koʻrib, bu odam mening akalarimdan ham bilimdonroq boʻlsa kerak, degan xulosaga kelardi. Uning uchun bundan koʻra taajjubroq ish yoʻq. Qizcha, bu yigitning “Kotxamala”ni va dunyodagi boshqa eng muhim kitoblarni oʻqigan boʻlishiga shubhalanmasdi. Shoshibushon kitob varaqlar, qizcha boʻlsa, jim turib, uning bilimi chegaralarini aniqlash uchun behuda urinardi.
Bora-bora Shoshibushon bu qizchaga eʻtibor qila boshladi. Bir kun u yorqin muqovali bir kitobni ochib, qizchaga qaradi:
— Giri, beri kel, senga suratlar koʻrsataman!
Giri darhol qochib ketdi.
Ammo ertasiga yoʻl-yoʻl soriy kiyib yana deraza oldiga keldi-da, oʻqiyotgan yigitga jimgina tikilib tura berdi. Shoshibushon uni yana chaqirdi, qizcha sochlarini silkitib yana qochib ketdi.
Ularning oshnaligi shu tariqa boshlangan edi, ammo bu oshnalikning keyin qaysi yoʻl bilan doʻstlikka aylanganini, qachondan beri qizchaning Shoshibushon divanidagi kitoblar orasidan oʻziga muqim joy olganini hikoya qilish uchun maxsus tarixiy tekshirish oʻtkazishga toʻgʻri keladi.
Giribala Shoshibushondan oʻqishnigina emas, yozishni ham oʻrgana boshladi. Bu oʻqituvchi oʻzining kichkina shogirdiga oʻqish, yozish va grammatikani oʻrgatish bilan qanoatlanmay, unga ulugʻ yozuvchilarning asarlarini tarjima qilib berib, bular haqida qizchaning fikrini soʻrar edi desak, hammaning kulishi aniq. Bulardan qizgina biror narsa anglarmidi, yoʻqmi — buni xudo biladi, ammo oʻqituvchining bu qadar jonbozligi qizchaga juda yoqib tushgani shak-shubhasiz. Anglashilgan va anglashilmagan narsalar uning bolalik tasavvurida bir-biriga qoʻshilib, goʻzal lavhalarni bunyodga keltirardi. U jim turib, koʻzlarini katta ochib, diqqat bilan tinglar, ahyon-ahyonda oʻrinsiz savollar berar yoki birdan mavzudan chetga chiqib, gapga tushib ketardi. Shoshibushon bunday hollarda qizchaning gapini boʻlmas, ulugʻ asarlar haqida kichik tanqidchining fikrlarini eshitib, benihoyat mamnun boʻlardi. Butun qishloqda uning dilidagini anglaydigan birdan bir odam shu qizcha edi.
Giribala Shoshibushon bilan tanishganda 8 yashar edi, hozir 10 ga kirdi. Bu ikki yil mobaynida u ingliz va bengal alifbosini oʻrganib, bir qancha boshlangʻich kitoblarni oʻqib chiqdi. Shoshibushon boʻlsa, oʻzining qishloqda oʻtkazgan ikki yillik umrini yolgʻizlikda oʻtdi deb shikoyat qilolmas edi.
3
Giribalaning otasi Xorkumar bilan Shoshibushonning munosabati yaxshi emas edi. Xorkumar bu magistr va bakalavraing oldiga dastlab har xil daʻvolar va sud protsesslari munosabati bilan maslahatga kelib yurdi, ammo bakalavr bu xil ishlarga qiziqmay, noibga oʻzining huquq bobida hech narsa bilmasligiga ochiqdan-ochiq iqror boʻldi. Xorkumar buni faqat bahona deb oʻyladi. Shunday qilib ikki yilcha vaqt oʻtdi.
Bir kun oʻjar bir ijarachining adabini berib qoʻyish zarurati tugʻilib qoldi. Noib u ijarachini nojoʻya harakatlari uchun sudga bermoqchi boʻlib, shu haqdagi ariza qanday boʻlishi lozim degan mazmundagi savollar bilan Shoshibushonga yopishib oldi. Shoshibushonning noibga maslahat bermagani-ku mayli-ya, ammo u qandaydir osoyishtalik va qatʻiyat bilan Xorkumarga shunday soʻzlar aytdiki, bu soʻzlarni unga yoqib tushadi deb oʻylash aslo mumkin emas!
Xorkumarning ijarachilarga qarshi boshlagan hamma daʻvolari oʻzining zarariga hal boʻldi. Jigʻibiyroni chiqqan noib, raqiblarimga Shoshibushon yordam qilgan deb, nima boʻlsa ham, yigitchani qishloqdan chiqarib yuborish payiga tushdi.
Shoshibushonning ekin maydonlarida sigirlar yura boshladi, kimdir loviyalariga oʻt qoʻydi, yerlarining uvoti haqida nizolar paydo boʻldi, Shoshibushonning ijarachilari ijara haqi toʻlashdan bosh tortdilar va hatto, ustidan yolgʻon maxfiy xabarlar yozmoqchi boʻldilar; oxiri ish shu darajaga borib yetdiki, agar kechroq koʻchaga chiqquday boʻlsa, oʻzini kaltaklab, uyiga oʻt qoʻymoqchilar, degan ovozalar ham tarqaldi.
Osoyishtalikni yaxshi koʻradigan yuvosh Shoshibushon oxiri Kalkuttaga ketishga qaror qildi. U joʻnay deb turganda, qishloqqa okrug sudyasi kelib qoldi. Uning yugurdaklari, xizmatchilari, politsiyachilari, itlari, otlari va otboqari butun qishloqni larzaga keltirdi.
Bolalar, yoʻlbars orqasidan kuzatib borgan chiyaboʻri galasidek, qiziqish va qoʻrquv bilan sudya tushgan hovli atrofida toʻdalashib yurardilar.
Noib janoblari mehmonnavozlikka ketgan xarajatlarini ortigi bilan qaytishini eslab, sud raisini tovuq, tuxum, yogʻ va sut bilan taʻminlab turdi. Noib janoblari favqulodda tirishqoqlik bilan, sud raisiga oziq-ovqatni keragidan ortiq yetkazib berdi, ammo bir kuni erta bilan sudning farroshi kelib, sohibning itlariga toʻrt sher yogʻ talab qilganda, Xorkumarning toqati toq boʻldi. Agar sohibning itlari mahalliy itlardan koʻra koʻproq yogʻni uyalmay hazm etsalar ham, har holda bu qadar yogʻ ularning salomatliklariga ziyon qiladi deb, farroshni quruq qaytardi.
Farrosh borib oʻz xoʻjasiga: men noibning oldiga borib itlar uchun qayerdan goʻsht sotib olish mumkin deb soʻrasam, u koʻpchilik oldida past toifaga mansubligimni pesh qilib haydadi, nopisandlik qilib hatto sizga ham til tegizdi, dedi.
Sohiblar uchun braxmanlarning toifaviy gʻururi toqat qilib boʻlmaydigan hol edi, buning ustiga noib uning farroshini haqorat qilgan, bunga sud raisi chiday olmadi, darhol “noib chaqirilsin” deb buyruq berdi.
Noib titrab-qaqshab, kalima oʻgirib sohibning eshigiga keldi. Oyoq tovushlari eshitilganda sud raisi tashqariga chiqdi.
— Nega sen mening farroshimni haydab yubording? — deb qichqirib soʻradi u ajnabiy talaffuz bilan.
Xorkumar taʻzim qilib, shoshilgan holda, oʻzining hech vaqt bu xil bezbetlikka yoʻl qoʻymasligini aytdi; toʻgʻri, dastlab 4 sher yogʻ berishga koʻnmagan boʻlsa ham, keyin toʻrt oyoqlilarga ezgulik qilish niyatida mazkur narsani topish uchun kishilar yuborgan.
Sohib kimni, qayerga yubording deb soʻradi.
Xorkumar ogʻziga kelgan birinchi ismni aytdi. Sohib inobatli kishilarga bu masalani aniqlashni topshirib, noibni oʻz uyida olib qoldi, yuborilgan odamlar kechqurun kelib, hech kimni hech yoqqa yuborgan emas ekan, deb xabar qildilar. Endi sud raisida noibning soʻzlari yolgʻon, farroshning gaplari toʻgʻri ekaniga shak-shubha qolmagan edi.
Sud raisi gʻazab bilan qichqirib, farroshga buyurdi:
— Qani, qulogʻidan choʻzib, uydan chiqarib yubor!
Farrosh fursatni boy bermay, atrofga toʻplangan xalqning koʻz oldida sohibning buyrugʻini bajardi.
Bu haqdagi xabar darhol qishloqqa tarqalib ketdi. Haqoratlangan Xorkumar uyiga kelganda tomogʻidan ovqat ham oʻtmay, oʻlikday choʻzilib yotdi.
Xorkumarning lavozimi unga koʻpgina dushmanlar orttirgan edi, bu xabar ularni juda mamnun etdi. Ammo Kalkuttaga joʻnashga hozirlangan Shoshibushon bu
xabarni eshitganda gʻoyat dargʻazab boʻlib, tuni bilan uxlay olmadi.
Erta bilan u Xorkumarning uyiga keldi. Xorkumar Shoshibushonning qoʻlidan ushlab oʻpkasi toʻlib yigʻladi.
— Haqorat daʻvosi bilan sud raisini javobgarlikka tortish kerak. Men sening himoyaching boʻlaman.
Sohibni sudga berish haqidagi fikrni eshitib, noib qoʻrqib ketdi. Lekin Shoshibushon oʻz fikrida turib oldi.
Xorkumar oʻylab koʻrish uchun fursat soʻradi. Biroq oʻzining xoʻrlangani haqidagi ovoza hamma yerga tarqalib, dushmanlari oʻz quvonchlarini yashirmay yurganini bilgach, u ortiq chidab tura olmay, Shoshibushondan yordam soʻrab keldi.
— Babu, mening eshitishimcha, nima uchundir sen Kalkuttaga ketishga qaror qilibsan. Bu fikringdan qayt. Qishloqda senday bir odamning boʻlishi bizlarni ruhlantiradi.
4
Hamisha odamlardan yashirinb yurgan Shoshibushon bugun sudga keldi. Shoshibushonning gaplarini eshitib boigach, sud raisi uni oʻz kabinetiga chaqirib, shunday dedi:
— Shoshu babu, shu ishni ovoza qilmay, oʻzaro hal qila qolsak yaxshi boʻlmasmikin?
Shoshibushon zaif koʻzlarini qisgan holda stolda yotgan qonunlar toʻplamining muqovasiga diqqat bilan nazar tashladi.
— Men oʻz himoyam ostidagi odamga bunday maslahat bera olmayman. U xalq orasida haqoratlangʻan. Shunday boʻlgach, qanday qilib bu ishni “ovoza qilmay hal etib” boʻladi?
Qisqagina suhbatdan sohib shuni bildiki, bu kamgap, koʻzlari zaif odamni oʻz yoʻliga kiritishi oson emas ekan.
— Ol rayt , babu, koʻramiz, qani bundan nima chiqar ekan.
Sud boiadigan kunni belgilab, rais chiqib ketdi.
Bu orada okrug sudining raisi zamindorgʻa shunday deb yozdi:
“Sening noibing mening xizmatkorlarimni haqorat qildi. Bu bilan u menga hurmatsizlik koʻrsatdi. Unga munosib choralar koʻrishingga ishonaman”.
Zamindor Xorkumarni chaqirib keltirdi. Xorkumar ham zamindorga boʻlib oʻtgan voqeani batafsil soʻzlab berdi. Buni eshitib zamindor juda gʻazablanib ketdi.
— Axir, gapni choʻzib oʻtirmasdan farroshga 4 sher yogʻni berib yuborsang boʻlmasmidi? Nima, bu bilan qashshoq boʻlib qolarmiding?
Xorkumar oʻzining yanglishganini sezdi, darhaqiqat, bundan u hech ziyon qilmas edi. Oʻz aybiga iqror boʻlib, dedi:
— Koʻrinib turibdiki, men shu kun chap yonimdan turgan ekanman. Shuning uchun shunday ahmoqlik qilibman.
— Senga sohib ustidan shikoyat qilishga kim maslahat berdi?
— Marhamatlim, men shikoyat qilmoqchi emas edim. Bu mening hamqishlogʻim Shoshining ishi. Uning sud ishlarida hech qanday tajribasi yoʻq, bu gʻovgʻani mening roziligimsiz shu bola qoʻzgʻadi.
Zamindor Shoshibushondan qattiq xafa boʻldi: bu yangi chiqqan ishsiz advokat nom chiqarish uchun har qanday oldi-qochdiga tayyor! U, ish darhol toʻxtatilsin, deb noibga buyruq berdi.
Xorkumar sovgʻaga bir qancha meva-cheva olib, okrug sudining raisi huzuriga keldi. Sohib ustidan shikoyat qilish mening taʻbimdagi ish emas, bu haligi ona suti ogʻzidan ketmagan hamqishlogʻim advokat Shoshibushonning ishi, u menga hech narsa demasdan, oʻzicha shunday behuda ishni boshlagan, dedi. Sohib buni eshitib, Shoshibushonning xatti-harakatidan benihoyat dargʻazab boʻlib, noibning uzurlaridan toʻla qanoat hosil etdi. U, garchi gʻazab ustida noibga jazo berishga buyurgan boʻlsam-da, hozir oʻz qilmishimga afsuslanyapman, dedi.
Sohib yaqinda bengal tilidan yaxshi imtihon bergani uchun hozir oddiy odamlar bilan oliy uslubda gaplashar edi.
— Men xafa boʻlganim yoʻq, — dedi noib, — maʻlumki ota-onalar ham jahllari chiqqanda bolalariga jazo beradilar, ammo keyincha ularni tizzalariga oʻtqizib erkalatadilar.
Okrug sudining raisiga va xizmatkorlariga keltirgan sovgʻasini boʻlib bergach, Xorkumar mahalliy sud raisini koʻrish uchun uning oldiga bordi. Shoshibushonning yuzsizlarcha harakatini eshitgan sud raisi bunday dedi:
— Men ham taajjubda qoldim. Men hamisha noib babu aqlli odam degan fikrda edim, toʻsatdan menga: u kishi bu ishni bosti-bosti qilishga rozi emas, ishni sudga berish niyatida, dedilar. Men oʻz quloqlarimga ishonmadim. Endi menga hamma narsa tushunarli…
Oxiri u noibdan, Shoshi Kongress aʻzosi emasmi, deb soʻradi. Xorkumar, kiprik qoqmay “ha”, deb javob berdi.
Sohibning oʻziga xos tushunchasida bu ishlarning mohiyati ravshan edi: bular bari Kongressning qoʻH bilan qilingan! Kongress agentlari yashirincha, har yerda igʻvo qilib, janjal chiqarishga imkoniyat qidirib yuradilar, soʻng buni “Amrita bazar” gazetasida bosib, hukumat bilan janjallashadilar. U oʻziga bir zarb bilan bu fitnachilarning hammasini bir yoqli qilishga yetarli huquq bermagani uchun hind hukumatini juda zaif hisoblar edi. Ammo Kongresschi Shoshibushonning nomini diliga tugib qoʻydi.
5
Olamda katta voqealar roʻy berganda, kichik voqealar ham och tomirlarini choʻzib, fursatni qoʻldan bermay, oʻz huquqlarini talab etadilar.
Shoshibushon Xorkumar ishi yuzasidan harakat boshlab, katta kitoblardan shu ishga doir yoʻl-yoʻriq izlaganda, fikran oʻz nutqini mashq qilar, guvohlarni takror soʻroqqa chaqirar, hayajon bilan titrab, terga pishgan holda, oʻzini sud majlisida, koʻp xalq orasida toʻla gʻalabaga erishganday tasavvur etardi, yosh shogirdi esa har kun belgili bir vaqtda uning eshigiga kelib turardi. Qizning qoʻlida eski chorupat , siyoh bilan yozib toʻlatilgan daftar, oʻz bogʻlaridan goh meva, goh gul, goh shirinlik olib kelardi. Birinchi kunlarda Shoshibushonning qandaydir suratsiz, vahimali kitob oʻqiyotganini koʻrdi. Ilgari u qanday kitob oʻqimasin, undan biror narsani Giribalaga tushuntirishga urinardi. Nahotki endi, shuncha koʻp katta, qora kitoblarda uning uchun ikki ogʻiz soʻz topilmasa? Nahotki buning sababi kitoblarning kattaligida-yu, uning kichikligida boʻlsa!
Dastlab oʻqituvchining diqqatini jalb qilish uchun ashula aytdi, soʻng xat yozdi, oxiri yozganlarini tebrana-tebrana bor tovushi bilan qichqirib oʻqidi, — hech qanday natija chiqmadi. Qizcha katta qora kitobdan juda ham xavfa edi. Bu kitob unga qandaydir badburush, berahm, yovuz maxluqday tuyuldi. Uning tushunib boʻlmaydigan har bir sahifasi Giribalaga soʻzsiz nafrat bilan qaragan qandaydir yomon odamning basharasiday koʻrinardi. Agar biror oʻgʻri shu kitobni oʻgʻirlab ketsa, uni mukofotlash uchun Giribala ayasining sandiqchasidan butun shirinliklarni olib chiqqan boʻlar edi. Shu kitob nobud boʻlsin deb qiz bechora ne-ne duolar bilan xudolarga murojaat qilmadi. Ammo xudolar unga quloq solmadilar, shuning uchun men ham bu duolarning mazmunini oʻquvchilarimga soʻzlab oʻtirishni lozim koʻrmadim.
Shunda xafa boʻlgan qizcha uch kungacha oʻqituv-chisining oldiga bormaslikka qaror qildi. Keyin, koʻrgan choralarining natijasini aniqlash maqsadida yana bordi, — albatda, bu borish tamom boshqa ish bilan edi.
Yoʻlda yashirincha Shoshibushonning derazasiga qaradi: endi Shoshibushon yonida u qora kitoblar yoʻq edi. Oʻzi xona oʻrtasida turib, qoʻllarini choʻzib, derazaning temir-panjarisiga murojaat etib, chet tilda nutq soʻzlardi. Ehtimol, u oʻz nutqi sudlarning yuragini eritadimi — yoʻqmi deb temirlarda sinab koʻrayotgandir. Hayotni faqat kitoblardan oʻrgangan Shoshibushon agar qadim zamonlarda Demosfen, Sitseron, Bark, Sheridan kabi notiqlar oʻz nutqlari bilan moʻjizalar koʻrsatgan boʻlsalar, soʻz oʻqlari bilan adolatsizlikni tor-mor etib, zoʻravonlikni fosh etgan, takabburni yerga qaratgan boʻlsalar, bizning zamonda ham imkondan xorij hech narsa yoʻq-ku, deb oʻylar edi. U oʻzining kichkina qishloqchadagi uyida turib, mansab mayidan mast boʻlgan bu inglizni butun dunyo oldida uyaltiraman, uni oʻz qilmishlariga pushaymon boʻlishga majbur etaman deb oʻylardi. Osmonlardagi xudolar uni eshitib kuldilarmi yoki ularning ilohiy koʻzlaridan yosh toʻkildimi — buni hech kim bilmaydi.
Shunday fikrlarga shoʻngʻib ketgan Shoshibushon, oʻsha kuni Giribalaning kelganini sezmadi. Qizchaning etagida olxoʻri yoʻq edi — u olxoʻri danaklarining taʻsiriga ishonmay qoʻydi. Endi Shoshibushon beparvolik bilan: “Giri, bukun olxoʻri yoʻqmi?” deb soʻraganda, bu gap qizchaga xuddi masxaralaganday tuyulib: “Bor-e” deb, qochib ketardi. Bukun olxoʻrisi yoʻqligidan mugʻambirlikka oʻtdi. Birdan koʻzlarini uzoqlarga tikib, qattiq qichqirdi:
— Shorno, meni kutib tur, hozir boraman!
Erkak oʻquvchilar bu gap qizchaning uzoqdan oʻtib borayotgan dugonasiga qarata aytilgan deb oʻylashlari mumkin, lekin ayol oʻquvchilar u yerda hech kim yoʻqligini va bu gap yonginasida turgan yigitchaga aytilganini darrov fahmlaydilar. Hayhot bu mugʻambirlik koʻzlari zaif odamga hech kor qilmadi. Shoshibushon qizchaning soʻzlarini eshitdi-yu, lekin maʻnosini anglamadi. U, qizchaning oʻynagisi kelyapti, deb oʻyladi, uning esa, hozir qizcha bilan mashgʻul boʻlishga vaqti yoʻq. Buning sababi shuki, u bugun baʻzilarning yuraklariga qadash uchun oʻtkir soʻz oʻqlari izlamoq bilan band. Ammo kichkina qizchaning qoʻli bilan otilgan oʻqlar nishonga tegmagandek, olim odamning oʻqlari ham nishonga tegmay, xato ketganini oʻquvchilar biladilar.
Olxoʻri danaklarining bir yaxshi jihati shuki, ularni bi-rin-ketin ota bergach, bordi-yu toʻrttasi xato ketganda ham, beshinchisi borib moʻljalga tegishi muqarrar. Ammo Shorno oʻylab topilgan nom boʻlsa-da, “meni kut, men boraman” degandan keyin, bu yerda turish mumkin emas, mabodo joyida tura bersa, odamlar Shorno degan qizning borligiga shubha qiladilar. Shuning uchun, bu tadbir ham natija bermagach, Giribala darrov ketishga majbur boʻldi. Ammo shuni ham aytish kerakki, uning harakatida dugonasini koʻrishga boʻlgan chin xohishning tabiiy quvonchlari sezilmas edi. U orqasiga qayrilmay, oʻz izidan biror kishi kelyaptimi-yoʻqmi, shuni bilishga tirishardi. Ketidan hech kim kelmayotganini sezgandan keyin ham, bir narsaga umid qilganday, yana orqasiga qayrilib qaradi, hech kimni koʻrmagach, xoʻrlik va alam shiddatidan toʻzgʻib ketgan charupatni yirtib-yirtib, oʻzining soʻnggi umidlari bilan birga yerga tashladi. Agar shu topda Shoshibushondan oʻrgangan bilimlarini qaytarib berish yoʻli topilsa, ularni ham yigitning eshigi oldiga olxoʻri danaklariday irgʻitib ketardi. Qizcha Shoshibushon bilan koʻrishgungacha u oʻrgatgan hamma narsalarni esdan chiqarishga qattiq qaror qildi. U holda, oʻqituvchi undan soʻraydi, u esa birortasiga javob qaytara olmaydi. Ha bittasigayam, bittasigayam. Oʻshanda u yigit oʻzining qanday yomon ish qilganini payqaydi!
Alamdan Giribalaning koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi. Hamma narsani unutganini bilib Shoshibushonning xafa boʻlishini oʻylaganida, qizchaning ezilgan yuragi birmuncha tinchlandi, ammo Shoshibushonning aybi bilan kelajakda nodon boʻlib qolishini oʻylaganida, baxtsiz Giribalaning oʻziga rahmi kelardi.
Osmonda bulutlar suzardi — yomgʻir fasli bosh-langanda bu xil bulutlarni har kun koʻrish mumkin.
Giribala yoʻl boʻyidagi daraxt orqasiga bekinib, alamiga chidolmay yigʻlab yubordi. Kuniga qancha qizlar shu xilda sababsiz koʻzyoshi toʻkadilar. Bunda diqqatga sazovor hech narsa yoʻq.
6
Shoshibushonning yuridik izlanishlari va notiqlik mashqlari nechun behuda boʻlib chiqqani oʻquvchilarga maʻlum: sudga berilgan shikoyat toʻsatdan qaytarib olindi. Xorkumar oʻz rayoniga faxriy sudya etib tayin qilindi. Endi u kir chapkon kiyib, yogʻi chiqqan salla oʻrab, tez-tez sudga borar, shuning bilan birga har gal, sohib huzuriga kirib, unga taʻzim qilib chiqishni tark etmasdi.
Bir necha kundan keyin Shoshibushonning qora, katta kitobi Giribalaning qargʻishiga uchradi, — uyning qorongʻi bir burchagiga tashlab qoʻyilgan, ustini chang bosib, esdan chiqib ketgan edi. Axir Giribala qayerda, bu mudhish kitobga boʻlgan eʻtiborsizlikdan quvonadigan qizcha qayerda?
Oʻsha kuni Shoshibushon qonun toʻplamini yopib qoʻygach, Giribalaning ketib qolganini fahmladi. U xayol surib, soʻnggi kunlarda qizchaning qilgan harakatlarini esladi. U Giribalaning bir kun erta bilan soriysi etagida hali yomgʻir nami qurimagan bakul gullari koʻtarib kelganini esladi, oʻshanda u qizchaga qayrilib ham boqmagan edi. Qizcha esa dastlab oʻzini yoʻqotayozdi, lekin keyincha soriysidan igna-ip olib, boshini egib, gullarni birin-ketin ipga tiza boshladi, u bu ishni juda sekin qilsa ham, oxiri rugatdi. Kun kechikib, Giribalaning uyga qaytish vaqti yetgan edi. Shoshibushon boʻlsa, hanuz oʻqish bilan mashgʻul boʻldi. Qiz gʻoyat xafa boʻlib, gullarni divanda qoldirib chiqib ketdi. Yigitcha bu xil beparvolik qizning izzat-nafsiga tekkanini fahmlab qoldi. Qizcha esa uning oldiga kirmay qoʻydi, faqat ahyon-ahyonda uyi yonidan oʻtib qolardi, xolos; oxiri qizcha butunlay kelmaydigan boʻlib qoldi, — bunga ham ancha vaqt boʻldi. Qizchaning izzat-nafsi bu qadar eʻtiborsizlikka bardosh bermasligi muqarrar edi. Shoshibushon chuqur uf tortib, goʻyo bir narsasini yoʻqotganday devorga suyandi. Endi uning kichkina shogirdi yoʻq edi, oʻqishga boʻlgan har qanday havasi ham yoʻqoldi. U kitobni olib, ikki-uch sahifa oʻqib yana joyiga qoʻyar, yozishga kirishar, lekin minut sayin choʻchib, birovni kutganday koʻchaga qarar, yoza boshlagan narsasini tashlardi.
Shoshibushon Giribala ogʻrib-netib qolmadimikan deb qoʻrqdi. Ehtiyot bilan surishtirib, havotirning oʻrinsiz ekanini bildi. Giribalani yaqinda erga beradilar, shuning uchun uydan chiqishi mumkin emas.
Charupatni yirtib, loy koʻchaga tashlab kelgan kunining ertasiga, giri soriy etagiga shirinliklar solib, shoshilib uydan chiqdi. Havo dimligidan tuni bilan uxlamay chiqqan Xorkumar ilk sahardan beligacha yalangʻoch boʻlib olib, hovlida oʻtirgan edi.
— Sen qayoqqa ketyapsan, — deb soʻradi u Giridan.
— Shoshi amakimnikiga.
— Nima qilasan Shoshi amakinikida, bor, uyga kir! Shundan keyin uni soʻka boshladi; kap-katta qiz, yaqinda erga tegadi-yu, uyatni bilmaydi. Ana shundan keyin, unga koʻchaga chiqishni man qildilar. Endi ruxsat soʻrash, yolvorish foydasiz. Bu hol qizning gʻururini poy-mol qildi. Mango mevasining quyuq sharbati, betel va limonlar qaytib oʻz joyiga qoʻyildi. Yomgʻirlar boshlandi, bakul gullari toʻkilmoqda, guavi mevalari daraxtda osilib yotibdi, pishib yerga toʻkilgan olxoʻrilami qushlar choʻqimoqda. Afsuski, toʻzgʻigan charupat ham endi yoʻq boʻlib ketdi.
7
Giribalaning toʻyida surnaylar chalingan kuni, tantanaga taklif etilmagan Shoshibushon qayiqda Kalkuttaga tomon suzib ketdi.
Xorkumar oʻz shikoyatini qaytarib olgandan beri, Shoshibushonni koʻrishga koʻzi yoʻq edi. U, Shoshi mendan nafratlanadi, deb qattiq ishonardi. U oʻzi tasavvur etgan bu nafratning minglab nishonalarini Shoshibushonning koʻzlarida, yuzlarida, xatti-harakatida koʻrdi. U oʻzining bir vaqt xoʻrlanganini qishloq aholisi allaqachon unutgan, faqat Shoshibushongina eslab yuradi, deb hisoblar, shuning uchun yigitchaning koʻziga qarolmasdi. Shoshibushon bilan uchrashganda oʻngʻaysiz holatda qolar, shu bilan birga, yigitchaga gʻazabi kelardi. U, Shoshini qishloqdan ketkazaman deb ahd qildi.
Bunday odamni oʻz uyidan chiqib ketishga majbur etish ogʻir ish emas. Noib janoblari tez fursatda oʻz murodiga yeta qoldi. Bir kun Shoshi qayiqqa kitoblari bilan bir necha temirsandiqni yukladi. Uni bu qishloqqa bogʻlab turgan birdan-bir ip shu kungi toʻy tufayli tamom uzildi. U, ilgari bu nozik ip qalbini naqadar mahkam oʻrab olganini tasavvur etmas edi. Qayiq daryo sohili boʻylab yurib, tanish daraxtlarning uchlari uzoqlarda koʻzdan gʻoyib boʻla boshladi, toʻy muzikasi borgan sari zaiflashardi, birdan yigitning koʻngli buzilib, nimadir tomogʻini siqib keldi, chakka tomirlari tez-tez ura boshladi, nazarida butun olam aldovchi sarobday koʻrindi.
Qayiq oqim boʻylab ketgan boʻlsa ham, qarshi tomondan esgan qattiq shamol yoini ogʻirlashtirar edi. Shu payt daryoda bir voqea yuz berib, Shoshibushon sayohatining toʻxtalishiga sabab boʻldi.
Yaqinda temir yoʻlni qoʻshni rayonlar bilan bogʻlaydigan yangi paroxod yoʻli ochilgan edi. Paroxod parraklari bilan suvni toʻlqinlantirib, pishqirgancha oqimga qarshi suzib kelardi. Unda yangi paroxod yoii boshqarmasining raisi yosh sohib va bir qancha passajirlar boʻlib, birmunchasi Shoshibushonning hamqishloqlari edi.
Qandaydir savdogar barkasi paroxodni quvib oʻtishga intilib, goh oʻzib ketar, goh orqada qolardi. Qayiqchi bu musobaqaga haddan tashqari qiziqib, birinchi yelkan ustiga ikkinchisini, ikkinchisi ustiga uchinchisini koʻtardi. Shamolning tazyiqidan uzun langar oldinga qarab egildi. Qayiq kesib oʻtgan baland toʻlqinlar uning bortlariga kelib urilar, barkas esa, suvliqni tishlab chopgan otday tez ketar edi. Daryo bir oz qayrilib oqqan yerda barkas paroxod yoʻlini kesib oʻtish uchun shiddat bilan ilgari harakat qildi, paroxoddan oʻzib ketdi. Panjaraga tirsagini tirab turgan sohib bu musobaqani zoʻr qiziqish bilan kuzatib borardi. Barkasning yurishi tezlashib, paroxoddan jindak oʻtganda, birdan sohib miltigʻini olib, shishib turgan yelkanni nishonga olib otdi. Yelkan yirtilib, barkas toʻntarildi. Paroxod daryoning qayrilishida gʻoyib boʻldi. Boshqarma raisi nega bunday qildi, buni aytish qiyin. Biz, bengalliklar inglizlarning nimadan quvonishlarini sira anglay olmaymiz. Ehtimol, u hind barkasining musobaqadagi gʻalabasiga chidamagandir; balki shishgan katta yelkanning bir lahzada burda-burda boʻlib ketishi uning uchun bir halovatdir; balki, dadil kemachaning oʻyinini birdan buzishda, uning bir necha joyidan teshilishida biror iblisona lazzat bordir, — bilmadim. Ammo bir narsa shubhasiz: ingliz bu hazil uchun oʻziga hech narsa boʻlmasligiga qattiq ishonardi va toʻgʻrisini aytganda, barkas egasini ham, komandani ham odam qatorida sanamas edi.
Sohib miltiqni olib otganda, barkas toʻnkarilib gʻarq boʻlganda, Shoshibushon shu hodisa roʻy bergan joyda boʻlib, hamma hodisani oʻz koʻzi bilan koʻrdi. U agʻdarilgan barkas oldiga darhol suzib borib, qayiqchi va eshkakchilarni halokatdan qutqazdi. Faqat bir kishini qutqazib boʻlmadi — u, falokat yuz bergan chogʻda barkas ayvonchasi ostida ziravor yanchib oʻtirgan ekan.
Shoshibushonning tomirlarida qon qaynab ketdi. Adolat favqulodda sekin harakat qiladi, u xuddi katta va murakkab mashina: hamma “tarafdor” va “qarshilarni” oʻlchab, dalillar toʻplaydi va toʻla sovuqqonlik bilan jazo beradi, unda odam yuragiday yurak yoʻq. Ammo Shoshibushonning nazarida jazo bilan gʻazabni bir-biridan ayrib qarash — toʻqlikni ochlikdan, xohishni qanoatdan ayrib qarash kabi gʻayritabiiy boʻlib koʻrindi. Koʻp jinoyatlar borki, ular tomoshabindan tezda biror chora koʻrishni talab etadi, aks holda, u tomoshabin oʻz qalbida yashiringan samoviy jazoga giriftor boʻladi. U holda adolatga ishonib oʻzini tinchitish kishini uqubatli andishaga soladi. Biroq adolat mashinasi ham paroxod boshqarmasi raisini Shoshibushondan uzoqqa olib ketdi. Jamiyatning bu voqeada nima foyda qilganini bilmayman, lekin Shoshibushonning “hind gʻussadorligini”, shubhasiz, kuchaytirdi.
Shoshi oʻzi xalos etgan kishilar bilan qishloqqa qaytdi. Barkas yuksiz yotardi. Uni chiqarib olish uchun kishilar yubordi va qayiqchiga boshqarma raisi ustidan sudga shikoyat qilishni taklif etdi.
Qayiqchi rozi boʻlmadi.
— Qayiq-ku gʻarq boʻldi, nima, men endi oʻzimni ham gʻarq qilaymi?— dedi u.— Avvalo, buning uchun pul toʻlash zarur, soʻngra, ishni tashlab, yemoq, uxlamoqni unutib, buning orqasidan sudma-sud yurish kerak, bundan tashqari, sohibga qarshi boshlangan bu ishning nima bilan tamom boiishini bir xudodan boʻlak hech kim bilmaydi.
Oxiri Shoshibushonning advokatligini, sud xarajatlarini uning oʻzi toʻlashga tayyorligini va hamma faktlar uning foydasiga ishlab, sud qayiqchining koʻrgan ziyonlarini toʻlashga hukm chiqarishi muqarraligini bilgandan keyin, qayiqchi rozi boʻldi. Biroq, Shoshibushonning paroxodda kelgan hamqishloqlari sudda guvohlik berishga rozi boʻlmadilar. Ular Shoshibushonga bunday dedilar:
— Janob, biz hech narsani koʻrganimiz yoʻq, biz paroxodning boshqa tomonida edik, suvning sharillashi va roashinaning pishqirishidan miltiq tovushini eshitganimiz ham yoʻq.
Yuragida vatandoshlarini laʻnatlab, Shoshibushon boshqarma raisi ustidan oʻzi shikoyat qildi.
Guvohlarga ehtiyoj ham sezilmadi. Boshqarma raisi miltiq otganiga chindan iqror boʻldi. U bunday dedi: osmonda qator turnalarni koʻrib, nishonga oldim. Paroxod gʻoyat tezlik bilan yurib, miltiq otilgan paytda daryoning qayrilib oqadigan yeriga kelib qolgan edi. Binobarin, qargʻani oʻldirdimmi, turnani otdimmi yoki barkasni gʻarq qildimmi, bilolmadim. Havoda va yerda ov toʻlib yotganda, hech bir aqlli odam, garchi bir oʻq chorak paysa tursa ham uni bekorga xayf qilib, iflos lattaga otmaydi.
Sohib oqlandi va sigaret tutunini buraqsatib, karta oʻynash uchun klubga ketdi. Ziravor yanchib turgan odamning oʻligini hodisa yuz bergan joydan toʻqqiz mil narida, toʻlqin qirgʻoqqa chiqarib tashlagan joydan topib oldilar. Shoshibushon koʻngli buzilgan holda qishlogʻiga qaytib keldi.
U qaytib kelgan kuni Giribalani qaynatasinikiga olib borish uchun qayiqlar tayyorlangan edi. Garchi Shoshibushonni hech kirn taklif etmagan boʻlsa-da, u daryo sohiliga keldi. Pristan yonida odamlar toʻplangan edi, u odamlardan bir oz nariroq oʻtib turdi. Qayiq pristandan joʻnab, uning oldidan suzib oʻtganda, u bir lahzagina kelinni koʻrib qoldi; u gamto bilan oʻragan boshini pastga egib oʻtirardi. Giribala uzoq vaqtgacha, biror yoʻl topib, ketish oldida Shoshibushon bilan koʻrishib qolarman, deb umid qilgan edi, endi boʻlsa, u shoʻrlik oʻqituvchisi yaqinida — sohilda turib unga qarayotganini bila olmadi. U biror marta boshini koʻtarmay, tovushsiz yigʻlar, koʻz-yoshlari yuzlaridan oqib tushar edi.
Qayiq borgan sari olgʻa qarab suzib, nihoyat, koʻzdan gʻoyib boʻldi. Ertangi quyosh nurlari suvda porlay boshla-di, yonginada, mango daraxti shoxida, papiyar qushi baland tovush bilan oʻzining intihosiz qoʻshigʻini kuylay ketdi, qayiqchilar yuklarni bir sohildan ikkinchi sohilga oʻtkaza boshlashdi. Pristanga suvga kelgan xotinlarning qaynatasinikiga ketishini muhokama qilar edilar. Shoshibushon koʻzoynagini olib, jiq yoshga toʻlgan koʻzlarini artdi. Shundan soʻng, yoʻl boʻyidagi, derazalari temirpanjarali uyiga ketdi. Birdan uning qulogʻiga Giribalaning tovushi eshitilganday boʻldi: “Shoshi amaki!” Ajabo, qayerda u, qayerda? U hech yerda koʻrinmaydi! Na uyda, na koʻchada, na qishloqda — u faqat yigitning gʻam-hasrat bilan toʻlgan qalbida edi.
8
Shoshibushon narsalarini yigʻishtirib yana Kalkuttaga joʻnadi. Kalkuttada uning hech qanday ishi yoʻq, sirasini aytganda, borishga ham ehtiyoj yoʻq edi. Binobarin, u temir yoʻl bilan emas, daryo bilan joʻnashga qaror qildi.
Yomgʻir faslining avji qizigan chogʻi. Bengaliyani minglab sersuv anhorlar toʻrday qamrab olgan. Gurkuragan yam-yashil Bengaliyaning qon tomirlari limmo-lim, hamma joyda moʻl maysa, lionlar, koʻkatlar, nihollar, sholi, jut va shakarqamishi barq urib bosh silkimoqda.
Daryoning Shoshibushon qayigʻi suzib borayotgan egri-bugri tor shoxobchasi limmo-lim toʻlgan, suv qirgʻoqlar bilan baravar boʻlib, sohildagi pichanzorlami, ayrim oʻrinlarda don ekinlarini suv bosgan edi. Suv bambuk novdalari oʻsgan, mango bogʻlaridan iborat qishloq qoʻralariga juda yaqin kelgan goʻyo xudolar Bengaliyadagi barcha daraxt tomirlari ostidan ariq oʻtkazishga gʻamxoʻrlik qilgandek tuyulardi.
Sayohat boshlanganda, yomgʻir suvida yuvilgan daraxtlar quyosh nurida porlab turardilar, biroq tezda bulut toʻplanib, yomgʻir yogʻa boshladi. Qaysi tomonga boqmang — hamma narsa qaygʻuli va chirkin.
Toshqin vaqtida atrofi suv bilan oʻralgan tor va iflos qoʻtonga qamab qoʻyilgan sigirlar shikoyat etganday ter-milib, sabr bilan yomgʻirda iviganday, Bengaliya ham qadam bosib boʻmaydigan loy-balchiq va zax changalzorda xomush va gʻamgin ivimoqda edi. Dehqonlar koʻchaga chiqqanda boshlarga toka ilib chiqadilar; xotinlar sovuq va shamoldan junjikib, shoshilgan holda roʻzgʻor ishlari bilan uydan-uyga yuguradilar yoki ehtiyot bilan qadam bosib, ich-ichlarigacha ivib, daryoga suvga boradilar, uyda qolgan erkaklar eshik oldida oʻtirib tamaki chekadilar; ular faqat zarur boʻlgan paytlardagina bellariga roʻmol oʻrab, tuflini qoʻlga olib, boshlariga shamsiya tutgan holda koʻchaga chiqadilar; quyosh qovjiratgan, yomgʻirga boʻkkan bu mamlakatda shamsiyani xotinlarga berish yaxshi anʻanalar jumlasiga kirmaydi.
Yomgʻir boʻshashmadi. Qayiq ayvonchasida oʻtirib bezor boʻlgan Shoshibushon poyezd bilan ketishga qaror qildi. U, bir daryo ikkinchi daryoga quyiladigan joyda qayiqni qirgʻoqqa bogʻlab, ovqat qidirib ketdi.
Oqsoq odam chuqurga tushib ketar ekan, bunga faqat chuqur aybli emas, — oqsoqning oyogʻi ham hamisha chuqurga qarab tortadi. Oʻsha kuni Shoshibushon buni juda yaxshi isbot qildi.
Ikki daryoning bir-biriga quyiladigan yerida baliqchilar toʻr solib, uni qirgʻoq yaqinidagi bambuk daraxtiga bogʻlab qoʻygan edilar. Faqat bir joydagina qayiq oʻtishi uchun yoʻl qolgan edi. Baliqchilar uzoq vaqtlardan beri shu yoʻsinda baliq ovlab, shunga munosib soliq toʻlardilar. Baxtga qarshi, bosh politsiya amaldoriga, birdan, xuddi shu yoʻldan suzib oʻtishga toʻgʻri kelibdi. Uning qayigʻini uzoqdan koʻrgan baliqchilar, qichqirib, uni toʻr solinganidan ogohlantirib, yoʻl koʻrsatdilar. Ammo sohibning qayiqchisi kishilar yaratgan toʻsiqlar bilan hisob-lashishga oʻrganmagan, u qayiqni toʻppa-toʻgʻri toʻrga qarab burdi, toʻr suvga botib, qayiq uning ustidan oʻtdi, biroq eshkak ilinib qoldi. Uni ajratish uchun bir oz vaqt va harakat zarur edi.
Sohibning qahr-gʻazabi joʻsh urib, qayiqni toʻxtatishga farmon berdi. Uning yuzlaridagi gʻazabni koʻrib baliqchilar tumtaraqay boʻlib qochib ketdilar. Sohib oʻz eshkakchilariga, toʻrni qirqib tashlanglar, deb buyurdi. Ular yetti-sakkiz yuz rupiya turadigan toʻrni bir nafasda kesib, burda-burda qilib tashladilar. Sohib gʻazabini bir daraja bosib, baliqchilami tutib kelishga buyurdi. Politsiyalar qochgan baliqchilami topolmay, duch kelgan toʻrt odamni tutib keldilar. Ular qoʻllarini taʻzim vaziyatida tutib, sohibga yolvorib, qoʻyib yuborishni soʻradilar va hech narsadan xabarlari yoʻqligini soʻzlab uni ishontirishga urindilar. Politsiya boshligʻi asirlami oʻzi bilan olib ketishga buyurdi. Shu paytda koʻzlarida koʻzoynak, ustidagi koʻylakning tugmalarini solishga ulgurmagan Shoshibushon tuflisini shapillatib, hansiragancha sohibning qayigʻi oldiga chopib kelib, qaltiragan ovoz bilan dedi:
— Toʻmi kesishga va bu toʻrt odamni qiynashga sizning hech qanday haqqingiz yoʻq!
Katta amaldor unga hind tilida qoʻpol javob berdi. Shu paytda Shoshibushon qayiqqa sakrab tushdi-da, sohibning ustiga otilib, uni yosh boladay, jinniday doʻpposlab ketdi.
Soʻngra nima boʻlganini u eslamaydi. Koʻzini ochib oʻzini politsiya uchastkasida koʻrdi, u yerdagi muomalalardan uning maʻnaviy qanoat hosil qilishi yoki jismoniy yengillik his etishi ehtimoldan uzoq edi, deb gapirishga ehtiyoj boʻlmasa kerak.
9
Shoshibushonning otasi advokat yollab, oʻgʻlini kafilga olishga muvaffaq boidi. Shundan soʻng sud protsessiga doir tashvishlar boshlandi.
Toʻrlari qirqib tashlangan baliqchilar Shoshibushon yashagan okrugda istiqomat qilib, oʻsha zamindorga mute edilar, ular baxtsizlikka uchraganda Shoshibushonning oldiga yuridik maslahat soʻrab kelardilar. Sohib tutib ketgan boyagi toʻrt kishi ham Shoshibushonning tanishlari edi.
Shoshi hamqishloqlarini chaqirib, ularni shu mojaroga guvoh tariqasida koʻrsatish niyatida ekanini aytdi. Ular haddan tashqari qoʻrqib ketdilar: axir ularning oilalari, bolalari bor, bordi-yu, politsiya bilan janjallashib qolsalar, ularni bu balodan kim qutqazadi?
Axir, har kimning birgina joni bor! Toʻgʻri, ular zarar koʻrdilar, biroq, hozir uni qaytarib boʻlmaydi, endi koʻra-bila turib guvohlik berish —bu baloga giriftor boʻlishning oʻzi-ku!
— Janob, sen bizni katta musibatga duchor qilding, — der edi ular.
Uzoq choʻzilgan gap-soʻzlardan keyin, ular boʻlgan haqiqatni batamom soʻzlab berishga rozi boidilar.
Xorkumar bir ish bilan sudga borib, sohiblarga salom berish niyatida idoraga kirganda, politsiya boshligʻi kulib turib unga:
— Noib-babu, eshitishimcha, sening ijarachilaring politsiyaga qarshi yolgʻon guvohlik berar emishlar? — dedi.
Noib qoʻrqib ketdi:
— Qanday, yoʻq, bunday boʻlishi mumkin emas! Bu iflos toifaning bolalari juda ham yuzsiz-da!
Sudda advokat Shoshibushonni himoya qila olmagani tez fursatda gazetadan maʻlum boʻldi.
Baliqchilar birin-ketin turib, politsiya boshligʻi toʻrni qirqqani yoʻq, bizlami otlarimizni yozib oldi, xolos, dedilar.
Bugina emas. Shoshibushonning bir necha hamqishloqlari, biz oʻsha kuni toʻy munosabati bilan daryoda sayohat qilib, voqea yuz bergan joyning yaqiniga borib qolgan edik; Shoshibushonning birdan politsiya sohibiga tashlanib, uni bekordan-bekor urganini oʻz koʻzimiz bilan koʻrdik, — dedilar.
Shoshibushon oʻzi tahqirlangach qayiqqa tushib sohibni urganiga iqror boʻldi. Lekin buning bosh sababi sohibning toʻrni kesishi va aybsiz toʻrt baliqchini qamashi edi.
Bunday sharoitda Shoshibushon ustidan chiqarilgan hukmni adolatsiz deb hisoblash mumkin emas. Hukm qatʻiy boʻlib, Shoshibushon bir necha xil jinoyatda ayblangan edi: birovni urish, qayiqqa bostirib kirish, politsiyaning qonuniy harakatiga qarshilik koʻrsatish va hokazo… har qaysisining isboti uchun yetarli dalillar bor edi.
Shoshibushon sevikli kitoblarini kichik uyida qoldirib, besh yil muddatni turmada oʻtkazishga majbur edi. Uning otasi oliy sudga shikoyat qilmoqchi boʻlganda, Shoshibushon qatʻiy qarshilik koʻrsatib, bunday dedi:
— Turmaga borishim ham yaxshi. Temir zanjirlar yolgʻon soʻzlamaydi, turma devoridan tashqaridagi “ozodlik” esa meni aldab, musibatga giriftor qildi. Agar odamlar haqida soʻz borarkan, shuni aytish kerakki, turma tor boʻlganidan u yerda yolgʻonchilar, qalloblar, himmatsiz va nomard kishilar ozodlikdagiga nisbatan ancha oz.
10
Shoshibushon qamalganidan keyin tez orada otasi oʻldi. Uning boshqa hech kimi qolmadi. Toʻgʻri, bir akasi bor edi, ammo u uzoq vaqtlardan beri Markaziy Viloyatlarda ishlaydi. U yerda uy solib, xotin-bola-chaqalik boʻlib ketgan, vataniga qaytishga taraddud qilmasdi. Shoshi-bushonning bu yerdagi hamma mulklarini noib Xorkumar turli hiylayu nayranglar bilan oʻzlashtirib olgan edi.
Taqdirning xohishi bilan Shoshibushon turmada boshqalardan koʻproq azob-uqubat chekdi. Nima boʻlsada, bu uqubatli besh yil oʻtib ketdi.
Yana yogʻingarchilik davri boshlangan edi. Shoshibushon ozib-toʻzib, koʻngli choʻkkan holda turmadan chiqdi. U ozod boʻldi. Turma devorlaridan tashqarida uning shu ozodlikdan boshqa hech narsasi, hech kimsasi yoʻq edi. Jamiyatdan haydalgan, uysiz, yolgʻiz Shoshibushonga bu keng dunyo boshpanasiz bir biyobondek tuyuldi.
U tik turib, hayotning uzilgan ipini qanday qilib ulash, nimadan boshlash haqida fikr yuritardi. Qoʻqqisdan uning oldiga juft ot qoʻshilgan katta kareta kelib toʻxtadi. Uning ichidan chiqqan xizmatkor:
— Sizning ismingiz Shoshibushonbabumi? — deb soʻradi.
— Ha.
Xizmatkor kareta eshigini ochib, oʻzi eshik yonida, uning oʻtirishini kutib turdi.
— Siz meni qayerga olib bormoqchisiz? — soʻradi Shoshibushon ajablanib.
— Sizni mening xoʻjayinim taklif etgan. Oʻtkinchilarning qiziqib qarashlariga toqat qilib boʻlmasdi, shuning uchun Shoshibushon xizmatkor bilan ortiqcha soʻzlashib turmay, karetaga oʻtirdi. “Shubhasiz, bu yerda qandaydir anglashilmovchilik boʻlayotir, — deb oʻyladi u, — ha mayli, axir qayerga boʻlmasin ketish kerak-ku. Ehtimol, bu xato mening yangi hayotimning boshlanishi boʻlar”.
Oʻsha kuni ham osmonda quyosh bilan bulutlar oʻynamoqda edi; yomgʻir suvi bilan toʻlgan yoʻl boʻylab choʻzilib ketgan toʻq-yashil sholilar nur bilan soyalarning almashinuvidan rang-barang boʻlib tovlanardi. Bozor yonida eski kareta qiyshayib turar, uning yaqinidagi oziq-ovqat doʻkoni oldida, vishnu qalandarlari gupijontra va doʻmbira tovushiga joʻr boʻlib kuylar edilar:
Qayt, sultonim, qaytl
Qayt, intizor, chanqoq qalbimga!
Kareta olgʻa ketar, ashula esa, borgan sari uzoqdan eshitilardi:
Qayt, berahm, qayt, nozigim, qayt!
Qayt, goʻzalim, bahor kunlaridek qalbimni yorit!
Ashula endi zoʻrgʻa eshitilar, soʻzlarini anglab boʻlmasdi. Ammo ashulaning maqomi Shoshibushonni hayajonlantirardi, sheʻrlarni birin-ketin eslab, ashulani toʻxtatishga kuchi yetmaganday, oʻzicha sekin xirgoyi qila boshladi:
Abadiy baxtim, qayt!
Qayt, mangu kulfatim!
Qayt, baxtu kulfatim, azobu davlatim, qayt!
Qayt, bir umr mushtoq etgan, abadiy sevgilim, qayt!
E, bevafo, ogʻushimga qayt!
Qoʻynimga qayt, koʻz uyimga qayt!
Tushlarimga, xayolimga qayt!
Qayt, kulbamga, quvonchimga, hayotimga qayt,
Kulgimga qayt,
Koʻzyoshimga qayt!
Gʻururimga, xotiramga, hurmatimga qayt!
Ishonchimga, nomusimga, ishlarimga qayt!
Tashvishimga, hayotimga, oʻlimimga qayt!
Kareta, atrofi oʻralgan bir boqqa kirib, ikki qavatli, imorat oldida toʻxtadi. Shoshibushon ham ashula aytishdan toʻxtadi.
U biror narsa haqida soʻrab-netib turmay, xizmatkor orqasidan keta berdi.
U kirgan xonada devor boʻylab qoʻyilgan oynali shkaflarda rang-barang muqovali kitoblar qator terib qoʻyilgan edi. Bularni koʻrib, u oʻzini turmadan ikkinchi dafʻa ozod boʻlganday his etdi. Muqovalari oltin naqshlar bilan bezatilgan bu chiroyli kitoblar, unga nariyogʻida baxt dunyosi yashiringan, qimmatli toshlar bilan bezatilgan tanish darvozaday tuyuldi.
Stol ustida bir narsa turar edi. Koʻzlari uzoqdagini ilgʻamaydigan Shoshibushon egilib, toshtaxta ustiga qoʻyilgan bir necha eski daftarlar va Dosning eskirib toʻzgʻigan “Dxarapat”, “Kotxamala” va “Mahobhorata” nomli kitoblarini koʻrdi. Toshtaxtaning yogʻoch ramkasiga katta harflar bilan siyohda Shoshibushonning qoʻli bilan “Qizcha Giribalaga” deb yozilgan edi. Shu ism uning qalami bilan daftarlarga va kitoblarga ham yozilgan.
Shoshibushon qayerga kelganini fahmladi. Uning yura-gi qattiq ura boshladi. U ochiq derazaga qaradi, hayhot, bu nima? Oʻsha derazalari temirpanjarali uy, oʻsha oʻnqir-choʻnqir qishloq yoʻli, oʻsha yoʻl-yoʻl soriy kiygan qizcha… Oʻzining oʻsha davrdagi osoyishta, sokin hayoti. Bu baxtli hayotda odatdan tashqari bir holat yoʻq edi: koʻzga tashlanmaydigan kichik ishla, ozgina baxt bilan shukuh qilib kun kechirar, uning hayotidagi ahamiyatsiz voqealar, shaxsiy mashgʻulotlar orasida yosh qizchani oʻqitish mashqlari alohida ajralib turardi. Biroq yoi boʻyidagi uyda yolgʻizlikda kechirgan hayoti, u osoyishtalik, u ozgina baxt, u kichkina qizchaning yorugʻ chehrasi — mana shular hammasi uning koʻz oʻngida, bevaqt, oʻrinsiz yalt etgan tutqich bermas samoviy orzulardek koʻrindi. U kunlarning xotiralari bu kungi gʻamgin ertaning nuri va vishnuparastlar qoʻshigʻining hazin ohangi bilan qoʻshilib, yuragida goʻzal maqom singari jaranglar edi. Bir tomoni changalzorga qarab ketgan tor, iflos yoi ustida xafa boʻlib turgan qizchaning gʻamgin, lekin magʻrur chehrasi uning koʻz oldida xudoning qudrat qoii bilan yaratilgan eng goʻzal suratday namoyon boʻldi. Yana ashulaning yurakni ezadigan sadosi eshitildi. Uning nazarida, bu qishloq qizining yuzida butun olamning chorasiz gʻam-gʻussalari aks etganday tuyuldi. Yuzini qoilari bilan berkitib, tirsaklarini stolga, shu toshtaxtaga, daftar va kitoblarga tirab, oʻtmishning xotiralarini oʻylab ketdi. Yengil oyoq tovushi eshitildi. U boshini koʻtardi. Uning qarshisida kumush barkashda meva va shirinliklar koʻtargan Giribala soʻzsiz kutib turardi. Hech qanday bezaksiz, oq, tul xotin libosi kiygan Giribala uning oldida tiz choʻkdi va bosh egib taʻzim qildi.
Giribala oʻrnidan turgach, azob tortib, ozib-toʻzigan Shoshibushonga muhabbat bilan nazar soldi, koʻzlari yoshga toiib, yuzlaridan oqib ketdi.
Shoshibushon, odatdagidek, avval qizning salomatli-gini soʻramoqchi edi, biroq biror soʻz ham ayta olmadi. Uning koʻzyoshlari tomogʻiga kelib tiqildi, — yigʻi bilan toʻkilmagan koʻzyoshlari, aytilmagan soʻzlar yurakda yigʻilib, goʻyo qotib qoldi…
Ziyoratchi, qalandarlar uy qarshisida toʻxtalib, takror va takror kuylardilar:
Qayt, o, qayt!
1894
Toʻxtasin Jalolov tarjimasi